Yog‘och devorlardagi tirqishlardan kirayotgan quyosh nurlari omborxona binosi ichini g‘ira-shira yoritib turardi. Qo‘liga yuqqan oqish yog‘och changini ishqalab yuvib tashlash uchun payrahaga egilar ekan, u o‘zini jinoyatchi deb his qildi.
Sirasini aytganda, ishqalab yuvadigan hech narsa yo‘q edi. Shunchaki, ehtimol zich yopilgan eshik ortidagi nimqorong‘ilikda uning jismoniy mehnatga o‘rganmagan qo‘llari oppoq bo‘lib ko‘rinib ketgandir.
U oyoq ostida dumalab yotgan tarashalarni terib oldi-da, ularni qog‘oz qutiga joyladi. Quti qopqog‘iga randani qo‘yib, hammasini eshik tagiga olib bordi. Sarv yog‘ochining hidi anqirdi: eshikni hozirgina keltirilgan yangi g‘o‘lalar to‘sib qo‘ygandi.
Eshikni ochish uchun u qutini yerga qo‘ydi va shu pallada olis Bolalik davridagi hid – Nakagava daryosi to‘g‘oni yonidagi gulxan hidi yodiga tushdi. O‘shanda ham nimqorong‘ilik edi, faqat bu erkinlikdagi, tong chog‘i daryo bo‘yidagi havo bo‘lgandi. O‘sha kezlar u yetti yosh bo‘lib, otasi bilan daryoga farel ovlash uchun borgandi. Osmon ko‘m-ko‘k, endi tong otib kelayotgandi, hali yulduzlar ko‘rinib turardi. Tog‘dan shamol esib, daryo mavjlanardi.
“Ag‘rayma, – dedi otasi, uzun tayoqni qo‘liga olar ekan. – Qayiq baliqday sakraydi” . Haqiqatan ham, oldinda, oqim yo‘lining pastrog‘ida suv uzra yo baliqlar, yoki ko‘pikli to‘lqin oqarishib ko‘rinar va qayiq ana-mana bo‘shliq sari suzib ketadigandek tuyulib ketardi…
Eshikni ochib quyoshli hovliga chiqarkan, u beixtiyor achimsiq havodan qutulish uchun chuqur nafas oldi va o‘shanda daryoda toza havodan to‘yib-to‘yib nafas olganini his etdi.
U keng hovlida qator tizilib turgan omborxonalar yonidan yurib o‘tdi va firmaning avtobekatida paydo bo‘ldi. Har ikki tarafidan toshtaxtalar yotqizilgan, darvozadan idoraga olib boradigan yo‘lakka yetti-sakkiz avtobus bemalol sig‘ardi, ammo hozir firmaning barcha mashinasi, hatto yukchi mashinalar ham yo‘lda edi va u yerda faqat uning xususiy sariq “sedan”iyu mijozlarning ikki mashinasi turardi.
U karton qutini mashinasining orqa o‘rindig‘iga qo‘ydi. Keyin idoraga yo‘l oldi. O‘rmon mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadigan firma nomi bitilgan zarhal harflar yaltirab turgan avtomatik eshik lang ochiq edi. U kassa to‘sini ortidagi ikki nafar yosh-yosh yugurdak qizdan boshqa hech kim yo‘qligiga amin bo‘ldi. Xodimlar yo‘q edi: na Somiya, na Sekigava. Yigirmatacha stoli bo‘lgan hayhotday xona huvillab yotardi – ham boshqaruv, ham ishlab chiqarish xodimlari har qayoqqa tarqab ketgandi. O‘tish yo‘lining narigi tomonida, uncha tiniq bo‘lmagan akril devori ortida yana ikkita qabulxona bor edi. Ulardan birida Sekigavaning mijoz bilan gaplashayotgani quloqqa chalinardi.
– Somiya-san qani? – so‘radi u berigi tomonda o‘tirgan qizdan.
– Ayolini kutib olgani mashinasida ketuvdi, – javob berdi qiz.
– Ha-a, – bosh irg‘adi mijoz va o‘tish yo‘lidan xona to‘riga qarab yurdi. Somiyaning lavozimi pastroq bo‘lsa-da, yoshi kattaroq edi, shuning uchun ham uni hurmatlab “Somiya-san” derdi. Bugun unikiga taklif etilgan firmaning barcha xodimlari ketib bo‘lgan bo‘lishi kerak: taraddudlanish, xotinlarini olib kelishlari kerak. Mijozlar bilan ishni bitirib olgach, Sekigava ham, albatta, bu yerda qolmaydi.
O‘tish yo‘lining oxiridagi eshik ikkinchi qavatdagi ishchi xonalarga olib chiquvchi zinaga ochilardi, ammo, bundan tashqari, bu yerda maxfiy yo‘l ham bor edi. Usti yopiq beton o‘tish yo‘li uni turarjoyning dahlizi bilan ulardi. Har gal maxfiy yo‘ldan foydalanganda, u bir narsani o‘ylardi: uning firmaga kelishidan oldin bu yo‘ldan ko‘p yillar idoraga va idoradan bu yoqqa uning qaynotasi Nobutake yurgan. Bu chindanam g‘alati emasmi-a?
Umuman firma boshlig‘i ishxonasiga yaqin joydan istiqomatgoh olishining hech taajjublanarli yeri yo‘q, – bunaqa ixcham kompaniyalarda bu odatiy hol bo‘lib qolgan. Lekin u burun nufuzli savdo firmasida xizmat qilgan. Shu boisdan ham dastlabki vaqtlarda ishdan keyin uyga qaytar ekan, bir necha bor boshqa eshikka qarab yurib ketardi.
Dahlizning parti ketib, sharti qolgan og‘ir eshigi orti tashlandiq joydek fayzsiz edi. To‘g‘ri, qorashag‘alli betondan qilingan polda xotini Keykoning eshik oldida yechib qoldirgan jigarrang tuflisi yotardi, biroq eshikchasi ochiq poyafzal shkafchasi tokchalari bo‘m-bo‘sh bo‘lardi. Yo‘lakdan ketaverishda, eshiklari lang ochiq mehmonxona bo‘lmasida bitta shkaf qolgan, divandan nom-nishon yo‘q, faqat gilamda jihoz oyoqchalarining botiq izlari ma’nosiz aks etib turardi, xolos. Divanni ular boshqa mebellarga qo‘shib yangi xonadonga olib ketishgandi, chiqindilardan qilingan javon esa bu yerda qaynota-qaynonasi yashagan paytlarga taalluqli edi. Ular Keyko bilan turmush qurgandi. Xotinining ota-onasi dengiz bo‘yidan ajratib olingan yerlardan biridagi ko‘pqavatli uylardan biriga ko‘chib o‘tgandi, bu yer uncha uzoq bo‘lmay, mashinada o‘n daqiqa ham yurilmasdi. Biroq yarim yil avval ota-onaga qo‘shni bir xonadon tasodifan bo‘shab qoldi; xotinining onasi Yasue uni sotib oldi, tartibga soldi va to‘ylarining besh yilligiga atab qizi va kuyoviga sovg‘a qildi. Mana shu boshpanadan Yasue o‘z bilgicha foydalanishni niyat qilib yurardi.
U yotoq bo‘lmaga kirdi. Keyko yangi xonadonga olib o‘tolmay qolgan choqqina stulchada o‘tirar va telefonda gaplashardi. Aftidan u endigina kiyimlarini almashtirib olgandi: yechgan pushtirang kechlik ko‘ylagi, kamar va uy kiyimlari oyog‘i ostida yotardi, Keykoning o‘zi esa oyog‘ini oyog‘i ustiga qo‘ygancha yolg‘iz sarg‘ish ichko‘ylagida o‘tirardi.
– Bu oyim, – bosiq ohangda dedi Keyko, go‘shakni kafti bilan berkitib. Meni ertaroq kelgin degandi, bo‘lmasa hammasini tayyorlashga ulgurmas ekanmiz. – Keyin yana go‘shakka gapira ketdi: – Ha, orkestrli Bolalar bilan gaplashdik, ularga ertaroq kelinglar deb aytdik, lekin yana bir marta tekshiraman. Xa, tushunarli…
Keyko go‘shakni qo‘ydi-da, norozilarcha, masxaraomuz dedi:
– Har doim shunaqa: oldinroq tayyor bo‘lib turinglar deb ming marta aytasan, oxirida esa albatta ulgurmaymiz. – U yana raqam terdi va orkestrli Bolalar bilan gaplasha boshladi.
Bugun kechqurun ota-onalar ularning Keyko bilan to‘ylariga atab kechki ziyofat uyushtirishgandi. Bunday qaraganda, “ota-ona” deyish judayam to‘g‘ri emasdi: fikr ham, ijro ham mutlaqo qaynona zimmasida edi. Buni shunday tushunish kerak ediki, dadajon Nobutake u, ya’ni kuyov bo‘lmish, uning uyiga merosxo‘r sifatida kirganining beshyilligini tantanali sur’atda nishonlanmoqda edi. An’ana bo‘yicha, to‘yning besh yillik yubileyini “yog‘och to‘y” deb atash taomilda bo‘lgan; bu gal to‘y nomida yana oilaviy korxonaga ishora ham bor edi. Oiladagilar aytganidek, ish davom etayapti. To‘g‘ri, kuyov bu sanani Keyko ikkalovi nishonlashmoqchi edi, ammo bunga yangi uyga ko‘chib kirish tantanasi qo‘shildi-yu, bari chippakka chiqdi. U faqat hammasini kamtarona, ortiqcha dabdabayu shov-shuvlarsiz o‘tkazishni iltimos qila oldi.
Biroq bu yoqda Yasue yeng shimari ishga kirishdi-yu, u yoqdan ham keng rejalar, ham mehmonlarni ko‘p-ko‘p taklif qilish zarurati paydo bo‘ldi. U qaynonasini qaytarmoqchi ham bo‘ldi, lekin qayoqda deysiz! O‘rmon savdosi mahalliy uyushmasi rahbariyati ham, eski ulgurjichi do‘stlar ham, turli-tuman insofli tanishlar ham, buning ustiga xotinlari ham qo‘shilib – o‘ndan ortiq oila bo‘lib ketdi. Bir vaqt yana Keyko ham oraga suquldi va orkestrli oshnolarimni chaqiraman deb turib oldi – holbuki o‘zi hali fortepyano chalishni o‘rganardi. Bundan onasi suyunib ketdi: magnitofonga qaraganda bu yaxshi-da, quvnoqroq bo‘ladi.
– Sen ham darrov kiyimlaringni almashtira qol, – dedi unga Keyko telefon suhbatini tugatib, kamarni olgani engasharkan.
U yoqda kiyim almashtirishga ulgurmasligidan xavotirlanib, ular barcha zaruriy narsalarni shu yerning o‘zida tayyorlab olishdi. Tantana norasmiy, ortiqcha hashamlarsiz bo‘lib, urfdagi pidjak bilan chegaralansa bo‘laverardi. Javondan libosni olarkan, u egilib, pardoz-andoz bilan ovora xotiniga qarab qo‘ydi. Yelkasiga tushgan to‘lqin-to‘lqin sochi va uzun oyoqlari tufayli o‘zining yigirma sakkiz yoshidan ancha yosh ko‘rinardi. Ko‘zlari otasining ko‘zlari, bodom qovoqli, burni ham unchalik bejirim emasdi, ammo yuzi va a’zoyi badani oftobda pishgandek yoqutday tovlanib turardi.
Universitetni tugatganidan keyingi uchinchi yilda u Keykoni ingliz tili kechki o‘qishlarida birinchi marta ko‘rganida bu oydek jamol va sarvday qaddi- qomat uni o‘ziga asir qilgandi. Ular bir-birlarini yoqtirib qolishdi, uchrasha boshladilar va ko‘p o‘tmay turmush qurish haqida gap ham ochila qoldi; ammo Keyko yakkayu yagona qiz bo‘lib, ota-onasi uni bir shart bilan turmushga chiqarmoqchi bo‘layotgandi, shart esa shu ediki, bo‘lajak ishga merosxo‘r bo‘lsin. Yigit oilada uchinchi o‘g‘il bo‘lib, qarindoshchilik majburiyatlari unga o‘z oilaviy ro‘yxatidan o‘chib, xotinining xonadoniga kirish (ichkuyov bo‘lish)ni taqiqlamagandi, ammo savdo kompaniyasidagi joy unga ajoyib istiqbolni va’da qilgan ediki, buni yo‘qotish achinarli bo‘lardi, albatta. U keksa otasi bilan maslahatlashgani vataniga ketdi. “Nima ham derdim, – dedi chol ming‘irlab, – olisning bug‘doyidan yaqinning somoni afzal”. Shundan so‘ng yigit to‘yga shartta rozilik berdi.
Biroq to‘ydan keyin Keykoning o‘ziga yetguncha manmanligi va buning ustiga ota-onasi uni rosa erka qilib o‘sdirgani ma’lum bo‘ldi. Shu bois eriga ham, yaqin do‘stlariga ham kelin alayno oshkora ehtiyotkorlik bilan muomala qilardi. Aynan Keyko tufayli ular haligacha bola ko‘rishgani yo‘q: kelin to‘lishib ketishni yoqtirmasdi. Ammo qaynota va qaynona kuyovni o‘tirsa o‘poq, tursa so‘poq deb kamsitar edi. Goho turib-turib yigitning xotinidan jig‘ibiyroni chiqib ketardi. Kelindagi chatoq fe’l esa istagan odamni qonini qaynatib yuborardi. Ammo ayni vaqtda u xotiniga tobora ko‘proq moyil bo‘lib borardi – nega, buni o‘zi ham bilmasdi. Balki turmushga chiqib, kelinda g‘ayrioddiy his uyg‘ongandir. Balki kelin ro‘zg‘or yumushlarida chinakam ayollarga xos tarzda injiqqinadir: uzoq dangasalik qiladi-qiladi-da, birdan g‘ayratga kirib, uydagi hamma ishni qoyilmaqom qilib tindiradi…
Keyko kechlik ko‘ylagini kiya boshlaganida ichko‘ylagi o‘mizidan jajjigina oppoq siynalari ko‘rinib ketdi; yigit qo‘lini cho‘zib, ko‘kragidan sekin chimchilab oldi.
Keyko unga hayrat bilan qaradi-da, burunchasini jiyirdi va kulib yubordi.
Yigit kiyindi va xotini tilla sirg‘asi va marjonini taqquncha u yotoq bo‘lmasidan birinchi bo‘lib chiqib keldi. Dahlizdan keyin u usti yopiq o‘tish yo‘lidan bormadi, balki hovliga chiqdi-da, undan bekatga yo‘l oldi. Mashinaga o‘tirdi-da, u qulayroq chiqib olish uchun rulni shoshmaygina aylantirdi. Shu asnoda Keyko ham yetib keldi va oldingi o‘rindiqqa joylashdi.
Mashina anhor yoqalab g‘izillab ketdi. Qirg‘oq bo‘ylab xuddi o‘shanday o‘rmon savdosi korxonalari cho‘zilib ketgandi. Anhor anchadan keyin katta o‘rmon omborxonasidan chiqar, keyin esa Tokio qo‘ltig‘iga borib quyilardi.
Beton shohrohi to‘g‘riburchak ostida tor anhorni kesib o‘tardi, ular chapga burilishdi va firmadan uch kilometrcha naridagi o‘t-o‘lan bosib ketgan bandargohga qarab ketishdi.
Bahor quyoshining mayin nuri sezilmasdan kamaya boshladi va o‘rnini quyuq shom qorong‘iligiga bo‘shatib berdi. Bandargohda konteynerlar omborining sim qo‘ralari xira yiltillar va kechki shafaqdan muzlatkich xonalarning po‘lat eshiklari yaltirab ko‘rinardi.
Shu keng shohroh chekkasida ular yangi xonadon olgan o‘n besh qavatli uy qad ko‘tarib turardi.
Uyga g‘isht rangidagi koshin bilan oro berilgan, balkon to‘sinlari, derazalar – hashamdor g‘arb uslubida. Bino eshigi, vestibyul ham, lift ham shu ruhda. U to‘qqizinchi qavatdagi xonadoniga ikki marta chiqib keldi – birinchi marta ular yuklarni tashiyotganda chiqqandi. Ha, albatta, dedi u, o‘ziga-o‘zi, bular hammasi Yasue aytgan darajada arziydigan narsalar.
Biroq ko‘nglining tubida u xonadon yoqmayotganini his etib turardi. U qishloqda Nakagava daryosi bo‘yida yashagan, butun talabalik davri va xizmatining dastlabki yillarida muhtojlikda kun kechirgan va faqat o‘ziga ishongan, mana bu yap-yangi, artib qo‘yilganday uyda esa endi oyog‘ini qayoqqa bosishni ham bilmasdi. Birinchi galda u shubhalangandek ham bo‘lgan edi: xonadon a’lo darajada ekan, balki idoradagi katalakdan ko‘ra rostdanam bu yaxshidir? Biroq qaynota va qaynona shundoq devor ortida yashaydi, va ta’mir vaqtida Yasue ularnikiga, qulf-kalitli bo‘lsa ham, kirib-chiqib turish uchun eshik qurib berishlarini buyurganini ko‘rganda uning butunlay hafsalasi pir bo‘ldi.
– Xayriyat-e! Namuncha hayallamasalaring? – Yangi boshpanada ularni chog‘roq kiyimxonadan yugurib chiqqan ona qarshi oldi.
Kambar mehmonxona bo‘lmasi bo‘sag‘asida hali qirqqa ham kirmagan yosh boshqaruvchi Nisina ko‘rindi, u ikkala notanish erkakka ko‘rsatmalar berardi – aftidan ishchilar bo‘lsa kerak. Ular yonida daroz Nobutake erta kelgan mehmonlar bilan gap sotib o‘tirardi.
– Hecham kech emas. Nega vahima qilasiz, oyi? – javoban dedi Keyko. – Sozlar qayerda bo‘lishini kelishib oldilaringmi? – Shunday deya ikkala qo‘li bilan kechlik ko‘ylagining uzun etagini sal ko‘targancha yo‘lakdan mehmonxona bo‘lmasi tomon shitob bilan yurib ketdi.
– O‘tin olib keldingmi? – so‘radi Yasue kuyovidan unga yaqinroq kelib.
– Olib keldim. – U mashina orqa o‘rindig‘idan olib kelgan karton qutini yana ko‘tardi-da, koshinlangan yerga qo‘ydi.
– Anavi kiyimxonada Nisina olib kelgan shoyi bor, o‘shani o‘ra, – dedi Yasue, kiprik qoqish o‘rniga ko‘zlarini xiyol yumib. Uning uzun qora ko‘ylagidan xushbo‘y giyohlarning achchiq-shirin aralash hidi anqirdi.
Yasue o‘rtadan sal baland bo‘yli ayol bo‘lib, erining yonida ham, uning yonida ham durustgina ko‘rinardi. Nima bo‘lganda ham u o‘zining sin-siyratiga ko‘proq e’tibor berar va semirib ketmaslik uchun qo‘lidan kelganini qilar edi; oz bo‘lsa-da, u muddaosiga erishayotgandi. Uzoqdan uning qaddi-qomati, katta-katta ko‘zlari, do‘rdoqnamo lablarini ko‘rgan odam bu ayolni qirq yetti yoshni urib qo‘ygan deb hech o‘ylamasdi; ayolga nari borsa o‘ttiz besh yosh berish mumkin edi. Qalin qilib surilgan upa-elikdan yuzlaridagi dog‘lar ko‘zga tashlanib turardi. Ammo hozir, yaqindan turib qaraganda, semizlikdan qovoq va baqbaqalari qanchalik osilib tushgani, ko‘zlari atrofidagi ajinlar chuqurlashgani yaqqol ko‘rinardi.
Biroq Yasue bilan tanishib, u shu narsani anglab yetdiki, hatto dog‘ va ajinlar ham jozibador ko‘rinishi mumkin ekan. Nima uchunligini aytish qiyin. Ehtimol bu ayolda qandaydir sirli ruhiy qudrat bordir. Balki o‘ziga bo‘lgan ishonchidan shundaydir, ya’ni shu ishonch tufayli u, viloyat bank boshqaruvchisi muovinining qizi dadajon Nobutekning e’tiborini qozongan va haligacha eri va firmaning suyangan tog‘i bo‘lib qolgan.
Yasue buyurganidek, u qutini kiyimxonaga olib bordi va Nisina olib kelgan shoyini qidira boshladi, ammo qop-qorong‘i mo‘jaz xonaga mehmonlarning ust kiyimlari ilib tashlangan, buyumlar va sovg‘alar qalashib yotar edi-yu, ammo shoyidan nom-nishon yo‘q edi.
U mehmonxona bo‘limaga qarab ketdi – uni qayerga qo‘ygan bo‘lsa, Nisinaning o‘zi topsin. Devorlariga oq mato qoplangan va yeriga kulrang-ko‘kishtob gilam to‘shalgan kengbar xona lang ochilgan ikki tavaqali eshik tufayli ota-onasining yotog‘i bilan uyg‘unlashib ketgandi – joy degani bemalol edi. Hamma joyga did bilan stol-stullar terib qo‘yilgan, stollarda gazaklar va sharobu sharbatlar solingan grafinlar dasturxonga ko‘rk bag‘ishlab turardi. Taomlar tayyorlashni frantsuz restorani o‘z zimmasiga olgandi, uning doimiy mijozlardan biri esa Yasuening o‘zi edi. Oshpaz va yordamchilar o‘sha yoqdan taklif qilingandi. Eshiklardan oppoq libosdagi ofitsiant dam-badam ko‘zga tashlanardi.
Belgilangan vaqtga yaqin qolgan bo‘lib, mehmonlar ko‘payib borardi. Yasue ularni dahlizda qarshi olayotgandi. O‘zlarining bahaybat cholg‘ulari bilan orkestrli Bolalar ham keldi. Keyko ularni iloji boricha royalga yaqin qilib joylashtirish uchun kuyib-pishardi. Keyko uncha yaxshi mashshoq emasdi, ammo uni ko‘proq cholg‘u va uning soz-nosozligi tashvishga solayotgandi, shu boisdan bitta burchakni tamomila amerika royalining o‘zi egallab olgandi. Royal oldiga chorsi stol qo‘yilgan va unga oq dasturxon to‘shalgandi, unda mandarin ko‘rinishidagi gerbli katta shakldor tort turardi.
Biroq hamon Nisina qorasini ko‘rsatay demasdi. Birdan kimdir orqadan uning qo‘lidan qoqib qo‘ydi.
– Qalay? Oqshom chakki emas-a?
Bu qaynotasi Nobutake edi. U tepsa-tebranmas bo‘lib, oromkursilardan eng yirigida taltayib o‘tirib olgancha chekar edi.
Uning odatdagi gap sotish tarzi shunaqa. O‘zi-ku qo‘lini sovuq suvga urmasdi, ammo o‘zini shunday tutardiki, go‘yo hammasi uning orqasidan bo‘layotganday. Bunga avvalo o‘zi qattiq ishonar va buni haqiqat deb bilardi. Firmada qanday bo‘lsa, oilada ham shunday. Firmada Nobutake endi faqat ishning huquqiy jihatlariga mas’ul edi, biroq hamma ishni muovin vazifasidagi Yasue bajarardi, oxirgi paytlarda u muovinlikni qisman ado etardi, xolos. Ammo Yasue buni hech qachon yuziga solmas va erini har doim hurmatini joyiga qo‘yar edi. Nobutake ham o‘z o‘rnida buni bilmaganga olib, ishning shunday borishiga yo‘l qo‘yib berar, tashqaridagilar u nima desa, shunga ishonar edi. Hatto turib-turib uning o‘zi ham birdan xayolga cho‘mib qolardi; bordi-yu, Nobutake o‘zini hech nimaga qodir emasday qilib ko‘rsatayotgan, u va Yasue uning chizgan chizig‘idan chiqmay kelayotgan bo‘lsa-chi? Boshqalar goh-goh g‘ayrioddiy hollarni ko‘rganda ham bunga kunda e’tibor bermay, tezda unutib yuborardi.
– Juda ichkim kelayapti, to‘g‘risi. Olsak bo‘lar endi? – toqatsizlanganidan kuchangan ohangda dedi Nobutake.
– Hozir olib kelaman. – U stoldan ofitsiant uzatgan qadahlardan birini oldi-da, uni qaynotasiga uzatdi.
Nobutakening sharobni qanday qilib kasalmand rangli lablari bilan simirib ichayotganiga qarab turib u, bu chehra uning batamom kuchdan qolganligini shundoq aytib turibdi, deb o‘yladi, holbuki qaynotasi hali oltmishga ham kirmagandi. Kulrang quruq terisini ajin bosib, qovoqlari shishib ketgandi va faqat qora ko‘zlarida oz-moz uchqun yiltillardi xolos. Yuzida hech bir ma’no ko‘rinmasdi; undan ko‘ra tekis qilib taralgan siyrak sochlaru qimmatbaho ko‘ylak va quling o‘rgilsin kostyum e’tiborni tortardi.
Bir kuni Yasue uning qulog‘iga erining o‘tmishi haqida unga ba’zi narsalarni shipshitganini eslab qoldi. Bir gal ishlab o‘tirib ular yolg‘iz qolishganda Yasue: “Baribir ertami, kechmi firma senga meros bo‘lib qoladi, mana meni aytdi dersan”, degandi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘ttizdan sal oshganda otasi o‘limidan keyin ishlarning egasi bo‘lgach, Nobutake mana men degan mustabidga aylandi. U ko‘p ishlardi, ammo tinmay buzuq yo‘lga yurardi. Yasue yaxshi obro‘yga ega sarmoyador oilasida tug‘ilib o‘sgandi va hech qachon bunday narsalarga duch kelmagandi. U qo‘rqardi, qiynalardi, firma xizmatkorlari oldida uyalardi, ba’zida shunday tuyulardiki, uni o‘ldirib qo‘ya qolsammikan, derdi hatto. Korxona ishlarida esa unga manmanlik va tadbirkorlikka xos ziyraklikning yo‘qligi xalaqit berardi. Urushdan keyin ikkinchi qurilishlar avj olganda, u ko‘plab amerika va tayvan sarvini sotib oldi, ammo o‘z vaqtida sotilmay katta zarar ko‘rdi. Zararni qoplash uchun u filippin oq daraxti oldi-sotdisi bilan shug‘ullana boshladi va bu unga undan ham ko‘proq zarba bo‘lib tushdi: sal bo‘lmasa firmaning ham, ko‘chmas mulkning ham qarzlarni qoplash uchun qiya bo‘lib ketishiga sal qolgandi. Uni Yasuening ishi qutqarib qoldi: u otasining banki bilan muzokaralarga kirishdi, uning pullaridan va maslahatlaridan foydalandi, shu tariqa u firmaning amaldagi xo‘jayiniga aylandi.
Bu gaplarni eshitib, u qaynonasining qat’iyati va g‘ayratiga qoyil qoldi, ammo ayni vaqtda qaynotasining pastkashligidan hayratga tushdi. To‘g‘ri, Yasue uning pastkashligini har yo‘l bilan begona ko‘zlardan yashirardi, Nobutakening o‘zi esa, o‘zini bilib turib bilmaganga solardi. Axir shunaqasi ham bo‘ladimi – qanchalik tubanligingni boshqalar alayno oshkor ko‘rib tursa-da, sen o‘zing bunga iqror bo‘lmasang. Bu odamni battar jaholat botqog‘iga botirishi turgan gap. Balki, bunday hollar tez-tez uchrab turar, ammo aynan u hech qanaqasiga bunday holga tushishni xohlamasdi.
Bu Yasue deganlari qanaqa ayol ekan o‘zi-a – erining ahvoli mana bunaqa bo‘lsa, yana u bilan uzoq yillar qanday umrguzaronlik qilar ekan, hayronman… Agar Nobutake buni bilganda ham, ehtimol, o‘zi ko‘rgan-bilgan narsalarda kishini tahqirlovchi hech baloni payqamasdir ham. Shuncha yillardan beri chidab kelishi sevgiga kiradimi yoki nafratgami, ammo nima bo‘lganda ham ish juda chuqurlashib ketgandi.
Nobutakega qarar ekan, u bemisl nafratdan chuqur tashvishga tushdi – ehtimol shuning uchundirki, bular bari uning uchun u qadar begona muammolar emasdi.
Nisinaning qidirib topolmasligiga ko‘zi yetgach, u yana kiyimxonaga ketdi. U yerda oldingidan ham ko‘proq kiyim-kechaklar, narsalar va sovg‘alar xirmon bo‘lib yotardi. Bitta shoyi parchasini topish amri mahol edi Ammo u nimqorong‘i xonaning ichkarirog‘iga kirib bordi va ilgari e’tiboriga tushmagan bu tokchani ko‘rdi. Unda shoyi mato solingan yupqa quti yotardi.
Qarang-a. U qutini oldi va o‘zining karton qutisi yonginasiga cho‘kdi. Uni ochdi-da, tarashalarni oldi. Bular kattaligi mo‘yqalamda yozadigan tosh dovotdek yoki uncha katta bo‘lmagan, faqat uch baravar qalin yon-daftarcha keladigan, bo‘yalmagan yangi to‘rtburchak yog‘ochlar edi, har birining orqasiga tush bilan nomlar yozib chiqilgandi; “kriptomeriya”, “amerika sarvi” va hokazolar.
U qutidan bir necha bo‘lak shoyini oldi va tarashalarni o‘ray boshladi, ammo avval ularni hidlab ko‘rdi. Yangi, hali qurib bo‘lmagan yog‘och hidi anqirdi.
“Nobutakening otasi ko‘zini bog‘lab yog‘ochni hididan farqlay olardi. U buni “yog‘och hidlash” deb atagandi. Ular sheriklari bilan kim yaxshi hidlash o‘ynashganida u deyarli har gal g‘olib chiqar edi, – dedi unga Yasue kecha ertalab, bu tarashalarni ustaga buyurtma qilishayotganda. – Nobutake ham yoshligida, faqat uylanganidan keyin otasidan o‘rganib oldi va u ham bexato topa olar edi. Ertaga sizlarnikidagi bayramda ermak uchun shunday o‘yin uyushtirmoqchiman. Ko‘p o‘rmon savdogarlari bo‘ladi, qani, erim o‘zining hammadan oldin ekanini bir ko‘rsatib qo‘ysin”.
Yasue jilmayib gapirardi, ammo xotinining so‘zlaridan u jiddiy tortib qoldi. Qanday qilib Nobutake hammadan oldin bo‘lar ekan? Shunday katta yoshdagi qaynotasi mana bunaqa tarashalarni hididan yog‘och navini bilib ololsa? Ermak o‘z yo‘liga-yu, ammo nahotki Yasue bu o‘yin uning erini sharmandalikdan yetti qat yer tagiga kirgazib yuborishini tushunmasa? Bular barchasi unga g‘alati bo‘lib tuyuldi va to shomgacha unga tinchlik bermadi. Birdan u o‘ylab qoldi: bordi-yu… – va albatta Yasueni topib, undan so‘rashga azmu qaror qildi. Biroq Yasue allaqayoqqa g‘oyib bo‘lgandi – hoynahoy yog‘och to‘yi tadoriklari bilan band bo‘lsa kerak. Ish kuni tugagach, u o‘z joyiga bordi va Yasueni o‘sha yerdan topdi: u bo‘shab qolgan mehmonxona bo‘lmadagi javon oldida tik turgancha shosha-pisha qutidan nimanidir olardi.
“Eh, bu yerdamidingiz, – deb yubordi u. U yaqinroq bordi. Bordi-yu, xato qilgan bo‘lsa-chi? Mayli, nima bo‘lsa bo‘lar. – Siz ertaga musobaqada otang yutib chiqadi dedingiz. Men hammasini tushundim. Siz bir ayyorlik qilay deysiz-da”.
Yasue hayron bo‘lib unga qarab qo‘ydi va birmuncha muddat jim turdi. Keyin birdaniga gilam ustiga chiqib o‘tirishga taklif etib, uning qo‘lidan tortdi.
“To‘ppa-to‘g‘ri. Biz tarashalarda mayda-mayda o‘yiqchalar hosil qildik, tirnoqdan katta emas, shu bois ularni paypaslab sanab chiqsa bo‘ladi. Sen esa jim tur: bu haqda faqat men, u va Nisina bilamiz – o‘yiqlarni u yasab chiqqan”.
Hayron bo‘lib, u qaynonasiga qarab qoldi.
“Nega bunday qilayapsiz? Mayli, yutdi emas, yutqazdi ham deylik – bundan nima chiqadi?
“Yo‘q. Bu juda muhim – hidiga qarab daraxtni aniqlash – to‘lqinlanib dedi Yasue, unga yopishibroq cho‘kkalab o‘tirarkan. – Bordi-yu, kishi daraxtni yaxshi bilsa, demak u firmani boshqara oladi va ishda ilg‘or bo‘ladi. Albatta, tezda Nobutake hamma narsani senga beradi, ammo men hozircha u yuqori mavqeda turishini xohlayman. Ertaga turli odamlar tashrif buyuradi, ularning fikrlari bilan hisoblashishga to‘g‘ri keladi. Bu juda qulay payt. Biz hammani tong qoldiramiz”.
Shunda u uni o‘tirishga taklif qilish ma’nosida yengidan tortgan suhbatdosh ayolning barmoqlari hamon uning qo‘lida ekanini payqab qoldi. Do‘mboqqina, ho‘l qo‘l. Xira, nimqorong‘ilikda qaynonasining upa-elik surtilganday oqish qo‘llari va yuzi unga maftunkor tuyulib ketdi. Iyagidagi yengil ajinlar va taxlamlar bu tuyg‘uni faqat kuchaytirardi, xolos. Bu tuyg‘u hech bir qarshiliksiz, uyqu kabi tabiiy bir holda yuzaga keldi. Yana bir-ikki nafasdan keyin uni mahkam quchib olishga ham tayyor edi.
Birdan u yuzi oppoq, baroq qoshli erkak chehrasini esga oldi. Nisina. Ikki oy avval kech oqshomda ombordan idoraga qaytib kelgandi. Qorong‘i edi, chiroq faqat idora xonasida yonardi. U yerda birov borligini angladi va eshik tomon yo‘naldi, biroq shu lahzada eshik o‘zi ochildi va undan Yasue chiqib keldi. Nima, qaytar vaqt bo‘ladimi? – jilmaydi ayol. Uning yuzi qip-qizarib ketdi, qo‘llari bilan sochlarini tartibga solishga harakat qilardi. Eshikni yopishga shoshildi, ammo kuyov xonadagi divanda Nisina o‘tirganini ko‘rib qoldi. Shunda kuyov qaynonasining shu odam bilan don olishib yurganiga amin bo‘ldi.
Darvoqe, Nobutake erkak sifatida endi hech nimaga yaramay qolgandi, jo‘shqin Yasuening kim bilandir ahdi paymon qilishidan taajjubga tushishga ham hojat yo‘q edi. Shu bois u o‘shanda ko‘rgan narsasiga ortiq e’tibor bermagandi.
Ammo endi, o‘zi uning karashmalariga maftun bo‘lib qolgach, hayron bo‘lib o‘zidan so‘rardi: Nahotki Yasue duch kelgan odam bilan ishrat surib ketaversa? U Nobutakening otasi haqidagi hangomani esladi, u yoshliklarida Yasuega ko‘p yaxshiliklar qilgandi, balki u bilan ham oralarida bir gap bo‘lganmidi? Yasue qandaydir ko‘rinmas, ham sehrli, ham jirkanch rishta bilan chirmab olayotganini sezib, shart o‘rnidan turdi-da, xonadan chiqib ketdi…
Kiyimxonadagi g‘ira-shirada u tarashalarni yana bir qarab chiqdi, o‘yiqlar tushirilishi kerak bo‘lgan biqin tomonlarini paypaslab qo‘ydi. O‘yiqlardan nom-nishon yo‘q edi: axir o‘zi sal oldin omborxonada shu joylarini randalab chiqmaganmidi? Tarashalar sip-silliq edi.
Bunga iymoni komil bo‘lgach, u tarashalarni alohida-alohida oq shoyi matoga o‘rab chiqdi. Yana birozdan keyin musobaqa boshlanadi va o‘shanda Nobutake ularni qo‘liga oladi, hayron bo‘ladi va sarosimaga tushadi. Battar bo‘lsin. O‘zining yaramasligiga o‘zi iqror bo‘lsin. Yasue o‘zining nozik qo‘llari bilan uni hamma balo-qazolardan asrab-avaylab kelayotganini bilib, vijdoni qiynalsin.
U o‘rnidan turdi, tarashalarni oldi. Shu paytda mehmonxona bo‘lmada fortepyano yangradi. Buni Keyko chalayotgani aniq edi. Keyin tenor-Monkning ommabop kuylari ijro etilayotgandi. Umuman olganda, u zamonaviy kuylarga unchalik ishqiboz emasdi, ammo Keyko ularning ingliz tilini o‘rganib yurgan paytlardayoq uning musiqa bilan shug‘ullanishiga e’tibor berar va asta-sekin bu narsalar unga yoqib qola boshlagandi.
Musiqa hammaning ruhini ko‘tarib yuborgan bo‘lishi kerak: u mehmonxona bo‘lmaga kirib kelganida mehmonlar allaqachon yeb-ichishga tushib ketgan, g‘ala-g‘ovur qilar, tantanalar avjga mingandi. U tortli idishni stolga qo‘yib ulgurmasidan mehmonlardan kimdir uni tabriklagani keldi.
Mehmonlar bilan gap sotar ekan, ko‘zining qiri bilan royalda o‘tirgan xotiniga qarab qo‘ydi. Qip-qizarib ketgan Keyko notalarga qaramasdan uzun sochli yigit sherigi bilan Monkning orzular mavzuidagi variatsiyalarni chala ketdi. Esida: bir vaqtlar unga qora ko‘ylakdagi bu saksofonchini ismi Yatsugi deb aytgandi. Avvaliga Keyko iymanib yurdi, ammo saksofon bilan jo‘rlikda kuylar ijro etishlari barobarida barmoqlari ham dadil harakat qila boshlagandi. Yatsugi jon-jahdi bilan saksofonga puflar, sochlarini silkitar, ozg‘in gavdasi eshilib-eshilib ketar edi. Qolgan erkaklar: o‘rta yoshlardagi trubachi, soqoldor kontrabaschi va zarbchi Bolakay unga monand jo‘r bo‘lar edi.
Keykoning bunday jonlanib ketganini ko‘rib, uning rashki alanga oldi. Albatta, musiqaga berilish rashkka yo‘l beruvchi ishqibozliklardan emas. Ammo u Yasueda kutilmagan kuchli ayollik joziba borligini endi bilardi, Keyko esa bor-yo‘g‘i uning qizi edi.
To‘satdan stol bilan yonma-yon mikrofon oldida oqsoch Sekigava paydo bo‘ldi. Musiqa tindi, u so‘zlay ketdi. Sekigava o‘rmon savdosi uyushmasi raisi Simamoto, shuningdek ular firmasining doimiy tadbirkor sherigi Oose tabrik so‘zi aytishlarini o‘tindi.
Ana, boshlandi, o‘yladi u. Ham zerikarli, ham behuzur. Behuzurligi shundaki, hozir tabrikdan keyin Keykoni stolga chaqirishadi, tortni kesishga undashadi va hamma bu voqeani suratga oladi.
Bu marosim tugagach, Sekigava yana mikrofon oldiga bordi va gapira ketdi:
– Oldin aytganimdek, hozir e’tiboringizga bu xonadonda ko‘p avlodlar davomida o‘tkazib kelingan, ovoza qilinmagan musobaqani havola etamiz, u “yog‘och hidlash” deb ataladi.
E-ha, demak bu haqda men kiyimxonada o‘tirganimda e’lon qilishgan ekan-da.
– O‘z-o‘zidan ravshanki, bu musobaqa aslida bir o‘yin. Unda ichimizdan har bir kishi ishtirok etishi mumkin. Shunisi ham borki, ko‘plab mukofotlar tayyorlab qo‘yilgan.
Sekigava so‘zlar ekan, stol oldiga qidirib hech joydan topisholmagan Nisina keldi. U oltita yaxshilab o‘ralgan, oldindan chiylangan tarashani oq dasturxonga bitta-bitta terib qo‘ydi.
– Men urinib ko‘rsam maylimi? – sochini kalta qilib oldirgan Somiya stol tomon yurdi. Hoynahoy uni Yasue pishitib qo‘ygan.
Yasuening jiyani yosh qizaloq cholning oldiga bordi-da, ro‘molcha bilan uning ko‘zini bog‘ladi. Somiya miyig‘ida kulib qo‘lini tarashalarga cho‘zdi, keyin birdan qo‘rqib qo‘lini tortib oldi. Tomoshabinlar qah-qah urib kulib yubordi. Shu zahoti unga musiqa jo‘r bo‘ldi: Keyko royalda qaysidir yengil, tinchlantiruvchi kuyni chala ketdi. Bu Yasuedan chiqqan fikr, o‘yladi u. Juda yaxshi chalayapti.
Mehmonlar kulgusi va fortepyano ovozi ostida, hamma jonlangan bir paytda Somiya o‘ng chekkadagi tarashani olib hidladi-da, e’lon qildi:
– Yosinodan keltirilgan kriptomeriya.
Mehmonlar yana gurillab kuldi. Tarashaga “qizil qarag‘ay” deb aniq-tiniq qilib yozib qo‘yilgandi.
Olti tarashadan Somiya bittasini ham to‘g‘ri topolmadi. Ammo Yasuening jiyani baribir unga katta, yaxshilab o‘ralgan chiroyli qutichani topshirdi.
Birinchi urinish mehmonlarda ayricha qiziqish uyg‘otdi. Stol oldiga birin-ketin xohlovchilar kela boshladi. Bir ulgurjichining yosh xotini hid ajratishda uddaburon chiqdi va rosa uchta tarashani to‘g‘ri topdi. Keyin keksa yoshli o‘rmon savdosi raisi chiqdi, ammo u faqat bittasini topdi. Nobutakening ichib olgan sherigi tantanavor va baland ovozda tarashalarni topishga kirishib ketdi, ammo bitta ham yog‘ochni topolmay tor-mor bo‘ldi.
– Xo‘sh, uyning egasi nima deydi, axir u katta tajribaga ega! – ataylabmi yoki shunchalikmi, qarindosh-urug‘lar ichidan biri – yosh yigit nido soldi. Nobutake deraza yaqinida o‘tirardi va musallas simirardi, ammo yonidagilar uni stol tomonga itarib yuborishdi.
Uning ko‘zini bog‘lashdi. Oyoqlari uzun, musallasdan qip-qizarib ketgan Nobutake chayqalib ketdi. Keyko past ovozda fortepyano chalar edi.
Nobutakening yuragi duk-duk urib ketdi. Qaynota stolga yaqinroq bordi. Jiyanlari qurshovida sal narida turgan Yasuega qaradi. Yasue xotirjam tabassum ila eriga qarab turardi. Hozir nima bo‘lishini tasavvur qilib u nafasini ichiga yutdi.
Nobutake stolni paypasladi, o‘ng tomondagi chetki tarashani tutdi-da, uni apil-tapil yuziga olib bordi.
– Kisyudan keltirilgan sarv… – dedi u asta o‘ziga-o‘zi gapirganday. Mehmonlar shovqin solib yuborishdi. Tarashada aynan shu yozilgandi.
– Amerika sarvi, – dedi qaynota bir qadar shoshib, stoldan navbatdagi tarashani olarkan. Mehmonlar yana to‘lqinlanib ketdi, qarsaklar yangradi. Nobutake tag‘in to‘g‘ri topdi.
U hayrat bilan qaynotasining qo‘llariga qaradi: unga Nobutake biqin tomondagi tarashalarni paypaslab ko‘rishni bamisoli esidan chiqarganday tuyulib ketdi. Ammo u juda uzoqda o‘tirardi va u yoqdan uncha yaxshi ko‘rinmasdi. Darvoqe o‘yiq baribir yo‘q edi va u hech narsani tushunmayotgandi.
Uning hayratdan o‘ziga kelishiga imkon bermay, Nobutake birin-ketin barcha tarashalarni to‘g‘ri topdi.
Mehmonxona bo‘lmasi “qoyil,qoyil” degan hayqiriqlardan va qarsaklardan larzaga keldi. Nobutake yengil jilmayib qo‘ydi, go‘yo bu shovqinga uning daxli yo‘qday.
Ko‘zbog‘ichni yechdirib, qaynota deraza oldidagi o‘z joyiga qaytdi.
U hamon tik turardi, bular bari to‘g‘ri ekaniga ishonmas, nima deb o‘ylashni bilmas va nima deyishni ham fahmlayolmas edi. Bu uning o‘zimi yo boshqa odammi? Yoki Nobutake qandaydir jodu kuchiga egami? Demak, u ba’zilar o‘ylaganidek tuban odam emas ekan-da?
U Yasuega qaradi. Yasue hamon o‘sha joyda jiyanlari bilan pinagini ham buzmay gap sotardi. Uning ko‘ngli to‘qligi shundoq ko‘rinib turardi. Balki eri tarashalarning sirini qanday topganini xotinidan so‘rab ko‘rgani ma’quldir.
Shu top u Keykoning o‘rnidan turib, onasi tomon yo‘l olganini ko‘rdi. Yarim yo‘lga kelganda qiz bamisoli uning nigohini sezgandek unga qarab jilmayib qo‘ydi. U qo‘li bilan uni o‘zi tomon chaqirdi, qiz keldi – u terlab ketgandi, ammo har doimgiday yoqut chehrasi yalt-yult qilardi.
– Xo‘sh, qalay bo‘ldi? – so‘radi Keyko.
Savol xotinining o‘yini ustidan berilgani aniq edi, biroq yigit beixtiyor butunlay boshqa narsa haqida gapirdi:
– Otam hammasini topdi. Taajjub.
– Ha, – bosh irg‘ab dedi Keyko, garchi hammasi to‘g‘ri bo‘lganiga gumonsiraganday ohangda. Bu gap ohangi unga shubhali tuyuldi. Keyin ayol qo‘shib qo‘ydi: – Hamma shunday deb o‘ylayapti. Buni esa men unga xufyona aytdim.
Yigit quloqlariga ishonmadi.
– Sen-a? Bo‘lishi mumkin emas. Qanday qilib aytding?
– Men unga cholg‘um ovozi bilan aytib turdim. Men ba’zi notalarga urg‘u berdim, zarblar miqdori esa tarasha raqamini bildirardi.
Bir lahzacha u nima deb javob berishini bilmadi va indamay xotiniga qaradi. U boshidan zarba yegan-u, sira o‘ziga kelolmayotgan odam holiga tushgandi. Na Keykoni, na Yasueni ko‘rishga ko‘zi yo‘q edi. Mana bu odamlarga to‘la, dimiqib ketgan tanobiy ham yigitning ko‘ziga balodek ko‘rinib ketdi.
U indamay dahlizga bordi, oyog‘iga kiyib tashqariga chiqdi. Liftda birinchi qavatga tushdi va shohroh tomon odimlab ketdi. Oqshom cho‘kib bo‘lgan edi.
Dengiz tomondan yoqimli, salqin shabada esardi. Shoshiladigan joyi yo‘q edi, ammo u tez yurib borardi va faqat uncha katta bo‘lmagan tosh ko‘prikka yetgandagina to‘xtadi. Ko‘prik tagidan xuddi firma oldidagiga o‘xshash ensiz anhor oqardi. Suvga engashib, u bu yerga kelish uchun nega shoshgani yodiga tushdi. Na faqat Yasue, balki qizi Keyko ham uni o‘ziga bildirmay ko‘rinmas rishta bilan qanday o‘rab-chirmab olishni bilarkan. Ular orasidan chiqib olish uchun keldi bu yerga. Ammo bu foydasiz edi. Tun zulmati qurshagan kabi nimadir uni qurshab olgandi.
U tashnalikdan qiynalib ketgan odamday qop-qora suvga qarab qo‘ydi. Tong chog‘i otasi bilan Nakagava daryosidan pastga qarab suzganlari esiga tushdi. Osmon to‘q-ko‘k tusda bo‘lib, hali yulduzlar ko‘rinib, shamol esib turardi. Mavjlar uzra chayqalgancha qayiq xuddi kumushrang forel kabi yulduzli bo‘shliq tomon o‘qday uchib borardi.
Endi qop-qora osmon ostida parvozning bu tuyg‘usi yana qaytib keldi va o‘ziga ham hozir yulduz shu’lasiga peshvoz suzib borayotgandek tuyulib ketdi.
Rus tilidan Dildorxon Aliyeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 9-son