Bir adabiy jurnalda mening yangi dostonim – “Onalarni asrang” chop etildi va doston asosida tayyorlangan eshittirish radioda efirga uzatildi. Bu doston hali biror to‘plamimga kirmagandi, uni alohida kitob holida nashr etish uchun endigina tayyorlayotgandim. Adabiyotshunoslar taqriz yozib, matbuotda e’lon qilishmagandi. Hali keng kitobxonlar ommasi doston bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmagandi. Shunga qaramay, jurnal tahririyatiga, radio qo‘mitasiga va mening o‘zimga doston haqida juda ko‘plab maktublar kelgani chindan hayratga soldi.
She’r-dostonlarni birinchi yil yozayotganim yo‘q, lekin ilgari hech qachon keng kitobxonlar ommasi ijodimga bunchalar e’tibor berganini ko‘rmagandim. Doston turli yoshdagi, turli millat kishilari, turli kasbdagi, hatto o‘zlari maktublarida iqror bo‘lishicha ilgari she’r o‘qimagan, avval mening nomimni eshitmaganlar o‘rtasida ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Ha, “Do‘stlarni asrang”, “Sevgi haqida kitob”, “Mening Dog‘istonim” asarlarim, “Turnalar” qo‘shig‘im mashhur bo‘lganda ham kitobxonlardan bu qadar ko‘p maktub olmagandim. Shu bois ularning qiziqishi sababini bir qadar tushundim. O‘zim esa “Onalarni asrang” dostoniga kamtarin ijod yo‘limning navbatdagi bir bosqichi sifatida qarayman.
1953 yilda adabiyot gazetasida “Otam bilan suhbat” dostoni chop etilgandi. Meni shoir otam – ustozim vafoti larzaga solgandi. Avval she’r, keyin doston yozdim. Qaysidir ma’noda bu doston ijodimning navbatdagi bosqichi, shu bilan birga ijodimda deyarli dasturiy asar bo‘lgandi. Nega “deyarli dasturiy asar” dedim, chunki men bu dasturga ko‘pincha amal qila olmadim. Nizom va dasturlar hamma vaqt qalb hayajoni, kayfiyati va iztiroblariga mos tushavermas ekan. Ammo shu dostonimdan keyin menday yosh ijodkorga voyaga yetgan kishiga qaraganday qarashdi, menday ona tilda ijod qilib, boshqa tilda o‘ziga yo‘l izlayotgan she’r to‘quvchini siylov tariqasida shoir deb atay boshlashdi.
“Otam bilan suhbat” dostonimni o‘qib chiqqan Aleksandr Fadeev menga shunday maktub yozgandi: “Bu dostonning muvaffaqiyati shundaki, unda bizning she’riyatimiz manbalariga oid katta fikrlar chinakamiga she’rda ifoda etilgan. Siz bu dostoningizda otangizning tirik ruhi bilan suhbatlasha olgansiz”. Doston haqida Samad Vurg‘un ham o‘z fikrini bildirdi, taqriz, tahliliy, tanqidiy maqolalar yozishdi. Uni qayta-qayta nashr qilishdi. Ammo u doston “Onalarni asrang” dostoni kabi o‘quvchilar o‘rtasida shunday katta qiziqish bilan o‘qilmagandi, bu qadar ko‘p maktublar olmagandim.
Ko‘pchilik mendan bu doston chop etilgan jurnalni topishda yordam berishimni so‘rashadi. Radio qo‘mitasi dostonga bag‘ishlangan eshittirishni takrorlash so‘ralgan maktublar oldi. Huzurimga savollar bilan qancha yosh adabiyotshunoslar va “adabiyotxo‘rlar” kelishdi. “Onalarni asrang” dostoni e’lon qilingandan keyin mening hamyurtlarim – ota-onasi halok bo‘lib yetim qolgan qancha farzandlar eshigimni qoqishdi. O‘quvchilar bu dostonimni adabiy voqea sifatida emas, hayotiy voqea sifatida qabul qilishdi. Men juda hurmat qiladigan Viktor Shklovskiy ta’biri bilan aytganda, dostondagi voqelik hayot haqiqatining ifodasi emas, balki hayot haqiqatining o‘zidir.
