Turol Anoro‘g‘li. Sinfkom saylovi (hikoya)

Bokuning jazirama yozi ortda qoldi. Kuzning sarin nafasi bilina boshladi. 1-“A” sinf o‘quv­chilari maktab hayotining ilk ikki oyini ortda qoldirishdi. Bu fursat ichida kitob-daftar­larini olib, o‘qish-yozishni ham anchagina o‘rganib qolishgandi.
Eshik ochilib, Xadicha muallima sinfga kirishi bilan bolalarning hammasi oyoqqa turdi. Muallima bolalar bilan salomlashgach, stol yonida turib gap boshladi.
– O‘tiringlar. Bugun dars o‘tmaymiz. Uyda o‘t­gan darslarimizni takrorlab kelasizlar. Bugun sinfkom saylab olishimiz kerak. Bu haqda siz­ga ilgari ham aytgan edim, shekilli. Bolalar, bila­sizki, biz demokratik o‘lkada yashayapmiz. Har bir kishining saylash va saylanish huquqi bor. Bugun shu yerda birinchi qadamni qo‘yasizlar. O‘tgan vaqt ichida bir-biringizni tanib oldingiz. Bugun siz o‘z ishonchingizni qozongan do‘stingizni, dugo­nangizni sinfkom qilib saylashingiz mumkin. Anavi, sinfda ishlab yurgan chilangar amakiga e’tibor qilmanglar. U o‘z ishi bilan band. Biz ham ishga kirishishimiz kerak. Qani, kim menga aytadi: sinfkom o‘zi nima degani? Nima ish qiladi?.. Balli, hamma javob bermoqchi. Birinchi Jamila qo‘l ko‘tardi. Qani, qizim?..
– Sinfkom o‘qituvchining yordamchisi bo‘ladi. Unga ko‘maklashadi.
– To‘ppa-to‘g‘ri. Keyin-chi, Lola, sen ayt.
– Sinfkom bo‘r olib keladi. Sinfning toza­ligini nazorat qiladi.
– Juda soz. Ofarin. Ali, sen nima deysan?
– Sinfkom “stukach”lik qiladi. Chaqimchi va laganbardor…
Xadicha muallima ko‘zoynagini olib, orqa partada o‘tirgan o‘quvchiga qaradi.
– Nima? Bu gaplarni senga kim o‘rgatdi?
– Otam.
Birinchi partada o‘tirgan qiz unga qo‘shimcha qildi:
– Alining otasi — “julik”. Onam shunaqa dey­di. Uning do‘konidagi kolbasalarning hammasi eski. U yerdan olingan sutni qaynatsa, achib qo­larkan.
– Nima qipti? Mening otam ham sening onang­ni “demagog” deydi.
Vaziyat izdan chiqa boshlagan, o‘quvchilarning suhbati noxush tomonga yo‘nalib bormoqda edi. Xadicha muallima oyoqqa turib, munozaraga qo‘shildi.
– Bolalar, bu qanaqasi, bunaqa gaplarni ga­pirish uyat bo‘ladi. Ali, o‘g‘lim, menga qara… Otang bu gaplarni hazillashib aytgan bo‘lsa kerak. Masalan, bugun uyga borib, “sinfkom sayladik” desang, xursand bo‘ladi. Seni maqtaydi. Laylo, qizim sen ham boyagi gaplariningni onangga aytib bersang, juda uyalib qolishi mumkin. Bolalar, bitta gapni quloqlaringga quyib olinglar. Hech qachon uydagi gapni ko‘chaga chiqarmanglar.
Xadicha muallim zarda bilan qo‘lini siltab turgan qizni turg‘izdi.
– Ha, Jola, sen nima deysan?
– To‘g‘ri aytasiz, muallim. Mening otam ham har kuni uyda hukumatni so‘kadi. Lekin, bizga bu gaplarni ko‘chaga chiqarmasligimizni aytadi.
– Bolalar, mavzudan uzoqlashib ketdik. Bugun sinfkom saylab olishimiz kerak. Aytinglar, kimni saylasak bo‘ladi?
– Alini!
– Lolani!
– Eldorni!
– Orifni!
– Matonatni!
– Noila muallimani!
Xadicha muallim taajjub ila oxirgi taklifni ilgari surgan bolaga qaradi:
– O‘g‘lim, sinfkom sizning sinfda o‘qiyot­gan bolalar orasidan saylanadi. Musiqa o‘qituvchi­si­ning bunga nima aloqasi bor?
– Chunki, u dahshat narsa. Kalta yubkada ishga keladi. Amakim uni ko‘rsa o‘lib qoladi. Meni maktabga olib kelgan payti Noila muallimani ko‘rib qolgan ekan. Mendan, bu jonon kim o‘zi, deb so‘ragan edi.
– Jovid, o‘g‘lim, hozir uydagi gaplarni ko‘chaga chiqarmanglar, deb aytdim-ku!
– Malim, bu gapni bizam uyda gaplashmadik. Amakim bu gapni menga ko‘chada, mashinaning ichida aytdi-da!
– Bo‘pti, demak takliflar berildi. Nomzodlar­dan biri Ali. Alining qaysi sifatlari, xislat­lari sizga ma’qul? Xo‘sh, Somir bu taklifni sen beruvding. Nega Alini tanlayapsan?
– Chunki, uning ikkita “telex”i bor. Ana, eshikda poylab turibdi. Kimni desangiz, sochib tashlashadi.
– O‘g‘lim, bu ishning tansoqchilarga hech qanday aloqasi yo‘q. Siz sinfdoshingizning insoniy fazilatlari haqida gapiring.
– Malim, Fomilni saylaylik.
– Yo‘q, uni saylab bo‘lmaydi. U — ekstremist. Oppozitsiya.
Xadicha muallima darrov muzokaraga qo‘shildi.
– Birinchidan, bu nima degan gap? Birinchi sinfda o‘qiydigan bolaning siyosiy maqomi bo‘ladimi? Bunaqa gaplarni qayerdan oldinglar?
– Hammamiz bir xil kiyimda kelamiz. U bo‘lsa, har xil kiyinadi. Katta bo‘lsa, vazir bo‘larmish.
Xadicha muallima kulimsirab, fikrini bil­dirdi.
– Vazir bo‘lsa, nimasi yomon? Ertaga sizlar hammangiz katta lavozimlarda ishlaysiz. Taniqli fan va madaniyat arboblari bo‘lib yetishasiz. Bu­ning uchun o‘qish kerak.
– Malim, Farangizni saylaymiz. O‘ziyam, ja ketvorgan-da!
– Farangizni saylamaymiz, u parallel sinf­dagi Metin bilan yuradi.
– Yo‘q, hech kim bilan yurmayman, bildingmi?
Farangiz bor ovozi bilan yig‘lashga tushdi. Keyin esa o‘rnidan turib, o‘zini eshikka urdi. Kutilmaganda ochilgan eshikning tutqichi tansoq­chilardan birining yelkasiga urildi. Og‘riqdan uning basharasi burishib ketdi. Ikkinchi tan­soqchi ichkariga boshini suqib, Xadicha muallimaga yuzlandi.
– Hammasi joyidami?
Xadicha muallima ham juda tez fursatda yuz bergan bu jarayon oldida shoshib qolgandi.
– Ha, ha, xavotir olmang. Hammasi joyida.
Tansoqchi eshikni yopdi. Xadicha muallima asa­biy holatda Mehmonga yuzlandi:
– Uyatsiz! Sinfdoshingni ham shunaqa haqorat qilasanmi? Uyalmaysanmi? Qizlarga osilish o‘g‘il bolaga yarashmaydi.
– Malim, direktorimiz unda nimaga har doim xotinlarga osilib yuradi… Xolam “u suyuq, g‘irt manyak” degan edi.
Xadicha muallima qip-qizarib ketdi. Maktab direktorining xotinbozligi hech kimga sir emas­di. Muallimaning o‘zi ham bolaning fik­rini ichida qo‘llab-quvvatlab turardi. Lekin, bu qadar oshkoralik…
– Bolalar, kelinglar, saylovlarni davom etti­ramiz. Sen Mehmon, Farangizdan uzr so‘rashing kerak. Uning ko‘nglini ol. Hali o‘tgan hafta qilgan ishingni nima desa bo‘ladi? Hovlida to‘p o‘ynab, derazani sindirding. Direktor ota-onang­ni chaqirtirib yuborgan edi. Sen kimni boshlab kelding?
– Vasya amakini.
– Vasya amaki senga kim bo‘ladi?
– Vasya amaki har doim uyimizning yonidagi pivoxona oldida o‘tiradi. Odamlardan pul tila­nadi. Keyin o‘sha pulga bo‘kkuncha ichadi.
– Xo‘sh, keyin nima qilding?
– Maktabda bufetdan ovqat olib yeyishim uchun berilgan bir shirvonni Vasya amakiga berdim. Keyin uni otam o‘rniga maktabga olib keldim.
– Direktorning yoniga-ya?
– Ha, direktor shikoyat qilishni boshladi. Ke­yin Vasya amaki mening qulog‘imni buradi. Keyin men uning oyog‘iga tepdim. Keyin u meni “sukin sin” dedi. Meni nimaga so‘kadi bo‘lmasa?
– O‘zing ham uni otang o‘rniga maktabga sudrab kelibsan-ku? Qani kundaligingni bir ko‘ray-chi?.. Ie, bu nimasi? Nega kundaligingda shuncha bo‘sh varaq tashlab ketding?
– Reklama uchun joy qoldirdim. Axir, gazeta-jurnallar, telekanallar reklamadan pul ishlash uchun bo‘sh joy qoldirishadi-ku!
– Bu zamonning bolalari meni jinni qilib qo‘yishadi. Maqsaddan uzoqlashmaylik. Nima deyotgandik?
– Noila xonim haqida gaplashayotgan edik, – de­di Jovid qo‘lini ko‘tarib.
Xadicha xonimning jahli chiqa boshladi:
– Vey bola, hali yetti yoshdasan. Noila xonim esa yigirma beshda. Senga kattalik qiladi u.
– Menam o‘zim uchun so‘rayotganim yo‘q. Amakim aytdiki, men ularni topishtirib qo‘ysam, velosiped olib berarmish.
– Ertaga o‘sha amakingni mening oldimga chaqi­rib kel.
– Malim, amakim sizni boshiga uradimi? Unga Noila xonim kerak. Siz uchun velosiped olib bermaydi menga.
– Bo‘ldi, bas, yetar!
Xadicha muallim o‘zini tinchlantirishga urina­yotganda eshik ochilib, Farangiz ko‘rindi.
– Kirsam maylimi? Kechirasiz, sizdan so‘ramay tashqariga chiqib ketganim uchun. Hojatga ketuvdim.
Muallima qizga yaqinlashdi. Boshini silab, muloyim tovushda dedi:
– Tushunaman, qizim, bor joyingga o‘tir. Fa­qat, Mehmon senga bir narsa demoqchi edi. Qani, Mehmon, nima demoqchisan?
Muallimaning ishorasi bilan Mehmon oyoqqa turdi.
– Farangiz, sendan kechirim so‘ramoqchi edim. Lekin, sen birdan hojatxonaga ketib qolding. Malim, o‘zingiz aytuvdingiz-ku, hojatxonaga tanaffusda boringlar, dars vaqti o‘zingizni tutib turing, deb.
Bolalar hiringlab kula boshlashdi. Farangiz­ning ko‘zlari yoshlandi. Yana tezlik bilan sinfdan yugurib chiqdi.
Xonaning eshigi ochilib, tansoqchilar xonaga bosh suqishdi va atrofga ko‘z yugurtirishdi.
– Muallima, tinchlikmi? Manavi qiz har ikki daqiqada bir yig‘lab tashqariga chiqadi?
Xadicha muallima endi javob berish uchun og‘iz juftlagan paytda gapga Alining o‘zi qo‘shildi:
– U qizning tomi ketibroq qolgan. Sizlar ham har zamonda ichkariga suqilib, erkin saylovlarga soya solyapsiz. Sinfkomlikka nomzodlardan biri menman.
Tansoqchilar tashqari chiqib, eshikni yopishdi. Muallima taajjub ila Aliga tikildi:
– Sen bunaqa gaplarni qayerdan o‘rganding?
– Saylovlar o‘tkazilganda televizorda ertadan kechgacha shunaqa gaplarni gapirishardi.
– Ha… Endi tushundim. Ali, sen o‘tir, Mehmon sen yana ishni chigallashtirding. Sinfdoshing qaytib kelsa, ortiqcha gap qilma. Kechirim so‘ra, tamom. Tushundingmi? Yaxshi. Bolalar, demak, ol­tita nomzod ilgari surilyapti. Ali, Lola, Eldor, Orif, Farangiz va Matonat. Ha, Jovid, nima deysan? Voy aytdim-ku, Noila xonimni sinfkom qilib bo‘lmaydi. Endi har biringiz qaysi nomzod­ga ovoz berish uchun aniq bir qarorga kelishingiz kerak. Har bir nomzod o‘zi haqda doskaga chiqib gapirib bersin. Istagan savolingiz bo‘lsa bering, marhamat. Avval qizlardan boshlaymiz. Qani, Lo­la, chiq doskaga!
Lola chiqdi. Keyin sinfdoshlariga qarab gap boshladi.
– Mening otim Lola. Birinchi sinfda o‘qiyman. Hamma darslardan besh olyapman. Musiqa tinglash, raqs tushishni yoqtiraman. Meni saylasangiz, sinfda tozalikni saqlashga harakat qilaman.
Xadicha muallima mamnuniyat bilan bolalarga yuzlandi:
– Savollaringiz bo‘lsa, marhamat, beravering­lar. Qani Gulnora, tur, nima savoling bor?
– Lola, sen qaysi gulni yoqtirasan?
Lola savolga javob bermoqchi bo‘lganida sinf­xona eshigi ochildi. Farangiz uyalib-qimtinib sinfga kirdi. Xadicha muallima o‘rnidan turib, unga yaqinlashdi. Keyin qovoq uyib, Mehmonga qaradi. Mehmon ham o‘rnidan turdi:
– Farangiz, meni kechir, lekin…
Xadicha muallima shogirdining gapini qoq yar­mida bo‘ldi:
– Bo‘ldi, shu yetadi, Farangiz katta qiz. Sening uzringni qabul qildi. O‘tir qizim joyingga. Xo‘sh, davom etamiz. Qayerda to‘xtagandik?
Shu payt kutilmagan hodisa yuz berdi. Ko‘zlari yoshga to‘lgan Sadoqat ismli qiz qichqira solib, tashqariga otildi.
Eshik og‘zida ishlayotgan chilangar noroziligini bildirdi:
– Bolalar, joyingizda o‘tirsangiz-chi! Say­lovingizni tinchgina o‘tkazavering. Har ikki daqiqada eshikni ochib-yopaverasizmi? O‘zi saylov degani shunaqa g‘alva bilan o‘tadi. “Vechni” o‘rtada bir ishkal chiqib turadi.
Xadicha muallima ham bu holda shoshib qoldi. Taajjub ila bolalardan so‘radi:
– Bunga nima bo‘ldi? Kim xafa qildi?
Savolga Sadoqatning partadoshi Aytan javob berdi:
– Malim, Sadoqat ham sinfkom bo‘lmoqchiydi. Lekin hech kim uning nomzodini ko‘rsatmadi.
Xonaning eshigi ochilib, ichkariga ikkita dev­day tansoqchi kirib keldi. Sinfga cho‘kkan su­kunatni bir tansoqchining yo‘g‘on ovozi bo‘ldi:
– Muallima, o‘zi bu yerda nimalar bo‘lyapti? Har uch-to‘rt daqiqada eshik bir ochilib, bitta bola yig‘lab chiqadi? Nima bezovtalik? Ruxsat bersangiz, qarshilik bo‘lmasa, biz ham ichkariga kirib, saylovlarga kuzatuvchi bo‘lib qatnashsak?
Xadicha muallima nima qilarini bilmay qol­gandi. Har qalay, bu ikki barzangiga rad javobi berishni o‘ziga ep ko‘rmadi:
– Marhamat, faqat jim o‘tirishingizni so‘ray­man.
Ikki barzangi orqadagi kichik partalarga arang siqilishib o‘tirdilar. Xadicha muallima nazoratni yana o‘z qo‘liga olishga tirishdi:
– Xo‘sh bolalar, qayerga kelgandik?
Gulnora savolini takrorladi:
– Lola, sen eng ko‘p qaysi gulni yoqtirasan?
– Atirgulni.
Xadicha muallima stolining orqasiga o‘tdi. Ko‘zoynagini taqib, bolalarga yuzlandi:
– Lolaga boshqa savolingiz bo‘lmasa, ikkinchi nomzodga o‘tamiz. Ha, Jayron, nimani so‘ra­moq­chisan?
– Malim, men sizga savol bermoqchiman.
– Eshitaman.
– Nega kelinlar oq ko‘ylak kiyishadi?
– Oq rang poklikni, iffat va to‘g‘rilikni, ezgulik va sofdillikni, sevgi va muhabbatni bildiradi, qizim.
– Malim, bo‘lmasa nima uchun kuyovlar qora ki­yim kiyishadi?
– Hmm… Haligi… Bolalar, maqsadga o‘tamiz. Kimning navbati? Matonat, kel. Ana shunday. Qani, o‘zing haqingda gapir.
– Mening otim Matonat. Mening otam vazir. Uyimizda bir it bor. Men itimni yaxshi ko‘raman. Darslarimni bajarib bo‘lib, o‘yinchoqlarimni o‘ynayman. Kitob o‘qiyman. Menga savolinglar bormi?
Gulnora qo‘lini ko‘tarib, savol berdi:
– Sen eng ko‘p qaysi gulni yoqtirasan?
– Men eng ko‘p atirgulni va qalampirgulni yoq­tiraman.
– Balli, qizim. Bor o‘tir. Endi Farangiz chiq­sin. Qani, bolam gapir-chi?
– Men haqsizlik va yomonliklarni yomon ko‘ra­­­man. Tuhmatchilarni yoqtirmayman. Sinfkom bo‘lsam, yolg‘onchilarni, tuhmatchilarni muallimimizga ay­tib beraman. Savolingiz bormi?
– Sen eng ko‘p qaysi gulni yoqtirasan?
– Men eng ko‘p atirgulni, qalampirgulni, ke­yin kartoshkagulni yoqtiraman.
Xadicha muallima gapga aralashdi:
– Ana, bolajonlar, ko‘rdinglarmi? Qizimiz rejalarni aniq aytib berdi. Endi yigitlarimizga o‘tamiz. Qani, kel-chi, Ali. Gapir, sinfkom bo‘l­sang, nimalar qilasan?
– Birinchidan, otam butun sinfga restoranida ziyofat beradi. Malim, sizam borasiz. Ikkinchi­dan, sinfxonamizga to‘riq palos to‘shattiraman. Uchinchidan, otam butun sinfga yangi stullar olib beradi. To‘rtinchidan…
– Sen xuddi siyosatchilarimizga o‘xshab gapir­yapsan. Bu ishlarning sinfkomlikka nima aloqasi bor? Otang maktabga yordam bermoqchi bo‘lsa, sen sinfkom bo‘lmasang-da bu ishlarni qilaveradi.
– Yo‘q, malim. Otam, sen saylanmasang, bu ish­larning nima keragi bor, deb aytdi. Yana aytdiki, saylanguncha va’da beraver, asosiysi saylanish, u yog‘i uncha muhim emas.
Muallima nima deyishni bilmay, yana sinfga yuzlandi.
– Bolalar, savolingiz bo‘lsa, marhamat.
– Men savol bersam bo‘ladimi? – Jovid mu­al­limidan tasdiq javobini olib, o‘rnidan tur­di. – Ali, restoranga Noila muallimani ham cha­qirasanmi?
– Chaqiraman.
– Mening amakim ham kelsa bo‘ladimi?
– Albatta, bo‘ladi. Nega bo‘lmasin?
Jovid xursand bo‘lib, kaftlarini ishqaladi. Keyin yonidagi qizning qulog‘iga pichirladi:
– Men Aliga ovoz beraman.
Keyingi savolni Gulnora berdi:
– Ali, sen eng ko‘p qaysi gulni yoqtirasan?
– Hammasini, va’da beramanki, men sinfkom bo‘lsam, sinfga har kun yangi gullar opkelaman.
– Juda yaxshi, o‘g‘lim. O‘tir. Qani Eldor, sen chiq!
– Muallima, men sinfkom bo‘lishni istamay­man. Ovozimni Farangizga berdim.
Orqa partada o‘tirgan tansoqchilardan biri kulimsirab, sherigi bilan ko‘z urishtirdi:
– Hozirgi bolalar juda abjir bo‘lib ketishgan. Biz bu yoshda juda bo‘sh-bayov bo‘lganmiz. Qara, bit­ta gap bilan qizni qo‘lga oldi-qo‘ydi.
O‘zini eshitmaslikka olgan Xadicha muallima o‘quvchisining fikriga munosabatini bildirdi:
– Bolalar, bu juda ixtiyoriy ish. O‘rtog‘ingiz istamasa, uni majbur qilolmaymiz. Endi kimning gali? Ha, Orif, doskaga chiq. Nima deysan?
– Mening otim Orif. Uyda televizor ko‘rishni, hovlida to‘p tepishni yaxshi ko‘raman.
– O‘g‘lim, katta bo‘lsang, kim bo‘lmoqchisan? Otangga o‘xshab, matematik bo‘lishni, fan doktori bo‘lishni, akademiyada ishlashni istasang kerak?
– Yo‘q, men amakimga o‘xshab sozanda bo‘laman.
– Juda yaxshi, musiqaga qiziqishing ba’zilarga o‘xshab Noila muallimaga aloqador emasmi?
– Yo‘q, pulga aloqador.
– Tushunmadim. Pulga musiqaning nima daxli bor?
– Mening otam matematik. Lekin, har doim amakimdan qarz olib turadi. Amakim bo‘lsa, institutni bitirgani yo‘q. O‘zi garmon chaladi, to‘ylarga boradi. Ko‘p pul topadi. Menam amakimga o‘xshagan bo‘laman.
– O‘g‘lim, pul hamma narsani hal qilaveradimi? Bilim olish kerak. Agar yaxshi o‘qimasangiz, ahvo­lingiz… mana! Mana shu odamga o‘xshab qolasiz, – deya eshik og‘zida, yerda o‘tirgan chilangarni ko‘rsatdi. Butun sinf shu tomonga qaradi. Muallimaning gaplaridan ranjigan chilangar xaltasini qo‘ltiq­lab, tashqari chiqib ketdi. Xadicha muallima uni chaqirib, ortidan kechirim so‘rab qolsa ham, vaziyat o‘zgarmadi. Xadicha muallima chor-nochor eski mavzuga qaytdi. Vaziyatdan chiqish uchun so‘zni Gulnoraga berdi.
– Orif, sen eng ko‘p qaysi gulni yaxshi ko‘rasan?
– Men eng ko‘p nargisni yaxshi ko‘raman.
Hamma bolalar birinchi partada boshini egib o‘tirgan Nargisga qaradi. Shu choq xonaning eshigi ochilib, qimmat farang atrining hidi sinfga taraldi. Maktab direktori kirib keldi. O‘quvchilar, tansoqchilar va Xadicha muallima o‘rnidan turib, u bilan salomlashdilar. Alibobo muallim sinf rahbariga yaqinlashdi:
– Xadicha xonim, bu yerda nimalar bo‘lyapti o‘zi? Sinfingizdan bir qizning yig‘lab muallimlar xonasiga kelganini, onasiga telefon qilganini eshitdim. Keyin chilangar keldi. Avzoyi buzuq.
– Alibobo muallim. Bugun sinfkom saylovi o‘tkazayotuvdik. Sadoqat qizimizning nomzodini hech kim ko‘rsatmadi. U keyin arazlab ketib qoldi. Chilangarni esa men xafa qildim. Bilmasdan, albatta. Kechirim so‘radim, ammo quloq solmadi.
– Xadicha muallima, sizni bir daqiqaga mum­kinmi?
Direktor va sinf rahbari birgalashib sinfdan chiqishdi. Alibobo muallim sinf eshigini yopib, shosha-pisha gapga tushdi.
– Vey, nima qilasiz boshimizga g‘alva ort­tirib? Saylov-paylov degan gapni qayerdan chi­qardingiz? Odatdagidek, bir a’lochi bolani say­lang-qo‘ying-da! Sadoqatning onasi tuman xalq ta’limi bo‘limida ishlashini bilasiz-a?
Shu choq sinfning eshigi ochilib, tansoqchilar ham chiqib keldi:
– Biz, albatta, maktabingizning ishiga arala­shishni istamaymiz. Lekin, Alini saylashingizni maslahat beramiz. Muallim, bilasiz, Og‘abola katta bir xoldingning rahbari. Maktabingizga ham foydasi tegadi.
– Meni bu ishga aralashtirmang. Mana, sinf rahbari bor. Xadicha muallima, agar mening masla­hatim sizga kerak bo‘lsa, yo tuman xalq ta’limi bo‘limining, yo mana bu xoldingning bolasini sinfkom qiling.
– Alibobo muallim, unda sinfdagi vazirning qizini nima qilaylik? Nomzodlardan birining otasi vazir ekan.
– Bilmadim, boshim qotib qoldi. O‘zingiz bir yo‘lini toping. Menam sinfga kirib o‘tiraman, qani, oxiri nima bo‘larkin? Qani, sizlar ham ki­ringlar. Ha, qizim, kel senam. Oting nima edi?
– Sadoqat. Ruxsatsiz chiqib ketganim uchun ke­chiring.
– Hechqisi yo‘q, qizim. Kir.
Hamma ichkariga kirdi. Direktor bolalarga murojaat qildi:
– Bolalar, bu saylovlarda hech kimning ko‘ngli sinib qolishini istamaymiz. Shuning uchun Sado­qatning ham nomzodini ilgari suramiz. Menda savolingiz bormi? Nima deysan, qizim?
– Malim, siz qaysi gulni yoqtirasiz?
– Nima? Esing joyidami, qizim? O‘zimning gulim chiqib turibdi. Mening qaysi gulni yaxshi ko‘rishim bilan saylovlarning nima daxli bor? Muallima siz davom eting.
Xadicha muallima gapga tushdi:
– Bolalar, mana sinfdoshlaringizni eshitdi­laring. Nomzodlarning rejalari bilan tanish­dinglar. Endi saylovni boshlaymiz. Demak, gap bunday: ism-familiyalarni o‘qiymiz. Siz o‘zingizga yoqqan nomzod uchun qo‘l ko‘tarib ovoz berasiz. Keyin ovozlarni sanaymiz. Eng ko‘p ovoz to‘plagan sinfkom bo‘ladi. Qani, Latif, chiq. Natijalarni doskaga yoz. Birinchi nomzodimiz Lola. Kim Lolaga ovoz beradi? Ofarin, yaxshi. Ikkinchi nomzod Matonat. Latif, qo‘llarni sa­nayapsanmi? Uchinchisi Farangiz. Juda yaxshi. To‘rtinchi Ali. Keyin kim qoldi? To‘g‘ri, Eldor sinfkom bo‘lishni istamadi. Demak, oxirgisi Orif ekan. Endi natijalarni ko‘ramiz.
Xona eshigi ochildi. Direktorning kotibasi kirib keldi. Sinfga ko‘z yugurtirib, Alibobo muallimni ko‘rdi va qichqirdi:
– Alibobo Vaysalovich, sizni shoshilinch tele­fonga so‘rashyapti.
Alibobo muallim chiqib ketdi. Xadicha muallima direktorsiz natijalarni e’lon qilishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Shuning uchun gap boshladi:
– Bolajonlar, siz bugun birinchi bor demokra­tik saylovlar ishtirokchisi bo‘ldingiz. Demokra­tiya mana shu. Hali haqiqiy saylovlarda ishtirok etishga yoshingiz yetmaydi. Ammo, siz birinchi qa­damni tashladingiz. Mustaqil davlatimizning kelajagi sizning qo‘lingizda. Shuning uchun har doim demokratiyaga sodiq qolishingizni, shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatishingizni istayman. Siz bizning umidimiz, ertangi kunimizsiz. Siz­ni bugungi saylov bilan tabriklayman. Mana, bu saylovda sizning katta amakilaringiz kuzatuvchi bo‘lishdi. Endi so‘zni ularga bersak.
Xadicha muallima tansoqchilarni doskaga chiqar­di. Tansoqchilar bir oz o‘ng‘aysizlanib, bolalarga yuzlanishdi. Birinchi tansoqchi gap boshladi:
– Voobщem, masala ravshan. Qo‘liylani ko‘tarib ovoz berdiyla. Yaxshi bo‘ldi. Demokratiya bo‘ldi. Haqiqiy saylov tochniy mashinaqa bo‘ladi. Endi biza nimayam derdik. Hamma narsa kak nado o‘t­kazildi, shu!
Ikkinchi kuzatuvchi gap boshladi:
– Man kuzatuvchi sifatida aytishni istardimki, saylov paytida hech qanday qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmadi. Yevropa Ittifoqida ham bunaqa odil saylov bo‘lmagan. Bitta bola “samootvod” berdi. Avtomaticheski, saylovlarga kirmadi. Bu saylov eng yuqori standartlarga…
Xonaning eshigi ochilib, tansoqchining so‘zlari qoq yarmidan kesildi. Direktor ichkariga kirdi. Doskadagi natijalarga qaradi. Keyin yuzini Xadicha muallima va tansoqchilarga o‘girib, dedi:
– Sizlar men bilan bir daqiqa tashqariga chi­qinglar. Bolalar, siz shovqin ko‘tarmay turinglar. Biz hozir kelamiz.
Xadicha muallima va tansoqchilar zalga chiqar-chiqmas, direktor shovqin sola ketdi:
– Shu saylovlaringiz boshga bitgan balo bo‘ldi. Avval tuman xalq ta’limi bo‘limidan telefon qilishdi. Keyin ishga shahar xalq ta’limi bo‘limi aralashdi. Oxirida vazirlikdan ham qo‘ng‘iroq qilishdi. Hatto Markaziy saylov komissiyasi ham masalaga aralashib, ishimizning g‘ayriqonuniy va xato ekanini aytdi. Byulletenlar tayyor emas. Saylovchilar ro‘yxatga olinmagan. Xorijdan be­taraf kuzatuvchilar ishtirok etgani yo‘q. Say­lovning legitimligi aniqmas.
Tansoqchilarning biri suhbatga aralashdi:
– Bularni tomi ketib qopti o‘zi. Bula “uxlash­yaptimi”, o‘zi? Xuddi deputat saylashyaptimi dey­san.
Direktor norozi ohangda ularning ovozini bo‘ldi:
– Sizning esa gapirishga umuman xaqqingiz yo‘q. Rasmiy kuzatuvchilik vasiqasini olganingiz yo‘q. Ro‘yxatdan o‘tmagansiz. Kuzatuvchimiz, deb quloqqa lag‘mon osasizlar.
– O‘v, Brat, qanaqa lag‘mon, qanaqa vasiqa. Boshiyzga ot tepganmi sizzi. Gaplashasanmi o‘v. Chiq buyoqqa…
Ikkinchi tansoqchi birinchisini tinchlanti­rish­ga urindi:
– Alishka, ne nado! Bizani o‘z ishimiz bor. Ni­ma qilsa qiluvmiydimi? Bizga nima?
– Bu nima deganing. Og‘abola Vaysalovichga ni­ma deysan? O‘g‘lini qonuniy yo‘l bilan sinfkom qilib saylashdi-ku. Bu qurumsoq ishni buzyapti.
– Men bilan bunaqa gaplashishga haqqingiz yo‘q. Ikkovingiz ham maktabdan chiqib keting. Yo‘qsa, politsiya chaqiraman.
– O‘v, nimalar deyapsan? San manga “pont” bilan gapirmagin, xo‘pmi? Gaping bormi, chiq, chekkada gaplashamiz. Politsiyani san emas, man chaqiraman. O‘v, Gosha, bu farmazonning mashinasini DANdagi bolalarga topshir, shtrafnoyga bosishsin, keyin miyasi joyiga keladi. Man bilan munaqa tonda gaplashmagin, a tak sindiraman o‘v!
– Alishka, tinchlan…
Suhbatga Xadicha muallima ham qo‘shildi:
– Bas qiling. Bolalardan ham battarsiz. Shosh­manglar, vaziyatdan qanday chiqamiz?
Alibobo muallimning boshi qotib qolgandi. Buning boisi qo‘ng‘iroqlarmi yoki tansoqchilarning so‘zlarimi, bilib bo‘lmasdi. Siniq nigoh bilan muallimaga karadi.
– Bilmadim. Yana uch daqiqadan keyin telefon qilishadi. Ichkari kirib, bolalarga biror nima deb turing. Chindan ham Yevropadan kuzatuvchi chaqirmaymiz-ku! Ovoz berish oshkora o‘tdi. Byul­leten-mulleten yo‘qki, biror balo qilsak. Tfu, tentakka o‘xshab, hamma natijalarni doskaga yozib qo‘yibsiz. Nima qilishga ham hayronman. Boring, bolalaringizga bir nima deb turing. Menam yuqoridagilar bilan maslahatlashib ko‘ray.
Xadicha muallima eshikni ochib, sinfga kirdi. Bolalar oyoqqa turdi. Muallima ularni o‘tqizib, joyiga o‘tirdi va ko‘zoynagini taqdi. Qarshisida o‘tirgan bolalarning samimiy ko‘zlari bilan to‘qnashdi. Yuzaga kelgan vaziyatni bolalarga qanday tushuntirsa ekan? Dunyoda adolat hech qa­chon ustun bo‘lolmasligini bularga qanday ayt­sin? Qonun-qoidalar kitobdagi kabi tatbiq etilmasligini qay tarzda bildirsin? Bir oz o‘ylab, keyin gapga tushdi:
– Bolalar, aytganimday, bugun ilk demokratik imtihon topshirdinglar. Juda zo‘r bo‘ldi. Biroq, hali demokratik tamoyillarga o‘tishimizga ancha fursat bor. Saylov ham oson masala emas. Bu juda murakkab jarayon. Saylovchilarning senga ishonishi, senga ovoz berishi, seni yaxshi ko‘rishi yetarli emas. Buni to‘g‘ri tushuninglar. Natija tasdiqdan o‘tishi lozim. Biz saylovlarni o‘tkazib bo‘ldik. Albatta, dastlabki natijalar ma’lum. Ammo, rasmiy natijani e’lon qilish uchun bir necha kun kutishimiz kerak bo‘ladi. Buni yurtimizdagi yuqori idoralar, xalqaro tashkilotlar ham tan olishi kerak. Qoidasi shunaqa. Tushundinglarmi?
1-“A” sinf o‘quvchilari bir ovozdan “yo‘q” deb javob qaytarishdi. Xadicha muallima bolalarga boqib, chuqur oh tortdi va “ochig‘i bu ishlarni me­nam tushunolmadim”, dedi.
Maktab qo‘ng‘irog‘i chalindi.

Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi