Konstantin Paustovskiy. Hikoyaning tug‘ilishi (hikoya)

Bu voqea Moskva shahri yaqinida, chekinayotgan qishning so‘nggi kunlaridan birida sodir bo‘lgan edi. Tong rosa cho‘zilgan tun tufayli uyqudan uyg‘onolmay karaxt edi. Unda-bunda dalahovlilarning chirog‘i yonib turar, ora-sira qor uchqunlardi.

Yozuvchi Muravyov vagonning old tarafiga o‘tib, tashqi eshikni ochib yubordi va ko‘z o‘ngidan o‘tayotgan qish suratiga ancha vaqt tikilib qoldi. Ehtimol, buni qish ham deb bo‘lmas: rutubatli kun, iliq nam shamol shiddat bilan bostirib kelganida erish boshlanib daraxt shoxlaridan yerga ilk tomchilar tomchilaydi. Bunday payt o‘rmondagi chuqurchalar ustidagi muz qisirlab, tagidagi buloqchalar ohista jildiraydi. Ular o‘zi bilan ko‘plab pufakchalarni oqizib keladi. Kumush pufakchalar turnaqator chopqillaydi, ba’zan suv tagidagi quvragan xashaklarga ilashib qoladi. Qandaydir ko‘kragida pushti-rang dog‘lari bor kulrang qushcha jilg‘a tepasidagi daraxt shoxiga mahkam o‘rnashib olib, bir ko‘zi bilan o‘ynoqlayotgan pufakchalarni kuzatadi, chiyillab, ustidagi qorni silkitadi. Demak, bahor yaqin!

Shunday kunlar bo‘ladiki, bizning nazarimizda hayot porloq va uyg‘un bo‘lib tuyiladi. Hozir Muravyov bilan ham shunga o‘xshash voqea sodir bo‘layotgandi.

Ilgarilari adabiyotchilar kitobxonlarga turli savollar bilan murojaat qilishni yoqtirishardi. Nega zamonaviy yozuvchilar ba’zida bunday muloyim uslubdan foydalanmasliklari kerak – o‘yladi Muravyov.

Nega, masalan, hikoyani shunday boshlasa bo‘lmas ekan:

“Muhtaram o‘quvchim, kishini to‘satdan va hech bir sababsiz chulg‘ab oladigan muqarrar baxt tuyg‘usi sizga tanishdir? Siz ko‘cha bo‘ylab ketyapsiz va shunda yuragingiz yer yuzida ajoyib bir voqea yuz berganiga ishonganingiz tufayli gupillab ura boshlaydi, siz bilan shunday voqea bo‘lganmi? Albatta bo‘lgan. Bunaqangi kayfiyatning sababini izlaganmisiz? Dargumon.

Agar baxtni oldindan sezish tuyg‘usi sizni aldagan bo‘lsa ham, unda shunchalar ko‘p kuch borki, u kuch keyinchalik yashashingizga yordam bergan bo‘lib chiqadi”.

– Inson kayfiyatining samarali, biroq ochilmagan qirralarini izlash va topish yozuvchilarning ishi, – deb o‘yladi Muravyov. – Bu ham ijodning bir sohasi.

Mehnat! Butun tevarak-atrof u bilan to‘lib toshgan, minglab tonnalik yuk poyezdlari sharaqlab o‘tyapti. Bu mehnat. Samolyot qorli tekisliklar ustidan guvullab uchmoqda. Bu ham mehnat. Elektr uzatkichlar ulkan quvvatga ega tok kuchini qorong‘ulik qo‘ynidan olib o‘tmoqda va bu ham mehnat.

– Qor bilan qoplangan ko‘p millionli mamlakat nima uchun mehnat qilyapti? – dedi o‘ziga-o‘zi Muravyov. – Va nihoyat men o‘zim nima boisdan mehnat qilyapman?

– Yashash uchunmi? Yuksak ma’naviy boyliklar uchunmi? Insonning go‘zal, oddiy va oqil bo‘lishi uchunmi? Va nihoyat, muhabbat hayotimizni sof nafasi bilan to‘ldirishi uchunmi? Ha, shuning uchun! Pushkin kuylovchi she’rlarida so‘raganiday:

Kim o‘stirdi bu qorda dilbar atirgullarni,

Ayt: kim temir davridan oltin davrni topdi?

– Albatta, biz, – o‘zi o‘ziga javob berdi Muravyov. Qor vagonga yopirilib, yuziga qo‘nib erib ketardi. – Biz bo‘lmasak, boshqa kim?”

Muravyov Moskvada nashr etiladigan jurnallardan biriga mehnat mavzusida hikoya yozishga topshiriq olgan edi. U bu hikoya ustida ko‘p ishladi, biroq hech bir natija chiqarolmadi. Chunki mehnatni batafsil tasvirlash insonni chekkaga surib qo‘yadi-da. Inson bo‘lmaganidan keyin hikoya anchayin zerikarli bo‘lib qoladi. Muravyovga hikoyaning qovushmayotganiga sabab Moskvadagi g‘ala-g‘ovur muhit – telefon qo‘ng‘iroqlari, turli tashvishlar, mehmondorchilik va majlislar bo‘lib tuyildi.

Xullasi kalom, Muravyovning jahli chiqdi va shahardan jo‘nab ketdi. Moskva yaqinidagi shoxobchalardan birida do‘stining o‘z dalahovlisi bor edi. Muravyov dalahovliga ko‘chib borib hikoyani tugatmaguncha u yerda qolishga qaror qildi. Dalahovlida do‘stining uzoq qarindoshlari turishar, lekin Muravyov ularni hech qachon ko‘rmagan edi.

Shimoliy vokzalda, Muravyov shahar tashqarisiga jo‘naydigan poyezdga chiqish uchun perron bo‘ylab ketayotganida yuragi hapqirib ketdi va u endi omadim chopadi, deb o‘yladi. U bu omad qanday kelishini tasavvur ham qildi. U buni butun vujudidagi tetiklik, ichki hayajonni jilovlash, atrofdagilarni eslab qolishdagi ziyraklik, bu notanish dalahovliga tezroq yetib olish istagi kabi aniq alomatlar tufayli bilardi. U tezroq osoyishta ishga kirishib, oppoq qog‘ozni qo‘lga olishini bilar, mudom xayolida sevimli she’riy satrlar charx urib aylanardi.

“Hayajondan yurak iymanar,
Duk-duk urib sado beradi.
Quroq tushday chopar, izlanar
Va ozodlik gulin teradi”.

Muravyov shunday hayajon bilan qarag‘ayzor o‘rmonning dala hovlilarga tutash temiryo‘l stantsiyasida poyezddan tushdi. Stantsiyada hech kim ko‘rinmasdi. Faqatgina sovuqdan patlari hurpaygan bir to‘da chumchuq yog‘och panjaralar ustiga qo‘nib olib, poyezdga norozi qiyofada qarab turishardi. Muravyov ularning yonidan o‘tayotganida cho‘chimadilar ham, hatto pati bilan turtib yuborishga sal qoldi. Faqat bir chumchuq Muravyovning tepasida turib nimadandir norozi chiyilladi. “Beadab, meni so‘kayapti shekilli, o‘yladi Muravyov va burilib chumchuqqa dedi: – O‘zingni kim deb o‘ylayapsan?” chumchuq bit ko‘zlarini qadab, uning ortidan norozi qarab qoldi.

Dalahovli stantsiyadan uch kilometrcha olisda edi. Muravyov ovloq yo‘ldan ketib borardi. Onda-sonda siyrak daraxtlar orasida sayhonliklar ko‘zga tashlanar, ularning tepasidagi osmon qizarib turardi. – Nahotki kun botgan bo‘lsa? – qattiq ovozda gapirdi Muravyov va bu joyda, shahar tashqarisida o‘zi bilan o‘zi gaplashayotganini payqab qoldi. Kun tez tugab borar, yorug‘lik shu’lasi deyarli ko‘rinmasdi. G‘ira-shirada birorta ham quyosh nuri qirov bosgan daraxt shoxlariga tushmas, ularni oppoq nurlari bilan erkalamas, qorga xira soyalar tashlamasdi.

Yo‘l jarlik ustidagi yog‘och ko‘prik tarafga endi. Uning tagidan jilg‘aning shildirashi eshitilardi.

– Aha! – o‘zida yo‘q suyundi Muravyov va to‘xtadi.

Muz ostidagi suv o‘yib ketgan chuqurchada chopqilayotgan loyqa suv, uning tagida toshchalar ko‘rinib turardi.

– Qishda buncha suvni qayerdan olasan oshna? – so‘radi Muravyov.

Jilg‘a javob bermadi, albatta. U ovozini goh pasaytirib, goh jaranglatib oqishda davom etardi. Suv yaltiroq muz parchalarini bo‘lakchalarga bo‘lar, bir-biriga to‘qnashtirardi.

Muravyov pastga tushib, tayoqcha bilan muz parchalarini sindira boshladi. Jilg‘a muz bo‘laklarini dumalatganda ko‘pik hosil bo‘lardi.

“Bahorga ozgina yordam ham berish kerak-ku” – o‘yladi Muravyov va tirjayib atrofga alangladi. Ustiga ko‘k chang‘ichilar kostyumini kiygan bir qiz chang‘i tayog‘ini qorga qadab, ko‘prik ustidan unga diqqat bilan qarab turardi.

Muravyov uyalib ketdi. Bu qiz uni kim deb o‘ylayotgan bo‘lsa? “Qari tullak qilig‘iga o‘laymi?” U bundan boshqa narsani o‘ylamaydi ham, albatta. Biroq qiz egildi, shoshilinch chang‘isini yechdi va Muravyovga qarab qichqirdi:

– Shoshmang! Yaxshisi, muzni chang‘i tayoqchasi bilan bo‘laklagan ma’qul. Ularda temir uchlar bor. U pastga chopib tushib, Muravyovga tayoqchasini uzatdi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu tayoqcha bilan muzni sindirish ancha oson ko‘charkan. Ular ikkalasi jim va diqqatni jamlab muzni sindira boshlashdi. Muravyov isib ketib, qo‘lqopini yechdi. Qizning to‘qima papog‘i ostidan kokillari ko‘rinib qoldi. So‘ngra qayerdandir quloqchinlari dikkayib turgan bola paydo bo‘ldi. U burnini tortib, turtinib– surtinib oyoq ostiga o‘ralashayotganida Muravyov uni sezib qoldi.

– Yetar! – dedi, nihoyat, Muravyov va qaddini ko‘tardi. Qorong‘ulik quyuqlashdi. “Vaqtning tez o‘tishini qarang” – o‘yladi Muravyov va qizga qarab kulib yubordi. Qizcha qo‘lqopidagi qorni qoqayotgan edi. Bunga javoban qiz boshini ko‘tarmasdan jilmaydi.

Jarlikdan o‘rmon yo‘liga chiqishgach, Muravyov qiz bilan gaplashib ketdi. Sal orqada bolakay o‘ralashar, pishillab burnini tortardi.

Aytishicha, bu qiz Muravyov borayotgan dala-hovlida otasi bilan turarkan.

– Demak, siz ekansiz-da do‘stimning uzoq qarindoshi, – xursand bo‘lib ketdi Muravyov va o‘zini tanishtirdi. Qiz kulrang qo‘lqopini yechib, Muravyovga qo‘lini uzatdi.

– Mening ismim Jenya, – dedi u. – Otam ikkalamiz ikki kundan beri sizni kutamiz. Men sizga xalaqit bermayman. Chin so‘zim, siz o‘ylamang…. Ertaga ta’tilimning so‘nggi kuni. Men Moskvaga – institutimga jo‘nab ketaman. Faqat otam…..

– Otangizga nima bo‘ldi? – xavotirlanib so‘radi Muravyov.

– Umi, botanik, va rosa mahmadona – javob berdi Jenya. – Biroq kecha u bo‘lar-bo‘lmas gaplar bilan boshingizni qotirmaslikka chin so‘z berdi. Bilmadim, so‘zida tura oladimi? To‘g‘risi, tura olish qiyinroq-da…

– Nega bunday deyapsiz? – so‘radi Muravyov.

Jenya Muravyov bilan yonma-yon borardi. U chang‘isini yelkaga tashlab olgan va to‘g‘ri oldinga qarab turardi. Uning ko‘zlari va chang‘isining silliq keng bukilgan uchlarida xira nur yaltirardi. Muravyov hayron bo‘ldi, – bu nur qayoqdan chiqdi? Tevarak-atrofdagi dalalar bo‘ylab tun o‘z sepini yoygan bo‘lsa. Keyinchalik Muravyov bu avval o‘ylagani qorning aksi emas, balki katta ikki qavatli dalahovlining keng, yorug‘ derazalari aksi ekanligini sezib qoldi. Ular hovliga yaqinlashib qolgan edilar.

– Ha, nega gapirmasdan turolmas ekan? – yana so‘radi Muravyov.

– Nima desam ekan… bo‘shashib javob berdi Jenya. – Men, masalan, dengiz kemasini qanday qilib qurishini yaxshi tushunaman. Yoki tikuvchining barmoqlari orasidan nafis matoning chiqishini. Kitoblar qanday qilib yozilishini esa men aslo tushunmayman. Otam ham buni tushunmaydi.

– Ha-a, – gapni cho‘zdi Muravyov, – bu to‘g‘rida yo‘lma-yo‘l gaplashib bo‘lmaydi.

– Siz-chi, bu haqda yozolmaysizmi? –iymanibgina so‘radi Jenya. Muravyov tushundiki, u tortinchoq bo‘lmaganida bu haqda yozishni so‘ragan bo‘lardi. Axir, boshqalar o‘zlarining ishlari haqida yozishadiku. Muravyov taqqa to‘xtadi, ko‘zlarini qisib diqqat bilan Jenyaga tikildi va to‘satdan kulib yubordi.

– Siz ajoyibsiz! Mening bu haqda yozayotganligim, to‘g‘rirog‘i, aynan yozuvchining mehnati haqida yozmoqchi ekanligimni qanday qilib topdingiz?

– Ha, men topmadim, – xavotirlanib javob qaytardi Jenya. Men shunchaki aytgan edim-da. Katyusha Maslova yoki “Sarson sargardonlikda”gi Telegin kabi shaxslar qanday birdan dunyoga keladi, asrlar mobaynida yashashadi, chindan bilgim keladi. Men shu haqda so‘ragan edim.

Ammo Muravyov endi uning so‘zlarini eshitmasdi. O‘zining mehnati haqida yozish fikri xayoliga birdan keldi. U avval bu haqda nega o‘ylamagan ekan. O‘zi bilmagan, o‘zi boshidan kechirmagan voqealar haqida qanday qilib lanj va beparvo yozish mumkin. Yozish va his qilish, qanday qilib til qotib qoladi, so‘zlar jozibasini yo‘qotadi, g‘azab, yig‘i, o‘y-fikr va kulgi qo‘zg‘ash esa bush tunuka qutiday ding‘illaydi.

O‘sha oqshom Muravyov so‘nggi kunlarda Moskvada yozganlarining barini hech afsuslanmay quruq qayin yog‘ochlari gurullab yonayotgan pechkaga tashlab yubordi. Bir dasta oq qog‘oz stol ustida yotardi. Muravyov joylashib olib birinchi betga yoza boshladi:

Keksa, ozg‘in va harakatchan botanik bugun oqshom menga o‘simliklar qor ostida o‘zlarini qanday tutishlarini, kuk tuyatovon novdalari qanday sekinlik bilan yupqa muzni yorib chiqishini, qor ustidagi boychechak gullari qanday ochilishini hikoya qilib berdi. Ertaga u meni o‘rmonga olib borishni, to‘g‘ri kelgan yalanglikdagi qorning tepa qatlamini ochib, hozircha nimjon bu qish gullarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rishimga va’da berdi.

Men bu hikoyami yoki ocherkni yozarkanman, ijod deb ataluvchi xiyla dabdabali hali hech kim tomonidan o‘rganilmagan hodisani nima deb atashni ham bilmayman. Men nasr to‘g‘risida yozmoqchiman.

Agar biz nasrning eng asl namunalariga nigohimizni qaratsak, ular chinakam she’riyat bilan to‘la ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Tasviriy san’at bilan ham.

Sodda odamlar, ko‘zlari nursiz, bemaza xayollarga to‘la ayrim shoirlar haligacha shunday o‘ylashadiki, olamda sir-sinoatlar qancha kamaysa, bizning tirikchiligimiz shuncha zerikarli bo‘ladi. Buning bari safsata! Mening ishonchim komilki, she’riyat – dunyoni g‘oyat teran anglashdan paydo bo‘ladi. She’riyatning ko‘lami bilimlarimiz ko‘lamiga hamohang tarzda o‘sadi. Koinot sirlari qancha kamaysa, inson aql-zakovati qancha oshsa, u shuncha katta kuch bilan boshqalarga ona yerimizdagi go‘zalliklarni bera oladi. Keksa botanikning o‘simliklarning qish faslidagi hayoti to‘g‘risidagi hikoyasi bunga misol bo‘la oladi. Bu haqda ajoyib doston yozsa bo‘ladi. U doston qor tagida ungan boychechakday sovuq oq she’r bo‘lishi kerak. Men avvalboshdan nasr va nazmning manbaalari ikki narsa – dunyoni anglash va qudratli insoniy tasavvurda mujassam degan fikrni ilgari surmoqchiman.

Dunyoni anglash – bu tugunak. Undan tasavvurning misli ko‘rilmagan mangu gullari unib chiqadi.

Bu chiroyli o‘xshatish uchun meni kechiri­shingizni so‘rayman. Menimcha, go‘zallik va boshqa narsalarni qoralovchi “yuksak madaniyatlilik” bid’atini unutmoq vaqti keldi. Gap shundaki, ularni me’yorida va joyiga qarab qo‘llash zarur.

Muravyov to‘xtamasdan yozardi. U fikr va so‘zlar poygasi to‘xtab qolmasligi uchun qalamini bir lahzaga ham qo‘ldan qo‘yishlikdan qo‘rqardi.

U ijod jarayoni, tilining hashamati va kuchi, buyuk so‘z ustalari haqida yozardi. Butun olam o‘zining hayratlanarli rang-barang go‘zalligi bilan kitob sahifalarida to‘liq va aniq takrorlanishi kerakligi, biroq ular yozuvchi tafakkuri va tasavvurining kristallaridan shovqin-suronli voqelikka qaraganda tiniqroq va tushunarliroq elanib o‘tishi haqida yozardi.

U o‘z ishiga butun vujudi bilan sho‘ng‘igan. U shoshilardi. Deraza ortidagi yorug‘lik bo‘ylab qarag‘aylar orasida siyrak qor gullari qiya uchqunlardi. Ular zulmatda tug‘ilib, zulmatda ulardilar.

“Shu tobda hovlida qor uchqunlayapti, yozdi Muravyov. Suv kristallari o‘chib o‘tayapti. Ularning murakkab va ajoyib tasvirini hammamiz yaxshi bilamiz. Bunday kristallar shaklini kashf etgan inson ulkan sharafga muyassar bo‘larmidi? Biroq bu kristallardan ham ko‘ra lahzalik va chidamsiz narsaning o‘zi yo‘q. Ularni yo‘q qilishga go‘dakning nafasi kifoya. Tabiat o‘ta saxovatli. U hech qachon kuchini ayab o‘tirmaydi. Biz, insonlar, ayniqsa, yozuvchilar tabiatdan ko‘p narsalarni o‘rgansak arziydi. Avvalo, saxiylikni.

Yozuvchi har bir asariga, mayli u kichkina hikoya bo‘lsin, bor kuchi, eng yaxshi qalb tuyg‘ularini, o‘zini butunlay bag‘ishlamog‘i lozim. Bu joyda o‘zni ayash, manfaatga mutlaq o‘rin yo‘q.

Muhandislar tili bilan aytsak, barcha darvozalarni ochmoq kerak. Asarga nuqta qo‘yilgach, yuz berishi muqarrar bo‘lgan ruhiy tushkunlikdan aslo qo‘rqmaslik zarur. Siz endi bir satr ham yozolmaydigandek, siz go‘yo bor sharbati siqilgan anor bo‘lib tuyulasiz. Bu aldamchi kayfiyat. Hafta o‘tar-o‘tmas siz yana qog‘ozga talpinasiz. Sizning ong-u shuuringiz oldida dunyo yangidan jilvalanadi. Dengiz to‘lqini chig‘anoq va bargxazonlarni qirg‘oqqa uloqtirib yana iziga qaytgani monand, sizning ongingiz ham ularni chiqarib, yangi ijodingizdan ilk satrlarni oq qog‘ozga tushiradi.

Muravyov tonggacha yozdi. U so‘nggi satrlarni qog‘ozga tushirayotganida atrof yorishib qolgan edi. Tumanli dalalar tepasida quyuq sovuq tutun o‘rmalar, tong yorishib kelardi.

Pastda hozirgina pechda yoqilgan olov ovozi gurillab eshitilar, tortish kuchidan zo‘riqqan pechning cho‘yan eshigi ora-sira tiqillardi.

Muravyov so‘nggi satrlarni yoza boshladi: “Gorkiy” behafsala yozish mumkin emas degandi. Ijod qilayotganingda eng sevimli insoningni ko‘z oldingga keltirishing, unga qalbingda yig‘ilib qolgan eng yaxshi narsalarni hikoya qilayotganday bo‘lishing kerak. Shundagina sof va sog‘lom so‘zlar kela boshlaydi”.

Bu oddiy va buyuk nasihat uchun Gorkiydan minnatdor bo‘lishimiz kerak.

Ertalab Muravyov paqirga sovuq suv solib uzoq yuvindi. Suvda yaltiroq muz parchalari suzib yurardi. Kichkina yuvinish xonasining derazasi ortida qordan egilgan archa shoxi osilib turardi. Yangi paxmoq sochiqdan qor hidi anqirdi.

Yuragi yengil va bo‘m-bo‘sh, hatto vujudida nimadir vaqti-vaqti bilan qo‘ng‘iroq chalayotganday edi.

Kunduzi Muravyov Jenyani stantsiyagacha kuzatib qo‘yish uchun otlandi. U Moskvaga, institutiga jo‘nayotgan edi.

– Ochig‘ini aytsam, – dedi Muravyov –ular o‘rmondagi platformaning taxta devoriga yaqinlashayotganlarida. – Men ham Moskvaga qaytsam bo‘laveradi. Biroq bir-ikki kunga qolmoqchiman. Dam olaman.

– Biznikida o‘zingizni yomon his qilyapsizmi? – xavotirlanib so‘radi Jenya.

– Yo‘q. Bu joylar ajoyib. Shunchaki… Men kecha hikoyamni deyarli tugatdim.

Muravyov beixtiyor “deyarli tugatdim” deb yubordi. U hikoyani bir kechadayoq yozib tashlaganiga iqror bo‘lishdan negadir uyalardi.

U Jenya Moskvaga jo‘nab ketguncha, unga bu hikoyani o‘qib berish uchun shoshganini, ammo o‘qishga jur’ati yetmaganini aytmoqchi bo‘ldi. U yana hikoyani yozayotganda faqat uni o‘ylaganini, Gorkiy, albatta, haq ekanligini, u undan minnatdor ekanligini, chunki u dunyoda yashayotgani va butunlay begona odamga ko‘nglida yig‘ilib qolgan eng yaxshi tuyg‘ularni aytib berish zaruratini sezganini aytmoqchi edi.

Lekin Jenyaga u hech narsa demadi. Faqatgina xayrlashayotib qizning qo‘lini mahkam qisib qo‘ydi, uyatchan ko‘zlariga termildi va yordam uchun rahmat aytdi.

– Qanaqa yordam? – hayron bo‘ldi Jenya.

Poyezd kelishidan oldin qalin qor yog‘a boshladi. Olisdagi sevetafor ortidan parovozning cho‘ziq va shodon qichqirig‘i eshitildi. Go‘yo sehrli oq mamlakatdan chiqqanday qor orasidan poyezd otilib chiqdi va tormozlarini shiqillatib to‘xtadi.

Jenya oxirgi bo‘lib poyezdga chiqdi. U vagonga kirmadi, qizargan va jilmaygan holda eshik oldida turib qoldi va xayrlashayotib yashil qo‘lqop kiygan qo‘lchalarini Muravyovga qarab silkitdi.

Poyezd o‘rmonga tutun purkab, qor qo‘yniga o‘zini urdi. Perronda tik turgan holda Muravyov uning izidan qarab qoldi. Moskvaning shimoliy vokzalida bo‘lganidek yuragining bo‘g‘iq urishini his qildi. Mana hozir yaqin-yaqinda, uchqunlab turgan qor ostidagi yerda juda ajoyib hodisa ruy bergani va Muravyov uning ishtirokchisiga aylanganini kutilmaganda yanayam sezdi.

– Yaxshi! – dedi Muravyov. – Yoshlikdan ayro yashab bo‘lmaydi!

Muravyov stantsiyaning muzlagan zinalaridan pastga tushdi va muz maydalash uchun jilg‘a taraf otlandi. O‘zi bilan chang‘i tayoqchasini ham olishni unutmagan edi.

1954 yil.

«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 3-4-son

Abdimurod Qodirov tarjimasi.