Voqif Sultonli. Xoldor mushuk (hikoya)

Onaning kenjatoyi qish chillasida tug‘ildi. Tashqarida qor gupillab yog‘ardi. Izg‘irin shamol hovlini bosgan qor uyumini xirmondek sovurib, muz bog‘lagan deraza oynalariga purkaydi.
Go‘dak chinqirig‘i hammani sergak torttirdi. Xonadagi zulmat ichida ko‘z-ko‘zni ko‘rmasdi. Ota timirskilangancha, gugurt qidiradi, aksiga olib, bu zim-ziyo xonada qidirgan narsangni topish amri mahol.
Uy sovuq edi. Yupun kiyingan bolalar bir-birining pinjiga kirib dir-dir titrashar, negadir qattiqroq nafas olishga ham jur’atlari yetmasdi. Nihoyat ota gugurt topib, chiroqni yoqdi. Xonani chiroqning olaqorong‘i, titroq shu’lasi egalladi.
– Nega oldinroq aytmading, hech qursa Nozlini chaqirardik, – dedi Ota yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek, hali qonga belanib yotgan chaqaloqni yo‘rgakka o‘rab, onaning qo‘yniga solarkan.
– Bu qahratonda bezovta qilgim kelmadi, – dedi ona horg‘in nafas olib. Aslida buning sababini o‘zi ham bilmasdi.
– O‘g‘il! – dedi er-xotin baravariga.
O‘rtancha qiz hali nima yuz berganini bilmasdi. Eski yo‘rgakka o‘ralgan chaqaloqni ko‘rgach, bolalikka xos qiziqish ustun keldi va boshini ko‘rpadan tashqarib, bo‘ynini cho‘zdi.
– Yotib uxla, – dedi onasi ojizgina jerkib. – Vaqt allamahal bo‘ldi.
Qizcha onasining jahlini bilgani uchunmi, yarim kechasi yuz bergan bu hodisaning vahimasi sababmi, har qalay ovozini chiqarmadi.
Tun yarmidan oqqan, shamol borgan sari kuchayardi. Ota ohista tashqari chiqdi va zum o‘tmay bir quchoq o‘tin ko‘tarib kirdi. Birozdan so‘ng cho‘yan pechda o‘t gurilladi. Bir zumda tor uy isib, kir bosgan deraza oynalari terladi.
Sarpoychan bolalarning bari uyg‘ongan, hammasi qiziqish bilan onasi tarafga qarab turishardi. Otaning bir dag‘dag‘asi bilan yana hammasi ko‘rpaga burkanib oldi. Bolalar o‘ringa kirib olishsa-da, hech birining yotgisi kelmas, qo‘rquv aralash qiziqish ularga tinchlik bermasdi.
Ota burchakdan elakni olib, yog‘och idishga un elashga tushdi. Bolalar otasining un elashini birinichi bor ko‘rib turishar, ular shu choqqacha un elash xotinlarning ishi deb bilishardi. Un elayotgan erkakning gavdasi beo‘xshov tarzda silkinar, unga monand tarzda devordagi soyasi ham vahimali tebranardi.
Keyin ota pech ustidagi qozonchada atala pishirishga tushdi. Bolalar otasining ovqat pishirishini qiziqish bilan kuzatishardi. Ota ataladan bir qoshiq xotiniga ichirgach, pechga bir parcha o‘tin tiqib, o‘rniga kirdi.
…Ertalab bolalar uyqudan ko‘zini ochganida, kun peshinga borib qolgandi. Hamma yoqni oppoq qor bosibdi. Ona ko‘rpa ichida tirsagini yostiqqa tiraganicha, derazadan ko‘z uzmay yotardi. Yuz-ko‘zlarida bezovtalik aks etardi. Bolalar o‘rnidan turishi bilan katta qiziga qarab, pechning tagini ko‘rsatdi:
–Anavi iflosni yo‘qot, – dedi va biroz to‘xtab, qo‘shib qo‘ydi. – Buniyam topgan vaqtini-chi?
Qiz pechkaga yaqinlashdi. Xoldor mushuk tug‘ibdi. To‘rtta mushukvachcha bir-biriga shu qadar yopishib turardiki, ularni bitta jon deb o‘ylash mumkin edi. Jonivorlarning hali ko‘zi ham ochilmagandi.
Ona mushukni yoqtirmasdi. Xoldorni ham noidoj uyga kiritishgandi. Chunki, keyingi paytlarda sichqonlar ko‘z ochirmay qo‘yishgandi.
Onasi bir rivoyatni ko‘p aytardi: Bir kishining bolasi yo‘q ekan. Ertayu kech Yaratganga duo qilib, farzand so‘rarkan. Haligi odamning bir iti va bir mushugi ham bor ekan. Ular ham o‘z tillarida xo‘jayinlari uchun duo qilarkan. It aytarkan: “Ey Egam, xo‘jayinimga yetti o‘g‘il ato qilgin, ularning har biri bir burdadan non bersa, butun umr farog‘atda yashayman”. Mushuk aytarkan: “Xudoyim, xo‘jayinimga yettita ko‘r qiz bergin, har birining qo‘lidagi bir burda nonini o‘g‘irlab qochsam ham, bir kunim o‘tadi”.
Bu shunchaki afsonami, haqiqatmi, o‘zi ham farqiga bormasa-da, shu rivoyat ongiga muhrlangan kundan beri mushuk zotini ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi.
Qiz bir so‘z demay, mushuk bolalarini to‘rvaga solib, molxona tarafga ketdi. Agar mushukvachchalarni hovlida qoldirsa, muzlab o‘lishlari aniq. Hamma yoq oppoq qorga belangan. Molxona burchagidagi somon uyumi o‘rtasidan joy ochib, mushukchalarni o‘sha yerga avaylab terdi. Xoldor mushuk miyovlagancha qizning ortidan kelardi. Qiz kun bo‘yi mushuklarning boshidan nari ketmadi. Har-har zamonda onasining ko‘zini shamg‘alat qilib, ona mushukka non, go‘sht keltirib turdi. Mushukchalarning tagi issiqroq bo‘lsin uchun eski sholcha keltirib to‘shadi.
Shu kuni ota ishdan erta qaytdi. Qo‘ltig‘ida meva-cheva, qand-qurs, har xil sovg‘a-salomlar bilan to‘la qog‘oz xalta bor edi. Otaning ko‘zlari quvonchdan porlab turardi. Bu ko‘zlar bir necha yildan beri endi kulmoqda edi. Hatto peshshonasidagi ajinlar ham yo‘qolgan, ko‘zlaridagi nigoronlik erib bitgan, axir u o‘g‘illi bo‘lgandi. To‘rt qizdan keyin. Ona ham kulib turar, yuzlarida baxt ifodasi balqardi.
Ota ayvonda miriqib papiros tutatdi. O‘g‘ilni xotini emas, xuddi o‘zi tuqqandek, atrofga allanechuk kibr va iftixor bilan boqdi. Keyin uyga kirib, go‘dakni quchog‘iga oldi, yuzini ochib, bolasining mitti yuz-ko‘zlariga tikilib qoldi.
– Yaxshi o‘g‘il tog‘asiga o‘xshaydi, deyishgan, – dedi. – Xuddi o‘zi bo‘libdi, bir tuki kam emas.
Kechasi er-xotin ancha payt pichirlashib yotishdi. Ota oldingidek qo‘pol, asabiy ovozda gapirmas, bola tug‘ilganidan beri muloyimlashib qolgandi.
Ona:
– Mushuk o‘lgurning tuqqan paytini qarang, – dedi, – ishqilib bolalarga bir kasri urmasin deyman.
– E, – dedi eri. – namuncha irimchi bo‘lmasang?
