Mironshoh otasi Amir Temurning nazariga tushgan, shuhrati butun Sharqqa yoyilgan mashhur bastakor Abdulqodir Marog‘iyning yangi asarini tinglamoq uchun muhtasham anjuman tashkil etdi. Bastakor bir oy avval yozgan asarining qo‘lyozmasini unga taqdim etib, tortinibgina kichik bir anjuman o‘tkazishni so‘rangandi. Hukmdor mamnuniyat ila rozilik bildirgan, o‘sha ondayoq uning bog‘chasida misli ko‘rilmagan hozirlik ishlari boshlab yuborilgan edi.
Ikki oydan ortiq davom etgan qurilish va ta’mirlash ishlarida Tabrizning eng mashhur usta va hunarmandlari jalb etildi. Ayni damda bog‘cha behad fusunkor manzara kasb etgan, rang-barang gullarning atridan bosh aylanar, jozibasidan ko‘z qamashardi. Naqshinkor yo‘laklarda bejirim tabriz gilamlari to‘shalgan, har qadamda o‘rnatilgan fonuslardan taralgan shu’lalar kechasi ham xuddi kunduzgidek chor-atrofni charog‘on etardi.
Bir ozdan keyin majlis boshlanishidan darak berib, yengil musiqa sadolari yangradi. Garchi kechalari bu yerda aysh-ishratlar tez-tez o‘tkazilsa-da, bog‘cha yaqin orada bunday katta taraddudni ko‘rmagandi. Buning boisi hammaga ma’lum edi: bastakorning yangi asari Amir Temurning suyukli nabirasi, Mironshohning o‘g‘li Sulton Xalilga bag‘ishlangan edi.
Mironshoh o‘smirlik yoshiga qadam qo‘ygan o‘g‘lini o‘tgan yozda Movarounnahrga, sohibqiron Amir Temur huzuriga jo‘natgandi. Maqsadi o‘g‘lining ko‘zlarini ochish, jahongirning siyosat va fotihlik borasidagi saboqlaridan bahramand etish edi. Biroq, ko‘p o‘tmay sohibqiron Sulton Xalilning saroydagi joriyalardan biri — Shodimulkka ko‘ngil qo‘yib, saltanat ishlariga qiziqmay qo‘yganini Mironshohga yetkazgan, bir muddat yigitchani Tabrizga, o‘z otasining huzuriga jo‘natishni ma’qul ko‘rgandi.
Mana, ikki oydirki, Sulton Xalil Tabrizda istiqomat qilayotir. Har kuni Samarqandga qaytish uchun izn so‘rasa-da, Mironshoh turli bahonalar bilan o‘g‘lini yo‘ldan qaytarar, hammasi vaqt hukmida ekaniga ishonardi.
Saroyda uyushtirilayotgan bu majlis ham Sulton Xalilni oz bo‘lsa-da, chalg‘itishga qaratilgan edi.
Necha kundirki, Abdulqodir cheksiz bezovtalik ila mashq qilar, o‘zi yozgan musiqaning go‘zalligidan hayratini yashirmagan cholg‘uchilari bilan asarni qayta-qayta ijro etishardi.
Har gal ijroni ma’lum bir joyida to‘xtatib, yangi ohanglar, yangi tuzatishlar kiritar, ushbu kuyni mukammal musiqiy asarga aylantirish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilardi.
Ammo borlig‘ini sariqpechak misol o‘rab olgan bezovtalik unga tinchlik bermas, qo‘llariga tushov solar, hayajonini tobora oshirardi. “Ishqilib cholg‘uchilar uning ko‘ngliga yoqadigan tarzda ijro etishsin-da! Shuncha saddi-basga yarasha hukmdorga ma’qul kelsin!”
Musiqa sevikli o‘g‘liga bag‘ishlangani uchun o‘z a’yonlari ila majlisga tashrif buyurgan Mironshoh bog‘chaning yuqori qismida qurilgan taxtiga ko‘tarilishdan avval ijrochilarga yaqinlashib, so‘rashgan bo‘ldi.
Hukmdorni olisdan ko‘rgan, moviy yaktak kiyib, boshlariga zarhal qalpoq qo‘ndirgan ijrochilar oyoqqa qalqib, muntazir turishardi. Mironshoh bir xil ko‘rinishdagi saroy musiqachilarining har birini shaxsan tanirdi, faqat bittasini tanimadi. Bu xonanda yigitni bastakorning o‘zi asar ijrosi uchun atayin taklif etgandi. Hukmdor taxtiga chiqishidan avval musiqachilarning yoniga kelishidan maqsad ham yangi yigit bilan tanishmoq edi.
Ozg‘in jussali, bug‘doyrang, xushbichimgina xonanda Mironshoh bilan yuzma-yuz kelganida taomilga ko‘ra tiz cho‘kib, boshini egib turdi. Mironshoh o‘rnidan turishga ijozat berdi:
– O‘g‘lim, Ozarboyjonning qayeridansan? – deb so‘radi.
– Marog‘alikman, – dedi yigit.
– Senam marog‘alikmisan?
Abdulqodir ta’zim ila bir qadam oldinga chiqdi:
– Hukmdorim, Marog‘ada tug‘ilgan har bir insonning go‘zal nafasi bo‘lur!
Mironshoh xonandaga ijozat berib, Abdulqodirning qo‘ltig‘iga kirdi va a’yonlari qurshovida uni taxt tomon boshladi.
Hukmdor taxtiga joylashib olgach, xonandayu sozandalar uning qarshisidan saf tortdilar. Hukmdorning o‘ng tarafida o‘g‘li Sulton Xalil, chap tarafda taxtning yoniga qo‘yilgan kursida bastakor o‘tirar, hammaning butun diqqat-e’tibori cholg‘uchilarda edi. Ohista o‘z cholg‘ularini sozlay boshlagan ijrochilar bastakorning ishorasini kutishardi.
Ziyofat ahli bog‘chada to‘shalgan gilamlar ustida o‘tirib olishgandi. Xizmatchilar qo‘llaridagi kumush kosalar bilan mehmonlarga xushbo‘y sharbat va qizil sharob, xilma-xil shirinliklar ulashishardi.
Bastakor Mironshohning ijozati ila ijrochilarga ishora berdi. Zarif musiqa sadolari kechaning sukutini buzdi. Saroy majlislari an’anasiga ko‘ra avval Amir Temur, keyin esa Mironshoh sharafiga bastalangan kuylar chalindi. Keyin raqqosalar xirom etdi.
Bir oz tanaffusdan keyin Sulton Xalil sharafiga bitilgan “Navoi Qumri”ning ijro etilishi ma’lum qilindi. Bir muddat bog‘chaga sirli sukunat cho‘kdi. Boyagi xonanda yigitning g‘ayrioddiy ovozi yangrashi bilan majlis ahli bu ovoz sehriga maftun bo‘lib qoldi.
Ud xuddi yer ostida qolib ketgan mahkumlar singari nola qilar, tanbur navosi qonun sadolariga qorishib, ajib bir taronani yaratgan edi. Xonandaning nafis ijrosi esa har bir uyg‘oq yurakni sel qilishga qodir. Butun anjuman ana shu sohir ohanglar izmida edi. Nozik torlardan taralayotgan go‘zal unlar qorong‘ilik bag‘riga singib, kechani sokin allalardi…
Bu Abduqodirning hozirga qadar yaratgan ijod namunalari orasida eng yaxshisi edi. Uning o‘zi ham ayni damda dilrabo kuy va ohanglar qanotida yettinchi falakda suzib yurardi.
…Abdulqodir Qumrining muhabbatini umrining eng gullagan damlarida yelib o‘tgan shabbodaga qiyoslar, faqat fojia bilan tugagan bu savdoning kadarli xayollarini har doim o‘zidan yiroqlatishga urinib kelardi. Biror marta ismini aytib chaqirmagan bo‘lsa-da, u go‘zal chindan qumriga — mitti, xushalhon qushchaga o‘xshab ketardi.
Bastakor avval bu ilohiy sevgisiga qaytishni, Qumrini yodga olishni istagandi. Biroq bu sevgining hadik va hayajonidan qo‘rqardi ham. O‘sha qizning muhabbatiga loyiq emasligini, unga munosib javob berolmasligini o‘ylab, bu sevgidan o‘zini olib qochgan, bu muhabbat samara bermasligini o‘ylab, o‘zini, kelajagini aldagandi u.
Keyinchalik buning imkonsizligini tushundi. Samarqandda yashagan yillari Qumrini o‘ylab, tunlarni bedor o‘tkazadigan bo‘ldi. Vatani, yaqinlarining sog‘inchi o‘sha qizning timsoli qiyofasida namoyon bo‘lar, uni hayajon va anduhga solardi.
Qishloqma-qishloq, yurtma-yuz kezib Qumrini izladi. Uni topish umidida Samarqanddan Bag‘dodu Arbilgacha bo‘lgan joylarni kezib chiqdi. Go‘yoki u qiz hech qachon bu yorug‘ olamda bo‘lmagan, tug‘ilmagan, yashamagandek edi. Shu tariqa Amir Temurning nevarasiga bag‘ishlangan bu asar o‘zi bilmagan holda “Navoi Qumri”ga aylangandi.
Abdulqodir bu qo‘shiqni qo‘liga qalam olib yozmagandi. Bu ohanglar uning ruhidan, qalbidan sizib, ilohiy ijod mahsuli o‘laroq maydonga kelgandi. U barcha hislarini, tuyg‘ularini borlig‘idan sidirib, kuyga aylantirgandi. Bu qo‘shiq emasdi. Musiqa emasdi. Uni eshitib bo‘lmasdi. Tinglagan odam borki, ruhi, butun borlig‘i titroqqa tushar, inson ekanini, dard ichida tug‘ilib, o‘lguncha qayg‘u ko‘lankasida yashashini anglab yetardi.
Hozir musiqani tinglagan har kishi uning sadolari, ohanglari ichida yashiringan ilohiy ishqni tuyar, bu sevgining buyukligi, azamati va qudratini tan olardi.
Bastakor Qumrining saroy bog‘chasi yaqinidagi haramda, qorong‘i hujraning qalin pardali derazasi ortida o‘tirganidan, bu mahzun saslarni yurak qoniga singdirayotganidan bexabar edi. Yillab axtargani — o‘zidan bir necha qadam narida, chaqirsa ovoz yetadigan joyda pinhon ekanini qayerdan ham bilsin u sho‘rlik? Bilmasdiki, ayni damda sohir kuyning o‘ziga atalganini anglagan qiz o‘z yog‘ida o‘zi qovrilar, nomsiz hislar haroratidan tobora erib borardi.
Bu ilohiy taronaning qudratiga taslim bo‘lgan Mironshohning qalbidan yillar davomida egallab olgan qahr va kibr g‘uborlari to‘zg‘ib, ularning o‘rnini allaqanday soflik, beg‘uborlik ola boshlagandi. Uning quloqlariga shu nafis ohanglardan boshqa narsa kirmas, ko‘zlari noaniq kengliklarga mahzun termilib qolgandi.
– Kim bilsin, bizning qismatimiz qanday yakun toparkan?
Beixtiyor uning lablaridan uchgan bu so‘zdan Abdulqodir ajablandi. Bu qanday so‘z bo‘ldi? Nahotki qudratli hukmdor, buyuk fotihning o‘g‘li o‘z qismatidan xavotirda bo‘lsa?
…Ilkis Mironshoh taxtidan qalqib turishi bilan musiqa to‘xtab qoldi. Hali musiqa ta’siridan chiqolmay turgan majlis ahli ham sarosima ichida hukmdorga tikildi. Mironshoh boyagi, musiqa tinglayotgan chog‘dagi halim qiyofasini butkul unutgandi. Qat’iyat chaqnab turgan ko‘zlari bastakorga qadaldi:
– Bu qo‘shiq kimga atalgan?
Bastakor kutilmagan savoldan o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. A’lohazrat nega buni endi so‘rayapti? Asar uning o‘g‘liga atalganini shoh bilmasmidi? Agar bilmasa, bu kecha, taraddud kim uchun ko‘rildi?
U o‘zini imkon qadar qo‘lga olishga tirishdi:
– Shahzoda javonmard Sulton Xalilning sharafina yozmisham, onhazrat!
– Ne jasorat ila menga yolg‘on so‘ylarsen?
Abdulqodirning xayoliga ham kelmagan bu ayblov uni tamoman shoshirib qo‘ydi. Rang-quti o‘chdi, nima javob berishni bilmagani uchun jim qoldi.
– Bu asar muhabbat haqidadur!
Majlisda tosh sukut hukm surardi. Hamma nafas olishga ham qo‘rqib, suhbatning qanday yakun topishini kutardi. Odamlar buyuk bastakorning Mironshoh g‘azabiga uchraganidan afsuslana boshlagan edilar.
– Qo‘shiqni qaytadin ijro etingiz! – dedi Abdulqodirga yuzlanarkan.
Yana bog‘ uzra musiqaning orombaxsh sadolari oqa boshladi. Hukmdorning yuziga qayta boshlagan muloyimlik ijrochilarga ham ilhom baxsh etdi.
Sulton Xalil ham o‘ziga baxshida etilgan musiqaning sehridan mast edi. Bu sohir sadolar otasining nasihatlari ila birmuncha sovigan hislarni yana alanga oldirgandi. Samarqandda qolgan Shodimulk begimning ishqi yana uning borlig‘ini o‘z izmiga solgandi.
Yo Rab! Bu bastakor uning dilidan o‘tgan tuyg‘ularni qanday sezdi ekan? Uning ishq qissasini Abdulqodirga kim yetkazdi ekan?
Yigit botinini ostin-ustun qilayotgan bu savollarning azobidan o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi. Bu musiqani hozir Shodimulk ham eshitganida edi. Qiziq, u hozir nimalar qilayotgan ekan? Nimalarni o‘ylayotgan bo‘lsa? Bobosi uni o‘ldirib yubormoqchi ham bo‘lgandi. Bir amallab uni o‘limdan asrab qoldi. Endi uning hayotini kim qo‘riqlaydi? Nega uni ajal ostonasiga qo‘yib keldi. Yo‘q, ayni damda u Shodimulkning yonida bo‘lishi kerak. Shart.
Sulton Xalil o‘rnidan turib, sezdirmay majlisni tark etdi. Endi hech qanday kuch uni visolga eltuvchi yo‘ldan qaytara olmasdi. Musiqa uning-da qalbini afsunga solgan, o‘z izmi-ixtiyoriga olgandi. U yashirin yo‘l bilan saroydan chiqib, otiga mindi. Arg‘umog‘iga qamchi bosib, o‘zini xuddi tilsim kabi o‘ziga tortayotgan Samarqand sari yuzlandi.
…Musiqa tugagach, Mironshoh asar xususida o‘g‘lining fikrini bilmoq uchun o‘ng tarafiga o‘girilganida hech kimni ko‘rmadi. Ko‘ngli bir noxushlikni sezgandek, darhol xufiyaboshini chaqirib o‘g‘lining qayerdaligini so‘radi. Ko‘z ochib yumguncha tashqariga chiqib qaytgan xufiyaboshi Sulton Xalil otiga minib, saroyni tark etganini ma’lum qildi. Ahvolni tushungan Mironshoh soqchilar sardoriga shaharning barcha darvozalarini, chiqish yo‘llarini yopib, o‘g‘lini ortga qaytarishni amr etdi. Ammo, endi bundan naf yo‘q, Sulton Xalilning oti qanot chiqarib uchgandi.
Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi