Ishoq-Leybush Peres. Olmos haqida qo‘sh hikoyat

TOShLAR UYuMI

– Burungi zamonlarda bir musofir yashagan ekan, – deya hikoyasini boshladi reb Shloyme. – U qishloqqa yettiyot begona ekan: o‘zi qo‘ni-qo‘shnilarga hecham aralashmas, qo‘ni-qo‘shnilar ham undan o‘zini tortar ekan.
Lahjasi ham allaqanday boshqacha ekan: gapini hech kim tushunmas, tushunishni xohlamas ham ekan.
O‘sha musofir bir kuni olmos topib olibdi.
Olmos o‘zi qanaqa bo‘ladi – uni hech qachon ko‘rmagan bo‘lsa-da, hartugul, es-hushi joyida emasmi: bu – arzon-garov matoh emasligini fahmlabdi.
“Go‘yo bir parcha quyosh-a, charaqlab nur sochyapti, – deb ko‘nglidan o‘tkazibdi u. – Ozmuncha pul turmasa kerak!”
Ammo yettiyot begonalar orasida qimmatbaho toshni deb joningdan ayrilib qolishing ham hech gap emas.
Olmosdan xabar topishsa bormi, o‘sha kechasiyoq devordan oshib tushishadi-da, molingga qo‘shib joningni ham tortib olishadi.
Demak, darrov yashirish kerak!
Musofir olmos haqida xotinigayam hech nima demabdi. Uni yaxshi ko‘rsa ham, baribir, sochi uzun, aqli kalta bir ayol, tilini tiyolmaydi, gullab qo‘yadi, deb cho‘chibdi.
Musofir uyiga qaytibdi-da, olmosni tomorqaga ko‘mibdi.
Tag‘in adashmay deya, olmos ko‘milgan joyga og‘ir bir tosh bostirib, belgi qo‘yibdi. Dorilomon kunlar kelib, qo‘ni-qo‘shni orasidan adovat ko‘tarilsa, xazinamni qazib olaman-da, hammaga ko‘z-ko‘z qilaman, deb xayol qilibdi u.
Bir payt xotini uydan chiqibdi-yu, ko‘zi hovlidagi toshga tushibdi. U bir parcha yerni bekor egallab yotgani ko‘ngliga yoqmabdi. Shu yerda bir tupgina piyoz yo bodring o‘ssa bo‘lasmidi!
Hayf-ey, hayf!
O‘zi ko‘taray desa, kuchi yetmaydi, shunda erini chaqiribdi. Eri esa:
– Hay-hay, Xudo asrasin! Toshga tega ko‘rma! – deb o‘shqirib beribdi.
– Nega? – deya hayron bo‘lib so‘rabdi xotini.
– Bu – xosiyatli tosh. U bizga baxt va boylik keltiradi, – debdi er.
– Shu oddiy tosh-a?
– Ha, shu oddiy tosh! Uning kuchi shu oddiyligida-da!
Xotinning yuziga taajjub qalqibdi: shu gap chinmi yo hazil, hech aqli yetmasmish. Eriga boqsa, yuzi-ko‘zida jiddiyat, hatto qahr aks etarmish.
Jufti halolini sevsa, uni aqlli, sofdil odam deb bilsa, iloji qancha! Qolaversa, u – bir ayol bo‘lsa! Ayol kishi esa har doim biror nimaga ishonib yashashi kerak: azayimxonning sehrli kuf-sufigami, g‘oyibdan kelajak ilohiy mujdagami… Buning ustiga, hozir gap talashib o‘tiradigan payt ham emas – tomorqaga ekin ekish kerak. U eriga “hay, mayli”, deb qo‘yibdi-da, o‘z ishiga unnab ketibdi.
Ertasiga er tomorqaga boqsa, tosh ikkita bo‘lib qolganmish.
– Bu nimasi! – deb o‘shqiribdi u. – Ikkinchi tosh qayerdan keldi!
Xotini jilmayibdi.
Kechasi xotinining uyqusi qochgan ekan. Derazadan oy sirli mo‘ralar-mish…
Yuragi siqilib, mahzun tortibdi, vahima bosibdi…
Erini uyg‘otishga yuragi betlamabdi. Asta karavotdan tushibdi-da, eshikni sassiz ochib, tomorqaga… yana bir tosh qo‘yib qaytibdi.
Shu bilan ko‘ngli taskin topibdi.
– Tosh ikkita bo‘lsa, – debdi jilmayib xotini – kuchi yanayam ortadi.
Xotinginang oppoq bilakchasini yelkangga tashlab, oydek manglayini labingga tutib, go‘dak misol shirin jilmayib tursa, tilingga haqorat kelarmidi?!
U xotinining oydek manglayidan bahuzur o‘pibdi-da, moviy ko‘zlariga boqib, nega tunda uyqusi buzildi ekan, deb ko‘nglidan o‘tkazibdi. Ammo og‘iz ochib, lom-mim demabdi.
Xotin esa eri manglayidan o‘pib qo‘yganini chin dildan qilgan savob ishining mukofotiga yo‘yibdi. Shundan so‘ng u qachon erining o‘pichini sog‘insa, tomorqaga bittadan tosh tashiyveribdi.
Eri manglayidan o‘pib qo‘ymasa, ko‘zida yosh miltillar emish.
Er-xotinning bir o‘g‘il, bir qizi bor ekan.
Qizi hech nimadan hayron bo‘lmas, hech qanaqa savol bermas, onasi nima qilsa, shuni qilib ketaverarkan.
Onasi kattaroq tosh keltirsa, u kichiqroq tosh keltirar ekan. Qizning yoshiga yosh qo‘shilgani sayin toshlar soni ham ortib boraveribdi
Ziyrak o‘g‘il esa hadeb “Bunda qanday ma’no bor?” deb so‘roqqa tutarkan.
– Tosh bizlarga baxt keltiradi, – deb javob beribdi onasi unga o‘z donoligidan mag‘rurlanib.
– Qanday qilib? – deya so‘roqqa tutibdi yana o‘g‘il. – Baxt degani nima o‘zi? Mehnatsiz ham baxt bo‘ladimi?
Ona sho‘rlik bu savolga qanday javob bersin!
– Borib, otangdan so‘ra, – debdi shunda qovoq uyib ona.
– Katta bo‘lsang, bilib olasan, – deb gap uqtiribdi ota esa.
O‘g‘il katta bo‘lganda, ota olmos haqidagi sirni ochibdi.
Shu tariqa sir bir avloddan boshqasiga o‘taveribdi.
Otalar sirni o‘g‘illariga meros qoldirishar ekan.
Har avloddan faqat bir kishi olmos sirini bilar, boshqalar esa tosh baxt keltiradi, deb inonib yuraverar ekan. Bunaqalar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi-da sirni bilgan odamga! Xullasi kalom, ular ham tosh yig‘averibdi.
Qo‘shnilar bu tomoshaga hayron bo‘lib qarar emish.
Ba’zilar bu g‘alati urf-odat ustidan yashirincha kulsa, ba’zilar, hoynahoy, bir hikmati bor-ov, deb zimdan hurmat ko‘rsatarkan.
Aksariyat odamlar mana bunday o‘ylar ekan: bu urf-odat farishtalar osmonga shoti qo‘yib chiqqan, odamlar esa ularni yerdan tomosha qilgan juda uzoq zamonlardan qolgan bo‘lsa kerak.
Ayrim qo‘shnilar shu oilaga yoqay deb yo‘ldan tosh terib, ularning tomorqasiga irg‘ita boshlabdi.
Oilaning o‘zida bo‘lsa, tosh yig‘ish muqaddas odatga, go‘yo Xudo yo‘lidagi bir ibodatga aylanibdi.
Yoshlar bot-bot tosh yig‘ishga qarshi bosh ko‘tarar, qariyalar esa ularga do‘q urib, musht o‘qtalar ekan.
Yoshlar toshga qarshi nutqlar so‘zlar, qariyalar esa qat’iy ohangda:
– Otalarimiz shunday yo‘l tutgan, biz ham shu yo‘ldan qaytmaymiz, – deb ta’kidlar ekan.– Bobolarimiz bizdan ko‘ra aqlliroq bo‘lgan: hamonki ular tomorqaga tosh qo‘yibdimi, demak, biz ham, bolalarimiz ham tosh qo‘yadi!
– Olam bizdek bandalarning mulki ekanmiki, uni o‘nglaymiz yo o‘zgartiramiz, desak. Aqlli ot g‘ildirakning izidan yuradi, shunday qilsa, oyog‘ini qayirib, mayib qilmaydi…
Qariyalar ana shunga o‘xshash qancha-qancha hikmatni qalashtirib tashlabdi, to‘g‘risiyam, olam olam bo‘lgandan beri shunday hikmatlar ustida turadi-da!
Yoshlar shunda ham isyondan to‘xtamasa, qariyalar “Tovuqdanam aqlliroq bo‘lishni xohlab qolgan tuxumlarni toshga urib sindiramiz-a”, deb po‘pisa qilisharmish.
Necha-necha yillardirki, yoshlar yashagani boshpana, yegani non topish ilinjida o‘z jonajon uyi, qadrdon oilasidan o‘zga yurtlarga bosh olib ketar ekan.
Chunki eski uylarida turishga tob-toqati qolmagan ekan.
Toshlar uyumi esa kun sayin emas, soat sayin ko‘kka bo‘y cho‘zib borar emish.
Gohida tosh o‘rnidan ko‘chib, uyga qarab yumalarmish.
U hatto deraza va eshiklarni ham to‘sib qo‘yarmish.
– Hechqisi yo‘q, – der emish shunda ham uydagilar.
Shoti qo‘yib, mo‘ridan chiqisharmish.
Havo yetmayapti, deysizmi? Yana hechqisi yo‘q! Agar oz yeb, oz yashasak, shu havoyam yetadi.
Darvoqe, yeganiyam hech vaqo yo‘q emish.
Hammayoq tosh bo‘lsa, qaysi yerni haydab, qaysi ekinni ekasiz?!
– Jillaqursa, toshlarni bir joyga uygani izn bering, – deb yolvorar ekan yoshlar qariyalarga. – Osmonga qarab har qancha o‘ssa ham, mayli. Faqat yerda oz joy egallasa bo‘lgani. Bir parcha yer ochaylik – haydagani, ekkani!
– Murtadlar! – deb dag‘dag‘a qilar ekan qariyalar. – O‘lsak ham bunga rozi bo‘lmaymiz.
Reb Shloyme shunday deya tin oldi, kaftiga bir chimdim tamaki soldi.
Biz – teshikkulchalarni ham esdan chiqarib, uning og‘ziga angrayib qolgan bolalar – hayajondan entikib nafas oldik. Oramizdan kimdir savol berdi:
– Olmos tarixini biladigan odam nega jim o‘tirgan, qariyu yoshni nega murosaga keltirmagan?
– Hm… – deya bir ho‘rsinib oldi-da, so‘ng javob berdi reb Shloyme. – Hamma balo shunda-da. Vaqt o‘tgani sayin olmos unutilib ketgan.
Yo birorta ota to‘satdan qazo qilgan-u, o‘g‘liga vasiyat qoldirmay ketgan, yo o‘g‘il otaning gapini yolg‘onga yo‘ygan-u, o‘zi esa bolasini aldashni xohlamagan. Bu yoqda bo‘lsa qariyu yosh tosh ustida janjalni qizitib yuborgan.

Shloyme hikoyasini tugatdi.
Biz esa o‘z-o‘zimizni savolga tutamiz: o‘sha olmos nima edi aslida?
Har xil taxminlarga boramiz:
– Yahudiylik dinimi?
– O‘n muqaddas ahkommi?
– Yaqiningni o‘zingdek sev, degan amrmi?
Biroq reb Shloyme lom-mim demaydi, lablarida sirli tabassum jilvalanadi.
– Qani, shumtakalar, – deb baqirib beradi so‘ngra u to‘satdan, – uy-uylaringizga jo‘nang-chi! Shom tushib qoldi…

ShIShA SINIG‘I

Uzoq bir qishloqning ovloq go‘shasida zargar yashagan ekan. U qo‘li gul usta, mohir hunarmand ekan. Lekin uning shu qadar mohirligi na o‘zining va na mijozlarning xayoliga kelmagan ekan. Usta uzzukun ter to‘kib, avom uchun taqinchoq yasar ekan: uzuk deysizmi, sirg‘a deysizmi, boshqa zeb-ziynatmi. Ammo boyoqish har qancha ter to‘kmasin, amal-taqal kun kechirar emish.
Oradan birmuncha vaqt o‘tib, u tasodifan mashhur bo‘lib ketibdi. Shu qishloqlik bir kishi qizini shaharlik boyga uzatibdi. Kelinchakni zargar yasagan taqinchoqlar bilan bezatib, yangi uyiga tushirib borishibdi. Boyning esa zargarlik buyumlariga ancha-muncha aqli yetarkan – nima qilsa ham savdogar-da, dunyo kezgan odam! U kelinchakning uzuk va sirg‘alarini “Oh, oh!” deya suqlanib tomosha qilibdi. Shu kundan boshlab qishloqlik zargarning dovrug‘i shaharga yoyilibdi. U endi shahardan ham buyurtmalar ola boshlabdi. Biroz vaqt o‘tgach esa shaharga ko‘chib kelibdi. Axir, bu yerda mijozlari juda ko‘payib ketibdi-da!
Endi gapni shahardan eshiting! Shu yerlik bir boynikiga pomeshchik do‘sti mehmon bo‘lib kelibdi – savdo-sotiq ishlari vajidanmi, biror oilaviy tantana sababmi yoxud shanba kunlari ichiga qiyma solib dimlanadigan baliq yeganimi, bunisi bizga qorong‘i. Dasturxon bezatilgan, xotin-xalaj yasangan… Tabiiyki, zeb-ziynat masalasida pomeshchikning didi yanayam o‘tkir – u mehmonxonaga kirgan hamono bir to‘g‘nag‘ich ko‘ziga olovdek ko‘rinibdi.
– Qayerdan sotib olgansiz, kim yasagan? – deb so‘rabdi u darhol.
Shu voqea bahonasida zargarning dovrug‘i pomeshchiklar orasida ham yoyilibdi.
Sir emaski, har bir gubernator yil sayin gubernya kazo-kazolariga bal berib turadi. Axir, rasmi-rusmi shunaqa-da! Bu gubernya boshlig‘i ham xuddi shunday ziyofat tashkil qilibdi. Tabiiyki, pomeshchiklar balga xotin va qizlari bilan kelibdi. Ularning bari o‘sha zargar yasagan taqinchoqlarga burkangan ekan. Gubernator uzuk, sirg‘a, to‘g‘nag‘ich va marjonlarga boqib, hayrat ichida qolibdi: axir, hech qachon bunaqa nafis buyumlarni ko‘rmagan ekan-da!
– Kim yasagan bularni?
– Falonchi zargar.
– Shunaqa deng…
U ertasigayoq zargarning uyiga odam yuboribdi. Zargar tez orada gubernator mahramiga aylanibdi.
Shoh gubernyani taftish qilgani yuksak martabali amaldorini jo‘natadigan bo‘libdi. Taomilga ko‘ra, bu oliymaqom mehmonni patnisda non-tuz bilan kutib olish lozim ekan. Xo‘sh, patnisni kim yasaydi? Kim bo‘lardi, o‘zimizning zargar-da! Xullasi kalom, oliymaqom mehmon poytaxtga qaytishda, patnisni o‘zi bilan olib ketibdi. Endi zargarning dovrug‘i poytaxtga ham yoyilibdi.
Shu orada bir voqea yuz beribdi: eski shoh qazo qilib, yangi shoh taxtga o‘tiribdi. Eski shohning eski tojini xazinaga jo‘natishibdi-da, yangi shohga yangi toj yasashga kirishishibdi. Mamlakatning to‘rt tarafidan eng mohir zargarlar yig‘ib kelinibdi, ular orasida bizning zargarimiz ham bor ekan. U yangi toj yasashda shunaqayam ko‘p ter to‘kibdiki, oxir-oqibat, yangi shohning muborak nazariga tushibdi.
Xullas, boshiga baxt qushi qo‘nibdi!
Endi qishloqi zargar poytaxtda, saroyda yashay boshlabdi. Kechagi haqir banda bugun shohning xos kishisiga aylanibdi. Uning huzuriga hatto ayrim mansabdorlar ham kira olmas emish…
Taassufki, qismat charxpalagi beto‘xtov aylanadi: u eng yuqori nuqtaga ko‘tarilganda (bizning zargar uchun bundan ortiq yuksalish bo‘lishi mumkinmi), pastga qarab enish boshlanadi.
Kiborlar davrasiga tushib qolgan zargar endi yangi taqinchoqlar yasamay qo‘yibdi. Eskilarini esa har kuni ko‘raverishganidan me’daga tegib ketibdi. Ko‘ngil qurg‘ur mudom yangilik tilasa, na iloj?! Ustiga ustak, qay bir go‘rdan yangi zargar chiqibdi-yu, bozori chaqqon bo‘lib ketibdi. Bizning zargarning esa yorug‘ kunlari adog‘iga yetibdi. Nachora, bu dunyoda baxtu baxtsizlik egiz yuradi: birov ko‘kka yuksalsa, biroq jarga qulaydi.
Yangi zargar eski usta bosib o‘tgan pog‘onalar bo‘ylab yuqori o‘rlabdi. Eski zargar esa endi xuddi shu pog‘onalar bo‘ylab yuqoridan pastga enibdi: poytaxtdan gubernya markaziga, gubernya markazidan uyezd markaziga, uyezd markazidan o‘z qishlog‘i, o‘z uyiga… Yana avom uchun uzuk, sirg‘a yasashga kirishibdi.
Bundan ham battar tubanlashish bo‘lmasa kerak?! Faqir-bechoralar qimmatbaho taqinchoqni boshiga uradimi?! Xullas, boshi qotgancha, aro yo‘lda qolibdi.
Bu ham ozdek, shunaqayam chatoq zamon kelibdiki, to‘ylardan darak yo‘q emish, ammo raqobat kuchaygandan kuchayarmish…
Yig‘lagan ko‘zga – yosh, tilagan og‘izga – osh, deyishadi. Bir gal zargarning qornini ochlik itdek tatalaganda, uyda o‘tirolmay tentirab yurib, ko‘chadan oddiy shisha idishning, kim bilsin, suv quyilganmi, may yo dorimi, bir bo‘lak sinig‘ini topib olibdi-da, uyiga eltib, sayqallashga kirishibdi. Usta shisha parchasiga ishlov bergani sari u shunaqayam yarqirab borarmishki, naq mo‘jizaning o‘zi deysiz! Unda kamalakning yetti rangi jilolanib, nur taratar emish. Ustaning o‘zi ham hayratda emish – u qo‘lidan bunaqa san’at kelishiga hech ishonmasmish. U uzoq timirskilanib, bir uzuk topibdi-da, unga shisha sinig‘ini ko‘z qilib o‘rnatibdi, so‘ng birorta go‘l kimsani topib, aldab pullagani yo‘lga chiqibdi…
O‘zi yo‘lda ketarmish-u, yuragi taka-puka emish. Unga yosh bir yigit duch kelibdi – ikki yuzi yal-yal yonarmish. “Balki kuyov bo‘layotgandir, – deb xayolidan o‘tkazibdi zargar, – nikoh uzugi kerakdir.” Shu xayolda yigitni to‘xtatibdi. Buni qarangki, adashmabdi hisobi: yigitchaga nikoh uzugi kerak emas ekan-u, ammo qaylig‘iga sovg‘a olmoqchi ekan. Xo‘sh, nima qipti, uzuk bo‘lsa uzuk-da! Shisha yarq etib, ko‘zini qamashtirgan zahoti yigit unga yopishib olibdi-da:
– Qancha turadi? – deb so‘rabdi.
Narx aytgani esa zargarning tili aylanmas emish. Axir, hech ham birovni aldamagan ekan-da! Oxiri savolga savol bilan javob qaytaribdi:
– Qancha berasiz?
Yigitcha, bu uzukni hamyonim ko‘tarmasa kerag-ov, deb ko‘nglidan o‘tkazibdi-yu, ammo tavakkal cho‘ntagidan tanga chiqarib, yarim hazil, yarim chin ohangda:
– Bir taler, – debdi.
Zargar yigitning chap qo‘liga uzukni tutqazibdi-da, o‘ng qo‘lidan tangani yulqib olib, qovoqxonaga qarab yo‘rtib ketibdi – ochlik azobidan qutulish kerak-ku, axir!
Yigit, bu odam, hoynahoy, jinni bo‘lsa kerak, deb xayolidan o‘tkazibdi. Umuman olganda, jinnimi-sog‘mi, necha pullik ishi bor uning. Yigit ana shu xayolda qaylig‘ining yoniga yo‘l olibdi.
Nachora, ayol zoti o‘zi yengiltabiatroq bo‘ladi: uning mahbubasiga shu tobda biryo‘la ikki yigit oshiq ekan: biri boy-badavlat oiladan bo‘lib, kattakon mulk vorisi hisoblansa, boshqasi shu yerda joylashgan otliq polk gusari bo‘lib, boshida jig‘asi, yonida qilichi, ko‘ksida akselbanti, tagida uchqur oti bor ekan. Qay birini tanlasam ekan, deya qiz boyoqishning rosa boshi qotarmish. Ayniqsa, gusar: bugun shu yerda bo‘lsa, ertaga, Xudo bilsin, qayerda bo‘ladi?! Xullasi kalom, qiz ikki o‘t orasida sarson ekan.
Shu payt yigit kelib qolibdi. Qiz uni ochiq yuz bilan qabul qilibdi. Ayniqsa, uzukni ko‘rib rosa quvonibdi: u judayam maftunkor ekan!.. Ikki yosh, taomilga ko‘ra, shirin suhbat qurib, chaqchaqlashib o‘tiribdi.
Biroq qani endi vaqt degani to‘xtab tursa! Oqshom tushib, gusarlar punkti – bozor tarafda truba va baraban ovozi yangrabdi – kechki signal berilibdi.
Qiz birdan gusar xushtorini eslab qolibdi-yu, “Qorong‘i tushdi, kech bo‘ldi! Gap-so‘z bo‘lmaylik tag‘in!” – deb yigitni qistalang qila boshlabdi. Tezroq keta qolsin, deya labini o‘pichga tutibdi-da, yigitni darvozadan chiqarib yuboribdi.
O‘ziyam rosa vaqtida xayrlashgan ekan. Yigit tor ko‘chani kesib o‘tib, muyulishda ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan zahoti boshqa yoqdan “to‘p-to‘p-to‘p” etib, otliq paydo bo‘libdi. U devor ostida to‘xtabdi, otdan irg‘ib tushibdi, arqonni xariga bog‘labdi. So‘ng zinada qilich va nahal ovozi eshitilibdi, eshik g‘ayqillab ochilibdi…
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay “kelinga tuhfa” “kuyovga sovg‘a”ga aylanibdi. Gusar uzukni bir amallab jimjalog‘iga taqib olibdi!..
Shoshmang, ertak tugashiga hali ancha bor. “Olmos”ning manglayiga shunaqayam yuksak tole bitilgan ekanki…
Tong otibdi, sharqda ufq yallig‘lanibdi. Ot haliyam tor ko‘chada tuyog‘i bilan yer tepinar, lekin bu ovoz gusarning qulog‘iga yetib bormas ekan.
Bir payt truba ovozi yangrabdi – trevoga berilibdi. Kechasi polkka katta bir general kelibdi. Shunga gusarlarni uyqudan uyg‘otib, mashq maydoniga chorlashayotgan ekan…
Obbo, ko‘rik o‘tkaziladi shekilli! Gusarimiz jimjalog‘ida uzugi bilan sapchib o‘rnidan turibdi-da, oti bog‘langan joyga qarab chopmoqchi bo‘libdi. Ammo to‘rga ilingan baliq qanday qilib oson qutulsin?! Qiz gusarning bo‘yniga oppoq bilaklarini chirmabdi, ammo yigit qizning qo‘lchalarini qayirib tashlabdi. Shunda qiz chopqillab boribdi-da, gusarning jig‘asi va qilichini berkitibdi… Ular yana va yana, qayta va qayta xayrlashibdi. Oxiri, ne mashaqqat ila qizning bag‘ridan qutulib chiqibdi!
Gusar “to‘p-to‘p-to‘p” etib zinadan tushibdi, tuni bilan och qolgan, ammo xojasini ko‘rib, kayfiyati ko‘tarilgan otga sakrab minibdi-da, mashq maydoniga o‘qdek uchibdi. Rota allaqachon saf tortib, chest berib turgan emish. Eskadron komandiri rotaga qahr bilan boqib, endi changitib so‘kishga og‘iz juftlagan paytda… ko‘ziga bir nima yarqirab ko‘rinibdi. Komandirning yuziga darrov qon tepchibdi, gusarning jimjalog‘idan uzukni sug‘urib olibdi.
– O‘g‘irladingmi?
Gusar nuqul duduqlanar va: “Janobi oliylari… Nega unday deysiz?.. Qanday qilib endi… Bunday shubhaga borish… Xudoning o‘zi asrasin!..” – deya olar emish, xolos.
Nima qilsin bechora! Shundoq-shundoq bo‘lgandi, deyolmaydi-ku! Axir, o‘rtada bir oyimqizning sha’ni bor-a! Shunda beixtiyor og‘zidan: “Sotib oldim!” degan so‘z chiqib ketibdi.
– Qanchaga? – deb g‘azab bilan so‘roqqa tutibdi zobit.
“Chatog‘im chiqdi-ku, – deb o‘ylabdi gusar, – qancha turarikin o‘zi bu matoh?”
– Yigirma talerga!
“Gusarda shuncha pul qayerdan bo‘lsin!” – Zobit yana changitib so‘kishga og‘iz juftlagan paytda… katta general mansabi pastroq boshqa generallarni ergashtirib oq otda kelib qolibdi.
General qichqiribdi:
– Salom, azamatlar!
Eskadron jo‘r bo‘lib hayqiribdi: “Sog‘-omon bo‘ling, janobi oliylari!”
Go‘yo momaqaldiroq gumburlab, yer titragandek bo‘libdi.
Darhol ko‘rik boshlanibdi. Buni qarangki, gusarimiz xizmat qilayotgan eskadron mardlik ko‘rsatibdi: otni xuddi shunqordek uchirishibdi, o‘qni nishonga bexato urishibdi. Gusarlarga “tashakkur” e’lon qilinibdi, “araq”qa ruxsat etilibdi. Eskadron komandiri esa polkovniklikka ko‘tarilibdi. Hammayoqda – o‘yin-kulgi, kayf-safo! Bu ko‘ngilxushlik… bir oy, ikki oy to‘xtamabdi.
Gusarimiz esa shu orada xizmat muddatini tugallab, shod-mamnun holda iste’fo olibdi-da, uyiga ravona bo‘libdi: har qalay, oson qutulib ketdi! Tag‘in nima pand berdi, deng? Qayoqdagi bema’ni bir uzuk, mashq maydoniga kechikib kelish!
Polk esa komandiri bilan boshqa shaharga ko‘chib o‘tibdi. Agar bir fojia yuz bermaganda, hamma uzukni esidan ham chiqarib yuborar ekan.
Omad ketsa chatoq-da, polkda otlarga o‘lat oralabdi. Sho‘rliklarga odamning rahmi keladi, albatta. Uchqur otlar xuddi haqir pashshalardek o‘lib yotsa-ya!.. Hammaniyam o‘ziga yarasha dushmani bo‘ladi. Ayniqsa, juda tez o‘sgan zobitning… Xullas, komandirga bir g‘anim chiqibdi-da, hukumatga chaquv xatlari jo‘nata boshlabdi: suli – chatoq, uni suli deyishga til ham bormaydi!..
Holbuki, urush arafasi ekan. Bunday vaqtda qattiqqo‘llik haddan ortadi. Hukumat tekshiruvga katta bir generalni jo‘natibdi. U to‘satdan bostirib kelib, to‘ppa-to‘g‘ri omborga kiribdi. Sulilarni ko‘zdan kechiribdi, hatto hidlab ham ko‘ribdi. So‘ng shtabga kiribdi-da, polkovnikni tez topib keltiring, deb buyuribdi. Polkovnik yetib kelsa, general xo‘mraygancha, kursida yastanib o‘tirgan ekan. Polkovnik hadeb qaddini g‘oz tutar, chest berar, tizzalari qaltirar emish…
Yana “olmos” ishning pachavasini chiqaribdi.
General ko‘z qirini tashlasa, “olmos” xuddi chaqmoqdek yarqirabdi. U o‘rnidan sapchib turibdi-da, vahshiy hayvondek o‘kiribdi:
– Poraxo‘r!
Ha-da, kambag‘al oiladan chiqqan polkovnikda bunday yirik, bunday qimmatbaho olmos qayerdan ham bo‘lsin!
General uning barmog‘idan uzukni sug‘urib olibdi-yu, buni ham hisobotga tirkamoqchi bo‘libdi:
– Qanchaga olgansan?
Polkovnik qarasaki, ishlar pachava. Boyoqish qanday qilib rostini aytsin?! Shunda uning og‘zidan beixtiyor bir so‘z chiqib ketibdi:
– Ming talerga!
General ko‘zlarini qisgancha, polkovnikka shubhalanib boqibdi. Polkovnik esa, gapim ishonchliroq chiqsin, degan niyatda qo‘shimcha qilibdi:
– Uni bir ming bir talerga janobi oliylariga sotishim mumkin!
General boshini quyi eggancha, qog‘ozga allanimalarni yozibdi.
Birinchisi – tekshiruv haqida hisobot bo‘lib, unda polkdagi suli har qancha maqtovga loyiqligi bitilgan ekan. Ikkinchisi – bir ming bir talerga veksel bo‘lib, bu pul ilk talab qilingandayoq to‘lanishi zimmaga olingan ekan.
Shundan so‘ng general poytaxtga qaytibdi.
Mana endi eng qiziq joyiga keldik.
Taqdir o‘yinlarini qarangki, o‘sha uzuk bir kun shoh saroyida paydo bo‘lib qolibdi.
Bir kun shohning xotini xayolga cho‘mib ketibdi – ro‘molchasi tizzasidan gilamga sirg‘alib tushibdi. Yaqinda freylina lavozimiga tayinlangan yosh, go‘zal saroy xonimi ro‘molchani gilamdan olibdi-da, shohning xotiniga uzatibdi.
Shohning xotini esa uzun kipriklarini xiyol ko‘targancha, viqor bilan tashakkur demoqqa shaylanib, lablarini ochibdi-yu, shu turishida qotib qolibdi. Gap nimada, deb o‘ylaysiz? Sababi yana o‘sha “olmos” – u freylinaning barmog‘ida yarqirab turgan emish. Uzuk shohning xotinini sehrlab qo‘yibdi. U taqinchoqni diqqat bilan ko‘zdan kechiribdi: yo‘q, bunaqa olmosni haligacha shoh xazinasida ham, uning tojida ham ko‘rgan emas ekan! Shohning xotini so‘rabdi:
– Bu sengga qayerdan tushib qoldi?
Saroy xonimi qizarib-bo‘zaribdi, vujudini titroq bosibdi – boyoqishning hech tili aylanmas emish.
Demak, bir balosi bor buning! Shohlarning xotini ham juda rashkchi bo‘ladi. Axir, shohdan boshqa kim ham bunaqa uzuk sovg‘a qilishi mumkin?! Shunda u g‘azabga minibdi-da, darhol hukmdorning oldiga kirib, unga uzukni ko‘rsatibdi. Qani, shoh nima derkin, shuni bilmoqchi bo‘lgan-da!
Shohning esa bu uzukdan hecham xabari yo‘q ekan. Ammo u uzukka mahliyo bo‘libdi-qolibdi – axir, bunday yorqin, bunday toza olmosni hech qachon ko‘rmagan ekan-da. Shu qadar yirik, yana birortayam nuqsoni yo‘g‘-a!.. Shoh uzukdan ko‘z uzolmas, unga boqib to‘ymas emish.
Shohning xotini bu uzukni freylinaning barmog‘idan yechib olganini aytibdi. Shunda shoh: “O‘sha xonim uzukni qayerdan olgan, buning menga sariq chaqachalik qizig‘i yo‘q. Axir, bu yerni saroy deb qo‘yishibdi, saroyda esa har balo bo‘lishi mumkin! Ammo bu uzuk podshohdan boshqa hech kimga munosib emas”, – debdi u buyruq ohangida. So‘ng esa: “Freylinaga uzuk haqi, albatta, ortig‘i bilan to‘lanadi”, – deb qo‘shib qo‘yibdi.
Shunday qilib, uzuk shohga o‘tibdi.
Olmosga darhol hukmdorning ism-sharifi va davlat gerbi o‘yib tushirilibdi – uzuk endi shoh muhriga aylanibdi. Shoh pul hisob-kitobi, fuqarolar hayot-mamoti, siyosatga oid hujjatlar ostiga shu muhrni bosar ekan. Uzuk hatto bir soniyaga bo‘lsin, biror odamning qo‘liga o‘tsa, u tengsiz kuch-qudratga ega bo‘larkan: kimni qachon xohlasa, o‘shanda yakson etish, kishanband qilish, zindonga solish, dorga ostirish… huquqini qo‘lga kiritar ekan.
Saroy xonimini rozi qilish uchun esa shoh olmos bahosini aniqlashga zargarlarni to‘plabdi. Ular juda uzoq talashib-tortishibdi-yu, ammo bir qarorga kela olmabdi: olmos qiymatini birovi – chorak, birovi – yarim, birovi – bir… million talerga baholar emish. Xo‘sh, endi nima qilmoq kerak? Shunda shohning esiga sobiq zargari tushib qolibdi-yu, “Topib kelinsin!” deb buyruq beribdi.
Shoh amri – vojib!
Lekin zargar suvga cho‘kkandek g‘oyib bo‘lgan emish. Uni hamma yerdan so‘rab-surishtirishibdi. Bir oy qidirib, ikki oy qidirib… oxiri daragini topishibdi. O‘sha chekka qishloq, ovloq go‘shaga shoh farmoni jo‘natilibdi.
O‘z-o‘zidan ayonki, kichkina uyezdning kichkina boshlig‘i falon zargar shoh huzuriga jo‘natilsin degan buyruq olsa, demak, u bir vaqtlar shoh xazinasini o‘margan-u, endi jinoyati ochilib qolgan, degan xayolga boradi. Xullas, sho‘rlik zargarni qo‘l-oyog‘i kishanlangan, yuragi vahimadan taka-puka bo‘lgan, chalajon holga kelgan bir alfozda saroyga jo‘natishibdi. Poytaxtga yetib borguncha, rosa azob tortibdi bechora.
“Zargar topib keltirildi”, deya xabar berishibdi shohga. Kishanlarni yechib olmoqchi bo‘lib, endigina “Lekin…”, deya so‘z boshlashgan ekan, janggohdan noxush xabar kelgani bois tajang bo‘lib turgan shoh:
– Hech qanday lekin-pekini yo‘q, – deb gapni kesibdi.
Oqibatda, zargarni qay ahvolda olib kelishgan bo‘lsa, shu ahvolda shoh yoniga kiritishibdi.
Shoh unga qarab ham qo‘ymabdi. Faqat “olmos”ni uzatib:
– Shuning narhi qancha? – deb so‘rabdi.
– Hech qancha! – deb javob beribdi zargar.
– Nima deding? Nega endi?
Ayonlar ham shohga jo‘r bo‘libdi:
– Nega endi? Shoh muhrining-a… Hecham qimmati yo‘qmi?
– Dunyodagi eng yirik olmos ko‘z qilib qo‘yilgan-ku! – der emish ular bab-baravariga.
Zargar esa bamaylixotir:
– Bu – hecham olmos emas! – deb javob beribdi.
– Qanaqasiga endi? Uni yuz minglab talerga baholashyapti-ku!
– Ulardan ko‘ra menga ayonroq!
Shu yerga kelganda shohning quti o‘chibdi, ovozi qaltirab debdi:
– Neg-ga… senga ayonroq?
– Shuning uchunki, – deb javob beribdi zargar xotirjam, – uni o‘zim shu qo‘llarim bilan yasaganman.
U uzukni qachon, qanday yasaganini so‘zlab bermoqchi bo‘lib, og‘iz juftlabdi-yu, ammo… bir so‘z ham aytolmabdi.
Uni tez tutib, zindonga tashlashibdi.
Xo‘sh, yana nima qilishsin?!
Shu “olmos” bilan qancha farmonlar muhrlangan, qancha yer-mulk tortib olingan yo hadya qilingan, qancha odam mansab otiga mingan, qancha odam esa zindonga tashlangan, dorga osilgan, boshi kesilgan, axir!.. Farmonlar – o‘z kuchida turibdi, bundan keyin ham yana kuchida qoladi. Shoh ham o‘z taxtida o‘tiribdi, bundan keyin ham yana taxtida o‘tiradi! Uzuk ham, hech shak-shubhasiz, shoh muhri bo‘lib qoladi!.. Hamonki uzuk – shoh muhri ekan, demak, uzuk ko‘zi ham – olmos!
Bosh vazir ana shunday qaror chiqaribdi.

Rus tilidan Muhiddin Rahim tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 11-son

O‘xshash maqolalar: