Xose Millas. Innovatsion tilanchilik yoxud bozor texnikasi

 

Metro eshiklari ochilib, yuziga Donald o‘rdagi niqobini taqqan bir kishi kirib keldi va vagonning bir chekkasiga o‘tib jamoatchilikka yuzlandi:

– Xayrli tong, xonimlar va janoblar! Niqobim uchun sizlardan uzr so‘rayman, ammo yuzimni ko‘rishingizdan uyalaman. Aslida men hayot shafqatsizlarcha tilanchilikka mahkum etgan taniqli odamman. Televizorni yoqqaningizda sizlarga baxsh etgan xushvaqt onlar haqqi-hurmati menga yordam bering. Xudoga iltijo qilamanki, sizlar yoki oila a’zolaringiz bir bo‘lak non uchun menday niqoblanishga majbur bo‘lmasin.

Bu gaplarni aytgach, uni qiziqish bilan kuzatayotgan odamlarga qo‘lini cho‘zgancha vagonni kesib o‘ta boshladi.

Yonimda paketlari liq to‘la qizil qalampir xarid qilgan ikki ayol bor edi.

– Bu Torrebruno, – dedi ulardan biri.

– U emas, Torrebrunoning o‘lganiga ikki-uch yil bo‘ldi, – dedi ikkinchisi.

– Demak, biz uning o‘lganini sezmasligimiz uchun niqob kiyib olibdi, dedi birinchisi va ikki ayol xaxolab kulishdi.

Bu gaplardan Torrebruno niqob ostidan menga nim tabassum bilan qarab turgandek tuyulib, sovuq urgandek seskanib ketdim va tilanchiga cho‘chinqirab tanga uzatdim.

U orqa o‘girganida bo‘ynidan o‘tkazib mahkamlangan niqobning yelim tasmasidan ko‘z uzmay o‘yladim: Menimcha, bu odam o‘zi kutganidan ham ko‘proq pul topayapti.

Uysiz-joysizlar odatda metroda ko‘p uchraydi. Kintana bekatiga yetganimizda, qiziqish ustunlik qilib tilanchining orqasidan keyingi vagonga kuzatib bordim. Bu yerda ham qo‘l cho‘zishdan oldin u yuqoridagi gaplarini takrorladi. Bu safar hech kim hazil qilmadi. Aksincha, xalq niqob taqqan odamga xayrixoh qarab, aksariyat odamlar ko‘proq tanga qidirib cho‘ntaklarini kovlay boshlashdi.

Tilanchining gaplarini eshitarkanman, ovozi televizor yoki radio orqali menga tanishdek tuyuldi, biroq unga yaqinlashish va aniqroq bilish noqulay edi. Har holda, u juda ishonchli gapirar, unga nisbatan achinishdan ko‘ra birdamlik ruhini ulashar va odamlarda ko‘proq silai-rahm uyg‘ota olayotgandi.

Bu «savdo»ga qiziqib keyingi vagonga ham unga ergashdim va ilgari ham tilanchilik qilib yurgan bir nechta yoshlarni payqab qoldim. Negaligini bilmaymanu, ammo yoshlar bilan niqobli gadoning o‘rtasida qandaydir sirli bog‘liqlik bor, degan fikr xayolimga keldi. Yoshlar allaqanday yordam so‘rab yozilgan qog‘ozlar tutib turishar, fahmimcha, niqobli tilanchi haqida gapirishayotgan edilar. Ularga sekin-asta yaqinlashdim.

– Senga aytsam, bu Gutiyerres deganlari balo ekan, qoyilmisan?! Oz fursatda ikki ming pesetdan ko‘proq topganligini qara.

Afsuski, Piramida bekatida tushmasam bo‘lmasdi, uchrashuvga kechikayotgandim. Biroq bu voqea meni kun bo‘yi ta’qib qildi, tilanchilar xayolimdan ketmadi.

O‘sha kuni kechqurun kechki ovqat oldidan qo‘shnim bilan ko‘rishib, gap ustida bo‘lib o‘tgan voqeani unga so‘zlab berdim. Qo‘shnim kulib menga Donald o‘rdak niqobli va tilanchi yoshlar jahonga mashhur, nufuzli xususiy biznes maktabining talabalari ekanligini aytib berganda lol qoldim.

“Mening jiyanim ham, – qo‘shimcha qildi u, – Somplutense universitetida biznes tadqiqotlari bo‘yicha tahsil olib, hozirda o‘sha maktabda magistraturada o‘qimoqda. Ular aql bovar qilmaydigan narsalarni o‘ylab topishadi”.

Aftidan, mashg‘ulotlardan biri qaysi talaba samaraliroq tilanchilik qila olishi bilan bog‘liq marketing usullarini ishlab chiqishdan iborat bo‘lgan. Va amaliyotda Gutiyerres g‘alaba qozongandi, u o‘zining birinchi harakatidayoq eng zo‘r shifokorlar topadigan o‘rtacha maoshiga teng foyda ko‘rdi. Ikkinchi o‘rinda teskari qarab boshini egib olgan tilanchi qiz turardi, ya’ni u “Uyatdan sizga qaray olmaganim uchun orqa o‘girib yordam so‘rayapman, noilojman” deb yozib orqasiga osib qo‘ygandi.

Men har doim metroda pul so‘ragan odamlarni kuzatardim, chunki inson voqealar rivoji qanday bo‘lishini yoki kelajakda bizni nima kutayotganligini oldindan bilmaydi, biroq… tilanchilik allaqachon bozor qoidalarini belgilovchi va marketing maktablarida fan darajasiga chiqqanligini tasavvur ham qilmagandim.

Bu voqeadan keyin yanada ko‘proq ularga e’tibor qaratadigan bo‘ldim. Aslida tilanchilar meni tashqi ko‘rinishi yoki rahm keltiruvchi hikoyalari bilan emas, balki jozibador tijorat texnikasi sababli harakatga keltirayotganini tushunib yetdim. Ilgari kambag‘allikka oddiy qaragan bo‘lsam, borgan sari uning tanqidchisiga aylanmoqdaman, bu to‘g‘rimi, yoki yo‘qmi, o‘zim ham bilmayman.

Ispanchadan Dilrabo Baxronova tarjimasi