Xusrav Shohoniy. Tushlik ziyofat (hikoya)

Naq ertalabdan buyon Nasrullaxon men bilan o‘ta xushmuomala edi. U bir necha bor o‘tirgan stolimning tepasiga kelib, sigaret bilan siyladi, choy taklif qildi…
Ko‘pdan beri o‘rtamizda yaqin oshnachilik munosabatlari bor edi, puldan qisilib qolgan chog‘larimizda bir-birimizga qarz berib turar, oyda ikki-uch marta biron yerda chaqchaqlashar yo kinoga tushardik. Ammo bugun Nasrullaning kaminaga munosabati haddan ziyod iltifotli edi. U tinmay menga qarab jilmayar, ko‘z urishtirardi, nihoyat yonimga kelib o‘tirib dedi:
– Og‘ayni, kel, bugun biznikida tushlik qilaylik!
– Bilmadim-ov, qandoq bo‘larkin, – esankiradim men, – sal shamollabroq turibman, xotinimga peshinda osh qilib tur, degandim, balki boshqa safar borarmiz?
– Ochig‘ini aytsam, aynan shu bugun sen bilan tushlik qilgim kelyapti.
U shunchalik qistadiki, oxiri noiloj taslim bo‘ldim.
Tushlik tanaffusda unikiga ketdik. Bu Nasrullaxonning uyiga birinchi tashrifim edi, quruq borgim kelmadi, shu bois avtobusdan tushib, guldas­tami, bir quticha konfetmi olvolsam bo‘lardi, dedim.
– Birinchidan, bu atrofda gul do‘koni yo‘q, – dedi u mehribonlik bilan qo‘ltig‘imdan olib va meni o‘zi bilan oldinga surib ketdi, – ikkinchidan, nima, sen bizning uyga begonamisan? Seni uydagilarga ko‘p gapirganman, hammalari yaxshi bilishadi, endi shaxsan tanishib olasizlar. Ketdik, ketdik, bolalar kutib qolishdi – ular kitoblaringni maza qilib o‘qishgan!
Men qarshilik qilmay qo‘yaqoldim va biz ularnikiga qarab yo‘l oldik. Eshikni o‘z kaliti bilan ochib:
– Maryam! Maryam! – deb xotinini chaqirdi. – Mana, janob Shohoniy. Men uni tushlikka olib keldim.
Hech kim javob bermadi. Maryamxonim ham, butun uy ichi ham jimjit edi. Men bo‘lsam, otimni eshitgan zahoti butun oila yugurib chiqadi, deb o‘ylagandim. Uyda odam zoti yo‘qqa o‘xshardi.
Nasrulla meni bo‘m-bo‘sh sovuq mehmonxonaga boshlab kirdi.
– Maryam, Maryam! – deb tag‘in shovqin soldi. – Uyimizga janob Shohoniyni opkeldim! Bugun tushlikka nima qilding?
– Zahar qildim, zaqqum qildim! – dedi Maryamxonim, taxminimcha, uning ovozi oshxonadan chiqdi, shekilli, chunki yerga tushib chil-chil singan chinni idishning jarangi ham eshitildi.
“Eh, Nasrullaxon-a! – deb o‘yladim men. – Zap vaqtida chaqiribsan, oshna, bundanam zo‘r ziyofat bo‘lmaydi olamda”.
Bunday “samimiy” qutlovdan esankiragancha, men mehmonxonaning o‘rtasida dovdirab turardim.
– Nega yechinmayapsan? – Yomg‘irpo‘shini yechib, Nasrulla menga yuzlandi. – O‘tir, og‘ayni! Bu yer sal sovuqroqqa o‘xshaydi-a?
– Yo‘q, hechqisi yo‘q, – dedim men. – Lekin menga ruxsat ber, keta qolay. Bugun xotiningning kayfiyati yo‘qroqqa o‘xshaydi?
– Yo‘q-yo‘q, hecham unaqamas, – qattiq kulib javob berdi, – uning javobidan uyalding, shekilli?
– Yo‘q… lekin…
– E’tibor berma, Maryam hazillashyapti. U shunaqa o‘zi… Yechin, yechinsang-chi!
“Odamlar har xil bo‘ladi, – deb o‘yladim men. – Ehtimol, bularnikida bir-birlariga aynan shunday mehr ko‘rsatishar. Chindan bu odatga aylangandir”.
Men paltomni yechib, pechka yonidagi charm o‘rindiqqa o‘tirdim. U juda muzdek edi!
– Uy muncha sovuq-a! – dedi Nasrulla. – Hozir, hozir. – U pechkada qancha kerosin qolganiga qaradi.
– Maryam, Maryam! – baqirdi u. – Pechkada bir tomchi ham kerosin qolmabdi-ku!
Bunga javob chuqur sukunat bo‘ldi. Nasrulla:
– Kerosinli bidon qani? – deb so‘radi.
– Otangning mozorida! – dedi Maryamxonim muloyimlik bilan…
“Mehmonga kelish mana bunaqa bo‘ladi!” – o‘yladim men.
Ammo Nasrullaxon jilmayib bosh chayqab qo‘ydi xolos.
– Bor, kerosinli bidonni olib kel, – maslahat berdim men.
– Uni qayerdan topaman?
– Xotining qayerdaligini aytdi-ku!
– Yo‘q, bu mening ishim emas, og‘ayni. Uyni u isitishi kerak.
Shu asno xonaga oq fartukchali besh yashar bola kirdi va oldimda turgan billur guldonli pastak stolga qarab yurdi. Qo‘li guldonga tegib uni pastga tushirib yubordi. Idish chil-chil sindi. Men siniqlarni terib olgani engashganimda, birdan xonada Maryamxonimning ovozi yangradi:
– E, kelgan balo-qazo shunga ursin!
Men boshimni ko‘tardim. Nasrullaxonning xotini ostonada menga olayib qarab turardi. Men dovdirab siniqlarni stol ustiga qo‘ydim, kreslodan turib, u bilan so‘rashdim.
Maryamxonim mening salomlarimga sovuqqina alik olib, bolani yetaklab chiqib ketdi.
– Nasrullaxon, – dedim. – Mazam yo‘qroq. Senga aytgandim: uyda xotinim meni tushlikka kutib o‘tiripti. Xo‘p, de, men ketay.
– O‘lay agar, seni ketkizmayman! – javob berdi u. – Biz birga ovqatlanishimiz kerak. Keyin ketsang – ketarsan.
Shunday deb, Nasrullaxon xonadan chiqib ketdi. Men o‘rnimdan turib devordagi fotosuvratlarni ko‘zdan kechira boshladim, ichimda, tezroq ovqatlanib, yaxshilik bilan yo‘qola qolsaydim, deb o‘ylardim.
Bu chog‘ dahlizdan er-xotinning gap-so‘zlari eshitildi. Mening nomimni bir necha bor tilga olishdi. Quloq soldim.
– O‘lay agar, Maryam, – der edi Nasrullaxon. – Kecha Shohoniy bilan birga edim. Mana, o‘zi ham shu yerda, so‘rashing mumkin…
– Kecha qayerda qolgan bo‘lsang, jo‘na o‘sha yerga! – javob qaytardi Maryamxonim. – Tuni bilan kelmaganing kelmagan, yana kunduzi ham boshlashib yurganing nimasi endi?
– Bo‘ldi-bo‘ldi, ko‘p akillama, bizga loaqal tuxumsoldi qilib ber, sen bilan keyin gaplashamiz.
Tushlikning “t”si ham yo‘qligini ko‘rib turardim. Er-xotin o‘z adi-badilari bilan ovora, men bilan bir chaqalik ham ishlari yo‘q edi. Men inglizchasiga sezdirmay jo‘nab qolmoqchi ham bo‘ldim-u, lekin keyin: “Noqulay. Xudo ko‘rsatmasin, birdan uylarida biron narsa yo‘qolib qolsa – mendan ko‘rishlari ham mumkin” deb o‘yladim.
Ikkilanib, nima qilishni bilmay sovuq uyda u yoqdan-bu yoqqa yurib turdim. Nasrullaxon mis patnis ko‘targancha kirib keldi, unda bir piyola qatiq, ozgina piyoz, ukrop, kashnich, ikki-uch lochira non bor edi.
– Aziz do‘stim, – dedi u patnisni stolga qo‘yib. – Men juda uyatda qoldim, kechirasan, Maryamning bugun mazasi qochib qolib, tushlik tayyorlamabdi. Lekin sen tuxumsoldini ham yaxshi ko‘rasan, shekilli.
– Ha, yaxshi ko‘raman, – dedim, – lekin menga ruxsat ber…
– O‘lay agar, ruxsat bermayman!..
– Lekin, axir…
– Hech qanday “lekin-pekini” yo‘q. Seni baloyam urmaydi. Ochig‘ini aytsam, kecha uyga kechroq kelgandim, Maryam bugun ertalabdan mashmasha boshlab yubordi. U, albatta, sendan hech nima so‘ramaydi – u seni qanday hurmat qilishini bilasan – agar so‘rasa, kecha Nasrullaxon men bilan birga edi, deysan.
Shu payt Maryamxonim tovada tuxumsoldi olib kirdi va zarda bilan uni stolga qo‘yib, o‘zi oromkursiga o‘tirib, telefon dastagini ko‘tardi.
– Oyi! – deb qichqirdi. – Farini olib bu yoqqa keling!
– Ovqat sovimasin, ol, – Nasrullaxon iljayib menga o‘girildi.
Iloj qolmadi. Qaniydi endi hammasini bir lahzada yeb bitirsam-u, bu yerdan tezroq qutulib, quyon bo‘la qolsam.
Men lochiradan bir burda ushatdim, uni kashnich bilan qatiqqa bulab og‘izga yo‘llab, endigina chaynay boshlagandim, eshik ochilib, Maryamxonimning onasi – Nasrullaxonning qaynonasi qo‘lida nabirasi Fari bilan xonaga kirib keldi.
– Amakingga bor, – bolaga meni ko‘rsatib kesatdi u. – Adang kecha ertalab ketgancha bugun senga sovg‘a-salom olib keldi…
Tishlagan nonim tomog‘imda turib qoldi. Uy ichi muzxonaday sovuq bo‘lsa ham, butun jismimni ter bosdi.
Taqsimchadan sekin boshimni ko‘tarsam, buvi bo‘lmish oromkursida o‘tirar, bola atak-chechak qilib menga kelardi. Dasturxonga yetib kelgan zahoti patnisni ushlab olib, o‘ziga tortdi. Men tuxumsoldili taqsimcha bilan qatiqli piyola ham billur guldonning kuniga uchramasin deb, ikki qo‘llab patnisni ushlab qoldim, lekin shu payt Maryamxonim dona-dona ovoz bilan:
– Janob Shohoniy! – deganini eshitdim.
Men gungu lolga o‘xshardim. Boshim g‘uvillardi. Tomirlarim shu qadar qattiq urardiki, biron tabib uni ushlab ko‘rsa, oldindan o‘lim guvohnomasi yozib bergan bo‘lardi.
– Labbay, xonim, – dedim arang, bir cheti tishlangan lochirali taqsimchani o‘rtaga surib.
– Nasrullaga ayting, mening talog‘imni berib, sizga uylansin, – davom etdi o‘sha-o‘sha sovuq ohang bilan.
– Menga?!
– Ha, ha, sizga!
Bu qanday gap? Men hech narsaga tushunmay najot izlab Nasrullaxonga tikildim. Uning yuzida sezilar-sezilmas bir tabassum o‘ynadi va u menga yengilgina ko‘z qisib qo‘ydi, bu “indama!” degani bo‘lsa kerak. Mening jilmayishdan o‘zga choram qolmadi.
– Siz juda lutfli ekansiz, xonim, – dedim. – Tashakkur. Ammo… axir… yo‘q… nima deyishni ham bilmayman…
Nasrullaxonning qaynonasi baland ovoz bilan:
– Maryam haq! – deb qizini qo‘lladi. – Siz Nasrullaning uyli-joyli, bolali, otalik burchlari ham borligini hech o‘ylamaysiz! Bu badbaxtdan nima istaysiz o‘zi? Nima uchun unga osilib olgansiz? Uni o‘z holiga qo‘ying, o‘z ishlari bilan shug‘ullansin, xotini, bola-chaqasini ham o‘ylashiga imkon bering! Vijdon ham bo‘lishi kerak, axir! Har oqshom, har oqshom, har oqshom!.. O‘zingizga boshqa sog‘in sigir topib oling!
Axir biz Nasrulla bilan oyda bir oqshom ham uchrashmaymiz. Men juda band odamman, mening ham xotinim, bolalarim, tashvishlarim bor, deya endi e’tiroz bildirmoqchi bo‘lib turgandim… ammo Nasrullaning ko‘zlaridagi o‘tinchni ko‘rib, javobni cho‘zdim. Kallamga bir fikr kelguncha ham bo‘lmay, Maryamxonim meni ko‘ndalang savoli bilan garang qilib qo‘ydi:
– Marhamat, tushuntirib bering, u tun bo‘yi qayda edi?
“Eh-a, – tushundim men. – Demak, Nasrullaxon bugun uyda tunamabdi-da. Demak, uning barcha iltifotlari va tushlikka taklifi bejiz emas ekan-da!” “Eringiz tuni bilan qaylarda bo‘lganini men qayoqdan bilay, xonim? Nima, men uning shaxsiy soqchisimanmi?” demoqchi bo‘lgandim. Ammo Nasrullaxonning yuzi dahshatdan qiyshayib ketganiga ko‘zim tushdi…
– Xudo haqi, kecha oqshomdan buyon u menikida edi, – deb aldadim, pinagimni buzmay. – Ya’ni, u bilan bir do‘stimnikiga mehmonga borgandik, uzoq o‘tirib qolibmiz, havo buzildi, transport ham uchramadi, uy egasi bizni tunab qolishga ko‘ndirdi.
Qarasam, Nasrullaning yuzi yorishib ketdi.
– Eshitdingizmi, oyijon, – dedi u qaynonasiga o‘girilib, – ko‘rdingizmi, aldamabmanmi? Mana, sizga guvoh!
– Tulkidan: “Guvohing kim?” deb so‘rashsa, “dumim” deb javob beribdi, – vaysadi qaynona. – Xo‘p, sen aytganday bo‘la qolsin! O‘tgan kuni-chi, ertalab soat to‘rtda qaytding, u kuni qayerda eding?!
– Kim bilan birgayding, deb so‘rayapsizmi? – gapga qo‘shildi Maryamxonim. –Oldingizda o‘tirgan mana shu janob bilan-da!
“Ha, chindanam shundoq degin, Shohoniy”, – yolvordi Nasrullaxonning ko‘zlari.
– Bilmadim, nima deyishga ham hayronman. Ha… Albatta… Bilasiz-ku: odam bir gapga tushib ketsa…
– U holda oldingi, undan ham oldingi tunlar to‘g‘risida nima deysiz? – gapimning beliga tepdi Maryamxonim. – O‘shandayam birga gapga tushib ketganmidinglar?
– Aziz joningni o‘rtaga qo‘yib qasam ichamanki, Maryam, – Nasrulla javob berishimga qo‘ymay bidirlay ketdi, – onangni o‘rtaga qo‘yib ont ichamanki, janob Shohoniy bilan birga edim. Biz soat o‘nlarda – bosmaxonada so‘nggi sahifani solishtirib chiqib, endi ishni tugallaganimizda – bosh muharrir bizni ovqatlangani qovoqxonaga taklif qildi. Bosh muharririmiz qanday yoqimtoy, yaxshi odamligini bilmaysan-da. Xudo haqi, agar…
– Yetar, bas! – gapini bo‘ldi Maryamxonim. – Muharriringiz bilan nima ishim bor mening? Men mana bu janobdan so‘rab bilay-chi: u o‘zi qanaqa odam, nega sho‘rlik xotinlarni qiynab, hayotlarini zahar qilaveradi? Hammamizning erlarimizni tortib olib, ularni to‘g‘ri yo‘lday toydirdi, o‘zining itoatgo‘y quli qilib oldi… U menga o‘girilib uvilladi: – Sen-chi, sen, o‘zingcha halol, to‘g‘ri yashayapman deb o‘ylaysanmi? Baxtsiz xotinlar erlarini va begunoh bolalar otalarini tun bo‘yi kuta-kuta seni har daqiqada qarg‘ashadi! Bildingmi, muhtaram janob? Oyi, Ishratxonimni chaqiring. Kelib, mana bu nusxani bir ko‘rib qo‘ysin!
Maryamxonimning onasi o‘rnidan turdi va Ishratxonimni chaqirgani chiqib ketdi, men bo‘lsam “u kim ekan, nima ish qilarkin va Nasrullaxonning tushlik ziyofatiga nima aloqasi bor ekan”, deb fol ochgancha qoldim, Maryamxonim bo‘lsa o‘sha-o‘sha ta’zirimni berishda davom etar, so‘roqqa tutib, ta’na-dashnomlarga ko‘mar edi. Yig‘lab yuborsam kerak. Jonim hiqildog‘imga keldi. Ammo o‘zimni himoya qilgani og‘iz juftlashim bilan Nasrullaxon stol ostidan oyog‘imni turtib, yolborgan nazar bilan meni to‘xtatardi.
Bu asno qaynona bo‘lmish menga butunlay notanish o‘rta yashar bir xotin bilan birga qaytib keldi va g‘azab bilan:
– Kir, Ishratxonim, – dedi. – Mana, ko‘r, o‘sha zo‘rovon nusxa!
– Men sizni shu kungacha hech ko‘rmagandim, janob Shohoniy, – dedi u. – Ammo Mahmud siz haqda ko‘p yaxshi gaplarni aytgandi. Endi men sizdan bir narsani iltimos qilgani keldim: marhamat qilib, Mahmudni tinch qo‘ying!..
Mening ko‘zlarim qinidan chiqib ketdi. Endi: “Qanaqa Mahmud? Kim u?” demoqchi bo‘lgandim, Nasrulla xuddi fikrimni uqqanday, ayanchli jilmayib, sayrashga tushdi:
– Mahmudning xotini bu Ishratxonim. U sen haqda ko‘p yaxshi gaplarni eshitgan! Mahmud maishatxonalarga boradi, deb o‘ylaydi.
“Xudoyim-ey, nima bo‘lyapti o‘zi, Mahmudi kim ekan?” deb tushunishga urinardim men. Ammo Nasrulla meni og‘iz ochgani qo‘ymas edi.
– Aziz joning uchun ont ichib aytamanki, Shohoniy, Mahmud tushida ham, o‘ngida ham seni ulug‘lagani ulug‘lagan! U seni qanday yaxshi ko‘rishini tasavvur ham qilolmaysan! Balki, esingdadir, uch kun oldin buni o‘zingga ham aytgan edi.
– Ha, janob Shohoniy! – qichqirdi Ishratxonim, birdaniga o‘zini yo‘qotib. – O‘sha Mahmudingiz! Jonini sizga sotib, tanini menga qoldirgan o‘sha Mahmud! Cho‘ntagi – sizga, cho‘ntagining teshigi – bizga! Farida sizning shu yerda ekanligingizni bilib qolsa, tushda ham ko‘rmagan balolarni boshingizga soladi.
– O‘sha Farida, ya’ni bu, – gapga aralashdi Nasrullaxon, – Jahongirxonning xotini! (U xuddi xolamning qizini aytayotganday gapirdi). Nahotki eslamasang? Bayramda uch kunimizni dengizda birga o‘tkazgandik-ku! Esingga tushdimi, men, sen, Jahongir, Mahmud va Iroj?!
E, ha, men zo‘r yigit ekanman-ku!
Ishratxonim Faridaxonim bilan shaxsan tanishgim kelyaptimi-yo‘qmi, surishtirmay-netmay, uydan uchib chiqib chinqirdi:
– Farida! Farida… Fari!.. Faridaxonim!
Men butunlay esankirab qolgan edim. Nasrullaxon, xotini va qaynonasining gaplari qulog‘imga kirmas edi. Diqqat bilan Ishratxonimga tikildim. Endi u nima hunar ko‘rsatar ekan?
Qarshi tomondagi ikki qavatli uyning derazasidan bir xotin boshini chiqardi.
– Nima deysan, Ishratxonim?
– Bu yoqqa kel! Tez pastga tush! Senga hech qachon ko‘rmagan nusxani ko‘rsataman.
– Nima bo‘ldi o‘zi? Birov keldimi?
– So‘rama… Tez tushib kel!
– Gapni cho‘zmay kim kelganini ayta qolsang-chi? Axvozdan xolavachchang keldimi, deyman.
– Yo‘q, yo‘g‘-e, janob Shohoniy keldilar.
– Shohoniy?
– Ha, o‘lay agar! Tush tezroq! Umrida bunaqa ahvolga tushgan emas u! O‘tinaman, tezroq chopib kelgin!
– Ketyapman… Qo‘yvormanglar, men hozir!
– Yo‘l-yo‘lakay Shahloniyam ola kel!
– Bo‘pti!
Deraza sharaqlab berkildi, shundan keyin Ishratxonim quvonganidan terisiga sig‘may, xonaga yugurib kirdi:
– Xo‘sh, xo‘sh. Juda qiziq! Davom eting, janob Shohoniy!
– Yo‘g‘-e. Men indamayotgan edim, gapirayotgan siz edingiz.
Eshik keng ochildi va xonaga turli yoshdagi sakkiz xotin yopirilib kirishdi. Ulardan biri hozir derazadan boshi ko‘ringan ayol edi. U menga barmog‘ini niqtab: “Mana shumi?” deb so‘radi.
– Ha, Faridaxonim, – Ishratxonimning javobini tasdiqlab, gap tashladim. – Ammo, marhamat qilib, boshqalar kim, menga tanishtirsangiz?
Faridaxonim o‘q yegan yo‘lbarsday, menga tashlandi:
– Kimni ko‘rmoqchi bo‘luvding? Sen erlarini tortib olgan bechora xotinlar bular!
– Men?
– Sen bo‘lmay kim bo‘lardi, menmi?
Yuragim alam bilan to‘lib, chakka tomirlarim qattiq-qattiq urar, tomog‘im qurib qolgan edi. Tilim tanglayimga yopishib qolganga o‘xshardi.
– Ruxsat eting, janob Shohoniy, ularni sizga men tanishtiray, – tilidan zahar tomib gap boshladi Faridaxonim, – bu Mari – Rahim og‘aning xotini! – O‘zi bilan yonma-yon turgan baland bo‘yli xotinni menga ko‘rsatdi.
– O‘zimizning Rahim og‘ani aytyapti! – izoh berdi Nasrullaxon.
M ye n. Tanishganimdan xursandman, xonim!
F a r i d a. Boshqalarni tanishtiray. Shahloxonim – Tohir og‘aning xotini!
N a s r u l l a x o n. O‘zimizning Tohir og‘ani aytyapti!
M ye n. Bag‘oyat baxtiyorman!
F a r i d a. Bu Layloxonim – Abdullaxonning xotini!
N a s r u l l a x o n. O‘zimizning Abdullani aytyapti.
M ye n. Tanishganimdan mamnunman!
F a r i d a. Gelinxonim – Layloning onasi, Abdullaxonning qaynonasi.
M ye n. Qanday baxt!
F a r i d a. Maxnasxonim – Abuturobxonning xotini!
N a s r u l l a. O‘zimizning Abuturobni aytyapti.
M ye n. Qanday sharaf!
Qisqasi, men Nasrullaxonning uyidan chiqayotganimda, hamma qo‘shni xotinlar eshik oldida ikki qator bo‘lib, erlarini yo‘ldan urgan menday nobakorni ta’qib ostida kuzatib turishardi. Nasrullaxon ham kiyinib men bilan birga chiqdi.
– Ha, Nasrullaxon, sen qayoqqa? Yana yo‘q bo‘lib ketasanmi? Qachongacha? – so‘radi Maryamxonim.
– Yo‘q, men janob Shohoniyni faqat bekatgacha kuzatib kelaman.

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 2-son