Men hilvatroq tamaddixonada zo‘r berib do‘lma chaynamoqda edim. Do‘lmaki, inson zotiga qasdi bor biror dumbil qaysidir o‘laksaxo‘rning murdasidan shilib olgan saqichsimon go‘shtdan tayyorlangan bo‘lsa kerak.
Uni sabr-matonat bilan chaynamoq, so‘ng bir amallab yutmoq peshonamga yozilgan bo‘lsa, nachora. Qornimni nima bilandir qappaytirishim kerak-ku, to‘g‘rimi? Aslida, do‘lma deganning o‘zi ham ushbu yemakxonaga – porillab turgan chiroqlaru almisoqdan qolgan mebellar qalashtirib tashlangan omborxonaga mos. Shu atrof-javonibdagi so‘qqabosh erkakning barini shu yerdan topasiz. Ular xudoning bergan kuni kunda-shunda: gazetasini sun’iy gul solingan guldonning ustiga yoyib, taomnomada qayd etilgan narsaning hammasini yamlamay yutadi.
Yagona mulozim – allaqachon ellikni urib qo‘ygan, tarashadek qotma, nuhatday mittigina ayol stollar o‘rtasida pildiragancha ularning xizmatini qiladi. Oldingizga laganu likopchalarni qo‘yish asnosida u sizga mo‘ltirab qaraydi.
“Mana, og‘ajon, qorningizni yaxshilab to‘ydirib oling”, deyotganday bo‘ladi.
Uning bu hokisorligi hammaga yoqadi.
Tunov kuni, biz, hammamiz nasib etgan tansiq taomlarni paqqos tushirayotganimizda, tamaddixonaga bir odam bosh suqdi. Oltmishni qoralab qolgan va allaqachon sondan chiqqani ko‘rinib turgan bu odam allatovur – g‘alati kiyigan edi. Boshiga qo‘ndirgan soyaboni qozonday keng eski shlyapasi, agar qadim zamonlarda bo‘lganida, uning kiborlar qavmidan ekanini anglatib turardi. Shu topda u g‘oyat hayajonda edi. Ostonada to‘xtadi-da, go‘yo nutq irod etishga hozirlanayotgandek, o‘tirganlarga bir qur ko‘z yugurtirib chiqdi.
-Haloyiq! – deb hayqirdi tusatdan.
Aftidan u olomonni oxir zamon kelganidan ogoh etishga shaylangan edi. Chamasi, bunday vahimali gaplarga hali-hamon ishonadiganlar bor, deb o‘ylasa kerak. Ahli suqqaboshning hammasi boshini laganu gazetadan ko‘tarib, unga qaradi. Shlyapali odam qo‘lini oldinga cho‘zdi va titrayotgan ko‘rsatgich barmog‘ini xizmatchi ayolga nuqib, yana qichqirdi:
-Haloyiq! Mana bu xotin –suyuqoyoq! Buzuq!
So‘ng u dastro‘molini chiqarib, o‘z fikrini tasdiqlamoqchi bo‘lganday burnini qattiq qoqdi. Xo‘randalar, arg‘amchiga tizilagan qushlar kabi hammasi bir qalqib tushdi. Nigohlarida paydo bo‘lgan ifodaga qaraganda, ular avval tabarruk kitoblarda darj etilgan “suyuqoyoq” so‘zining ma’nosini anglab yetdi, keyin ishonch hosil qilish uchun hammasi ayolga qaradi.
-Qani, tezda daf bo‘l bu yerdan, betayin! – deb qichqirdi ayol.
-Akki!.. – mehr bilan hitob qildi erkak.
Oqibatda hamma ayolning ismi Akki ekanini bilib oldi va uni shunday deb chaqiradigan bo‘ldi.
Akkining hushdori – oshig‘i bor.
Durust-ku, savil.
-Hozir xo‘jayinni chaqiraman, – deb po‘pisa qildi ayol.
-Xo‘jayin emish! – zaxarhandalik bilan qichqirdi erkak. – Yaxshisi jazmanim desang-chi!
Zalning oxiridagi eshik ochilib, undan o‘n ikki yoshli bolakaydek pakana bir yaltirbosh odam o‘qdek otilib chiqdi. Eshik oldida turgan erkakning oldiga borib, mushtini o‘qtaldi:
-Haqingni olmoqchimisan? Ayt, haqqingni beraymi-a?
Erkak ortiga chekindi va eshik tutqichiga yopishdi.
-Hali kuningni ko‘rsataman, – deb g‘udrandi.
So‘ng juftagini rostladi.
Hamma ishtiha bilan yana ovqat kavshamoqqa kirishdi.
Yaltirbosh joyiga qaytdi. G‘ussamand odamning qorasi qayta ko‘rinmadi. Go‘yo hech gap bo‘lmagan, hech bir voqea yuz bermagan edi.
Shunday bo‘lsa-da…
Biz endi xizmatchi ayolga boshqacharoq qaray boshladik, buni uning o‘zi ham sezdi. Yuz-ko‘zida sezilar-sezilmas g‘amzayu ishva paydo bo‘lib, qadam olishlari chorak soat avvalgiga nisbatan ancha yengillashgandek, horg‘inligi ketgandek tuyila boshladi. Buni qarangki, shu bechoraning ham oshig‘i bor ekan. Bu bizning yetti uxlab tushimizga ham kirmagan edi. Endi bildik. Bu yangilikdan ogoh bo‘lganimizni uning o‘zi ham bildi. Shuning o‘zi unga g‘oyat g‘urur, zavq bag‘ishlayotgan edi.
Keyin ko‘chada soyaboni keng shlyapa kiygan boyagi odamga duch keldim: bechora skameykada butkul ezilgan, g‘ussaga botgancha bir nuqtaga tikilib o‘tirardi. Uni shafqatsizlarcha ranjitishgan edi. Nazarimda, kinochilar ishq ahlini doim yaltir-yultir holatlarda ko‘rsataverib bizni ancha erkalatib qo‘ygan. To‘g‘ri-da, “Romeo va Julitta”ni kim ham ikki badbashara mayriq qiyofasida suratga olardi?
Aslida, shunday qilsa, anchayin chiroyli chiqishi mumkin.
Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.