Malan bilan Minnini ko‘rgan kishi ularni hech ona-bola demaydi, opa-singil deyishadi. Minnining bo‘yi onasidan biroz balandroq, xolos.
– Malan, qizing judayam sohibjamol-a! – deyishardi qo‘ni-qo‘shnilar.
Minni shunday ajoyib qiz ediki, uni ko‘rsangiz xuddi gavhar deysiz! Latofatli hamda iffatli qiz! Malan qiziga qaragan sari qachonlardir men ham qizimdek go‘zal bo‘lganman, deb ko‘nglidan o‘tkazib qo‘yardi. Ha-ya, ko‘ngli o‘ksimasayam bo‘ladi, hali sharti ketib, parti qolgani yo‘q. Dunyoda yakkayu yagona u nimani qil desa, shuni bajarishga qodir kimsa bor! Malanni kechayu-kunduz o‘ylaydigan kimsa kim bo‘ldi ekan-a?!
Ularning qishlog‘iga marvarid bilan savdo qilish uchun kelgan savdogar bo‘lmasin tag‘in. Ha, xuddi o‘shaning o‘zi! Ayolning mujgonlarida nega yosh yiltillayapti ekan-a? Ha, u shayton yo‘ldan ozdirib, gunohga botganligi uchun yum-yum yig‘lardi! Qizi ulg‘ayib, bo‘yi yetib qoldi. Ular to shu paytgacha ajralmay birga yashardilar, endi esa u qizini uzatyapti. Bir haftadan so‘ng qizi Minni qallig‘ining uyida yashay boshlaydi. Yo‘g‘-e, nimalar deyapti, onasining o‘zi yolg‘iz qoladimi, yo‘q, yo‘q, yo‘q aslo!..
Malan xayol daryosiga sho‘ng‘idi. Savdogar qishloqqa kelganda albatta uning eshigini taqillatardi, Malan esa uning istiqboliga chiqib, eshik ochardi. Malan ertayu kech savdogar haqida o‘ylar, usiz o‘zini baxtsiz his etardi. Bu yil u nimanidir zoriqib kutar, bo‘lar-bo‘lmasga yig‘lab, xit bo‘laverardi. Kunlar shu zaylda o‘taverdi. “Bugun kelib qolsa-ya”, degan o‘y Malanning miyasida charx urib, uni qattiq hayajonga sola boshladi. Bundan bir necha yil avval sutdek oydin kechada mango daraxti yonida turganlarida uning chodirasi boshidan sirg‘alib tushib ketganida, sevgilisi chodirasini olib, yelkasiga tashlab qo‘ygandi. Mana hozir ham shu chodirasini yopinib o‘tiribdi. Malan chuqur xo‘rsinib qo‘ydi.
Qad-qomati sambitdek, baland bo‘ylik Minni ko‘chada gul-gul yonib kelardi. U chodira yopinib olgandi. Minni ibodatxonadan qaytib kelmoqda edi.
– Otam hali ham kelmadilarmi? – so‘radi Minni onasidan.
– Bugun kelmagani ham ma’qul. Ertaga kelgani durust. Ishi ko‘p, axir to‘yga ozmuncha narsa xarid qilishi kerakmi, – sovuqqonlik bilan javob berdi Malan. Minni onasining yoniga keldi-da, uning yelkasidan eski chodirasini olib, o‘zining yangi jilvalanib turgan chodirasini urintirib qo‘ymaslik uchun onasiga o‘ratib qo‘ydi.
Bu chodira shunday chiroyli ediki, tovlanib kishi ko‘zini qamashtirardi!
Kech kirdi. Nihoyat, to‘lin oy ham sayrga chiqdi. Ayvonda yolg‘iz Malanning o‘zi o‘tirardi. Oshxonadan tegirmon toshining ovozi eshitildi – Minni un qilish bilan ovora edi. “Men ham umr bo‘yi shu tegirmon toshidek charx aylanaman”, – ko‘nglidan o‘tkazdi Malan. – Unga bugun nima bo‘ldiykin-a! Hammasiga mana shu oy sababchi! Yana bir necha kundan so‘ng bu hovlida qo‘shiq yangrab, qizining kaftiga va tovoniga qizil mexndi surtib bezashadi – qizi kelinchak bo‘ladi. Minni qimmatbaho asl kiyimlar kiyib, taqinchoqlar taqadi. So‘ng kuyov kelib, uni taxtiravonga o‘tqazadi-da, o‘z uyiga olib ketadi, kelinchakning kaftini to qizil rang ketgunga qadar o‘padi. Kachonlardir Malanning qo‘lini ham mexndi bilan bezashgandi, lekin eri uning kaftini o‘pib, qizil rangni ketkazish u yoqda tursin, loaqal ko‘ngil uchun kaftiga labini tekkizmagan ham edi, hatto qiyo ham boqmagandi. Eri ishdan horib-charchab kelardi-da, apil-tapil ovqatini yeb, o‘rniga uzala tushardi. Malan esa yarim kechagacha uxlolmay yotardi, tong otishi oldidangina ko‘zi ilinardi…
To‘ydan so‘ng, oradan ikki yil o‘tgach, Malan o‘ziga o‘xshagan oy desa og‘zi bor, kun desa ko‘zi bor qizcha tug‘ib berdi.
Malan o‘shanda o‘zida yo‘q xursand bo‘lgandi, chunki o‘z yoshligini eslatuvchi farzand dunyoga kelib, qalbidagi orzu-umidni ro‘yobga chiqargandi.
Minni ishlarini tugatgach, eshikni yopib keldi-da, uxlagani yotdi.
Bugungi tun negadir o‘zgacha! Ularning hovlilari tepasida to‘lin oy asta suzardi. Havo tanga rohat baxsh etib, mayin esardi. “Nega men bu yerda o‘tiribman! – o‘yladi Malan. – Kimni kutyapman? Minni uyda uxlayapti… Oh, nima uchun otasi bugun qasddan qilgandek shaharga ketdi-ya!”.
Malan boshiga qizining yal-yal tovlanib turgan yangi chodirasini tashlab oldi. Chodira oy yog‘dusida shunday tovlanardiki, go‘yo samodagi yulduzlar Malanning boshiga qo‘nib, bo‘yni-yu, yelkasida g‘ujg‘on o‘ynayotgandek tuyulardi… Yonginasidagi mango daraxtida sayrayotgan qushcha xuddi shunday sayrayotgandek tuyulardi: “Eh, bugun u tun bo‘yi kimgadir nigoron bo‘lib mijja qoqmaydi. Ha, butun tun bo‘yi… intizorlik-la kutayotgan odami negadir kelmayapti…” Ha, bugun unga nima bo‘ldi ekan-a?! Balki bularning hammasiga uning yolg‘izligi sababchidir! Hozir u yolg‘iz emas-ku, axir uyda qizi Minni uxlayapti-ku! Bir haftadan so‘ng qizi kelinchak bo‘lib, qallig‘inikiga bir umrga ketadi…
So‘ng Malanning yolg‘iz o‘zi qoladi… Eh, katta hovlida yolg‘iz o‘zi qoladi… U bu o‘ydan cho‘chib tushdi. Nega endi Minni ketadi! U qishloq oqsoqoliga kelin bo‘lib tushayapti-ku, uning ham o‘z oilasi bo‘ladi.
Malan esa yakka qoladi, ha, ha. Minnining otasi doimo o‘z ishi bilan band. Uning ishi hech bitmaydi, xotini bilan bir og‘iz gaplashishga vaqti ham yo‘q, qiziqmaydi ham.
Malan qizi yotgan xonaga kirdi. Qizi Minni dong qotib uxlab yotardi. Kecha savdogardan xarid qilib olgan qizil ko‘zli bilaguzugini yechib, bosh tarafiga qo‘yib qo‘ygandi.
Ular yerga tushib, sinib qolmasligi uchun Malan uni javonga solib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Lekin bilaguzukni qo‘liga olgan zahotiyoq uni taqib oldi. Bilaguzuk yaltir-yultir qilib ko‘zni qamashtirardi. Boshiga yangi shoyi chodira yopingan. Qo‘liga esa qizil ko‘zli bilaguzuk taqib olgan Malan oy yog‘dusi yoritib turgan hovliga tushdi. U dir-dir titrardi. Nogahon eshikning taqillagani qulog‘iga chalindi.
Eshikni u intizorlik bilan kutayotgan kimsa taqillatardi. U va’dasining ustidan chiqib, Malannikiga kelgandi. “Sutdek oydin kechada eshigingni takillataman. Xohlasang ochasan, xohlamasang yo‘q. Sening eshigingni taqillatishgagina haddim sig‘adi, xolos”, – deb yozgandi u xatida. Mana endi “taq, taq, taq”, degan ohista, yoqimli, kalbni shirin hissiyotga to‘ldiruvchi ovoz eshitilayapti. Ha, eshikni taqillatayotgan o‘sha… O, kishilar oromini o‘g‘irlovchi oydin kecha!.. Banogoh osmonni quyuq qora bulut qopladi. Olam zim-ziyo bo‘ldi-qo‘ydi, so‘ng kimdir birdaniga chiroq yoqib yuborgandek hammayoq yorishib ketdi. Shu topda Malanning oyoq tovushi eshitildi. U dir-dir titrayotgan qo‘li bilan kalitni buradi-yu, o‘zini qaltirab, intizorlik-la kutayotgan kimsa qo‘lining erkalab, quchayotganini sezdi. Malanning la’li labi o‘zga lab totini his etdi…
Malan o‘zga kimsa bilan qishloqning chetidagi dalaga chiqib, u yerdagi daraxt tagida qancha vaqt turganlarini va qancha vaqt birga bo‘lganlarini eslolmadi. Ko‘chadan ikki g‘ildirakli aravaning ovozi eshitilganidagina u o‘ziga kelib, ko‘zini ochdi-yu, sevgilisining quchog‘idan chiqib, o‘rnidan turdi-da, chodirasi bilan yuzini berkitgancha uyi tomon oshiqdi. Malan uyga qaytgach, qizining bilaguzugini yechib, avvalgi turgan joyiga – Minnining bosh tomoniga qo‘yib qo‘ydi-da, boshidagi chodirani ham yechdi, o‘zining eski chodirasini yelkasiga tashlab, o‘rniga borib yotdi. U allaqachondan beri uyqusini topolmayotgan odamdek dong qotib uxlab qoldi. Tongotargacha uyg‘onmadi.
– Oyi, bugun siz xuddi yosh qizchalardek biram miriqib uxladingizki, – dedi Minni onasi uyqudan uyg‘ongach. Minni tong saharlab turib, pollarni yaraqlatib artib, uyni orasta qilgandi. So‘ng u yuvinib, sochlarini turmakladi. Ibodatxonaga borish uchun otlana boshladi. Minni ketgach, Malan uyning bo‘sag‘asiga kelib o‘tirdi. Kishiga orom baxsh etuvchi shabada esardi. Atrof jimjit. Malan o‘zini ko‘za to‘la sutda suzib yurgan yasmin g‘unchasiga o‘xshatdi. Uning ko‘zlari shirin, dilni orziqtiruvchi xayol ichida dam yumilib, dam ochilardi.
– Hoy, Malan! Yaramas, sayoq qizing qayokqa gumdon bo‘ldi? – degan so‘z qulog‘iga o‘qdek kirib, uni dovdiratib ko‘ydi.
– Qizing buncha sharm-hayosiz bo‘lmasa! To‘rt kundan keyin to‘yi bo‘lay desa-yu, behayo qizing ko‘ngliga kelgan noma’qulchilikni qilib yursa!
Qo‘shnisi Lajo chakagi tinmay ketma-ket qiziga ta’na toshi otardi.
– Qizimga nima qilibdi! Uning nomini bulg‘ashga haqqing yo‘q! Qizim pok! – shartta javob qaytardi Malan.
– Hm, qizim pok deb yonini olmay qo‘ya qol! Tun bo‘yi dalada kim bilandir sang‘ib yurdi!..
Malan taxtadek qotib qoldi. Tomiridagi issiq qon miyasiga urdi. U qo‘shnisiga baqraygancha tikilib qoldi, qo‘shnisi esa jag‘i-jag‘iga tegmay vaysardi:
– Bu voqea yarim kechada – hamma shirin uyquda yotganida ro‘y berdi. Uyqum kelmay hovliga chiqib, ko‘cha eshikni ochdim, qay ko‘z bilan ko‘rayki, qizing bir kishi bilan ostonangda bir biriga chirmashib turibdi. Birozdan so‘ng ular uyingdan uzoqroqqa ketdilar. Tun bo‘yi eshiging lang ochilib yotdi, ular to‘g‘ri dala tomonga ketishdi. Nima, bunday mahalda ko‘zimga uyqu kelardi, deb o‘ylaysanmi! Hozirgi qizlarning hammasi shunday. Ular avvalgi qizlarga o‘xshashmaydi? Biz bechoralar hatto yuzimizni ochishga ham qo‘rqar edik-a! – dedi-yu, Lajo yig‘lab yubordi.
Malanning tili kalimaga kelmay qoldi… Lajo esa yig‘lagancha yo‘liga ravona bo‘ldi.
Endigina uning qorasi ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan ham ediki, bexosdan oqsoqol Jumanning ovozi eshitilib qoldi:
– Ey, Malan, senga aytadigan gapim bor!
– Nima gap, Juman! – so‘radi Malan o‘zining ovozinn taniyolmay – ovozi xuddi chuqur qudukdan chiqqandek siniq va bo‘g‘ilib chiqdi.
– Yarim kechada yuz bergan voqeadan xabaring bormi? Qizing Minnini iffatli qiz deb o‘ylaysanmi! Qandaydir ma’shug‘i bilan ikkovi uzoq vaqt daraxt tagida turishdi. Ikki martagacha kelib ularni o‘n qadam naridan kuzatdim. Nazdlarida dunyoni unutib yuborgandek, sarmast bo‘lib bir-birlaridan bo‘sa olishardi. Undan so‘ng dala tomon yo‘l olib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. Men tun bo‘yi uyingdan ko‘z-quloqman. Bilaman: to‘rt kundan so‘ng uyingda to‘y bo‘lay desa-yu, eshiging lang ochilib, gunohga botib yotsalaring. Tongotar chog‘ida ketdim, bilmadim, qizing uyga qachon qaytdi ekan. Shunaqayam sharm-xayosiz qiz bo‘ladimi! Agar u mening qizim bo‘lganidami, kallasini sapchadek uzib tashlagan bo‘lardim!
Malan tiliga kaltak kelib, kiprik qoqmay, ko‘zlarini baqraytirib turardi. Juman xo‘rsinib, boshini chayqagancha hovlidan chiqib keta boshladi. Juman chiqib ketishga ulgurmagan ham ediki, hovliga katta yer egasi Ranto hovliqib kelib qoldi.
– Qizing qani? – g‘azab bilan qichqirdi u. – Qani, u suyuqoyoq! Buni qarang, mening dalamga boribdi-ya, yaramas manjalaqi! Hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, avval u dalamdan yakka o‘zi chiqib kela boshladi. Yomon xayolga bormadim. So‘ng qarasam, ne ko‘z bilan ko‘rayki, uning ortidan erkak kishi ham ergashib kelyapti…
– Yolg‘on gapirgani uyalmaysizmi! – g‘azab bilan qichqirdi Minni. U olomon ortida turib hamma gapni eshitgandi.
– Nima, gapim yolg‘on deyapsanmi, manjalaqi! Meni yolg‘on gapiryapti deyapsanmi? Bo‘lmasam, dalamdan kimning bilaguzugining manavi ko‘zini topib olibman, a? – dedi-yu, qo‘lidagini Minniga uzatdi.
Minni bilaguzugining ko‘zini sanab ko‘rgandi, haqiqatan ham ko‘zi o‘n bitta chiqdi! Uning xushi boshidan uchib, ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi.
Hammayam kecha Minnining qo‘lidagi bilaguzukning ko‘zi o‘n nkkitaligining shohidi bo‘lgandi. Hovliga borgan sari tumonat odam yig‘ilardi. Malanning qavm-qarindoshlari va Minnining bo‘lajak qaynonasi kelib, olgan mollarini yerga uloqtirib ketdi. Tomosha ko‘rishga ishqiboz olomon voqea nima bilan tugashini kutib turardi.
Nogahon, nimadir qudukqa shalop etib tushib ketdi. Hamma hushyor tortib, ovoz kelgan tomonga o‘girildi. Ular orasida Minni yo‘q edi! Hech kimdan shu paytgacha yomon so‘z eshitmagan sofdil, qalbi buloq suvidek pok qizdan nomu-nishon qolmagandi. Hamma quduq tomon yugurib ketdi.
Hovlida bironta ham odam qolmadi. Ayvonda yolg‘iz Malangina miq etmay, toshdek qotib turardi.
Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 8-son