Rolan Bart. Strukturalizm faoliyat sifatida

Strukturalizm nima? Bu maktab ham emas, hatto oqim (har holda hozircha) ham emas[1]dirki, bu istiloh ostida birlashayotgan mualliflar o‘zlarining bir umumiy g‘oya yoki umumiy kurash yo‘li o‘zaro bog‘lanayotganliklarini  mutlaqo his qilmaydilar. Har holda bu yerda so‘z qo‘llash amaliyoti haqida fikr yuritiladi: struktura eski atama (anatomistik va grammatik kelib chiqishiga ko‘ra)[2] bo‘lib, hozirgi vaqtda ko‘p e’tibor topgan: unga barcha ijtimoiy bilimlar intilmoqda va bu so‘zning istifoda qilinishi o‘zga bir farqli xususiyat kasb etmay – mundarijaga munosabatdagi bahsda[3] unga yuklangan  tushunchalar vazifa, shakl, belgilar va mohiyat o‘ziga xosligi bilan farqlanmaydi; bugun bu so‘z umum qo‘llanilishida, undan nimani xohlashsa, shuni talab qilmoqdalar va unga erishmoqdalar; xususan, ular ko‘hna deterministik[4] sabab-oqibat sxemasini niqoblashga urinmoqdalar. Ehtimol, strukturalizmning boshqa tafakkur usullaridan farqini tushunishga yaqinlashish uchun shunday juftliklar sirasi sifatida belgilanayotgan – belgilangan[5] va sinxroniya – diaxroniya[6]ga e’tibor qaratish lozimdir; birinchi juftlikka shuning uchun e’tibor berish kerakki, u Sossyur[7]dan kelib chiqqan lingvistik modelga tayanadi va yana shuning uchunki, narsalarning hozirgi holatida tilshunoslik ilmi iqtisod bilan bir qatorda struktura haqidagi fanni to‘la qamrab olishga erishgan; ikkinchi juftlikka yanada hal qiluvchi holat sifatida e’tibor qaratish lozim, chunki u tarixning ma’lum tushunchasini shunday vaziyatda taqozo qiladiki, bunda sinxroniyadagi qaysidir g‘oya (Sossyurda bu g‘oya amaliyot tushunchasi sifatida berilishiga qaramay) vaqtning muayyan immobilizatsiya[8]sini oqlaydi, diaxroniya g‘oyasi bo‘lsa, tarixiy jarayon shakllarining mutlaq izchilligiga intiladi. Anglashimizcha, strukturalizmning nutqiy belgisini istilohlarning tizimli istefodasida qo‘llamay ham uni mohiyat tushunchasi bilan bog‘liklikda ko‘rish mumkin, u qaysidir hodisaning mutlaqo bir muayyan belgisi bo‘lib (parodoksal bo‘lmay) xizmat qilmaydi, kuzatib ko‘rsangiz, kim belgilanayotgan – belgilangan va sinxroniya – diaxroniya iborasini qo‘llayotgan bo‘lsa, bunday odamlarda strukturalistik qarash   shakllanganligini tushunasiz.

Shu holatda metodologik qarash sifatida foydalanilayotgan intellektual metayazыk[9] (metatil) tushunchasi nisbatan to‘g‘ridir. Qaysiki, strukturalizm maktab sifatida ham, oqim sifatida ham hali shakllanmagan ekan, uni imkon boricha boshqa bosqichda apriorik[10] (taxminiy bo‘lsa ham) bir xil ilmiy tafakkurga yo‘naltirishga, masalan, refleksiv til darajasida kengroq tavsif berishga (definiya[11] bo‘lmasa-da) hech qanday asos yo‘q. Har holda, tasavvur qilish mumkinki, shunday yozuvchilar, rassomlar, musiqachilar bo‘ladiki, ularning nigohida struktura vositasidagi amaliyot[12]  (u haqdagi fikrgina emas) inson faoliyatining alohida turi bo‘lib ko‘rinadi; tahlilchi va ijodkorlarni bir umumiy belgi ostida birlashtirayotgan odam o‘zi istifoda qiladigan g‘oyalar va uning tili bilan emas, o‘z tasavvurining xarakteri bilan yoki to‘g‘rirog‘i, tasavvur qobiliyati, boshqacha so‘z bilan aytganda, strukturani qaysi usulda tafakkur va qabul qilishiga ko‘ra, unga struktural (faoliyatdagi – tarj.) inson nomini berish mumkin.

O‘z o‘rnida qayd etish lozimki, o‘zining barcha istifoda qiluvchilariga munosabatida strukturalizm printsipial ravishda faoliyat bo‘lib yuzaga chiqadi, tartibga solingan izchil  belgili tafakkur amaliyotlari: struktural faoliyat haqida o‘z vaqtida syurrealistik[13] faoliyat (xuddi syurrealizm, taxminimizcha, struktur adabiyot haqida birinchi tajribalarni berdiki, bu masalaga qaytilsa arziydi)da kuzatilganidek gapirish mumkin. Bunday amaliyotlarga murojaat etishdan avval uning maqsadi haqida bir necha so‘z aytish lozim.

Har qanday struktural faoliyatning maqsadi refleksiv yoki poetik bo‘lishidan qat’i nazar, “ob’ekt”ni shunday qayta yaratish olishki, bunday qurilmada ushbu ob’ektning funktsional qoidalari aks etsin. Shunday qilib, struktura bu, mohiyatan, predmetning akslanishi bo‘lib, bunday akslanish muayyan maqsadga yo‘naltirilgan bo‘ladi, predmet modelida ko‘zga tashlanmagan hech narsa yoki, agar mumkin bo‘lsa, modellashtirilayotgan predmetning tasavvur qilinmagan hech bir jabhasi qolmasligi kerak. Struktural (faoliyatdagi) inson borliqni (burungi holatda) oladi, uni taqsimlab, so‘ngra qismlarni qayta yig‘adi; birinchi qarashda bu jo‘n narsa (negadir struktural faoliyat “sezimsiz, qiziqarsiz va foydasiz” va h.k.) bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Boshqa nuqtai nazardan qaralganda, bu jo‘nlik hal qiluvchi mohiyat kasb etadi yoki  bu ikki ob’ekt – struktural faoliyatning ikki qutbi o‘rtasida yangi, butunlay tasavvur qilinmagan boshqa bir narsa tug‘iladi. Model bu predmetga qo‘shilayotgan intellektdirki, bunday qo‘shimcha uning o‘zi inson, uning tarixi, vaziyati, erki  va  hatto tabiat uning aqli bilan kechgan qarama-qarshilik ma’nosida antropologik mohiyatga egadir. Shunday qilib, nima uchun struktura haqida so‘z yuritganda faoliyat sifatida gapirish mumkinligini ko‘ramiz: yaratilish (fitrat) va aks ettirilish (in’ikos) bu yerda dunyoning birinchi “izi”gina emas, balki dunyoning shunday haqiqiy qurilmasi bo‘lib qoladiki, u boshlang‘ich (holat)ga o‘xshaydi, lekin undan nusxa olmaydi, uni intelligibel (aqlga muvofiq) qiladi. Mana shuning uchun strukturalizm o‘zining mohiyat e’tibori bilan  modellashtiruvchi faoliyat va xuddi shu munosabatda, qat’iyan aytganda, bir tomondan, ilmiy strukturalizm bilan, boshqa tomondan esa, adabiyotdagi va, umuman, san’atdagi strukturalizm o‘rtasida hech qanday texnik farq yo‘q deb tasdiqlash mumkin, chunki ularning ikkisi ham substantsiyalar o‘rtasidagi o‘xshashlikka (masalan, realistik san’at deb atalgan) emas, mimesisga, ya’ni funktsiyalarning analogiyasi (Levi-Stros somologiya deb atagan) hodisasiga munosabatda bo‘ladi. Qachonki, Trubetskoy[14] variatsiyalar tizimining shakllarida fonetik ob’ektni qayta yaratsa, Jorj Dyumezil[15]  funktsional mifologiyani ishlab chiqqan bo‘lsa, Propp[16] xalq ertaklarining invarianti[17]ni oldindan taqsimlangan butun slavyan ertaklarini strukturlashtirish yo‘li bilan qayta loyihalashtirsa, Klod Levi-Stros[18]  totemistik qarashlarning gomologik mavjudligini aniqlasa, J.G.Granje[19]  bo‘lsa, iqtisodiy fikrlashning formal qoidalarini, yoki J.K.Garden[20] tarixga qadar o‘tgan bronza predmetlarining differentsial belgilarini, J.-P.Rishar[21] Mallarme[22] she’rlariga xos bo‘lgan ohangdorlikni aniqlasa – bularning hammasi mohiyat e’tibori bilan Mondrian[23], Bulez[24] yoki Byutor[25]  bajargan faoliyatni, ya’ni qaysidir ob’ektni tartibli manifestatsiya (kompozitsiya deb nomlangani kabi) yordamida, so‘ngra muayyan birliklarning birlashmasi sifatida qayta yaratilganidir. Shunday fakt ham yo‘q emaski, modellashtirish faoliyatiga ega bo‘lgan boshlang‘ich ob’ekt qandaydir yig‘ilgan shakl­dagi borliq sifatida (til, jamiyat yoki asarga yo‘naltirilgan struktural tahlil jarayonida muayyan o‘ringa ega) yoki, aksincha, tashkillashtirilmagan shaklda (struktural kompozitsiyaning bu holati) tasavvur qilinadi. Shunday holat ham yo‘q emaski, bu boshlang‘ich ob’ekt sotsial yoki tasavvur qilinayotgan borliqdan olinadi, nusxa olinayotgan ob’ekt tabiati san’atni belgilamaydi (realizmning har qanday ko‘rinishi haqidagi qat’iy fikrni), nima inson orqali qayta yaratilayotgan bo‘lsa aynan o‘sha narsa: yaratish har qanday ijodning mohiyati bo‘la oladi. Kuzatishimizcha, struktural faoliyatning qanday maqsadi bevosita muayyan bir texnika bilan bog‘langan bo‘lsa, strukturalizm tahlil va ijodning boshqa usullaridan shunday sezilarli ravishda farq qiladi: ob’ekt vazifalarni aniq qilish uchun va, shunday aytish mumkin bo‘lsa, bosib o‘tilgan yo‘lning o‘zi maqsad bo‘lib qoladi; mana nima uchun struktural faoliyat yoki struktural ijod haqida bunday gapirish mumkin.

Struktural faoliyat ikki spetsifik amaliyot – taqsim va montajni o‘z ichiga oladi. Modellashtirilayotgan faoliyatning boshlang‘ich ob’ektini qismlarga ajratish, demak, unda harakatlanayotgan fragmentlarni,   ularning o‘zaro joylanishini aniqlash qandaydir ma’no tug‘diradi; bu fragment o‘z holicha ma’no anglatmaydi, lekin uning konfiguratsiyasiga tegishli kichik bir o‘zgarish butunning o‘zgarishini keltirib chiqaradi; Mondirianning kvadrati, Pusserning qatori, Byuterning “Mobil”idagi band, Levi-Strosdagi “mifema”, fonologlardagi fonema, ayrim adabiy tanqidchilardagi “mavzu” – bularning hammasi mohiyatni belgilaydigan birliklar (ularning ichki strukturasi va hajmi qanday bo‘lishidan qat’i nazar shu o‘rinda mutlaqo farqli) o‘z chegaralarida nutqning boshqa faol birliklaridan nima farqlasa (lekin bu endi montajning muammosi), shuningdek,  boshqa  bir  virtuzial birliklardan  nimalarni farqlasa va nimalar bilan birgalikda  u  muayyan  klass (tilshunoslar paradigma deb atayotgan)ni ifodalasa shunday. Paradigma tushunchasi, ma’lum bo‘lishicha, strukturalistik qarash nima ekanini aniqlashtirish uchun muhim: paradigma – imkon qadar minimal ob’ektlar (birliklar) yig‘indisidirki, nimani aktual ma’no qilmoqchi bo‘lsak, undan shunday ob’ekt yoki birlikni talab etamiz. Paradigmatik ob’ekt shu bilan xarakterlanadiki, u o‘z sinfidagi boshqa ob’ektlar bilan o‘xshash yoki noo‘xshashlik asosida bog‘lanadi: bitta paradigmaning ikki birligi o‘zaro o‘xshashlikka ega bo‘lishi kerak, shuning uchunki, mutlaqo o‘zaro farq qilishi kerak; biz frantsuz tilida bir va o‘sha ma’noni poisson va poison so‘zlariga yuklamaylik, shuning uchunki, s  va  z  bir vaqtning o‘zida ham umumiy (faoliyat), ham farqli belgi hisoblansin[26].

Ta’kidlash zarurki, Mondrianning kvadratlari o‘z kvadrat shakliga o‘xshash bo‘lgani holda rang va nisbat jihatidan farqli bo‘lsin; shundayki, Amerika avtomobillari (Byutorning “Mobil”ida) doim bir xil usulda baholangan, lekin har safar rusum (marka) va rangi bilan farqlangan; Edip haqidagi mifning epizodlari doim bir xil baholansa-da, turlicha talqin qilingan v.h., bayon qilingan barcha diskurs va asar tiplari intelligibel[27]  xarakterga ega. Taqsimlash amaliyoti, shunday qilib, modelning birlamchi, bo‘laklangan holatiga olib boradi, lekin bu jarayonda struktur birliklar tartibsiz xaotik tarzda emas, hatto o‘z taqsimlanishiga va har bir kompozitsion birlikni kontinium[28]ga kiritishga qadar virtual ko‘plikda butun haqida tasavvur beruvchi unga mos birliklar yig‘indisi, ammo juda kam farq qiluvchi, harakatlanuvchi oliy tamoyilga bo‘ysunishi kerak.

Birliklar belgilangach, struktural yondoshuvchi (kishi) o‘zaro tutashtiruv qoidasini aniqlashi va unga tatbiq qila olishi kerak; shu vaqtdan boshlab talab qilinayotgan amaliyot montaj qilinayotgan faoliyatga aylanadi. Ma’lumki, turli san’atlar va diskursning turli tiplari sintaksisi[29] (o‘zaro aloqadorligi) o‘ta har xil bo‘lsa-da, struktural niyatda yaratilgan asarda har bir jihatlar o‘zaro teng me’yorda taqsimlanadi; shunday qilib, ularning o‘zaro mosligi struktural niyatga bog‘liq holda formal xarakter kasb etgan ayrim regulyar cheklanishlarga bo‘ysunishi orqali strukturalizmga kam ahamiyat berish yaramaydi, chunki bu modellashtirish jarayonining ikkinchi bosqichida tasodiflarga qarshi o‘ziga xos kurash o‘ynaladi. Mana shuning uchun rekurrentlik o‘lchovlari[30] demiurgik rol[31] o‘ynaydi: bir xil birlik va kombinatsiyalarning maromli suratda takrorlanishi natijasida asar go‘yo tugallangan, boshqacha so‘z bilan aytganda, yaxlit, ma’noviy qismlarga bo‘linmaydigan badiiy butunlik kasb etadi; bu kombinatorika[32]  qoidalarini tilshunoslar shakllar deb ataydi, yaxshi bo‘lardiki, so‘zning qat’iy ma’nosi saqlansa: shunday qilib, shakl bu birliklar o‘rtasidagi aralashmaga munosabatda sof tasodifiylik natijasi bo‘lib ko‘rinmaydi; san’at asari insonni tasodiflar hukmronligidan qanday qilib bo‘lsa ham olib chiqib ketadi. Aytilganlar shunday tushunishga imkon beradiki, bir tomondan, nega nefiguriativ asarlar[33] so‘zning o‘z aniq ma’nosiga ko‘ra asar hisoblanadiyu, inson tafakkuri (asliyatdan olingan) nusxalar va namunalarning noanalogik tartibda tashkillashtirilgan qurilmalar mantig‘iga bo‘ysunadi; ikkinchi tomondan, nima uchun bu asarlar ularda hech qanday shaklni farqlamaganlar ko‘ziga xaotik (tasodifiy) va arzimas bo‘lib ko‘rinadi. Xuddi Xrushchev mavhum polotno oldida turib[34], shubhasiz, unda tartibsiz eshakning dumiga osilgan niqoblardan boshqa hech narsani ko‘rmay adashgani kabi, lekin u biladiki, san’at o‘z jinsiga ko‘ra tasodiflar ustidan g‘alabadir (u har qanday qoida – biz ularni amaliyotga qabul qilamizmi yoki yo‘qligidan qat’i nazar – bizni o‘rgatishga yaroqliligini nazaridan chetda qoldirgan).

Shunday tarzda qurilgan model bizga dunyoni u avvaldan qay holda berilgan bo‘lsa, shunday shaklda qaytaradiki, strukturalizmning mohiyati xuddi mana shunda. Hammadan avval u ob’ektning real borliqqa va ratsionallikka qaram bo‘lmagan yangi kategoriyasini yaratadi, lekin funktsional jabhada bir qator hozirgi kunda rivojlanayotgan informatika bazasida ilmiy izlanishlar kompleksini hosil qiladi. Va bu jarayon shu jihatdan muhimki, u o‘zining keng faoliyati bilan chuqur insoniy amaliyotlarni qamrab oladi, uning yordamida odamlar narsalarni mohiyatga aylantirib qabul qiladilar. Bu yerda biror yangilik bormi? Ha, qaysidir darajada; dunyoda har doim, hamma vaqt nima unga topshirilgan bo‘lsa, (inson) hamma narsaning mohiyatini ilib olishga intilgan va hamma joyda uning o‘zi yaratadi; yangilik shunday tafakkur (yoki shunday “poetika”) faktining yuzaga chiqishiga, bular o‘rganilayotgan ob’ektni yaxlit holida qanday yaratilgan bo‘lsa, shunday qimmatda va holida tushunishiga bog‘liq. O‘rtada shuni ta’kidlash ham kerakki, strukturalizmning ob’ekti sonsiz ma’nolar yig‘indisini tashuvchi inson emas, balki ma’nolar ishlab chiquvchi insondir, xuddi insoniyat belgilarning ma’no-mohiyatini tushunishga intilishi bilan emas, faqatgina shunday tarixan mumkin bo‘lgan o‘zgaruvchan ma’nolar aktini amalga oshirishga intilgani kabi. Homo significans[35] – strukturalizm izlayotgan yagona yangi inson bo‘la oladi.

Gegel so‘zlariga ko‘ra[36], qadimgi yunonlar tabiatning tabiiyligidan hayratlandilar, unga sekinlik bilan quloq soldilar, buloqlar, tog‘lar, momaqaldiroq nimaligini tushunishga intildilar, lekin bu narsalar ularga nima haqda gapirayotganini tushunmay, o‘z ma’budlaridan biri Pan[37]  ismini berib, o‘simliklik va kosmik dunyoda ma’noning ta’sirli trepeti[38] ni o‘zlarida his qildilar. O‘sha vaqtdan beri tabiat o‘zgarib, ijtimoiylashdi: insonga nima berilgan bo‘lsa, hammasi – biz sayohat qilayotgan o‘rmon va daryolargacha azaldan insoniy ibtido bilan sug‘orilgan. Bu sotsial (ijtimoiy, sodda qilib aytganda, madaniy) tabiatga yuzlanganda struktural (faoliyatdagi) inson qadimgi yunondan hech qanday farq qilmaydi: u ham madaniyatning tabiiy ovoziga quloq soladi, undan har doim muqim, tugal, “haqiqiy” ma’nolarni eshitadi, insoniyat deb atalgan bu ulkan mashina shovqini (tebranishi) ostida doimiy ravishda yangi mazmun yaratadiki, bu uning insoniy qiyofasini belgilaydi. Va shuning uchun ham mazmun ishlab chiqarish funktsiyasi uning ko‘zi oldida o‘sha ma’no-mazmunning o‘zidan muhimroq, shunga ko‘ra, har qanday konkret yaratiqqa ko‘ra bu funktsiya ekstensiv[39], strukturalizm bu jarayonda faoliyatdan begona (bo‘lib ko‘rinadi), asar yaratish hodisasi ustunlik qiladi: dodekafonik kompozitsiya[40] yoki Levi-Stross tahlili shu ma’noda ob’ektdirki, qanday qilib yaratilganiga (tayyorlanganiga) ko‘ra: uning hozirda mavjudligi avvaldan yaratilganlikka ko‘ra an’anaviy va bu predmetning o‘tmishda yaratilgani tufayli muhimdir. Ijodkor yoki tahlilchi avval bosib o‘tilgan ma’noli yo‘lni o‘zlashtiradi; unga ko‘rsatish kerakki, uning vazifasi Gegel so‘zlari bilan aytganda, bu ekstensiv, u – manteia[41]; qadimgi mutaxassis kabi o‘sha mazmunning o‘rnini ko‘rsatadi, lekin o‘zini aytmaydi. Va shuning uchun ham, adabiyot o‘ziga xos tabiatdirki, u ratsional talqinga moyil, o‘z navbatida, dunyoga kirgach, mazmunni o‘z yo‘lini dunyoda orttirilgan tasodiflardan xoli qilib, uning yo‘lida gapiradi ham sukut saqlaydi, u bilan birga yana qayta yaratadi; iste’molchi inson uchun bu o‘ziga xos doimiy savolning javobidirki, adabiyot – javobni osonlashtiruvchi va savolga javob beruvchidir.

Struktural (faoliyatdagi) inson bugungi kunda unga irrealizm[42]  yog‘dirayotgan tanqidni qayday qabul qiladi? Axir shaklning o‘zi bu dunyo­ning o‘zida mavjud emasmi, shaklga shuncha mas’ullik berish shartmi? Brextning o‘ziga inqilobiy (ruh) bergani uchun marksizmdan qarzdorligi[43] hakiqatmi? Bu inqilobiylikni yaratishda Brext bir necha sahnalarni markscha dunyoqarash asosida ishlagan, masalan, yoritgich chiroqlar alohida usul bilan joylashtirilgan, aktyorlarga boshqa kostyumlar kiygizilgan. Strukturalizm dunyodan uning tarixini ajratmaydi: u tarixni faqat mazmun bilan  bog‘lashga harakat qilmaydi (bu ming marta bajarilgan ish), lekin nafaqat moddiy shakllar, balki intelligibel, nafaqat g‘oyaviy, balki estetik jihatlar bilan ta’minlaydi. Va shuning uchun ham intelligibellik haqidagi har qanday fikr bu intelligibellikning o‘zi bilan bog‘lanish hodisasi bo‘la oladi, struktural (faoliyatdagi) inson abadiy yashashga kam qiziqadi: u biladiki, strukturalizm bu ham dunyoni ifoda qilishning shakllaridan biri, u bilan birga o‘zgaradi va shuning uchun ham struktural inson o‘zining butun faoliyatida yangicha so‘zlashga safarbar qilib erishgan xulosalarining yaroqliligini (haqiqatga mosligini emas) tekshiradi, unga yana shu narsa ravshanki, tarixga yangi til bilan yondashish, uni shu tilda gapirtirishga erishish bilan u o‘z vazifasini uddalagan hisoblaydi.

1963, “Lettres Nouvelles”[44] 

Tarjima va izohlar muallifi: Hamidulla Boltaboyev,

filologiya fanlari doktori, professor

“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 9-son

_________________

[1] …maktab ham emas – strukturalizm R.Bartning maqolasi e’lon qilingan 1963 yilda hali maktab sifatida shakllanmagan edi. Keyinroq rus nazariyotchisi G.N.Pospelovning (Teoriya literaturы. M.: Vыsshaya shkola, 1978) tan olib yozishicha, u maktab sifatida R.Yakobson va Yu.Lotman ishlari orqali shakllandi. Ayniqsa, Yu.Lotmanning Tartu universitetidagi faoliyati natijasida strukturalizm akademik maktabga aylangani rus adabiyotshunoslari ishlarida e’tirof etiladi (qarang: Akademicheskiye shkolы v literaturovedenii. M., 1971 ) …oqim ham emas – ayrim manbalarda (mas., Terri Iglton. Teoriya literaturы. Vvedeniye. M., 2010. S.120-158) strukturalizm adabiy oqim sifatida ko‘rsatilgan.

[2] Anatomistik (jonli organizmning ichki tuzilishi) va grammatistik (morfologik, ya’ni ichki tuzilishning ifoda shakli) kelib chiqishi haqida gapirarkan, R.Bart ushbu manbaga ishora qiladi: Sens et Usage du terme  Structure. La Haye: Mouton & Co., 1962.

[3] Muallif nazarda tutgan bahs materiallaridan ayrimlari ushbu manbada e’lon qilingan: Strukturalizm «za» i «protiv». Sb. M.: Progress, 1975.

[4] Deterministik – “determinizm” lotincha so‘z bo‘lib, “belgilayman” ma’nosini anglatadi. Real dunyodagi hodisalar, jarayonlar, narsalarning qonuniy ob’ektiv o‘zaro aloqadorlikda mavjudligi haqidagi falsafiy ta’limot.

[5] Belgilanaayotgan – belgilangan:  Bunday munosabat haqida R. Bart “Belgilarni idrok etish” (1962) maqolasida alohida to‘xtalgan. Uningcha, “har qanday belgi uch xil munosabat tipini  o‘z ichiga oladi. Birinchi navbatda, ichki munosabat, belgilanayotgan – belgilangan, keyin ikki tashqi munosabat. Birinchi munosabat – virtual, ikkinchi – aktual, uchinchisi… Birinchi tip munosabat odatda “simvol” deb nomlanib, masalan, salib (krest) nasroniylikni, kommunarlar devori Kommunani, qizil rang harakat ta’qiqlanganligini… bildiradi. Bu munosabatni simvolik (ramziy) deb atash mumkin”. Iqtibos ushbu manbadan tarjima qilindi: R. Bart. Belgilarni idrok etish /  Tanlangan asarlar: Semiotika. Poetika. M.: Progress”, 1989. S. 246.

[6] Sinxroniya – diaxroniya – “sinxron” yunon tilida “bir vaqtda”, “diaxron” esa “vaqt orqali” ma’nolarini anglatib, vaqea-hodisalarning  taraqqiyotini tarixiy izchillikda tavsiflaydigan tushunchalardir. Sinxroniya va diaxroniya tushunchalarini tilshunoslikka nisbatan F. de Sossyur qo‘llagan, diaxroniya hodisotlarni vaqt jihatidan ketma-ketlikda tushunish bo‘lsa, sinxroniyada mavjud unsurlar o‘zaro munosabatda, tizim hosil qilganda mavjudlikka ega.

[7] Sossyur – Ferdinand de Sossyur (1857-1913), shveytsariyalik tilshunos. “Umumiy tilshunoslik kursi”ning muallifi. Zamondoshlarining e’tirofiga ko‘ra, umumiy tilshunoslik mustaqil lingvistik ta’limot sifatida uning asarlarida izchil tizimga solingan. Maqolada tilga olingan “lingvistik model” yaratilishi haqida muallif quyiroqda to‘xtalgan.

[8] Immobilizatsiya – qayta safarbarlik.

[9] Metayazыk – shunday tilki, uning yordamida  boshqa bir tildagi xususiyatlar, ya’ni predmetli til yoki til – ob’ekt siftida tadqiq qilinadi.

[10] Apriori – lotincha so‘z bo‘lib,  “avvalgilardan (biri)” ma’nosini bildiradi. Bunda avvalgilar (ustozlar yoki kitoblar orqali)dan meros qilib olingan bilimlar tushuniladi, unga qarshi ma’noda aposterior tushunchasi mavjud bo‘lib, bu o‘z tajribasi orqali orttirilgan bilimlarni anglatadi.

[11] Definiya – belgilash, aniqlash; mantiqiy usullardan bo‘lib, bir ob’ektning boshqa bir ob’ektdan farqli jihatlarini aniqlashga yordam beradi.

[12] Amaliyot  –  matnda “operirovaniye strukturoy” tarzida.

[13] Syurrealistik – syurrealizmga oid.

[14] Trubetskoy – N.S.Trubetskoy (1890-1938), rus tilshunosi, struktur fonologiyaning asoschisi.

[15] Jorj Dyumezil – to‘liq nomi: Jorj Edmon-Raul Dyumezil (1898-1988), farantsuz kulturologi, din tarixchisi.

[16] Propp – V.Ya.Propp (1895-1970), rus folklorshunosi, og‘zaki adabiyot namunalarini struktur o‘rganishning boshlovchilaridan biri.

[17] Invariant – yunoncha so‘z, “o‘zgarmas” ma’nosini bildiradi; ayrim mavjudliklarning mohiyati bo‘lib, munosabatlar tizimi uchun tuzilmalar hosil qilinishida saqlanishi mumkin.

[18] Klod Levi-Stros (1908-2009) – frantsuz etnolog-strukturalisti, struktural antropologiya asoschisi, struktur tilshunoslik va axborotlar nazariyasini ibtidoiy odamlarning sotsial hayoti va madaniyatini o‘rganishga tatbiq etgan. Mashhur “Ibtidoiy ong” (1962) asarida mifik tafakkurni belgilar nazariyasi tizimi sifatida o‘rgangan, buning natijasida ibtidoiy ongning birlamchi strukrurasini yaratgan. Mifni musiqa bilan bog‘liqlikda o‘rganib, syujet bayoni emas, semantik tahliliga e’tibor qaratgan.

[19] J.-G.Granje – to‘liq nomi: Jil-Gaston Granje (1920 y.t.), frantsuz sotsiologi. Iqtisodchi va fan tarixchisi.

[20] J.-K.Garden – to‘liq nomi: Jan-Klod Garden (1925 y.t.), frantsuz arxeologi, axborot nazariyasini tarixiy materialni o‘rganish ob’ektiga tatbiq qilgan.

[21] J.-P. Rishar – to‘liq nomi: Jan–Per Rishar (1922 y.t.), frantsuz adabiyotshunosi, “tematik tanqid” nazariyotchisi.

[22] Mallarme – Stefan Mallarme (1842-1898),  frantsuz shoiri. “Irodiada”, “Igitur” dostonlari va o‘nlab she’riy to‘plamlar muallifi. Asarlari tarkibi o‘ta murakkab bo‘lib, uningcha, “shoirni bir shaharda bir kishi tushunsa, shuning o‘zi kifoya qiladi”.  “Antik ma’budlar”, “She’r krizisi” kabi adabiyotshunoslikka oid kitoblar muallifi.

[23] Mondrian – Piter Monlirian (1872-1944), golland rassomi, abstraktsionizm vakili.

[24] Bulez – Per Bulez (1925 y.t.), frantsuz kompozitori, dirijyor va bastakor; A.Shenberg ijodi davomchisi. 1971-1975 yy. Nyu-York filarmoniyasi orkestrining bosh dirijyori. 1975 yildan  Musiqiy akustik muammolar koordinatsiyasi va tadqiqoti instituti (Parij)ni boshqargan.

[25] Byutor – Mishel Byutor (1926 y.t.), frantsuz adibi, “yangi roman” oqimining vakili. “Vaqtning taqsimlanishi” (1956), “Milan poyezdi” (1954), “O‘zgarish” (1957, 1970),  “Inson naslining darajasi” (1960) v. b. psixologik romanlar muallifi. F.Rable, G.Flober, Sh.Bodler, M.Monten, M.Prust haqidagi esse kitoblari muallifi. “Repertuar” esselar kitobi (1-5 jild, 1960—82) bilan mashhur.

[26] Bu o‘rinda muallifning struktural tahlilning yetuk namunasiga aylangan  “S / Z” maqolasiga ishora qilingan. Maqolada Balzakning “Sarrazin” hikoyasi tahlilga tortilgan.

[27] Intelligibel – aqlga muvofiq.

[28] Kontinium – bir necha alohida qismlar tahlilini umumlashtirishdagi dastlabki bosqich.

[29] Diskursning turli tiplari sintaksisi – badiiy asarni qabul qilishning turli vositalari.

[30] Rekurrentlik o‘lchovlari –turli tomondan o‘lchovlar.

[31] Demiurgik rol – namunaviy rol.

[32] Kombinatorika – lotincha: birlashtirish, tutashtirish; matematika fanining qismi, sonlarni turli kombinatsiyalar bilan o‘rnini almashtirish orqali hisoblash usuli. Mas., a, b, c ning o‘rnini almashtirish natijasida olti xil kombinatsiya yasash mumkin: abc, bca, cab, cba,bac, acb.

[33] Nefiguriativ asarlar – figural asarlar ziddi: badiiy ma’no tashimaydigan asarlar.

[34] Xrushchev mavhum polotno oldida turib – sobiq ittifoq rahbarining san’atni yaxshi tushunmaganligiga ishora.

[35] Homo significans – anglashga intilayotgan odam.

[36] Matnda shu manbaga ishora bor: Gegel. Sochineniya. T.VIII. M.-L.: Sotsekgiz, 1935. S. 221.

[37] Ma’budlaridan biri Pan – yunon mifologiyasida ibtidodagi ma’bud, cho‘ponlar va butun tabiat homiysi. Inson qiyofasida, lekin echki shoxli, soqolli va tuyoqli qilib tasvirlangan.

[38] Trepet – inson suyaklarini o‘yuvchi asbob (trepa) nomidan olingan, suyaklarigacha his qilmoq; ich-ichiga kirmoq.

[39] Ekstensiv – xo‘jalik yuritish tizimi, ishlanadigan ob’ektlarni kengaytirish hisobiga mahsuldorlikni oshirishga qaratilgan texnologiya. Rolan Bart leksikonida bu badiiy asarning analiz va sintezi natijasida qayta yaratiladigan modeli.

[40] Dodekafonik kompozitsiya – yunoncha: dodeka – o‘n ikki + fonik = o‘n ikki o‘lchamli, ham ovozli kompozitsiya. Yunon arifmetikasiga ko‘ra, insonni o‘n ikki burchakli o‘lcham bilan tasvirlash mumkin. Bunday kompozitsiya yaratilishida insonning har jihati, ayniqsa, jonliligi va ovozga egaligiga ishora qilinadi.

[41] Manteia – frantsuzcha: keng va uzun plashchsimon ustki kiyim; zoologiyada hayvonlarning badanini qoliplovchi ustki teri. Bu yerda tashqi vosita, shakl ma’nosidagi istiloh.

[42] Irrealizm – borliqda mavjud bo‘lmagan, mavhum qarashlarni o‘zida birlashtirgan turli xil modernistik oqimlar yig‘indisi.

[43] Brextning o‘ziga inqilobiy (ruh) bergani uchun marksizmdan qarzdorligi – Bertold Brext (1898-1956), olmon dramaturgi, rejissyori va teatr nazariyachisi. 1933-1947 yy.da emigratsiyada bo‘lib, fashizmni qoralagan va o‘z qarashlari bilan marksizmga yaqinlashgan. 1949 y. “Berliner ansambl”i tuzib, o‘z pesalarini namoyish qilgan. Ayniqsa, “Mamasha Kuraj va uning bolalari” (1939-1941) dramasi shuhrat qozongan. “Epik teatr” nazariyasi va amaliyotining asoschisi. Bu qarash orqali voqeani sahnada ko‘rsatishdan ko‘ra “hushyor aql”ga ishora qilgan holda uning tanqidiy tahlilini bergan. Teatrda antik xor vazifasini modernizatsiya qilib, muallif remarkasi orqali yuqoridagi tanqidiy talqinni berishga intilgan.

[44] “Lettres Nouvelles” – “Yangi nashr” jurnali.