Kotiba somonrang sochlarini silkitib, ichkariga bosh suqdi va dedi:
— Janob direktor, hamkasbimiz Svaybayn huzuringizga kirmoqchi.
Korxona rahbari qog‘ozlarga ko‘milgan ko‘yi xayol surib o‘tirarkan, boshini ko‘tarmay so‘radi:
— Nima ishi bor ekan?
— Zarur ishim bor deyapti…
— Mayli, kirsin.
— Favqulodda shoshilinch masala chiqib qoldi, janob direktor, — dedi Svaybayn xonaga xovliqib kirib kelarkan. — To‘g‘rirog‘i, korxonamizda sodir bo‘lgan ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqea yuzasidan…
— Marhamat qilib, fikringizni aniqroq ifoda qilsangiz, — dedi korxona rahbari, oldidagi qog‘ozlarni bir chetga surib qo‘yarkan.
— Hozir, janob direktor, — Svaybayn chuqur nafas oldi. — Gap shundaki, oshxonada ayollar brigadasi to‘planib olib… adashmasam yigirma chog‘li…
— Xabarim bor, — dedi direktor quruqqina qilib. — Xo‘sh?..
— Tasavvur qiling, janob direktor, ichkariga kirishimni bilaman, anovi bor-ku, haligi… Mittentsvay, o‘sha, ishonasizmi, ko‘zim tushishi bilan… kamina tok urgandek…
— Xo‘sh, xo‘sh? Nimaga ko‘zingiz tushdi?
— O‘sha Mittentsvay, — bidillab so‘zida davom etdi Svaybayn, — barcha ayollarni yoshi qari demay, shundoq ko‘z o‘ngimda o‘pa boshlasa bo‘ladimi! Tag‘in, yonoqlaridan emas, to‘ppa-to‘g‘ri lablaridan o‘pyapti deng. Uylangan, bola-chaqali odam bo‘lsa, uyat emasmi, janob direktor?
Direktor biroz jim qoldi-da, so‘ng sigareta tutatdi. Keyin go‘shakni qo‘liga olib, Mittentsvay huzurimga kirsin, dedi.
— Adashmasam, Mittentsvay xotin-qizlar brigadasining yetakchisi, shundaymi?
— Xuddi shunday, janob direktor! Svaybayn shu damda negadir to‘lqinlanib ketdi. — Axir, o‘zingiz o‘ylang, janob direktor, xizmat mavqeidan foydalanib, shunaqa ishlarni qilib yurganini bitta-yarimta og‘ziga kuchi yetmagan bilib qolgudek bo‘lsa bormi, korxonamiz sha’niga…
Xuddi shu payt kotibaning “Mittentsvay keldi” degan so‘zlari eshitildi.
— O‘tiring, hamkasb Mittentsvay, — dedi korxona rahbari unga yuzlanib. — Hamkasb Svaybaynning aytishicha, Siz… — direktor bir yo‘talvolib, so‘zida davom etdi. — Siz brigadangizdagi barcha xotin-qizlarni… o‘pganmishsiz. Shu to‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, — dedi Mittentsvay xotirjam ohangda.
— O‘ho‘, — deb qo‘ydi shu payt Svaybayn qitmirona ohangda va nigohini shipga qadab oldi.
— Hamkasb Mittentsvay, — dedi direktor, — bu xatti-harakatingizning sababini bizga tushuntirib bera olasizmi?
— Albatta, — dedi Mittentsvay. — Bu xatti-harakatimni har yili takrorlab turaman. Aniqrog‘i, o‘n yildan beri, ya’ni brigadir bo‘lib ishlayotganimdan buyon.
Shu so‘zlardan so‘ng Svaybayn direktorga ma’noli nazar tashlab, kursisiga joylashibroq o‘tirib oldi.
— Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsam, — Mittentsvay xotirjam davom etdi, — muayyan bir kuni. Bilasizmi janob direktor, maoshimiz o‘zingizga ma’lum, yigirmata guldasta olishga qurbim yetmaydi, shu boisdan…
— O, gap bu yoqda deng, — dedi direktor jilmayib. — Muayyan bir kuni bo‘lsa mayliga. Lekin bu gal ayollarimizni o‘pib qo‘yishning o‘zi kamlik qiladi. — U Svaybaynga o‘girildi. — Marhamat qilib, oshxonaga tushing-da, mening nomimdan yigirma shisha limonad buyuring.
Svaybayn arang o‘rnidan turdi. Uning yuzi oqarib ketgandi. U ketishga chog‘langan edi, Mittentsvay yengidan ushlab to‘xtatdi.
— Kechirasiz, adashmasam, uylangansiz-a?
Svaybayn “ha” ma’nosida bosh irg‘adi.
— Rafiqangizni tabriklab qo‘ydingizmi?
Svaybayn hech narsaga tushunolmay, biroz o‘ylanib qoldi.
— Bugun bayram, — dedi direktor tantanavor ohangda.
— Rafiqangizga achinaman, — dedi Mittentsvay bosh chayqab. — Afsuski, mening brigadamda emas-da. Yo‘qsa, bayramga ajoyib sovg‘a olardi-ya…
Olmon tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi