Pechene, shokolod, marmelad, zaytun yog‘i va sovun ishlab chiqaruvchi tsexlar bilan yonma-yon joylashgan kichik ta’mirxonalardan birida ishlab, nonini kichik dastgoh ortidan topib yeydigan bir do‘stimni ko‘rish uchun borgandim. Topolmadim. Endi qaytayotgan edim, eshik yonida turgan kattagina yog‘och sandiqning ichida bir bolani ko‘rib qoldim. U pishloqli non bilan pamidor yeb o‘tirardi. Sap-sariq sochlari kir bo‘lib ketgan edi. Mashina yog‘i tegib qoraygan yuzi, ich-ichi chaqnab turuvchi yam-yashil ko‘zlari favqulodda meni o‘ziga tortdi…
– Matbuotchi amakini izlayotganmidingiz?
– Ha.
– Salgina oldin qog‘oz qirqtirishga ketdi. Hozir kelib qoladi. – So‘ngra yonidagi bir bo‘sh taxta sandiqni to‘nkarib, taklif qildi: – Marhamat, o‘tiring!
U shunday yoqimli qarab turardiki, ko‘rsatgan joyiga e’tirozsiz borib o‘tirdim. Qo‘lidagi nonidan bo‘lib, menga uzatdi. Och emasligimni bildirdim.
– Qo‘llarim kir bo‘lgani uchun yegingiz kelmayaptimi? – dedi.
– Yo‘q-yo‘q, nega?..
– Bizning ishimizda toza yurishning iloji yo‘q-da…
Uning ta’mirxonalardan birida shogird ekanini tusmollab so‘radim:
– Nima ish qilasan?
– Tokarlik dastgohini boshqaraman.
– A, ni-ma?!
U mening savolimdan qotib-qotib kuldi:
– Hamma hayron bo‘ladi. Holbuki, mana shu sentyabrda o‘n ikkiga to‘laman.
– Tokarlik dastgohlariga oid hamma ishni bajara olasanmi?
– Buning nimasi qiyin ekan? Ilgari otamning shaxsiy ustaxonasi bor edi. Ertalab maktabga borardim. Tushdan so‘ng ustaxonaga.
– Nechanchi sinfgacha o‘qiding?
– Boshlang‘ich maktabning to‘rtinchi sinfigacha.
– Keyin-chi?
– Keyin onam o‘ldi. Ikki ukam bilan yolg‘iz qoldik. Otam yomon bir ayolning ortidan ketdi…
– Maktabni tashlading, shundaymi?… Maktabga borishni yaxshi ko‘rarmiding?
U xo‘rsindi:
– Judayam!..
– Kim bo‘lishni istarding?
– Kapitan. Ulkan dengizlarda, to‘lqinli, qo‘rqinchli dengizlarda kezishni!.. Ovro‘paga, Amerikaga borishni. …Keyin Nyu-Yorkdagi Ozodlik haykalini ko‘rishni. Uning bo‘yi necha metr? Juda balandmi?
– Bilmadim.
– Siz Robinzon Kruzoni o‘qiganmisiz?
– O‘qiganman.
– Nomsiz orolda qanday qilib yashagan ekan… To‘g‘rimi? Shunday bo‘lishiyam mumkinmi?
– Bo‘lmasa yanayam yaxshiroq emasmi?
– Yaxshi… Yoki yozuvchi shunday o‘ylaganmikin? Lekin yaxshi o‘ylagan. Nima bo‘lgandayam, Robinzonga tasanno! Nomsiz orolda qo‘lini qovushtirib o‘tirmasdan, darhol ishga kirishgan! Tirik qolishning o‘zi ma’rifat emasmi? Yashash!
Mashina yog‘lari tekkan kir dastro‘molini chiqararkan, ko‘zlarim jomakorining keng cho‘ntagi ichidagi shisha koptokchalarga tushdi. U ham buni sezib turardi. Ularni chiqardi, hovuchlarida shaqirlatib:
– Nima qilaylik, – dedi. – Ish, ish, ish… Odam siqilib ketadi. Tanaffus paytlari Otash Ali bilan tosh o‘ynaymiz.
– Otash Ali kim?
– Pastki qavatdagi pechene chiqaruvchi tsexda ishlaydi. Bizning mahalladan. Har kuni ertalab ishga u bilan birga kelamiz. Mening onam yo‘q, uning esa otasi. Futbol o‘yinlariga, kinolarga birga boramiz.
– Kinoni ko‘proq yaxshi ko‘rasanmi yoki futbolni?
– Eng ko‘p futbolni yoqtiraman. Ammo kutgan narsamizga erisholmaymiz.
– Nega?
– Raqamli trubina bizlarga mos emas. Unga o‘tirsak, bo‘yimiz kichik bo‘lgani uchun o‘yinni tomosha qilolmaymiz. Stadion qurishayotganda bolalarni hisobga olishmagan!
– Shuning uchun siz nima qilasiz?
– Biz kinoga boramiz. Ali bilan yana ko‘pchilik bolalar. Albatta bozor kunlari. Otam uyda bo‘lsa, ertalabdan qochaman. To‘ppa-to‘g‘ri Shahzodaboshiga.
– Bo‘lmasa-chi?
– Bo‘lmasa qochib bo‘lmaydi. Suv isitish, yuvinish, ukalarimni yuvintirish vazifasi menga tushadi.
– Tokarligingning orqasidan qancha pul topasan?
– Haftasiga o‘n liradan.
– Yetadimi?
– Shunday qimmatchilikda shu pul yetarmidi? Boshqa ustaxonalarda yigirma besh lira berishadi, ammo ketolmayman.
– Nega?
– Usta otamning do‘sti…
– Tag‘in bu yerda bir nayrangbozlik bo‘lmasin?
– Bu fikr o‘zimning ham aqlimga kelgan, ammo nima bo‘lganidayam, baribir, ota! Yomon xayollarga borishni istamayman.
Naridan-beridan u bilan uzoq gaplashdik. Bu orada har kun sahar soat beshda soat qo‘ng‘irog‘ining ovozi bilan uyg‘onishini, gaz plitasiga choynakni qo‘yishini, idish-tovoqlarni yuvishini, bozorga tushib non, pishloq olishini, oltilarda ukalarining qornini to‘ydirib, roppa-rosa olti yarimda ishchi guruhlari orasida tengma-teng kemaga minib, yettida Ko‘prikka kelishini, yettidan chorakta o‘tganda ustaxonada ish boshlashini o‘rgandim.
– Yaxshi. Ammo buning oxiri nima bo‘ladi?
– Qaysining, amaki?
– Masalan, bir imkon tug‘ilib qolsa, yana maktabga qaytib bilim egallab, kapitan bo‘lishni istarmiding?
Avvaliga ko‘zlari quvonchdan charaqlab ketdi. So‘ngra esa so‘nib, bir nuqtaga qadalib qoldi.
– Nega jimsan? Xohlarmiding?
– Xohlardim, ammo…
– Ammo?
– Ukalarim… Otamga ishonib bo‘lmaydi-ku… Yana bitta yomon xotinga ilakishib ketsa…
Ichimda bir tomir simillab og‘ridi.
– …Menga nasib qilmadi. Ukam o‘qiydi. Narigisi hali ancha kichik. Ulg‘aygach, uniyam maktabga beraman. O‘sha paytda bir haftada hech bo‘lmaganda ellik lira topadigan bo‘laman…
So‘ngra birdan so‘rab qoldi:
– Amaki!
– Nima?
– Mening bo‘yim endi shunday kichikligicha qoladimi?
– Nega? O‘smaydimi?
– Onam o‘lmasidan avval devorga qora qalam bilan chizgandim. Doim o‘lchab turaman. Haliyam o‘sha-o‘sha. Yo‘qsa, endi shundayligimcha qolamanmi?..
Dudoqlarimdan to‘kilajak javobni qattiq hayajon bilan intiqib kutib turardi. Shunda mashina shaqillashlari eshitilib turgan issiq yo‘lakning kir bosgan yorug‘ligi bo‘ylab ulkan jussali biri ko‘rindi:
– Ayxan! – uning ham ust-boshi, yuz-qo‘llari kir-chir edi.
Bola sandiq ichidan sakrab turdi.
– Haliyam qorningni to‘ydirmadingmi?
– To‘ydirdim.
– To‘ydirgan bo‘lsang, borgin-da, ishingni davom ettir!
– Xo‘p bo‘ladi, usta!..
Meni hatto unutib qo‘ygandi. Tor yo‘lakning xira yorug‘i bo‘ylab yugurgancha uzoqlashdi. Yo‘lak oxiridagi ustaxonadan ichkariladi. Ortidan bordim. Ustaxona derazasining tirqishidan hayajonlangan ko‘yi kuzatib turdim: bo‘yi yetmagani uchun to‘nkarib qo‘yilgan bir taxta sandiqning ustida turgancha dastgohni boshqarardi. Mashina bo‘lsa bolakayning amriga binoan yuvosh hayvondek itoatgo‘ylik bilan yerga burama-burama, yaltiroq-yaltiroq temir qirindilarni to‘kardi…
Turkchadan Gulbahor Abdulloh qizi tarjimasi