Ivan Franko. Million (hikoya)

Zalepigaga achinuvchi yo‘q

Mexaylo Zalepiga tirikchilik ishlariga mazasi yo‘qroq odam edi. Borislav shaharining ko‘chalaridan o‘tgan odam, albatta, birorta pivoxonada yoki pivoxonaning yon-verida hadeb mana bu bitta qo‘shiqni ayta beradigan bir mast va xirqiroq ovozini eshitar edi:

Qo‘y, achinma, ey sevgilim,
Ichkilikni tashlash qiyin!
Xo‘p achinib, xo‘p yig‘larsan
Ichib o‘lganimdan keyin!..

Istagan kishi qo‘shiqchining o‘zini ham ko‘ra oladi, qo‘shiqchi, o‘z odati bo‘yicha, pivoxona ustali orqasida boshini quyi egib va aytgan qo‘shig‘ining zarbiga moslab ustalini chertib o‘tiradi. Agar pivoxonada bo‘lmasa, uchragan bir burchakka turtina-turtina, qo‘shiq orasiga har xil so‘zlarni aralashtirib, ko‘cha-ko‘ylarda aylanar edi.
– Padaringga la’nat, shaytonlar, mushtumzo‘r boylar! Niyatingizni bilaman men, bilaman! Yo‘q, yetolmaysiz niyatingizga! Mexaylo Zalepiga siz aytgan yumshoqxamirlardan emas!
Bir nafasgina to‘xtaladi Mexaylo, gavdasini salmog‘ida tutmoq uchun oyoqlarini keng qilib yozadi va so‘ngra yana o‘sha xirqiroq ovozi bilan cho‘zib ketadi: “Yo‘q, achinma, ey sevgilim…” So‘ngra yana qo‘shiqni kesib, gapga o‘tadi:
– Ha, ha, achinma! Rost-da, achinadiganning o‘zi yo‘q-da. Mening sevgilim bo‘lsa, Xudoning g‘aznasiga qarab ketdi, endi menga baribir. Chindan, ul-bulim bor, boshimga urarmidim men uni? Kim uchun ishlayman men? O‘zimning bola-chaqam yo‘q. Xotinimning tug‘ishganlari bo‘lsa… Hey-hey, niyatingizga sira yetolmaysiz siz, boylar… Yaxshisi shuki, hammasini ichib tugataman! Mayli, hammasi sovrilib bitsin, ishqilib, sizga tegmasa bo‘ldi! Yo‘q, sizga tegmaydi, siz bizning jigar-bag‘rimizdan o‘tkazgansiz, mushtumzo‘r boylar!
Yana gapni to‘xtatadi-da, mushtlarini do‘laya-do‘laya tag‘in qo‘shig‘ini tortib yuboradi.

Bir boy yana bittasidan
Hamyon kutadi.
Kambag‘alning umri nega
Ichib o‘tadi?

Boylar, boylar, hech narsani
Bilmaysiz sizlar.
Sizga shirin ishlab, achchiq
Ichamiz bizlar!..

Dehqonchilik ishlarida hech narsaga yaramaydurgan odam edi bu Mexaylo Zalepiga.
Rost, xotini tirik vaqtida bu ham boshqalardan qolishmas edi. Uning bisotida bor-yo‘g‘i uch desyat yomon va unumsiz yeri bo‘lsa ham, har holda hech kimning bir burda noniga muhtoj bo‘lmagan edi. Ular yolg‘iz ikki jongina edilar. O‘zlari ham tinch va qanoat bilan yashardilar, o‘z yerlarida ishlardilar, qo‘ni-qo‘shnilari ham ularni hurmat qilishardi.
Ularning bir nechta bolalari ham bo‘ldi, lekin turmadi, o‘lib ketdi. So‘nggi bolalari qiz edi, bo‘yiga yetgan vaqtida – o‘n sakkiz yoshida o‘lib ketdi. Zalepiganing mas’ud turmushini buzuvchi birinchi zarba – o‘sha qizning o‘limi bo‘ldi.
Uning xotini boy avlodning qizi edi. Borislav shaharida u xotinning yana uchta og‘a-inisi bo‘lib, ular ham boy kishilar edi. Xotin, erga beriladigan qalin o‘rnida, yana uch desyat yer berdikim, u yer ham Zalepiganing o‘z yeriga tutashardi, lekin haligi so‘ng farzandi – qiz o‘lgandan so‘ng, xotinining og‘a-inilari Zalepiga bilan xotinidan o‘sha “ota-bobodan qolgan” yerning o‘zlariga qaytarib berilishini so‘ray boshladilar.
– Nima keragi bor sizga? Siz ikkovingiz ham qarib qoldingiz, mundan keyin bola ham ko‘rmaysiz, qo‘lingizdagi uch desyat bilan ham o‘tib ketarsiz. Bizning hammamizning ham bola-chaqamiz ko‘p, bizga – bolalarimiz uchun – darkor bo‘ladi.
Zalepiganing xotini bu gaplarga ishondi va u yeridan kechganligi xususida qog‘ozga qo‘l qo‘ydi. Uning og‘a-inilari esa ota yerini qo‘lga kirgizganlaridan keyin, o‘shandayoq neft kavlatuvchi boylarga sotib yubordilar. Munday xiyonat, munday sotqinlik – er va xotinni bab baravar ko‘ngillarining eng chuqur yeridan o‘rtab ketdi.
– Shunaqami hali, hurmatli birodarlar, – dedi Mexaylo ularni bir kun pivoxonada uchratib qolib. – Shunaqa qilasiz ekan-da! Nima ham derdik, juda yaxshi ish qildingiz, bizning haqqimizda! Biz u ota yerini sizga – neftchi boylar u yerda zavod kavlatsinu, tekkan pulga siz ichib o‘ynang, deb bergan ekanmiz-da!
– Tur nari, tentak chol! – dedi og‘a-inilardan biri. – Bizga yer bergan bo‘lsangiz, guvohlarning oldida bergansiz, qanday maqsad bilan berganingiz to‘g‘risida bir og‘iz ham gap bo‘lgan emas. Modomiki, bizga berdingiz, yer bizniki. Modomiki, yer bizniki – biz uni nima qilsak ixtiyorimiz.
– Bekor aytasiz! – deb, uning so‘zini kesdi Mexaylo. – Biz sizga u yerni bolalaringiz tasarruf qilsin, deb berganmiz. Neftchi boylarga sotib o‘ynash oson gap, uni hamma ham qila biladi.
– Modomiki, siz eplayolmagan ekansiz, demak, har kim qila oladigan hunar emas ekan, biz bo‘lsak, mana, epladik, – dedi og‘a-inilardan yana biri.
– Kuling, kula bering, lekin men bu ishni shu bo‘yicha qoldirmayman.
– Ha, nima qilarding?
– O‘zim bilaman nima qilishimni. Yolg‘iz, sizga qanday tatishini bilmayman.
– Bor endi, chol, o‘zingni telbalikka urma, – dedi og‘a-inilarning uchinchisi, Mexayloning yelkasiga urib turib. – Yaxshisi, uka, biz bilan o‘tirib, bir stakanni urib ol, bir marta xurjundan tushgan narsa qaytib topilmaydi.
– O‘tirish bo‘lsa, o‘tirib ichish bo‘lsa icharman, lekin haq yo‘ldan qaytmayman. Odamlarni chaqiraman, guvohlarni to‘playman, mayli, o‘shalar hukm qilishsin. Qani, sizning qilgan ishlaringiz to‘g‘rimikan, yo‘qmikan?
– Xayr, mayli, chaqiraver, mayli, hukm qilsinlar! Lekin biz senga hozirdan aytib qo‘yamizki, biz sizning hukm-mukimingizga tupurib qo‘yamiz. Bizni nima qila olardi sizning hukmingiz?!
Gapning rosti, Mexaylo Zalepiga yer to‘g‘risida uncha ham kuyukmas edi. Unga yolg‘iz “haqsizlik” va haligi og‘a-inilarning firiblari og‘ir keldi. O‘sha haqsizlik, o‘sha yolg‘onni “odamlar va guvohlar” oldida ochib ko‘rsatmakchi bo‘lardi. U bu ishdan nimalar chiqishi va o‘ziga qanday foyda bo‘lishini hatto xayoliga ham keltirmas edi.
Shu uchun qarindoshning haligi so‘zi unga sira kutilmagan bir narsa bo‘lib chiqdi. U uchala og‘a-iniga bir-bir ko‘z yugurtib chiqdi-da, og‘ir dam olib turib, dedi:
– Ha, shunday ekan-da! Siz odamlarga ham, yurt-olamga ham tupurasiz ekan-da! Ota yerini neftchi boylarga sotdingiz, endi kutib yotirsiz! Ilohim, o‘lganimizdan keyin o‘sha yerning o‘zi o‘liklaringizni go‘rdan irg‘itib tashlasin!

Oilaviy urush

Mexaylo bilan uning qarindoshlari orasidagi so‘z janjali bora-bora mushtlashishga o‘tdi. Og‘a-inilar o‘z pochchalari bo‘lgan Zalepigani tutib olib shu qadar urdilarki, ham odam, ham guvoh chaqirishga to‘g‘ri keldi.
Zalepiganing xotini ham yig‘i va qarg‘ishlar bilan og‘a-inilarning uylariga qarab chopdi, uning maqsadi – kelinbibilarini erlariga qarshi qo‘zg‘atmoq edi. O‘sha shumli voqeadan, ya’ni yer sotishdan so‘ng erlari butunlay ichkilikka berilib, pivoxonadan chiqmay qolganlaridan, kelinbibilar darrov alamzada xotinga qo‘shilib ketdilar.
Shunday qilib, odatdagi janjallari, qarg‘ishlari, butun qishloqqa eshitiladigan shovqinlari va mushtlashishlari bilan birga chinakam bir oilaviy urush boshlandi. Urushning ko‘p og‘irligi, albatta, xotinlar zimmasiga tushar edi.
U xotinlarning biri urushning qizg‘in vaqtida erining yalang oyoqlariga qaynoq suv to‘kib yubordi, natijada er bechora ikki oygacha qo‘zg‘alolmay yotdi. Balki shu xotinning qilgan ishi hammanikidan ham foydali bo‘lgandir, nega desangiz, yer pulining qolgan bo‘lagi ichkilikka sarf bo‘lishdan saqlanib qoldi.
Yana bir xotinning muvaffaqiyati ikki baravar katta bo‘lgan edi. U xotinning eri hushyor bo‘lgan vaqtda xotinga zo‘r kelar va uni urardi. Endi eri esrik bo‘lgach, xotini zo‘r keldi va qishloqdagilarga qiziq “tomosha”lar ko‘rsatib – erining sochidan tortib pivoxonadan olib chiqdi. Bu xotin shu vaqtda bir qo‘li bilan erining sochidan tortib borgani holda, tili bilan to‘xtovsiz tergar va tergash yaxshiroq kor qilsin, deb yana bir qo‘li bilan erining yelkasiga va biqinlariga tushirar edi.
Hammadan uchinchi akaga yomon bo‘ldi. Unikida er bilan xotin shu qadar qattiq urishdilarki, natijada xotini bolasini ko‘tarib, boshqa birovlarnikiga xizmatga kirib ketdi. Eri bo‘lsa, ikki yildan so‘ng ro‘zg‘or, ot-mol va yer-suvni ichkilikka sotib berib, o‘zi opasining yerini sotib olgan neftchi boyga zovur kavlash uchun qora ishchilikka yollandi.
Ana o‘sha uka bilan uning opasi (Zalepiganing xotini) o‘rtasida bo‘lgan hangomalar qo‘rqinch va og‘ir eshitiladi kishiga. Ba’zi vaqtlar bo‘ladikim, erta sahar u yigit biroz shirakayf holda ustiga iflos va mog‘or bosgan bir chakmon kiyib, xuddi neftli yerday qop-qorayib ketgan bashara bilan, bukchayib ishga o‘tib qoladi. Bu vaqtda uning o‘tayotganini o‘z uyida turib ko‘rgan opasi yugurib tashqariga chiqadi-da, ukasini qarg‘ab yig‘lay boshlaydi.
Opa sho‘rlik ukasidan shu qadar yomonlik ko‘rgani holda yana ham unga achinadi, ham qo‘lidan ketgan otameros yerga achinadi. Kimni qarg‘ab, kimga la’nat aytishni o‘zi ham bilmay qoladi.
– Sho‘rlik ukam, sening shu hollarga tushib, nemislarnikida zovur kavlab yurganingni ko‘rganimdan ko‘ra o‘zingning yerlarga ko‘milganingni ko‘rsam, yaxshiroq bo‘lardi! Xayr, mayli, kavla, kavlay ber! Kavlab-kavlab bir kuni marhumlarning – otam bilan bobomning o‘liklariga ham yetarsan! Ularni yaxshilab ko‘rgil; yaxshilab ko‘rgilkim, qonli ter bilan topgan yerlarining o‘g‘illari tomonidan qanday qadrlanganini ko‘rib, ular ikkalasi ham yotgan joylarida yuzlarini burib olsinlar! Sen o‘zing ham esingdan chiqarmasdan, o‘zingning qanday izzat bilan yashaganingni marhumlarga aytib bergil. Taxta tokchalar ostida, itlar bilan bir qatorda qanday qilib uxlaganingni aytib bergil! Aytib bergil ularga hammasini, bitta qo‘ymay aytib bergil!
So‘ngra u xotin birdan qo‘llarini to‘lg‘ab, baqirib, xuddi o‘likka yig‘laganday, yig‘lamoqqa boshladi.
– Ukajonim, o‘zimning jonim ukam! Men seni sevmasmidim! Yosh bolalik vaqtingda, onamiz o‘lib, ikkovimiz ham onasiz qolgach, men senga qarab boqqan emasmi edim! Kasal bo‘lgan vaqtlaringda senga qarayman deb ozmuncha kechalarni uyqusiz o‘tkazdimmi! Men sho‘rlik bir kun kelib, bizning boshimizga munday qora kunlar tushajagini va senga Xudodan jazo tilayajagimni qachon o‘ylagan, qachon bilgan edim, deysan?! Seni bu yo‘lga solganlarga, seni butun el oldida rasvo qilganlarga sira oson o‘lim bermasin, ilohim!

Nima uchun Zalepiga ichadigan bo‘ldi?

Uka butun shu qarg‘ishlarni, o‘z odati bo‘yicha, boshini quyi egib, indamasdan turib eshitardi. Lekin bu ko‘z yoshlari va bu yoshlik zamonlarini eslashlar uning yurak-bag‘rini tilkalardi. Uning yuragiga qon to‘lar, vijdon azobi unga aslo tinchlik bermasdi.
Bu kun, qattiq mast vaqtida, ul ortiq chiday olmasdan, baqirib yubordi: “Jim bo‘lasanmi, jodugar xotin yo yo‘qmi?” va shu so‘z bilan birga qo‘lidagi toshni opasiga qarab otdi. Uning o‘z gapiga qaraganda, haligi tosh kichkina, odam mushti qadar ham kelmas ekan, lekin juda zo‘r kuch bilan otilgan bo‘lsa kerakkim, sho‘rlik opa darrov “jim bo‘lish” bilangina qolmasdan, balki o‘sha onning o‘zida bo‘g‘iq bir “voy” bilan yerga yiqildi. Bu “voy” ovozini eshitgan hamon uyidan yugurib chiqqan Zalepiga xotinini yig‘lab turg‘izdi. Xotinning bir ko‘zi o‘yilgan, peshonasida qonli yaraning o‘rni ko‘rinardi. Unda na baqirish bor va na “voy-voy” – yolg‘iz hushidan ketgan edi.
Yarim o‘lik holida uni Dragavichga olib ketdilar. Do‘ktorlar yolg‘iz chap ko‘zining ishdan chiqqaninigina emas, hatto bosh kosasining ham singanini so‘zladilar. Bir necha kun qiynalgandan so‘ng, xotin o‘ldi; ukasini esa avaxtaga soldilar. Unda o‘zining ozod kunigacha yetib borolmasdan, u ham o‘ldi.
O‘sha vaqtdan beri Mexaylo Zalepiga ichadigan bo‘lib qoldi. O‘z uyi, o‘z ro‘zg‘ori, o‘z qishlog‘i – hammasi-hammasi ko‘ziga xunuk ko‘rinib qoldi. Yosh juvonlar unga yana bir uylanishga kengash bergan vaqtlarida, u yo‘q deganday qilib qo‘l siltardi, xolos. Birdan emas, oz-ozdan ichib yurib, oxirda shu darajaga yetdiki, shu yorug‘ dunyoda uning doim o‘ylaydigan narsasi, yolg‘iz bir istagi aroq bo‘lib qoldi.

Har tomondan neft izlaylar

Shunday qilib, ikki yil o‘tdi. Mexaylo butunlay ichkilikka yutilib ketdi. Ro‘zg‘or tamom tashlangan, ot-mollarni aroq pullari uchun qovoqchi tortib olgan. Bug‘doylar allaqachon sochilib bitgan. Hovlining dovoli qulab tushgan va hatto ro‘zg‘or buyumlarining ko‘pi uydan pivoxonaga tashilgan edi.
Zalepiga yolg‘iz tunamak uchungina uyga kelar, kunduzlarini esa butun pivoxonada o‘tkazar edi. U o‘zi oz ichardi, lekin ko‘p ichish orqasida shu qadar bo‘shashgan edikim, 2-3 stakancha aroq ham uni juda yomon mast qilib tashlardi. Unda yolg‘iz birgina jonli his qolgan edikim, u ham bo‘lsa, “boylar”ga dushmanlik edi; lekin u boylar ham yerlarini neftchi boylar – konchilarga sotmoq bilan kundan-kun yer-suvlaridan ajrab borardilar. Konchi boylar esa dunyoning har tomonidan Borislavga qarab oqmoqda edilar. Ularni bu tomonga tortgan narsa neft konlari orqali tez va oson boy bo‘lish havaslari edi.
– Nima ishlar bo‘layotir bu yerda, nima ishlar bo‘layotir bu yerda? – deb g‘udurlanardi ul o‘zicha. – Qarangiz, qarasangiz-chi, xuddi shimoliylarga o‘xshab qancha ifloslar yig‘ilgan bu yerda! Filip Bo‘nakning yerida besh zovur kavlaylar, Matveynikida to‘rt, ana u eslik qaynimning yarim yeri qo‘lidan chiqib ketgan va bu ham yetmaganday, yana tag‘in xuddi o‘z derazasi oldida tog‘day tuproqlarni uyib tashlaganlar! U yerda ham, u yerda ham, u yerda ham! Har tomonni kavlaylar, har joyni axtaralar, har qaydan haligi la’nati neftni topib chiqaralar, neft bilan bo‘g‘ilib o‘lgurlar! Rahmatlik xotinim tomonidan og‘a-inilariga qaytarib berilgan va ular tomonidan mushtumzo‘r boylarga sotilgan yerda esa o‘nta zovur kavlab qo‘yganlar; har birining chuqurligi besh-olti sarjin keladi, ba’zilari hatto yigirma-yigirma besh sarjinga ham yetadi.
O‘sha yerni deyarlik bekorga sotib olgan mushtumzo‘r hozir katta boy, Borislavdagi birinchi aroq zavodining egasi. U yana ikki bo‘lak yer sotib olib, unda ham yigirma beshta zovur kavlatayotir.
Rost aytadi Zalepiga, insof qilib aytganda, hech qaysi yer o‘sha mushtumzo‘r boyga Zalepiganing rahmatlik xotinidan o‘tgan yer qadar foyda bergani yo‘q. Yana deyarlik bekorga olingan boshqa yer bo‘laklaridan esa o‘n, o‘n besh, yigirma sarjin chuqurligida qancha zovurlar kavlanib, hech biridan neft chiqmadi. Ikkita zovurni yigirma besh sarjin qadar kavlagandan so‘ng, tagidan chashma chiqib qolgani uchun tashlab ketishga to‘g‘ri keldi.
Zalepiganing xotinidan o‘tgan o‘sha yer Shixter degan konchi boy uchun chinakam oltin koni bo‘ldi. Shu uchun Shixterboyning o‘sha yer bilan chegaradosh bo‘lgan bir bo‘lak yerga – Zalepiganing o‘z xususiy mulkiga ham ko‘pdan beri tish qayrab yurishi sira taajjub emas. U yerni sotib olmoqchi bo‘lib Shixterboy necha martalab Zalepiganing yoniga keldi, lekin Mexaylo u xil gaplarga quloq solishni ham istamas edi. Zotan, ishlik gaplar uchun Zalepiganing vaqti ham yo‘q edi, negakim, u o‘z odati bo‘yincha ichib o‘tirgan yoki endigina hushiga kelib turgan bo‘lardi. So‘ngra, gapning to‘g‘risini aytsak, qo‘lda ichishga yetarlik narsa bo‘lgandan keyin yer sotishning nima keragi bor o‘zi?

Shixterboyning ko‘zi Zalepiganing yerida

Endi hamma ishni poyoniga yetib borardi. Ichkilik olgani hech narsa qolmadi va hatto qovoqchidan ham ancha qarzdor bo‘lib qolindi. Shixter boyning fikricha, “ishlash” uchun eng qulay fursat shu edi, zotan, Mexaylo o‘zi ham pivoxonaga kirmasdan qayg‘ili va o‘ychan… qishloq ko‘chalarida aylana boshlagan edi.
– Kun oydin, Mexaylo afandi! – dedi bir kun Shixter Mexayloning uyiga kirib kelib. Bu vaqtda Mexaylo qo‘lida tayoq, hovlining o‘rtasida to‘xtab, allanarsani o‘ylash bilan mashg‘ul edi.
– Kun oydin! – deb javob qildi Mexaylo zo‘rg‘a, bir marta unga qarab qo‘yib.
– Nimalar qilayotirsiz?
– Nima to‘g‘ri kelsa – shuni; ishqilib, tirikmiz.
– Unday desangiz, hammamiz ham, Xudoga shukur, tirikmiz. Bu bilan ishlaganlik va ish qilganlik chiqmaydi! Yeringizni nima qilmoqchisiz, yeringizni?
– Yerimni, dedingizmi? Nima qilardim? Yota beradi. Yer ovqat so‘ramaydi-ku.
– Aytganingiz rost, yer degan narsa ovqat so‘ramaydi, lekin, Mexaylo afandi, siz o‘zingiz yeb-ichishingiz kerak-ku, axir.
Mexaylo Shixterga tongir qosh nazari bilan bir qaradi-da, istamagani holda javob berdi:
– U mening o‘z ishim! Sizga yalinib bormayajakman!
– Yo‘q, yo‘q, Mexaylo afandi, sizga qattiq tegmasin! Men faqat yeringizning bekor yotganiga achinayotirman. Nimaga ishlatardingiz siz uni? Nima beradi u sizga? Mehnati ko‘p bo‘ladi-yu hech qanday unum bermaydi. Menga sotsangiz, yaxshigina haq berardim, qarigan vaqtingizda sizga yetib ortardi.
– Xo‘sh, qancha berar edingiz?
– Hamma yeringiz o‘zi qancha keladi?
– Uylar bilan bog‘larni chiqarib yuborsak, uch desyat.
– Unday bo‘lsa, o‘shalarning hammasiga uch yuz qiron beraman.
– Desyati qanchadan bo‘ladi unda?
– Yuz qirondan, shuni oz deysizmi? El bahosi, azbaroyi xudo, yurt bahosi!
– Xo‘sh, Shixterboy, mening qaynilarimdan sotib olgan bir desyat yeringizni, haligi menga chegaradosh bo‘lgan yeringizni hozir o‘zingiz qanchadan sotar edingiz?
– Men u yerni sotmayman, – deb kulimsirab qo‘ydi Shixter.
– Albatta-da, siz undan g‘azna topib oldingiz, hidi yomon bo‘lsa hamki, ishqilib, – oltin. Xo‘sh, endi mening yerimdan shunday boylik chiqmaydi, deb kim ayta oladi?
– Ey Mexaylo, siz qiziq odam ekansiz. Nimalar deb yotibsiz! Yeringizda hech narsa yo‘qligini bilsam, men uni olarmidim? Sizning yeringizga arpa ekib ko‘kartirishdan boshqa durustroq ishim yo‘q, deb o‘ylaysizmi?
– Agar mening yerimda chinakam g‘azna bo‘lsa, uni bekorga qo‘ldan chiqargali – men nima – ahmoqmidim?
– Nega bekorga bo‘lsin? Yuz qiron-chi? U pul emasmi?
– Yo‘q, Shixterboy. U arzimas pul!
– Hah-ha! Agar arzimas pul bo‘lsa, boring, ko‘chadan topib ola qoling! – deb xitob qildi ranjigan Shixter.
– Istab o‘tirish ham kerak emas, o‘zlari keladilar menga! – dedi-da, uyiga kirib ketdi Mexaylo.
– Mexaylo afandi, Mexaylo afandi… Shoshmang! – deb orqasidan qichqirdi Shixter.
– Xo‘sh, nima gap? – deb so‘radi Mexaylo joyida to‘xtalib.
– Bilasizmi, men sizga nima deyman? Yeringizning desyatiga bir yuz oltmish qirondan beray, deyman.
– Ey bo‘lmagan gap! Boshqalar ikki yuz qirondan berib turganda, nega men sizga yuz oltmish qirondan sotar ekanman!
– Desyatiga ikki yuz qiron? Kim ikki yuz qirondan berayotir sizga? – deb so‘radi Shixter.
– Kim bergan bo‘lsa, u mening ishim! Yolg‘iz siz o‘ylamangizki, Mexaylo chol tamom esini yo‘qotganu, qilgan ishini bilmaydi, deb. Tantaklikka-yu iqror bo‘lib qo‘yay, tentakman, lekin ba’zi narsalarga xo‘p tushunaman.
– Yo‘q, Mexaylo afandi, nima gaplar kelibdir ko‘nglingizga! Men yolg‘iz ikki yuz qirondan bergan kishining kimligini so‘rab edim sizdan.
Mexaylo Shixterning ko‘ziga tikilib anchagina qarab turdi, so‘ngra teskari burilib, bir tupurdi-da, indamasdan uyiga qarab ketdi.
– Mana bu ahmoqni qarang! – deb g‘udurlandi Shixter. – Meni so‘zimdan ilintirmakchi bo‘ladi! Ikki yuz qiron emish! Mendan desyatiga ikki yuz qiron olaman, desang, o‘lguncha kutajaksan!

“Dehqon o‘jarligi” Shixterning yo‘lini to‘sdi

Lekin Shixterning umidvor bo‘lgan fursati aytgan vaqtidan burunroq keldi. Haligi gaplashishdan bir necha kun o‘tgach, unga qarashli zovurlardan birini suv bosdi, yana biri qulab ketib, uch ishchini bosib o‘ldirdi.
Shu tufayli kelgan butun zararlardan tashqari, “ishchilar o‘z beparvoligi orqasida halok bo‘lganlar”, degan mazmunda qaror chiqartirmoq uchun Shixterboy hukumat komissiyasining og‘zini bir nima bilan “yog‘lash”ga ham majbur bo‘ldi. Zarar katta bo‘lib, davlati kamroq kishi bo‘lganida, xonavayron bo‘lib ketardi.
Shixterning birgina umidi Zalepiganing rahmatli xotini yeridan chiqqan neft manbalari edi. Shu uchun mumkin qadar tez fursatda Mexayloning hamsoya yerini qo‘lga kirgizish Shixter uchun ikki baravar kuzatilgan maqsad edi. Uning oshiqmog‘i uchun yana bir sabab, konchi boylar bosqini juda kuchli bo‘lganligidan qon chiqajak yerlarning tezlik bilan qimmatlashib borishi edi. Bir desyat uchun ikki yuz qiron – hozir ko‘p ham ortiq baho emas edi.
Oradan bir hafta ham o‘tmadi: bir shisha yaxshi aroqni ko‘tarib, Shixter boy Zalepiganikiga qarab yo‘l soldi.
Mexaylo o‘z uyida paqir tuzatib o‘tirar edi.
– Kun oydin! – dedi Shixter kirarkan.
– Kun oydin – deb muqobala qildi Mexaylo.
Shixter iskamiyaga o‘tirib, qaray boshladi. Uy bo‘sh va mungli ko‘rinardi. Quruq dovollar, bo‘sh tokchalar, ko‘pdan beri yoqilmagan pechka va uning ichida siniq idishlar… Xullas, uydan bo‘shliq hidi kelardi.
– Joyingizning mazasi yo‘q-ku, Mexaylo afandi. Qariganda munday turish yaramaydi, – dedi Shixter biroz jimlikdan so‘ng.
– Mayli, Xudo bersa agar, bir kun borib bizning uylar ham tuzalib qolar, – deb javob berdi Mexaylo.
– Bersin ilohim! Xo‘sh, nima qilayotirsiz muncha zo‘r berib?
– Mana shu paqirni tuzatib qo‘yay, dedim.
– Paqir nimaga kerak sizga? Siz-ku to‘ng‘iz boqmaysiz?
– Balki boqarman. Ishqilib, paqirning butun bo‘lgani yaxshi. Har narsa ham bo‘lganda pulga kelgan narsa!
Shixterboy yana jim bo‘ldi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri ishdan gap ochishga bir turli botinolmasdi.
– Nima gap bu, Mexaylo afandi. Bizning qovoqchi sizni butun bir haftadan beri kelmaydir, deb gina qilayotibdir-a?
– Borib nima qilaman unikiga? Ichkim kelmaydi, qarzimni beray desam, pul yo‘q.
– Qo‘ying-e, Xudo ko‘rsatmasin-ey! – deb olijanoblik bilan koyib gapirdi Shixter. – U sizdan pul qistab yotibdirmi? Yo‘q, pulingizni emas, o‘zingizni ko‘rmakchi u!
– Yaxshi gapi uchun qulluq unga, lekin men o‘zim qo‘limga pul tushmaguncha unikiga bormayman, deb qo‘ydim. U-ku qistagani yo‘q-a, lekin o‘zingiz bilasiz, bu qarz degan narsa juda tez olinadi-yu, berilishi uzoq cho‘ziladi.
– Ey Mexaylo afandi, o‘sha ham qarzmidi? O‘n besh qiron! Gapirishga arziydimi? Menga qarang! Quruqdan quruq gaplasha berishdan nima chiqadi? Xudo bandalariga bir tomoq degan narsani tez–tez ho‘llab tursin, deb bergan-da! Birorta aroq-maroq toping…
Mana shu so‘zlar bilan birga Shixter qo‘ynidan bir shisha aroq olib, ustal ustiga qo‘ydi. Aroqni ko‘rgach, Mexayloning ko‘zlari chaqnab, hatto qo‘lidagi boltasi ham tushib ketdi.
U o‘rnidan turib, piyola izlamakchi bo‘lgan edi, lekin qandaydir bir kuch uni joyida to‘xtatib qoldi. Ko‘pdan aroq mubtalosi bo‘lib qolgan bu sho‘rlik nafsini tiymoq uchun anchagina iroda quvvatini ishlatishga majbur edi.
– Bu xayrixohligingiz uchun Xudo yorlaqasin sizni, Shixterboy! – dedi Mexaylo siniq ovoz bilan. – Lekin men bilmaymanki, nima uchun siz bilan men birga ichishamiz ekan? Biz axir siz bilan hech qanday oldi-berdi qilganimiz yo‘q-ku?
– Ey qanaqa odamsiz siz o‘zingiz? Ostonangizdan ham hatlab bo‘lmaydimi? Hech bir ishsiz, shundoq… Qo‘shnichilik qilib kirgan bo‘lsam, nima deysiz?
– Yo‘q, bu gapingizni boshqa birovlarga gapiring, menga gapirmang. Hech bir g‘arazsiz kirdim, deganingizga men ishonmayman.
– Qanday g‘araz bo‘lardi? Mening yolg‘iz birgina g‘arazim bor. U ham bo‘lsa, yeringiz to‘g‘risida bitishmak!
– Qiyin savdo! – dedi kalta qilib Mexaylo.
– Nega qiyin bo‘lsin? Xudoning yordami bilan barcha ish oson bitadi.
– Desyati qanchadan?
– Nega so‘raysiz uni? Mening narxim o‘zingizga belgilik-ku – bir yuz oltmish qog‘oz.
– Ey unday bo‘lsa, gapirib o‘tirish ham ortiqcha. Men ikki yuzga ham bermayman.
– Oh-ho, borgan sari ko‘tarilishingizni qarang! Bu xilda baland kelishingizni ko‘rgach, sandig‘ingiz allaqanday boyliklar bilan to‘lgan, deb o‘ylaydi kishi.
– Sandig‘imdami, sandig‘imda emasmi, ishqilib, o‘sha yerning o‘zida qimmatbaho g‘azna bor, albatta, nega men uni bekorga berib qo‘yar ekanman sizga?
– Albatta, unday boylikni qo‘ldan chiqarib bo‘ladimi? Kishi o‘zi ishlatsa, yaxshi bo‘ladi.
– Ha, nima deb o‘ylaysiz siz? Siz-ku kavlatasiz, men nega kavlatmayman?
Shixter shu joyda hatto o‘rnidan ham turib ketib, bu xil gaplarni aytishga jur’at qilgan arvoq va tumoyoq dehqonga ko‘zini olaytirib qaradi.
– Nima… nima… nima deysiz siz?
Mexaylo Shixterboyga bemalol nazar tashladi va kulib turib dedi:
– Qanday ari chaqdi sizni, Shixter afandi, o‘rningizdan irg‘ib turdingiz? Yo mening aytgan gaplarim behuda gaplarmi?
– Albatta, behuda gaplar! – deb qattiq ishonch bilan javob berdi Shixter. – Xudoning ne’matini yerdan qazib olish juda oson, deb o‘ylaysizmi siz? Siz bilmaysiz u ishning qanday qiyin bo‘lganini! Yerdan nima chiqishi hali noma’lumu, hadeb ishchilarga pul to‘laysan kishi. Mana, mening zovurlarimdan uchtasini suv bosib qoldi. Bilasizmi siz, o‘sha zovurlarning har biri qanchadan tushgan menga? Eng ozi yuz qirondan! Xo‘sh, siz qayerdan topasiz shuncha pulni? Topganingizda ham munaqa ishga sizning miyangiz ishlamaydi!
– O‘shanda ko‘rarmiz. Hamma esni sizning kallangizga solib bitirmagandir, bizda ham bir chimdim-bir chimdim qolgandir!
Shixterboy Mexayloga borgan sari orta borgan bir andisha bilan qarardi.
– Shu gaplaringiz astoydilmi? Mexaylo afandi, yo hazillashibyotirsizmi?
– Men qaydan bilay, balki hazillashayotgandirman, – deya tundlik bilan javob qaytardi Mexaylo.
– Xo‘sh, yerni nima qilasiz? Sotasizmi?
– Yaxshi narx bersalar, sotaman.
– Sizning o‘z narxingiz qanaqa?
– Mana munday: mening jam’i uch desyat yerim bor, bir desyati shu yerda, tomorqa, ikkitasi nariroqda, Valankada. Ana o‘sha ikki desyatni sizga – har bir desyatini uch yuz qirondan sotishga roziman.
– Narigi ikki desyatni? U ikki desyatni boshimga uramanmi men? Axir u yerda, Valankada, hech kim zovur kavlatmaydi-ku?
– Kim biladi, deysiz, balki u yerda ham g‘azna bordir.
– Yo‘…q, menga unaqa “balki”ning keragi yo‘q! Mana bu bir desyatingiz qanchadan?
– Bu bir desyatni sotmayman. Men buni o‘zim uchun qoldiraman.
– Nechik? O‘zingiz uchun? Sizga nima keragi bor uning?
– Unisi, endi, mening ishim.
– Qo‘ying, Mexaylo afandi, hazillashmang! Mana bu bir desyatingizni qanchaga berasiz?
– Yo‘q, narigi ikki desyatni savdolashaylik.
– Nima kerak u ikki desyatingiz menga? Nima qilaman men uni? Mana bu desyatingizga ikki yuz sakson qiron beraman.
– Narigi ikki desyatni, mayli, sizga ikki yuz saksondan beray, mana bu bir desyat ustida gapirish ham kerak emas, – dedi Mexaylo chinakam dehqon o‘jarligi bilan.
– Kuta ber, ahmoq! Berarlar narigiga ikki yuz saksondan! – deb baqirdi jahli chiqqan Shixter; so‘ngra aroq to‘la shishasini qo‘liga oldi-da, yugurib chiqib ketdi.
Mexaylo bemalol o‘tirib paqirni tuzatishga kirishdi. Tashqarida bir qur dam olgach, Shixter yana qaytib kirdi.
– Yo‘q, Mexaylo afandi, siz bilan gaplashadigan odam avval o‘zini xo‘b sovutib olsa bo‘lar ekan. Gapning bo‘lganini ayta qoling, mana bu bir desyatingizni qanchaga berasiz?
– Narigi ikki desyat ikki yuz saksondan. Bu bir desyatni hali sotmayman.
– Ha, qachon sotasiz?
– Uni hali o‘zim ham bilmayman; qachon o‘z narxiga kirsa…
– Xo‘sh, o‘z xayolingizda qachon o‘z narxiga kirar ekan?
– Men qanday bilay? Ko‘rarmiz!
– Bu oxirgi so‘zingizmi?
– Oxirgi so‘zim.
Shixter dehqon o‘jarligini ichidan qarg‘ay-qarg‘ay uyiga qaytib ketdi.

Mexaylo qaynbirodarlari bilan yarashmoqchi

Mexaylo neftchi boylar – konchilar bilan chinakam basma-baslikka kirishmakchi edi. Uning qari va o‘y o‘ylab o‘rganmagan boshida chuchmal bir reja tortila boshlagan, lekin bergan qarori qattiq va qat’iy edi.
– Ha, nimasi bor ekan, o‘zim kavlayman! – deb o‘yladi ul boshda, lekin oradan ko‘p fursat o‘tmay, o‘zining kavlashi mumkin emasligini bildi, negakim, bitta zovurning o‘ziga eng kami uch kishi kerak edi. Yoniga ikkita mardikor olsa-ku yaxshi bo‘lar edi, lekin mardikorga pulni qayerdan topadi? Uning o‘zida na bir chaqa pul, na unu bug‘doy, na otu mol… Hech narsa yo‘q, hattoki yerdan boshqa sotadigan narsasi ham yo‘q. Holbuki, bir yoqdan allaqanday kuchlik ichki bir ovoz hadeb uning qulog‘iga pichirlaydi: “Qani, bel bog‘lab ishga kirish, yeringda oltin g‘aznasi bor, uni bekorga qo‘ldan chiqarish gunoh bo‘ladi!” Ammo unga, o‘zi yolg‘iz bir cholga, muncha davlatning nima keragi bor, degan gapni sira o‘ylamas edi ul.
Ba’zan uning miyasiga bo‘lmag‘ur tasvirlar naqsh etilib qolardi: “Chiroylik qilib, pishiq g‘ishtdan bir butxona soldiraman… Xotinimning go‘ri ustiga daxma qildiraman”.
Uning o‘ylari bu diniy xayollardan nariga o‘tmas edi.
Shixterning kirib-chiqishi unga haligi boyliklarning borligini isbot qildi va uning o‘ylarini yana ham amaliyroq yo‘llar tomon yo‘lladi. Ul nimalar qilishini o‘ylab, o‘z uyida tuzatilgan paqirning ustida necha soat o‘tirdi. So‘ngra o‘rnidan turib, kiyimlarini kiyib, qishloqqa qarab ketdi. Hali hozircha ul hammadan ilgari o‘zidagi keklarni yo‘qotib, xotinining hali hayot bo‘lgan ikkita qaynbirodarlari bilan yarashishga qaror berdi…
Ul avval birinchi qaynbirodarinikiga kirdi. Ul yerga kirmaganiga ham besh yil bo‘lib qolgan edi. Uning hovlisiga qadam qo‘ygandayoq o‘yladi: “Shunday odamni men nechik boy deya olaman?.. Munday demak uchun esimni butunlay yegan yoki ikkala ko‘zimdan butunlay ajralgan bo‘lishim kerak-ku!..”
Chinakam, uyi kattagina edi; aftidan, burun zamonda mustahkam qilinib va yaxshilab bezalgan bo‘lsa kerak. Endi hozir tashlangan va xarob bir holda edi. Na yopiqlar ostida oz bo‘lsa ham ro‘zg‘or asboblari, na don to‘kilgan ombor, na ustiga latta-putta yopilgan va ichi kiyim to‘la sandiqlar, na-da ko‘rpa-to‘shak… Hech narsa yo‘q. Muning ustiga Mexaylo ham uyining qiyomat qoyim bo‘lib turgan vaqtida kirib kelgan qaynbirodarining xotini bilan bolalari qop-qora qaqshab yig‘lamoqdalar edi.
– Xo‘sh, nima bo‘ldi sizlarga? – deb iflos bir kursiga o‘tirib so‘radi ul.
– Xotin yig‘idan qizarib ketgan ko‘zlari bilan unga bir qarab oldi-da, xohlamasdanroq javob qaytardi:
– Sizga nima? Yana qanday balo tortib keltirdi sizni bu yerga?
– Ey nima bo‘ldi sizga? Hech bir balo-malo yo‘q. Biz axir qarindoshlarmiz-ku! Bir-birimizdan chekkalab yursak, ayb bo‘ladi. Men sizlar bilan ko‘rishgali, kengashgali keldim…
– Ha, ha, siz balki mening erimga yana bir parcha yer bergali kelgandirsiz! Unga mundan burun qilgan “yaxshiligingiz” uchun ham, ilohim, Xudo jazoingizni bersin sizning!
Va shu qarg‘ashidan so‘ng, sho‘rlik xotin qo‘llarini bir-biriga urib, achchiq-achchiq yig‘lashga boshladi, uning ketidan bolalari ergashdilar.
– Hoy, menga qarang, o‘z eringiz mening rahmatlik xotinimni aldagan bo‘lsa, uning otameros yerini tortib olgan bo‘lsa, keyin uni konchi boylarga sotib yuborgan bo‘lsa – menda nima ayb?
– Ilohim, mening ko‘z yoshlarim, mening ko‘rgan kunlarim, mening zaharlangan turmushim uchun sizning hammangizga, barchangizga Xudodan qaytsin, Xudodan! Men sizga nima qilib edim? Mana bu sho‘rlik bolalarning nima gunohlari bor ediki, haligi la’nati piyanista tufayli nobud bo‘lishib ketayotirlar.
– Xo‘sh, nima bo‘ldi, axir? Nima qildi u? – deb ahvolni bilishga tirishib so‘radi Mexaylo. Xotinning qarg‘ishlarini ul sira og‘ir olmas, ularni, balki-da, ulug‘ bir hasratning asari, deb bilardi.
– Sotdi, qolgan-qutgan yerlarni ham sotdi konchi boylarga! Sotib tugatdi, qanchaga sotganini ham bilmadim men. Ikki haftadan beri shaharda ichkilik ichib yuribdir, bo‘yning uzilgur! Voy, mening peshonam qursin, sho‘rlik peshonam! Nima qilishimni bilmayman. Oqsoqol kelib, guvohlarning oldida yerni boylarga o‘tkazib berdi! Boylar kelib, hozir zovur kavlatishayotirlar, uning o‘zidan esa darak-marak yo‘q!
“Bularning dardi menikidan ham og‘ir ekan”, deb o‘yladi Mexaylo.
So‘ngra xotinga yuz o‘girib, qo‘lidan kelgancha uni yupatmoqqa boshladi.
– Yig‘lamang, tinchlaning, ishlar o‘ngayib ham ketar. Balki hamma ishlarning keti yaxshi bo‘lib chiqar.
– Balki hammangizning oyog‘ingiz osmondan kelar hali! – deb yana ko‘z yoshlarini suvdek quyib, qichqirdi xotin. So‘ngra bolalariga yuz o‘girib, yana “dod-voy” soldi va xuddi bolalari o‘lganday aytib yig‘lashga boshladi:
– Sho‘rlik bolalarim, yetim qolgan bolaginalarim! Yomon otaga duchor bo‘lib qoldingiz! U sira sizning g‘amingizni yemaydi. Imonini iblisga, yerini konchi boyga sotdi! Kimga borib sig‘inasiz endi? Kim sizni katta qilib, odam qatoriga qo‘shadi? Ko‘z yoshlaringiz birovlarning ostonalariga quyilajak, sho‘rlikkinalarim! Cho‘llardagi o‘tlarday so‘lajaksiz! Ilohim, otangiz tinch o‘limni ko‘rolmasdan, it azobini ko‘rib o‘lsin!
– “Bu yerda mening quruq yupatish va kengashlarimdan hech narsa chiqmaydi”, – deb o‘yladi Mexaylo va astagina qaynbirodarining uyidan chiqdi.
– Mening ayashlarimning nima keragi bor ularga? Bu yerda ayash emas, yordam kerak. O‘zimning yerginamni kavlab neft chiqarolsam, u vaqtda bularning hammasini o‘zimnikiga joylardim-a. Albatta, qaynbirodarim menga bir vaqt juda yomon alam o‘tkazdi, lekin uning xotini va bolalarida nima ayb? Yo‘q, yo‘q, bu yerda kengashning keragi yo‘q, yordam yo‘lini topish kerak.

Ikkinchi qaynbirodardan ham hech narsa chiqmadi

Qaynbirodarning iflos, vayron va ko‘z yoshlari bilan to‘lgan uyida Mexaylo o‘z istak va xayollaridan kutgan maqsadining kutilmagan darajada yaqinlashib kelganini ko‘rdi. O‘z yerida yashirinib yotgan tabiiy boylikning haligi och-yalang‘och qolib entikkan oilaning saodati uchun zarur bo‘lganini anglaganidan beri, ul boyliklar, Mexayloning nazarida, o‘lchanilmas darajada katta ahamiyat kasb etdilar.
Shunday qilib, bu yashashda bir maqsad borligi bilinganidan beri, ul o‘zi ham birdan o‘n yashar yasharganini va o‘zida birdaniga ancha kuch va dadillik ortganini sezganday bo‘ldi.
Ul tez-tez qadam qo‘yib, boshqa qaynbirodarining uyiga, ya’ni bir zamon o‘z xotini tomonidan oyog‘iga qaynoq suv sochib yuborilgan va shu sababli butun Borislavda “Chalapishti” deb nom chiqargan kishinikiga qarab ketdi. Ul odam Borislavning neft manbalari sira bo‘lmagan narigi chekkasida turar va o‘zi badavlatgina edi.
Yolg‘iz xotini uning oyog‘ini kuydirib qo‘ygandan beri yurishida maza qolmagan, hammavaqt qo‘ltiqtayoq bilan yurishga majbur bo‘lib qolgan edi. Aksari gaplashib turgan vaqtlarida tuzalib yetmagan yaralari og‘rimoqqa boshlar, o‘shanda tishlari orasidan ovoz chiqarib, pishillab gapirardi. Ayniqsa, havo o‘zgargan vaqtlarda oyoq og‘rig‘i ham kuchayar, ana shunday vaqtlarda ul ham och qolgan ayiqday, ayniqsa, yomon bo‘lib ketar edi. Mexayloning sho‘r peshonaligidan ul ham shunday kunga to‘g‘ri kelib qolgan edi.
– Ha, hurmatlik kuyov pochcha…shshsh! Qanday shum shamol uchirib kelayotir sen gadoyni menikiga, shshsh! – deb baqirdi “Chalapishti” yiroqdan Mexayloni ko‘rgach.
Mexaylo esa yolg‘iz boshini tebratdi. Chunki yuksak o‘ylarning tepasida bo‘linganligidan ul hech bir ermakning o‘ziga yeta olmayajagini tuyardi.
– Ey quda, quda, – dedi u qaynbirodariga yaqinlashar va shapkasini olar ekan, – men hali gadoylik qilib, non tilanib, sening ostonalaringni shu qadar ko‘p yostadimmiki, meni bu tarzda qarshi olayotirsan? O‘z boyligingga bu qadar mag‘rur bo‘lishing uyat senga!
– Ana, va’z aytadigan domla ham chiqib qoldi-ku! Boshimni o‘rtaga qo‘yib shart qilamanki, sen, albatta, bir narsani so‘rab kelgansan, gadoyning ehtiyoji qancha ko‘p bo‘lsa, g‘ururi ham shuncha zo‘r bo‘ladi. Xo‘sh, gapir-chi, nega kelding ekan?
– Men bu yerga ikkita ish bilan keldim. Birinchi ish o‘zimga tegishlik emas, qaynbirodarim Chapliga tegishlik, – deb sekin-sekin javob qaytardi Mexaylo ostonaga o‘tirar ekan.
– Ana, anavi mushtumzo‘rlardan chiqqan lofchi piyanistani aytasanmi? Bilaman, bilaman, qolgan-qutgan esini ham yeb bo‘ldi, qolgan-qutgan yerini ham konchi boylarga sotib tugatdi, endi hozir bor-yo‘g‘ini shaharda ichkilikka sovurib yotadi. Ul ahmoqqa kelishgani ham shu!
– Men uning to‘g‘risida hech narsa demayman. Lekin uning xotini sizning xotiningiz bilan mening rahmatligimga hamshira bo‘ladi! Yosh bolalari-chi! Kimga, nima qilib gunoh qilib qo‘yibdir ul go‘daklar? Nonsiz, pulsiz qolibdirlar. Nima bo‘ladi ularning holi?
– Menga nima daxli bor uning? Yo men ularning otasimidim, ularning g‘amini yemak, ular uchun tirishmoq vazifasi menga tusharmidi?
– Quda afandi, o‘z urug‘imizni ochdan qoldirsak yaxshimi? Men hozir o‘sha yerdan kelayotirman. Kampir sho‘rlik yig‘laydi, mening yuragim juda achishadi.
– Yig‘lasa yig‘lay bersin! Yig‘lab-yig‘lab to‘xtaydi. Men o‘zimni bilaman. Boshqa hech narsani bilmayman. Mening tarig‘im emas, men sochganim yo‘q, mening bedonam ham yemaydi uni! – deya juda yomon javob qaytardi qaynbirodar.
Ul so‘zlashar ekan, goh-goh pishillab, jahl bilan tishlarini g‘ijirlatib qo‘yar edi. Go‘yo boshqalarning alamlari unga allaqanday vahshiy va yomon bir nasha bergan kabi bo‘ladi.
– Xo‘p, bu bir ish ekan. Yana biri qanday ish edi? – deb so‘radi “Chalapishti” bir qadar sukutdan so‘ng.
– Ko‘rinadirkim, men ul ishlarim bilan boshqa ko‘chalarga kirib qolganman. Bu gapni to‘xtatganimiz yaxshi, – dedi Mexaylo.
– Obbo, kattalikni qarang! Gadoyning xuddi o‘zi! Xayr qilmasang, darrov savlatini sultonlarcha qiladiyu g‘ururlanishga tushadi. Bas-ey, boshqa gaping bo‘lmasa, o‘shandan gapiray!
– Mening to‘g‘rimda “chinakam g‘urur paydo qilib qolibdir”, degan o‘yga bormang, deb sizga yana bir narsani aytib o‘tayin. Ana u Valangada bir bo‘lak – ikki desyat yerim bor, shuni siz oling, arzon qilib beraman.
– Sening Valangadagi yeringni nima qilaman men?
– Nima qilaman? Yer degan narsa hammavaqt darkor. Pichani hammavaqt otga yaraydi yoki birovga arpa-marpa ekkali ijaraga qo‘yilsa bo‘ladi, ishqilib, bir daromadi bor-da.
– Nega bo‘lmasa o‘zing shunday qilmaysan?
– Men o‘zim ham qilar edim-ku, lekin menga shu tobda pul zarur.
– Pul nega kerak senga? Aroqqa yetmay qoldimi? Shuning uchun sotasanmi yeringni? Ey siz, yalangoyoqlar! Tag‘in bu menga nasihat qiladiki, “Qaynbirodarimizga yordam beraylik”, deb. O‘zi undan besh battar, xo‘sh, gapir, pul nega kerak senga?
– Nega aytayin uni sizga! U mening ishim!
– Sen men bilan gaplashishni xohlamasang, men ham sen bilan gaplashmayman.
Shu so‘zni aytib, “Chalapishti” teskari burildi.
– Mening yerimni olmayman, desangiz, endi, bo‘lmasa, bunday qiling. Keling, men bilan sherik bo‘ling, – deb bemalol gapida davom etdi Mexaylo.
– Qanday sherik?
– Sizga hamma gapning rostini aytib bermasam bo‘lmaydi, shekilli. Xo‘p, quloq soling! Mening rahmatlik xotinim tomonidan sizga berilgan yerdan Shixterboy ko‘p neft ma’danlarini topib oldi; mana, yil-o‘n ikki oydan beri kavlatadi, sira odoq qilolmaydi. Endi mening yerimga ham ko‘z olaytirib qoldi, axir u ham o‘sha yer bilan chegaradosh. Albatta, mening yerimda ham o‘shanaqa boyliklar borligi aniq.
– Xo‘sh, aniq bo‘lsa nima bo‘ladi? Mayli, sota ber o‘shalarga!
– Mana bu gapni qarang endi! Men o‘ylaymanki, unday qilmoq juda katta gunoh bo‘ladi. Xudo bizga tuganmas g‘azna berib qo‘yibdir. Biroz mehnat qilsak, olib tugatolmaymiz. Endi shu davlatning hammasini konchi boylarga bekorga berib qo‘yib, o‘zimiz ularning xizmatiga o‘taylikmi!
– Ha-ha-ha! G‘azna emish, boylik emish! Nima narsa ekan u g‘aznang? Bo‘lmagan, sassiq bir suv! Bizga u narsaning keragi yo‘q!
– Bo‘lmasa, Shixterboyga xizmatkor bo‘lib, zovur qazib o‘tsak yaxshimi?
Bu gapga “Chalapishti” javob topolmay qoldi. So‘ngra biroz o‘ylagach, dedi:
– Bo‘ldi, bo‘ldi, ko‘p hovliqa berma! Yeringda neft borligini qayerdan bilasan sen? Men o‘ylaymanki, Shixterboy senga chegaradosh yerdan hamma neftni kavlatib olgan bo‘lsa, sening yeringdagilar ham o‘shanikiga oqib bitgan bo‘ladi.
– Ammo men o‘ylaymanki, Shixterboy qayerdan nima chiqishini juda yaxshi biladi. Yeringni sotgil, deb ostonamdan ketmasligi ham bejiz emas, albatta.
– Yo‘-o‘-o‘q, Shixterboy senga o‘xshash sanamay sakkiz deydiganlardan. Xo‘sh, qani, sen mendan, chinakam, nima tilaysan? Qanday shirkatga olib kirmakchisan?
– Men o‘z yerimni o‘zim kavlamakchiman. Ham ishonamankim, neft, albatta, chiqajak. Ishni bajarib yuborish uchun menga yuz qiron pul kerak, mening cho‘ntagimda esa hozir yellar esadi! Mana shu uchun men o‘ylagan edimki…
– O‘ylashing ham kerak emas hatto! – deb uning so‘zini bo‘ldi “Chalapishti”. – O‘ylaring hammasi behuda. Mening pulim ham yo‘q, unday ishlarga aralashmoqqa havasim ham yo‘q. Boylarning yomon qarab qolishi bo‘ladi menga, unda uyimga o‘t qo‘ydirib yoki muyulishdan ottirib tashlashlari hech gap emas. Kimning kuchi yetadi, deysan ularga?
Mexaylo ma’yus bo‘lib, boshini quyi soldi. Qaynbirodari haq edi. So‘ng zamonlarda konchi boylar Borislavda kuchaygan edilar. Poraga sotilish, ichkiliklarga uchish va boshqa shuningdek yomon yo‘llar bilan mahalliy hukumat shu qadar buzilgan ediki, boylar nima desa, o‘shalarning amridan chiqa olmas edi. Ish vaqtida ko‘p bo‘ladirgan baxtsizlik voqealari – bari qazolar konchi boylar uchun hech bir jazosiz o‘talar, holbuki, “tasodifiy qazo” deb yurgizilgan bu voqealarning orasida shunday narsalar ham o‘tar edikim, Borislavning yurak oldirgan aholisi u voqealarga ochiqdan-ochiq bir jinoyat va odam o‘ldirish deb qarardi.
– Shunday qilib, ul ishdan hech narsa chiqmaydi, deb o‘ylaysizmi? – deb so‘radi Mexaylo qaynbirodaridan.
– Hech narsa chiqmasligi aniq. Xo‘sh, o‘zing insof qilib ayt, u xil ishga sening, mening va umuman hammamizning shu qishloqi kallamiz yaraydimi? Hammadan yomoni shuki, senu bizga doim konchi boylar bilan kurash olib borishga to‘g‘ri keladi… Yo‘q, yo‘q, hech narsa chiqmaydi bu ishdan.
Mexaylo indamasdan, ma’yuslik bilan boshini egib, yana biroz o‘sha ostonada o‘tirdi, so‘ngra o‘rnidan turib, qo‘lidagi tayog‘i bilan yerga qattiq urgach, o‘jarlarcha dedi:
– Men sizga aytamanki, albatta, bo‘ladi! Men boshimdan ajralsam ham ajralamanki, aytganimni qilmay qo‘ymayman. Xo‘sh, gapiring, men bilan sheriklik qilasizmi, yo‘qmi?
– Bor, bor, yo‘qol, tentak chol! Men seni shu vaqtgacha ham esipastroq odam, deb yurar edim, endi bildimki, o‘sha onangdan tekkan bir tomchi esingni ham aroq bilan birga ichib tugatgan ekansan!
– Shunday qilib, sherik bo‘lmaysizmi?
– O‘ylamayman ham.
– Ixtiyor o‘zingizda, siz bo‘lmasangiz ham eplaymiz. Lekin men sizga aytib qo‘yay, keyin pushaymon bo‘lasiz.
Shundan so‘ng Mexaylo hatto xayr-ma’zur ham qilmasdan uyiga qarab yo‘l soldi. Qaynbirodari bo‘lsa, anchagacha o‘sha ostonada o‘tirib va o‘ylanib qoldi.
Bordiyu, Mexaylo, men aytgancha, tentak chiqmay qoldi?

– Juda esipast kishi-da, shu Mexaylo, ana esipastlik! Zovurni o‘zi kavlamakchi bo‘ladi, boz ustiga, meni ham sheriklikka chaqiradi-ya. U sheriklikdan nimalar chiqishini bilaman, unga qarz deb pul bersang: yarmini ichkilikka uradiyu, qolgan yarmini yerga ko‘madi – uning sherikligi shu bo‘ladi! Yo‘q, bunday tuzoqqa sen meni, qarindoshingni, sira ilintirolmaysan. Ana u bechoralarga, lekin, yordam qilish kerak. Mexaylo bu to‘g‘rida haq. Xotinda nima ayb? Otasi munday yaramas chiqib qolgan ekan, bolalarida ne yoziq? Bu kun borib, ulardan hol so‘rab kelish kerak. Mana bu baxtsizlikni qarang! Ichib-ichib, oxirida esini ham yo‘qotibdir, bola-chaqasini ham butkul unutibdir.
– Yo‘q, – deb uning xayoli yana Mexayloning taklifiga ko‘chdi, – mundan hech narsa chiqmaydi. Bu kun bo‘lmasa, ertaga yerni Shixterboyga sotib yuboradi u, o‘sha ishga aralashib qolsam, men ham esipastning biri bo‘lar edim. Nega kerak menga?
Shundan so‘ng “Chalapishti” qarindoshlariga yordam qilish xususida xotini bilan kengashmak uchun uyga kirdi. Lekin Mexaylo yeridagi yashirin g‘aznaning xayollari qur-qur miyasiga kirib aylanardi. Tushki ovqatdan so‘ng ul yana o‘tirib, yana o‘yga botdi.
– Bordiyu, Mexaylo, men aytganday tentak bo‘lib chiqmadi… Mushtumzo‘rlar bilan olishuvmi? Olishsam nima bo‘lar edi? Olishuv bo‘lsa bo‘la bersin, yolg‘iz ehtiyot bo‘lib orqa-oldingga qarab harakat qilish kerak. Balki odam bolasi bir ish qilib turishi ham kerak, yo‘qsa, bo‘ridan qo‘rqqan odam to‘qayga kirmaydi. Endi Mexaylo pulni ichib tugatmasin, desam, pulni o‘zim ham sarf qilaman, ishchilarga ham o‘z qo‘lim bilan beraman, uning qo‘liga bermayman, xolos. Yolg‘iz yer o‘lgurda hech narsa bormikan? Basharti bo‘lganda ham kavlab chiqargunimizcha pulimiz yetib berarmikan? Ish o‘zi, boshda o‘ylaganim qadar yomon emasga o‘xshaydi. Fursati bilan bir borib, yerning o‘zini ko‘rish kerak. Balki, chindan ham, ishlatsa bo‘ladigan yerdir. Yolg‘iz Mexaylo esipastlik qilib Shixterga sotib qo‘ymasa bo‘lardi. Yo‘g‘-ey, juda o‘jar ko‘rinadi, o‘z narsasini tezda qo‘ldan chiqaradigan odamga o‘xshamaydi. Modomiki, shunday ekan, mening yordamimdan boshqa u hech narsa qilolmaydi, yo‘qsa, bilmadim, qanday eplay olar ekan…
Shu ravishcha tinchlangandan so‘ng, “Chalapishti” qaroliga buyurib, aravasini qo‘shtirdi, so‘ngra un, oqushoq va boshqa ba’zi oziq-ovqatlarni olib, xotini bilan aravaga o‘tirdi-da, yangasinikiga qarab ketdi.

Yaxshi odam shu Yutko Libak!

Bu vaqtda Mexaylo o‘zining qoq va bo‘sh uyida yolg‘iz o‘tirardi, ikki o‘y va ikki andisha qiynardi uni: yangasi va unga qarashli go‘daklarning muhtojligi bilan o‘z ishining oldinga yurishmasligi.
Uning o‘z yerida o‘zi ish boshlamoq tilagi burungiday mustahkam va keskin edi. U yolg‘iz, to‘rga tushgan baliqday, o‘zini har tomonga urib, boylarning yordamidan tashqari o‘sha ishni yurgizib yuborish yo‘llarini axtarar edi.
– Zovurni o‘zim kavlayman, bu turgan gap, lekin bu orada nima bilan kechinaman? Yo bo‘lmasa, sheriklikka, qishloq ko‘chalarida ertadan-kechgacha ish va ovqat izlab yurgan yo‘qsillarni tortsammi? Sheriklikka, desam-ku, ular jon deb kirishadi-ya, lekin ularning qornini nima bilan to‘yg‘azaman men?
Shunday qilib, Mexaylo o‘zining achchiq o‘ylari bilan qiynalib o‘tirganda, uyining eshiklari bir turli qo‘rqoqlik va botina olmaslik bilan ochildi-da, sekingina ostonani hatlab, bukraygan va qotma bir odam kelib kirdi. Bu odam Borislavning katta-kichik hammasiga ma’lum bo‘lgan Yutko Libak edi.
Bu, ko‘p ham qari emas, qirqlarga kirgan, lekin beli bukchaygan va yuzlari qari chollarday tirishgan bir yahud edi. Uning qaqshagan va arvoq yuzlarida siyrak va sarg‘ich mo‘ylar o‘sgan, sochi tagigacha qirqilgani holda, yolg‘iz bir siqimchasi chakkasida paxmoqlanib yotadir; xirqirab chiqadigan yoqimsiz ovoz… Mana shularning hammasidan tashkil topgan bu odam ancha yoqimsiz ko‘rinardi. Lekin munga muqobil, Yutko Libakning ko‘ngli odamlarning qayg‘u va alamlariga qarshi juda yumshoq edi. U hammaga yordam qilishga, bir burda nonini yo‘qsil bilan baham ko‘rishga hamma vaqt hozir turadi.
Yutko Libak anchadan beri Borislavda, bir dehqondan ijaraga olgani hujrada yashar va bo‘sh vaqtlarida dehqonchilikning har xil ishida odamlarga ko‘mak berar edi.
Qishloq odamlari o‘xshovsiz kepatasiga kulsalar-da, uning yaxshi tabiatini sevar edilar.
Borislav dehqonlaridan hech biri unga ko‘mak qilishdan bo‘yin tovlamas edi, yo uning yig‘ib-tergan neftlarini shaharga olib tushib berar, yo unga oz-ko‘p kartoshka yoki tuxum muruvvat qilib turardilar. Yutkoning butun ovqati ham tuxum va piyozdan iborat edi.
Munga muqobil ishchi qo‘li ayni zarur bo‘lgan o‘roq va xirmon vaqtlarida birinchi chaqirishdayoq neft kavlash ishini tashlab, dalaga chopadigan, dalada bir chaqa ham olmasdan yo o‘roq o‘rib, yo xirmon ko‘tarib beradigan azamatning o‘sha o‘zimiz bilgan Yutko bo‘lajagiga har bir dehqon ishonar edi. “Yaxshi odam shu Yutko!” der edilar o‘zlaricha Borislav dehqonlari.
– Kun oydin, Mexaylo afandi! – dedi Yutko kirib va quyuq ta’zim qilib.
– Salomat bo‘l! O‘tir, Yutko, xizmatingda bo‘lay.
– Xayr, mayli, o‘tiray, – deb javob berdi Yutko. Lekin o‘tirmasdan, pechkaga suyanib olib, qo‘lidagi yirtiq shapkani bir turli tortinchoqlik bilan buklab o‘ynashda qoldi.
– Xo‘sh, qani, nima yaxshi gaplar bor? – deb so‘radi Mexaylo.
– Nima bo‘lar edi deysiz? Na yaxshi, na yomon – hech gap yo‘q, bari burungiday.
– Shapkani shu xilda o‘ynatib qolishingdan biror narsa aytmoqchiga o‘xshaysan-ku? – dedi Mexaylo g‘arazsiz kulib turib.
– Ha, men… sizga aytsam, – deb qanday qilib gap boshlashni bilmasdan, tutiliqdi Yutko. Oxirda u o‘zidagi tortinchoqlikni yengib, Mexayloga yaqinroq keldi. – Menga qarang, Zalepiga boy! Shixter menga deydiki, siz Valankadagi yeringizni sotar ekansiz…
– Valankadagi yerimni?.. Ha, sotmoqchi edim.
– Unday bo‘lsa, menga sota qoling.
– Senga? Senga nega kerak?
– Menga kerak! Mening birozroq pulim bor, shunga yer olib, o‘zim ishlasam, biror narsa eksammikan, deyman. Ro‘zg‘or egasi bo‘lib qolardim.
– Juda yaxshi, Xudo senga ko‘mak bersin, Yutko! – dedi Mexaylo astoydillik va oq ko‘ngillik bilan. – Yetarlik puling bo‘lsa, albatta, yerga ishlaganing yaxshi.
– Xo‘sh, narxini qanaqa qildingiz?
– Shixter aytmadimi senga? Desyati ikki yuzdan.
– Bu narxingiz menga juda og‘irlik qiladi. Desyatiga yuz oltmishdan beray. Durustmi?
– Xayr, mayli, yuz oltmishdan bo‘lsin. Boshqalarga ikki yuzga ham bermas edim, senga yuz oltmishga ham beraman, nega desang, sen o‘zing bizning dehqon ahlidan bo‘lmasang ham, dehqonchilik ishidan qochmaysan.
Yutko kuldi va yonidan bir shisha aroq oldi.
– Unday bo‘lsa, jindak ichishib tashlaylik. Xudo har bir ishingizni o‘ngidan keltirsin… Hozir mirzaning oldiga borib, “ko‘pchik” yozdiramiz.
– Pulni qachon to‘laysan?
– Xolislar oldida “ko‘pchik”ka qo‘l qo‘yilgan on to‘layajakman.
Mexaylo Zalepiga bu so‘zlarni eshitar va o‘z qulog‘iga o‘zi ishonmas edi. Yutko Libakday bir tumoyoq yer sotib olayotir, puli ham naqd. Qiyomat yaqinlashganga o‘xshaydi!..
Mexaylo Yutkoning xunuk, lekin xursandlikdan yonib turgan yuzlariga ishonchsizlik bilan necha martalab qaradi.
Yutko muni masxara qilib kulayotgan bo‘lmasin tag‘in?
Yo‘g‘-ey! Yutko bu ishga astoydil kirishdi, zotan, ul o‘zi azaldan hazilni sevmaydi.
Aroqdan kichkina istakanchada bir nechtani ikkalasi ichib olishdi-da, mirzanikiga qarab ketishdi. Mirza uyida edi, “ko‘pchik”ni yozib berdi. Xizmati uchun Yutko butun bir qiron pul to‘ladi. “Ko‘pchik”ka qo‘l qo‘yishgach, yana ikkalasi yerning boshiga – Valankaga ketdilar.
U yerda Zalepiga xolislar oldida yerning butun huquqini Yutkoga o‘tkazdi. Yutko esa, yana o‘sha xolislar oldida, munga olti yuz qirq qiron, ya’ni qog‘oz pul sanab berdi.

Eng avval sho‘rlik yangaga yordam berish kerak!

Pulni olgandan so‘ng, Mexaylo qorong‘i tushib qolganiga ham qaramasdan, yangasinikiga qarab chopdi. Bu vaqtda yangasining uyi oldida “Chalapishti”ning aravasi turgan, ichkarida esa uning o‘zi bilan xotini o‘tirgan edilar; buni ko‘rgach, Mexaylo juda hayron bo‘ldi.
– Ha, kuyovmi? Qani, kir, kir bu yoqqa! – deb qichqirdi “Chalapishti”. Shuni ham qo‘shib o‘tish lozimki, bu safargi qichqirish burungilariga nisbatan ancha xursandlik qichqirig‘i edi.
– Men sizni bu yerda uchratarman deb o‘ylamagan edim, – dedi Mexaylo, ostona oldida to‘xtab.
– Ha, hali sen menda bir tomchi ham shafqat yo‘q, deb o‘ylagan edingmi? Ey gadoylar, gadoylar! Siz o‘ylaysizki, dunyoda yaxshi, nomusli va marhamatli odamlar yolg‘iz siz o‘zingizsiz; siz hamma yo‘g‘ingizni bermakchi bo‘lasizu, lekin cho‘ntagingiz quruq, cho‘ntagingiz!
Mexaylo qaynegachisini imlab, ber chekkaga olib ketdi va “hozirchalik” uning qo‘liga besh qiron pul tutqizib, mundan so‘ng ham lozim bo‘lsa, to‘ppa-to‘g‘ri o‘ziga uchramog‘ini tavsiya qildi. Sho‘rlik xotin hayron bo‘lib, unga qaradi va qulluq qilishni ham unutdi. Mexaylo esa shapkasini boshiga tashlab, uyiga qaytmoq uchun shoshilib chiqa boshladi.
– Shoshma, hurmatlik kuyov, shoshma! – deb qichqirdi orqasidan “Chalapishti”.
– Nima gapingiz bor? – deb so‘radi Mexaylo, o‘zi ham eshikdan yiroqlashgisi kelmasdan.
– Xo‘sh, sen hali ham “zovurni o‘zim kavlayman” degan o‘yingdan qaytmadingmi?
– Yo‘q, qaytmadim.
– Bo‘lmasa, qachon boshlaysan?
– Ertaga.
– Nima? Ertaga? Xo‘sh, sheriklik tuzog‘iga kimni ilintirding?
– Hech kimni ilintirmadim va hech kimning darkori ham yo‘q. O‘zimga o‘zim kengashchi bo‘laman; shu yaxshi. Xayr, yaxshi tush ko‘rib yoting!
Shu bilan Mexaylo shoshilib uydan chiqdi, “Chalapishti” esa hayron bo‘lib qarab qoldi. Bu qanday gap? Shu gaplar rostmi hali? Bu esipast Mexaylo chinakam ham o‘zi ish boshlaydimi hali? Pulni qaydan topadi?
“Chalapishti” shu ravishcha juda ko‘p o‘yladi. So‘ngra ertaga o‘zi atayin Zalepiganikiga borib, tuzukchasiga gaplashib kelmakchi bo‘ldi.

Konchi boylar bilan to‘qinish

Ertasi kuni Zalepiganikiga borgan “Chalapishti” katta to‘polon ustidan chiqib qoldi. Konchi boylar, dehqonlar, ishchilar, mardikorlar va boshqa har xil sayoqlardan iborat butun bir olomon Mexayloning tegrasini o‘ragan edi. Demak, Mexaylo o‘z yerida zovur kavlata boshlagan…
Bu choqqacha konchi boylarning yolg‘iz o‘zlariga xos deb yurgan ishlarini birinchi daf’a bir qishloqi dehqon qila boshlagan edi. Mexaylo mardikor olib kelib, tomorqa yerining to‘rt joyini ko‘rsatib, o‘sha joylarni kavlay boshlashga buyurib edikim, darrov konchi boylar va qishloqi dehqonlardan iborat bir gala qo‘ni-qo‘shnilar chopib chiqishdi; birinchi chiqqan Shixter bo‘ldi va ahvolni ko‘rgan hamon g‘azabidan ko‘m-ko‘k ko‘karib ketdi.
– Nima qilmoqchisiz siz bu yerda? Kavlatmakchimisiz? – deb so‘radi ul Mexaylodan, biroz sevgan va biroz do‘q qilgandek bo‘lib.
– Kavlatmakchiman, – deb javob berdi Mexaylo.
– Kim ijozat berdi sizga?
– O‘z yerim bo‘lgani uchun o‘zimga o‘zim ijozat berdim.
– Mana men qildirmayman sizga bu ishni! – deb qichqirdi Shixter; u endi o‘zini to‘xtatolmaydigan darajaga kelgan va nima gapirganini ham bilolmay qolgan edi.
– Qani, qildirmay ko‘r-chi! – dedi Mexaylo.
Shixter yugurib kelib Mexayloning qo‘lidan “karmalag‘ich”ni tortib olmoqchi bo‘lgan edi, Mexaylo Shixterning ko‘kragiga shunday qattiq bir musht tushirdiki, Shixter shunday uzun gavdasi bilan yerga borib cho‘zildi.
O‘sha yerda turganlar hammasi mushtlashuvning bu qiziq muqaddimasini qattiq qahqaha bilan qutlab qarshi oldilar. Shixter o‘rnidan qo‘zg‘alolmasdan, xuddi so‘yilayotgan kishiday, zo‘r berib baqirmoqqa boshladi. Uning baqirganini eshitib, bir to‘da konchi boylar yugurishib keldilar. Agar o‘sha yerda qishloqi dehqonlar uning tarafini olmasalar, Mexayloning ishi, balki boshlanishdayoq chatoqqa tushar edi.
Shunday bo‘lsa hamki, shovqin va g‘ovur-g‘uvurlar butun bir soat davom qildi. Shixter arz qilmoq uchun qishloq mahkamasiga yugurdi, lekin u yerda hech narsa chiqmaganga o‘xshaydiki, yana tezda qaytib keldi, konchi boylar orasida qizg‘in kengashlar boshlandi, lekin Mexaylo ularga hech bir ahamiyat bermasdan, jon kuydirib o‘z ishiga kirishdi. “Chalapishti” yiroqdan turib shu hollarni tomosha qilardi. Konchi boylarning bu qadar kuyib-yonishlariga qaraganda, bu ishdan hech bir xayr chiqadiganga o‘xshamas edi. Shu uchun:
– Ha, bu juda qaltis ish! – deb qo‘lini siltadi “Chalapishti”; shunday qilib, Mexaylo bilan ko‘rishmakni ham istamasdan, to‘g‘ri uyiga qaytib ketdi.

Mexayloning yerida ish ketayotir

O‘sha kundan tortib Zalepiganing uyida yangi bir hayot boshlandi. Mardikorlar uning uyida o‘zi bilan birga tura boshladilar. Ularning ovqatlarini Mexayloning qaynegachisi pishirib bera boshladi. Goh aroq ichishgali, goh shundoq laqillab o‘tirgali, goh mardikorlarning ishlaganini tomosha qilgali qo‘ni-qo‘shnilar chiqa boshladilar. Ulardan ba’zi birlari o‘zlari ham shunday ish boshlamoqchi bo‘lib qoldilar. Ular yolg‘iz Mexaylo boshlagan ishning natijasini kutardilar.
Mexaylo bo‘lsa, uxlab tush ko‘rsa, yolg‘iz zovur kavlab g‘azna axtarganini ko‘rardi. U yerning tegrasini baland dovol bilan aylantirib oldi. Hatto g‘aznasini har xil yomon odamlardan saqlamoq uchun uchta bahaybat itni topib, kechalari zovurlarning yaqiniga bog‘lab qo‘yadigan bo‘ldi.
Ko‘p o‘tmasdan to‘rt zovur uchun to‘rtta ishchining ozliq qilgani bilindi. Qo‘shnilardan ba’zilari Mexayloga hali-hozircha uchta zovurni qo‘yib turib, bittasinigina kavlatishga, undan neft chiqqach, so‘ngra boshqalarini kavlatishga kengash berdilar. Ammo Mexaylo bu xil kengashlarni eshitmakni ham istamas edi. Shu so‘ng kunlarda unda allaqanday bir ichki o‘zgarish ro‘y bergan edi. U hozir o‘zining butun kuchini va es-hushini bir tilak – o‘z yeridan bir ish qilib neft chiqarish tilagi tegrasiga to‘plagan kabi edi.
Bu ishning natijasi nima bo‘ladi – uning bu bilan ko‘p ham ishi yo‘q edi. Bu savol uning tilaklari chegarasiga o‘tqizilgan momiq yog‘och edikim, u yog‘ochning ketida uning ko‘ziga yolg‘iz gulzor dalalar, xush isli qirlar, hech bir xayol yuzi ko‘rmagan mas’ud bir hayot va ketsiz bir sevinch olamigina ko‘rinardi. Ishqilib, neft chiqib qolsa bo‘ldi!
Aytib bo‘lmas iztirob onlarini yashagani holda, kecha-kunduz o‘sha ishini o‘ylar edi. Neft chiqadigan joy bu yoqda qolib, chiqmaydigan joyni kavlatayotgan bo‘lmasin tag‘in? Biror narsa eshitilmasmikan degan umid bilan, ul, yerga yotib, qulog‘i bilan yerni tinglaydi. Zovurlarni saqlash uchun turli-tuman tadbirlar axtaradi. Lekin itlarning va ular baravarida Mexayloning sergakligi orqasida hech narsa qilolmadilar. Mehribon ona o‘z bolasining yig‘isini yiroqdan turib qanday tuysa, Mexaylo ham o‘z zovurlariga yuzlangan tahlikani xuddi o‘shanday tuyar, irg‘ib o‘rnidan turar va o‘z mardikorlarini ko‘makka chaqirardi. Bir kun boylar kamoli o‘chakishganliklaridan uning uch itiga zahar berdilar, lekin zarari o‘zlariga bo‘ldi. Ertasi kuni Mexaylo o‘z mardikorlari bilan pistirma qurib, uning zovurlari tegrasida aylanishgan ikki kishini, ikki konchi boyni tutib oldi.
Mexaylo o‘z mardikorlari bilan birlikda haligi tutilgan boylarni uyiga olib kirdi, boshlariga qop kiygizib bog‘latdi, so‘ngra shu qadar kaltaklatdiki, oxirda ular uning yeriga hech bir qadam qo‘ymasga va’da berib, zo‘rga qutuldilar.
Hatto ertasi kuni u sho‘rliklar hech kimga arz qilish yo‘lini ham topa olmadilar, negakim, kaltaklashdan so‘ng uni isbot qilg‘unday hech bir asar qolmagan edi. Ammo ular bergan va’dalarida turdilar va undan so‘ng Mexayloni besaranjom qilmadilar.
Zovurlarning chuqurligi o‘n sarjinga yetib qoladi, ammo neftdan hali nomu nishon bo‘lmaydi. Shundagina Mexayloning esiga birdan qo‘lida qolgan pulning mazasi yo‘qligi kelib tushadi.
Shundan so‘ng uni dahshatli iztirob bosadi. Tun bo‘yi ko‘zini yummaydi. Kun bo‘yi miyasi g‘ovlanganday yuradi. Mexaylo bir kun kelib shu ishni tashlab ketishga to‘g‘ri kelajagini hatto xayoliga ham sig‘dira olmas edi. U ishdan ayrilish uning uchun jonday ayrilish bilan baravar edi.

Pul tugashga yaqinlashdi-yu, neft ko‘rinmaydi

Yutkodan tekkan pulning qo‘lda qolgani Mexayloga tezrak biror yo‘l topmoq kerakligini bildirardi. Shu uchun erta bilan, tong yorishar-yorishmas mardikorlarni ishga solib qo‘yib, Mexayloning o‘zi “Chalapishti”nikiga qarab chopdi. Dala ishlaridan xoli damlar bo‘lganidan “Chalapishti” hali o‘rnidan turmagan edi.
– Quda afandi, – deb salom-alikni nasiya qilib so‘z boshladi Mexaylo, – sizning yoningizga juda zarur bir ish bilan keldim.
– Qanday ish ekan? – deb so‘radi “Chalapishti”.
– Esingizda bormi, bir vaqtlar siz mening zovurlarimga qiziqib, sheriklikka kimlarni olganim to‘g‘risida surishtirib yurgan edingiz. O‘sha vaqtda men esipastlik qilib, qo‘limdagi pulni yetadi, deb o‘ylagan ekanman…
– Endi esing kirdimi? Bor pulingni zovurlarga tashlab, endi o‘sha behuda ishga meni ham tortmoqchi bo‘lasanmi? Chiq uyimdan! Yo‘qol darrov, yo‘qsa, itlarim bilan talatib haydataman! Bor, o‘sha Yutkoning oldiga bor! Ozgina pul bilan uni boy qilib qo‘yding, menga nima qilib berding?
– Boy qilib qo‘yding? Nechik boy qilib qo‘ydim? – deb g‘udurlandi Mexaylo.
– Hali sen bilmaysan ekan-da; Yutkoga sotgan yeringda – Valankada bir haftadan beri to‘rtta neft bulog‘i qaynab yotadi, u har kun yuz idishdan neft oladi, yana tugalishdan darak yo‘q. Ko‘rdingmi, qanday miyang bor sening! Bor endi, o‘shandan so‘ra! Balki u senga sherik bo‘lib qo‘shilar. Meni tinch qo‘y, meni!
Shunday degach, “Chalapishti” jahl va g‘azabi taniga sig‘magani holda, orqasini Mexayloga qilib, burilib oldi. O‘sha yerda bir daqiqa qadar indamasdan turib qolgandan so‘ng, Mexaylo oyog‘ini zo‘rg‘a ko‘tarib bosgani holda “Chalapishti”ning uyidan chiqdi.
– Qanday ishlar bo‘layotir bu dunyoda? Kim aytar ediki, boylik uni bu yerda emas, Valankada kutadi, deb? Endi nima qilmoq kerak? – Shu o‘ylar Mexayloning miyasida aylanar ekan, ko‘zidan qaynoq yoshlar to‘kilardi. Sababini o‘zi ham bilmagani holda, ul o‘zining butun umidlariga bu daraja qattiq zarba tushirgan tolesiz yerni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmak uchun Valankaga tomon yurib qoldi.

Yutko qutqardi

Yutko olgan yerda, chinakam, ish qaynar edi. Yigirmata mardikor zovurlardan neft chiqarmoqda, idishlarga quymoqda, aravalarga ortmoqda yoki shoshilish tiklangan yopiqlar ostiga qator qilib chizmoqda edi.
O‘sha yerning o‘zida sandiqchi ustalar yog‘ochdan idish hozirlamoqda, temirchi ustalar ularni temir kamarlar bilan aylantirib mahkamlamakda, yana bir tomonda duradgor ustalar yopiqni bitirmakda edilar; xullas, burungi yalanglik bir fabrikaga aylangan edi. Dastgohning orasida, qaynoq suvga tushgan chivinday, to‘lg‘ana-talg‘ana Yutkoning o‘zi yuradi; u hozir sevinchga to‘lgan, xushbaxt, yaxshi kiyingan, xuddi yangi tug‘ilgan kabi jonli edi. Narida yana yigirmata mardikor yangi zovurlarni kavlab turadi.
– Xudo baraka bersin! – dedi Mexaylo ma’yuslik bilan, tegrasi o‘ralgan yerga kirib kelib.
– Ha, Zalepiga! Qalaysiz? Ishlar qalay, Zalepiga? – dedi Yutko xursandlik bilan.
– Ish yomon, Yutko! Mana senga Xudo berib qolibdir, men bo‘lsam sen bergan pullarni yerga yem qilib, endi qup-quruq bo‘lib qoldim.
– Qancha kavlandi? – deb so‘radi Yutko.
– To‘rt zovur, har biri o‘n ikki sarjindan.
– Menikida olti sarjindayoq neft ko‘rinib qoldi. Siz ham kavlay bering, chiqib qoladi.
– Men ham o‘ylaymanki, chiqadi. Lekin qanday qilaylikki, mundan narisiga pul yo‘q.
– Pul yo‘q? Unday bo‘lsa yomon!
Yutko o‘ylab qoldi. Bu orada Mexaylo yaqindagina o‘ziniki bo‘lgan bu keng joyga qizg‘anchiq nazar bilan qaray boshladi. Ekin bitmagani uchun necha daf’alar qarg‘agan edi bu yerni!
“Baxtimning yo‘qligi mana endi ochiq bilindi, – deb o‘yladi sho‘rlik va tag‘in yig‘lab yubordi. – Hozir mana shu dastgohning hammasi o‘zimniki bo‘lardi! Yer g‘aznasini ochib beribdir-a, lekin menga emas-da!”
– Xafa bo‘lmang, Mexaylo, ishlaringiz, balki yana yurishib ketar. Bilasizmi, men sizga nima demakchiman?
– Xo‘p, gapiring.
Yutko Mexayloni ombor tomonga olib bordi-da, dedi:
– O‘sha vaqtda men sizdan shu yerni sotib oldim. Lekin desyatini yuz oltmish qirondan ancha arzon oldim. Bilasizmi, men bu yerning eski odami bo‘lganimdan, bu joylarning yerini juda yaxshi bilardim, qayerdan osonroq neft chiqishi ham menga yaxshi ma’lum edi. Adashmagan ekanman. Men o‘shanda, o‘zingiz so‘raganday, desyatiga ikki yuz qirondan ham berar edim. Lekin har nima bo‘lsa ham biroz savdolashdim. Endilikda men sizga aytsam, odam bolasi hammavaqt o‘sha odam bolasiligini qiladi. Mundan tashqari, men o‘sha vaqtlarda qo‘limdagi pulning mana bu ishga yetmay qolishidan qo‘rqqan edim. Endi ish boshqa bo‘ldi. Hozir men sizga yordam qilmasam, ayb bo‘ladi. Mana o‘sha pullarning ustiga yana sakson qiron beraman. Shu bilan o‘sha o‘zingiz so‘ragan bahoda olgan bo‘layinu, sizga ham jabr bo‘lmasin.
Yutkoning bu yaxshiligi Mexayloga chin ko‘ngildan ta’sir qildi.
– Xudo sizga yuz martaba ziyod qilib qaytarsin, Yutko! – dedi Mexaylo. – Sizning bu yaxshiligingizni men o‘lgunimcha unutmayajakman.
– Yolg‘iz sizga bir kengashim bor, Mexaylo, – dedi Yutko, – siz bu pulni to‘rt zovurga birdan sochmang. Hozircha uchtasini berkitib turib, bittasini kavlating, maqsad shunda tezrak hosil bo‘ladi.
Shu bilan ular ikkovi ajrashdilar. Yutko zovurlariga qarab ketdi. Mexaylo esa, yana yangi umidlarga to‘lgani holda, uyiga tomon yo‘l oldi. Uchta zovurni berkitib qo‘yish, garchi u uchun juda og‘ir bo‘lsa ham, boshdan o‘tgan og‘ir tajriba va mundan so‘nggi ish uchun zarur pulning ozligi uni shu chorani ko‘rishga majbur qildi.
Shunday qilib, uch zovurni berkitdi, mardikorlarning ko‘piga javob berib, yolg‘iz ikkitasinigina olib qoldi. Qo‘lidagi pulni kunlarga taqsim qildi va shundan so‘ng yana yangidan ishga kirishdi.

Mexaylo butun kuchini yana zovurlarga berdi

Endi ish juda og‘ir keta boshladi. Yumshoq tuproq o‘rniga hozir qattiq zamin chiqib qoldikim, uni kavlamak juda qiyinlik keltirmakda; hatto u zaminni ilgari bir qur lom bilan yumshatib olish ham og‘irlashdi. Shu uchun ventilyator sotib olishga to‘g‘ri keldi. Pulning bir munchasi ana o‘shanga ketib qoldi.
Ish sekinlik va ma’yuslik bilan boradi. Yolg‘iz Mexaylo ortiqcha ko‘p hayajon kechiradi. Axir har bir daqiqa yoki metin asbobning har bir zarbi unga najot keltirmagi, uning kutgan g‘aznasini ochib yubormog‘i mumkin edi.
U hammavaqt zovurda o‘zi bo‘linmoq istar, aksari yemak va ichmakka yubormoq uchun uni zovurdan zo‘rlab olib chiqmoqqa to‘g‘ri kelardi.
So‘ngra uyqusi ham yo‘q edi uning. Har kecha o‘zi uyquda turib, neftning qaynaganini istardi. Shunda xursandlik bilan jinnilarcha baqirgani holda, irg‘ib o‘rnidan turar, yugurib zovurga chiqar, qorong‘ida hech narsa ko‘rmagach, neftning qaynagani va biliqlagani eshitilmasmikan, deb zovurning qopqog‘iga qulog‘ini tutardi. Ammo neft, xuddi qarg‘ish tekkanday, indamas, ko‘rinmas; Mexayloning yolborishlari, qarg‘ishlari va ko‘z yoshlariga aslo e’tibor qilmas edi.
– Voy, Xudo! – deb qichqirib yubordi qaynegachisi bir marta uning zovurdan chiqib kelganini ko‘rgach. – Mexaylo pochcha! Rangingiz oppoq bo‘libdir. Yuzingizga qarab bo‘lmaydi!
– Nega qarab bo‘lmaydi? – deb uning so‘ziga tushuna olmasdan so‘radi Mexaylo.
– Rangingiz o‘chib, sarg‘ayib, shu qadar ozib ketibsizki, xuddi o‘likka o‘xshaysiz. Nima balo, siz hech narsa yemaysizmi?
– Yo‘q, yemayman.
– Unday bo‘lsa, demak, siz kasal ekansiz-da?
– Ey qo‘ying-ey, men tuppa-tuzukman.
– Unday bo‘lsa, birovlar sizga oriqlatadigan dori berayotganga o‘xshaydi. Yo bo‘lmasa, biror narsadan cho‘chidingizmi?
– Ey bekor gap! Qo‘rqmang, mana shu neft o‘lgur chiqib qolsa, darrov tuzalib qolaman.
Shundan so‘ng Mexaylo, xuddi jinni bo‘lgan odamday, tez-tez va qing‘ir qadam bosib, mardikorlar bilan birga ovqat qilgani ketdi. Qaynegachisi ularning ovqatini o‘z uyida pishiradi. Burun ovqatni hammavaqt o‘n to‘rt yashar katta qizidan yuboraturgan esa, bu daf’a o‘zi olib kelgan edi.
Shu uchun Mexayloni ikki haftadan beri ko‘rmasdan, endi ko‘rganida, taniyolmay qoldi va, tamom haqli o‘laroq, uni kasalga chiqardikim, bunda taajjub qilajak hech narsa yo‘q. Lekin Mexayloning o‘zi hech narsani tuymasdi. Uning butun hayoti, butun fikri va tuyg‘usi yolg‘iz bir narsada – zovurda edi. Uning butun fikri va yodi yigirma sarjin kavlagani holda, o‘zida yashiringan bir tomchini ham berishni istamagan shu o‘jar va chuqur uchurumda edi…

Zovur sira damini chiqarmaydi

Mexayloning nazarida, zovur ham sho‘rlik va eslik bir maxluqday bo‘lib qolgan edi. Qoni qaynagan vaqtlarida ul zovurga uzundan-uzoq gapirib ketar; uning yolg‘iz mushtumzo‘rlar uchungina marhamatlik bo‘lib, unga – o‘zining egasiga qolganda, chiranib turib olganini aytib, uni qoyib qolardi. So‘ngra endi mundan nari marhamatlik va insoflik bo‘lmagini, hech bo‘lmaganda, o‘zi uchun sarf qilingan pulni chiqarib bermagini so‘rab yalinardi.
Zovur sira damini chiqarmas edi.
Yana bir hafta o‘tdi. Zovurning chuqurligi yigirma ikki sarjinga yetgan, ammo Mexayloning cho‘ntagida yolg‘iz yigirma ikki “kraysir” chaqa qolgan edi. Zovurda neft asari sira ko‘rilmadi. Mexaylo xuddi esidan ajralgan kishiday bo‘lib qoldi. Mardikorlar ishini tashlab ketmasinlar, deya, ul to‘ppa-to‘g‘ri ularning oyoqlariga yiqildi.
So‘ng kunlarda ovqatning mazasi ketganligidan va ham ish haqining o‘z vaqtida berilmaganidan koyib yurgan mardikorlar Mexayloni kelishtirib bir so‘kdilar-da, chiqib ketdilar. U o‘zi yolg‘iz qoldi.
Shunday qilib, uning butun umidlari, xuddi sovunning ko‘pigiday, chinakam, uchib ketadimi? Yugurib “Chalapishti”nikiga borgan edi, ul buning ustiga itlarini alikishlab qo‘ydi. Yutkonikiga chopgan edi, ul uyida yo‘q, allaqaysi zavod bilan neft oldi-sotdi xususida shartnoma bog‘lagali ketgan. Ul o‘zi kelguncha ishlarini to‘xtatib, zovurlarini berkitib, yolg‘iz tegrasiga qorovullar qo‘yib ketgan.
So‘ngra, xuddi zaharlangan darrandaday, Mexaylo Yutkonikidan to‘ppa-to‘g‘ri o‘z yeriga chopib keldi, lekin dovolning tagiga yetganda, bundan so‘ng nima qilajagini bilmasdan turgan joyda turib qoldi.

Shixter yana Zalepiganing yerini qo‘lga kirgizgali urinmoqda

– Hoy, Mexaylo afandi, ahvolingiz qalay? – deb so‘radi Shixter.
Mexaylo Shixterni ko‘rgach, labini tishladi.
– Qalay bo‘lardi? Xudoga shukur, hamma narsam tugal, – deya yomon qaysarlik bilan javob qaytardi ul.
– He-he-he! – deb kuldi Shixter. – Ha, sizning hamma narsangiz tugal! Xo‘sh, zovurlaringizni sotmaysizmi menga?
– Yo‘q, hali sotmayman.
– Ha, qachon sotasiz?
– Vaqti kelganda.
– Vaqti qachon keladi?
– Kelganda ko‘rarmiz.
Shunday dedi-yu, Mexaylo uyiga qarab yo‘l soldi.
– Hoy, menga qarang, Mexaylo afandi, men siz bilan chinakamiga gaplashayotirman. Nega kerak sizga shuncha sarsonlik, qiynalish, sarf-suruf? Ana, narigi yeringizni Yutkoga sotdingiz. Yutko hozir katta boy bo‘lib qoldi, siz bo‘lsangiz, hamma pulni zovurlarga topshirib, o‘zingiz qup-quruq bo‘lib o‘tiribsiz. Qo‘ying, siz munaqa ishlarga ovora bo‘lmang, neft kavlatmang, bu ish dehqonlar qiladigan ish emas. Men sizga har bitta zovuringiz uchun yuz qirondan beraman, sota qoling. Qarigan vaqtingizda yetadi sizga, o‘lguningizcha.
Mexaylo otluqib ketdi. Shixterning bu so‘zlari qo‘ni-qo‘shnilarning hamma ta’nalaridan o‘tib tushib, yuragiga tekkanday sanchildi.
– Yo‘qoling ko‘zimning oldidan! Chiqing darrov, yo‘qsa, tosh bilan solaman!
– Hay, hay! Tosh bilan? Nega axir? Ey sendaka sassiq jinni! Sen hali – bu mendan qo‘rqadi, zovurlarim ham bir nimaga arziydi, deb o‘ylaysanmi? Shoshmay tur, bir kun o‘zing yalinib kelajaksan!
– O‘lguningcha kutasan bo‘lmasa! – deb baqirdi Mexaylo unga.

Mexaylo yomon tang bo‘lgan, lekin bo‘shashmaydi

So‘ngra shapkasini peshonasiga qo‘yib, g‘azabidan dir-dir qaltiragani holda, Mexaylo qaynegachisinikiga qarab chopdi. Bu daf’a yangasi uni ko‘rgan hamon, chinakam, qo‘rqib ketdi.
– Pochcha, nima bo‘ldi sizga? Yo birovlar ketingizga tushganmi? Yo bir narsa bo‘ldimi?
Mexaylo hatto xotinning qichqirishlariga ham e’tibor qilmadi. Darmonsiz holda o‘zini kursiga tashladi, so‘ngra boshidan shapkasini ham olmay, darrov gapni boshladi.
– Mening oxirgi umidim sizda! Pulim odoq bo‘ldi, mardikorlarim tashlab ketdilar, zovurlarni kavlash har holda lozim. Neft chiqquncha kavlamak kerak. O‘zim halok bo‘lsam bo‘lamanki, ishni tashlamayman! Yordam qiling menga! Men axir yolg‘iz o‘zim uchungina tirishmayman-ku, biror narsa chiqib qolsa, sizning bolalaringizga ham bo‘ladi. Yuring, o‘zimiz ishlaylik, sizning katta bo‘lib qolgan qizingiz ham bor. Ikkovingiz birga ishlaysiz. Kichkina bolangiz ventilyatorni to‘lg‘ab turishga yaraydi. Men o‘zim zovurga tushib, kuchim yetgancha kavlayajakman. O‘zim sezamanki, ko‘p qolmadi. Metin bilan bir necha marta ursak, bas o‘zi. Kim biladi, balki men birdaniga neft bor yerga urib qolarman, qaytarmang, quda!
Yanga hayronlikda qolgan edi. Uni hayron qoldirgan narsa Mexayloning so‘ragani emas, uning allaqanday ajoyib jaranglab chiqqan yumshoq va titrak ovozi edi. Sho‘rlik xotin nima deyajagini bilmasdi. Negakim, uning ikkita katta bolasidan boshqa, doimo qarab turilmasa bo‘lmaydigan uchta mayda bolasi ham bor edi.
Mexaylo xotindagi bu ikkilanishning sababini payqadi.
– Kichkina bolalaringiz to‘g‘risida qayg‘irmang! Ularni bizning uyga ko‘chirajakmiz. Siz meni zovurga tushirib qo‘ysangiz, men kavlab bo‘lguncha sizning yarim soat vaqtingiz bo‘ladi, o‘shanda bolalaringizga qarab kelarsiz.
Xotin hali ham ikkilanishda davom etganligidan Mexaylo chidamadi: ko‘zi yoshga to‘lib, xotinning oldiga tiz cho‘kdi.
– Jon quda, – deb yolvordi ul, – yalinib so‘rayman sizdan, qaytarmangiz! Qaytara ko‘rmangizki, men jinni bo‘lib qolaman! O‘zim his qilib turamanki, shu ishni to‘xtatish degan narsa esimga tushib qolsa ham butun tanimni bir azob olovi o‘rab oladi-yu nima qilganimni o‘zim ham bilmay qolaman.
– Ey Xudo saqlasin! – deb qichqirib yubordi xotin qo‘rqqanidan. – Nega munday qo‘rqinch narsalarni gapirasiz? Tinchlaningiz, ishlaringiz o‘nglanib ketar. Biz hammamiz kavlashib beraylik, yolg‘iz siz yig‘lamangiz, tinchlaningiz! – dedi ul Mexayloni yig‘lab turg‘izib.
– Men juda tinchman, – deb pichirladi Mexaylo, – yolg‘iz darmonim yo‘q mening. Uyqu bosayotir.
– Bo‘lmasa uxlang, uxlab oling, yengillaysiz; yo‘qsa, rangingiz juda yomon olinib ketibdir.
So‘ngra ul Mexayloni poxoldan solingan joyga olib bordi.
Mexaylo xuddi mast odamday darmonsizlik bilan yotoq joyga ag‘darildi va shu bo‘yicha og‘ir bir uyquga ketdi. Yangasi hatto uni mast emasmikan, deb ham o‘yladi, lekin yaqinlashib ko‘rgach, undan hech qanday ichkilik hidi kelmaganini bildi.
– Oh, sho‘rlikkina! – deb “oh” tortdi. – Bu neft o‘lgur muni shuncha galdiratibdirki, har narsani unutib yuboribdir.
Mexaylo uzoq, lekin besaranjom uxladi. Necha marta cho‘chib tushdi, yerga quloq berdi va uyquda turib: “Mana! Mana!” deya baqirgach, yanada darmonsizlik bilan joyiga yiqildi.
Shunday bo‘lsa ham, ertasi kuni juda erta turib, qaynegachisining zarur narsalari va oziq-ovqatlarini o‘z uyiga zo‘r berib tashidi. O‘sha vaqtda uni allanarsa zovurlarga tomon tortadi. Shu uchun narsalarni yo‘lda qoldirib, neft chiqmadimikan, degan o‘y bilan yugurgancha zovurga boradi, lekin hech narsa topolmasdan, ma’yus bo‘lib, yana yangasining yoniga ketadi.
– Qup-quruq! Hech narsa yo‘q! Lekin men bilamanki, tezda, juda tezda bo‘lajak. Bo‘lmog‘i lozim! Qani, yuring, yuring, ishlaylik! Tez bo‘lish kerak! Men o‘zim his qilamanki, meni allanarsa oldiga solib quvalamoqda, xuddi o‘limim yaqinlashganga o‘xshaydi. Holbuki, o‘lmasdan burun ancha qiladigan ishlarim bor.
Yangasi hech narsa demadi. U Mexayloning jinni bo‘lganiga ishonib qolgan edi. Lekin o‘zi unga nima bilan bo‘lsa ham yordam berishdan ojiz edi. Katta qizi – ikkovi Mexayloni asta-sekin va ehtiyot bilan zovurga tushirdilar. Bu vaqtda xotinning kichik o‘g‘li butun kuchi bilan ventilyatorning qulog‘ini to‘lg‘ab, zovurga toza havo yuborar edi…

Mexaylo o‘zi yolg‘iz ishlabyotir

Mexaylo zovurga tushib olgandan so‘ng, yangasi zovurni qarab turishga bolalarini qoldirib, o‘zi uyiga kirdi.
Tuproq to‘ldirilgan chelakni uning yordamidan tashqari, yuqoriga tashib chiqarmoq uchun, Mexaylo oson bir yo‘l topdi. U o‘zi ikkala uchini ham zovurning tagiga yetkizib, – tepasi g‘altaklik – bir arqon tortdi; chelakni o‘shaning bir boshiga bog‘lab, yana bir boshidan tortadi, chelak yuqoriga chiqadi, uni bolalar olishib bo‘shatishadi-da, yana arqonga ilib, pastga tushirishadi.
Bolalardan birortasi zovurga tushib ketmasin, deb ehtiyot yuzasidan Mexaylo turli-tuman yo‘llarni axtarib topar edi. Shu uchun onasi bolalaridan ko‘ngli to‘q yura bersa mumkin edi.
Boshda ishlar tez ketdi. Mexaylo odam bolasida bo‘lmagan bir kuch bilan ishlar edi. Qattiq yerga metin bilan urganida, xuddi eng yomon dushmanni urayotganday uradi. Chelaklarni bir-bir keyin uzatib turar va hatto zovur tagida havoning sog‘lom bo‘lishiga ham uncha e’tibor qilmas edi; lekin bolalarning ventilyatorni aylantirishlari ham chakki emasdi.
Mexaylo neft chiqib qolgan vaqtda qanday harakat qilmoq lozimligini ham hatto o‘ylab qo‘ydi. Ul neft chiqib qolganda, to bolalar borib, onalarini chaqirib kelib, so‘ngra o‘zini tortib olgunlaricha kutib o‘tirmasdan, o‘ziyoq yog‘ochdan-yog‘ochga osilib, bir necha sarjin joyga chiqib turmoqchi bo‘ldi. Negakim, neft ittik chiqsa, o‘zining tezda ko‘milib ketishidan yoki neft bug‘i bilan bo‘g‘ilib qolishidan qo‘rqardi.
Holbuki, neftdan asar ham yo‘q edi. Bir necha soatlik og‘ir ishdan so‘ngra Mexaylo bo‘shashdi. Beli, qo‘li va oyoqlari qattiq og‘rir, havosizlik dimiqtirar, quloqlari shovullar va boshi aylanardi.
– Bu bo‘g‘uvchi havo, balki neftning sharpasidir? – deb sevinib o‘yladi Mexaylo va arqonni uch marta silkib tortdi; bu – bolalar onalarini chaqirsinlar va uni tortib olsinlar, degan ishorat edi.
– Xo‘sh, qalay? Bormi? – deb so‘radi qaynegachi Mexayloni zovurning qorong‘i og‘zidan tortib olgach.
– Borga o‘xshaydi, – dedi Mexaylo bo‘g‘ilgani holda va mast kishiday turgan joyida, zovurning yonginasida “pirt” uchib qoldi.
Yangasi bilan qizi uni turg‘izib, kapaga olib borib, qornini to‘yg‘azdilar-da, yana o‘rab-chirmab yotqizib qo‘ydilar. Ammo umidlar bekor ketdi. Bo‘g‘uvchi havo yana chiqdi, bug‘lar yana ko‘tarildi, lekin neftdan darak bo‘lmadi.
Mexayloning iztirob va bezgaklik holati yana avj oldi. Ul biroz dam olgandan so‘ng, yana zovurga tushirilmagini so‘ray boshladi. Qaynegachi esa munga taqir yo‘l qo‘ymoqni istamas edi.
– Siz o‘zingizni o‘zingiz qiynaysiz! Biroz dam oling, o‘zingizga darmon to‘plang. Zovur qochib ketmaydi.
– Yo‘q-yo‘q, tezrak ishni bitirmak kerak! – demakdan to‘xtamasdi Mexaylo. – Sizga nima chiqadi meni qiynashdan? Men axir usiz ham bir joyda o‘tirib, bir joyda tinchlanmay yotibman-ku, meni zovurga tushirsangiz, yaxshiroq bo‘ladi!
Yana bir kun sabr qilmoqqa zo‘rg‘a ko‘ndirdi uni sho‘rlik yangasi.
Mana shu yo‘sinda ikki kun o‘tdi. Bu ikki kunning orasi ish kunlarinikidan og‘irroq bo‘ldi. Bu ikki kun ichida Mexaylo o‘n yillik qaridi, bukchaydi, soch-soqoli oqardi. Yuzlari tirishliqlar bilan to‘ldi. Yolg‘iz uning sariqqa moyil ko‘zlarigina jonli olov bilan porlar edi. Uning matonati kamaymadi, balki kundan-kun oshib bordi.
Kunduzlari og‘ir mehnatdan so‘ng horib-charchab bir-ikki daqiqa mizg‘ib olishni hisoblamasak, ul butunlay uxlamay qo‘ydi. Kechalar uni kunduzdan ko‘ra ko‘prak qiynardilar.

Yana bir tashvish

Uch kun o‘tgandan so‘ng sira kutilmagan bir tashvish yetib qoldi. Kun o‘rtasida Mexaylo bolalar bilan endi ovqat qilib bo‘lib, yangasi unga poxoldan joy qilib turgan edikim, birdan eshik ochildi va, xuddi bo‘ronday, hovliqib, xotinning piyanista eri kirib keldi.
– Ha, topdim-ku o‘z xotinimni! – deb baqirdi ul va shundan boshqa bir og‘iz ham gapirmasdan to‘g‘ri kelib xotinining yuziga musht bilan shunday urdiki, sho‘rlik xotin qonlarga bo‘yalib, yerga yiqildi.
Xuddi yarim soatgacha Mexayloning uyidan qiyomatlar qo‘pdi. Xuddi yarim soatgacha qarsillashlar, kaltaklar, dod-fig‘on, bolalarning yig‘lashlari, xotinning “oh-voh”i, sindirilgan idishlarning sharaqlashi va Mexayloning shovqinlari kelib turdi.
Kaltaklardan Mexayloning o‘zi ham quruq qolmadi. Lekin shuni aytib o‘tmak kerakkim, Mexaylo urush maydoniga juda dadillik bilan tushdi va piyanista qarindoshining chakkasiga yaxshilab turib uch-to‘rt marta musht tushirdi, ana o‘sha mushtlar bilan qarindoshining urishqoqlik oloviga ancha suv sepgan bo‘ldi.
Bu urush yarim soatcha davom qildi, so‘ngra sekin-sekin raj’at (orqaga qaytish) boshlandi. Natijada yangasi o‘z bolalari va yaqinda tashib kelgan hamma ro‘zg‘or asboblari bilan birga Mexayloning mehmonnavoz uyiga xayr-ma’zur qildi. Uning eri bo‘lsa, qarg‘ishlar va shovqinlar bilan yig‘lab borgan, kaltak yegan va qonlarga bo‘yalgan ixtifolning ketidan borardi.
Mexaylo butun kuch, yordam va umidlardan ayrilib, uyda o‘zi yolg‘iz qoldi. Nimaydi bu? Qayerdan chiqib keldi bu bo‘ron? Bu bir vahimalik tush edimi yoki achchiq haqiqat? Ul o‘zi ham bilmaydi. Ul hatto eshikni qachon va qanday qilib berkitganini va uyining o‘rtasida solingan poxol ko‘rpaga qachon va qanday qilib yotib qolganini ham eslay olmas edi…

Yana o‘zi yoppa-yolg‘iz

Mexaylo irg‘ib o‘rnidan turib, qayg‘uli fikrlarga berilgan vaqtda ilk sahar bo‘lib, tong endigina otgan edi. Nima qilish va qanday tadbirlar qurish to‘g‘risida o‘ylay boshladi. Eng avval neft chiqdimikan, deb zovurni qaradi. So‘ngra ustidagi kaltachasini yechmakka boshladi.
Ul birdan, kutilmaganda, o‘zining hozirgi vaziyatini payqab qoldi. Ul, axir, hozir o‘zi yoppa-yolg‘iz. Nima qilsin endi sho‘rlik? Buni o‘ylab, ayanch bir vaziyatda, uyining qoq o‘rtasida tip-tik turadi. Unga shunday tuyulardikim, ul o‘zi hozir allaqanday tagi yo‘q bir uchurumga yumalanib ketmakda va uning qanday bo‘lsa ham bir suyanch nuqtasini topmoq uchun tirishuvi bekor. Lekin uning umid manbai hali tagigacha qurigani yo‘q edi. Har bir ishni taqdirning o‘zi to‘g‘rilaydi, degan xayol bilan uning miyasida turli-tuman yuzaga chiqmas rejalar, har xil afsonaviy tasodiflar aylana boshladi.
Mana shu xayollarga ko‘milgan holda, ul kaltachasini kiydi, fonusi bilan bir uchiga tosh bog‘langan uzun kanop ipni qo‘liga olib, zovur tomonga ketdi. Yurib-ketib, desak, to‘g‘ri bo‘lmaydi, balki allaqanday qudratli bir kuch tomonidan quvvatlanayotganday chopib, uchib ketdi.
Zovurning qopqog‘ini ochib, ichiga ko‘z tashlab edi – qorong‘i. Kanop ip uchidagi toshni tashlagan edi, birozdan so‘ng qattiq zaminga borib tegdi va yengil chertilganday bir ovoz chiqardi. So‘ngra toshni yuqoriga tortib olib qarasa – qup-quruq, neftdan asar ham yo‘q. Shundan so‘ng Mexayloning qo‘llari bo‘shashib, “shilq” etib quyi tushib, osilib qoldilar…
O‘z yolg‘izligi va kuchsizligining butun dahshatini, ul endi, hozirgina payqadi. Uning butun harakatlari, tirishuvlari va qiynalishlaridan nima chiqdi? Nega ul bor-yo‘g‘ini shu la’nati zovurlarga tashlab berdi?
Marhamatsiz yozmish undan kulayotganga o‘xshaydi. Mana, Yutkoni hech bir zahmatsiz boy qilib qo‘yib, unga kelganda, oyoq ostidagi chumoliday bosib, ezib ketdi. Bu qadar qattiq adolatsizlikning sababi nima bo‘lsa ekan?..
Mexaylo ko‘kragiga allaqanday og‘ir bir tugunchaning qadalganini sezdi. Uning nafasi bo‘g‘ilardi. Ul o‘zini ko‘tarib turib yerga tashladi-da, uni mushtlay-mushtlay, yovvoyi ovoz bilan o‘kirdi:
– Ha, ha, ol, mana, la’nati, ol, mana, xoin, ol, mana, sotqin!
Ezilgan bir holda, ul, ancha vaqtgacha qimirlamay yotdi. So‘ngra o‘rnidan turib, bo‘zargan va qovog‘i soliq ko‘kka tomon boshini ko‘tarib, bor kuchi bilan baqirdi:
– Ey Xudo, ey Xudo, men senga nima gunoh qilib edim? Nega menga bu qadar jazo? Boylarga, mushtumzo‘rlarga, odam shaklidagi zuluklarga qancha karam qilasan, men sho‘rlikni esa mana bu hollarga solasan! Qani sening odilliging? Qani sening haqliging?
Shu so‘zlardan so‘ng go‘yo uning ko‘ksidagi og‘ir tosh tushdi-yu, ul og‘ir nafas olib, jim bo‘ldi. Ammo haqiqatda ul tinchigani yo‘q, yolg‘iz asablari, og‘ir g‘am tortish orqasida, bir nafasgina o‘tmaslanib oldilar.
– Nima qilaman endi men sho‘rlik? Qaydan ish boshlayman? Yo shu la’nati zovurga boshchasiga tashlab, o‘zimni-o‘zim o‘ldirib qo‘ya qolaymi? Boshqa yo‘l yo‘q ham qolmaganga o‘xshaydi! Xayr, hoy mening aziz onam, menga o‘z bag‘ringdan joy bergil! Mundan nari qiynalib yurishga toqatim qolmadi!
Ko‘zlari yosh bilan to‘lgani holda, qulochlarini ochib turib, ul, o‘zini tuban yerga irg‘itdi va shu bo‘yincha qotdi-qoldi. Yolg‘iz butun gavdasini titratmakda bo‘lgan ho‘ngrashlargina uning o‘lik jasad emas, balki tirik odam ekanini ko‘rsatardi.

G‘azna topildi!

Mexaylo birdaniga shu qadar tezlik va ittiglik bilan irg‘ib turdiki, ko‘rgan kishi uni zaharlik ilon chaqqan, der edi. Nima gap bu? Tush emasmi? Ko‘ziga shunaqa ko‘rinmaydimi?
Mexaylo anglatib bo‘lmas bir talvasa bilan “dir-dir” qaltirardi. Ul ko‘zlarini ishqalab, nima qilishni bilmasdan, allavaqtgacha tip-tik turib qoldi. So‘ngra sinov ipini olib, uning bir uchidagi toshni zovurga tashladi. Tosh yana o‘sha keskin taqillash bilan borib, yerga tegdi. Ul toshni tortib oldi, lekin o‘z ko‘zlariga o‘zi ishonmas edi, negakim tosh yana qup-quruq!
Demak, bu safar ham ul aldangan, demak, yuztuban yerda yotgan vaqtda uning qulog‘iga juda ravshan eshitilgan varaqlash ovozi taqdirning uning qora toleidan kulishi ekan!
– La’natlar bo‘lsin senga, ey qora qismat! Xayr endi, ey nonko‘r dunyo, ey jondan to‘yg‘azgan turmush!
Mexaylo yugurgancha kelib, o‘zini zovurga tashlamoq uchun bir necha qadam orqaga qaytdi. Lekin nima bu, nima narsa bu? Zovurdan salgina yiroqlashib edikim, qulog‘iga yana boyagi mayin varaqlash ovozi keldi. Eshituv xossasini mumkin qadar to‘plab turib tingladi. Ha! Bir narsa bor! Bu varaqlash ovozi uning xayolida tug‘ilgan narsa emas! Yana ikki qadam orqaga qaytib edi, haligi ovoz yana ham ochiqroq eshitildi.
Xuddi o‘sha vaqtning o‘zida, ul quyuq bir neft bug‘i burqsiganini payqadi.
Nima narsa bu? Qayerdan keladi? Tegrasiga nazar soldi; o‘zi, axir burungi, berkitib tashlangan zovurlariga juda yaqin turadir-ku. Yerdan otilib chiqqan neft bug‘larining bulut singari tumani va yer ostidan kelgan aniq varaqlash ovozi kutgan maqsadlarining qo‘lga kelganiga bir nafasda uni ishontirib qo‘ydilar. G‘azna uning eng oz kutgan joyidan chiqib qoldi.
Lekin Mexaylo hali ham o‘z-o‘ziga ishonmas edi. Qaltirab, bo‘g‘ilib va nima qilayotganini va o‘ziga nima bo‘layotganini ham tuzuk-quruq bilolmasdan, ip olib, qo‘llari bilan ustidan kaltachasini irg‘itdi. So‘ngra tiz cho‘kib olib, qo‘llari bilan yerni kavlamakka, namli tuproqlarni bir tomonga surmakka va zovurning og‘ziga qoqilgan qalin taxtalarni qo‘pormoqqa boshladi.
O‘taketgan shoshqaloqlik va butun kuchini ishlatmak bilan, ul bitta taxtani zo‘rg‘a ko‘chira oldi. Anchagina yuqori ko‘tarilib qolgan quyosh bu vaqtda qiya boqib, zovurga qaradi. Uning shu’lalari zovurning og‘zigacha to‘lib yotgan quyuq va qop-qora suyuqlikning yuzida, xuddi bir silliq oynakka tushganday, yiltirab aks etmakda edi.
Demak, Mexayloning o‘sha onda shodligidan es-hushini yo‘qotib, zovurga tushib ketmagani chinakam mo‘jiza edi. O‘ziga qaltis bir narsa bo‘lajagini ul o‘zi payqab qolganga o‘xshaydi. Shu uchun sovuq terlarga botgani holda, xuddi o‘ziga xavfsiz bir joy axtarganday, zovurdan nariga chekildi…

Shodlikning cheki yo‘q!

Lekin birozdan keyin unga chinakam jinnilik arz bo‘ldi. Ul yugurgancha borib, yuzi berk zovurlarning ikkinchisini ochib ko‘rdi – to‘la! Uchinchisini ochib ko‘rdi – yana to‘la! Demak, tushida ko‘ringan allakimning: “Bor, bor, o‘sha sen istagan g‘azna!” deganlari bejiz emasdi. Behuda yerga bu qadar azob tortmog‘i yolg‘iz o‘zining ko‘rligidan kelgan edi.
Tilakka yetildi! G‘azna topildi! Sog‘liq, azoblar, xo‘rliklar va o‘kinishlar baravariga bo‘lsa ham, ishqilib, topildi!..
Nima qilish kerak endi uni? Bu to‘g‘rida Mexaylo o‘ylamasdi, “u yog‘i oson!” derdi.
Shundan so‘ng ul nima qilayotganini sira o‘ylamasdan, to‘ppa-to‘g‘ri Shixterboynikiga chopdi. Bu borganda Shixterboy o‘z zovurlari yonida ishchilar bilan allanarsa xususida gaplashib, savdolashib turgan edi. Mexaylo bir og‘iz ham gapirmasdan, to‘ppa-to‘g‘ri uning yoniga bordi va yelkasidan changallab, o‘zi bilan birga sudray boshladi.
– Nima bu, nima gap bu, Mexaylo! Jinni bo‘lib qolibsiz! Nima istaysiz mendan? – deb qo‘lini bo‘shatmasdan, xirqiroq va bo‘g‘iq ovoz bilan Mexayloga qichqirardi. – Qayerga axir? Nega?
– Yuring, yura bering, borgach ko‘rasiz! – deb oldinga sudradi Mexaylo.
Shundan so‘ng allaqanday favqulodda bir narsa bo‘lganini Shixter darrov payqadi va tislanmasdan yura boshladi. Shu holda birinchi zovurga yetib keldilar.
– Muni ko‘r!
Shixter esini yig‘ib olguncha bo‘lmasdan Mexaylo uni narigi zovurga sudrab ketdi.
– Muni ko‘r!
So‘ngra uchinchi zovurga sudradi.
– Muni ko‘r!

Million! Million!

Shixterboy turgan joyida qotib qoldi. Mexaylo esa, og‘ir nafas olgani holda, behol bo‘lib, yerga yiqildi. Uning bir og‘iz gap gapirishga ham madori yo‘q edi. Ular ikkalasi ham anchagacha jim qoldilar.
– Xo‘sh, gapiring, qani? – dedi oxirda Shixterboy Mexayloga.
– Sotaman, ol! – dedi Mexaylo kalta qilib.
– Qanchaga?
– Bir million!
– Esingizni to‘plang, Mexaylo! U nima deganingiz? Kim sizga bir million berar ekan?
– Sen berasan!
– O‘zingiz bilasizmi millionning nima ekanini? Qancha pul bo‘ladi u?
– Bilamanki, juda ko‘p bo‘ladi… Qo‘limga kirgandan so‘ng, sanashga ham yarayman… Sen bekorga berar, deb o‘ylab edingmi?
– Men bekorga deb yotganim yo‘q. Lekin siz ham el qatori so‘rang-da.
– Bir million!
Shixterboy baland ovoz bilan kulib yubordi.
– Gapirgan gapingizni qarang! Shu bir og‘iz gapni bilib olibsiz-da, hadeb shuni pishqirasiz… O‘zingiz o‘ylang axir, Mexaylo, qayerdan olib beraman sizga millionni?
– Unisini o‘zing bilasan.
– Nima qilasiz shuncha pulni?
–Unisini o‘zim bilaman.
Shixter yana astoydil bir kulgi boshlab edi, yana darrov to‘xtatdi. Boshiga yaxshi bir o‘y kelgan edi.
– Menga qarang, Mexaylo! Ko‘rayotibmanki, siz hazilkash odamga o‘xshamaysiz, xo‘p, mayli, aytganingiz bo‘lsin: zovurlaringizga bir million beray!
– Shunday qilishingni bilar edim o‘zim, – dedi Mexaylo tom tinch­lik bilan.
– Lekin to‘rtalasiga.
– Turgan gap.
– Qolgan yerlar ham kiradi-a?
– Ha, albatta.
– Unday bo‘lsa, yuring, mirza bilan xolislarni topaylik!
– Yuring!

Savdo bo‘ldi

Tush vaqtida Mexaylo Zalepiganing uyi liq odam edi. Shixterboy derazalarning oldiga mavjud taxtalardan naridan-beri yog‘och “eshaklar” eplatib, ularning oldilariga yana naridan-beri tayyorlangan ustallar qo‘ydirdi. U “eshaklar”ga dehqonlar va mahalliy konchilardan anchasi o‘tirishdi. Ularning barchasi xolislar edi.
Butun Borislavni “Zalepiganing yeridan uch zovur neft chiqqan emish-da, bir millionga Shixterboyga sotayotgan emish!” degan haybatlik dovrug‘ bosdi. Konchi xolislar kuldilar. Dehqon xolislar esa “O‘zi yolg‘iz va jinni bo‘lishga yaqinlashgan Mexaylo bu vahimalik pulni nima qilar ekan?” deb, shuni muhokama qilishib, so‘ngra hayron bo‘ldilar. Lekin uning uyida bu kun katta ziyofat bo‘lajagini bilib, hammalari unikiga chopdilar.
To‘planganlarning hammasi uyning to‘rt tomoniga joylandi. To‘rt burchakka oqsoqol bilan xolislar joylanishdi. Mirza shartnomani endigina tugatdi va hozir o‘qishga kirishajagini bildirib, baland ovoz bilan qichqirdi. Mirzanning qarshisida sarg‘aygan yuzi va yonib turgan ko‘zlari bilan, indamasdan, Mexaylo turardi.
– …Men, tubanda qo‘l qo‘yuvchi Mexaylo Zalepiga, Borislav oqsoqoli Yakim Durig‘irush, fuqarodan: Aleksa Bolta va Gretska Tuman afandilardan iborat xolislar huzurida, shu yerda hozir bo‘lgan Shixterboy bilan quyidagi mazmunda shartnoma boyladik:
Men, Zalepiga, otamdan qolgan va mazkur Shixterboyning yeriga hamhudud bo‘lgan bir qit’a yerimni mazkur Shixterboyga sotaman. Yer jam’i bir desyatdan iboratdir. Mazkur yerni, undagi neft zovurlari, uning osti va ustidagi hamma narsalari bilan birga shu yerning o‘zida va xolislar huzurida mazkur Shixterboyning abadiy va g‘ayri mahdud tasarrufiga o‘tkazaman.
Shixterboy esa yerning topshirilishi vaqtida, yuqorida mazkur xolislar huzurida yerning tugal bahosini naqd pul bilan menga sanab beradi. Yerning tugal bahosi Avstriya valyutasi bilan bir milliondir”.
– Nima? Nima? – deb shu yerga kelganda mirzaning o‘qishini bo‘lib so‘radi Mexaylo.
– Avstriya valyutasi bilan, – deb qaytarib o‘qidi mirza. – Ya’ni, masalan, Avstriya puli bilan bo‘ladi, angladingizmi?
– Ha, angladim. Ha, albatta, boshqa pul bilan bo‘lsa, men olarmidim? Xo‘sh, nari yog‘ini o‘qing!
Undan narisi tez o‘qildi. Shartnomaga, tabiiy, ham Mexaylo va ham barcha xolislar qo‘l qo‘ydilar. Xat bilmaganlar barmoq bosdilar.
Shundan keyin maydonga Shixterboy chiqdi va butun bir qop pulni ustal ustiga qo‘ydi. So‘ngra qopning og‘zini yechib, bo‘lak-bo‘lak qog‘oz pullarni ola boshladi.
Har bir bo‘lakning ichida “gulden” atalgan mayda qog‘oz pullar bo‘lib, to‘rt tomonidan ip bilan bog‘langan edi.
– Mana bu yuzta, yana yuzta, yana yuzta, yana yuzta, yana yuzta! – deb, sanay-sanay pul bo‘laklarini bir-bir ustal ustiga qo‘yib borardi Shixter. Qopdagi pul bo‘laklarini olib, ustal ustiga qo‘yguncha bir necha daqiqa o‘tdi.
– Mana, so‘ragan bir millioningiz, Mexaylo afandi! – dedi ul g‘urur bilan Mexayloga qarab.
Mexaylo, xuddi soqov odamday, indamasdan turadi. Muncha ko‘p pulni ul butun umrida sira ko‘rmagan edi, endi hozir muning hammasi uniki!
– Kim biladi, to‘g‘ri sanalganmikan bu pullar? Sanab ko‘rish kerak edi, – dedi Mexaylo o‘ziga kelgach.
– Men qasamyod eta olamanki, pullar to‘g‘ri sanalgan, joyida. Lekin siz munga ishonmasangiz mumkin – u sizning ishingiz, millionni sanash, siz o‘ylaganingizday, oson ish emas. Lekin keyincha “Shixterboy meni aldab ketdi”, deb yurmasligingiz uchun men munday taklif qilaman. Biz bu pullarni qaytarib qopga solaylik, so‘ngra mana bu xolislar oldida tamg‘a ham uraylik. So‘ngra sizga birorta o‘zingiz xohlagan odam qaytadan sanab chiqish uchun yordam qilsin. O‘shanda agar bir qiron kam chiqsa, men o‘nta qilib to‘layman!
– Juda yaxshi, juda yaxshi! Nomusli odam ekani mana endi bilindi! – deb hammalari birdan qichqirdilar xolislar.
– Yaxshi, men ham unayman. Lekin qop bilan pul mening qo‘limda qolajak! – dedi Mexaylo.
– U, albatta, turgan gap, pul axir sizniki! – deb juda joyidan ilib oldi Shixter.

Shixterning buzuq niyati

Mexaylo hamma pul bo‘laklarini darrov qaytarib qopga soldi va ikki tomonga oqsoqolning hammavaqt etik qo‘njida olib yuradirgan zo‘r tamg‘alarini olib bosdi.
– Mana endi hamma ish bitdi. Endigi navbat sizniki. Shixterboyga yeringiz bilan zovurlaringizni o‘tkazmagimiz lozim.
Hammalari o‘rinlaridan turib chiqdilar. Sotilgan mulkni Shixterboyga o‘tkazgach, Mexaylo ham xotirjam bo‘lib oldi.
So‘ngra ichkilik boshlandi va hamma mehmonlar bu go‘zal ziyofati uchun Shixterboyga rahmat aytdilar. Gurung yarim kechalargacha cho‘zildi.
Yolg‘iz bir mirzagina qo‘l qo‘yilgan shartnomani Shixterboyga berar ekan, u bilan allanima to‘g‘risida uzoq pichirlab gaplashdi va ziyofatga ham turmasdan, uyiga qaytib ketdi. O‘zining gapicha, bukun uyida ishi juda ko‘p ekan, shu uchun ziyofatda turolmas ekan, ishqilib, har xil bahonalarni ko‘p qildi, ammo haqiqatda esa, ul o‘zida birozroq vahima sezdi.
Shartnomaning “qalam uchi”si uchun to‘lanajak el qatori besh qirondan tashqari, ul boshqa bir kichkinagina xizmati uchun Shixter boydan yana yuz qiron olgan edi.
Faqat o‘sha kichkinagina xizmatidan katta voqealar chiqib qolmasa go‘rgaydi. Axir gap o‘zi juda katta mablag‘ning ustida ketayotir. Oriy rost, Shixterboy: “Qo‘rqma, hech narsa bo‘lmaydi”, deb uni ishontirdi. Shu qadar ko‘p xolisni ataylab chaqirganligini, ular hushyor vaqtda hamma ishni juda zo‘r va ehtiyot bilan qilganligini aytdi. Shu uchun shartnomada gumonliq bor, deb hech kim ayta olmayajak va uni hatto notariusdan tasdiq etib o‘tirish ham lozim bo‘lmayajak! Lekin yomonlik tek turmaydi, bu Shixterboy – odam, unga ishonib bo‘larmikan? Shixterning u deb – bu deb ishontirishlariga qaramasdan, mirzani vahima oldi va qancha kerak tezlik bilan shu yerdan chiqishning yo‘lini qaradi; negakim, bu yerda ul bir yuz qiron pul uchun jindak bir…
Gunoh qilib qo‘ygan edi.
Nima ekan u jindak gunoh?
Gunohning o‘zi juda ham kichkina!
Shartnomani yozayotgan vaqtda mirza “million” so‘zi bilan “Avstriya puli” degan so‘zlar orasiga yana birgina so‘z qo‘shib o‘tdikim, shartnomani o‘qib bergan vaqtda u so‘zni qasddan qoldirib ketdi. U esa “kraysir” degan so‘z edi. Ammo shu birgina so‘zning o‘zi ham Mexayloning haybatli millionini juda oz bir miqdorda – hammasi bo‘lib o‘n ming qironga tushirib qo‘yardi. Lekin Mexaylo Zalepiga kabi esipast bir dehqon uchun bu pul ham juda ko‘plik qiladi. Shixterboy shunday der edi va uning shu fikriga mirza ham qo‘shilar edi. Mana shu pulni ham hali qayerga qo‘yishni bilmas ul qishloqi.

Bu baxt uzoq surmadi

Mexaylo o‘zi esa hali hozir millionga ega bo‘lganini o‘ylab kayf qilmoq bilan ovoraydi.
Nima qiladi endi muncha pulni? Bu to‘g‘rida o‘ylash uchun hali erta bor, indin bor, uning indini bor, ishqilib, vaqt ko‘p. Endi hech narsa undan qochmaydi, uning qimmati o‘z qo‘lida. Ichi pul bilan to‘lgan shu qopcha u uchun juda katta yordam. U – uning butun hoyu havaslarining hatto eng ulgurji xayollarining ham ildizi. Million! Bu, axir, shunday bir ulug‘ dunyoki, uning to‘g‘risida yolg‘iz hikoyalardagina so‘zlaylar!..
Hammadan keyinga qolgan mehmonlar, ya’ni oqsoqol bilan xayr-ma’zur qilmasdan burun ul ularning sharafiga, boshqa mehmonlar jo‘natilgandan so‘ng, Shixterboy tomonidan ataylab keltirilgan aroqdan bir necha piyola ichmagi lozim edi.
Shixterboyning o‘zi o‘sha aroqdan birgina piyola ichdi-da, qolganini Mexayloga qoldirib, u bilan xayrlashib, chiqib ketdi.
Keyingi mehmonlar ketgandan so‘ng, Mexaylo o‘zini shu choqqacha sira ko‘rilmagan darajada mas’ud, tinch va sog‘lom his etdi. Yaqindagina unga qattiq azoblar bergan bezgakdan asar ham qolmagan edi.
Ul chig‘anog‘i bilan ustalga tayangani holda kursida o‘tirar; o‘zining haqiqatga aylangan xayollarini, qopcha ichida tamg‘alanib yotgan millionni quchoqlariga olib kular va allanarsalarni aytib ming‘illar edi. Allanarsani eslamakchi bo‘lar, lekin bo‘ldira olmas edi. Oxirda mehmonlarning orqasidan eshikni yopib qolmoq kerakligi esiga tushdi, lekin o‘rnidan qo‘zg‘alarlik holi qolmagan edi.
– Be, eshik ham gapmi! Mening millionim bor, millionim, millionim!..
Pichrash ovozi bilan shu so‘zlarni aytdi-da, boshini pullik qopchaga qo‘yib, uyquga ketdi. Sham kuchsiz olovi bilan lipillab turardi.
Birozdan so‘ng sekingina eshik ochildi va oyoq uchida ehtiyot bilan qadam bosib, Shixterboy kirdi.
Ul to‘ppa-to‘g‘ri Mexayloga yaqinlashdi, xo‘p tikilib qaradi, so‘ngra tom tinchlik bilan uning tirsaklarini ko‘tarib turib, ostidan pullik qopchani oldi va uning o‘rniga kursi ostidagi dumaloq sarjinni qo‘yib qo‘ydi.
So‘ngra qopchani qo‘ltiq ostiga joylab, eshikka tomon yurdi. Bir-ikki qadam bosgach, bir narsani eslab, yana orqaga qaytdi-da, ustal ustida yonib turgan shamni olib, juda serpoxol qilib to‘shalgan yerning shundoqqina yuziga qo‘ydi..
Ham yog‘och “eshak” va ham Mexaylo o‘tirgan kursi ostida zo‘r-zo‘r poxol bog‘lari yotardi.
– Endi yaxshiroq bo‘ladi, hech bir asar qolmaydi, – deb visirladi Shixter.
Ul jadal qadam bosib uydan chiqdi, eshikni yopdi va hatto dovolning yorig‘i orqali eshikning ilgagiga ip bog‘ladi, so‘ngra eshikni tortib turib, haligi ilgakni tushirdi va ipni yana bildirmaydigan qilib tortib oldi. Gapning qisqasi, eshikni shunday berkitdiki, kelgan odam ichidan, deb o‘ylardi. Shunday qilib, hamma ishni bitirgandan keyin, o‘zi qorong‘ida yo‘q bo‘ldi.
– Ehtiyot bo‘l olovga! – deb cho‘ziq ovoz bilan qichqirdi ko‘cha qorovuli ko‘chadan o‘tib ketarkan. Uning ko‘zi birdan Zalepiganing bir chekkarakda turgan uyiga tushdi.
– Bu ahmoq chol nimalar qilayotir-a? Shunday yarim kecha – saharda pechkasini yoqayotganmikan-a? – deb o‘yladi qorovul. Ammo uning shubhalari darrov yechildi. Zalepiganing uyida ko‘rilgan o‘tkir yorug‘lik zo‘r-zo‘r qizil tillarini cho‘zib, derazalar va eshik orqali yuqoriga qarab ko‘tarildi. Va bu tillar uyni to‘rt tomonidan shunday o‘rab oldilarki, butun boshliq uy, xuddi shamday, birdan lovullab ketdi.
– Kuyib ketdi! Kuyib ketdi! – deb baqirdi qorovul kuchi boricha va qo‘ng‘iroq urib, odam yig‘moq uchun chopgancha qo‘ng‘iroqxonaga ketdi.
Ertasi kuni shahardan bir to‘da odam yana Mexayloning uyi oldiga to‘plangan, lekin bu daf’a u yerda uy emas, qopqora bir o‘choq ko‘rinardi. Qurum bosgan pechka xarobalar orasida xuddi bir minoraga o‘xshab turardi.
Bu pechkaning yonidan odamlar Mexaylo Zalepiganing yarim kuyuk jasadini topdilar. Ko‘rinardikim, marhum o‘zini o‘tlar orasida ko‘rgach, pechka ostiga kirib bekinmoqchi bo‘lganu ulgurolmagan. Ul yolg‘iz gavdasining bir bo‘lagini tiqa olgan. Oyoqlari va gavdasining pastki bo‘lagi pechka ostidan chiqib turar va o‘zlarining olovga yem bo‘lganlarini ko‘rsatardilar. Lekin yerga qoplangan yuzi bilan qo‘llari sira kuymagan edi. Qo‘lida pullik narsa o‘rnida bir sarjin bor edi…
– Bu sho‘rlik pulning ustida uxlab qolib, keyin uyqusirab turib, shamni ustal ustidan tushirib yuborganga o‘xshaydi. So‘ngra, uyg‘ongandan keyin, pulning o‘rniga sarjinni ushlab qolgan ekanu, pul hammasi kuyib ketibdir-da, demak, bu boylik bilan baxt topadi, deb azaldan peshonasiga yozilmagan ekan-da…
Odamlar mana shunday o‘yladilar.
Mexayloning o‘ligi esa uyi oldida, bitta sarjinni mahkam ushlab yotardi; uning o‘lik qo‘llari sarjinni shu qadar mahkam siqib ushlagan ediki, tortib olish mumkin emasdi. Uning ko‘m-ko‘k ko‘kargan va qo‘rqqan yuzi yuqoriga o‘girilgan edi. Jon talvasasi bilan siqilgan lablari orasidan esa, mana bu savol uzilib chiqmoqda edi:
– Qani, axir, adolat?..

Rus tilidan Cho‘lpon tarjimasi
Nashrga tayyorlovchi professor Naim Karimov
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 1-son