Ashvapati Madra hukmdori edi. U xalqparvar shoh, odamlar va yerdagi barcha jonzotlarning baxtli yashashi uchun qayg‘urardi. Biroq ko‘plab yaxshi odamlar kabi u farzandsiz edi. O‘n sakkiz yil zuryod ber, deb xudoga nola ayladi, qurbonliklar qildi, riyozat chekdi. Iloha Savitriga hamdu sanolar aytdi, minglab ibodatu duolar o‘qidi. Nihoyat, nolalari yetib bordi shekilli, unga qiz ato etildi. Aslida o‘g‘il so‘ragandi, qiz bo‘lsayam berganiga shukr qildi, otini Savitri qo‘ydi. U suxsurday qiz bo‘lib voyaga yetdi. Otasi aslzodalarning sovchilari eshigim turumini rosa buzishadi, deb o‘ylagandi, biroq qizining go‘zalligiyu boshqa fazilatlari manaman deb tursa-da, ulardan darak bo‘lavermadi. Ashvapati bu kamnamolik boisini osongina bilib oldi. U qo‘shni mamlakatlarga maxfiy kishilarini yuborib nega shahzodalar Savitrining qo‘lini so‘ragani kelishmayotgani sababini aniqlashni buyurdi. Oradan ko‘p o‘tmay ular qaytishdi va bilganlarini yetkazishdi:
– Shahzodalar qizingizning qo‘lini so‘rashga qo‘rqishyapti, O‘ylayaptilarki, Savitri ayol suvratidagi iloha, shuning uchun birovga xotinlik qila olmaydi.
Bu gap shohga ham yoqimli, ham alamli edi: Savitrining parivashligi uning baxtli bo‘lishiga xalaqit berardi.
– Balki uning aslida chinakam ayolligini ularga tushuntirish kerakdir, – dedi u. – Hay mayli, bir yo‘lini qilarmiz.
Shoh qizini chaqirishlarini aytganida u o‘z bo‘lmasida vini o‘ynab o‘tirardi.
– Qizim, dedi u, – sen o‘zingga qalliq topish uchun sayohatga chiqishing kerak. Sening birgina tanlovingni qabul qilaman, faqat bir shart bilan: kuyoving senga mendan kam bo‘lmagan darajada yoqishi lozim.
– Otajon, axir o‘zim va boshqalar didini bilolmayman-ku.
– Vaqti kelganda bilasan, – dedi Ashvapati.
Ishongan a’yonlaridan birini chaqirib tayinladi:
– Sen va yordamchilaring Savitriga yo‘ldosh bo‘linglar, ortidan izma-iz yurib u qayerga borsa shu yerga borasizlar. Faqat uni o‘z yo‘rig‘ingga yurgizishni o‘ylamalaring.
Savitri dunyo bo‘ylab sayohat qildi va qaytib keldi. Ayni shu kuni otasi o‘zining yulduzlararo safaridan qaytgan donishmand Narada bilan suhbatlashib o‘tirardi. Savitri ular huzuriga kirganda Donishmand shohdan so‘radi:
– U qayerda edi? Nechun shu paytgacha unga kuyov topmading?
– U o‘ziga qalliq izlab sayohatga ketgan edi, endigina qaytdi. Keling, uni eshitamiz, o‘z baxtini topdimikan?
Savitri otasi imosi bilan ularga yaqin o‘tirdi.
– Men topdim… – dedi, ammo qolganini aytishga jur’ati yetishmadi, oxiri tortinchoqligini yengib davom etdi: – Menga er bo‘ladigan kishini topdim, lekin u saroyda emas, begona ko‘zlardan yiroqda, o‘rmon ichidagi kamtargina kulbada yashaydi. Saxovatli taqdir meni unga yo‘lladi. Oti Satyavan, ko‘z nurini yo‘qotgan qari otasi bilan istiqomat qiladi.
Avliyo Navada uning so‘zini bo‘ldi:
– U shoh Shalvaning o‘g‘li, ayni Satyavan tug‘ilganida ko‘r bo‘lib qolgan. Dushmanlaridan biri qachondan beri payt poylab yurgan va shu kuni unga hujum qilgan. Shoh Shalva o‘g‘lini ko‘tarib o‘rmonga yashiringan. Men bu tarixni bilaman, Savitri gaplarim to‘g‘rimi? Ashvapati, qizing munosib kuyov topibdi, Satyavan dono, kuchli, mard, oliyjanob, og‘asi Ashvan kabi ko‘rkam. Bilasan, men kechani, bugunni va ertani ko‘ra olguvchiman, ochiq gapirganim uchun kechir, Satyavanning bu dunyo hayoti bir yilgina davom etajak, ya’ni shu kundan boshlab… Sen esa qizim, yaxshisi o‘zingga boshqa kuyov topish uchun yana sayohat qilgin.
Savitrining ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. Otasi ham yomon narsani sezganday seskanib tushdi. Savitri nedandir ruhlanib qad rostladi va aytdi:
– O buyuk dono, mening quloqsizligimni kechiring. Men boshqa erni orzulamayman, Unga qancha, uzunmi, qisqami, umr berilgani meni aslo tashvishlantirmaydi. Qarorim qat’iy. Kimnidir sevish, turmush qurish – tug‘ilish va o‘lishdek. Bu hodisalar hayotda bir marta kechadi, qaytarilmaydi, taqdirni kishi o‘z bilganicha o‘zgartira olmaydi. Mening erim Satyavan bo‘ladi yoki hech kim.
Naradaga qizning so‘zlari yoqdi.
– Bunaqa ruhiy kuch bilan hatto o‘limni-da yengsa bo‘ladi, – xitob qildi u. – Shoh, uning kuyovi bilan topishuviga yordam ber. Bu – sening burching. Kim unday seva olsa o‘limni yenga oladi.
Narada ularni tark etdi. Ashvapati o‘rmonga yo‘l oldi, ko‘r podshoni topib unga o‘zining kimligini, o‘g‘liga qizini xotinlikka bermoqchiligini tushuntirdi.
– O‘rmon hayoti Savitriday noziknihol qizning yashashiga og‘irlik qiladi,– dedi mezbon shoh. – U tirikchilikdan, yolg‘izlikdan qiynaladi.
Ashvapati uning so‘zini bo‘ldi:
– Boshqa bir so‘z ham demang, Savitri Satyavanga turmushga chiqadi, gap tamom.
– Ha to‘g‘ri. Satyavan ham undan boshqaga uylanmaydi. Buni men qizing shu yerda hozir bo‘lgan kuni anglagandim. Demak, peshonalarida yozilgani shu, tangri yorlaqasin ularni.
Ular turmush qurdilar, hammasi xayrli kechdi. Savitri eriga va qayinotasiga qarashdi, doimo xushmuomala, odobli, quvnoq, ishchan, nima qilsa yurakdan chiqarib ado etardi. Birgalikda baxtli edilar.
Xilvatdagi hayotlari qanchalik bir maromda, osuda kechmasin, Satyavanning belgilab berilgan umr vaqti poyoniga yetib borishi Savitriga bir zum ham tinchlik bermas edi. Erining hayotiga to‘rt kun qolganda u o‘ziga og‘ir amalni qabul qildi, yemadi, ichmadi, gapirmadi. Qayinotasi uning e’tiqodiga qoyil qolib dedi:
– Savitri, sen axir shoh qizisan-ku, nega o‘zingga bunday qattiq taqvoni ravo ko‘rding? Sening ahdingni ado etishingga qarshilik qilolmayman, albatta. Iloyo, Xudolar ne tilagan bo‘lsang, uni ijobat etsinlar.
Savitri azoblandi, kuchdan qoldi, ammo ahdni buzishni istamadi, hammasiga chidadi, qoyaday turib berdi. Oxirgi to‘rtinchi kun ham keldi, u soatlarni sanay boshladi. Oxirida olovga qurbonlik keltirdi, xonadon ahli duosini qabul etdi va yerga uzala tushdi.
– Sen og‘ir ahdni ado etding, riyozat chekding, endi biroz tamaddi qilgin, – deyishdi unga.
– Albatta, faqat quyosh botgandan keyin, – dedi u. Yelkasiga bolta osib o‘rmonga o‘tinga otlangan erini ko‘rgach, joyidan sakrab turdi va xitob qildi: men ham sen bilan boraman!
– Nimaga? Axir sen shu to‘rt kun ichida rosa toliqding, qiynalding, uyda qolib taomlan, chanqog‘ingni qondir. Men ancha olisga boraman, u yoqda yo‘l yomon, chakalakzor, qiynalib qolasan.
– Aslo tolganim yo‘q, – e’tiroz bildirdi Savitri. – Albatta, sen bilan boraman.
– Mayli, – noiloj rozi bo‘ldi eri. – Faqat nega men bilan borishingni yaqinlarimga tushuntir, toki ular seni men bunga majburlamayotganimni bilishsin.
Savitri uy ahliga yuzlanib aytdi:
– Menga erim bilan o‘rmonga borishga izn beringlar. Men uning qanday o‘tin chopishini ko‘rmoqchiman, o‘zim esa meva teraman. Bahonada o‘rmonning olis, go‘zal joylarini ko‘rib kelaman.
– Ha, kelinim shu damgacha bizdan hech narsani so‘ramagan. Mayli, boraqolsin, – ijozat berdi qayinotasi.
Savitri erining qo‘lidan tutgancha o‘rmonga yo‘l oldi. Satyavan yo‘l bo‘yi unga o‘rmon sirlari haqida hikoya qilib bordi. Savitri o‘rmon manzaralaridan zavqlanar, ammo erining ana-mana olamdan ko‘z yumishini o‘ylab iztirob chekardi. Eri nariroqda o‘tin kesishga kirishdi, Savitri mevalar terdi, biroz charchagach, yerga o‘tirib erining qanday chapdastlik bilan daraxt kesishini, shoxlarning qarsillashini tingladi. Bir payt Satyavan qo‘lidan boltasini tushirib yubordi, uning oldiga kelib asta pichirladi:
– Mening mazam qochdi, boshim aylanayotir, ehtimol, charchagandirman.
Savitri tez o‘rnidan turib uni og‘ushladi, ko‘katlar ustiga yotqizib boshini tizzasiga qo‘ydi. Satyavanning ko‘zlari yumilib uyquga keta boshladi. U qimirlashdan to‘xtagan mahalda Savitrining shuurini qandaydir sezgi qamradi, go‘yo yaqindagi butalar ortida kimdir yashirinib turganday tuyulardi. U tikildi-tikildi, nihoyat narida ajabtovur, qizil ko‘zli odamni ko‘rdi. Egnidagi kiyimi olovrang, qo‘lida xalqali arg‘amchi bor edi. Odam oldinga engashganicha cho‘zilib yotgan Satyavandan ko‘z uzmasdi. Savitri erining boshini avaylab tizzasidan oldi-da, yerga qo‘ydi, o‘rnidan turib haligiga salom berdi va dedi:.
– Sen oddiy bandaga o‘xshamaysan. Ehtimol xudodirsan, aytchi, oting nima, bu yerga nima uchun kelding?
– Sen ajoyib ayolsan, Savitri. Mashaqqatlar seni sezgir qilib qo‘yibdi. Odatda men yerda yashovchilar bilan muloqot qilmayman, lekin sen bilan gaplashayapman. Men, ey oliyjanob ayol, o‘limman, meni Yama deydilar. Bu yerga shuning uchun keldimki, eringning yerdagi umri poyoniga yetdi. Manavi xalqa yordamida uning jonini olib ketaman, dag‘al jasadigina qoladi, sen uni olovda kuydirishing uchun.
– O, mening tangrim, nechun o‘zingiz keldingiz? – So‘radi Savitri hayron qolib. – Axir odatda, bunday ishlar uchun yordamchilaringizdan birini yuborardingiz-ku.
– Satyavan qandaydir oddiy banda emas, alohida xislatli inson. Shu sababli lozim bo‘lganini o‘zim bajarishga keldim.
U qo‘lidagi xalqa yordamida Satyavanning jonini olib janubga, Yama shohligiga ravona bo‘ldi. Savitri erining tanasi soviy boshlaganini bilgach, panaroq joyga olib borib qo‘ydi-da, o‘zi Yamaning izidan keta boshladi. Yama uni ko‘rdi va ortidan qolmasligini anglab birpasga to‘xtadi-da aytdi:
– Sen izimdan yurmasliging kerak. Yaxshisi dafn marosimini ado et, toki ering jismiga ziyon yetib, keyingi umrida aziyat chekmasin, borib u bilan xayrlash.
– Men erimning ortidan boryapman. Boshqa yo‘llar men uchun berk. – Javob qildi Savitri. – Bizga er-xotin mangu birga bo‘lish, sabr saqlash, xohish-istaklaridan idrokni ustun qo‘yish – yashashning oliy mazmuni deyilgan. Men o‘zgacha hayot kechirishni bilmayman, darvesh yoki rohiba emasman. Oila – men uchun muqaddas, ota-onam shunday o‘rgatgan, men erim qayerga borsa, shu yerga borishim kerak.
– Afsus, sen ering ortidan bora olmaysan-da. Lekin so‘zlaring menga yoqdi, mukofotiga bir iltimosingni bajaraman, nima so‘rasang so‘ra, faqat, bu odamning jonini emas.
– Qayinotamning ko‘z nurini qaytar, – darrov ko‘ndi Savitri.
– Roziman, erta u uyg‘onganida ko‘ra boshlaydi. Sen esa, ko‘p uzoqlamasdan hoziroq orqangga qaytganing ma’qul.
– Men erim yonida bo‘lsam charchoqni his etmayman. Yaxshilar ila hamdam bo‘lganlar murodiga yetadilar, deganlar, shuning uchun har kishi yaxshi bo‘lishga intilishi kerak.
Yamaga bu gap ham manzur bo‘ldi.
– Sen yana ehsonga sazovor bo‘lding, nimadir so‘rashing mumkin, ering tirilishini emas, albatta.
– Qayinotamga qachonlardir yo‘qotgan shohligini, qaytarishingiz mumkin bo‘larmikin?
– Qaytaraman, qaytaraman. Faqat sen juda toliqmasingdan izingga qaytsang bo‘lgani.
Savitri so‘zlashda davom etdi:
– Men doim hayotda haq yo‘l neligi to‘g‘risida o‘ylardim. Anglashimcha, bu – qalbingdan jaholatni, yomon so‘zlarni, fikru o‘ylarni haydamoq, bulardan tashqari, tamasiz yashash va ezgu ishlar qilish to‘g‘ri yo‘l bo‘lsa kerak. O Yama, xato qilayotgan bo‘lsam so‘zlarimni to‘g‘rila, sening ko‘magingda haqiqatni anglamoqchiman. Yaxshilar do‘stga ham, dushmanga ham rahmli, saxovatli, shunday emasmi!
Yama uning so‘zlaridan mutaassir bo‘ldi.
– Aytganlaring tag‘in meni to‘lqinlantirdi. Navbatdagi tilagingni aytishing mumkin, lekin ering hayotini so‘rama.
– Otam ko‘pdan beri o‘g‘il farzandi yo‘qligidan qayg‘u chekadi. O ilohim, unga yuz o‘g‘il ato eta olasanmi?
– U yuz o‘g‘il ko‘radi, mamnunmisan? Endi qaytgin, shundog‘am uzoq yo‘l bosding.
Savitri uning gapiga quloq solmadi, hamon so‘zlagancha, birga yurishda davom etdi:
– Aytganimdek, erim bilan borar ekanman, masofaniyam, charqoqniyam bilmayman. Agarki, sen to‘xtashni lozim ko‘rsang, bajonudil, lekin ovozim boricha o‘tinchlarimni senga yetkazishga intilaman. Sen quyosh xudosining o‘g‘lisan, dono otang seni bekorga Vayvasvata, deya nomlamagan. Sening adolatli shohligingda yashovchilar to‘liq adolatga muyassar bo‘lganlar, shu bois, seni dxarma – burch va adolat shohi ham deyishadi. Yaxshilar davrasida inson o‘zini osoyishta va ishonchli his etadi, hatto o‘zi bilan o‘zi qolganidan ham ko‘ra. Shuning uchun u doimo yaxshilarga intiladi.
Yama endi rostakam eridi:
– Mendan hamma qo‘rqadi, shu damgacha hech kim bunday iliq so‘zlarni sha’nimga aytmagan, men juda mamnunman, Mayli. To‘rtinchi bor istagingni bajaraman, ayonki, ering jonini qaytarmayman.
– Unda menga erimdan o‘g‘illar tug‘ishimga imkon ber.
– Ey, hurmatga sazovor ayol, aytganing bo‘lsin, sen undan yuz nafar o‘ktam o‘g‘illar ko‘rasan. Endi qaytgin.
– Saxovatpeshalar ila so‘zlashmoq hamisha foydali, – so‘zlashdan tinmadi Savitri, so‘ng asta gapni yerdagi hayot, quyoshning harakati ham yaxshilarning mehr-muruvvati ila munavvar bo‘lishiga burdi.
Yama ayolning donoligiga qoyil qoldi.
– Ey dono ayol, netongki, sening so‘zlaringni eshitish, ma’nosini anglash uchun qadamlarimni sekinlatyapman. Sen oqila va haqsan, poklik timsoli, eng qimmatli tilagingni ayt, ado etaman.
– Mendagi poklik mangudir. Agarki sen, oliyjanob so‘zingda turib menga yuz o‘g‘il nisor etsang, erimni ham qaytarishingga to‘g‘ri keladi. Chunki u bo‘lmasa men farzandlar ko‘ra olmayman. Sen va’dangni bajara olmaysan.
– Sen haqsan, fidoyi ayol, maqsadingga erishishga haqlisan.
Yama xalqani yechib Satyavanning jonini ozod qildi. U Savitri va Satyavanga oq fotiha berdi, uzoq umr va baxt tilab u yog‘iga yolg‘iz ketdi. Qachonki, o‘lim xudosi bo‘lgandan beri birinchi bor olgan jonini qaytarib berishi edi.
Savitri iziga, erining jasadini yashirgan joyiga qaytishga shoshildi. Yetib borgach, uning boshini ohista tizzasiga oldi, eri jonlandi, ko‘zlarini ochib g‘udrandi:
– Men… negadir uzoq uxlabman, sabringga balli. Nega avvalroq uyg‘otmading? Nazarimda bu yerda yana kimdir bor yoki men tush ko‘ryapmanmi? Qayergadir yurdimmi, shu yerda yotdimmi, bilolmadim.
– Kech bo‘lib qoldi, – dedi Savitri unga. – Qorong‘u tushayapti, ota-onang alag‘da bo‘lishadi. Uyga ketamiz, agar yura olsang.
– Men qaytadan kuch olibman, yur ketdik.
Allaqachon shom tushgan, uylari oldida juda ko‘p odam to‘planishgandi. Keksa shohni o‘g‘li va kelini shuncha vaqt o‘rmonda qolib ketishgani rosa tashvishlantirgandi. Ular yaqinlashgach, hammalari hol so‘ray ketishdi. Savitri quvonch bilan javob qildi:
– Biz olislarda, juda-juda baxtiyor bo‘ldik, mana, soppa sog‘ qaytib keldik!
Rus tilidan Hamid Alp tarjimasi.
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 5-son