Sud ishi ko‘rilayotgan xonada pishloq hidi anqirdi. Odamlar liq to‘la xonaning burchagidagi to‘ntarib qo‘yilgan kichikroq bochka ustida g‘ujanak bo‘lib o‘tirgan bolaning dimog‘iga pishloq va yana allanarsalarning hidi urilardi; o‘tirgan joyidan u yapasqi, dumaloq, do‘mpaygan tunuka idishlar qator qilib terilgan tokchalarni ko‘rar, idishlarning qorinlaridagi yozuvlarni xuddi qursog‘i bilan o‘qiyotganday bo‘lar, zero, yozuvlarning harflari uning ongi-idrokiga yetib bormas, ammo qizil chiziqlar bilan baliqlar dumlarining kumushsimon yoylari boshqacha tuyulardi; bularning bari – pishloq va havo o‘tmaydigan, zichlab yopilgan idishlardagi go‘shtning hidi uning ishtahasini qitiqlar, dam-badam dimog‘iga urilib, uni tinimsiz anqiyotgan boshqa bir hid yo sezgidan biroz bo‘lsa-da, chalg‘itar, bu qo‘rqishdanmikin, yo to‘g‘rirog‘i, alam va umidsizlikmikin – uning qonini qaynatar, qahr-g‘azabga to‘ldirar, ammo bu birinchi marta bo‘layotgan narsa emasdi. U sudya o‘tirgan stolni ham, stol oldida tik oyoqda turgan otasi hamda uning raqibini ham ko‘rmasdi. “Bizning raqibimiz, – deb o‘ylardi bola alamangiz, – men va otamning raqibi. Axir, bu mening otam-ku!” Biroq u gap-so‘zlarni aniq-tiniq eshitib o‘tirar, to‘g‘rirog‘i, ikki kishining gap-so‘zi qulog‘iga chalinar, ammo otasi bu orada churq etib og‘iz ochmagan edi.
– Sizning qanday dalil-isbotlaringiz bor, janob Harris?
– Boya sizga aytdim-ku. Uning axta cho‘chqasi ekinlarimni payhon qildi. Men uni tutib o‘ziga topshirdim. Uning o‘ralgan devorlari ham yo‘q. Uni ogohlantirdim. Boshqa safar uning cho‘chqasini o‘zimga qo‘shib oldim. U cho‘chqasini olib ketgani kelganida, unga bir g‘altak sim berdim, qo‘ton qurib ol deb. Keyingi gal o‘zim bordim uning yeriga. Borsam, sim ham, g‘altak ham o‘sha-o‘sha holicha hovlida yotibdi. Men unga agar payhon qilingan ekin uchun bir dollar to‘lasa, cho‘chqasini qaytarib olaversin dedim. Oqshom u bir qoradan bir dollar berib yuborib, cho‘chqasini oldirib ketdi. Begona bir negr ekan. U menga: “Sizga shu gaplarni aytib qo‘yishni tayinlashdi: og‘och va pichan tez yonib ketadigan narsalar” dedi. Men o‘zi nima gap dedim. “Shu-shu gap, shuni tayinlashdi, yog‘och bilan pichan tez yonib ketadigan narsalar deyishdi”. Shu kechaning o‘zidayoq mening molxonamga o‘t tushdi, mol-holni qutqarib qoldim, molxona yonib ketdi.
– O‘sha negr qayoqda? Uni ushladingizmi?
– Sizga aytdim-ku, begona negr, tanimayman deb. Unga nima bo‘lganini bilmayman.
– Xo‘sh, bu dalil bo‘lolmaydi. Siz buni tushunmaysizmi?
– Siz yigitchadan so‘rab ko‘ring. U biladi.
Oldiniga bola gap mening akam haqida boryapti, deb o‘yladi, ammo Harris shunday dedi:
– Yo‘q, unimas. Anavinisini, bolakayni. Kichkinasini aytaman.
Shu oriq yelkasi turtib chiqqan, yoshiga nisbatan jussasi ushoq, past bo‘yli, otasi kabi qotma, eski-tuski, yirtiq-yamoq uvadalar ichida o‘sgan, to‘g‘ri tikraygan qizg‘ish-qo‘ng‘ir sochlariga hech qachon taroq tegmagan, ko‘zlari xuddi qora bulutdek ko‘kimtir va g‘ayr boquvchi bolakay odamlar chetlanib stol orasidan o‘zicha joy ochayotganlarini, xo‘mraygan basharalar tizilishib, oxirida sochlari oqara boshlagan, ko‘rimsiz, ko‘ylagi yoqasiz, ko‘zoynakli janob sudyaga to‘g‘ri ro‘para bo‘lib qolganligini ko‘rdi va ne qilsinki, sudya uni o‘z yoniga chaqirmoqda edi. U yalang oyoqlari bilan polni qanday bosib borayotganligini sezmadi: barcha badqovoq nigohlar uning yelkasidan og‘ir yuk bo‘lib bosdi, nazarida. Ota yakshanba kunlari kiyadigan qora kamzulida xoda yutganday qotib turardi. Kamzulni u sudga borayotgani uchun emas, yo‘lga chiqqani uchun kiygandi – u bolakayga hatto ko‘z qirini tashlagani ham yo‘q. “U mening yolg‘on gapirishimni istayapti, – o‘ylandi bolakay va yana umidsizlik va g‘am-anduhga cho‘mdi. – Yolg‘on gapirishimga to‘g‘ri keladi”.
– Oting nimadir, bolakay? – so‘radi sudya.
– Polkovnik Sartoris Snoups, – pichirladi bola.
– Rostdanmi? – hayratlandi sudya. – Qattiqroq so‘yla. Bundan chiqdi senga tug‘ilganingdayoq polkovnik deb ot qo‘yishgan ekan-da? Xo‘sh, unday esa nomi polkovnik sharafiga qo‘yilgan odam faqat to‘g‘risini aytishi kerak. Shundaymi?
Sarti indamadi.
“Dushman! Dushman!” deb o‘yladi u. Bir zum uning ko‘zlari hech narsani ilg‘amadi, sudyaning nimtabassum qilib turganini payqamadi, sudyaning tovushi Harris ismli odamga murojaat etganida qaltirab ketganligini sezmadi.
– Xo‘sh, siz shu bolakayni so‘roq qilishimni xohlaysizmi?
Lekin, harqalay, qulog‘i eshitayotgandi, mana shu odamlar tiqilinch, vazmin va hayajonli nafaslardan boshqa tiq etgan tovush chiqmayotgan xonada u o‘zini boshqacha sezdi, bir kuni u jar ustidagi uzun tok zangiga chiqib bor kuchi bilan silkinganda, u tomondan bu tomonga chayqalib borib kelganda, uni xuddi bepoyon vaqt ichidan uzib olinganday, o‘zining favquloddaligi bilan karaxt qilib qo‘yadigan tuganmas bir lahza qamrab olgandi.
– Yo‘q! – dedi zarda va qahr bilan Harris. – Kerakmas! Uni uyiga qaytarib yuboring!
Va yana vaqt xuddi oqib kelayotgan to‘lqinlarday uning boshiga yog‘ildi, panir-pishloq hamda idishlarga tiqib joylangan go‘sht hidlariga omuxta ovozlar yog‘ildi, qo‘rquv ham, umidsizlik ham, yana o‘sha-o‘sha eski yaraning azob-og‘riqlari ham yog‘ildi.
– Da’vo rad etilsin. Sizga qarshi surilgan ayblovni, Snoups, men isbotlanmagan deb topaman, ammo sizga bir maslahat beraman. Bu yerdan keting va hech qachon qaytib kelmang.
Shunda birdan otasi tilga kirdi. Uning tovushi sovuq va g‘ayr edi, u tekis va hech qanday ifodasiz so‘ylardi.
– O‘zim ham shunday qilmoqchiman. Men bunda turli-tuman haliginaqalar orasida… – u muayyan biron kimsaning sha’niga qaratilmagan bo‘lsa-da, aytib bo‘lmaydigan koski, qo‘pol bir so‘zni tilga oldi.
– Juda soz! – dedi sudya. – Aravangizni torting, ertaga ertalabdan bu yerlarda boshqa qorangizni ko‘rsatmang. Majlis yopiq.
Otasi shaxd bilan orqasiga qayrildi, shunda bola qotirib qo‘yilganday qora kamzul va paydor qotma qomat orqasidan ergashdi, voqean, bundan o‘ttiz yil muqaddam xuddi mana shu yerda o‘g‘irlangan otda janubliklarning dala jandarmalari yog‘dirgan o‘qlardan ana shunaqa bosh egmay, shoshilmay uzoqlashib ketgan, lekin oxir-oqibat o‘qlardan biri tovoniga tekkandi; bola ro‘parasida paydo bo‘lgan ikkita qora yelka ortidan bordi, chunki qayerdandir to‘da ichidan qaddi-basti otasi bilan teng, lekin undan ko‘ra miqtiroq katta akasi har doimgiday ikki lunjida tamaki saqich chaynagan holda ularga qo‘shildi; bola badqovoq basharalar orasidan o‘tib, binoning eskirgan ayvon yo‘lagi osha qimirlab turgan pillapoyalardan pastga tushib, itlaru o‘smirlar oralab bilqillab yotgan may oyining chang-to‘zon tuprog‘ini bosib bordi – va shunda kimningdir vishillagan tovushini eshitdi:
– Hap, senimi, o‘t qo‘yuvchi!
Yana uning ko‘z o‘ngida hamma narsa ayqash-uyqash bo‘lib ketdi; uning bo‘yidan sal pastroq bir bola – basharasini xuddi qizil tuman bosganday dum-dumaloq irjaygan bir kalla – va shunda bola qizil tumanga qarab tashlandi, ustma-ust tushayotgan musht zarbalarini ham sezmadi, o‘zini chalib yiqitishgani, boshi bilan yerga gursillab qulaganini ham bilmadi, amal-taqal qilib o‘rnidan turdi va yana haligi dumaloq tumanga tashlandi va yana ketma-ket tushgan zarbalarni payqamadi, og‘zidagi sho‘r qon ta’mini tuymadi va yana qaddini rostladi, tashlandi, anov sariq tuman qochdi, izidan quvdi, shunda temirdek qo‘l uni qattiq tutdi, qaytardi va g‘ayur sovuq tovush eshitildi:
– Qani, tez aravaga chiq!
Usti yopiq katta arava-furgon yo‘l bo‘yida akas va tut daraxtlari tagida turardi. Yakshanbalikka yasanib kiyingan to‘lachadan kelgan opalari, qalin surp ko‘ylak, yengil bosh chepak kiyimdagi onasi va xolasi – hammalari ne-ne darbadarliklarni ko‘rmagan, bolaning hech esidan chiqmaydigan eski-tuski bo‘xchalar, tugunlar ustida o‘tirishardi; qiyshayib qolgan temir pechka, singan-chiqqan karavotlaru kursilar, onasining sepi bilan kelgan, qandaydir olis o‘tmishda qolgan va unutilib ketgan allaqaysi bir kunning ikki-yu o‘n to‘rt daqiqasida taqqa qotgan, sadaf qadalgan soat. Onasi ko‘z yosh to‘kib o‘tirar, lekin uni ko‘rgach, yoshlarini yengi bilan artib furgondan tusha boshladi.
– Bu yoqqa! – dedi otasi.
– Sog‘ joyini qo‘ymay urishibdi. Men suv topib yuvib qo‘yay…
– O‘tir joyingga! – qaytardi otasi.
Bola orqadagi zinachadan aravaga chiqdi. Otasi arava o‘rindig‘ida o‘tirar, akasi ham shu yerga o‘rnashgan, u qo‘lidagi uzun tol qamchi bilan xachirlarni ketma-ket ikki bora qahrlanmasdan, ammo zo‘r berib savaladi. Uning bu xatti-harakatida qahru g‘azab yo‘q edi, keyin-keyinlar uning izdoshlari ham shunday qiladigan bo‘lib, shunga odatlandilar – jilovu xivichni baravar ishga soldilar, haydovchilar esa turgan joyning o‘zida qattiq gaz berib, shu zahoti yana tormoz bosardilar. Furgon arava o‘rnidan jildi, do‘kon hamda miq etmay tomosha qilib turgan xo‘mraygan badqovoq to‘da yonidan o‘tdilar va mana, nihoyat, muyulishda hammasi ko‘zdan yo‘qoldi. “Abadulabad, – deb o‘yladi bola, – yetar endi shuncha ko‘rgiliklarim, mana endi u…” Hatto o‘ziga o‘zi bu so‘zni aytmaslik uchun u tilini tiydi. Onasi uning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.
– Og‘riyaptimi? – so‘radi u.
– Yo‘q, – dedi bola. – Nimasiga og‘riydi. Gapirmang.
– Qotib qolmasdan burun qonni yuvib tashlasang bo‘larmidi.
– Kechqurun yuvinaman, – dedi bola. – Sizga aytdilar-ku, qo‘ying.
Furgon-arava olg‘a odimlardi. Qayerga ketayotganliklarini bola bilmasdi. Shunday, ularning hech qaysilari hech qachon bilmagan va hech qachon so‘ramagan, chunki ular doim qaygadir borishar va ikki-uch kun yurganlaridan so‘ng ularni doim qandaydir bir bo‘m-bo‘sh yotgan uy kutib olardi. Chamasi, bu safar ham otasi bironta ferma bilan yeridan hosilini yig‘ib-terib berishga kelishgan bo‘lsa kerak, keyin yana xudo biladi… Va yana bola o‘z o‘y-xayollariga chek qo‘ydi. Otasi har qachon shunday qilgan. U bo‘ridek sarkash va dovyurak edi, shuning uchun uni boshqalar hurmat qilishardi, bosiq, shu bilan birga tiyiqsiz qahr-g‘azabi uning mustaqilligini qandaydir ihota qilib turar, kishilar nazdida o‘zining haq ekanligiga bitmas-tuganmas ishonchi u bilan bir fikrda bo‘lganlar, bir yoqadan bosh chiqarganlarning hammasi uchun foyda keltiradigandek edi.
Kechasi ular emanzor o‘rmondagi buloq bo‘yiga qo‘nishdi. Kechalari hali havo juda sovuq bo‘lardi, ammo ular nima qilishni bilishardi, allakimlarning chetanidan yog‘och xodachalarni sug‘urib olishardi-da, maydalab o‘tin qilib, qalovini keltirib gulxan yoqishardi. Otasi hatto qahraton ayozlarda ham gulxanni katta qilib yoqishga ruxsat bermasdi. Yoshi picha kattaroq va o‘zi esliroq bo‘lganda, bola buning nimaligini fahmlashi va hayron qolishi mumkin edi, nima uchun otasi gulxanni kattaroq qilib yoqmasin, nima uchun kishi, urushlarning bema’ni vayronagarchiliklarini ko‘rgan, kichik yoshidan beri boshqalarga tegishli narsalarni ayab-avaylab o‘tirmaslikka johilona o‘rganib odatlangan kishi nechuk katta gulxanlar yoqmasin, nechuk atrof-tumonotda nimaga duch kelsa, bari-barini o‘t-olov hukmiga duchor etmasin. Balki bolakay esliroq bo‘lganda, ehtimol, bundan ko‘ra ham boshqacharoq bir xulosa chiqararmidi; qayerdan kelib chiqdi gulxanni bunday tejab kichkina qilib yoqish, otasi bundan to‘rt yil ilgari bir qancha aravaga qo‘shiladigan otlari bilan (otasi ularni o‘lja otlar derdi) o‘rmonliklarda barcha odamlardan, ko‘k kiyganlardan ham, bo‘z kiyganlardan ham qochib, yashirinib yurgan chog‘larida balki kechalarda chog‘roq gulxanlar yoqishga o‘rgangandir. Balki bolakay keyinroq borib buning haqiqiy sababini qidirib topgan: anglagan va tushungan bo‘lardi, ehtimol, o‘t-olovning asl, azal tabiati otasining tub ongi qa’rlarida yotgan allanarsalarga muqobil mengzardi – misoli porox bilan po‘latning azal tabiati boshqa bir kishilar ongi qa’rlaridagi allanarsalarga mosu muqobil tushganday – va bular o‘zi uchun eng qadr-qimmatli narsalarni saqlash va asrash vositasiga aylanganday – va bularsiz hayotning o‘zi ham aslo hayot emasday; shundan emasmi, axir, olovni e’zozlash, uni ziqnalarcha asrash, undan ziqnalarcha foydalanish.
