Pu Sungling. Qora chigirtka (novella)

Ming sulolasi davrida, shahanshohdan tortib vazirlargacha qora chigirtka urishtirish o‘yiniga juda ishqiboz edi. Har yili ular fuqaroga qora chigirtka solig‘i solishardi. Xuain uyezdida chigirtkalar bo‘lmasa ham, uyezd boshlig‘i shahanshohga yaxshi ko‘rinish uchun bir yili bitta qora chigirtka tutib topshirdi. Bu qora chigirtka juda botir bo‘lib, musobaqada albatta yutib chiqardi. Shu paytdan boshlab Xuain uyezdida ham har yili chigirtka solig‘i solinadigan bo‘ldi. Uezd boshlig‘i bu ishni fuqaro uchun majburiy ishga aylantirib qo‘ydi. Shunday qilib, nuqul ishyoqmas, tekinxo‘r, yalqovlar chor atrofga yugurib, qora chigirtka tutishni o‘zlariga kasb qilib oldilar. Tutib olingan, saralangan chigirtkalarni qimmat-qimmat sotishardi. Chigirtkani tuta olmagan oddiy fuqaro uni sotib olishga majbur bo‘lardi. Bu esa o‘lganning ustiga tepgan bilan barobar bo‘lardi.
Cheng Ming ismli bir juda oddiy, kamtar odam bor edi. Uning birdan-bir orzusi Shyu Say* unvonini olish edi. Lekin har gal davlat imtihonini topshira olmay yiqilgani-yiqilgan edi.
Bir yili uyezd ma’muriyati fuqarolardan qora chigirtka solig‘ini topshirishni talab qilibdi. Cheng Mingning chigirtka tutishga sira uquvi yo‘q edi. Boz ustiga, birovdan sotib olgani puli ham yo‘q ekan. U qattiq qayg‘uga botibdi. Turib-turib u “bunday yashagandan ko‘ra o‘lgan yaxshiroq” deb o‘ylarkan. Xotini uni tinchlantirish maqsadida: “O‘lim bilan hech narsani hal qilib bo‘lmaydi-ku? Yaxshisi, yana bir chigirtka tutishga harakat qilib ko‘ring. Zora bitta-yarimta chigirtka tutib qolsangiz” debdi. Cheng Ming xotinining gapiga kirib uzzu-kun chigirtka tutishga bel bog‘labdi. U eski devorlar tagini, maysalar orasini, dumalab yotgan toshlar atrofini, xullas, qora chigirtka yashirinib yotishi mumkin bo‘lgan hamma joyni erinmay qidiribdi. Tutish uchun qo‘l keladigan barcha usullarni ishlatibdi. Lekin uyga har kuni ikki qo‘lini burniga tiqib qaytib kelaveribdi. Uezd boshlig‘i tayinlagan muddatga juda oz qolibdi, agar shu muddatdan o‘tib ketsa, qora chigirtka topa olmaganlar jazolanardi. Cheng Ming ham bu jazodan qutulib qololmadi, muddatdan o‘n kun o‘tib ketgani sabab, yuz darra kaltak bilan jazolandi. Darradan ikki oyog‘i qip-qizil go‘shtga aylanib, qora qonga bo‘yaldi. U to‘shak ustida yotib, u yoqdan-bu yoqqa ag‘anar, uyqusi kelmas, goho alamidan o‘zini-o‘zi o‘ldirmoqchi bo‘lar edi. Shu payt qishloqqa bir sehrgar kampir kelib qolibdi degan ovoza tarqaldi. Cheng Mingning xotini yoniga bir oz pul olib, kampirni qidirib ketdi, so‘rab-so‘rab topdi ham, borsa, sehrgar kampirning uyi yosh xotin-xalajga to‘la. Ichkari xona parda bilan berkitilgan bo‘lib, hech kimni u yerga kiritishmayotgan edi. Tashqari xonada bitta stol bo‘lib, uning ustiga isiriqdon qo‘yib qo‘yilgan edi. Kimki biror narsa so‘ramoqchi bo‘lsa, avval xushbo‘y tutun-pilik yoqishi, enkayib cho‘qinishi lozim edi. Kampir esa tol yonida boshini osmonga qaratib o‘tirar, lablarni qimirlatib, nimalarnidir shivirlardi, odamlar esa bor vujudlari quloqqa aylanib, diqqat bilan uning gaplarini tinglar edilar. Birozdan so‘ng parda qimirlab, ichkaridan bitta qog‘oz uchib chiqdi. Talabgorlar so‘ramoqchi bo‘lgan narsalar qog‘ozga juda aniq va xatosiz bitilgan bo‘lardi. Cheng Mingning xotini avval olib kelgan pullarini stolga qo‘yib, tutatqi tutatib tiz cho‘kdi. Birpasdan keyin, ichkari xonadan bitta qog‘oz otilib chiqdi. Qog‘ozni olib qarasa, unda yozuv emas, rasm chizilganini ko‘rdi. Qog‘ozning yuqori qismida katta ibodatxonaga o‘xshash saroy tasvirlangan, uning orqasida juda ko‘p xarsang bo‘lib, xarsanglar orasida yovvoyi o‘tlar o‘sib yotardi. O‘tlar orasida bitta katta qora chigirtka bo‘lib, uning yonida sakramoqchi bo‘lib turgan qurbaqa. Cheng Mingning xotini rasmga har qancha sinchiklab qaramasin, hech narsaga tushunmadi, lekin rasmdagi qora chigirtka uning diqqatini tortdi. U so‘ramoqchi bo‘lgan narsa shu ekanligini tushundi va rasmni buklab, eriga ko‘rsatgani olib ketdi.
Cheng Ming rasmga qarab turib o‘yladi: “Bu meni o‘sha yerga borib chigirtka tut degani emasmikan?” U rasmni yana bir bor diqqat bilan ko‘zdan kechirib, undagi saroy qishloqning sharq tomonidagi katta butxonaga o‘xshashini angladi. U tayoqqa suyanib zo‘rg‘a o‘rnidan turdi va butxonaga bordi. Butxona orqasida bir eski mozor bo‘lib, uni yovvoyi o‘tlar qoplab yotar edi. Mozorni aylanib yurib juda ko‘p xarsang toshlarni ko‘rdi, toshlar esa qog‘ozga chizilgandagiga juda o‘xshab ketardi. U yovvoyi o‘tlar orasini titkilay boshladi. Uzoq qidirdi. Oyoqlari tolib, ko‘zlari tinib ketdi. Lekin qora chigirtkadan darak yo‘q edi. U jon-jahdi bilan o‘tlarni titkilab turganida to‘satdan bir qurbaqa sakrab o‘tib qoldi. Cheng Ming darhol rasmni esga oldi va hayrat ichida qurbaqaning orqasidan yurib ketdi. Qurbaqani bir zum ko‘zdan qochirmay ketib borarkan, to‘satdan o‘t ustida bir qora chigirtka yotganini ko‘rdi. U chigirtkani tutmoqchi bo‘lib qo‘l cho‘zgan edi, chigirtka lip etib toshlar orasiga kirib ketdi. Cheng Ming cho‘p olib toshlar orasini titkilay boshladi, lekin qora chigirtka chiqmadi, shunda u kavakka suv quydi, nihoyat qora chigirtkani chiqarib oldi. Uni qo‘lida ushlab, diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. U juda ham ajoyib chigirtka bo‘lib, odatdagilardan anchagina katta edi. Cheng Ming chigirtkani uyga olib kelganda, uydagilarning hammasi xuddi bir xazinani qo‘lga kiritganday xursand bo‘lib ketishdi. Ular qora chigirtkani shishaga solib boqa boshlashdi. Unga yaxshi ovqatlar berishar, yer-ko‘kka ishonmay, asrab-avaylashardi.
Cheng Mingning to‘qqiz yoshli o‘g‘li bo‘lib, u hozirgina otasi tutib kelgan qora chigirtkani juda ko‘rgisi keldi. Otasi uyda yo‘qligidan foydalanib, shisha og‘zini ochdi, chigirtka bir sakrab tashqariga chiqdi. Bolakay tutmoqchi bo‘lib, ikkala qo‘li bilan uni tappa bosdi, sho‘rlik chigirtkaning oyog‘i sinib, qorni yorildi va sal keyin o‘lib qoldi. Buni ko‘rib bola qo‘rqqanidan yig‘lab yubordi. Onasiga aytgan edi, onasining kapalagi uchib, rangi quv oqardi, keyin o‘g‘lini qattiq urishib ketdi: “Hoy yaramas bola, otang kelsa seni sog‘ qo‘ymaydi, bitta senimas, hammamizni o‘ldiradi”. Buni eshitib bola qo‘rqqanidan yig‘lab ko‘chaga chiqib ketdi. Bir ozdan so‘ng Cheng Ming ishdan qaytib keldi. U voqeadan darak topdi-yu boshidan bir chelak sovuq suv quygandek bo‘ldi. G‘azab bilan bolani qidirib ketdi, lekin uni hech qayerdan topa olmadi. Oxiri uni quduqdan topdi, afsuski bola allaqachon jon taslim qilgan edi. Bu kulfatdan Cheng Ming qattiq qayg‘uga botib, ho‘ngrab yig‘larkan, faryod urib qichqirdi: “Endi qanday yashayman?! Bundan ko‘ra o‘lganim yaxshi!” Er-xotin yig‘layverib ko‘zlarida yosh qolmadi. Ular so‘zlashmas, ovqat ham yeyishmas, bu g‘amdan qanday qutulishni bilmay, dong qotib qolishdi. Kechga yaqin ular farzandini dafn etishga tayyorlanishdi, to‘satdan uning nafas olayotganini sezib qolishdi. Darhol tobutdan to‘shakka olishdi, yarim tunga borib bola butunlay o‘ziga keldi. Buni ko‘rgan er-xotin xotirjam bo‘lishdi, lekin bola juda nimjon bo‘lib, g‘oyatda holsiz edi.Ammo Cheng Mingning ko‘zi qora chigirtka turgan bo‘sh shishaga tushganda, yuragi ezilib, o‘g‘lining ahvoli ham esidan chiqib ketardi. U tuni bilan mijja qoqmay, tong ottirdi. Shu top qulog‘iga tashqaridan qora chigirtka ovozi chalindi. Yugurib chiqib qarasa, haligi o‘lgan qora chigirtka ekan. U darhol qo‘lini cho‘zdi, lekin chigirtka sakrab nari qochdi. U tutmoqchi bo‘lib yana tashlandi, o‘zicha tutgandek ham bo‘ldi, lekin kaftini ochib qarasa, qora chigirtka yo‘q edi, u sal narida turardi. Cheng Ming yana intildi, chigirtka sakrab qochdi. Shu tariqa, u bir devor tagigacha yetib bordi, shu yerda chigirtka ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Cheng Ming hamma yoqni qidirdi, oxiri devor ustida bir qora chigirtka o‘tirganini ko‘rib qoldi, ammo bunisi xiyla kichik bo‘lib, ilgarigi chigirtka emas edi. Cheng Ming baribir oldingisini qidirib topaman deb yana o‘tlar orasini qidirib ketdi. Shu payt devor ustida o‘tirgan chigirtka bir sakrab Cheng Mingning yelkasiga qo‘ndi. Cheng Ming diqqat bilan chigirtkaga razm solar ekan, yo‘qdan ko‘ra shu ham bo‘laveradi deb, shuni tutib olishga qaror qildi. Lekin uyezd boshlig‘iga topshirishdan avval uni boshqalarning chigirtkalari bilan urishtirib, chigirtkaning qobiliyatini sinab ko‘rishi lozim edi.
Qishloqda bir yosh yigit bo‘lib, u bitta qora chigirtka boqar va uni tez-tez boshqa chigirtkalar bilan urishtirib turar edi. Uning qora chigirtkasi biror marta yutqazmagan edi. Yigit uni bor-yo‘q boyligim shu deb, bahosini juda baland qo‘yar edi. U Cheng Mingning uyiga qidirib kelib, chigirtkalarni urishtirmoqchi bo‘ldi. Cheng Mingning chigirtkasini ko‘rdi-yu, ensasi qotdi va miyig‘ida kulib qo‘ydi. Yigitchaning chigirtkasi ham katta, ham baquvvatligini ko‘rib, Cheng Ming chigirtkasini urishtirishni istamadi, lekin buning iloji yo‘q edi. “Bunaqa chigirtkani boqqandan nima foyda, yaxshisi, urishtirib, bir xursandchilik qilaylik” deb ko‘nglidan o‘tkazdi. Cheng Ming yigitchaning taklifiga rozi bo‘ldi. Chigirtka jangi boshlanib ketdi. Lekin kichkina chigirtka qimir etmasdi, ko‘rinishi ham kichkina hasharotga o‘xshar edi. Buni ko‘rib, yigitcha Cheng Mingning chigirtkasini mazax qila boshladi. U qobon tuki bilan Cheng Ming chigirtkasining mo‘yloviga tekkanda ham u qimirlamasdan yotaverdi. Buni ko‘rib, yigitcha badtar masxara qildi va tuk bilan gij-gijlashda davom etdi. Oxiri jahli chiqqan kichkina chigirtka yugurib kelib, haligi qobon tukini tishlab oldi-da, g‘azab bilan chaynay boshladi. So‘ng bir sakrab, katta chigirtkaga hujum boshladi. Katta chigirtkani bo‘ynidan tishlab oldi-da, bo‘g‘ib turaverdi. Yigitcha ularni darhol ajratib qo‘ydi. Kichkina chigirtka ruhlanib, xuddi o‘z egasiga g‘alaba haqida xabar berayotgandek mag‘rurlanib qichqirib yubordi. Bundan Cheng Ming juda quvonib ketdi. Shu payt bir tovuq paydo bo‘ldi-yu, mittigina chigirtkani cho‘qimoqchi bo‘ldi. Cheng Ming qo‘rqqanidan qichqirib yubordi. Tovuq chigirtkani quvib borar, har lahzada uni tutib yeyishi aniq edi. Bu shunday tez sodir bo‘ldiki, Cheng Ming chigirtkani qanday qutqarishini bilmay esankirab qoldi. U qichqirar, yer tepib depsinar edi. Lekin to‘satdan tovuq bo‘ynini oldinga cho‘zib, goh o‘ngga, goh chapga, goh yuqoriga va pastga silkita boshladi. Cheng Ming yaqin kelib qarasa, haligi chigirtka tovuqning boshiga o‘tirib yumshoq tojidan mahkam tishlab olgan ekan. Cheng Ming hayratlanib, chigirtkani yana ham yaxshi ko‘rib qoldi va uni darhol tutib, shisha idishga solib qo‘ydi.
Ertasi kuni Cheng Ming chigirtkani uyezd boshlig‘iga olib borib topshirdi. Uezd boshlig‘i chigirtkaning kichkinaligini ko‘rib, Cheng Mingni boplab so‘kdi. Shunda Cheng Ming bir kun ilgari bu chigirtka bilan bo‘lgan voqealar haqida uyezd boshlig‘iga gapirib berishga majbur bo‘ldi, uyezd boshlig‘i ishonmadi. Shunda Cheng Ming chigirtkani yana jangga qo‘yishga ruxsat so‘radi, shunda ham chigirtka mo‘jiza ko‘rsatdi. Yana bir tovuqni tutib kelishdi, xuddi kechagidek chigirtka bu tovuqning boshini emas, balki bo‘ynidan tishlab, har tomonga cho‘zib, gangitib tashladi. Buni ko‘rgan uyezd boshlig‘i Cheng Mingni talay narsalar bilan mukofotladi, chigirtkani esa o‘lka boshlig‘iga olib borib berdi. O‘lka boshlig‘i o‘sha zahoti chigirtkani oltin qafasga solib, poytaxtga yetkazdi. Saroyda bu chigirka jamiki nomi chiqqan chigirtkalar bilan birga birma-bir jang qilib chiqdi va barchasining ustidan g‘alaba qozondi.
Bu chigirtkaning odamlar yoqtiradigan yana bir hunari bor edi: har safar chang ovozi eshitilishi bilan u darhol musiqa ohangiga monand raqsga tushib yuborardi. Bunday chigirtkaga ega bo‘lgan imperator behad quvonib, o‘lka boshlig‘ini katta mansab, yaxshi ot va liboslar bilan mukofotladi. O‘lka boshlig‘i ham uyezd boshlig‘ini esdan chiqarmadi, uni: “Juda didi zo‘r amaldor” deb maqtadi. Uezd boshlig‘i esa juda xursand bo‘lib, Cheng Mingga Shyu Say unvonini berdi. O‘lka boshlig‘i ham Cheng Mingga bir qancha qimmatbaho sovg‘alar taqdim qildi. Shu tariqa Cheng Ming oilasining ahvoli yaxshilana boshladi. Lekin o‘g‘lining aqli borgan sari zaiflashib borardi. Kuni bilan ko‘zini ochmas, uyqudan bosh ko‘tarmas edi. Bundan xavotirga tushgan Cheng Ming bolasini tabiblarga ko‘rsatdi, lekin bolada o‘zgarish bo‘lmadi. Bir yildan keyingina o‘g‘li sal o‘ziga kela boshladi, yana ozgina vaqtdan so‘ng u butunlay yaxshi bo‘lib ketdi. Shunda o‘g‘li: “Men urishishga qobiliyatli chigirtkaga aylanib qolganimga bir yildan ko‘proq bo‘ldi, mana endi o‘zimga keldim”, – dedi. Cheng Mingning otasi uning mushkulini oson qilgan, bir yildan ko‘proq o‘ziga kelolmay yotgan kichkina qora chigirtkaga madad bo‘lib, uning taniga o‘tgan, aslida o‘g‘lining ruhi ekanligi, endi bu ruh o‘z vazifasini bajarib bo‘lib, yana o‘g‘lining taniga qaytganligini tushunib yetdi va sevinchdan ko‘zlariga yosh oldi.

Xitoy tilidan Jasur Ziyamuhamedov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 7-son
_________
Shyu Say – Qadimgi Xitoyda bilim unvonining dastlabki darajasi.