Veyo Meri. Arafa (hikoya)

Firma direktori o‘ttiz yoshlarda edi, undan katta emas. U o‘ziga qarab yurardi: yanada ko‘proq yaltirashi uchun qora sochini lak bilan ho‘llab, chekkalariga uzun soqol tushirardi. Uning uchun yerto‘lada hujrasifat qilib to‘rt kvadrat metrni xira oyna bilan to‘sib qo‘yishgandi. Uning oldidagi yozuv stoli yonida kotiba, o‘n olti-o‘n yetti yoshlardagi o‘g‘il bolalarcha qo‘pol ovozli yoshgina qiz o‘tirardi. Chetdan uning ovozi rasta bo‘layotgandek tuyulishi mumkin, aslida esa, u shunchaki o‘g‘il bola tengdoshlariga taqlid qilardi, chunki qizlarda bunday bo‘lmaydi. Bu qizning kiyinishi ham g‘alati edi: kayfiyatiga qarab yo sariq qo‘ng‘iroq-yubka va baland poshnali tufli, yo uzun ro‘dapo kiyim va shippak kiyardi. U uzoq vaqt bir joyda o‘tirolmasdi, nuqul sakrab turar, bezovta bo‘lar, yubkasini ko‘tarib, ingichka oyoqlarini ko‘rsatgancha aylanardi.
Bu xonaning har bir kvadrat metri ijarasi xo‘jayinga ikki yuz yigirma markaga tushardi. Ancha arzon va foydali. Lekin yerto‘laga mashinada hech qanaqasiga kirib bo‘lmaydi, tipratikan ham buni tushunadi. Shuning uchun ishchilar molni yelkalariga ortib, zinadan birinchi qavatgacha ko‘tarib borishlari, keyin eshikdan ko‘chaga chiqarishlari, bu ham oson emasdi, va nihoyat mashinagacha olib borishlari kerak edi. Mashina ham o‘ziga xos texnika mo‘jizasi, avtofurgon turlaridan biri edi. Xo‘jayin bunaqasini qanday undirgan, aql bovar qilmaydi. Uning motori o‘rindiq tagida edi, haydovchi kabinasi esa ancha oldinga chiqarilgandi. Unda o‘tirganlarda ko‘chaga chiqib qolgandek taassurot uyg‘onardi. Kechasi ham xuddi shu sababdan qo‘yiladigan joy yo‘q edi – yerto‘laga kirib bo‘lmaydi. Shuning uchun tun bo‘yi ko‘chada, ishxona yaqinida yotardi, yaxshiki, butun saqlanishidan xavotir olmasa ham bo‘ladi. Bir oydan beri qirchillama ayoz turgan bo‘lib, har kuni ertalab o‘t olishi qiyin kechayotgandi. Qor hali yog‘madi, to arafagacha biron marta ham yog‘madi. Gazetalarda bu yil Rojdestvo qorsiz o‘tadi deb yozishardi. Rost, arafa kelib qoldi-yu, hali qor uchqunlamadiyam.
Mashinani Kosonen, kotibaning deyarli tengdoshi bo‘lgan yosh yigitcha haydardi. Mayda firmalar o‘smirlarni ishga jon deb olishadi: ular rulga o‘tirishga shunday intilishadiki, g‘ayrat uchungina ishlashadi; ularga arzimagan ish haqi to‘lashadi, faqat maosh degan nomi bor.
– Bayram munosabati bilan bizga mukofot berisharmikin, ko‘ramiz, dedi Kosonen qo‘llarini zavq bilan ishqalab. – Hamma firmalarda berishadi. Ayrimlarida yana o‘n uchinchi maoshni ham to‘lashadi. Biz-ku, bunga aytarli umid qilmasak ham bo‘ladi. Pullarimiz xo‘jayinning seyfida Lefstremning yengidek siqilib qolgan. Bechora esingdami? Eshikni hech ocholmagandik, zavodga olib borishga to‘g‘ri kelgan. Ularni, qadrdonlarni yuk mashinaga birga ortganmiz. Lefstrem seyfda yotgan, qulaygina qilib jo‘natganmiz. Ammo bu Rojdestvo ertagi emas.
Kosonen ko‘pincha gaplashadigan hammol Kuyala undan o‘n yoshcha kattaroq, salolik edi, darvoqe, bu suhbatlar monologga o‘xshab ketardi. Kuyalaning Xelsinkida yashayotganiga bor-yo‘g‘i ikki yil bo‘lgandi. O‘tgan bahorda uni ishdan bo‘shatishdi, ikki oy ishsiz yurdi. Qurilishga olishmadi. Kvartiraning egasi bo‘lgan ayol kunduzi ishlardi, shuning uchun uning kun bo‘yi yo o‘quv zalida, yo uyda salqinlab o‘tirganini sezmadi. Turar joy uchun uchinchi oyning pulini to‘lash vaqti kelganda, puli tugab qoldi. Unga qanday yomon ahvolga tushib qolganini aytib berishga to‘g‘ri keldi. Kampir darrov unga shu joyni topib berdi, chunki firma xo‘jayini uning jiyani edi. Oyligini ham hammanikiga o‘xshab arzimagan qilib belgilashdi: oyiga 32000 marka. Shundan o‘n mingini bekaga berish kerak edi, yana bir necha ming har xil soliqlarga ketardi.
Kuyala ham bayram munosabati bilan ularga mukofot berishlariga hech ishonmasdi. Bermoqchi bo‘lishsa, allaqachon bergan bo‘lishardi.
Direktor ertalabdan beri ko‘ringani yo‘q, qiz esa idorada yolg‘iz edi. U telefonda molni yetkazib berishga buyurtmani rasmiylashtirib, ularga ro‘yxatni berdi, ular molni – muqovasiga kinoyulduz tasviri tushirilgan yozuv to‘plamlari, konvertlar, qog‘oz sochiqlar, gigroskopik paxta va boshqa mayda-chuydalarni yuklay boshlashdi. Mashina joyidan jildi, Kosonen yo‘lni har xil to‘g‘ri va noto‘g‘ri usullar bilan qisqartirib, o‘tib ketayotgan transportni haydovchilari-yu ajdodlariga qo‘shib beayov so‘kkancha epchillik bilan haydardi. Ba’zida o‘zi bilan o‘zi qizg‘in bahslashar, Kuyala uxlayotgan odamning sirini beixtiyor eshitib qolgandek o‘zini juda noqulay sezardi:
– Borish kerak, lekin faqat anavi bo‘shang Eyka bilanmas. Bu yerda kuchliroq odam kerak. Yong‘oqdek chaqib tashlashi uchun. Elenda vahima uyg‘otish kerak. To‘g‘ri aytyapmanmi?
Kuyala baliqdek jim edi, Kosonen ovoz chiqarib gapirayotganini xayoliga ham keltirmagandi.
Ular gigroskopik paxtani qo‘g‘irchoqdek chiroylikkina sotuvchi qizlar ishlaydigan atir do‘konlariga tarqatishdi. Ammo, afsuski, qizlar ishchilar bilan gaplashishga iltifot ko‘rsatishmasdi. Balki, yuzdagi bo‘yoq to‘kilib ketishidan qo‘rqishar. Kosonen ketayotib, xuddi burab qo‘yilgandek bitta gapni takrorlardi:
– Rojdestvo va Yangi yil omadli kelsin.
– Sizga ham! – deb javob qaytarishardi unga.
Ovozlar chiroyli muomala qoidalariga mos ravishda bir xil ohangli, zerikarli edi.
Lekin kantselyariya mollari do‘konlaridagi xonimchalar o‘zlarini jo‘nroq tutishardi, biroq bu yerda ham tanishishda to‘siq paydo bo‘ldi: ular olmaxondek yugurgilab yurishardi, ba’zan hujjatga imzoni ham darrov qo‘ydirib bo‘lmasdi. Kuyala kutayotib vazminlik bilan pochta otkritkalarini tomosha qilardi. Xonimchalar bilan gaplashishga jazm etolmayotganining yana bir sababi shuki, peshtaxta ortida, odatda, ikki sotuvchi turardi – biri yosh, ikkinchisi keksa, yosh, keksa… Ular ona-bola bo‘lsa-chi? Boshingni qotirib aniqla.
…Ular yana mashinani yuklash uchun idoraga jo‘nashdi. Tabiiyki, direktor kelmadi. Kotiba ularga zarracha e’tibor qilmay, telefonda qaysidir dugonasi bilan to‘lib-toshib gaplashardi. Agar simning u yog‘ida yigit bo‘lsa, u o‘zini to‘xtatolmay xaxolab kulgan, ilonbaliqdek to‘lg‘ongan bo‘lardi yoki, aksincha, past ovozda bir nima deb pichirlardiki, juda xohlagan taqdiringizda ham, eshitolmasdingiz.
– Ha, pullarimiz uxladi, – qizishardi Kosonen. – Boshiga lak quyayotgan bo‘lsa kerak, bizni esa unutgan. Bu yerga kelganda, ta’zirini berib qo‘yardim. Shuning uchun ko‘rinmayapti, sezayotgan bo‘lsa kerak. Men ham bunday vaziyatda ko‘rinishga botinmagan bo‘lardim.
Tushdan keyin soat uchda Kosonen Kuyalani Xementiyda tushirdi, o‘zi esa mashinani qoldirish uchun ishxonaga ketdi. Xayrlashayotib jahl bilan to‘ng‘illadi:
– Ha, mayli. Bayramdan keyin boplaymiz. Qor tepaliklarida unga ralli uyushtiramiz. Hisoblagichga shunaqangi o‘rab tashlaylikki, o‘zidan ko‘rsin. Ha mayli, bo‘pti. Men ketdim.
– Bo‘pti, – Kuyala mashina ketidan beixtiyor qo‘lini ko‘tardi-yu, birdan kombinezonini almashtirib olishni esdan chiqarganini eslab qoldi. Shaharda jonli reklamaga o‘xshab aylanib yurish unchalik zavqli emas. Buning ustiga, kombinezondagi harflar mushukdek kattalikda:
EYNO. I. XAKALA.
Qog‘oz savdosi.
U ham kombinezon ustidan, agar bo‘lganda, Kosonenga o‘xshab, jon deb kurtkasini kiyib olgan bo‘lardi.
Uning xonasi ravoq ustida edi. Kuyala kirib, eshik lang ochiqligini ko‘rdi – demak, beka xonani yig‘ishtirgan. U eshikni yopib, kombinezonini yechdi-da, o‘zini karavotga tashlab, sigareta tutatdi. Ishda chekmasdi. Tejardi. Oynadan faqatgina bir xil tomlar va osmonning qoramtir qismi ko‘rinardi: ko‘chaning narigi tomonida mexanik ustaxonaning bir-biriga o‘xshash binolari joylashgandi, ularning chek-chegarasi yo‘qqa o‘xshardi, gektar-gektar maydonlar. Qorong‘i tushayotgandi. Kuyala qimirlashi bilan yana o‘sha la’nati mashinada ketayotgandek, ustiga uylar, ko‘chalar, transport va hatto odamlar bostirib kelayotgandek sezgi paydo bo‘ladi. Bir soatcha yotsa, hammasi o‘tib ketadi. U uxlamasdi, shunchaki yotar va mushaklari asta-sekin bo‘shashayotganini, butun vujudi tinchlanayotganini his qilardi. Har kuni shu ahvol takrorlanardi. Kechalari ko‘chada transport harakati tinib, o‘tmish xotiralari singari jimlik onlari boshlanadi.
Kuyala borib ovqatlanmoqchi bo‘lib, kiyina boshlagandi, beka eshikni taqillatib qoldi. U bugun bekaga yordamlashishga va’da berganini esladi. Cherkovda qavm oldida Go‘dak ko‘targan Mariyaga o‘xshash obrazni tasvirlashni rejalashtirishibdi. Bekaga shunday munosabat bilan hatto o‘zi ishlaydigan do‘kondan ayollar manekenini va nikoh ko‘ylagini olishga ruxsat berishdi. Endi bularning hammasini Pengerkatuga eltish lozim edi. Uning iltimosini bajarmay bo‘ladimi! Kuyala odatda bekaning hamma iltimoslarini bajarardi. Bu oltmish yoshli, kichkina, to‘lacha va nihoyatda chaqqon ayol edi. Eri o‘n yil avval vafot etgan. Beka unga bir soatda nima bo‘lganini aytib bergan: eri bir nima turtgandek tun yarmida birdan uyg‘onib, shiftdan qandilni sug‘urib olgan va lampalarini sindirgan. Hammasini! Va o‘lgan. Xudoning jazosi!
Bekaning besh nafar katta qizi bor edi, bo‘ychan oq-malla sochli go‘zallar. Kichigi daraxt kesuvchi shvedga turmushga chiqqan. Ular butun kuz Finlyandiyada mehmon bo‘lishdi, Rojdestvoga esa uyga jo‘nab ketishdi. Kuyala ular bilan tanishdi. Daraxt kesuvchi shved qaynonasi uchun o‘ynab-o‘ynab hamma ko‘rpa va to‘shaklarini qavib berdi. Gap shundaki, u zerikishdan siqilib ketgandi: finchada bittayam so‘zni tushunmas, xotini tarjimonlik qilardi. Buning ustiga, daraxt kesuvchi elliginchilar sektasiga mansub edi. Har oqshom tarjimon orqali Kuyaladan diniy majlisga birga borishni so‘rardi. Kuyala boshqa joyda kutishayotganini aytib, zo‘rg‘a bahona topardi. O‘zi esa tun bo‘yi ko‘cha kezishga ketardi. U avval kutubxonaga kirardi. U yerda hoziru nozirlar ancha xilma xil odamlar edi, Kuyala ularning g‘alati davrasiga uzoq toqat qilolmay qochib ketardi. Bir qariya har oqshom to‘xtamasdan Runebergni o‘qirdi, hatto yodlab olganga o‘xshardi: bitta qatorga tikiladi, keyin qo‘llari bilan ko‘zlarini qiya yopib, ming‘illayveradi, ming‘illayveradi.
Bir kuni beka Kuyaladan sho‘x ohangda oqshomlarni kim bilan o‘tkazayotganini so‘radi, bunga u do‘stlari ko‘p ekanini aytib, qisqa javob berdi. Aslida, beka savollar bermaganda, ular suhbatlashmagan bo‘lishardi, chunki Kuyala qadimiy finlardek kamgap edi.
Hozir, do‘konda, u manekenni xuddi boladek avaylab vitrinadan olib, indamay bekaga uzatdi. Beka chaqqonlik bilan uni yechintirdi. Qo‘g‘irchoq yalang‘och ayolga juda-juda o‘xshardi. Yonida beka bo‘lmaganda, Kuyala unga yaxshiroq razm solardi, lekin hozir nigohini olib qochdi. Qo‘g‘irchoqni ko‘rpaga o‘rashdi, ko‘rpaning tagidan vasvasaga soluvchi yalang‘och oyoqlar chiqib turardi. Ular Pitkyasiltdan piyoda sudralib yurishdi, Kuyala uni pastga tashlab yuborishga tayyor edi, ko‘tarib yurish juda og‘ir ekan.
Etib kelishganda, beka Kuyalaga cherkov bayramida qolishni taklif qildi, lekin u jo‘yali bahona topib rad etdi. Axir rostdan ham diniy bayramga ishchi kombinezonida bormaydi-ku!
Qaytishda Kuyala oshxonaga kirib ovqatlanmoqchi edi, ammo u yopiq ekan. Hamma do‘konlar ham yopilib bo‘lgan. Uyda gaz plitada o‘ziga qahva qaynatdi. Umuman olganda, hamma narsani qaynatsa bo‘lardi, chunki beka uyda yo‘q edi. Kuyala uning yonida oshxonaga kirishga hadeb botinavermasdi.
Keyin u vannaxonaga kirib, issiq suvni ochdi-da, bir soatcha ichida yotdi. Toza kiyim kiyib, tuzukroq shim, bo‘yinbog‘ va botinkasini oldi. O‘zini tartibga keltirdi, yana nimadir qilish kerakligini sezdi, ammo nimaligini o‘zi ham bilmasdi. G‘ayrioddiy jimlik hukm surardi. Bekaning xonasida, qo‘shnilarnikida, ko‘chada – hech qanday tovush yo‘q.
Kutilmaganda Kuyalaga chiroq haddan tashqari yorug‘dek tuyulib, uni o‘chirdi. Har kungi sharoitni ko‘rishni istamasdi. Ko‘cha fonusi xonani xira yoritar, Kuyala soyada turib, chekardi. Sigareta uchquni devordagi oynada aks etar, o‘zini yon tomondan ko‘rishi mumkin edi. Kuyala bir nimani kutayotgandek edi. Filmdagi kadr esiga tushdi. Erkak daraxt soyasida turib, chekadi, sevgilisini kutadi. Nihoyat, qiz keladi, erkak sevinganidan sigareta qoldig‘ini shunday otib yuboradiki, uchqunlari yoy bo‘ylab sochiladi. Kuyala bularning barini darrov tasavvur qildi, oshiq-ma’shuqlarning ehtirosli ovozlari xonada yangragandek tuyuldi unga.
Keyin birdan shamoldek yengil va o‘zgaruvchan kotiba qizni xayol qildi. Qiziq, hozir u qayerda? Biroq bu hissiyot tasavvurga aylanmadi. Qiz judayam jonsarak edi, keyingi daqiqada unga nima bo‘lishini hech qachon taxmin qilolmaysan. Kosonen-chi? U hozir nima qilyapti? Kosonen, albatta, katta oila, mehribon ota-onasi, ko‘p sonli aka-ukalari, singillari davrasida… Hammaga sovg‘a uchun chang‘i qayishlari yasab berishga shoshilyapti. Buni eslaganda, Kuyalaning ko‘ngli juda xijil bo‘ldi, to‘rt devor orasida ortiq yolg‘iz qololmasdi. U shoshib kiyinib, yugurgudek bo‘lib ko‘chaga otilib chiqdi. Ammo u yerda ham hech kim yo‘q. Egasi alkogolli ichimliklar bilan savdo qilish huquqini sotib olgan katta restoran yonidan atay o‘tdi. Odatda, oqshomlar bu yer gavjum va shovqinli bo‘ladi – shirakayf keluvchilar qo‘shiq aytib, ko‘ngil yozishardi. Lekin hozir eshikda “Restoran avliyo Tapani kuni, soat o‘n ikkida ochiladi” degan lavha osilib turardi.
Kuyalaning markazga borgisi kelmay qoldi. U yer kunduzgidek yorug‘ bo‘lsa kerak, bezatilgan archa yarqiraydi, muhtasham do‘konlarning vitrinalari yaxshi yoritilgan. Hammayoq sokin. Yana o‘sha yurakni ezadigan jimlik. Go‘yo butun shaharda u yolg‘izdek. Butun olamda ham. U Vallila tomonga yurdi: Xelsinkinkatu va Xemintiy burchagida odatda qandaydir shubhali kishilar to‘da-to‘da bo‘lib yig‘ilardi, ammo hozir ular ham yo‘q. Sosiska do‘konchasini hali qurib bitkazishmagandi, tamaki va qandolat do‘konlari esa yopiq. U burilib, qaytib ketdi. Keyin Messuxallida yolg‘izlar va faqirlar uchun bayram uyushtirmoqchi bo‘lishayotganini esladi. Hamma piyonistalar endi o‘sha yerda. Ularga qahva va guruchli bo‘tqa tarqatishadi. Pastor Rojdestvo va’zini o‘qiydi va qariyalarning ko‘zlarida yoshni ko‘rib, to‘lqinlanib ketadi. Aslida, ularning ko‘zi yorug‘ chiroqda har doim yoshlanadi. Lekin shu faqirona bayram ham u badbaxtlarga jannatdek tuyuladi. Qo‘qqisdan Kuyala avtomat-do‘konchani ko‘rib qoldi. U tanga izladi, ellik markali bittasini topib, tiqdi-da, tugmani bosdi. Mevali obaki qutisi va uchta yigirma markali tanga chiqdi. Hammasi bo‘lib oltmish marka. Ajoyib avtomat! Yonida ko‘proq tanga bo‘lganda, boyib ketishi mumkin edi. Kuyala qutini esdan ham chiqardi, u qo‘lidan sirg‘alib tushdi, u esa qutini olishga urinmadi ham, kamiga oyog‘i bilan tosh yo‘lga itarib, ertaga obakilar o‘zi yomon ko‘radigan mashinalarning g‘ildiraklariga yopishib qolishini tasavvur qilib zavqlandi.
Ko‘chalardagi chiroqlar o‘chdi. Hammasi birdan. Uylar endi tinchroq bo‘lsa kerak, deb o‘yladi u. Kuyala uyga qaytib, sekingina o‘z xonasiga o‘tdi. Kechqurun to‘qqizda xizmatkor darvozani yopishga keladi. Avval kimdir barmog‘ini qisib olgandek chinqiriq eshitiladi, keyin o‘qsiz miltiqdan otgandek qarsillash – aks-sado anchagacha bo‘sh hovli uzra eshitilib turadi… Kutilmaganda yuragi shunday ezilib ketdiki, yig‘lab yuborayozdi. Shu yetmayotgandi! Kuyala darrov turib, dahlizga chiqdi, jurnal stolchasi yonidagi kursiga o‘tirib, gazeta o‘qishga tushdi. U birinchi sahifadagi Rojdestvo haqidagi bir xil safsatalarga ko‘z yugurtirdi, keyin rangli suratga qarab ko‘ngli iydi – kichkina qizcha hayrat bilan lipillayotgan shamlarni tomosha qilyapti, nihoyat Rojdestvo hikoyasi va bayram she’rlariga yetdi. Ularning bitta fazilati bor – birpasda xayoldan ko‘tariladi, degan o‘y o‘tdi miyasidan. Biroz tetiklashib olish kerak degan o‘yda qahva damlash uchun oshxonaga kirdi. Qahva qaynatadigan idishning tagida qalin quyqa qorayib turardi. U qahva ichib bo‘lganini esladi. Dahlizga qaytdi. Eshiklar ochiq edi – u birinchi marta beka yashaydigan tomonga kirdi. Chiroqni yoqishga botinolmadi – qo‘shnilar sezib qoladi. Fonusning chirog‘i kumush idish-tovoqlar qo‘yilgan bufetning oynavand eshigiga tushardi. Chiroq qizg‘ish edi, shuning uchun servantda olov yonayotgandek qizarib ko‘rinardi. Kuyala xonadan sekingina dahlizga chiqib, o‘sha yerda qorong‘ida o‘tirdi. Uni tushkunlik qamrab oldi.
Kimligi, bu yerda nima qilayotgani, hayoti qandayligi bilan baribir hech kimning ishi yo‘q. U faqat sud ijrochisiga kerak bo‘lib qolishi mumkin. O‘tgan kuzda qidirib topishdi uni. Kuyala ikki yil soliq to‘lashdan bo‘yin tovlab yurgandi. Yana ikki yil amallaganda, vaqti cho‘zilib ketgani uchun afv etishardi. Uni yetmish besh ming marka jarimaga tortishdi.
O‘sha yili Kuyala hech qayerda ishlamasdi, qartadan yutgan pullariga yashashga majbur edi. Yaxshiyam, qartadan tuzukkina yutib olgani. Unda har gal bir xil voqea takrorlanardi – hamma uni qartani biron marta qo‘liga olmagan, yangi deb o‘ylardi, u esa poker qiroli edi, mag‘lubiyatsiz o‘ynardi.
Kuyala yetim bo‘lib qolganda, armiyaga bordi, harbiy orkestrda shogird bo‘ldi. Ohanglarni farqlab, yodda saqlash qobiliyati bo‘lmasa ham. Haydashmaguncha ikki yarim yilcha likopcha chalib yurdi. Keyin jinnixonaga ishga joylashdi – sanitar bo‘lib, ammo sinov muddati bilan. Kasallar orasida ko‘rkam kapitan bor edi. Kuyala unga bir marta vino olib berdi. U esa mast bo‘lib qolib, shishaning o‘zidan hammani mehmon qila boshladi, keyin davolovchi vrachning yoniga bostirib kirdi. Kuyalani, albatta, yaxshilab tuzlab ishdan haydashdi.
O‘tgan umri ko‘z oldidan xuddi kinotasmasidek o‘tardi. Rojdestvo kechasida yolg‘iz bo‘lsang, buning hech ajablanarli joyi yo‘q. U ortiq hech nima haqida o‘ylamay, hech nimadan afsuslanmay shunday o‘tiraverardi. Asta-sekin kayfiyati o‘zgardi. Hasrat chekindi. Ortiq hech qayerga borgisi yo‘q, ko‘ngli xotirjam, sokin edi. Rojdestvo onlari keldi. Bu sokin kecha va zulmatdagi yorug‘likning nima uchun kerakligi ayon bo‘ldi. U shu sirli qorong‘ilikka tikildi, to undagi yorug‘lik va rangni farqlamaguncha eng tubini ko‘rish ilinjida tikilaverdi. Toabad shunday davom etadigandek edi. Kuyala bu xona va yorug‘lik hamda zulmat kurashayotgan shu kecha bilan qadrdonlashib ketgandek edi. Yorug‘lik tobora kengayib borardi… Ular Kuyalaga qadrli va yaqin bo‘lib qoldi. Uning o‘zi ham kimgadir juda qadrli bo‘lib qolgandek edi.

Rus tilidan Komila Nosirova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 12-son