Jek London. Moxov Kulau (hikoya)

– Kasal bo‘lganimiz uchun bizni ozodlikdan mahrum qilayotirlar. Biz qonunga itoat qildik. Biz hech kimni xafa qilmadik. Bizni qamoqqa tiqmoqchilar. Molokai — qamoqxona. Buni bilasizlar. Mana Niuli, singlisini Molokaiga surgun qilishganiga yetti yil bo‘ldi. O‘shandan beri singlisini ko‘rgani yo‘q. Ko‘rmaydi ham. U o‘la-o‘lguncha Molokaida qolib ketadi. U Molokaiga borishni istamadi. Niuli ham buni istamagan edi. Bu, o‘lkamizda xo‘jayinlik qilayotgan oq tanlilarning hukmi bilan bo‘ldi. Kim o‘zi ular, o‘sha oq tanlilar?
Buni bilamiz. Ular haqida ota va bobolarimiz gapirib berganlar. Ular kelganlarida qo‘zichoqdek yuvosh edilar, shirin-shirin so‘zlardilar. Bu tushunarli: unda biz ko‘p edik, kuchli edik, u vaqtlarda barcha orollar bizga qarashli edi. Ha, ular bu yerga shirin so‘z bilan kelganlar. Ular biz bilan turlicha gaplashdilar. Ba’zi birlari Xudoning haq so‘zlarini targ‘ib qilishga ijozat berishni, lutf-karam aylab ijozat berishni so‘radilar, ba’zilari esa biz bilan savdo qilishga ijozat berishni, muruvvat yuzasidan ijozat berishni iltimos qildilar. Lekin buning hammasi ishning boshlang‘ichi edi. Hozir esa ular hamma narsani o‘zlariniki qilib oldilar — orollar, hamma yerlar, barcha chorva-mollar — hammasi ularniki. Janob romning odamlari katta xo‘jayin bo‘lib oldilar. Ular podsholardek ishlaydilar, ko‘p xonali uylarda yashaydilar, ularning to‘da-to‘da xizmatkorlari bor. Ularda hech narsa yo‘q edi, endi hamma narsaga xo‘jayin bo‘lib oldilar. Menmi, sizmi yoki kanaklardan boshqa birortasi och qolgudek bo‘lsa, ular kulib: «Ishla-da. Plantatsiyalar nima uchun yaratilgan» deydilar.
Kulau jim qoldi. U qo‘lini ko‘tardi va tortishib qolgan, bo‘g‘in-bo‘g‘inga ajralgan barmoqlari bilan boshidan qora sochlari ustida turgan, gulxayrilardan yasalgan gulchambar tojini oldi. Oy daraga mo‘l nur sochib turardi. Tun tinch va orom bilan nafas oladi. Kulauga quloq berib o‘tirganlar shiddatli jangda yarador bo‘lgan jangchilarga o‘xshaydi. Ularning yuzlari arslonning tumshug‘ini eslatadi. Birisining burni o‘rnida katta teshik paydo bo‘lgan, boshqasining yelkasidan to‘mtoq tayoqdek bir narsa osilib turibdi. Bu chirib ketgan qo‘lning qoldig‘i. Ular o‘ttiz kishi edilar, o‘ttizta erkak va ayol — o‘ttizta tahqirlangan g‘arib, miskinlar edilar, ular yirtqich hayvonlarga o‘xshab qolgan edilar.
Ular gullarga o‘ralib, oy nuriga ko‘milgan holda o‘tirar va xirillashib Kulauning so‘zlarini ma’qullardilar. Bir vaqtlar ular odam edilar, lekin hozir mayib bo‘lgan va abjag‘i chiqqan badbashara maxluqlarga aylanganlar. Go‘yo ularni asrlar bo‘yi jahannam azobida qiynaganlar, ularda insonlik turqi aslo qolmagan. Barmog‘i saqlanib qolganlarining barmoqlari yirtqich qushning panjalariga o‘xshardi, yuzlariga qarasang, bu odamlarni Xudo nega bunday badbashara qilib yaratibdi, deb o‘ylaysan kishi. Ba’zi birlarining betidan yarmisi shartta o‘yib tashlanganga o‘xshaydi, bir xotinning bir vaqtlar ko‘zi o‘rnashgan joyda chuqurlik paydo bo‘lib, u yerdan to‘xtovsiz yum-yum ko‘z yoshlari oqib turibdi. Ba’zilari qattiq azob chekar va og‘riqdan ingrar edilar. Boshqa birlari yo‘talar, yo‘talganlarida go‘yo latta yirtilgandek tar-tar etgan tovush chiqadi. Ikkisi aqldan ozgan bo‘lib, ulkan maymunga o‘xshaydi, lekin bu telbalar shu qadar abjaq yaratilganki, ularga nisbatan maymunni farishta desa bo‘ladi. Oy nuri ularni yoritib turibdi. Ular guldastalardan toj qilib kiyib olganlar, aftu basharalarini burishtirib, allanarsalar deb aljiraydilar. Birining qulog‘i shishib, yelkasigacha osilib tushibdi; bechora chiroyli, och-qizil rangli gulni yulib oldi-da, har harakat qilganda silkinib turgan badburush qulog‘ini bezab, uni qulog‘i ustiga taqib qo‘ydi.
Kulau mana shy maxluqlar ustidan podsho edi. Gullarga ko‘milgan, qirrali tog‘ cho‘qqilari orasiga joylashgan va yovvoyi echkilar ma’rashi eshitilib turgan mana shu darada hukmron edi. Uch tomondan ko‘tarilib turgan bahaybat devorlar rango-rang tropik o‘simliklar bilan bezalgan, qop-qopa bo‘lib g‘op og‘izlari ko‘rinib turadi, bu uning fuqarolari yashaydigan tog‘ makonlari. To‘rtinchi tomondan vodiy tag-tubi yo‘q jarlikka kelib taqalgan, uzoqda undan pastroq tog‘ cho‘qqilari ko‘rinadi. Shu tog‘larning etagida okean pishqirib, ko‘pik sochib yotadi. Havo ochiq va tinch bo‘lgan chog‘larda Kalalau vodiysi yaqinidagi toshloq sohilga qayiqda kelib tushsa bo‘ladi. Faqat ob-havo yaxshi bo‘lgan paytlardagina shunday vodiyning yuqori qismiga — tog‘ oralig‘idagi Kulau hukmdorlik qilayotgan daraga sohil tomondan botir, tog‘lik odamgina o‘ta oladi; ammo bunday odam juda dovyurak bo‘lishi, shu bilan birga ko‘zga chalinar-chalinmas echkilar so‘qmog‘ini ko‘ra olishi lozim. Kulau qabilasini tashkil qilgan ayanch va ojiz majruhlar hushni boshdan uchiradigan mana shu so‘qmoqdan yurib, metindek mustahkam qal’aga qanday qilib o‘tib olganliklari kishini hayron qoldiradi.
– Birodarlar, – deb gap boshladi Kulau.
Shu vaqt maymunsimon, badbashara soqovlardan biri yirtqichlarga o‘xshab hayqirib yubordi. Kulau jim qoldi va tosh devorlar oralig‘i bo‘ylab ketgan bu qattiq hayqiriqning aks-sadolari uzoqlarda, sokin tun qorong‘uligida tinguncha kutib turdi.
– Birodarlar, bu qandoq bo‘ldi? Bu yerlar ilgari bizniki edi, hozir esa bizniki emas. Janob romning odamlari yerlarimiz evaziga nima berdilar? Oramizda hech kim o‘z yeri uchun biror dollar, hech bo‘lmaganda bir dollar pul oldimi? Endi ular xo‘jayin bo‘lib olib, yerlarda, endi ularniki bo‘lib qolgan yerlarda ishlanglar deb aytayotirlar; mehnatimizning mahsuli ham ularniki bo‘ladi. Ilgari vaqtlarda biz mehnat qilmas edik. Buning ustiga ular mana bunday kasallik balosiga yo‘liqqanimizdan keyin, bizni ozodlikdan ham mahrum qilayotirlar.
– Xo‘sh, bu kasalni bizga kim keltirdi, Kulau? – deb so‘radi ozg‘in, paylari bo‘rtib chiqqan Kiloliana.
Uning yuzi qah-qah urib gapirib kulayotgan favnga* o‘xshar, shunga ko‘ra oyoqlari o‘rnida tuyoq ham bo‘lishi kerakdek tuyulardi. Lekin bu tuyoq emas, oyoq edi, faqat katta-katta yaralar qoplagan, yiring oqib yotgan oyoq edi.
Bir vaqtlar Kiloliana tog‘larga tirmashib chiqishga juda epchil yigit edi, yovvoyi echkilar tushirgan so‘qmoq yo‘llarni yaxshi bilardi. Kulauni va uning baxtsiz qabilasini Kalalauning mana shu xavfsiz yeriga boshlab kelgan ham shu Kiloliana edi.
– Bu haq gap, – deb javob berdi Kulau. – Ilgari otlarimiz o‘tlab yurgan joylarda yaratilgan qand plantatsiyalarida ishlashni istamadik, shuning uchun ular dengizning narigi tomonidan xitoy qullarini keltirdilar, mana shu kasallik ham o‘shalar bilan birga keldi. Biz mana shu kasalga giriftor bo‘ldik, shu kasallik uchun Molokaiga bizni surgun qilmoqchilar. Biz Kauaida tug‘ilganmiz. Biz boshqa orollarga ham borganmiz — har kim har yerga — birov Oxauga, birov Maui, Gavayga, yana birov Gonolulu orollariga borgan. Ammo biz qaepga bormaylik, Kauaiga qaytib kelganmiz. Nima uchun biz bu yerga qaytib kelar edik? Siz nima deb o‘ylaysiz? Chunki biz Kauaini sevamiz. Biz shu yerda tug‘ildik, shu yerda yashadik. Xuddi shu yerda… agap oramizda qo‘rqoqlar bo‘lmasa, shu yerda o‘lamiz. Qo‘pqoqlap bizga kerak emas. Unaqangilarning joyi Molokaida. Oramizda shunday kishilar bo‘lsa, ketsin. Ertaga qirg‘oqqa askarlar tushadi. Qo‘rqoqlarni ular darrov Molokaiga jo‘natadilar. Biz-chi, biz bo‘lsak shu yerda qolib kurashamiz. Lekin qo‘rqmanglar, biz o‘lmaymiz. Bizning miltig‘imiz bor. Siz so‘qmoq yo‘lning juda tor ekanligini bilasiz. Ikki tomondan bir-biriga qarshi kelgan ikki kishi o‘tib ketolmaydi. Men bir vaqtlar Niixauda yovvoyi buqa ov qilgan Kulau bo‘laman, bir o‘zim mana shu so‘qmoqni minglab dushmandan qo‘riqlay olaman. Mana Kapalei, u ilgari sudya edi, hurmatli odam edi, endi-chi, endi xuddi siz bilan biz kabi cheksiz xo‘rlangan bir odam.
U dono yigit, uning gapiga quloq solinglar. Kapalei o‘rnidan turdi. Bir vaqtlar u sudya edi. U Punaxoudagi kollejda o‘qigandi. U janob xo‘jayinlar va boshliqlar bilan, savdogar va missionerlarning manfaatlarini himoya qiluvchi ajnabiy davlatning yuqori mansabli vakillari bilan bir dasturxon atrofida o‘tirib ziyofatlar yegandi. O‘tmishda Kapalei ana shunday odam edi. Hozir-chi, hozir u, Kulau aytganidek, cheksiz tahqirlangan, xo‘rlangan kishi. U hozir qonundan tashqari odam, u shu qadar dahshatli bir maxluqqa aylanganki, hozir har qanday qonundan quyi desa ham bo‘ladi, yuqori desa ham bo‘ladi. Burun va yuz o‘rnida qop-qora chuqurchalar qolgan. Kipriksiz ko‘zlari qip-qizil jish bo‘lib qolgan qovoqlari ostida yiltirab turadi.
– Biz janjal qo‘zg‘amoqchi emasmiz, – deb gap boshladi u. – Bizni tinch qo‘yinglar deb iltimos qildik. Bizni tinch qo‘ymas ekanlar, demak, janjalni ular boshlaydilar, shunday ekan jazosini tortsinlar. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, mening barmoqlarim yo‘q, – deb u boshqalar ko‘rsin uchun barmoqlari irib ketgan qo‘llarini yuqori ko‘tardi. – Mana shu katta barmog‘imdan bir bo‘g‘in qolgan. Men ko‘rsatkich barmog‘im bilan ilgari miltiqning tepkisini qanday bosgan bo‘lsam hozir ham mana shu qoldiq barmog‘im bilan ham xuddi o‘shanday tepki boca olaman. Biz Kauaini sevamiz. Shunday ekan, kelinglar, shu yerda yashab, shu yerda o‘laylik, lekin Molokaidagi qamoqxonaga bormaylik. Bu kasallik bizniki emas. Bizda gunoh yo‘q. Janob romning odamlari bu kasallikni xitoy qullari bilan birga olib keldilar. Bu qullar bizdan o‘g‘irlab olingan yerlarda ishlamoqdalar. Men sudya edim. Qonun va tartibni bilaman. Aytib qo‘yay, sizlarga, qonun kishining yerini o‘g‘irlashga, kasallik tarqatishga, keyin o‘zini umrbod qamoqxonaga tashlashga yo‘l qo‘ymaydi.
– Umr qisqa, kunlarimiz azob-uqubat bilan to‘la, – dedi Kulau. – Kelinglar, qo‘shiq aytaylik, o‘yin-kulgi qilib, qo‘limizdan kelgancha xursandchilik qilaylik.
Qoyalar orasidagi g‘ordan bir kalabashi* keltirdilar, u davra aylanib qo‘ldan-qo‘lga o‘ta boshladi. Bu idishda ti o‘simligi tomirlaridan solingan o‘tkir may bor edi. Mana shu suyuq olov miyaga urib, badanga tarqalgach, ular hamma narsani unutib, yana odamga aylandilar. Ko‘z chuqurchalaridan qaynoq yoshlar oqayotgan xotinda ilgarigi his-sezgi uyg‘ondi, u gitarasining torlarini chertib, yovvoyi xonimlarning sevgi ashulasini boshlab yubordi. Bu ibtidoiy dunyoning qorong‘u to‘qayzorlarida yaratilgan qo‘shiq edi. Uning amirona va o‘ziga tortuvchi ovozidan havo titrardi. Bordon ustida ashulaning kuyiga ergashib Kiloliana raqs tushib ketdi. Uning har bir harakati muhabbatni ifodalardi; uning yonida bordon ustida bir xotin o‘yinga tusha boshladi. Uning chiroyli bellari, baland ko‘kraklari kasal yemirgan yuziga hech mos kelmasdi. Bu tirik murdalar raqsi edi, chunki ularning irib-chirib borayotgan vujudlarida sevgi ham, istak ham bor edi. Ko‘r ko‘zlaridan qaynoq yosh oqizayotgan xotinning sevgi qo‘shiqlari borgan sari kuchliroq yangradi. Raqqoslar iliq tun sokinligida borgan sari berilib o‘ynayverdilar, may idishlari borgan sari tezroq qo‘ldan-qo‘lga o‘taverdi. May ichib olganidan hammasining miyasida o‘tmish xotiralari va ehtiros qo‘zg‘aldi.
Bordon ustidagi xotin oldida nozik bir qiz raqs tushardi; uning yuzi chiroyli va toza, lekin raqs paytida yuqori chiqib, quyi tushib turgan qo‘llarida kasal allaqachon o‘zining dahshatli izini qoldirgan. Insonlikdan butun lay chiqib qolgan boyagi ikki ovsar esa o‘zicha muhabbatni ifoda etib, xirillab va allanarsalar deb aljirab sal nariroqda o‘yin tushardilar.
Birdan xotinning sevgi ashulasi kesildi, may qovoqlari yerga qo‘yildi, raqs tugadi, hammaning ko‘zi pastga, jarlikka, dengiz tomonga tikildi. Oy nuri tushib turgan dengiz ustida yorug‘ olov sochib raketa charaqladi.
– Askarlar, – dedi Kulau. – Ertaga jang bo‘ladi. Uxlab, kuch-quvvat to‘plash va tayyorgarlik ko‘rish kerak.
Moxovlar hukmga itoat qilib, uyalariga o‘rmalab kirib ketdilar. Tezda Kulauning yolg‘iz o‘zi qoldi. U oy yorug‘ida miltig‘ini tizzasiga qo‘yib, pastga kelib to‘xtayotgan uzoq qirg‘oqqa qaragan holda qimir etmay o‘tirardi.
Bu yer, tog‘ tepasidagi Kulalau vodiysi boshpana edi! Agar daraning tik devorlaridagi aylanma so‘qmoq yo‘llarni bilgan Kilolianani hisobga olmaganda, tikka tog‘ cho‘qqilaridan uchib tushmasa, bu yerga hech kim o‘ta olmasdi. Tog‘ qirralari yuz odimlab uzoqlarga cho‘zilgan bo‘lib, eni o‘n ikki dyuymdan oshmas edi. Lekin uning ikki tomoni ham jarlik edi. Sal toyilsa bormi — o‘ngda ham, so‘lda ham insonni o‘lim kutadi. Ammo yo‘lning oxiriga yetgan odamning nazari oldida jannat namoyon bo‘ladi. Darani yam-yashil ko‘katlar dengizi qoplagan; toshlar ustida atrofga suv kukuni sochib, irg‘ib oqayotgan chashma suvlari singari, serbarg novda to‘lqinlari taralib tushgan; tog‘ devorlarida osilgan qirq quloq va daraxtlarning muallaq osilgan tomirlari xuddi mana shu chashmaning sachratgan ko‘piklariga o‘xshaydi. Uzoq vaqtlargacha Kulau va uning fuqarolari mana shu o‘simliklar dengiziga qarshi kurash olib bordilar. Axir bu changalzorni chekinishga majbur qildilar, endi bo‘lsa banan, apelsin va boshqa mevali daraxtlar ozod o‘sa boshladilar. Kichik-kichik maydonchalarda yovvoyi arrorut daraxti o‘sadi, tuproq qatlami paydo bo‘lgan yassi toshlar ustiga taro va qovun ekishdi. Quyosh nuri tushgan ochiq joy borki, hammasida mevadan bosh egib papayya daraxtlari qad ko‘tardi.
Bu boshpanaga Kulau dengiz tomonidan, vodiyning quyisidan keldi. Agar bu yerdan ham ketishga to‘g‘ri kelib qolsa, ilgaridan mo‘ljallab qo‘yilgan bundan ham balandroq boshqa joylar, haybatli tog‘ cho‘qqilari oraliqlarida boshqa daralar bor. Hozir u o‘z miltig‘ini yoniga qo‘yib, yaproqlar orasidan uzoq sohildagi askarlarga tikilib o‘tirardi. U askarlar o‘zlari bilan birga olib kelgan to‘plarni ko‘rib qoldi. Bu og‘ir to‘plar quyosh nurini o‘zida oynadek aks ettirardi. Xuddi Kulauning oldidan ingichka qirrali qoya co‘qmoq boshlanadi. Pastdan Kulau tomonga keladigan so‘qmoq yo‘ldan mayda nuqtalar — odamlar o‘rmalab kelmoqda. Bular askarlar emas, polismenlar ekanini Kulau biladi. Ularning qo‘lidan hech narsa kelmaydi, shundan keyin askarlar ishga tushadi.
U mehr bilan miltig‘ining stvolini siypab qo‘ydi, pritselini tekshirdi. Kulau miltiq otishni bundan ancha ilgari, Niixau orolida ov qilib yurgan chog‘larida o‘rgangan. Uning merganlik shuhratini u yerdagi odamlar hali ham eslaridan chiqarganlari yo‘q.
Harakat qilayotgan nuqtalar yaqinlashib, ulg‘ayib bordi, Kulau yon tomondan esayotgan shamolning kuchini va ikki oraliqdagi masofani belgilab chiqdi, shuningdek, o‘q balanddan pastga otilganda, tik pastlikdagi nishonga borib tegishda uchraydigan xatolikni ham hisobga olib qo‘ydi. U hamon o‘q uzmay turdi. Polismenlar o‘tkir qirrali tosh so‘qmoq yo‘l uchiga kelguncha indamay turdi, keyin o‘zidan darak berdi. U changalzordan bosh chiqarmay turib:
– Hey, sizga nima kepak? – deb so‘radi.
– Bizga moxov Kulau kerak, – deb javob berdi mahalliy politsiya otryadi boshlig‘i, ko‘k ko‘zli amerikalik.
– Qaytinglar orqangizga! – dedi Kulau.
Kulau bu amerikalikni tanirdi: bu odam uni Niixauda yashashga qo‘ymay, Kauaidan to Kalalau vodiysigacha, keyin u yerdan mana shu daragacha quvlab kelgan politsiya boshlig‘i edi.
– Sen kimsan? – deb so‘radi politsiya boshlig‘i.
– Men moxov Kulauman, – degan javob bo‘ldi.
– Bo‘lmasa chiq bu yoqqa. Xoh o‘lik, xoh tirik bizga keraksan. Kallang uchun ming dollar mukofot belgilangan. Qochib qutula olmaysan.
Kulau yashiringan joyida yotarkan, xaxolab kulib yubordi.
– Chiq bu yoqqa! – deb buyurdi politsiya boshlig‘i.
Lekin hech qanday javob ololmadi.
U polismenlar bilan maslahatlashdi. Kulau hujum qilishga qapop berganliklarini angladi.
– Kulau! – deb qichqirdi politsiya boshlig‘i. – Kulau, oldingga ketyapman.
– Bo‘lmasa, avval quyoshga, osmonga, dengizga bir nazar tashlab ol, chunki ularni ortiq hech qachon ko‘rmaysan.
– Xo‘p, xo‘p bo‘ladi, Kulau, – dedi politsiya boshlig‘i muloyim tovush bilan. – Sen juda yaxshi mergansan — bilaman buni. Lekin menga qarab o‘q uzmaysan. Men seni hech xafa qilgan emasman.
Kulau allanimalar deb ming‘illab qo‘ydi.
– To‘g‘risi-da, – deb ta’kidladi politsiya boshlig‘i. – Seni hech ham xafa qilgan emasman-ku yoki gapim noto‘g‘rimi?
– Sen meni qamoqxonaga qamab qo‘ymoqchisan, bu xafa qilmaganingmi? – degan javob eshitildi. – Kallam uchun ming dollar olmoqchi bo‘lib, meni yana ham xafa qilyapsan. Agar joning shirin bo‘lsa, o‘rningdan qimirlama.
– Men oldingga borishim kerak. Nima qilay, mening burchim bu.
– Mening oldimga kelmay turib, joningdan ajralasan.
Politsiya boshlig‘i qo‘rqoq odamlardan emasdi, lekin shu yerda bir oz ikkilanib qoldi. U pastga, jarlikka qaradi, pichoq kabi o‘tkir qirra toshlarni bir bor ko‘zdan kechirdi-da, so‘ng qat’iy qapopga keldi.
– Kulau! – deb qichqirdi u.
Changalzorda jimlik hukm surardi.
Politsiya boshlig‘i orqasiga qayrilib, polismenlarga allanarsalar deb buyruq berdi-da, xatarli yo‘lga qadam bosdi. U sekin yurib kelaverdi. Uning qadam bosishi dorbozning arqon ustidagi yurishiga o‘xshardi. Havodan boshqa uning ushlaydigan biror tayanchi yo‘q. Oyog‘i ostidan kuchgan toshlar jarlikka uchib ketaverdi. Quyosh qizitib turardi, politsiya boshlig‘i yuzidan ter quyilardi. Lekin u hamon oldinga qarab kelardi. Oxir u yo‘lning yarmiga yetdi.
– To‘xta! – deb qichqirdi Kulau changalzordan. – Yana bir qadam bossang, otaman.
Politsiya boshlig‘i xuddi jahannam ko‘prigi ustida turgandek, ikki qo‘lini ko‘targan holda yiqilay-yiqilay deb to‘xtadi. Uning rangi o‘chib ketdi, lekin qapashida qat’iylik bor edi. U qurigan lablarini yalab turib:
– Kulau, meni o‘ldirmaysan. Bilaman, o‘ldirmaysan, – dedi.
U yana oldinga bir qadam tashladi. Uzilgan o‘q uni ikki bukilib qolishga majbur qildi. Pastga ag‘darilar ekan, yuzida jahl va hayronlik belgisi ko‘rindi. «Agar tosh qirrasiga yiqilsam, qutulib qolsa bo‘ladi» deb o‘yladi-yu, shu ondayoq o‘lim quchog‘iga kirdi. Bir zumda tosh usti bo‘shab qoldi. Shunda beshta polismen birin-ketin yugurib qirra so‘qmoqdan kelaverdilar, qolganlari esa darhol changalzorga qarab o‘t ochdilar. Bu aqlsizlik edi. Kulau miltiq tepkisini shu qadar tez bosar ediki, ketma-ket otilgan beshta o‘q uzluksizdek qars-qars ovoz chiqardi. Kulau hushtak chalib kelib, shatir-shutur toshga urilayotgan o‘qlardan boshini yashirib, changalzor orasidan mo‘raladi. Polismenlardan to‘rttasi xuddi o‘z boshliqlari singari bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar, beshinchisi esa hali tirik holda qirra so‘qmoq ustida ko‘ndalang tushib yotardi. So‘qmoqning narigi boshida qolgan polismenlar o‘q otishni to‘xtatib, bir yerga to‘planishdi. Mana shu yalang‘och qoya toshlar orasida ularning ahvoli og‘ir edi. Kulau ularning hammasini pastga tushib ketishga yo‘l qo‘ymay bitta-bittalab jarlikka ag‘darishi mumkin. Lekin u o‘q uzmadi. Qisqa kengashdan keyin polismenlardan biri o‘z ustidan oq ko‘ylagini yechib, yuqori ko‘tardi-da, bayroq o‘rnida hilpiratdi. Keyin ular ikki kishi bo‘lib so‘qmoqqa qadam qo‘ydilar-da, yarador sheriklari oldiga kela boshladilar. Kulau qimirlamay yotar va ularning harakatini ko‘zdan kechirardi. Ular asta orqaga chekindilar va pastga — vodiyga tushib keta boshladilar, borgan sari kichrayib, qopa nuqtaga aylanib ketdilar.
Ikki soatdan keyin Kulau boshqa bir pana joydan qarab, bir to‘da polismenlarni ko‘rib qoldi. Ular qapshi tomondagi vodiydan yuqori ko‘tarilib kelmoqda edilar. Yovvoyi echkilar ularni ko‘rib, tum-taraqay bo‘lib qochaverdilar. Polismenlar hamon yuqoriga tirmashib chiqaverdilar. Kulau o‘ziga ishonmay, Kilolainani chaqirib kelishga kishi yubordi.
– Yo‘q, ular bu tomondan o‘tolmaydilar, – dedi Kiloliana.
– Echkilar-chi? – deb so‘radi Kulau.
– Echkilar qo‘shni vodiydan kelgan, ular esa bu yerga chiqolmaydilar. Yo‘l yo‘q. Bu odamlar echkilardan aqlliroq emas. Ular jarlikka ag‘darilib parcha-parcha bo‘lib ketadilar. Mana, ko‘rib turamiz.
– Ular jasur odamlar, – dedi Kulau. – Mayli, ko‘raylik-chi.
Ular gilamday to‘shalgan ko‘katlar ustida yonma-yon yotib, qo‘ng‘izga o‘xshab yuqori o‘rmalab chiqayotgan odamlarni ko‘zdan kechira boshladilar. Ular aytgandek bo‘ldi — polismenlardan uchtasi toyib ketib, tog‘ qiyaligigacha dumalab bordi-da, jarlikka uchib ketdi.
Kiloliana iljaydi.
– Ular endi bizni bezovta qilishmaydi, – dedi u.
– Ularning to‘plari bor, – deb e’tiroz bildirdi Kulau. – Askarlar hali ishga tushgani yo‘q.
Issiqdan tinkasi qurigan moxovlar g‘opga kirib, uyquni urmoqda edilar. Kulau ham o‘q solingan miltig‘ini tizzasiga qo‘yib, o‘z joyida mudrab o‘tirardi. Qo‘li mayib qiz changalzor ichida yotar va o‘tkir qirrali toshdan ko‘zini olmasdi. Birdan Kulau cho‘chib, irg‘ib o‘rnidan turdi: qirg‘oq tomondan portlash ovozi eshitildi. Bir ozdan keyin havo parcha-parcha bo‘lib ketganday tuyuldi. Bu dahshatli tovush Kulauni qo‘rqitib yubordi. Xotinlar matoni tarillatib yirtganlari singari, osmon pardalari tarillatib yirtilayotganday tuyuldi. Dahshatli tovush tezlik bilan yaqinlashib kelaverdi. Kulau qo‘pqa-pisa boshini ko‘tarib atrofga qaradi. Mana to‘p o‘qi tog‘ tepasida portladi va dara ustida quyuq qopa tutun ko‘tarildi. Qoya toshlari tars-tars yorilib, parchalari tog‘ yon bag‘riga yumalab tusha boshladi.
Kulau qo‘li bilan ter bosgan peshonasini siladi. Uni dahshat bosdi. Kulau umrida to‘p ovozini eshitmagan va uning naqadar qo‘rqinchli ekanligini hatto tasavvur qilolmas edi.
– Bir, – dedi Kapalei, nima uchundir otilgan to‘p o‘qlarini hisoblashga ahd qilib. Ikkinchi va uchinchi o‘q vizillab dara ustidan o‘tib, yaqindagi tog‘ cho‘qqisi orqasida portladi. Kapalei sanayverdi. Moxovlar ochiq maydonga yugurib chiqishdi. Boshda to‘p o‘qining portlashi ularni qo‘rqitdi, keyin ular tinchlanib, o‘zlari uchun yangi bo‘lgan bu manzarani tomosha qila boshladilar.
Ikkala ovsar kamoli xursandlikdan qichqirishar va to‘p o‘qi havoni har yorib o‘tganda, qilpanglashib irg‘ishlashar edi. Kulau deyarli tinchlandi. To‘p o‘qlari ziyon keltirmadi. Ehtimol, katta o‘qlar bilan shunday uzoq yerdan miltiqdan otgan kabi aniq nishonga olish qiyindir.
Birdan ahvol o‘zgardi. Endi to‘p o‘qlari ular turgan joyga yetmay portlay boshladi. Bir snaryad changalzor oldidagi tosh qirralari ustiga tushib portladi. Kulau o‘sha yerda qorovul bo‘lib yotgan qizni eslab, o‘sha tomonga yugurdi. U changalzorga o‘rmalab kirganda, butazor hali tutun ichida edi. Kulau turgan yerida dong qotib qoldi. Shoxchalar singan, ezilgan. Qizni qo‘yib ketgan joyida chuqurcha hosil bo‘libdi. Qiz tilka-pora qilib tashlangandi. To‘p o‘qi kelib to‘ppa-to‘g‘ri qizning ustiga tushibdi.
Kulau butalar orasidan mo‘ralab qaradi-da, so‘qmoqda askarlar yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, yugurganicha g‘orga qaytib keldi. Snaryadlar g‘izillab, chiyillab hushtak chalib uning ustidan o‘tar, shunda butun darani gumburlash ovozi qoplar va portlashdan yer larzaga kelar, titrar edi. G‘or oldida ikkala telba yarmi chirib ketgan barmoqlari bilan bir-birlarini ushlab, sevinch bilan u yoqdan-bu yoqqa chopishar edi. Birdan yaqin joyda qop-qora tutun ko‘tarildi. Portlash haligi ikkita telbani ikki tomonga uloqtirib tashladi. Biri qimirlamay yotib qoldi, ikkinchisi esa g‘orga o‘rmalab ketdi. Uning oyog‘i yerda sudralib borar, yarasidan sharillab qon oqardi. U qopa qoniga belangan bo‘lsa ham xuddi kuchukdek tishlarini irjaytirardi. Kapaleidan boshqa hamma g‘orga kirib yashirindi.
– O‘n yetti, – dedi Kapalei, keyin darrov qo‘shib qo‘ydi, – o‘n sakkiz.
O‘n sakkizinchi snaryad g‘orlardan birining og‘zi oldida portladi. Moxovlar o‘z inlaridan tashqariga otildilar, lekin to‘p o‘qi tushgan g‘ordan hech kim chiqmadi. Kulau cacciq va achchiq tutundan nafasi qaytib, o‘rmalab g‘orga kirdi. Abjag‘i chiqqan to‘rtta o‘lik yerda cho‘zilib yotar edi. Ularning ichida ko‘zi ko‘rmas xotin ham bor bo‘lib, ko‘zlaridan ortiq yosh oqmay qo‘ygandi.
Kulau fuqarolari orasida vahima boshlandi. Ular daradan yuqoriga, tog‘ cho‘qqilari va daralarga yo‘l oldilar. Yarador bo‘lgan telba ohista ingrab, boshqalardan orqada qolmaslik uchun kuchining boricha sudralib borardi. Ammo toqqa chiqa boshlashdan oldin u holdan toyib qoldi, bir changaklanib, jim bo‘ldi.
– Uni o‘ldirish kepak, – dedi Kulau Kapaleiga qarab. Kapalei hamon ilgarigi joyida qimirlamay o‘tirardi.
– Yigirma ikki, – deb javob berdi Kapalei, – ha, yaxshisi, uni o‘ldirish kerak. Yigirma uch… Yigirma to‘rt.
Miltiqni o‘ziga qaratishganini ko‘rgan telba baqirib yubordi. Kulau ikkilanib qoldi va miltig‘ini tushirdi.
– Oson ish emas bu, – dedi u.
– Ahmoqsan. Yigirma olti, yigirma yetti, – dedi Kapalei, – kel, o‘rgatib qo‘yay senga.
U o‘rnidan turib yerdan og‘ir bir toshni oldi-da, yaradorga qarab yurdi. U toshni ko‘tarib endi uraman deb turgan edi hamki, bir snaryad kelib xuddi o‘sha yerga tushdi. Shu bilan uning harakati ham, qilmoqchi bo‘lib turgan hisob-kitobi ham tugadi.
Darada Kulau yolg‘iz qoldi. Fuqarolarning eng so‘ngisi to‘lg‘anib, buralib tog‘ orqasiga o‘tib, g‘oyib bo‘lib ketguncha Kulau ulardan ko‘z o‘zmay qarab turdi. Keyin qayrilib, qiz o‘lgan changalzorga qarab ketdi. To‘p otish hamon davom etmoqda, lekin u ketmadi, chunki pastlikdan yuqoriga qarab chiqib kelayotgan askarlarni ko‘rib qoldi. Bir snaryad undan o‘n qadamcha nariroqda portladi. Kulau yerga yopishib yotarkan, snaryad parchalarining boshi ustidan g‘izillab o‘tganini eshitdi. Xau o‘simligining gullari uning ustiga yomg‘irdek to‘kildi. U boshini ko‘tarib, so‘qmoq yo‘lga qaradi va og‘ir tin oldi. Uni dahshat qoplab olgan edi. Miltiqdan otilgan o‘qni u pisand qilmasdi-ya, ammo to‘p o‘qi uning kapalagini uchirib yubordi. Har to‘p otilganda, u qaltirab o‘zini yerga tashlar, lekin har gal yana boshini ko‘tarib, darhol so‘qmoq yo‘lga ko‘z tikardi.
Otish to‘xtadi. Askarlar yaqinlashib qolgan bo‘lsalar kerak degan qarorga keldi u. Askarlar so‘qmoq yo‘ldan tizilib kelmoqda edilar. Kulau sanay boshladi-yu, tezda hisobdan adashib ketdi. Askarlar yuzga yaqin edi. Ularning hammasi moxov Kulauning orqasidan kelgan. Bir zumga unda g‘urur hissi uyg‘ondi. Ular miltiq, zambarak, polismenlari bilan uning payiga tushibdilar, u esa yolg‘iz o‘zi, yana buning ustiga kasal, mayib bo‘lsa. Uni xoh tirik, xoh o‘lik qo‘lga tushirgan odamga ming dollar mukofot va’da qilingan. O‘zi esa umrida bunday katta pulni ko‘rgan emas. Bu achchiq haqiqat edi. Kapalei haq so‘zni gapirdi. Kulau hech kimga yomonlik qilmagan. Oq tanlilarga o‘g‘irlangan yerlarda ishlash uchun ishchi kuchi kerak bo‘lganda, ular xitoy qullarini olib keldilar, ular o‘zlari bilan kasal olib keldilar. Mana shu kasallikni unga yuqtirganlari uchun uning bahosi ming dollarga chiqqan. Lekin ular bu pulni hech qachon ololmaydilar. Mana shu katta pullar uning chirib ketgan o‘laksa gavdasiga yoki snaryad parchalab tashlagan o‘ligiga to‘lanishi mumkin.
Askarlar o‘tkir tosh qirralariga yetganlarida, Kulau ularni ogohlantirmoqchi bo‘ldi, lekin ko‘zi o‘lgan qizga tushib, indamadi. So‘qmoq yo‘lning boshiga oltinchi askar qadam qo‘yganda, Kulau o‘t ochdi va yo‘l usti tozalanguncha tinmay o‘q o‘zdi. U o‘q uzar, miltig‘ini o‘qlar va yana otar edi. Butun eski alamlari esiga tushib ketgandi, Butun vujudini g‘azab va qacoc o‘ti qoplab olgandi. Askarlar ham so‘qmoq yo‘lda ko‘ndalang yotib olib, o‘q uza boshladilar. Askarlar so‘qmoq yo‘lning pastroq joyida o‘zlarini panaga olib, yashirinishga urinsalar ham, ularni nishonga olish qiyin emasdi. Otilgan o‘qlar hushtak chalib, Kulau atrofidagi toshlarga kelib urilar va charsillab orqasiga qaytardi. Bir o‘q kelib uning bosh terisini shilib ketdi, boshqa biri kuragini jizillatib yubordi.
Bu haqiqiy qirg‘in edi. Askarlarga qirg‘in solgan bir kishi — Kulauning yolg‘iz o‘zi edi. Askarlar yarador bo‘lgan sheriklarini olib, chekina boshladilar. Kulau o‘q o‘zib, askarlarni birma-bir jarlikka ag‘dararkan, birdan uning burniga kuygan go‘sht hidi keldi. U atrof-tevarakka qaradi, keyin tushunsa, qizigan miltiq uning barmoqlarini kuydirayotgan ekan. Kasallik qo‘lidagi nervlarni ishdan chiqargan, go‘sht kuyganda, uning hidi burunga urgan, lekin og‘riq sezgisi yo‘q edi.
Kulau changalzorda yotar va iljayar edi. Birdan u zambaraklarni esladi. Zambaraklar uzoq tinch qolmasa kerak, Kulau yotib o‘q uzayotgan joyni o‘qqa tutsalar kerak. Boya kuzatib turganida, sira to‘p o‘qi tushmagan qoya orqasiga endi yashiringan ham ediki, to‘pdan otish yana boshlandi. Kulau sanab turdi: zambaraklardan daraga yana oltmishta o‘q uzdilar, keyin jim qoldilar. Kichik bir maydoncha shu qadar o‘yib tashlandiki, u yerda biror jonli narsaning qolishi mumkin emas deb uylasa bo‘lardi. Askarlar shunday deb o‘yladilar. Ular tushdan keyin so‘qmoq yo‘ldan yana yuqoriga qarab chiqa boshladilar. Ular yana tosh qirralaridan o‘ta olmadilar, yana dengiz tomonga chekinishga majbur bo‘ldilar.
Askarlar tepalikni uzluksiz o‘qqa tutib turgan bo‘lsalar ham, Kulau so‘qmoq yo‘lni yana ikki kun caqlab turdi. Uchinchi kun dara ustida muallaq engashib turgan cho‘qqi ustida moxovlardan biri — Paxau degan bola paydo bo‘ldi-da, Kiloliana odamlar ochlikdan o‘lmasin deb echki ov qilayotib tog‘dan yiqilib, parcha-parcha bo‘ldi, xotinlar juda qo‘rqib, nima qilishni bilmayaptilar deb qichqirdi. Kulau bolani pastga tushishga buyurdi va uning qo‘liga zaxira miltiqni berib, so‘qmoq yo‘lni qorovullash vazifasini topshirdi, o‘zi esa fuqarolari oldiga chiqdi. Ular juda umidsizlikka tushib qolgandilar. Ulardan ko‘pchiligining shunday og‘ir sharoitda o‘ziga ovqat topib yeyishga madori yetmasdi, shuning uchun hammalari och qolishgandi. Kulau uncha og‘ir kasal bo‘lmagan ikkita xotin va bir erkakni tanlab oldi-da, ovqat va bordon keltirish uchun daraga yubordi. Qolganlarga tasalli berdi, ovutdi, shundan keyin eng zaiflari ham chayla qurishga ko‘maklasha boshladilar.
Lekin ovqat uchun yuborilganlar qaytib kelmadilar, shuning uchun Kulau daraga qaytib keldi. U jarlik yoqasiga kelganda, birdan besh-olti o‘q bir varakayiga varangladi. Biri yelkasiga tegdi, boshqa biri toshga tegib qaytdi-da, parchasi yuzini tilib ketdi. U orqasiga tashlandi-yu, o‘girilib qaradi. Qarasa, dara ichi askarlar bilan liq to‘la. Uning fuqarolari xoinlik qilibdilar. Ular to‘plarning ovozlariga bardosh berolmay, Molokaini — qamoqxonani afzal ko‘ribdilar. Kulau bir necha qadam orqaga chekindi-da, og‘ir o‘q xaltasini belidan oldi. U tog‘ cho‘qqilari orasida joylashib, jarlik ustida birinchi askarning kallasi bilan yelkasi ko‘ringan edi hamki, miltiq tepkisini bosdi. U ikki marta shunday qildi, keyin bir oz o‘tgach jarlik ustida odam kallasi o‘rniga oq bayroqcha ko‘tarildi.
– Nima kerak sizga? – deb so‘radi Kulau.
– Agap moxov Kulau bo‘lsang sen keraksan, – degan javob bo‘ldi.
Kulau xavf-xatarni unutdi — hamma narsani unutdi, hech narsaga qaramay, o‘z istaklarini amalga oshirishga tirishgan mana shu xaole — oq tanli odamlarning matonatiga hayron qolib, o‘z joyida yotardi. Kulau hayotdan ham kuchli bo‘lgan va dunyoda hamma narsani o‘ziga bo‘ysundiradigan shu odamlarning irodasiga qoyil edi. U umid qolmaganini tushundi. Oq tanlilarning irodasi bilan olishib bo‘lmasdi. Ularning mingini o‘ldirsang ham, dengiz qumi singari ko‘payib kelaveradilar va pirovardida uni halok qiladilar. Ular hech vaqt o‘z mag‘lubiyatlarini tan olmaydilar. Ularning xatosi mana shunda, shu bilan birga, ularning kuchi ham shunda. Kulauning fuqarolarida bunday xosiyat yo‘q. Janob romning bir gala elchilari qanday qilib uning vatanini bosib olganlari mana endi ayon bo‘ldi. Bu shuning uchun sodir bo‘ldiki…
– Xo‘sh, qani? Men bilan borasanmi? – deb so‘radi, qo‘liga bayroqcha ushlagan ko‘zga ko‘rinmas kishi. Ha-da, u haqiqiy xaole, o‘z maqsadiga erishmoq uchun hech narsadan qaytmaydi.
– Kel, bir gaplashib ko‘raylik, – dedi Kulau.
Jarlik ustida bir odamning boshi, yelkasi keyin butun gavdasi paydo bo‘ldi. U yoshgina kapitan edi. Uning yuzi muloyim, ko‘zi ko‘k, qaddi-qomati kelishgan yigit edi. U oldinga qarab kelaverdi, keyin Kulau ishorasi bilan besh qadamcha narida to‘xtadi.
– Mard ekansan, – dedi Kulau o‘ychanlik bilan.
– Seni pashshadek o‘ldirib tashlashim mumkin.
– Yo‘q, o‘ldirolmaysan, – deb javob berdi u.
– Nima uchun?
– Chunki insonsan, Kulau, yomon bo‘lsang ham, har holda odamsan. Seni bilaman. Odam o‘ldirishga ustasan.
Kulau bir narsalar deb ming‘illab qo‘ydi, lekin zimdan xursand bo‘ldi.
– Mening odamlarimni nima qilding? – deb so‘radi Kulau. – Bola qani, ikki xotin bilan bir erkak qani?
– Ular taslim bo‘ldilar. Endi navbat seniki — seni olib ketgani keldim.
Kulau istehzo bilan kulib qo‘ydi.
– Men erkin odamman, – dedi Kulau. – Men hech kimni xafa qilmadim. Faqat bir narsani iltimos qilaman: meni tinch qo‘yinglar. Men ozod yashadim, umrimni ozodlikda o‘tkazaman. Hech qachon taslim bo‘lmayman.
– Demak, odamlaring sendan aqlliroq ekan, – dedi yosh kapitan, – ana ular kelishyapti.
Kulau qayrilib qaradi. Tepalik tomonda mudhish bir manzara ko‘zga tashlandi: Kulau qabilasidan tirik qolgan odamlar oh-voy qilib, ingrab-singrab, ayanchli bir ko‘rinishda uning oldidan o‘ta berdilar. Bundan ham og‘ir daqiqalarni boshdan kechirish unga qismat qilingan ekan, chunki odamlari uning oldidan o‘tarkan, Kulauni yomon so‘zlar bilan so‘kishardi, haqorat qilishardi, namoyishning eng oxirida sudralib kelayotgan kampir uning oldiga kelib to‘xtadi, yirtqich qush panjasiga o‘xshagan barmoqlarini cho‘zib, tishlarini g‘ijirlatib, kallasini chayqab, Kulauga la’natlar o‘qidi. Moxovlar qirrali toshlar orqasidan o‘tib kelib, birin-ketin pistirmada yotgan askarlarga taslim bo‘laverdilar.
– Endi ketaversang ham bo‘ladi,– dedi Kulau kapitanga, – men hech qachon taslim bo‘lmayman. Gap shu. Xayr.
Kapitan sirg‘alib, o‘z askarlari oldiga tushib ketdi. Bir ozdan keyin u shlemini yuqori ko‘tardi. Kulau otgan o‘q shlemni teshib o‘tdi. Kechgacha ular qirg‘oqdan turib Kulauga qarata o‘q uzdilar. Kulau yuqoriga qarab, g‘oyat baland cho‘qqilarga chiqib ketgandan keyin, askarlar uning orqasidan tushdilar.
Ular olti haftagacha o‘tkir qirrali cho‘qqilar orasida, yovvoyi echkilar tushirgan so‘qmoq yo‘llarda uning orqasidan quvlab yurdilar. U lantana o‘simligi orasiga yashiringan paytlarda, askarlar changalzorni o‘rab olar va xuddi quyon quvlagandek uning ketidan tushardilar. Lekin har gal ham u askarlarni adashtirib, chap berib ketar edi. Kulauni qo‘lga tushirishning hech imkoniyatini topolmadilar. Ta’qibchilar yaqinlashganda, Kulau miltig‘ini ishga solar, askarlar esa yarador sheriklarini olib, so‘qmoq yo‘llardan dengiz bo‘yiga tushib ketar edilar. Askarlar changalzorlar orasida uning qoracha gavdasini ko‘rib qolib, o‘q uzgan paytlari ham bo‘ldi; bir gal askarlar besh kishi bo‘lib, uni so‘qmok yo‘lning ochiq joyiga surib chiqardilar va bor o‘qlarini otdilar. Lekin u jarlik yoqalab, oqsoqlana-oqcoqlana qochib qutulib ketdi. Keyin yo‘l ustida qonli izlar qolganini ko‘rib, Kulauning yarador bo‘lganligini angladilar. Olti haftadan keyin uni ta’qib qilishdan voz kechdilar. Askarlar va polismenlar Kalalau vodiysini uning hukmronligiga topshirib, o‘zlari Gonoluluga qaytib ketdilar. Shunda ham ba’zi yakka-yolg‘iz odam ovchilari har zamonda bir uni qo‘lga tushirishga intilib ko‘rardilar, ammo bu ishlari bilan o‘z boshlariga yetardilar.
Ikki yil o‘tgandan keyin Kulau so‘nggi marta buta changallari orasiga o‘rmalab kirib, ti o‘simligi yaproqlari va gullar orasida cho‘zildi. U ozodlikda umr kechirdi, endi ozodlikda o‘limga tayyorlanmoqda edi. Yomg‘ip siypalay boshladi, Kulau abjag‘i chiqqan oyoqlarini yirtiq odeyal bilan yopdi, ustiga plashchini tashladi, mauzerining stvoliga tushgan yomg‘ir tomchilarini mehr bilan artdi-da, uni ko‘kragiga qo‘ydi. Miltiqni artayotgan qo‘llarida endi barmoq yo‘q edi, shuning uchun ham u endi tepkini bosolmasdi.
U ko‘zlarini yumdi. Uning a’zoyi badani zaiflashgan, miyasini tuman bosgan, shunda u umri oxirlab qolganini angladi. U xuddi yirtqich hayvon singari o‘limga tayyorgarlik ko‘rish uchun changalzorga o‘rmalab kirdi. U qolgan yarim-yorti hushini yig‘ib, ba’zan alahlab, Niixauda o‘tkazgan yoshlik chog‘larini eslay boshladi. Hayot chirog‘i so‘nmoqda, yomg‘ir daraxt yaproqlarini borgan sari sekin shitirlatmoqda edi. Uning xayolida yovvoyi otlarni o‘rgatayotganday, ikki yashar asov ot uning ostida gijinglab o‘ynab, ikki oyog‘ini osmonga ko‘tarayotganday bo‘lardi. Mana, u otning boshini qo‘yib, koralda chopib boryapti, yovvoyi otlarni minishga o‘rgatuvchilar har tomonga tarqalib, g‘ovlar ustida ot sakratib o‘tib ketyaptilar. U bir zumda sodir bo‘lgan o‘zgarishga ajablanib o‘tirmay, tog‘ yonbag‘irlaridagi o‘tloqlarda yovvoyi ho‘kizlarni qyvib ketdi-da, bo‘yinlariga kamand tashlab, ularni pastlikka, vodiy tomonga yetaklab tusha boshladi. Hayvonlarga tamg‘a bosilayotgan qo‘ton ichida ter va changdan ko‘z achishar, burun qichishar edi.
O‘lim oldidan yuz beradigan so‘nggi o‘tkir og‘riq uni haqiqatga qaytarmaguncha, sog‘lom va erkin yoshligi uning xayolidan ketmadi. U irib-chirib ketgan qo‘llarini yuqori ko‘tarib, barmoqlarini hayron bo‘lib ko‘zdan kechirdi. Nechuk? Qanday qilib u shu holga keldi? Qanday qilib bir vaqtlar yosh va erkin bo‘lgan Kulau mana shunday badburush maxluqqa aylandi? Keyin u yana haqiqatga qaytdi-da, yana moxov Kulauga aylandi. Qovoqlari solinib, kipriklari bir-biriga qovushdi, yomg‘irning shitirlashi tindi, uning badani uzoq jimirlab, dirillab turdi. Keyin bu ham tugadi. U boshini yuqori ko‘tardi, lekin shu ondayoq boshi shilq etib maysa ustiga tushdi. Ko‘zlari ochildi, so‘ng ortiq yopilmay, shu holicha qoldi. Uning eng so‘nggi fikri miltig‘i bo‘ldi, barmoqsiz qo‘llari bilan miltig‘ini quchoqlab, ko‘kragiga qattiq bosdi.

_____________
* Favn — qadimgi Rim mifologiyasiga ko‘ra dahshatli maxluq.
* Kalabashi — qovoq idish.

Rus tilidan F. Abdullayev tarjimasi