Teodor Drayzer. G‘aroyib jumboq (hikoya)

Seyzer xonim Douson ufqida yarq etib ko‘rin­di-yu, g‘oyib bo‘ldi. U bahorda itlar qo‘shilgan chana­da kanadalik frantsuzlar bilan keldi. Qisqa bir oy ichida quyoshday chaqnab turdi-yu, muzlar erishi bilan daryo yoqalab jo‘nab ketdi. Ayollar jamiyati yetishmaydigan butun Douson uning bunday nogahoniy jo‘nab qolishidan ajablandi, mahalliy zodagonlar Nomada oltin vasvasasi paydo bo‘lmaguncha va yangi mish-mish eskisini ortda qoldirmaguncha qayg‘uga bot­di. Negaki, Douson Seyzer xonimni hayrat bilan quchoq ochib kutib olgandi. U yoqimtoy, dilbar, buning ustiga beva edi. Shuning uchun deyarli barcha Eldorado “qirollari”, amaldorlar, sarguzasht izlovchi badavlat kishilar — ayol kishi ko‘ylagining hilpirlashini qo‘msaganlarning barchasi darhol uning atrofida girdikapalak bo‘la boshlagandilar.
Tog‘ injenerlari ayolning eri — marhum polkovnik Seyzerni hurmat bilan eslashardi; sanoat doirasi vakillari uning ishbilarmonligini ehtirom ila tilga olishardi: axir u Amerika tog‘ sanoatining yirik korchalonlaridan biri hisoblanardi. Dunyodagi barcha ayollar ichida aynan uning bevasi bu o‘lkalarga ne maqsadda tashrif buyurdi ekan? Bu g‘aroyib jumboq edi. Lekin Shimol odamlari mavhumlikni yoqtirishmaydi, faqat bor haqiqatni tan olishadi. Ko‘pchilikka esa Karen Seyzer g‘oyat muhim haqiqat bo‘lib tuyuldi. U hamma narsaga boshqacha ko‘z bilan qarar, adoqsiz qo‘lini so‘raganlarning taklifini uzil-kesil rad qilardi. Mana birdan u g‘oyib bo‘ldi, unga qo‘shilib haqiqat ham. Bu jumboq bo‘lib qoldi.
Shunday bo‘lsa-da, “marhamatli” tasodif bu jum­­boqqa kalit topdi. Seyzer xonimning oxirgi “qur­bon”i Jek Kofren — u bevaga yuragini va Bo­nan­zadagi besh yuz fut yerini taklif qilgandi — tun bo‘yi turli ulfatlar orasida qovoqxonalarda tentirab yurardi. Bir kuni kechasi u tasodifan Per Fonten bilan to‘qnash keldi. Bu Per Fonten deganlari Karen Seyzerning katta yo‘l boshlovchisi edi. Bir-birini tanib qolib ichib o‘tirishdi, oxir-oqibat ikkovining ham kayfi oshib qoldi.
– Nima? – tongga yaqin g‘udrandi Per Fonten. – Seyzer xonim bu tomonlarda nima maqsadda paydo bo‘ldi? Buni o‘zidan so‘rang. Hech nima bilmayman. Faqat xonimning bir odam haqida so‘rayverishini bilaman. “Per, — deydi. – Uni menga topib bersangiz, sizga mo‘maygina pul beraman, ming dollar. Faqat bu odamni toping”. Kimni deysizmi? E, ha, uning ismi… nima edi-ya… Devid Peyn. Ha, mister, Devid Peyn. Xonimning og‘zida nuqul shu ism. Men uni hamon izlayapman. Itdek izg‘iyman, ammo undan darak yo‘q, jin ursine uni. Ming dollardan ham darak yo‘q.
Nima? E, ha. Bir safar Serkildan kelishdi. Uni tanishar ekan. U Qayinsoyda, deyishdi. Xonimmi? Xonim aytdiki: “Bon!” – shundan keyingina chehrasi ochildi. Keyin esa menga: “Per, itlarni chanaga qo‘shing. Hoziroq jo‘naymiz. Agar uni topsak, sizga ikki ming dollar beraman”, – dedi. Men: “Ha, albatta! Allons, madame!” – dedim.
Ichimda esa: “Ikki ming dollar ham cho‘ntagimda. Qanday aqlliman!” deb o‘yladim. Keyin Serkildan kelgan allakimlar aytishdiki: “Yo‘q, Devid Peyn yaqinda Dousonga ketdi”. Shunday qilib, xonim bilan biz Serkilga ham bormadik.
Ha, mis’e. Shunda xonim menga: “Per, qayiq sotib oling, – dedi besh yuz dollarni uzatgancha, – ertaga daryo bo‘ylab jo‘naymiz”. – “Ha, yaxshi, xonim, ertaga daryo bo‘ylab jo‘naymiz”. Anov yashshamagur Sitka Char­li qayiq uchun mendan besh yuztani shilib oldi. Jin ursin uni.
Jek Kofren bu yangilikni ichida saqlab turolmadi va ertasi kuni butun Douson bu Devid Peyn kim ekan, Karen Seyzerga qanday aloqasi bor, deb o‘ylardi. Biroq o‘sha kuniyoq, Per Fonten aytganidek, Seyzer xonim kanadalik hamrohlari bilan sharqiy sohil yoqalab jo‘nadi, Klondayk-siti yo‘nalishi bo‘ylab daryo­ni kesib o‘tdilar, qoyatoshlarga urilib ketmaslik uchun son-sanoqsiz orolchalar ichiga berkinishdi.
– Ha, xonim, bu xuddi o‘sha yer. Birinchi, ikkinchi, uchinchi orollar Styuart daryosining pastki quyi­lishida. Mana bu uchinchi orol.
Per Fonten changak bilan qirg‘oqqa tiralgancha qayiqni oqimga ko‘ndalang qo‘ydi. Qayiq tumshug‘i bi­lan qirg‘oq toshlariga urildi, kanadaliklardan biri chaqqon sakrab tushib, qayiqni qirg‘oqqa bog‘ladi.
– Bir daqiqa, xonim, avval atrofni ko‘zdan kechi­raychi.
Fonten qoya ortiga yashirindi. O‘sha tomonda it­larning akillagani eshitildi. Fonten darhol qaytib keldi.
– Ha, xonim, kulba bor ekan. Qarab chiqdim. Uyda hech kim yo‘q. Lekin u uzoqqa ketmagan bo‘lishi kerak — itlarni olib ketmabdi-ku, tez orada qaytib keladi, ishonavering.
– Tushishga yordamlashvoring, Per. Qayig‘ingizda qiynalib ketdim. Menga qulayroq joy tayyorlasangiz bo‘lmasmidi?
Karen Seyzer qayiq ichidagi mo‘ynali “uya”sidan boshini ko‘tarib qaddini rostladi. Oddiy holatda ham u nilufardek nozik va nafis ko‘rinardi. Bu noziklik esa Perga uzatgan qo‘lidagi kuch bilan mos kelmasdi. Qayiqdan “lip” etib sakrab tushib, kelishgan oyoqlari bilan dadil qadam tashlagancha tikka qiyalikka ko‘­tarildi. Bu nafis, kelishgan ayoldan kamdan-kam uch­raydigan kuch va matonat yog‘ilib turardi.
U tepalikka osongina chiqib olgan bo‘lsa-da, yonoq­lari qizarib ketgan, yuragining dukurlashi tezlashgan edi. Kulbaga qiziqish bilan yaqinlashdi, yuzi yanada lovullardi.
– Buni qaranglar, – dedi Per taxlab qo‘yilgan o‘tinlarni ko‘rsatib. – O‘tinlar yaqindagina mayda­langan, ikki yoki uch kun avval.
Seyzer xonim ma’qullab bosh silkib qo‘ydi. U darchadan ichkariga nazar tashlamoqchi bo‘ldi. Ammo, darchaga yopishtirilgan moy qog‘oz bunga imkon bermadi. Keyin eshikka yaqinlashdi. Ichkariga kirish niyatida og‘ir zulfinni ko‘tarmoqchi bo‘ldi, biroq bu fikridan qaytdi. Keyin hech kutilmaganda bir tizzasini yerga qo‘yib, tarashlangan ostonani o‘pdi. Agar Per buni ko‘rganida ham o‘zini ko‘rmaganlikka olar, birovga churq etmasdi. Jimgina trubkasini chekib turgan kanadaliklardan biri boshlig‘ining kutilmaganda o‘da­g‘aylaganini eshitib sapchib tushdi.
– Hoy, Leguar! Yumshoqroq joy tayyorla, – buyurdi Per. – Ayiq terisi va adyolni qalinroq sol, jin ursin!
Anchagina mo‘yna va adyolni qirg‘oq bo‘yiga olib kelishdi. Yaxshigina joylashib olgan Seyzer xonim kuta boshladi. Tirsagiga suyangancha uzoq-uzoqlarga qaradi. Qirg‘oqning narigi tarafidagi bu yerlardan ko‘rinmaydigan o‘rmondan chiqayotgan tutun tog‘lar tepasidagi ko‘kni qoplab olgandi. Bu parda orasidan quyosh nurlari arang yerga tushardi. Qayoqqa qarama ufqqacha qoyali tog‘lar, yovvoyi muz sahrosi, archalar bilan to‘lgan orol. Bu yerda odam borligi bilinmas, atrofda tiq etgan tovush eshitilmasdi. Butun o‘lka­ni qandaydir ko‘rinmas kuch kishanlagandek, bepoyon kengliklar sirli ko‘rinar edi. Balki aynan mana shundan Seyzer xonim bezovta bo‘la boshladi: tez-tez holatini o‘zgartirar, goh osmonga, goh yerga qarardi. Taxminan bir soatdan so‘ng hammaga qirg‘oqqa chiqib tunash uchun joy qilishga ruxsat etildi, faqat Per bekasining yonida qoldi.
Ular ancha vaqt jim o‘tirishdi.
– A, ha, ana u, – pichirladi Per daryo tomonga sinch­kovlik bilan qarab.
Oqim bo‘ylab kanoe suzib kelar, goh o‘ng, goh chap bortdan eshkak ko‘rinardi. Ikki kishi — kanoening quyruq qismida erkak, old tarafida ayol bir maromda eshkak eshishardi. Seyzer xonim ayolga e’tibor ber­madi, qirg‘oqqa yaqinlashishgach, ayolning o‘ziga xos la­tofatini ko‘rmaslikning iloji yo‘q edi. Gul solib, los terisidan tikilgan kamzul uning kelishgan qo­matini yanada ixchamroq ko‘rsatar, chiroyli qilib o‘ralgan ipak ro‘mol qalin qora sochlarini yarmigacha berkitgandi. Bu ayolga birrov ko‘zi tushgan Seyzer xonim undan ko‘z uzolmay, haykaldek qotib qoldi. Chiroyli shahlo ko‘zlar qayrilma kipriklar orasi­dan to‘g‘riga diqqat bilan boqardi. Yanoq suyaklari turtib chiqqan bo‘lsa-da, yuzlari lo‘ppi edi. Ingichka lablarida ham qandaydir kuch, ham nafislik bilinib turardi. Bu yuz nimanidir eslatar, go‘yo asrlar o‘tib unda ajdodlar qiyofasi jonlangan edi. Ayolning in­gichka teshikli qirg‘iy burni bu taassurotni yanada kuchaytirdi. Bu yovvoyilik nafaqat ayolning yuzida, balki butun vujudida sezilib turardi. Bu ideal darajadagi ko‘rkam g‘arb ayoli edi. Hindu qabilalari yigirma avloddan so‘ng bunday mukammal go‘zalni dunyoga keltirganlaridan baxtiyor edilar.
Eshkakchilar uzun va kuchli siltashlar bilan qayiqni keskin burishib, oqimga ko‘ndalang qo‘yish­di va qirg‘oqqa kelib engilgina to‘xtashdi. Yana bir zumdan keyin qiyalik chetida turgan ayol qo‘lida arqon ushlagancha endigina o‘ldirilgan los go‘shtining to‘rt­dan bir qismini tepaga ko‘tarib chiqdi. Keyin unga erkak ham qo‘shilib, ikkovlon tez va kuchli siltov bilan kanoeni qiyalikka tortishdi. Itlar g‘ingshib, dumlarini likillatishar, ayol ularni erkalatish uchun egildi. Shunda erkakning ko‘zi yaqin joyda turgan Seyzer xonimga tushdi. U ishonmagandek ko‘zlarini ishqaladi va yana qaradi.
– Karen, – deb Seyzer xonimga yaqinlashdi va qo‘lini uzatdi. – Avvaliga ko‘zimga ko‘rinyapsiz dep­man. Bu yil bahorda ko‘zim qordan tinib og‘ridi. Shundan beri ko‘zim shunaqa hazil qilib turadi.
Seyzer xonimning yuzlari yanada qizarib ketdi, yuragini nimadir siqqandek bo‘ldi. U hammasiga tayyor edi, faqat bu sovuqqina uzatilgan qo‘lga emas. Shunday bo‘lsa-da, o‘zini qo‘lga olib erkakning qo‘lini qattiq siqib qo‘ydi.
– Bilasiz-ku, Deyv, men allaqachonlar kelgan bo‘­lardim, lekin… lekin…
– Lekin men chaqirmadim, – kulib qo‘ydi Devid Peyn kulbaga yashiringan hindu ayolining orqasidan qaragancha.
– Yo‘q, tushunaman, Deyv… sizning o‘rningizda men ham shunday qilardim. Ammo ko‘rib turganingizdek, men shu yerdaman.
– Xo‘sh, qani, ichkariga marhamat. Kechlik qilamiz, – dedi Peyn uning ovozidagi yolvorishni sezmagan­dek. – Rosa charchagandirsiz? Qayoqqa yo‘l oldingiz? Tepagami? Demak, qishni Dousonda o‘tkazibsizda? Yo yaqinda keldingizmi? Bular sizning odamlaringizmi? – dedi u qirg‘oq yaqinidagi gulxan atrofida to‘plangan kanadaliklarga ishora qilib. – Men bu yerga o‘tgan yili qishda Serkildan keldim. Vaqtinchalikka. Genderson soyida o‘ralashib yuribman; agar foydasi bo‘lmasa Styuart daryosidan omad izlab ko‘raman.
– Uncha o‘zgarmabsiz? – dedi Seyzer xonim suhbatni shaxsiy mavzuga burib.
– Biroz ozdim, shekilli. O‘zingiz qalaysiz?
Seyzer xonim yelkasini qisib qo‘ya qoldi. G‘ira-shirada hindu ayolga yaxshilab razm solishga harakat qilardi. Hindu esa allaqachon olov yoqib, go‘sht pi­shirayotgandi.
– Dousonda ko‘p bo‘ldingizmi? – bosh ko‘tarmay so‘­radi Devid. U yosh qayin g‘o‘lasini randalar edi.
– Bor-yo‘g‘i bir necha kun, xolos, – javob berdi Seyzer xonim hindu ayolni kuzatgancha; u deyarli savolni eshitmagandi. – Nima dedingiz? Dousondami? Bir oy. U yerdan qochib qutulganimdan baxtiyorman. Bilasizmi, Arktikada erkaklar qo‘pol, qolaversa, his-tuyg‘ularini keskin yuzaga chiqarishadi.
– Go‘rga yaqinlashib qolganingdan keyin bunday qilmasdan ilojing ham yo‘q-da. Rasm-rusumlaringni uyda qoldirishing kerak. Vaqtida u yerdan ketibsiz. Lekin bu o‘lkalarni chivinlar paydo bo‘lgunicha tark etishingiz kerak. Hali ularga duch kelmadingiz, oma­dingiz bor ekan.
– Balki. O‘zingiz haqingizda gapirib bering. Hayo­tingiz qalay? Yaqin atrofda yana biron kimsa yashaydimi? Yo hech kim yo‘qmi?
Bir vaqtning o‘zida u yassi toshda dag‘al qopdagi qahva donachalarini tuyayotgan hindu ayolni ham kuza­tar edi. Hindu sabr va chaqqonlik bilan ibtidoiy odamdek, donni chaqmoqtoshning og‘ir bo‘lagi bilan may­dalardi. Devid Peyn mehmonning bu kuzatishini ko‘rib, lablaridan tabassum sirg‘alib o‘tdi.
– Qo‘shnilar ham bor edi, – dedi u. – Missuridan bir necha kishi va ikkita kornuellik. Lekin ular Eldoradodagi bir oltin izlovchiga yollanishdi.
Seyzer xonim o‘choq boshidagi ayolga o‘ychan va sinchkov nazar tashladi.
– Faqat hindular bu yerda xohlagancha topiladi, shundaymi?
– Hammalari allaqachon Dousonga ko‘chib ketishgan. Bu atrofda bitta ham hindu qolmadi. Faqat Vina­pi shu yerda. U koyukuk qabilasidan. Ular taxminan daryodan ming mil quyida yashaydilar.
Qo‘qqisdan Seyzer xonimning boshi aylanib ket­di. Albatta, yuzidagi tabassum o‘chmadi. Biroq, nigohi uzoqlarga qaragancha o‘ylanib qoldi. Yog‘och devorlar go‘yo mastga o‘xshab raqsga tushardi. Shu payt ovqatga taklif qilishdi va u asta o‘ziga kela boshladi. Seyzer xonim kam gapirardi, asosan, tabiat va ob-havo haqida. Negaki, Devid Peyn daryoning quyi tomonlaridagi quduqlar va daryoning yuqorisidagi qishki qazish ishlari o‘rtasidagi farqni uzundan-uzoq tasvirlashga tushgandi.
– Shimolga nima uchun kelding, deb so‘ramayapsiz? – dedi Seyzer xonim. – Albatta, buni o‘zingiz ham bilasiz. – Ular allaqachon ovqatlanib bo‘lishgan, De­vid Peyn yana randalashga tushgandi.
– Xatimni oldingizmi?
– Oxirgisinimi? Yo‘q, shekilli. Aniqrog‘i, u Qa­yinsoy tomonlarda kezib yuribdi yoki Quyidaryodagi biron savdogarning kulbasida yotibdi. Bizda pochta yaxshi emas. Na tartib, na tizim, na…
– Qishloqi bo‘lmang, Deyv! Menga yordam bering! – Endi Seyzer xonim qat’iy, hokimona ohangda gapirardi, go‘yo o‘tmishlari bunga huquq bergandek. – Nima uchun men haqimda so‘ramayapsiz? Eski ta­nishlarimizni ham so‘ramayapsiz? Nahot endi sizni tashqi olam ortiq qiziqtirmaydi? Erimning va­fo­tidan xabaringiz bormi?
– Nahotki? Ming afsus. Qachon?..
– Devid! – U alamdan yig‘lab yuboray dedi, ammo ham alam, ham gina-kuduratli nidosidan o‘zini ancha yengil his qildi. – Siz o‘zi xatimni oldingizmi? Olgan bo‘lsangiz ham biror marta javob yozmadingiz!
– Men eringizning o‘limi haqida yozgan so‘nggi xatingizni olmadim. Balki yana qaysidir xatlaringiz menga yetib kelmagandir, biroq ba’zilari qo‘limga tegdi. Men …hmm… Men ularni Vinapiga ibrat bo‘lsin deb ovoz chiqarib o‘qidim. Bilasizmi, nima uchun, oq tanli opa-singillari qanchalik buzilganini ko‘rsatish uchun. Bu unga foydadan xoli emas, deb o‘ylayman. Siz-chi?
Seyzer xonim bu pichingga javob bermadi.
– Topdingiz, – dedi u, – sizga tegmagan oxirgi xatda polkovnik Seyzerning o‘limi haqida yozgandim. Bunga bir yil bo‘ldi. Yana, yana agar siz oldimga kelmasangiz, men o‘zim sizning yoningizga boraman, deb yozgandim. Biron marta kelaman deb va’da bermagan bo‘lsam-da, mana keldim.
– Qachon va’da bergandingiz?
– Avvalgi xatlarim-chi?
– Ha, va’da bergandingiz, lekin men buni so‘rama­gandim. Javob ham yozganim yo‘q. Xatla­ringizning hammasi bir xil. Shunday ekan, bu va’dalar haqida hech narsa bilmayman. Ammo menga boshqa bir va’da ma’lum, buni siz ham eslaysiz. Bu ancha oldin bo‘lgandi. — U boltasini polga tushirib yubordi. Shundagina boshini ko‘tardi. – Ancha oldin, biroq hammasi yodimda — o‘sha kun, o‘sha on, har bir ikir-chikir xotirimda. Ikkalamiz bog‘da edik, oyingizning atirgullar ekilgan bog‘ida. Atrof yam-yashil, gullar ochilgan, yuragimizda ham bahor edi. Sizni quchoqladim, bu birinchi marta edi va labingizdan bo‘sa oldim. Eslaysizmi?
– Keragi yo‘q, Deyv, gapirmang! Hammasi yodimda, shunday uyalyapmanki! Keyin qancha ko‘z yosh to‘kdim! Qancha azoblanganimni bilsangiz edi…
– O‘shanda siz menga va’da bergandingiz — ha, bu ajoyib kunlar ming martalab takrorlangandi. Har bir nigohingiz, har bir siypalashlaringiz, lablaringiz orasidan uchib chiqayotgan har bir so‘z — bularning bari va’da edi. Keyin esa, qanday aytsam ekan, keyin boshqasi paydo bo‘ldi. U qari, otangiz tengi edi, buning ustiga chiroyli ham emasdi. Lekin, tartibli odam edi. U hech qachon nojo‘ya ish, qonunbuzarlik qilmagandi. Tamomila hurmatli kishi edi, aytgancha, uning qanaqadir mulki ham bor edi: bir qancha jirkanch konlar — yigirmatacha edi, shekilli. Ammo buning ahamiyati yo‘q; qolaversa, qandaydir yerga egalik ham qilar, oldi-berdi bilan shug‘ullanar, foydasini yeb yotar edi, u…
– Bunga boshqa narsalar ham sabab bo‘lgandi, – ga­pini bo‘ldi Seyzer xonim. – Sizga aytgandim. Sha­­roit…muhtojlik… yaqinlarim… ko‘ngilsizliklar shunga maj­­bur qildi. Hammasi qanchalik yomon tus olganini bilardingiz-ku. Qo‘limdan hech narsa kelmadi. Bunday bo‘lishini xohlamagandim. Mendan foydalanishdi yoki men o‘zimni qurbon qildim — buni qanday atasangiz atang. Lekin, ey, Xudoyim, Deyv, sizdan voz kechishim kerak edi. Menga nisbatan adolatsizlik qilyapsiz. Nimalarni boshimdan o‘tkazganimni o‘ylab ko‘ring.
– Siz xohlamagandingiz? Sizni majbur qilishdi? Yer yuzida sizni u yoki bu erkak bilan to‘shakda yotishga majbur qiladigan kuch bo‘lmasa kerak.
– Lekin men sizni doim sevardim, – o‘zini oqladi Seyzer xonim.
– Men sevgini sizning qarichingiz bilan o‘lcha­­masdim. Hozir ham o‘lchamayman. Ular menga tu­shunarsiz.
– Hammasi ortda qoldi. Hozir esa…
– Siz bilan o‘zingiz uchun mos er deb bilgan kishi haqida gaplashayotgandik. Kim edi u? Nimasi bilan sizni o‘ziga maftun qildi? Unda qanday yax­shi xislatlarni topdingiz? To‘g‘ri, u oltin to‘la qop edi, hamma narsaga qodir oltin to‘la qop. U pulning qadrini bilardi, yuzdan yana yuz topa olardi. Aqlli bo‘lmasa-da, o‘zgalar pulini cho‘ntagiga qoqib kelishga imkon beradigan har qanday pastkashliklarni juda yaxshi bilardi. Qonun ham bunga barmoq orasidan qarardi. Bunday ishlar uchun sud qilishmaydi, dinimiz ham buni ma’qullaydi. Jamiyat ko‘z o‘ngida u yaramas odam emasdi. Ammo sizning, Karen, va mening ko‘z o‘ngimizda, bog‘da uchrashgan paytimizda kim bo‘libdi u?
– Uning vafot etganini unutyapsiz.
– Bu hech narsani o‘zgartira olmaydi. Kim edi u? Bahaybat, semiz hayvon, qo‘shiqqa kar, go‘zallikka ko‘r qalbsiz edi. Dangasalikdan yog‘ bosgan, shalviragandi, semiz qorni ochofatligining isboti edi.
– Ammo u o‘ldi. Endi esa gap biz haqimizda ketyapti…biz haqimizda! Eshityapsizmi? Siz haqsiz, men xiyonat qildim, gunohga botdim. Yaxshi. Sizning hech qanday aybingiz yo‘qmi? Xo‘p, men va’damni buzipman, siz-chi? O‘shanda atirgul bog‘ida muhabbatimiz abadiy deb aytgandingiz-ku. Qani o‘sha muhabbat?
– U mana bu yerda! – hayqirdi Devid mushti bilan ko‘kragiga urib. – U doimo shu yerda.
– Buyuk muhabbat, bundan ortiq sevish mumkin emas, – davom etdi Seyzer xonim. – O‘shanda atirgul bog‘ida shunday degandingiz. Endi esa oyoqlaringizga yiqilib ko‘z yosh to‘kayotganimda muhabbatingiz sizni na rahm qilishga, na bag‘rikeng bo‘lishga undayapti, meni kechirishingizga yordam bermayapti.
Devid Peyn bo‘shashib qoldi. Lablari unsiz pir­pirar, nima deyishni bilmasdi. Seyzer xonim uning yuragini ochishga, o‘zidan yashirib kelgan haqiqatni aytishga majbur qilgandi. Karen o‘z tuyg‘ulari o‘tida shunday yoqimtoy edi-ki!.. U eski xotiralarni esga solgandi. Unga qaramaslik uchun o‘girilib oldi. Le­kin, u Devidning oldiga aylanib o‘tdi.
– Ko‘zlarimga qara, Deyv! Ko‘zlarimga qara! Men hamon o‘sha-o‘shaman. Sen ham. Tushun, axir. Biz o‘zgarganimiz yo‘q.
U qo‘llarini asta Devidning yelkasiga qo‘ydi, Devid uni bag‘riga bosishga tayyor edi. Birdan gugurt chirq etib yondi. Bu kutilmagan tovush Devidni o‘ziga keltirdi. Vinapi ularga e’tibor bermay, moychiroqni yoqqandi. Uning yuzi banogoh zimiston ichida ko‘rindi. Olovning oltinrang shulasi uning go‘zalligiga shohona ko‘rk berib turardi.
– Ko‘rib turganingizdek, bu ilojsiz, – dedi Devid mallasoch ayolni asta o‘zidan itarib. – Bu ilojsiz, – takrorladi. – Ilojsiz.
– Men yosh qizcha emasman, Deyv, bolalarcha xom­xayol­larga ham berilmayman, – dedi Seyzer xonim biror to‘xtamga kela olmay, yana Deyvga yaqinlashib. – Men ayol kishiman, hammasini tushunaman. Erkak kishi baribir erkak kishida. Bu yerda odat shunaqa. Bu meni ajablantirmaydi. Hammasini birinchi ko‘rganimdayoq tushungandim. Lekin bu bir qarashda, xolos, sizlar chinakamiga er-xotin bo‘lmasanglar kerak.
– Bizda, Alyaskada, bunaqa savollar berilmaydi, – nochor e’tiroz bildirdi Devid.
– Bilaman, ammo…
– Nima ham derdim, ha, bu yukoncha nikoh, bundan ortig‘i emas.
– Bolalaring ham yo‘qmi?
– Yo‘q.
– Va…
– Yo‘q, yo‘q, oramizda hech narsa bo‘lgani yo‘q… Ba­ribir buning iloji yo‘q.
– Yo‘q, iloji bor. – Seyzer xonim yana Devidga yaqinlashdi. Uning qo‘li astagina Devidning oftobda qoraygan qo‘llariga tegardi. – Men bu yerning rasm-rusumlarini juda yaxshi bilaman. O‘zi erkaklar doim shunaqa. Ular tashqi olamdan uzilib, bu yerda butun umr qolisholmaydi. Tinch okeani sohillari Kompaniyasi orqali ayollari uchun bir yilga yetadigan oziq-ovqat jo‘natishadi, qo‘llariga ozroq pul berishadi va qarabsiz-ki, ayol xursand. Bir yil ham o‘tib ketadi, u yerda esa… – Seyzer xonim yelkasini qisib qo‘ydi. – Bu hindu bilan ham shunday bo‘ladi. Biz uni Kompaniya orqali barcha ehtiyojlari bilan bir yil emas, umrining oxirigacha ta’minlaymiz. Siz uni topib olmaguningizcha kim edi? Yovvoyi, mol; yozda baliq bilan, qishda bug‘u go‘shti bilan ovqatlanadi, sertobgarchilikda bo‘kkunicha yeydi, hech narsa yo‘q bo‘lsa ochidan o‘ladi. Agar siz bo‘lmaganingizda u shundayligicha qolardi. Siz paydo bo‘lganingizdan keyin uning hayoti ham o‘zgardi. Siz ketasiz — u to‘kin-sochinlikda yashaydi, hatto hozir siz bilan yashayotganidan ham ancha yaxshi hayot kechiradi.
– Yo‘q, yo‘q, – e’tiroz bildirdi Devid Peyn. – Bu adolatdan emas.
– Axir, tushunsangizchi, Deyv. Uning tomirlarida begona qon oqmoqda. U boshqa toifadagi odam. U shu yerda tug‘ildi, shu yerda tomir otdi. U yovvoyi bo‘lib tug‘ildi va yovvoyi bo‘lib o‘ladi. Biz esa, siz bilan men, hukmron tabaqadanmiz, biz yerning tuzimiz, uning xo‘jayinimiz! Biz bir-birimiz uchun yaralganmiz. Biz siz bilan qondoshmiz. Aql ham, tuyg‘u ham shunday deyapti. O‘zingiz ham buni ichingizda xohlab turib­siz. Buni rad qila olmaysiz. Ajdodlaringiz oldi­dagi burchingizni unutolmaysiz. Sizning naslingiz ming,­ yuz ming yillardan beri yashab kelyapti va u siz­ga kelganda to‘xtab qolmaydi. Bu mumkin emas! Tomirlaringizda ota-bobolaringizning qoni oq­moqda. Sezgi xohish-istakdan kuchliroq. Siz o‘z tabaqangiz farzandisiz va uning nidosiga quloq solishingiz kerak. Deyv, bu yerlardan ketaylik! Biz hali yoshmiz, hayotimiz hali oldinda. Ketaylik!
Shunda Devid Peyn ostona hatlab itlarga ovqat bergani ketayotgan Vinapiga ko‘zi tushdi, bir necha bor boshini chayqadi. Lekin Karenning qo‘llari uning bo‘ynini quchoqladi, yuzini yuziga bosdi. Shu on Devid g‘am-hasrat bilan to‘lgan hayotining og‘ir yukini his qildi. Tabiatning yovuz kuchlari bilan behuda kurash, sovuq va ochlikka uzoq vaqt chidashga majbur qilgan muhtojlikdagi yillar, shafqatsiz hayot va “yovvoyi jonzot” to‘ldirolmagan qalbidagi bo‘shliq. Mana hozir yonida serquyosh, issiq o‘lkalar, musiqa, yorug‘lik, quvonch borligini eslatib turgan o‘zga sohibjamol. Devid Peyn beixtiyor o‘tmishiga nazar soldi. Doira bo‘lib ashula aytayotgan chehralar, xursandchilik damlari, uzuq-yuluq qo‘shiqlar, qah-qaha otib kulishlar xayolidan birin-ketin o‘ta boshladi.
– Ketdik, Deyv, ketdik! Mendagi pul ikkalamizga ham yetadi. Yo‘l ochiq. – Karen faqirona kulbaga ko‘z yugurtirdi. – Dunyo oyog‘imiz ostida, hayot quvonchlari bizni kutyapti. Ketdik, ketdik!
Karen allaqachon Devidning og‘ushida edi. Karen­ning butun vujudi titrar, Devid esa uni mahkamroq quchoqlardi. Keyin Devid o‘rnidan turdi… Biroq shu payt yog‘och devorlar orasidan uning qulog‘iga qorni och, bir-birini g‘ajishayotgan itlarning irillashi, ularni tinchlantirayotgan Vinapining hay-haylaga­ni eshitildi va Devid Peynning ko‘z o‘ngida boshqa manzara paydo bo‘ldi. O‘rmondagi olishuv… bahay­bat, dahshatli ayiq… itlarning irillashi va ularni ayiq­qa olqishlayotgan Vinapining qattiq hayqirig‘i…olishuvning o‘rtasidagi halloslab, kuchsizlanib qolgan, fojiali o‘limni yengishga urinayotgan Devidning o‘zi…ayiqning ko‘zlari qonga to‘lgan, uni yengib bo‘lmaydi, mana hozir Peynni hayot bilan bog‘lab turgan rishta­ni uzib tashlaydi va nihoyat, bu dahshatli olishuvda sochlari to‘zg‘igan, ko‘zlari g‘azab o‘tida yongan Vinapi maxluqning tanasiga uzun ov pichog‘ini yana va yana sanchib oladi… Peynning manglayida ter tomchilari paydo bo‘ldi. U o‘zini quchoqlab olgan ayol qo‘llarini siltab, gandiraklagancha devorga tisarildi. Karen ham hal qiluvchi daqiqalar yaqinlashganini tushunib, ammo bu nima bilan tugashini anglay olmay, his qildiki, u erishganlarini qo‘ldan boy beryapti.
– Deyv, Deyv! – hayqirdi Karen. – Seni hech kimga bermayman! Bermayman! Madomiki, sen ketishni xoh­lamas ekansan, mayli biz shu yerda qolamiz. Men sen bilan qolaman. Sen men uchun dunyodagi eng aziz insonsan. Men senga haqiqiy shimol xotini bo‘laman. Senga shirin-shirin ovqatlar pishirib beraman, itlaringni boqaman, yo‘lingni yoritib turaman, sen bilan eshkak eshaman. Hammasini uddalayman. Ishon, men matonatliman.
Devid Peyn hozir Karenga tikilib turib bunga shubha qilmasdi, biroq uning yuzida g‘amginlik, ko‘z­larida sovuqqonlik paydo bo‘ldi.
– Men Per va uning odamlari bilan orani ochiq qilib, ularni qo‘yib yuboraman. Men sen bilan qo­laman. Rohib bizni nikohlaydimi, yo‘qmi, baribir; men sen bilan xohlagan yeringga ketaman. Deyv, Deyv! Quloq sol! Sen aytyapsan-ki, men o‘shanda sening ol­dingda gunohga botdim. Ha, bu rost. Lekin sen ham gunohimni yuvishga imkon ber. Mayli, men o‘shanda sevgini to‘g‘ri baholay olmagan bo‘laqolay. Biroq, endi men bunga o‘rgandim, mana ko‘rasan.
Karen polga yiqilib, yig‘lagancha uning oyoqlarini quchdi.
– Axir, sen meni sevasan-ku. O‘ylab ko‘r, seni qancha kutdim, azob chekdim. Sen buni tushuna olmaysan…
Devid egilib uni o‘rnidan turg‘azdi.
– Quloq soling, – Devid qat’iy javob qaytarib, eshikni ochdi va uni deyarli kuch bilan kulbadan tashqariga olib chiqdi, – buning iloji yo‘q. Hozir faqat o‘zimiz haqimizda o‘ylamasligimiz kerak. Ke­tishingiz lozim. Oq yo‘l sizga. Oltmishinchi mildan yo‘l og‘irlashadi, lekin siz a’lo darajadagi jamoaga egasiz, ular eplaydi. Keling, vidolashaylik.
Karen allaqachon o‘zini qo‘lga olgandi. Shunday bo‘lsa-da, Devidga tikilgan ko‘zlarida so‘nggi, ojiz umid uchquni miltilladi.
– Mabodo… mabodo Vinapi… – uning ovozi titrab chiqdi, gapini tugata olmadi.
Ammo Devid u nima demoqchiligini tushundi.
– Ha, – javob berdi Peyn. Shu zahoti bu fikrning dahshatini o‘ylab, davom etdi: – Bu haqida gap bo‘lishi mumkin emas, bunga umid ham qila ko‘rmang.
– Meni o‘ping, – shivirladi birdan Karen. Keyin o‘girilib nari ketdi.
– Otlaninglar, Per, – dedi u bekasining qaytishini yolg‘iz o‘zi bedor kutayotgan yo‘lboshlovchisiga. – Keti­shimiz kerak.
Gulxan yorug‘ida Perning o‘tkir ko‘zlari bekasining yuzidagi dardni sezdi. Lekin u go‘yo bunda o‘zgacha biror nima bo‘lmagandek, g‘alati buyruq oldi.
– Yaxshi, xonim, – dedi xotirjam. – Qayoqqa? Dou­songami?
– Yo‘q, – javob berdi Karen o‘zini erkin tutib. – Daryo bo‘ylab tepaga. Janubga. Dayiga.
Per ko‘rpaga o‘ranib uxlayotgan odamlariga o‘shqirdi, tepki va haqoratlar bilan ularni oyoqqa turg‘izib, ishga chorladi; uning quloqni teshadigan buyruqnamo hayqiriqlari butun lager bo‘ylab eshitilib turdi. Seyzer xonimning chodiri birpasda o‘raldi, qozon-tovoqlar yig‘ishtirildi, ko‘rpa-yostiqlar taxlandi. Odamlar yukning og‘irligidan gandiraklab, qayiqlar tomon yurishdi. Seyzer xonim yuklarni joylashtirib, unga qulayroq joy tayyorlashguncha kutib turdi.
– Orolni aylanib o‘tamiz, – tushuntirdi unga Per uzun shatak arqonni yechib. – Keyin oqim tinchroq bo‘lgan irmoq bo‘ylab suzamiz. O‘ylaymanki, hammasi yaxshi bo‘ladi.
Perning ziyrak qulog‘iga kimningdir jadal qa­damlari ostida o‘tgan yilgi quruq o‘tlarning shi­tirlagani eshitildi va u o‘girilib qaradi. Ularning oldiga hurpaygan itlar qurshovida hindu ayol kelardi. Seyzer xonim shuni sezdiki, ular kulbadaliklarida uning sovuqqon yuzi endi jonlangan va g‘azab o‘tida yonardi.
– Erimga nima qildingiz? – so‘radi Vinapi. – U karavotda yotibdi. Ko‘rinishi juda ham yomon. “Senga nima bo‘ldi, Deyv? Tobing qochdimi?” – deb so‘rasam ham indamayapti. Keyin: “Sen yaxshisan, Vinapi, sen boraver. Men tezda sog‘ayib qolaman”, dedi. Erimga nima qildingiz?.. O‘ylashimcha, siz yomon ayolsiz.
Seyzer xonim Devid bilan qolayotgan bu odam­yovvoyiga sinchkovlik bilan qaradi. U holda Karen nima qilishi kerak? U yolg‘iz, tungi zulmatga g‘arq bo‘lishi kerak.
– O‘ylashimcha, siz yomon ayolsiz, – takrorladi Vinapi. U begona tilning begona so‘zlarini shoshmasdan bir-bir tanlab oldi. – Yaxshisi, siz ketganingiz ma’qul. Boshqa qaytib kelmang. Nima deb o‘ylaysiz? Mening erim bitta. Men hinduman. Siz amerikaliksiz. Siz chiroylisiz. Siz ko‘p erkaklarni topasiz. Ko‘zlaringiz samodek moviy. Teringiz oppoq va yumshoq.
U bug‘doyrang qo‘llarini ko‘tarib, amerikalikning yuzini ushlab ko‘rdi. Karenning g‘ururi seskanishga ham yo‘l qo‘ymadi. Per taraddud bilan ular tomon qadam tashlamoqchi bo‘ldi, lekin Seyzer xonim, yaqinlashma, degandek ishora qildi, garchi yuragida Perga nisbatan minnatdorchilik bo‘lsada.
– Hech qisi yo‘q, Per, – dedi u. – Boravering.
Per ularning suhbatini eshitmaslik uchun hurmat yuzasidan ortga chekindi. To‘xtab, ichida ming‘irladi va ayyorlik qilib qanchalik uzoqlashganini bilmoqchi bo‘lib ular tomonga qaradi.
– Xuddi go‘daknikidek oppoq va mayin. – Vinapi Seyzer xonimning yuzini ushlab ko‘rdi va qo‘lini tushirdi. – Tez orada chivinlar paydo bo‘ladi. Te­ringiz dog‘ bo‘lib qoladi, og‘riydi, shish paydo bo‘ladi, u-u, qanday yomon! Og‘riydi, yomon! Ko‘pgina chivinlar, ko‘pgina shishlar. Hozircha chivinlar yo‘q ekan, ketganingiz ma’qul, deb o‘ylayman. Manavi yo‘l, – oqim bo‘ylab quyiga ishora qildi, – Sent-Mayklga olib boradi. Bunisi esa, – oqim bo‘ylab yuqorini ko‘rsatdi, – Dayiga. Yaxshisi, Dayiga ketganingiz ma’­qul. Alvido.
Seyzer xonimning keyingi harakati Perni hay­ron qoldirdi. Seyzer xonim birdan hindu ayolni quchoqlab, yuzlaridan o‘pdi va yig‘lab yubordi.
– Uni asrab-avayla! – dedi u. – Asrab-avayla!
Keyin esa daryoning quyisiga chopib ketdi va qayrilib: “Alvido!” deb qichqirib qayiqqa sakradi. Per uning ortidan yurib, sohildan uzoqlashdi. Rul eshkagini olib, ishora berdi. Leguar eski frantsuz qo‘shig‘ini kuylay boshladi, yulduzlarning g‘ira-shira yorug‘ida kanadaliklar bir saf bo‘lib, sharpadek qirg‘oq bo‘ylab suzishdi; arqon tarang tortildi, eshkak tim qora suvga urildi va qayiq tun qo‘yniga kirib g‘oyib bo‘ldi.

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi