Konstantin Paustovskiy. Ertakchi (hikoya)

Xristian Andersen haqida hikoya

Yozuvchi Xristian Andersen bilan uchrashganimda yoshim atigi yettida edi.
Bu ajoyib voqea qish kechalarining birida, XX asrning boshlanishiga bir necha soat qolganida ro‘y berdi. Quvnoq bolalar ertakchisi meni Yangi asr ostonasida kutib oldi.
U avval menga uzoq tikilib turdi-da, so‘ngra hazilomuz bir ko‘zini qisib jilmayganicha, cho‘ntagidan oppoq ro‘molchasini olib havoda yelpitgan edi, oppoq atirgul paydo bo‘ldi va atrofga xushbo‘y taratib, ohista yerga tushdi. O‘sha paytlar biz oilamiz bilan istiqomat qilayotgan yerto‘laning g‘ishtin poliga kelib tushgan atirguldan jaranglab mayin ohang taraldi va uning sirli og‘ushida xonam kumush rangda tovlana boshladi.
Keyinchalik bilsam, o‘shanda Andersen bilan bo‘lib o‘tgan voqea eski yozuvchilar tili bilan aytganda o‘ng aralash tushda kechgan ajib bir holat, ya’ni g‘aroyib uchrashuv yuz bergan ekan.
Yodimda, o‘sha kech oppoq qor yog‘ayotgan edi. Uyimizda esa archa bezatilayotgandi. Archa bezab bo‘linguniga qadar hayajondan yuragim hapqirib ketmasligi uchun uyimizdagilar meni ko‘chaga chiqarib yuborishdi. Men esa hanuzgacha nima uchun ularning aynan belgigangan vaqtdan oldin quvonib ketishimni istamaganliklarini tushunib yetolmayman. Balkim, o‘sha quvonch degani bizning oilamizga juda kam tashrif buyuradigan, oilamiz a’zolari intiqib kutadigan aziz mehmondek bo‘lgani uchun, uning nogoh kirib kelishi esa biz bolalarni xursand etib, haddan tashqari hovliqtirib yuborishi mumkinligini o‘ylab, shunday qilishgandir. Qaydam, nima bo‘lganda ham o‘sha kuni uydagilar meni tashqariga chiqarib yuborishgan edi.
Har doim shom aralash qorong‘u tusha boshlagan kezlari, ko‘chalar, uylar va ba’zi binolarning chiroqlari birdaniga charaqlab yonishi qalbimni allanechuk hayajonga solib yuborar edi. Ayni shu chog‘da ajoyib yashil rangli shu’la taratib yorishuvchi do‘konning oynali peshtaxtasi tubida turli-tuman g‘aroyib narsalar paydo bo‘lar, ular “qorqiz” nomli konkilar, turfa rangda tovlanib yonib turuvchi har xil “burama shamlar”, mayda oppoq tsilindrlarga joylashtirilgan qiziqchilar niqoblari, qalaydan quyib tayyorlangan to‘riq ot mingan chavandozlar, paqildoqlar va turli rangdagi yaltiroq qog‘ozdan yasalgan zanjirchalar edi.
O‘shanda XIX asrning oxirgi kechasi nechog‘li muhim ahamiyatga ega ekanligini kattalarning so‘zlaridan bilib olgandim. Chunki, inson bunday kechaning qayta guvohi bo‘lishi uchun yana yuz yil umr ko‘rishi, bu esa har kimga ham nasib etmasligi muqarrar edi.
Darhaqiqat, nazarimda o‘sha kungi oqshom ham o‘zgacha bir sirli tarovat bilan kirib kelgandi. Tashqarida ohista oppoq qor yog‘ardi. Qor parchalari shunchalar yirik ediki, bamisoli osmonni to‘ldirib dasta-dasta gul yog‘ardi go‘yo. Ko‘chalarni esa, izvosh otlarga taqilgan qo‘ng‘iroqlarning yoqimli sadolari tutib ketgandi.
Archa bezab bo‘linganligi yodimga tushib, uyimizga qarab yugurdim. Xonaga kirishim bilan meni kutib turgan uyimizdagi kattalar archaning chiroqlarini yoqib yuborishdi. Shu chog‘ ko‘z o‘ngimda rang-barang chiroqlar birin-ketin yonib, xonamiz charaqlab yorishib ketdi. Almashib yonayotgan chiroqlardan esa xuddi akatsiya daraxtining qurigan shoxlari qisirlab sinayotgandek ovoz chiqardi go‘yo. Nogahon, archaning tagida turgan katta qalin kitobga ko‘zim tushib qoldi. Angladimki, bu onamning menga Yangi yil sovg‘asi, ya’ni Xristian Andersenning ertaklar kitobi edi. Shu payt quvonchim ichimga sig‘may, hayajon bilan shoshilguncha archaning yonida o‘tirib olib kitobni varaqlay boshladim. Uning varaqlari nafis qog‘oz bilan yopib qo‘yilgan ajoyib suratlarga to‘la edi. Suratlarni tomosha qilish uchun yopishtirib qo‘yilgan o‘sha qog‘ozni ohista ajratib olish kifoya edi. Suratlarda esa qor qasrining devorlari uzra mushaklar yarqirar, oppoq bulutlar suzib yurgan dengiz ustida yovvoyi oqqushlar uchib yurar, kumushrang askarchalar uzun qurollarini ushlab bir oyoqda qorovullik qilib saf tortib turishar va boshqa shu kabi ajoyib mo‘‘jizaviy manzaralar aks ettirilgan edi.
Kitobga shu qadar sho‘ng‘ib ketibmanki, hatto kattalarning meni bezalgan archani tomosha qilishga undayotganliklarini ham sezmabman.
O‘shanda dastlab o‘qigan ertaklarim g‘aroyib matonatli jang, jajji go‘zal raqqosa hamda qor malikasi haqidagi ertak bo‘ldi.
Hamon yodimda, kitobni varaqlab o‘qir ekanman, go‘yo uning sahifalaridan turfa gullarning xush bo‘ylari ufurib, qahramonlarining saxiy chehralari shundoq ko‘z o‘ngimda jonlanib, namoyon bo‘lganligidan hayratlangandim. Bir ozdan so‘ng toliqqanimdan archaning tagida ko‘zim ilinib, pinakka ketib qolibman. Shu chog‘ archa shoxlarini bezab turgan chiroqlardan taralayotgan yoqimli iliqlik hamda shirin mudroqlik ichra oppoq atirgullar bargini to‘kayotgan Andersenning siymosi namoyon bo‘ldi. O‘shandan beri u haqdagi tasavvurimga o‘sha ajib, tushimda ko‘rgan manzara muhrlanib qolgan.
Men u paytlar juda yosh edim. Ertaklardagi, jumladan Andersen ertaklariga ham yashiringan, kattalarga tushunarli bo‘lgan ikkinchi tomoni, ya’ni ikkinchi g‘oyasi borligini bilmas edim, albatta.
Buni ancha kech angladim. Keyin bilsam, XIX asrning o‘ziga yarasha og‘ir va olamshumul yakuni arafasida menga omad kulib boqqan va ayni shu kechada g‘aroyib mo‘‘jizaviy shoir Andersen menga uchrab, murg‘ak qalbimda yorug‘likning zulmatdan hamda insonlarning saxiy yuragi yovuzlik ustidan g‘alaba qozonishiga ishonch uyg‘otgan ekan. O‘sha paytlar Pushkinning “Yashasin quyosh, yo‘qolsin zulmat!” degan so‘zlarini eshitgan edim. Negadir mening nazarimda Pushkin bilan Andersen o‘zaro qadrdon do‘st bo‘lishgandek, ular har gal uchrashganlarida bir-birlarining yelkalariga qoqishib, zavqlanib quvonishayotgandek tuyular edi go‘yo.
Andersenning tarjimai holini ancha kech o‘rgandim. Ungacha mening tasavvurimda uning hayoti ham xuddi o‘zining ertaklaridagi kabi g‘aroyib va go‘zal, suratlari kabi quvnoq va baxtiyor bo‘lib tuyular edi.
Andersenning hayoti bolalik chog‘laridanoq juda og‘ir sharoitda kechdi. Ammo u umri davomida hayotdan, yorug‘ olamdan ezgulik qidirib, zavqlanib yashashga intildi.
Xristian Napoleon urushi davrida Odenza deb nomlangan daniyaliklar shahrida kambag‘al etikdo‘z oilasida dunyoga keldi. Odenza Fyun orolining pastak adirlarida joylashgan bo‘lib, uning atrofini baland tog‘lar o‘rab turardi. Adirlar etagida archalar gullab yotar, osmonini esa doimo tuman qoplab turar edi. Odenzaning umumiy ko‘rinishini tasavvur qilib ko‘rilsa, u qoraygan eman daraxtidan yo‘nilgan kattakon o‘yinchoqni eslatardi.
Ha, Odenza bekorga o‘zining yog‘och o‘ymakorlik san’ati bilan shuhrat qozonmagan edi. O‘rta asrlarda yashab o‘tgan yog‘och o‘ymakor ustalaridan biri Klaus Berg qora daraxtdan Odenza bosh cherkovining ibodat qiladigan joyidagi ulkan qismini yo‘nib tayyorladi. Uning ajoyib ijod namunasi bo‘lgan ushbu mehrob mahobati va haybati bilan faqat bolalarninggina emas, balki kattalarning ham hayratini oshirar edi. Daniyalik o‘ymakor ustalar faqat mehroblar o‘yibgina qolmay, turli ilohiy manzaralar aks ettirilgan haykalchalar ham tayyorlar edilar. Daraxtlarning ulkan bo‘laklaridan mohirona yo‘nilgan haykallarda qo‘pol, ammo o‘ziga xos ramziy ma’nolar kasb etuvchi ilohiy mabudalar, dengiz xudosi Neptun, delfinlar, goho egilib yuruvchi dengiz otlari kabi har xil narsalar aks etar edi. Bunday haykalchalar dengizchilar udumiga ko‘ra yelkanli kemalarning old tumshug‘iga joylab qo‘yilar edi. Haykalchalar ba’zan tilla suvi yoki har xil maxsus to‘q rangli bo‘yoqlar bilan bo‘yalar edi. Uzoq yillar davomida dengiz to‘lqinlari ularga putur yetkazib, buzib, ranglarini yuvib ketmasligi uchun maxsus bo‘yoqlar juda quyuq qilib surilar edi.
Kemalarga haykalchalar yasovchi o‘ymakor ustalar o‘zlarining betakror mohirona san’atlari tufayli go‘yo dengiz ijodkorlari – shoirlari edilar. Andersenning do‘sti daniyalik Albert Torvaldsen ham ana shunday o‘ymakorlar oilasining birida voyaga yetgan, XIX asrning buyuk haykaltaroshi edi.
Andersen bolaligidan boshlab o‘ymakorlarning xayolni maftun etuvchi ajoyib ijodiy ishlarini faqat kemalardagina emas, balki Odenza uylarining bezaklarida ham ko‘p uchratgan. Dastavval u Odenzadagi eskirgan bir uyning keng yog‘och romiga o‘yilgan ajib lolalar va atirgullarni ko‘rgan edi. Ijodkor usta tomonidan naqshlar yoniga bir misra she’r ham o‘yib yozilgan edi. Bolalar jam bo‘lishib, o‘sha she’rni yodlab olishgani hamon uning yodida.
Etikdo‘zlar eshigi ustiga osib qo‘yilgan ikki kallali burgut tasviri ham uning xayoliga muhrlanib qolgan. Bu tasvir go‘yo oyoq kiyimlar doimo bir juft qilib tikilishining ramziy ma’nosini anglatib turar edi.
Andersenning otasi ham etikdo‘z edi. Ammo ularning eshigi ustida ikki kallali burgutning surati yo‘q edi. Bunday surat faqat etikdo‘z hunarmandlar tsexiga a’zo bo‘lgan ustalarning eshigiga ilinishiga ruxsat etilardi. Andersenning otasi esa juda kambag‘al bo‘lganligi tufayli etikdo‘z hunarmandlar tsexiga belgilangan a’zolik badalini to‘lolmas, shuning uchun ham bu tsexning a’zosi emas edi.
Andersen o‘ta nochor va qashshoqlikda voyaga yetdi. U yashagan oilaning birdan-bir faxrlanadigan narsasi ularning juda ozodaligi edi. Uyning ichida yashikka joylangan tuproqda qalin bo‘lib piyoz ko‘karib turardi. Tokchadagi gultuvaklarda esa turli gullar qiyg‘os ochilib yotardi. Gullarning xush bo‘ylari otasining qo‘lidagi kosiblar bolg‘achasidan taralayotgan aks-sado bilan birlashib, barabanchilar kazarmasidan eshitilib turuvchi vazmin tovush, daydi musiqachilar fleytasi (naysimon musiqa asbobi)ning hushtagi hamda daryo bo‘ylab qo‘shni qirg‘oqqa yuk tashiydigan beso‘naqay kemalardagi matroslarning horg‘in bo‘g‘iq ovozda aytayotgan qo‘shiqlariga qo‘shilib ketar edi go‘yo.
Bu kabi turli-tuman manzaralar, odamlar, hodisalar va undagi ranglar, ovozlar o‘ziga xos ajoyib xayolparast Xristianning shuurida aylanib, uning shodlanib, zavqlanishi va har xil g‘aroyib voqealar o‘ylab topishiga zamin yaratar edi.
Ayniqsa, ularning uyida har qanday holatda ham uni yolg‘iz tinglovchi, Karl laqabli mushukning borligidan bolakay juda mamnun edi. Ammo Karlning ham bir kamchiligi bor edi. U ham bo‘lsa bola aytayotgan biror-bir qiziq ertakni oxirigacha diqqat bilan tinglay olmas, ertak nihoyasiga yetmasidan oldin xurillab uxlab qolar edi. Bolakay esa qari mushuk Karlning bu qilig‘idan aslo ranjimas, chunki mushuk uning ertaklaridagi sehrgarlar, Klum-pe-Dumpe nomli ayyorlar, aqlli trubachilar, so‘zlashuvchi gullar hamda boshida olmos toji bor qurbaqalar kabi g‘aroyib narsalar borligidan hech qachon ajablanmay, jimgina uni tinglardi.
Andersen ilk ertakni o‘zining otasidan eshitgandi. Keyin esa u ushbu ertakni qo‘shni musofirxonada turuvchi ayollarga aytib bergan edi. Bu yerda yashovchi ayollar kuni bo‘yi egilib olib, kulrang jun yigirar, bir-birlariga esa o‘zlarining har xil soddagina hikoyalarini so‘zlab o‘tirishardi. Bolakay esa ularning har bir hikoyasini qiziqib tinglab, ertasi kuni aynan shu hikoyalarning o‘zini boshdan oyoq o‘z tasavvuri bilan boyitib, o‘zga ranglar bilan bo‘yab, bezab ularning o‘ziga yangicha talqin bilan o‘z nomidan qayta boshdan so‘zlab berardi.
Ayollar jajji Xristianning qobiliyati va zehniga qoyil qolib: “Qanday ajoyib bola-ya, bunday xislatli insonlar dunyoda hayot kechirishi juda qiyin bo‘ladi”, deya afsuslanib, o‘zaro shivirlashib qo‘yishardi.
Hikoyani davom ettirishdan oldin uning yuqorida tilga olingan ajoyib xislatlariga to‘xtalib o‘tsak. Andersen yon atrofimizni o‘rab, ko‘zga tashlanib turgan tabiat, yorug‘ olamda har birimiz har qadamda duch kelib, kundalik hayotimizda yuz berayotgan oddiy voqea, hodisalarda ham ajoyib borliq, o‘zgacha ajib dunyoni ko‘ra bilardi. Har qanday, ko‘pchilikka shunchaki tuyulgan ko‘z ilg‘amas narsalardan yaxshilik, bir dunyo ezgulik topib, qalbdan quvonib, shodlanardi.
Uning bu kabi xislatlarini qobiliyat, deb atasak to‘g‘riroq bo‘lar edi.
Biz zamin bo‘ylab odimlar ekanmiz, oyog‘imiz ostida yotgan har bir narsaga e’tibor bermaymiz. Yoki atrofimizni o‘rab turgan borliq, yerga tushgan yaproq, maysalarni bir dam tinglab ko‘rish yoki misol uchun, oddiy bir siqim tuproqni qo‘limizga olib, diqqat bilan razm solish har birimizning ham xayolimizga kelavermaydi. Agar biz ham zaminga yaqinroq engashib yoki uning bag‘rida yonboshlab olib, diqqat bilan razm solib kuzatsak, uning har bir qarichida ko‘plab qiziqarli, ajoyib mo‘‘jizalarga duch kelgan bo‘lar edik.
Qani ayting-chi, sizningcha noparmon-yashil tusli askarga o‘xshash bargizub gulining quruq ko‘zachasi og‘zidan zumrad zarrasini sochib turishi qanchalar go‘zal va ajablanarli emasmi? Yoki har bir namchil giyoh, maysalar-chi, yoki makkajo‘xori poyasida yetilib, to‘kilib tushadigan donlar-chi, bir dona mayda urug‘chadan o‘sib chiquvchi ulkan daraxtlar-chi? Ana shunday, u har bir qadamda olam-olam antiqa narsalarga duch kelar, ularni kuzatar va har biri haqida juda qiziqarli hikoyalar, ertaklar to‘qirdiki, odamlar ularning qay birini tinglamasin, uning qobiliyati, san’atiga qoyil qolib, hayratdan bosh chayqab:
– Bu Odenzalik etikdo‘zning daroz o‘g‘liga qaydan bunchalik ajoyib ilohiy ne’mat ato etilgan ekan-a, balkim u sehrgardir, – deyishardi.
Odenzaning o‘z teatri bor edi. U yerda Andersen ilk bor “Dunay qizi” deb nomlangan pesani tomosha qilib, juda hayratlangan edi. O‘shandan to umrining oxirigacha ashaddiy teatr ishqiboziga aylandi.
Bolalarni nafaqat xalq og‘zaki ijodi, balki teatr orqali ham ertaklar olamiga olib kirish mumkin. Ular spektakllarni ham hayratlanib, xuddi ertakdek qabul qilib, sevadilar.
Yorqin sahna bezaklari, rang-barang chiroqlar, askarlarning turli-tuman qadimgi qurol-yarog‘lari, musiqa sadolari ostida boshlanuvchi dahshatli janglar, malikalarning havorang uzun kipriklaridan to‘kilib turuvchi ko‘z yoshlari, o‘tkir, yaltiroq qilich tutgan mallarang soqolli yovuz badkirdorlar, havoda uchib aylanib, raqsga tushuvchi go‘zal qizlar, bularning barcha-barchasi faqat ertaklardagina ro‘y berishi mumkin.
Ammo Andersenning teatrga tushib turishga puli yo‘q edi. Bir kuni u shaharlik afisha yopishtirgich Peter bilan do‘stlashib qoldi. Andersen unga spektakllarning afishalarini yopishtirishga yordam berar, Peter esa buning evaziga yangi spektaklning bitta afishasini sovg‘a qilar edi. Xristian uni xonasining burchagiga yopishtirib, pesaning nomlanishi va unda ijro etuvchilar bilan xayolan tanishib, ana shu afishada turgan nomlar bilan o‘z fantaziyasi orqali pesaning qalblarni zabt etuvchi yangicha ruhi haqida o‘ylar, har bir spektakl voqeasini o‘zining tasavvuridagi tasvirlar bilan almashtirardi. Shunday qilib, kunlarning birida bolakayning xayolida sirli va g‘aroyib bolalar teatrining yangi repertuari paydo bo‘ldi. Unda bolakayning o‘zi muallif, o‘zi aktyor, musiqachi, o‘zi rassom, ham sahnaning yorituvchisi, ham xonandasi edi.
Andersen o‘zi o‘sgan kambag‘al oilaning yolg‘iz, eng xotirjam va erkin a’zosi edi. Oilasida uni hech kim, hech qachon koyimasdi. Bolaligidan uning xayoli o‘zining ajoyib, uzundan-uzoq orzu-o‘ylari bilan band edi. Bu holat hattoki uning savod chiqarishi uchun o‘qish paytida ham xalal berardi. U yozishni tengqurlariga qaraganda ancha kech o‘rgandi. Hattoki, keksaygan chog‘ida ham xatolar bilan yozar, o‘ziga unchalik ishonmas edi.
Andersen ko‘p vaqtini Odenza bo‘yidagi eski tegirmon yonida o‘tkazishni yoqtirardi. Tegirmon eskirib ketganligidan undan qisirlagan ovoz chiqardi. Tarnovidan yam-yashil suvo‘tlari osilib, unga kelib quyiladigan suv yon atrofga sachrab turar, to‘g‘onning qirg‘og‘ida esa baliqchalar jimirlashib, suzib yurganligi ko‘rinib turar edi.
Bolakayga kimdir yoshligida ayni shu tegirmon ostida, yer sharining narigi tomonida Xitoy degan mamlakat borligini, xitoyliklar esa bir pasda yerosti yo‘lini qazib, u orqali Odenzaga kirib kelishi va kutilmaganda qo‘llarida nafis yelpig‘ich tutgan, tilla ajdar surati tikilgan qirmizi shoyi xalatlarda Daniya shaharlarining mog‘or bosgan namchil ko‘chalarida paydo bo‘lib qolishi mumkinligi haqida so‘zlab bergan edi.
Bolakay bu mo‘‘jizani uzoq kutdi, ammo bu voqea sodir bo‘lmadi.
Odenzada eski tegirmondan tashqari yana bir joy bolakayning e’tiborini tortar edi. U iste’foga chiqqan keksa dengizchining kanal bo‘yida joylashgan qo‘rg‘onchasi edi. Dengizchi bog‘ining o‘rtasidagi ko‘zga yaqqol tashlanib turadigan joyida bir necha yog‘och zambaraklar va uning yonida yog‘ochdan yasalgan askar haykalini o‘rnatgan edi. Kanal bo‘ylab kemalar suzib o‘tayotganida u yasagan zambaraklardan havoga o‘qsiz zaryadlar otilar, yog‘och askar esa osmonga qarab qurolini sermar edi. Keksa dengizchi shu alpozda o‘zining iste’foga chiqmagan omadli kapitan o‘rtoqlariga salyut berardi.
Keksa dengizchining ushbu ajoyib qo‘rg‘oniga Andersen bir necha yildan so‘ng, talaba bo‘lgan chog‘ida kirishga musharraf bo‘ldi. U kelgan chog‘ida dengizchi hayotdan ko‘z yumgan, ammo yosh shoirni gir aylana gulzor ichida bir to‘da go‘zal va sho‘x qizlar galasi – keksa kapitanning qizlari kutib olishdi. Andersen keyinchalik u qizlarning biriga nisbattan qalbida ishq-muhabbat uyg‘onganini sezib qoldi. Ammo uning muhabbati go‘yoki tuman ichra javobsiz qolib ketdi.
Uning tinimsiz hayoti davomidagi ayollarga nisbatan paydo bo‘lgan qalbidagi his-tuyg‘ularining barchasi ham shu alpozda yakun topdi.
Xristian juda ko‘p xayol surar, xayoliga kelgan ko‘p narsalarni orzu qilardi. Yoshligida uning ota-onasi yaxshi tikuvchi-bichuvchi bo‘lishini istashgan edi. Shu maqsadda onasi unga tikish-bichishni o‘rgatdi. Ammo bola o‘rganib, nimaiki tikkan bo‘lsa, faqat o‘zining teatridagi qo‘g‘irchoqlari uchun tayyorladi. O‘sha paytlar Andersenning uyida kichik teatri bor edi.
Bichishning o‘rniga esa mohirona tarzda qog‘ozdan hayoliga kelgan turli naqshlar, bir oyog‘ida aylanib raqsga tushadigan jajji raqqosalar shaklini kesib yasar edi. O‘zining ushbu ajoyib qobiliyati orqali barchani keksaygan chog‘ida ham hayratda qoldirardi.
Tikuvchilik hunarini o‘rganganligi uning yozuvchiligida ham qo‘l keldi. U qo‘lyozmani juda tez va zich yozardiki, hatto to‘g‘rilashga ham joy qolmasdi. Shunday paytlar qo‘lyozmaning o‘zgartirilgan joyini qog‘ozga yozib olib, orqasidan taglik qo‘yib, ip bilan tekislab tikib yopishtirar edi.
Andersen o‘n to‘rt yoshga kirganida uning otasi vafot etdi. Kechasi bilan otasining boshida yig‘lab, mijja qoqmay chiqdi. O‘sha kuni otasining boshida u bilan birga bir chigirtka ham tuni bo‘yi xonish qilganini so‘zlab berdi.
Shunday qilib, o‘sha kuni umri davomida birgina shoir va ertakchi o‘g‘ilni dunyoga sovg‘a qilishdan bo‘lak hech narsa qilolmagan, biror narsasi bilan hech kimni qoyil qoldirolmagan va hech narsasi bo‘lmagan tortinchoq etikdo‘z chigirtkaning sirli xonishi ostida hayot bilan vidolashdi.
Andersen otasining o‘limidan bir oz o‘tgach, onasining roziligi bilan uylarida asrab qo‘yilgan arzimagan choy-chaqani olib Odenzadan o‘z omadi, baxtini qidirib poytaxti Kopengagenga jo‘nab ketdi. U yerda esa nima kutayotganligini hech kim bilmas edi.
Uning xotirasi yoshligidan sirli voqealarga to‘lib-toshgan, ammo bularning barchasi shunchaki befoyda saqlanib turgan edi. Andersen katta bo‘lganida kim bo‘lishi haqida uzoq o‘ylardi. Qo‘shiqchi, raqqosmi, shoir yoki badiiy asarlarni ifodali qilib o‘qib beruvchi – suxandon, satirik, dramaturgmi, xullas, ertakchilik esa xayoliga ham kelmagan edi. Shunga qaramay qalbining olis manzillaridan ertaklarning mo‘‘jizaviy ohangi dam u, dam bu ijod torlari orqali sado berib turardi.
Ertaklar olamiga Andersenni aslida nima yetaklagan edi?
Tabiatning maftunkor bag‘rida yolg‘iz qolib, uning ovoziga quloq tutib, ertak yozishdan ham zavqliroq va osonroq narsa yo‘q, deb aytgan edi u.
Ayniqsa Zelandiya o‘rmonlarida dam olgan kezlari uning bu fikri yanada oydinlashdi. Ajoyib, maftunkor osmonida yulduzlar g‘ira-shira mildirab, qariyb doimo yengil tuman ostida o‘y surib turuvchi Zelandiya o‘rmonlari. O‘rmon bo‘ylab dengizning uzun yastanib turishi esa unga yanada o‘zgacha tarovat baxsh etar edi.
Andersen ertaklarining ko‘p qismini qish paytida yozganidan xabarimiz bor. Ammo siz bolakaylarning archa bayramini go‘yoki bir g‘aroyib mo‘‘jiza kabi hayajon bilan intiqib kutishlarini, archaning o‘ziga xos ko‘rkam tusga kirib, turli-tuman tovlanib turuvchi betakror o‘yinchoqlar bilan charaqlab bezatilishini bir tasavvur qilib ko‘ring-a!
Dengiz bo‘yida qish qanday o‘tishini bilasizmi? Butun borliq oppoq kumushrang qorga belangan. Oydin qish kechasining yog‘dulanib, uylarning pechlarida yog‘och o‘tinning charsillab yonib turishi bularning hamma-hammasi andersencha tasavvuru ifoda bilan uning ertaklariga joy bo‘lardi.
Balkim Andersenning ertakchi bo‘lishiga Kopengagen ko‘chasidagi mana bu voqea sabab bo‘lgandir?..
Bir bolakay eski Kopengagen uylarining birida tokchada o‘ynab o‘tirar edi. Uning o‘yinchoqlari unchalik ko‘p emas, ular bir necha kubikchalar, pape-mashedan tayyorlangan eski dumsiz ot va qalaydan yasalgan siniq askarcha edi. Bolakayning onasi – yoshgina juvon deraza yonida kashta tikib o‘tirardi. Shu payt eski dengiz porti tomondan, ko‘chaning pastak qiyaligidan ko‘tarilguncha qora libos kiygan, juda ozg‘in va daroz bo‘yli bir odam paydo bo‘ldi. Uzun qo‘llarini osilib turgan gavdasi u yon, bu yon qalqib, o‘zi bilan o‘zi gaplashib, bolakayning uyi tomonga yaqinlashib kelmoqda edi. U odam shlyapasini qo‘liga ushlab olgan, shuning uchun ham keng qiya peshonasi, burgutnikiga o‘xshash ingichka burni va kul rang qisiq ko‘zlari aniq ko‘zga tashlanib turardi. Uning chehrasi deyarli ko‘rimsiz bo‘lib, ammo qaddi-qomati juda kelishgan, nimasi bilandir chet elliklarni eslatib turardi. Egnidagi kalta kamzulining tugma qadaydigan joyiga xushbo‘y yalpiz shoxchasini taqib olgan edi.
Agar shu notanish kishining o‘ziga o‘zi g‘udranib kelayotgan so‘zlariga quloq tutish joiz bo‘lsa, uning salkam xirgoyi tarzda quyidagi she’rni o‘qiyotganining guvohi bo‘lar edik:

Men seni ko‘ksimda asradim,
Orzu-umidlarimning nozik g‘unchasi…

Bolakayning onasi tikayotgan kashtasidan boshini ko‘tarib, o‘g‘liga qaradi va:
– Ana, bizning shoirimiz janobi Andersen kelyaptilar. Agar u xirgoyi qilayotgan allalar xonishiga quloq tutsang, shirin uyquga ketib qolishing mumkin, – dedi.
Shu dam bolakay qora kiyimdagi notanish odamga bir pas tikilib turdi-da, so‘ng o‘ynab o‘tirgan yagona oqsoq askar o‘yinchog‘ini qo‘liga olib, ko‘chaga, Andersen kelayotgan tomonga yugurib ketdi. Yoniga yetib kelgach, o‘yinchoqni uning qo‘liga tutdi-yu, zudlik bilan orqasiga qaytib, uyiga qarab yugurib ketdi.
Bu bolakayning eng qimmatbaho sovg‘asi edi. Andersen hayajon bilan albatta buni tushundi va bolakayning bergan sovg‘asi – o‘yinchoq askarchani shunday ko‘ksiga qadab qo‘yilgan yalpiz shoxchasining yoniga xuddi ko‘krak nishonidek taqib oldi. Bunga ham qanoatlanmay, o‘yinchoqni mehr bilan ko‘ksiga bosib, yanada ko‘zga ravshanroq tashlanib turishi uchun biroz chiqarib qo‘ydi. Bolakay tomonidan ko‘rsatilgan bu holat Andersenni shu darajada to‘lqinlantirib yubordiki, bekoriga uni yaqin do‘stlari his-hayajonga o‘ta beriluvchanlikda ayblamasligi qayta yodiga tushdi.
Ayol esa kashta tikishdan bir oz tin olib, agar shu shoirni sevib qolganimda, u bilan kechgan hayotim o‘ta maroqli va shunga ko‘ra murakkab ham bo‘lishi mumkin edi, deya xayolidan o‘tkazdi. Andersen hattoki yosh xonanda Jennini sevib qolganida ham, uni deb o‘zining shoirona odatlari, beqaror orzu-xayollaridan voz kechmaganligi haqida eshitgan edi. Ha, shoirning o‘ziga xos o‘y-xayollari, orzularining cheki-chegarasi yo‘q edi.
Bir kuni u hatto g‘amgin-huvillab Daniyaga qarab shimoli-g‘arb tomondan esib turuvchi shamolning yo‘liga, baliqchilar kemasining machtasiga musiqa asbobi – arfani qistirib qo‘yib, shamol ta’sirida uning torlaridan taraladigan mungli sadoni tinglagisi kelib ketdi. Bu albatta faqat Andersengagina xos bo‘lgan orzu-xayollarning bir ko‘rinishi edi.
Andersen o‘z hayoti haqida so‘zlaganida, uning soz va shodon o‘tganligini ta’riflab, bolalarcha shodlanib quvonardi. Hayotga bu qadar beg‘ubor, sofdillik bilan qarash faqatgina Andersen kabi qalbi toza, ma’naviy denyosi boy bo‘lgan insonlargagina xos bo‘lgan fazilatdir. U kabi insonlar turmushda uchraydigan har qanday mayda-chuyda hodisalarga o‘ralashib, nolib, vaqtini bekorga boy berishdan ko‘ra yon-atrofda borliqni o‘rab, yarqirab turgan tabiat poeziyasi bilan zavqlanib yashashni afzal biladilar. Qani ayting-chi, tarovatli va go‘zal ko‘klam nafasi har bir daraxt kurtaklaridan bo‘sa olayotgan dilbar lahzalarni boy bermasdan kuzatish, ikir-chikir tashvishu g‘amlarga e’tibor bermay yashash naqadar zavqli! Axir, bu kundalik mayda-chuyda narsalar go‘zal va dilrabo, xushbo‘y ko‘klamning oldida nechog‘lik arzimas ekanligini bir tasavvur qilib ko‘ring-a!
Ha, Andersen shunday keng dunyoqarash bilan shirin orzular og‘ushida hayot kechirishni istar edi.
Ammo Kopengagenga kelgan chog‘larida u ancha tashvishlarga duch keldi. O‘sha kezlar mamlakatda qashshoqlik avj olgan, ijod ahli, jumladan shoir, yozuvchi va musiqachilarga nisbatan mensimay qarashlar ko‘pchilik qatorida uning ham ko‘nglini ezardi.
Andersenga hattoki keksalik chog‘larida ham unga qarata Daniya adabiyotining “qashshoq namoyandasi”, bu kabi etikdo‘z oilasidan chiqqan kambag‘al bolasining har bir joyda, ayniqsa rahbar, ulamolar o‘rtasida o‘z o‘rnini bilib yurishi lozimligini bot-bot uqtirib turishardi. Har damda uning ustidan kulishib, har qadamda izza qilishga harakat qilishardi. Shunday harakatlardan so‘ng u doim o‘z-o‘ziga “nima uchun shunday?” deya savol berardi.
Buning sababi balkim uning tomirlarida kabag‘al, kamtarin odamlar qoni oqayotganligidadir. Balkim u ham boshqalarga o‘xshab daniyaliklarning nazaricha yashashni bilmaganligida, o‘zini hech qachon katta tutib, go‘yoki hayotda omadi chopgan kaltafahm, kalondimog‘lar kabi gerdayib yurmaganligidadir. Balkim Ollohning marhamati bilan haqiqiy shoir bo‘lib yaralganligidadir.
O‘sha paytlar tor fikrli daniyaliklar nazaridagidek yashashni bilmaslik jamoa orasida eng og‘ir illat deb qaralardi. Andersenga esa bunday odamlar o‘rtasida ularga o‘xshab yashash oddiy so‘z bilan aytganda o‘ta noqulay edi. Donishmand Kirkegor aytganidek, u beg‘ubor xushchaqchaq qalb egasi, tengi yo‘q, bebaho shoirtabiat shaxs edi. Xuddi bir paytlar she’riyat kitobiga bitilib, kutilmaganda paydo bo‘lgan-u, unutilgan va qayta dunyoga kelgan sirli mo‘‘jizaviy kitob kabi hech qachon kutubxonaning chang tokchalariga qaytib ketishi mumkin emasdi.
– Mening barcha yaxshi xislatlarimni loyga qorib tashlashmoqchi bo‘lishdi, – deya o‘zining holatini bolalar shunchalik vaqtixushlik qilish uchun toshbo‘ron qilib, azoblayotgan kuchukka o‘xshatardi goho Andersen.
Ammo o‘zingiz ayting-chi, uzun oydin kechalarning yorug‘ida na’matak gullaridan taralib turuvchi oppoq shu’lalarning guvohi bo‘lgan yoki o‘rmon ichidagi oddiy to‘nkaning nimalardir deb javrab turganini tinglayolgan yoki shu kabi ko‘plab g‘aroyib hodisalarning guvohi bo‘lib, kuzatuvchi insonning hayot yo‘lini mayda sipirindilar bilan yopib bo‘larmidi axir!
Ammo Andersen hayoti davomida qanchalar ozor chekmasin, iztirob chekmasin, har qanday mushkul sharoitda ham insonlarga doimo yaxshilik, ezgulik istab yashadi. Bunday insonning irodasi oldida faqat ta’zim qilish mumkin.
U o‘zining kambag‘al, faqir insonlarga yaqinligidan faxrlanardi. Daniyalik yozuvchilar tashkil etgan “Ishchilar uyushmasi”ga birinchilar qatorida a’zo bo‘lib, jonu dili bilan ishchi, kambag‘al, dehqonlar o‘rtasida o‘zining ijodiy namunalaridan o‘qib berardi. Mabodo oddiy insonlarga nisbatan mensimaslik, adolatsizlik va yolg‘on tuhmatlar qilinayotgan holatlarga duch kelib qolsa, bunga aslo chidolmas va ayovsiz insonga aylanardi. Uning qalbida bolalarcha beg‘ubor xislatlari bilan birga nohaqliklarga qarshi achchiq alamlari, iztiroblari ham yonma-yon yashardi. Bu holatni “Yalang‘och qirol” nomli ertagida keng, ravshan qilib tasvirladi.
Kambag‘al oila farzandi, uning do‘sti haykaltarosh Tovaldsen olamdan o‘tganida buyuk ijodkorning vafotidan xabar topib, uning tobuti oldida daniyaliklarga xos bo‘lgan namoyishkorona, tantanavor ko‘rinishda gerdaygancha tizilib turuvchi ulamolarning yig‘ilib kelib turishi Andersenning ko‘z o‘ngiga keldi.
U Torvaldsenning vafotiga bag‘ishlab o‘zining katta kontatasi – yirik musiqiy asarini yozdi. Uning dafn marosimiga butun Amsterdamdan kambag‘al, qashshoqlarning farzandlarini yig‘di. Bolalar zanjir shaklida tizilib, qo‘l ushlashib butun marosim davomida Andersenning kontatasini jo‘r bo‘lib kuylashdi. Kontata shunday so‘zlar bilan boshlanardi:

Yo‘l bering bechoralar tobutiga –
Ularning orasida ketmoqdaman o‘zim ham…

Andersen shoir do‘sti Ingeman haqida “u she’riyat urug‘ini kambag‘al dehqonlar dalasidan izladi”, deb yozgan edi. Uning bu ta’rifi o‘zining ijodiga ham ko‘proq ta’lluqlidir. Chunki Andersen ham poeziya urug‘ini kambag‘al dehqonlar dalasidan terib, qalb qo‘rida qizdirib, ularning pastak xaroba kulbalariga sochardi. Unda esa poeziyaning g‘aroyib daraxtlari unib chiqar, turfa gullari esa barq urib, mazlumlar qalbiga quvonch baxsh etardi.
Andersen uchun maktabda o‘zidan ancha yosh bolalar bilan bir partada o‘tirib o‘qigan yillari ham juda og‘ir kechdi, qalbi xo‘rlandi. O‘zining haqiqiy hayot yo‘lini qidirish maqsadida kechgan umrining o‘sha damlari ham uning uchun eng chigal va ruhiy azoblanish yillari bo‘ldi. U o‘zidagi ijodiy qobiliyatni san’atning qaysi turiga tegishli ekanligini uzoq vaqtgacha anglay olmadi.
“Xuddi tog‘liklar ulkan qoyalar toshini zarralab, zinapoyalar yasab yuqori ko‘tarilgani kabi, men ham shu qadar mashaqqat va sabr-qanoat bilan odimlab, adabiyotda o‘z o‘rnimni topdim”, – degan edi Andersen keksalik chog‘larida.
Bir kuni shoir Ingamen:
– Siz har qanday oqayotgan suv tagidan ham qimmatbaho duru javohirlar topa oladigan bebaho qobiliyat sohibisiz, – degan edi.
Shoirning bu so‘zlari Andersenning o‘zidagi qobiliyatni anglashiga sabab bo‘ldi.
Va nihoyat uning yigirma uch yoshida “Amager oroli bo‘ylab sayohat”, deb nomlangan haqiqiy andersencha kitobi bosilib chiqdi. Andersenning ushbu kitobi “g‘aroyib, rang-barang xayollari osmonini” dunyoga namoyish etishiga imkon berdi.
Andersen Daniya bo‘ylab kezar ekan, doimo qalbida allaqanday maftunkorlik zavqining ajib titrog‘ini sezib yashadi. Kelgusidagi hayot yo‘li oydinlashdi. Kitobidan tushgan ozgina qalam haqini Yevropa bo‘ylab sayohatga sarflashga jazm qildi.
Andersenning ushbu ilk sayohatini dunyo bo‘ylab emas, balki o‘zining buyuk zamondoshlari bo‘ylab qilingan sayohati, deb atash mumkin. Qaerga borgan bo‘lmasin, o‘sha joydagi o‘zi sevgan buyuk yozuvchilar, shoirlar, musiqachi, rassomlar bilan tanishdi.
Albatta, u bunday uchrashuvlarni o‘ta muhim deb bildi va uchrashuvlar davomida uning iste’dodiga nisbatan buyuk zamondoshlar tomonidan bildirgan fikrlar uning qobiliyatini yanada mustahkamlashga yordam berdi.
Andersenning butun hayoti doimiy almashinib turuvchi mamlakatlar, shaharlar va unda yashovchi xalqlar, uzun yo‘llar davomida hamroh bo‘lgan yo‘lovchilar, ularning turli-tuman ajoyib hikoyalari, fikr–mulohazalari, ulardan olgan tassurotlari asosida hayajonli lahzalarni o‘zida mujassam etgan haqiqiy “yo‘l poeziyasi” og‘ushida o‘tdi. U qaerda yozgisi kelsa, o‘sha joyda yozdi. Rim, Parij, Afina, Konstantinopol, London, Amsterdam mehmonxonalarida qirmizi siyohdonlarda uning o‘tkir perosi qanchalar ko‘p iz qoldirganligini hech kim sanab ado qilolmaydi.
Andersen juda tez yozar edi. Ammo qo‘lyozmalarni ishlash davrida o‘ta talabchanlik va diqqat bilan to‘g‘rilardi.
Tez yozishining asosiy sababi uning haqiqiy improvizatorlik qobiliyatidan darak berardi.
Improvizatsiya – bu ijodkorlarning yon-atrofda sodir bo‘layotgan voqeliklarga befarq bo‘lmay, ular to‘g‘risidagi fikrlarga o‘z munosabatlarini izhor qilish, bildirish qobiliyatidir.
Bunday qobiliyat esa uzoq kuzatuvlar jarayoni va ajoyib xotira, ya’ni eslab qolish xususiyatiga ega bo‘lgan insonlardagina uchraydi.
Andersen Italiya to‘g‘risidagi qissasini haqiqiy improvizatorlik nuqtai nazaridan yaratdi. Shuning uchun ham bu asarini “Improvizator” deb nomladi.
Keling, endi yana uning sayohatlari to‘g‘risidagi hikoyamizga qaytamiz.
U ilk sayohatini yuzlab kemalar suzib yurgan Kattegat* bo‘ylab amalga oshirdi. Bu safari ham juda qiziqarli va zavqli kechdi.
O‘sha paytlar Kattegat bo‘g‘ozi uzra “Daniya” va “Kaledoniya” deb nomlanuvchi paroxodlar paydo bo‘lgan edi. Ular yelkanli kema kapitanlarining xuddi dengiz dovuli kabi g‘azabini qo‘zg‘atardi.
Chunki paroxodlar bo‘g‘ozni tutunga to‘ldirib yelkanli kemalar orasidan suzib o‘tayotganida xijolat tortib, go‘yo o‘zlarini masxara bo‘layotgandek sezardi. Shu sababdan kema boshliqlari karnay orqali ularga qarab bisotidagi eng saralangan, eng uyatsiz so‘kishlarini izhor qilib qolar edilar. Paroxodlarni “mo‘ri tozalovchi”, “dudlangan dumlar”, “badbo‘y mag‘zava”, deb yerga urishga harakat qilar edilar.
Paroxod va kemalar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan bu kabi janjallardan Andersen zavqlanib, vaqti chog‘ bo‘lardi va miriqib kular edi.
Kattegat bo‘g‘ozi bo‘ylab qilgan safaridan so‘ng Andersenning “haqiqiy sayohatlari” boshlandi. U ko‘p martalab butun Yevropani aylanib chiqdi. Kichik Osiyo, hattoki Afrikada ham bo‘ldi.
Parijda Viktor Gyugo va buyuk artist Rashel bilan tanishib, Balzak bilan yaqindan suhbatlashdi. Geyne esa uni o‘z uyiga mehmonga taklif etdi. Andersen Geyneni uning uyida parijlik yosh go‘zal ayoli va bir quchoq quvnoq farzandlari qurshovida uchratdi. Bolalarni ko‘rib, shoshib qolgan Andersenga qarab Geyne:
– Hayron bo‘lmang, bularning barchasi o‘zimizning bolalarimiz, biz ularni qo‘shnilardan so‘rab olganmiz, – deya hazillashdi.
Dyuma Andersenni Parijning arzon teatrlaridan biriga olib kirdi. Bir kuni esa Dyumaning navbatdagi romanini yozib o‘tirganini ko‘rib qoldi. O‘z asari ustida ishlayotgan Dyuma romanidagi qahramonlar bilan baland ovozda janjallashib so‘kishar, goh esa dumalab-dumalab qotib kular edi.
Andersenga Vagner, Shuman, Mendelson, Rossini va List kabi buyuk ijodkorlar o‘zlarining musiqiy asarlarini chalib berdilar. Andersen Listning asarlarini tinglar ekan, uning ijodini “torlar bo‘ylab ko‘tarilgan bo‘ronlar ruhi” deya ta’rifladi.
Andersen Londonda Dikkens bilan uchrashdi. Ular bir-biriga ro‘paro‘ kelishganida Dikkens Andersenning ko‘ziga ma’noli tikilib turardi. Andersen ham unga qarashga harakat qildi, ammo buyuk qalb sohibi Dikkensning nigohlariga dosh berolmay, hayajondan yig‘lab yubordi.
Andersen Dikkensning dengiz bo‘yidagi shinamgina uyida mehmonda bo‘ldi. Hovli tashqarisida italiyalik sharmanka chaluvchi tinmay xonish qilar edi. Deraza ortida tusha boshlagan g‘ira-shiralik ichra mash’ala yaltirar, dengiz bo‘ylab shundoqqina uyning yonidan esa Temzadan yo‘lga chiqqan beso‘naqay kemalar suzib yurardi. Daryoning qirg‘oqlari uzra chiroqlar xuddi torf yonayotgandek tovlanar, dam London zavodlari, dam kemalar tuzatiladigan korxonalar mo‘risidan tutun burqsib turar edi.
– Bizning uyimiz bolalarga to‘la, – dedi Dikkens Andersenga. So‘ngra chapak chalgan edi, buni kutib turgan va Andersenning tashrifidan quvonchga to‘lgan uning o‘g‘il-qizlari xonaga yugurib kirishdi. Bolalar sevimli ertakchining ajoyib hikoyalari uchun minnatdorchilik sifatida uni achomlab, o‘pib, atrofini o‘rab olishdi.
Andersen hayotining asosiy qismini Italiyada o‘tkazdi.
Rim ko‘plab chet ellik yozuvchi va rassomlar kabi uning ham ikkinchi vataniga aylanib qoldi.
Bir kuni Andersen dilijans – yo‘lovchi tashiydigan arava bilan Italiyaning ko‘chalari bo‘ylab ketib borardi. Osmon charaqlagan yulduzlarga to‘la, bahor oqshomi edi. Dilijansga yo‘ldan bir to‘da qishloq qizlari ham chiqib olishdi. Qorong‘ulik og‘ushida aravadagilar bir-birlarining yuzlarini ko‘rolmasdilar. Ammo shunga qaramay, bir pasdan keyin ular o‘rtasida qizg‘in suhbat boshlanib ketdi. Tun shunchalik qorong‘u ediki, suhbat davomida Andersen qizlarga qanchalar tikilmasin, ularning har zamon oppoq bo‘lib yaltiragan tishlarini ko‘roldi xolos.
Qizlarga ularning o‘zlari haqida hikoya so‘zlay boshladi. Uning hikoyasida qizlarning har biri go‘yo g‘aroyib ertaklardagi malikalar edilar. Andersenning ta’rifi bo‘yicha qizlarning har biri o‘zgacha bir olam, go‘zallik va latofat sohibasi hamda o‘z-o‘zicha baxtiyor edilar. Ularga sirli moviy ko‘zlari, xushbo‘y mayin sochlari, quyuq kipriklari hamda qirmizi, g‘uncha lablarini tasvirlab, ajoyib ertak aytib berdi.
Qorong‘ulik og‘ushida qizlar tortinishib kulishar, ajoyib hamrohning ko‘ngilni ko‘taruvchi hikoyalari uchun minnatdorchilik sifatida ba’zilarining ko‘z yoshlari yaltiraganligi ham sezilib turardi.
Shu chog‘ qizlarning biri Andersendan uning o‘zi haqida ham so‘zlab berishini so‘rab qoldi.
Andersen o‘zining chiroyli emasligini bilardi. Ammo ayni damda qizlarga o‘zini xushsurat, istarasi issiq, qaddi-qomati kelishgan va navqiron bir yigit etib tasvirlay ketdi.
Va nihoyat, oqshom yanada qorong‘ulik bag‘riga cho‘mgan bir damda yo‘l davomidagi bu ajoyib uchrashuv ham nihoyasiga yetdi. Arava shaharning sokin bir joyida, qizlar tushishi kerak bo‘lgan manzilda to‘xtadi. Ular aravadan tushishar ekan, mo‘‘jizaviy notanish yo‘lovchi bilan hayajon ichra xayrlashishdi.
Dilijans yana yo‘lida davom etdi. Arava ortida shuvillagan o‘rmon, otlarning pishqirig‘i, Italiya osmoni bag‘ridan shundoqqina pastda, boshi uzra yoyilib, yog‘du sochib turgan yulduzlar manzarasidan Andersen juda baxtiyor edi. Hayoti davomida esa bundayin baxtli va zavqli onlarni his qilganligini eslolmadi. U yo‘l davomidagi kutilmagan bu kabi ajoyib hodisalar va bir lahzalik bo‘lsa-da, yoqimli uchrashuvlar uchun dildan shukronalar keltirdi.
Italiya Andersenning qalbini butunlay zabt etgan edi. Toshlardan yasalgan ko‘priklar, xaroba uylarning marmar fasadlari, uylar atrofi, xiyobonlardagi bir-biriga chirmashib o‘sayotgan betakror manzarali ko‘m-ko‘k butalar, shuuringizni yana takror go‘zallikning sirli olamiga tortib, maftun etuvchi suv yuzida barq urib ochilib yotgan Venetsiya nilufarlari, Lateran haykali, kuz havosi uzra Rim ustidagi sovuqqon, sarxush jimirlab turuvchi gumbazlarni erkalovchi quyoshning iliq nurlari, bularning barchasi Andersenning qalbida Italiyani go‘yo qaytadan yaratgan edi.
Andersen 1875 yilda olamdan o‘tdi. Men bu hikoyam orqali uning yozgan asarlari yoki uning shoir va ertakchi ekanligidan boshqa sifatlarini sanab o‘tirmadim.
Buyuk ertakchi Andersenning hayoti asosan qiyinchiliklar iskanjasida o‘tgan bo‘lsa-da, ammo u umrining so‘nggi lahzalarigacha bolalalarga xos bo‘lgan beg‘ubor ko‘ngli bilan hamohang yashadi. Betakror badihago‘yligi, ertaklari orqali kattayu kichikning qalbini zabt etib, ularning qalbini his-tuyg‘ularga to‘ldirib, go‘zal orzu-umidlar baxsh etganligi tufayli taqdir unga o‘z xalqining chinakam mehru muhabbatiga erishish, sevimli insoniga aylanish saodatini nasib etdi.
Ha, Andersen kambag‘al oddiy oiladan yetishib chiqqan ijodkor bo‘lgani bilan hatto qirollar ham uni sharaflab olqishlar, quruqshagan qo‘llarini siqib qo‘yishar edi.
U oddiy xalqning kuylovchisi edi. Butun hayoti davomida o‘lmas, umriboqiy san’atning haqiqiy xazinasi, haqiqiy manbai faqat xalq shuurida ekanligini va boshqa hech joyda topilmasligini isbot etdi. Qalbidagi buyuk poeziyani esa vataniga bo‘lgan cheksiz muhabbati ramzi sifatida, xuddi boshqa joylarda uchramaydigan, Daniya osmoni bag‘rida yoyiladigan keng, yorqin kamalaklar singari rangin suratlarda namoyon etoldi.
Andersenning qabri uzra doimo u sevgan oppoq atirgulllar yastanib, rang-barang kamalaklar keng osmon bag‘riga ochilgan zafar darvozalari kabi yaraqlab tursin.

Rus tilidan Dilorom Abdurahmon qizi tarjimasi
“Yoshlik” jurnalining 2011-yil, 6-sonidan olindi.

_____________
* Yutlandiya yarim orolining sharqiy qirg‘og‘i bilan Skandinaviya orolining janubi-g‘arbiy tomonining quyilish joyidagi bo‘g‘oz.