Umar Sayfiddin. Forsa (hikoya)

O‘rta dengizning qahramonliklar makoni bo‘lmish so‘ngsiz ufqlariga qaragan kichik tepalik mo‘jazgina chamanzor edi. Ingichka uzun novdali bodom daraxtlarining olachalpoq soyasi sohilga engan so‘qmoqqa tushar, ko‘klamning mayin shabadalaridan sarxush chag‘alaylar savdoyi chuqur-chuqurlari bilan samoda shovqin solardi. Bodomzorning yoni keng uzumzor edi. Oq toshlardan tiklangan qisqa devor ortidagi xaroba vodiyga tutashib ketgandi. Uzumzor o‘rtasidagi vayrona kulbaning eshiksiz og‘zidan bir chol chiqib keldi. Uning soch-soqoli oppoq edi. Xuddi bukrisini to‘g‘rilamoqchidek kerishdi. Qo‘llari, oyoqlari qaltirardi. Osmon qadar bo‘sh, osmon qadar sokin dengizga uzoq tikildi.
– Xayrlidir, inshaalloh – dedi o‘z-o‘ziga.
Devor tagidagi toshlar uyumiga cho‘kdi. Boshini qo‘llari orasiga oldi. Egnida yirtiq bir qop bor edi. Yalang oyoqlari tuproqdan qorilgandek, nimjon qo‘llari esa kir jez rangida edi. U yana boshini ko‘tardi. Ko‘k bilan dengiz tutashgan ufqqa tikildi, ammo ko‘zga tashlanadigan hech nima yo‘q edi.
Bu chol har kecha tushida uni qutqarish uchun yelkanli kemalarning kelayotganini ko‘radigan bechora sobiq turk forsasi edi. Asirga olinganidan beri qirq yil o‘tibdi. Malta qaroqchilari qo‘liga tushganida, o‘ttiz yashar baquvvat, azamat, pahlavon qahramon edi. Yigirma yil ularning kemalarida eshkak eshdi. Yigirma yil ikki oyog‘idan ikki zanjir bilan rutubatli kema tubiga bog‘loqliq yashadi. Yigirma yilning yozlari, ayozlari, shamollari, dovullari, quyoshlari uning metindek vujudini bukolmadi. Zanjirlari zangladi, chiridi, uzildi. Yigirma yil ichida bir necha marta xalqalari va mixlarini almashtirishdi. Ammo uning po‘latdan ham mustahkam oyoqlariga hech nima kor qilmadi. U faqat tahorat ololmagani uchungina xafa bo‘lardi. Quyosh chiqadigan tomondan o‘ngroqqa burilar, ko‘zlarini qiblaga qaratib, besh vaqt namozni sirli imo-ishora bilan ado qilar edi.
Ellikka kirganida, «Endi eshkakni yaxshi esholmaydi», deb, qaroqchilar bir orolda uni sotib yubordi. Xo‘jayini bir dehqon edi. O‘n yil qattiq non yeb, uning qo‘lida ishladi. Ollohga shukr qilardi. Chunki endi oyoqlari zanjirband emas, tahorat ola bilar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qiblaga ro‘baro‘ turib, esida qolgan oyatlari bilan namoz o‘qib, duo qila olardi. Butun o‘y-xayoli tug‘ilgan yurtiga, Edremitga qaytish edi. O‘ttiz yil ichida bir lahza ham umidsizlikka tushmadi. «O‘lganimdan so‘ng tirilishimga qanchalik ishonsam, ellik yillik asirlikdan keyin ham Vatanga qaytishimga shunchalik ishonaman», derdi. U eng dongdor, eng mashhur turk kemachilaridan edi. Yigirma yoshidayoq Jabal al-Tariq bo‘g‘ozidan o‘tgan, shimol shamoliga qarab haftalab, oylab, qirg‘oq ko‘rmay suzgan, duch kelgan egasiz orollardan soliqlar undirgan, katta-kichik dengiz flotlarini bir o‘zi yengil kemasida yenggandi. O‘sha paytlar turk elida uning nomi tillarda doston edi. Hatto podshoh saroyga chaqirtirib, sarguzashtlarini maroq bilan tinglagandi. Chunki u Hizr alayhissalom kezgan diyorlarda sayr etgandi. Shunday dengizlarga borgan ediki, unda tog‘lardan, orollardan katta muz parchalari suzib yurardi. U tomonlar umuman boshqa bir dunyo edi. Olti oy kunduz, olti oy kecha bo‘lardi. Xotinini ham o‘sha – bir yili bir kecha-kunduzdan iborat sirli o‘lkadan topgan edi. Kemasi oltin, kumush, inju, olmos va asirlar bilan to‘lib, vatanga qaytar ekan, dengiz o‘rtasida uylangan, o‘g‘li Turqut Chanoqqal’adan o‘tayotganda tug‘ilgandi. U hozir qirq besh yoshga kirgan bo‘lsa kerak. Tirikmikan-a? Qiyofasini ham unutib yuborgani, qordan ham oppoq ayoli sog‘-salomatmikan? Qirq yilki, faqat poytaxtning, Istanbulning minoralari, ufqi xayolidan hech ketmaydi. «Bir kemam bo‘lsa, ko‘zimni shart yumardim-u, Kabatoshning oldiga langar tashlardim», deya orzu qilardi… Oltmish yoshdan o‘tganidan keyin xo‘jayini uni go‘yoki ozod qildi. Bu ozod qilish emas, ko‘chaga haydash, nochorlikka tashlash edi, aslida. Keksa tutqun shu qarovsiz uzumzordagi xaroba kulbani topdi. Ichiga kirib, joylashib oldi. Hech kim hech nima demadi. Ora-sira qishloqqa tushar, qariligiga achinib berilgan sadaqalarni yig‘ib qaytardi. Oradan yana o‘n yil o‘tib ketdi. Endi juda holdan toygan, uzumzor egasi ham uni yoqtirmay qolgandi. Qayoqqayam borar edi?
Ammo endi avvalgi tushlarini yana ko‘rayotgandi. Qirq yillik tush… Turklarning, turk kemalarining kelishi… Qoq suyak qo‘llari bilan ko‘zlarini ishqadi. Dengiz ko‘k bilan tutashgan ufqqa qaradi. Ha, albatta kelishadi, bu – aniq! U bunga shunchalar ishonardiki…
– Qirq yil ko‘rilgan tush yolg‘on bo‘lmaydi! – dedi o‘z-o‘ziga. Kulba devorining tagiga cho‘zildi. Sekin ko‘zlarini yumdi. Ko‘klam umid uchquni kabi atrofni nurga to‘ldirardi. Chag‘alaylarning «Kelayaptilar, kelayaptilar, seni qutqarishga kelayaptilar» deganga o‘xshash shirin ovozlarini tinglay-tinglay uxlab qoldi. Devor toshlarining orasidan chiqqan kaltakesaklar uning ustida kezib yurar, dag‘al kiyimining ichiga o‘rmalar, qalin oppoq soqollari orasida o‘ynardi. Keksa tutqun tushida og‘ir turk dengiz flotining bandargohga kirganini ko‘rardi. Qasabaga boradigan yo‘lga bir necha bo‘luk  askar tushgan edi. Qizil bayroqni uzoqdan tanidi. Xanjar va qalqonlar quyosh nurida yaltirardi.
«Biznikilar! Biznikilar!» deya baqirib uyg‘ondi. Qaddini rostladi. Ustidagi kaltakesaklar tumtaraqay qochib ketdi. Bandargohga qaradi. Haqiqatan ham, qal’aning qarshisida dengiz floti ko‘rinardi. Kemalarning, yelkanlarning, eshkaklarning shakliga e’tibor berdi. Rangi oqarib ketdi. Ko‘zlarini kattaroq ochdi. Yuragi hapqira boshladi. Qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi. Qirqoqqa yaqinlashayotgan turk kemalari edi. Ko‘zlariga ishonmadi.
«Ajabo, tushimmi, o‘ngimmi?» – shubhaga tushib qoldi. Uyg‘oqlikda ham tush ko‘riladimi? Ishonch hosil qilish uchun qo‘lini tishladi. Yerdan o‘tkir tosh parchasini oldi. Peshonasiga urdi. Ha, og‘riqni his qilayapti. Uyg‘oq ekan, ko‘rganlari ham tush emas. Hoynahoy, kemalar u uxlayotganda burun orqasidan chiqib kelgan bo‘lsa kerak. Sevinib ketgani, shoshib qolgani bois, oyoqlaridan mador ketdi. O‘tirib qoldi. Qirg‘oqqa chiqqan bo‘luklar qizil bayroqlar ko‘targancha to‘g‘ri qal’aga qarab kelayotgandi. Qirq yillik kutishdan ortgan eng so‘nggi g‘ayratini yig‘ib olg‘a intildi. Birdan suyaklari qisirlab ketdi. Bodomlarning gulli soyalari tushib turgan yo‘ldan ildamladi. Qirqoqqa qarab yugura ketdi. Askarlar oqsoqol cholning o‘zlari tomon chopib kelayotganini ko‘rib:
– To‘xta, – deya baqirdilar.
Qariya to‘xtamadi, u ham baqirdi:
– Men turkman, o‘g‘illarim, turkman.
– …
Askarlar uning yaqinroq kelishini kutdi. Chol turklarga yaqinlashayotib, birinchi uchraganini quchoqlab, o‘pa boshladi. Ko‘zlaridan duvillab yosh oqardi. Uning ahvolini ko‘rganlar ham mutaassir bo‘ldilar. Cholning hayajoni biroz bosilgach, so‘radilar:
– Qanchadan beri asirlikdasiz?
– Qirq yildan beri!
– Qayerliksiz?
– Edremitlik.
– Ismingiz nima?
– Qora Memish.
– Kapitanmidingiz?
– Ha…
Cholning atrofidagi askarlar orasida g‘ala-g‘ovur boshlandi. Bir hayqiriq yangradi: «Beyga xabar bering!». «Beyga xabar bering!» deya baqirishib qolishdi. Cholning qo‘ltiqiga kirdilar. Dengiz bo‘yiga qushdek uchirib borishdi. Bir qayiqqa o‘tqazdilar. Keyin katta kemaga olib chiqishdi. Askarlar orasida uning qahramonlik sarguzashtlarini bilmagan, dovrug‘ini eshitmagan kimsa yo‘q edi. Qariya kema sahnida biroz turib qoldi. Sevinganidan shoshib qolgan, o‘zini yo‘qotgan edi. Unga shalvor kiygizishdi. Yelkasiga zarbof to‘n tashladilar. Boshiga dastor kiygizdilar.
– Qani, beyning yoniga, – dedilar.
Uni bu yerga olib kelgan askarlar bilan birga ulkan kemaning quyrug‘iga qarab yurdi. Harbiy kiyimi ustidan temir, po‘lat zirh kiygan shopmo‘ylov odamning qarshisida to‘xtadilar.
– Siz kapitan Qora Memishmisiz?
– Ha!
– Hizr alayhissalom kezgan joylarga borgan sizmisiz?
– Menman.
– Rost gapirayapsizmi?
– Nega yolg‘on gapirayin?
– Yeching o‘ng yengingizni, ko‘ray.
Chol qo‘lini to‘nidan chiqardi. Yengini shimardi. Beyga uzatdi. Bilagida xoch shaklida chuqur chandiq bor edi. Bu chandiqni olti oy tun bo‘ladigan oroldan xotinini olib qochayotganida orttirgan edi. Bey cholning qo‘lini quchdi, o‘pa boshladi.
– Men sizning o‘g‘lingizman! – dedi.
– Turqutmisan?
– Ha!..
Keksa asir sevinchdan xushini yo‘qotdi. O‘ziga kelgach, o‘g‘li unga:
– Men jang qilish uchun qirg‘oqqa tushayapman. Siz kemada damingizni oling, – dedi.
Sobiq qahramon ko‘nmadi:
– Yo‘q. Men ham sizlar bilan jangga kiraman.
– Keksayib qolgansiz, ota.
– Ammo hali ham yuragim baquvvat!
– Dam oling! Bizni kuzating!
– Qirq yilki urushni sog‘inganman…
O‘g‘li otasining qo‘llaridan tutdi: «Vataningizni, yaqinlaringizni ko‘rmasingizdan, sizni yana yo‘qotmaylik, ota», deya yolvorib o‘pdi.
Chol boshini ko‘tardi, qaddini rostladi: u yana yoshargandek edi. Bayroqqa ishora qilib dedi:
– Shahid bo‘lsam, buni ustimga yopinglar! Qizil bayrog‘im hilpirab turgan joy ham vatanim emasmi?

1910

Turk tilidan Davronbek TOJIALIEV tarjimasi
_______
*  Forsa – kemada eshkakchilikka mahkum qilingan qul.