So‘nggi kunlarda Tom Sempson otasi Albertga ko‘p tashvish orttirdi.
− Men Tom bilan ochiqchasiga gaplashib olmoqchiman, − dedi u xotini Ellenga.
− Tom, barcha bolalar kabi g‘o‘r bola-da, − e’tiroz bildirdi rafiqasi. − U soddadil, to‘g‘ri bola. Hech kimga ziyoni tegayotgani yo‘q.
− Ha, shunday degin! − qichqirdi Albert. − U do‘stlari bilan ko‘chani changitib, mototsiklda u yoqdan-bu yoqqa poyga qo‘yib yurganda hech kimga xalaqit bermaydi, deb o‘ylaysanmi! Uning paxmoq sochli do‘stlarini aytmaysanmi! Ularning orasida bittasi bor − chamasi bir oydan beri betiga suv tegmagan, isqirt!
Xotini oshxonada kuydirib-pishirish bilan ovora edi. U indamay yelkasini qisib qo‘ya qoldi. Albert esa o‘g‘li bilan yuzma-yuz gaplashib olishni golf o‘ynab kelgandan keyinga − shanba kuniga qoldirdi. Albert Sempson yoshi ellikni qoralab qolgan omadli, uddaburon, ishbilarmonlardan edi. Uning es-hushi haftasiga bir-ikki kun qatnab turadigan golf klubida edi.
U uyiga kirib kelganda, mehmonxonada televizor ko‘rib o‘tirgan o‘g‘li Tomga ko‘zi tushdi. Tom yigirma uch yoshli, barvasta qomat, yuzida kulguchi bor, quvnoqqina bola edi.
Iliq oqshom. Derazalar lang ochiq. Qo‘shni uydan televizorda sigaretalarning yangi navini targ‘ib qilayotgan ovoz eshitilib turardi. Uzoqdan, past-baland uylar yonidan o‘tgan ko‘chadan mashinalarning tinimsiz shovqini quloqni qomatga keltirardi. Yurakka vahima soluvchi bu shovqindan qochib qutulishning sira iloji yo‘q. Yoshlarning bunday shovqin-suronga parvo qilmasliklaridan Albert ajablanib, hayratga tushardi.
Albert Sempson o‘g‘li Tomga nigohini tikdi, soqoli qirtishlangan chehrasida nafrat va g‘azab paydo bo‘ldi.
− Bilasanmi, Tom, agar sen va o‘rtoqlaring mototsiklda ko‘cha changitib yurishni bas qilmasalaring, o‘zingga boshqa uy topishingga to‘g‘ri keladi. Qo‘shnilar oldida gap-so‘z bo‘lib uyatga qolishni istamayman.
− Nega bizni gap-so‘z qilisharkan? − ajablanib so‘radi Tom.
− O‘lguday manmansan-da. Hozirgi yoshlarning hammasi shunaqa bezbet, hech narsaga aqling yetmaydi.
Albert eshik tomon ketaturib, nimadir esiga tushdi-yu, o‘girilib Tomga nafrat bilan tikildi.
− Gaplarim yodingdan chiqmasin!
− Xo‘p, yaxshi, siz aytganday bo‘laman! − dedi o‘g‘li.
Albert Sempson mehmonxonadan chiqaturib, katta o‘g‘li Tomga bu g‘aroyib qasr ham, shinam bog‘ ham uch pulga qimmatligi haqida xayol surib borardi. Afsuski, Tomning o‘sib-ulg‘ayayotgan davri ko‘ngildagidek emasdi, u hunar maktabida o‘qib, motor tuzatish bo‘yicha texnik mutaxassislik kasbiga ega bo‘ldi. Buning yomon joyi yo‘q. Hunar – hunardan unar, deydilar-ku. Albert Sempsonning o‘zi ham radiopriyomnik va televizor mutaxassisi. Ammo buni qarangki, uning o‘g‘li oddiy ishchi bo‘lib qolaverdi. Ishlarida esa hech unum yo‘q, xullas, yaxshi hayot kechirish uchun unda intilishning o‘zi yo‘q edi. Ko‘cha boshidagi garajni sotib olishdan voz kechishi bu g‘irt ahmoqlik-ku, axir. Garajni sotib olishi uchun otasi pul bermoqchi edi-ya.
Albert Sempsonning radiopriyomnik va televizor savdosi gullagandan-gullab bormoqda edi. O‘rta Sharq va Yangi Gvineyada harbiy xizmatni o‘tab qaytgan Sempson tez orada bankka pul qo‘ya boshladi va Melburn tumanidagi yangi do‘konga ega bo‘ldi. Bu yerdan uzoqdagi tepaliklarning go‘zal ko‘rinishini aytmaysizmi! Bir paytlar u yerlar yalanglik bo‘lib, unda-bunda yolg‘izoyoq yo‘llar va bir necha ko‘cha bor edi, xolos. Hozirda bu yerda bir qarich ham bo‘sh joy qolmagan. Albert Sempsonning do‘koni joylashgan ko‘cha o‘z-o‘ziga xizmat qilish savdo magaziniga aylangan. U yerdan bir mil narida turli rangdagi yuzlab uylar saf tortgan qishloq paydo bo‘lgandi. Albert Sempson tepalik ustiga qurilgan ana shunday shinam uylardan birini sotib olgandi. Bu tumanni ba’zan “Yangi Turek” deb ham atashardi. Uning uyi g‘aroyib usulda qurilgan bo‘lib, so‘lim bog‘chasi ham bor edi. Shu ko‘chaning boshqa uylarida istiqomat qiluvchilar bu uyga havas qilishardi. Ular obro‘li kishilar bo‘lib, biri mashhur quruvchi, biri kimyogar – xullas, turli kasb-korli kishilar edi. Bulardan uch nafari golf klubi a’zosi edi.
O‘g‘li haqida o‘ylayverib, Sempsonning miyasi g‘ovlab ketdi. Yakshanba kunlari ham barvaqt turib, nonushta qilib olardi. Golf klubiga jo‘nashdan avval uning kechki “Gerald” gazetasini o‘qib chiqish odati bor edi.
Rafiqasi esa eridan ham barvaqt turar, gullarga suv quyar, so‘ngra choy qo‘yib, nonushta hozirlardi.
− Ellen, o‘g‘limiz Tom bilan gaplashdim, − dedi Sempson.
− Ha, menga ham aytdi.
− Rostdanmi?
− Yaxshi qilibsan, − dedi Ellen.
Ellen to‘ladan kelgan, muloyim ayol edi; hayot unga nihoyatda kulib boqqandi. Futskrenlik oddiy tikuvchining qizi uchun orzu qilganidan ham ziyoda baxt qushi boshiga kelib qo‘ngandi. Erining ishi yaxshi ketayotgan bir paytda nega tashvishga tushib, jig‘-big‘ bo‘layotganini hech tushuna olmayotgandi.
Albert Sempson quymoq va dudlangan go‘shtni tanovul qilib, gazetani o‘qib chiqdi, farzandlari esa birin-ketin oshxonaga yig‘ila boshladi. Birinchi bo‘lib Jek ismli o‘g‘li kirib keldi, u universitetda san’at va huquqshunoslik talabasi. Yaqinda yigirma yoshga to‘lgandi, iyagida siyrak tuklar ko‘zga tashlanar, sochini peshonasiga tushirib olgan, bir tutam kokili ensasida osilib turardi.
So‘ngra otasining erka qizi, pedagogika kolleji talabasi Polin kirib keldi. Garchi u o‘ta zamonaviy kiyinib yursa-da, bu otasining g‘ashini keltirmasdi, qaytanga “hozirgi qizlarning bari shunaqa” deb o‘zini beparvolikka olardi.
Shu orada egniga havorang kurtka, yopishib turgan jinsi shim va oyog‘iga mo‘ynali charm etik kiyib olgan Tom kirib keldi. Bo‘sh stul ustiga u ehtiyotkorlik bilan temir qalpog‘ini, ko‘zoynagi hamda tranzistor radiopriyomnigini qo‘ydi.
− Sen xuddi filmda suratga tushib kelayotganga o‘xshaysan.
− Hozir hamma mototsiklchilar shunday kiyinayapti.
− Yovvoyi odamlarga o‘xshab kiyinasizlar. Bundan boshqa aytadigan gapim yo‘q, − dedi Albert qizishib.
− Ota-onalarimiz ham o‘z vaqtida biz kiygan kiyimimizni juda g‘alati derdi, − gapga qo‘shildi pech yonida turgan Ellen Sempson.
− Ehtimol, − dedi Albert Sempson, − lekin bizning davrda…
− Bo‘ldi-da, endi, − otasining gapini bo‘ldi talaba Jek.
− Xo‘p, bo‘ldi, endi, ovqatlaringni yenglar, − dedi pech yonidan siljimay turgan Ellen.
Albert Sempson yana gazeta o‘qishga muk tushdi, so‘ng nigohini xotiniga tikib:
− Esingdami, Ellen, do‘konim yonida radiopriyomnik va televizor sotadigan do‘kon ochmoqchi bo‘lgan bir yigit to‘g‘risida senga aytgandim. O‘sha yerni shartta sotib oldim, − dedi va kulib qo‘ydi.
− Demak, raqibni o‘ldiribsiz-da, − dedi Jek. − Tag‘in “ma’naviyat, ma’naviyat”, deb jag‘ urasizlar.
− Sen universitetda yuksak g‘oyalarni ko‘p o‘qigansan, − dedi o‘g‘lining gapini shartta bo‘lib Albert Sempson. − Lekin bu senga ma’naviyati tuban odamni himoya qilishingga xalaqit bermaydi. Ha, hecham xalaqit bermaydi, shunday emasmi?
Bu safar gapga Polin aralashdi:
− Bo‘sh kelmang, dada.
− Qo‘rqma, bo‘sh kelmayman, − deb kulib qo‘ydi otasi. “Qizim qanday go‘zal-a”, – ichidan g‘ururlanib qo‘ydi u, “Go‘zallar tanlovida u bemalol birinchilikni egallay oladi”.
− Xo‘sh, endi yo‘lga ham tushsak bo‘ladi, − dedi Tom va o‘rnidan turib stul ustiga qo‘ygan anjomlarini qo‘liga oldi.
Oilaning barcha a’zolari mototsiklning tarillab, o‘t olganini eshitdilar. Tomning mototsikli soatiga 130 mildan ortiq tezlikda yuradigan ajoyib mototsikllardan edi.
− Oxiri baxayr bo‘lsin, − dedi ota muloyimlik bilan. O‘zida katta o‘g‘liga nisbatan qandaydir mehr hissi paydo bo‘lganini his etdi.
− O‘g‘limiz Tom ehtiyotkor, − dedi onasi.
− Talabalar haqida bunday deb bo‘lmaydi.
Polinning yangi do‘sti Piter Beyli ham talaba edi. Bir kuni u kechqurun Polinni olib ketish uchun uylariga keldi. Uning paxmoq sochlari, soqoli o‘sib ketgan, yuziga tushib turardi, bo‘yniga esa marjon taqib olgandi.
Yosh juftlar ketganlaridan so‘ng Albert Sempson xotiniga qarab:
− Tavba, men dunyodagi hamma narsani ko‘rganman deb yurardim, ammo Beyli kabi tasqarani birinchi bor ko‘rib turishim, − dedi.
− Yo‘g‘-e, nimasi tasqara, − javoban dedi xotini. − U otasi kabi advokat bo‘lmoqchi.
Ayolning nazdida bu yigit qiziga mos juft bo‘lib ko‘ringandi. Ehtimol, yigit hozir bu haqda o‘ylamayotgandir ham. “Yigitlarning barchasi uylanib bo‘lgan”, – degan fikr o‘tdi uning xayolidan.
Ko‘chada ketayotib Piter Beyli Polinga:
− Otang juda g‘alati-ya. U, hoynahoy, so‘nggi dinozavrlardan bo‘lsa kerak, – dedi tanaomuz.
Qiz otasini juda yaxshi ko‘rganidan uni himoya qila boshladi. Ular teatrga tushib chiqqanlarida ham qizning yuragi bir tutam edi. Oxiri ikkalasi aytishib qoldi. Talabalar kechasida Piter Polinni tibbiyot fakultetining aspiranti bilan tanishtirib qo‘ydi. Baland bo‘yli papuas Jon Maypun yigirma to‘rt yoshda edi. Uning quyuq sochi ham, ko‘zlari ham qop-qora edi, tishlari ko‘zni qamashtirgudek darajada oppoq edi. Oxirgi yillarda u Melburnda yashagan edi.
− Hayotimda birinchi marta katta shaharga kelib qolishim, − dedi u.
U kauchuk plantatsiyasida dunyoga kelgan edi. Otasi kauchukli o‘simliklarning shirasini yig‘ardi. Jon bolaligida plantatsiya bo‘ylab o‘ynab yurar va yalanglikdagi daraxtlar ostiga to‘kilgan barglarni yig‘ardi.
− Ba’zan biznikiga bobom bilan buvim kelib turishardi, ular yarim ko‘chmanchi qabiladan bo‘lib, xuddi tosh asridagidek hayot kechirardilar.
Polin kollejda Yangi Gvineya haqidagi bir necha ma’ruzalarni tingladi. U bu mamlakatga maftun bo‘lib qoldi. Lekin nima uchun Jon tibbiyotni tanladi ekan?
− Bolaligimda men maktabga borishni yoqtirmasdim. Ota-onam meni mubashshirlar jamiyati maktabiga o‘qishga berishdi. Yaxshi o‘qidim. Maktabni tugatgach, menga universitetga o‘qishga kirishimga imkoniyat yaratib berishdi. Avvaliga men “oq” Avstraliya siyosati sababli Fijiga ketib qoldim.
− Irqiy kamsitilishni muhokama qilishga vaqtim yo‘q mening, − Jonning gapini bo‘ldi Polin.
− Oxiri bu yerga kelishimga ruxsat berishdi, − tinib-tinchimayotgandi Jon.
Kechadan keyin, xayrlashayotib ular yana bir bor uchrashishga kelishib oldilar. Jon kasalxonada ishlardi, shuning uchun dam olish kunlarida uchrashib turishga qaror qilishdi.
− Sen biznikiga borishing kerak, seni uyimdagilar bilan tanishtiraman, − dedi qiz bir kuni unga. − Yakshanba kuni bo‘shmisan? Tushlik paytida kela qol.
− Yakshanba kuni deysanmi? Mayli, boraman.
Ertasiga ertalab kollejga ketishdan avval u uydagilarga bir papuas-shifokor bilan tanishganini, uni yakshanba kuni tushlikka taklif etganini aytdi.
− Nima ham derdik. Yaxshi qilibsan, − dedi onasi Ellen Sempson.
O‘sha kuni kechqurun Ellen eriga:
− Yakshanba kuni Polinning do‘sti biznikiga tushlikka kelar ekan, − dedi.
− Anovi teatr shaydosimi? − so‘radi Polinning otasi.
− Yo‘q, u emas, − javob qaytardi Ellen. − Qandaydir yangi papuas. U shifokor emish.
Albert Sempsonning dami ichiga tushib ketdi. Urush vaqtida u Papua va Yangi Gvineyada bo‘lgan edi. Uning qizi va papuas! Tavba, papuas ularning ko‘chasida sayr qilib yursa-ya… Uning qora tanlilar haqidagi tasavvurlari va do‘zax haqidagi tushunchalari aralash-quralash bo‘lib ketdi.
− Yo‘q, biz uni uyimizga kiritmaymiz, − dedi u shartta.
− Lekin men kelaversin deb aytdim, − erining gapiga e’tiroz bildirdi Ellen.
− Unday bo‘lsa qizimizga o‘zim aytaman. Uydan tashqarida istaganini qilsin, ammo uyda men xo‘jayinman.
O‘sha kuni kechki ovqat ustida otasi qiziga:
− Menga qara, Polin, men uyimda u nusxani ko‘rishni istamayman, − dedi.
Polin sarosimaga tushib qoldi:
− Dada, nima uchun?
− Men nima desam, shu bo‘ladi, − javob qildi otasi. − Nima sababdanligini tushuntirib o‘tirmayman.
− U juda yaxshi yigit, − dedi Polin. − Shifokor.
− Uning kimligi meni qiziqtirmaydi, − dedi otasi.
− Axir, otajon…
Ko‘zi yoshga to‘lgan Polin jim bo‘lib qoldi.
Qizining ko‘z yoshi otasining yuragini ezsa-da:
− Diydiyo qilmay, es-hushingni yig‘ib ol, − dedi qat’iy.
− Yoshlar ota-onaning gaplariga quloq solishi kerak, demoqchisiz-da, − gapga aralashdi Jek.
Albert Sempson o‘z so‘zida qat’iy turib olishi uchun aynan shu kerak edi.
− Yetar, bas, sening safsatalaring jonga tegdi!
− Dada, hayronman, nimaga qizishasiz? − dedi Tom. − Polin uni yaxshi yigit deb aytayapti-ku.
− Sen ham shu talabalarning bittasisan, − dedi otasi.
− Unday bo‘lsa men yakshanba kuni nonushta qilmayman, − dedi Polin arazlab.
Xonaga shunday jimlik cho‘kdiki, Albert Sempson o‘z nafasini o‘zi yaqqol eshitib turardi. So‘ngra eshikning g‘iytillab yopilgani eshitildi.
Albert Sempson xotiniga qaradi, lekin uning yuzidan hech narsani uqmadi. Ota o‘zini noqulay his eta boshladi. Lekin o‘g‘illariga ginali qarab qo‘ydi. Kechki ovqatni tanovul qilib bo‘lgach, barchalari dasturxondan turib ketishdi.
Albert Sempson xotinining yonida televizor ko‘rib o‘tirsa-da, fikrini bir yerga jamlay olmayotgandi. Albert noqulay vaziyatdan chiqish bahonasida o‘girilib, xotiniga gap qotdi:
− Seningcha, men ham qizishib ketdimmi?
− Hm-m-m… Ha, topding. Zamon o‘zgarayapti.
U suhbatni davom ettirishni xohlamadi. Yuragiga televizor ko‘rish ham sig‘madi. U bir oz havo olgani boqqa chiqib ketdi. Osmonda unda-munda yulduzlar charaqlardi. Oy sokin suzib borardi.
Albert Sempson bog‘da uzoqroq o‘tirib qoldi. Osmonni bulut qopladi. Ammo tun qorong‘usida na oy, na bulut ko‘rinardi. U o‘rnidan turib, uyi tomon yurdi.
− Ularning nog‘orasiga o‘ynamasligim kerak, − g‘o‘ldirab qo‘ydi u, lekin tashqaridan xotirjam ko‘rinsa-da, baribir ichini it tatalardi.
Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 1-son