Oldos Xaksli. San’atda samimiylik

Adabiy xodim Maykl Jozef yaqinda bosmadan chiqqan, adabiyotning tijorat bilan bog‘liq jihatlari haqida hikoya qiladigan to‘plamlardan birida qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qiladigan kitoblar xususida fikr yuritadi. Darhaqiqat, xuddi “Ford” mashinalari, sovun yoki suli yormasi kabi bir zumda talab ketishlari uchun kitob qanday bo‘lmog‘i lozim?

Aftidan, bu savolning javobi hammamiz uchun ham qiziqarli bo‘lsa kerak. Mabodo biz muhim bir sirni bilganimizda bormi, o‘sha zahotiyoq idoraviy tovarlar bilan savdo qiladigan do‘konga chopib, olti pensga[1] bir bog‘lam qog‘oz sotib olardik. Va ularni jozibali so‘zlar bilan to‘ldirib, olti ming funtga[2] pullagan bo‘lar edik. Xullas, dunyoda qog‘ozdek foydali narsa yo‘q. Tasavvur qiling, agar bir funt[3] temir soat mexanizmiga aylantirilsa, bir necha yuz, balki ming barobar qimmatlashadi, lekin hamma talashib-tortishib o‘qiydigan ommabop romanga aylangan bir funt qog‘ozni esa tom ma’noda million-million foyda evaziga sotish mumkin. Nimasini aytasiz, gap faqat qog‘ozni ommaviy adabiyotga aylantira olishda! Ammo buning siri hatto janob Jozefga ham noma’lum. Yo‘qsa, janob Jozefning o‘zi xaridorgir kitoblar yozib, mo‘may pul topgan bo‘lmasmidi? Axir, nima bo‘lganda ham, bu uning hozirgi ishidan, ya’ni shunday kitoblarni sotib kun ko‘rishdan ko‘ra foydaliroq bo‘lardi-da! Uning fikricha, qo‘lma-qo‘l o‘qiladigan kitob samimiy bo‘lishi kerak – tamom-vassalom, boshqa gap yo‘q.

Bu fikr mutlaqo to‘g‘ri. To‘g‘riligi shu qadar shubhasizki, undan keladigan foyda ham arzimasdir. Har qanday adabiyot, har qanday san’at, yaxshi sotiladimi yoki yomon sotiladimi – bundan qat’i nazar, samimiy bo‘lishi kerak. Muallif kimga taqlid qilmasin, Charlz Garvis[4] yoki Shelligami, u o‘ziga tegishli bo‘lmagan boshqa bir asarni nari-beri o‘zgartirgan holda, ataylab soxtalashtirib, aksariyat odamlarni uzoq vaqt laqillatib yurishi mumkin emas. Bir kuni baribir misi chiqadi. Muallif o‘zligiga, o‘ziga xos badiiy olamiga ega bo‘lsagina unga ijod sohasida omad kulib boqadi. Bu – bor gap.

Faqat xaridorgir aql-idrok bilangina xaridorgir asar yaratish mumkin. Faqat ana shunday aql-zakovat egasi Shellining “Ozod Prometey” asari singari talashib o‘qiladigan kitob yoza oladi. Soxta asar yozuvchilar o‘z zamondoshlarini laqillatishi-ku dargumon, kelajak avlodlarni esa alday olmasligi aniq gap.

To‘g‘ri, adabiyot tarixida bilib turib soxta asar yozish hodisasi kam uchraydi. Marlo pesalari va Lili[5] romanlarini muxlislar qanday katta quvonch bilan qarshi olgan bo‘lsa, shunday shuhrat qozonishdan umidvor bo‘lgan, qirolicha Yelizaveta davrida yashab o‘tgan Grin ana shunday ijodkorlar sirasiga kiradi. U “Evfues”dan nusxa ko‘chirgan edi. Grin, boshqalarga taqlid qilishdan tashqari, o‘zining shaxsiy uslubida ham ijod qiladi. Bu – nafis va jozibali uslub. Biroq u kimnidir qoyil qoldirish maqsadida o‘zi uchun begona uslubni qo‘llaganida, yozganlariga hech kimni ishontira olmaydi.

Keyingi davrlarda adabiy asarlarni soxtalashtirish orqali nom chiqargan boshqa bir muallif frantsuz Katyul Mendes hisoblanadi. U qoralagan va hammaning jig‘iga tekkan bir qolipdagi yasama asarlarini o‘qiy turib, bu kitoblar qanchadan-qancha insonlarni laqillatganiga, uning zarhal jilosi shu qadar arzonligiga, olmos va yoqut sifatida taqdim etilayotgan “kashfiyot”lari teatr tomoshalarida ishlatiladigan yaltiroq ashyolardan sira farq qilmasligiga hayron qolasiz. Xo‘sh, Mendesga o‘xshagan odamlar nimasi bilan diqqatni tortadi? Ularning yozganlari san’at nuqtai nazaridan hech vaqoga, boringki, yumshoqroq qilib aytsak, deyarli hech narsaga arzimaydi. Bunday mualliflarning har qanday sehru jozibadan xoli shaxsiyati hatto ruhshunos olimlar uchun qiziqarli tadqiqot ob’ekti bo‘la olmaydi. Bunday kishilarning pul uchun Siyena[6] maktabiga xos tasviriy asarlarni, Chippendeylning[7] oromkursilarini soxtalashtirish bilan mashg‘ul nokaslardan farqi yo‘q. Lekin nosamimiy san’at ataylabdan shunday yaratilmagan bo‘lsa, muallifning harchand samimiy bo‘lishga intilishiga qaramay, favqulodda soxta chiqib qolgan bo‘lsa, bunday asar ruhshunos e’tiboriga munosibdir.

Kundalik hayotda samimiylik insonning irodasiga bog‘liq. Chunki samimiy bo‘lish yoki samimiy bo‘lmaslikni biz o‘zimiz hal qilamiz. Modomiki shunday ekan, san’at asari muallifning istagiga qarshi o‘laroq soxta chiqib qolishi mumkin, degan gap bahsli emasmi? Basharti, muallif samimiy bo‘lishni istasa, unga bu masalada o‘zining g‘arazli niyatidan boshqa kim ham xalaqit berardi, deb menga e’tiroz bildirishlari mumkin. Lekin masala biz o‘ylaganchalik jo‘n emas. San’atda samimiy bo‘lish uchun samimiyatga intilishning o‘zi kifoya qilmaydi.

Garchi hayotda samimiy yashab o‘tgan bo‘lsa-da, ammo asarlari samimiyatdan yiroq bo‘lgan san’atkorlarni sanab o‘tish qiyin emas. Masalan, Kits va Shellining do‘sti, diniy ruhdagi ulkan hamda hashamatli tasviriy asarlar muallifi Benjamin Robert Heydon shular jumlasidan. Uning tarjimai holi – bu turkumdagi eng yaxshi asarlardan biri. Lekin noshirlarning nodonligi tufayli mazkur tarjimai hol yarim asr dunyo yuzini ko‘rmay kelgan. Holbuki, bu asar Heydonning hayotda nechog‘liq samimiy bo‘lganidan, uning olijanob idealizmi hamda qaynoq ilhomidan, behisob va lekin kitobxonga yoqib tushadigan omadsizliklaridan dalolat beradi. Lekin uning hayoti va ishtiyoqi aks etgan rasmlarni tomosha qilishni bir ixtiyor etib ko‘ring-chi, ularni topa olarmikansiz. Aslida ular ko‘rgazma zallariga qo‘yilmagan, muzeylarning yerto‘lalarida saqlanadi. Chunki Heydon rasmlaridagi hasham – soxta, ehtiroslar – sovuq, tuyg‘ular xuddi mayna qilingandek havoyi. Qisqasi, Heydonning rangtasvir asarlari samimiy emas – beixtiyor aynan shu so‘z xayolga keladi.

Belgiyalik rassom Virts ijodi ham inson va musavvir o‘rtasidagi hayratli qarama-qarshilik mujassami. Uning Bryusseldagi ustaxonasi odamlarni shahar nafis san’at ko‘rgazmasidan ham ko‘proq jalb etadi. Buning boisi – Virts asarlari estetik qimmatga ega bo‘lgani va qalblarni hayajonga solgani uchun emas, balki ularning haddan ziyod beso‘naqay va dahshatli ravishda sentimental bo‘lganida. Virts go‘yo Mikelanjeloni tushlarida bezovta qilgan qo‘rqinchli mavzularni davom ettirayotgandek, rangtasvir san’atining Barnumiga[8] aylanadi. Uning muzeyiga bamisoli istirohat bog‘laridagi “Alvastixona”larga tashrif buyurgandek boradilar.

Alferi[9] ham samimiy va mulohazali san’atkorlar toifasiga kiradi. Lekin uning asarlari ham nosamimiy va yasama. O‘rtadagi farq shunchalikki, ba’zan uning tarjimai holi va mana shu jonsiz, zo‘rlab pishirilgan, bir qolipdagi fojialar bitta odam tomonidan yozilganiga ishonish qiyin.

Gap shundaki, san’atdagi samimiylik insonning irodasiga, to‘g‘rilik va g‘irromlikdan qaysi birini tanlay olish qobiliyatiga bog‘liq emas. U asosan iste’dodga bog‘liq. Inson gohida butun qalb qo‘ri bilan samimiy va teran kitob yozgisi keladi. Biroq, nailoj, iste’dod yetishmasligi bunga imkon bermaydi. Uning istagiga qarshi o‘laroq, kitob hatto hayotiylikdan yiroq, yolg‘on, boshdan-oyoq taqlid va masxarabozlikdan iborat bo‘lib qoladi. Undagi fojialar soxta va yuzaki, dramalar esa melodramaga aylanib qoladi. Tanqidchi bunday asarlarni o‘qir ekan, peshonasi tirishib, esnashga tushadi, oqibatda asarini yaxshi niyat bilan qoralagan muallif, taqrizni o‘qir ekan, bir qarashda uning vijdoni va ma’naviy qadr-qimmatini shubha ostiga qo‘yadigan, amalda esa uning intellektual qobiliyatini yo‘qqa chiqarayotgan tanqidchining hukmidan tepa sochi tikka bo‘ladi. Vaholonki, san’at tilida samimiy bo‘lish degani ruhshunos bo‘lish, tuyg‘u va fikrlarni bir nuqtada jamlay olish qobiliyatini anglatadi.

Aksariyat hollarda barcha odamlar bir xil tuyg‘ularni boshdan kechiradi, lekin juda kam kishilargina o‘zlarining nima haqida o‘ylayotganini biladi va boshqalarning hissiyotlarini ham seza oladi. Xullas, ruhiy kuzatuvchanlik – matematik yoki musiqaviy qobiliyat kabi, alohida bir iste’dod mahsuli. Lekin bu ham hali yetarli emas. Bunday iste’dodga ega bo‘ladigan kamdan-kam odamlarning ikki-uch foizigina o‘z kuzatuvlarini badiiy shaklda ifodalay olish iqtidori bilan tug‘iladi.

Mana, hammaga ayon bir misol. Aksariyat odamlar, ehtimol, deyarli barcha qachondir jon-dilidan sevib qoladi. Lekin hamma ham o‘z tuyg‘ularini tushunavermaydi, faqat sanoqli kishilargina muhabbatini ifoda qila oladi. Er-xotinlarning ajralish chog‘ida sudlarda yoki ishqiy mojarolar tufayli o‘zini xayolparastlarcha o‘ldirish bilan bog‘liq ishlarni tergov qilish jarayonida o‘qib eshittiriladigan sevgi maktublari aksariyat erkak va ayollarning badiiyat masalasida qanchalik nochor ekanini ko‘rsatadi. Ular ruhiy jihatdan qiynaladi, so‘ngsiz iztiroblar chekadi, samimiy tuyg‘ular bilan nafas oladi, lekin ana shu holatlarni eplab qog‘ozga tushirolmaydi. Oddiy sevishganlarning zo‘raki, siyqa, qovushmagan gaplar va yolg‘ondakam oh-vohlarga to‘la xatlari romanlarda uchrab qolgudek bo‘lsa bormi, uchiga chiqqan soxtalik deya baholangan bo‘lardi. Men o‘zini o‘ldirganlarning o‘lim oldidan yozib qoldirgan xatlarini o‘qiganman. Agar taqriz yozishga to‘g‘ri kelganida men ularni o‘ta nosamimiylikda ayblagan bo‘lardim. Biroq tuyg‘ularning samimiyligini ko‘rsatish uchun dunyoda o‘limni ixtiyor etishdan ko‘ra ham ishonchliroq dalil bormikan? Faqat iste’dodli xudkushlargina badiiy jihatdan “samimiy” so‘zlarni yozishi mumkin. Boshqalar o‘zlari boshdan kechirayotgan tuyg‘ularni ifoda etishga ojiz bo‘lgani uchun, ikkinchi darajali romanlarda uchraydigan siyqadan-siyqa soxta ohanjamalik qilishdan nariga o‘tolmaydi.

Sevishganlarning xatlarida ham xuddi shu holat mavjud. Bizni Kitsning ishqiy maktublari maftun qilib qo‘yadi. Ularda o‘z azoblarini to‘liq his etadigan qalb qiynoqlari yorqin va kuchli til vositasida tasvirlab beriladi. Bu xatlarning “samimiyligi” muallif dahosining mahsuli bo‘lib, ular maroq bilan o‘qiladi. Aynan ana shunday samimiyat tufayli Kitsning xatlari badiiy jihatdan, xuddi uning she’rlari kabi, balki she’rlaridan-da ko‘proq ahamiyat kasb etadi. Endi o‘sha davrdagi qaysidir boshqa bir yosh dorixona mudiri[10] yordamchisining ishqiy maktublarini tasavvur qilib ko‘ring. U ham o‘z ma’shuqasini Kits Fanni Bronini sevganchalik ehtirosga berilib sevishi, lekin uning xatlari quruq, zerikarli, zo‘raki va nosamimiy bo‘lishi mumkin edi.

Shuning uchun ham biron-bir san’at asarining “nosamimiy”ligi xususida fikr yuritganda, Grin yoki Mendes soxtalashtirgan asarlar kabi, ongli ravishda ko‘chirib olingan, nari-beri o‘zgartirilgan asarlargina to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ya’ni etika nuqtai nazaridan nosamimiy bo‘lishi haqida o‘zimizga hisob berishimiz kerak. Aksariyat hollarda esa “nosamimiy” san’at muallifning no‘noqligidan, unda san’atkor uchun zarur bo‘lgan ruhiy iste’dod, tuyg‘u va fikrlarni aks ettirish qobiliyati yo‘qligidan, ya’ni u estetika nuqtai nazaridan “nosamimiy” ekanidan dalolat beradi, xolos.

Murtazo Qarshiboy tarjimasi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 5-son.

[1] Pens – Angliyada mayda pul

[2] Funt-sterling – Angliya pul birligi

[3] Bir funt – bir qadoq degani, 409 yarim grammga teng og‘irlik o‘lchovi

[4] Charlz Garvis (1833-1920) – amerika yozuvchisi, sarguzasht asarlar muallifi.

[5] Jon Lili (1553/54-1606) – angliyalik yozuvchi, dramaturg, “Evfues yoki zukkolik anatomiyasi” (1579) va “Evfues va uning Angliyasi” romanlari muallifi.

[6] Siyena – Italiyaning Toskaniya viloyatidagi shahar. Siyena maktabi – Ilk uyg‘onish davri bo‘lmish XIII-XIV-asrlarda tasviriy san’atda vizantiya uslubini takomillashtirish uchun intilgan rassomlar tomonidan asos solingan oqim.

[7] Tomas Chippendeyl – 1718-1879 yillarda yashagan ingliz mebelsozi.

[8] Finias Teylor Barnum (1810-1891) – amerikalik impressario – teatr tomoshalarini tashkil etuvchi, kunstkamera va tsirk asoschisi, “Fiji orolidan kelgan suv parisi”, “Tirik qolgan so‘nggi mastodont”, “Jorj Vashingtonning 160 yashar enagasi” kabi katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan ijrolari bilan nom chiqargan.

[9] Vittorio Alferi (1749-1803) – italiyan shoiri, fojialar, komediyalar, sonetlar, satiralar hamda “Asti shahrilik Vittorio Alferining hayot qissasi” kitobi muallifi.

[10] 1795-1821 yillarda yashab o‘tgan taniqli ingliz shoiri Jon Kits bir paytlar dorixonada ishlagan.