Per Lagerkvist. Moris Flyori (hikoya)

Yoz faslining ilk kunlari erta tongda Moris Flyori bu yerlardan ancha olisda, shundoqqina chegarada borayotgan urushdan uyiga qaytdi. O‘rta yoshlardagi bu odamning bo‘y-basti va jussasi ancha kelishgan, ham ma’nan, ham jismonan ko‘rkam kishi edi. Uning irodasi mustahkamligi bilan bag‘rikengligi, nozik didi mutanosib kelgandi. Kamdan-kam holatdagina uning fikru xayollari turmush tashvishlari haqidagi o‘ylar chegarasidan chiqar va o‘zi bilan o‘zi qolib ongu shuurining tubsiz qa’riga teran cho‘mar edi. Shunga qaramay uning tasavvuri nihoyatda keng, xayolot olami o‘zgacha edi.
Shu bahordagi ayovsiz janglarning birida u og‘ir yaralandi. Granata parchalari uning yuzini tilka-pora qilib tashladi. To‘ppa-to‘g‘ri yuziga sochilgan granata parchalaridan jag‘i maydalangan, iyagi yo‘q bo‘lib ketgan, qumdek son-sanoqsiz yara-chaqadan yuz terisi g‘alvirdek ilma-teshik bo‘lgan, lablari bilan burni majaqlanib, o‘ng ko‘zi esa endi yorug‘ dunyoni ko‘rolmaydigan bo‘lib qolgan edi. O‘q do‘ldek yog‘ayotgan jang maydonidan Moris Flyorini izlab topishganida uning boshi lahm go‘shtdek qonga botgandi. Dastlab uning tirik qolishiga umid yo‘q, deb o‘ylashdi. Harbiy shifoxonada sharillab oqayotgan qonni bir amallab to‘xtatishgandan keyingina shifokorlar uning jonini saqlab qolish mumkinligiga ishonishdi. Mehr va g‘amxo‘rlik bilan uni uzoq davolashdi. Asta-sekin jarohatlari bitdi, jag‘ suyaklari ham o‘sib, joyiga tushganday bo‘ldi. Davolash muddati tugagandan so‘ng mo‘miyolanganday o‘rab tashlangan boshi-yu, yuzlaridan doka yechildi. Endi yaralarining o‘rni og‘rimasdi. Biroq u avvalgi qiyofasini butunlay yo‘qotgan, chiroyli yuzidan asar qolmagan, tanib bo‘lmas darajada xunuk va badbashara maxluqdek qo‘rqinchli edi. Ovozi esa chiyildoq va xirillaydigan bo‘lib qolgandi. Faqat bejirim peshonasi, sog‘ qolgan bittagina ko‘zi hamon zo‘rg‘a miltillab yonayotgan shamday shu’la sochib, uning botinidan darak berib turardi. Oftobda toblanish uchun unga tashqariga chiqishga ruxsat berishdi. Quyosh issiq va yoqimli nurlari bilan uning jarohatlarini tuzatdi. Yana biroz vaqt o‘tgandan keyin unga uyiga javob berishdi. Jang maydonida orttirgan jarohatining og‘ir asorati bois tez-tez hushidan ketib, yiqiladigan bo‘lib qoldi. Shuning uchun uni endi harbiy xizmatga yaroqsiz deb topishdi. Keyinchalik sog‘ayib, o‘zini tutib olishi ham mumkin. Ammo bu holatda uni jangga safarbar qilib bo‘lmas edi.
Erta tongda o‘ziga tanish yo‘ldan uyiga tomon qadam tashlar ekan, u o‘z baxtsizligini xayoliga ham keltirmas, faqatgina oldinda kutayotgan quvonchli voqealarni tasavvur qilardi: hademay oilasi bilan diydorlashadi – xotini va bolalarini bag‘riga bosadi. Kim bilan yon-yonma turib uzoq vaqt jang qilgan bo‘lsa, ularning hammasi og‘ir fojiaga duchor bo‘lgan edi, shuning uchun o‘z fojiasi o‘ziga unchalik qo‘rqinchli tuyulmasdi. Mabodo u butunlay ko‘r bo‘lib qolganida qattiq o‘kingan bo‘lar edi, hozir esa o‘kinishni o‘ylamas, hatto his etmasdi ham. Axir, u so‘qir emas, bir ko‘zi bo‘lsa ham ko‘radi-ku. Demak, hayotning hali pinhona totli lazzatlaridan bahramand bo‘lishi mumkin. Odamga bundan ortiq yana nima kerak? U tug‘ilib o‘sgan o‘lkada tong elas-elas bo‘zarib kelmoqda edi. Ushbu g‘ira-shira shu’la ila tabiat buyukligi va qudratini namoyon etgandi. Chor-atrofda bepoyon kengliklar, cheksiz dalalar yastanib yotibdi, yer yuzini bug‘doyzor qoplagan. Tez orada uning o‘z dalalari boshlanadi. Yam-yashil ekinzor uvatlar ortida uy ko‘zga tashlanadi. Nogahon o‘sha uyda yashayotganlarning ro‘parasida lop etib paydo bo‘lsa, ularning naqadar hayratlanishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Axir, yaralangach unga nima bo‘lganini bilishmaydi, balki allaqachon halok bo‘lib ketgan deya taqdirga tan berib qo‘yishgandir ham.
Shirin xayolga toldi. Xotini qanday hayajonlanib quchog‘iga otilishini, bolalari tizzasiga o‘rmalab chiqib, mitti qo‘lchalari bilan yuzlarini silashini tasavvur qildi. Oilaning bunday baxtu saodatidan xizmatkorlar naqadar mamnun bo‘lishini his etdi. Olislarda, bog‘ hovlining chetan devorlari ortida esa bug‘doyzorlar shovullab yotibdi. Tungi osmonni larzaga solib yuraklarni pora-pora qilayotgan ohu nolalar, jon holatda xirillayotgan hayqiriqlar, vizillayotgan o‘qlar, portlayotgan snaryadlarning dahshatli gumburlashini unutib, oila davrasida tinchgina o‘tirganini tasavvur qildi. Ha, shovullagan oltin bug‘doyzorlar ila shodon qiyqirayotgan bolalar orasida hayotning go‘zalligi, nafosati ila zavqu shavqini, tiriklik rohatini mana shunday tuyadi. Yuragida sevinch, ko‘nglida shodlik jo‘shdi.
Nihoyat u kattagina oq uyli qo‘rg‘onga eltadigan yo‘lga tushib oldi. Dimog‘ida qadrdon dalalarning hidini tuydi. Qo‘rg‘on ichkarisidagi boqqa kirar ekan, o‘zi ekkan daraxtlarning isini, hozirgina tungi noz uyqudan ko‘z ochgan gulg‘unchalarning xushbo‘y iforini tanish sezimlari bilan his etdi. Sezgilariga singib ketgan bu atir iforlarni miriqib hidladi. Men naqadar boyman, naqadar baxtiyorman, deb o‘yladi. Uning yoniga itlar shamolday uchib kelib, atrofini o‘rab olishdi, hidlab-hidlab, tanish hidni sezib, quvonib sakray boshlashdi, qo‘llarini yalashdi, orqa oyoqlarida tik turib, tonggi shudringda ho‘l bo‘lgan oyoqlarini ko‘kragiga qo‘yishdi, odam odamni quchoqlaganday quchoqlashdi, uzun tillarini chiqarib, yuzlaridan o‘pib, yalab-yulqashdi. Odamlardan esa dom-darak yo‘q edi. Uydagilar dong qotgancha uxlashar, faqat qo‘rada mol-holga qarab yurgan xizmatkorlarning tovushi quloqqa chalinardi. Moris Flyori to‘xtadi, uyning chiroyiga mahliyo bo‘lib tomosha qildi. Tasavvuridagi go‘zallikdan lol bo‘lib qoldi, uy devorlari hech qachon bunday oppoq bo‘lib, ko‘zni qamashtirmagandi, derazalar hech qachon tong nurlarida bunday yaltirab jilolanmovdi. Faqat uy tomining qora qubbalari beg‘ubor osmonga vahshiy bulutdek sanchilib turar edi. Moris Flyori uy tevaragida aylandi. U jigarbandlarini bezovta qilib uyg‘otishni istamasdi, ularning shundoq yonginasida ekani kifoya. Suyunganidan ko‘zlariga ishonmasdi. Ayni damda olis masofalar emas, bor-yo‘g‘i mana shu uyning yupqagina devori ularni bir-biridan ajratib turar edi, xolos. Biroq o‘z uyiga qaytgani unga negadir haqiqatdan yiroq bo‘lib tuyulardi. Yotoqxonaning derazasi yonidan o‘tarkan, qadamlarini sekinlatdi. Ichkarida bola-chaqasi bilan xotinining naqadar shirin uxlayotganini tasavvur qildi. Mana, mana bu yerda – xotini yotibdi, uning karovoti tashqi devor yonida, biroq unchalik taqab qo‘yilmagan. Huv ana u boshi narigi devorga qarab o‘rnatilgan qo‘shni karovotlarda esa uning bolalari – bir qizaloq, bir o‘g‘il pishillab uxlashmoqda. Ehtimol Moris Flyori, ya’ni ularning otasi nogahon uyga kirib borib, yonlarida tikka turib, mehr bilan boqqan kezda ham ular mana shunday uxlab yotishsa kerak. Shu damda birdaniga bolajonlarining ozg‘ingina badanlaridan taralayotgan issiq haroratni ich-ichidan his etdi.
U o‘z uyi yonida yana qayta ato etilgan baxtdan entikib, xotini va bolalarining nafas olishlari tovushini jon qulog‘i bilan tinglab turar ekan, birdaniga urushda orttirgan jarohatining asorati tufayli tez-tez xuruj qiladigan tutqanog‘i tutib qoldi. U qattiq chayqaldi, uyning oppoq devorlaridan ushlab qolmoqchi bo‘lib qo‘llarini oldinga cho‘zdi, ammo chor atrof oppoq pardek to‘zg‘ib ketdi, biron suyanch topilmagach, barmoqlari bilan muallaq bo‘shliqni paypaslagancha hushini yo‘qotdi, yerga gursillab yiqildi. Yaxshiyam uy atrofiga ekilgan gullarning jo‘yasiga boshi bilan quladi, shuning uchun qattiq lat yemadi.
Beshafqat temir parchalari bironta sog‘ joyini qoldirmagan basharani, odamiylik qiyofasidan mutlaqo mahrum yuzni, murdanikiday oqarib ketgan jonsiz betni nafis va tarovatli gullar, qirmizi dudoqlarini subhidam quyoshining nurlari sari cho‘zgan gulg‘unchalar orasida ko‘rish naqadar g‘alati edi.
U hushiga kelganida o‘zining xobxonasidagi divanda yotar edi. Xotini, qizalog‘i bilan o‘g‘li boshida tik oyoqda turishardi. Hamma unga qo‘rquv va xavotir bilan tikilgan, u sekin ko‘zlarini ochdi.
Hayajonli damlar keldi.
Uydagilari sira o‘zgarmabdi, avval qanday bo‘lsa, aynan shunday edi. Bolalarining egnida o‘tgan yili yozda uy-joyini tashlab urushga ketgan paytdagi kiyimlar. Xotini ham o‘sha-o‘sha, mungli va munis chehrasi nihoyatda go‘zal.
Biroq divanda yotgan holida tirsagiga tiralib, qaddini ko‘targanida xotini va bolalari uning bag‘riga otilishmadi, quvonchdan yig‘lab quchoqlashmadi, yuz-ko‘zlaridan o‘pib, sog‘inch xumorini bosishmadi.
Uydagilari uni aslo tanimadi.
Bolalari unga qo‘rqinch va yotsirash ila g‘alati qarashardi. Xotini achinganidan uning yelkalaridan ushlab, sizga nima bo‘ldi, kimsiz, bu yerlarga qanday kelib qoldingiz, deya so‘rar edi.
U dahshatga tushdi, ayol bilan bolalarga qo‘rqinchli nigohini tikdi. Uzoq kutgan, lekin kutganidek bo‘lib chiqmagan ushbu lahzalarda uning xayolidan nimalar kechmadi, qattiq iztirob va pushaymonlik, o‘z-o‘zidan jirkanish va qo‘rquv, taqdiridan norozilik tuyg‘ulari qamchi bilan savagandek yuragiga achchiq-achchiq botdi. Ushbu dahshatli kechinmalarning barchasi bir bo‘lib, bor kuchi bilan uning boshiga balodek yog‘ildi. U atrofiga naqadar ojiz va benavo boqdi. Xotini, bolalari esa shundoqqina ro‘parasida yuzma-yuz turishibdi. Go‘yoki yetti yot begona, umrida ko‘rmagandek notanish. Temir tilkalab tashlagan lablari chidab bo‘lmas darajadagi dahshatli og‘riqdan titray boshladi. Go‘yoki uning azoblanayotgan ruhiyati atrofidagi jamiki jonli mavjudotga qarab so‘zsiz iltijo qilar, shafqatsiz temir parchalari qilichday tilib qoldirgan xunuk chandiqlar aro isyonkorona tipirchilardi, ko‘zlariga issiq yosh quyilgani bois xiralashgan nigohlari esa goh qiziga, goh o‘g‘liga termilib, nahotki senlar o‘z otangni tanimasang, deyayotganday yonib o‘rtanar edi. Nahotki u senlarning befarqliklaringdan xo‘rlanib, haqoratlanib yonlaringda yotganini ko‘rmayotgan bo‘lsanglar? U dam xotinining, dam bolalarining ko‘zlariga iltijoli boqib, termilaverdi, termilaverdi – biroq hech kimning nigohida o‘zi zor-intizor kutgan oddiygina yakkayu yagona hisni ilg‘amadi ham, sog‘inch va mehr-muhabbat nuri yalt etib yonganini ko‘rmadi ham. Bolalarining ko‘zlarida faqat qo‘rquv va jirkanish sezgilarini ang­laganida yuragi alamdan yorilib ketgudek bo‘ldi. Xotinining nigohida notanish bir majruh insonga nisbatan achinish hissini tuyganida uning ko‘ngli sovuq sezimdan muzlab, ko‘ksi bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi.
U yana divanga quladi. Biroq fikri va tuyg‘ulari qahrli tus oldi. Tikondek tig‘li bo‘lib qolgan nigohi esa endi hech kimning ko‘zi bilan to‘qnashishni istamasdi. Uni tanimagani uchun o‘z yaqinlaridan nafratlanib, yovuz ko‘zqarash bilan ularni yomon ko‘rib qolgan edi. Xotin, bola-chaqasi uni qachonlardir sevganmi o‘zi? Agar haqiqatan ham sevsang, sevgan odamingni minglab kishilarning orasidan adashmay tanib olasan. Hatto eng og‘ir jarohatlar, eng maraz yaralar ham sevgilingning senga qadrli bo‘lib qolgan tanish belgilarini yo‘qota olmaydi. Mayliga a’zo­yi badaning shilinib, xunuk chandiqlarga to‘lib ketsin, axir, ana shu majruh tanang ichida kuchli va chiroyli ruh yashamoqda-ku. Axir, sovuq va jonsiz temir insonning tirik ruhi qarshisida kuchsiz emasmi? Axir, hamma narsa avvalgidek-ku, ruhi, fe’lu atvori, yuragi mutlaqo o‘zgarmagan-ku, hozir bolalarining oldida avval qanday bo‘lsa, o‘shanday holatda yotibdi-ku. Ayni damda yuragi alamli iztirobdan yorilib ketgudek bo‘lsa ham, yaqinlarini hamon jonidan ortiq sevadi-ku! Uydagilari esa uni ko‘rishmayapti, sezishmayapti, tanishmayapti. Demak, uni chin dildan sevishmagan, demak, hech qachon uni chinakamiga tanishmagan, yetarlicha yaxshi bilishmagan, ularning nigohlari ila sezgilari buning yuragidagi boy xazina saqlanayotgan konga qadar teran tushmagan.
Ammo uyiga harbiy mundirda qaytgani, yaqinlarining ko‘z o‘ngida hali biron marta ham bu notanish kiyimni kiyib yurmagani haqida sira o‘ylamasdi. Hatto urushda og‘ir jarohatlanganidan ular mutlaqo bexabar ekanini esidan chiqargandi. U faqat bir narsani bilardi: mana, taqdir sinovlarida yengilgan, ojiz va majruh ahvolda o‘z oilasi davrasida yotibdi, uyidagilari esa uni tanishmayapti. Itlar ilk ko‘rganidayoq uni taniganini, shodlanib naqadar sapchiganini, atrofida aylanib-o‘rgilib irg‘ishlaganini, tik turib shudringda ho‘l bo‘lgan oyoqlarini ko‘kragiga tirab, erkalanganlarini esladi – uning ko‘zlariga yana yosh quyildi. Hayhot, nahotki itdan topgan qadrni oilamdan topmasam!..
Bolalarni qarg‘ashga tili aylanmadi, to‘g‘risi, ularni o‘zidan itarib tashlamoqchi bo‘ldi, lekin bunday qilishga qo‘li bormadi. Norasidalarning ko‘zlaridagi qo‘rquvni ko‘rib, achchiq alam va noilojlik domida to‘lg‘anishdan boshqa chora topmadi. Shuning uchun butun dardu iztirobi, nafrati ila qahrini xotiniga qaratdi. Afsus! Ayolini naqadar sevar edi-ya! O‘z muhabbatini unga qanday baxsh etgandi-ya! Yeru ko‘kka ishonmay, qanday boshiga ko‘targandi-ya! Bu ayol esa uni tanimadi-ya, tanimadi! Demak, xotini hech qachon uning qadriga yetmagan. Iztirobdan yuzlari yana-da xunuk va badbashara bo‘lib ketdi. Demak, xotini uni tanimadi, tan olmadi. Nachora, demak, xotin shunday munosabatda bo‘lsa, er ham unga zor emas. Bas, endi bu ham uni tanimaydi, tanishni istamaydiyam.
Ayol:
– Sizga nima bo‘ldi? O‘zingizni tanishtiring, kim bo‘lasiz? – deb qayta so‘raganida u boshini ko‘tarmasdan shunday javob berdi:
– Men urushdan qaytgan bir bechora kishiman. Uyingiz yonidan o‘tayotganimda eshigingizni taqillatib, bir burda non so‘ramoqchi edim, ammo chiroyli uy bo‘sag‘asida hushimdan ketib yiqildim. Balki bu qadar oppoq devorlar ko‘zimni qamashtirib, es-hushimni yo‘qotgandirman. Mana, hozir ham boshim aylanib turibdi.
Ayol hozir unga joy solib berishlarini, yumshoqqina o‘ringa yotib bemalol dam olishi mukinligini aytdi. U bunday ovoragarchilikning hojati yo‘qligini aytdi, faqat mana shu divanda yotib biroz dam olsa, bas, hademay o‘ziga kelib qoladi. Shundan keyin uy egalari mehmonga xalaqit bermaslik uchun sekingina xonani tark etib, uni yolg‘iz qoldirishdi.
Uydagilar chiqib ketishganidan so‘ng u o‘kirib yig‘lab yubordi. Ammo bu ko‘z yoshlar uning yuragidagi muzni erita olmadi. O‘z uyida begona qilib qo‘ygan taqdir-peshonasining sho‘rligidan yozg‘irib yig‘lar edi. Lekin u mana shu taqdiridan voz kechib, bariga qo‘l siltab ketishni – otasini tanimagani uchun bolalarini, erini tanimagani uchun xotinini kechirishni – kenglik qilishni bir lahza ham xayoliga keltirmas edi. La’nati urush tufayli bir zumda bir-biridan begona bo‘lgan ota-bolalaru er-xotinning bunday diydorlashuvi voqeasi yuz berganidan so‘ng u shu kungacha boshidan kechirgan butun hayoti mobaynida yolg‘iz bo‘lganini o‘zicha tasavvur qildi. Nima bo‘libdi, hechqisi yo‘q, demak, bundan keyin ham xuddi avvalgiday yakkamoxov bo‘lib yashayveradi. Bordi-yu, u ismini aytib, o‘zini tanitsa-chi, unda nima bo‘ladi? Xotini va bolalari otilib kelib, uning bo‘yniga osilishadi, quchoqlab yuz-ko‘zlaridan o‘pishadi, mitti qo‘llari bilan silab-siypalashadi. Ammo uning yuragi yetimdek, o‘gaydek bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolaveradi. Bu uydagilar uning ruhiyatidagi musiqani ikki dunyoda ham eshitishmaydi.
Yuragi qahru g‘azabga to‘lgan bo‘lsa ham, o‘zini xotirjam ko‘rsatishga harakat qilib, tashqariga chiqdi. Hovlidagi bog‘da dasturxon yozilgandi, mehmonni nonushtaga taklif qilishdi.
Saxovatli quyosh nurlarini beminnat sochar, daraxtlar yaprog‘i bilan gulg‘unchalarga qo‘ngan shudring tomchilari olmosdek tovlanar edi. Butun borliq quyoshdan taralgan shu’lalarga g‘arq bo‘lgancha halovat ichra jim qotgandi. Yuzi o‘g‘irlangan, o‘z qiyofasidan mosuvo odam quyoshga peshvoz chiqdi, xotini u bilan yonma-yon qadam tashlar edi. Eru xotin ro‘zg‘orida necha bor gullab, necha bor bargi xazon to‘kkan serbutoq daraxtlarning soya­si tomon yurishdi. Ularning izidan bolalar ergashdi.
Dasturxon ustida musibatli urush haqida, qonli janglar to‘g‘risida gurunglashdilar. Zuv-zuv uchayotgan o‘qlar, snaryad parchalari zulmatli tun aro har tomonga daydib, odamlar qorong‘ida qanchalik panaga yashirinishsa ham, g‘ujanak bo‘lib xandaqlarga berkinishsa ham, o‘z qurbonlarini bexato izlab topgani, ularga nihoyatda og‘ir jarohatlar yetkazganini so‘z bilan tasvirlab berdi. Va yana uy bekasining o‘tinchiga binoan ana shunday fojiali tunlarning birida o‘zi qanday jarohatlanganini hikoya qildi. Tunda ular jangga kirishdi. Snaryadlardan sachragan alanga osmonu falakni yoritib yuborar edi. Kutilmagan portlash uni bir chekkaga uloqtirib tashladi. Koptokdek uchib ketdi, so‘ng gurs etib yerga quladi. Chidab bo‘lmas issiq hovur yuzlarini jizillatib kuydirdi. Betlariga sachragan narsa cho‘g‘dek lovullagan temir parchalarimidi, simobdek eritilgan po‘latmidi, bilmaydi. Og‘riqning zo‘ridan a’zoyi badani qattiq titrab, tipirchilar edi. Og‘zi to‘la qon, xirillab bo‘kirardi. Bu dahshatli tovush boshqa yaradorlarning fojiali o‘kiriklari – avji osmonga yetgan jo‘rovoz xorga singib ketardi. Unutilgan va tashlab ketilgan ko‘yi buloqdek to‘xtovsiz oqayotgan qoniga g‘arq bo‘lib yotardi. Keyin hushidan ketdi, tevaragiga sukunat cho‘mdi. Jon talvasasida titrayotgan uzun gavdasi ham tinchib qoldi…
Ayol bu fojiali voqea qaysi jangda, qayerda sodir bo‘lganini so‘radi. U javob berdi. Shundan keyin ayol o‘zining eri, mana bu bolalarning otasi ham urushga ketgan edi, balki mehmon hozirgina so‘zlab bergan jangda u ham qatnashgandir, biroq ancha vaqtdan buyon eridan hech qanday xabar yo‘q ekanini aytdi. O‘sha dahshatli tunda tasavvur qilib bo‘lmaydigan do‘zaxiy izdihomda u ham jarohatlanib, sharillab oqayotgan qoniga belangancha qarovsiz yotgandir, balki uning ham achchiq ohu zorlari, alahsirab o‘kirishlari – sho‘rlik qo‘rquv va og‘riqning zo‘ridan vahimali baqirgandir – boshqa askarlarning bo‘g‘ziga tig‘ tortilgan hayvonlardek noinsoniy xirillashlariga qo‘shilib ketgandir? Kutilmagan mehmon bu savolni tinglab, ayolga shunday javob berdi:
– Ha, bo‘lishi mumkin, albatta, bo‘lishi mumkin… U mening yonimda yotar edi…
Uning yonida quyoshda toblanib o‘tirgan bolalar bu sovuq so‘zlardan dag‘-dag‘ titrab ketishdi, onaning ko‘zlari esa jiqqa yoshga to‘ldi. Urushdan qaytayotib, ularning uyiga qo‘ngan yo‘lovchi ayoldan erining ismi nima ekanini so‘radi. Ayol shunday dedi:
– Moris Flyori! – Bu nom aytilishi bilan, urushdan qaytgan askar bir titrab tushdi-da, dam bolalarga, dam xotinga qattiqroq tikilib-tikilib boqdi. Xotinning ko‘zlari qo‘rquvdan olayib ketdi va erkak nigohlarini rad etdi. Keyin ajablanib so‘radi: – Nega siz bizga bunday tikilib qarayapsiz?
– Chunki Moris Flyori hozir hayot emas, u o‘zimning qo‘limda jon berdi, – dedi u.
Bolalar izillab yig‘lab onasiga yugurdi. Ular qo‘rqinchli so‘zlarni gapirgan vahshiy va begona kimsadan himoya izlab, ona bag‘riga yopishdi. Ona bolalarini qattiq quchoqlab oldi, uning yuzlariga, ko‘zlariga qo‘rquv hamla qilgan edi.
– Sizning hozirgina menga aytgan gapingiz, haqiqatan ham to‘g‘rimi? – dedi ayol.
– Moris Flyori hozir hayot emas, u o‘zimning qo‘limda jon berdi, – degan so‘zlarni yana takrorladi u.
Ayol ho‘ngrab yubordi, bechoraning a’zoyi badani titrab-qaqshab, boshini quchog‘idagi bolalarining yelkasiga qo‘ydi.
U esa bu oilaning chuqur qayg‘usiga beg‘am, beparvo qarab turar edi. U yonidagi ayol va bolalar qandaydir begona odamning o‘limiga bu qadar qattiq qayg‘urayotganidan ajablanardi. Axir, hozir yo‘qlashgan bu odam ularning uyida uzoq yillar faqat mehmon bo‘lib yashagandi-ku, mana endi qo‘qqisdan kutilmaganda uning nomini eslab qolishdi. Ona-bolalar far­yod qilishardi. U goh g‘amgin, goh shodmon kunlarni marhum do‘sti bilan qanday baham ko‘rgani, jang maydonida yelkama-elka turib qanday kurashganlari, birgalikda tinka-madori qurib, tushkunlikka tushishgani va yana mustahkam iroda bilan bor kuchlarini yig‘ib oyoqqa qalqib, olg‘a yurishgani voqealarini so‘zlardi. U jangda yaralanganidan keyin front ortidagi harbiy shifoxonaga tushdi, tez orada Moris Flyorini ham o‘sha joyga olib kelishdi. Do‘stining hayotiga hech narsa xavf solmayotgandi, u nayzadan yaralangan, odatda bunday jarohatlar tezgina bitib ketardi. Quroldosh do‘st bo‘lganliklari uchun ularni yonma-yon o‘ringa yotqizishga ruxsat berishdi. Biroq Moris Flyorining ahvoli birdaniga og‘irlashib qoldi, jarohati yiringlab ketdi, yiring qonga o‘tib, bemorning butun tanasiga tarqala boshladi. U odam zoti chiday olmaydigan azobni boshidan kechirdi. Tungi jimjitlikda u o‘z do‘stiga shivirlab, dardini yordi. Yurak ildizlari bebaho obi hayot – qirmizi qon oqayotgan tomirlar jarohatdan tarqalayotgan zaharni so‘rib olib, uni yurakning ichkarisiga haydar edi. Uning tuyg‘ulari, ongu shuuri – eng nozik, eng muhim tomirlari ham go‘yo zaharlanib ulgurgan edi. Yarador azobdan to‘lg‘anar, uning nigohlari rahmu shafqat tilar edi. Uning ko‘zlariga qarash naqadar og‘ir edi. Boyoqishning termilishlari peshonasiga miltiq tirab otilayotgan qari va kasal itning “meni otma”, deya iltijo bilan yalinib yolvorayotgan nigohlaridek edi, hatto ko‘ksini o‘q teshib o‘tgandan keyin ham ochiq ketgan ko‘zlari bilan: “Men avval qanday vafodor bo‘lganimni eslang, mening sadoqat, ishonch bilan beminnat xizmat qilganlarimni eslang, sizni qanday sevganimni eslang, mening hayotimga qasd qilmang”, deya rahmu shafqat tilayotgan itdek edi. Bu ko‘zlarga beparvo qarab bo‘lmas edi, bu azoblarni ko‘rib chidab bo‘lmas edi. Zahar esa asta-sekin uning kuchli va baquvvat tanasini butunlay egallab oldi. Zahar rahmu shafqatni bilmadi. Shundoq bo‘lsa ham o‘limi oldidan uning avvalgi kuchi va tiniq shuuri qaytdi. U hayot o‘zi uchun hech qanday qadru qimmatga ega emasligini, bu dunyoga uni hech nima bog‘lab turmaganini – uysiz, kimsasiz, g‘arib va darbadar bir devona ekanini aytdi.
– U bunday gaplarni aslo aytmaydi! – deya e’tiroz bildirdi ayol ko‘z yoshlar yuvgan yuzini notanish kishiga o‘girib.
Notanish odam:
– Balki unga ishonganingiz to‘g‘ridir. Lekin u menga shunday dedi. O‘limi oldidan undan bu dunyoda biron-bir yaqin kishingiz yo‘qmi, hayotingizning so‘nggi lahzalarida aytgan gaplaringizni yetkazar edim, desam, u menga shunday shivirladi: “Bu dunyoda meni taniydigan hech kimim yo‘q”, – dedi.
– Uning ismi aniq Moris Flyori edimi? – deya ajablanib so‘radi ayol.
Notanish odam:
– Ha, aniq shunday edi, – dedi.
Ayol so‘radi:
– Siz uning yuzini eslay olasizmi?
Notanish kishi javob berdi:
– Ha, juda yaxshi eslayman. Uning yuzi dovyurak insonlarga xos jiddiy, tusi bug‘doyrang, terisi tiniq va beg‘ubor, ko‘zlari kulrang-zangori, ovozi esa nozik va jarangdor edi.
Notanish odam ta’riflagan kishi o‘z eri ekaniga ayolning shubha-gumoni qolmadi. Biroq u aytgan so‘nggi so‘zlarni qanday tushunish mumkin?
Notanish odam dedi:
– Balki issig‘i haddan ziyod ko‘tarilgani uning fikrlashiga ta’sir qilgandir, balki og‘riqning zo‘ridan es-hushini yo‘qotib, shunchaki alahsiragandir.
Suhbatdoshlarning ikkisi ham bu gapning jo‘yali ekaniga kelishishdi, ehtimol shunday ahvolga tushgandir.
Ayol qayg‘uning zo‘ridan uzzukun g‘amga botib yurdi. Kun esa haroratli va yoqimli, bepoyon osmon toza va musaffo edi. Ajib va nafosatli shaklda yaratilgan gulbog‘dagi ko‘zni qamashtiruvchi alvon gullar orasida ayol goh oldinga, goh orqaga yurib, asabiy kezdi. Notanish kishi esa, odob yuzasidan unga hamroh bo‘lib, yonma-yon yurishi zarur edi. Ayol undan erining jang maydonida yarador bo‘lgani, azoblanib halok bo‘lgani tafsilotlarini yana bir boshdan ipidan ignasigacha qayta-qayta so‘rayverardi. U erining chekkan azob-uqubatlarini, bunga qanday bardosh berganini bilgisi kelardi. Notanish odam ayolga urushda do‘sti bilan ikkisining boshiga qanday kunlar tushgani, jangdan keyin ikkalasi ham qonga botgan holda yerparchin bo‘lib yotib qolgan paytda o‘ylagan va og‘ziga kelgan gaplarni aytib berdi.
Qosh qoraydi. Ayol notanish odamdan uyda qolishni o‘tinib so‘radi. Agar ketib qolsangiz, g‘am-qayg‘u meni adoyi tamom qiladi, dedi. Erim haqidagi hikoyalaringizni tinglash – men uchun yagona tasalli va taskindir. Ana shu hikoyalargina meni ovuta oladi, dedi. Notanish kishi uning uyida tunab qolishga rozi bo‘ldi.
Ular uyga qarab yurishdi. Erkak va ayolning bir juft uzun, ingichka, bolalarning qisqa va nozik soyasi oyoq ostida ilgari yuzib borardi. Uy devorlariga tushgan soyalarda boshlar katta-katta, aniq aks etdi. Erkak ularga boqib: “Soya – bu yuzi o‘g‘irlangan odam. Men esa o‘zimning o‘zligimni, asl qiyofamni yo‘qotgan bir soyaman, xolos”, deb o‘yladi. ­Birozdan so‘ng uyga kirishdi.
Kelgindi kishi ertasiga ham, undan keyingi kun ham qo‘rg‘ondan ketmadi. Ayol har kuni undan uyda qolishni qattiq o‘tinib so‘rar, u ham uy bekasining ko‘ngliga qarab uyda qolardi. Nihoyat bir kun kechqurun u ayolga o‘zi haqida, o‘zining g‘aroyib taqdiri to‘g‘risida gapirib berishga qaror qildi. U urushda yarador bo‘lib, yuz qiyofasini yo‘qotganidan so‘ng uyiga qaytdi. Uni hech kim tanimadi: urushga ketayotganida uni quchoqlab, o‘pib kuzatib qolgan otasi ham, onasi ham, ukalari, singillari ham mutlaqo tanimadi. Ostonada qo‘llarini yalab-yulqab kutib olgan itlardan boshqa biron tirik jon kimligini bilmadi. Shundan so‘ng u uydagilari uchun qanday notanish bo‘lib kelgan bo‘lsa, shunday begona bo‘lib tug‘ilgan uyidan ketdi. Nahotki, tuqqan ona o‘z bolasini tanimaydimi, onalik tuyg‘usi bilan shu bola o‘ziniki ekanini his etmaydimi? Ota-chi, ota pushti kamaridan bo‘lgan o‘g‘lini tanimay qoladimi? Meni yuzimdan, tashqi qiyofamdan mahrum qilishdi, lekin sening ro‘parangda avval qanday bo‘lsam, hozir ham shundayligimcha turibman. Hech kim buni sezmadi, bilmadi, his etmadi. Ana shundan so‘ng u yetti yot-begona va notanish odamlar orasida darbadar bo‘lib daydiydi, sadaqa so‘rab kun ko‘radi.
Rahmi kelgan ayol notanish erkakka qancha xohlasa, shuncha vaqt uyida qolishini taklif qildi, bu uy – o‘z uyim deb hisoblab, bemalol yashayvering, dedi. Axir, erining so‘nggi nafasigacha jonajon do‘sti bo‘lgan inson muhtoj bo‘lib kelganida unga uyining eshigini ochish baxt emasmi!
Kelgindi odam rahmat aytib, ayolning iltimosiga rozi bo‘ldi.
Bir uyda yashar ekan ayol ham, uning bolalari ham unga tobora o‘rgana boshlashdi, vaqt o‘tgan sayin qattiq bog‘lanib qolishdi. Endi uning tashqi ko‘rinishidan kichkintoylar qo‘rqmaydigan bo‘ldi. Bolalar uning tizzasiga o‘tirib olishib, bo‘g‘iq va xirildoq ovozda nimani gapirsa, hammasini jon qulog‘i bilan erinmay tinglashni kanda qilishmasdi. Go‘daklarning nimjon va ozg‘in gavdasining yengil vazni va haroratini tizzasida, o‘z badanida his etar ekan, har safar ko‘ngli chuqur alam va o‘kinchga to‘lib ketar edi. Hech kim yo‘q paytlarda u bolalarni qattiq quchoqlar, mehr bilan bag‘riga bosar edi. Ular esa bu odamga allanechuk g‘alati bo‘lib termilib qolishar, so‘ng uzoq vaqt jim o‘tirishardi. Ona uning bolalarga bo‘lgan mehrini sezar va yuragida iliq bir hovurni tuyar edi. Ko‘pincha ikkisi yonma-yon o‘tirgan kezlarda bolalar haqida gurunglashishardi. Bunday suhbatlar va kundalik turmushning boshqa holatlarida ayolga uning ziyrak aqli, farosati va ruhiy teranligi tobora yaxshiroq ochila boshladi. Ayolning unga bo‘lgan ishonchi va intilishi kuchaydi.
Erkak bunday vaziyatdan o‘z manfaati uchun foydalanmay qolmadi, albatta. U ayolning fikru xayolini butunlay zabt etdi. Vaqti-vaqti bilan erkak binoyidek munofiqlik qilar va bu qiliq o‘ziga juda xush yoqardi. U endi ayol qalbining barcha qirralarini bemalol sinchiklab kuzatar, qarshisidagi mushtipar ojizaning tuyg‘ularini o‘zicha baholar edi. Erkak unga befarq edi, lekin shunchaki qiziquvchanlik bilan ayol tabiatining sir-sinoati ichiga yanada teran kirishga qayta-qayta intilar, ayolning o‘zi unga yuragini ochishini istar edi. U ayol ichki dunyosida avval shubha qilmagan boshqa ko‘p narsalarni ham bilib olishga umid qilar va tez orada ayolning ishonchli sirdoshiga aylanishga erishdi.
Faqatgina bir mavzudan – Moris Flyori haqidagi suhbatlardan qochdi. Ayol marhum eri haqida gap boshlaganda u chaqqonlik va ustalik bilan gurungni boshqa o‘zanga burib yuborar edi. U o‘zining avvalgi asl timsolini ayol ongu shuuridan asta-sekin o‘chirib tashladi va bu ish o‘ziga chinakam huzur bag‘ishladi. Moris Flyori haqidagi gaplardan qochishning iloji bo‘lmay qolgan paytlarda u marhum do‘sti jismoniy jihatdan sog‘lom va baquvvat bo‘lsa ham, ruhan sal g‘alatiroq kimsa ekani haqidagi ayblarni taqashga, uni unchalik sevmaydigan odam buni illat deb hisoblashini aytishga qo‘rqmasdan jur’at qilar edi. Moris Flyori o‘zi do‘st deb tanlaganlarning ichida faqatgina u quroldoshidan yurakning eng pinhon sirlariga hamroz bo‘lishni talab qilganini, hamda bu xazinani avaylab asraganini, chunki buni hamma narsadan yuqori qo‘yishi kunday ravshan ekani haqida lof urar edi. Uning o‘z do‘stini zimdan yomonlashga harakat qilayotganidan ayol sira xafa bo‘lmas, shuning uchun ham erkak bo‘la turib o‘lganning ortidan huda-behuda tosh otaverardi. Ayol bunga e’tiroz bildirmasdi. Aksincha, kundan-kunga ularning munosabati ixtiyoriy ravishda yaqinlashib borar, bu holat erkakning o‘ylagan rejalari amalga oshishiga keng yo‘l ochar edi.
Erkak dam-badam o‘ziga xayolan shunday derdi: qaytanga yuzsiz bo‘lish bu dunyoda odamga qulayroq va yaxshiroq ekan. Yuzsiz bo‘lsang, bemalol ozod va erkin yashaysan. Tashqi dunyo bilan bevosita aloqang uziladi, doimo hushyor va ogoh bo‘lish shart emas. Zamin uzra dadil qadam tashlaysan, hech kimni xafa qilib qo‘yishdan qo‘rqmasdan fikr yuritasan, hamma narsa haqida xohlagancha xulosa chiqaraverasan. Chunki haqiqiy yuzingni hech kim ko‘rmaydi, yuzing yo‘q bo‘ladi. Bunday bo‘lib o‘zing bilan o‘zing qolishing oson.
Yuzsiz bo‘lib olganidan keyin bu balodan o‘z manfaati yo‘lida foydalandi. Ayolga hukmini o‘tkazib, uni o‘z izmiga soldi. Yuzsiz erkak qanday ko‘rishni istasa, u asta-sekinlik bilan shunday ayolga aylandi. Nihoyat ikkisining munosabatlarini sezdirmasdan ishqiy hissiyotning yupqa soyasi bilan o‘rashning payti keldi. Bu soya yuzsiz odamga juda qo‘l keldi. U kundan-kunga bu soyani quyuqlashtira boshladi. Soya zulmatga aylanib uning jarohatlarini, chandiqlarini ko‘zdan yashirdi. Ayol uning ko‘rinib turgan mayib-majruhligini endi ko‘rmaydigan bo‘lib qoldi. Bu zulmat odatda oydin bo‘lgan, ochiq ravshan ayon bo‘lib turgan boshqa narsalarni ham yashirdi. Notanish kelgindi nihoyat o‘z harakatlarining samarasidan behad suyunib o‘z-o‘ziga shunday dedi: haqiqatan ham sevgining ko‘zlari ko‘r ekan, yaxshiyam mening bittagina bo‘lsa ham ko‘radigan ko‘zim qolgan.
Qiyofasi, betidagi aniq belgilari dono va mohir tabiat ruhiy quvvatidan, qalbidagi go‘zallikdan ilhomlanib, yillar davomida sayqallab yaratgan mo‘jiza emas, ko‘z ochib yumguncha o‘z ishini bajarib, bu ilohiy belgilarni chuqur chandiq va o‘yiqlar ichiga supurib tashlagan qo‘pol temir parchalarining zuryodi bo‘lib qolgani aslida qanday yaxshi ekanini yuzsiz odam ich-ichidan tan olib, sevinardi. Sen ayolga yuzingda oshlanmagan jonsiz teriday tirishib yotgan bu niqobdan o‘z sevgilisi tuyg‘ularining yonib turgan nurlarini izlamaslikni o‘rgatding, endi bemalol yayrab yashashing mumkin. Har lahzada o‘z befarqligingni yashirish uchun o‘yin qilishingga ham hojat yo‘q, muzday sovuq bo‘lib hamma narsaga beparvo qolishing mumkin, ayol sen bilan orani uzishidan qutulasan, hamisha suvdan quruq chiqasan…
U notanish kelgindi erkak bilan uy bekasi o‘rtasidagi muhabbat qissasidan huzurlanib bahramand bo‘lar edi. Bunday ikkiyuzlama holatning bahosini aniqlashga erishdi: er ko‘rinmas va noma’lum bo‘lib, o‘z xotini va notanish erkakning shirin ishqiy lahzalarining bevosita guvohi bo‘ldi. Ustiga-ustak bu muhabbatning betakror jozibasidan behad lazzatlandi. Bu sevgida notanish erkakning yuzini ko‘rishdan mahrum bo‘laturib, uni sevib qolgan ayolning tiynatidagidek noziklik va o‘zgacha latofat mavjud edi. Ayol faqatgina yuzsiz erkakning pinhona kuchi va ko‘ngil go‘zalligiga mahliyo bo‘lib, unga butun borlig‘i bilan intilardi. Uning his-tuyg‘ulari shu darajada jo‘shib ketdiki, ayollik jozibasining gulg‘unchalari shu qadar yashnab ochildiki, o‘z sevgilisiga yaqinlashishga bo‘lgan istak haddan oshdi! Ikkisi hali bir-biriga ­rostakamiga yaqinlashishmadi, biroq ko‘ngilni qitiqlovchi sarguzashtning go‘zalligi, zavqu shavqi mana shunda emasmi?
Go‘yo ikkisining o‘rtasida yupqa parda osilib turgandek tuyuladi, bu pardaning orasidan ayol sevgilisining qiyofasini elas-elas tasavvur qilar edi, chunki uning yuzini hali biron marta ham ko‘rgan yo‘q edi-da.
Tushunarsiz sog‘inchu istak ularni bir-biriga talpintirar edi. Hatto qo‘pol erkakning sezgilari ham nihoyatda noziklashib qolgan, beixtiyor ayolning latif his-tuyg‘ulari ta’siriga berilgandi. Bir so‘z bilan aytganda, ularning ikkovi ham hali boshidan kechirmagan betakror lazzatni his etishardi.
Mana nihoyat bir kun kechqurun kuzning ilk yomg‘iri yoqqan payt kelgindi erkak uzoq vaqt makru hiyla bilan rejalashtirgan voqea sodir bo‘ldi. Uyning g‘arbiy qanotida faqat ikkalasi yolg‘iz qolishgandi. Yomg‘ir tomchilari ho‘l qilgan deraza oynalaridan xona ichkarisiga qorong‘ilik cho‘ka boshlagandi. Hovlida sel aralash shamol quturardi. Odatda bunday payt uydan tashqariga chiqmagan ma’qul. U ayolni biroz majburlab, o‘z izmiga bo‘ysundirdi.
Biroq bu kecha uni ruhan sindirdi, yuragini vayron qildi, ongu shuuri va his-tuyg‘ularini chalkashtirib yubordi. Endilikda uning uchun juda yaqin va aziz bo‘lib qolgan ayolga ehtiros shuncha vaqt mahorat bilan quyib yasab, o‘ziga qalqon qilib o‘rab olgan mustahkam zirhni yorib o‘tdi. Oqibatda o‘zi qattiq chayqalib quladi, yerparchin bo‘ldi. O‘zidan-o‘zi ­nafratlanib, titrab-qaqshab, dovdirab ayoldan qochdi.
Qorong‘i tunda uzoq daydib yurdi. Ancha vaqt o‘ziga bir suyanch izladi, lekin topolmadi. Dahshatli vahimaga tushib, o‘zida-o‘zi so‘rar edi: men kimman? Dovul javob berardi:
– Yuzi yo‘q odamsan – hech kimsan, bir kim emas, ehtimol kim bo‘lsang ham, har kimsan.
Yomg‘ir boshi, yelkalarini ayovsiz qamchilar, biroq u tinmay daydir, qo‘rg‘ondan olislarga eltuvchi so‘qmoqlar bo‘ylab qochar edi.
Biroq u qaytdi, ayolning sog‘inchiga ilakishib qaytdi. Bu sog‘inchning qanchalar chuqur, qanchalar kuchli ekanini his etib, qaytdi. Nihoyat uning chandiqli yonoqlaridan issiq ko‘zyoshlar sho‘rg‘alab tusha boshladi.
Shu damdan boshlab u o‘zgarib qoldi. O‘z qobig‘iga o‘ralib olib, bog‘dagi darxtlar shoxidan aylanib yerga tushayotgan bargi xazon ko‘mgan so‘qmoqlar aro yolg‘iz kezar edi. Bolalar bilan ham, ayol bilan ham unchalik ishi bo‘lmay qoldi, kam gaplashar, iloji bo‘lsa gaplashmasdi. Gohida ayolga jimgina ta’zim qilar va uni shunday mehr bilan o‘pardiki, avval hech qachon bu darajada mehr ko‘rsatmagan edi. Bolalar ham onasiga goho birga o‘tirishganda yoki o‘ynashayotganida u kutilmaganda yonlariga kelib, ko‘tarib tizzasiga o‘tqazib olishi, ko‘zlari to‘la yosh bilan termilib, bag‘riga bosib erkalashini aytib berishardi. Ayol bolalarning bu so‘zlarini hayratlanib, azoblanib tinglar va g‘alati bo‘lib qolar edi.
Tunda hamma uxlab yotgan payt u ko‘pincha uydan tashqariga chiqar, kimsasiz yo‘llarda bemaqsad daydib yurardi. Kuz tunlari yomg‘irli, izg‘irin bo‘ronli kechar, ovloq yo‘llarda har doim yakkayu yolg‘iz daydib yurar ekan, bo‘lib o‘tgan voqealarni o‘ylab ko‘rib, barchasida o‘zini ayblar, bema’ni g‘ururi va xudbinligi uchun o‘zidan yozg‘irar edi. Ammo bu ruhiy o‘zgarish unda ichki qarama-qarshiliksiz kechmadi, albatta. Ba’zi paytlarda fe’li ters aylanib, o‘z gunohlarini boshidan uloqtirib tashlar va avvalgi yuzsiz, shafqatsiz va o‘jar holatiga qaytar edi. Baribir har safar boshini yerga egar va yana o‘sha og‘ir va azobli yukni o‘z yelkasiga ortardi. Alaloqibat o‘z ixtiyori bilan bu yukni zimmasiga mardona oldi va endi o‘zidan boshqa hech kimni gunohkor deb bilmaydigan bo‘ldi. Shunday qilib u shu paytgacha ko‘nglida saqlab yurgan shumliklar, kek-adovat va behuda o‘pka-ginalardan qutuldi. Uning ko‘nglidagi illatlar o‘rnini ezgu va nekbin tuyg‘ular egalladi. Zulmat ichra ko‘kragini ko‘tarib, mardona qad rostladi. Yuragi nurga to‘ldi.
U orqa uy tomonga qarab burildi. Urushdan uyga qaytgan kuni qaysi yo‘ldan yurgan bo‘lsa, o‘sha yo‘l bo‘ylab dadil qadam tashladi. Yuragi cheksiz quvonchga to‘lgan, kayfiyati xushvaqt edi. Zulmat, yomg‘ir va bo‘ron yeru osmonni chulg‘ab olgan, biroq har qadam tashlaganida unga jonajon qo‘rg‘on, oppoq uy tobora yaqinlashib kelayotganini his etar edi.
Nihoyat u bog‘dagi daraxtlar tagiga yetib keldi. Qalin o‘sgan sershox butoqlar uning boshi uzra shovullardi. U esa sekin uyga tomon odimlardi. Uyning devorlari u yaqinlashgan sari bo‘zarib, o‘zidan oppoq nur taratar, bamisoli yerdan yengilgina bug‘ ko‘tarilayotgandek edi. Jimjit, nafasini ichiga yutib, uy sari qadam tashlardi, bu damda u ushbu mo‘jiza sarob bo‘lib, yana osmonga uchib ketishidan nihoyatda qo‘rqayotgan edi.
Urushdan qaytgan ilk tongda qanday qilib xotini va bolalari uxlayotgan yotoqxona derazasi tagiga borgan bo‘lsa, bu safar ham ana o‘sha derazalarning oynalariga sekin yaqinlashdi, orom olib uxlayotgan jigarbandlarining shirin nafasini his etish uchun to‘xtadi. Bo‘ron uvillar, yomg‘ir yelkalariga ustma-ust qamchi bosar, ammo u mana shu qorong‘ilik aro turib, uyda uxlayotgan jigarlarining badanidagi haroratni o‘z tanu jonida his etar edi. U yuragidagi so‘zlarni bolalariga shivirlab aytdi:
– Ertaga tongda sizning otangiz urushdan uyga qaytadi. Uning yaralari juda ham qo‘rqinchli. Ammo yuzidan voz kecha bilgan kishi baxtiyordir.

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 6-son