Ammo bolakay hozir bular haqda o‘ylamasdi; shu paytgacha u faqat o‘ta tejamkorlik bilan yoqilgan gulxanlarnigina ko‘rgandi. Bolakay o‘z tunuka tovog‘i ustida mudray boshlaganda, otasi uni chaqirdi va u yana otasining temirday qattiq yelkasi, omonsiz oqsoqlangan oyoqlari ortidan yo‘l tanobini tortib bordi, ular yulduzlar yog‘dusida oqarib turgan yo‘ldan tepalikka ko‘tarildilar; yuqoriga chiqqanlarida otasi unga qarab o‘girildi va u otasini yulduzlar shu’lasida ko‘rdi – yuzida yuz yo‘q, ko‘rimsiz, turgan-bitgani qora sharpaning o‘zi, yapasqi va qonsiz, xuddi tunukadan kesib yasalganday, bo‘yiga o‘lchab tikilmagan kamzulining burma qatlari qattiq. Tunukaday qattiq; yapasqi bir ovoz eshitildi bolaga:
– Sen ularga aytib bermoqchi bo‘lding. Ularga sen aytarmiding?
U otasiga javob bermadi. Otasi uning boshiga kafti bilan qattiq urdi, ammo g‘azab qilmadi, xachirlarni sud binosi oldida qamchi ko‘tarib shunday urgandi, xuddi xachirlar yag‘riniga yopishgan so‘nalarni urib o‘ldirmoqchi bo‘lganday; lekin ovozida qahru g‘azab va kin sezilmasdi.
– Ko‘p o‘tmay sen er yigit bo‘lasan. Tushunish kerak. O‘zingning qondosh qarindoshlaringga suyanishing kerak, keyin seni ham suyaydilar. Sudda kimdir yoningni olardi deb o‘ylaysanmi? Ularning butun o‘y-xayoli meni qo‘lga tushirishda, tushunmaysanmi shuni? Ular meni boshqacha yo‘l bilan qo‘lga tushirolmasliklarini yaxshi bilishardi. Xo‘p, tushundingmi?
Keyinroq, yigirma yillardan so‘ng bola bularni eslab, shunday deb o‘ylagandi: “Agar men ular faqat haq va adolatni xohlagandilar, desam, otam meni yana urgan bo‘lardi”. Biroq u o‘shanda hech narsa demadi. Ko‘z yosh to‘kmadi. U indamay turdi.
– Xo‘sh, bildingmi? Gapir, – dedi otasi.
– Ha, – deya pichirladi bola.
– Bor, uxla. Ertaga yetib boramiz.
Ertasiga ular yetib bordilar. Tushlikka yaqin furgon-arava ikki xonali bo‘yalmagan uy oldida to‘xtadi; bolakay o‘n yoshga kirguncha xuddi ikki tomchi suvday bir-biriga o‘xshaydigan juda ko‘p mana shunday uylarda yashagandi; yana hamma vaqt bo‘lganiday onasi va xolasi pastga tushib, aravadan yuklarni bo‘shata boshladilar, opachalari, akasi va otasi yordamga qo‘l ham cho‘zishgani yo‘q.
– Bu uy cho‘chqalarga oxurlikka ham yaramaydi, – deb gap qildi opachalaridan biri.
– Senga yarayveradi. Cho‘chqalarni boqib ko‘paytirasan, xursand bo‘lib yurasan og‘zing qulog‘ingda, – dedi otasi. – Qani, qimirlanglar, onangga qarashinglar.
Xuddi sigirday yirik-yirik beso‘naqay opachalari kraxmallangan lentalarini shildiratishib o‘rnilaridan turishdi; birisi o‘rin-ko‘rpalar tagidan sirlari ko‘chgan fonarni ko‘tardi, ikkinchisi junlari to‘kilgan eski cho‘tkani qo‘lga oldi. Otasi jilovni katta o‘g‘liga berdi-da, belini bukmay g‘ildirakka oyoq tirab aravadan tushdi.
– Yuklarni tushirib bo‘lishgandan keyin, xachirlarni otxonaga olib bor, yemlarini ber! – Keyin qo‘shib qo‘ydi (avvaliga bolakay otam akamga aytyapti deb o‘yladi): – Yur!
– Menmi? – Sergak tortdi bola.
– Ha, – dedi otasi, – sen.
– Ebner, – dedi onasi.
Otasi indamay unga qaradi. Oqara boshlagan quyuq qoshlarini chimirdi, nigohi qattiq va ma’nosiz edi.
– Meni butun ashqol-dashqollarim bilan rosa sakkiz oyga sotib olgan odamga bir og‘iz so‘z aytsam joizdir-ku, a?
Yana yo‘lga tushishdi. Biror hafta burun yoki kechagi oqshomgacha bola balki qayoqqa boramiz, deb so‘ragan bo‘lardi, ammo endi bunga ehtiyoj qolmagan edi. Otasi ilgarilar ham, kecha kechqurunga dovur, uni kaltaklab turar, ammo hech nega kaltaklaganining sababini aytmasdi; mana endi boshiga qars etib urgani va undan keyin xuddi tahqirlaganday osuda, vazmin tovush bilan so‘ylagani hamon bolaning qulog‘idan ketmay aks sado berib turar, lekin bundan uning bolalarcha nochorligidan o‘zga hech nimani tushunib bo‘lmasdi – boshidan kechirgan yillarning yengil-elpi, hilpirak taassurotlari yuki mana endi u banogoh uloqtirilib yuborilgan dunyodan butunlay uzilib ketishiga yo‘l qo‘ymay xalaqit berar va shu bilan birga oyoqda mahkam turish, bu dunyoga qarshilik ko‘rsatish va uning sahnida nimalarnidir o‘zgartirishga ham ojizlik qilardi.
Ko‘p o‘tmay u qubbador emanzor, to‘p-to‘p qarag‘aylar va yana allaqanday gullab yotgan daraxtlar, butazorlarni ko‘rdi, boy qo‘rg‘on shularning orqasida bo‘lsa kerak. Ular uchqat butalari va na’mataklar chirmashgan ko‘k chetan devor yoqalab, tavaqalari keng ochilgan g‘ishtin tayanchli katta darvozaga borishdi, keyin xiyobonga o‘tishdi; umrida birinchi marotaba bunday qo‘rg‘onni ko‘rishi edi va bir zumga otasini, o‘zining qo‘rquvlari-yu alam-umidsizliklarini unutdi, hatto otasini eslaganda ham (otasi to‘xtamay odim otardi), qo‘rquvlari va o‘rtanishlari boshqa qaytalamasdi. Qancha ko‘p sarson-sargardon yurmasinlar, ular shu choqqacha bu qashshoq yurtni, mayda-chuyda fermalaru ozg‘in kam hosil yerlar, xaroba kulbalar yurtini hech qachon tark etmagandilar va shu choqqacha u bunday uyni hech qachon ko‘rmagandi. “Kattaligini qarang, xuddi saroyga o‘xshaydi-ya”, deb o‘yladi bola kutilmaganda tinchlanib. Ushbu osudalik va xotirjamlik nimadan ekanligini u so‘z bilan tushuntirib berolmasdi: buning uchun hali ancha yoshlik qilardi. Bunday yerda yashaydiganlar otasidan qo‘rqishmaydi. Bunday rohat-farog‘atda yashaydigan kishilarga otasining kuchi yetmaydi, ular otasiga g‘o‘ng‘illagan ariga qaraganday qarashadi: nari borsa, bir marta chaqadi – bor-yo‘g‘i shu, xolos, bu eminlik, farog‘at, ulug‘vorlik otasining ziqna yuho olovidan omborlaru molxona-yu otxonalarni to‘sib, saqlab turadi… Lekin u qoraygan qattiq yag‘rin, omonsiz oqsoqlangan oyoqlar, uyning mahobatidan zarracha o‘ksinmagan qaddu qomatni ko‘rganda, osoyish va quvonch shu zahoti uni tark etdi; shunisi ham borki, otasining jussasi hech qachon hech yerda kattayib mahobat bilan ko‘zga tashlanmasdi; mana endi qator-qator ustunlar ko‘tarib turgan hashamdor uy oldida otasi yassi tunukadan yasalgan jonsiz loshga o‘xshar, u yon tarafdan qaraganda, hatto soya ham tashlamasdi. Bola otasi og‘ishmay to‘g‘ri odim otib borayotganini payqadi; shu bilan birga u otasining bukilmaydigan bir oyog‘i yo‘lkadagi ot tezagini tik bosib o‘tganini ko‘rdi, holbuki, otasi uni bosmay osongina chetlab o‘tsa ham bo‘lardi. Lekin bu fikr bir soniya uning xayolidan lip etib o‘tdi, buni ham so‘z bilan ifodalab berolmagan bo‘lardi; keyin yana uyning hashami uning xayolini o‘ziga band etdi – qaniydi shunday uyda yashasang! – Yo‘q, u hasad qilmadi, o‘ksinmadi – unga bir necha qadam ilgariroqda borayotgan cho‘yanday og‘ir qora kamzulning kin va qahru g‘azabga to‘la adovati begona edi. “Balki otam ham shunday deb o‘ylayotgandir. Balki xuddi shu narsa uni o‘zgartirib yuborar va balki o‘zi ixtiyorsiz tarzda tushgan hozirgidaqa ahvoldan qutular?”
Ular qator-qator ustunlardan o‘tishdi. Endi otasining plitalar ustida yangrayotgan zilday qadam tovushlari qulog‘ida zirillar va soat ovoziday ravshan aks sado berardi; tovushlar bu uyning ham, keluvchilarning ham miqyoslariga sira mos emasdi; aks sadolarni bu yerdagi hech vaqo, hatto qarshilarida turgan oq eshik ham bosib ketolmas, go‘yo qahrli, vahshiyona ziddiyatning eng keskin, so‘nggi chegarasiga yetib kelinganday va bu holning shiddatini hech narsa pasaytira olmaydiganday edi; yana uning shundoq ko‘z o‘ngida yapasqi, ayvoni keng qora shlyapa, dag‘al qalin matodan tikilgan basavlat kamzul turdi-qoldi; bir mahallar tusi qora bo‘lgan bu kamzul endi eskirib, chirki yiltillab, xuddi go‘ng pashshaday ko‘kimtir tovlanar, ilgariga tomon silkinayotgan qo‘l esa xuddi tirnoqlari qayrilgan panjani eslatar, haddan tashqari keng yenglari tirsaklariga qadar qayrilgandi. Eshik shitob bilan ochilganidan xizmatkor negr ulardan ko‘z uzmay kuzatib turganligini bola tushundi. Jingalak sochlariga oq oralagan, gazlama kamzulcha kiygan qari negr; u eshikni gavdasi bilan to‘sib dedi:
– Oyog‘ingizni arting, oq kishisiz, saranjom-ozoda uyga kiryapsiz. Mayor hozir uyda yo‘q.
– Qoch yo‘ldan, qora yaloq, – dedi otasi achchig‘i chiqmay, xotirjam.
U negrni bir chetga surib, hamon boshidan qora shlyapasini yechmay ichkari kirdi. Shunda bola otasining oyog‘idagi tezak yuqidan avval bo‘sag‘ada, undan keyin gilam ustida iz qolganini ko‘rdi; otasining oqsoq oyog‘i tezak yuqini xuddi mashinaday muhrlab borar, gavdasining butun og‘irligini bor kuch bilan shu oyog‘iga tashlardi. Negr uning orqasidan yo‘rg‘alab:
– Miss Lula! Miss Lula! – deb qichqirardi.
Keyin bola gilam to‘shalgan pillapoyalar, jimirlab yalt-yult etgan shokilalar, billur qandillar, tillarang romlarning yumshoq iliq to‘lqinlariga g‘arq bo‘ldi; u ildam yaqinlashayotgan qadam tovushlarini eshitdi, keyin xonimoyni ko‘rdi – ilgari u hech qachon bunday oyimlarni ko‘rmagandi – ayol to‘r yoqali kulrang silliq tekis ko‘ylak kiygan, beliga aylantirib peshband o‘ragan, yenglari tirsakdan yuqorigacha qayrilgandi; u zalga kirib kelarkan, xamir yuqi qo‘llarini sochiq bilan dam-badam artardi. U otasiga emas, otasi guldor gilamda qoldirgan izlarga ishonqiramay hayratlanib qarardi.
– Men ichkariga kiritganim yo‘q! – deb qichqirardi negr. – Men unga aytdim, u…
– Iltimos, keting bu yerdan, – dedi oyim ovozi qaltirab. – Mayor de Speyn uyda yo‘q. Iltimos, keting…
Otasi churq etib og‘iz ochmadi. Og‘zini og‘ritib o‘tirmadi. U hatto oyimga qaramadi ham. Boshidagi shlyapasini yechmasdan gilam o‘rtasida qaqqayib turar, ko‘kimtir baroq qoshlarini chimirar, po‘latday yiltillagan ko‘zlarini uyning hashamatiga nafratomuz yugurtirardi. Keyin u xuddi o‘shanday nafrat yog‘ilgan bepisandlik bilan shartta ortiga o‘girildi; u sog‘ oyog‘iga tayangan holda egilmaydigan oyog‘ida yarim doira yasab aylandi-da, gilam uzra xayr-ma’zur o‘rniga uzunchoq tezak izini qoldirdi. Otasi gilamga bir boqib ham qo‘ymadi-yu, tashqariga chiqdi-ketdi, negr eshikni ochib turdi. Eshik orqalaridan qarsillab yopildi. Uy ichidagi ayolning asabiy chinqirig‘i eshitilmay qo‘ydi. Otasi ostona oldidagi zinapoyada to‘xtab iflos etigini zinaga yaxshilab artdi. Ikkinchi zinaga qadam qo‘yarkan, bukilmas oyog‘iga butun og‘irini tashlab yana bir zum to‘xtadi-da, yuzini uyga burdi.
– Oppoqqina! Chiroyli! – dedi u. – Baribir birovning peshona teridan bo‘lgan. Zanjilarning peshona teridan. Balki endi bunday uylar qurilishi uchun zanjilarning manglay teriga qon aralashgandir. Endi balki unga bizning peshona terimiz ham qorilishi kerakdir…
Shundan ikki soatlardan keyin bola uy orqasida o‘tin yorar, uy ichida onasi bilan birga xolasi o‘choq boshida tushlik taom hozirlab o‘ralashib yurishardi (devorlar to‘sib turgan bo‘lsa ham, ichkarida opachalari o‘larday yalqovlik qilib g‘o‘ng‘irlab vag‘irlayotganlarini eshitardi), shunda birdan qulog‘iga otlar dupuri chalindi, u gazmol kostyum kiyib chiroyli to‘riq baytalga mingan chavandozni ko‘rdi; uning kim ekanligini semiz axta ot ustida o‘rog‘lik gilamni oldiga qo‘yib ko‘tarib kelayotgan negr bolani hali ko‘rmasdanoq bildi; ot choptirib borayotgan odamning achchiq g‘azabdan qizarib-bo‘rtib ketgan basharasi yonginasidan tasirlab o‘tib, otasi bilan katta akasi mayishib ketgan stullarda o‘tirishgan uy ortida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi; bola hali yog‘och g‘o‘lani yorib ulgurmay oradan bir zum ham o‘tmagan ediki, tag‘in ot taqalarining tasir-tusur ovozi keldi-da, to‘riq baytal yana qo‘rg‘ondan chiqib yo‘l tomonga dupur-dupur o‘tib ketdi, keyin otasi qizlaridan birini chaqira boshladi-yu ko‘p o‘tmay o‘ralgan gilamni yerda sudrab orqasiga tislana-tislana oshxona eshigiga bitta opachasi, keyin uning izidan beparvo sudralib ikkinchisi chiqdi.
– Birga ko‘targing kelmasa, qozonga o‘t yoqib yuborsang-chi, – dedi gilamni sudragan opachasi to‘ng‘illab.
– Hoy, Sarti! – qichqirdi ikkinchi opachasi. – Qozonda suv qaynat!
Mulkdor qo‘rg‘onining hashamatiga qanday loqayd qaragan bo‘lsa, ko‘rimsiz atrof-tevarakka ham shunday farqsiz boqqan otasi uy eshigida ko‘rindi; uning yelkasi osha onasining tashvishga botgan chehrasi qarab turardi.
– Tez-tez qimirlanglar, hey! – dedi otasi. – Gilamni yozinglar.
Semiz va beso‘naqay opalari gilam ustiga egilishdi, shunda ularning etaklari keng-mo‘l ko‘ylaklari hilpirab ketdi, rango-rang tasmachalari shaldir-shuldir ovozlar chiqardi.
– Nima qilarkan shunaqa gilamni Frantsiyadan olib kelib uyiga to‘shamasa, oyoqosti bo‘lib, bulg‘anib ketishini bilishmaydimi, – deb to‘ng‘illardi birinchi opachasi.
Ular gilamni ko‘tarishdi.
– Ebner! – gap qotdi onasi. – Men o‘zim qila qolay.
– Borib ovqatingga qara, – dedi otasi. – Buni men o‘zim qilaman.
Bola o‘tinxonada kuymalanib yurib, kechgacha ulardan ko‘z uzmadi. Qozonda suv qaynadi, gilam o‘choqning oldida yerga yozildi, ikkala opachasi istar-istamay uyqusiragancha u yoqdan-bu yoqqa emaklashardi, otasi esa ularning tepasida qovoqlarini uygancha g‘o‘ddayib turar, ovozini ko‘tarmasdan ularni qisti-bastiga olardi. Bolaning dimog‘iga xomaki ishqorning badbo‘y hidi urilardi; onasi bir marta eshikka chiqib, bularning hammasiga tashvish-xavotirga botib, umidsiz holda alamangiz qarab turdi. Bola otasining gavda o‘girganini payqadi va yana qo‘liga boltasini olarkan, ko‘z qiri bilan otasi egilib yerdan yassi qumtoshni ko‘targanini ko‘rdi, unga diqqat bilan tikilib qaradi-da, keyin qaynayotgan qozonga tashladi, so‘ng bola onasining yalinib-yolvorayotganini eshitdi:
– Ebner, Ebner! Iltimos, unday qilma. Yolvoraman, Ebner!
Bola nihoyat o‘tinlarni saranjom qildi. Qosh qoraydi. Echkiemar churqillab qo‘shig‘ini boshladi. Tushlikdan ortgan sovib qolgan ovqatni kechki taom o‘rnida yeyishdi, oshxona tomondan qahva hidi taraldi, bola bu yerga kirib kelganidayoq qahva tayyorlanayotganini sezgan edi, sababi o‘choqda olov yonib turgani bo‘lsa kerak; yonayotgan olovga yaqin qo‘yilgan ikkita stul suyanchig‘iga tozalangan gilam yoyilgandi. Endi unda otasi qoldirgan tezak izlari ko‘rinmasdi. Lekin ular o‘rnida jun gilamda xuddi tirnalgandek nam tortgan joylar ko‘zga chalinardi.
Sovigan ovqatni yeyotganlarida ham gilam stullarda osig‘lik turdi; keyin ikkala xonada duch kelgancha uyquga yotishdi; onasi karavotga, yonida otasiga joy hozirlab, cho‘zildi, katta akasi boshqa karavotni egalladi, bolaning o‘zi, xolasi va opalari – somon to‘ldirilgan to‘shaklarni polga to‘shab yotishdi.
Biroq otasi yotmadi. Bolaning ko‘zi uyquga ketarkan, gilam ustiga egilgan otasining yalpoq shlyapasi va kamzulining quyuq soyasini eslab qoldi, ammo ko‘zlari hali uyquga to‘la cho‘mib ulgurmay, o‘choqning o‘chib borayotgan yallig‘laridan tushayotgan o‘sha soyalar o‘zining ustiga egilganini sezdi va shu zahoti temir qoziqday tizza biqiniga turtdi.
– Xachirni olib chiq! – dedi otasi.
Bola xachirni olib kelganda, otasi oshxona eshigida turar, o‘ralgan gilam yelkasida edi.
– Nima, xachirda borasizmi? – so‘radi bola.
– Yo‘q. Kel, oyog‘ingni qo‘y.
Bola tizzasini bukib, otasining qo‘liga tiraldi, xachirga azot joylasharkan, otasi qo‘lining chayir kuchini his qildi (bir paytlar ularning egar-jabduqlari bo‘lardi, ammo bunga shuncha ko‘p vaqt o‘tdiki, esidan ham chiqib ketdi). Otasi gilamni ham shunday yengillik bilan xachir yag‘rini ustiga joylashtirdi. Osmonga yulduzlar chiqqan edi, ular yana kechagi tuproq yo‘ldan, islari taralgan uchqat butalari yonidan, qorong‘i xiyobonlardan darvozadan chiroqlari ko‘rinmaydigan qo‘rg‘onga o‘tib bordilar; o‘sha yerda bola o‘rog‘lik gilamning qattiq qirrasi oyog‘ini qirib o‘tgani va g‘oyib bo‘lganini sezdi.
– Yordamlashaymi? – pichirladi bola.
Otasi javob bermadi. Bola yana qo‘sh ustunlar aro aks sado taratgan cho‘loq oyoqning og‘ir odimlarini eshitdi, bu odimlarda yog‘och kabi dag‘allik, kishining jig‘iga tegadigan bir tirranchalik zuhur etardi. Ana nihoyat burchakka itqitilgan gilam haddan tashqari gumburlab ovoz chiqardi (ohista qo‘yilmagan gilam tovushi bolaga hatto qorong‘ida ham ancha sezildi), so‘ng yana shoshilmay tashlangan og‘ir qadam tovushlari do‘qirladi; uy ichkarisida chiroq yondi; qadamlar tezlashmay bir me’yorda zinapoyadan tushib kelarkan, bola asablari tarang tortilgan holda odatdagiga qaraganda chuqur va tez-tez nafas olib xachir ustida o‘tirardi, nihoyat, u otasini ko‘rdi.
– Siz endi ulovga chiqib olasizmi? – pichirlab so‘radi bola. – U ikki kishini ko‘taradi…
Dam yorqin shu’la sochib, dam xiralashib, uy ichida chiroq u yoqdan-bu yoqqa yurardi. “Haliyam zinadan tushyapti”, deb o‘yladi bola. Xachir naq zina yonida to‘xtadi, ana otasi uning orqasiga o‘tirdi, bola jilovni tortdi va xachirning bo‘yniga kafti bilan shapatiladi, lekin hali xachir odimini tezlatmasdan, bola orqasidan temirday qattiq va chayir qo‘l uzatildi-da, toshday cho‘ng g‘o‘dir barmoqlar xachirning boshini orqaga tortib, uni bir maromda qadamlatdi.
Quyosh ilk nurlarini socha boshlaganda, ular qo‘rada xachirlarni qo‘shga qo‘shib bo‘lishgandi. To‘riq baytal bu safar shu qadar sekin yurib keldiki, u hatto tovushini eshitmay qoldi; ot ustidagi odam yoqasiz ko‘ylak kiygan, boshi shlyapasiz, besaranjom bir alfozda katta qo‘rg‘ondagi anavi xotin kabi titrab-qaltirab so‘zladi. Otasi istar-istamas unga bir qarab qo‘ydi-yu, yana ayilni tortganicha yerga egildi, otda kelgan kishi otasining egilgan yelkasiga qarab gapirishga majbur bo‘ldi.
– Tushunasizmi o‘zi, gilamning rasvosini chiqardingiz! Nima, tozalaydigan xotinlar yo‘qmidi bu yerda… – ot ustidagi kimsa qaqshab-qaltirab, tili kalimaga kelmay qoldi.
Bola undan ko‘zini uzmas, katta akasi otxona eshigida hammasiga befarq qarab, saqich chaynab tupurardi.
– Gilam yuz dollar turadi. Siz shuncha pulni tushingizda ham ko‘rmaysiz. Shuning uchun men sizning hisobingizdan yigirma bushel g‘alla olib qolaman. Men buni siz bilan tuziladigan shartnomaga kiritaman, sherifning oldida shartnomaga imzo chekayotganingizda bunga hayron bo‘lib o‘tirmang. Bu missis de Speynga tasalli bermaydi, lekin ehtimol sizni birovning uyiga kirayotganda oyoqni artib kirishga o‘rgatadi.
Shundan so‘ng bu odam jo‘nab ketdi. Bola shu paytgacha miq etib og‘iz ochmagan, hatto boshini ham yerdan ko‘tarmagan va shu tobda xachirga bo‘yincha o‘tkazayotgan otasiga qaradi.
– Ota, – dedi bola.
Otasi unga qaradi; baroq qoshlar ostidan xo‘mrayib boqqan bo‘zargan ko‘zlar, allanechuk bashara. Bola birdan unga qarab talpindi, lekin shu zahoti o‘zini to‘xtatdi-da, qichqirib yubordi:
– Siz hammasini qilib berdingiz, qo‘lingizdan kelgancha!.. Agar boshqacha qilmoqchi bo‘lsa, unda nega o‘zi qolib ko‘rsatib bermadi? Olib bo‘pti! Hammasini yig‘ishtirib olamiz, yashirib qo‘yamiz! O‘zim ko‘riqlab o‘tiraman!..
– Sen aytganimday qilib chimqirqarni pishiq o‘rnatdingmi?
– Yo‘q hali, ser, – pichirladi bola.
– Bor, joylashtirib qo‘y.
Bular chorshanba kuni bo‘layotgan gaplar. Haftaning qolgan barcha kunlari bola kuchi boricha, tirishib-tirmashib, jonini jabborga berib ishladi, u bir gapni ikki qiladiganlardan emasdi, bu tomondan onasiga o‘xshardi – farqi faqat shunda ediki, u qilayotgan ishining loaqal bir qismini jon-dildan ixlos bilan ado etardi. Misol uchun, u kichkina boltachasi bilan o‘tin yorishni yoqtirardi, boltachani yangi yil mavludida onasi bilan xolasi, qayoqdandir pul to‘plashibmi yo topishibmi, unga sovg‘a qilishgandi. Uydagi katta yoshli ayollar bilan (bir safar hatto opachalaridan birovi bilan ham) u cho‘chqalar va sigirga qo‘ra qurdi, bu mulkdor bilan o‘rtalaridagi shartnomaga ko‘ra otasining vazifasiga kirardi, bir kuni esa otasi qayergadir ketganda, bola hatto dalaga katta akasiga yordamlashgani chiqdi.
Akasi omoch ortida borar, to‘g‘ri egat olar, bola esa tarmashlab tortayotgan xachir yonida jilovni tutib qadam tashlardi. G‘ovlagan qora yer namchil tarovati bilan yalang oyoqlariga muzdek yoqar, bola o‘y o‘ylagancha odimlardi: “Balki nihoyat endi hammasi yaxshi bo‘lib ketar. Arzimagan bitta gilamni deb, shuncha don-dundan ayrilib o‘tirish odamga alam qilsa ham, balki endi shu bilan bari oppon-soppon bo‘lib ketar va boshqa endi hech qachon qaytarilmas va otasi ham endi butunlay shu paytgacha bo‘lgandan ko‘ra boshqacha odam bo‘lib qolar. – Bola shunchalar o‘z o‘ylariga berilib ketdiki, xachir ham esidan chiqdi va akasi uni urishib berdi. – Balki hali ular shuncha don-dunni tortib olib ham o‘tirishmas, balki hali hammasi – don-dun ham, gilam ham, o‘t-alanga ham – hammasi bir yoqli bo‘lib ketar, qo‘rquv va qayg‘u-alam butkul daf bo‘lar va xuddi ot qo‘shilgan ikki arava seni ikki yoqqa tortib, qoq ikkiga ajralib ketayotganday ahvoldan qutularsan, – hamma-hammasi tugaydi, butunlay, butunlay tugaydi…”
Keyin shanba kuni keldi. Bola xachirni no‘xtalarkan, yana otasini qora kamzul va shlyapa kiygan holda ko‘rdi.
– Yo‘q, – dedi otasi, – aravaga qo‘sh.
Ikki soatlardan so‘ng arava manzilga yetib bordi. Bola otasi bilan akasining orqasida peshtaxta o‘rindig‘i ustida o‘tirarkan, yana do‘konning bo‘yalmagan, puturdan ketgan binosi, tamaki hamda dori-darmonlarning tusi o‘chgan, yirtilgan reklamalari, ayvonning ustunlariga boylangan miniladigan otlar va usti yopiq aravalarga qo‘shilgan xachirlarni ko‘rdi. U otasi bilan akasining orqasidan qiyshiq pillapoyalardan yuqoriga chiqdi va uchovlari odmi taxta stolga qarab o‘tib borayotganlarida yana tomosha qilib turgan qator sovuq basharalarni ko‘rdi, stol ortida ko‘zoynakli bir kishi o‘tirar, birov tushuntirmasa ham, bu kishining sudya ekanligi bolaga ravshan edi. Keyin bola bo‘yniga yoqa va bo‘yinbog‘ taqqan odamni ko‘rdi va unga qahru g‘azab bilan xuddi yeb qo‘ygudek bo‘lib o‘qrayib qaradi, bu odamni u ikki marta ko‘rgan, ikki marta ham ot ustida ko‘rgandi; hozir uning vajohatida g‘azab nishonalari ko‘rinmas, nimadandir lolu hayron edi, ammo bola hozir buning nimaligini tushunishdan ojiz edi. Bo‘lmasam-chi! Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bir voqea: chorakor o‘z mulkdorini sudga berib o‘tirsa-ya. Bola otasi orqasidan mana shu barcha odamlar orasidan to‘ppa-to‘g‘ri stolga o‘tib bordi-da, sudyaga qarab bor ovoz bilan qichqirdi:
– Otam bunaqa qilmagan! U o‘t qo‘ymagan!..
– Bor, aravaga chiqib o‘tir, – dedi otasi.
– Yondirmagan deysanmi? – so‘radi sudya. – Nima, gilam yondirilgan ham edimi?
– Hech kim bunday aybni bo‘ynimga qo‘yolmaydi! – dedi otasi va bolaga buyurdi: – Bor, aravaga chiq!
Ammo bola chiqib ketmadi, u xuddi o‘tgan safargiday odamlarga liq to‘la xonaning bir burchagiga suqilib oldi, o‘tirgani ham yo‘q, tik turaverdi, stol atrofida bo‘layotgan gaplarga indamay quloq solayotgan izdihom uni devorga siqib qo‘ygandi.
– Siz gilam egasiga yetkazilgan zarar uchun talab qilinayotgan yigirma bushel don zararga qaraganda ancha ko‘p deb hisoblaysizmi?
– Xo‘jayin gilamni olib kelib tozalashni buyurdi. Men uni tozalab qaytarib olib borib berdim.
– Lekin siz gilamni qaytarib berganingizda, u avvalgiday emas edi-da.
Otasi javob bermadi, shunda bir zum diqqat bilan tinglayotgan izdihomning nafasi, bosiq, teran nafasidan boshqa hech narsa eshitilmadi.
– Siz javob berishdan bosh tortasizmi, janob Snoups? – Yana otasi indamadi. – Men sizni aybdor deb qarayman, janob Snoups. Men sizni mayor de Speynning gilamiga zarar yetkazgan deb bilaman va zararni qoplashga hukm chiqaraman. Biroq yigirma bushel don jarima to‘lash sizning ahvolingizdagi odam uchun haddan tashqari ko‘p deb hisoblayman. Mayor de Speyn gilamning bahosini yuz dollar deydi. Oktyabr oyida don taxminan ellik tsent turadi. Agar mayor de Speyn naqd pul to‘lab sotib olgan narsa uchun to‘qson besh dollar miqdorida zarar ko‘rishga qodir bo‘lsa, unda siz hali ishlab topilmagan besh dollar miqdorida ziyon ko‘rishdan qochmasangiz kerak, deb hisoblayman. Men sizni mayor de Speynga yetkazilgan zararni shartnomada belgilangandan tashqari o‘n bushel don miqdorida qoplashga hukm qilaman va uni g‘alla yig‘ib olingandan so‘ng darhol to‘lashni tavsiya etaman. Sud majlisini yopiq deb e’lon qilaman.
Bular hammasi ko‘p vaqt olgani yo‘q, hali vaqt erta edi. Bola endi uyga qaytsak kerak deb o‘ylagandi, balki to‘g‘ri dalaga yo‘l olishar, chunki ular boshqa fermerlarga qaraganda ancha kechikishayotgandi. Ammo buning o‘rniga otasi arava yonidan to‘xtamay o‘tib ketdi, katta akasini imlab chaqirib, yo‘lni kesib o‘tdi-da, temirchilik ustaxonasiga qarab yurdi, shunda bola o‘zini otasi tomonga otdi, yo‘lini to‘sib uni quchoqlab oldi, eski shlyapa ostidagi qattiq, vazmin basharasiga tikilib g‘o‘ldirab pichirladi:
– Bir siqim ham bermaymiz unga. Bir dona ham bermaymiz. Biz…
Otasi unga qaradi, basharasi osuda, sovuq boqqan ko‘zlari uzra oqargan qoshlari chimirilgan, ammo ovozi muloyim, bir qadar erkalovchi:
– Shunaqa degin? Mayli, oktyabrgacha boraveraylik, ko‘rarmiz.
Aravani tuzatish – uch-to‘rt kegaylarni almashtirish, tegirchaklarni tortish – ko‘p vaqt olgani yo‘q. Aravani temirchilikning orqasidagi suv to‘ldirilgan chuqurga to‘g‘rilab tegirchaklarni sovutishdi, xachirlar o‘qtin-o‘qtin suv shimirishar, bola esa arava o‘rindig‘ida o‘tirib, jilovlarni bo‘sh qo‘ygan, tepada qora dud bosgan tom tagida temirchining bolg‘asi bosinqi taraqlar, otasi esa sarv g‘o‘la ustida o‘tirganicha dam o‘zi so‘ylar, dam boshqalarni tinglardi. Bola hammayog‘i ho‘l aravani suv chuqurdan ustaxona eshigiga olib kelganda, otasi haliyam o‘sha yerda o‘tirardi.
– Tom tagiga olib bor, bog‘lab qo‘y, – buyurdi otasi.
Bola xachirlarni bog‘lab qaytib keldi. Otasining yonida temirchi bilan yana allakim cho‘kkalab o‘tirishib, hosil va qoramollar haqida so‘ylashishardi, bola ular yoniga tuyoqlarning qirqilgan bo‘laklari va zang-zunglarning parchalari ustiga chang-tuproqqa cho‘k tushdi; otasining hali to‘ng‘ich o‘g‘li tug‘ilmasidan ilgari jalloblik qilib yurgan paytlarida boshidan o‘tkazgan uzundan-uzoq bir voqeani shoshilmay hikoya qilayotganiga quloq soldi. Keyin otasi o‘rnidan turib uning yoniga keldi-da, o‘tgan yili kelgan tsirkning oqarib-to‘zib ketgan reklamasi parchalarini ko‘zdan kechirdi, bola shu qizil otlar, masxarabozlarning bo‘yalgan basharalarini qing‘ir-qiyshiq qilib ohangjamalar qilishlari, badanlarga yopishib turgan, bir-biriga chatishib ketgan ajib to‘r, yiltiroq liboslarni zavqi kelib tomosha qilardi. Keyin otasi aytdi:
– Ketdik, ovqatlanamiz.
Ammo ular uyga borishmadi. Bola akasi bilan birga devorga suyanib turarkan, otasining do‘kondan qog‘oz xalta ko‘tarib chiqayotganini ko‘rdi. Otasi qog‘oz xaltadan kattakon pishloq bo‘lagini chiqarib, pakkida hafsala bilan uni teng uch bo‘lakka bo‘ldi, keyin xaltadan qotirilgan non oldi. Uchovlon timning panjarasiga o‘tirib, shoshilmay tanovul qilishgandan keyin o‘sha do‘konning o‘zida tosga to‘ldirilgan iliqroq suvdan ichishdi, suvdan kedrdan yasalgan bochka taxtachalarining, qora qayinningmi, mazasi kelardi. Keyin yana ular uyga qaytishgani yo‘q, otasi bu safar ularni ot saroyiga boshladi; baland uzun temir to‘siqlarning peshsupachalarida ancha odamlar o‘tirishar, tik turishardi; qo‘ra ichkarisidan dam-badam otlarni olib chiqishar, sovitib yurishar, yo‘lka bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa choptirishardi, orada qo‘raning o‘zida savdo-sotiq borardi. Quyosh g‘arbga oqqan, ular hamon bo‘layotgan gap-so‘zlarga quloq tutib, ko‘zlarini har tomonga yugurtirib aylanib yurishardi, akasining ko‘zlarini uyqu bosgan, hamon qarsillatib saqichini chaynardi. Otasi onda-sonda qay bir otlarni o‘zicha baholab qo‘yardi.
Uyga qorong‘i tushganda qaytishdi. Chiroq yorug‘ida ovqatlanishdi. Keyin bola ostonada o‘tirib tun qorong‘iligining quyuqlashib borishini tomosha qildi, echkiemar va qurbaqalarning sayrashlarini tingladi, birdan qulog‘iga onasining elanib yolvorgan ovozi chalindi:
– Qo‘y, Ebner! Qo‘y! Xudo haqi! Yo‘q, Ebner, xudo haqi!
Bola dik etib o‘rnidan turdi, orqasiga o‘girildi va shisha og‘ziga o‘rnatilgan sham qoldig‘i yorug‘ida hali shlyapasi va kamzulini ham yechmagan otasi xuddi sharmandali yovuz bir ishni qilishga otlanganday, ayni paytning o‘zida ham kulgili, ham jiddiy tarzda chiroq ichidan katta bidon idishga kerosin quyar, onasi esa uning yengidan ushlab olgan, bir mahal otasi chiroqni boshqa qo‘liga oldi-da, tirsagi bilan onasini qattiq turtib yubordi, u buni qahr-g‘azab va dag‘allik bilan qilmagan esa-da, onasi uning turtkisidan devorga borib urildi, alam-o‘kinch ichida og‘zi ochilib, tamomila umidsiz holda ikkala qo‘li bilan devorga tiralib qoldi, onasi boya otasiga yalinib-yolvorayotganda ham xuddi shunday ko‘yga tushgandi. Shu payt otasi eshik ostonasida turgan bolani ko‘rib qoldi.
– Darrov saroyga borib, qoramoy solingan idishni olib kel, – dedi otasi.
Bola qimir etmadi. Keyin u tilga kirdi:
– Nima? – qichqirib yubordi bola. – Nima qilmoqchisiz o‘zi…
– Bor bidonni olib kel, – takrorladi otasi. – Qani!
Shundan so‘ng bola uydan saroyga g‘izilladi: odatlanishning kuchi shunaqa, tomirida oqayotgan bu qonni u o‘zi tanlamagan, xoh-noxoh bu unga meros bo‘lib o‘tgan, ungacha qanchadan-qancha tomirlarda jo‘shgan, qanday zo‘ravonliklar, vahshiyliklar, hirsu havolanishlar qaylardadir to‘kilib qotib quyulgani noma’lum. “Men qaytib kelmasligim mumkin, – o‘ylardi bola. – Shunday yugurib ketaversang, yuguraversang va hech qachon orqangga qaramasang, hech qachon uning basharasini ko‘rmasang. Ammo qo‘limdan kelmaydi…” Mana zanglagan bidon qo‘lida, uning ichida moy shilqillaydi, u uy tomon oyog‘ini qo‘liga olib chopqillaydi, uy ichidan onasining ho‘ngrab yig‘lagani eshitiladi, bola bidonni otasiga uzatadi.
– Siz hatto negrni ham jo‘natmoqchi emassiz? – qichqirdi bola. – Siz ilgari negrlarni yuborar edingiz…
Otasi bu safar uni urmadi. Hozirgina stol ustidagi bidonda turgan qo‘l ko‘z ochib-yumguncha uni yoqasidan tutib shundoq siltab ko‘tardiki, bola hatto oyog‘i yerdan qanday uzilganini bilmay qoldi; u faqat yaxmalakdek sovuq shafqatsiz basharani ko‘rdi, o‘lim nafasi kelgan sovuq tovushni eshitdi, ovoz stolga qapishib turgan, xuddi sigirga o‘xshab jag‘larini u yoqdan-bu yoqqa burib kavsh qaytarayotgan akasiga buyurdi:
– Uni katta idishga solib olib bor. Men orqangdan yetib boraman.
– Yaxshisi, uni karavotga bog‘lab qo‘ying, – dedi akasi.
– Aytganimni qil, – dedi otasi.
Keyin bola yerdan ko‘tarilganini sezdi, ko‘ylagi boshiga sidirilib chiqdi, cho‘yanday qattiq qo‘l ikki yelkasi orasidan changallab tutdi, oyoq barmoqlarining uchi yerda sudraldi, uni olovi so‘ngan o‘choq oldidagi o‘rindiqlarga og‘ir cho‘kkan opachalari oldidan sudrab o‘tishdi, onasi bilan xolasi bir-birlarini quchoqlab o‘tirishgan karavot oldiga olib borishdi.
– Ushla uni, – dedi otasi. Xolasi ular tomonga talpindi. – Yo‘q, sen emas, – dedi otasi. – Lenni, mahkam ushla, qo‘yib yuborma!
Onasi bolani qo‘lidan tutdi.
– Yo‘q, mahkam tut. Agar qo‘lingdan chiqib ketsa, u, bilasanmi, nima qiladi? U anovlarnikiga chopadi. – Otasi boshini qimirlatib yo‘lni ko‘rsatdi. – Balki uni boylab qo‘ygan yaxshidir.
– Men uni mahkam ushlab turaman, – dedi onasi.
– Qara, qo‘yib yuborma.
Keyin otasi ketdi, uning bir maromdagi og‘ir qadam tovushlari nihoyat tindi.
Shunda bola o‘zini u yoqdan-bu yoqqa otib yulqina boshladi. Onasi uni ikkala qo‘li bilan quchoqlab oldi, u esa o‘zini har tomonga urardi, baribir chiqib ketaman deganday. Ammo vaqt ziq edi.
– Qo‘yvoring! – qichqirdi bola. – Qo‘lingiz og‘riydi!
– Qo‘yvor uni, – dedi xolasi. – U bo‘lmasa, men o‘zimoq borib aytaman ularga!
– Men bunday qilolmayman, bilasan-ku, – yig‘ladi onasi. – Sarti! Sarti! Qo‘y! Yordam bersang-chi, Lizzi!
Biroq bola aloha yulqinib chiqdi. Xolasi uni tutib qolmoqqa urindi, ammo iloji bo‘lmadi. U o‘qday uchib ketdi. Onasi qoqilib yiqildi, tizzalarida sudralarkan, qizlaridan biriga qichqirardi:
– Ushla uni, Netti, ushla!
Ammo iloji bo‘lmadi. (Opa-singillar egizak edilar, ularning har birovi vazniga va hajmiga ko‘ra, qaysi biriga bo‘lmasin, oila a’zolarining ikkitasiga to‘g‘ri kelishardi). Netti hatto o‘tirgan joyidan qo‘zg‘alib ulgurmadi, faqat loqaydlik aks etgan yuzini o‘girib, unga xuddi sigirga o‘xshab baqrayib qaradi. Bola esa uydan otilib chiqdi, yo‘lning bilqillab yotgan yumshoq tuprog‘ini bosib, dimog‘iga uchqatlarning gupurgan hidlari urilib, yugura ketdi; oyoqlari ostidagi bo‘z tuproqli yo‘l juda sekin aylanayotganga o‘xshardi; mana, nihoyat, darvoza, yana ozroq, yana ozroq, yurak gursillaydi, nafas tomoqqa tiqiladi; xiyobondan yuguradi, oldinda chiroqlar yongan uy, chiroqlardan charog‘on eshik. Bola taqillatib o‘tirdi deysizmi, u bo‘g‘zidan bir so‘z chiqarishga majoli yetmay, halloslab hansiragancha uyga otilib kirdi; daf’atan surp kurtka kiygan negrning dong qotib, quti o‘chgan betini ko‘rdi, lekin u qayerdan paydo bo‘lganligini idrok qilolmadi.
– De Speyn! – deb qichqirdi bola joni boricha. – De Speyn bormi… – Shunda u zal eshigidan chiqib kelayotgan o‘sha oq tanli kishini ko‘rdi. – Ombor! – qichqirardi bola. – Ombor!
– Nima? – so‘radi kishi. – Ombor?
– Ha! – qichqirardi bola. – Ombor!
– Ushla uni! – qichqirdi kishi.
Ammo yana iloji bo‘lmadi. Negr uni ko‘ylagidan tutdi, lekin yillarcha yuvilaverib to‘zigan ko‘ylakning yengi negrning qo‘lida uzilgancha qoldi, bola o‘zini eshikka urdi va yana xiyobondan chopib ketdi, u, axir, shuncha paytdan beri bir zum to‘xtagani ham yo‘q, hatto oq tanli kishini ogohlantirayotganda ham to‘xtamadi.
Orqasidan ovoz eshitildi:
– Otni olib kel! Tezroq!
Bola daraxtzorlarni to‘g‘ri kesib o‘tib, chetan devorni oshib yo‘lga chiqmoqchi bo‘ldi, ammo na park ichini va na xmel bilan qoplangan devorning past-balandligini bilar, shuning uchun yuragi dov bermasdi. U xiyobondan o‘qday uchib borar, chakka tomirlari qattiq lo‘qillar, xars-xars nafas olardi; ana, nihoyat, yo‘lga chiqdi, buni oyog‘i tuproqqa botganda bildi. Uning ko‘zi ko‘rmas, qulog‘i chippa bitgan, sal bo‘lmasa, gursillab chopib kelayotgan ot ostida qolib ketay dedi, bola esa hamon to‘xtamay yugurar, go‘yo qayg‘u-alamining zo‘ri unga qanot bag‘ishlayotgandek edi; bola oxirigacha yo‘ldan chetga chiqmadi, faqat so‘nggi damda qamish o‘sgan jarga quladi, shunda faqat bir zumgagina yulduzlar qahrli yo‘rtib borayotgan otning vahimali sharpasini to‘sib qoldilar, so‘ng ot dahshatli tasir-tusur solib yonidan o‘tib ketdi; hali otliq kimsa ko‘zdan g‘oyib bo‘lmay turib, yana osuda osmon uning boshiga og‘ir dahshat solib ag‘darildi; birdan aql bovar qilmas, gung va tuganmas girdoblangan o‘kirik yangradi va yana uning ko‘zlaridan yulduzlarni to‘sdi-qo‘ydi, bola o‘rnidan dik etib turib, sakrab yo‘lga chiqdi va endi hech narsaning iloji qolmaganligini bilgan holda yana chopib ketdi, u o‘q tovushini, keyin yana ikki marta o‘q uzilganligini eshitganida ham, baribir hali chopib borardi, keyin o‘zi anglamagan holda to‘xtadi va “Ota! Ota!” – deb qichqirdi – u o‘zi anglamagan ko‘yi yana yugurib borar, nimalargadir qoqilar, toyar, nimalarnidir oralab yorib o‘tar va yana tinmay chopar, hatto orqasiga o‘girilib qarab o‘t yallig‘larini ko‘rganda ham u yelib borardi; u ko‘zi ko‘rmayotgan daraxtlarga urilar, hansirar va ich-ichidan ingrardi: “Ota! Ota!”
Yarim kechada u adir tepasida o‘tirardi. U tun yarim bo‘lganini ham, o‘zining qayerdaligini ham bilmasdi. Ammo orqasida endi yallig‘lar ko‘rinmasdi, faqat to‘rt kungina unga boshpana bo‘lgan uyga teskari qarab o‘tirar, oldida qorong‘i o‘rmonlar yastanib yotardi, endi u zim-ziyo qorong‘ilikda kichkina murg‘ak joni bilan titrab-qaqshab chuvrindi yupqa ko‘ylagiga o‘ralib bu o‘rmonlarga kirganda yuragini qo‘rquv va dahshat emas, noumidlik va azob qamrab oladi, ha, faqat noumidlik va azob. “Otam! Mening otam…” o‘yladi bola.
– U mard odam edi! – deb qichqirdi u birdan, ammo qichqirgani pichirlash yanglig‘ eshitildi. – U botir. U urushda bo‘lgan! U polkovnik Sartorisning otliq polkida xizmat qilgan! – deb qichqirardi, u otasi urushga ko‘ngilli bo‘lib borganligini bilmasdi, ilgari Yevropada landsknextlar shunday qilishgan. Otasi harbiy kiyim kiymagan, ustidan hech kimning qo‘mondonligini tan olmagan, hech qaysi qo‘shin yoki bayroqqa qasamyod qilmagan, o‘zini hech narsaga bog‘lashni istamagan. Bir zamonlar Malbruk nimaga urushga borgan bo‘lsa, xuddi shu maqsadda borgan; o‘lja ilinjida bo‘lgan, kimni talaydi, dushmannimi yo boshqani, buni o‘ylab o‘tirmagan, farqiga bormagan.
Osmonda yulduzlar turkumlari ohista siljirdi. Tezda tong otadi, quyosh chiqadi, och qoladi. Lekin buning fursati ertaga, hozir esa u sovqotdi, yursa, tanasi isiydi. U biroz nafasini rostladi va o‘rnidan turib yurishga chog‘landi, keyin u muzlab uxlab qolganini angladi, chunki tong oqargan edi va tun tugagandi. Echkiemarlar xonishi buni tasdiqlardi. Hali hammayoqda, hali qorayib turgan daraxtlar orasida ularning tinmagan, bezor qiladigan, kun chiqqan sayin zo‘rayib boradigan kuylari yangrardi, ammo tez orada ular o‘z o‘rnini qushlar sayrog‘iga bo‘shatib beradi. Bola o‘rnidan turdi. Uvishib qolgan oyoqlarini yozolmadi, ammo yursa, tez orada bu o‘tib ketadi, badani isiydi – axir, tezda quyosh chiqadi. U tepadan pastga, qoraygan o‘rmonzorlarga tushib bordi, u yerlarda qushlarning kumushdek yangroq sayrashlari jaranglardi – bahor nahorining kuyga tashna yuragi kuchli zarb bilan beto‘xtov dukurlab urardi. Bola orqasiga qayrilmadi.
Rus tilidan Ibrohim G‘afurov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 10-son