Bunaqasini faqat va faqat bizning Peralta o‘ylab topishi mumkin – qoyil qolish kerak unga! – tabiiyki har doimgidek tafsilotlarini hijjalab tushuntirib o‘tirmadi-yu, lekin bu safar odatiga xilof ravishda ochiqroq yo‘l-yo‘riq bera turib, bu o‘g‘irlangan maktub haqidagi latifaga o‘xshaydi, deb ishora qilib qo‘ydi. Esteves avvaliga hech narsani anglamadi va keyin-chi, degandek davomini kutib Peraltadan ko‘z uzmay turaverdi. Biroq Peralta gapni ko‘paytirgisi kelmay yelkasini qisib qo‘ydi-da, unga boks musobaqasiga bilet tutqazdi. Esteves sariq rang uzra qizil tusda katta qilib yozilgan “uch” raqamini ko‘rdi, ammo undan oldinroq aniq-ravshan qilib yozilgan Monson-Napoles – buni endi kutmagandi! – degan nomlarga ko‘zi tushdi.
– Ikkinchi biletni, – dedi Peralta. – Volterga yetkazib berishadi. Sen bellashuv boshlanishidan oldinroq borib turasan (Peralta hech qachon gapini ikki marta takrorlamasligini bilgani uchun Esteves jon quloq bo‘lib eshitardi). Volter esa asosiy olishuvdan avval o‘tadigan bellashuvning o‘rtalarida keladi. Uning joyi, sening yoningda, o‘ng tomoningda, hushyor bo‘lib tur: oxirgi daqiqalarda shovqin-suron boshlanadi, hammaning yaqinroq o‘tirib olgisi keladi, ana shu paytda yanayam ishonch hosil qilib olish uchun ispan tilida biron nima so‘ra. Uning xippilar yelkasiga osib yuradigan lattadan tikilgan xaltasi bo‘ladi, o‘shani o‘rtangizga, o‘rindiqqa qo‘yadi. Mabodo, stullar qo‘yilgan bo‘lsa polga qo‘yadi. Faqat boks haqida gapirasan, juda hushyor o‘tir (qulog‘ing ding bo‘lsin), atrofingda meksikalik yoki argentinaliklar bo‘lishi mumkin. Paketni sumkaga solishdan avval tekshirib ko‘r.
– Volter sumkani oldinroq ochib qo‘yish kerakligini biladimi? – deb so‘radi Esteves. – Ha, biladi, – xuddi yoqasiga qo‘ngan pashshani haydayotgandek yelkasiga qarab, javob qildi Peralta. – Lekin shoshilma, oxirrog‘iga borganda hech kim atrofiga alanglamaydi, fikri-xayoli ringda bo‘ladi, shunda solib qo‘yishga harakat qil.
– Arenada Monson qolganda hammaning ko‘zi o‘shanda bo‘ladi, shu paytdami? – dedi Esteves. – Yoki “Montekilya” qolganda, farqi yo‘q, – dedi Peralta. – Hol qo‘yib yurma tag‘in. Birinchi bo‘lib Volter chiqib ketadi, sen odamlar tarqala boshlaganda boshqa tomondan ketasan.
U metroda “Dafans” stantsiyasiga ketayotganda hammasini yana bir karra xayolidan o‘tkazib chiqdi. Vagonda odam ko‘p, ko‘pchiligi erkaklar, ortidan ular ham Estevesga o‘xshab boks ko‘rgani ketishyapti, shekilli. Aksari Monson ikki marta urib enka-tenkasini chiqarib tashlagan, ishongan tog‘lari – Buttyaning sharmandali mag‘lubiyatidan keyin tashvishga tushgan va hali boksyorlarning revansh olishidan umidini batamom uzmagan frantsuzlar edi. Ehtimol, ular Monsonning qanday qilib bo‘lsa ham revansh olishiga haliyam ishonishar, balki ich-ichlarida, pinhoniy ravishda umidlarini uzishgandir. Lekin Peraltaga qoyil qolish kerak, basharti o‘zi kelib topshirdimi bu vazifani, demak, bekorga emas, biror jiddiy ish bo‘lsa kerak. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham bahonada shunday olamshumul bellashuvni o‘z ko‘zim bilan ko‘raman, har kimga ham nasib etavermaydi bunaqa omad, millionerlargina borishi mumkin faqat, menga o‘xshaganlarga yo‘l bo‘lsin! Peraltaning o‘g‘irlangan xatga shamasini endi tushundi, eh-he, Volter bilan boks musobaqasida uchrashishi kimning xayoliga kelibdi deysiz. Gap ularning uchrashuvida emas, uni Parijning istagan yerida o‘tkazish mumkin, bunaqa joy son ming – gap Peraltaning hammasini ipidan-ignasigacha o‘ylab, pishitib olishida! Ularni qarmoqqa ilintirishi mumkin bo‘lganlar, asosan, qahvaxona, kinoteatr, bitta-yarimtaning uyini mo‘ljallashi turgan gap, biroq, mabodo kimsan Alen Delon qurgan chodirga burunlarini tiqqudek bo‘lsalar bormi, ana unda ko‘ring tomoshani. Ularning hunari o‘tarmidi: jahon chempioni degan nomga da’vogarlarning bellashuvi bo‘lsa, hazilakam ishmi! Parijning manaman degan boyvachchasi borki, keladi, pul ketsa ketsin, obro‘ ketmasin – faqat manavinaqa sarg‘ish biletlar bo‘lsa, bas, gazetalarda yozishlaridan ham bir hafta avval sotib tugatilgan!
Boringki – buning uchun ham Peraltaga rahmat – uni yo Volterni iziga tushgan ayg‘oqchilar har qancha olg‘ir va uddaburro bo‘lmaydimi, ularni na kirayotganda, na ketayotganda yuzma-yuz ko‘rishmaydi. Metroda, avtobuslarda kelayotgan son-sanoqsiz ishqivozlar izdihomi orasidan, qolaversa, bellashuv boshlanishi yaqinlashgan sari odamlar oqimi kamayish o‘rniga ko‘payib borsa, ikkita ishqivozga kim ham e’tibor berardi deysiz yo gapim noto‘g‘rimi?
Voy tavba, Alen Delonning ucharligini! Tasavvur qiling, bir xaroba – tashlandiq maydonning qoq o‘rtasida bahaybat ko‘chma chodir, u joyga borish uchun osma ko‘prikdan o‘tiladi, u yog‘iga oyoq ostiga tashlab qo‘yilgan taxtalardan yurib boriladi. Kechasi bilan sharros yomg‘ir quygan, hammayoq bilch-bilch loy, odamlar loy sachratmaslik uchun ehtiyot bo‘lib, sekin oyoq bosishadi. Metrodan chiqqaning hamono qadamingda rangli ko‘rsatkichlar-u, “Monson-Napoles” degan ulkan afisha yo‘l ko‘rsatib turibdi. Qoyilman, Alen Delonga, shu ko‘rsatkich belgilarni metroning daxlsiz devorlariga ham yopishtirishni eplabdimi, otasiga rahmat! Pulniyam rosa sochib tashlagandir-ov o‘ziyam. (Estevesning o‘sha uddaburro tadbirkorga biroz g‘ashiyam keldi). Osmon qo‘lingda bo‘lsa, tashlab yubor-a! – o‘z hisobidan boks bo‘yicha jahon chempioni unvoni uchun bellashuv o‘tkazyapti, brezentdan anovi bahaybat inshootni qurib qo‘yibdi, birni o‘nga aylantiryapti, qisqasi, ana biznesu, mana biznes. Tahsinga sazovor emasmi, bunaqa uchrashuv – Monson bilan Napoles – bellashuvni qarang, gap yo‘q, rang-barang afishalar-chi. Bundan tashqari metrodagi reklamalar – xuddi mana ko‘rib qo‘ying ishqivozlarni qanday kutib olishimni, deyayotgandek. Tantilikmi, ayting, o‘g‘il bolaning ishi mana shunaqa bo‘ladi, to‘g‘rimi, aks holda hozir ur-yiqit, to‘polonni ko‘rardingiz, loy-balchiq… e-e…
Esteves ayni paytida kelgan ekan: zal odamga to‘lib bo‘libdi. U eshik oldida bir lahza to‘xtab, atrofga ko‘z yugurtirdi: politsiya mashinalari, oynalari parda bilan to‘silgan treylerlar, to‘g‘ri chodirga olib kiradigan usti yopiq yo‘lkalar.
Bokschilar o‘shayoqda bo‘lishsa kerak, deb o‘yladi Esteves. Bizning Karlitos anovi yap-yangi, yaraqlab turgan oppoq treylerdaligi aniq. U shunga munosib, Napolesning treyleri narigi tarafdadir, ehtimol. Bu yerda hammasi joy-joyiga qo‘yilgan, shu bilan birga shosha-pisha qurib tashlangani sezilib turardi. To‘g‘ri-da, kattaligini qarang, faqat brezentdan ko‘tarilgan yana! Pul bo‘lsa – changalda sho‘rva, deb bejiz aytishmagandir?! Esteves ma’yusgina xo‘rsinib qo‘ydi. Eng muhimi, kallani ishlatib, tavakkal qilishdan qo‘rqmasang bo‘ldi, og‘ayni!
Uning o‘rni gir aylanasi pishiq arqon bilan o‘ralgan ringga yaqin – beshinchi qatorda ekan, umuman tomoshagohga yirik raqamlar yozib belgilab qo‘yilgan oddiygina o‘rindiqlar o‘rnatilgandi. Ringga kelganda Delonning xizmatiga ko‘z tekkanga o‘xshaydi, bu yog‘i o‘rtamiyona tsirk sharoitidan ortiqcha farq qilmas, tasavvurga sig‘maydigan darajada kalta yubkali yosh-yosh pattachi qizlarni ko‘rgan odamning biror e’tiroz bildirishiga o‘rin qolmasdi. Esteves garchi qaysi tomonga yurishi lozimligini bilsa-da, qizchalardan biri gul-gul ochilgancha yoniga keldi va xuddi u bir savodsiz, biletda ko‘rsatilgan joyini topolmaydigan telba-teskari odamdek uni beshinchi qatorning boshlang‘ich qismigacha kuzatib qo‘ydi. Esteves borib o‘tirdi va o‘zini beparvogina tutib, “uf” tortdi-da, qo‘lidagi gazetani varaqlashga tushdi. Keyin tagimga qo‘yib olarman, deb xayolidan o‘tkazdi. O‘zicha chamaladi: o‘ng tomonimga o‘tiradi, pul bilan hujjatlar chap cho‘ntagida, zarur paytda olib, tizzasiga qo‘yadi, shoshilmasdan, bamaylixotir, atrofga alanglamay turib, ochib qo‘yilgan sumkaga tiqadi.
Vaqt imillab o‘tardi. Esteves Marisa bilan kenjatoyini esladi, hozir kechki ovqatni yeb bo‘lishgandir, deb ko‘nglidan kechirdi. Kenjatoyi uxlayotgan bo‘lishi ham mumkin. Marisa, ehtimol, televizor ko‘rayotgandir. Bugungi bellashuvni ko‘rsatishsa, albatta ko‘radi. U, tabiiyki, shu musobaqa bo‘layotganda o‘la qolsa ham men o‘sha yerda edim demaydi, keyinchalik, hammasi tinchib ketgandan keyin aytmasa, hozircha bu xususda og‘iz ochmaydi. Esteves esnab-esnab yana gazeta varaqladi. (Marisa boksni oxirigacha ko‘rsa bormi, Napoles bilan Monson haqida fikr bildira boshlaydi, ana unda ko‘r tomoshani, o‘zingni tutib bera olasanmi – hech qachon! Vetnamga oid xabarlar bilan politsiya ma’lumotlari e’lon qilingan sahifani sinchiklab qarab chiqquncha, zal deyarli to‘ldi. Orqa tomonida bir to‘da frantsuzlar Napolesning imkoniyatlari xususida talashib-tortishardi, chap tarafiga bir g‘alati nusxa joylashib oldi. U raxi buzilmagan shimini ehtiyot qilib, o‘rindiqni boshdan-oyoq paypaslab, kafti bilan siypalardi. Bir yigit bilan qiz joylashgan o‘rindiqlar yonida uch kishidan iborat ulfatlar o‘tirar, biri olib, biri qo‘yib ispanchalab meksika shevasida tinmay bidirlashardi. Ochig‘i, Esteves ularning gapini sira tushunmadi, biroq meksikalik ishqibozlar tiqilib ketgandi: ularning Napolesi – buni qarang! – kelib-kelib Monsonning tojiga ko‘z tikkaniga o‘lasanmi-qolasanmi? Estevesning o‘ng yonidagi bir nechta o‘rindiq hali bo‘sh turardi. Lekin kiraverishida odam g‘ujg‘on o‘ynar, qo‘li-qo‘liga tegmayotgan pattachilar amal-taqal qilib tartib-intizomni saqlashardi. Estevesning nazarida, ring ko‘zni olgulik yoritilgani va quloqni qomatga keltirib, pop-musiqa yangrayotganiga qaramay, tomoshabinlar xuddi bu shovqinni sezmagandek pinagini buzmasdi. Ularning nigohi zerikarli, bosh bilan qaltis harakatlar-u, klinchga kirishdan boshqa tomoshasi yo‘q ilk bellashuvda edi. Volter yoniga kelib o‘tirgan paytda Esteves zalda, jillaqursa, uning yonida boksni chinakamiga tushunadigan bironta ishqiboz yo‘qligi, hammasi nodon gumrohlar-u, oliftagarchilikdan boshqasini bilmaydigan mirquruqlar ekani haqida xunobi oshib, o‘ylab o‘tirardi. Ularga baribir, Monson bilan Napolesni ko‘rishsa bo‘lgani.
– Kechirasiz, – dedi Volter Esteves bilan o‘ziga o‘xshab semirib ketgan erining tizzasiga yonboshlab olgan baq-baqaloq xotinning o‘rtasiga suqulib kirar ekan.
– Qulayroq o‘tirib oling, – dedi Esteves. – Ha, oson emas, bu frantsuzlar nozik ayollarni bejiz yaxshi ko‘rishmas ekan.
Volter miyig‘ida kulib qo‘ydi, Esteves bo‘lsa ming bir andisha bilan, xudo ko‘rsatmasin, ko‘k shimli nusxaniki tutib qolmasin, degan o‘yda chap tomonga surildi. Pirovardida Volter bilan uning orasida ozgina joy ochildi-yu, Volter tizzasidagi sumkani olib o‘rindiqqa qo‘ydi. Ikkinchi juftlikning jangi boshlanib ketgandi – bunisi ham lanj. Shu choq tomoshabinlar e’tiborini zalda paydo bo‘lgan bir to‘da meksikaliklar jalb etdi, ularning boshlarida charro va sombrero bo‘lsa-da, egnilaridagi kiyim juda bashang edi. Albatta, bunaqa boylar uchun bitta samolyotda “g‘irr” etib Meksikadan Montekilyaga uchib kelish – karnaychidan bir puf. Hammalari g‘o‘labirdan kelgan, kaltabaqay, bo‘yinlari tirsillagan va aft-basharalari xuddi Pancho Vilyaning o‘zginasi, baqir-chaqirlari avjida. Go‘yo Napoles ringda yurgandek sambrerolarini irg‘itishganiga o‘lasanmi – birontasi ring tegrasidagi birinchi o‘rniga borib o‘tirolmaydi. Alen Delonni aytmaysizmi, uddaburroligini, hammasini bekamu-ko‘st hozirlab qo‘ygan-a: tuyqus karnaylardan meksikaliklar korridasiga o‘xshash allaqanday kuy yangrab qoldi-yu! Ochig‘i, ular qadrdon musiqalarini eshitib, ruhlanish tugul, hatto payqashmadi ham. Esteves bilan Volter ko‘z urishtirib bir-biriga jilmayib qo‘yishgan choqda ro‘paradagi yo‘lkadan “Argentina! Argentina!” degan hayqiriqlar yangradi va oldinda 5-6 ta oppoq sviter kiygan amma-xolalar boshlab kelayotgan olomon ko‘rindi-yu, bu izdihomning narigi tarafida Argentinaning ulkan bayrog‘i favvoraning jo‘shqin suvlari yanglig‘ havoga otildi. Mana shu to‘da pattachi qizlardan iborat to‘siqni yanchib o‘rindiqlar yoqalab pastga – to‘g‘ri ring sari tusha boshladi. Ringda pishirib qo‘yibdimi ularga! Yo‘q, baqirib-chaqirib o‘pkalari xiyol bosilgach, kalta yubka kiygan ofatijon qizlar kelib, oppoq tishlarini yaraqlatib, tirjaygancha ularni devdek-devdek azamatlar yordamida yo‘l-yo‘lakay bir nimalarni tushuntirgan ko‘yi ikki qator bo‘sh o‘rindiqlarga o‘tqazib qo‘yishdi. Argentinalik ayollar maykasining ortiga katta-katta qilib, qora rangda “Monson” deb yozib qo‘yilgandi. Mana shu qiy-chuv, shovqin-suron boshqa tomoshabinlarning zavqini toshirar, to‘lqinlantirar, ular o‘zlarini tutolmay, o‘rinlaridan turib ketgan va beixtiyor bularga taqlid qilgandek qiyqirishardi. Qolganlar esa ortiqcha ahamiyat berishmasdi, bokschilarning millati frantsuz bo‘lmaganidan keyin nima qizig‘i bor dunyoni boshiga ko‘tarib baqirishni?! Uchinchi bellashuvda bokschilar gladiatorlar kabi qo‘rquv nimaligini bilmay, ayovsiz olishardilar. Holbuki, Alen Delon bulardan hech qanaqa manfaat kutmagan va ularning narxini oshirib ham yubormagan bo‘lsa kerak. Rostdanam treylerda boks dunyosining chinakam nahanglari navbat kutib o‘tirishgan, buning ustiga tomoshabinlar faqat o‘shalar uchun bu chodirga kelishgan bo‘lsa, bu zang‘archalarning ayovsizligi-yu, yovqurligidan nima foyda?
Daf’atan Estevesning eti jimirlab, tomog‘iga bir nima tiqilgandek bo‘ldi. Mikrofonlardan tango sadolari taraldi, bu kuyni maestro Osvaldo Pugliyes orkestri ijro etayotgan bo‘lsa kerak. Ana endi Volter unga tikilib va qandaydir yaxshi ko‘rib qaragandek bo‘ldi-yu, Esteves, hamyurtim, shekilli, deya to‘lqinlanib ketdi. Umuman olganda, bokschilar sha’niga aytgan ikki-uch og‘iz tanbehni aytmasa, ular hali tuzukroq gaplashgani yo‘q. Harqalay u yo urugvaylik, yo chililik. Lekin savol-javob qilishning hojati yo‘q. Peraltaning ko‘rsatmasi yodida hali – esi past odam ham esdan chiqarmaydigan qilib aytgan: yonma-yon o‘tirasan – bir, ikkoving ham – tasodifni qarang! – ispan tilida gapirasan – ikki, keyin quyon – uch!
– Ana endi boshlanadi zo‘ri! – dedi Esteves norozi ohangdagi qiyqiriq va hushtaklarga e’tibor ham qilmay. Hamma o‘rnidan turib ketgan, chap tomonda bo‘kirgan ovozlar, davomli qarsaklar yangragan, sombrerolar havoga uchgan… Montekilya yugurganicha ringga chiqib keldi, projektorlar nuri yanayam ravshanlashgandek bo‘ldi, lekin hamma o‘girilib o‘ng tarafga qaradi. U tomonda shovqin, besaranjomlik sezilmadi, guldiros qarsaklar va bir maromdagi g‘ovur-g‘uvur ungacha zo‘rg‘a yetib kelardi. Volter bilan Esteves o‘tirgan yerdan ringni narigi burchagiga olib boradigan yo‘lka ko‘rinmasdi, kutilmaganda bir soniya sukunat cho‘kdi va o‘sha zahoti ketidan quloqni qomatga keltirgudek hayqiriq yangradi. Ha, ana endi ikkovining ham ring to‘sig‘ining yonginasidagi Monsonga ko‘zi tushdi: Monson ularga orqa o‘girib olgancha guruh a’zolari bilan suhbatlashib turardi. Napoles u tomonga kela boshladi, magnit chaqinlari ostida bosh irg‘ab salomlashdilar, sudya mikrofon tushirishlarini kutayapti. Tomoshabinlar sekin-asta tinchib, o‘rindiqlariga joylasha boshladilar, faqat bitta-yarimta sombrero narigi tarafga uchib qolardi. Kimdir ermak topilganiga xursand bo‘ldi shekilli, shlyapani havoda ilib olib, uchib kelgan tomonga uloqtirdi. Lekin tomosha boshlanib ketgani bois qurmag‘ur bosh kiyimining bumerangga o‘xshab ajabtovur tarzda orqaga qaytib ketishidek antiqa manzara hech kimning diqqat-e’tiborini jalb etolmadi. Chunki Jorj Karpente, Nino Benvenuti, Frantsiya chempioni Jan Klod Buttelar tanishtirildi, tabrik so‘zlari yangradi. Qarsaklar, fotokameralarning chaqmoqdek chaqnashi tinmay, tez orada ringda hech kim qolmadi. Meksika madhiyasi tantanavor ohangda yangrab, sombrerolar yana havoda charx urdi. Nihoyat, Argentina madhiyasi boshlanmasidan avvalroq ko‘kish-oq ulkan bayroq ko‘tarildi. Esteves bilan Volter qimir etmay o‘tirishar, ammo Estevesning yuragi uchishga chog‘langan kaptardek potirlardi. Bunday qilishga haqqi yo‘q, bunday qilsa xato bo‘ladi, nima keragi bor bunaqa qaltis ishning? Yon-verida bironta argentinalik yo‘q ekan, xo‘p, yaxshiyam loaqal shunga e’tibor beribsan. Ularning hammasi bayroq ko‘targancha madhiyaning so‘nggi satrlarini aytishyapti, ko‘kish-oq enli mato u yoqdan – bu yoqqa shunchalik tez-tez o‘tadiki, devdek azamatlar tashvishlanib uning ortidan yugurishadi. Bokschilarning ismi hamda vazni qanchaligi e’lon qilinadi, sekundantlar ringga taklif etiladi.
– Kim yutarkin, a? – deb so‘radi Esteves.
Bokschilar salomlashgani qo‘lqoplarini tezgina urishtirib olishayotganida u yosh boladek to‘lqinlanib ketdi. Monson bokschilardek qaddini rostlab turardi. O‘zini himoya qilish niyati yo‘qdek uzun-uzun, ozg‘in qo‘llari Montekilyaga nisbatan nimjonroq ko‘rinadi. Raqibi bo‘yi pastroq bo‘lgani bilan baquvvat, ana, qarang, o‘zini sinab ko‘rish uchun ikki marta qo‘l tashlab ko‘rdi.