O‘zim bu doston haqida o‘ylaganimda, unda ilgari boshlagan g‘oyalarimni davom ettirdim va ayrim qiyomiga yetmagan jihatlarini to‘ldirdim deb o‘ylayman. Albatta, bu doston ilgari yozganlarimning takrori yoki davomi deganim emas. Doston qo‘lyozmasi Dog‘iston Yozuvchilar uyushmasining avar adabiyoti bo‘limida muhokama qilinganda ko‘pchilik uning shakli va uslubiga e’tiroz bildirdi. So‘zma-so‘z tarjimasini uzoq yillardan beri she’rlarimni tarjima qilib kelayotgan Yakov Kozlovskiyga berdim. U qo‘lyozmani qaytarar ekan, dostonning adabiy qurilishi bo‘sh ekanligini aytdi. Tarjimon ko‘pdan bunday uzun dostonlarga qo‘l urmayotganini, hozir o‘zining she’rlarini tartiblash bilan mashg‘ul ekanini qo‘shimcha qildi. Shunda men dostonni ham shoira, ham David Qug‘ultinov she’rlarining mohir tarjimoni sifatida hurmat qiladigan Yuliya Neymanga ko‘rsatdim. U doston yoqqanini aytdi va tezda tarjimasini tugalladi.
Dostonni nufuzli jurnalga olib bordim. Bosh muharriri meni xafa qilib qo‘ymaslik uchun tarjimadan qoniqmaganini ro‘kach qildi. Boshqa jurnalda dostonning hajmi kattaligini, undan parcha berish mumkinligini aytishdi. Men yana uchinchi urinishni amalga oshirdim – dostonni ilgari mening asarlarimni chop etmagan “Znamya” jurnaliga berdim. Ularga doston yoqdi va tez orada deyarli to‘laligicha chop etishdi.
Ha, doston dunyo yuzini ko‘rish uchun oson yo‘lni bosib o‘tmadi. O‘zim ham dostonni osongina yozgan emasman. Dostonni yozar ekanman, tez-tez otamning so‘zlarini yodga oldim. “Ijodkorning mahorati shundaki, – der edim otam, – hamma bilgan voqealarni muxtasar ifodalaydi, ko‘pchilik bilmagan voqealarni batafsil bayon qiladi. Bu murakkab va ijodkorlik talab qiladigan qiyin ish”.
Otam tog‘liklar orasida taniqli kishi edi. U ellik yildan ortiq vaqt davomida “O‘zi va zamoni” haqida yozdi, shu tariqa o‘ziga keng yo‘l ochdi. Ta’kidlashim kerak, otam haqida juda ko‘p yozishgan. Onam esa ovuldan nariga chiqmagan, oddiy, mehribon tog‘lik ayol edi. U yozishni bilmasdi, demakki, o‘zi haqida hech narsa yozmagan, onam haqida ham hech kim hech narsa yozmagandi. Lekin otam har doim onamdan minnatdor bo‘lardi. Hatto shuhrat cho‘qqisida bo‘lgan paytida tavallud to‘yini nishonlayotganda onamga hurmatini izhor etish maqsadida “Xotinimning shikoyati” deb nomlangan she’r ham yozgandi.
…Shuhrat cho‘qqisida turibdi mag‘rur,
U bilan faxrlanar har bitta yurtdosh.
Ammo bo‘larmidi shunchalar mashhur,
Agar men yonida bo‘lmasam yo‘ldosh.
Ijod qilish uchun chog‘langan zamon,
Darhol tutar edim xoma, siyohdon.
So‘ng jimlik saqlay deb uyning ichida,
Hattoki yurardim oyoq uchida.
Bugun to‘yi, tongdan tinmaydi yo‘qlov,
Tabrikka kelganning keti uzilmas.
Men ham yosh emasman va lekin birrov
Tabriklash hech kimning esiga kelmas.
Ha, onamni tabriklash hech kimning esiga kelmasdi. U doim hammadan chetda, yuzlab oddiy tog‘lik ayollar kabi oshxonada kuymanardi. Axir, uning qiladigan ishlari, tashvishlari ko‘p edi. Onam tog‘lar kuychisi, mashhur kishining umr yo‘ldoshi edi, uning xonadoni uzoq-yaqindagi ovul va shaharlardan kelgan mehmonlar bilan doim to‘la bo‘lardi. To‘rtta o‘g‘li voyaga yetgan sayin ularning ham o‘qishdagi, ishdagi do‘stlari mehmonga kela boshlashdi. Shu tariqa keksaygan, xastalangan onamning kundalik tashvishlari yil sayin oshib bordi. Lekin hech qachon u bundan shikoyat qilmasdi. Bir kuni uyimizga bir guruh do‘stlarim kelib, tunab qolishdi. Otam shunda: “Onangni ayasang bo‘lardi”, dedi. Tasodifan bu gapni eshitib qolgan onam otamdan ranjidi.
Onam Ikkinchi jahon urushida ikki o‘g‘lidan – mening ikki akamdan ayrildi, tunu kun xasta yotgan otam yonida parvona bo‘ldi… Otam ko‘z yumar ekan, menga vasiyat qildi: “Onangni asra”. Men bu mavzuda she’r yozdim. Onam vafot etganda, iztirob bilan doston yozishga kirishdim. Takrorlayman: dostonni uzoq va qiynalib yozdim. Onamning hayotida esda qoladigan voqea yuz bermagandi. Ammo ona bari bir ona, men uning o‘g‘liman va onam oldida hamisha o‘zimni qarzdor hisoblayman. Men onamning qabrtoshiga she’riy gulchambar qo‘yishim kerak edi. Bu haqda Sergey Yesenin shunday yozgandi: “Odam tashqi ta’sir va ichki sezgisidan hosil bo‘lgan hayajonni boshqalarga so‘z, tovush va harakati bilan yetkazadi”. Iztiroblar ko‘z oldimda onam timsolini gavdalantirdi, avvaliga u mening ichki va shaxsiy tuyg‘um edi. Endi u tashqariga chiqdi va hammaga tegishli bo‘ldi.
Men onam haqida, uning lahzalik quvonchlari va boshiga tushgan og‘ir musibatlari, qisqa yoshligi va erta sochi oqargani to‘g‘risida yozdim. Men uning motam kunlari ko‘k-qora rangga bo‘yalgan ro‘moli to‘g‘risida yozdim. Keyin onalarning allalari haqida, ularning beshikdan qabrgacha aytgan qo‘shiqlari to‘g‘risida yozdim. Kim onasi aytgan allani unutsa, ona tilini ham unutadi, – der edi otam. O‘zim esa dunyodagi uchta qo‘shiq haqida ko‘p gapirganman.
Odamzod yaratgan uchta qo‘shiq bor,
Ularda jo shodlik va g‘amli palla.
Ular bir-birini qilishmas takror,
Birinchisi – ona kuylagan alla!
Ikkinchisini ham onalar aytar,
O‘g‘lin so‘nggi yo‘lga kuzatgan paytlar,
Uning fig‘onidan titrar bo‘shliqlar…
Uchinchisi – qolgan barcha qo‘shiqlar.
Men to‘qqizta tosh haqida yozdim, onam ularga qarab kelajagim haqida so‘zlardi. Har bir toshga nom qo‘ygandi: mehr, shodlik, ishonch, umid, tashvish, xavf va hokazo. Keyin onalarni yodlab bong uruvchi qo‘ng‘iroqlar haqida yozdim. Men onamning vafot etgani to‘g‘risidagi xabarni Xirosimada bo‘lgan paytimda eshitdim. Shu bois judolik juda og‘ir botdi, iztirobga soldi va shunday damda uzoqda ekanligim alam qildi. Ilgari onam mening boshimda alla, qo‘shiqlar aytardi. Endi men onamga she’rlar o‘qiyapman, ammo ularni onam eshitmaydi.
Onalar o‘g‘lini tuproqqa bersa,
Bag‘rini o‘rtaydi farzandi dog‘i.
Onasi qabrining poyida tursa,
O‘g‘ilni bo‘zlatar vijdon qiynog‘i.
Ha, onam o‘ziga bag‘ishlab yozilgan kechikkan she’rlarimni eshitmaydi. Yuzlab maktublar orasida yuqori tashkilotga jo‘natilgan bitta zaharxanda arznoma ham bor edi. Uni kitobxon emas, o‘z yurtdoshim, yozuvchi “katta akam” yozgandi. U sira tushuna olmabdi: shunday ulug‘vor ishlar amalga oshirilayotgan zamonda qanday qilib o‘z onasi haqida yozish mumkin, o‘zi onasi xalq va Vatan oldida qanday xizmatlar ko‘rsatgan va hokazo.
Dunyoda xizmat ko‘rsatgan va xizmat ko‘rsatmagan, yaxshi va yomon odamlar bor, lekin dunyoda xizmat ko‘rsatmagan ona yo‘q va ular hamisha farzandlari uchun yaxshi, muqaddas. Hikmatda ta’kidlanganday: “Ayollar ko‘p, ona yagona”. Bu haqda to‘xtalishga hojat yo‘q, qaysiki, bu haqda o‘quvchilar o‘z maktublarida yozishyapti. Ular asarning adabiy qurilishi, mavzui, mundarijasi, shakli, uslubi, tili, badiiy timsollari haqida emas, o‘qigandan keyin olgan taassurotlari, doston uyg‘otgan his-tuyg‘ular to‘g‘risida yozishyapti. Ular o‘zining onasi va yaqinlarining onalari to‘g‘risida yozishyapti va mening onalar haqidagi fikrlarimni davom ettirishyapti. Yashirmayman, ayrim maktublarni o‘qiganda ular dostonni o‘qiganda hayajonlangandan kam hayajonlanmadim. Ha, “onadan boshqa ona yo‘q”, uning timsoli barchamizni birlashtiradi.
Matbuotimiz ota va o‘g‘illar to‘g‘risida ko‘p yozishadi, lekin ular o‘rtasidagi munosabat muammosiga kam to‘xtalishadi. Onalar va bolalar to‘g‘risida esa kam yozilgan, demakki, ular o‘rtasidagi munosabatlar muammosi qalamga olinmagan. Go‘yo bunga hojat yo‘qday, lekin Nekrasov ochiq-oydin shunday ta’kidlaydi:
Bu dunyoda ko‘pdir soxta mehribon,
Soxta mulozamat va soxta yo‘ldosh.
Va lekin bildimki, ona hech qachon
Behuda to‘kmaydi ko‘zlaridan yosh.
Bu muammo hali hanuz uchraydi, hali uning yechimi topilmagan. Bu haqda kitobxonlar yozishmoqda, shu bois men asar haqida emas, ana shu masalaga to‘xtalmoqchiman. Bu masalani o‘zim ko‘tarayotganim yo‘q, uni kitobxonlar oldimga qo‘ymoqda, men ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qalamga oldim. Men faqat o‘z onam haqida emas, jahondagi mehribonlik timsoli bo‘lgan onalarning har biri va hammasi haqida fikr yuritmoqchiman, toki hech kim onasi tirikligida befarq yoki e’tiborsiz bo‘lib, keyin vijdon azobida qiynalib, uning qabriga mung‘ayib boqmasin.
Maktublar har xil. Ularning mazmuni dostonimni to‘ldiradi va voqealarni mantiqan davom ettiradi. Kelgan maktublarni shartli ravishda uch guruhga bo‘lish mumkin. Birinchisi – dostondan olgan taassurotlar haqidagi maktublar. Ikkinchisi – ona va bolalar chekayotgan iztiroblar, ularning dil nolalari, shikoyatlari. Uchinchisi – o‘quvchilarning atrofdagi ota-bolalar munosabatlariga bildirgan qat’iy fikrlari.
Bu uch guruh maktublardan alohida-alohida uchta kitob qilsa bo‘ladi: taassurotlar kitobi, shikoyatlar kitobi va taklif-istaklar kitobi. Ular qiziq, shu bilan birga ibrat olsa bo‘ladigan hayotiy haqiqatlar.
Ona va bolalarning yurakni hayajonga soluvchi bu maktublarini o‘z vaqtida dostonimni tarjima qilmasdan qaytib bergan Yakov Kozlovskiyga ko‘rsatdim. U maktublarni ko‘zdan kechirar ekan: “Bu mavzu uchun”, dedi. Men-ku bilaman, kamtarlik odamni bezaydi, lekin haqiqat baribir afzal. Xanjar kimning qo‘lida ekanligiga qarab yo odamni o‘limdan qutqaradi, yo o‘ldiradi. Mavzu ham shunday, unga qanday yondashishga bog‘liq. Bundan tashqari o‘zingni dunyoga keltirgan onangni mavzu deb atash yaxshi emas. Chunki ona mehr-muhabbat ko‘rsatish kerak bo‘lgan ulug‘ zot, katta taqdir egasi, ilhom manbai. Birgina “Ona” degan so‘zni eshitishimiz bilan sergak tortamiz, qalbimizga nur va mehr inadi.
Ruslar “mama” deydi, gurjilar “nana”,
Avarlar muloyim “baba” deyishar…
Men Valentina Tereshkova koinot parvozidan qaytib kelgandan keyin uning ishtirokida o‘tgan bir matbuot anjumanini ko‘p eslayman. Uzoq savol-javob bo‘ldi, shunda xorijlik jurnalist kutilmagan savol berdi: Siz uchun eng qadrli inson kim? Valentina juda qisqa, aniq va go‘zal so‘zda javob berdi – Mama (Ona). Barcha uning javobi to‘g‘riligini tasdiqlash maqsadida tin oldi. O‘sha kezda men Valentinaning koinotdagi qahramonona parvozidan ko‘ra shunday javob berganidan ko‘proq xursand bo‘ldim.
Tog‘lik erkak sevgan ayolining aytgan barcha shartlarini so‘zsiz bajaradi, faqat onasini unutishni so‘rasa, buni bajarishni o‘ziga isnod deb biladi. Bolalarini Vatanga, xalqqa meros qoldirib, qancha onalar hayotdan ko‘z yumishdi.
Odamlar har xil bo‘ladi: yaxshi va yomon, kuchli va kuchsiz, halol va hokazo. Qo‘shiqlar ham har xil. Lekin hamisha onalar go‘zal, ular kuylagan allalar go‘zal. Yomon kimsa haqida gap ketganda, unga onasi beshigi uzra alla aytmagan, deb qo‘yishadi. Shunday bir voqea esimda, tog‘liklar bir qo‘shiqchi oldiga kelib, undan biror narsa kuylab berishini so‘rashadi. Qo‘shiqchi bugun kuylolmasligini aytadi, shunda tog‘liklar undan nimanidir so‘zlab berishini iltimos qilishadi. O‘yga cho‘mgan qo‘shiqchi birdan ularga deydi: “Yaxshisi, men sizlarga onam haqida kuylayman”. Albatta, bu unutilmas taassurot qoldirdi.
Men bevaqt vafot etgan yosh shoir Rajabov haqida yozganman. U juda yosh va kasal edi, katta asarlar yaratishga ulgurmadi. Lekin u qancha kasal bo‘lmasin, qancha kasalxonada yotmasin, onalar haqida shunday bir qo‘shiq yaratdi. Bu qo‘shiqni tinglagan minglab onalar va bolalar unga salomatlik tilash uchun kasalxonaga kelishdi. O‘zim ham uni ko‘rish uchun bir necha bor borganman. Agar odamlar mehri kasallikni tuzatishga qodir bo‘lsaydi, albatta u sog‘ayib ketardi. Ona – eng yaxshi tabib, lekin u ham farzandini saqlab qola olmadi.
Shuning uchun ona zarur jihatlarini o‘rganish bilan cheklanadigan asar mavzusi emas. Ona – bu fikru xayolda yashaydigan, uning quvonch-tashvishlariga sherik bo‘ladigan, hamisha mehru muhabbat ko‘rsatadigan ulug‘ zot. Bu buyuk tuyg‘u haqida Nekrasov shunday yozgandi:
Ona – buyuk tuyg‘u, qalbning maxzani,
To tirik ekanmiz – dilda saqlaymiz.
Sevamiz otani, singil, zavjani,
G‘amli kun onani ma’yus yo‘qlaymiz.
Ha, bu buyuk tuyg‘u to‘g‘risida o‘quvchilar o‘z maktublarida yozishmoqda. Ular onalar oldidagi qarzni uzib bo‘lmasligini takror-takror eslashmoqda, ajoyib o‘g‘illarni tarbiya qilgan onalar, o‘zgalarning bolalarini asrab olib, onalik mehrini bergan mehridaryo ayollar haqida hikoya qilishmoqda, onalarning ruhi o‘zlarini hamisha qo‘llab-quvvatlab kelayotgani to‘g‘risida fikrlarini bildirishmoqda. Ko‘pchilik o‘z onalari haqida yozishib, tug‘ilgan kuniga dostonimdan jo‘natishimni so‘rashadi. Yolg‘iz o‘g‘li halok bo‘lgan ona, barcha o‘g‘illaridan ayrilgan onalar… Va lekin ular hamon umid bilan o‘g‘illarini kutishayotgani to‘g‘risida yozishgan. Onalaridan ayrilgan o‘g‘illar to‘g‘risida ham maktublar bor. Maktublarda onasi xotirasi oldida xijolatda ekanini, vijdon azobida qiynalayotganini, onasi tirik vaqtida farzandlik burchini bajarmagani to‘g‘risida yozilgan armonlar ham bor. Onasi so‘nggi kunida yonida bo‘lmagan farzandlarning o‘kinch-nadomatga to‘la maktublarini ham o‘qidim. Shu o‘rinda Aleksandr Tvardovskiyning she’rini eslayman:
Ajal yo‘qlab kelmasdan burun,
Onalarga aytamiz vido –
O‘zimiz-ku hali o‘spirin,
Hali eshik ochmagan dunyo.
O‘g‘li uchun holbuki shu vaqt
Paypoq to‘qir mehribon qo‘llar.
O‘g‘li esa bo‘lar betoqat,
Go‘yo uni kutmoqda yo‘llar.
Boshga beshak tushadi firoq,
Va lekin bu bo‘lar keyinroq…
Turli o‘lkalardan onalarga bo‘lgan mehr, onalarning farzandlariga bo‘lgan mehri to‘g‘risida yuzlab maktublar oldim va men so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan bu mehr odamlarni birlashtirishini chuqurroq anglab yetdim. Shu bois bu mavzu qanchalik shaxsiy bo‘lmasin va qaysi tilda yozilmasin, umuminsoniyatga tegishli bo‘lar ekan. Barcha onalar bitta millatga mansub va ular birday yuksak hurmatga loyiq. Bu maktublar – onasi barhayotlarning quvonchlari va onasi vafot etganlarning cheksiz qayg‘usi.
Ikkinchi guruh maktublarni iztirob chekmasdan o‘qish mumkin emas, chunki ular onalarning ko‘z yoshlariga befarq qaraydigan kimsalar haqida. Afsuski, bunday kimsalar oramizda oz emas. Bu maktublar unutilgan va o‘z holiga tashlab qo‘yilgan onalarning qalb nidolariga, qayg‘ulariga to‘la. Mushfiq ona bir qancha o‘g‘ilni voyaga yetkazdi, ular esa mamlakatning turli burchaklarida istiqomat qilishadi. Ammo hech qaysisi onasi holidan xabar olmaydi, maktub ham yozmaydi, moddiy yordam berish haqida esa o‘ylab ham ko‘rmaydi. Onalar esa ularni kutmoqda… Farzandlari tomonidan unutilgan ona sira farzandlarini unuta olmaydi, bunday xususiyat tabiat tomonidan ularga berilmagan.
Bir ona o‘g‘lini kuta-kuta chiday olmay, oxir o‘zi shaharga boribdi. Ammo u yerda keksa kampirni mamnuniyat bilan kutib olishmabdi, ona kechayu kunduz ko‘z yosh to‘kibdi. O‘zi dunyoga keltirgan o‘g‘li begonalardan battar muomala qilibdi, shahardagi xonadoni ona uchun zindon bo‘libdi. Ona bechora qaysi yuz bilan qishlog‘iga qaytadi, o‘g‘li haqida odamlarga nima deydi? Onaning og‘ir ahvolidan xabar topgan qo‘shnilar uni qaramog‘iga olishibdi. Baribir ona ona-da, qishlog‘iga bu yerda baxtiyor yashayotgani, juda yaxshi o‘g‘il o‘stirgani to‘g‘risida maktublar yoza boshlabdi.
Menga o‘g‘li nomidan o‘ziga maktub yozib, ularni qo‘shnilariga maqtanib ko‘rsatib yuradigan onalar to‘g‘risida ham yozishgan. O‘g‘li esa onasini, uning dunyoda borligini batamom unutgan.
Keksayish, keksalik – quvonadigan hodisa emas. Afsuski, shunday bolalar borki, o‘zlarining qiliqlari bilan ming tashvishda yurgan, keksaygan onasini iztirobga soladi. Davlat bergan imtiyozlardan foydalanib, onalarini oylab shifoxonalarda, sihatgohlarda saqlashadi. Albatta, ularning sog‘ligini tiklash uchun emas, ko‘zdan nari qilish uchun. Bunday o‘g‘il va qizlar o‘zlariga hayot bag‘ishlagan onalariga og‘ir yukka, keraksiz buyumga qaraganday qarashadi. Ular haqida yozilgan maktublarda qalb nidosi va azobi, hayronlik va duoibad, mehru muhabbat va haqiqatning qaror topishi kerakligi to‘g‘risida fikrlar aytilgan. Ayrimlar bu masalani ijtimoiy muammo deyishadi, shaxsan men buni odam degan yuksak maqomga ega zot uchun isnod deb hisoblayman.
Uchinchi guruh maktublarda taklif-istaklar bitilgan, biz ular haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Biz bolalarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalaymiz. Ammo biz onaparvarlik haqida kam yozamiz, yozganlarimiz esa yuzaki. Go‘yo bu tuyg‘u farzandlarda o‘z-o‘zidan paydo bo‘laveradi. Va lekin kimki onasini unutsa, u kimsa Vatanga ham hech ikkilanmay xiyonat qilishi mumkin.
Shubhasiz, dunyoda farzandi boshida alla aytmagan ona yo‘q. Ammo onasiga she’r bag‘ishlamagan shoirlar bor. Ular onasi dunyodan ko‘z yumgandan keyin marsiya bag‘ishlaydi. Boshqalari azobli kunlardagina onalarini esga olishadi. Nekrasovgacha bo‘lgan rus she’riyatida onalar haqida yozilgan she’rlarni uchratish qiyin. Avar mumtoz she’riyatida ham onalar haqidagi biron misra topmadim. Boshqa xalqlarda ham ahvol shu. Buning sababi bitta deb o‘ylayman. Men uni o‘zimning avarlik salaflarimga bag‘ishlab yozgan she’rimda ifodalashga harakat qildim.
Mahmud, Eldarilav, aziz otajon,
She’rlaringiz o‘qib bo‘laman hayron.
Ular hikmatlarga bo‘lsa ham to‘liq,
Nega ona haqda biror-bir so‘z yo‘q.
Mahmud der: sen uni ko‘rsang bir bora,
Bunday savol bermas eding hech qachon.
Ishq o‘qi yuragim etganda pora,
Onam ko‘z oldimda bo‘ldi namoyon.
Eldarilav gapni ettirar davom,
Ta’riflash qiyindir bundayin damni.
Men ham Mesedoni ko‘rgach bo‘ldim rom,
Unutdim olamni, hatto onamni.
Lekin Choxdagi to‘y yodimda hamon,
Zaharli qadahni bilmay ichgan on,
Onamni esladim, chiqar chog‘da jon
Onam ko‘z oldimda bo‘ldi namoyon.
– Otajon, Dog‘iston qo‘ynida yashab,
Nega bitmagansiz onaga ash’or?
– Onam meni erta ketgandi tashlab,
Na yuzin, na mehrin eslolmam zinhor…
Pushkin ham, Lermontov ham onasi mehrini his qilishmagan: ularni onalari dunyoga keltirgan, xolos. Shu bois Pushkin onasi haqida emas, enagasi to‘g‘risida mashhur she’r yozgan… Albatta, rus adabiyotida onalarga bag‘ishlangan ajoyib asarlar bor. Nekrasov, Blok, Yesenin, Tvardovskiy va boshqa shoirlar bu mavzuda onalarning badiiy timsollarini yaratishgan. Onalar haqidagi qo‘shiqni hozirgi zamon shoirlari ham kuylashyapti. Menimcha, bunday she’r va dostonlarni to‘plab, kitob holida chop etsa ayni muddao bo‘lardi.
Dunyo kezib ko‘plab bayramlarda qatnashganman. Meni ular orasida Kubada nishonlangan onalar bayrami, onalar kuni juda hayajonga soldi. Gavanadan Santyago shahriga borishim kerak edi. Ertalab shofyor kelib, yo‘lda albatta onasi huzurida 2-3 soat bo‘lishi kerakligini aytdi: “Bugun onalar kuni”. Ular serfarzand oila ekan. Barcha farzandlari onasi huzuriga tabriklash va minnatdorlik bildirish uchun kelishdi. Xuddi shunday butun mamlakatda farzandlar onalari huzurida to‘planishdi. Boshqalari onalari qabrtoshi ustiga gul qo‘yish uchun borishdi.
Bizda xotin-qizlar bayrami bor, bolalar yilini ham nishonladik, shuningdek, shaxtyorlar, baliqchilar va boshqa kasb egalarining kuni bor. Bu albatta yaxshi. Agar biz ota-onalar kuni deyilgan yana bir ezgu bayramni nishonlasak yaxshi bo‘lardi.
O‘quvchilar maktublarini o‘qib, ulardan olgan taassurotlarim asosida yozgan maqolamni bir she’rim bilan yakunlashni istayman.
Xanjarlar sopiga yozing, odamlar,
Farzandlar ismini, shunda qay kuni
Jizzakilik qilib tutsangiz xanjar,
Ular esga solar buyuk tuyg‘uni.
Miltiqlar ustiga chizing, odamlar,
Onalar rasmini, shunda qay kuni
Kimdir o‘q uzishga chog‘lansa agar,
Munis surat yo‘ldan qaytarar uni.
Rus tilidan Asror Mo‘min tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 8-son