Nomozshomgul va tok tanalari chirmab olgan «Kings Xed» mehmonxonasi ko‘rinishi zaxchil, bir vaqtning o‘zida ulug‘vor bino edi. Ustiga-ustak, bu bino sayyohlar deyarli qadam bosmaydigan bu go‘shalardagi yagona mehmonxona hisoblanardi.
Kiraverishdagi eshikning ro‘parasida unchalik katta bo‘lmagan ustun turar, uning ortida esa xollga o‘xshab ketadigan 60-70 nafar odamni sig‘dira oladigan kenggina zal bor edi. Kirish ro‘parasidagi devorning katta qismini ulkan kamin egallagandi. Unda deyarli gulxan yoqilmas, faqatgina bir necha kun turadiganlar paydo bo‘lib qolgan kunlar bundan mustasno edi. Zalning boshqa burchagida esa provintsiyadagi mehmonxonalarga xos bo‘lmagan tarzda yaxshigina vino, viski va brendi namunalariga ega bo‘lgan bar joylashgandi. Qolgan ikki devor ham polidan shiftigacha baxmal mato bilan qoplangandi. Qora tusli mebellar asosan kreslolar va uzun divanlardan iborat edi. Baland shiftdan billur qandil osilib turardi. Mehmonlar bir-biriga suhbatlashayotib xalaqit qilmaydigan qilib joylashtirilgan stollar ustida lampalar ham bor edi. Xullas, shinamgina sharoit hordiq chiqarishga moslashtirilgan edi.
O‘sha oqshom, oldingi oqshomlardan farq qilmagan holda kreslo va divanlar yoshi bir joyga borib qolgan ledi va jentlmenlar bilan band edi. Ularni yagona jihatlari — yoshi birlashtirib turardi. Ularning barchasi oltmishdan oshgandi. Zalda sukunat hukmron edi, tashqaridan kuzatayotgan inson uni hatto o‘lik sukunat deb baholashi ham mumkin edi. Chollar «Tayms» va «Manchester Gardian» gazetalarini o‘qishar, dam-badam soda qo‘shilgan brendi, shotland viskilaridan simirib qo‘yishardi. Ayollar esa nimadir tikib, to‘qib o‘tirishar, sherri yoki sut va shakar qo‘shilgan choydan ichishardi.
Ulkan xonada hukmronlik qilayotgan o‘lik sukunatni ba’zan pichirlashlar buzib qo‘yayotgandi. Vaqti-vaqti bilan Peters ismli og‘irkarvon ofitsiant shoshilmasdan stol oralab qolardi. U stakanlarga ichimliklardan quyib ketar, kuldonlarni tozalardi. Kechasi soat o‘ndan o‘n besh daqiqa o‘tayotganda zaldagi yagona doimiy tovush — kaminda charsillab yonayotgan o‘tinlarning ovozi edi.
Charsillayotgan olovning ovozini mehmonxona oldiga kelib to‘xtagan mashinaning tovushi yutib yubordi. Mehmonxonaga yuzlari qip-qizil, qopga o‘xshab ketadigan tivit palto, shohi sharf va qimmatbaho charm qo‘lqop kiyib olgan erkak kirib keldi. U eman yog‘ochidan yasalgan og‘ir eshikni qattiq yopdi-da, atrofga alangladi. Arkadan chap tarafda shisha va stakanlar taxlangan barga ko‘zi tushgach, tungi porte Xeteveyga bosh irg‘ab, bar tomon dadil yo‘naldi.
— Muzli skotch, — dedi notanish erkak shoshilmasdan stakanga sodali brendi quyayotgan barmen Mayklsga.
— Ser? — picha hadiksirab dedi Petersning aynan nusxasi, biroq picha yoshroq bo‘lgan Maykls.
— Muzli skotch, — qaytardi daroz mehmon, — shoshilsangizchi!
— Hozir, ser.
Maykls stakanni Peters ushlab turgan kumush patnisga qo‘yib, yana shishalar va stakanlar qatoriga o‘girildi.
— Yaqin orada ustaxona bormi? — so‘radi notanish qo‘lqoplarini barmog‘idan tortar ekan.
— Ustaxona dedingizmi, ser?
— Ha, ustaxona! — yoqinqiramay qaytardi u. — Dabdala yo‘llaringizni deb mashinamning ruliga bir narsa bo‘lganga o‘xshaydi. Endi uni mexanikka ko‘rsatmasam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi.
— Biz tomonlardagi yagona mexanik — Jerom Bosli, ser, — sekin javob berdi Maykls. — Lekin u ko‘proq traktorlarni ta’mirlaydi.
— Traktorlarni?!
— Ha, ser, — dedi Maykls o‘rtasida billur stakan yaltirab turgan kichik patnisni mehmonning oldiga qo‘yar ekan. Barmen ancha yillar ilgari shu ishga o‘tayotganida o‘rgatishganidek, «Kings Xed» emblemasi mijozga qarab turganini tekshirdi. — Vaqti-vaqti bilan yuk mashinalariga ham qarashadi. — shosha-pisha qo‘shimcha qildi u. — Lekin gap shundaki, Bosli Bridglintonga oyisini ko‘rgani ketgan, shu bilan ertaga kechqurun qaytsa kerak. Afsuski, yaqin qirq mil masofada boshqa mexanik bo‘masa kerak.
— Ajoyib, juda ajoyib! — zaharxanda qildi notanish erkak boshini silkitib va aftini yanada burishtirib oldi. — Shuncha vaqt nima qilish kerak endi?
— Bilmayman, ser, — yelka qisdi Maykls va uch barmoq skotch quydi.
— Muz, — g‘o‘ldiradi notanish.
— Kechirasiz?
— Jin ursin, muz dedim! Muz! — dedi paltoli erkak stakanga barmog‘ini niqtab. — Muzni unutdingiz. Yoki meni iliq viskini ichadi, deb o‘ylayapsizmi?!
— Yo‘q, ser. Albatta yo‘q, ser… Peters, sen…
Peters yengilgina ta’zim qilib, chiqish eshigiga yo‘naldi. U qorong‘u oshxonaga kirib ketib, uning ortidagi xonada ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Notanish erkak ofitsinatni ko‘zlari bilan yeb qo‘ygudek kuzatib, zalga o‘girildi. Zaldagilar uning nigohidan qochishga harakat qilishardi.
Tungi sayyoh qattiq «Hm-m» dedi-da, Mayklsga o‘girilib, yaltiratib artilgan peshtaxta ustiga qo‘lqoplarini tashladi. So‘ng xuddi o‘zi bilan o‘zi gapirayotgandek, faqatgina o‘z nazdida past ovozda dedi:
— Arxeologning orzusi — ichiga turli qimmatbaho taqinchoqlar to‘ldirilgan dahmani topib olish.
Maykls xuddi quloqlariga ishonmayotgan odamdek qotib qoldi. Iste’fodagi polkovnik Gloster-Smit chuqur nafas oldi, beva Pemblington xonim esa kutilmaganda qo‘lidan to‘qish simini tushirib yubordi. Qolganlar esa o‘zlarini hech narsa eshitmagandek tutishdi. Zal haliyam osuda kundagi o‘rmondagi yalanglikni eslatardi.
— Men zudlik bilan qo‘ng‘iroq qilishim kerak, — dedi mehmon. — Telefonlaringiz qayerda?
— Bizda telefon yo‘q, ser.
— Nima??? — ishonmadi u.
— Bizda telefon yo‘q, — dadil qaytardi Maykls.
— Qanaqasiga yo‘q?! Telefon hozir hamma yoqda bor-ku!?
— Bizda yo‘q-da, ser, — shosha-pisha tushuntirdi barmen. — Bu yerdagilar telefonsiz ham yashab yurishibdi. Ustiga ustak, telefonlarning yarim tunda va erta tongda jiringlab uyquni qochiradigan odati bor.
— Bu yerdan telegramma ham jo‘nata olmasam kerak hali? — hayron bo‘lib so‘radi notanish mehmon.
— Afsuski, shunday, ser.
— Jin ursin, og‘ayni! — portladi notanish mehmon. — Men qanday qilib bo‘lsa ham Londondagi hamkorlarim bilan bog‘lanib, ularga qayerdaligimni aytishim kerak. Ular bugun men Manchesterga otlanganimdan bexabar.
— Kechirasiz-u, ser, sizga yordam bera olmaymiz.
— «Kechirasiz» emish, jin ursin! — tungi mehmonning asabiylashishi chegara bilmasdi. Chinni idishda to‘rt kubik muz ushlab turgan Peters barga yaqinlashganda, mehmon zaharxanda qildi: — Va nihoyat! Sizni adashib ketganmisiz deb qo‘rqib turgandim.
Keng zalda yig‘ilganlar band bo‘lib turgan ishlaridan norozilarcha chalg‘iy boshlashdi. Chollar gazeta ustidan shovqin ko‘tarayotgan mehmonga norozilik nigohlarini qadashsa, ayollar tikish va to‘qishini chetga yig‘ishtirib, bar tomon o‘g‘rincha qarab qo‘yishardi.
Garchi jabrdiyda haydovchi yelkasi osha norozi nigohlar qadalayotganini sezayotgan bo‘lsa ham, buni bildirmadi. U Peters qachon qichqich yordamida stakaniga ikki kubik muz solib berishini shoshilmasdan kutayotgandi. Keyin u qahrabo tusli suyuqlikni barmog‘i bilan aralashtirib, «Boriga shukr», dedida bir yutishda stakanni bo‘shatdi. Lablarini yalar ekan, stakanni peshtaxtaga qo‘ydi va takrorlashni buyurdi.
Maykls viski quydi.
— Yeyishga biror narsalaring bormi? — qiziqdi mehmon.
— Oshxonamiz yopiq, ser.
— Ko‘r emasman, — jirkanib dedi notanish mehmon. — Balkim biror joyda sendvichmi, pishloqli nonmi yotgandir?
— Yotmagan bo‘lsa kerak, ser.
— Nima, butun boshli mehmonxonada urvoq ham yo‘qmi?
— Hozir qarab ko‘raman, ser, — yelka qisdi Maykls.
Anchaga cho‘zilgan qidiruvdan so‘ng u qutisining yarmisi bo‘shatilgan, qotgan pechene ko‘tarib keldi. Notanish mehmon qutiga norozi nigoh tashladi-da, so‘radi:
— Nima bu?
— Pechene, ser. Biz dam-badam buni choyga qo‘shib beramiz.
— Pechene? — ishonqiramay qayta so‘radi tungi mehmon va bir necha donasini peshtaxtaga to‘kdi. — Demak, pechene deng? — qaytardi u ehtiyotkorlik bilan bir bo‘lakchasini tishladi. — Bo‘lishi mumkin emas. Menimcha siz «Toshga aylangan bo‘r» demoqchi bo‘lgansiz! — dedi mehmon yana bashasiga tundlikni yoyar ekan.
— Bu bizda bor bo‘lgan yagona yegulik, ser.
Mehmon g‘o‘ldiragancha, mehmonxona sharafiga «shirin» ta’riflarni keltirdi va qo‘lidagi pecheneni yeb bo‘ldi. So‘ng ikkinchisini og‘ziga tiqdi va qarsillatib chaynashga tushdi.
— Bo‘sh nomerlar bormi yoki mashinamda tunayveraymi? — dedi mehmon og‘zini to‘ldirib pechene chaynarkan.
— O, albatta, bizda bo‘sh nomerlar bor, sizga yoqadi deb o‘ylayman, ser.
— Faqat chakka o‘tmasa bo‘lgani, men buni juda yomon ko‘raman! — mehmon aylana taburetda arka tomon burilib, qattiq baqirdi: — Porte! Ey, porte!..
Qariyalarning bir nechtasi qo‘rqqanlaridan qaltirib ketishdi. Yarim daqiqadan so‘ng xollda qadam tovushlari eshitildi va ark ostida Xetevey ko‘rinish berdi.
— Ser?
Notanish mehmon ogohlantirmay u tomon kalitlar bog‘lamini otdi. Porte uni ushlashga ulgurmadi va kalitlar jaranglagancha polga tushdi. Xetevey bir qo‘li bilan tizzasiga tayanib, kalitni olish uchun egildi.
— Zarg‘aldoq tusli mashinadan jomadonlarni olib, meni jurnalga yozing. Familiyam — Rasmussen. Garold Rasmussen. Ikkita «s» bilan yoziladi, boshidagisi emas, keyingisi. Adashib ketmang.
Xetevey qiyinchilik bilan qaddini tik tutdi va qiziqdi:
— Bir oqshommi, mister Rasmussen?
— Jin ursin, shunga qattiq umid qilaman, lekin mashinamga nima bo‘lganini bilmayman ham. Xudo ko‘rsatmasin-u, balkim bu yerlarda bir hafta qolib ketarman, — dedi u og‘ziga navbatdagi pecheneni tiqarkan, ogohlantirdi: — Nomerimda vanna, issiq suv bo‘lishi shart. Binolaring istilmaydiganga o‘xshaydi, men esa sog‘lig‘imdan qayg‘urayapman.
— Ha, ser, — bosh irg‘adi Xetevey va xolldan chiqib ketdi.
— Umid qilamanki, jomadonlarimni tashiy turib yurak xuruji tutib qolmasa kerak bu cholning, — dedi xo-xolagancha Rasmussen, barga o‘girilarkan.
O‘zining haziliga o‘zi nash’a qilib yarim daqiqa kulgach, Garold Rasmussen ko‘z yoshlarini artdi va qip-qizil shohi ro‘molchaga burnini qoqdi. U Mayklsga qaradi va dedi:
— Musiqa yo‘qmi sizlarda?
— Kechirasiz?..
— Musiqa deyayapman! Qulog‘ingiz karmi, og‘ayni?! Faqat biror zamonaviyroq narsa, iloji bo‘lsa balandroq bo‘lsin. Xudo unutgan bu dargohda qolib ketadigan bo‘lsam, yaxshilab hordiq chiqarmoqchiman… Xuddi qulog‘i kar odamga o‘xshayvermay, atganni qilsangiz-chi. Bir bu mavzoleyning changu g‘uborlarini uchirib boraylik!
Endi u hammaning diqqatini tamoman jalb qilib bo‘lgandi. Uning so‘zlari o‘rmondagi sokin yalanglik uzra esayotgan etni junjiktiradigan shamoldek, bezovta bo‘lgan barglarning shitirlarlariga sabab bo‘layotgandi.
G‘amgin nigohli polkovnik Gloster-Smit o‘rnidan turdi, xonaga bir qur nazar solib chiqqach, yana chuqur uh tortdi va harbiylarga xos o‘ktam qadamlar bilan bar tomon odimladi. So‘ng u Rasmussen oldida to‘xtatdi va mushtiga yengil yo‘taldi.
— Siz kimsiz? — so‘radi mehmon va oqsoch polkovnikni sovuq nigohi bilan chamalab chiqdi. — Sizga nima kerak?!
— Iste’fodagi polkovnik Gloster-Smit sizning xizmatingizga tayyor, ser. Men bilan ichmaysizmi?!
— Nima?! Meni mehmon qilmoqchimisiz, serjant? — kuldi Rasmussen.
— Polkovnik, — to‘g‘irlab qo‘ydi, garchi juda jahli chiqsa-da Gloster-Smit. — Ha, yigitcha, sizni mehmon qilmoqchiman. Mehmonnavozlik va minnatdorchilik yuzasidan.
— Meni juda xursand qilayapsiz, serjant, — zaharxanda qilishda davom etdi Garold Rasmussen.
— Xuddi shunday, — bosh irg‘adi polkovnik va Mayklsga tikilib qaradi. — Mehmonimiz uchun eng yaxshi viskingizdan quying.
— Ha, ser, — Maykls peshtaxta ostidan kichikroq sariq shisha chiqardi, tiqinini olib, to‘q jigarrang suyuqlikni billur stakandagi erib borayotgan muz kubiklari ustiga quydi.
— Siz men bilan ichmaysizmi, serjant? — biroz hayron bo‘ldi Rasmussen.
— Yo‘q, men brendini yaxshi ko‘raman.
— Afsus, — yelka qisdi kelgindi. — Shotland viskisidan yaxshiroq narsayam bormikan bu dunyoda… Salomatligingiz uchun, qariya, — u stakanni burniga yaqinlashtirib hidlab ko‘radi, ma’qullash ma’nosida bosh irg‘ab, bir ko‘tarishda yarmisini yutdi. So‘ng lablarini chappillatib, o‘ziga ko‘pni ko‘rgan kishi tusini berib, ikkinchi yutishda stakanni bo‘shatdi. — Yomonmas, serjant, yomonmas. Bu menimcha…
Garold Rasmussen xuddi muhim bir narsani eslagandek to‘satdan jimib qoldi. Ko‘zlari olayib ketdi, og‘zini kappa-kappa ochib nafas ola boshladi, o‘ng qo‘li tomog‘iga chippa yopishdi, xuddi qizib ketayotgandek tezroq yoqasini bo‘shatishga intilardi. So‘ng cho‘kkalab xirillab qoldi va gilamga quladi. Ikki-uch marta qimirlab, tinchidi…
Zalda yana o‘lik sukunat hukmronlikni o‘z qo‘liga oldi. Polkovnik Gloster-Smit tizzaladi. U Rasmussen bilagini ushlab ko‘rib, puls urmayotganini aniqlagach, yana sekin qaddini tikladi va Peters hamda Mayklsga ishora qildi. Ofitsiant va barmen jasadni ko‘tarib, qorong‘u oshxona ortidagi xona orqali tashqariga chiqarib ketishdi. Polkovnik ular bilan birga yo‘naldi.
Zalda esa hech narsa yuz bermagandek, yana kiyim to‘qiyotgan simlar yaltiray boshladi, chollar esa gazetalarini o‘qishga tutindilar. Kaminda chirsillab yonayotgan o‘tindan sukunatni buzayotgan yagona tovush taralayotgan edi. Bir necha daqiqa o‘tgach, zalga Gloster-Smit qaytib keldi. U o‘z kreslosiga o‘tirib, qo‘liga gazeta oldi.
Uning o‘ng tomonida o‘tirgan Sesil Uaytxed u tomon engashib sekin so‘radi:
— Bu nechanchisi, polkovnik?
— Menimcha, o‘n birinchisi, — javob berdi Gloster-Smit.
— Umid qilamanki, bu oxirgisi, — pichirladi Uaytxed. — Mana shunaqa tarbiyasiz yigitlar bu ajoyib jimlikni buzishganini umuman hazm qilolmayman.
— Gapingizga qo‘shilaman, — bosh irg‘adi iste’fodagi polkovnik Gloster-Smit va qog‘ozi shiqirlamasligi uchun qo‘lidagi «Tayms»ni ehtiyotkorlik bilan bukladi.
Jamshid BEK tarjimasi.