Dadamning ozgina kayfi borligiga hech shubha yo‘q edi.
— Tag‘in qovoqxonada bo‘lganga o‘xshaydi, — derdi onam.
— Yaxshisi, uni o‘z holiga qo‘yish kerak.
Shunday qilardik ham. Biz allaqachon mast odam bilan tortishish kerak emasligiga o‘rganib qolgandik.
Shuni ham aytib o‘tishim joizki, onam ham ichib turardilar. Ammo dadamga o‘xshab har kech emasdi, ammo ikkisi ham ichgan kuni janjal — suron kuchaygandan kuchayib ketardi. Bu hol ularning boshqa kunlardagi adi- badi aytishishiga o‘xshamasdi, balki rostakam otishma bo‘lardi. Men uyg‘oq holda ularni eshitib yotaman, nimalar deyishayotganligini aniq-tiniq bilolmayman, faqat keraksiz baqir-chaqir va do‘q-po‘pisalar qulog‘imga kiradi, xolos. Balandroq ovoz albatta, onamniki bo‘lardi.
Mening Alisa xolajonim esa dadam haqida juda ko‘p gapirardi.
— Bunaqa odam bilan yashagandan ko‘ra ko‘mir yeb, yashaganing yaxshiroq, — deya qoralab qo‘yardi u.
— Ko‘mir yeyishni va u bilan bolalaringni boqishni bir mashq qilib ko‘rsang bo‘larkan , — derdi onam unga javoban.
— O‘sha janjallar ota-onamning bir bahonasi edi. Ular biz uchungina birga yashardilar. Ammo keyin shuni bildimki, bu borib turgan ahmoqlik ekan. Ular shunchaki bir-birlaridan nafratlanishni yaxshi ko‘rishardi, xolos. Yillar o‘tib, ular ajrashib ketishgach, onam kunlab yig‘lab yurgandi. Men ularning munosabatiga hech qachon yechim topolmadim.
Dadam ichmasdan hushyor bo‘lgan paytlari juda yaxshi edi. U asli irland bo‘lib, ajoyib notiqligi bor edi. Uning o‘sha irlandcha nigohlari va kulib turuvchi ko‘zlari ozgina Jorj Bestga o‘xshab ketardi. Ba’zan u menga hatto rosayam yaxshi bo‘lib ko‘rinib ketardi. Dadam shunday bo‘lgan paytlarida men uni juda-juda yaxshi ko‘rib ketardim.
— Sizlar uning qorachig‘isizlar, — derdi onam. — Afsuski, menchalik mehribon bo‘la olmaydi!
Shunday paytlar dadamni yaxshi ko‘rganim uchun o‘zimni aybdor his qilardim. Hech qachon ularga birvarakayiga mehr bera ololmas, albatta, bir tarafga o‘tishim kerak bo‘lardi.
Dadam mutolaani sevardi. Uyda ham hamma vaqt ko‘plab kitoblar bo‘lardi. Dadam bizni mahalla kutubxonasiga olib borganida go‘yo tuzoqqa tushardik. Biz hammavaqt o‘qirdik. Atrofimizdagi maktablar shunchaki o‘yinchoq edi, xolos. Agar dadam shunday qilmaganlarida edi, balki biz o‘qish va yozishni ham arang uddalagan bo‘larmidik.
Negaligini bilmaymanu ammo men doimo Rojdestvoni yaxshi ko‘rganman, har holda shu kuni dadam va onamning mojaroli janjallarida biroz tanaffus bo‘lardi. Bir gal Rojdestvo bayramida, unda men 8 va ukam 5 yoshligida, o‘z yotog‘imda o‘qish bilan band edim. Ularning qovoqxonadan qaytishlariga ozgina vaqt borligini bilardim. Kenja ukam tez uxlab qolardi. Rojdestvoda, ichkilikbozlik, albatta suvday ketardi. Ularning har ikkisi ham xuddi sassiq qo‘zanday uyga mast holda kelishardi.
Mojaro erta boshlandi, dadamni bufetchi ayollardan biriga biroz lutf ko‘rsatganligi bu safargi to‘polonga bahona bo‘ldi. U hech qachon ayollarga ilakishib qolmagan edi.
Men onamning jahli chiqib, dadamning qitig‘iga tegayotganini eshitib turardim.
— Men doimo sening Toniyingga qiziqqanman, — xitob qilib yubordi onam.
Toni dadamning chiroylikkina yosh ukasi edi. Bu ish natija berdi, dadam g‘azab otiga mindi. U onamga “fohisha” deb baqirdi va men avval eshitmagan yana boshqa ko‘p nomlar bilan uni haqoratladi.
Hamon uyg‘oqligimga yolg‘iz sabab esa bu Rojdestvo arafasi edi. Qorbobo kelish-kelmasligini juda bilgim kelardi. Xudo biladi, agar u mo‘rimizdan tushib kelib qolsa, bu ikkisini nima qilardiykin? Oxiri dadam onamni tashqarida qoldirib, yotoqxonaga kirib ketdi. Men qaltiragancha yotardim. Ukam allaqachon chuqur uyquda edi. Onam bo‘lsa yotoqxona eshigini daranglatib tepardi. Sovg‘alar ham u yerda edi. Rojdestvo bayrami esa yaqinlashib qolgandi.
Onam farzandlariga quvonchli Rojdestvo bayrami hadya etolmagani uchun kuyub-pishardi. Bu hammasi dadamning aybi edi, albatta. Nimaga onam ozgina sovg‘alar bilan bizning Rojdestvomiz sehrli bo‘ladi deb o‘ylashini men tushunmasdim.
Ozgina vaqtdan keyin onam ham pastga tushib ketdi. Ehtimol, u pastki qavatdagi divanda uxlagani yotgandir. Hammayoq tinchib qoldi.
Shuncha g‘ala-g‘ovurdan keyin uxlay ololmasdim. Biroz vaqt o‘tgach, kitobimni tugatish uchun chiroqni yoqdim. Bir soatcha o‘qigan bo‘lsam kerak, birdan boshimni ko‘targanimda kitobim ichiga chuqur sho‘ng‘ib ketganligimni angladim. Dadam ostonada menga qarab turardi. Shunchalik kitobga berilib ketganimdan uni qachon eshikni ochib kirganligini ham payqamay qolibman. U shundoqqina ostonadan menga qarab turardi. Aybdorlarcha kitobimni chetga olib qo‘ydim. Uxlash o‘rniga hamon o‘qiyotganligim uchun baqirib bersa kerak, deb o‘ylagandim. Ammo dadam bunday qilmadi. Uning nigohida qanday g‘alati bir narsa zohir edi. U xuddi kar-soqovday bo‘lib tuyuldi. Yotoqxonadan hamma Rojdestvo sovg‘alarini olib chiqdi. Ularni zinalarning boshiga to‘pladi-da, yotoqqa kirib ketdi.
Ertalab onam bayram taomi — kurkani pishirishni boshladi, keyin kartoshkalarni artdi. Biz sovg‘alarimizni ochib, pech yonida ularni o‘ynab o‘tirgandik. Tashqari sovuq edi. Dadam tushgacha o‘rnidan turmadi. Ular bir-birlarini butunlay mensimasdilar. Biz hammamiz jimgina Rojdestvo dasturxoniga o‘tirgandik. Onam idishlarni yuvib bo‘lgandan keyin ovqatlanishni boshladik. Hech kimni Rojdestvo pishiriqlarini olishga yuragi dov bermasdi.
Dadam to‘satdan yeyishdan to‘xtadi. U vilka-pichog‘ini qo‘yib, likopcha ustiga bosh egdi. Men lol qoldim: dadam yig‘layotgan edi. Ilgari hech qachon uning yig‘laganini ko‘rmagandim.
— Kechiringlar meni, — dedi u hiqillab.
Onam yeldek yugurib kelib, uni yelkasidan quchdi. “Hammasi joyida”, — tinchlantirdi u. “Meniyam kechir!”
Va ular, onam xuddi dadamning boshini tebratayotganday o‘ziga xos bir manzaraga o‘xshab turib qolishdi.
Qanday baxt! Biz maza qilib ovqatlanishda davom etdik, oilamizda xursandchilik bo‘ldi. Baxtimizga, qovoqxonalar Rojdestvo kuni ochilmasdi, demak hech qanday janjalga sabab ham yo‘q edi.
Balki shuning uchun ham men Rojdestvoni yaxshi ko‘rarman. U yarashish vaqti edi.
Bu voqea xuddi Birinchi jahon urushidagi lashkarlarda bo‘ladigan holatga o‘xshash bo‘ldi. Siz bu to‘g‘risida eshitganmisiz? Nimaga ingliz va nemislar Rojdestvo kuni urushdan to‘xtashlarini bilasizmi? Buning o‘rniga ular, bir-birlarini jahannamga jo‘natishdan oldin futbol o‘ynardilar. Mening ota-onam ham xuddi o‘shanday qilishdi.
O‘sha saodatli kun adog‘iga yetishi bilanoq ular yana odatiy g‘alvalariga qaytishdi.
Va biz boshqa qaytib, kelgusi Rojdestvoni kutmaydigan bo‘ldik.
Inglizchadan Qandilat Yusupova tarjimasi
“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.