Rafiq Xolid Qoray. Bo‘z eshak (hikoya)

Daryodan suv tashiyotgan bolalar tog‘ yo‘lida bir keksa kishining yotgani haqidagi xabarni keltirishdi. Bir bo‘z eshak ham o‘sha yerlarda o‘tlab yurardi. Buni eshitgan Husman xo‘ja:
– Qani, borib ko‘raylik-chi. O‘zi nima gap ekan? – dedi.
Shomga yaqin qolgandi. Ikki soy birlashgan bu botqoqli chuqur maydonga sholilardan ko‘tarilgan badbo‘y, og‘ir bir tuman yoyilgan; gavdalari yorilgan, yongan, besh-o‘n tup keksa, jonsiz tol ortida quyosh xira nur taratib, ariqlardagi turib qolgan suvlarda akslanardi. Bu yorug‘ parchalar kul rangidagi rutubatli tekislik o‘rtasida bulutli bir ko‘kning yoriqlariga o‘xshar; asta-sekin xiralashib, so‘nib, yopilib borardi.
Uch qishloqdosh uzun, jarliklarga yondosh so‘qmoq bo‘ylab, bir-birining ortidan og‘ir-og‘ir qadamlar bilan ketib borardi. Ulardan biri xuddi kasal otga o‘xshab, tinimsiz yo‘talardi.
Dastlab, bo‘shalib yurgan eshakni ko‘rishdi. Daraning qoq o‘rtasida chang-tuproqli bir yer topib, rosa tepingan shekilli, yotib, ag‘anab, miriqqan ko‘rinadi, yonboshlab yotar, botib borayotgan quyoshni loqayd bir holda kuzatardi.
Atrofni ko‘zdan kechirib chiqqan Xo‘ja:
– He-ey, qayerdasan, yo‘lovchi-i?! – deya baqirdi. Nariroqda sirtini quruq axlatga belagancha, keksa, majolsiz bir kishi tez-tez xirillab nafas olar, yonidagilarga nursiz xira ko‘zlari bilan boqar, qo‘llari bilan ko‘ksini ko‘rsatib, nimagadir ishora qilardi.
– Amaki, sizga nima bo‘ldi?
– Qayeringiz og‘riyapti? – singari savollarga tovushdan ko‘ra ko‘proq nafasga, xirrillashga o‘xshagan past ovozda tushunarsiz javoblar yo‘llardi.
Qishloqliklar «o‘ladi» degan o‘yda uning yoniga cho‘kkalashgancha kutib o‘tirishardi. Ammo bemorning ahvoli yaxshilanib, jonlana boshladi. Naqshinkor sariq sallali, siyohrang jubbali, faqir ko‘rinishli bir keksa kishi edi u. Dag‘al, o‘siq soqol qoplagan chehrasining ochiq qismi, yalanglikda quyosh taftidan qovrilgan, burushiq va ajinlar ichida qolgandi.
Salqigan, shishgan qovoqlarining ostida och moviy va kichik ko‘zlari bor ediki, kishiga xuddi bolalardek tik boqardi. Sekin-sekin bu chehraga rang, ko‘zlarga nur ina boshladi. Ayni damda ust-boshi axlatga qorishgan holda horg‘in tovushda bir nimalar der, olisdan kelayotganini, yana uzoqqa ketajagini tushuntirmoqchi bo‘lardi.
Husman Xo‘janing «Xonaga olib boring, yotib, o‘ziga kelsin!» degan taklifiga binoan yordamlashib, uni eshakka mindirishdi. Uni ikki tarafidan suyab, yiqilib tushishiga yo‘l qo‘ymaslikka urinishar, tosh-tuproqlarni ko‘chirishib, ming bir mashaqqat bilan pastlikka og‘ib borishardi.
Quyosh botib ketganidan ariqlardagi suvlar endi uning aksidan porlamay qo‘ygandi. Atrofni o‘rab turgan tik, qirrali tog‘lar tuman va bulut o‘ralgan ulkan boshlarini bir-birlariga suyab, uyquga ketganiga ham ancha bo‘ldi. Qishloq qoyalarning qavat-qavat soyalariga ko‘milib, na derazalaridan nur, na yo‘llarida bir sas taratmasdan, jimjit qorong‘ulik ichra ularni kutardi.
Qishloqqa kirib kelishgach, ularning shovqinlarini eshitib, darichalardan yakkam-dukkam boshlar ko‘rindi. Og‘ilxonalarda sigirlar mo‘radi. Husman baqirgancha:
– Ho-oy! Qayoqdasizlar? Chiqsalaring-chi, mehmon keldi! – deya xabar berishga tushdi. Shunda qo‘lida chiroq ko‘targan oqish bo‘z to‘n kiygan bir qancha kishilar har tarafdan chiqishib, tuman va nurdan hosil bo‘lgan murakkab bir gardish ichra qorong‘u burchaklarga oydinlik taratib, shosha-pisha mehmonxonaga qarab kela boshladi.
Bu yer eng yaqin shaharchaga ikki kunlik masofa olisda bo‘lib, Onado‘lining yalang, yo‘lsiz, vayrona bir qishlog‘i edi. Bir viloyatdan boshqasiga boradigan ulovsiz yo‘lovchilar, ba’zan havo nihoyatda quruq kelib, Qizilirmoqdan o‘tish mumkin bo‘lgan paytda katta aylanma yo‘lni qo‘yib, qirqma yo‘ldan ushbu qishloq orqali ikki kunlik yo‘l yurishardi. Mana shu vasila bilan besh-o‘nta kambag‘al ushbu qayg‘uli pallada horib-charchab kelib, darichalarni urar edi. Shunda oqsoqol Husman qishloqdagilardan mehmonni qabul qilish kimning gali bo‘lsa, unga xabar yuborib, o‘zi ham o‘chog‘ida qishin-yozin so‘nmasdan tutantiriq to‘nkasi yonib turadigan mehmonxonasiga yo‘lovchini joylashtirardi. Dunyo ahvolini qishloq ahli shu kelib-ketuvchi qo‘noqlarning keltirgan yangiliklari, gohida yolg‘on-yoshiq xabarlari orqali bilib olardi.
Xasta ancha sokinlashgandi.
– Yurak… mana shunday har-har zamon ushlab turadi… – dedi u xirillabgina.
Qishloqliklardan biri o‘choqqa qozon osdi. Chiroqlarning nuri urib, ichidagi narsa xuddi sovun ko‘pigiga o‘xshab, rangorang holda tosha boshladi. Qozonni tushirib, ichidagidan qariyaga bir kosada quyib berishdi. U sovutib-sovutib, zavq bilan ichardi. Sutni ichib tugatishi hamono uni qattiq hiqichoq tutdi. Hiqichoq azbaroyi qattiq turganidan butun vujudini qamrab olgandi. Qariya har hiqillaganda bir bor «Alhamdulillah!» deb qo‘yardi. Qishloqdagilar uning ro‘parasida chordona qurib o‘tirgancha suhbatlashishga fursat poylashardi. Yoshlar eshik oldida oyoqda tik turgancha tizilishgan, uyqu bosgan ko‘zlari kichraygan, bu sokin, xasta mehmonga qarab, hech bir narsa anglayolmay halak edilar.
Hiqichoq to‘xtay demas, aksincha, tezlashib, kuchayib borardi. Xasta shunda qo‘llari bilan «Menga yaqinroq kelinglar» degandek ishora qildi. Husman oldinda, qolgan qariyalar uning ortidan mehmonning atrofini o‘rab olishdi. Yoshlar xavotir ichra, faqat yaqin borishga jur’at qilolmay eshik ostida turishardi. Yo‘lovchi qiynalib nimanidir tushuntirardi, chamasi. Balki vasiyat qilayotgandir? Husmanning bo‘lsa qayta-qayta:
– Tashvishlanmang! Ko‘nglingiz xotirjam bo‘lsin, biz albatta bajaramiz! – degani eshitilardi. Birdan qariyalar yerga, ko‘rpachaga egilishdi. So‘ng esa sukut ichra oyoqqa turishdi.
Husman:
– U Haqqa qovushdi!.. – deya pichirladi. Shunda o‘choqdagi o‘tinlardan biri «lov» etib, bir shiddatli yorug‘lik bilan o‘likning yuzini yoritdi-da, o‘chib qoldi. Tashqarida bo‘lsa, bir sigir uzun-uzun mo‘radi.
Yo‘lovchi oxirgi orzusini anglatishga ulgurgan edi: kamarida terilgan sakkizta oltin tanga bilan o‘zi minib kelgan markab — bo‘z eshagini Hijozga vaqf qilgandi (savob umidida qoldirgan edi).
Qabristondan qaytgan qishloq ahli qo‘llarida qolgan bu liralar bilan eshakni nima qilishni, ushbu vasiyatni qanday qilib ado etishlarini bilmay, ochiq osmon ostida yig‘ilishib, uzoq-uzoq bahslashishardi. Nihoyat, bir bora borib, hokim bilan maslahatlashishga qaror qilishdi. Hafta o‘rtasida Husman ushbu markabni yoniga olib, yo‘lga chiqmoqchi edi.
Jonivor qishloqliklar nazarida alohida e’tiborga loyiqdek edi — oldiga mo‘l yem to‘kilar, makkajo‘xori poyalari yig‘ib olinardi. Bu diniy bir vazifa singari shikoyat qilinmasdan, og‘rinmasdan, hurmat bilan soatma-soat bajarilardi. Ular tez-tez esga olib:
– Bo‘z eshak sug‘orildimi? Arpasi berildimi? – deya bir-birlaridan so‘rab turishni kanda qilishmasdi.
Bir kuni Husman xo‘jani tongning olachalpak qorong‘uligi ichra hamma qishloqdoshlari birgalikda tegirmon oldiga qadar olib borishdi. Omonlik tilab kuzatishdi. Bo‘z eshak xo‘janing uloviga qo‘shib bog‘langan holda dumini o‘ynatib, mamnun kayfiyatda yuksiz holda ergashib borardi. Yangi tug‘ilgan quyoshning taram-taram simdek zarrin nurlari egarning ustiga qoplangan matoga tushib, ipakdek yaltiratardi.
Bu naqadar uzun, naqadar zerikarli bir yo‘l edi. Ko‘lmak suvlarni ichib pishqirib yetilgan guruch boshoqlari bilan ariqlar bo‘ylab ketgan qamishlarning yashilligi nishablik ortida ko‘rinmay qolgach, qup-quruq tekis tuproq ikki kun hech bir qishloqqa, hech bitta tegirmonga, hatto ikki nimjon qayrag‘och soya solgan biror suv boshiga ham uchramasdan izsiz sahrodek davom etib ketardi. So‘ngra tik qoyali balandlik, qo‘rqinchli bir tepalikdan oshib o‘tilar, tepasiga yaqinlashgan sayin salqin shabada bilan birga latif bir manzara boshlanardi. Xanjar sirtidek yaltiragan nafis sersuv darada yam-yashil behizoru olmazorlar bo‘lganidan ko‘zni yashnatardi. Telegraf simlarining ustunlari tizilgan oppoq tekis shosse buralib-buralib, nihoyat qayrilib, tog‘larga tirmashib ketardi.
Husman karvonsaroyda o‘tkazgan tunning ertasi, azonda hokimiyatga yo‘l oldi.
Kichikkina shaharchaning peshayvonli, minorali kazinoga o‘xshagan ulkan bir binosi bor edi. Lekin oxirigacha qurib bitkazilmagandi. Suvalmagan g‘ishtin devorlar har yer-har yeridan ko‘chib tushgan, o‘yiqlari qumrilarga uya bo‘lgandi. Yuqori qavat derazasiz, devorlari suvoqsiz bo‘lib, yog‘och tomlar bilan yopilgandi. Burchakda yaroqsiz bir ohak o‘chog‘i, biroz berida ishchilar ishlagan zamondan qolgan bir ayvon, ular borligida qanday bo‘lsa, haliyam shunday holatda edi. Bino yaxshigina xarobalashgan edi.
Kostyumsiz, qalpoqsiz bir jandarm leytenanti xo‘jadan nima masala bilan kelganini so‘radi. Xo‘ja eng boshidan; daryodan suv tashiyotgan bolalarning kelib, qanday xabar yetkazganidan boshladi. Hikoyasi hali yarmiga ham yetmasdan, qarshisidagi odam uzoqlashib, suvda suzayotgan o‘rdaklarga non bo‘laklab otar, burchakdagi shiypon ostida chilimini po‘rillatayotgan bir kishiga:
– Nima u, afandim? Saharmardondan yana kayfmi? – deya xitob qilishga tushdi.
Qozining ruxsat olib, ish bilan Istanbulga ketganini eshitgan Husman xo‘ja bir gal tuman hokimiga muddaosini anglatmoqchi bo‘ldi. Poyabzalini tashqarida, eshik ostida yechib, barmoqlari ko‘rinib turgan yirtiq paypoqli oyoqlari bilan ichkariga kirib, tortina-tortina, qo‘llarini qorni ustida bog‘lab, hikoyasini boshladi.
Hokim qimmatbaho matodan tikilgan kostyumini yelkasiga osiltirib tashlab olgan, mo‘ylovlari bo‘yalgan, tishlari to‘kilgan, miyang‘i bir odam edi. Gapni oxirigacha eshitishga sabri chidamasdan:
– Menga leytenantni chaqiring! – deya buyruq berdi.
Besh kundir, Husman xo‘ja oldiga kelgan, yo‘lida uchragan odam borki, hammasiga dardini aytib, shaharchada aylanib yurardi. Jandarm leytenanti bo‘lsa na bo‘z eshakni qabul qilib olar, na xo‘jani qo‘yib yuborardi. Nihoyat, uning ahvoliga achingan bir kishi topildi:
– Ayting, qishlog‘iga qaytib, ikki haftadan keyin kelsin! Ishni qoziga aytamiz! – dedi; aldadi.
Zotan, bu yerning qozisi taniqli, mashhur bo‘lib, uni Qovoq qozi deb atashardi. U hamma ishni hal qilar, har ko‘ndalang kelgan muammoga yechim topardi. Yelkasiga to‘q sariq libos ilib, qizil soyaboni bilan bozordan bir o‘tishi, ulkan gavdasini silkitib, bo‘lar-bo‘lmas narsaga bir kulishi bor ediki, bundan xalq hushdan ketay derdi.
Xo‘ja bu gal ham ayni yo‘llardan, ayni holatda yana bo‘z eshak bilan birga ortiga qaytdi. Husman xo‘janing ketma-ket qilgan safari hamda yaxshi boqilishi lozim bo‘lgan markab uchun katta pul sarflangan, oziq-ovqat tanqisligi tufayli bu xarajatlar hajmi anchaginani tashkil qilgan edi.
Majlis qurgan qishloq ahli bu qiyinchilik qarshisida: «Muborak yerga tegishli eshak. Uni boqish burchimiz!» deya shunda ham og‘rinishmadi. Husman ham charchaganidan shikoyat qilmas, Haq yo‘lida qilinayotgan xizmat unga safar mashaqqatlarini unuttirardi.
Ammo ikkinchi safaridan hafta o‘tib, yana markabni yetaklagancha qishloqqa qaytishga majbur bo‘ldi. Qozi hanuz kelmagandi. Jandarm leytenanti xo‘ja bilan jiqillashgan: «Ahmoq, xarip! Qayoqqa buncha shoshilasan?!» deya haqoratlagandi.
Qishloqliklar bo‘lsa, vaqf qilingan hayvonni ishlatish mumkinmi-mumkin emasligi ustida shubhaga tushib, hech bir yumushlarida bo‘z eshakdan foydalanishmasdi.
Uchinchi safarning qaytishi yana avvalgilaridek — eshak orqada bo‘ldi. Qishloqdagilardan biri uzoqdan turib, o‘tkir ko‘zlari bilan markabning yana qaytib kelayotganini ko‘rgan va shu zahoti qishloqqa xabar tarqatgandi. Qishloq xalqi endi hayratga tushib, tashvishlangancha kutib o‘tirishardi. Husman hali ulovidan tushmay turib, qayg‘uli bir ovozda:
– Nimayam qilardik? Guvohlar bilan borishimiz kerak ekan!.. – deya qishloqdoshlarini ko‘p mahtal qilmasdan, bir nafasda muammoni anglatdi.
«Rostdanam, nega bu haqda avvalroq o‘ylab ko‘rishmagan ekan-a? Zarari yo‘q, markabni qozi baribir qabul qiladi, qabul qilgani haqidagi hujjatni tayyorlab beradi; kelasi hafta uch kishi birgalikda jo‘naydi, lozim bo‘lsa, qasam ham ichishadi…»
Bo‘z eshak ora-sira yuksiz holda qilgan sayohatlarga qaramay, oldiga to‘kilgan mo‘l yemlarni yeya-eya semirar, sug‘orish uchun olib borishganida modalarning ortidan yugurar, jazavaga tushib, jilovini bermaslikka urinardi. Shu zaylda ikki yarim oy o‘tgandi.
Nihoyat, so‘nggi safarga tayyorgarlik ko‘rildi. Tegirmonning oldida xayrlashisharkan, yangi chiqayotgan quyosh bu kichik karvoncha ortidan ko‘tarilgan chang-to‘zonlarni yoritar, yulduzli bulut ichra balandlikka tirmashgan qishloqliklar orqada qolganlarga xuddi yuksalayotgandek, ko‘k sari ko‘tarilayotgandek bo‘lib ko‘rinardi.
Bo‘z eshak boshqa qaytib kelmadi. Qishloq xalqi tayyorlangan hujjatlarga, bosilgan muhrlarga boqib, markabning ikromlar ichra ohista-ohista yuksiz hamda aziyat chekmasdan to Hijozga qadar ketajagiga, u yerda Zam-zam suvi tashishiga butkul ishonishgandi. Hatto Husman, bir kecha tushida eshakning egarini yashil bir matoga o‘rog‘liq holda ko‘rgan, shundan butkul ishonchi komil bo‘lgandi.
Lekin, ushbu voqeadan bir yil o‘tib, shaharchaga guruchini sotish uchun ketgan Husman xo‘ja telbasifat bo‘lib qaytib keldi. Uning anglatishi-cha, bozor maydoni eng gavjum bo‘lgan paytda uzoqdan: «Po‘-o‘sht, qochinglar! Tegib ketmasi-in!» degan xitob yangragan, xalq ikkiga ayrilib, Qovoq qozi ostida bo‘z eshak, yelkasida o‘sha to‘q sariq yopinchiq bilan yirik gavdasini o‘ragan bir suratda atrofiga salom bergancha o‘tib ketgandi!..

* * *

Qishloqliklarga shu narsa sal o‘tib ma’lum bo‘ldiki, Qovoq qozi Qur’on va hadis ilmini mukammal egallagan o‘ta taqvoli hamda adolatpesha qozini tuhmat bilan maqomidan tushirib, qozilik kursisini o‘zi egallab olgan ekan. Bunga esa u otasidan qolgan oltinlar orqali erishgan emish… Bu razillikka esa albatta, uning johilligi sabab bo‘lgan!
Asl ismi Hoshim bo‘lgan bu odamni shundan xalq Qovoq deya nomlagan ekan…

Turkchadan Gulbahor Abdulloh qizi tarjimasi