– Mana shunaqa o‘t-olovlarga dog‘man, kim-kim chempionga qarshi chiqqaniga qoyil qolaman, – dedi Volter. Uning ortida o‘tirgan frantsuz esa kimgadir jon-jahdi bilan uqtirardi: Monsonning ustunligi – bo‘yida; yana sinovchi zarbalari zo‘r. Xo‘p, demak, Volterga o‘t-olov bokschilar yoqarkan-da, argentinalik bo‘lganida bunday demasdi. Talaffuziga qaraganda, urugvaylik, bilmayman, Peraltadan so‘rayman hali. Bir narsa ravshan: Volter Frantsiyaga yaqinda kelgan. Xotinini yelkasidan quchib o‘tirgan baqaloq unga bir nima degandi, u shunaqayam tushunarsiz javob berdiki, azbaroyi xudo, achchig‘i chiqqan frantsuz aftini bujmaytirdi va oldinda o‘tirgan kishi bilan gapga tushib ketdi. Napolesning zarbalari kuchli. Buning ustiga, aniq ekan, deya tashvishlandi Esteves. Ikki marta urganda Monson kalovlanib qolganidan o‘sha zahoti durustroq javob qaytarolmadi. Urishga urdi, faqat xiyol o‘tibroq – Esteves ko‘rdiki – ikkala zarbasi tegdi, lekin u qadar kuchli emas. Chamasi, Montekilya o‘zining yagona ustunligi ketma-ket zarba bera olishida ekanini tushunib yetdi, shekilli. Monson bilan go‘yo qilichbozlik qildi – befoyda, nega deganda bu yo‘l bilan Monsonni yengib bo‘lmaydi. Monson epchil, o‘ta abjir, sho‘ng‘ib zarbadan qochishga juda mohir, shu bois Napolesning tillarda doston bo‘lgan hujumlari chog‘ida xavfli zarbalar biron narsani hal qilishga qodir emasdi. Monson raqibining aft-basharasiga to‘satdan urib qoldi, yana, ketma-ket ikki-uch zarbalar yog‘ildi. Orqada o‘tirgan frantsuz esa jig‘ibiyron bo‘lardi: “Ko‘rdingizmi, qo‘llari uzunligi uning yarim yutug‘i, deganmidim”. Ikkinchi raund Napolesning to‘la ustunligi ostida o‘tdi, zal nafasini ichiga yutib tomosha qilar, goh u yerdan, goh bu yerdan bitta-yarimtasi qiyqirib qolardi. Uchinchi raundda Montekilya bor kuchi mahoratini ishga soldi. Xo‘p, mayli, ijirg‘andi Esteves, bizning Karlitos hozir ko‘rsatib qo‘yadi. Burchakka siqib qo‘yilgan Monson birdan keskin tortilgan kamon yoyidan nogoh otilib chiqqan paykondek tasira-tusur zarbalar berishga o‘tdi, chap-o‘ng qo‘li bilan ilon hamlasidek tez, chaqqon harakatga tushdi-yu, yana arqonga suyanib qolmaslik uchun klinchga – Napolesning baquvvat bilaklari orasiga kirib oldi. Keyin, raundning so‘nggi daqiqalarida ikkala tarafdan qaqshatqich zarbalar yog‘ildi, meksikaliklar yaktan, yakdil, ularning ortida baqir-chaqir, hushtak tinmaydi, hamma o‘rnidan turib olgan – ko‘rish kerak, shart, o‘tkazib yuborma!
– Zo‘r tushayapti-da o‘ziyam, bunaqasini birinchi ko‘rishim, ha-ha! – dedi Esteves. – Rost aytyapman – zo‘r!
Ikkovi kelishib olishgandek cho‘ntagidan baravariga sigaret chiqarishdi-da, iljayib bir-birlariga uzatishdi. Volterning chaqmoqtoshi “shirq” etib yondi, Esteves sigaretini tutatib olayotganida bir qur Volterning yuz-ko‘ziga qarab qo‘ydi, e’tiborga loyiq biron esda qolarli ifoda ko‘rmadi: sochlariga oq oralagan, ko‘rinishdan ancha yosh, jinsi shimda, egnida sportchilarning jigarrang ko‘ylagi. Talaba yoki injener, deysan. Shoxi qayrilsa qayriladigan, lekin sinmaydiganlar toifasidan. Montevideo yoki Buenos Ayresda, ehtimol, Santyagoda do‘stlaridan ayrilgan bo‘lsa bordir. Peraltadan so‘rash lozim, darvoqe, nima keragi bor shuni, ular boshqa ko‘rishadimi, yo‘qmi, xudo biladi. Hammaning o‘z yo‘li, hayoti bor, mabodo ko‘rishib qolishdi ham deylik, nima karomat qilib beradi? Uzog‘i bilan Montekilya hamda shu bugungi oqshomni eslashadi, xolos – shumi haqiqat?! Meksikalik bokschi beshinchi raundda bo‘lmasa bo‘lmasinga o‘tdi, hamma tik oyoqda, jazava ichida baqirib-chaqirgan. Argentinalik va meksikaliklarni frantsuzlar orqada qoldirdi – boks musobaqasi shunisi bilan maroqli, esda qoladi, bokschilarga chikora, ular raqibining har bitta harakati, gavda burilishi-yu, ildam-ildamlik bilan o‘ynashlarini ilg‘ardi. Esteves chiroyli, ta’sirchan, lekin besamar zarbalarga boy ekani besh-o‘nta to‘nkalarni e’tiborga olmasa, aksar tomoshabinlar diqqat bilan, tushunib ko‘rayotganini anglab yetdi. Anovi ozchilik esa, ringda nimalar bo‘layapti, jang qanday tus olayapti, bokschilar maqsadlariga qay yo‘l bilan erishmoqchi va buning uchun nimalar qilishyapti – bu xususda shashvarni tushunmasdi. Ringda esa hamon vazni yengilroq Monson kapalakdek uchib yurar, har xil masofadan jangga tashlanar, hujumni tobora kuchaytirar va raqibining tinkasini quritish uchun yanada tezroq va ildamroq harakat qilardi; bu shiddatli va chaqindek tegib qaytuvchi zarbalarning zalvariga Montekilyaning dosh berolmasligi borgan sari ayon bo‘lib borardi. Uning harakatlari sustlashib, oyoqlari bir-ikki chalkashib ketganiga qaramay jon-jahdi bilan tashlanar, lekin bu nomuvofiq, jangari usullar samara bermas, Monsonning chayir va uzun qo‘llari uni to‘xtatib qolar, oqibat yana arqonning siltab-uloqtirib yuborishiga tayanib oldinga sapchir va tuyqus – tap – bir, tap-tap-tap – ikki – ketma-ket yog‘ilgan zarbalar ostida qoldi. Xuddi uni to‘rt kishi o‘rab olgan-u, ayamay urayotgandek qulochkashlab yondan iyagiga, peshonasiga, biqiniga – duch kelgan yeriga gurzidek urilgan mushtlardan gandiraklab ketdi. Zang chalinganda Esteves yana cho‘ntagidan sigaret olayotgan Volterga yuzlandi:
– Nima qilarding, bo‘lmaganga bo‘lishma, deganlari shu-da, – dedi Volter tutunni ichiga tortib.
Bunaqa shovqin-suronda es-hushi bor odam gapirmaydi, chunki yonidagi hamrohimi, sherigimi, umuman gapini eshitmasligi aniq. Nima bo‘lgan taqdirda ham tomoshabinlar keyingi raund hal qiluvchi ekanini fahmlashar – ishqibozlar Napolesni olqishlab ruhlantirmoqda edilar. Uni ringda endi hech qachon ko‘rmasliklariga ishonchlari yuz foiz komil bo‘layapti, deb o‘yladi Esteves ularga achinib. Endi Monson ochiqdan-ochiq hujumga o‘tdi, u bir qadam chekinmay, paysalga solmay, boshqa narsaga chalg‘imay, raqibini tang ahvolga solib qo‘yganiga qat’iy ishongan holda uning ustiga bostirib boraverdi – yuz-ko‘zi aralash, gavdasining duch kelgan yeriga tushayotgan son-sanoqsiz zarbalardan qochish uchun Napoles dam-badam ko‘zlarini chirt yumib suvga sho‘ng‘iyotgan odamdek klingga kirib olmoqchi bo‘lib, Mensonni quchoqlab olaverardi. Tamom, deb ko‘nglidan kechirdi Esteves va qiziqib ketganidanmi, qadalib qolgan ringdan amallab ko‘zlarini uzdi-da, sumkaga qarab qo‘ydi. Harakatingni qilib qol, odamlar o‘zlaridan ortmay o‘tirganida, ayni vaqti, aks holda o‘rnidan turib olishsa sumkaga hammaning ko‘zi tushishi mumkin. Napolesning basharasiga yana ikkita og‘ir zarba tushdi, u yana raqibini quchoqlab olishga talpindi, biroq Monson birdan o‘rnini o‘zgartirdi-da, o‘zini yonboshga olgach, qo‘li bilan urdi – xuddi to‘qmoq bilan urgandek bo‘ldi – ana endi chap oyoqlar, asosiysi oyoqlarda, Esteves buning nimaligini yaxshi bilardi. Montekilya og‘irlashib, kalovlanib qolganini ko‘rdingmi, amallab arqondan sapchib uzilib chiqdi, lekin uning mashhur aniq zarbalari qani? Monson bo‘lsa bamisli raqsga tushardi, ring uzra gir aylanib o‘zini namoyish qilayotgandek sakrab yurardi, orqaga jayrondek irg‘ishlab qochar, qo‘l-oyoq, gavda harakatlarining uyg‘unligi tahsinga loyiq edi. Daf’atan, tars-tart etdi-yu, o‘ng qo‘l bilan raqibining to‘shiga tushgan kutilmagan zarba hammasini bir lahzada hal qildi-qo‘ydi. Jazava ummoni uzra yangrayotgan hayqiriq va o‘kirishlar tufayli zang tovushini eshitgan eshitdi, eshitmagan eshitmadi. Illo, Esteves bilan Volter aniq eshitdi. Volter joyiga o‘tirdi va sumkani to‘g‘rilab qo‘ydi; Esteves esa shartta joylashib oldi-da, paketni xaltaga solgach, bo‘sh qo‘llarini ringda nimalar yuz berganini haliyam anglayolmayotgan ko‘k shimli oliftaning burni tagida qizarib-bo‘zargancha paxsa qila boshladi.
– Haqiqiy chempion shunaqa bo‘ladi! – dedi past ovozda Esteves, bunaqa shovqinda baribir ming baqirsin, hech kim eshitmasligiga aqli yetsa-da. – Karlitos, bopla uni, azamat!.. – deb qichqirardi.
U shoshilmay sigaretani tutatib olayotgan Volterga zimdan nazar soldi. Nachora, tan bermasdan ilojing yo‘q, chidamay ko‘r-chi, noilojga – nailoj! Yettinchi raund arafasida hamma zang urishlarini betoqat kutayotganida, nogahon og‘ir sukunat cho‘kdi. Katta oq sochiq yoyilib keldi-da, “shalop” etib ring o‘rtasiga tushdi-yu, tomoshabinlar “uvv”, deb yuborishdi. Napoles o‘z kunjagida mixlab qo‘yilgandek qilt etmay o‘tirardi. Monson esa qo‘lqoplarini boshi uzra silkitgancha ring markaziga yugurib chiqdi – mana buni chempion desa bo‘ladi. U ishqibozlar olqishiga javoban minnatdorlik bildirgan bo‘ldi va tabriklagani ringga chiqqanlarning og‘ushida ko‘milib ketdi. So‘nggi o‘yin – final kutilganidek tugamadi, holbuki, bellashuvning shunday tugashi muqarrar edi. Montekilya taslim bo‘ldi, to‘g‘riyam qilishdi. Hammasi tugadi, Montekilyaning quyoshi so‘ndi – zavolga yuz tutdi, o‘zi g‘olib yoniga borib qo‘lqopi bilan uning yuzini silab qo‘ydi, ular qo‘l urishtirib, ikki yoqqa ketishdi. Endi umrbod ringda uchrashmasalar kerak, deb o‘yladi Esteves.
– Boksmisan boks bo‘ldi-da, o‘ziyam, – dedi u sumkani yelkasiga osib olishga chog‘langan Volterga. U oyoqlari uvishib qolganidanmi, chayqalib turardi.
– Biroz ertaroq edi, menimcha, – dedi Volter. – Sekundantlari ruxsat berishmaganga o‘xshaydi.
– To‘g‘ri qilishgan! Ko‘rding-ku, oyog‘ida zo‘rg‘a turibdi. Napoles kallasi butun bokschi, o‘zi tushunib yetdi.
– To‘g‘riku-ya, lekin bunaqa darajadagi bokschilar oxirigacha tushishi kerak, butunlay teskarisi bo‘lishi ham mumkin!
– Monson bilan “teskarisi” bo‘lmaydi! – dedi Esteves qat’iy qilib va birdan Peraltaning ko‘rsatmalari esiga tushib, xayrlashgani qo‘l uzatdi. – Tanishganimdan bag‘oyat xursandman.
– Men ham… Omon bo‘ling.
– Chao!
Esteves xotiniga bir balolar deb e’tiroz bildirayotgan baqaloqning ortidan chiqib ketayotgan Volterning ortidan kuzatib qoldi. So‘ngra hafsalasizgina o‘rnidan turib, erinchoqlik bilan beg‘am-beparvo ketayotgan ko‘k shimli nusxaning ortidan yurdi. Yo‘lkaning adog‘iga dovur unga ergashib bordi va yo‘llari ikkiga ajraldi. Yon-verida kimdir bokschilarning san’ati yuksak darajada ekanini uqtirib kelardi, biroq Esteves ayoldan ko‘zini uzmasdi – u erimi, do‘stimi – engashib qulog‘iga bir nimalar deb shang‘illar, quchoqlab olar, bo‘ynidan, yuzlaridan cho‘lpillatib o‘par edi. Agarda shu erkak biroz g‘alati bo‘lmasa, deb miyig‘ida kulib qo‘ydi Esteves, ayol uni emas, o‘ziga mahliyo etgan Monsonni quchib, o‘payotganini fahmlardi.
Puldan qutuldi, cho‘ntagi bo‘shadi, endi erkin nafas olsa yarashadi, ish xamirdan qil sug‘urganday osongina hal bo‘ldi – bemalol chor-atrofni kuzatish mumkin – yoshgina, xushro‘y bir qiz nuqul hamrohining solinchagini chimchilab g‘ashiga tegayapti. Ana boyagi meksikaliklar, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgancha ketishyapti, yarmigacha o‘ralgan Argentina bayrog‘i hamon olomonning boshi uzra silkinayapti, ikki nafar italiyalik yigit bir-biri bilan ko‘z urishtirib olishdi-da, bittasi tantanali ohangda: “Gliela messo in culo”, deya hayqirdi. Boshqasiga esa bu gap yoqib qoldi-yu, oppoq tishlarini yaraqlatib ishshaydi; eshik oldi tiqilinch; toliqqan odamlar osma ko‘prikdan horg‘in odimlashadi, yomg‘ir shivalayapti, osma ko‘priklar odamlarning og‘irligidan chayqaladi, cho‘kkanga o‘xshaydi. Narigi boshida esa ko‘prikning arqon yondoriga suyangan Peralta bilan Chaves chekib turishardi, ular Esteves bizni albatta ko‘radi, degandek ko‘zlari olma-kesak termay bamaylixotir turardi. Esteves cho‘ntagidan sigaretini olib, uning yoniga keldi.
– Rosa dabdala qildi-yu! – dedi Esteves ular bilan qo‘l olishib ko‘risharkan.
– Xabarim bor, – dedi Peralta hissiz. – Ko‘rdim.
Esteves hayron bo‘lib ko‘zlarini pirpiratib qaradi. Peralta bilan Chaves ikkovi ko‘prikka chiqib, olomonga qo‘shilib olishdi. Esteves ularning orqasidan borish kerakligini tushundi, oldinda Peralta, sal ortda Esteves ko‘prikdan tushib, metroga eltuvchi katta ko‘chani kesib o‘tishdi-da, nim qorong‘i, tor ko‘chaga burilishdi. Esteves bizni ko‘zdan yo‘qotib qo‘ymadimikin, degan xavotirda Chaves bir-ikki o‘girilib qaradi, keyin to‘ppa-to‘g‘ri borib mashinaga o‘tirishdi. Ochig‘i, shoshilish ularning xayoliga ham kelmasdi. Esteves Peraltaning oldiga o‘tirdi, mashina asta qo‘zg‘alib shaharning janubiy qismiga yo‘l oldi.
– Demak, sen shu yerda ekansan-da! – dedi Esteves. – Boksni yoqtirasan, deb sira o‘ylamagandim.
– O‘lib ketmaydimi! – dedi Peralta. – Monson bebaho bo‘lgan taqdirda ham, men har ehtimolga qarshi senga biron korihol bo‘lmasin, deb keldim.
– Unaqada hammasini ko‘ribsan-da?! Volter sho‘rlik Napolesga…
– U Volter emasdi …
Mashina haliyam janub tomon yelib borardi. Allaqanday yettinchi tuyg‘u bilan Esteves Bastiliya maydoniga emas, boshqa yerga ketishayotganini birdan his qildi. Buni g‘ira-shira, tusmollab angladi, mabodo ertasiga yoki indiniga so‘rab qolishsa qayerga borishganini aytib berolmas, go‘yo Monson Montekilyaning emas, uning aft-basharasiga to‘qmoqdek mushtlari bilan urgandek bo‘lar, mana oqibati, u gangib, nimalar bo‘layotgani va qayerga, qaysi tarafga ketishayotganini ilg‘ayolmasdi. Bir nimani so‘rashga ham holi kelmasdi, u Peraltadan ko‘zini uzmay lom-mim demay kutardi.
– Biz seni ogohlantirishga ulgurolmadik, – dedi Peralta. – Aksiga olib uydan ancha erta chiqib ketibsan, qo‘ng‘iroq qilsak, “Marisa uyda yo‘q, qayerga ketganini ham, qachon kelishini ham bilmayman”, dedi.
– Ozgina bo‘lsa ham piyoda yurgim keluvdi, – dedi Esteves. – Lekin bunday tushuntiribroq gapir, nima bo‘ldi?..
– Ish pachava, – dedi Peralta. – Volter ertalab uchib kelgan zahotiyoq Ormedan qo‘ng‘iroq qildi, unga nima qilishi lozimligini tushuntirdik, u boksga olingan bilet qo‘limga tegdi, dedi. Bir so‘z bilan aytganda, hammasi xamirdan qil sug‘urgandek ketayotgandi. Yo‘lga tushmasidan oldin Luchoning oldiga borganda qo‘ng‘iroqlashadigan bo‘ldik – ishonchliroq bo‘lishi uchun yetti yarimgacha kutdik – qo‘ng‘iroq qilmadi. Oxiri o‘zimiz Jenevaga telefon qildik, u boshqatdan bog‘lanib, Volter Luchoning oldiga bormabdi, dedi.
– Ular Volterni aeroportdan chiqib ketayotganida qo‘lga olishgan, – dedi Chaves.
– Tushundim, lekin kim unga… – deb gap boshlagan Estevesning nafasi ichiga tushib ketdi, – Nima gapligini birdan tushunib qoldi, bo‘yinlari, chekkalarini qoplagan g‘araq-g‘araq ter ko‘ylak yoqasi ichidan oqa boshladi.
– Sakkiz soatga bormay ichidagi neki sir bo‘lsa borini sug‘urib olishgan, – dedi Peralta. – Isbot qilishning hojati yo‘q, bu nusxa o‘zini qanday tutishdan tortib, nimalar qilish lozimligigacha gullagan. Ko‘p narsadan xabardor edi. O‘zingdan qolar gap yo‘q. Ularning usulini bilasan, hatto Volter dosh berolmagan.
– Ertaga bo‘lmasa indinga jasadini bironta xarobazordan topishadi, – Chavesning tovushi horg‘in va hissiz chiqdi.
– Endi buning ahamiyati yo‘q, – dedi Peralta. – Chodirga kelguncha, darhol gumdon bo‘linglar, deb hammani ogohlantirishga ulgurdim. Manovi la’nati tsirkka kelayotganda ozgina bo‘lsin, umidim bor edi, lekin qarasam, o‘sha kasofat yoningda o‘tiribdi, rasvoi jahon bo‘pti, dedim ichimda.
– Lekin keyin-chi, pulni olib ketayotganda, iloji yo‘qmidi? – deb so‘radi Esteves.
– Yurdim. Orqasidan payt poylab.
– Oldinroq-chi, eshitgan zahoting..
– Nima qila olardim, – dedi Peralta. – Agar ish pachava ekanini bilib qolsa bormi – unaqasigayam, bunaqasigayam holiga voy. Shunaqa tomosha ko‘rsatishi mumkin ediki… bir chekkadan qirishardi hammamizni, ularga kim homiyligini bilasan-ku!
– Xo‘p, keyin-chi?
– Tashqarida uch kishi kutib turgan ekan, bittasining qanaqadir ruxsatnomasi bor ekan. Qisqasi, men nima qilishimni bilmay turganimda, ular Delonning og‘aynilari bilan boyvachchalar uchun maxsus o‘rab qo‘yilgan yerda mashinaga o‘tirib jo‘nab qoldi. Hamma yoqda politsiya izg‘ib yuribdi. Xullasi kalom, Chaves kutib turgan ko‘prik oldiga qaytib keldim, bor gap shu! Mashinaning raqamini eslab qolishga eslab qoldim, lekin buning nima foydasi bor hozir?
– Shahardan chiqib ketyapmizmi? – so‘radi Esteves.
– Ha, chekkaroqqa borib gaplashib olishimiz kerak. Hozir eng asosiy muammo sen ekanligingni anglayotgan bo‘lsang kerak?!
– Nega men bo‘larkanman?
– Chunki o‘sha azamat seni tanib oldi, endi seni qidirib topish payiga tushishadi. Volterning ishidan keyin jon saqlashimiz uchun bironta “boshpanamiz” qolmadi.
– Demak, men ketishim kerak ekan-da! – dedi Esteves. U shunday dedi-yu, o‘sha zamoni ko‘z oldiga xotini, bolasi keldi. Ularni qanday qilib olib ketadi yoki qaysi yurak bilan qoldiradi – boshi qotdi, fikri chalkashib ketdi. Go‘yo quloqlari ostida hafsalasi pir bo‘lgan olomon “Monson! Monson!” deb baqirayotgandek edi. Montekilyaning quyoshi botayotgan chog‘da ring o‘rtasiga sochiq uchib tushguncha anovi nusxa Montekilyani olqayotgandi. Qara-ya, omadsiz, bo‘sh bokschining tarafida edi”. Keyin qayrilib ham qaramay hamma pulni olib ketdi. Indamasdan orqa o‘girib, bu bilan yengilganni yerga urgandek ketdi. Mashina daraxtzor orasiga kirib to‘xtadi, Chaves motorni o‘chirdi. Qorong‘ulik qo‘ynida chaqmoqtoshning oqish-qizg‘ish shu’lasi taraldi – Peralta sigareta yondirib oldi.
– Bundan chiqdi, men jo‘nab ketishim kerak ekan-da! – deya boyagi gapini davom ettirmoqchi bo‘ldi Esteves. – Belgiya-pelgiyagami, u yerda kim borligini bilsang kerak balki…
– Agar yetib borolsang, qutuldim, deb hisoblayver, – dedi Peralta. – Ammo juda qiyin, Volterni ko‘rding-ku, hamma yoqda odami bor ularni. Osmondagi yulduzni benarvon urishadi.
– Meni tutisholmaydi!
– Volter-chi! Kim o‘ylabdi uni qo‘lga tushadi-yu, hammasini gullaydi, deb. Sen esa Volterdan ko‘proq narsa bilasan. Mana shunisi chatoq.
– Meni ushlasholmaydi! – deya takrorladi Esteves. – O‘zing bir o‘ylab ko‘r. Marisa haqida, o‘g‘lim haqida o‘ylashim kerakmi axir? Ularni bu yerda qoldirib bo‘lmaydi, u itdan tarqaganlar o‘ch olish uchun ham Marisaning boshini yeyishadi. Bir kunda ulguraman, hammalarini Belgiyaga olib ketaman o‘zim bilan. U yerga borib kelgach, qayerga ketib yashashni o‘ylab ko‘raman.
– Bir kun judayam ko‘p, – dedi Chaves butun gavdasi bilan burilarkan. Ko‘zlari qorong‘ulikka oz-moz o‘rgangan Esteves uning shamoyili va sigaret tortayotgan Peraltaning aft-angorini yaqqol ko‘rdi.
– Xo‘p, yaxshi, iloji bo‘ldi, deguncha ketaman, bo‘ptimi? – dedi Esteves.
– Yo‘q, hozir ketasan, – dedi Peralta va asta to‘pponchasini chiqardi.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 4-son