Ertalab katta qiz onasining ovozidan cho‘chib uyg‘ondi. Ko‘zlarini ishqalab pech tomonga qaradi. Xoldor mushukning bolalari pechkaning tagida yotishardi. Qiziq, mushuk bolalarini bu qahratonda qanday qilib molxonadan bu yoqqa olib keldiykin? Uyga qay yo‘l bilan kirdiykin? Mushukka rahmi keldi. Onasiga aytmoqchi bo‘ldiki…
–Manavi isqirtlarni qorga uloqtir! – dedi ona xiyla ijirg‘anib.
Qizning ko‘zdlari mo‘ltiradi, ammo biror nima deyolmadi. Yana mushukvachchalarni to‘rvaga soldi, molxonaning to‘rida o‘zi yasab bergan somon uycha ichiga joyladi. Ularni biroz o‘ynatgan bo‘ldi-da, Onasidan yashirincha, biroz non olish uchun uyga qaytdi. Onasi shu onda unga o‘tin keltirib, pechni yoqishni buyurdi. Aytilgan ishni bajarib bo‘lgach, bir bo‘lak non olib, mushuklarning yoniga yugurdi.
Ichkariga kirishi bilan dahshatdan dong qotdi. Xoldor mushuk… o‘z bolalarini yeyotgandi.Qiz jon holatda bir chetda turgan yog‘och parchasini mushukka qarab otdi. Xoldor mushukning dumi dikkaydi. Tuklarini hurpaytirib, vahshiyona g‘urilladi. Qiz mushukning qonga belangan yuz-ko‘zlarini ko‘rib, yuragi yorilgudek bo‘ldi va o‘zini tashqariga urdi.
– Oyi, oyi, qarang, Xoldor bolalarini yeb qo‘yyapti.
Ona sapchib tushdi. Chaqaloq ham uyg‘onib ketdimi, yig‘lashga tushdi. Ona bolasini ovutish uchun quchog‘iga oldi. Qiz onasini kutmasdan, yana molxonaga yugurdi.
Xoldor mushuk uch bolasini yeb bitirgandi. Qiz qo‘liga ilingan g‘isht parchasini mushukka qarab otdi. G‘isht mushukning yonidan o‘tib, molxona burchagiga borib tushdi. Mushuk oxirgi bolasini tishlab, ko‘z ochib yumguncha molxonaning tomiga chiqib ketdi.
…O‘sha kundan Xoldor mushuk uyga kelmay qo‘ydi. Ona qilgan ishidan pushaymon bo‘lsa-da, buni sirtiga chiqarmasdi.
Qizlar ertayu kech ukalarining boshidan nari ketishmas, chaqaloqning tepasida parvona edilar. Ona ko‘z tegmasin deya o‘g‘lining jajji qo‘lchasiga ko‘zmunchoq taqdi. Uyiga birov kelgudek bo‘lsa, bolasiga nazari tegmasin uchun kiyimidan tutantiriq yulib olar, bolam qo‘rqib chiqmasin deya, yostig‘i ostiga non tiqardi.
Xoldor mushuk bora-bora hammaning yodidan ko‘tarila boshladi.
Bir kuni ertalab, ona mollarga suv berib chiqarkan, katta qizini chaqirdi. Qiz otasining etigini oyog‘iga ilib, hovliga chiqdi.
-Xoldoring kepti, somonto‘daning ustida yotibdi.
Qiz suyundi. Tizzasidani keladigan etiklarni sudragancha, molxonaga kirdi. Ichkari qop-qorong‘i edi. Devorlarni paypaslab somon uyumi tarafga yurdi. Sekin-asta ko‘zlari qorong‘ilikka ko‘nika boshladi. Somon uyumi oldiga borganida birdan qotib qoldi. Xoldor mushuk somon uyumi orasida, bolalari uchun qiz yasab bergan uychaning ichida g‘ujanak bo‘lgancha… o‘lib yotardi. Qiz ho‘ngrab yubordi.
Entika-entika hovliga chiqdi. Ko‘z-yoshdan ivigan yuzlari sovuqda muz qota boshladi. Izg‘irin shamol bo‘g‘otda osilib yotgan sumalaklarni sindirib to‘kardi.

Ozarboyjonchadan Rustam Jabborov tarjimasi