«Gigant» xo‘jaligining uchinchi brigadasi uchun yangi ombor binosini qurib berishdi. Eski ombor – cherkovdan bo‘sh bochkalar, tsement solingan qoplar, shakar va tuz solingan qog‘oz xaltachalar, ot-ulov uchun mo‘ljallangan bir uyum ayil, yugan-abzallar (brigadada bor-yo‘g‘i beshta ot bo‘lsa ham, anjomlar o‘n beshtacha otga yetardi. Bu-ku, mayli-ya, ortiqchasi zarar qilmaydi, ammo yer yutgur sichqonlar… Margimush sepib asrab-avaylashsa ham, baribir, kemiraverardi), supurgilar, xaskashlar, belkuraklar olib kelindi. Shunday qilib, endi hech kimga keragi bo‘lmagan cherkov bo‘shab qoldi. Unchalik katta bo‘lmasa ham, cherkov bir paytlar qishloqqa fayz bag‘ishlab turardi. Brigada boshlig‘i Shurigin Nikolay Sergeevich cherkovga tikilgancha o‘yga cho‘mdi. Devoriga yaqin keldi-da, qo‘liga ilingan temir cho‘kich bilan uning g‘ishtlarini cho‘qilab ko‘rdi, chekdi va yana bir muddat o‘ylanib turdi-da, keyin uyi tomon ketdi.
– Cherkov ham endi bo‘shab qoldi… – dedi oradan ikki kun o‘tib xo‘jalik raisi bilan uchrashgan Shurigin.
– Xo‘sh?
– Uni nima qilamiz?
– Qulflab qo‘y, turaversin. Nima edi?
– U yerdan ancha-muncha g‘isht chiqadi, men uni cho‘chqaxona qurishga ishlatgan bo‘lardim, uzoqdagi zavoddan tashib yurgandan ko‘ra.
– Uni buzib olish uchun besh kishi yarim oy ovora bo‘lishi kerak. U yerda g‘ishtni terishmagan, go‘yo xuddi quyma qilib quyishgan. Jin ursin, qanday qilib buni uddalashgan, bilmayman!..
– Men uni ag‘anataman.
– Qanday qilib?
– Shunday. Uchta traktorga bog‘lab tortaman, ko‘z ochib yumguncha ag‘anaydi.
– Bo‘pti, unnab ko‘r-chi.
Yakshanbadan boshlab Shurigin harakatga tushdi. Uchta traktor olib keldi… Cherkovni har xil balandlikda uchta yo‘g‘on po‘lat arqon bilan o‘rab bog‘ladi, arqonlar tagidan devorning o‘rtasi va burchagida to‘qqizta yog‘och ustunlarni joylashtirdi…
Avvaliga Shurigin boshqa ishlarni qanday boshqarsa, bu ishni ham xuddi shunday: baqirib-chaqirib, so‘kinib boshqara boshladi. Ammo keyin, bu yerga odamlar chopib kelib, oh-voh qilishib, cherkovga achinib qaray boshlaganlarida Shurigin birdan o‘zini cheklanmagan vakolatlarga ega arbobday his qila boshladi. So‘kinishni to‘xtatdi, ammo odamlarga qaramadi, go‘yo ularni ko‘rmayotganday, so‘zlarini eshitmayotganday edi.
– Nikolay, senga buyruq berishdimi yoki o‘zingdan chiqdimi? – so‘rashardi odamlar. – O‘zing o‘ylab topdingmi yo?!
– Nima, senga xalaqit berayotganmidi? Ozroq ichib olgan ombor mudiri Mixaylo Belyakov po‘lat arqon tagida turib oldi-da, Shuriginga:
– Kolka, nega bunaqa qilayapsan? – deb so‘radi.
Shurigin chinakamiga darg‘azab bo‘lib, oqarib ketdi:
– Yo‘qol, bu yerdan, aroqxo‘r cho‘chqa!
Mixaylo hayron bo‘lib brigadirdan nariroqqa ketdi. Atrofda turgan boshqalar ham hayratlanib jim bo‘lib qolishdi. Ichishga Shuriginning ham suyagi yo‘q edi, hech kimni hech qachon «aroqxo‘r cho‘chqa» deb so‘kmasdi. Unga nimadir bo‘lganmi?
Bu orada yog‘och ustunlar jipslashib, po‘lat arqonlar to‘g‘rilandi…. Hozir traktorlar o‘kira boshlaydi va qishloqda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan hodisa yuz beradi – cherkov qulaydi. Katta yoshdagi odamlarning bari shu yerda cho‘qintirilgan, ota-bobolarning janozasi shu yerda o‘qilgan, osmonni har kuni qanday ko‘rishgan bo‘lsa, cherkovni ham har kuni xuddi shunday ko‘rishga o‘rganib qolishgandi… Yana qaytadan ovozlar yangray boshladi:
– Nikolay, kim buyurdi?
– E, uning o‘zi! Ko‘rmayapsanmi, yuziga qara, shaytonning o‘zi!
– Shurigin, bas qil o‘zboshimchalikni!
Shurigin parvo ham qilmadi.
Yuzida xuddi avvalgidek qat’iylik, qarashida aniqlik aks etib turardi. To‘dadan Shuriginning xotini – Klankani turtib, itarib chiqardilar… Eriga nimadir bo‘lganini ko‘rib turgan Klanka jur’atsizgina unga yaqinlashdi.
– Kolya, nima uchun ag‘darmoqchi bo‘layapsan?
– Ket, bu yerdan! – buyurdi Shurigin. – Burningni suqma!
Traktorchilarning yoniga hech bo‘lmaganda vaqtni cho‘zish uchun bordilar, kimdir tumanga qo‘ng‘iroq qilish uchun, kimdir qishloq o‘qituvchisining uyiga yugurib ketdi. Shurigin traktorchilarning har biriga bir shishadan oqidan va «bajarilgan ish» uchun mo‘maygina haq to‘lashni va’da qilgandi.
Qishloqda hamma hurmat qiladigan yosh o‘qituvchi tezda yetib keldi.
– Darhol to‘xtating! Bu kimning buyrug‘i? Bu o‘n yettinchi asr!..
– O‘zingniki bo‘lmagan ishga aralashma, – dedi Shurigin.
– Bu mening ishimmi? Bu xalq ishi! O‘qituvchi hayajonlanar, shu sababli kerakli so‘zlarni topolmaganidan qizarib-bo‘zarib qichqirardi. Sizning haqqingiz yo‘q! Unga, hatto dushmanlarimiz ham tegishmagan!.. Yovvoyilar! Men buni yuqoriga yozaman!
Shurigin traktorchilarga ishora qildi… Motorlar o‘kira boshladi. Po‘lat arqonlar taranglashdi. Olomon dahshatga tushib asta oh tortdi. O‘qituvchi ilkis joyidan qo‘zg‘aldi, yugurib cherkov ag‘anashi kerak bo‘lgan tomonga o‘tib, devor tagiga borib turib oldi.
– Qotillik uchun javob berasan! Telba…
Traktorlar to‘xtashdi.
– Qoch! – deb bo‘kirdi Shurigin bo‘yin tomirlarini bo‘rttirib.
– Cherkovga tega ko‘rma! Agar tegsang!
Shurigin o‘qituvchining yoniga yugurib bordi-da, uni g‘o‘laday quchoqlab, cherkovdan nariga ko‘tarib olib ketdi. Nimjongina o‘qituvchi tipirchilab, uning quchog‘idan qutulishga harakat qilar, ammo Shuriginning qo‘llari juda baquvvat edi.
– Boshla! – dedi u traktorchilarga.
– Devor tagiga borib turinglar! – deya qichqirardi o‘qituvchi odamlarga. – Borib turinglar!.. Ular botinisholmaydi! Men viloyatga chiqaman, ular buni taqiqlashadi!
– Boshla, nimaga baqrayasanlar? – baqirdi Shurigin traktorchilarga qarab. Traktorchilar richagni ishlata boshlashdi…
– Devor tagiga borib turinglar! Hamma tursin!..
Ammo hech kim joyidan siljimadi. Shuriginning tiyiqsiz g‘azabi hammani hushsizlantirib qo‘ygandi. Hamma gung. Kutib turardi. Po‘lat arqonlar taranglashdi… g‘ichirladi, qisirladi, ovoz chiqardi… Yog‘ochlardan biri qarsillab ketdi, burchakka qapishgan arqon balalayka toriday diringlab ovoz chiqardi. Ajablanarlisi, bularning hammasi uchta traktor kuchini ko‘rsatib, bor ovozi bilan o‘kirayotganiga qaramasdan, aniq va yaxshi eshitilib turardi. Cherkovning tepa qismi silkindi. Cherkov ag‘anashi kerak bo‘lgan joyning qarama-qarshi tomonidagi devor birdan butun eniga yorilib ketdi. Oppoq devordagi qop-qora, qo‘rqinchli yoriq kengaya boshladi. Cherkov gumbazining uchi engasha-engasha, gursillab pastga quladi. Yer xuddi snaryad portlaganday zirillab ketdi, atrofni chang-to‘zon qopladi.
Shurigin o‘qituvchini qo‘yib yubordi va u bir og‘iz ham so‘z demay cherkovdan nariga ketdi. Ikkita traktor hamon zanjirli oyoqlari bilan kuchanib yerni tirnardi. O‘rtadagi po‘lat arqon devorni qirqib botgan va tobora chuqur kirib borarkan, bekorga g‘ishtlarni maydalab ezayotgan edi…
Shurigin traktorlarni to‘xtatdi. Po‘lat arqonlarni yana qaytadan o‘rab chiqishdi.
Odamlar tarqala boshlashdi. Faqat har narsaga qiziquvchan bolalargina qolishgandi. Uch soatlardan keyin hammasi tugadi, cherkovdan uncha baland bo‘lmagan bir uyum qing‘ir-qiyshiq asos qolgandi. Cherkov shaklsiz chiqindilar uyumiday bo‘lib yotardi.
Traktorlar ketishdi.
Terlab, chang-to‘zonga belangan Shurigin do‘kondagi telefondan xo‘jalik raisiga xabar berish uchun jo‘nadi.
– Kuyib bitdi! – deb qichqirardi u telefon go‘shagiga. Rais bu qichqiriqdan nima kuyib bitganini anglamagan bo‘lsa kerak.
– Cherkov-da! Hammasi kuyib bitdi. Ha. Hammasi joyida. O‘qituvchi sal-pal shovqin soldi. Yo‘q. O‘qituvchi, undan battar qariya kampirlar. E, yo‘q, hammasi joyida. Ancha terlab-pishdik. Ancha narsa, ha. Ular shunaqaki: uch-to‘rttasi bo‘lak-bo‘lak. Ularni endi qanday ajratamiz, bilmadim. Temir bilan urib parchalashga harakat qildik, juda ham mustahkam ekan la’nati, eplab bo‘lmadi. Haqiqatan ham, quyma. Xo‘p. Salomat bo‘l. Hechqisi yo‘q.
Shurigin go‘shakni qo‘ydi. Sotuvchining yoniga keldi, uni yarim tunda, tumandan mehmonlar baliq oviga kelganlarida va xo‘roz ikki qichqirguncha ulfatchilik qilganlarida o‘rnidan ko‘p martalab uyg‘otardi.
– Ko‘rdingmi, cherkovning surobini qanday to‘g‘riladik? – dedi Shurigin mamnun holda tirjayganicha.
– Ahmoqona ish qilish uchun aql kerak emas, – dedi sotuvchi ayol qahrini yashirmay. – Buning tirjayishini qarang…
– Nima uchun ahmoqona bo‘larkan? – Shuriginning yuzida kulgidan asar ham qolmagandi.
– Nima, u senga xalaqit berayotganmidi, turgandi-ku?
– Nega u bekordan-bekorga turishi kerak ekan? Hech bo‘lmaganda g‘ishtini olamiz…
– Sen sho‘rlikka g‘isht oladigan joy qolmabdi-da, boshqa. Ovsar.
– Vaysaqi! – Shuriginning ham jahli chiqdi. – Aqling yetmasa, indamay o‘tir.
– Meni yana yarim tunda uyg‘otib ko‘r-chi, men seni uyg‘otib yuboraman. Vaysaqi…
– Bu gaping uchun basharangga tushirishim ham mumkin. Hozir mana bu qadoq tosh bilan biqiningga o‘xshatib bir tushiraman, o‘shanda bilasan, vaysaqi qanday bo‘lishini.
Shurigin yana nimalardir deb so‘kib, esi yo‘q sotuvchini haqorat qilmoqchi bo‘layotgan edi, hamma yerda hoziru nozir xotinlar kirib kelishdi.
– Bir shisha ber!
– Bor-bor, tomog‘ingni ho‘llab ol, – chuvillashdi ortidan. – Chanqab ketgandirsan?
– Albatta-da, changdan keyin!
– Qo‘li qichib qolgan bu iblisni…
Shurigin ayollarga o‘qrayib qaradi, ular ko‘pchilik edi, hammasini baqirib yengolmasdi. Shu bilan birga, ulardagi g‘azab ham noodatiy, boshqacharoq edi. Ko‘zlarida nafrat chaqnardi. Shishani oldi-yu, do‘kondan chiqdi. Ostonaga yetib borib, qayrildi-da:
– Men hali dumlaringni qisib qo‘ymasammi! – dedi va tez yurib chiqib ketdi. U ketib borarkan, jahli chiqardi: «Axir, baribir, ibodat qilishmasdi-ku, tiriktovonlar, endi esa tomosha ko‘rsatishyapti». Qulagan cherkov yonidan o‘tib borarkan Shurigin to‘xtadi, g‘ishtlarni kovlashtirayotgan bolalarga uzoq vaqt qarab turdi. Qarab turarkan, o‘zini ovutardi:
«Ular katta bo‘lganlarida cherkovni bizning davrimizda ag‘darishgan deb eslashadi. Mana men, Vaska Duxaninning, cherkov gumbazidan xochni qanday qilib sug‘urib olganini eslayman. Bu yerda esa butunlay ag‘darildi. Albatta, eslab qolishadi. Ular o‘z bolalariga Shurigin amaki qanday qilib po‘lat arqon bilan cherkovni o‘rab…» Xuddi shu payt ko‘nglini g‘ash qilib yodiga sotuvchi ayol tushdi, Shurigin g‘azablanib «ko‘zga cho‘p tushganday» uning bu yerda turishining «hecham keragi yo‘q edi», deb xayol qildi. Uyida uni g‘irt mashmasha kutib turardi: xotini kechki ovqat tayyorlamay, qo‘shnilarnikiga chiqib ketgan, pechka ustida yotgan bemor onasi qarg‘ishini boshladi:
– Kolka, badbaxt, tentak, qanday gunohga botganingni bilasanmi?! Indamay yurganding-ku, iblis… Hech bo‘lmasa biror narsa deb og‘iz ochganingda yaxshi odamlar senga aqlingni yeb qo‘yganingni tushuntirishardi. Voy, peshonamning sho‘ri bo‘lmay har balo bo‘lgur, odamlar ko‘ziga endi qanday ko‘rinasan!.. Axir senga la’nat yog‘iladi endi, la’natlaydilar!.. Endi bu boshingga qanday balolar yog‘ilishini ham sezmay qolasan-ku: endi yo uyingda yolg‘izlikda tarrakday qotasan, yo changalzorda biror ofatga yo‘liqasan…
– Nega endi meni la’natlasharkan. Qiladigan ishlari yo‘qligidanmi?
– Axir, bu gunohi azim-ku!
– Vaska Duxaninni ham la’natlagan edilar, u xochni yechib olgandi. Qaytanga, u katta odam bo‘lib yetishdi-ku…
– U paytlari boshqa zamon edi. Kim senga uni buz deb o‘rgatdi? Kim? Iblis qo‘lingdan tortdimi? Hali shoshmay tur, hukumatning o‘zi bu qilmishing uchun adabingni berib qo‘yadi. Ana, o‘qituvchi yozadi, kerakli joyga yetkazadi, o‘shanda bilasan. Buni qaranglar, manavi paydo bo‘lmaguncha joyida turgandi. Badbaxtsan sen, badbaxt.
– Mayli, unda yotaver kasal bo‘li-ib.
– Odamlar ko‘ziga qanday ko‘rinasan endi?
– Birov borib ibodat qilgan bo‘lsa ham mayli edi! Qaqqayib turganida hech kim qaramasdiyam…
– Nega qaramasdilar deysan! Odamlar biror uzoqroq joydan kelayotganlarida u
doimo ko‘rinib turardi, avval uni ko‘rardilar. Qanchalik horigan bo‘lsalar ham uni ko‘rgach, odamlarda kuch-quvvat paydo bo‘lardi, o‘zlarini uylariga yetib kelgandek sezardilar. U odamlarga kuch berardi…
– Kuch berarmish… Nima, hozir birov piyoda yurarmidi?! Tushunsang-chi, hozir atom asri, ular bo‘lsa cherkovga achinib o‘tirishibdi. Mana, qishloqda hozirgacha klub yo‘q, birov g‘ing demaydi, bunga esa kuyinishlarini qarang-a. O‘lib qolmaydi hech kim.
– Sen o‘lmagin! Uyatdan qurib qaqshaysan endi…
Shurigin onasining vaysashlarini eshitmaslik uchun mehmonxonaga o‘tdi, stakanni to‘ldirib aroq quydi-da, ichib yubordi. Cheka boshladi.
– G‘ishtga endi birortayam iblis qo‘l tekkizmasa kerak, – o‘yladi u. – Buldozer bilan to‘dalab surib tashlayman, menga desa qichitqi bosib yotmaydimi.
Xotini allamahalda qaytdi. Shurigin shishani bo‘shatib ulgurgandi. Yana ichgisi keldi, ammo sotuvchi ayolning darg‘azab yuzini ko‘rishni xohlamasdi.
– Borib bir shisha olib kel, – dedi xotiniga.
– Shayton olsin! Endi u senga do‘st.
– Iltimos, borib kel…
– Sendan so‘rovdilar, sen quloq soldingmi? Endi boshqalardan ham so‘rama. Ahmoq.
– Ovozingni o‘chir. Senam o‘shalar bilan…
– O‘shalar bilan. Qayerda oqko‘ngil odamlar bo‘lsa shular bilanman. Nahotki senday uyatsiz cho‘chqa tomonda bo‘lsam? Iltimos qilishdi, hamma bir bo‘lib sendan iltimos qildi, yo‘q! Ko‘zingni baqraytirib…
– Jim bo‘l! Bo‘lmasa sochingdan sudrab…
– Sudraysan?! Qo‘lingni tekkizib ko‘r-chi, uyatsiz cho‘chqa… Tegib ko‘r!
«Yo‘q, endi bu g‘avg‘o tun bo‘yi tinmaydi. Odamlar esdan og‘ishgan». Shurigin hovliga chiqdi, mototsiklni o‘t oldirdi…
Tuman markazigacha o‘n sakkiz kilometr, u yerda do‘kon bor, u yerda xo‘jalik raisi bor, u ham metin erkak, manovi burni oqib yurganlardan emas. Birgalikda ichish mumkin, suhbatlashib o‘tiramiz. Aytmoqchi, unga bu yerda qanaqa g‘alayon ko‘targanlarini gapirib beraman. Hech bo‘lmaganda, bir kulishamiz.
Ko‘chaning muyulishida mototsikl chiroqlari yorug‘ida bir uyum g‘isht elaslanib ko‘rinib ketdi, yerto‘laning bezovta qilingan biqsiq ruhi izg‘irdi.
«O‘n yettinchi asr, – yodiga tushdi Shuriginning. – Mana senga o‘n yettinchi asr! Yozarmishlar. Yozaver, yozaver» Shurigin tezlikni oshirdi… Va bor ovozi bilan qo‘shiq ayta boshladi. Bilib qo‘ysinlar, har xil qarg‘ish, la’natlar unga pisand emas, uning kayfiyati a’lo darajada.
Mototsikl qishloqdan burilib chiqdi-da, ko‘zining o‘tkir yaraqlagan nuri bilan qorong‘ulikka tig‘day sanchilib, tekis va ravon yo‘ldan tuman markazi tomon yelib borardi.
Shurigin yeldek uchirib haydashni yaxshi ko‘rardi…
Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi