Yozuvchi eski odati bo‘yicha har seshanba kuni uyini tozalab ketadigan keksa oqsoch Ma Parkerdan katta nabirasining sog‘ligini so‘radi. Ma Parker nimqorong‘i zal ostonasida, shundoqqina oyoq artiladigan ho‘l latta ustida turgancha yozuvchiga eshikni yopishiga ko‘maklashgan bo‘lib bazo‘r ovoz chiqardi.
– Biz uni kecha dafn etdik, xo‘jayin, – dedi u ich-ichidan ezilib.
– Oh, azizim mening! Qattiq taassufdaman! – deb yubordi yozuvchi chin dildan achinib. U nonushtasini oxirigacha yemadi. Egniga eskirib ketgan tungi xalatini ilib olgancha bir qo‘lida g‘ijimlab olgan gazetasini yoyib, uni o‘qishga kirishdi. Biroq yozuvchi o‘zini rosa noqulay sezardi. O‘zining iliqqina ijodxonasiga ravona bo‘lgunicha sho‘rlik bu keksa ayolga iliq bir so‘z aytgisi keldi, lekin o‘sha bir og‘iz gapni topa olmay nihoyatda qiynaldi. Ziyoli odamlar uchun qadrdon insonlarini so‘nggi manzilga kuzatish marosimlarida qatnashmaslik uyat edi. Shunday bo‘lsa-da, u mehribonlik bilan:
– Umid qilamanki, ma’rakangiz risoladagidek o‘tgan, – deb qo‘ydi.
– Xijolat chekmang, janob, – dedi Ma Parker bo‘g‘iq ovozda, u yozuvchining nadomatini bir zumda ilg‘ab olgandi.
O, sho‘rpeshona ona! Shu topda Ma Parker alamzada qushga o‘xshab ko‘rinardi.
– O‘lim aslida har bir odamning qismatidir, missis Parker! – xitob qildi yozuvchi.
Ma Parker indamadi. Boshini eggancha peshbandi bilan bir juft shippagi solingan eski xaltasini ko‘tarib, oqsoqlana-oqsoqlana oshxona tomon yo‘l oldi. Yozuvchi qoshlarini ko‘tardi-da, bir uh tortdi, keyin yana nonushtasini yeya boshladi.
– Ko‘nikishdan boshqa nima iloji bor bechoraning, – dedi u o‘ziga o‘zi likopchadagi marmeladdan bir donasini olib, og‘ziga solarkan.
Ma Parker g‘imirlagancha oshxona ichida o‘z yumushlari bilan andarmon bo‘la boshladi. Egnidagi kiyimlarini yechib, eshik orqasidagi ilgakka ildi-da, qaznoqda turgan juldur kamzulini olib kiydi. Keyin beliga peshbandini mahkam qilib bog‘ladi-da, poyafzalini yechish uchun cho‘nqaydi. Bu faqirona botinkalarni kiyib-echish Ma Parkerga adog‘i yo‘q bir azob, bu uning yillar davomida bardosh qilib kelayotgan iztirobi edi. Lekin keksa ona bu mashaqqatga allaqachon ko‘nib ketgandi, u yuzlarini bujmaytirgancha oyoqlarini jalloddek berahm botinkalari dastidan ozod qilishga chiranar, to iplarini yechib, bor kuchi bilan ularni oyog‘idan tortib olgunicha naq qaro terga botib ketardi. Oxiri bu balodan qutulgach, devorga suyanib, chuqur-chuqur xo‘rsinar va bir muddat tizzalarini ohista uqalab o‘tirardi…
– …Buvi! Buvijon!
Ayolning kichik nabirasi tugmadek jajji tuflichalari bilan uning tizzasi ustiga sakrab chiqib oldi. U hozirgina ko‘chada o‘ynab-o‘ynab, hovliqib, horib kirib kelgandi.
– Qara, buvingning kiyimini ne ahvolga solding! Eh, esi yo‘q bola-ya!
Ammo bolakay mehribon buvisining bunday tanbehlariga zarracha parvo qilmas, bularni erkalash deb anglab, beshbattar taltayib ketardi. Mana, hozir ham jajji qo‘lchalarini buvisining bo‘ynidan o‘tkazib olib, yonoqlarini ajin bosgan yuzlarga surkab erkalandi.
– Buvi, jon buvi, ozgina pul bering! – yalindi u bor vujudi bilan buvisini rozi qilishga urinib.
– Qani, tezda jo‘nab qol-chi, buvingda bir chaqa ham yo‘q.
– Yo‘q, bor!
– Yo‘q dedim senga.
– Yolg‘on gapiryapsiz. Menga ozgina bering, mana shuncha, – bolakay kichkina kaftlarini yoyib buvisiga olajak pulining miqdorini belgilagandek qilib ko‘rsatdi.
Ma Parker bu vaqtda pachoqlanib, yupqa tortib ketgan qora charm hamyonini yonidan olib, kavlashtira boshlagandi.
– Xo‘sh, keksa buvingga nima opkelasan?
Nabirasi uyalgannamo tabassum qildi-da, buvisining yuzlariga yanayam yaqinroq kelib siypalandi.
– Mening hech narsam yo‘q-ku, – deya mayin shivirladi u keyin…
…Qari oqsoch ildam o‘rnidan turdi, gaz plitasi ustidagi temir choynakni olib, shoshilib suv oladigan jo‘mrak yoniga bordi. Choynak ichiga sharillab oqib tushayotgan suv shovqini xuddiki uning ichidagi hasratlarini bosgandek tuyuldi. Ayol chelak bilan mis tog‘orani ham suvga to‘ldirdi.
Yosh yozuvchining oshxonasida aql bovar qilmas tartibsizlik hukmron. O‘tgan bir hafta davomida yozuvchining o‘zi bu yerga “bekalik” qilgan, hammayoqni ostin-ustun qilib tashlagan, oshxonani misoli bahaybat fil kirib rasvo qilgan do‘kon ko‘yiga solgandi. Choy solinadigan idish ichida ayniy boshlagan qandaydir murabbo yotardi, qo‘lsochiqlar pala-partish ishlatilaverganidan toza va kir sochiqlar aralash, har yerga sochilib ketgandi. Tag‘in yozuvchi tanishlariga o‘zining uy “tutum”i to‘g‘risida maqtanib, uy ishlari nima uchun ekaklarga ortiqcha mashmasha ekanligini tushunolmayman, deya taajjublanardi.
– Siz avval bor narsalarni iflos qilasiz-da, keyin bir hafta ichida darrov yuvib-tozalab qo‘yasiz, bu unchalik qiyin ish emas.
Biroq uning bu “qarashi” natijasi xumday ulkan axlat uyumi paydo bo‘lishi bilan yakunlangan, hatto pol ham non ushoqlari, yirtilgan konvertlar, sigara qoldiqlari bilan qoplangandi. Ammo Ma Parkerning zarracha nolishga haddi sig‘masdi. U shunday yosh janobga g‘amxo‘rlik qiladigan hech kimsa yo‘q ekanligidan dildan achinardi, xolos. Oshxonaning kirlangan derazasi ortidan behad-bepoyon va g‘amboda osmon ko‘rinib turar, uning har joy-har joyida suzib yurgan paxtadek bulutlar titilib, yirtilib ketganga o‘xshar, go‘yoki bag‘riga minglab o‘q tekkandek katta-kichik teshiklar paydo bo‘lgan, o‘sha teshiklar qora choy yaproqlari kabi ko‘rinar edi.
Pech ustidagi suv isib bo‘lgunicha Ma Parker polni supurishga tutindi. “Ha-a, peshonam shu ekan-da, – deb o‘yladi u supurgining ship-ship ovoziga quloq osgancha. – Taqdirdan qochib qutula olmayman… Qismatim qanchalar achchiq ekan-a?..”
Hatto qo‘shnilariyu tanish-bilishlarigacha ayolning taqdiriga achinishardi. Uzoq yillar oldin ham u eskirgan peshbandiyu shippaklari solingan xaltasini ko‘tarib yurar, ko‘rganlar uning ahvoliga ezilib qarashardi. “Boyoqishning sira kosasi oqarmadi-da”, deb qo‘yishardi ular. Rostdanam, bu shukr qiladigan hayot emasdi. Yosh-yosh olti bolasi bilan beva qolgan, zax yerto‘lalarda jon saqlagan va qashshoq hayotga badarg‘a qilingan ayol umri… Og‘ir va nihoyatda achchiq taqdir…
O‘n olti yoshida Ma Parker Stratforddan Londonga oshxona oqsochi bo‘lib ishga kelgandi. Ha, u Stratford-on-Evonda tug‘ilgandi. Bu Shekspirning Vatani, bilasiz-a? Odamlar hamisha undan, “Shekspirning yurtidanmisiz?” deb so‘rashar, biroq Ma Parker to Shekspirning dramalarini teatr sahnasida ko‘rguncha uning kimligini bilmagan, hatto buyuk dramaturgning nomini ham eshitmagandi.
Stratforddan esda qolarli xotiralari ham yo‘q edi ayolning, “har kuni kechqurun yoqiladigan eski tosho‘choq oldida o‘tirgancha derazadan sirli, orzubaxsh yulduzlarga soatlab termilishu”, “onasi shiftga ilib ketgan nondan maza qilib yeydigan lahzalarni kutishdan” bo‘lak hech nima yo‘q edi xotirasida, ha, yana nimadir bor edi, butazormidi u, eshik yonida o‘sardi, juda xushbo‘y edi. Ma Parker yana shunga o‘xshash qadrdon isni kasalxonaga tushganida tuygan edi.
Ammo ayol uchun yer yuzidagi eng qo‘rqinchli joy edi bu yer. Uni tashqariga chiqarishmas, ertalabdan kechgacha shiftga tikilib yotaverardi. Ustiga-ustak oshpaz xotin ham rosa johil edi, Ma Parkerga kelgan xatlarni uning qo‘liga tushmasidan oldin yo‘q qilib yuborardi, chunki o‘sha xatlar sho‘rlik ayolni xayolparast va parishonxotir qilib qo‘yardi.
Kasalxonadan chiqqach, Ma Parker o‘sha yerdagi doktorning uyida xizmatkorlik qila boshladi. Bu uyda rosa ikki yil ishladi, oxiri bir novvoy bilan turmush qurdi. Bundan xabar topgach, beg‘ubor yosh yozuvchi:
– U novvoymidi, missis Parker! – deya hayratlangandi.
U hayot deb atalguvchi ne’matdan bu ayolning ham bir chimdim bo‘lsa-da bahra olishini juda istardi.
– Novvoydek halol inson bilan umr kechirish katta baxt-ku!
Missis Parker javob topib berolmagandi.
– Novvoylik halol ish, juda toza mehnat, – derdi yana yozuvchi qaynab-toshib.
Ma Parker yana indolmagandi.
– Xo‘sh, siz-chi, Parker xonim? Sizam non yopishga ko‘maklasharmidingiz? Loaqal xaridorlarga issiq-issiq nonlardan uzatib yuborgan bo‘lsangiz kerak, a?
– Shunday, janob, – derdi Ma Parker. – Biroq mening novvoyxonaga qadam izi qilishimga vaqtim bormidi? Axir jo‘jabirdek jon edik, o‘n uchta go‘dakdan yettitasini yerga qo‘yib, oltitasi bilan ovora bo‘lishni ayting. Eng og‘iri – bolalarimning qabrini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rishni ayting…
– G‘oyatda bardoshli ayolsiz, missis Parker! – derdi yozuvchi titragancha yana yozishga tutinarkan.
Ha, yetti go‘dak yerga qo‘yilgan, eri esa yotib qolib, kasalxonaga tushganida oltita g‘o‘r bola dunyodagi jamiki xo‘rliklarni boshdan o‘tkazgandi. Erining o‘pkasi tamom bo‘lgan, omon qolishidan qilcha umid yo‘q, doktorlar shunday deb aytishgandi… Chorasiz er ko‘ylagini to boshigacha ko‘tarib turar, doktorlar uning orqasiga qandaydir asboblarini doira qilib qo‘yib har kuni tekshirishar edi.
– Agar biz mana bu joyni teshib kirganimizda edi, missis Parker, – degandi bir shifokor unga. – Siz qop-qora qondek bo‘lib qolgan o‘pkalarni ko‘rgan bo‘lardingiz.
Bu demak, tiriklikdan umid yo‘q degani edi. Balki shuning uchun ham Ma Parker o‘lik erining jonsiz lablaridan o‘sha doktor aytgan qora qon sizib chiqqanida zig‘ircha ajablanmagan, negaki bu baxtiqaro erkak to adoyi tamom bo‘lgunicha, to hayotdan butkul umidi uzilmaguncha kasalxonaga borishga sira iloj topolmagandi.
Ammo oltita zor ko‘zni boqib katta qilish kerak edi, o‘zini o‘zi qo‘lga olishdan bo‘lak chora yo‘q edi. Oh, qanchalar og‘ir qismat bu! Kunlar o‘tib, bolalar maktabga boradigan yoshga yetgunicha erining singlisi Ma Parkerga qarashib turdi, lekin u ham zinapoyadan yiqilib belini sindirib olgandan keyin o‘ziniyam eplolmaydigan bo‘lib qoldi. Dard qo‘shaloq keldi, u ayolning yosh bolasi ham Ma Parkerga qolib ketdi. U shunday injiq va yig‘loqi bola ediki! Baxtiga, bolalari missis Parkerning yoniga kirib qolishdi, o‘rtancha o‘g‘li Maudi singlisi Alisaga qarashni o‘z zimmasiga oldi, ikkala aka-singil o‘zlari oyoqqa turishdi. Jim bo‘lsa armiyaga, Hindistonga jo‘nab ketdi. To‘ng‘ichi Etel esa hech narsasi yo‘q bir ofitsiant qizga uylandi-yu, baxtga qarshi xotini kichkina Lenni tug‘ilgan yili qandaydir bedavo yara tufayli olamdan ko‘z yumdi. Ana endi bo‘lsa kichkintoy Lenni ham ketdi – Ma Parkerning eng yaxshi ko‘rgani, to‘ng‘ich nabiraginasi…
Uyum-uyum kir piyolalaru ifloslangan idishlarning bari yuvilib, artib bo‘lindi. Bir bo‘lak kartoshka bilan qop-qora rangga kirgan pichoq ham asl holiga qaytdi, stol qirtishlab tozalandi, hali hamon ichida sardina balig‘ining dumlari cho‘milib yurgan betartib idish yuvish tog‘orasi ham keksa qo‘llar yordamida oppoq bo‘ldi.
…Lenni hecham baquvvat bola bo‘lmagandi, tug‘ilganidan shunaqa nimjon edi. U shu qadar ramaqijon ediki, ko‘rganlar uni qiz bola deb o‘ylashardi. Jingalak-jingalak bo‘lib peshonasigacha yoyilib tushgan kumushdek sochlari, dengizdek moviy ko‘zlari, tugmadek burnining ikki tomonidagi mayda-mayda sepkilchalari o‘ziga shunday yarashardiki! Etel bilan xotini bu bolaga qarayverib holdan toyishgandi. Hattoki tonggi gazetalar ham Lenni bilan birga baham ko‘rilardi. Kichkintoy to kattalar baland ovoz chiqarib gazetani o‘qishmagunicha, tinmay xarxasha qilar, oxiri otasi unga bir soat qichqirib gazeta o‘qib berishga majbur bo‘lardi.
“Qadrli janob, – deb yozilgandi telegrammada. – Nabirasining sanoqli kunlari qolganini onamizga bildirib qo‘ysangiz… To‘rt shisha qon quysak ham umid bo‘lmadi. To‘qqiz haftadirki, Lenni jonsizdek yotibdi, endi umuman o‘rnidan turolmasa kerak…”
Ertasi kuniyoq keksa ona qayg‘u ichra yo‘lga otlandi, ammo bari behuda edi. Hech narsa va hech kim murg‘ak Lennini olib qololmasdi. Hatto kichkintoyni qabristonga eltib, qabriga gul qo‘yayotib ham Ma Parker bu uning o‘zi ekanligiga ishonolmadi. Zotan, Lenni eng to‘ng‘ich farzandining to‘ng‘ich bolasi edi…
– Sen kimning o‘g‘lisan? – deya erkalab so‘rardi Ma Parker yumush qilayotib derazadan mo‘ralarkan. Tashqaridan zaif, biroq yoqimli ovoz kelardi, bu shunchalar go‘dakka xos iliq, yaqin, xuddi yuragingning tagidagina sado berayotgandek jonbaxsh bir ovoz edi: “Men buvimning o‘g‘liman!”
…Shu payt xotiralar pardek to‘zg‘ib ketdi, tashqarida qadam tovushlari quloqqa chalindi, oshxona bo‘sag‘asida yosh yozuvchi ko‘rindi, u sayrga otlangan edi.
– Ma’zur tuting, missis Parker, men aylangani ketyapman.
– Juda yaxshi, janob.
– Pul-mul kerak bo‘lsa, siyohdonimning tagiga qo‘yib qo‘ydim.
– Tashakkur, janob.
– Ha-ya, darvoqe, missis Parker, – deb o‘girildi yozuvchi nimadir esiga tushib. – Siz mening kakaomni tashlab yubormaganmidingiz? Men uni hech qayerdan topolmay qoldim.
– Yo‘q, janob.
– Juda qiziq. Yaqindagina sotib olingan kakaoni katta choy idishiga o‘z qo‘lim bilan solib qo‘ygandim.
Janob o‘z e’tiroz va gumonlarini juda ko‘ngilchanlik va rahmdillik bilan aytardi.
– Siz bir kun menga narsalarni bilmasdan tashlab yuborayotganingizdan pushaymon bo‘layotganingizni aytib edingiz, missis Parker?
Yosh yozuvchi bu gapni o‘ziga aytgandek juda sokin va samimiy tarzda ifoda qildiki, missis Parker uning beg‘ubor, shafqatli va oliyjanob chehrasiga ko‘z tashlarkan, u go‘yo bu erkakning qalbida ham xuddi ayollarniki kabi bir mushfiqlik bor deb ishondi.
Eshik taraqlab yopildi. Ma Parker supurgilarini qo‘liga oldi-yu, yotoqxonaga shoshdi. Biroq bu yerda, yotoqni tartibga solib, o‘rinlarni tekislab, yostiqlarning jildini yangilab, bir olam ikir-chikir ishlar orasida ham murg‘ak Lenni bois chekayotgan iztirobi chidab bo‘lmas darajaga yetdi. Nega beshafqat taqdir shugina go‘dak jonni shuncha azobladi? Nega u buncha ko‘p og‘riq ko‘rdi? Aynan shu alamga aslo chiday olmasdi keksa ayol. Nima uchun farishtaga aylangan begunoh jism to‘yib-to‘yib nafas olish uchun johil dunyoga shunchalar yolvordi, nimjon tanasi dard bilan bu qadar olishdi, kurashdi?! Bundan ham alamli g‘urbat bormi?..
…Lenniginaning jajji o‘pkasida nimadir betinim qaynar, azoblar, bundan qutulishning zarracha imkoni yo‘q edi. U yo‘talishi bilan peshonasiga reza-reza ter chiqar, ko‘zlari shishib ketar, qo‘llari shalvirab, yuzlarida likopchada do‘ppayib turgan beo‘xshov kartoshkalardek yirik-yirik shishlar paydo bo‘lardi. Lekin bulardan ham og‘iri bolaning yo‘taldan to‘xtashi edi. Lenni yostiqqa holsiz suyanib qolar, hech kimga hech narsa aytolmas yo javob berolmas, hatto eshitmas ham edi. U faqat nohaq ozor chekkandek g‘amgin-g‘amgin termilardi, xolos. Hattoki eng yaxshi ko‘rgani – buvijoni yoniga kelganidayam Lenni ko‘zlarini ochmadi, u tirik murdaga aylanib bo‘lgandi.
Ammo oxiri… Ma Parker o‘zini karavotga otdi. Yo‘q, u endi ortiq chiday olmaydi. Juda ko‘payib ketdi, juda oshib ketdi – hayot unga keragidan ham ortiq ko‘rgilik berdi. To hozirgacha u sabr qilib keldi, o‘zini qo‘lga olib yashadi, dod-faryod ko‘tarmadi. Nahot inson qalbi shunchalar bardoshli bo‘lsa?! Hatto o‘z farzandlari oldida ham Ma Parker yig‘lamadi. Mardona va matonatli yuz bilan yashadi. Biroq hozir!.. Lenni ketdi, abadiy ketdi – ortiq sabru qanoati qoldimi bu sho‘rlik ayolning! Yo‘q, uning endi hech narsasi yo‘q. O‘sha murg‘ak vujud Ma Parkerning butun bisoti edi, ammo uni ham hayot ko‘p ko‘rdi, undan zolimlarcha tortib oldi. “Nega barcha uqubat mening boshimga tushadi?! – deya bo‘zlardi keksa oqsoch qalbi. – Men qanday yuvilmas gunoh qilgandim? Qayerda umrbod kechirilmas gunoh qilgandim, qayerda?!”
Yurak-yuragidan hayqirib, otilib shu nido kelarkan, u to‘satdan supurgisi bilan pol artadigan tayoqni yerga tappa tashladi. Bir nafasda oshxonaga qanday yetib kelganini ham bilmay qoldi. Baxtiqarolik shu qadar xalqumiga kelib, jonidan to‘ydirdiki, xuddi tush ko‘rayotgandek, bosinqirash ichidagi telba odam singari ilgakdan ustki kiyimini olib kiydi-yu, tashqariga otilib chiqib ketdi. Baxtsiz ayol ulkan kulfatdan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan karaxt odamdek edi, u qayerga, nima uchun ketyapti, buning tayini ham, javobi ham yo‘q edi, faqat hammasidan qochib, qutulib bo‘ladigan bir parcha joy qidirib ketardi, faqat shu edi niyati…
Ko‘cha sovuq edi. Muzdek-muzdek shamol esardi. Odamlar doimgidek shoshilar, erkaklar shoshar, ayollar shoshar – hamma qayerlargadir shoshilardi. Hech kimning hech kim bilan ishi yo‘q edi. Nihoyat, bor chidami ado bo‘ldi, Ma Parker tamom bo‘ldi, shuncha uzoq va og‘ir yillardan keyin u yig‘lashi kerak edi, bir mehribon va xilvat joyda to‘yib-to‘yib yig‘lashi shart edi.
Ko‘zyosh xayoliga kelishi bilan birdan kichkinagina Lenni go‘yoki buvisining etaklariga yopishgandek bo‘ldi. Oh, mening jajji kabutarim, nima qilib beray senga? Buving yig‘lashni istaydi. Agar hozir yig‘lasa, bu qismatning avvalidan: xatlarini yirtib otgan o‘sha berahm oshpaz, erining ajali haqida gapirgan beshafqat doktor, jajji ruhlarga aylangan yetti begunoh go‘dak, erining o‘limi, xo‘rlangan olti yetimning ro‘yobga chiqmagan orzu-umidlari, o‘kinchlari – barining alam-azoblari Ma Parkerning qolgan umrini ko‘zyoshiga g‘arq qilishi tayin edi. Ammo shuncha ko‘p ko‘zyosh to‘kish uchun ham umrning uzoq davri ketadi. Lekin endi baribir emasmi? Baribir yig‘lashi kerak. Endi qalb qiynoqlari sabrni alaloqibat yengdi, oxiri mag‘lub bo‘ldi u… Qayerga qochib keta olardi?
Ma Parker uyga ketolmasdi, jajji Etel o‘sha yerda. Ko‘zyoshlari bilan, chekkan iztiroblari muhr bosgan qiyofasi bilan bolani cho‘chitib yuborishi mumkin. Keksa oqsoch biron yerdagi o‘rindiqda ham bemalol o‘tirolmasdi, qiziquvchan odamlar kelib uni savolga tutishlari mumkin edi. Bu alfozda uning yosh yozuvchi xonadoniga borishi-da uyatli, chunki ayolning begona uyda yig‘lab olishga ham haqi yo‘q. Duch kelgan bironta binoning zinasiga o‘tirib ham yig‘lab ololmasdi – politsiyachi shubhalanishi aniq edi.
Nahot odam xoli qolib, istagancha dardini to‘kib, to‘yguncha yig‘lab oladigan xilvat joy topilmasa bu yer yuzida? Hech kim indamasa, hech kim xalal bermasa, hech kim malol olmasa? Ho‘ngrab, o‘krab, bahuzur yig‘lab oladigan birorta kimsasiz makon bormi o‘zi?!
Ma Parker shu ko‘yi dam yerga, dam tubsiz osmonga boqqancha uzoq turib qoldi. Achchiq izg‘iringa aylangan shamol uning rangi uniqqan peshbandini uchirib-uchirib o‘ynay boshladi. Yomg‘ir bostirib kelardi. Yo‘q, Ma Parkerga hatto yig‘lagani ham joy yo‘q edi.
Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 6-son