Ilonning vishillagan tovushidan cho‘chib uyg‘ondi. O‘zi sezmagan holda ko‘zi ilinganini payqadi. O‘zining qayerda ekanini eslashga urinib ko‘rdi, ammo eslolmadi. Faqat yana qulog‘iga ilon tovushi eshitilishi bilan hushyor tortdi uyqusi ham birdan o‘qib ketdi.
Daf’atan bolasi esiga tushdi, darrov chodirning tepa qismiga ko‘z tashladi: ilon go‘daning oyoqsarisida, tuproq rangi urib ketgan nimdosh, iplari silitib ketgan gilam parqasi ustida bilanglab yotardi.
Go‘dak ilonni silamoqchi bo‘lib, mitti hovuchlarini yumib-ochar, bu antiqa jonzotning silliq tanasini ushlab ko‘rishga oshiqar, ammo ilon to‘lg‘anib bunga imkon bermasdi.
Badani muzlab ketdi – bolasi ilon bilan o‘ynashardi.
Ko‘z o‘ngidagi bu mudhish manzaradan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, ilonga yaqinlashishga esa yuragi dov bermas, birgina noo‘rin harakati xunuk natijalanishidan, bolasini ilon chaqib olishidan qo‘rqardi.
Kecha sutdek oydin, rang-tusi bilinmay ketgan chodirning teshik-tuynuklaridan sizib kirayotgan oy shu’lasi to‘zigan gilamdan tortib, qavatma-qavat o‘rgimchak inlari osilib turgan shiftga qadar – hamma-hammasini kulrang tusga kiritgandi.
Ilon begona sharpani sezgani uchunmi, chodir burchagidagi ustma-ust yig‘ilgan ko‘rpa-to‘shaklar tagiga kirib ketdi.
U jonholatda go‘dagini quchog‘iga oldi. Keyin fonusning piligini ko‘tarib, jigarbandining ilonni ushlamoqchi bo‘lgan hovuchlarini ochib ko‘rdi. Chaaqaloqning jimitdekkina kaftida biror iz sezilmagach, yelkasidan tog‘ ahdarilogandek bo‘ldi. Bolasini bag‘riga bosgan onda, seldek ko‘z-yoshlari yonoqlarini ivitib yuborgandi.
Ilon anchadan beri bu chodirga yaqinlashmay qo‘ygandi. Biroq, go‘dak tug‘ilganidan beri tez-tez paydo bo‘ladigan odat chiqardi. Qulay fursat bo‘ldi deguncha, belanchakning tagida uzala tushib olar, go‘yoki go‘dak bilan o‘ynashmoqchi bo‘lardi. Shuning uchun kechalari uxlasa-da, fikri xayoli go‘dakda bo‘lar, sal narsaga sapchib uyg‘onar, tura solib bolasidan xabar olardi.
Bu gal ham shunday bo‘ldi: ko‘zi ilinar-ilinmas, ilonning vishillashidan sapchib turdi.
…Ayol har ehtimolga qarshi chaqaloqning nozik, nimdosh ko‘rpachasi bilan ko‘tarib, somon uyumining ustiga olib qo‘ydi. Bu yer har qalay biroz bo‘lsa-da, xatarsiz edi, ilon unga bemalol yaqinlasha olmasdi.
Hayajonini bosish uchun eshik olida turgan meshdan smuv ichmoqchi bo‘ldi. Meshning og‘zini ochishi bilan tuproq rangidagi bir qurbaqa sakrab pastga otildi. Ayol sapchib tushganida, qo‘lidagi temir idish yerga dumalab ketdi.
– Tfu! – Asabiylashib, qurbaqani eshikdan tashqariga tepib yubordi.
«Necha marta aytdim-a, suv olib kelayotganda yaxshilab qaralaring, ilon-qurbaqalarni chodirimga yig‘ib kelmalaring, deb. Lekin hammasi o‘z bilganidan qolmaydi” – deya ich-ichidan yaqin oradagi hovuzlardan suv keltirib sotadigan bolalarni yanib qo‘ydi.
O‘tgan kuni ovqatning ichidan chigirtkaga o‘xshagan hasharot chiqqandi. Ming bir azobda pishirgan ovqatini to‘kib tashlashga ko‘zi qiymagani uchun, o‘qchiy-o‘qchiy ovqatni yeyishga majbur bo‘ldi.
Kecha yopgan nonini ushatganida, yirik-yirik qurtlarga ko‘zi tushgandi. Unni yog‘och idishda saqlardi. Ammo, yer nam bo‘lgani uchun unga qurt tushgan ko‘rinadi.
Har oyning oxirida yuk mashinalarida keltirilgan oziq-ovqat bog‘lamlari, inson parvarlik yordamlari ustida yoqa bo‘g‘ishgan olomonning haqorat, oh-voh, iltijo aralash hayqiriqlari, havoga uzangan qo‘llar, – bari uni xuddi ko‘r tugundek mahkam bog‘lab olgan, bu muhit ichida u o‘zligini ham unutayozgandi.
Chodir eshigi oldida yuz-qo‘l yuvish uchun qo‘yilgan dastshu-obdasta yonida turgan eski, siniq ko‘zguni oldi. U ko‘pincha shu ko‘zguga tikilib xayollarga berilardi. Ko‘zgudagi aksining har bir chizgisi uni o‘tmishga, umrining eng shirin onlariga boshlab ketardi. Chehrasidagi o‘zgarishlarda bolaligi, qadon qishlog‘i, hovlilarining chetidagi panjaraga suyangancha, anor daraxtining qirmizi gullariga termilib, xayol surishlari aks etdi.
Yuzidagi ayrim chizgilarda esa, qochoqlikning dard-alamlari, yo‘qotganlarining xotirasi, erining o‘limi, og‘iroyoq holda ming bir azob ichida jonini qutqarishi, shu qochoqlar shaharchasida kelib o‘rnashgani, uyqusiz, umidsiz tunlari o‘rin olgandi.
U o‘tmishini, o‘tmish bilan birga kelajagini ham yo‘qotgandi.
Hozir ko‘zguda o‘zini tanimay qoldi. Yuz-ko‘zlari, og‘iz-burni, quloqlari o‘ziniki emasdek edi. O‘ziga o‘xshamay qolgandi. Yuzlariga tuk chiqa boshlagan, burni yalpayib, quloqlari shalpayib qolgandek edi. Qo‘rqa-pisa yuzlariga qo‘l yubordi. Qo‘llari dag‘al tuklarga tegib, dahshatga tushdi. Yana o‘sha jur’atsizlik bilan quloq-burunlarini paypasladi.
Vahima ichida ko‘zguni uloqtirdi – u odamga o‘xshamay qolgandi.
Darhol bolasini belanchagidan olib, chodirdan chiqdi. U aniq qarorga kelgandi – bu yerda boshqa turolmaydi. O‘zini ham, farzandini ham bu jahannamdan qutqarishi lozim.
Chodirlar oradlan o‘tgan yo‘laklar katta yo‘lga olib chiqar, bu yo‘l esa, dunyonig chor tarafiga chorlardi. Chodirlar oralab tuproq yo‘lga chiqib olganida, o‘zini ustidan xuddi tog‘ ag‘darilgandek his etdi.
Ortda umrining og‘ir, kadarli, hatto tushlarida ham qaytishni istamagani – mahzun kunlarning achchiq xotiralari qolmoqda edi. Qaysidir tushunuksiz bir tuyg‘uning ta’sirida ortga o‘girilib, taqdiriga bitilgan azobli, umidsiz kunlari o‘tgan qochoqlar shaharchasiga boqmoqchi bo‘ldi, biroq, ichidagi taraddud, mubhamlik, yolg‘izlik xavfi kabi nedir bir his uni ortga qaytarishi mumkinligidan qo‘rqib, fikridan qaytdi.
Bolani bag‘riga bosgancha, shu qadar tez odimlardiki, xuddi o‘zi sodlir etgan mudhish jinoyati ustida qo‘lga tushishidan qo‘rqib qochayotganga o‘xshardi.
U vujujdida g‘ayrioddiy br quvvat uyg‘onganini his etdi. Xastaligi, horg‘inligi, umidsizligini unutgandi. Tomirlari bo‘ylab oqayotgan allaqanday harorat ichini qizdirar, ruhini qo‘zg‘atar, uni boshqa bir insonga aylantirayotgandi.
Yarim kecha bo‘lsa ham, dunyoning olis ufqlarida xafifi bir yorug‘lik ina boshlagandi. U zulmat bag‘ridan sitilib chiqishga oshiqqan shu’lani, yog‘duni butun borlig‘i bilan his etardi.
Chang-tuproq tusiga belangan kecha o‘zining sir-sehri bilan birga bu olaqorog‘ilikni tark etib, o‘rnini tong yorug‘iga bo‘shatishga oshiqardi.
Kunchiqar tarafga uzangan yo‘ldan ketib borarkan, u o‘zini xuddi ufqdan sizayotgan yorug‘likning bir uchitdan tutgancha, o‘zi ham bilmagan, eshitmagan allanqanday yangi dunyoga bosh olib ketayotgandek sezardi.
U uzoqda oqarib turgan ufqlar sari suzarkan, kechaning chok-chokidan so‘kilib borayotganini his qilardi.
Ozarboyjonchadan Rustam Jabborov tarjimasi