Meri Gordon. Deliya (novella)

Opa-singil O’Reylilardan qay birining go‘zalroq ekanini aytish mushkulligini hamma yaxshi biladi. Mana, moviy ko‘zli Ketlin. U o‘n yetti yoshidan boshlab tikuvchi bo‘lib ishladi. Italiyalikka turmushga chiqdi. O‘ttiz besh yoshiga qadar yil o‘tkazib tug‘avergani bois, o‘zining bolalari bo‘lsa ham, ishlab topgan puli evaziga kichik singillarini boqib ulg‘aytirdi. Bunisi qora sochli, achchig‘i burnining ustida turadigan Bridjet. Erining bo‘yi bor-yo‘g‘i bir yarim metr keladi. Besh yil farzand ko‘rmadi, keyin sariqqina bola tug‘di. Bolani politsiyachidan bo‘lgan, deb gapirishadi. Bunisi – mittigina Netti. Uning oyoqlari qo‘g‘irchoqnikiday ingichka. Cherkov xorida qatnashadigan eri O’Gul hammaga tanish piyonista. Undan faqat qizlar tug‘ilgan. O’Reylilar oilasida hammadan chiroylisi, shubhasiz, eng kichigi Deliya edi. U ruhoniyga turmushga chiqib, boshqa shaharga ketdi.
Ketlin singlisini himoya qilib, Jon Teylor irlandiyalikka o‘xshaydi, deb hammani ishontirishga urinardi.
– Uning ko‘zlari moviy, – deydi u Netti va Bridjetga, – protestantlarda bunday ko‘zli kishilarni ko‘rmaganman.
– Eh, bu Deliyani qo‘yaver, – deydi Bridjet, – hammasi sen tufayli, Ketlin. Uni erkalatib yubording, endi o‘zini doimo haq deb biladi. Bolalari nima bo‘ladi? Senga protestant-jiyanchalar kerakmi?
– U bolalarini cho‘qintiraman deb, shartnomaga imzo qo‘ygan, – deydi Netti.
– Kimga ishonishni juda yaxshi bilarkansan, – deydi Bridjet. – Ular nima to‘g‘ri kelsa, shoshib imzolayverishadi.
– Lekin u bolalarni sevadi. Menikilar ham uni aqlini yo‘qotar darajada yaxshi ko‘rishadi, – deydi Ketlin.
– Senikilarning aqli oz. Qaynoq qonli ekanliklari shundoqqina ko‘rinib turibdi, – deydi Bridjet. – Ehtimol, sen o‘zing uning moviy ko‘zlarida cho‘milgandirsan. Undan uzoqlashmay qolding.
– U Nora bilan yumshoq muomala qiladi, – deydi Ketlin.
Shu yerga kelganida hatto Bridjet ham jim bo‘lib qoladi. Ketlinning qizchasi Noraning bir oyog‘i ikkinchisiga qaraganda tug‘ma kalta.
– Bizning oilamizda hech qachon bunday bo‘lmagan. – degandi Bridjet Norani ilk marta ko‘rganida. – Mana shundan ke-yin ham chet ellikka turmushga chiqib ko‘r.
Jon Teylor Norani tizzasiga o‘tqazib, unga g‘arb haqida hikoya qilib beradi.
– Siz kovboylarni ko‘rganmisiz? – deb so‘raydi qizcha charm g‘ilofchadan uning soatini sug‘urayotib. Qo‘g‘irchoqning sumkachasiga o‘xshagan g‘ilofchadan xushbo‘y hid anqiydi. Bir kuni Nora bu haqda gapirib, sumkachani qo‘g‘irchog‘i uchun sovg‘a sifatida oldi.
– Kovboylarmi? Ular qo‘pol, tarbiya ko‘rmagan.
– Janob Dyupon-chi? – deb so‘raydi Nora.
– U chinakam jentlmen. Uning qo‘lida ishlash yaxshi.
Jon Teylor Dyuponning haydovchisi edi. U Delaver shtatida yashar va Dyupon qo‘rg‘onidagi g‘aroyib bog‘lar haqida Noraga ko‘p gapirib bergandi.
– U yoshligida juda ham kambag‘al bo‘lgan, – deydi Jon Teylor.
– Yana bog‘lar haqida gapirib bering. Temir qopqog‘iga kumush ot o‘rnatilgan mashina haqida ham.
Deliya yaqin kelib, erining kaftiga kaftini qo‘yadi. Qo‘li- ning tomirlari ko‘zadagi sut singari oqimtir yashil tusda bo‘lib, sovuqqina tuyuladi. U o‘zining birinchi farzandini kutmoqda edi.
– Chaqaloq tug‘ilganda Delaverdagi uyimizga borgin, – deydi u eri bilan ko‘z urishtirib. Nora bu nigohlar bola bilan bog‘liq ekanini his qiladi. Uning onasi homiladorlik chog‘ida yerga qapishgandek dum-dumaloq bo‘lib qolardi. Deliya esa aksincha, Noraning aka-singillari singari do‘mboq bolachalarni emas, yashil havoni ko‘tarib yurganday, yengil va novcha bo‘lib qolgandi.
Deliya va Jon Teylor u bilan sayrga chiqishadi. Qizcha ikkisining qo‘lidan tutib o‘rtada qadam tashlab boradi. Ular-ning kafti bir-biriga o‘xshamaydi: Deliyaniki ingichka, namroq, Jon Teylorniki esa katta, quruq va baquvvat. Tuflisi ham qattiq, doimo yangiga o‘xshab ko‘rinadi. Qizcha bilan qanday sayr qilishni Jon va Deliyadan boshqalar yaxshi bilishmaydi. Ko‘pchilik o‘ta sekin qadam tashlaydi. Meni deb bunday yurish shart emas, degisi keladi qizchaning. Lekin ularni ranjitib qo‘yishdan xavfsiraydi. Faqat Jon Teylor va Deliya biladi, deb o‘ylaydi Nora.
Ikki haftadan keyin ular Delaverga jo‘nab ketishdi.
– U qandaydir ozg‘in, – dedi Bridjet.
– Lekin chiroyli, – dedi Nora.
Ketlin labini tishladi: xolang bilan tortishish yaxshi emas.
Deliya xat yozmasdi. Yangi yil arafasida Nora unga tug‘ilgan kuni munosabati bilan sovg‘a yubordi. Bu qurigan atir – Nora yozda terib, o‘shandan buyon shisha idish ichida saqlangan gulbarg bilan to‘ldirilgan yurak ko‘rinishidagi yashil tusli atlas qopcha edi. U onasi bilan birga hidi saqlanadigan turli jihozlarni yasay olardi.
Deliya «Ajoyib sovg‘a uchun rahmat. Men uni ichki kiyimlarim turadigan sandiqqa solib qo‘ydim», deb yozilgan otkritka yubordi.
Ichki kiyimlar bilan… Onasi Noraga kelgan xatni o‘qib berganida, ikki xolasi ularnikida mehmon bo‘lib, choy ichib o‘tirishardi.
– Yosh bolaga ichki kiyim haqida yozish! – dedi Bridjet. – Yana otkritkada.
– Uning ichki kiyimlari chiroyli, – dedi Netti.
– Nora, yuqoriga chiqib ukangdan xabar ol, – dedi onasi.
– Ular Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tishganida, Jon unga birgina ichki kiyim va ko‘ylaklar uchun yigirma besh dollar bergan. Deliya pulning hammasiga guli qo‘lda to‘qilgan, ipak lentali sarg‘ish ich kiyim sotib olgan, – dedi Netti.
– Ehtimol, shunchaki minnatdorchilik uchun qandaydir hu- narsiz odam tikkan kiyim bo‘lsa kerak, – dedi Bridjet.
Endi ichki kiyim deganda Deliya nimani nazarda tutganini Nora yaxshi biladi. Avvaliga Deliya qandaydir dasturxon haqida yozibdi, shunday gul atrini dasturxonda qanday saqlash mumkin ekan, deb hech nimani tushunmay yurgandi. Nora Deliyaning ko‘ylaklari qandayligini tasavvur qilib ko‘rdi: farishtalar singari oppoq, gullar kabi xushbo‘y. Jon Teylor uni shunday kiyimda ko‘rganmikin? Ko‘rmagan. Yo‘q, ko‘rgan. U Deliyaning eri. Nega endi eri ko‘rmasin?
Xolalarining bu haqda gaplashgani yaxshi bo‘ldi. Endi u ichki kiyim qanday bo‘lishini biladi. Gulli lentasi bor, dedi Netti. Deliyaning qorni qappaygan, lekin Noraning onasinikiga o‘xshab katta emas. Aslida onasi may oyida tug‘ishi kerak, Deliya esa undan avvalroq. Martda, deb aytishdi. Uning qorni havo shari singari yengil va muloyim. Onasiniki esa shalg‘am singari og‘ir va qattiq. Qiziq, nega bunday ekan, deb o‘yladi Nora. Onasining besh nafar bolasi bor, Deliya esa birinchisini tug‘yapti, ehtimol, shuning uchundir.
Onasi Deliyaga xat yozayotganida, Nora undan ba’zi gaplarni qo‘shishni iltimos qildi. Jon Teylorning tug‘ilgan kuni qachon bo‘lishini so‘radi. Ehtimol, yozdadir. Agar chindan ham yozda bo‘lsa, unga ignabarg solingan yostiqcha tikib jo‘natadi. Ularning oilasi iyul oyida shahar tashqarisiga bir haftalik dam olish uchun chiqqanida, ignabarglardan terib, onasi bergan xaltachaga solib, sovg‘a tariqasida yuboradi.
Mart oyi keldi, lekin Deliya to‘g‘risida ham, uning cha- qalog‘i haqida ham xabar kelmadi. Unga hamma – Noraning onasi, Netti, hatto Bridjet ham xat yozdi, lekin hech qanday javob olishmadi.
– U bizdan tamoman ajralib ketdi, – dedi Bridjet, – Shunisi aniqki, bola cho‘qintirilmagan. Shuning uchun bizga xabar yuborishdan cho‘chiyapti.
– Birinchi bola doimo kechikadi, – dedi Ketlin. – Fursati yetganidan keyin ham men Norani tag‘in bir oy ko‘tarib yurganman.
– Ehtimol, bolasiga biror nima bo‘lgandir, balki o‘zi bemor bo‘lib qolgandir. Shuning uchun Deliya bizni tashvishga solmoqchi emasga o‘xshaydi, – dedi Netti.
– Bizning oilada hech qachon bunday bo‘lmagan, – dedi Bridjet qahrlanib. – Biz tomonlarda bunday hodisalar bo‘lganini eshitmaganmiz.
– Tom Xogan-chi? Uchchala bolasining ham aqli raso emas. Missis Kellining o‘g‘li esa ko‘r, – dedi Netti.
– Sen, Bridjet O’Reyli, hayotingda bir marta bo‘lsa ham singlimiz haqida iliq gapirib, uni duo qil! Qayerda yaxshilik bo‘lsa, darrov malomat toshini otishga tayyorsan, – dedi Ketlin.
– Bilasanmi, nima? – dedi Bridjet. – Menga quloq tutganida, ibodatsiz ham binoyidek yurardi.
– Xudo asrasin, kim ibodat qilmay ish bitiribdi? – dedi Ketlin cho‘qinib.
– Delaverda ob-havo qanday? – deb so‘radi Netti.
– U yerda namgarchilik, – dedi Bridjet. – Yomg‘ir.
– Ular shundoqqina qo‘rg‘onning o‘zida yashashadi, – dedi Ketlin. – Janob Dyupon nimani tanovul qilsa, ular ham o‘shandan iste’mol qilishadi.
– Shundaylikka shunday, lekin bir stolda emas, – dedi Bridjet, – Xizmatkorlar pastda ovqatlanishadi. Men o‘zimning uyimda taom yeganim yaxshi. Xizmatkorlarga ajratilgan stolda ovqatlanishga kimning ham ko‘zi uchib turibdi.
– Xo‘sh, biz unga boshqa yozmaymi? – dedi Netti Ketlinga murojaat qilib.
– Qo‘yaver, avval o‘zi yozsin. Biror sabab topilib qolar, – dedi Ketlin.
– Axir, u bizdan ketgan, – dedi Bridjet.
– Biror hodisa yuz berganida, biz bilgan bo‘lardik. Yomon ish tez bilinadi. Ehtimol, uning yumushi ko‘pdir? Yoki Dyuponlar uni juda erkalab yuborishgan, – dedi Ketlin.
Nora missis Dyuponning tug‘ilgan kuni qanday nishonlangani haqida Jon Teylordan eshitganlarini esladi. Dasturxonga oqqush ko‘rinishidagi tort qo‘yilgan. Noyabrning o‘rtasida – chinakam qulupnayli muzqaymoq! Ayollar esa, degandi Deliya, tovuslar kabi qanot tang‘ib olishadi. Ayollar chiroyli edi, degandi Jon Teylor. Sen yaxshiroq bilasan, degandi Deliya. Axir, sen ularni mashinaga o‘tirg‘izgansan, belbog‘larini tang‘ib qo‘ygansan, ularning huzurida dakan xo‘rozga o‘xshab bir oyog‘ingda tik turgansan. Men vaqtida yoningga yetib bormaganimda, sen hozir qayerda turarding? Sen meni muqarrar o‘limdan saqlab qolgansan, degandi Jon Teylor mo‘ylovini burab.
Nora ularni tabassum bilan eslaydi. U ikkisi baravar kuladigan Jon va Deliyadan boshqa eru xotinni bilmaydi.
– Biz endi Deliya va Jonni boshqa hech qachon ko‘rmaymizmi? – deb so‘radi Nora onasidan.
– Hech qachon «hech qachon» dema, bu yaxshilikka olib bormaydi. – Javob berdi Ketlin belini ushlab. – Belim og‘riyapti, yaqinda tug‘ruq boshlanadi, – dedi u, – o‘sha paytda sen e’tiroz bildirmay, Bridjet xolangga quloq solishing kerak.
– Yaxshi, mem, – dedi Nora. Aslida, Noraning hech qachon e’tiroz bildirmay, xolasiga quloq solishini onasi biladi. Faqat o‘shanda Deliya haqida gap borgani uchun Nora o‘zini tutolmay qolgandi.
Noraning onasi tug‘ruqdan avval yotog‘iga joylashgach, kichik bolalarini Nettinikiga yuborib, uyda faqat Norani olib qoldi. «Otangni yonida bo‘l, – dedi onasi unga, – sensiz yolg‘izlanib qoladi, bundan tashqari, uyga begona odamlar kelishi mumkin».
Lekin Nora borligida otasi kimgadir xalaqit berib qo‘yadiganday, xonada ishonchsizlik va jur’atsizlik bilan yuradi. Issiq kunlar boshlangani uchun har oqshom qizi bilan burchakdagi muzqaymoqqa boradi. Odatda ular oz uchrashishar, deyarli hech nima to‘g‘risida gaplashishmasdi. Nora otasini g‘azablangan chog‘ida ham, horigan paytida ham ko‘p ko‘rgan. Ota-si odatdagidan tashqari beo‘xshov qadam tashlab, Norani uyga kuzatib kelgach, kun botmay uyquga ketib, qizi uxlab yotganida chiqib ketadi.
Nihoyat, Ketlinning tug‘rug‘i boshlandi. Bridjet kun bo‘yi Norani hovliga chiqib turishga majbur qildi. U yangi tug‘ilgan chaqaloqning ovozi yoki biror-bir xavf-xatar to‘g‘risida eshitmay qolishdan cho‘chib, uzoqqa ketmay, hovli chekkasida o‘tirdi. Bolalar yugurib kelib, uni o‘yinga chaqirishdi, lekin Nora rozi bo‘lmagach, nari ketishdi. Qizcha avval o‘zining qo‘liga, ke-yin biri ikkinchisidan katta bo‘lgan oq tuflisiga nazar tashladi. Onasining aytishicha, xudo uning haqida alohida fikr- da emish. Bu qanday fikr? Ehtimol, xudo allaqachon boshqacha o‘ylab ko‘rgandir? Balki uni unutgandir? Nora panjara betonidagi qizg‘ish toshchalarni sanaydi. Onasining baqirayotgani eshitilib turadi. Deraza ochiq bo‘lgani uchun uni butun mahalla eshitayotgan bo‘lsa, ajab emas.
Birdan qarshisida jigar tusdagi erkaklar tuflisi namoyon bo‘ldi. Avvaliga cho‘chidi, lekin shu zahoti ularni tanidi. Yuziga boqmay turib ham bilishi mumkin, bu dunyodagi eng yaxshi tufli – Jon Teylorning tuflisi.
– Salom, Nora, – dedi u tashrifi qizchani umuman hayratga solishi mumkin emasday.
– Salom, – dedi o‘sha ohangda, Jon uning hayron qolishini istamayotganini sezib.
– Onang uydami?
– U yuqori qavatda yotibdi.
– Nima, kasal bo‘lib qoldimi?
– Yo‘q. Yana bitta bola tug‘yapti.
Jonning nafasi tiqildi. Gapning yarmidayoq titrab, tishini-tishiga bosib, chuqur nafas oldi. Uning atrofidagi havo oynaday yaltiradi. Yon-veriga qarab, ketmoqchi bo‘ldi.
– Deliya qanday yashayapti? – dedi Nora, onasi shunday deb so‘rashi mumkinligini o‘ylab.
– U o‘ldi, – dedi Jon chetga qarab.
– Bolasi-chi? O‘g‘ilmi yoki qiz?
– O‘ldi. O‘lik tug‘ildi.
– Siz mashinada Dyuponni olib yurasizmi? – dedi Jonning aytganlarini tushunib yetmoqchi bo‘lib. O‘lik tug‘ildi. Bu qanaqasi? Deliya ham o‘libdi. Derazadan onasining chinqirig‘i eshitildi.
– Men ta’tildaman, – dedi Jon qo‘lini cho‘ntagiga tiqib.
Nora uni ko‘proq ushlab turishni istardi. U bilan birga sayrga chiqish, bog‘lar va mashinalar to‘g‘risida eshitish uchun nimanidir o‘ylab topishi zarur.
– Siz qanday yashayapsiz? – so‘radi Nora.
– Yaxshi, – dedi Jon Teylor.
Katta odam bo‘lgani uchun hech nima demasa ham, hammasi tushunarli edi: u bu yerda qolmoqchi emas.
– Nora, – dedi u qizchaga egilib, – kel, ikkimizning o‘rtamizda sir bo‘lsin. Xo‘p desang, senga nimadir sovg‘a qilaman.
– Yaxshi, – dedi Nora. Jon hozir ketadi. Uni to‘xtatib bo‘lmaydi. Lekin undan qandaydir sovg‘a olishni juda ham istayapti. Nora sir saqlaydi, Jon esa sovg‘a beradi.
Jon cho‘ntagidan kumush dollar olib, Noraning kaftiga qo‘ygach, uning barmoqlarini bukib qo‘ydi.
– Bu yerda bo‘lganimni hech kimga aytma. Deliya to‘g‘risida ham, chaqaloq haqida ham gapirma.
Bunisi g‘alati bo‘ldi! U hammasini aytmoqchi bo‘lib keldi, endi esa bu haqda og‘iz ochmaslikni so‘rayapti, o‘yladi u. Ehtimol, Jon bu gaplarni faqat Noraning o‘ziga aytmoqchi bo‘lgandir. Demak, u o‘zining sirini aytib, sovg‘a berish uchun Delaverdan kelgan.
– Men hech nima demayman, – dedi qizcha va unga tikildi. Hayotida birinchi marta katta kishining ko‘ziga tik boqishi. Hayajonlanganidan badanida chumoli o‘rmalaganday bo‘ldi.
– Demak, kelishdik, – dedi Jon va yerga tikilgancha tez-tez yurib ketdi.
Nora uyga kirdi. Yuqoridan Bridjet va azob chekayotgan onasining ovozi eshitildi, lekin chaqaloqniki emas. Nora ko‘ylagini ko‘tarib, o‘zining dollarini ishtonchasining rezinasi ostidan qorniga bosdi. Tanga qorniga muzday tegdi, lekin ko‘p o‘tmay tanasining harorati bilan iliy boshladi.

Rus tilidan Avliyoxon Eshon tarjimasi