Odam, kitoblarini sotishga ahd qildi.
Butun kecha krovatida ag‘anab chiqdi. Hech uyqusi kelmadi. «Kitob sotish!» Ko‘ngli g‘ash bo‘lib, nihoyat soat uchlarga borib uxlay oldi. Ertalab turganda ikki chakkasi zirqirardi. Tashqariga chiqdi. Yuz-qo‘lini yuvdi. «Lekin kitob sotish!..» Chakkadagi og‘riq hamon bosilmasdi. Xovliga chiqdi, kirdi, kiyindi. Oynaga qarab o‘z aksini ko‘rmadi. «Kitob sotish!» U sochini tararkan, taroq etga botdi va terisi shilindi… «Ha, baribir kitoblarni sotish kerak!»
— Nima qilyapsan o‘zi, jonim? Qara, tosga turtilib, suvni to‘kib yubording! — dedi xotini.
— Suvni men to‘kib yubordimmi? Pardon!
Kitob sandig‘ining oldiga borib o‘tirdi. Bular unga naqadar yaqin edi-ya! Har bir kitobda undan, uning fikrlaridan biron narsa qolgan… Har bir kitobning varaq chetlariga qo‘shimcha, belgi, mulohazalari qo‘yilgan… Yoki yoqqan jumlalarning osti chizilgan…
— Bugun sotadi-a, oyijon? — deb sekingina so‘radi qizcha onasidan.
Ona qiziga ho‘mrayib qo‘ydi. Qizcha jim bo‘lib qoldi. Lekin nega? Axir nima qilsin, uning qorni ochgan edida! Kitob qorin to‘ydirmaydi-ku…
Voy-bo‘, qancha kitob-a! Sotaversin, hammasini sotsin. Agar otasining o‘rnida u bo‘lgandaydi, o‘ylab o‘tirmay sotaverardi…
Odam kitoblarini ajratib o‘tirardi. Qizcha otasiga yaqinlashdi. U bir narsa so‘ramoqchi, ammo otasining jaxli chiqmasmikan?
Otasi jilmaydi… U tishlari orasidan hushtak chalar edi… Goh-goh boshini chayqar, varaqlab-varaqlab bir narsalarni o‘qir, kulib qo‘yardi. Keyin kitobni yopib xo‘rsindi-da, ikkinchi tarafga qo‘ydi.
— Dadajon! — dedi qizcha sekingina qo‘rquv aralash.
Mana, Tolstoyning «Urush va tinchlik» kitobi. U Tolstoyni juda ham sevardi. Darvoqe, uning o‘zida Tolstoyga o‘xshashlik bir narsa bor… Mana, «Mening universitetlarim», Ayniqsa bunisi… unda Gorkiyga ham o‘xshash bir narsa bor… Ehtimol bu Gorkiyday og‘ir hayot kechirganidandir…
— Dadajon!
Qizchaning yuragi duk-duk urardi. Axir qorni och-ku… Ochdan-och o‘tirib bo‘ladimi? Qorni ochdi, ochdi, ochdi… Demak bu kitoblarni sotadi… La’nat-ey hammasiga ham…
Kitoblarni ayirdi, gazetaga o‘radi, o‘ramlarni kanop bilan mahkam bog‘ladi. Ikki o‘ram kitob ikki qo‘ltig‘ida, uydan chiqar ekan:
— Tushlikka hech balo yo‘q! Qaytishingda ikkita non, qoq go‘sht va tuxum opkegin, — dedi xotini.
Qizchaning so‘lagi oqib ketdi.
— Oyijon, limonam ol desangiz bo‘lmasmidi? Limonsiz choy yaxshi bo‘lmaydi-ku! — dedi otasi chiqib ketgach va yutinib qo‘ydi.
— Oyijon, qornim juda-juda ochdi. Bugun hamma go‘shtni o‘zim yeb qo‘yaman!
Kunning qizig‘ida kitob qo‘ltiqlab olgan Odam asta-sekin borardi. Uni qayg‘u ezgan, ruhsiz va parishon.
Oldidan yuk mashinalar o‘tar, taksilar viz-viz uchardi… «Ammo lekin, kitoblarni sotish kerak?.. » U o‘yga cho‘mgan, yonidan har xil odamlar: xarob, bashang kiyingan, g‘oyat go‘zal xotinlar o‘tib ketardi. «Unga baribir, kitoblarni sotish kerak!»
Necha muyulishlardan qayrilib, ko‘chalardan o‘tdi.
Kitoblarini bir do‘stiga sotmoqchi edi. Ular bir maktabda, bir sinfda, bir partada o‘tirib o‘qishgan edi. U baxtga ishonmaganligi uchun, do‘sti «Avtomobil agentligi»ning xo‘jayini bo‘lib qolganda ham, tasodif xolos, deb qo‘ydi. Lekin na bo‘lsa bo‘lsin, bu do‘sti boshqa o‘rtoqlariga o‘xshamadi. U ehtimol pul bilan ham yordam berishi mumkin edi. Ammo bunga uning o‘zi ko‘nmaydi-da. Shuning uchun u: «kitoblaringni olib kelchi. Hammasini jamlab hisoblaymiz-da, o‘n ikki protsent chegirib tashlaymiz» degan edi. Shunday qilib qashshoq do‘stining izzat-nafsini kamsitmadi. Odam do‘stining idorasiga kirdi. Koshkiydi kirmasa. U yerda Najdat o‘tirardi. Najdat ham maktabdosh o‘rtog‘i. Bir maktabda, bir sinfda o‘qiganu, ammo u, boshqa partada o‘tirardi. Najdat hozir doktor. U-chi?
Odam hang-mang bo‘lib qoldi. Najdat hali-hali avvalgiday. — Ustida yaxshi tikilgan kostyum, labida nafratomiz kulgu… «Najdat kitoblarni sotib, ikkita non va qoq go‘sht olishimni bilib qoladi» degan fikr xayolidan o‘tdi. Uning kelganini Xayri ko‘rgan edi.
— Xo‘sh, kitoblaringni olib keldingmi?
Najdat hali ham kinoyali nafratomuz qarab turar, ko‘zlari kitob o‘ramlariga qadalgandi. Ajabo, Xayri unga: «Menga kitoblarini o‘z narxidan o‘n ikki protsent arzonga sotmoqchi… Achinarli holga tushib qolibdi. Rahmim keldi… Kitoblari kerak ham emas-u, ozgina bo‘lsada yordam-da» deganmikan-a? Har holda aytganga o‘xshaydi… Aytgan, bo‘lmasa Najdat kitoblarga bunday ko‘z bilan qararmidi?
Xuddi shu vaqtda Xayri doktor Najdatga kitob haqida gap ochdi. Uning quloqlari shang‘illab, kuzlari tinib ketdi. Xayolida Najdat bilan do‘sti goh uzoqlashib, goh yaqinlashayotganday, yana yaqinlashib, yana uzoqlashayotganday pirillab aylana ketdilar…
Najdat hamon tikilib turardi. Uning ko‘zlari ko‘mko‘k va hiylakor.
— Yo‘q! Kitoblarimni sotmaslikka qaror qildim, — dedi u, birdaniga.
Ular tikilib turishar… Najdatning ko‘m-ko‘k va xiyonatkor ko‘zlari g‘am bosganday ko‘rindi.
— Ish topdim. Kitoblarni sotish fikridan qaytdim.
Ular bir narsalar so‘rashdi, u gapiraverdi, gapiraverdi, ular so‘rashaverdi. U allanimalarni gapirib berdiki, qarshisida o‘tirganlar o‘rinlaridan turdi, u ham turdi. Birgalikda bir restoranga borishdi. Qorong‘iroq va salqingina restoran… U hamon o‘ychandi. Ortiq xayoliga ikkita non va qoq go‘sht kelmasdi. Yo‘q, kelmasdimas — kelardi, lekin bo‘layotgan voqealar uning o‘ziga bo‘ysunmasdi.
* * *
— Oyijon, peshin bo‘ldi-ku. Dadamlar hech kelmayaptila-yu… — deydi qizcha.
— Keladi qizim, keladi, sabr qil!
— Hech, chidolmiyman, qornim og‘rib ketyapti, xuddi devorlar qimirlayotganga o‘xshab ketyapti.
Xotin erining hali-beri kelmasligini bilardi. Kitoblarni sotgan bo‘lsaydi, allaqachon kelgan bo‘lardi. Eri ishlagan vaqtlarda uyim-joyim deb kuyib-pishishligini yaxshi bilardi. «Albatta, olmaganlar… La’natilar!.. Insonlar nega bunchalik tosh bag‘ir-a? Biz ularga nima yomonlik qildik? Qancha-qancha mehmonxonalari, bog‘-rog‘lari, avtomashinalari bor… «Axir nega erini fabrikaga ishga olishmaydi? Qizg‘anadilarmi?» Xotin miyig‘ida kulib qo‘ydi: «Qizg‘anadilar, haqiqatan qizg‘anadilar!»
— Uh, oyijon, dadamlar kelmaydilar dedim, kelmaydilar!
— Keladi qizim, albatta keladi, sabr et!
Xotin qo‘shnisidan qarzga yarimta non olib chiqadi. Qizcha nonni ana-mana deguncha ochko‘zlik bilan yeb qo‘yadi.
Soat ketidan, soatlar o‘tib, kech bo‘ladi. Qizchaning yana qorni ochib, uyqu bosadi. U krovatga cho‘ziladi, onasi ustiga ip sholcha tashlab, qo‘shnilarinikiga chiqib ketadi. Zora bitta-yarimtasi narsa tikdiribmi yoki polmi, kirmi yuvdirib qolsa…
* * *
Eshik lang ochiladi. Kitob qo‘ltiqlagan Odam ko‘rinadi. Gandiraklab-gandiraklab mast-alast ichkariga kiradi. Xonasiga o‘tadi. Uy o‘rtasida turib qoladi. Kulimsirab qo‘yib bosh chayqaydi. Oyna oldiga keladi, uxlab yotgan qizini ko‘rib qoladi. U tomon yurarkan qo‘ltig‘idagi kitob o‘ramlarining biri yerga tushib ketadi. Jahl bilan ikkinchi o‘ramni ham uloqtiradi. Oyoqlari bilan tepadi:
— Qani u?
Qaytib oyna oldiga keladi va o‘z-o‘zini sinchiklab qaraydi: yuzi so‘rrayib soqoli o‘sib ketgan. Ich-ichiga kirib ketgan, qon quyilgan ko‘zlar… «Erkakmish? Shuyam erkakmi… Oila boshi… Sevmasa ham haqli!» Bir urib oynani sindiradi. Oyna parchalari jaranglab polga tushadi-da, qiz uyg‘onib ketadi. Dadasi qo‘llari belida, oyna parchalariga tikilar va oyoqlari bilan toptardi.
— Dadajon!
Odam qiziga qaraydi, u ham ko‘ngliga yoqmaydi.
— Riyokorlik qilma!
Qiz qo‘rquv va dahshat to‘la ko‘zlarini otasidan olmasdi.
Otasi tinmay gapirardi:
— Senlar meni sevmaysiz, sen ham, onang ham… meni sevmaysizlar! Yolg‘on gapirasizlar, yolg‘on!
— Xudo haqqi yaxshi ko‘ramiz dadajon… Men sizni judayam yaxshi ko‘raman…
— Yolg‘on gapirasizlar, na sen, na onang meni zarracha bo‘lmasin sevmaysiz! Senlarga men o‘lib qo‘ya qolsam, yana undan keyin…
— Oyimlar yaxshi ko‘rmasalaram, men juda yaxshi ko‘raman dadajon…
— Ishsiz otani, ishsiz erni ham sevadilarmi?
Qiz yig‘laydi. U dadam jinni bo‘lib qolibdi, deb o‘ylaydi. Otasi bo‘lsa hamon gapirardi.
— Shu mahalda qayerda yuribdi? Kim biladi? Qo‘shnilarinikida edim deydi-da! Meni aldashga tushadi, aldadim deb o‘ylaydi.
Hamma yoqni qorong‘ulik bosdi. U gandiraklab ketib, devorga suyanib qoladi. Esiga kelmaydimi yoki ortiqcha isrofgarchilik bo‘lmasin deydimi, chiroqni ham yoqmaydi. Borgan sari o‘zini yomon sezadi. Boshi aylanadi…
Xotin uyga qaytganda, allamahal bo‘lgan edi. U chiroqni yoqib, polda yotgan erini ko‘rdi. U kitob o‘ramlaridan birini boshiga qo‘yib olgandi… Qizi o‘tirgan yerida uxlab qopti.
Xotin chuqur uh tortdi va ochiqqanini yana ham qattiqroq sezdi.
Turkchadan Tohir Ibrohimov tarjimasi