Uilyam Folkner. Nobel mukofotini topshirish marosimida so‘zlangan nutq

Tushunib turibman: mukofot menga emas, asarlarimga — shu paytgacha mavjud bo‘lmagan, inson qalbiga tayanib, peshana teri va qalb to‘lg‘oqlari bilan yaratilgan, shon-shuhratni ham, manfaatni ham ko‘zlamagan ishlarimga berilayapti. Shuning uchun mukofotni ishonchli vakil sifatida qabul qilaman. Uning pul qismini bu mo‘tabar mukofot maqsadlari va o‘tmishiga munosib ravishda sarflash men uchun qiyin emas.

Menga berilgan e’tibordan munosib foydalangan holda, o‘zini og‘ir va azobli yozuvchilik mehnatiga bag‘ishlagan yoshlarga murojaat qilishni istardim va ishonamanki, vaqti kelib, gaplarimni men hozir egallab turgan minbarga chiqadiganlar ham eshitishadi.

Davrimizning fojiasi shundaki, biz, hammamiz yoppasiga hayvoniy qo‘rquv bilan yashab kelyapmiz. Bu — uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotganidan qo‘rquvga o‘rganib ham qoldik. Inson ruhiyatiga tegishli hamma masalalardan faqat bittasi qoldi: qachon bizni qirib tashlasharkin? Shuning uchun ham hozirgi yosh qalamkashlar haqiqiy adabiy asarni bunyod eta oladigan, yozishga, mehnat qilish va azob chekishga arziydigan mavzu — odam o‘zi bilan o‘zi kurashishi muammosini unutib qo‘ydilar. Yozuvchi bular haqida o‘ylab ko‘rishi, qo‘rquv — eng pastkash hissiyot ekanini tushunib yetishi va nihoyat, o‘z “ustaxonasidan” yurak haqiqatini, asarni abadiylikka doxil qiladigan muhabbat, or-nomus, muruvvat, g‘urur, rahm-shafqat, fidoyilik kabi azaliy va abadiy qadriyatlardan boshqa barchasini chiqarib tashlamog‘i kerak. Agarda yozuvchi shunday qilmas ekan, uning asari ustida la’nat toshlari o‘ynab turadi. U muhabbat haqida emas, shahvoniyat, beziyon mag‘lubiyatlar, umidsiz g‘alabalar haqida va eng yomoni — achinmasdan, hamdard bo‘lolmasdan yozadi. Uning dardini hech kim tushunmaydi, bu dardlar hech qaysi qalbda iz qoldirmaydi. U insoniy qalb haqida emas, balki jismoniy faoliyat haqida yozgan bo‘ladi. Yozuvchi shularni tushunib yetmaguncha, chetdan turib kuzatayotgan odamdek, insoniyatning halokatga yuz tutishi haqida yozadi. Men insoniyatning halokati haqidagi fikrni rad etaman. Odam bolasi hamma narsaga chidayvergani uchun insoniyatni mangu deyish oson. Zulmatning bir chakkasidagi qonli shafaq uzra ilinib turgan qoyadan eng so‘nggi qo‘ng‘iroq nolasi uzilganda ham bitta so‘nmas ovoz — ODAM ovozi qoladi, degan gaplarni tan olmayman. Odamzod nafaqat tirik qolishiga, balki tantana qilishiga ishonaman. Uning manguligi ovozining so‘nmasligida emas, balki o‘z xususiyati va ruhiyatiga ko‘ra rahm-shafqatga, fidoyilikka, matonatga moyilligidadir. Yozuvchi va shoirning burchi — shular haqida yozish, mardlik, or-nomus, umid, rahm-shafqat, muruvvat, fidoyilik kabi insonga xos azaliy iftixorni mustahkamlash yo‘li bilan odamlar qalbiga madad berishdan iborat. Ularning ovozi, shunchaki aks-sado bo‘lmasdan, odam hayot sinovlariga bardosh berishi va tantana qilishi uchun zamin, tayanch bo‘lmog‘i lozim.

1950 yil

Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi