RIVOYaTGA MUQADDIMA
Bir zamonlar Mandar tog‘i bilan pishib chayqatilgan bahri ummondan abadiyat obi hayoti – amrit ajralib chiqqandayin, ushbu rivoyat oliyjanob Girindrning qiziga oshiqi beqaror bo‘lib qolgan Harning lablaridan vujudga kelmish. Uning mazasidan hech o‘ylab-netib o‘tirmay totib ko‘rganlar barcha balo-ofatlardan xalos topgaylar, nusratu shon alarga yor bo‘lg‘ay va Bhavning fazlu karami ila yorug‘ dunyodayoq ma’budlar rutbasiga noil bo‘lgaylar.
BIRINChI DOLG‘A
Iloyo Shambhuning tim-ko‘k gardani sizga baxt ato etgay. Yorining ko‘ksiga chippa yopishganda ishq to‘la nigohlari bilan Parvatiy uni sirtmoqdek chirmab olsin.
Iloyo sizni balo-qazolar kushandasi o‘z panohida asragay. Subhu sodiqda u bayram raqsiga tushar va xartumi bilan osmondagi yulduzlarni supurar ekan, shodiyona qiyqirgan chog‘ida og‘zidan uchib chiqqan qatralardan bamisoli yangi yulduzlar paydo bo‘layotgandek tuyulib ketardi.
Bamisoli mash’aladek butun borliqni charog‘on qilib turgan Nutq ma’budasiga ta’zim bajo eturmen-da, «Buyuk doston»ning qoq yuragini tashkil etuvchi ushbu kitobimni og‘oz qilurmen.
Men rivoyatni muqqadimadan boshlagaymen, so‘ngra qissaning o‘ziga kirishgaymen, undan so‘ng esa Lavnak haqidagi kitobimni e’tiboringizga havola etgaymen. Shundan keyin Narvahndattning tug‘ilishi haqidagi maroqli rivoyatimni boshlagaymen. Beshinchi kitobda besh hurliqo qiz haqida so‘z yuriturmen, oltinchisi Madnomanchuk haqida bo‘lsa, yettinchisi gulchehra Raynirabha, sakkizinchisi oftobjamol Suryaprabha borasida hikoya qilur. Uning ortidan zebu ziynat shaydosi Alankarvati haqidagi kitob, undan keyin hirsu havas bobida dong chiqargan Shaktiyash haqidagi kitob keladi-da, shu o‘rinda Vel haqidagi rivoyatga Shashankavatiy va ishtiyoq o‘tidan mastu mustag‘riq Madiravati sarguzashtlariga gal yetib kelgay. O‘n to‘rtinchi kitobda esa buyuk bo‘yoq surtish marosimi ta’rifu tavsif etilgay. Panch haqida, xushbo‘y tutatqi kofur Suratmanjariy, nilufarmonand Padmavatiy haqida va shundan keyingina Vishnanshashil haqida sizlarga xabar berishga jazm eturmen.
«Buyuk doston»dagi hamma narsani men o‘z kitobimda saqlab qolganman. Gunadhya nima haqida rivoyat qilib bergan bo‘lsa, hech bir istisnosiz barchasini men qaytadan aytib berganman – faqat juda ham uzun hikoyalarni bir oz qisqartirdim, boz ustiga men ularni boshqa tilda yozganman: saxovatpeshalar peshvosi Gunadhya payshachiyda yozgan edi, men esa uni sanskrit tilida «sayratdim». Qo‘limdan kelganicha «Buyuk doston»da mujassam topgan maqbullik qoidasiga rioya qildim, bordi-yu rivoyat asnosida bitta-yarimta yangi hikoyat kiritishga jur’at etgan bo‘lsam, uning uslubiyotiga zarracha nuqson yetkazmaygina ado etdim. Buni men allomalik shon-shavkati ketidan tushganimdan emas, balki turli-tuman hikoya va qissalar zamiridagi kosa tagida nimkosani anglash oson bo‘lishi uchungina qildim.
Yonbag‘irlarida kinnarlar, gandharlar va vidyadharlar istiqomat qiluvchi purviqor tog‘ tizmalarining hukmdori, Himolay tog‘larining shohi azal-azaldan shon-shuhratning adl taxtida nishimandur. Uning ulug‘ligi shu qadar bepoyondurki, hatto har uchala olamni yo‘qdan bor qilgan malak Parvatiy ham unga qiz tutinmoqni o‘zi uchun sharaf deb bildi.
Himolayning shimolida zamin bo‘ylab necha ming yo‘jan masofada yastangan mashhur Kaylas tog‘i gerdayib turibdi. U, garchi poyida sut bahri muhiti chayqalib, u qadar oppoq va maftunkor bo‘la olmagan Mandar tog‘i qarshisida o‘zining kumushday charaqlashi bilan g‘ururlanar edi. Kaylasda butun jonliyu jonsiz xilqatning hukmdori, siddhlar va vidyadharlar galasi qurshovida mahbubasi Parvatiy bilan birga buyuk shahanshoh Shiva yashardi.
Uning ajibu g‘arib qilib o‘rilgan, baland qilib turmaklangan, zarrin-zarrin tovlanib turgan sochlari orasidan yangi oy balqib, so‘lim oqshom qo‘ynida orom olayotgan baland tog‘ cho‘qqilari uning gulfom nuridan munavvar edi. U o‘zining uch tishli nayzasini birgina Andhak asurining yuragiga sanchdi-yu, – vo ajabo! – o‘sha zahoti har uchala olamning qoq yuragidan dahshat nishini sug‘urib tashladi. Ma’budalar va asurlar boshini bezab turgan olmoslarda Shiva oyoqlarining tirnoqlari jilvalanar va bu bilan u go‘yo asurlarning barchasini o‘z hiloli bilan taqdirlayotganday bo‘lardi.
Kunlarning birida u tanho o‘tirar ekan, jonidan ham yaxshi ko‘radigan suyukli xotini Bhavoniy erining oldiga keldi-da, uni ko‘klarga ko‘tarib maqtay ketdi.
Xotinining muloyim so‘zlaridan moyday erib ketgan xujastafol Shiva uni tizzasiga o‘tqazdi-da, so‘radi: «Xo‘sh, jonginam, chiroqday porloq ko‘ngling nima tusaydi?» – «Agar meni yaxshi ko‘rsangiz, begim, menga bironta qiziq, ammo juda ham yangi bir rivoyat so‘ylab bering», javob berdi Bhavoniy. «Ammo dunyoda o‘tmish, hozir va kelajak – uchala zamonda sen bilmagan biron narsa bormi o‘zi?!» Biroq xotini bitta qiziq rivoyat so‘zlab bering deb turib oldi – zero, rashkchi ayollarning ko‘ngli hamisha erining erkalashiga mushtoq bo‘ladi. Xotinining rivoyat tinglashga beqarorligini ko‘rib, er uning o‘zi haqidagi bir ixchamgina rivoyatni so‘zlab berdi:
«Alqissa, Brahma va Naroyan meni ajzi niyoz qilgani butun yer yuzini bosib o‘tishibdi-da, oxiri Himolay etaklariga yetib kelishibdi. Shunda uchi osmoni falakka yetgan lingga ko‘zlari tushibdi va galma-galdan bir-birining yelkasiga chiqib, lingning cho‘qqisi sari ko‘tarila boshlashibdi. Ammo ular ko‘zlagan maqsadlariga yeta olishmabdi, lekin biz g‘alaba qildik deya kelib menga maqtana boshlashdi. Shunda men ularning ro‘baro‘sida paydo bo‘ldim-da, «Tilang tilagingizni!» – dedim. Birinchi bo‘lib Brahma so‘zladi: «Menga o‘g‘il bo‘lgil, ey hukmdor!» O‘zining bu shakkokligi evaziga erishgan martabasi shu bo‘ldiki, hech kim unga atab qurbonliq qilmaydi, hech kim unga sig‘inmaydi. Shundan so‘ng Naroyan so‘z qotdi: «Ey hukmdor, shunday qilki, men har doim sening xizmatingda bo‘lay!» Ana shunda Naroyan sening qiyofangda dunyoga keldi va shu qiyofada mening yarmimga aylandi. Men qodirman, ammo mening kuch va qudratim sening qa’ringda, sening vujuding zamirida Naroyanning o‘zi yashaydi. Buning ustiga – sen mening birinchi tug‘ilishimdagi xotinimsan».
Shu rivoyatni so‘zlab bo‘lgandan keyin Partaviy undan so‘radi: «Birinchi tug‘ilishda qanday qilib men senga xotin bo‘lgan edim, shuni marhamat qil»,
Shunda Bharg dedi: «Juda qadim zamonlarda, ey xotin, Prajapati Daksh seni va juda ko‘plab boshqa ma’budalarni yaratgan edi. Seni u menga berdi, boshqalarni esa Dharm va o‘zga ilohlarga ulashdi. Kunlarning birida u qurbonliq marosimi o‘tkazmoqchi bo‘ldi va marosimga barcha kuyovlarini chorladi. Lekin bir meni chaqirmadi. Shunda sen undan so‘rading: «Ota, nega siz mening erimni chaqirmadingiz?” Otang javoban senga bunday dedi: «Eringni qanday chaqiray, axir? Bo‘yniga odam bosh chanoqlari shodasini taqib olibdi-ku. U nopok, gunohkordir». Otangning so‘zlari qulog‘ingga qaynoq qo‘rg‘oshin quygan bilan baravar bo‘ldi. «Voy sho‘rim qursin! — faryod chekding sen.– Yorug‘ dunyoda yashaguligim qolmadi!» Shunda sen, jonginam, zaminiy qobig‘ingni tark etding. Sening o‘limingdan azbaroyi qahru g‘azabim toshib, men Dakshning qurbonliq marosimini buzdim, sen esa bamisoli bahri muhit qa’ridan tulu’ qilgan yangi hiloldek, Himolay xonadonida tavallud topding.
Men darveshlik farzu sunnatlarini pok vijdon ila oqlash niyatida tog‘ muzlaridan libos kiyib, bosh olib ketdim. Otang bo‘lib senga meni bir mehmon sifatida izzat-ikromimni joyiga qo‘yishingni amr etganim esingdami? Bu orada falakdagi farishtalar huzurimga Ishq ma’budi Komni .yubordilar, zero ular Torak degan iblisni asfalasofilinga jo‘natishga qodir bir azamat o‘g‘lonni dunyoga keltirishimni xohlashgan edilar. Men o‘z inon-ixtiyorim ila Komni kulga aylantirdim. Ammo sen anoyi emasding, o‘zingning darveshona zafarlaring bilan shaxdimni sindirding, ular bezurriyot qolishmasin degan andeshaga ham bordim-da, sening ra’yingga qaradim, jonginam. Sen menga bu tug‘ilishda ana shu tariqa xotin bo‘lib qolgan eding».
Shiva sukutga cho‘mdi, ammo achchig‘i chiqqan xotini zarda bilan unga bunday dedi:
«Yolg‘onchi! Asli menga qiziqroq bir narsa aytib berish niyatingiz yo‘q. Nima, meni goh Gangaga yaltoqlanib, goh Sandhyaga tilyog‘lamaliklar qilib yurganingizni bilmaydi deb o‘ylaysizmi?»
Buni eshitib Har (Shiva) xotiniga maroqli bir hikoya so‘zlab berishga rozi bo‘ldi, shundagina Parvatiy sal hovuridan tushdi. O‘zi borib, xobxonalariga hech kimni qo‘ymasliklarini tayinladi. Har esa Nandin ismli ho‘kizini eshik oldida qorovullikka qo‘yib keldi-da, xotirjam ertagini boshladi.
«Ma’budlar har doim dorilamon, xushbaxt yashaydilar, odamlarning chekiga esa nuqul baxtsizliklaru azob-uqubatlar tushgan. Azbaroyi qiyinchiliklar tortaverganidan bandalarning hayoti qiziq kechmasligi aniq, shu bois men senga bandalar emas, vujudlariga ham insoniy, ham ilohiy tabiatni singdirib olgan iblislar – vidyadharlar haqida hikoya qilib beraman»,
Har endigina rivoyatini boshlagan ham ediki, xobxonaga uning erkatoyi, ganlar ichida eng a’losi Pushpadant kirib keldi. Nandin ismli ho‘kiz uni to‘xtatib qolishga harchand urinmasin, azbaroyi qiziqqanining zo‘ridan Shiva xobgohida nelar bo‘layotganini bilgisi kelmoqda edi. O‘zining ko‘zga ko‘rinmay qoladigan sehrli qudrati bilan u xobgohga kirib oldi-da, Harning yetti vidyadharning g‘aroyib hayoti haqida hikoya qilayotganini eshitdi. Aynan mana shu hikoyani u xotini Jayaga so‘zlab berdi. Jaya esa subhi sodiqda Himolay qizi uyqudan turganida uning huzuriga yetib keldi-da, eridan eshitganlarini oqizmay-tomizmay, miridan sirigacha yetti vidyadhar sarguzashtlarini aytib berdi. Xotin zoti qachon tilini tiygan! Parvatiyning jon-poni chiqib ketdi va eriga qarab qichqirdi: «Qayoqdagi almisoqdan qolgan gaplarni gapirasiz! Buni hatto Jaya ham biladi-ku!” Shiva chuqur xayolga tolib qoldi va uzoq tahammuldan so‘ng kim aybdorligini angladi, zero, dunyoda hech bir narsa hukmdorning hayotidan pinhon qolmagan. «Pushpadantgina o‘zining sohir qudrati ila xobxonamizga kirib olgan va hamma narsadan voqif bo‘lgan! Axir Jayaga undan boshqa kim ham aytib berishi mumkin?» – ovoz chiqarib dedi u.
Shunda g‘azab otiga mingan ma’buda qichqirib dedi: «Hoy Pushpadant, sen endi bandalar orasida yashagaysan!» Gan Malyavan Pushpadantning tarafini olmoqchi bo‘lib so‘z qotgan edi, uni ham Parvatiy odamlar orasida yashashga mahkum etdi. Parvatiy poyiga bosh urib, ganlar Jaya bilan birgalikda uni afv etishini yolvorib so‘rashgan edi, shunda Sharv (Shiva)ning xotini ularga dedi: «Qalin o‘rmon qoplagan Vindhya tog‘ida iblis qiyofasida umr kechirishga duoyi bad olgan Kanbhuti ismli Supratik degan dev yashaydi. Ey Pushpadant, borib Kanbhuti bilan uchrash, unga o‘g‘rincha tinglab bilib olgan rivoyatni so‘zlab ber, shundagina gardaningga taqilgan tavqi la’natdan xalos topgaysan. Ey Malyavan, sen ham Kanbhutidan bu rivoyatni boshdan-oyoq eshitib ol, shunda har ikkovingga aytilgan qarg‘ish o‘z kuchini yo‘qotgay».
Shu so‘zlarni aytib, tog‘ hukmdorining qizi jim bo‘ldi, ikkala gan esa ko‘z ochib-yumguncha u yerdan g‘oyib bo‘ldi.
Biroq keyin Parvatiy afsus-nadomatlar chekdi va Shivadan so‘radi: «Menga ayting-chi, begim, qarg‘ishimga giriftor bo‘lgan anovi ikkala badbaxt qaytadan qayerda olamga keladi?»
Bunga javoban Yangi oy o‘rog‘idan manglayiga jig‘a qo‘ndirgan ma’bud Shiva dedi: «Go‘zallikda tengi yo‘q buyuk Kaushanbi degan shahar bor, shu shaharda Pushpadant Vararuchi degan, Malyavan gan esa Supratishthiy degan shaharda Gunadhya degan ism bilan olamga kelgay. Ularning qismati ana shunday kechgusidir!» Kaylas tog‘i yonbag‘ridagi chirmovuqlarga chulg‘angan xilvat go‘shada Vibhu (Shiva) rivoyatiga beparvolik bilan quloq solgan xizmatkorlaridan jahli chiqqan Parvatiyga ana shu tariqa tasalli berdi.
Buyuk shoir Somdevning «Dostonlar ummoni»dagi «Rivoyatga muqaddima» kitobining birinchi dolg‘asi ana shundan iborat.
IKKINChI DOLG‘A
Aytishlaricha, Pushpadant Vararuchi yoki to‘g‘rirog‘i, Katyayan qiyofasida oddiy banda jismida dunyoga keldi. Ilmu fan bobida eng oliy darajalarga yetib, u Nand shohiga vazir bo‘ldi. Kunlarning birida u Vindhya tog‘ida istiqomat qiluvchi ma’buda huzuriga ma’yus ravona bo‘ldi. Uning nusratafzo a’mollaridan lutfu karam hissiga to‘lib-toshgan ma’buda uning tushiga kirgan va uning maslahati bilan Kanbhutini qidirib topgani Vindhya o‘rmoniga yo‘l olgan edi. Sher va maymunlarga to‘la, suvsiz, qovjiroq daraxtlardan iborat qalin chakalakzor oralab borar ekan, u bir baland va shoxlari tarvaqaylagan banyan daraxtiga duch keldi. Daraxtdan sal narida bir gala iblislar qurshovida sal degan daraxtday bahaybat bir iblis turar edi. Kanbhuti degani ayni shu edi.
Katyayanga ko‘zi tushib, Kanbhuti unga yugurib peshvoz chiqdi va egilib, uning xoki poyini oldi. Katyayan undan so‘radi: «Hoy Kanbhuti, senday bir xayru saxovat bobida yagona hisoblangan zotning bu yanglig‘ aftoda bir holga tushib qolishi boisi nedur?» Buni eshitib, hozir bo‘lgan mehmonga qarata Kanbhuti bunday deb javob berdi: «Buni o‘zim ham bilmayman, taqsiri olam, ammo Ujjayini shahridagi o‘liklar kuydiriladigan joyda istiqomat qiluvchi odamlar og‘zidan ne gaplar eshitganimni bilsangiz edi! Bilasizmi, nimalar bo‘lgan edi? Bir kuni Parvatiy Shivadan so‘radi: «Menga ayting-chi, olampanoh, sizda qabristonu odam suyaklariga bunday o‘chlik qayoqdan zohir o‘lmish?» Shiva unga javoban dedi: «Qadim zamonlarda butun yer yuzini suv bosibdi va bironta ham tirik jon qolmabdi. Shunda men bitta qobirg‘amni kesib oldim va bir tomchi qonim bahri muhitga tushdi. Suvga tushib, haligi bir tomchi qon bir dona tuxumga aylandi, tuxum yorilib, ichidan bir erkak chiqib keldi, u paydo bo‘lishi hamon men uning uchun Prakriti ni yaratdim, undan Prajapatilar unib chiqdi va odam nasli vujudga keldi. Shu bois bo‘ldi-yu, o‘sha odamni hamma Pitamah, Buyuk Ota deb atay boshladi. Pitamah jonliyu jonsiz olamni yaratgach, g‘urur otiga mindi: «Mana, ko‘rdilaringmi, men qanday buyuk ish qildim!» – dedi. Shu g‘ururi uchun uning boshini tanasidan judo etdim.
Men o‘zimning qilgan ishimdan qattiq pushaymon yedim va bo‘ynimga kalla suyaklari shodasini taqib, qabristonda istiqomat qilishdek buyuk riyozatga berildim – ularga bu yanglig‘ o‘ch bo‘lishim sababi shundan. Ey ma’buda, men senga aytsam, yana bitta sabab ham yo‘q emas: bosh suyagini qo‘limga olganimda go‘yo butun olamni ushlab turganday bo‘laman! Men senga hikoya qilgan tuxum va mana bu bosh chanog‘i yer va osmon deb ataladi!»
Shambhu jim bo‘lib qoldi, ma’budaning xayolidan esa bunday o‘ylar kechmoqda edi: «U menga yana biron narsa aytib bersin. Axir bu qiziq-ku!» va so‘radi: «Pushpadant huzurimga qachon qaytib keladi?» Savolni eshitib, buyuk ma’bud zavjai mukarramasiga bir voqeani so‘zlab berdi: «Bir vaqtlar Sthulshiras degan rakshas bilan o‘rtoq tutingan Vayshrovan degan yaksh yashar edi. Bu do‘stlikdan xabar topgan Boyliklar hukmdori (Kuber) g‘azabga keldi va uni alvasti qiyofasida Vindhya o‘rmonida sarson-sargardonlikka mahkum etdi. Shunda yakshning akasi Dirghjangh Kuberning poyiga yiqilib, ukasini bu duoyi baddan xalos etishini so‘rab yolbora boshladi, biroq Kuber shunday javob berdi: «Ukang odam bo‘lib tug‘ilishga mahkum etilgan Pushpadant og‘zidan buyuk rivoyatni tinglasin va uni Malyavanga so‘ylab bersin, shunda ularning har ikkalasi ham duoyi baddan xalos topgay». Shu tariqa Boyliklar hukmdori duoyi bad qilish odlatiga chek qo‘ydi. Bu Pushpadantga ham taalluqlidir. Shuni esingdan chiqarma, jonginam!»
Shambhuning gaplarini eshitib, suyunib bu yoqqa chopdim. “Pushpadant bilan ko‘rishaman-da, shu bilan duoyi baddan xalos bo‘laman!» Kanbhuti jim bo‘lib qoldi va o‘sha zahoti bir vaqtlardagi Vararuchi esiga tushdi-yu, bamisoli uyqudan uyg‘ongandek, og‘zidan shu so‘zlar uchib chiqdi: «O‘sha Pushpadant mening o‘zimman-ku! Men buyuk rivoyatni so‘zlay, sen quloq sol!»
Shunda Katyayan Buyuk rivoyatni so‘zlay ketdi, yettita qismning har birida yuz ming misra bor edi, shundan so‘ng Kanbhuti undan so‘radi: «Taqsiri olam, siz haqiqatan ham Rudrning tajassumi ekansiz, zero, bunday rivoyatni undan boshqa kim ham bilardi?! Sizning lutfu karamingiz tufayli men duoyi baddan xalos bo‘la boshladim! Endi, muhtaram zot, o‘zingiz haqingizda so‘zlab bering, dunyoga kelgan paytingizdan boshlang, meni gunohi azimdan qutqaring!» Kanbhuti azbaroyi ehtirom ila so‘raganidan Katyayan unga o‘z hayoti haqida so‘zlab berdi, gapni o‘zining yorug‘ olamda bino bo‘lgan damdan boshladi.
KATYaYaNNING HIKOYaSI
«Kaushanbi degan shaharda Agnining kohini, Somdatt ismli brahman, yashardi, uning xotinining ismi Vasudatta edi. Vasudatta asli payg‘ambarning qizi bo‘lib, duoyi bad olganidan odamlar orasida yashashga mahkum etilgandi. Men ana shu ikkalasining o‘rtasida dunyoga kelganman. Otam o‘lib ketganida men juda yosh bola bo‘lganman va meni boqish va o‘qitishga onamning qurbi yetmagan. Kunlardan-bir kun uzoq sargardonlikdan keyin charchab, ikki brahman bizning uyimizga kelib qo‘ndi va bir kecha tunagani ruxsat so‘radi. Ular biznikida mehmon bo‘lib qolishdi. Shunda uzoqdan mridang6ning taraka-turum ovozi quloqqa chalinib qoldi va onamning esiga tan mahramlari otamni tushirib yubordi, sho‘rlik onam ko‘zlariga yosh olib, hazin tovushda shunday dedi: «Bolajonim, nog‘ora chalayotgan otangning do‘sti bo‘ladi, raqqos Nand raqs tushayapti!» Shunda men dedim: «Borib, uning qanday raqs tushayotganini tomosha qilaman, qaytib kelib, uning raqslarini sizga o‘ynab, ko‘rganlarimni so‘zlab beraman!» Gapimni eshitib, haligi ikki brahman hayron bo‘ldi. Ularning hayratlanganini ko‘rib, onam dedi: «Hayron bo‘lmanglar! Bu bola bir marta eshitganini yodida mahkam tutib qoladi! Meni imtihon qilish maqsadida ular qadimgi hind muqaddas kitoblari Vedalardan ayrim satrlar – pratishakhya o‘qishdi, men o‘sha zahoti ular nimani o‘qishgan bo‘lsa, bitta qo‘ymay takrorladim. Shunda ular men bilan birga Nandning tomoshasini ko‘rgani borishdi. Keyin uyga qaytib kelgach, men u yoqda nimaiki ko‘rgan bo‘lsam, hammasini bitta qo‘ymay o‘ynab ko‘rsatib berdim. Bir ko‘rishda hammasini yodimda saqlab qolganimni ko‘rib, hayratda qolgan brahmanlardan Vyadiy degan biri ta’zim bilan onamga shunday murojaat qildi:
VYADIYNING HIKOYaSI
«Vetas degan shaharda Devsvamiy va Karmbhak degan ikki aka-uka yashardi. Ular bir-birini jonidan yaxshi ko‘rardi. Ulardan birining o‘g‘li – u qarshingda turibdi – Indrdatt bo‘lib, mening ismim esa Vyadiydir. Men tug‘ilganimda otam o‘lgan ekan. Bu o‘lim Indrdattning otasi boshiga katta musibat bo‘lib tushadi va u akasi ketidan osmoni falakka qarab bosh olib ketadi. Ularning bevalari ham bu judolikka bardosh berolmaydilar va oldinma-keyin ular ham yorug‘ olam bilan vidolashadilar.
Shu tariqa biz ikkala aka-uka g‘irt yetim bo‘lib qoldik va bilim va boylik qidirib, jasoratlarimiz bilan Kumarning iltifotiga noil bo‘lgani yo‘lga chiqdik. Bizlar qattiq riyozat chekib, darveshlik rasmu qoidalarini qoyilmaqom qilib ado etganimizdan keyin tushimizga Kumar kirdi va shunday dedi: «Shoh Nand saltanatida Pataliputra degan shahar bor. U yerda Varsh degan brahman yashaydi, sizlar undan barcha ilmu fan sirlarini egallashingiz mumkin. O‘sha yoqqa boringlar». Bizlar Pataliputraga yo‘l oldik. Shaharga borib yetgach, haligi brahmanni so‘rab-surishtira boshladik. Odamlardan biri dedi: «Shu yerda bir Varsh degan ahmoq yashaydi».
Bu so‘zlardan biz qattiq sarosimaga tushdik, biroq baribir Varshning sharti ketib, parti qolgan yarimvayrona uyini qidirib topdik. Uy qayoqda, devorlari o‘yilib-teshilib ketgan, sichqon inlaridan g‘alvirga aylangan, bolorlarini qurt yegan bir kulbai vayrona, xuddi ko‘p zamonlardan buyon odam zoti yo‘lamaganday tashlandiq bir joy. Bu yerda odam emas, faqat jin-ajinalaru boyqush quzg‘unlargina yashay olardi, xolos. Biz ichkariga bosh suqib qaradik, qarasak, unda Varsh chuqur tafakkurga burilib, sukut saqlab o‘tiribdi. Uning qoq suyak, qorayib ketgan, egniga juldur va kir-chir bir nimalarni ilib olgan, g‘ariblikning yaqqol timsoliga aylangan xotini biz mehmonlarga joy ko‘rsatib, hurmatimizni o‘rniga qo‘ydi. Eng avval shu xotinga ta’zim bajo ayladik va butun shaharda sizning eringizni ahmoq deb atashar ekan dedik. Gapimizni eshitib, u bizga qarab shunday dedi: «Siz ikkovingiz ham o‘g‘lim qatori ekansiz. Sizlarni xijolatga qo‘yishim yaxshi emas!» va bunday hikoya qila ketdi:
«Bir vaqtlar Pataliputra shahrida Shankarsvamin degan bir brahman yashardi, uning ikkita o‘g‘li bor edi. Ulardan birining ismi Varsh, ikkinchisiniki esa Unvarsh edi. Kattasi, mening erim Varsh nodon va qashshoq edi, kichigi esa boy va ayyor edi.
Bir kuni Unvarshning xotini un va shakardan beo‘xshov va badshakl kulcha pishirdi-da, ustidan kulgani uni ahmoq brahmanga tortiq qildi. Aqli bor odam bunday in’omni o‘la qolsa olmaydi. Ammo Varsh kulchani jon-jon deb oldi. U kulchani uyga ko‘tarib olib kelganida, men uni toza urishdim. Shunda u o‘zining ahmoqligidan qattiq xijolat chekib, Kartikeyga sajda qilgani ketdi. Tavba-tazarrular bilan ma’budning marhamatiga noil bo‘ldi, mukofotiga barcha ilmu fan sirlaridan ogohlik rutbasiga yetishdi.
«Faqat shunday bir brahmanni qidirib topginki,– amr etdi unga Kartikey, – bir karra eshitgani xotirasida mahkam singib qolsin!» Bu topshiriqni eshitib, Varsh oyog‘ini qo‘liga olib uyiga shodon chopdi.
Uyga kelib, ko‘rgan kechirganlarini oqizmay-tomizmay menga aytib berdi. Shundan buyon u kechasiyu kunduzi tafakkurga berilib, duolar o‘qiydi. Sizlar ham bir eshitganini zehnida mahkam ushlab qoladigan bir o‘smirni topsangiz yaxshi bo‘lardi. Sizlarning dilingizdagi barcha ezgu niyatlaringiz shunda o‘z-o‘zidan ro‘yobga chiqar edi, bunga sira shubha qilmasa bo‘ladi».
Varshning xotini og‘zidan bu rivoyatni eshitib, odamlarday sal o‘zlarini o‘nglab olishga yetgulik yuz oltin tangani unga in’om qildik-da, o‘sha zahoti Pataliputra shahridan chiqib ketdik. O‘shanday bir o‘smirni qidirib topish uchun yer yuzini uzoq aylandik va horib-tolib bugun biz sizning oshiyoningizga keldik. Bir eshitganini ko‘ngliga muhrlab qo‘yadigan yigitchani ham topdik – bu sizning o‘g‘lingiz. Uni bizning ixtiyorimizga topshiring va biz u bilan bilim va boylik qidirishga kirishaylik».
Vyadiy nima hikoya qilgan bo‘lsa, muhtaram ona barchasini diqqat bilan eshitdi va unga shunday deb javob berdi: «Hammasi siz aytgancha bo‘lsin. Men sizlarning lafzingizga ishonaman! Ishonishimning esa sababi bunday: hali u tug‘ilmasidan ilgari, qornimdaligidayoq osmondan menga vahiy kelgan edi, go‘yo menga falakdan jism qobig‘idan ajralib chiqqan Sarasvatiy nozil bo‘lganmish, o‘sha vahiy ushbudir: «Bu bola zehndor bo‘lib tug‘ilajak, murabbiy Varshdan barcha fanlarni qunt bilan egallayajak-da, odamlarga hisob ilmi – riyoziyunni taqdim etajak. Uning ismi Vararuchi bo‘lajak, unga nimaiki yoqib qolsa, hammasi unga nasib etajak». Menga falakdan ana shunday so‘zlar eshitildi. Endi esa o‘g‘lim voyaga yetgach, kechayu kunduz bir o‘y menga sira tinchlik bermaydi – murabbiy Varsh qayerda yasharkin?! Sizning hikoyangizni eshitib, boshim ko‘klarga yetdi. Ana, oling o‘g‘limni, o‘zingizga ini qilib oling. Xudo yo‘llaringizni oydin qilgan bo‘lsin».
Onamning gaplarini Vyadiy va Indrdatt juda zo‘r mamnuniyat bilan tinglab turishdi, tun ham go‘yo bir lahzadek o‘tdi-ketdi. Bu quvonchli damlarni vaqtichog‘liq bilan o‘tkazishimiz uchun onam Vyadiyga pul berdi va mening vedalarni qunt bilan o‘zlashtirishim uchun upnayan marosimini ado etdi. Menga oq yo‘l tilar ekan, onam ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a tutib turardi. Biroq mendagi ilmga bo‘lgan ishtiyoqni bilgani uni sal yupatardi. Onam bilan sidqidildan xayr-xo‘sh qilib – axir ko‘zining oqu qorasi bo‘lgan jigarbandi bilan ajrashish osonmi – Vyadiy va Indrdatt meni o‘zlari bilan olib, shahardan chiqib ketishdi. Birmuncha muddat o‘tdi va biz donishmand Varsh istiqomat qiladigan uyga yetib keldik, meni Skandning chinakam tajassumi bo‘lmish donishmandga tanishtirishdi. Ertasiga murabbiy bizlarni qarshisidagi supurib-sidirilgan yerga o‘tqazdi va ilohiy un bilan «Oum!» deb xonish qildi. O‘sha zahoti ko‘z o‘ngimizda o‘zining barcha bobu abvobi bilan muqaddas veda kitoblari namoyon bo‘ldi va u bizni o‘qitishga kirishdi. U bir karra aytgan narsalarni men o‘sha zahoti yodlab qolardim, ikki marta takrorlaganda Vyadiy ushlab olardi, uchinchi marta takrorlaganda esa Indrdatt shuuriga singdirardi. Har gal eshitganimda, xuddi mashg‘ulot avvalidagidek. Varshning ilohiy tovushi yangrardi, uning oshiyoni oldiga har tarafdan brahmanlar to‘da-to‘da bo‘lib kela boshlashdi, unga ofarinlar o‘qib, qo‘llaridan kelgancha hurmat-ehtiromlarini izhor etishdi.
Bular barchasini ko‘rib turgan murabbiyimizning ukasi Unvarsh tobora tund tortib bormoqda edi. Biroq Pataliputraning butun aholisi ulug‘vor tantana ichida yashamoqda edi. Tog‘lar hukmdori o‘g‘lining mo‘jizaviy qudratini ko‘rib, shoh Nand sevinganidan o‘zini qo‘ygani joy topolmasdi, u Varshning uyini bir-biridan bashang kiyim-kechaklar, duru javohirlar va barcha zaruriy ashyolar bilan to‘ldirib tashladi».
Buyuk shoir Somdevning «Dostonlar ummoni»dagi «Rivoyatga muqaddima» kitobining ikkinchi dolg‘asi ana shundan iborat.
UChINChI DOLG‘A
O‘rmonda Vararuchi ana shunday hikoya qildi, Kanbhuti esa bironta so‘zni tushirib qoldirishdan qo‘rqib, hammasini diqqat bilan tingladi. Vararuchi rivoyat so‘zlashda davom etdi:
«Birmuncha muddat o‘tgach, bir kuni, biz saboqlarni nihoyasiga yetkazganimizdan, quyosh esa o‘z vazifasini ado etib bo‘lgandan keyin murabbiydan so‘radik: «Ey ustoz, bizga bir narsani ayta olasizmi: bu shahar ikkala ma’buda – Lakshmiy va Sarasvatiyning makoniga aylanishi siri nimada?» – «Sizlar quloq beringlar, – dedi u,– men hozir sizlarga bu haqda hikoya qilib beray».
PATALIPUTRA ShAHRI HAQIDA HIKOYa
Gangadvorda g‘usl qiladigan bir tabarruk joy bor, uni Kajkhal deyishadi. Xuddi shu yerda ilohiy fil Kanchanpay Ushinar tog‘i cho‘qqisini daryoga ag‘darib, Ganga daryosining narigi qirg‘og‘iga o‘tib olgan.
Shu yerda janubdan kelib, xotini bilan bir brahman qattiq riyozat chekmoqda edi. Vaqt-soati bilan xotini unga uchta o‘g‘il tug‘ib berdi. Brahman yorug‘ dunyodan ko‘z yumib, so‘ng xotini ham uning izidan ketgach, o‘g‘illar o‘qib, bilim olgani Rajgrih shahriga yo‘l olishdi.
Ular barcha ilmlarni suv qilib ichib olgandan keyin bu uchala sho‘rlik yetim hukmdor Kumarga topingani janubiy o‘lkalarga borishdi. Aka-ukalar bahri muhit sohilida joylashgan Chinchiniy degan shaharga kelishdi va Bho‘jik degan bir brahmannikiga qo‘nishdi. Bho‘jik o‘zining uchala qizini aka-ukalarga nikohlab berdi, bisotida nimaiki mol-dunyo bo‘lsa, hammasini ularga in’om etdi, o‘zi esa Ganga sohillariga bosh olib ketdi-da, darveshlik tariqatini ixtiyor qildi. Qizlaridan boshqa uning hech qanday qarindosh-urug‘i yo‘q edi. Yigitlar qaynata uyida dorilamon istiqomat qila boshlashdi. Biroq uzoq vaqt yomg‘ir yog‘maganidan u yerda dahshatli qurg‘oqchilik bo‘ldi. Ochlikka bardosh berolmay, uchala brahman yigit erlariga sadoqatli xotinlarini tashladi-da, noma’lum yoqlarga bosh olib ketdi. Zero toshbag‘ir erkaklarning yuragida nainki o‘zga, hatto o‘z odamiga ham mehr bo‘lmaydi!
Beva qolgan opa-singillar otalarining Yajnyadatt degan do‘stinikidan boshpana topishdi. Men sizlarga aytsam, o‘rtancha singilning qornida o‘sha vaqtda gumonasi bor ekan. Hatto musibat damlarida ham vafodor xotinlar o‘z burchlariga sodiq qoladilar! Oy-kuni yetib, o‘rtancha singil bir o‘g‘il tug‘di. Opa-singillar biri olib, biri qo‘yib, chaqaloqni papalab parvarish qila boshlashdi. Kunlarning birida osmoni falakdan tizzasiga Skandning Onasi (Parvatiy)ni o‘tqazib, Shiva o‘tib qoldi. Chaqaloqqa ko‘zi tushib, ona azbaroyi rahmi kelganidan dedi: «Qarang, hoy begim, anovi uchala xotin bir kun kelib bizlarga suyanchiq bo‘lsin degan niyatda bolaning atrofida girgitton. Shu bois, ey hukmdor, shunday bir ish qilingki, toki bu o‘g‘lon uchala mungluq ayolning qarib-qartayganlarida jonlariga ora kirsin». Bu savolga javoban har istakni ravo qilguvchi ma’bud o‘z zavjai muhtaramasiga qarab bunday dedi: «Aytganing so‘zsiz bajo bo‘lg‘uvsidir. Oldingi tug‘ilishida yigitcha o‘z qaylig‘i bilan meni qattiq suyuntirgan edi va shu bois hayotdan bekadar lazzat olgani endi yerda dunyoga keldi. Uning qaylig‘i Pataliy esa bu gal shoh Mahendravarmanning qizi bo‘lib tug‘ilgan. U yana shu yigitga qayliq bo‘lgay».
Zavjai bokirasiga shu so‘zlarni aytib, Shiva haligi uchala mushfiq opa-singilning tushida namoyon bo‘ldi va shunday dedi: «O‘g‘lingizning ismini Putrak deb qo‘yinglar. Har gal uyqudan uyg‘onganida uning yostig‘i ostida yuz ming oltin tanga yotgan bo‘ladi va borib-borib u shohlik rutbasiga yetishadi».
Ertasigayoq bola uyg‘onib qarasaki, yostig‘i tagida yuz ming oltin tanga yotibdi. Bundan Yajnyadatt qizlarining qanchalik quvonganini ne so‘z bilan aytay – ularning erga sadoqatli bo‘lishlari o‘z mevasini bergandi! Ularning boyligi kundan-kun ortib boraverdi va Putrak oxiri shoh bo‘lib, taxtga mindi. Darhaqiqat, qattiq riyozat tufayli boylik ko‘paygandan ko‘payadi! Bir kuni Yajnyadatt unga shunday maslahat soldi: «Ey marhamatli shoh, sening otang hozir allaqayerlarda sarson-sargardon yuribdi. Shu bois huzuringga bosh urib kelgan brahmanlarga hamisha xayru saxovat eshigini lang ochib qo‘y. Sen menga quloq ber, men senga Brahmadatt haqidagi rivoyatni so‘zlay:
ShOH BRAHMADATT HAQIDA HIKOYa
Qadim zamonlarda Varanasiy shahrida shoh Brahmadatt hukmronlik qilar edi. Bir kuni tunda u osmoni falakda yuzlab g‘ozlar qurshovida naru moda qizil g‘oz uchib ketayotganiga ko‘zi tushdi. Ular zarrin qanotlarini har silkiganda bamisoli oppoq bulut orasida chaqin chaqqanday bo‘lar edi. Shunda shoh bu mo‘jizaviy g‘ozlarni yana bir bora ko‘rishga shu qadar iniqib, intiq bo‘ldiki, hatto shohlik farahu farog‘atlari ham tatimay ketdi. Vazirlari bilan mashvarat qilib, ajoyib hovuz barpo etishni amr etdi va saltanatdagi biron kimsa bironta ham tirik jonzotga zarar yetkazmasin deb farmon chiqardi. Birmuncha muddat o‘tib, hovuzga haligi g‘ozlar uchib keldi va shoh ularning ishonchini qozonib, nega qanotlaringiz oltindan, deb so‘radi. G‘ozlar unga jarangdor ovozda shunday javob berishdi: «Oldingi tug‘ilishimizda biz, ey oliyjoh shoh, oddiy quzg‘unlar bo‘lgan edik. Biroq bir kuni Shivaning huvillagan ibodatxonasida o‘laksalar qoldig‘ini talashib, o‘zaro jiqqamusht bo‘lib qoldik va hovuzga qulab tushib, cho‘kib ketdik. Shu boisdan biz oltin g‘ozlar bo‘lib dunyoga keldik». G‘ozlarning gaplarini shoh diqqat bilan tingladi va ularga qarab yuragi shafqat hissiga to‘ldi.
«Bordi-yu, sen ham brahman qondoshlaringga shafqatli va saxovatli bo‘lsang, martabang osmonday sarbaland bo‘lgay».
Yajnyadatt qanday aytgan bo‘lsa, Putrak ham xuddi shunday qildi. Uning xayru saxovat bobidagi a’mollarini eshitib, huzuriga brahman qavm-qarindoshlari tanda qo‘ya boshladi, barchalari tuman-tuman boyliklarga ega bo‘lganlaridan boshlari ko‘kka yetib, xotinlari oldiga xushnud qaytib ketar edilar.
Yorug‘ dunyodagi ba’zi ishlarni ko‘rib, ajablanmay ilojing yo‘q odamning. Shunday nodonlar bo‘ladiki, o‘z nodonliklari tufayli boshlariga balo sotib olganlarini ko‘rib, oxir-oqibat halokatga giriftor bo‘lishlarini bilib tursalar ham o‘z nodonliklaridan qaytmaydilar. Putrakning osoyishta va serdavlat saltanatiga hasad qilib, nafsi ammoralarini tiyolmay qolgan riyokor brahmanlar uni o‘ldirishga qasd qildilar. Bu maqsadlarini amalga oshirish uchun ular shohni o‘zlari bilan Vindhya o‘rmonlarida istiqomat qiluvchi ma’budani ziyorat qilgani borishga ko‘ndirdilar. Ular qotillar yollab, ma’buda ibodatxonasidagi pana joyga berkitib qo‘yishdi va yosh shohga qarab shunday deyishdi: «Qani, ziyoratni avval siz boshlab bering, shohim, marhabo!» Oqko‘ngil shoh ibodatxonaga kirib keldi-yu, ajali yetganini ko‘rdi. Putrak qaroqchilardan so‘radi: «Meni nega o‘ldirmoqchisizlar?» Ular esa shunday javob berishdi: «Qarindosh-urug‘laring bizni yollashdi va oltin-kumushlar berishdi!» Shunda ma’budadan o‘rnak olgan Putrak haligi quturgan qaroqchilarga qarab dedi: «Men sizlarga barcha bebaho taqinchoqlarimni beraman. Meni qo‘yib yuboringlar. Sirlaringizni hech kimga aytmayman va bu yerlardan uzoqlarga gumdon bo‘laman», – «Sen aytgancha bo‘la qolsin!» deyishdi qaroqchilar va uning bisotidagi bor bud-shudini shilib olib, brahmanlarga ro‘para bo‘lishdi. «Putrak o‘ldi!» – deb yolg‘onlashdi ular brahmanlarga. Niyatlari amalga oshganini bilgach, brahmanlar saltanatni tezroq egallash uchun shosha-pisha izlariga qaytishdi. Ularning xiyonatkorliklaridan xabar topgan vazirlar ularni qatl etishga hukm chiqardilar.
Bu orada qarindosh-urug‘laridan hafsalasi pir bo‘lgan Putrak xilvat Vindhya o‘rmonining tobora ichkarisiga qarab ketaverdi. Shu tariqa adashib yura-yura u ikki shumtakaga duch keldi. «Kimsizlar?» – deb so‘radi u. Shumtakalar javob berishdi: «Bizlar asur Mayaning o‘g‘illarimiz. Otamiz o‘lib ketib, bizga meroslikka bitta tovoq, bitta tayoq va bir juft boshmoq qoldi. Biz shularni talashib, jiqqamusht bo‘layotgan edik. Kim kuchli bo‘lsa, shu narsalar o‘shaniki bo‘ladi!» Bu so‘zlarni eshitib, Putrak kulib yubordi: «Shu ham boylik bo‘ldi-yu!» Shunda shumtakalar bir ovozdan shunday deyishdi: «Bu boshmoqlarni kiygan odam osmoni falak bo‘ylab ucha oladi, tayoq bilan nimani yozib-chizsa, o‘sha ro‘yobga chiqadi, qanday ovqatni o‘ylasa, o‘sha ovqat tovoqda paydo bo‘ladi!» Bu gaplarni eshitib, Putrak ularga dedi: «Mushtlashib nima qilasizlar, undan ko‘ra kimo‘zarga yuguringlar. Kim marraga birinchi bo‘lib yetib kelsa, bu narsalarning hammasi o‘shanga tegadi”. «Bo‘pti, siz aytganday bo‘la qolsin», – rozi bo‘ldi ikki shumtaka va yugurib ketdi-yu, bu yoqda Putrak tayoq, tovoq, tovoqni qo‘liga oldi, boshmoqlarni oyog‘iga ildi-da, osmonga ko‘tarildi. Ko‘z ochib-yumguncha u talay kunlik yo‘lni bosib o‘tdi, Akarshik degan ko‘rkam bir shaharga ko‘zi tushib, osmoni falakdan pastga indi va o‘sha shaharga kelib qo‘ndi. «Endi qayerga borib tursam ekan? – o‘yladi u. – Satang xotinlar o‘lguday makkor bo‘ladi, brahmanlar – qarindosh-urug‘larimdan battar bo‘lsa bordirki, ulardan durust emas, savdogarlar ilonning yog‘ini yalagan bo‘lishadi, ochko‘z, xasis». Shunday o‘y-xayollar bilan u bir tashlandiq uyga borib qoldi, ichkariga kirdi va u yerda bir ozg‘in, mushtdekkina kampir o‘tirganini ko‘rdi. Putrak darhol yonidan pul chiqarib, kampirning chiroyini ochdi. Kampir uni mehmon qilganidan keyin shu yerda odamlar ko‘zidan panada yashashga qaror qildi. Shu tariqa birmuncha muddat o‘tdi va yigitdan mamnun kampir unga qarab shunday so‘zlar bilan murojaat qildi: «Gapimga quloq sol, bolajonim! Boshdan-oyoq zeb-ziynatga ko‘milgan qaylig‘ing yo‘q. Ammo bu yerdagi shohning Pataliy degan qizi bor. Qizni saroyning eng yuqorigi qavatida saqlaydilar va qimmatbaho dur kabi asrab-avaylaydilar!» Kampirning gaplarini eshitar ekan, so‘zlar cho‘g‘ kabi uning dilida muhabbat olovini yoqmoqda edi. «Men bu ofatijon dilbarni bugunoq ko‘rmasam bo‘lmaydi»,– o‘zicha qat’iy qarorga keldi yigit va tun cho‘kkach, boshmoqlarini oyog‘iga ildi-da, osmonga shuvillab chiqib ketdi. Bamisoli tog‘ cho‘qqisidek baland saroy derazasidan ichkariga kirib, to‘rdagi xobgohda bir o‘zi mast uyquda yotgan Pataliyni ko‘rdi. Oy nurlari tushib turganidan bu oddiy malika emas, go‘yo dunyoni zabt etgan muhabbat tangrisining malikai oliyasi yotgandek. «Uni qanday uyg‘otsam ekan?»– so‘radi u o‘zidan, shu top go‘yo ataylab qilganday xobgoh tashqarisidagi eshik og‘asi uyg‘onib qoldi. Eshik og‘asi shunday she’rni o‘qidi:
Chaqaloqday tamshanib shirin
Mast uyquda yotar jonona.
Yo‘q, uyg‘otmoq uni zo‘r gunoh,
Savob erur quchmoqlik yona.
Bu she’rni eshitdi-yu, azbaroyi ishtiyoqdan a’zoyi badani titragancha u go‘zalni quchdi va qiz o‘sha zahoti uyg‘onib ketdi. Shohga ko‘zi tushib, qizning qalbi hayo va hayratga to‘ldi, hayoga to‘lgani shundaki, ro‘parasida notanish bir nomahram turardi, hayratga to‘lgani shundanki, shunday bemahalda, yarim tunda qayoqdan paydo bo‘ldi ekan? Biroq ular o‘rtasida darhol ishqiy suhbat boshlandi va gandharvlar odatiga ko‘ra nikoh iqdi bog‘landi. Muhabbat olovi kuchaygandan-kuchayib borardi, hademay oshiq-ma’shuqlar tun qanday o‘tganini ham bilmay qolishdi. Mana, tun og‘ib, tong ota boshladi, yigit sevgilisini hijron otashida tanho qoldirib xayrlashdi-da, qaysi yo‘ldan kelgan bo‘lsa, o‘sha yo‘ldan kampirning uyiga qaytib ketdi. Shu tariqa u har kuni tunda qizning oldiga o‘g‘rincha kirib kelar, tunni o‘yin-kulgi va xushchaqchaqlik bilan o‘tkazar, keyin yana qaytib ketar edi. Biroq eshik og‘alari Pataliyning badanida elas-elas tish izlari, ehtiros ila quchishlar chog‘ida tirnoqlardan qolgan chiziqlaru ishqiy erkalatishlarning boshqa turli alomatlarini payqab qolishdi va bu haqda darhol qizning otasiga xabar berishdi. Ota bir ayolga Pataliyning xobgohiga yashirinib olib, tunlari u yerda nimalar bo‘lishini kuzatishni buyurdi. Oshiq yigitning kimligini aniqlash uchun haligi ayol uxlab yotgan Putrakning kiyimiga bo‘yoq surtib qo‘ydi.
Ertalab Pataliyning otasi uyqudan turganida ayol unga ko‘rganlarini bittama-bitta hikoya qilib berdi, ota o‘sha zahoti butun shahar bo‘ylab o‘z josuslarini yubordi va ular hayal o‘tmay kampirning kulbasidagi Putrakni topib kelishdi. Ular yigitni darg‘azab shoh huzurida hozir qilishganda Putrak yana boshmoqlarni oyog‘iga ildi-da, havoga parvoz qilib, Pataliyning xobgohiga kirib keldi. «Bizni payqab qolishibdi,– qichqirdi u qizga qarab.– Tur tezroq. Sehrli boshmoqlarimiz yordamida jon saqlab qolaylik!» U qizni bag‘riga oldi-da, yana osmonga ko‘tarilib, yo‘lga tushdi. So‘ng ular osmoni falakdan Ganga sohiliga kelib tushishdi va Putrak holdan toygan qizni sehrli tovoq in’om etgan xilma-xil tansiq taomlar bilan siyladi. Yigitning karomatlaridan qoyil qolgan qiz uning qo‘lidan tag‘in nimalar kelishini so‘ragan edi, Putrak yerga bir shahar tarhini chizdi, shahar ichiga piyoda jangchilar, sarbozlar, jang aravalar va fillardan iborat butun bir qo‘shin rasmini chekdi. O‘sha zahoti suvratdagi shahar haqiqiy shaharga aylandi, Putrak esa unda shohlik masnadiga o‘ltirdi, qudratli saltanat barpo etdi va adolat bilan yurt so‘ray boshladi. Qaynotasi ham unga tan bermay iloji qolmadi va yigit to bahri muhitgacha bo‘lgan jamiki sarzaminda hukmronlikni o‘z qo‘liga oldi. Sehrli yo‘l bilan bunyod bo‘lgan shahar o‘zining barcha fuqarolari bilan benihoya mislsiz chiroyga va bitmas-tuganmas boylikka ega bo‘ldi: shaharning Pataliputra deyilishi shundan kelib chiqqan, undan baxt ma’budasi Lakshmiy va fan va go‘zal nutq homiyasi Sarasvatiy bir zum ham arimaydi».
Ey Kanbhuti, murabbiy Varsh og‘zidan biz bu g‘ayrioddiy va bag‘oyat maroqli rivoyatni ana shu tariqa eshitdik, ham cheksiz hayratga tushdik, ham ko‘nglimiz chog‘ bo‘ldi»,– deb so‘zini tugatdi Vararuchi.
Buyuk shoir Somdevning «Dostonlar ummoni»dagi «Rivoyatga muqaddima» kitobining uchinchi dolg‘asi ana shundan iborat.
TO‘RTINChI DOLG‘A
Vindhya changalzorida Vararuchi ana shunday rivoyatni so‘zlab berdi-da, yana gapning boshiga qaytdi. «Birmuncha muddat men Pataliputrada Vyadiy va Indrdatt bilan yashadim va vaqti-soati kelib barcha fanlarda yetuk allomaga aylandim. Bir kuni biz Indr bayramini tomosha qilgani bordik va Muhabbat ma’budining quroli bo‘lmish gul yoyi monand bir qizga ko‘zimiz tushdi, faqat bu yoyda paykon yetishmas edi, xolos. Shunda men Indrdattdan so‘radim: «Bu sohibjamol qiz kim bo‘ldi?» U menga javob berdiki, uning ismi Upkosha bo‘lib, Upvarshning qizi ekan. Qizning dugonalari yordamida men u bilan tanishib oldim, biroq qiz ehtiros to‘la nigohlari bilan yuragimni tig‘day poralab, uyiga ravona bo‘ldi. Uning ruxsori bamisoli o‘n to‘rt kunlik oyday edi, ko‘zlari lojuvardrang nilufar tarovatini yo‘qqa chiqarardi, nozik va bejirim qo‘llari shu gulning poyalari kabi silliq, g‘o‘ch siynalari esa ishq o‘tida yongan otashin og‘ushlar ehtirosini duchandon qilib yuborgudek. Qizning tomoqlari bamisoli nafis burama chig‘anoqday latif, qontalash dudoqlarining obi-tobi qizil marjon ranginligi bilan bas boylashgan, sohir vujudi muhabbat ma’budi homiylik qilgan nafosat ehtiromining hukmfarmo bekachi yanglig‘ mo‘jizakor. Qalbim Komning sonsiz paykonlari zarbidan ming pora bo‘lmay iloji qancha edi?! Bimbning shirador mevalari yanglig‘ uning yoqut dudoqlaridan birgina bo‘sa olish armoni bilan o‘sha tunda ko‘zimga qatra uyqu inmadi. Shu tariqa tuni bilan yulduzlarga tikilgancha tong otarga yaqin ko‘zim oppoq libosga chulg‘angan ilohiy bir ayolga tushib qoldi-ku. U menga quyidagi so‘zlar bilan murojaat qildi: «Avvalgi tug‘ilishingda Upkosha sening xasmi haloling bo‘lgan edi va u sendan boshqa hech kimni o‘z eri deb bilishni zinhor istamaydi. Shu bois bekorga tashvish qilib, o‘zingni g‘am botqog‘iga botirmagil, ey yigit. Men — sening jismingga jo bo‘lgan Sarasvatiyman va sening qayg‘uga botishingga aslo toqat qilolmayman!» Shundan keyin ayol ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Men uyg‘onib ketdim va ertalab sevgilimning uyiga yo‘l oldim-da, anbah daraxti tagiga borib o‘tirdim. Uning dugonasi yaqinimga kelib aytdiki, sho‘rlik Upkosha muhabbat dardidan iztirob o‘tida qovrilmoqda ekan. Shunda mening iztiroblarim duchandon bo‘lib ketdi. Men unga dedim: «Ota-onalarining roziligisiz men Upkoshani qanday xotinlikka olaman? Malomatga qolgandan o‘lganim afzal emasmi! Otasi va onasi qizlarining menga qayliq bo‘lishiga rozimi yoki yo‘qligini bilgil. Ha, shunday qil, ey latofatli qiz! Bu bilan sen meni va dugonangni hayotga qaytarursen». Gaplarimni eshitib, qiz uyga kirdi va bor gapdan sevgilisining onasini voqif etdi, onasi esa bu xabarni eriga yetkazdi. Upvarsh akasining huzuriga bordi va akasi bu taklifga rozi bo‘ldi. To‘y kuni tayin bo‘lgandan keyin murabbiy Vyadiyga Kaushambaga mening onamni olib kelishni amr etdi. Shundan so‘ng Upkoshaning onasi uni menga xotinlikka berishga qaror qildi. Onam ro‘zg‘orga bekalik qila boshladi va biz baxtli yashab ketdik.
Vaqti bilan Varsh shogirdlarining safi ortib boraverdi. Ular orasida o‘zining ahmoqligi bilan dong chiqargan Panini degan bittasi bor edi.
Uning hardamxayolligi va qo‘polligini ko‘rib, Varshning xotini unga Himolay tog‘lariga yo‘l olib, darveshlik ixtiyor etishini maslahat berdi. U ham bilimga chanqoqligi tufayli u yoq-bu yog‘ini o‘ylab o‘tirmay, yo‘lga tushdi.
O‘zining tirishqoqligi bilan u manglayini yarimoy bezatib turgan ma’budning ko‘nglini oldi va ma’bud uni fanlar ichida eng oliysi hisoblangan yangi sarfu nahv bilimi bilan sarafroz etdi.
U yoqdan qaytib kelgach, Panini meni mubohasaga chorladi. Yetti kun mubohasa bo‘ldi, biroq g‘olib aniqlanmadi, sakkizinchi kuni osmon qa’ridan Panining g‘alabasiga mushtoq Shivaning dahshatli ovozi keldi. Shuning sharofati bilan biz o‘rgangan Indr arfu nahfi yer yuzidan g‘oyib bo‘ldi va Paninidan mag‘lub bo‘lgan bizlar ikki qo‘limizni burnimizga tiqib qolaverdik. Shunda jaholat botqog‘iga botgan ko‘yi men uydagi bor pulimni savdogar Hiranyaguptga qo‘sh qo‘llab topshirdim va Upkoshaga dedim: «Men Shankarga sajda qilgani va riyozatu toatlarim bilan uning marhamatiga noil bo‘lgani Himolay tog‘lariga bosh olib ketayapman». Vafodor qaylig‘im men ketgandan keyin har kuni Ganganing tabarruk suvida g‘usl qilar va ehromda sidqidildan toat-ibodat ila mashg‘ul bo‘lar edi.
Mening firog‘imga chidolmay, u ozib-to‘zib borardi, rangida-rang qolmagandi, biroq botayotgan oy singari erkaklar ko‘zini maftun etuvchi jozibadorligini yo‘qotib ulgurmagandi. Bir kuni bahorda u g‘usl qilgani Gangaga bordi va saroy kohini, shahzodaning murabbiyi va shahar dorug‘asining ko‘zi unga tushdi. O‘sha zahoti uchala amaldor ham Muhabbat tangrisi paykonining nishoniga aylandi. O‘sha kuni xotinim Gangada uzoq qolib ketdi, kechqurun shosha-pisha uyga qaytayotganida esa shahzodaning murabbiyi uni zo‘rlashga harakat qila boshladi. Biroq sohibjamol juvon unga qarab shunday dedi? «Marhamatli shahzoda, hozir siz nimani xohlayotgan bo‘lsangiz, men ham shuni xohlab turibman, ammo men oliynasab xonadonda tavallud topganman va zavjam hozir musofir yurtlarida yuribdi. bitta-yarimta ko‘rib qolsa nima bo‘ladi? Men ham, siz ham ta’na-malomatlar tagida qolib ketamiz! Shu bois hozircha sabr qila turing, bahor ayyomi kelganida va bayramdan charchagan butun shahar ahli uyquga ketganida tunning birinchi pahar1 ida huzurimga chopib keling». Shunday va’dalar berib, xotinim shaydo shahzodadan qutuldi-da, uyga ravona bo‘ldi. Sal nariga borgan edi, unga saroy kohini yopishib oldi. Upkosha unga ham uchrashuv va’da qilib, o‘sha kuni tunning ikkinchi paharida kelishini aytdi. Uyiga tezroq yetib olish uchun jon-jahdi bilan yugurib ketayotgan edi, bu gal uning yo‘lini shahar dorug‘asi to‘sdi. U ham sohibjamol juvonga oshig‘u shaydo bo‘lib qolganini, uning vasliga mushtoqligini, bir gal murodini hosil qilmasa turolmasligini aytib, hech qo‘yib yuboray demasdi. Juvon bunga ham o‘sha bahor kechasini va’da qildi va faqat dorug‘aga tunning uchinchi paharida kelishini tayinladi. Taqdiri xudoning irodasi bilan uch birday balodan bir amallab qutulgach, halloslab-hansiragancha u uyiga yetib keldi va cho‘rilarni huzuriga chorlab, ularga shunday dedi: «Agar tagli-zotli xotinning eri musofir yurtiga ketsa, uning chiroyiga oshufta bo‘lgan nomahram ko‘ziga tik boqishdan ko‘ra bunday xotinning o‘lgani durust ekan!» Meni o‘ylayverib-o‘ylayverib xotinim tun bo‘yi mijja qoqmadi, tuz ham totmadi. Ertalab u brahmanlarga ovqat qilish uchun pul olib kelgani savdogar Hiranyaguptga odam yubordi. Biroq u borgan odamdan pul berib yubormay, juvonning huzuriga o‘zi keldi va tanho qolganlarida shunday dedi: «Sen o‘zingni menga baxsh et, shundagina ering qoldirgan pullarni beraman». Bu so‘zlarni eshitib, Upkosha ichidan qattiq xafa bo‘ldi, biroq nachora, erining Hiranyaguptga saqlash uchun omonat qoldirganiga bitta ham guvoh yo‘q edi. Biroq juvon sir boy bermadi, albatta, savdogarga ham o‘sha tunning to‘rtinchi paharida kelishini aytib, va’da berdi. Bundan og‘zi qulog‘iga yetib, savdogar ketdi. Upkosha cho‘rilarni moy, kofur va turli xushbo‘y tutatqilar hamda mum keltirishga jo‘natdi, keyin esa bularning hammasini qo‘shib, qorishtirdi. G‘usl qilganda badanni artgani yana to‘rt bo‘lak mato tayyorlab qo‘yishni va ustidan qulflanadigan katta sandiq hozirlashni ham buyurdi.
Hash-pash deguncha bahor ayyomi ham keldi va balo-qazodek shahzodaning murabbiysi hozir bo‘ldi. Uning kelganinin hech kim bilmadi ham, ko‘rmadi ham va xotinim unga qarab dedi: «To g‘usl qilmaguningcha senga yaqin yo‘lamayman. Bor, yuvinib kel». Sodda-bayov odam emasmi, darhol «xo‘p» dedi-da, cho‘rilar hamrohligida qop-qorong‘i hujraga kirib ketdi. Cho‘rilar uning egnidagi barcha libosu shalop-shuluplarni yechib tashladi-da, badaniga tim qora mum va qurumlarni surkay boshlashdi. Boshidan oyog‘igacha qop-qora moyga belanganini bechora oshiq qorong‘ida qayoqdan ham bilsin. To u shunday «g‘usl» qilaman deguncha tunning ikkinchi pahari ham yetib keldi va Upkoshaning uyiga saroy kohini tashrif buyurdi. «Voy! — deb chuvvos solib yuborishdi cho‘ri qizlar. — Axir bu saroy kohini-ku, Vararuchining do‘sti kelibdi!» — va o‘sha zahoti shahzodaning murabbiyini sandiqqa joyladilar-da, ustidan mahkam qulflab qo‘ydilar.
Kohinni ham xuddi shunday qilishdi, uning bor kiyimiyu shalop-shuluplarini yechib tashlab, badaniga boshdan-oyoq qora surtishdi. Uchinchi paharda shahar dorug‘asining o‘zi qadam ranjida qildi. Shunda go‘yo yuraklari yorilgudek qo‘rqib ketgan cho‘ri qizlar kohinni ham sandiqqa joylab, ustidan qulflab qo‘yishdi. Dorug‘ani ham ana shunday «cho‘miltirishdi», boshdan-oyoq qoraga bo‘yashdi va xuddi o‘shanday, tunning to‘rtinchi paharida eshikni savdogar kelib taqillatganda o‘zlarini qattiq qo‘rqib ketganga solib, cho‘rilar dorug‘ani ham haligi sandiqqa joylab, ustidan qulf solishdi. Uchalasi ham bitta sandiq ichida bamisoli do‘zaxning eng yomon saqar degan joyida yotgandek tipirchilar, oh-uh qilar edilar-u, ammo bir-biridan qo‘rqqanidan churq etib, og‘iz ocholmasdilar.
Upkosha shamni yoqdi-da, savdogar Hiranyagupt kirib kelgach, unga qarab dedi: «Qani, erim senga omonat qoldirgan pullarni cho‘zib qo‘y-chi!» Muttaham savdogar u yoq-bu yoqqa qarab, uyda o‘zlaridan boshqa hech kim yo‘qligiga iymoni komil bo‘lgach, juvonga qarab dedi: «Axir senga aytdim-ku, ering omonat qoldirgan pullarni o‘zingga qaytaraman deb!» Upkosha esa sandiqqa qarab murojaat qildi: «Hiranyaguptning so‘zlarini eshitdilaring-a, hoy ma’budlar?» Shundan so‘ng xotinim shamni o‘chirdi-da, cho‘rilariga savdogarni ham «cho‘miltirib», qoraga bo‘yab qo‘yishni amr etdi. Bu orada tun og‘ib, tong yaqinlashib qolgandi. Cho‘rilar: «Ana tun og‘ib qolibdi», — deb savdogarni uydan haydab soldilar, u esa o‘laman sattor ketmayman deb oyoq tirar edi. Ketmay ham nima qila olardi, allaqanday latta-puttalar bilan uyat joylarini yashirib, itlarga talanib, qop-qora mumga belanib, uyat va sharmandalikdan o‘tday yonib, bir amallab uyiga yetib keldi. Darhaqiqat, yomonlik qilgan yomonlik ko‘radi-da!
Upkosha esa cho‘rilari hamrohligida bildirmaygina shoh Nand saroyiga yo‘l oldi va unga murojaat qilib shunday dedi: «Savdogar Hiranyagupt erim unga omonatga berib ketgan pullarni qaytib bergisi kelmayapti». Shoh hammasini miridan-sirigacha bilmoqchi bo‘lib, savdogarga odam yubordi, uni olib kelishgandan keyin esa savdogar: «Yo‘q, shohim, u menga bir chaqa ham omonatga pul qoldirgan emas!» — deb turib oldi. Upkosha esa pinagini ham buzmay dedi: «Shohim, mening guvohlarim bor. Erim xonadon panohkorlari bo‘lmish ilohlarni sandiqqa joylab ketgandi. Shularning huzurida savdogar pul omonat qoldirilganiga o‘z og‘zi bilan iqror bo‘lgandi. Buyursinlar, shohim. Sandiqni shu yera keltirsinlar, ulardan o‘zimiz so‘rab ko‘raylik!» Xotinimning gaplarini eshitib, shoh jilmaydi va sandiqni olib kelgani odam yubordi. Hademay ichiga ilohlar solib qo‘yilgan sandiq ham muhayyo etildiyu shunda Upkosha dedi: «Rostini aytinglar, ilohlar, savdogar o‘z uyida erimning qo‘lidan omonatga pul olganmidi, yo‘qmidi? Gapirsangiz. sizlarni uyga jo‘natib yuboraman, gapirmasangiz, hoziroq qopqoqni ochaman-da, barchalaringni a’yonlar huzurida namoyon qilaman!» Buni eshitib. sandiq ichidagilar azbaroyi yuraklari qinidan chiqib, baravariga qichqira boshlashdi: «To‘g‘ri, to‘g‘ri, biz guvohmiz: savdogar bizning oldimizda omonatga pul olganiga iqror bo‘lgandi!» Savdogar lom-mim deyolmay qoldi va hammasini bo‘yniga oldi.
Sandiq ichida nima borligini bilishga sabri chidamay, shoh Upkoshadan uni ochishni so‘radi. Juvon ahli a’yon yuz-ko‘zicha sandiq qopqog‘ini ochib yubordi va xuddi alvastilarga o‘xshab, uning ichiga berkitib qo‘yilgan haligi uchovi birin-ketin tashqariga chiqdi. Shoh va a’yonlar ularni zo‘rg‘a tanishdi va ichaklari uzilgudek kula-kula nechuk bunday ahvolga tushib qolishganini surishtira boshlashdi. Shunda oliyhimmat Upkosha nima va qanday bo‘lganini bir boshdan so‘zlab berdi va majlisda hozir bo‘lganlarning barchasi uning xulq-atvoriga qoyil qolishdi: «Oliyhimmat, oqko‘ngil va iffatu ismat sohibasi bo‘lgan ayollarga chindanam qiyin!» Shoh esa o‘zgalar xotiniga ko‘z ola qilgan bu uchala xotinbozning mol-mulkini musodara qildirdi-da, o‘zlarini mamlakatdan haydab chiqardi. «Menga singil bo‘lgil», — dedi u Upkoshaga va ko‘p pul in’om qilib, uni qo‘yib yubordi. Varsh bilan Upvarsh uning eriga sodiqligi, bir so‘zligidan juda suyunishdi, bundan xabar topgan shahar ahli ham aka-ukadan kam suyunmadi.
Bu orada men Parvatiyning sodiq yori, barcha istaklarni ro‘yobga chiqaruvchi Buyuk Ma’bud — Shivaning marhamatiga noil bo‘ldim — cheksiz riyozatlar bilan Panini sarfu nahfini egallashga, Shivaning irodasiyu xohishi ila unga qo‘shimchalar kiritishga muvaffaq bo‘ldim. Shundan so‘ng, taqdiri ilohiy irodasi ila bilimga bo‘lgan chanqoqligimni qondirgach, uyga ravona bo‘ldim va yo‘l bo‘yi charchoq nimaligini bilmadim. Shunday qilib, o‘z o‘lan to‘shagimga qaytib keldim va onam bilan murabbiylarim xoki poylarini olib, Upkosha boshidan kechirgan maroqli voqealardan voqif bo‘ldim.
Sevinchimning cheki yo‘q edi va turib-turib o‘zimdan-o‘zim hayratga cho‘mar edim: hayratga tushgan sayin xotinimga bo‘lgan oldingi muhabbatim chandon-chandon ortar edi.
Shundan keyin murabbiy Varsh mening o‘z og‘zimdan sarfu nahvni eshitishni juda xohlar edi, biroq hukmfarmo Kumar o‘zi uni uning zehniga jo etdi. Keyin Vyadiy va Indrdatt o‘z ustozlaridan unga qancha haq to‘lash joizligini so‘rashdi va murabbiy Varsh bunday javob berdi: «Menga o‘n kurur (o‘n million) oltin tanga berishingiz lozim bo‘ladi!» Ular bunga rozi bo‘lishdi. Va menga qarab deyishdi: «Do‘stim, yur, shoh Nand huzuriga boraylik va undan pul so‘raylik. Bo‘lmasa, shuncha oltin tangani biz qayoqdan olamiz? Hozir shoh Nandning bisotida to‘qqiz yuz to‘qson kurur oltin tanga bor. U Upkoshani o‘ziga singil qilib oldi, sen esa o‘z-o‘zidan unga qayni bo‘lib qolding. Shu bois sening yordam so‘rashing zinhor aybga kirmaydi». Shunday xayollar bilan biz uchovlon o‘sha vaqtda Ayodhyaga tashrif buyurgan Nandning huzuriga kirdik. Biz Ayodhyaga yetib kelganimizda, shoh Nandning olamdan o‘tganini aytishdi. G‘am-qayg‘umizning cheki yo‘q edi, mamlakatda esa g‘alayonlar boshlangandi.
Shunda Indrdatt bizga shunday murojaat qildi: «Mening afsungarlik sirlaridan ogohligim bor va marhum shohning vujudiga jo bo‘la olaman. Vararuchi, sen huzurimga talabgor bo‘lib kirasan-da, men senga oltin beraman. Sen esa, Vyadiy, to qaytib kelgunimcha, mening jismimni ehtiyot qilib tur». Shunday deb, Indrdatt Nandning tanasiga jo bo‘ldi va shoh tirilgach, butun mamlakat shod bo‘ldi. Vyadiy tashlandiq ehromda Indrdattning tanasini qo‘riqlab qoldi, men esa shoh huzuriga ravona bo‘ldim.
Men saroyga kirib bordim, shohga ta’zim bajo keltirdim va ustozimga mukofot tarzida soxta Nanddan o‘n kurur oltin tanga so‘radim. Shunda u haqiqiy Nandning vaziri Shaktalni chorladi-da, amr qildi: «Bu odamga o‘n kurur oltin tanga berib yubor!»
Mo‘jiza bilan tirilgan shohni va uning huzurida paydo bo‘lgan muddaiyni ko‘rib, vazir buning tagida bir gap bo‘lsa kerak, deb o‘ylanib qoldi. Darhaqiqat, aqlli odamning fahmi yetmagan narsa bor ekanmi! U dedi: «Bosh ustiga, olampanoh!» Ko‘nglidan esa bunday o‘ylar kechardi: «Nandning o‘g‘li hali yosh bola, mamlakatning esa g‘animlari bisyor. Hozircha bu soxta shohdan ehtiyot bo‘lib turmoq lozim». Shunday deya u butun mamlakatdagi barcha jasadlarni kuydirishga farmon berdi. Ayg‘oqchilar mamlakat bo‘ylab izg‘ib ketishdi, jasadlarni qidirib topib, bitta qo‘ymay kuydira boshlashdi. Ular Vyadiy Indrdattning tanasini qo‘riqlab turgan ehromga ham kirishdi va undan jasadni tortib olib, yoqib yuborishdi.
Shaktal o‘ziga yetgan ayyor edi, shoh oltinlarni tezroq berib yubor deb shoshirganda, unga shunday deb javob aytdi: «Barcha mulozimlaringiz bayram taraddudi bilan ovora, shohim. Ayting, brahman biroz sabr qilib tursin — men unga oltinlarni albatta beraman!» Shu asnoda shohning huzuriga nolayu afg‘onlar bilan Vyadiy kirib keldi: «Yaxshi ish bo‘lmadi, shohim. Siz tirildingiz-u, mulozimlaringiz jonini boshqa birov tanasiga bag‘ishlagan brahman tanasini yoqib yuborishdi». Buni eshitib, soxta Nand o‘ylanib qoldi: «Endi menga nima bo‘ladi?» Dono Shaktal esa jasad kuydirilib, soxta Nand hech qayoqqa qochib qutulolmasligini angladi va shunday dedi: «Men brahmanga oltinlari beraman». Shunda soxta Nand alam bilan Vyadiyga qarab shunday dedi: «Hoy brahman, endi men shudra1 ga aylanib qoldim-ku. Shohona hashamlar endi menga tatirmidi?» Uning ahvolini chuqur his etgan Vyadiy shohga tasalli bergan holda shunday so‘zlarni irod etdi: «Shaktal sizning siringizni payqab qoldi. Endi shu haqda bosh qotirmoq kerak bo‘ladi. Endi u seni o‘ldirishi va taxtga oldingi Nandning o‘g‘li Chandraguptani o‘tqazishi mumkin. Shu bois sen bunday qil — Vararuchini vaziri a’zamlik taxtiga o‘tqaz, u esa o‘zining o‘tkir va keng farosati ila umringni uzaytira oladi». Shundan keyin Vyadiy ustozga Shaktal olib kelgan joiz oltinlarni topshirgani ketdi, soxta Nand esa meni vaziri a’zamlik masnadiga o‘tqazdi.
Shunda men unga bunday maslahat soldim: «Ey shoh, sizning brahmanlik qadringiz yer bilan yakson bo‘ldi va to Shaktal taxt ishlarini boshqarar ekan, saltanatingizda tinchlik bo‘lishi dargumon. Uni yo‘q qilmoq usulini topmoq lozim». Xullas, mening maslahatim bilan shoh Shaktalni chuqur quduqqa tashlash haqida farmoni oliy chiqardi, ayblov — haligi tirik brahmanni yoqib yuborish. Unga qo‘shib uning yuzta o‘g‘lini ham quduqqa tashlattirdi. Har kuni quduqqa bir tovoq qovurilgan un va bir tovoqda suv tushirishar edi. Shunda Shaktal farzandlariga dedi: «Bolalarim, bu bir kishiga ham yetmaydi, bizlar esa ko‘pchilikmiz. Shu bois taomni soxta Nandni taxtdan ag‘darishga kimning kuchi yetsa, o‘shanga beraylik.» «Bu ish faqat sizning qo‘lingizdan keladi, ota, — deb javob berishdi o‘g‘illari. — Ovqatni faqat siz yeng». Darhaqiqat, g‘animdan o‘ch olishga kelganda oriyatli odamlarning jonlari ham ko‘ziga ko‘rinmaydi! Ular shunday qarorga kelishdi. Shaktal unni bir o‘zi yeb, suvni o‘zi icha boshladi. O‘zi azaldan shunday, g‘animdan o‘ch olmoqchi bo‘lgan odamning yuragi toshdan qattiq bo‘lib ketadi.
«Agar odam o‘ziga ro‘shnolik istasa, hukmdorining ko‘nglini tushunmay va uning ishonchini qozonmay turib, biron-bir ishga qo‘l urmasligi kerak ekan», — deb o‘zicha mulohaza qilardi Shaktal, qiynalayotgan, ochlikdan birin-ketin jon berayotgan o‘g‘illarini ko‘rib. Barcha yuz o‘g‘li uning ko‘z o‘ngida bir-bir juvonmarg bo‘ldi va bir gala jasadlar orasida yakkayu tanho Shaktalning o‘zi qoldi.
Quduq ichida shu hol yuz berar ekan, soxta Nand taxtda mahkam o‘rnashib oldi, murabbiyiga lozim oltinlarni topshirib, Vyadiy Ayodhyaga qaytdi. Qaytib kelib, shohga quyidagi so‘zlar bilan murojaat qildi: «Saltanatingiz uzoq yillar bardavom va xushqismat bo‘lsin. Qo‘limdan kelgancha maslahatlarim bilan sizga xizmat qildim, endi esa zuhdu taqvo yo‘lini ixtiyor etgum». Azbaroyi qayg‘urganidan shohning so‘zlari bo‘g‘zida turib qoldi va Vyadiyga e’tiroz bildirib dedi: «Saltanatimda qol, dunyo huzur-halovatlaridan bahramand bo‘l. meni tashlab ketma!» Bunga javoban do‘sti shunday dedi: «Ey olampanoh, bu jism ko‘z ochib-yumguncha yo‘q bo‘lishi hech gap emas. Aqli bor odam baxt ma’budasining sarobiy sevinchlariga aldanmaydi!» Shunday qilib, Vyadiy darveshlik tariqatiga boshi bilan sho‘ng‘ib ketdi.
Shundan keyin, ey Kanbhuti, taxtu toj lazzatlaridan bahramand bo‘lgani soxta Nand va men bugun qo‘shin bilan Ayodhyadan o‘zining dorussaltanasi Pataliputraga qaytib keldi. U yerda men o‘z vazirlik majburiyatlarimni ado etishga kirishdim. Upkosha atrofimda girgitton, men bilan g‘am-anduh nimaligini bilmay onam va murabbiyim dorulamon umrguzoronlik qilyapmiz. Falakdan ayqirib tushayotgan daryo Pataliputradagi ishlarimdan mamnun edi va har kuni menga oltin in’om qilardi, ruhimga jo bo‘lgan Sarasvatiy esa o‘zining foydali maslahatlari bilan mudom jonimga oro kirgani-kirgan».
Buyuk shoir Somdevning «Dostonlar ummoni»dagi «Rivoyatga muqaddima» kitobining to‘rtinchi dolg‘asi ana shulardan iborat.
BEShINChI DOLG‘A
Bu hikoyani tugatib, Vararuchi soxta Nand vaqti kelib ishq, g‘azab va shu kabi boshqa hissiyotlar qurboniga aylangani haqidagi voqealarga ko‘chdi:
«Bamisoli quturgan filday Nand qayoqqa bosh urishini, nima uchun va nimaga bosh urishini bilmay, o‘zini qo‘ygani joy topolmay qoldi. Hech kutmaganda kelib qolgan baxt kimning ham boshini aylantirib qo‘ymaydi deysiz! Shunda men do‘ppimni yerga qo‘yib o‘yladim: «Shoh davlat ishlarini butunlay tashlab qo‘ydi, qiyin-qiyin, hamma og‘irlikni o‘z gardaniga olgan menga qiyin. Shu Shaktalni o‘zimga yordamchi qilib olsam, nima qilibdi? Bordi-yu, u shohga qarshi biror ish qilmoqchi bo‘lganda ham, toki bu yerda men bor ekanman, uning qo‘lidan nima kelardi?»
Shunday qilib, shohdan bir amallab ruxsat oldim-da, men Shaktalni qop-qorong‘i va chuqur quduq ichidan tortib oldim. Shaktalning ko‘nglidan esa shunday o‘ylar kechmoqda edi: «Toki Vararuchi shu yerda ekan, men soxta Nandga bas kelolmayman. Shu boisdan ham qulay payt keldi deguncha o‘zimni har qanday qattiq shamolda egiladigan, ammo sinmaydigan qamish poyasi monand tutishim kerak».
Tag‘in vazirlik masnadiga o‘tirgach, Shaktal barcha saltanat ishlarini mening ruxsatim bilan ado etib yurdi. Bir kuni soxta Nand shahar tashqarisiga, Ganga bo‘yiga chiqdi-da, shunday manzaraning guvohi bo‘ldi: daryoning qoq o‘rtasida suv tagidan bir-biriga qattiq jipslashgan beshta barmoqli qo‘l chiqib turibdi. «Bu nima bo‘ldi ekan?» — darhol so‘radi shoh. Men daryoga nazar soldim va faqat ikkita barmoq chiqib turganini ko‘rdim, keyin esa qo‘l g‘oyib bo‘ldi. Shohning hayrati battar ortdi va mendan buning sirini so‘radi. Shunda men unga javob berdim: «Agar beshovlon bahamjihat harakat qilsa, bu dunyoda ularning qo‘lidan kelmaydigan bironta ish bo‘lmaydi. Bordi-yu, ikkovlon baravar harakat qilsa, ular uchun yer yuzida ko‘p narsaga erishsa bo‘ladi!»
Alomat tagida yashiringan sirning ma’nosini izohlab berganimdan shoh behad xursand bo‘ldi, Shaktal esa mening zehnimning zakiyligidan yuzi tundlashdi, mendan o‘tib bir ish qilolmasligini anglab yetdi.
Bir kuni soxta Nand xotinining darvozadan boshini chiqarib, bir musofir brahmanga mahliyo bo‘lib qolganiga ko‘zi tushdi. Shugina narsadan g‘azabga mingan shoh haligi brahmanni qatl etishga farmon berdi. G‘azab bilan aql hech qachon chiqisholmaydi!
Brahmanni qatl etish uchun bozordan olib o‘tishayotganda allaqanday bir o‘lik baliq qah-qah urib kulib yubordi. Bu haqda shohga xabar yetkazishdi va shoh qatlni to‘xtatib, baliq nega kuldi, deb mendan savol so‘radi. O‘ylab olay deb men undan muhlat tiladim, xilvatda o‘tirganimda vujudimga jo bo‘lgan Sarasvatiy menga mana bunday maslaham berdi: «Tunda tol tagiga borib shunday o‘tirib olki, birov seni sezmasin”. Shunday qildim ham, tunda tol tagiga borib yashirindim va u yerga bolalari bila bir rakshas xotin uchib kelganini ko‘rdim. Bolalari unga ovqat bering deb yalinar, u esa javoban ularga shunday dedi: «Sabr qilinglar, ertalab men sizlarga brahmanning go‘shtidan ajratib beraman. Lekin hozircha uni o‘ldirishgani yo‘q». — “Nega uni haligacha o‘ldirishmayapti?» — qiziqsinib so‘rashdi bolalari. — «Unga ko‘zi tushib hatto baliq ham kulib yubordi». — Baliq nega kuldi?» — tinib-tinchimasdi bolalari. Shunda ona rakshas javob berdi: «Shohning barcha xotinlari uni aldaydilar. Uning harami ichida ayollar kiyimini kiyib olgan bir qancha erkak odam yashaydi. Ularning baliqday sirpanib qutulib qolgani-yu, allaqanday begunoh brahmanning qatl etilayotganidan kulgandi baliq». Bu gaplarni eshitdim-da, oyog‘imni qo‘lga oldim, erta azonda saroyga borib, baliqning nimaga kulganini shohga aytib berdim. haqiqatan ham haramdagi ayollar libosini kiyib olgan bir qancha erkakni tutib ketdik. Shoh meni yanada ko‘proq hurmat qila boshladi. Brahmanni esa afv qildi-da, qatldan saqlab qoldi.
Shohning bunday qiliqlari juda tinkamni quritib yuborgandi. Bir kuni uning huzuriga bir yosh musavvir tashrif buyurdi. U soxta Nand va xotinining suvratini chizdi, suvrat shunaqangi yaxshi chiqqan ediki, ular tirikka o‘xshardi, faqat gapirmasdilar, xolos. Shoh bag‘oyat xursand bo‘ldi va musavvirga ko‘p in’omlar tortiq qildi, suvratni esa o‘zining xobgohi devoriga osdirib qo‘ydi. Bir kuni yo‘lim xobgohga tushdi-yu, suvratdagi malikai oliya tasviriga razm soldim, unda malika o‘zining bor husnu tavajjuhi bilan qarab turardi. Biroq ko‘pgina alomatlar orasida bittagina narsa yetishmay turardi, u ham bo‘lsa malika belidagi kunjut donasiday keladigan bitta xol edi. Suvratni oldim-da, ana shu xolni o‘zim chizib qo‘ya qoldim, malikaning tasviri endi hamma jihatlari bilan mukammal tarzda jilva qilib turardi. Men endi shu narsani o‘rinlatib bo‘lgan edimki, xobgohga soxta Nandning o‘zi kirib keldi va suvratdagi xolni darhol payqadi.
«Uni kim chizdi?»— qichqirdi u posbonlarga, ular esa buni Vararuchi, ya’ni men qilganimni aytishdi. Shunda shoh o‘ylanib qoldi: «Bu pinhoniy joyda xol borligini mendan boshqa hech kim bilmas edi-ku. Vararuchi buni qayoqdan bila qoldi ekan? Mana, mening haramim osoyishtaligiga kim putur yetkazayotgani o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ldi-qoldi. Ayollar kiyimidagi erkaklarni qanday bilib olganining siri bu yoqda ekan-da». Shunday o‘ylar bilan soxta Nand g‘azabidan tutaqib-yondi. Darhaqiqat, nodonga qanday gap aytma, u hammasiga birday ishonadi. Shoh zudlik bilan Shaktalni chaqirdi-da, unga xitob etdi: «Sen Vararuchini o‘ldirishing kerak. U malikai oliyani yo‘ldan urgan!»
«Bosh ustiga, hukmdor», — hozirjavoblik bilan dedi Shaktal va chiqib ketdi. Endi Shaktal o‘ylay boshladi: «Vararuchini o‘ldirishga mening qurb-qudratim yetmaydi. Uning zakovatiga hech kim bas kelolmaydi. Bu yog‘ini so‘rasang, meni quduqdan olib chiqib, o‘limdan saqlab qolgan ham — u. Buning ustiga u brahman ham! Yaxshisi, men uni yashirib qo‘yaman-da, shohga o‘ldirdim deb aytaman». Shunday to‘xtamga kelib, Shaktal huzurimda paydo bo‘ldi, shohning sababsiz g‘azabga minganini so‘zlab berdi va menga qarab dedi: «Men boshqa birovni o‘limga hukm qilaman-da, sen mening uyimda yashirincha turaverasan, axir seni shoh g‘azabidan saqlab qolmasam bo‘lmaydi-da». U qanday aytgan bo‘lsa, xuddi shunday qildi ham: men uning uyida yashay boshladim, u esa tun qorong‘uligida boshqa bir odamni qatl etdirdi-da, meni qatl etgani haqida yurtga jar soldirdi.
Shaktal mana shu ishlarni bajarib bo‘lgandan keyin bir kun men unga qarab so‘z qotdim: «Sen haqiqatan ham bemisl vazirsan, chunki meni o‘ldirishingga qo‘ling bormadi. Lekin aslida meni hech kim o‘ldirolmaydi, zero mening bir qudratli rakshas do‘stim bor. Uni xayolimga keltirib chaqirsam, bas, u o‘sha zahoti qarshimda paydo bo‘ladi va agar men izn bersam, u butun dunyoni ostin-ustun qilib tashlaydi. Lekin shoh — mening do‘stim Indrdatt bo‘ladi, buning ustiga u brahman ham, shuning uchun ham men uni o‘ldirolmayman».
Shunda Shaktal, o‘sha rakshasni bir ko‘rsam bo‘ladimi, dedi. Men uni xayolan chaqirdim va rakshas o‘sha zahoti Shaktalning ro‘parasida paydo bo‘ldi. Vazir rakshasni ko‘rib ham hayratdan dong qotdi, ham yuragi yorilgudek qo‘rqib ketdi, rakshas g‘oyib bo‘lgandan keyin mendan so‘radi: «Sen rakshas bilan qanday do‘st bo‘lib qolding?»
Men unga mana bu voqeani hikoya qilib berdim: «Bir vaqt shunday bo‘ldiki, har kuni tunda shahar qo‘riqchilari birin-ketin izsiz yo‘qola boshladi. Bundan soxta Nand xabar topib qoldi-da, meni chaqirdi va shaharni muhofaza qilishni topshirdi. Tunda shahar ko‘chalarini aylanib yurib, shaharda bir rakshas izg‘ib yurganini ko‘rdim. U menga qarab dedi: «Ayt-chi, shaharda eng chiroyli ayol kim?» Men kuldim-da, unga shunday dedim: «Eh nodon, kimga qaysi ayol yoqsa, o‘sha eng chiroyli bo‘ladi-da!» U esa menga javoban dedi: «Sen mening savolimga to‘g‘ri javob bergan yagona odamsan». Shu bois bo‘lib, u meni o‘ldirmadi va shunday dedi: «Sen meni xursand qilding. Endi sen mening do‘stim bo‘lding. Men haqimda o‘ylaganing zahoti ro‘parangda paydo bo‘lurman». Shu so‘zlarni aytdi-da, u g‘oyib bo‘ldi, men esa yo‘limda davom etdim. Shu damdan boshlab rakshas ikkimiz do‘st tutinib qolganmiz».
Men shularning barchasini hikoya qilib berganimdan so‘ng Shaktal yana mening aql kuchimni ko‘rsatib qo‘yishimni iltimos qildi va men uning oldida fikr kuchi bilan Ganga Ma’budasi tajassumini chaqirdim. Men unga ta’zim bajo keltirdim, bundan u xursand bo‘ldi va ko‘zdan yo‘qoldi. Shaktal esa shundan keyin menga yana ko‘proq mehr qo‘yib qoldi. Bir gal u mening majburiy mahbuslikdan aziyat chekayotganimni payqab qoldi-da, menga quyidagi so‘zlar bilan murojaat qildi: «Ey qudratli bilim sohibi, nega bekorga afsus-nadomatlar o‘tida jizg‘inak bo‘lasan? Axir nahotki shohlar fikri doim beqaror bo‘lishini bilmasang? Sening xalos bo‘lishingga ko‘p qolgani yo‘q. Bir voqeani aytib beray, quloq sol».
ShIVAVARMAN HIKOYaSI
Juda qadim zamonlarda Adityavarman degan shoh yashagan ekan, uning juda ham aqlli Shivavarman degan vaziri a’zami bo‘lgan ekan. Bir kuni shunday voqea yuz beribdi: shu hukmdorning xotini bo‘yida bo‘lib qolibdi, bundan xabar topgan shoh ayollar xobgohini qo‘riqlovchi posbonlardan so‘rabdi: «Mana ikki yildirki, ayollar xobgohiga qadam izi qilganim yo‘q. Qani, javob beringlar, malika qayoqdan homilador bo‘lib qoldi?» Posbonlar unga shunday javob berishibdi: «Bu yerga bironta erkak zoti kira olmaydi. Ammo vaziri a’zamingiz Shivavarman bu yerga tanda qo‘ygan». Buni eshitib, shoh o‘ylanib qolibdi: «Mana, dushmanim kim ekan mening! Ammo uni o‘ldirsam, qaytanga o‘zim baloga qolaman!» Biroz xayol suribdi-da, u vaziri a’zamini o‘zining vassali va do‘sti Bho‘gvarmanning huzuriga yuboribdi. Shivavarmanning ortidan esa xat bilan yashirincha bir choparni ham yuboribdi va o‘sha xatda Bho‘gvarmanga vaziri a’zamni o‘ldir, deb amr qilibdi. Biroq vaziri a’zamning ketganidan bir hafta o‘tar-o‘tmas birdan homilador malika haramdan qochib ketibdi, biroq qorovullar uni va u bilan ayol kiyimidagi bir odamni tutib olishibdi. Bundan voqif bo‘lgan Adityavarman afsus-nadomatlar bilan debdi: «Nimaga hech bir gunohi bo‘lmagan shunday yaxshi vazirimni o‘limga hukm etdim?!»
Bu orada vaziri a’zam Bho‘gvarman saltanatiga yetib kelibdi, maktubli chopar esa hali kelib ulgurmagan ekan. Xat kelgach, Bho‘gvarman vaziri a’zamni huzuriga chorlabdi-da, maktubning uni qatl etish haqida aytilgan joyini o‘qib beribdi. Shunda Bho‘gvarmanning ta’rifdan tashqari vaziri a’zami unga shunday so‘zlar bilan murojaat qilibdi: «Amr qilinganidek, siz meni qatl etdiring. Agar farmonni bajarmay, meni o‘ldirmasangiz, men o‘zimni o‘zim o‘ldiraman». Bundan hayron bo‘lgan Bho‘gvarman undan so‘rabdi: «Bu nima deganing, brahman? Aytsang aytganing, bo‘lmasa men seni duoi bad qilaman!» Bunga javoban, Shivavarman shunday debdi: «Men o‘ldirilgan mamlakatda tangri rosa o‘n ikki yil bir qatra ham yomg‘ir yog‘dirmaydi».
Buni eshitib, Bho‘gvarman o‘z vazirlari bilan kengash o‘tkazibdi: «Bu qanaqangi badkor shoh bo‘ldi?! U bizning mamlakatimizni xonavayron qilmoqchi shekilli? Yo‘qsa qatlni ijro etish uchun unda maxfiy jallod qurib qolganmi? O‘z oyog‘imizga o‘zimiz bolta urmasligimiz uchun biz vaziri a’zamni ehtiyot qilimog‘imiz lozim. Uni hech bir holatda o‘ldirib bo‘lmaydi!» Maslahatlashib, qo‘riqchilar tayinlashibdi va o‘sha zahoti Shivavarmanni o‘z mamlakatlaridan chiqarib yuborishibdi. Shunday qilib, o‘zining aqlu farosati bilan vaziri a’zam jon saqlab qolibdi va aybsizligini isbotlabdi.
Shunga o‘xshab, sen ham gunohingdan forig‘ bo‘lasan va shoh pushaymon bo‘lib qolaveradi, sen esa Katyayan, hozircha mening uyimda tura tur!»
Shu tariqa Shaktalning maslahati bilan men qulay paytni poylab va zerikkanimdan kunlar sanab, uning xonadonida qoldim.
Bu orada, ey Kanbhuti, soxta Nandning Hiranyagupt ismli o‘g‘li bir kuni shikorga ketdi. Oti uni qalin o‘rmonga olib qochdi. Yo‘ldan adashib, endi u tunash uchun joy qidirishga majbur bo‘ldi, zero kun tugab, tun kirmoqda edi. Tunni bir amallab o‘tkazish uchun u bir daraxt ustiga chiqdi. Birmuncha muddatdan so‘ng arslondan qochib, bir ayiq o‘sha daraxtga chiqib oldi. Shahzodaning qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrayotganini ko‘rib, ayiq unga dedi: «Mendan qo‘rqma, men senga do‘st bo‘laman». Bu gapdan xotirjam bo‘lib, Hiranyagupt uxlab qoldi, ayiq esa uxlamay, uni qo‘riqlay boshladi. Daraxt tagida aylanib yurgan arslon unga qarab shunday dedi: «Hov ayiq, anovi odamni itqitib yubor va men keturman!» Ayiq unga g‘azab bilan javob aytdi: «Yo‘q, yovuz, men do‘stimga xiyonat qilmayman!» Birmuncha muddatdan so‘ng ayiq uxlab qoldi, shahzoda esa uyg‘onib ketdi va shunda arslon unga murojaat qildi: «Hoy yigit, menga daraxtdan ayiqni itarib yubor!» Shahzoda esa bir cheti o‘z hayotini o‘ylab va bir cheti arslonning ko‘nglini olmoq bo‘lib, ayiqni itara boshladi. Biroq tasodif tufayli ayiq uyg‘onib qoldi-yu, shahzodani duoi bad qildi: «Ey do‘stiga xiyonat qilguvchi nobakor, iloyo, aqldan judo bo‘lg‘il!» Keyin shahzoda Hiranyagupt boshidan nelar kechganini eshiting. Ertasiga tongda u uyiga aqldan begona bir alpozda qaytdi, uning bunday badqismat bir tarzda kelganini ko‘rib, soxta Nand anduh ila dedi: «Oh, qani endi Vararuchi tirik bo‘lsa! Bunday bo‘lishini bilganimda, uning hamma gunohlaridan o‘tgan bo‘lardim. Oh, sho‘rim qursin!» Bu alamli so‘zlarni eshitib, Shaktal o‘zicha o‘ylanib qoldi: «Vararuchini qaytarib kelish uchun bundan yaxshi fursat bormi! U g‘ururli-orli odam, bu yerda qololmaydi, shoh esa bir menga ishonadigan bo‘ladi». Shunday fikrlar bilan u Vararuchining barhayotligini va saltanat ichida yashayotganini qo‘rqmasdan hikoya qilib berdi. Soxta Nand o‘sha zahoti unga dedi: «Darhol huzurimga keltiringlar uni!»
Shu tariqa Shaktal meni iloji boricha tezroq shohning ko‘z o‘ngida hozir qildi va shohning aqldan ozgan farzandi arjumandini ko‘rdim. O‘sha zahoti og‘zimdan shu so‘zlar chiqdi: «U do‘stiga xiyonat qilgan». So‘ng Sarasvatiy fazlu karami ila men sal avval o‘rmonda yuz bergan voqeani shohga hikoya qilib berdim. O‘sha asnoda shahzoda tavqi la’natdan mosuvo bo‘ldi va shoh meni chin dildan muborakbod ayladi. «Bu haqda sen qanday bilding?» — so‘radi mendan shoh. Men unga shunday javob berdim: «Ey sultoni bokaram, alomatlaridan, ifodasidan, o‘y-fikrlaridan fahmli inson hammasini o‘zi bilib olaveradi. Haligi holni qanday bilgan bo‘lsam, buni ham o‘shanday bildim». So‘zlarimdan shoh yer yorilmadi-yu, kirib ketmadi. Shohona tortiqlaru tansiq taomlardan ko‘ra ham gunohdan tezroq forig‘ bo‘lish niyatida men uyga chopdim. Aqlli odamlardagi eng katta boylik — bu saxovatdir!
Uyga kelganimda barcha qarindosh-urug‘larim bor ovozlaricha ho‘ngrab yig‘lashga tushdilar, fig‘onlari falakka ko‘tarildi, qaynotam Upvarsh cheksiz g‘am-qayg‘ularga botgan ko‘yi oldimga keldi-da, dedi: «Sening qatl etilganingdan voqif bo‘lgach, Upkosha o‘zini olovga tashlab, yonib ketdi. Mushtipar onang qazo qildi, g‘amga yuragi bardosh berolmay, tilka-pora bo‘ldi». Bularning barchasini eshitib va yangi-yangi musibatlar yukidan tobora qaddim dol bo‘lib, dovul uchirgan daraxtday, hushimdan judo bo‘lgancha gup etib yerga quladim. O‘zimga kelgach, telbalarga o‘xshab bo‘lar-bo‘lmas narsalarni valdiray boshladim. Ma’shuqasidan judo bo‘lgan oshiq g‘am-alam alangasida kuyishdan boshqa nima ham qila olardi? Murabbiyim Varsh menga taskin berar edi: «Nega buncha o‘zingni yo‘qotmasang? Axir, bu beqaror dunyoda faqat beqarorlikkina barqaror ekanini nahotki bilmasang?» Uning so‘zlari kor qildimi, harqalay sal o‘zimga keldim, biroq qalbim tilka-pora edi, men yorug‘ olam lazzatiyu hoyu havaslaridan biryo‘la etak silkidim-da, tavba-tazarru va riyozatga berilmoq uchun qalin va kimsasiz o‘rmonga bosh olib ketdim.
Kunlar bir-birini quvlab o‘taverdi; bir kuni maskanimga allaqanday brahman keldi va men undan soxta Nand saltanatida ne ishlar bo‘layotganini surishtirdim. U menga mana bu gaplarni aytib berdi: «Nimalar bo‘ldi deysanmi? Sen mamlakatni tark etganingdan keyin Shaktal orziqib kutgan voqea sodir bo‘ldi. Soxta Nandni o‘ldirish payida yurib, bir kuni yer chopib turgan Chanakya ismli brahmanni ko‘rib qoldi. «Nega yerni chopyapsan?» — deb so‘radi u, brahman esa shunday javob berdi: «Darbh degan o‘tni kavlab tashlayapman, zero u oyog‘imni jarohatladi». Shunda Shaktalning ko‘nglida soxta Nandni o‘ldirish uchun shu brahmandan foydalanish fikri paydo bo‘ldi.
Uning ismini so‘radi-da, unga murojaat qildi: «Ey brahman, shoh Nand saroyida o‘n uch kunlik shraddh rasmini ado etishingga izn bergayman. Evaziga katta mukofot olgaysan — yuz ming oltin tanga, dasturxonning to‘ri seniki bo‘ladi va anvoyu aqsom taomlardan bahra olgaysan. Hozir, yur, seni o‘zim bir mehmon qilay». Chanakya Shaktalni uyiga olib keldi, qurbonliq kuni esa uni saroyga olib bordi-da, qurbonliq rasmini ado etishga farmon berdi. Qurbonliq rasmu qoidalari to‘liq ado etib bo‘lingach, mehmonlarga ovqat tortildi,–Chanakya esa hammadan to‘rda o‘tirmoqchi bo‘ldi. Biroq Subandhu degan bir brahman ham to‘rdan joy olmoqchi bo‘lib turgan edi. Shaktal bu mojaroning boisi neligini shohga ma’lum qildi va Nand shunday qarorga keldi: «To‘rga Subandhu chiqib o‘tirsin, zero undan munosibroq hech kim yo‘q». Shunda yuragini hovuchlab Shaktal Chanakyaning oldiga bordi-da, unga shohning xohishini yetkazdi va qo‘shib qo‘ydi: «Bunda mening hech qanday aybim yo‘q!»
Chanakyaning g‘azabi alanga oldi va boshidagi turmaklangan sochlarini yuziga tushirib, ont ichdi: «Rosa yetti kundan keyin men Nandni o‘ldiraman! Shundan keyingina sochimni boshqatdan turmaklayman!»
Buni eshitib, soxta Nand qattiq darg‘azab bo‘ldi va uni haydab yubordi. Shaktal esa Chanakyani uyiga yashirib qo‘ydi. U brahmanga barcha zaruriy narsalarni muhayyo qildi va Chanakya bir pana joyda yashirinib olib, Nandni o‘ldirish uchun turkana dorilarni tayyorlashga kirishdi. Yettinchi kuni bu turkana dorilar soxta Nandni qattiq tumovga giriftor qilib, o‘lar holatga keltirdi, Shaktal esa Hiranyaguptni o‘ldirishga hukm etdi va taxtga haqiqiy Nandning o‘g‘li Chandraguptni o‘tqazdi.
Shundan keyin u aqlu zakovatda Brihaspatidan qolishmaydigan Chanakyadan Chandragupt saroyida vaziri a’zam bo‘lishni iltimos qildi, o‘zi esa barcha halok bo‘lgan o‘g‘illari tufayli farzand dog‘ida kuyib, ammo ular uchun o‘ch olib, qalin o‘rmonga bosh olib ketdi».
Oh Kanbhuti, o‘sha brahmandan nelar bo‘lganini eshitganimda qattiq qayg‘uga cho‘kdim, chunki butun mavjudotning beqarorligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Ana shu qayg‘u tufayli bu yerga keldim, bu yerdagi tog‘larda istiqomat qiluvchi ma’budaga sig‘inay dedim va uning marhamati bilan men bu yerda seni uchratdi va oldingi tug‘ilishlarimda boshimdan o‘tkanlarning barchasini esladim.
Menga ilohiy bilim qaytgach, men senga «Buyuk doston»ni so‘zlab berdim va endi, tavqi la’natdan xalos bo‘lgach, bandalik jismimdan ham qutulishga harakat qilayapman. Sen esa, Kanbhuti, to uchta qotilini yo‘qotgan brahman Gunadhya o‘z shogirdlari bilan huzuringga kelmaguncha shu yerda qol.
Ganlar ichida eng sarasi bo‘lgan u ham men kabi darg‘azab ma’buda qarg‘ishini olgan va men kabi bandalar orasida umr kechirishga mahkum etilgan edi. Uning haqiqiy ismi Malyavandir. Bir vaqtlar Shiva aytib bergan «Buyuk doston»ni unga hikoya qilib berishing kerak va shunda u ham, sen ham duoi baddan xalos topgaysanlar».
Shunday qilib, Vararuchi o‘z hikoyasini tugatdi va foniy jismidan xalos bo‘lish uchun Badrikning muqaddas manzilgohiga yo‘l oldi. Yo‘lda uning ko‘zi Ganga sohilida kush o‘tining ildizlarini yeyayotgan bir brahmanga tushdi va o‘tning bargi bilan qo‘lini kesib olganini payqadi. Shunda brahman jo‘rttaga shunday qilmayotganmikan degan o‘yda fikr kuchi bilan oqayotgan qonni o‘simlik shirasi tomon burdi. Bu evrilishni ko‘rib, darvesh azbaroyi g‘ururi jo‘shib qichqirib dedi: «Men siddh bo‘ldim!»
Shunda Vararuchi kulib turib unga dedi: «Buni seni sinash uchun men qildim, qoningni kush sharbatiga qarab oqizdim. Sen hali nayrangbozliklaringdan xalos bo‘lganingcha yo‘q, darvesh! U esa haqiqiy bilim yo‘lidagi og‘ir to‘siqdir, haqiqiy bilimga ega bo‘lmay turib ming riyozatu ibodat qil, bari bir pul. Saxovati yo‘q odam falakka chiqish yo‘lini topolmaydi. Faqat xohlagan bilan xaloskorlik o‘zi kelmaydi. Shu bois eng avvalo nayrangbozlikdan forig‘ bo‘lmog‘ing lozim!» Donishmand itoatkorlik bilan «xo‘p» dedi va Vararuchiga tashakkur aytdi, Vararuchi esa Badrik manzilgohi tomon yo‘lida davom etdi va nihoyat uning dorilamon sarhadlariga qadam qo‘ydi. U yerda esa bandalik jismidan xalos bo‘lish niyatida chuqur ixlos ila ma’buda panohiga noil bo‘ldi.
Ro‘baro‘sida namoyon bo‘lgan ma’buda unga kuchli tafakkur olovi bilan foniy jismingni kulga aylantiribgina bunga muyassar bo‘lgaysen, dedi. U «xo‘p» dedi-da, ma’buda qanday aytgan bo‘lsa, xuddi shunday qildi. Shunda u yana ganga aylandi. Kanbhuti esa hamon Gunadhya bilan ezgu uchrashuvini armon qilardi.
Buyuk shoir Somdevning «Dostonlar ummoni»dagi «Rivoyatga muqaddima» kitobining beshinchi dolg‘asi ana shulardan iborat.
OLTINChI DOLG‘A
Bu vaqtda Malyavan oddiy banda qiyofasida Gunadhya ismi bilan o‘rmon kezib yurardi. U Satvahn degan shoh xizmatida edi. Ichgan ontiga ko‘ra sanskrit ilmi va yana ikkita tilni suv qilib ichib, dilgir bir holatda Vindhya o‘rmonlarida istiqomat qiluvchi ma’budaga sig‘ingani yo‘l oldi. Ma’buda inoyati ila Malyavan Kanbhuti bilan muloqot qildi va o‘sha zahoti ilgari boshidan nelar o‘tgan bo‘lsa, hammasini esladi. Shunda boshqa bironta ham tildan foydalanmaslik uchun u Kanbhutiga payshachiy degan tilda murojaat qildi, o‘zini tanitdi va unga qarab shunday dedi: «Pushpadantdan eshitgan dostonni menga so‘zlab ber va shunda sen bilan ikkovimizni mushkul ahvolga solib turgan qarg‘ishning muddati tugaydi».
Xursand bo‘lgan Kanbhuti ta’zim bajo etdi-da, shunday dedi: «Bu dostonni senga so‘zlab berganim bo‘lsin. Lekin avval bir narsani bilmoqchi edim, sen tug‘ilganingdan keyin va undan oldin nimalar bo‘lgan edi?» Shunda Gunadhya hikoyasini boshladi:
«Pratishbhanda Supratishthit degan nom ilan shuhrat qozongan bir shahar bor edi. U yerda brahmanlar toifasining ziynati bo‘lmish Somsharman degan kishi yashardi. Uning bir do‘sti, Vats va Gulm ismli ikki o‘g‘li va Shrutartha ismli qizi bor edi. Vaqti-soati yetib, Somsharman va xotini bandalikni bajo keltirdi va kulga aylandi, qizginaga esa akalari g‘amxo‘rlik qila boshlashdi. Bir kuni Vats bilan Gulm singillarining bo‘yida bo‘lib qolganini ko‘rishdiyu u yerda hech qanday uchinchi erkak bo‘lmagani boisidan ular bir-biridan gumonsiray boshlashdi.
Akalarining o‘zaro shubhalanayotgani sababini anglagan Shrutartha esa qilmishiga iqror bo‘lib, quyidagilarni hikoya qilib berdi.
Noglar shohi Vasuk akasining bir o‘g‘li bo‘lib, uning ismi Kirtisen edi. Bir kuni cho‘milgani borganimda uning ko‘zi menga tushdi-yu, oshig‘i beqaror bo‘lib qoldi va o‘z ismi va qabilasi nomini aytib, o‘shanda gandharvlar rasm-rusumi bilan meni o‘ziga xotin qilib oldi. Mening erim — brahman, qornimdagi gumonam o‘shandan». Singillarining so‘zlarini eshitib, akalarining shubhasi tarqamadi, «Bu yerda boshqa gap bor!» Tun cho‘kkach, qiz noglar shahzodasini chaqirdi, u paydo bo‘ldi-da, Vats bilan Gulmga qarab shunday so‘zlar bilan murojaat qildi: «Ha, falakdagi malaklar ichida eng a’losi bo‘lgan bu qizni men xotin qilib oldim, bo‘ynida qarg‘ish yuki bo‘lganidan u sizlarning singlingiz qiyofasida zaminda dunyoga kelgan. Sizlar ham o‘sha duoi bad tufayli oddiy bandalar qiyofasiga ega bo‘lgansizlar. U o‘g‘il bola tuqqandagina, shubhasiz, uning va sizlarning gardaningizdagi qarg‘ish yuki tushib ketadi».
Shu so‘zlarni aytib, yigit g‘oyib bo‘ldi. Birmuncha muddatdan keyin Shrutartha o‘g‘il farzand ko‘rdi. O‘sha o‘g‘il menman! Men dunyoga kelganimda, osmondan ilohiy sas kelib, dunyoga kelgan brahman ganlardan biri va ismi Gunadhya ekanini e’lon qildi.
Tavqi la’natdan xalos bo‘lgach, mening onam va ikkala tog‘am birmuncha muddatdan so‘ng yerdagi hayot bilan vidolashdilar va men g‘irt yetim bo‘lib qoldim. Qayg‘u-alamga botgan ko‘yi men o‘qib bilim olgani janubiy o‘lkalarga ravona bo‘ldim, chunki o‘zing uchun o‘l yetim degani boshimga tushgan edi. Vaqt o‘taverib, men barcha ilmlardan yetuk alloma darajasiga yetdim va o‘z qobiliyatimni namoyon qilgani vatanga qaytdim.
Uzoq yo‘l yurib, yo‘l yursam ham mo‘l yurib, Supratishthitga yetib keldim. Shogirdlarim bilan uning sarhadlariga oyoq bosar ekanman, uning naqadar go‘zal ekanligini ko‘rdim. Bir joyda Somveda madhlarini butun qoidalariga rioya qilib kuylar edilar. Boshqa bir joyda esa olimlar Vedalar ustida mas’ala tortishar edilar. Bu yerda qimor o‘yinlarida pix yorganlar bitmas-tuganmas boylikka ega bo‘lsalar, anavi yerda savdogarlar o‘tirib olib, bir-birlari bilan topgan-tutganlariyu foyda-ziyonlar haqida gap sotar edilar. Shundaylardan biri, masalan, mana bunday hikoya qilardi:
SAVDOGAR MUShAK HIKOYaSI
«Hamma huzur-halovatlardan voz kechib, faqat boylik yig‘ish bilan andarmon bo‘lganni ko‘rib, ajablanmang! Men o‘zim butun bir xazinani qo‘lga kiritdim, bisotimda avval hemiri ham yo‘q edi. Men hali ona qornidalik paytimdayoq otam o‘lib ketgan, ochko‘z va baxil qarindosh-urug‘larimiz esa u qoldirgan hamma boylikni talashib-bo‘lashib olgan edilar. Shunda onam ham o‘zining, ham mening jonimni omon saqlab qolish niyatida otamning Kumardatt degan do‘stinikiga borib joylashadi. Erining ruhini shod qilgan onamning yorug‘ dunyoda yakkayu yagona umidi bo‘lib men tug‘ildim. Ertadan kechgacha qora mehnatdan boshi chiqmay meni boqishga qo‘r-qut topardi. Men voyaga yetgach, u meni kimgadir savodimni chiqargani topshirdi va men hisob va savodni mukammal egalladim. Bu bilimlarni o‘zlashtirib olganimdan keyin onam menga dedi: «Sen — savdogar o‘g‘lisan! Shu bois, bolajonim, sen savdo ishini boshlab yubor. Shu yerda Vishakhili degan boy savdogar yashaydi. Aytishlaricha, u tagli-tugli kambag‘al oilalarga savdo qilgani mol berib turarkan. Bor, o‘shandan iltimos qil, senga ham dastmoyaga molidan berib tursin».
Men uning oldiga bordim, borsam Vishakhili jahl bilan qandaydir savdogar bolaga gap uqdirib turgan ekan: «Ko‘rdingmi, yerda o‘lik kalamush yotibdi. Agar chinakam savdogar bo‘lsa, u shundan ham pul ishlaydi. Men esa senday bir nobakorga qancha oltin tanga berdim?! Sen bo‘lsang, undan foyda orttirish u yoqda tursin, hatto o‘zini saqlab qola olmading!» Shu gaplarni eshitib, men Vishakhilga murojaat qildim: «Savdosini boshlash uchun menga shu kalamushni olishimga izn bering!» O‘lik kalamushni oldim-da, savdogarga tilxat qoldirdim va yo‘limga qarab ketdim. Vishakhil esa orqamdan kulganicha qolaverdi. Men haligi kalamushni boshqa bir savdogarga mushugiga yemish uchun ikki hovuch loviyaga alishtirdim. Loviyani qovurdim-da, bir idishda suv olib, shahar tushdim. Chorrahada bir daraxt tagida o‘tirib olib, o‘sha yerdan o‘tin ko‘tarib o‘tayotgan, horib-charchagan o‘tinchilarga loviyadan yeb, suvdan ichib olinglar deb izzat bilan taklif qildim. Har bir o‘tinchi o‘tinidan bittadan tarasha berib, evaziga hordig‘ini chiqardi. Tarashalarni men bozorga olib bordim va sotib orttirgan pulimga yana loviya sotib oldim. Ertasiga xuddi shunday o‘tinchilar menga lo‘viya va suv haqiga butun bir bog‘lam o‘tin berishdi. Har kuni ana shunday savdo qildim va to‘plagan pulimga uch kun ichida o‘tinchilarning hamma o‘tinini sotib oldim.
Nima bo‘ldi-yu, sharros yomg‘ir quyib, o‘rmondan o‘tin olib kelishning iloji bo‘lmadi. Shunda men o‘tinimni kattagina pulga sotdim. O‘sha pulga do‘koncha ochib oldim va topar-tutarimni izga soldim, savdoning sharofati bilan qadam-baqadam boyligim ortib, omadim chopaverdi. Men oltindan kalamush yasattirdim-da, Vishakhildan qarzimni uzdim, u esa menga qizini berib, o‘ziga kuyov qilib oldi. Odamlar meni Mushak deyishlarining sababi shunda. Ana shunaqa gaplar, bisotimda sariq chaqa ham bo‘lmay, boyib ketdim».
Buni eshitgan savdogarlarning Somvedani suv qilib ichgan bir brahman turardi, u allaqayerdan sakkiz mosh oltin undirgan edi. Allaqanday bir dallol unga shunday dedi: «O‘zing brahman bo‘lsang, tirikchilik uchun jon koyitish senga zarur kelibdimi. Bu pullarga ayshingni surib qolsang-chi». Nodon brahman laqqa tushib dedi: «Qanaqa qilib ayshimni suray?» Dallol unga dedi: «Shu yerda bir Chaturika degan harjoyi bor. Sen uning uyiga bor!» «U yerda men nima qilaman?» — dedi nodon brahman va dallol javob aytdi: «Oltinlarni unga bergin-da, odob-axloqing bilan uni o‘zingga iydirishga urinib ko‘r». Bu gaplarni eshitib, Somveda bilog‘oni Chaturikaning uyiga qarab chopib ketdi. U harjoyining uyiga kirib bordi va harjoyi uni yaxshi kutib oldi. Brahman unga qarab dedi: «Menga aysh-ishrat yo‘llarini o‘rgat!» Shunday deya brahman oltinlarini harjoyining qo‘liga tutqazdi. Harjoyining uyida o‘tirgan dallollar kulib yuborishdi. «Buning qanday kulgili joyi bor ekan?» — dedi brahman qo‘llarini har ikki tomon keng yozib. So‘ng ahmoqligini namoyon qilgancha u dag‘al ovozda Somveda oyatlarini xonish qila ketdi. Tekin tomosha ishqibozlari bo‘lgan barcha dallollar uni o‘rab olishdi va uning qiliqlaridan ensalari qotib, bir-birlariga deyishdi: «Bu chiyabo‘ri qayoqdan kelib qoldi o‘zi? Uning gardaniga «yarim oy»dan tamg‘a bosib, tezroq gumdon qilmasak bo‘lmaydi! Nodon brahman bo‘lsa, bu «yarim oy» deganlari nayzaning o‘roqsimon uchi bo‘lsa kerak, deb o‘yladi-da, tag‘in boshimni cho‘rt uzib tashlashmasin degancha: «Ha, aysh-ishrat yo‘lini o‘rganib oldim!» deb qichqirdi va u yerdan o‘qday uchib qochib qoldi. U harjoyining uyiga yuborgan qo‘shmachi oldiga keldi-da, hamma gapni oqizmay-tomizmay aytib berdi. Unga javoban qo‘shmachi dedi: «Aytmaganmidim senga o‘zingni odobli tut deb! U yer senga oyat o‘qiydigan joy ekanmi?! Brahmanning ustidan kulgancha u harjoyining oldiga bordi va unga dedi: «Anovi ikki oyoqli hayvonga oltinlarini qaytarib ber!» Harjoyi kulib qo‘ydi-da, oltinlarini qaytib berdi, brahman esa onadan boshqatdan tuqqanday uyiga ravona bo‘ldi.
Shahar ko‘chalarida har qadamda ana shunday tomoshalarni ko‘rib-ko‘rib, nihoyat buyuk Indr koshonasiga o‘xshash shoh saroyiga yetib keldim. Saroy ichkarisiga qadam qo‘ydim va shogirdlari davrasida o‘tirgan shoh Satvahnga ko‘zim tushdi. Shu o‘tirishda u Sharvavarman boshliq vazirlar qurshovidagi Vasavning o‘zginasi edi. Men ofarinlar o‘qib, kelganimni ma’lum qilgach, o‘ltirgani joy ko‘rsatishdi, ayniqsa, shohning iltifoti ko‘nglimni tog‘dek ko‘tarib yubordi, zero Sharvavarmandan tortib barcha vazirlar men haqimda unga shunday degan edilar: «Bu ilohiy, yer yuzida dong‘i ketgan, barcha ilmu fanlardan ogoh brahman Gunadhya bo‘ladi. Uning bunday nomga ega bo‘lishi bejiz emas. Zero, haqiqatan ham xayru saxovatda yakkayu yagonadir!»
Vazirlarning meni alqab aytgan ta’rifu tavsiflarini eshitib, shoh meni ham vazirlik rutbasi ila sarafroz etdi. O‘shandan buyon men uning dargohida xizmat qilib kelmoqdaman. Davlat ishlari borasida jon kuydiraman, shogirdlarga ta’lim beraman va oilam bilan beg‘am-beqayg‘u umrguzaronlik qilaman.
Bir kuni men Godavriy daryosi sohiliga tushdim va «ma’buda karashmasi» degan boqqa duch keldim, u, yerga ko‘chirib o‘tqizilgan ilohiy Nandan bog‘idan aslo farq qilmasdi. Men bog‘bondan bu bog‘ni qanday bino bo‘lganini so‘radim. U menga shunday hikoya qilib berdi: «Keksa odamlarning aytishlaricha, ey muhtaram zot, qachonlardir juda qadim zamonlarda bu yerga og‘ziga na bir kalima va na bir luqma olishga ont ichgan bir brahman kelib qolgan ekan. Ibodatxonasi bilan birgalikda ushbu bog‘ni o‘sha brahman barpo etgan ekan. Barcha brahmanlar shu yerga to‘planishibdi-da, qavmdoshlarining so‘rab-surishtiraverganlariga javoban brahman o‘z boshidan o‘tganlarni hikoya qilib so‘zlab beribdi. O‘sha hikoya mana bunday: «Narmada daryosining bo‘yida Brahukachchh degan yer bor. Men o‘sha yerda tug‘ilganman. O‘zim qashshoq va dangasa bo‘lganimdan hech kim menga sadaqa bermasdi. Ming dardu hasrat ichida men uydan bosh olib chiqib ketdim va azbaroyi hayotdan ko‘nglim qolib, muqaddas joylarni aylanib yuraverdim. Yurib-yurib, oxiri Vindhya tog‘larida istiqomat qiluvchi ma’buda qoshiga bosh urib keldim. Uni ziyorat qilib shunday o‘yladim: «Odamlar uning ko‘nglini ovlab, xursand qiladilar, uning haqiga jonliq so‘yib, qurbonliq rasmini ado etadilar. Men esa o‘zimni qurbon qilib unga baxshida etsam ham mol kabi o‘sha-o‘sha nodon, o‘sha-o‘sha aqli noqisman!» Shunday o‘ylar bilan shartta o‘tkir pichoqni olsamu boshimni cho‘rt uzib tashlasam ekan, derdim alamimga chidolmay. Biroq shu payt mening ixlosimdan mamnun bo‘lgan ma’budaning ovozi qulog‘imga chalindi: «Bolajonim, joningga qasd etma! Shu yerda, mening dargohimda qol!» Shu tariqa ma’buda inoyati ila hayotga qaytdim va huzur-halovatga noil bo‘ldim, o‘shandan buyon meni na ochlik va na chanqoqlik azobi qiynaydi.
Bir kuni ma’buda menga shunday amr qildi: «Bor, bolajonim, Pratishthanga borgin-da, u yerda ajoyib bog‘ barpo et». Shundan keyin u menga ilohiy urug‘ berdi va uning irodasi ila bu yerga kelib, shu bog‘ni barpo qildim. Uni ko‘z qorachig‘ingizdek asrab-avaylangiz!» Shu so‘zlarni aytib, u ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bog‘imiz ma’buda irodasi ila ana shu tariqa dunyoga kelib qolgan, hazrat!»
Bog‘ haqidagi rivoyatni eshitib va undan behad hayratlarga ko‘milgan holda men uyga ravona bo‘ldim».
Gunadhya shularni hikoya qilar ekan, Kanbhuti unga yana bir savol bilan murojaat qildi: «Shohni Satvahn deb atashlarining boisi nedur?»
Bunga javoban Gunadhya shunday dedi: «Sen quloq sol, men senga bu haqda ham hikoya qilib beray».
SATVAHN HIKOYaSI
Bir vaqtlar shoh Dipkarni o‘zining mardonaligi va botirligi bilan dong chiqargan edi, uning Shaktimati ismli xotini bor edi. Shoh Shaktimatini jonidan ham aziz ko‘rardi. Bir kuni xotini bog‘da uxlab yotganda, uni ilon chaqib oldi va Shaktimati dunyodan ko‘z yumdi. Uni jonidan yaxshi ko‘rgan shoh, garchi befarzand bo‘lsa-da, boshqa uylanmaslikka ont ichdi. Bir kun merosxo‘ri yo‘qligidan dili mahzun bo‘lib yurgan shohning tushiga yarim oy tamg‘asini boshiga qo‘ndirgan ma’bud kirdi va shunday dedi: «Senga o‘rmonda asrlonga egar urib mingan bir chaqaloq uchraydi, uni uyingga olib kel va u senga merosxo‘r bo‘ladi». Uyg‘onib ketgan shoh ko‘rgan tushini esladi-da, o‘zida yo‘q suyundi. Bir kuni u shikorda o‘rmonning eng qalin joyiga borib qoldi va kuppa-kunduzi nilufarlar qiyg‘os ochilgan hovuz bo‘yida bir arslonni minib olgan yosh bola quyoshday porlab o‘tirganini ko‘rdi. U o‘ylab-netib o‘tirmay kamonidan bir o‘q uzib, suv ichayotgan arslonni yer tishlatdi. Paykonning uchi arslonga kelib tegar-tegmas u birdaniga odamga aylandi va shoh hayrat ichida undan: «Bu ne sir bo‘ldi?» deb so‘ragan edi, u javoban dedi: «Ey yer yuzining hukmdori, men dunyoga boylik ulashuvchi Kuberning do‘sti yakshman, ismim Satdir. Bir kuni cho‘milayotgan rishi qiziga ko‘zim tushib qoldi va yulduzimiz yulduzimizga to‘g‘ri kelib, gandharvlar odati bo‘yicha men unga uylandim va u menga xasmi halol bo‘ldi. Biroq buni eshitgan qarindosh-urug‘lari qattiq g‘azabga keldilar va ularning har ikkalasini baravar qarg‘adilar: «Iloyo siz bandalar arslonga aylanib qolinglar-da, hech yerda qo‘nim topmasdan sarson-sargardon bo‘linglar». Xotinimni to o‘g‘il farzand ko‘rmaguncha urg‘ochi arslon qiyofasida yurishga avliyo qalandarlar fatvo berdilar, men esa to badanimga paykon kelib tegmaguncha shundoq qoladigan bo‘ldim. Shu tariqa ikkimiz bir juft asrlonga aylanib qolaverdik.
Vaqti-soati yetib, xotinimning bo‘yida bo‘ldi va o‘g‘il farzand tug‘ib, o‘zi olamdan o‘tdi. Men esa o‘g‘limni boshqa moda arslonlar suti bilan boqib, parvarish qila boshladim. Bugun kamonning paykoni zarbi tufayli, ey shoh, men tavqi la’natdan xalos topdim. Sen mening begunoh o‘g‘limni o‘zingga ol, zero qarg‘ishga giriftor qilgan donishmandlarning karomatlarida shunday aytilgan».
Shu so‘zlarni aytib, yaksh Sat ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, shoh esa bolani olib uyiga qaytdi. U Satni minib yurganidan shoh uni Satvahn deb atay boshladi. Vaqti-zamoni kelib, Dipkarni uni saltanati taxtiga o‘tqazdi, o‘zi esa tavba-tazarrular qilgani o‘rmonga uzlatga ketdi. Satvahn esa saltanatga hukmronlik qilishga astoydil bel bog‘ladi».
Kanbhutining iltimosiga binoan Gunadhya nima uchun shohga Satvahn ismi berilganinin ana shu tariqa hikoya qilib berdi, keyin esa yana o‘z hikoyasiga qaytdi.
«Bahor bayrami yetib keldi, shoh ma’buda irodasi ila Pratishthanda barpo etilgan boqqa yo‘l oldi va Nandaning mo‘jizaviy bog‘ida sayr qilib yuruvchi buyuk Indrga o‘xshab, u yerda uzoq qolib ketdi.
Shoh o‘z malikalari bilan bog‘da ko‘ngilchog‘lik qilar va ular hovuzda birgalikda cho‘milar edi. U malikalarga va malikalar unga kafti bilan urib, bamisoli naru moda fillar singari bir-birlariga suv sachratar edilar. Gulrang surmasi tortilgan qo‘llari bilan ularning ho‘l kiyimlari chippa yopishgan gulay nafis badanlariga xumor-xumor tikilgancha olam-jahon huzur olardi. O‘rmondagi chirmovuqlarni yulqib o‘ynagan shamol kabi shoh ular bilan charx urib quvlashmachoq o‘ynardi. O‘rmonga kiraverishda chirt-chirt uzgandayin shoh ham malikalarning manglaylaridagi yaproqnusxa toifa nishonlari — tiylaklarini sharros quygan yomg‘irdek to‘kilayotgan suv to‘zoni bilan yuvib tashladi. Ana, qaddi-qomati nafis shirishi gulni eslatuvchi va g‘o‘ch siynalarini ko‘tarib yurish ham malol kelgandek ko‘rinuvchi malikalardan biri o‘zini asta o‘yin-kulgilardan chetga oldi. Satvahn sachratgan suvlardan azbaroyi bezor bo‘lgancha u yigitga qarab dedi: «Qo‘y, menga suv sepma!» Buni eshitib shoh modaka deb ataladigan shirinliklardan ko‘proq olib kelishni buyurdi. Bunga malika kulib yubordi-da, shohga bunday dedi: «Bu qanaqasi, shoh? Suvda men shirinliklarni boshimga uramanmi? Men faqat «suv sepma» dedim, xolos. Sen bo‘lsang, bu yerda ikki so‘z: «ma» hamda «udakaye» degan so‘zlar qo‘shilib kelganini anglamading. Eh nodon shoh, nahotki shugina qoidani ham bilmasang?» Sarfu nahv ilmini suv qilib ichgan malikaning bu gapini eshitib hamma gurr etib kulib yubordi va shoh uyatdan yerga kirgudek bo‘ldi. U qattiq ranjigan va yuzlari bir oqarib, bir qizargancha o‘yin-kulgini ham yig‘ishtirdi-da, saroyga qarab ketdi. Uning miyasini yomon o‘y-fikrlar chulg‘ab oldi, tomog‘idan na bir luqma taom, na bir qultum suv o‘tar edi, gapirgan odamga churq etib og‘iz ochmas, savoliga javob bermasdi — go‘yo chizib qo‘yilgan jonsiz bir suratga aylangan-qolgandi. U shunday deb o‘ylardi: «O‘qib, ilm axtarganim ma’qulmi yo o‘lib ketganimmi? Nima qilsam bu arosat holatdan xalos bo‘laman?» Na ko‘zida bir chimdim uyqu, na kecha-yu kunduzida bir dam halovat — u shu tariqa ich-etini yegandan-er edi. Shohning bu taxlit iztirobga tushganinni ko‘rib, uning barcha aqoriblari bir-biridan so‘rar edi: «Unga nima bo‘lgan o‘zi?» va nima bo‘lganini bilolmay hayronu lol qotar edi. Nihoyat, shohning ahvoli men va Sharvavarmanning ham qulog‘iga yetdi. Biz uni tob-pobi qochgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladik. Rajhansning mulozimini chaqirdik-da, undan hukmdorning sog‘lig‘i haqida so‘radik. U bizga mana shunday javob berdi: «Men shohni ilgari hech qachon bunday achinarli holda ko‘rmaganman. Malikalarning aytishicha, shoh Vishnushaktining bilimdonligi bilan maqtanib yuradigan qizi uni shu ko‘yga solib qo‘ydi, hammasiga o‘sha malika aybdor».
Rajhansning bu gapini eshitib, biz turli tusmollarga bora boshladik. «Bordi-yu, shoh biron jismoniy kasallikka yo‘liqqan bo‘lsa, unda tabib-mabib chaqirishga to‘g‘ri kelar edi. Bordi-yu, bunga boshqa sabab bo‘lsa, unda chorasini topish amri mahol, albatta. Axir, uning saltanatida bitta ham g‘anim zoti qolmagan edi-da, hamma g‘animlar yo‘q qilib yuborilgan edi. Xalq shohini sevadi, uning taxtiga hech kim tahdid solmayotgandi. Unda shohning bu holga tushishiga nima sabab bo‘ldi ekan?» Bizni shunday savollar qiynardi. Biroq shu asnoda dono Sharvavarman so‘z qotib dedi: «Men bilaman, shoh jaholat azobidan qiynalmoqda. «Men nodonman» degan o‘y uning ich-etini yemoqda va bilimdon bo‘lishni qattiq qo‘msamoqda. Tag‘in menga aytishlaricha, malikalardan biri bugun uning ustidan qattiq kulibdi ham».
Shunday o‘y-mulohazalar bilan biz bir amallab tunni o‘tkazdik-da, tong bilan yer yuzining hukmdori xosxonasiga yo‘l oldik. Hech kim qo‘yilmasin deb buyruq berilganiga qaramay men, mening orqamdan Sharvavarman shohning xosxonasiga kirib bordik.
Men shohga ta’zim ila yaqin bordim-da, muloyim ohangda so‘radim: «Ey xudo suygan banda, nima uchun sababsiz bunchalik iztirobga tushmishsen?» Satvahn so‘zlarimni eshitdi-yu, biroq o‘sha-o‘sha har narsaga befarq o‘tiraverdi. Shunda unga Sharvavarman murojaat qilib, shunday so‘zlarni aytdi: «Mening gaplarimga quloq soling, marhamatli shoh! Axir ilgari siz men bilan qanday shakarguftorliklar qilar edingiz. Shu bugun tunda bir tush ko‘rdim: qarasam, osmondan nilufar tushib keldi, bir xudo yarlaqagan yigit uni ochgan edi, ichidan oppoq libosli bir bokira qiz chiqib keldi, qiz, men sizga aytsam, ey shoh, yurib borib to‘g‘ri sizning og‘zingizga kirib ketdi. Uyg‘onib ketdim-da, o‘ylay boshladim: “Hech shubhasiz, shohimizning og‘izlariga kirib ketgan bu huriliqo Sarasvatiy bo‘ladi». Sharvavarman tushini aytib bo‘lishi hamon Satvahn sukutini buzdi-da, iztirob ichida mendan so‘radi: «Ayt-chi, tirishqoq shogird yetuk olim bo‘lishi uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi? Agar ilm sohibi bo‘lmasam, dunyoda mendan badbaxt odam bo‘lmas. Mana bu shohona dabdabayu as’asalarning barchasi menga go‘yo eshakka munchoq taqqandek bo‘lib ko‘rinmoqda. O‘sha eshak saltanat egasi shoh, ya’ni meman!» Shunda men unga qarab dedim: «Odatda, ey mumsik shoh, barcha ilmlar va ilmlar shohi — sarfu nahvni mukammal egallash uchun o‘n ikki yil kerak bo‘ladi. Ammo men sizlarni atigi olti yilda olim qilishga qurbim yetadi». Bu so‘zlarimdan Sharvavarmanning qattiq g‘azabi keldi va e’tiroz bildirib dedi: «Ko‘zlagan baxtiga muyassar bo‘lmoqchi bo‘lgan odamga bunchalik jabr qilish insofdan emas! Ey shoh, men sizni bor-yo‘g‘i olti oyda murattab alloma qilmasam, otimni boshqa qo‘yaman!»
Bunday katta ketishni ko‘rib, mening chaparasta jahlim chiqdi: «Modomiki sen shohni olti oyda mulla qilar ekansan, men sanskrit, prakrit va bu yerdagi odamlar gaplashadigan tilni abadul-abad unutganim bo‘lsin!» Sharvavarman esa menga e’tiroz bildirdi: «Bu mening qo‘limdan albatta keladi, bordi-yu, kelmasa, oyog‘ingdagi boshmog‘ingni o‘n ikki yil boshimda ko‘tarib yurganim bo‘lsin!» — Shunday dedi-da, u yerdan ketdi. Men ham uyimga ravona bo‘ldim. Shoh esa oramizdagi munoqashadan, demak hali bilim olib, donoga aylana olar ekanman-da, deya o‘zicha xulosa chiqarib, tinchlandi.
Ko‘p o‘tmay Sharvavarman qanday og‘ir ishni zimmasiga olib qo‘yganini angladi-yu, badanidan sovuq ter chiqib, shubhasini xotiniga ochib soldi. Bundan xotinining ham ruhi cho‘kib, unga shunday dedi: «Begim, oldingizda birgina yo‘l bor, u ham bo‘lsa, hukmdor Kumar huzuriga borasiz-da, undan yordam so‘raysiz».
Tun og‘ib, tong ota boshlaganda Sharvavarman yemay ham, ichmay ham to‘g‘ri Kumar ibodatxonasiga yo‘l oldi. Men ayg‘oqchilarimdan Sharvavarmanning qayerga borganini bildim-da, bu haqda shohga ma’lum qildim, u esa bunday dedi: «Qani, ko‘raylik-chi, bundan nima chiqar ekan».
Shu top Sinhgupt degan bir rojput Satvahnga murojaat qilib dedi: «Ey sultoni bokaram, sizning bundoq nochor va nochiz ahvolga tushganingizni ko‘rib, g‘oyatda achinib yurar edim. Avvalboshdayoq ibodatxona shahar tashqarisida joylashgan ma’buda Chandina haqiga boshimni cho‘rt uzib qurbon qilishga ahd etgandim. O‘sha yoqqa bordim va ibodatxonaga yetar-etmas osmondan shunday na’ra qulog‘imga chalindi: «Bunday qilma! Shohning muddaosi albatta hosil bo‘lgay!» Shu bois, ey muruvvatli shoh, bu ishda siz albatta muvaffaqiyatga erishgaysiz!»
Shoh bilan kelishib olib, Sinhgupt ikki ayg‘oqchisini Sharvavarman ortidan jo‘natdi. Sharvavarman esa bu vaqtda faqat havodan ozuqlanib, damini ichida saqlab, o‘sha ahdu qarorida mahkam turib, Kumar ibodatxonasigacha yetib bordi. U yerda Kartikey Sharvavarmanning qattiq riyozatlariyu tavba-tazarrularidan bag‘oyat mamnun bo‘ldi, hatto o‘z jismini qurbon berishga tayyorligini ko‘rib, Sharvavarmanning iltijolarini ijobatga oldi.
Sinhgupt yuborgan ayg‘oqchilar bularning barchasini ko‘rib turar edilar va hatto undan oldinroq qaytib kelib, Sharvavarman qismatini charog‘on etgan omad haqida shohga so‘zlab berdilar. Bu xabardan shohning dili birdan charaqlab ketdi, go‘yo bulutni ko‘rib, chatak qushi sayrab, g‘ozlarning dili xufton bo‘lganday bo‘ldi. Kumar saxovat ila qulfi dilini ochib yuborgan Sharvavarman esa ibodatxonadan qaytib keldi-da, shohga barcha ilmlarni o‘rgatishga kirishdi, Satvahn ham qunt bilan astoydil saboq ola boshladi. Xudoning marhamati ila har qanday mushkul ish ham oson hal bo‘ladi!
Shohning ilm egallashdagi g‘ayrat-shijoatidan xabar topgan butun mamlakatni shodiyona chulg‘adi, hamma joyda bayram avj oldi, hatto uylar uzra bayrog‘u yalovlar hilpiradi. Bir ustozga qanchalik hurmat-e’zoz joiz bo‘lsa, shoh Sharvavarmanga o‘shanday izzat-ikrom ko‘rsatdi, uni duru javohirotlarga ko‘mib yubordi va Narmada daryosining har ikki sohili bo‘ylab yastangan Bharukachchh degan viloyatga hokim qilib ko‘tardi. Sharvavarmanning riyozat chekkanlari haqida ayg‘oqchilari yordamida xabar yetkazgan Sinhguptni ham shoh munosib taqdirladi. Barcha voqealarga sababchi bo‘lgan Vishnushaktining qiziga kelsak, uni barcha malikalardan eng yuqorigi rutbaga ko‘tarib qo‘ydi va uning suyukli xotini malikai ulyoga aylandi».
Buyuk shoir Somdevning «Dostonlar ummoni»dagi «Rivoyatga muqaddima» kitobining oltinchi dolg‘asi ana shulardan iborat.
ETTINChI DOLG‘A
Sharvavarman o‘z so‘zining ustidan chiqdi, men esa og‘zimga qatiq ivitib olishga mahkum edim. Bir kuni shoh huzuriga kelganimda, u yerda bir brahman shoh to‘qigan she’rlarni o‘qib bermoqda edi. Shoh bu she’rlarni sanskrit tiliga o‘zi o‘girgan edi va brahmanning qanday o‘qiganini diqqat bilan tinglab turib, hozir bo‘lganlar o‘z xursandchiliklarini mamnuniyat bilan izhor etdilar. Shunda shoh Sharvavarmandan va’dasini ado etishda unga Kartikey yordam berganini aytib berishini iltimos qildi. Shohning izni bilan Sharvavarman sodir bo‘lgan voqealarni bir boshdan hikoya qilib berdi.
«Og‘zimga muhr bosib va ro‘za tutib, men bu yerdan ketdim, manzilimga yetay-etay deb qolganimda og‘ir g‘alabadan butunlay sillam qurib, behush holda yerga quladim. Shunda qo‘lida nayza tutgan qandaydir bir kishi ko‘zimga ko‘rindi, menga yaqin keldi-da, shunday dedi:
«Tur o‘rningdan, o‘g‘lim, omad senga yor bo‘lg‘ay!» Shu so‘zlar go‘yo vujudimga obi hayot quyganday ta’sir qildi-yu, dast o‘rnimdan turib ketdim, ochlik va tashnalik azobidan nom-nishon qolmadi va men hech narsa ko‘rmaganday yana bardam va tetik bo‘lib qolgan edim.
O‘shanda ixlos va minnatdorlik tuyg‘usiga g‘arq bo‘lgancha men ehromgacha yetib oldim, g‘usl qildim-da, yuragim duk-duk urgancha uning ichiga oyoq qo‘ydim. Shunda ro‘paramda hukmdor Skanda namoyon bo‘ldi va uning irodasi ila lablarimga Sarasvatiyning o‘zi doxil bo‘ldi. So‘ngra oltita ruxsori ham nilufarni eslatuvchi Skanda oltita og‘zi bilan muqaddas oyatlar — sutrlarni qiroat qila ketdi. Uning qiroatini eshitib, men odamzotga xos yengilxayollik ila ikkinchi oyatni o‘zim to‘qib chiqardim-da, qiroat qildim. Shunda ma’bud menga dedi: «Agar sen shuni qiroat qilmaganingda, bu ta’limot Panini sarfu nahvini yo‘qqa chiqargan bo‘lur edi. Endi esa o‘zining qisqaligi boisidan u men minib yuradigan tovusning dumi sharafiga «Katantr» yoki bo‘lmasa «Kalpak» deb ataladi”. Menga so‘z haqidagi yangi bir fanni in’om etar ekan, ma’bud yana ushbu so‘zlarni irod qildi: «Oldingi tug‘ilishingda sening shohing qalandar Bhardvajning shogirdi donishmand Krishna bo‘lgan edi. Biroq bir kuni u qalandarning qizini ko‘rib qoladi-yu, muhabbat tangrisi paykoniga nishon bo‘lib, qizga oshig‘i beqaror bo‘lib qoladi, qalandarlar sho‘rlik yigitni duoyi bad qiladilar. Shu bois u bu gal yerda olamga keldi. Qiz ham yerda yashashga mahkum etilib, uning birinchi xotiniga aylanadi. Satvahn degan shoh o‘sha Krishnaning o‘zidir.
Mana, u sen bilan uchrashdi, sening xohishingga ko‘ra u barcha fanlarni egallagusidir. Zero, oldingi tug‘ilishlaridagi ularga xos yuksak fazlu xislatlari tufayli baxtli odamlarning barcha sa’y-harakatlari muvaffaqiyatli yakun topgay». Shu so‘zlarni aytib, ma’bud g‘oyib bo‘ldi, men esa ehromdan chiqdim va kohinlar menga shirguruch olib kelishdi. Men izimga qaytdim, shohim, biroq mana bu mo‘jizani ko‘ring: har kuni shirguruch yeyman, biroq har gal idishda menga qancha shirguruch bersalar, o‘shancha shirguruch qolaveradi». Sharvavarman jim bo‘lib qoldi, Satvahn esa g‘usl qilgani mamnun chiqib ketdi.
Sukut saqlashga ont ichganim boisidan men davlat ishlaridan uzilib qoldim. Garchi shoh meni qo‘yib yuborishni xohlamasa-da, men imo-ishoralar bilan — axir mening gapirishim mumkin emasdi-da! — meni ozod qilib, marhamat ko‘rsatishini yolborardim.
Ikki shogirdim hamrohligida men shaharni tark etdim va butunlay diniy jasoratlarga to‘la hayotimga ishongan holda Vindhya ma’budasiga sajda qilgani ravona bo‘ldim. U mening tushimda namoyon bo‘ldi va seni ko‘rishim uchun mana shu qo‘rqinchli Vindhya o‘rmoniga kelishimni amr etdi. Yo‘lda uchragan yo‘lovchilardan yo‘lni so‘rab-so‘rab, men bu yerga keldim va juda ko‘plab alvasti — pishachlarni ko‘rdim. Ularnig o‘zaro gap-so‘zlariga quloq solib, tillarini o‘rganib oldim va shu tariqa gunglikdan xalos bo‘ldim, chunki ularning tili sanskrit ham emas, prakrit ham emas, mahalliy tillardan biri ham emasdi. Ularning suhbatlaridan sening Ujjayiniga ketganingni bilib oldim va seni kuta boshladim. Senga ko‘zim tushishi hamon alvastiga minnatdorona im qoqib qo‘ydim va darhol o‘zimning oldingi tug‘ilishimni esladim. Boshimdan o‘tgan voqealar mana shulardan iborat».
Gunadhya jim bo‘lib qolganini ko‘rib, Kanhbuti unga qarab dedi: «Endi sening bu yerga kelganingni qanday eshitganim hikoyasini tingla.
Mening Bhutivarman ismli, hamma narsani oldindan biluvchi bir rakshas do‘stim bor. Uni ko‘rgani Ujjayini shahri yaqinidagi o‘rmonga bordim va undan bo‘ynimga taqilgan tavqi la’nat qachon soqit bo‘lishini so‘radim. U esa menga bunday javob berdi: «Biz rakshaslar kunduzi hech narsa qilolmaymiz. hademay kech tushib, tun cho‘kadi, shungacha sabr qil, keyin hammasini o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan». Kun o‘tdi, tun cho‘kib kela boshlaganda men undan so‘radim: «Nima uchun ruhlar zulmat cho‘kishidan o‘zlarida yo‘q shod bo‘lishadi?» — «Quloq sol, men senga Shankarning Brahmaga nimalar deganini so‘zlab beraman, — deb javob berdi Bhutivarman. — Chindan ham rakshaslarning kunduzi kuchlari qolmaydi, chunki quyosh nuri ulardagi bor kuchni so‘rib oladi, shu bois yakshlar, rakshaslar va pishachlar tun cho‘ka boshlashi bilan yayrab-yashnab ketadilar. Ular go‘sht yemaydigan halol-pok odamlar bor joyga yaqin ham yo‘lamaydilar. Sof, botir va oqil odamlar bilan sira chiqisha olmaydilar». So‘zining oxirida Bhutivarman shularni qo‘shib qo‘ydi: «Qani, uyingga bor, Gunadhya keldi, u seni gardaningdagi tavqi la’natdan soqit qiladi».
Oyog‘imni qo‘limga olib, bu yoqqa chopdim va seni ko‘rdim. Endi men senga Pushpadant menga hikoya qilib bergan qissani aytib beraman. Biroq avval menga bir narsani aytib bermasang bo‘lmaydi, xo‘sh, uni Pushpadant, seni esa Malyavan deb atashlari boisi nimada?»
PUShPADANT HIKOYaSI
«Ganga bo‘yida Bahusuvarnik degan qishloq bor, aytishlaricha, o‘sha yerda qachonlardir Go‘vindatt degan bir brahman yashagan ekan, uning vafodor xotini ham bo‘lib, ismi Agnidatta ekan. Vaqti-soati bilan Agnidatta eriga beshta o‘g‘il tug‘ib berdi. O‘g‘illar kun desa kun, oy desa oy degulik ekan-u, biroq haddan tashqari ahmoq va takabbur ekan.
Bir kuni bir voqea ro‘y berdi. Go‘vindattning uyiga chindan ham olov ma’budining tajassumi bo‘lgan Vayshvanar degan bir boshqa brahman mehmon bo‘lib keldi. Go‘vindatt ish bilan allaqayoqqadir chiqib ketgan edi, mehmon to‘g‘ri uyga kirib keldi va yigitchalar bilan salom-alik qila boshladi. Biroq yigitchalar salomga alik olish o‘rniga hiringlab, tirjayib qo‘yishdi, xolos. Shunda azbaroyi g‘azabga kelganidan brahman uydan chiqib ketishga ahd qildi. Shu top Go‘vindatt kelib qoldi va nima gapligini so‘radi. Unga javoban g‘azabdan qalt-qalt titrab, brahman shunday dedi: «O‘g‘illaring g‘irt ahmoq ekan, sen ham ulardan qolishmaysan. Shu bois senikidan og‘zimga urvoq ham olmayman, aks holda men kaforat qilishimga to‘g‘ri keladi». Sho‘rlik Go‘vindatt o‘g‘illarimning g‘irt ahmoqligiga shubha yo‘q, ammo meni ularga aralashtirmang, deb tavba-tazarru qila boshladi. Mehmonni tinchlantirib, ko‘nglini olish niyatida eriga qo‘shilib xotini ham yolbora boshladi. Shundan keyingina brahman Vayshvanar ming nozu firoq bilan oldiga qo‘yilgan taomga qo‘l urdi.
Ishning bunday yomon tus olib ketganini ko‘rib, o‘g‘illar ichidan Devdatt degani ich-ichidan afsus qila boshladi. Ota-onasining undan ko‘ngli qolganini his etib, dunyoga kelganidan pushaymon bo‘ldi, so‘ng tavba-tazarru qilgani Badrik ehromiga ravona bo‘ldi. U yerda u avvaliga ildizu yaproqlar bilan oziqlanib yashay boshladi, so‘ngra birgina tutundan qanoat qilishga o‘tdi, o‘zining uzoq muddatli qattiq riyozatu ibodatlari bilan ma’buda Umaning eri ko‘nglini ola bildi. Uning ro‘baro‘sida Shanbhu namoyon bo‘ldi-da, quyidagi so‘zlar bilan unga behad mehru muruvvatlar ko‘rsatdi: «Dunyoda sen bilmagan ilm sirlari qolmagay, yerdagi barcha farog‘atlardan bahramand bo‘lg‘aysan va neki orzu niyatlaring bo‘lsa, barchasiga yetishgaysan!»
Shundan so‘ng ilm desa o‘zini tomdan tashlaydigan Devdatt Pataliputra shahriga bordi va murabbiy Vedkumbh qo‘lida tahsil ola boshladi. Biroq Vedkumbhning xotini yigitga shaydo bo‘lib qoldi va uni jimo qilishga majburlay boshladi. Xotin kishining miyasiga qanaqangi havaslar kelmaydi!
Oxiri Devdatt Pataliputradan ketishga qaror qildi va Pratishthan shahriga keldi, u yerda Mantrsvamin degan bir sharti ketib, parti qolgan qo‘sqi murabbiyga shogird tushdi, uning xotini ham o‘ziday qo‘sqi, isqirt edi. Yigitcha shu murabbiydan dunyodagi jamiki ilmlar sirini egallab oldi.
Nima bo‘ldi-yu, bir kuni barcha ilmlarni suv qilib ichgan Devdatt shoh Susharmanning Shri ismli qizini ko‘rib qoldi. Qiz chindan ham ma’buda Shri singari go‘zallik va baxtning yerdagi timsoli edi.
Devdatt qizni deraza oldida o‘tirganida ko‘rib qoldi, qiz bamisoli sehrli aravada samo bo‘ylab parvoz qilib ketayotganday, oy ma’budining o‘zidek tuyulib ketdi. Ehtirosli nigohlar bir-biriga shunday bog‘lanib qolgan ediki, ular sira bir-biridan uzilay demasdi. Shunda shoh qizi yigitni barmog‘i bilan imlab chaqirdi, go‘yo bu Ishq ma’budining amri bilan ijro etilgan harakat edi. Yigit unga yaqin borgach, qiz bir chetini tishi bilan uzib olgan gulni unga otdi. Devdatt qizning bu ishorasiga aqli yetmay, maslahat so‘ragani murabbiyi huzuriga chopdi.
Ehtiros alangasida lovullab yongan va hayajondan tili kalimaga ham kelmay qolgan bir alpozda u uyga keldi. Murabbiy shogirdining ishq domiga giriftor bo‘lib qolganini darhol angladi, biroq sir boy bermay undan muloyimlik bilan nima gapligini so‘radi.
Hamma gapdan xabardor bo‘lgach, murabbiy unga malikaning nima demoqchi bo‘lganini tushuntirib berdi. «Bir chetini tishi bilan uzib olgan gulni tashlab, u seni gullarga serob Pushpadant ehromiga kelishingni va o‘sha yerda kutib turishingni aytgan. Endi sen o‘sha yerga bormasang bo‘lmaydi».
Yigitcha qizning nimaga ishora qilganini bilib olgandan keyin o‘sha ibodatxonaga yo‘l oldi va borib, o‘sha yerda kuta boshladi. Bir vaqt shoh qizi keldi, so‘ng go‘yo ibodat rasmini ado etmoqchidek ehrom ichkarisiga qadam qo‘ydi. Eshik ortida uni betoqat bo‘lib kutib turgan yigitcha o‘sha zahoti uni quchoqlab oldi. Shunda shoh qizi unga shunday savolni berdi: «Mening nimaga shama qilganimni sen qanday bilding?»
«Men qayoqdan ham bilardim,– deb javob berdi Devdatt.– Buni menga ustozim aytdi». Shunda qiz birdan jahli chiqib dedi: «Yo‘qol ko‘zimdan, nodon!»– shunday dedi-yu, xuddi birov ko‘rib qolishidan qo‘rqqanday, shosha-pisha ehromdan chiqib ketdi. Devdatt esa hozirgina kaptarday qo‘liga kirgan va o‘sha zahoti yana uchirib yuborgan ma’shuqasini o‘ylab, dilidan oh urib mung‘ayib qolaverdi, u azbaroyi achchiq firoq alangasida yonganidan jon taslim qilishiga bir bahya qoldi.
Biroq u o‘zining riyozatlari bilan sarafroz etgan Shambhu uning qiynalayotganini ko‘rib, Devdattning yoniga yordam bergani xizmatkori gan Panchshikhni yubordi. Insofu adolatdan xudo bergan Devdattga taskin-tasallilar berdi, unga ayol kiyimi kiydirdi va o‘zi ham keksa brahman libosiga burkanib oldi. So‘ng ular yer yuzining hukmdori, sohibjamol qizning otasi Susharman huzuriga yo‘l olishdi va ganlarning a’losi birinchi bo‘lib shunday so‘z qotdi: «Ey shoh, o‘g‘lim allaqayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Men uni qidirgani ketayapman, sendan birgina iltimosim shuki, qaytgunimcha qaynonamni o‘z panohingga olgin».
Bu so‘zlarni eshitib, shoh bir cheti brahmanning g‘azabidan qo‘rqqanidan Susharman bu soxta juvonni uyida olib qoldi va uni qizlarining xobgohiga joylashtirib qo‘ydi. Panchshikh ketdi, ayol kiyimidagi Devdatt esa sevgilisi bilan qoldi va uning eng yaqin dugonasiga aylandi.
Bir kuni tunda u qizga bor sirni ochib tashladi va shoh qizi gandharvlar odati bo‘yicha yigit bilan nikohdan o‘tdi. Qizning bo‘yida bo‘lgach, Devdatt gan Panchshikhni chorladi va Panchshikh uni bildirmasdan saroydan olib chiqib ketdi. Shundan keyin yigit egnidagi ayol libosini yechib tashladi. Ertalab Panchshikh oldingiday yana keksa brahman qiyofasiga kirdi-da, Devdattni yoniga olib, Susharman huzuriga keldi va unga qarab iltijo bilan shunday dedi: «Shohim, men o‘g‘limni topdim. Qaynonamni olib ketgani izn bersangiz».
Tunda qaynonaning allaqayoqqa g‘oyib bo‘lganidan xabar topgan shoh brahmanning qarg‘ishidan qo‘rqib, jon holatda vazirlarini chorladi va ularga qarab shunday dedi: «Bu brahman emas, hoynahoy biron ma’bud bo‘lsa kerak, u meni sinagani kelgan ko‘rinadi. Axir bunday voqealar odamzot boshidan ozmuncha o‘tmaganmi. Bir kuni mana bunday bo‘lgan ekan:
ShOH ShIBI HIKOYaSI
Aytishlaricha, bir zamonlar Shibi degan bir shoh yashagan ekan. U nihoyatda saxiy va mard ekan, buning ustiga fidoyi ham bo‘lib, barcha jonli mavjudotlarga homiylik qilar ekan. Kunlardan bir kun uni sinash uchun Indr lochin qiyofasiga kirdi, Dharm esa kaptarga aylandi. Lochinning oldida kaptar jon holatda o‘zini Shibining oyog‘iga tashladi, shunda lochin tilga kirib, shohga shunday murojaat qildi:
«Men uni yeyishim kerak, shohim. Uni darhol qo‘yib yubor, men ochman, aks holda ochimdan o‘lishim hech gap emas. Mening iltimosimni rad etadigan bo‘lsang, ey shoh, saxovatpesha degan noming qayoqda qoldi?» Shibi unga e’tiroz bildirib dedi: «U panoh istab mening oldimga uchib keldi, men bu kaptarni senga berolmayman. Men senga yegani boshqa go‘sht beraman». Shunda lochin unga dedi: «Unday bo‘lsa, sen menga o‘z badaning go‘shtidan berasan». «Xo‘p bo‘ladi»,– rozi bo‘ldi shoh suyunib, biroq shoh badanidan necha laxtak go‘sht kesib bermasin, hech kaptarning vazniga yetmas edi. Shunda Shibi taroziga o‘zi chiqib turib oldi, pallaga chiqishi hamon falakdan bir ovoz yangradi: «Qoyil!» Indr va Dharm o‘sha zahoti egnilaridan lochin va kaptar libosini yechib tashladilar va Shibi ham avval qanday bo‘lsa, yana o‘shanday bus-butun holiga qaytdi. Ular shohga barcha orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqishini tilab, duolar bilan sarafroz etdilar-da, keyin g‘oyib bo‘lishdi.
Xuddi shundayin, hozir ham bironta darg‘azab iloh brahman qiyofasiga kirib, meni sinagani kelganga o‘xshaydi».
Qo‘rqqanidan dag‘-dag‘ titrab, shoh vazirlariga ana shu so‘zlarni aytdi va keyin brahman qiyofasiga kirib olgan eng a’lo ganga qarab murojaat qildi: «Menga shafqat qiling, taqsirim, qaynonangizni ko‘z qorachig‘iday saqlab turganimizga qaramay, kelib-kelib shu bugun tunda uni yo‘qotib o‘tiribmiz», Shunda brahman, go‘yo shohning bu nochor ahvoliga yuragi achishganday, jo‘rttaga qovoqlarini uyib, shunday dedi: «Bo‘lar ish bo‘lib, bo‘yog‘i singibdi, shohim, mayli, unday bo‘lsa evaziga siz qizingizni o‘g‘limga xotinlikka berib qo‘ya qoling!»
Nima bo‘lsa ham brahmanning qarg‘ishidan omon qolish uchun Susharman qizini Devdattga berdi va Panchshikh ham o‘z yo‘liga qarab ketdi.
Devdatt esa o‘z sevgilisi bilan turmush qurib, qaynotasining davlatu xazinalarini sarflab, ayshini sura boshladi, zero Susharmanning shu bittayu bitta qizidan boshqa zuryodi yo‘q edi. Birmuncha vaqt o‘tgach, nevarasi, ya’ni Devdattning o‘g‘lini o‘z taxtiga o‘tqazdi-da, o‘zining hayotidagi burchini ado etib, o‘rmonga ravona bo‘ldi. Ularning izidan Devdatt bilan xotini ham o‘rmon hayotini ixtiyor qildi, chunki endi o‘g‘illarining taxtni mustaqil idora etishiga ularda qilcha shubha qolmagan edi-da. Ularning astoydil tavba-tazarrulari va riyozatlaridan mamnun bo‘lgan Shambhu er-xotinga katta marhamat ko‘rsatdi – yerdagi qiyin hayotlariga chek qo‘yib, ganlar qavmiga qo‘shib yubordi. Devdatt sevgilisi tishlari bilan tishlangan gulning qanday ma’no anglatishiga aqli yetmaganidan u ganlar orasida Pushpadant degan nom bilan shuhrat topdi, xotini esa ma’buda Parvatiy darvozasi oldida bosh qo‘riqchilik vazifasini ado eta boshladi va uni hamma Jaya deb atar edi.
Pushpadant nomining kelib chiqishi tarixi ana shunday. Endi mening laqabim qayerdan kelib chiqqani haqida ikki og‘iz gapirib beray.
Devdattning otasi bo‘lmish Go‘vindattning yana bir o‘g‘li bo‘lib, uning ismi Somdatt edi. Bu aynan mening o‘zim bo‘laman. Devdatt uydan nima uchun bosh olib chiqib ketgan bo‘lsa, men ham o‘shanday sabab bilan uyni tark etib, Himolay bag‘irlarida maqom tutdim. U yerda qattiq riyozatu gul sadaqalari bilan Shankarning muruvvatiga noil bo‘ldim va manglayini hilol o‘rog‘i bezab turgan bu ma’budadan meni xizmatkor g‘ulomlari safiga qo‘shib qo‘yishini o‘tindim, zero men yerdagi hoyu havaslar changalidan ozod bo‘lgan edim. Mening o‘tinchimdan bag‘oyat mamnun bo‘lib, Shiva shunday dedi: «Zulmatli o‘rmonda o‘zing terib kelgan chechaklardan yasagan gulchambaring bilan meni izzatu ikrom qilibsanmi, evaziga mening ganlarim orasida sening isming Motavan bo‘lsin». Parvatiyning zavjai poki dilidagi e’tirofini ana shu tariqa izhor qildi va men foniy qiyofam bilan vidolashib, ganlarning mangu farog‘atlar diyoriga yetishdim.
Ammo Tog‘lar qizining qarg‘ishi bois men, Motavan yana zaminda yashashga mahkum etildim va bugun, ey Kanbhuti, meni shu yerda ko‘rib turibsan. Endi menga Har to‘qigan rivoyatni so‘zlab ber va shunda ikkovimiz ham gardanimizdagi tavqi la’natdan xalos bo‘lgaymiz».
Buyuk shoir Somdevning «Rivoyatlar ummoni»dagi «Rivoyatga debocha» kitobi yettiinchi dolg‘asi ana shulardan iborat.
SAKKIZINChI DOLG‘A
Gunadhyaning iltimosi bilan Kanbhuti unga payshachiy tilida yetti qismdan iborat ilohiy dostonni hikoya qilib berdi. Shunda Gunadhya o‘sha payshachiy tilida bu dostonni yozib ola boshladi. Yetti yil qog‘ozdan bosh ko‘tarmay yetti ming shlok (bayt)lik dostonni insho qildi, bu dostonni vidyadharlar o‘g‘irlab ketmasliklari uchun u uni o‘zining qoni bilan yozdi, zero o‘rmonda siyoh qayoqdan ham bo‘lsin. Siddhlar, vidyadharlar va boshqa ins-jinslar uning rivoyatini tinglash uchun to‘planib, bamisoli chimildiqday uni to‘sib olgan edilar.
Dostonni Gunadhya bitta qo‘ymay yozib olganini ko‘rganida Kanbhuti gardanidagi tavqi la’natdan xalos bo‘lgan edi va yana osmoni falakka parvoz qilib, vidyadharga aylanib olgandi, hatto Kanbhutining girdida uymalashib yurgan pishachlar ham falakka ko‘tarilib olgan edilar, chunki ular ilohiy dostonni boshdan-oyoq tinglagan edilar-da.
Shunda buyuk shoir Gunadhya o‘yladi: «Meni qarg‘ay turib, Parvatiy bunday degandi: «Iloyo bu doston butun yer kurrasi bo‘ylab shuhrat topsin». Endi bu ishni men qanday uddaladim? Uni kimga hikoya qilib bersam ekan?»
Shunda uning ortidan izma-iz kelayotgan Gundev va Nandidev degan ikki tolibi ilm o‘z murabbiylariga qarab shunday dedi: «Bu dostonni hikoya qilib berish mumkin bo‘lgan yagona munosib inson – bu shoh Satva’han bo‘ladi. U bunday narsalarning buyuk bilog‘oni va shamol gullar hidini chor atrofga yoygani kabi u ham bu dostonni butun yer kurrasi bo‘ylab tarqatqusidir». – «O‘shanga nasib etsin!» – dedi Gunadhya va barcha yozganlarini sodiq shogirdlariga berib, ularni shoh Satva’han huzuriga yo‘lladi, o‘zi esa ular bilan izma-iz kelaverdi-yu, biroq shaharga kirmadi. Balki ma’buda amri bilan bino bo‘lgan bog‘da kutib o‘tirdi.
Toliblar Satva’han huzurida paydo bo‘lib, shohga dostonni ko‘rsatishdi va shunday deyishdi: «Bu – Gunadhyaning ijodidir!» Biroq shoh o‘ziga yetgancha kalondimog‘ va bilimim zo‘r deb maqtanguvchilardan edi, payshachiy tilini eshitib va Gunadhyaning toliblari pishachlarga o‘xshab ketishini ko‘rib, g‘ijinib dedi:
«Garchi odam qoni bilan yeti yuz ming shlokda yozilgan bo‘lishiga qaramay, pishachlarning tilida hech qanday ma’no bo‘lmaydi. Payshachiy tilida yozilgan bu dostonni hoziroq ko‘zimdan yo‘qotinglar!» Gundev bilan Nandidev qanday kelgan bo‘lsalar, yozilgan dostonni ko‘tarib, o‘shanday izlariga qaytishdi va bo‘lgan voqeani oqizmay-tomizmay Gunadhyaga hikoya qilib berishdi.
Ularning gaplarini eshitib, Gunadhya qattiq qayg‘uga botdi. Dono, ilmni qadrlovchi shoh ko‘ra-bila turib qutlug‘ deb bilgan ishingni yerga urgandan keyin xafa bo‘lmay bo‘ladimi! Shogirdlari bilan shoir sal naridagi bir tepalik ustiga ko‘tarildi va u yoq-bu yoqdan o‘tin terib kelib, gulxan yoqdilar. Shogirdlar ustozlarining dostonni varaqma-varaq o‘rmondagi qush va hayvonlarga o‘qib berib, ularni bir-bir olovga tashlayotganini ko‘zlarida shashqator yosh bilan ko‘rib turar edilar. Shogirdlar Narva’handatt hayoti haqidagi dostonni o‘z ichiga olgan yuz ming shloknigina omon saqlab qolishga zo‘rg‘a muvaffaq bo‘lishdi.
Yuragimning qoni bilan bitilgan bu dostonni Gunadhya bobma-bob o‘qib va varaqma-varaq olovga tashlab o‘tirar ekan, barcha jonivorlar – g‘azolalar, qobonlar, ho‘kizlar va uning atrofini qurshab olgan boshqa hayvonlar ko‘zlarida g‘ilt-g‘ilt yosh bilan tinglar va hatto maysadan chimdishni ham unutib, qilt etmay tik turar edilar.
Shu orada shohning tobi qochib qoldi va tabiblar bunga sabab – qoqlangan go‘sht deb tashxis qo‘ydilar. Shunda oshpazlarni so‘ka ketishdi, oshpazlar: «Bunda bizning nima gunohimiz bor? Ovchilar qanday go‘sht olib kelsalar, shuni pishirib beramiz!»– deb javob qaytarishdi. Borib ovchilardan so‘rashgan edi, ular bunday javob berishdi: «Sal narida bir tepalik bor, o‘sha tepalik ustida bir brahman she’r o‘qib o‘tiribdi va o‘qiganlarini varaqma-varaq olovga tashlaydi. Hamma hayvonlar o‘sha yerga to‘planib olgan, o‘tirib she’r tinglaydi, hech biri ovqat yemaydi. Shuning uchun ham ularning go‘shti qoqlanib qolgan».
Buni eshitib, azbaroyi qiziqqanidan shoh ovchilarga uni Gunadhyaning oldiga olib borishlarini amr qildi. O‘rmonda uzoq vaqt yashaganidan soch-soqollari o‘sib ketgan shoirga ko‘zi tushdi – soch-soqollari ma’buda Parvatiy qarg‘ishi olovidek uning a’zoi badanini chulg‘ab olgandi.
Gunadhyani ko‘zlaridan duv-duv yosh oqqan o‘rmon hayvonlari qurshab olganini ko‘rib, shoh avval unga ta’zim bajo keltirdi va so‘ng nima gapligini so‘radi. Shunda Gunadhya shohga Pushpadant qarg‘ishidan tortib hamma-hammasini hikoya qilib berdi va donishmand unga pishachlar tilidagi dostonni qanday bilib olganini aytdi.
Gunadhya gan tajassumidan o‘zga hech kim emasligini anglab, shoh uning oyog‘iga yiqildi va Harning lablarida dunyoga kelgan ilohiy dostonni unga boshqatdan so‘zlab berishini yolborib so‘radi. Bunga javoban shoir shunday dedi: «Ey shoh, men olti rivoyatni yoqib yubordim, ularning har birida yuz ming misradan she’r bor edi. Faqat birgina rivoyat omon qoldi va unda ham yuz ming misra she’r bor, shuni ola qol. Shogirdlarim uni senga izohlab bergaylar».
Shunday dedi-da, u shoh bilan vidolashib, aqlu zehnini ibodatga jam qildi va insoniy jismdan xalos topdi, so‘ng falak sari ravona bo‘ldi, zero u tekkach, olgan qarg‘ishidan forig‘ul-bol bo‘lgan edi. Satva’han esa «Buyuk doston» nomi bilan shuhrat topgan bu mashhur rivoyatni olib, o‘z poytaxtiga qaytib ketdi. Rivoyat Narva’handatt degan shahzodaning boshidan kechirgan sarguzashtlardan iborat edi. «Buyuk doston»ni to‘qigan shoirning shogirdlari Gundev va Nandidevni u yer-mulk, mol-dunyo, kiyim-kechak, taxtiravon va uy-joylar bilan ma’mur qildi. Ularning yordamida dostonni qayta tiklab, Satva’han uning payshachiy tilida qanday vujudga kelganini hikoya qilib berish uchun «Rivoyatga debocha»ni tuzdi. Asta-sekin xilma-xil mahoratlar ila ijro etilgan «Buyuk doston» o‘z jozibadorligi bilan ma’budlar haqidagi qadimgi dostonlarni yo‘qlikka mahkum etib, avval poytaxtda, keyin esa koinotni o‘zaro bo‘lashib olgan har uchala olamda mashhur bo‘ldi.
Buyuk shoir Somdevning «Dostonlar ummoni»dagi «Rivoyatga debocha» kitobining sakkizinchi dolg‘asi ana shulardan iborat.
«Rivoyatga debocha» nomi ostidagi birinchi kitob tugadi.
Hindiy tilidan Amir Fayzulla tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 11-son