Kirillning bir yaqin tanishi Moskvaga ketyapman, agar birovga biror narsa yuborish kerak bo‘lsa, marhamat, deya o‘z xizmatini taklif etdi. Tanishi, ochig‘i, shunchaki odamgarchilik yuzasidan shunday taklif qildi. Balki shuning uchundir Kirill bu gapni ushlab oldi.
Shunda Kirillning Moskvada bir do‘sti yashashi, xayrlashishlari oldidan u bilan manzil almashgani yodiga tushdi. Agar yozuv stolining bir burchida yondaftarchasi butun turgan bo‘lsa, u albatta do‘stining adresini topadi, faqat uning ismi sharifini eslasa bo‘ldi.
Yondaftarcha dastlab qidirganida topilmadi, Kirill bunga parvo qilmay, birdan maktub yozishni boshlab yubordi.
«Salom, Yuriy! – butun diqqatini jamlab xat yoza boshladida, birdan to‘xtab qoldi. So‘ng ikkilanmay, davom etdi: «Mening ishlarim o‘sha-o‘sha. Tahririyatda ishlayapman, har xil bir onlik narsalarni yozyapman va bir onlik qoniqish hosil qilyapman, chunki hech qachon hech qanday abadiyatga daxldor narsalarni yozishning uddasidan chiqmadim va hatto yillar mobaynida ular miyamda paydo bo‘lgan zahotiyoq qoralamalarni yo‘q qilishni o‘rgandim».
Kirill hozir yozganlarini o‘qirkan, matn tumtaroq bo‘lib chiqqanday, aniqlik yetishmayotganday bo‘lib tuyuldi, so‘ng u xatni miyasi tiniq ishlayotgan payti erta bilan qayta yozishga ahd qildi.
«Esingdami, sen mendan tanlagan kasbimdan pushaymon qilmaysanmi, deb so‘raganding, – deb murojaat qildi ertasi kuni u do‘stiga. – Tan olib aytaman, bundan zerikarli mashg‘ulot bo‘lmasa kerak. Boshqa bir oddiy odamniki singari jurnalistning hayotida voqea-hodisalar o‘z-o‘zidan, kutilmaganda paydo bo‘lmaydi. Jurnalistning o‘zi bu voqea-hodisani topadi, shishiradi yoki o‘zi, yo muharrirning talabiga ko‘ra uni pisand qilmay o‘tkazib yuboradi. Maqolaning hajmiga qarab to‘g‘rilangan, ta’bimizga moslangan voqea-hodisa bizning qo‘llarimizda o‘zining ilk, onasi o‘pmagan jozibasini yo‘qotadi.
Yaqinda tahririyatimiz hovlisida so‘nggi urushdan qolib ketgan minalarni topib, ularni qazib chiqardilar. Bu haqda yozishimizni man etdilar, gazeta xodimlari mina qazilgan xandaqlardan hatlab o‘tganlaricha tahririyat topshiriqlarini ado etish uchun shoshdilar.
Kirill yozganlarini o‘qib chiqdida, so‘ng, «ilk, onasi o‘pmagan jozibasini» jumlasini yana qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi.
Matn kattalashdi. Tanishining Moskvaga jo‘nashi noma’lum muddatga orqaga surilganini eshitgan Kirill buni yozayotgan maktubining yanada yaxshiroq chiqishi uchun bir imkoniyat deb qabul qildi.
«Men xizmat taqozosi bilan shoirlar bilan muloqotda bo‘lishimga to‘g‘ri keladi. Yoshlari va qiladigan ishlaridan qat’i nazar, ora-sira o‘zlarining nochor, yordamga muhtoj ijodiy «notavon»lari haqidagi og‘riqli tashvishlarini yashirishga urinishlaridan ularni hech bir xatosiz tanib olish mumkin. Ular tahririyatimizga nashr qilinayotganiga atigi besh yilgina bo‘lgan «bolalikdan beri bizning gazetamizni o‘qishlari» uchun emas, balki boshqa joylardan rad javobi olganlari uchun ham kelardilar. Shunday esada, ana shu tan olinmagan tug‘ma iste’dodlar ijodlari mevalari qanchalar kulgi uyg‘otardi menda! Men ular tajriba orttirsinlar, deb birortasini qaytarmadim. Shunda beixtiyor mening qanday qilib adabiyotnashri tahririyati ostonasidan hatlaganim yodimga keldi. Nasr bo‘limi mudiri o‘shanda menga, «ochilmasligimni avjiga chiqarishimni, ya’ni hadeganda o‘zimni namoyon qilmasligimni yoki Asar yozish uchun aqldan ozishimni maslahat bergan edi. G‘alati odam edida u…»
Ba’zan Kirill birdan esiga kelib qolganday, do‘stidan hol-ahvol so‘ray ketar, salomatligi, ishi, kayfiyatini surishtirardi. Xotirasi pand berib qolishidan qo‘rqib,bundan nari tayinli mavzularga o‘tishga jur’at etmasdi.
U Moskvaga hech nima jo‘natmasligiga aniq ko‘zi yetar, shuning uchun ham tanishining ketishi xabari unga kutilmaganda yangilik bo‘lmadi.
Kirill xuddi shu kuni xijolatpazlikni yengish uchun maktub yozishda davom etdi.
Rus tilidan Ma’suma Ahmedova tarjimasi