Kurortda
Poyezd Badenga yetib kelishi bilanoq, vagon zinasidan bir amallab tushishim hamono shaharning sehrli kuchi namoyon bo‘ldi. Perronning zax beton maydonchasida turgancha mehmonxona darbonini kuzatarkanman, men kelgan poyezddan kamida uch yo to‘rt nafar hamkasb-ishiatik bemorlarning tushganini ko‘rdim, ketlarini mahkam tang‘ib olishgani, bir qadar nochor va dilgir qiyofalari, ehtiyotkorona harakatlari-yu, qat’iyatsiz qadam tashlashlaridan ularni tanib olish qiyin emas edi. Garchi ularning har biri o‘ziga xos kayfiyat va harakatlarga ega bo‘lsa-da, baribir qandaydir umumiylik sezilib turardi, shuning uchun bir qarashdayoq ularning ishias-bemorlar, o‘z birodarlarim, hamkasblarim ekanliklariga amin bo‘ldim. Kimki agar shifokorlar tomonidan “sub’ektiv tuyg‘u” deb atalmish nervus ichiadicusning nayranglari bilan bir martagina bo‘lsa ham darslik orqali emas, balki tajribadan tanish bo‘lsa, uning ko‘zi pishgan. Kamina shu zahoti to‘xtab, manovi qarg‘ish olganlarga sinchiklab razm sola boshladim. Nima ham derdim, uchalovi yoki to‘rtalovining ham afti-basharalari menikidan-da qo‘rqinchliroq, hassalariga yanada og‘irroq tayanishgan, titrab-qaqshab, boldirlarini mahkamroq tortib qo‘yishar, hadiksirab oyoq bosishar, ular mendan ham ko‘ra baxtsizroq, achinarliroq edilar, bu holat esa kaminaga g‘oyat ijobiy ta’sir qildi, va umuman Badenda bo‘lgan chog‘imda, boshdan-oyoq mana shu vaziyat, ya’ni atrofimdagi odamlarning oqsoqlanib, hatto emaklab yurishlari, sanitar aravachalarda ingrab, azob chekishlari, mendan ko‘ra dardmandroq ekanliklari kamina uchun bitmas-tuganmas taskin manbai bo‘lib xizmat qildi! Shunday qilib desangiz, men darhol, ilk daqiqadanoq, barcha kurortlarning asosiy sir-sinoatlari va sehrli xususiyatlaridan birini anglab yetdim hamda o‘z kashfiyotimdan o‘zim huzur qilib, g‘ururlandim: ya’ni, o‘rtoqlarning musibat uyushmasi, socios habere malorum.
Nihoyat, platformani ortda qoldirib, tog‘ etagiga tik tushib kelgan, to‘g‘ri vannaxonaga olib boradigan ko‘cha bo‘ylab mamnun borarkanman, mazkur qimmatli kuzatishlarim har qadamda kuchayib borardi: hamma joyda kurortchilar sudralib, madorsiz va allaqanday qiyshayib yurishar, ayrimlari yashil rangga bo‘yalgan o‘rindiqlarda dam olishar, ba’zilari esa kichik-kichik guruhlarga bo‘linib, sal-pal oqsoqlanib, gap sotib o‘tib borishardi. Sanitar aravachada bir ayolni olib o‘tishdi, u nosog‘ qo‘lida yarim so‘lgan gulni ushlab olgan ko‘yi horg‘in jilmayar, uning ortidan esa gul-gul ochilib, sog‘lom, baquvvat va serg‘ayrat hamshira kelardi. Bod kasallar otkritka, kuldon va press-pape xarid qiladigan do‘kondan yoshi bir joyga borib qolgan janob chiqib keldi (shuncha ashqol-dashqolni nima qilisharkin, haligacha tushunolmayman), – u pillapoyaning har bir zinasiga chiqish uchun roppa-rosa bir daqiqadan, undan kam emas, vaqt sarflar va oldinda cho‘zilib ketgan ko‘chaga xuddi toliqqan va o‘ziga ishonchini yo‘qotgan odam o‘z oldiga qo‘yilgan murakkab vazifaga qarab qolganday, termilib tikilardi. Sochlari hurpaygan, pistoqirang harbiy bosh kiyim kiygan yoshgina yigitcha birdaniga ikkita hassaga suyanganicha tirishib, arang olg‘a siljirdi. E, bu yerda hamma joyda uchraydigan og‘ir, asfaltga zulukdek yopishib oladigan yo‘g‘on rezina uchli jin urgur shifoxona hassalarini asti qo‘ying! To‘g‘ri, men ham hassada yurardim, yashirmayman, bejirim ingichka hassam menga juda bakor kelardi – zarurat bo‘lmaganda usiz ham ketaverardim, lekin har holda bunaqangi rezinali beo‘xshov yo‘g‘on tayoq bilan yurganimni hali hech kim ko‘rgan emas! Yo‘q, ochig‘i, o‘zim onda-sonda foydalanadigan, ko‘proq ermak uchun olib yuradigan oddiy bezak, shunchaki oliftagarchilik ashyosi hisoblangan ana shu ingichka hassam bilan mana shu qadrdon ko‘cha bo‘ylab erkin va bemalol laqillab yurganim o‘zimdagi (quyonchiq kasali) bilinar-bilinmas, beozor, to‘g‘rirog‘i salgina belgi berib, sonlarimni tarang qilib qo‘rqa-pisa va umuman olganda yo‘lka bo‘ylab adl, chaqqon qadam tashlab yurishim, xastaliklari shundoqqina aniq-ravshan va qat’iy ko‘rinib turgan manovi munkillagan, mayib-majruh aka-uka hamda opa-singillarimiz bilan qiyos qilganda, kaminaning hali qanchalik navqiron va sog‘lom ekanligim ularga ochiq-oshkora ma’lum bo‘lishi muqarrar edi! Har qadamda o‘z-o‘zimga ishonchim ortib borar, boshqalardan ustun ekanligimni anglab shodlanar, o‘zimni deyarli sog‘lom his qilar, har holda manovi barcha baxtsizlarga qaraganda xiyla kamroq xasta hisoblardim. Modomiki, rezinali tayoq ko‘targan shunaqangi yarim nogiron, cho‘loq odamlarki sog‘ayishga umid bog‘lashgan ekan, hamonki Baden ham ularga madad berishga qodir ekan, u holda mening arzimas, endigina boshlangan kasalim bu yerda iliq shamolning issiq epkini ostida erigan qor yanglig‘ batamom yo‘q bo‘lib ketishi lozim, ana o‘shanda kamina shifokor uchun haqiqiy topilmaga, eng samarali fenomenga, o‘ziga xos kichik shifo mo‘jizasiga aylanaman-qolaman.
Xayrixohlik va andisha tuyg‘ulari bilan to‘lib-toshgan mana shu dalda beruvchi sharpalarga samimiyat ila boqaman. Ana, qandolatchilik do‘konidan bir keksa xonim yiqilay-yiqilay deb, arang o‘rmalab chiqdi; aftidan, o‘z ojizligini yashirishga bo‘lgan har qanday urinishdan allaqachon voz kechgan, reflektiv harakatlardan zarracha ham tap tortmas, bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday yengillikka tayanar va bamaylixotir ko‘chaning narigi betiga o‘tib olib, lapangancha muvozanatini ham saqlay olar, sekinroq bo‘lsa-da, naq urg‘ochi dengiz sheriga o‘xshab suzib borardi. Uni chin dildan olqishlab, ichimda “ofarin” dedim, urg‘ochi dengiz sherini, Badenni duo qilib, baxtli taqdirimga shukronalar aytdim. Axir, meni raqiblar o‘rab olishgan, kamina esa ular oldida barcha afzalliklarga ega edim. Bu yerga ayni paytida, yengil ishiasning ilk pallasida, endigina boshlanayotgan podagraning eng birinchi belgilari sal-pal bilinayotgan vaqtdayoq kelganim qanday yaxshi bo‘ldi! Shundoq orqamga o‘girilib, hassaga tayangan ko‘yi urg‘ochi dengiz sherini hammaga tanish bo‘lgan o‘sha yoqimli tuyg‘u bilan uzoq kuzatib turdim, ushbu lahzada dildagi hayajonlarning tasviriga til ojiz ekanligini isbotlab berguchi, nedir ichiqoralik va rahmdillik kabi ziddiyatlar bu yerda bir-biri bilan chambarchas chatishib ketgan ekan. Xudoyim-ey, bechora ayolning ahvoliga bir qarang! Odam degan ham shu ko‘yga tushadimi!
Biroq ruhiy najot baxsh etguvchi lahzalarda ham, shunday quvonchli damlarning xushbaxt onlarida ham botinimdagi jonga tekkan ovozning uni o‘chmadi. Albatta u, aql-idrok ovozi bizga zarur bo‘lsa-da, unga hamisha ham quloq solavermaymiz, va u kaminaga sergak ohangda, afsuslanib, asta shuni uqtirdiki, mening tasalli beradigan xulosalarim faqat noto‘g‘ri uslubga asoslangan ekan, garchi men, ingichka hassaga suyanib, sal-pal oqsoqlanib yuradigan adib, taqdirimga shukur qilib, o‘zimni har bir oyog‘i oqsoq, har bir cho‘loq hamda bukchaygan bemor bilan taqqoslasam-da, lekin nimagadir kaminaning boshqa bir tarafdan bo‘lgan belgi-alomatlariga doir behisob shkalani e’tibordan soqit qilib, o‘zimdan yoshroq va sog‘lomroq kasallarni shunchaki nazarga ilmagan emishman. Ochig‘i, ularga e’tibor berganman, ammo o‘zimni ular bilan tenglashtirib o‘tirishni lozim topmaganman, yana tag‘in, birinchi kelgan kunlarimda uchratgan hassasiz, jismonan benuqson va oqsoqlanmasdan shodon sayr qilib yurgan barcha odamlarga qarab turib, soddalikka borib, bular aslo mening hamkasb og‘alarim, kurortchi va raqobatchilarim emas, balki sog‘lom, aqli raso tubjoy aholi bo‘lsa kerak, deb o‘ylaganman.
Shunday qilib, birinchi kun quvonchidan benihoya shodlanar, o‘zimga ob’ektiv borliqni rad etguvchi sub’ekt deb qarab, bundan kayf qilardim va o‘zimcha haq edim. Har tarafdan duch kelayotgan kurortchilarga, o‘zimdan xastaroq og‘alarimga sinchiklab razm solarkanman, har bir mayib-majruhni ko‘rib mamnun bo‘lar, ro‘paramdan kelayotgan har bir zambil-kursiga shodon achinish hamda xayrixohona mag‘rurlik bilan qarab, mana shu hayratlanarli tarzda osoyishta, hayron qolarli darajada qulay qilib qurilgan ko‘chadan yengil qadamlar bilan tushib borardim, vokzaldan bemorlarni xuddi shu ko‘cha orqali to‘g‘ri vannaga olib borishardi; yoqimli, tekis nishab ko‘cha pastga, eski vannaxonaga olib boradi va kurort mehmonxonalariga kiraverishda suvi qurigan daryo yanglig‘ ko‘zdan yo‘qoladi. Ezgu niyatlar va shodon umidlar bilan to‘lib-toshgan holda o‘zim qo‘nmoqchi bo‘lgan “Tabarruk hovli”ga yaqinlashdim. Bu yerda uch-to‘rt hafta sabr qilib, har kuni vanna qabul qilish, imkoni boricha ko‘proq sayrga chiqib, iloji bo‘lsa, g‘am-tashvish va hayajonlardan xoli bo‘lmoq kerak. Albatta, ba’zida bir xillik jonga tegib, zerikishga ham to‘g‘ri kelar, ehtimol, negaki serharakat, faol turmush bu yerga mos kelmaydi, qo‘yga o‘xshab yashash yoki mehmonxona hayotini jini suymaydigan, unga arang chiday oladigan mendek yolg‘iz odamovi qariya uchun oldinda hali talay to‘siqlar turibdi, ularni yengaman deb, xiyla ta’zirimni yesam kerak. Lekin shubhasiz, mazkur yangi, men mutlaqo ko‘nikmagan hayot, balki bir qadar burjuyligi va bemazaligiga qaramasdan, ko‘p ajoyib hamda qiziq narsalarni bilib olishimga imkon berar – uzoq yillar davom etib kelgan, faqat ishdangina iborat bo‘lgan qishloqdagi osoyishta-yovvoyi, xilvatnishin turmushdan so‘ng ma’lum bir muddatga yana odamlar orasida bo‘lishim kamina uchun benihoya zarur emasmikin? Va eng muhimi: barcha to‘siqlar ortidan men mehmonxonani tark etib, xuddi mana shu ko‘cha bo‘ylab dadil yurib, toqqa ko‘tariladigan, o‘zim esa yoshargan va sog‘aygan holda Baden bilan xayr-ma’zur qiladigan kun uzoqdan ko‘rinib turardi.
Afsus, mehmonxonaga endi kiraman deb turganimda, yomg‘ir tomchilay boshladi.
– Siz bizga yomon ob-havo olib keldingiz, – tabassum-la tanbeh berdi menga qabulxonada o‘tirgan favqulodda iltifotli froylayn, salomimga alik olarkan.
– Yo‘g‘-e, – deya oldim men arang.
Xo‘sh, buyog‘i qandoq bo‘ldi? Nahotki, chindan ham shu yomg‘irga kamina sababchi bo‘lib, uni bu yerga men olib kelgan bo‘lsam-a? Siyqa idrok bundayin ehtimolni rad etib, mendek teolog va mutasavvif odam uchun dalil bo‘la olmadi. Axir, taqdir bilan xarakter yagona tushunchaning turli nomlarigina bo‘lsa, unda men qanday qilib ma’lum ma’noda o‘z ismim va kasbimni, yoshim, yuz tuzilishimni, ishias kasalimni tanlay olganman va buning uchun o‘zimdan boshqa hech kimni javobgar deb hisoblashga haqli emasman-ku, endi manovi yomg‘ir xususida ham xuddi shu gapni aytish mumkin, shekilli. Va men buni o‘z zimmamga olishga shay edim.
Froylaynga buni ma’lum qilib, keluvchilar varaqasini to‘ldirdim va nomerga oid muzokaralarga kirishdim, bu ishlar aqli raso odamga shunchaki noma’lum, u buning barcha dahshatlari xususida shubhalanib ham o‘tirmaydi, buni faqat karvonsaroyga qo‘nib o‘tgan, yolg‘izlik va jimjitlikka o‘rgangan, uyqusizlikdan azob chekadigan darvesh hamda yozuvchi odamgina biladi, xolos.
Mehmonxonadan nomer olish – aqli raso odamlar uchun arzimagan, shunchaki oddiy ish, u hech qanday hissiyotga sabab bo‘lmaydi, ikki daqiqada hal bo‘ladi-qo‘yadi. Biroq bizning akamiz uchun, uyqusizlik kasaliga duchor bo‘lgan nevrotik va telba odamlar uchun bu narsa eng oddiy, son-sanoqsiz xotiralar, his-hayajon hamda qo‘rquv bilan qorishib ketganki, u chinakam azobning o‘zginasidir. Mehmonxonaning ochiq yuzli bekasi, yoqimtoy administrator ayol bizning hadiksirab qilayotgan qat’iy iltimosimizga javoban o‘zining eng “jimjit xona”sini tavsiya etarkan, mazkur mash’um so‘z dilimizdagi ayrim tasavvurlar, hadik-xavotirlar bilan aralashib, nechog‘li g‘alayon qo‘zg‘ayotganligini tasavvur ham qilolmas edi. O, bizning eng achchiq azoblarimiz, eng beshafqat mag‘lubiyatlarimiz maskani bo‘lgan ushbu tinch, osoyishta xonalar bizga naqadar yaxshi ma’lum va tanish! Mehmondo‘st jihozlar, xushvaqt gilamlar-u, quvnoq gulqog‘ozlarning bizlarga qandayin soxta va makkorona, qanday iblisona nazar tashlashlari-chi! Anovi qo‘shni xonaga tiqishtirib qurilgan eshikning qanchalik vahimali, naqadar nafratomuz tirjayib turishini qarang, xuddi nojo‘ya ish qilib qo‘yganidan uyalgandek, parda ortiga bekinib olibdi! Yuqoriga, oqlangan shipga azob ila itoatkorona qaraymiz, u unsiz bo‘shliqda turib ishshayadi, keyin esa, kechqurun va ertalablari yuqori qavatda yashovchilarning odimlari ostida lorsillaydi, – eh, shu tanish qadamlarning o‘zigina bo‘lsa qaniydi, unda demak, unchalik qo‘rqmasa ham bo‘lardi! Yo‘q, tahlikali fursat boshlandi deguncha, oddiygina oq tekislik bo‘ylab, go‘yo yupqa eshik bilan devor orasidan o‘tayotgandek, kutilmagan shovqin-suronlar guvillab eshitila boshlaydi: polga shippak yoki tayoqchani tushirib yuborishlar (sog‘lomlashtirish gimnastikasiga doir), kuchli ritmik chayqalishlar, stullarning ag‘nashi, tungi stolchadan kitob yo qadahning tushib ketishi, mebel va chamadonlarning u yoqdan bu yoqqa surilishidan paydo bo‘lgan turfa xil tovushlar va hokazo. Bunga yana odamlarning ovozlarini, dialog hamda monologlar, yo‘tal, kulgi, xurraklarni qo‘shing! Va nihoyat, eng yomoni, biz nimaligini aniqlashga qodir bo‘lmagan, tushunib va tushuntirib bo‘lmaydigan g‘alati g‘ala-g‘ovur, qandaydir xayoliy tovushlar, ular o‘zi qayerdan, qay tarzda paydo bo‘layapti va qancha davom etadi, bunga umuman aqling yetmaydi, bundan tashqari, uy ajinalarining to‘polonlari va sho‘xliklarichi: qasir-qusur, shatir-shutur, shivir-pichir, g‘ichir-g‘ichir, chiq-chiq, taq-tuq, oh-voh, hiq-hiq, pish-pish – atigi bir necha kvadrat metrdan iborat bo‘lgan mehmonxona nomerida allaqanday g‘aroyib ko‘rinmas orkestr yashirinib olganligi yolg‘iz Xudoning o‘ziga ayon!
Shunday bo‘lgandan keyin, xona tanlash akamizdaqangi odamlar uchun favqulodda nozik, mas’uliyatli va shu bilan birga, har kimga ham ishonib bo‘lmaydigan qaltis ish hisoblanadi, bunda o‘nlab mayda-chuyda narsalarni, yuzlab imkoniyatlarni nazardan qochirmaslik lozim. Bir xonada devorjavon, boshqasida – isitish quvurlari, uchinchisida esa – qo‘shning okarina chalib, senga kutilmagan akustik sovg‘a tayyorlab o‘tirgan bo‘ladi. Tajribalardan ma’lumki, hech qanaqangi xona to‘g‘risida, u meni ko‘ngildagidek tinch uyqu bilan ta’minlay oladi, deb ishonch bilan gapirish mumkin emas, negaki hatto eng osoyishta va qulay tuyulgan nomerda ham kutilmagan hodisalar ro‘y berishi mumkin (bir kuni sershovqin qo‘shnilardan qochib, xizmatchilarning oltinchi qavatdagi katalakdek hujrasida qolgandim, o‘shanda shundoq ustimdagi qaqir-quqir chordoqda kalamushlar galasi chopib yurgan ekan), shuning uchun umuman tanlov-panlovdan voz kechib, o‘ylanib o‘tirmasdan shartta tavakkal qilib qo‘ya qolish ma’qul emasmikin? Shubhasiz, bu ma’qul ish bo‘lardi. Biroq biz bunday qilolmaymiz, kamdan-kam hollardagina shunday yo‘l tutamiz, chunki agar tashvish-xavotirlardan saqlanish yo‘lidagi harakatlarimizni birgina aql bilan intilish boshqarganida, u holda bu qanaqangi hayot bo‘lgan bo‘lardi? Tug‘ilishdanoq qismatimiz oldindan belgilab qo‘yilgani va uning muqarrar ekanligini nahotki bilmaymiz, bilamiz, lekin shunga qaramasdan tanlash illyuziyasiga, iroda erkinligiga jon-jahdimiz bilan yopishib olamiz. Har birimiz betob bo‘lganimizda shifokorni tanlay turib, ish joyimiz va yashash manzilimizni, qallig‘imizni tanlayotganimizda barcha ishni taqdirning o‘ziga ravo qilib qo‘ya qolsak bo‘lmasmidi, – qaytanga har birimiz o‘zimiz tanlaymiz va bunga qancha kuch-g‘ayrat, harakat va mehnat sarflaymiz? Ba’zi birovlar shunchaki soddadillik, bolalarcha ishtiyoq bilan, kuch-qudratiga ishonib, o‘z taqdiriga ta’sir o‘tkaza olishiga harakat qiladi; boshqa birovi o‘z sa’y-harakatlarining befoyda ekanligiga amin bo‘lsa-da, faoliyatsizlikda qotib qolgandan ko‘ra, harakat qilaverishni, intilaverishni ma’qul ko‘radi, buni o‘rinli, hayotiy muhim yo loaqal qiziq deb biladi. Yaxshi xona izlab charchamaydigan soddadil kaminangiz ham xuddi shunday yo‘l tutaman, o‘z sa’y-harakatlarimning behudaligi-yu, kulgili darajada bema’niligiga o‘zim chuqur ishonishimga qaramasdan, baribir har gal bo‘lg‘usi nomer (xona) to‘g‘risida keti uzilmaydigan muzokaralarni qaytadan olib boraveraman, qo‘shnilar haqida, eshiklarning bir yo qo‘shqavatliligi… va hokazo va hokazolar haqida astoydil so‘rab-surishtiraveraman. Kamina “o‘ynaydigan” mazkur o‘yin o‘ziga xos sport bo‘lib, unda ushbu arzimas va kundalik masala borasida illyuziyaga, o‘yinning soxta qoidalariga, go‘yoki bunaqangi narsalarga umuman oqilona yondashish mumkin va ular shunga munosibdek, qayta va qayta ishonaveraman. Bu o‘rinda men, xuddi shirinlik xarid qilayotgan bola yoki matematik hisob asosida o‘ynayotgan qimorboz singari, ham aql bilan, ham o‘ylamasdan ish tutaman. Shunga o‘xshash vaziyatlarda biz hammamiz g‘irt tasodif bilan baqamti ish ko‘rayotganligimizni yaxshi bilamiz, biroq eng chuqur botiniy ehtiyojdan kelib chiqib, go‘yo tasodif deganlari yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emasdek, go‘yo dunyoda barcha narsalar bizning aqliy tafakkurimizga va mantiqqagina bo‘ysunadigandek, harakat qilaveramiz.
Shunday qilib, iltifotli froylayn bilan mavjud besh-oltita bo‘sh xonalarni batafsil muhokama qildim. Bilishimcha, ulardan biriga devor-darmiyon bo‘lib, bir skripkachi ayol turar, u kuniga ikki soatdan mashq qilar ekan – har holda ijobiy hodisa, ayniqsa, tanlash imkoniyatlari cheklangan bir paytda, yaxshisi, mazkur nomerdan ham, qavatdan ham uzoqroq bo‘lishga qaror qildim. Aytganday, men akustik shart-sharoitlari hamda imkoniyatlari xususida gap ketganda, kamina shunaqangi sezish va oldindan ko‘ra bilish qobiliyatiga egamanki, unga ko‘pgina arxitektorlar havas qilsa arziydi. Xullas, kamina ehtiyotkorlik bilan, oqilona yo‘l tutdim, asabiy odam xona tanlashda qanday harakat qilishi joiz bo‘lsa, shundayin mulohaza bilan vijdonan ish tutdim, yakuni esa odatdagidek, uni taxminan quyidagicha ifodalash mumkin: “Garchi bu ish befoyda bo‘lib, tanlangan xonada, har qanday boshqasida bo‘lganidek, meni shubhasiz o‘sha kutilmagan sovg‘alar-u, ko‘ngilsizliklar kutib turgan bo‘lsa-da, o‘z burchimni bajardim, harakat qildim, qolganiga endi Xudo poshsho.” Lekin ayni damda, shunaqa paytlarda hamisha bo‘lganidek, qandaydir ovoz ongimning eng tubida turib, asta shivirlardi: “Hammasini Xudoning o‘ziga qo‘yib berib, ushbu komediyadan voz kechib qo‘ya qolganingda, yaxshiroq bo‘lmasmidi?” Men bu tanish ovozni ham eshitardim, ham eshitmasdim, chunki rasmiy marosim silliqqina o‘tganidan kayfiyatim a’lo darajada edi, chamadonimni 65-nomerga olishdi, bu orada shifokor huzuriga boradigan vaqt ham bo‘ldi va men uning qabuliga yo‘l oldim.
Buni qarangki, bu yerdayam hamma ish ko‘ngildagidek bo‘ldi. Kech bo‘lsa ham tan olamanki, mazkur tashrifimdan bir oz xavotirda edim, buning sababi tahlikali tashxisdan cho‘chiyotganimda emas, balki kamina shifokorlarni ma’naviy iyerarxiyaga daxldor, ularni oliy toifaga mansub deb bilishimda edi, bordi-yu, agar hafsalam pir bo‘lgudek bo‘lsa bormi, buni ko‘tarishim og‘ir, mabodo agar temir yo‘l yoki bank xizmatchisi yo loaqal advokatdan ko‘nglim qolsa, bunga unchalik ham xafa bo‘lmasdim. Sababini aniq bilmayman-u, ammo-lekin kamina shifokordan grek, lotin tillarini bilish va muayyan falsafiy tayyorgarlikni ko‘zda tutuvchi o‘sha gumanizmning qandaydir qoldig‘ini, evoh, ko‘pgina kasblar hamda zamonaviy hayot uchun umuman kerak bo‘lmaydigan qandaydir mavhum gumanizmni kutib yuraman. Umuman, barcha yangiliklar va inqilobiy narsalarga chin dildan quvonsam-da, bu masalada kamina xiyla konservativ bo‘lib olib, ma’lumotli doira vakillaridan ma’lum idealizmni, insonni tushunish va moddiy foydani ko‘zlamagan holda u bilan bahslashish uchun muayyan hozirlikni, qisqasi, qachonlardan beri mavjud bo‘lmay qo‘ygan va yaqin orada, ehtimol, mumdan yasalgan figuralar muzeyida ko‘zga chalinib qolishi mumkin bo‘lgan gumanizmni talab qilardim.
Kaminani uzoq kuttirmasdan kabinetga olib kirishdi; chiroyli, did bilan jihozlangan xona menda ishonch uyg‘otdi. Qo‘shni xonadan, odatdagidek, suvning shildirashi eshitildi, so‘ng shifokorning o‘zi chiqib keldi, uning ziyolinamo chehrasida tushunish tuyg‘usi zuhur edi, va bizlar, jang oldida turgan boadab bokschilarga o‘xshab, samimiy qo‘l qisishib, salomlashdik. Ehtiyotkorlik bilan raundni boshladik, bir-birimizni sinab, yengil zarbalar bera boshladik. Hamon xolis turarkanmiz, suhbatimiz bemorning yoshi, ovqatlanishi, modda almashinuvi, boshdan kechirilgan kasalliklar haqida bo‘ldi va mutlaqo beozor kechdi, faqat ayrim so‘zlar xususidagi qarashlarimiz bir-biriga zid kelib, tantanavor jangga shay ekanligimizdan darak berardi. Shifokor sirli tibbiyot tiliga oid turli iboralardan foydalanar, ular uning nutqiga ajib rang-baranglik baxsh etibgina qolmay, uning mendan sezilarli darajada ustun ekanligini ham ko‘rsatar, kamina esa ularning ma’nosini taxminan anglar edim. Shunga qaramasdan, oradan bir necha daqiqa o‘tgach, menga shu narsa ayon bo‘ldiki, bu shifokor hafsalamni pir qiladi, deb bekorga qo‘rqqan ekanman, bunday holat mening holatimdagi odamlar uchun o‘ta noxush hisoblanadi: aql va bilimning jozibali tashqi qiyofasi ortida qotib qolgan dogmatikaga duch kelasan, kishi, uning birinchi qoidasidayoq bizga bemorning qarashlari, fikrlash tarzi va terminologiyasi – g‘irt sub’ektiv hodisa, shifokorniki esa – aksincha, jiddiy ob’ektiv ahamiyatga molik ekanligini uqtiradi. Yo‘q, men bilan muomalada bo‘lgan shifokor, u bilan dahanaki jang qilishda ma’no bor, chunki u kasbi taqozo etganidek, nafaqat bilimdon, balki – qay darajadaligini hali aniqlay olganimcha yo‘q – jamiki ma’naviy qadriyatlar nisbiyligini his etishga qodir donishmand ham ekan.
Hali rentgen va qon tahlili olinmaganiga qaramay, tekshirish natijalari ijobiy chiqdi. Yurak urishi me’yorda, nafas olish joyida, qon bosimi binoyidek, ammo uncha sezilmaydigan ishias alomatlari, shishlar hamda muskullarimda lanj og‘riq borligi ma’lum bo‘ldi. Doktor qo‘llarini qaytadan yuvarkan, suhbatimizda qisqa tanaffus boshlandi. So‘ng, keskin burilish yuz berdi: doktor ehtiyotkorona ta’kid bilan bexosdan savol berib, hujumga o‘tdi:
– Nima deysiz, kasalligingizga qisman ruhiy holat ham sabab bo‘lmayotganmikin?
Shunday qilib, oldindan kutilayotgan narsa sodir bo‘ldi. Ob’ektiv ko‘rik ma’lumotlari mening shikoyatlarimga to‘la mos kelmas, dardga o‘ta moyilligim aniq-ravshan sezilardi. Xullas, kaminani nevrotik deb topishgandi. Nimayam derdim, endi biz ham jangga kirishamiz!
Men “ruhiy holat” sabab bo‘ladigan kasallik va darmonsizliklarga ishonmasligimni, o‘z biologiyam va mifologiyamda “ruhiylik” allaqanday ikkinchi darajali omil emas, balki birlamchi kuch ekanligini, binobarin, har qanday holatimiz, har qanday quvonch va g‘am tuyg‘usini, har qanday kasallik, har qanday baxtsiz tasodif va o‘limni ruh sabab bo‘ladigan ruhiy hodisa deb hisoblashimni xuddi shunday ehtiyotkorlik bilan va shunchaki yo‘liga tushuntirdim. Agarki, barmoqlarimdan shishlar o‘sib chiqsa, bu mening jonim, ruhim, bu – oliy hayot negizi, “u” menda plastik modda sifatida o‘z-o‘zini ifodalagan bo‘ladi. Agar jon og‘risa, u buni turli-tuman usullar bilan ifoda etishga qodir, u kimdadir siydik kislotasi shakliga kirvolib, uning “men”ini yemira boshlaydi, yana boshqa birovga esa ichkilikbozlik qiyofasida xuddi shunday “xizmat ko‘rsatadi”, uchinchi bir kimsaning bosh kosasini qo‘qqisdan teshib o‘tib, unga qo‘rg‘oshin parchasi bo‘lib joylashib oladi. Shu bilan birga, davolovchi shifokorning vazifa va imkoniyatlari ko‘p hollarda noiloj moddiy, ya’ni ikkilamchi o‘zgarishlarni aniqlash va ular bilan yana tag‘in moddiy vositalar asosida kurash olib borish negizida cheklanishi lozimga o‘xshaydi. Bunga ishonchim komil.
Men hozir doktor e’tiroz bildirsa kerak, deb o‘ylardim. Ishqilib menga qarab: “Behuda gaplarni gapirmang, muhtaram zot!” demasa bo‘ldi, – lekin balki sal oshirib yuborilgan iltifotli tabassum-la, gapimni ma’qullab, kayfiyatning ta’siri to‘g‘risida siyqasi chiqqan gaplarni gapirib, va yana o‘sha bema’ni “xayolparast” so‘zini ham aytvorishi mumkin, ehtimol. Ushbu so‘z – o‘rtamiyona olim fantaziya deb aytishga odatlangan sinov toshi, ruhiy-ma’naviy mezonlar uchun eng sezgir tarozidir. U bu qulay so‘zdan har gal, hayot hodisotlarini chamalab, izohlab berish zarur bo‘lganda foydalanaveradi, ular uchun mavjud moddiy o‘lchov asboblari haddan ziyod qo‘pol, gapiruvchining istak va qobiliyatlari esa kamlik qiladi. Axir tabiatshunos olim, odatda, uncha ko‘p narsa bilmaydi-da; xususan, u o‘zi fantaziya deb ataydigan amaliy qadriyatlar uchun tabiiy fanlardan tashqari o‘lchov va ifodaning ko‘hna, o‘ta nozik usullari ham borligini, Foma Akvinskiy ham, Motsart ham har biri o‘zicha, o‘z tilida mana shu fantaziyalarni g‘oyat zo‘r aniqlik bilan o‘lchashdan bo‘lak hech qanday boshqa ish qilmaganliklarini bilmaydi. Kurort shifokori, agar u o‘z sohasining eng zo‘r bilimdoni mash’ali bo‘lgandayam, men undan ana shunday to‘g‘ri fikr kuta olarmidim? Biroq kamina unga ishondim va bundan pushaymon bo‘lmadim. Meni tushunishdi. Baraka topgur shifokor kamina shaxsida qandaydir unga yot aqoyid emas, balki allaqanday o‘yin, qanaqadir san’at, musiqa ro‘baro‘ turganligini, unda haqqoniyat hamda bahslarning yo‘qligi va bo‘lishi ham mumkin emasligini, balki faqat javob jarangi yoki to‘liq sinishgina bo‘lishini tushunib yetdi. Va u yanglishmadi, meni tushunishdi va tan olishdi, albatta, haq sifatida emas, bunday emasman va bo‘lish niyatim ham yo‘q. Balki fikrlovchi, antipod, boshqa bir juda olisdagi, ammo shu qadar to‘la huquqli fakultetdagi hamkasb sifatida tan olishgandir.
Shunda nafas olishim va qon bosimim joyidaligi sabab yaxshilangan kayfiyatim yanada ko‘tarilib ketdi. Yomg‘irli ob-havo, ishias va davolanish bilan bog‘liq ishlarim qay bir tomon bo‘lmasin – men uchun eng muhimi, varvar qo‘liga tushmaganim edi, qarshimda inson, hamkasb, puxta va keng tafakkurga ega shifokor turardi! Shunday bo‘lmaganda, u bilan tez-tez va uzoq suhbatlashishni, har turli muammolarni muhokama qilishni mo‘ljallarmidim? Yo‘q, garchi yoqimli imkoniyat sifatida kaminani xursand qilolsa ham, bunga hojat yo‘q edi; ma’lum bir muddatga o‘z ixtiyorimni ishonib topshirishimga to‘g‘ri kelgan odam, nazarimda, insoniy yetuklik attestatiga ega ekanligining o‘ziyoq kifoya edi. Mayli, doktor hozircha meni, garchi fikrlovchi, lekin afsuski, bir qadar nevrotik bemor deb, hisoblasa ham, balki bir kun payti kelib, u “men”imning yuqori qavatlarini ham ochar va mening chin e’tiqodim, shaxsiy falsafam uning dunyoqarashi bilan o‘yinga, musobaqaga kirishib ketar, ehtimol. Shunda kaminaning Nitshe va Gamsunga tayanadigan, nevrotiklar xususidagi nazariyasi ham bir oz olg‘a siljib qolsa ajabmas. Darvoqe, bu unchalik muhimmas. Nevrotik xarakterini kasallik deb emas, balki qandaydir azob beradigan, biroq xiyla ijobiy sublimatsiya jarayoni deb qarash – bu ajoyib fikr edi. Ammo uni ta’rif-tavsif qilib o‘tirgandan ko‘ra, shunday xarakter bilan yashash muhimroqdir.
Cho‘ntagimda davolanishga doir takliflar yozilgan uzun ro‘yxat, shifokor bilan xursand holda xayrlashdim. Hamyonda esa tavsiyalar bitilgan qog‘ozcha – ularni ertaga erta tongdanoq bajarishga kirishishim lozim edi, – menga turli xil: vanna, ma’danli suv ichish, diatermiya, kvarts (chaqmoqtosh), davolash gimnastikasi singari foydali hamda qiziqarli muolajalarni va’da qilar edi. Shuning uchun ham zerikishga hojat qolmasdi.
Agarda kurortdagi birinchi kunimning ilk oqshomi har jihatdan yaxshi va yoqimli o‘tgan bo‘lsa, bunda albatta, mehmonxona sohibining ham xizmati bor. Kechki ovqat dabdabali ziyofatga aylandi, dasturxonga kamina anchadan buyon tatib ko‘rmagan tansiq taomlar, g‘oz jigaridan tayyorlangan “gnochchi”, irlandcha dimlab pishirilgan qo‘y go‘shti, yertutli muzqaymoq tortildi. Ajoyib qadimgi mehmonxonada, yong‘oq daraxtidan yasalgan kattakon eski stol atrofida qizil musallasdan oz-ozdan ichib o‘tirarkanman, uy sohibi bilan qizg‘in suhbatimiz alla-mahalgacha davom etdi, nasl-nasabi, kasb-kori, intilishlari hamda turmush tarzi boshqa bo‘lgan mutlaqo notanish odamning xayrixohligiga sazovor bo‘lib, uning quvonch va qayg‘usiga sherikligimdan, o‘z navbatida, u ham mening ko‘pgina fikr-mulohazalarimga qo‘shilayotganidan xursand edim. Biz bir-birimizga atab madhiya aytmasak-da, lekin tez til topishdik, fikrlarimiz ham bir joydan chiqdi, odatda bunday samimiyat o‘zaro mehr-oqibatga olib keladi.
Uyqu oldidan bir oz sayr qilgani chiqqan edim, yomg‘ir ko‘lmakchalarida, tungi shamolda qattiq shovillayotgan bir nechta mislsiz go‘zal keksa daraxtlar uzra aks etgan yulduzlarga ko‘zim tushdi. Ular ertaga ham go‘zal bo‘lishadi, ammo shu daqiqada ular shunday bir sehrli, betakror go‘zallik og‘ushida edilarki, bu go‘zallik aslida o‘z qalbimizdan boshlanar va, greklar e’tiqodiga ko‘ra, Eros nazar tashlagandagina, bizni birdaniga chulg‘ab olar ekan.
Kun tartibi
Kurortda kun qanday o‘tishini bayon etishga kirishar ekanman, haqiqat yuzasidan eng oddiy, kundalik, hech qanday e’tiborga loyiq bo‘lmagan, yarmini bulut qoplagan, qolgan yarmida osmon ochiq, moviy, zohiran aytarli voqea-hodisa yuz bermagan, botinan ortiqcha alomatlarsiz va vasvasasiz kechgan shunaqangi betaraf, xolis bir kunni misol qilib olayapman. Negaki, albatta, davolanishdagi holat va vaziyatga qarab, shuni ham aytish kerakki, nafaqat asabiy adiblar, balki butun bir ishiatik bemorlar lashkari uchun ham bu yerda qayg‘u-hasrat va ma’yus kunlar bilan birga yaxshi kayfiyat ham barq urgan umid-ishonchga to‘la yorug‘ kunlar, biz sakrab, chopib yuradigan va arang o‘rmalab, umidsizlikdan o‘rinda cho‘zilib qoladigan kunlarimiz ham bo‘lardi.
Biroq shunday o‘rtamiyona bir kunni tasavvur etishga har qancha urinmayin, birgina yoqimsiz e’tirofni, u ham bo‘lsa har qanday kun, ayniqsa kurortdagisi ham, afsuski, tong otishi bilan boshlanishini aytmasdan o‘tolmayman. Balki bu mendagi eng katta kamchilik va illat bilan, yomon uxlashim bilan bog‘liqdir, umuman olganda, bu narsa tabiatimga, falsafamga, temperament hamda xarakterimga har taraflama mos tushadi, bo‘lmasa, shuncha ajoyib she’rlarda tarannum etilgan tong kamina uchun eng yoqimsiz dam ekanligini qanday tushuntirishim mumkin? Albatta, bu – sharmandagarchilik, bunga iqror bo‘lish men uchun og‘ir, lekin yozuvchilikdan, agar uning zamirida haqiqatga intilish yotmasa, ne naf? Musaffolik, yangilanish, quvnoq yoshlik g‘ururining ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan pallasi bo‘lmish tong men uchun arzimas, yoqimsiz va aziyatli, biz bir-birimizga toqat qilolmaymiz. Shu bilan birga, kamina Ayhendorf va Myorike qalamiga mansub ko‘pgina she’rlarda shunday tetiklantiruvchi hamda yorqin jaranglovchi o‘sha porloq tong quvonchini tushunish va tuyish qobiliyatidan aslo mahrum emasman, she’rlarda, rasm-suratlarda va xotiralarda tasvirlangan tongni shu qadar shoirona qabul qilamanki, garchi ancha yillardan buyon tong chog‘i hech qanday quvonchni his etmay yashab kelayotgan bo‘lsam ham, haqiqiy tong havosi haqida hali butunlay unut bo‘lmagan bolalik xotiralarim saqlanib qolgan. Musaffo tong havosi haqida men bilgan hattoki eng baralla maqtov – Ayhendorfning “Tong – quvonchim mening” nomli she’riga Volf tomonidan yozilgan musiqada ham kaminaga qandaydir soxta ohang eshitiladi, ushbu musiqa nechog‘li ajoyib yangramasin, Ayhendorfning tonggi kayfiyati kaminani o‘ziga ishontirishga qanchalik urinmasin, Hugo Volfning tonggi quvonchiga negadir ishongim kelmaydi va shu o‘rinda u subhidam maqtovini keltirishda uni o‘z boshidan kechirib emas, balki qandaydir shoirona-xayoliy, ko‘ngil-tasavvurdagi faraz bilangina kifoyalangan, deb o‘ylayveraman. Hayotimni qo‘rqinchli, hatto yoqimsiz majburiyatga aylantirib, uni og‘irlashtiradigan va murakkablashtiradigan barcha narsalar ertalabki damlarda nihoyatda baland ovoz chiqarib, butun bo‘y-bastini ko‘rsatib, ro‘paramda turib oladi. Turmushimni bezaydigan, uni rohatga aylantirib, ajoyib qiladigan barcha narsalar esa, uning barcha muruvvat-iltifotlari, jozibadorligi, musiqasi ertalablari ortga chekinib, ko‘proq afsona va rivoyat yanglig‘ olisdan arang eshitiladi. O‘zimning yomon, qisqa, tez-tez bo‘linib turuvchi uyqumning juda ham sayoz qabridan ertalab ruhim ko‘tarilgan va jonlangan holatda emas, balki lanj, horg‘in va ma’yus, bostirib kirib kelayotgan tashqi dunyoga qarshi hech qanday himoyasiz bir ahvolda o‘rnimdan turaman, tashqi olam go‘yo apparat misol tongi ta’sirchan asablarimga o‘zining barcha ikkilanishlari haqida xabar beradi. Faqat tushki paytga borib, hayot men uchun yana maqbul va yoqimli bo‘la boshlaydi, kechga yaqin va oqshomgi paytlar – ajoyib, nurli, ilhomlantiruvchi, Parvardigor chirog‘idan munavvar, an’ana va hamohanglik, musiqa va jozibadorlik mujassam baxt-iqbolli kunlarda esa u (hayot) kaminani o‘tgan barcha bemaza, rasvo damlar evaziga saxiylik bilan taqdirlaydi.
Uyqusizlik azoblari-yu, ertalabki xafaqonlik kaminaga nima sababdan shunchaki kasallik emas, balki illat bo‘lib ko‘rinishi, nima uchun ulardan uyalishim, biroq shu bilan birga, shunday bo‘lishi kerak, deb his etishim, kamina ularni na rad etishga, na unutishga, na sirtdan “tuzatish”ga haqli ekanligim, balki aksincha, asl hayotim va uning burch-maqsadlari uchun ular rag‘batlantiruvchi omil sifatida doimiy ravishda “niqtab turishi”ga ehtiyoj sezishim to‘g‘risida bundan keyin fursati bilan aytib berarman, deb o‘ylayman.
To‘g‘ri, Baden kurortidagi kun odatdagi hayotim kunlari bilan solishtirganda bir narsada men uchun shubhasiz afzallikka ega: davolanish vaqtida har bir tong asosiy va eng muhim majburiyat hamda vazifalar bilan boshlanadi, ularni ado etish oson va hatto yoqimli ham. Men vanna qabul qilishni ko‘zda tutyapman. Ertalab uyg‘onishim bilan, soat necha bo‘lishidan qat’i nazar, men uchun birinchi galdagi va eng muhim ish qandaydir malol keladigan yumush, kiyinish yo gimnastika, soqol olish yoki kelgan xat-xabarlarni o‘qish emas, balki iliq, yoqimli, tinchlantiruvchi mashg‘ulot – vanna hisoblanadi. Boshim yengil aylanib, joyimga o‘tiraman, ehtiyotkorona harakatlar bilan qotib qolgan oyoqlarimni ishga solib, o‘rnimdan turaman-da, egnimga xalatni tashlab nimqorong‘i, sokin yo‘lak bo‘ylab shoshilmasdan liftga boraman, u meni barcha qavatlar osha pastga, yerto‘laga – vannali kabinalarga olib tushib qo‘yadi. Bu yerda – pastda juda yaxshi. Jaranglab aks-sado beradigan qadimiy toshgumbazlar ostidan hamisha ajoyib issiqlik bir maromda taralib turadi, negaki tevarak-atrofdagi mavjud buloqlardan issiq suv tinmay otilib oqib yotadi, bu yerga kelganimda meni har gal g‘orlarga xos pinhonalikning ajib iliq tuyg‘usi qamrab oladi, bunday hissiyot menda bir zamonlar bolalik chog‘larimda paydo bo‘lardi, o‘shanda stol, ikkita stul, ko‘rpa-to‘shak, gilamcha yoki poyandozlardan o‘zimga antiqa “g‘or” yasab olar edim. Alohida ajratilgan kabinada hozirgina buloqdan quyilgan issiq suv bilan to‘ldirilgan chuqur, basseyn kaminaga muntazir, unga ikkita toshzinadan asta tushaman, qumsoatni ag‘darib qo‘yaman-u, sal-pal oltingugurt isi unnab qolgan achchiq issiq suvga iyagimga qadar ko‘milib olaman. Yuqorida, shundoqqina tepamda kattakon qilib qurilgan, butxona hujrasini eslatadigan kabinaning tsilindrsimon gumbazi ostida darcha bor, uning xira oynasidan kuchsiz yorug‘lik tushib turibdi; mendan bir qavat yuqorida, xira deraza ortida dunyo qandaydir olis, sutrang bo‘lib ko‘rinadi, bu yerga uning tovushidan asar ham yetib kelmaydi. Tevarak-atrofimda esa sirli suvning ajoyib harorati jimir-jimir qiladi, uzluksiz ravishda vannamga asta-sekin quyilib turgan ana shu obihayot ming yildan buyon noma’lum yerosti chashmalaridan oqib chiqmoqda. Davolanish qoidalariga muvofiq, suvda oyoq-qo‘llarimni imkoni boricha ko‘proq qimirlatishim, gimnastika va suzish mashqlarini bajarishim kerak. Majburiyat yuzasidan ikki-uch daqiqa shunday qilaman ham, so‘ngra harakatsiz cho‘zilib qolaman, ko‘zlarimni yumib, chala-yarim pinakka ketaman, shu asnoda qumsoatning sassiz to‘kilishini kuzatib yotaveraman.
Basseyn chetida qaydandir shamol uchirib kelgan so‘ligan barg yotardi, yaproqcha qay daraxtniki, nomi ham esimda yo‘q, unga qarab turib, qirra va chiziqchalaridagi bitiklarni o‘qiyman-u, chirishning o‘sha o‘ziga xos hidini tuyaman, uning oldida barchamizni qaltiroq bosadi, biroq usiz go‘zallik ham bo‘lmas edi. Go‘zallik va o‘lim, shodlik va foniylik bir-biri uchun zarur va bir-biriga sababchi ekanligi naqadar hayratlanarli hol! Tevarak-atrofimizda ham, o‘z-o‘zimda ham qandaydir hissiylikni tuyib, tabiat bilan ruh o‘rtasidagi chegarani yaqqol his qilaman. Gullar go‘zal va o‘tkinchi, oltin esa o‘zgarmas va zerikarli, xuddi shunga o‘xshab, tabiat hayotidagi barcha harakatlar ham o‘tkinchi va go‘zal, ruh esa o‘zgarmas va zerikarlidir. Mana shu lahzada men ruhni rad etaman, unga zinhor abadiy hayot deb emas, balki abadiy o‘lim, qandaydir qotib qolgan, besamar, beo‘xshov allanima deb qarayman, u abadiylikdan voz kechgan taqdirdagina shakl va jon bo‘la olishi mumkin. Hayotga erishish uchun oltin gulga, ruh esa, jon va jasadga aylanishi lozim. Yo‘q, garchi boshqa paytda uni chuqur hurmat qilishga qodir bo‘lsam ham, hozirgi farog‘at damlarida, qumsoat bilan so‘ligan yaproq orasida ruh haqida eshitishni ham istamayman, kamina o‘tkinchi bo‘lishni, bola va gul bo‘lishni xohlardim.
O‘tkinchi ekanligimni esa iliq suvda yarim soat yotganimdan so‘ng o‘rnimdan turish vaqti ochiq-oydin yodga soladi. Qo‘ng‘iroqni chalib, hammomchini chaqiraman, u kelib, stul ustiga ilitilgan choyshab to‘shaydi. O‘rnimdan turishga urinaman, shunda chirib ketgan hissiyoti a’zoi badanimga yoyiladi, chunki bu vannalar odamni juda toliqtirib yuboradi, suvda o‘ttiz-qirq daqiqa yotganimdan so‘ng turay desam, tizza va qo‘llarim menga hadeganda bo‘ysunavermaydi. Hovuzdan chiqib, choyshabni yelkamga tashlab, obdan artinaman, bir oz keskin harakatlar qilib, o‘zimga o‘zim madad beray desam, qayoqda, tinkam qurib, stulga o‘tirib qolaman, go‘yo ikki yuzga kirgan choldek, o‘rnimdan turib, ko‘ylak va xalatni kiyib, yura olishga ham madorim yetmas edi.
Nihoyat, u yer-bu yerda, kabinalarning eshiklari ortida shildirayotgan suv shovqinini hisobga olmaganda, jimjit gumbazli yo‘laklar bo‘ylab oyoqlarimni arang sudrab bosib, oynavand qopqoq ostidan otilib chiqayotgan, sarg‘imtir toshlar orasida qaynab yotgan oltingugurt bulog‘i tomon yo‘l olaman. Shu o‘rinda mazkur chashma bilan bog‘liq ajib voqea haqida to‘xtalib o‘tmasam bo‘lmaydi. Buloqning toshpanjarasi chetida har doim kurortda davolanayotganlar uchun mo‘ljallangan ikkita stakan turadi, to‘g‘rirog‘i, hamma gap ham shunda-da, ular u yerda turmaydi, chanqagan odam suv ichay deb, buloq boshiga borib qarasaki, ikkala stakan ham yana g‘oyib bo‘lgan bo‘ladi. Shundan so‘ng, bemor odatda bosh chayqab, xodimlarni chaqiradi; bunga javoban yo yo‘lakchi, yo ofitsiant, goh xodima, goh xodimgar, ba’zan esa liftga qarovchi boy yugurib keladi, ular ham qurg‘ur stakanlar yana qayoqqa yo‘qolib qolganiga aqllari yetmay, hammalari baravar bosh chayqashadi. Yana darhol yangi stakan keltiriladi, bemor uni suvga to‘ldirib ichadi, so‘ng yana joyiga qo‘yib, ketadi, oradan ikki soat o‘tib, suv ichgani kelsa, stakan yana yo‘q. Stakan voqeasi jonlariga tegib, bezor bo‘lgan xizmatchilarning har biri ularning g‘oyib bo‘lishi bilan bog‘liq o‘z taxminini ilgari suradi, biroq ularning hech biri to‘liq ishontira olmaydi. Masalan, boyning aytishicha, kurortchilar stakanlarni o‘zlari bilan xonalariga olib kirib ketarmishlar. Xo‘p, agar shunday bo‘lsa, unda ularni xizmatchi ayol kuniga o‘sha yerdan topardi-da! Xullas, ish hamon ochilganicha yo‘q, agar faqat kaminaning o‘zini olsak, yolg‘iz mening o‘zim uchun sakkiz yo o‘n marotaba yangi stakan keltirishga majbur bo‘lishadi. Modomiki, mehmonxonamizda salkam sakson nafar qo‘noq hamda davolanayotganlar yashayotgan ekan, barchasi podagra yoki bod bilan og‘rigan keksa kishilar, ularning stakan o‘g‘irlashlari dargumon, kamina shunday xulosaga keldimki, stakanlarni yo g‘ayritabiiy kollektsiya to‘plovchi o‘g‘irlaydi, yo afsonaviy mavjudot, chashma devi yoki bo‘lmasam ajdaho buloqdan foydalanayotganliklari uchun odamlarga jazo tariqasida shunday qiladi, ehtimol, qachonlardir omadli allakim adashib-netib yashirin g‘orga yo‘liqib qolsa ajabmas, kirib qarasaki, istikonlar tog‘ bo‘lib uyulib yotibdi, ha-da, kaminaning kamtarona hisob-kitobiga ko‘ra, u yerda bir yilning o‘zida kam deganda ikki ming dona stakan to‘planib qolgan bo‘lishi kerak.
Stakanni iliq buloq suviga to‘ldirib, huzur qilib ichaman. Shu asnoda yana cho‘nqayib o‘tirib olaman, keyin esa o‘rnimdan turishim juda qiyin kechadi. Ado etilgan burch va halol mehnat bilan erishilgan hordiqning yoqimli tuyg‘usini tuyib, lift tomon sekin yurib boraman, negaki vanna bilan suv ichishdan qutulib, kamina kunduzgi eng muhim muolajalarni, asosan, bajarib ado qilgan edim. Biroq yana shu tarafi ham borki, hali erta tong, enidigina soat yetti yo yetti yarim bo‘lgan, tush paytiga qadar hali ancha vaqt bor, shuning uchunmi, ertalabki damlarni kechqurungiga aylantiruvchi sehr-jodu uchun bor-budimni berib yuborishga ham tayyor edim, chog‘i.
Ana shunday bir paytda yana davolanish haqidagi qoida jonimga oro kirdi, unga ko‘ra vanna qabul qilganimdan so‘ng, yotib dam olishim kerak edi. Vanna toliqtirganidanmi, ko‘nglim bundan ortiq hech narsa tilamas, biroq bu paytga kelib, mehmonxonada hayot qaynay boshlagan, ertalabki nonushtani shosha-pisha tarqatayotgan xodima va ofitsiant ayollarning oyoqlari ostida pol taxtalari dodlab yuborardi. Dam-badam eshiklar taraqlab ochilib-yopilardi. Bunisi ham mayliku-ya, mudrasa bo‘lar balki, ammo uyqu haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas, chunki uyqusizlikdan azob chekadigan odamning o‘ta sezgir, tajribali qulog‘ini chinakamiga himoya qila oladigan ovozyutgich moslamalar hali ixtiro qilinganicha yo‘q. Buning ustiga yana bir oz yotish, ko‘zlarni qaytadan yumib, tong zimmamizga yuklaydigan: zerikarli kiyinish, zerikarli soqol olish, zerikarli bo‘yinbog‘ bog‘lash, xayrli tong tilash, kelgan xat-xabarlarni o‘qish, bugun nima ish bilan mashg‘ul bo‘lish kerakligini hal qilish, butun hayot avtomatikasini qaytadan boshlab, takrorlash singari zerikarli majburiyatlarni bir oz bo‘lsa-da, o‘ylamaslik qanday yaxshi.
Shunday qilib deng, qo‘shnilarimning kulishayotgani-yu, so‘kishayotganini, og‘iz chayqashayotganlarini eshitib, o‘rnimda cho‘zilib yotibman, yo‘lakdagi qo‘ng‘iroq betinim jiringlaydi, xodimlar yelib-yuguradi, demak, endi ortiq chidab bo‘lmaydi. Hech nima qilolmaysan! O‘rnimdan turib, yuvinaman, soqolimni olaman, ust-bosh bilan poyafzalimni kiyish uchun zarur barcha murakkab harakatlarni bajaraman, tor yoqa sal bo‘lmasa bo‘g‘ay deydi, soatimni nimchamning cho‘ntagiga solib, ko‘zoynagimni taqaman, – shu asnoda o‘zimni bamisoli qamoqxona tartib-qoidalari bilan tanish va bularning barchasi umrbod hamda abadiy ekanligini bilgan surgundagi odamdek his etaman.
Soat to‘qqizda kamina rangi o‘chib, yuvoshgina bo‘lib, oshxonaga kiraman, dumaloq stolcham atrofiga o‘tirib, menga qahva keltirgan do‘ndiqqina, quvnoq ayol bilan jimgina salomlashaman, bitta bulochkaga yog‘ surib, ikkinchisini kissaga uraman, shundoq yonginamdagi pochta anjomini ochib, nonushtani qoringa, xatlarni pidjagim cho‘ntaklariga joylayman, yo‘lakda esa azbaroyi zerikkanidan kamina bilan suhbatlashgisi kelayotgani shundoqqina sezilib turgan, uzoqdan mug‘ombirona jilmayib, buning ustiga hatto farang tilida gap boshlayotgan kurortchiga duch kelib, ko‘p o‘ylab o‘tirmay, unga dag‘dag‘a bilan “pardon” deya po‘ng‘illab, ko‘chaga o‘qdek otilib chiqib ketaman.
Bu yerdagi kurort bog‘idami yoki o‘rmondami tongning qolgan qismini yolg‘izlikda ko‘ngildagidek o‘tkazaman. Ba’zan, omadim kelib qolsa, bog‘dagi o‘rindiqda quyosh va xaloyiqqa teskari o‘tirvolib, tunda miyamga kelgan ba’zi fikrlarni yozib qo‘yaman. Lekin odatda ko‘proq sayr qilaman, shunda cho‘ntagimga yashirib qo‘yganim bulochkadan xursand bo‘lib ketaman, negaki kamina uchun ertalabki eng katta quvonchlardan biri (“quvonchlar” deganimiz, bu juda ham zo‘r gap) – nonni maydalab ushataman-da, u bilan behisob chittak va qizilto‘shlarni boqaman. Germaniyada, bu yerdan atigi bir necha mil narida hatto boy-badavlat odamlarga ham bunaqangi oq non qayoqda deysiz, minglab kishilarning esa yeyarga umuman noni yo‘q, shu topda bu haqda o‘ylashni ham istamayman. O‘z-o‘zidan kelib qoladigan bunaqangi o‘ylarni xayolimdan chiqarib tashlayman, lekin ba’zan bu narsa juda og‘ir kechadi.
Quyoshdami, yomg‘irdami, qayerda bo‘lmasin, ertalabki vaqtni yo ishlab, yo sayr bilan bir amallab o‘tkazishning ilojini topaman, shundan so‘ng kurortdagi kunning tig‘iz payti – tushlik mahali boshlanadi. Ishontirib aytamanki, kamina mechkay emas, lekin diniy shodonlik va tarkidunyochilik bilan tanish bo‘lgan mendek bir odam uchun tushlik bamisoli bayram va muhim voqea hisoblanadi. Biroq mazkur masala yanada chuqurroq muhokamani talab qiladi.
Kamina tomonidan muqaddimada aytib o‘tilganidek, yoshi o‘tgan revmatik va podagrik bemorning xarakter hamda tafakkuriga quyidagi holat va xususiyatlar xos: dunyoni to‘g‘ri tushuntirishning iloji yo‘qligini tan olish, antinomiyalarga ishqibozlik va hurmatning paydo bo‘lishi, qarama-qarshilik hamda ziddiyatlarning zarurligini e’tirof etish. Va shunga o‘xshash ziddiyatlarni, albatta, ularning teran falsafiy asosiga to‘xtalmagan holda hayratda qoldirarli yaqqollik bilan Badendagi kurort hayotida ham uchratish mumkin. Bunga misollar ko‘plab topiladi. Uzoqqa borib yurmay, birgina narsani, u ham bo‘lsa Badenda hamma joyga dam olish uchun o‘rindiqlar o‘rnatib qo‘yilganligini aytib o‘tmoqchiman: ular tez charchaydigan, o‘z oyoqlariga unchalik ham ishonavermaydigan kurortchilarni o‘tirib hordiq chiqarishga chorlaydi, dam oluvchi esa, bu taklifni bajonidil qabul qiladi. Lekin biron daqiqa ham o‘tirolmasdan darrov o‘rnidan turib ketadi, chunki ana shu ko‘psonli o‘rindiqlarni o‘tkir aql egasi bo‘lmish faylasuf va hazilkash metalldan yasagan, unga nozik joyi bilan o‘tirgan ishiatik karaxt qiluvchi sovuqni his qiladi va instinkt uni darhol tashlab qochishga majbur etadi. Shunday qilib, o‘rindiq unga dam olish zarurligini eslatadi, bir daqiqa o‘tar-o‘tmas esa hayot mohiyati va manbai – harakat hamda o‘jar, qaysar bo‘g‘imlarga nafaqat dam olish, balki mashq qilish ham kerakligini ishonarli tarzda esiga solib qo‘yadi.
Bunday misollarni istagancha keltirish mumkin. Biroq muttasil antitezalararo harakatlanadigan Baden ruhi oshxonada tushki va kechki ovqat paytida chinakamiga ulug‘vorlik kasb etgan ko‘yi namoyon bo‘ladi. U yerda ishias yoki podagra bilan og‘rigan o‘nlab xasta odamlar to‘planishadi, ularning barchasi Badenga yagona orzu-umid – o‘z dardlaridan xalos bo‘lish uchungina kelishgan. Sodda, to‘g‘ri, yigitlardek sipo dunyoviy donishmandlik kimyo hamda fiziologiyaning aniq va oddiy asoslariga tayanib, bunday bemorlarga qat’iy tarzda iliq vanna bilan bir qatorda eng avvalo, go‘shtsiz, spirtli ichimliklar va o‘tkir ziravorlarsiz yovg‘on ovqatga qanoat qilish, ehtimol, davolanish yuzasidan hatto qattiq parhezni ham tavsiya etgan bo‘lur edi. Ammo Badenda bunaqangi yoshlarga xos, soddadillik bilan va biryoqlama fikr yuritilmaydi, balki Baden yuz yillardan buyon nafaqat shifobaxsh suvlari, balki o‘zining tansiq va to‘yimli taomlari bilan ham mashhur; haqiqatan ham Badenning modda almashinuvi bo‘yicha xasta bemorlari shunaqangi mazali va lazzatli ovqatlanishadiki, hali mamlakatdagi biror mehmonxona yoki shahar aholisi bu borada ular bilan bellasha olmaydi. Bu yerda halim son go‘shti ustidan burgund sharobi, shirali shnitseldan so‘ng bordo musallasi ichiladi, sho‘rva bilan qovurdoq o‘rtasida havorang xonbaliq jilva qilib turadi, sergo‘sht taomlardan so‘ng esa, dasturxonga ajoyib pirojniy, puding va shirinlik tortiladi.
Oldingi mualliflar Badenning ushbu o‘ziga xos fazilatlarini turlicha izohlashga uringanlar. Bu yerdagi yuksak ovqatlanish madaniyatini baholash va ma’qullash oson; minglab nafar kurortchilardan har biri bu ishni kuniga ikki marta bajaradi, biroq buni tushuntirib berish xiyla qiyin, chunki o‘ziga xos sabablari bor. Bundan keyin ulardan eng muhimlariga to‘xtalib o‘taman, lekin dastavval doimiy ravishda to‘qnash keladigan o‘sha siyqa-ratsionalistik asos-dalillarni qat’iyat bilan rad etmoqchiman. Masalan, soxta mutafakkirlardan kurortdagi davolanuvchilarning asl manfaatlariga zid keladigan Badenning ajoyib dasturxoni, modomiki, Baden azaldan o‘zining mazali taomlari bilan ma’lum va mashhur, har bir tamaddixona xo‘jayini esa o‘z raqobatchilaridan imkoni boricha orqada qolmaslikdan manfaatdor bo‘lgan ekan, aslida uzoq tarixga borib taqaladi va u ko‘psonli kurort mehmonxonalarining o‘zaro raqobatidan kelib chiqqan, degan gaplarni tez-tez eshitishga to‘g‘ri keladi. Mazkur yengil-elpi va yuzaki dalillar muammoning o‘zini chetlab o‘tib, mazali Baden oshxonasining yaratilish tarixi haqidagi savolni an’ana va o‘tmishni ro‘kach qilgan holda chalkashtirishga urinish ekanligining o‘ziyoq hech qanday tanqidga ham arzimaydi. Baden taomining mazali bo‘lishiga go‘yo qovoqxona egalarining boylik orttirishga hirs-havasi sabab emish, bunday bema’ni fikr bizni yana ham kamroq qoniqtiradi! Xuddi Badenda qassob, novvoy va qandolatchining sarf-xarajatlarni oshirishlariga jon-jon deb rozi bo‘ladigan mayxona xo‘jayini topiladigandek, axir bu yerdagi har bir mehmonxona egasining o‘z yerto‘lasida yuz yillardan buyon qo‘noqlar uchun mo‘ljallangan ma’danli issiq buloqlar shaklidagi o‘z ohanrabosi, jozibali va rad etib bo‘lmaydigan xo‘ragi bor-ku!
Yo‘q, mazkur fenomenni nazariy jihatdan asoslash uchun yanada chuqurroq izlanishimizga to‘g‘ri keladi. Jumboqning javobi o‘tmishning odat va an’analari hamda mehmonxonalar sohiblarining hisob-kitoblarida emas, u koinotning teran asoslarida, bu esa mavjudlik sifatida qabul qilinishi vojib bo‘lgan abadiy antinomiyalardan biridir. Baden taomi odat bo‘yicha bemaza va taqchil bo‘lganda edi, xo‘jayinlar o‘z chiqim-xarajatlarini uchdan ikkiga qisqartirgan va shunga qaramasdan mijozlardan ham kamchilik ko‘rmagan bo‘lardilar, chunki bu yoqlarga odamlar ovqat yeyish uchun kelmaydi, ularni bu yerga nervus ichiadicus yetaklab keladi. Shunchaki sinov tariqasida bir zum tasavvur qilib ko‘raylik, agar Baden oqilona hayot kechirib, siydik kislotasi va sklerozga qarshi birgina vannalar bilan emas, balki spirtli ichimliklardan tiyilish hamda parhez bilan ham kurash olib borganida – bu qanday oqibatlarga olib kelgan bo‘lur edi? Kurortda dam olayotganlar sog‘aygan, yaqin kelajakda esa butun mamlakatda ishias mutlaqo yo‘q bo‘lardi, biroq tabiatning boshqa barcha ko‘rinishlariga o‘xshab, u ham hayot va yashash huquqiga ega. Vannalarga hojat qolmagan, mehmonxonalar esa tanazzulga yuz tutgan bo‘lardi. Hattoki agar bundayin yo‘qotish unchalik muhim deb hisoblanmagan va uning o‘rnini bir amallab to‘ldirish iloji topilganda ham, podagra bilan ishiasning koinot tizimidan yo‘q bo‘lib ketishi, qimmatli buloqlarning bekorga oqib yotishi illo-billo dunyoning yaxshilanishiga olib kelmagan, balki buning butunlay aksi bo‘lishi ham mumkin edi.
Mazkur ko‘proq ilohiydek tuyulgan dalil ketidan ruhiy asos ham kelib chiqadi. Vanna va uqalash, xavotir va zerikish bilan birga yana ro‘za tutib, o‘z tanasini o‘ldirishni biz – kurortchilar orasida kim ham xohlardi, deysiz? Yo‘q, biz yaxshisi chalakam-chatti sog‘ayaveraylik, shunday bo‘lsa ham ozmi-ko‘pmi yoqimli hayot kechiramiz, jillaqursa maza qilib yeb-ichamiz, biz axir o‘ziga va atrofdagilarga murosasiz talablar qo‘yadigan yosh yigitchalar emasmiz, turmushning murosa-yu, madoralariga chuqur botib qolgan va ko‘p narsalarga panja orasidan qarashga ko‘nikkan keksa odamlarmiz. Qolaversa, yana shunday bir savol ustida jiddiy va yaxshilab o‘ylab ko‘rsak: barchamiz davolanish kursini bekamiko‘st o‘tab, butunlay va batamom tuzalib ketganimiz yaxshimi, buning ustiga, o‘lmasligimiz ham lozimmi? Bir oz qaltis ushbu savolga vijdonan javob bersak, javobimiz shunday bo‘ladi: “Yo‘q! Yo‘q, bizlar butunlay sog‘ayib ketishni xohlamaymiz, biz abadiy yashamoqchi ham emasmiz.”
Albatta, har birimizdan alohida so‘ralganda, ushbu savolga ko‘proq “ha” deb javob qaytarishimiz ham ehtimoldan xoli emas. Agar kaminadan – kurortchi va yozuvchi Hessedan, adib Hesse kasallikka, o‘limga duchor bo‘lmasin, shunga rozimanmi-yo‘qmi, uning uchun abadiy hayotni ko‘ngildagi baxt-saodat va zarur ne’mat deb hisoblaymanmi-yo‘qmi, shuni so‘rashganida, ehtimol, shuhratparast kamina ham, barcha adiblar singari, mazkur savolga dastavval ma’qullab javob berardim. Biroq xuddi shu savolni allakim to‘g‘risida, masalan, deylik, kurortda dam olayotgan Myuller, ishiatik Legran yoki 64-xonadagi gollandiyalik xususida berib ko‘rishsin-chi, o‘ylab ham o‘tirmasdan darhol “yo‘q” deb, javob qaytarardim. Yo‘q, haqiqatan ham biz keksalarning, u qadar yoqimtoy bo‘lmagan kishilarning, garchi podagrasiz bo‘lsa ham, uzoq yashashimizning hojati yo‘q. Axir bu juda ham ko‘ngilsiz, o‘ta qayg‘uli va hatto nihoyatda jirkanch ish bo‘lur edi. Yo‘q, biz keyinroq, qachonlardir bajonidil o‘lishga tayyormiz. Bugun esa, toliqtiradigan vannalar va tirishqoqlik bilan o‘tkazilgan tonggi paytdan so‘ng bir ozgina xursandchilik qilishni, tovuq qanotchasini g‘ajib, binoyidek baliqchani maza qilib tushirishni, asl qizil musallasdan bir qadah tatib ko‘rishni afzal bilamiz. Biz, xudbin qariyalar, yuraksiz nomardlar, bo‘shang landavurlar o‘zi shunaqamiz – shirinroq narsalarga suyagimiz yo‘q. Modomiki, bizning ruhiyatimiz, qalblarimiz, barcha revmatiklar va keksayayotgan kishilar qalbi, shu bilan birga Baden ruhi ham shunday ekan, bu tarafdan ham Baden oshxonasi an’analari o‘zini to‘la oqlagan deb, hisoblaymiz.
Totli hayotimiz uchun nahotki shu bahona-sabablar, vaj-korsonlar yetarli bo‘lmasa? Yana tag‘in isbot-dalillar zarurmikin? Axir, ularni yuzlab keltirish mumkin. Birgina – eng oddiy misol aytay: ma’lumki, ma’danli suvlar odamni “eb qo‘yadi”, ya’ni, ishtahani ochib yuboradi. Kamina shunchaki oddiy davolanuvchi, mechkay bo‘lmasam ham, boshqa paytda qanoat qilib yashashni targ‘ib etib, ro‘za tutish quvonchlarini ko‘p marta boshdan kechirgan esam-da, vijdon azobini zarracha his etmasdan, hattoki dunyoda qashshoqlik hukm surayotganini bila turib, shaxsiy modda almashinuvimga ziyon bo‘lishiga ham qaramasdan, uch hafta mobaynida badnafslik balosiga yo‘liqdim.
Mavzudan chalg‘idim, chog‘i, yana kun tartibiga qaytamiz! Shunday qilib, o‘tirgan ko‘yim tushlik qilayapman. Baliq, qovurdoq, mevalar birin-ketin kelib turibdi, ora-sira taom tashiyotgan ofitsiant ayollarning oyoqlariga termilib, uzoq xayol suraman – hammalari qora paypoqda, – metrdotelning oyoqlariga esa unchalik uzoq qarab turolmayman, chunki uning oyoqlari biz, mijozlar uchun ilhombaxsh tomosha va zo‘r ovunchoq. Gap shundaki, metrdotel o‘zi umuman juda yoqimtoy janob, bir paytlar bod kasali bilan og‘rib, juda yomon azob tortgan, hatto yurolmay ham qolgan ekan, lekin Badenda davolanish kursini o‘tab, butunlay tuzalib ketgan. Buni barchamiz bilamiz, ko‘pchilikka shaxsan o‘zi aytib bergan. Shuning uchunmi, ko‘pincha metrdotelning oyoqlariga razm solib o‘tirib, o‘ylanib qolamiz. Ammo yoshgina ofitsiant qizlarning qora paypoqli oyoqchalari hech qanday davolanishsiz ham o‘z-o‘zidan xushbichim va harakatchan, mana shu holat yanayam chuqurroq xayolga berilishga munosib ko‘rinadi.
Kamina yakka-yolg‘iz turganligim sababli kurortdagi kasbdoshlar bilan yaqindan tanishish imkoniyati menga faqat umumiy ovqatlanish paytlaridagina nasib qiladi. To‘g‘ri, ularning ismlarini bilmayman, ayrimlari bilan suhbatimiz ikki-uchta so‘zdan nariga o‘tmagan, lekin o‘tirish va ovqatlanishlarini kuzata turib, ular haqida ko‘p narsalarni bilib olaman. Qo‘shni xonada turadigan gollandiyalik – uning ovozi har tong va har oqshom devorni yorib o‘tib, kaminaga soatlab uyqu bermaydi – bu yerda, stol atrofida xotini bilan sal bo‘lmasa shivirlab gaplashadi, agar u 64-nomerda yashamaganida, men uning ovozi qanaqaligini hech qachon bilolmasdim. E, bu muloyimni asti qo‘ying!
Har kuni tush mahali bo‘ladigan tomoshamiz ishtirokchilarining ayrimlarida ampluaning aniqligi, muqomlarning puxtaligidan kamina xursand. Ayniqsa, gollandiyalik bittasi bor. Bo‘yi naq ikki metr keladi yo undan ham uzun, to‘ladan kelgan, barvasta, o‘ziyam kurfyurstinamizga vakila bo‘lishga munosib savlati zo‘r xotin. Qaddi-qomati kelishgan, ammo yurishi unchalik emas, ingichkagina, nozikkina, sal bo‘lmasa sinib, ikkiga bo‘linib ketay deb turgan mittigina tayoqchasiga tayanib, zalga kirib kelganida ko‘ring tomoshani, biram nozu karashmaliki, ko‘rib turib esing og‘adi. Tayoqchasiyam temirdan yasalgandir, hoynahoy.
Yana bir o‘ta jiddiy janob ham bor, menimcha, kamida deputat bo‘lsa kerag-ov, o‘zi juda mard, serhimmat, vatanparvar, Sen-Bernardagi vafodor itlarga o‘xshab, bir oz qizargan pastki qovoqlari osilib tushgan, keng va tarang bo‘yni har qanday zarbaga dosh beradi, peshonasi serajin, hamyoni to‘la halol mehnat bilan topilgan, puxta sanalgan qog‘ozpul, ko‘ksi benuqson, yuksak, lekin toqat qilib bo‘lmaydigan orzu-maqsadlarga to‘la. Bir kuni kechasi vahimali tush ko‘ribman, go‘yo shu odam – otam emishu, men uning oldida: birinchidan, vatanparvarligim yetishmasligi uchun, ikkinchidan, qarta o‘yinida ellik frank yutqazib qo‘yganim va nihoyat, uchinchidan, qiz bolani yo‘ldan urganim uchun javob berayotgan emishman.Tushimda meni shunchalik qo‘rqitgan o‘sha sipo janob bilan ertasiga endi o‘ngimda yana yuzma-yuz kelishga sira toqatim yo‘q edi. Albatta, uning qiyofasi meni tinchlantirsa kerak, chunki voqelik odatda bizga yomon tushlar orqali namoyon bo‘ladigan obrazlardan ko‘ra birmuncha beozorroq, ehtimol u menga kulimsirab qarar, bosh irg‘ar yo ofitsiant ayol bilan hazil-huzul qilar yoki jillaqursa o‘zining qiyofasi bilan tushimdagi o‘sha beso‘naqay gavdaga ba’zi bir tuzatishlar kiritar. Biroq tush payti o‘sha jiddiy janobning stol atrofida o‘tirganiga ko‘zim tushgan edi, u menga qarab na jilmaydi, na bosh irg‘adi, uning oldida bir shisha qizil sharob, ma’yus va g‘amgin o‘tirar, peshonasi hamda bo‘ynidagi har bir ajin uning o‘zgarmas va qat’iy saxovat sohibi ekanligidan darak berardi, kamina bundan dahshatga tushdim va meni endi boshqa bezovta qilmasin, deya xudoga iltijo qildim.
Shuning barobarida qanchalik olijanob, yoqimtoy va dilbar inson ekan janob Kesselring, hozir hayotining ayni gullagan chog‘i, asl kasbi-kori nima bilmadim-u, ammo shak-shubhasiz gidalgo yoki shunga o‘xshash bir nima bo‘lsa kerak. Ipakdek mayin oq-sariq sochlari tiniq peshonasiga yarashgan, yuzidagi nozik kuldirgichi biram jozibali, moviy ko‘zlari bolalarga xos xayolchan va shodon boqadi, rangi ochiq nimchasini dam-badam nafis va mayin silab qo‘yadi. Bu odamning yuragida munofiqlikdan asar ham yo‘q, uning shoirona fe’l-atvoriga biror buzuq niyat soya sololmasligi tayin. Xuddi Renuar qizi singari boshidan tortib, to oyog‘ining chimchilog‘iga qadar hamma narsaga faqat yaxshilik ko‘zi bilan qaraydigan bizning Kesselringdek dilkash odam yoshligida Kupidonga o‘xshab sho‘xlik qilmagan ham bo‘lsa kerak. Mana shu oliy farishta bir kuni, o‘shanda qorong‘i tushayotgan payt edi, chekish xonasida menga behayo suratlarning cho‘ntaki to‘plamini ko‘rsatib, naqadar hayron qoldirgani va hafsalamni pir qilganini aytishga so‘z topolmayman.
Lekin kelganlar orasida mana shu zalda men shu paytgacha ko‘rgan eng kelishgan va eng go‘zal ayol bugun bu yerda emas, u atigi bir martagina shu yerda, dumaloq stolcham atrofida men bilan o‘sha oqshom biror soat chamasi yuzma-yuz o‘tirgandi, uning qo‘yko‘zlari quvnoq boqar, nozik qo‘llari gul – o‘zi ham atrofdagi kasallar orasida bemor emas, balki yoshlik va go‘zallik barq urib turgan misli yo‘q gul edi. Azizam, men bilan birga mazali taomlardan va manovi ajoyib musallasdan totib ko‘rish uchun yana kelgin, toki ertaklarimiz va kulgilarimiz bilan mana shu zalga, bir oz bo‘lsa ham jon baxsh etaylik!
Hordiq maskanlarida umuman odat bo‘lganidek, biz, dam oluvchilar hamisha bir-birimizni kuzatib yuramiz, faqat bizda moda va bashanglik ikkinchi darajali rol o‘ynaydi. Sheriklarimiz sog‘ligini shunchalik diqqat bilan kuzatamiz, negaki bunda o‘z aksimizni ko‘ramiz, agar oltinchi xonadagi qariya bugun o‘zini yaxshi his qilib, eshikdan to stolgacha birovning yordamisiz yurib bora olsa, bundan barchamiz birdek shodlanamiz, bordi-yu, frau Flyuri bugun o‘rnidan tura olmasligini eshitib qolsak, bundan ranjib bosh chayqaymiz.
Bir soat davomida mazali ovqatni tushirib, bir-birimizni kuzatgach, ushbu yoqimli mashg‘ulotni istar-istamas bas qilib, zalni mamnun tark etamiz. Men uchun kunning eng og‘ir qismi endi ortda qoldi. Ob-havo yaxshi bo‘lsa, mehmonxonamiz bog‘iga boraman, u yerdagi ovloq joyda kamina uchun yumshoq uzun kursi shay turadi; yon daftarcham, qalam va Jan Pol kitobchasi muhayyo. Soat uch yo to‘rtda “muolajam”ning katta qismi boshlanadi, ya’ni, shifokor huzuriga borishim kerak, u yerda assistent qizlar mendan eng yangi usullarni sinab ko‘rish uchun foydalanishadi. Chaqmoqtosh lampa tagida o‘tirgan ko‘yim mazkur sehrli chiroqning ajoyib ta’sir ko‘rsatadigan kuchini tezroq sinab ko‘rgim keladi, shuning uchunmi, sabrim chidamay, badanimning ma’lum qismini chiroqqa iloji boricha yaqinroq tutaman. Bir necha marta o‘zimni kuydirib ham oldim. Shundan so‘ng serg‘ayrat shifokor yordamchisi kaminani diatermiyaga taklif etadi. Bilaklarimga kichkina yostiqchalarni bog‘lab, elektr qutblarini ulab, tok yuboradi va bir vaqtning o‘zida ana shunaqangi ikkita yostiqcha bilan orqa va bo‘ynimga ishlov bera boshlaydi, men esa hech narsa qilishim kerak emas, faqat agar haddan ziyod kuydira boshlasa, baqirishimga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari – yana qo‘shimcha qiziqtiradigan narsa shuki – ana shu muolajalar vaqtida shifokor har doim kirib-chiqib turadi va biz suhbatlashishimiz ham mumkin, ana shunday omad hatto yigirma kunda bir kelsa ham, undan imkoni boricha foydalanib qolish kerak.
Kamina nihoyat, qisqa sayrga otlanaman, kurort bog‘ining darvozalari yonidan o‘tayotib, u yerda odamlar gavjumligidan yuqorida – kurzalda yana kontsertga tayyorgarlik ko‘rilayotganini sezaman, bunday kontsertlar u yerda ko‘p marta uyushtirilayotganiga qaramasdan hali birortasiga ham tushmaganman. Xullas, yo‘limdan burilib kurzalga kirsam, u yerda tumonat odam to‘planibdi, bu yerda davolanayotganlar va bemorlarni shunday to‘la yig‘ilgan holda, ya’ni in corpore birinchi marta ko‘rib turishim. Yuzlab erkak va ayol hamkasabalar stullarga joylashib o‘tirvolishgan, kimdir qahva yo choy ichayapti, kim birov kitob o‘qiyapti yo bir nima to‘qiyapti, yana kimlardir bir chekkada – zal ichkarisida qizg‘in kuylayotgan kichikroq musiqachilar guruhini tinglayotibdi. Barcha joylar bandligidan eshik oldida turganimcha musiqaga quloq solaman. Musiqachilar berilib kuylashmoqda, ular asosan, noma’lum bastakorlarning murakkab asarlarini ijro etishardi, mabodo agar bu narsa menga umuman yoqmayotgan bo‘lsa, gap zinhor ularda mahorat bor-yo‘qligida emas. Musiqachilar hattoki, juda yaxshi chalishayotgandi – aynan xuddi shuning uchun ham ular mana shunaqangi suvoqchilik, qayta ishlov hamda oranjirovka o‘rniga haqiqiy musiqa ijro etishlarini istardim. Lekin masala shunchalikka borib yetgan ekan, kaminani bu narsa ham qiziqtirmasdi. Agar “Karmen” yoki “Ko‘rshapalak”dagi ko‘ngilochar parcha o‘rniga, misol uchun, Shubert kvarteti yoki Hendel dueti ijro etilgan taqdirda ham hech bir yengillik to‘ymasdim. Xudo saqlasin, bu yanayam yomon bo‘lardi. Bir kuni xuddi shunga o‘xshash voqeani boshdan kechirishimga to‘g‘ri kelgan. O‘shanda qahvaxonaning yarim bo‘sh zalida birinchi skripkachi Baxning “Chakona”sini ijro etayotgan, shu asnoda bir vaqtning o‘zida qulog‘im quyidagi taassurotlarni ham qabul qilishda davom etardi: ofitsiant ayol bilan hisob-kitob qilayotgan ikkita yosh yigit qaytimiga mayda tanga olishardi; g‘ayrati ichiga sig‘may borayotgan bir xonim esa, garderobda tajang qiyofada yomg‘irpo‘shini talab qilayotgandi; to‘rt yoshli yoqimtoy, do‘mboqqina bola o‘zining jarangdor bijir-bijiri bilan butun stol atrofidagilarning ko‘nglini chog‘ qilardi; bulardan tashqari, shisha, stakan, kosa va qoshiqlarning jarangi bir zum ham tinmasdi, keksaygan, ko‘zi sal ojizroq kampir esa pechene solingan vazachani stoldan tushirib yuborib, o‘zi qo‘rqib ketdi. Ushbu harakatlarning barchasi va har biri o‘z holicha butunlay o‘rinli, diqqat-e’tiborim hamda xayrixohligimga loyiq edi, lekin birdaniga uyulib ketgan bir talay taassurotlarga bas kelishga ruhiy quvvatim ojizlik qilardi. Biroq bunga yagona aybdor, hamma narsaga xalaqit bergan o‘sha musiqa, Baxning “Chakona”si edi. Yo‘q, kurzal musiqachilariga shon-sharaflar bo‘lsin! Ammo-lekin bu yerdagi kontsert, menimcha, eng muhim narsadan – ma’no-mazmundan mahrum edi. Ikki yuz nafar odamning zerikib, kechki ovqatgacha vaqtni qanday o‘tkazishni bilolmay turishi, mening nazarimda, yaxshi musiqachilar orkestrining mashhur operalardan aranjirovkalar ijro etishi uchun yetarli sabab bo‘la olmaydi. Shuning uchun kontsertga aslida kamgina narsa – qalb, chin ehtiyoj, astoydil samimiyat, san’atdan erkinlik kutayotganlargina yetishmas edi. Ehtimol, kamina ham adashayotgandirman, balki. Tez orada mana shu ko‘proq beparvo, loqayd tomoshabinlar bir xil toifadagi odamlardan emas, balki ko‘plab alohida, ayrim jonzotlardan iborat ekanligi va ana shulardan biri musiqachilarga zo‘r ehtirom bildirayotganining shohidi bo‘ldim. Serzavq musiqa ishqibozi, tilla pensne taqqan qora soqolli janob eng oldinda, estradaning shundoqqina oldida stulga suyangan ko‘yi ko‘zlarini yumib, xushbichim boshini musiqa ohangiga monand sarxush tebratib o‘tirardi. Tomosha tugagach, u cho‘chib ko‘zlarini ochadi va birinchi bo‘lib olqishlarni yog‘dira boshlaydi. Ammo unga chapak chalishning o‘zi kifoya qilmaydi, endi o‘rnidan turib, estradaga yaqinroq boradi, unga orqa o‘girib turgan dirijyorning e’tiborini bir amallab o‘ziga jalb qilib, zaldagilarning davomli qarsaklari ostida uni zavq-shavqqa to‘la maqtovlarga ko‘mib tashlaydi.
Turaverib charchadim, buning ustiga tomoshaga ham o‘sha soqolli shovvozchalik hushim yo‘q edi, shuning uchun ikkinchi tanaffusdayoq ketvormoqchi bo‘lib turgandim, kutilmaganda qo‘shni bino tarafdan qandaydir g‘alati tovushlar eshitilib qoldi. Ishiatik hamsoyadan so‘rab bilsam, u yerda qimorxona joylashgan ekan. Xursand bo‘lib, o‘sha yoqqa yo‘l oldim. Darhaqiqat, xona burchaklarida palma daraxtlari o‘sib yotardi, atrofga pastak yumshoq kursilar qo‘yilgan, kattakon yashil stol atrofida esa, aftidan ruletka o‘ynashayotgandi. Stol tomon oyoq uchida yurib borib, uni zich o‘rab olgan hangomatalablarning yelkalari osha nima bo‘layotganini qisman bo‘lsa-da, kuzata boshladim. Diqqatni tortadigan birinchi narsa – stol xo‘jayini, soch-soqoli tarashlangan, frak kiygan, yoshini ham aniq bilish dargumon, qo‘ng‘ir sochli, faylasufona vazmin chehrali janob nafis mayishqoq belcha yoki kurakcha yordamida bir qo‘li bilan tangalarni stolning istalgan nuqtasidan yashin tezligida boshqasiga ko‘chira olishdek noyob qobiliyat sohibi edi. Uning ish quroli qayishqoq kurakcha bo‘lib, shu turishda xuddi ingichka uchiga qarmoq ipi bog‘langan inglizcha uzun po‘lat tayoq bilan qurollangan tajribali forel (gulmohi) ovlovchiga o‘xshab ketardi, bundan tashqari, tangalarni yelpig‘ichda havoga shunaqa irg‘itadiki, ular kerakli katakchalarga tushadi-qoladi. Mana shu barcha murakkab harakatlar paytida ham ularning maromi sharcha bilan xizmat qilib yurgan yoshroq yordamchisi tomonidan baland ovozda ma’lum qilib turiladi, uning yaxshilab qirtishlangan pushtirang yuzi esa, avvalgidek vazmin va xotirjamligicha qolaveradi. Uni uzoq kuzataman, ana, u o‘rindig‘i qiya o‘rnatilgan alohida maxsus stulchada qimir etmay o‘tiribdi, aft-angori mudom sipo, faqat ko‘zlari o‘ynaydi, chap qo‘li bilan tangalarni osongina sochib yuborsa, o‘ng qo‘li kurakcha yordamida ularni yana osongina to‘plab, uzoqdagi burchaklarga yo‘naltiradi. Uning oldida ustma-ust qilib terib chiqilgan yirik va mayda kumush tangalardan iborat ustunchalar ko‘zga tashlanadi, bunchalik ko‘p tangalarni hatto Stinnes ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Yordamchi tinmay irg‘itayotgan sharcha raqamlab qo‘yilgan katakchalarga borib tushadi va u katakcha raqamini tinmay qichqirib e’lon qiladi, o‘yinga taklif etadi va pul tikib bo‘linganligini ma’lum qilib, ogohlantiradi: “Rien ne va plus”. Stol atrofida o‘tirgan vazmin janob o‘yinni shu tariqa beto‘xtov davom ettiraveradi. Bularning barchasini ilgari, urushdan oldingi uzoq o‘tmish yillarida, safar-u sayohatlarga chiqib, yurt kezgan paytlarimda ko‘p ko‘rganman; mana shunaqa palmalarni, pastak yumshoq kursilarni, xuddi mana shunaqangi yashil stollar va sharchalarni dunyoning ko‘pgina shaharlarida ko‘rganman, Turgenev va Dostoyevskiyning qimorbozlar to‘g‘risidagi ajoyib va hazin qissalarini muttasil esga olib, so‘ng yana kasbi-korimni davom ettiraverganman. Mana shu tomoshaga yaqindan razm solib turib, bitta narsaga – butun o‘yin faqat frak kiygan janobning xursandligi uchungina bo‘layotganiga hayron qolaman. U talerlarini irg‘itar, beshtalikni yettilikka, juftni toqqa alishtirar, yutuqlarni tez sanab chiqib, yutqiziqlarni suzib qo‘yardi – biroq bu pullarning barchasi uniki, shaxsan o‘ziniki edi. Tomoshabinlar orasidan hech kim pul tikmasdi; kaminaga o‘xshab, asosan qishloq joylardan kelgan barcha kurortchilar faylasufning harakatlarini diqqat hamda zavq-shavq bilan kuzatishar, yordamchining sovuq, go‘yo yax bosgandek yangraydigan frantsuzcha qichqiriqlariga e’tibor bilan quloq solishardi. O‘zim arang yetib olgan stol chetiga mung bosib, ikki frank qo‘yishimni bilaman, elliktacha ko‘z menga angrayib qarab qolsa, shunaqayam noqulay ahvolga tushdimki, kurakcha tikkan franklarimni suzib olar-olmas, juftakni rostlab qoldim.
Mana bugun ham yana tag‘in Badenshtrassedagi do‘konlarning vitrinalarini tomosha qilib yuribman. Kurortda dam oluvchilar bu yerda o‘zlariga kerakli tuyulgan narsa-buyumlarni, chunonchi: manzarali otkritkalar, birinjdan yasalgan shar va kaltakesaklar, mashhur kishilar tasviri solingan kuldonlar (shuning uchun xaridor, masalan, kuniga Rihard Vagnerning ko‘zlariga yoniq sigarani suqib, rohatlana oladi) va boshqa son-sanoqsiz har turli ashyolarni sotib olishlari mumkin, biroq ularning mohiyat va maqsad-vazifalari asli nimadan iborat ekanligini hatto astoydil tikilib, razm solib chiqqanimdan so‘ng ham anglayolmadim; ayrimlari ko‘rinishdan ibtidoiy qabilalarning diniy marosimlarda qo‘llanilgan buyumlariga o‘xshab ketadi, balki kamina adashayotgandirman, ammo-lekin bularning barchasini ko‘rib turib, meni chuqur g‘am bosdi, chunki shu narsa ravshan ediki, odamlar bilan aloqaga kirishish uchun bor yaxshi niyatlar qilingan taqdirda ham, baribir burjuycha va haqiqiy dunyodan tashqarida yashardim, bu haqda hech narsa bilmasdim va uni qachonlardir chinakamiga tushuna olishim ham amri mahol edi, shunday ekan, adabiyot sohasidagi ko‘p yillik mehnatlarimga ham qaramasdan, meni qachonlardir tushuna olishiga qanday qilib ham umid bog‘lay olishim mumkin edi. Vitrinalarni tomosha qilaturib, ularga kundalik ehtiyoj mollari emas, balki faqatgina zeb-ziynat buyumlari, sovg‘alar va kulgili narsalar qo‘yilganidan, bu dunyoning shu qadar yot-begonaligidan vahimaga tushaman; yuzlab mol-ashyolar orasida ko‘pi bilan yigirmata, boringki, o‘ttizta buyumning vazifasi nima, undan foydalanish usuli, ma’nisi qanday, koshki agar bu haqda zarracha tasavvurga ega bo‘lsam, bironta buyum topilmadiki, unga ega chiqishni xohlasam. U yerda shunaqangi narsalar bor ediki, qarab turib fol ochishingga to‘g‘ri kelardi: bu shlyapaga taqiladimi? Yo cho‘ntakda olib yuriladimi? Yo pivo krujkasiga qo‘yilarmikin? Yoki bu narsa qandaydir qarta o‘yiniga tegishli jihozmikin? Bu yerda kamina anglay olmaydigan, butunlay noma’lum tasavvur olami yuzaga keltirgan kichkinagina suratlar va yozuvlar, shior va iqtiboslar, shu bilan birga o‘zimga yaxshi ma’lum va kamina qadrlaydigan ramzlarning men na tushunishga, na ma’qullashga qodir bo‘lgan tatbiqiy namunalari ham bor edi. Masalan, xotin-qizlarning urfga kirgan yomg‘irpo‘shi dastasida Budda yoki xitoy ma’budining o‘yma tasvirini ko‘rish menga g‘alati, yot, begona, erish va hatto vahimali tuyuladi; buni ataylab yoki ko‘ra-bilaturib qilingan shakkoklik deb atash mushkul, lekin bundayin bo‘lmag‘ur narsalarni yasashga tadbirkorni, sotib olishga xaridorni qanaqangi tasavvur-tushunchalar, qanday ehtiyoj va qanaqangi ruhiy holatlar undadiykin – men aynan mana shu narsalarni bilishni xohlardim, biroq buni hech qachon bilolmasam kerak. Yoki bo‘lmasam, jamiyatning sara vakillari soat beshda to‘planadigan, hammaning diqqat-e’tiboriga sazovor qahvaxonani olaylik! Men juda yaxshi tushunaman, davlatmand janoblar maza qilib choy, qahva ichishni, shokolad va serqaymoq qimmat pirojniylar yeyishni xush ko‘rishadi. Biroq aql-idrokli, erkin, hur odamlar bo‘laturib, nega endi ular ovqat paytida tinchlik bermaydigan, ko‘ngilni behuzur qiladigan yoqimsiz musiqa tinglashni, tor va dim, buning ustiga haddan ziyod ortiqcha bezab-ziynatlangan va zarhallangan xonalarda o‘zlariga yarashmagan holda tiqilib o‘tirishni afzal ko‘radilar, aniqroq qilib aytsak, nima uchun mana shu barcha shovqin-suron, noqulaylik va telba-teskari ishlarni odamlar yomonlik deb qabul qilish o‘rniga, aksincha, ularga ko‘ngil qo‘yib beriladilar – xuddi mana shu narsalarni siraya tushunolmayman va mana shu tushunolmasligimni allaqachonoq o‘zimning, avval aytganimdek, bir oz shizofrenik aqliy xususiyatimga nisbat berishga ko‘nikib qolganman. Shunday bo‘lsa-da, bu narsa kaminani mudom tashvishga solib keladi. O‘ylashga, suhbatlashishga, deyarli nafas olishga qo‘ymaydigan shirin-chuchmal musiqa tinmaydigan, qo‘pol va dag‘al dabdaba, marmar, kumush, gilamlar, oyna-ko‘zgularga ko‘milgan ana shunaqangi qahvaxonalarda o‘tiradigan o‘sha bashang, boy-badavlat janoblar – xuddi o‘sha odamlar kechqurun yapon turmushining ulug‘vor oddiyligi haqidagi ma’ruzani qoyil qolib, zavq-shavq bilan tinglaydilar, uylarida esa avliyo-anbiyolarning qissa-rivoyatlari, Budda nutqlari bitilgan bejirim, chiroyli nashr jildlarini avaylab-asraydilar. Kamina aslo o‘taketgan mutaassib yo nasihatgo‘y emasman, o‘zim ham ba’zan ayrim nodonlik va illatlarga qarshilik qilolmay qolaman, odamlar shod-xurram bo‘lishsa, men ham shodlanaman, chunki mamnun kishilar bilan birga bo‘lish yoqimli-da, lekin gap shundaki, ular haqiqatan ham mamnunmikinlar? Mana shu marmartosh, qaymoq, musiqa – barchasi o‘zini oqlay olarmikin? Maxsus kiyimdagi ofitsiantlar xizmat ko‘rsatayotgan, oldilariga keks va pirojniy solingan talinkalar qo‘yilgan mana shu janoblar ocharchilik, qo‘zg‘olonlar, otishmalar, o‘lim jazolari haqidagi ko‘plab gazeta xabarlarini nahotki o‘qimayotgan bo‘lishsa? Hashamatli qahvaxonalarning ulkan toshoynalari ortida beayov qashshoqlik va umidsizlik, aqldan ozish va o‘z joniga qasd qilishlar, qo‘rquv va dahshatlar dunyosi yotmaganmikin? Ha, bilaman, bularning barchasi muqarrar, barchasi qaysidir ma’noda to‘g‘ri va shunday bo‘lishini Xudo xohlagan. Biroq buni men, odamlar ko‘paytirish jadvalini qanday bilishsa, shunday bilaman, bunday bilish esa, kaminani qoniqtira olmasdi. Aslida, men bularning barchasini aslo to‘g‘ri va shunday bo‘lishini Xudo xohlagan deb emas, balki aqlsizlik va qabihlik deb bilaman.
Dilim siyoh bo‘lib, otkritkalar terib qo‘yilgan do‘konlar tomon burilaman. Bu yerlarni ancha yaxshi bilganim uchun Baden otkritkalarini har taraflama o‘rganib chiqqanman deb, bemalol ayta olaman, mana shu talab darajasi bo‘yicha birgina ishtiyoq nuqtai-nazaridan olganda, yaxshisi, o‘rtamiyona kurortchi bilan tanishib, uning yuragiga qo‘l solish lozim. Vitrinalarga Badenning qadimgi ko‘rinishlari aks ettirilgan anchagina chiroyli otkritkalar, jumladan, cho‘milish chog‘lari tasvirlangan eski rasmlar va gravyuralarning reproduktsiyalari ham qo‘yilganki, ulardan o‘tgan asrlarda Badenda unchalik jiddiy va ehtimol, sog‘liqni saqlash yuzasidan hozirgidek u qadar maqbul tarzda bo‘lmasa ham, lekin har holda odamlarning o‘sha davrlarda ham vaqtichog‘lik uchungina cho‘milmaganliklari ma’lum bo‘ladi. Minoralar va ularning cho‘qqilaridagi nayzalar, milliy kiyim va liboslar aks etgan mazkur ko‘hna suratlarni ko‘rib turib, garchi o‘sha zamonlarda mutlaqo yashaging kelmasa ham, har holda o‘z oila-xonadoningni qo‘msab ketarkansan, kishi. Mana shunaqa shahar manzaralaridan, cho‘milish sahnalaridan, ular xoh o‘n oltinchi, xoh o‘n sakkizinchi asrga taalluqli bo‘lsin, umuman shunaqangi suratlardan o‘zi qandaydir sezilar-sezilmas mung, dard-g‘ussa taralib turadi, negaki, bunaqangi suratlar o‘zi aslida ajoyib, ularda tabiat bilan inson o‘zaro ahillikda yashayotgan, uylar va daraxtlar o‘rtasida ham urush emas, tinchlik hukm surayotgan bo‘ladi. Hammayoq go‘zal, bir-biriga mos, olxa daraxtzoridan tortib, to cho‘pon ust-boshigacha, qo‘rg‘on darvozalarining minoralaridagi kungurador bezaklardan tortib, to ko‘prik, quduqlar va naqshinkor ustun poyini ho‘llayotgan kichik laychaga qadar. Shunaqangi bir xil suratlarda ba’zan kulgili, dumbulroq, maqtanchoq narsalar ham tasvirlanadi, biroq unda nojo‘ya, noma’qul, baqir-chaqir qilayotgan hech nima yo‘q; uylar chegara-marza toshlari yoki xoda ustida qator tizilishib o‘tirgan qushlar singari yonma-yon turadi, holbuki hozirgi shaharlarda deyarli har bir xonadon qo‘shnisiga baqirib, u bilan tortishadi va ilojini topib, uni surib chiqarmoqchi bo‘ladi.
Esimda, kunlarning birida ajoyib bal bo‘layotgan edi, barchamiz Motsart zamoniga monand kiyinvolib, raqs tushayotgandik, to‘satdan mahbubamning ko‘zlarida yosh ko‘rindi, hayron bo‘lib, sababini so‘rasam: “Nega hozir hammayoq bunchalik badbashara bo‘lib ketgan?”, desa bo‘ladimi. Shunda unga hayotimiz aslo yomon emasligini, ota-bobolarimiz davridagiga qaraganda birmuncha erkinroq, boy va ma’noliroq ekanligini, ya’ni hurpaygan yasama sochlar ostida bitlar yashirinib, oynavand zallar va billur qandillar dabdabasi ortida och va mazlum xalq yashaganligini va umuman bizda ilgarigi zamonlarning aynan eng go‘zal, quvnoq, bayramona taraflaridan xotiralargina saqlanib qolganligini aytib, dalda berishga harakat qildim. Har doim ham ana shunaqangi oqilona fikr yuritib bo‘lmaydi-da.
Yana otkritkalar mavzuiga qaytamiz! Bu yerda, ya’ni mamlakatda ularning o‘ziga xos turlari mavjud bo‘lib, originallikda aslo qolishmaydi. Mahalliy joy sodda tilda lavlagi o‘lkasi, deb nomlanadi, shu vajdanmi, turli xil xalq sahna ko‘rinishlari aks ettirilgan otkritkalarning butun bir seriyasi ham mavjud. Maktab, armiyadagi voqealar, oilaviy bog‘ sayrlari, mushtlashishlar aks etgan ushbu suratlarda barcha odamlar lavlagi shaklida tasvirlangan. Lavlagi-oshiqlar, lavlagi-duelchilar, lavlagi-deputatlar. Mazkur otkritkalar, shubhasiz, haqli ravishda katta shuhrat qozongan, biroq nimagadir ulardan ham ko‘ngil to‘lmaydi. Qadimiy Baden manzaralari va lavlagi suratlaridan tashqari yana keng tarqalgan uchinchi toifa – shahvoniylik mazmunidagi otkritkalarni ham aytib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Bu sohada, vitrinalarning zerikarli dunyosiga aqalli qandaydir jo‘shqinlik, qanaqadir yorqinlik va tiniqlik baxsh etib, nimanidir yaratish mumkindek tuyuladi. Biroq bundayin umiddan ham dastlabki kunlardayoq mosuvo bo‘ldim. Otkritkalar olamida aynan ishqiy munosabatlarning omadi yo‘qligini bilgach, hayratim oshdi. Shu toifadagi o‘nlab, yuzlab otkritkalarda, taassufki, uyatchanlik va ma’sumlik ko‘zga tashlanardi, omma didi bilan kamina ta’bi bir-biriga qanchalik zid ekanligiga amin bo‘ldim, negaki agar kimdir menga ishqiy mavzudagi suratlarni to‘plashni buyurganida, ochig‘i, bu yerdagilarga qaraganda butunlay boshqacharoqlarini taqdim etardim. Bu yerda na sof erotika shavqi, na shoirona noz-karashma bor, turgan-bitgani unashtirish marosimiga xos uyatchan-chuchmal kayfiyat, biroq sevishgan juftliklarning barchasi bekamiko‘st va moda bo‘yicha kiyinishgan: kuyov odatdagidek, syurtuk va tsilindr kiyvolgan, qo‘lida guldasta, bunaqangi paytlarda ko‘pincha Oy nur sochib turgan bo‘ladi, surat ostida esa qisqacha izoh-she’r keltiriladi, masalan:
O, beg‘ubor farishtam, o‘zingsan oy yog‘dusi,
Moviy ko‘zlaringda – baxtu iqbol va’dasi.
Mazkur seriyadan, gapning ochig‘i, hafsalam pir bo‘ldi, bunday otkritkalarni tayyorlovchilar, aftidan, ishqiy munosabatlarda masalaning birgina rasmiy va eng maroqsiz tarafini hisobga olishgan ko‘rinadi, chog‘i. Shunday bo‘lsa ham, zamonamiz folklorining namunasi sifatida quyidagi she’rni yozib oldim:
Sevikli mavjudot ila qo‘lma-qo‘l –
Ideal u, qalblarning aziz rishtasi.
Ushbu tumtaroq “she’r” qanchalik bemaza bo‘lmasin, surat bilan solishtirganda uni klassika deyish mumkin. Yosh qiz – uning yuzi va soch tarashi sartaroshxona vitrinasidagi mum manekendan shundoq o‘zlashtirib olingani aniq-ravshan ko‘rinib turardi – daraxtlar ostidagi kursida o‘tiribdi, uning oldida esa, a’lo sifatli kostyum kiygan navqiron yigit turibdi, u layka qo‘lqopni yo kiyyapti, yo yechayapti.
Mana shu otkritkalar oldida bugun ham yana bir oz turgach, yuragim siqildi va mana shu, ehtimol, hurmatga sazovor butun kontsertlar, qimorbozlar, adabli kelin-kuyovlar va lavlagi aks etgan otkritkalar dunyosi oldidan iloji boricha tezroq ketgim keldi, ko‘zlarimni yumib, najot so‘rab, Xudoga iltijo qila boshladim, chunki barcha belgi-alomatlar bo‘yicha chuqur umidsizlik va hayotdan nafratlanish xuruji xiyla yaqinlashib qolgan, bunday xurujlar hayotimda tez-tez, tarkidunyochilik va odamoviligimdan jiddiy va eng yaxshi niyatlar bilan voz kechishga endi uringan va o‘z yaqin kishilarimning aksariyat ko‘pchiligi bilan quvonch va qayg‘ularimni baham ko‘rmoqni istagan mahalimda har gal sodir bo‘lib turardi.
Parvardigor shunda o‘zi menga yana madad berdi. Boshqa, menga yanada yaqin va tabarruk sohalarning alomat hamda da’vatlaridan qiynalib, endi ko‘zlarimni yumib, kurort va lavlagi olamidan yuz o‘girib turgandim hamki, xayolimga birdan najotbaxsh fikr kelib qoldi. Mehmonxonada hamma ham bilavermaydigan xilvat joy bo‘lib, u yerda bizning xo‘jayin – uning shunaqangi ajoyib fazilatlari ko‘p – simto‘r ichida tutib olingan ikkita suvsar saqlardi. Kutilmaganda ularni ko‘rgim kelib qoldi va o‘ylab o‘tirmasdan ortimga, mehmonxonaga qaytib, to‘g‘ri jonivorlar huzuriga yo‘l oldim. Ularni ko‘rishim bilan yana hammasi qaytadan joyiga tushdi, men mana shu tang vaziyatda o‘zim uchun kerakli narsani topgan edim. Bolalardek beg‘ubor, qiziquvchan, ajoyib va chiroyli jonivorlarni inidan osongina chiqarib oldim, ular o‘z kuch va chaqqonliklaridan sarmast holda keng qafas bo‘ylab shiddat bilan yugura boshladi, so‘ng birdan shundoqqina oldimda – to‘r yonida to‘xtashdi, qizg‘ish tumshuqchalari bilan havoni zo‘r berib shimirarkan, yuz-ko‘zlarimga nam harorat urildi. Menga bundan ortiq hech narsa kerak emas edi. Jonivorlarning tiniq ko‘zlariga tikilib, ilohiy tafakkurning ana shu ajib mo‘ynali xilqatlarini tomosha qilish, ularning iliq nafaslarini his etish, yirtqichlarga xos o‘tkir islarini tuyish – tinchlanishim va barcha sayyoralar hamda turg‘un yulduzlarning, barcha palma daraxtzorlari, bolta tegmagan o‘rmonlar hamda tabiiy daryolarning sobit mavjudligiga ishonch hosil qilishim uchun mana shularning o‘zi kifoya edi. Har qanday parcha bulutni, har qanday yashil yaproqchani kuzatish nimaiki uchun yetarli kafolat bo‘lib xizmat qilolsa, suvsarlar kamina uchun shunchalik kafolat edi; biroq yanada qudratliroq isbot-dalillar talab etilardi.
Suvsarlar otkritkalardan, kontsertdan, qimorxonadan ham ko‘ra kuchliroq edilar. Hali suvsarlar bor ekan, qadimiy dunyoning xushbo‘y hidi ham, instinkt va tabiat ham mavjuddir, olam esa shoir uchun maqbul, go‘zal va jozibali bo‘laveradi. O‘pkamni to‘ldirib nafas oldim, zulm ortga chekinganini his etib, o‘z ustimdan kuldim, suvsarlar uchun bir bo‘lak qand topib keldim-da, o‘zimni yengilroq his etib, ochiq havoga aylangani chiqdim. Kech kirdi. Quyosh daraxtzorlar qoplagan tog‘larning shundoqqina chetida turar, yengil zarrin bulutlar iz qoldirgan moviy osmon parchasi kaminaning sargardonlik vodiysi uzra chaqaloqdek beg‘uborlik bilan paydo bo‘ldi, baxt-saodatli damlar yaqinligini tabassum-la his etib, sevgilimni esga oldim, tug‘ilib kelayotgan satrlarni birma-bir xayoldan o‘tkaza boshladim, musiqadan, olamga sochilgan baxt va barakot epkinidan sarafroz bo‘lib, shod-xurram holda o‘tgan kun yukini yelkamdan irg‘itdim-da, quvonchli, bolalarga xos, beqaror shakl va qiyofalar dunyosi sari qush, kapalak, baliq bo‘lib intildim.
Ana o‘sha oqshom haqida – o‘shanda uyga horib-tolib, ammo baxtiyor holda juda kech qaytdim – hozir to‘xtalib o‘tirmayman. Aks holda, kaminaning – ishiatik bemorning butun falsafasi yo‘qqa chiqdi deyavering. O‘sha oqshom horg‘in va xushbaxt, allanimani xirgoyi qilib, uyga qaytdim, buni qarang, o‘sha tunda hatto uyqu – eng hurkak parranda ham mendan qochib-pusib o‘tirmay, asta tushib keldi-da, kaminani ko‘m-ko‘k qanotlariga o‘tqazib, o‘zi bilan jannat tomon olib ketdi.
Gollandiyalik
Mazkur bobni yozishni uzoq vaqt paysalga solib yurdim. Axiyri bo‘lmadi. Bundan ikki hafta burun mehmonxonadan o‘zimga 65-nomerni g‘oyatda puxtalik va ehtiyotkorlik bilan tanlab, umuman olganda, pushaymon bo‘lmadim. Hamma joyiga chiroyli gulqog‘ozlar yopishtirilgan, devorining taxmonsimon qilib o‘yilgan o‘rniga karavot qo‘yilgan yorug‘ xona o‘zining yangicha, o‘ziga xos ravishda rejalashtirilgani bilan ham kaminani xursand qildi; tashqaridan hech qanday imorat yorug‘likni to‘smaydi va hatto bu yerdan daryo hamda tokzorlarning binoyidek manzarasi ko‘zga tashlanadi. Bulardan tashqari, xona eng yuqori qavatda joylashgan, shu sababli tepamda hech kim yashamaydi va ko‘cha shovqini ham bu yerga deyarli yetib kelmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, buyog‘i omadli bo‘ldi. Shundan so‘ng yangi qo‘shnilarim haqida so‘rab-surishtirdim va ko‘ngilni xotirjam qiladigan ma’lumotlar oldim. Bir tarafimda bor-yo‘qligi umuman bilinmaydigan keksa bir xonim, boshqa tomonimda – 64-nomerda esa… gollandiyalik yasharkan! Ana shu janob o‘tgan o‘n ikki kunu o‘n ikki g‘am-g‘ussali tun davomida kaminaning butun fikrlarimni bilib olib, eh, sal bo‘lmasa o‘zimni ham butunlay qo‘lga olvolayozdi deng, u men uchun allambalo shaxs, ablah, devga aylandi. Bir necha kun bo‘ldi, kamina uni nihoyat, yengishga muvaffaq bo‘ldim.
Ko‘rinishiga qarab turib, uning haqida hech qachon bunday fikrlarga bormaysan, kishi. Meni shuncha kun ishlagani qo‘ymagan, menga shuncha kun uyqu bermagan gollandiyalik janob, umuman olganda, qandaydir ashaddiy to‘polonchi yoki musiqa jinnisi emas, u uyga kech, bevaqt yo mast holda kelib, xotinini do‘pposlamaydi, u bilan urishmaydi, hushtak chalmaydi, ashula aytmaydi, hattoki, bezovta qiladigan darajada xurrak ham otmaydi. U sipo, odobli, navqiron yigit ham emas, balki ancha yoshga borib qolgan, soatdek bir maromda hayot kechiradigan, gohi-gohida uchrab turadigan allaqanday yomon odatlarga berilgan odam ham emas – endi kelib-kelib ana shunday ibrat bo‘larli bir fuqaroning kaminaga shunchalik azob bera olishi mumkinmikin?
Ha, mumkin ekan, va afsuski, bu – haqiqat. Endi musibatimga kelsak, uning ikki asosiy, bosh sabablari mana nimalardan iborat: 64- va 65-xonalar o‘rtasiga qurilgan eshik stolcha bilan niqoblab qo‘yilgan bo‘lsa-da, u aslo ovoz o‘tkazmaydigan eshik emas. Bu birinchi, boz ustiga, bartaraf etib bo‘lmaydigan baxtsizlik. Ikkinchisi, eng yomoni: gollandiyalikning xotini shunaqangiki, uni ruxsat etilgan barcha vositalar bilan ham na bu yorug‘ olamdan, na 64-xonadan yo‘qota olmaysan. Buning ustiga, baxtga qarshi, qo‘shnilarim ham menga o‘xshab, qo‘noqlarning nisbatan kam uchraydigan toifasiga mansub, ya’ni, vaqtining kattagina qismini o‘z xonalarida o‘tkazadiganlar xilidan ekan.
Agar bu yerga xotinim bilan kelganimda yoki ashula muallimi bo‘lganimda, royal, skripka, valtorna, gaubitsa yoki qo‘shnog‘oram bo‘lganda bormi, ana unda gollandiyalik qo‘shnim bilan jangga kirib, g‘alabaga umid bog‘lay olishim mumkin edi. Aslida-chi, nima bo‘layapti deng: gollandiyalik juftlik butun yigirma to‘rt soat mobaynida men tarafdan biron dona tovush eshitmaydi, aytish mumkinki, kamina ularga xuddi tojdor zotlar yoki og‘ir kasallardek muomala qilaman, ularga batamom va mutlaqo tinchlik tilab, muttasil cheksiz xayru saxovat yog‘dirib turaman. Ular-chi, bundayin ezgulikka qanday javob qaytarishmoqda? Ular har kuni tungi soat o‘n ikkidan to oltiga qadar uxlashadi, shu sababli menga kuniga atigi olti soat dam beriladi, xolos. Ana shu vaqtni ishga yo uyquga sarf etamanmi, ibodat bilan yoki xayolga cho‘mib o‘tkazamanmi, ixtiyor. Qolgan o‘n sakkiz soat vaqtimga esa, egalik qilolmayman, u kaminaga tegishli emas, chunki – ana shu kundalik o‘n sakkiz soatlik vaqt hatto ma’lum bir ma’noda mutlaqo mening xonamda emas, balki 64-nomerda kechadi. O‘n sakkiz soat davomida 64-xonadagilar gap sotishadi, kulishadi, yasan-tusan qilishadi, mehmon kutishadi. Yo‘q, u yerdagilar o‘qotar qurol bilan o‘ynashishmaydi, ular musiqa shaydolari ham emas, bir-birlari bilan mushtlashishmaydi ham, buni tan olaman. Lekin ular na andishani bilishadi, na yuz-xotir qilishadi, kitob ham o‘qishmaydi, chakaklari birpas tinmaydi ham. Gap-so‘zu, suhbatlarning chek-chegarasi yo‘q, ba’zan ularnikida besh-oltitagacha odam to‘planadi, kechqurunlari esa er-xotinning gaplari to o‘n bir yarimga qadar tugamaydi. Keyin shisha va chinnining jarangi, tish cho‘tkalarining shirshiri, stullarni nari-beri surishlar va og‘iz chayqash ovozlari boshlanadi. So‘ngra karavotlar g‘ichirlab, shundan keyingina cho‘kkan jimjitlik (buni yana tan olyapman) erta tonggacha, taxminan soat oltiga qadar hukm suradi, so‘ng yana yo er, yo xotin o‘rnidan turadi, parket polni qisirlatib yuradi, vanna qabul qilib bo‘lib, tezda ortiga qaytadi; bu orada kaminaning ham vanna qabul qiladigan vaqti boshlanadi, qaytib kelganidan keyin esa yana suhbatlarning uzilgan ipi qaytadan ulanib, shovqin-suron, kulgi, stullarni u yoq-bu yoqqa surish va hokazolar deyarli to yarim kechagacha ham tinmaydi.
Boshqalarga o‘xshab, mulohazali, aqli raso odam bo‘lganimda edi, vaziyatga osongina moslasha olardim. Ikki kishi bir kishidan ko‘ra kuchliroq ekanligini tushunib yetib, taslim bo‘lgan va ko‘pchilik kurortchilardan ibrat olib, kunni xonadan tashqaridagi biron joyda, qiroatxonadami yo chekish joyidami, yo‘laklarda, kurzalda yoki restorandami o‘tkazgan, tunda esa maza qilib uxlagan bo‘lar edim. Biroq kamina kunduzi yozuv stoli atrofida soatlab tanho o‘tirvolib, ko‘pincha butun yozganlarimni keyin yo‘qotib tashlash uchungina zo‘r diqqat bilan o‘ylashga, zo‘r berib ishlashga telbalarcha, tinka-madorni quritadigan darajada berilamanki, asti qo‘yaverasiz; kechasi esa, garchi uxlashdan boshqa maqsad bo‘lmasa ham, uyquga ketishim nihoyatda og‘ir kechadi, soatlab chala mudrab yotaveraman, uyqum ham o‘zi qattiq emas, juda yengil va nozik, salga ham ochilib ketaveradi. Soat o‘n yo o‘n birlarga yaqin har qancha charchagan bo‘lsam ham, qanchalik uyqum kelmasin, agar shundoqqina biqinimda gollandiyaliklar mehmon kutishayotgan bo‘lsa, hech narsa yordam berolmaydi, baribir uxlay olmayman. Qachon yarim kecha bo‘ladi-yu, gaagalik menga qachon uyquni ravo ko‘rarkin, deb kutaverib va ertaga qilinajak ishlarni o‘ylayverganimdan uyqum ham qochib, shunaqa xunobim oshadiki, ozgina mizg‘ib olishga ham ulgurmasimdanoq, kaminaga ajratilgan olti soatlik hordiqning kattagina qismi qulog‘ini ushlab ketadi.
Kaminani miriqib uxlash imkoniyatidan mahrum qilayotgan gollandiyalikka nisbatan da’volarimning asossizligini o‘zim ham juda yaxshi anglashimni tushuntirib o‘tirishning hojati bormikin? Yomon uxlashim hamda intellektual ishqibozliklarimga ham u emas, o‘zim aybdor ekanligimni juda yaxshi bilishimni ham gapirib o‘tishim lozimmikan? Axir, Badendan ushbu qaydlarni yozishdan maqsadim kimnidir yozg‘irish yoki o‘zimni yoqlash emas, balki o‘z kuzatishlarimni, mayli, ular hatto psixopatning o‘zicha tushungan bema’ni kuzatishlari bo‘lsa ham, tasvirlab, bayon qilib berishdan iboratdir. Boshqa bir, psixopatiyaning haqqoniyligi to‘g‘risidagi xiyla chalkash savol haqida, muayyan tarixiy va ma’naviy-ruhiy shart-sharoitlar ostida barcha ideallarni qurbon qilib, ana shu tarixiy shart-sharoitlarga moslashgandan ko‘ra jinni bo‘lish adolatliroq, olijanobroq, to‘g‘riroq ish bo‘lmasmikin, degan vahimali va odamni dovdiratadigan ushbu savol haqida – Nitshe zamonlaridan buyon barcha erkin, mustaqil fikrli dono kishilarni qiynab kelayotgan mazkur masala xususida to‘xtalib o‘tirmayman; shusiz ham bu narsa deyarli barcha asarlarim mavzuiga aylangan.
Yuqorida aytilgan sabablarga ko‘ra, gollandiyalik men uchun chinakam muammoga aylandi. Nima uchun shunday, sababini bilmadimu, ammo-lekin fikrda ham, so‘zda ham gollandiyalik bilan munosabatim faqat birlik sonda kechardi. Aslida ular juftlik, ikki kishi-ku. Yo savqi tabiiy odob yuzasidan erga qaraganda xotiniga nisbatan chidamliroq munosabatda bo‘layotgandirman, ehtimol, yo erkak o‘z ovozi va og‘ir qadamlari bilan meni ko‘proq ranjitayotgandir, qanday bo‘lmasin, har holda kaminani “lar” emas, balki aynan “u” – erkak gollandiyalik qiynamoqda edi. Bu narsaning, qisman xiyla teran va tabiiy sabablari ham bor ediki, mendagi nafrat tuyg‘usi ustun kelib, savqi tabiiy tarzda ayolni chetlab o‘tayotgan, erkakni afsonaviylashtira borib, uni o‘z dushmanimga, muxolifimga aylantirib yuborayotgan ekanman: sog‘ligi mustahkam, ko‘rinishdan shod-xurram gollandiyalik erkak salobatli gavdasi hamda qappaygan hamyoni bilan ham kamina – autsayderga o‘z-o‘zidan batamom zid edi.
Yoshi qirq uchlarga borgan, o‘rta bo‘yli, zuvalasi pishiq, miqti, sog‘lom, es-hushli bu janobning tashqi ko‘rinishi yaxshi taassurot qoldiradi. Kulcha yuzi, yumaloq, semiz gavdasi aytarli e’tiborga molik emas. Qovoqlari salqigan, og‘ir, katta kallasi go‘yo jussasini ezib turgandek, shundanmi, kalta bo‘yni darhol ko‘zga tashlanmaydi. Garchi gollandiyalikning yurishi salmoqli va odatlari ajoyib bo‘lsa ham, to‘laligi hamda vazni, afsuski, harakatlari va qadamlarini og‘ir, vazmin va beso‘naqay qilib yuborardiki, bu narsa qo‘shnilariga nomatlub tuyular edi. Ovozi esa past va bir tekis bo‘lib, deyarli kuchaymas, ohangi ham o‘zgarmasdi, uning butun qiyofasi qandaydir ulug‘vorlik, ishonchlilik, xotirjamlik va ko‘proq yoqimlilik kasb etardi. Andak xavotirli joyi shu ediki, u ham (Badendagi deyarli barcha dam oluvchilar singari) yengil shamollashga moyil edi, tez-tez va qattiq yo‘talar, aksa urgan paytlarida kuch-quvvati oshib-toshib yotganini sezish qiyin emasdi.
Shunday qilib, gaagalik mana shu janob bilan, baxtga qarshi, qo‘shni bo‘lib qoldim, u men uchun kunduzi – adabiy asarlarimga qarshi kurashuvchi dushman va ofat bo‘lsa, tunning ma’lum qismida – uyquni harom qiladigan yovga aylandi. Albatta, bunday azob va jazo kaminani har kuni ham ta’qib etavermas edi. Goh-goh iliq va quyoshli kunlar ham kelib qolar, shunda menga ochiq havoda ishlash nasib etardi; mehmonxona bog‘idagi butalar panasida, tizzamga papkani qo‘yvolib, sahifa ketidan sahifani birin-ketin apil-tapil yozib tashlardim, o‘y surib, xayollarga berilardim yoki sevimli Jan Polni zavq bilan mutolaa qilardim. Ammo sovuq va yomg‘irli kunlarda, bunaqa kunlar esa ko‘p bo‘lardi, kamina kun bo‘yi dushman bilan yonma-yon qolardim; yozuv stolim uzra muk tushib olib, damimni chiqarmay zo‘r berib ishlayotgan paytimda gollandiyalik devor ortida u yoqdan bu yoqqa depsinar, qo‘lyuvgichga suvni sharros ochib, qattiq tupurgani eshitilar, o‘zini oromkursiga tappa tashlab, xotini bilan gapga tushib ketar, unga latifa aytib, qah-qah urib kular, shu asnoda tanish-bilishlarini ham kutib olib, kuzatib qo‘yardi. Bunday damlar ko‘pincha nihoyatda og‘ir kechardi. To‘g‘ri, mening eng qudratli suyanchig‘im – ishim bor edi. Kamina hech qanday qahramon mehnatkash emasman va tirishqoqligim uchun mukofot-pukofotga sazovor ham bo‘lmaganman, biroq agar xayolimga kelgan qandaydir obraz yoki fikr-g‘oyalarga bir qadar berilib, o‘zim xohlamasam-da, ular meni o‘ziga maftun qilsa va men ana shu fikr-g‘oyalarga shakl berishga kirishib ketsam bormi, hech qanday kuch meni bu yo‘ldan qaytarolmaydi va kamina uchun bundan muhimroq narsa ham bo‘lmaydi. 64-nomerda butun Gollandiya karnaval bayramini nishonlagan paytlar ham bo‘lardi, lekin bu menga sira ta’sir qilmasdi, inchunin, yakka-yolg‘iz, hayratomuz hamda xatarli o‘yin-jumboq meni o‘ziga shu qadar maftun qilardiki, qizishib ketib, qo‘limdagi qalamni titrab-qaqshab mahkam tutgan ko‘yi fikrlarim ketidan quvib yuraverardim, jumlalar tuzar, birdaniga xayolimga kelgan assotsiatsiyalarni tanlar, mos keladigan so‘zlarni zo‘r berib izlar va topar edim. Kitobxon uchun, ehtimol, kulgili tuyular, biroq biz, yozuvchilar uchun yozish eng qizg‘in, jo‘shqin va hayajon, iztiroblarga to‘la sarguzasht – bo‘ron-dovulli dengiz bo‘ylab omonat qayiqda suzish, olam-koinot uzra yakka, tanho parvoz qilishdir. Miyaga kelgan uch dona so‘zdan bittasini tanlayotib, tuzayotgan butun bir jumlangni eshita olishing va his qila bilishing kerak; jumlani obdon pishitib, tanlagan asar tuzilishiga ishlov berayotganingda hamda uning (asarning) asosiy, tub rejasi kallaklarini tortib, qotirayotganingda qandaydir sirli yo‘llar osha butun bir bobning, qolaversa, butun bir kitobning ohangi va mutanosibligini doimo his qilib turish – qanday maroqli, jozibali mashg‘ulot bu! O‘z tajribamga suyanadigan bo‘lsam, ana shunday zo‘r g‘ayrat va diqqatni bir joyga jamlay olish ko‘nikmasi kaminaga rassomlik san’ati bilan shug‘ullana boshlagan paytimdan ma’lum. Bunda to‘liq o‘xshashlik mavjud. Har bir rangni qo‘shni rang bilan aniq va puxta uyg‘unlashtirish yengil va oson, bunga o‘rganish va so‘ngra xohlagancha amalda tatbiq etaverish mumkin. Biroq yana, bundan tashqari, suratning barcha, hatto hali chizilmagan hamda ko‘z ilg‘amaydigan qismlarini ham doimo ko‘z o‘ngingda ko‘rib turishing va hisobga olishing, bir-biri bilan kesishayotgan rang va nimranglarning barcha murakkabliklarini his qila olishing kerakki, bu g‘oyatda qiyin va kamdan-kam ijodkorga nasib etadi.
Shuning uchun yozuvchilik mehnati kishidan diqqatni bir joyga shunday jamlay olishni talab etadiki, ijod uchun eng qizg‘in pallada tashqi qarshilik hamda to‘sqinliklarni bemalol yengsa bo‘ladi. Go‘yo faqat yaxshi yoritilgan, qulay stol atrofida o‘zi odatlangan yozuv ashyolari, maxsus qog‘oz va hokazolar bilangina ishlay olaman, deb o‘ylaydigan muallif menga shubhali tuyuladi. Albatta, savqi tabiiy ravishda turli xil tashqi qulaylik va yengilliklarni izlaysan, biroq topilmasa, ularsiz ham eplaysan. Shu sababdanmi, o‘zim bilan 64-xona o‘rtasida ko‘pincha qalamim yordamida masofa o‘rnatib, tep-tekis yalangdevor qurib olishga ham muvaffaq bo‘lardim, bu esa kaminaga birda-yarim unumli ishlashimga imkon tug‘dirardi. Ammo doimiy ravishda to‘yib uxlamaslik oqibatimi, goho sal toliqa boshlasam, yana tag‘in moneliklar paydo bo‘laverardi.
Ishdan ham ko‘ra uyqu masalasida ahvolim beshbattar edi. Shu o‘rinda o‘zimning batamom ruhiy jihatdan asoslangan uyqusizlik to‘g‘risidagi nazariyamni bayon qilib o‘tirish niyatim yo‘q. Faqat shuni aytib o‘tmoqchimanki, Gollandiyaga nisbatan vaqtinchalik immunitetni, ishlayotgan paytimda madadkor kuchlar yordamida goho muvaffaq bo‘lganim 64-nomerdan o‘sha uzilishni uyqu borasidagi urinishlarimga joriy etib bo‘lmas edi.
Uyqusizlik kasalidan uzoq vaqt aziyat chekkan kishi asabiy toliqish holatidagi ko‘pchilik odamlar singari o‘zidan qay darajada jirkanib, nafratlana boshlasa, atrofidagi yaqin kishilarga ham xuddi shunday tarzda jirkanish, nafrat va hatto qonxo‘rlik tuyg‘ularini tuya boshlaydi. Kamina uchun ana shunday muhit Gollandiya bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli, uyqusiz tunlarimda menda gollandiyalikka nisbatan nafrat tuyg‘usi asta-sekin yig‘ila boshladi, ulardan butun kun davomida ham qutula olmasdim, chunki mendagi qahru g‘azab bunga monelik qilar edi. Gollandiyalikning aybi bilan uxlay olmay yotgan paytlarimda qattiq charchash va orom, osoyishtalikka tashnalik ustun kelib isitmam chiqar, qo‘shnimning mag‘rur, qat’iy, vazmin qadamlarini, uning kekkaygannamo va dadil harakatlarini, gulduragan zo‘r ovozini eshitganim sayin unga bo‘lgan nafratim kuchayib borardi.
Shu bilan birga, bunday vaziyatda o‘z nafratimning bema’niligini hamisha ma’lum darajada anglab yetar va bir lahza bo‘lsa-da, uning ustidan kulib, bu bilan uni bir oz pasaytirishga qodir ham edim.
Gollandiyalikning bunga shaxsan aloqador emasligini xohlagancha eslab, o‘zimga-o‘zim isbotlab bera olsam ham, baribir pirovardida hech nima yordam berolmasdi. Men uni, nafaqat yarim kechada qattiq tovush bilan yurib, baland ovozda gaplashib, kulib, aslidayam betakalluf-beadablik qilib, kaminaga haqiqatan ham xalaqit bergan paytlardagina emas, umuman yomon ko‘rib qolgan edim. Yo‘q, men endi undan chinakamiga nafratlanardim, bu – ishi yurishmagan mayda do‘kondor-nasroniyning yahudiylarga adovati singari ashaddiy, qo‘pol va ahmoqona, kamina hamisha boshqalarga qoralab keladigan o‘sha bema’ni, hayvoniy, behuda hamda mohiyatan nafratning qo‘rqoq va hasadgo‘y bir turi, siyosatni, amaliy hamda ijtimoiy hayotni zaharlaydigan, o‘zimni aslo bunga qodir deb bilmagan nafrat edi. Men uning nafaqat yo‘talishidan, ovozidan, balki uning o‘zidan, butun bir odamdan nafratlanardim, u esa quvnoq, hech narsadan shubhalanmas, mabodo kunduzi ro‘para kelib qolgudek bo‘lsa, bu men uchun g‘irt dushman va yaramas odam bilan uchrashuvga aylanar, bor falsafam his-tuyg‘ularimga erk bermaslikkagina yetardi, xolos. Uning sip-silliq, muloyim jilmayib turgan basharasi, salqigan qovoqlari, tabassum jilva qilayotgan do‘rdoq lablari, urf bo‘lgan tarang nimchasi ostidagi semiz qorni, qadam tashlashlari, o‘zini tuta bilishi, boringki, barchasi bir bo‘lib, nafratimni qo‘zg‘atar, hammasidan ham ko‘ra, uning kuch-quvvati, salomatligi hamda sobitligidan guvohlik beruvchi son-sanoqsiz dalillarni, uning kulgisini, muloyimligini, serg‘ayrat harakatlarini, erinchoqlikka moyil nigohini, uning biologik va ijtimoiy ustunligidan dalolat beruvchi mana shu barcha alomat-belgilarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q edi. Axir, kechayu kunduz boshqa birovlarning uyqusi, kuch-quvvati hisobiga yashaganingdan keyin, kechayu kunduz qo‘shnilaringning xushmuomalaligi, indamasligi va sabr-toqatidan foydalanib, o‘zing esa uyat hamda insof-diyonatni yig‘ishtirib qo‘yib, xohlasang shovqin solib, to‘polon qilib, butun uyni boshingga ko‘targaningdan keyin, albatta, o‘zingni sog‘lom, muloyim-dilkash va yaxshi odam qilib ko‘rsatishdan osoni bormi. Jin ursin-a, gollandiyalik bu janobni! Shu topda birdaniga ko‘z oldimda uchar gollandiyalik g‘ira-shira paydo bo‘ldi – mabodo u ham ashaddiy ablah, yovuz zolim bo‘lmaganmikin ishqilib? Ayniqsa, yozuvchi Multatuli qachonlardir o‘zining qaysi bir asarida malayyalilar (Malay orollarining tub aholisi)ning qonini so‘rib, ularni ezish hisobiga tekin boylik orttirgan o‘sha semiz maishatparast gollandiyalikni boplab tasvirlaganligi yodimga tushdi. Barakalla, Multatuli!
Kaminaning his-tuyg‘ulari va fikrlash tarzi, iymon-e’tiqodi hamda qarashlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan do‘stlarim mazkur arzimas holatdan nechog‘li iztirob chekkanligimni, begunoh bir kishiga nisbatan o‘zim ham chin dildan rad etayotgan shunday bir g‘ayriixtiyoriy – buning ustiga “dushmanim”ning aybsizligi va unga bo‘lgan nohaq munosabatim boisi emas, balki eng avvalo, o‘z xatti-harakatlarimning bema’niligi, o‘zimning haqiqiy fe’l-atvorim, yurish-turishim bilan mendagi aql-idrok, ishonch-e’tiqod va maslakni belgilaydigan jamiki narsa o‘rtasidagi chuqur, mustahkam ziddiyat sabab bo‘lgan nafratdan qanchalik tashvishga tushib, qiynalganimni tasavvur qila oladilar. Zotan, mening eng teran ishonch-e’tiqodim, men uchun eng muqaddas maslak birlikdan, butun koinotning ilohiy birligidan iboratdir, zero, barcha kulfat, azob-uqubatlar, barcha yovuzliklarning kelib chiqishiga sabab shuki, biz, har birimiz o‘zimizning butun bir yaxlitlikning ajralmas bir bo‘lagi ekanligimizni idrok etmay qo‘ydik, ya’ni bizning “men”imiz o‘z mazmun-mohiyatiga ortiqcha baho berib yubormoqda. Kamina hayotda ko‘p iztirob chekkanman, ko‘p noma’qul ishlarni qilib, o‘z aybimga ko‘ra, og‘ir va achchiq damlarni ham boshdan kechirganman, biroq hamisha va muttasil ravishda najot topib, eson-omon qutulish, o‘z “men”imni unutib, undan voz kechish, bir butunlikni his etish, botin va zohir o‘rtasidagi, “men” bilan olam o‘rtasidagi ixtilofni xomxayol bilib, unga ko‘z yumib, ana o‘sha yaxlitlik ichra ojizona aralashib ketish nasib etgan. Bu narsa menga hech qachon oson bo‘lmas, kaminani avliyo desa ham bo‘laveradi, lekin shunga qaramasdan men bilan har doim va hamisha mo‘jiza takrorlanaverardi – uni nasroniy teologlar ajoyib “rohat-farog‘at” deb ataydilar, u tinchlik-osoyishtalik, qarshilik qilmaslik, ixtiyoriy qabul qilishdan iborat ilohiy holat bo‘lib, nasroniylarga o‘z manfaatidan voz kechish yoki bir butunlikni hindularcha anglashdan o‘zga narsa emasdi. Mana endi – evoh! – yana tag‘in har qanday butunlikdan mosuvo bo‘lib, uzilgan, tarqoq, azoblanayotgan, nafratlanuvchi, adovat-xusumatli “men”ga aylanib o‘tiribman. Albatta, bunaqalar bor, men yolg‘iz emasman, butun hayoti doimiy kurashdan, atrofdagi olamga zid o‘laroq jangarilarcha o‘z “men”ini da’vo qilishdan iborat bo‘lgan odamlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularga bir butunlik, mehr-muhabbat va uyg‘unlik to‘g‘risidagi fikr noma’lum va yot edi. Bunday fikr bema’nilik hamda ojizlik bo‘lib tuyular. Buni qo‘ya turaylik. Bugungi inson mansub bo‘lgan, hamma e’tirof etgan amaldagi din aynan o‘z “men”ini va o‘z kurashini ulug‘lashdan iborat. Biroq odam o‘z “men”ini bunday pesh qilganda o‘zini yaxshi his etadi va bundayin kurashga, ehtimol, faqat oddiy odamlargina, kuchli, pok ibtidoiy mavjudotlargina qodirdir, u holda azob-uqubatlardan ko‘zlari ochilgan, kulfat-zahmatlardan ruhlangan dono, bilimdon kishilarga ushbu kurashda baxt-omad yor bo‘lmaydi, ular uchun baxt faqat o‘zni unutishda, bir butunlikni his etishdadir. Eh, o‘zlarini yaxshi ko‘radigan va dushmanlaridan nafratlana oladigan sodda, go‘l odamlarga maza, o‘zlaridan sirayam shubhalanmaydigan vatanparvarlarga ham maza, chunki axir mamlakatlari boshiga tushgan musibatlar va qashshoqlikda ularning zarracha aybi yo‘q-da, albatta hammasiga faqat frantsuzlar yo ruslar yoki yahudiylar, kim bo‘lsa ham baribir, lekin hamisha boshqa birovlar, doimo “dushman” aybdor! Ehtimol, bu odamlar, yer yuzida yashovchilarning o‘ndan to‘qqizi, aslida ham o‘zlarining yovvoyi, ibtidoiy dinlari bilan baxtlidir, balki o‘zlarining aqlsiz yoki aqlga dushman bo‘lgan sovutlarida yengil va quvnoq hayot kechirishayotgandir – garchi bu xiyla shubhali tuyulsa ham, lekin baribir o‘sha odamlarning va kaminaning baxt-iqboli-yu, azob-kulfatlari uchun umumiy o‘lchov, me’yorni qayerdan ham topish mumkin?
Shu xildagi o‘y-mulohazalar bilan uzoq tunni to‘lg‘anib o‘tkazdim. Shundoq yonginamdagi xonada gollandiyalik yo‘talib, tuflab, u yoqdan bu yoqqa depsinib turar, kamina esa uning qurboniga aylanib, ter bosib, o‘rinda darmonim qurib yotardim, uzoq mutolaa (boshqa nimayam qila olardim)dan ko‘zlarim lo‘qillab og‘rirdi, nihoyat: bas, yetar, bu holga, bunday azob va isnodga chek qo‘yish kerak, degan qarorga keldim. Lekin ushbu ishonch yoki ahd qaror topib ulgurmay, o‘ta azobli daqiqalarda odatda har qanday asabiy odamning ham miyasiga tentak xayollar kelganidek, dilimni shu damda: “bu mashaqqatni oxirigacha chekib, so‘ng bir yoqli qilish kerak”, degan fikr tong chog‘ining berahm sovug‘idek o‘rtay boshladi. Mazkur ayanchli vaziyatdan kaminani faqat ikki yo‘l qutqara oladigandek tuyuldi, endi ulardan birini tanlashim: yo o‘zimni o‘zim o‘ldirishim yoki gollandiyalikning giribonidan olib, ta’zirini berib g‘olib chiqishim kerak edi (shu payt u yana vahimali tarzda yo‘tala boshladi). Ikkala g‘oya ham, garchi bir qadar yengiltak bo‘lib ko‘rinsa-da, ajoyib va najotbaxsh edi. Barchaga ma’lum va ma’qul bo‘lgan usullardan birini qo‘llab, o‘zimni o‘ldirish haqidagi fikr ham juda soz edi. Birma-bir chamalab ko‘rayotgan paytingda beixtiyor ko‘nglingdan: “Men-ku hozir o‘zimni o‘zim bo‘g‘izlayman, ammo senlarga qiyin!” degan barcha o‘zini o‘zi o‘ldiruvchilarga xos bolalarcha o‘y-fikr o‘tishi turgan gap. Biroq boshqa bir manzara yanayam ajoyib edi – o‘zimni emas, gollandiyalikni bir yoqli qilishim, uni bo‘g‘ib o‘ldirishim yoki otib tashlashim, shu tariqa tirik qolib, uning dag‘al, ruhsiz hayotsevarligi ustidan g‘olib kelib, tantana qilishim kerak edi.
Darvoqe, o‘zimni yoki dushmanimni yo‘q qilish haqidagi ushbu go‘llarcha xayollarim tez orada barham topdi. To‘g‘ri, ma’lum bir vaqtga qadar ular bilan ovunib, o‘zim istagan manzaradan panoh izlashim mumkin edi, biroq ular ham tezda xira tortib, o‘z jozibasini yo‘qotdi, negaki bundayin labirint bo‘ylab bir oz adashib yurilgach, har qanday zo‘r istak ham sarobga aylanardi, tan olib aytamanki, bu narsa faqat bir lahzalik talvasaning to‘lovi bo‘lib, kamina aslida na o‘zimning, na gollandiyalikning o‘limini astoydil tilamagan edim. Men uchun uni bu yerdan chiqarib yuborishning o‘zi ham kifoya edi. Shunda uni ketkazishni konkret obrazlarda ifoda etishga urinib ko‘rdim, chiroqni yoqib, tungi stolim tortmasidan temiryo‘l ma’lumotnomasini oldim-da, erinmasdan gollandiyalik uchun bekamiko‘st marshrut tuzib chiqdim, bunga ko‘ra, u ertaga tong otar-otmas bu yerdan jo‘nab ketishi, vataniga imkoni boricha tezroq yetib olishi lozim edi. Mazkur mashg‘ulot kaminaga qandaydir huzur bag‘ishladi: gollandiyalik tong qorong‘usida o‘rnidan turishini tasavvur qila boshladim, uning 64-xonada oxirgi marta yuvinib-taranib, kiyinishini, poyafzalini oyog‘iga ilib, eshikni qarsillatib yopib ketishini ko‘rib, eshitib turardim, sovuqda qunishib, vokzalga borishini, u yerdan jo‘nab ketishini, ertalab soat sakkizda Bazelda frantsuz bojxona xizmatchilari bilan urishib-surishayotganini ko‘rib turardim, xayolan uni qanchalik uzoqqa haydab borganim sayin, ko‘nglim shunchalik ravshan tortar edi. Biroq Parijga yetib borganda tasavvurim pand berdi, azizimni Gollandiya chegarasiga oborib qo‘ymasimdan ancha oldinoq butun manzara buzilib, bo‘linib, parcha-parcha bo‘lib ketdi.
Bularning barchasi, albatta, o‘yin, ermak edi. G‘animni – ichimdagi dushmanni jo‘ngina va osonlikcha mag‘lub etib bo‘lmasdi. Gap umuman gollandiyalikdan bir amallab o‘ch olishda emas, balki unga nisbatan o‘zimga munosib va bama’ni mavqe, yo‘l topishda edi. Vazifa aniq: gollandiyalikka nisbatan behuda nafratimni yengib, uni yaxshi ko‘rib qolishim lozim. O‘shanda u qanchalik tupurmasin, qanchalik shovqin solmasin, ustunlik men tomonda bo‘ladi, kaminaga esa jin ham urmaydi. Agar men uni yoqtirib qolgudek bo‘lsam, unga hech qanday salomatlik ham, kuch-g‘ayrat ham yordam berolmaydi, shunda u menga bo‘ysunadi, shunda uning qiyofasi mendagi bir butunlik haqidagi g‘oya bilan ziddiyatga kirishmaydi. Maqsad arzirli ekan, ishga kirishish, uyqusiz tunni behuda o‘tkazmaslik kerak!
Vazifa qanchalik oson tuyulgani bilan shu qadar murakkab edi, uni hal etish uchun haqiqatan ham deyarli butun tun bo‘yi ovora bo‘ldim. Gollandiyalikni tubdan o‘zgartirib, qaytadan yaratishim, uni o‘z nafratim, azob-uqubatlarim manbaidan mehr-muhabbatim, xayrixohligim va do‘stona tuyg‘ularim ob’ektiga aylantirishim kerak edi. Mabodo buning uddasidan chiqolmasam, unda tamom bo‘ldim, gollandiyalik ilgarigidek jonimdan to‘ydirib yuboradi, yana qancha kunu tun bu suyak tomog‘imga tiqilaveradi. Qilishim lozim bo‘lgan ish atigi “g‘animlaringizni seving”, degan mo‘jizakor o‘gitni bajarish edi, xolos. Kamina ko‘pdan beri Injilning ushbu rom etuvchi ajib iboralarini pandu nasihat, ”qilishing lozim” tarzidagi buyruq sifatida emas, balki chinakam donishmandning: “sen avval ushbu o‘gitni bir marta bo‘lsa ham aniq bajarib ko‘r-chi, qanchalik yengil tortarkinsan”, deya berayotgan do‘stona maslahatlaridek qabul qilishga odatlanganman. Mazkur so‘zlar zamirida nafaqat yuksak axloq-odob talablari, balki ruhiy xotirjamlik haqidagi eng dono va eng oliy ta’limot mujassam ekanligini, mehr-muhabbat to‘g‘risidagi butun Injil nazariyasi boshqa barcha fazilatlari bilan bir qatorda ajoyib ruhiy muolaja ham ekanligini anglab yetganman. Bu masalada bir narsa mutlaqo ravshan ediki, o‘qishni endigina bitirgan eng tajribasiz psixoanalitik ham men bilan najot o‘rtasida birgina yo‘l borligini – o‘z dushmanimga mehr qo‘yib, uni yaxshi ko‘rib qolishim talab etilayotganini bemalol tasdiqlab bera olardi.
Xo‘sh, shunday qilib desangiz, zo‘r muvafaqiyatni qo‘lga kiritdim. U endi tomog‘imga suyak bo‘lib tiqilolmas, uni eritib, qaytadan quyib tashladim. Lekin bu ish osonlikcha bo‘lmadi, buning uchun zo‘r g‘ayrat bilan mehnat qilishimga, tunda ikki-uch soatlab kuchli ruhiy zo‘riqishni boshdan kechirishimga to‘g‘ri keldi. Ammo o‘z maqsadimga erishgan edim. Ishni gollandiyalikni dilimda bor bo‘y-basti bilan gavdalantirishdan boshladim. Endi uning tahdidli qiyofasini, qo‘llari-yu, har bir barmog‘idan tortib, to botinkasi, qoshlari, chakkasidagi har bir dona ajingacha aniq va ravshan ko‘rib turar, uni butkul egallab olgan va yurishga, o‘tirishga, uxlashga bamaylixotir majburlay olardim. Ertalab tishlarini tozalayotgan, kechqurunlari esa o‘rinda uyquga ketayotgan holda tasavvur qilardim, charchab, horiganidan qovoqlari yumilib ketayotganini, bo‘yni va kallasi shalvirab, yostiqqa yonboshlayotganini aniq-tiniq ko‘rib turardim. Buning uchun bir soat chamasi ovora bo‘ldim-ov. Ammo-lekin ko‘p narsaga erishdim o‘ziyam. Yozuvchi uchun yaxshi ko‘rib qolish – o‘ziga olish, o‘zlashtirish, o‘z fantaziyasiga singdirish, mehr tafti-la ilitib, erkalab, ardoqlab, o‘ynatib, u yoq-bu yoqqa aylantirib, burab, qalbining bir parchasini bag‘ishlab, o‘z nafasidan bahramand qilib, jon ato etish demakdir. Kamina ham, g‘animimni tamomila egallab olmagunimcha va u menga butunlay singib ketmaguncha shunday qildim. Agar uning bo‘yni kaltaroq bo‘lmagandami, rosa qiynalgan bo‘lardim. Ha, uning bo‘yni jonimga oro kirdi. Gollandiyalikni xohlaganimcha kiyintirib-echintirar, dam kalta ishton yo syurtukni ravo ko‘rsam, dam baydarkaga yoki ovqatlanish stoli yoniga o‘tqazar, undan askar, qirol, tilanchi, qul, chol yo bola yasardim, lekin qiyofasi qanchalik o‘zgarmasin, baribir kalta bo‘yni va bir oz chaqchaygan ko‘zlari avvalgidek saqlanib qolaverardi. Bu belgilar uning zaif joylari bo‘lib, xuddi ana shu yerga qattiq hujum qilishim kerak edi. Gollandiyalikni yashartirish xiyla qiyin kechdi, uni navqiron er, kuyov, talaba va o‘quvchiga aylantirish uchun ancha ovora bo‘ldim. Nihoyat, u kichkinagina bolaga evrilgan edi. Bo‘ynini ko‘rib, menda unga nisbatan ilk bor xayrixohlik uyg‘ondi. Achinish va rahm-shafqat orqali qalbimga yo‘l topdi – baquvvat pitrak bolada nafas bo‘g‘ilishiga moyillikning ilk alomatlari paydo bo‘lgan, bu bilan ota-onasini qattiq tashvishga qo‘yishi mumkin edi. O‘sha achinish va rahm-shafqat yo‘lida davom etdim, shunda kelgusi yillar hamda bosqichlarni ham birrov chamalab olish qiyin bo‘lmadi. Nihoyat, erishgan natijam – bechora o‘n yoshga keksayib, ilk zarbaga duch kelganini ko‘rib turib, unga nogoh rahmim kelib ketdi – lablari do‘rdaygan, qovoqlari osilgan, ovozi ham bo‘g‘iq, endi hamma narsa uning foydasiga gapirardi. Gollandiyalik tiyiqsiz fantaziyam bilan o‘lmasidan oldin insonligi, ojizligi, muqarrar qazosi menga shu qadar ta’sir qildiki, unga ortiq yomonlik tilashni bas qildim. Shunda o‘zim ham quvonib ketdim, uning ko‘zlari abadiy yumilgan, o‘zimning ko‘zlarim ham asta yumilib borardi, negaki oqarib tong otayotgan edi, kamina esa tungi uzoq ijod azoblaridan horib-tolib, bolish uzra ola ko‘lanka yanglig‘ tebranib turardim.
Keyingi kun va tun Gollandiya ustidan qozongan g‘alabamga bir necha bor amin bo‘ldim. Qo‘shnim har qancha kulsin, yo‘talsin, sog‘ligini xohlagancha ko‘z-ko‘z qilib chiransin, xonada istagancha u yoqdan bu yoqqa borib kelsin, stullarni nari-beri sursin, hazil-huzul qilsin, baribir meni endi hech narsa muvozanatdan chiqarishga qodir emasdi. Kunduzlari bemalol ishlab, kechalari tinchgina uxlaydigan bo‘ldim.
Kamina g‘alaba qozongan edim, biroq tantanam uzoqqa cho‘zilmadi. O‘sha muzaffar tongdan so‘ng, ikkinchi sutkaga o‘tar kechasi gollandiyalik to‘satdan jo‘nab ketdi. Bu bilan u mendan yana g‘olib kelgan, eng qizig‘i, bir qadar hafsalamni pir qilib ketgan edi, negaki qiyinchilik bilan erishgan mehr-muhabbatim endi hech kimga kerak emasdi. Ilgari uning jo‘nab ketishini astoydil orzu qilgan bo‘lsam, endi o‘zim bundan ranjiyotgan edim. Uning o‘rniga 64-xonaga kichkinagina, oddiygina xonim kelib joylashdi, u rezina uchli hassaga suyanib yurardi. Ammo u xonim deyarli ko‘rinmas, ovozini ham eshitmasdim. Juda yaxshi, xuddi ko‘nglimdagi qo‘shni edi, hech qachon xalaqit bermagan, meni ranjitmagan. Lekin o‘tib ketgan bo‘lsa ham aytishim kerak, oradan biror hafta yo sal ko‘proq vaqt o‘tdi-yu, yangi qo‘shnidan ham ko‘nglim qoldi. Qani endi yana o‘sha, o‘zim nihoyat yoqtirib qolgan gollandiyalik qo‘shnim qaytib kelsa-yu, devor-darmiyon bo‘lib birga yashasak, derdim o‘zimga o‘zim.
Ma’yuslik
Hozir o‘sha Badendagi ilk kunlarimning nekbinligi-yu, o‘shandagi bolalarcha quvonchli umidlarim, bu yerdagi obihayot bilan davolanishga bo‘lgan soddalarcha ishonchim va, ayniqsa,bir oz beadab xomxayol hamda bachkana mag‘rurligim, o‘zimni boshqalarga nisbatan navqiron va tetikroq, butunlay yengil bemor hisoblab, o‘sha ilk kunlarning sho‘x-engiltak kayfiyatini, Badenga bo‘lgan sodda-sarkash e’timodimni, o‘zimdagi ishiasni beozor va tuzaladigan kasallik deb o‘ylab iliq-issiq buloq-chashmalarga, kurortdagi shifokorga, diatermiya va kvarts lampaga bo‘lgan umidimni eslasam, – ko‘zgu oldiga borib, tilimni chiqarib iljayishdan o‘zimni arang tiya olaman. Yo tovba, endi bu orzu-umidlarning sarobga aylanganini qarang, qo‘lidagi ingichka hassasini o‘ynatib, o‘ziga bino qo‘ygancha Badenshtrasse bo‘ylab dikonglab jilmayib tushib kelgan o‘sha xushbichim, muloyim, xayrixoh, mehribon musofirning sharti ketib, parti qolibdi-yu! Shunaqayam ahmoq bo‘lamanmi-ya! Boz ustiga, o‘shanda o‘zim ijro etgan va ingichka hassam qolib, ko‘z-ko‘z qilganim shu qadar nekbin, pardozlangan, zamonasoz va dunyoviy falsafamdan asar ham qolmabdi-yu!
To‘g‘ri, hassa-ku, qanday bo‘lsa, shundayligicha turibdi. Ammo kuni kecha hammomchining nafisgina hassachamga la’nati rezina uchlik o‘rnatib beray, degan taklifini achchiq bilan rad etganim-chi. Ushbu taklif ertaga ham takrorlangudek bo‘lsa, uni qabul qilmasligimga kim ham kafolat bera olardi?
Nafaqat yurganimda qattiq og‘riq paydo bo‘layapti, o‘tirolmayapman ham, shu bois uch kundan berisiga ko‘proq yotaman deng. Ertalab vannadan chiqqandan so‘ng, zig‘irdekkina ikki tosh zinadan chiqishim shunaqayam og‘ir bo‘ladiki, – harsillab, terlab-pishib arang ko‘tarilaman, egnimga choyshabni zo‘rg‘a tashlaymanu, stulga cho‘kkan ko‘yim uzoq o‘tirib qolaman. Tungi tufli bilan xalatni kiyish yoqimsiz og‘ir majburiyatga, oltingugurt bulog‘igacha, so‘ng u yerdan liftgacha va liftdan to yotoqxonagacha yo‘l – eng serdiqqat, azobli va cheksiz sayohatga aylanadi. Ertalabki mana shu sayohatim chog‘ida mumkin bo‘lgan barcha yordamchi vositalardan foydalanaman, hammomchini etagidan tutvolib, eshik kesakisini, panjara va devorni mahkam ushlab olaman va har qanaqangi estetikaning bahridan o‘tib, orqam bilan burilvolib, o‘zim qachonlardir (o, bunga ancha bo‘lgan!) dengiz arsloniga qiyos qilganim o‘sha keksa xonim yanglig‘ yarim suzgan holda va og‘ir vaznla halokatga mahkum bir alfozda oyoqlarimni ishga solaman. Basharti ana shunday yengiltak hazil qachonlardir qiziqchining o‘ziga qarshi qaratilgan bo‘lib chiqsa, shubhaga o‘rin yo‘q, bu bo‘lgan gap.
Ertalab karavot chetida o‘tirarkanman, tungi tuflimni olish uchun egilib, bukilishdek og‘ir vazifadan cho‘chib yoki vannadan so‘ng o‘lgudek charchab, stulda chala mudrab o‘tirgan chog‘larimda yaqinginada, bundan atigi bir necha hafta muqaddam ertalablari o‘rnimdan sakrab turib, nafas olish mashqlarini g‘ayrat bilan va aniq bajarib, ko‘krak qafasimni kengaytirgan, qornimni esa tarashadek tarang qilib, o‘pkamdagi havoni xuddi goboydan chiqqandek, dadillik bilan va bir maromda chiqargan kezlarim xotiramda qayta jonlanar edi. Bir paytlar tizzalarimni bukmasdan adl turib, oyoq uchida uzoq cho‘zilib, asta-sekin va to‘liq o‘tirib-turish hamda har qanday murakkab gimnastika mashqlarini ham bajara olganim haqiqat bo‘lsa ham, hozir bu gaplarga ishonish qiyin bo‘lsa kerak!
To‘g‘ri, kurs boshlanishidan oldin kaminani ham shu xildagi zo‘riqishlar ro‘y berishi, vannalar kishini juda toliqtirib yuborishi va ko‘plab bemorlarda davolanish chog‘ida og‘riqlar hatto kuchayishi ham mumkinligi xusuida ogohlantirishgandi. O‘shanda bunga xo‘sh, nima bo‘pti, deya bosh irg‘ab qo‘yaqolganman. Lekin odamning ba’zan shunaqayam qattiq charchashini, og‘riqlar shu qadar kuchli bo‘lishi va hatto qayg‘uli oqibatlarga olib kelishi ham mumkinligini sirayam kutmagandim. Bir haftaning o‘zidayoq xonada yoki bog‘dagi o‘rindiqda yalpayib o‘tiradigan, o‘rnidan arang tura oladigan va zinadan ko‘tarilishga ham madori yetmaydigan, liftga chiqib-tushishda dastyor bolaning ko‘magiga tayanadigan munkillagan cholga aylandim-qoldim.
Tashqi olam ham kaminaga har turli ko‘ngilsizliklarni hozirlab qo‘ygan ekan. Shundoqqina oldimda, Syurihda yashaydigan ko‘pgina do‘stlarim kasalligimni va bu yerda davolanayotganimni yaxshi bilishadi, ikkitasi hatto, bu yoqqa kelayotib ko‘rib o‘tgan paytimda kaminani yo‘qlab, holimdan xabar olishga ham qattiq va’dalashgan edi. Kelishga-ku, hech kim kelmadi, albatta kelmaydi ham; shunday deb o‘ylab, oldindan o‘zimcha xursand bo‘lgandim, lekin baribir bartaraf etib bo‘lmaydigan yengiltakligimga nisbat berishga to‘g‘ri keladi. Yo‘q, ular kelisholmaydi, albatta, ularning bandligini, barchasi bechora va holdan toygan odamlar ekanligini, deyarli kuniga teatr, restoran va mehmondorchilikdan charchab kelgach, qanchalik kech yotishlarini ham yaxshi bilaman-ku; bu haqda o‘ylamaslik va yosh bolaga o‘xshab, – ular kaminani, zerikarli, kasal cholni yo‘qlashdan, xudo biladi, nima huzur topishardi, – soddalik bilan buni kutish ham, menimcha, bema’nilik bo‘lur edi. Biroq men har doim eng mumkin bo‘lmagan, aqlga to‘g‘ri kelmaydigan, amalga oshmaydigan amri mahol narsalarni o‘ylab, mo‘ljallab yuraman; biror kishi bilan tanishganim zahoti uni yoqimtoy, istarasi issiq deb hisoblayman-da, unga barcha xislatu fazilatlarni “yopishtira” boshlayman, bu ham yetmagandek, undan shularni talab ham qilaman va mabodo kutganlarim o‘zini oqlamasa, hafsalam pir bo‘lib ranjiyman-qolaman. Mehmonxonamizdagi ketvorgan go‘zal yosh bir xonim bilan ham xuddi shunday bo‘lgandi, u bilan bir necha bor suhbat qurib, uni juda yoqtirib qolgandim. To‘g‘ri, o‘zining sevimli kitoblari sifatida shunchaki ermak uchun o‘qiladigan bir nechta eng bemaza, tuturiqsiz, ko‘ngilochar romanlarni sanab o‘tgach, bir zum dovdirab qoldim, shunda o‘zimga o‘zim, adabiyot masalalarida mutaxassis va bilimdon bo‘laturib, bu borada boshqalardan ham xuddi shunday bilim va saviyani kutishim to‘g‘rimikin, deya savol berdim. Kitoblarning sarlavhalarini birrov o‘qib chiqdim-da, o‘zimni o‘zim aybdor sanab qo‘yaqoldim va xonimdan faqat eng go‘zal so‘zlaru olijanob xatti-harakatlar kutishda davom etdim. Kuni kecha oqshom mehmonxonada ana shu xonim kutilmaganda qotillikka qo‘l urib o‘tirsa deng! Shunday dilbar, yoqimli, go‘zal bir ayol, albatta, mening oldimda hatto bolani bir chertish yo biror jonivorga azob berishga hech qachon jur’at qila olmagan bo‘lardi, shundoq keng peshona, ma’sum ko‘zlar sohibasi royal yoniga joylashib o‘tirib olgach, ko‘z oldimda no‘noq, biroq kuchli qo‘llari bilan o‘n sakkizinchi asrning eng ko‘rkam, eng go‘zal menuetini… “zo‘rlab”, tinchitdi-qo‘ydi! Bundan dahshatga tushib, uyatdan qizarib-bo‘zardim, lekin eng yomoni shuki, xunuk bir ish sodir bo‘lgani hech kimning xayoliga ham kelgani yo‘q, bema’ni da’vo-talablarimga kelsak, kamina bu borada o‘zi yolg‘iz edi. O, o‘zimning odatdagi yolg‘izligim, kulbai-vayronamni naqadar sog‘inib qo‘msadim shu damda, uni aslo tark etmasam bo‘lar ekan, u yerda azob-uqubat va kulfatlar yetarli esa-da, biroq buning evaziga royallar yo‘q edi, adabiy suhbatlar yo‘q edi, kaminaga madaniy yaqin kishilar ham yo‘q edi u yerda!
Ha, mazkur davolanish, qolaversa butun Baden – bularning barchasi rosa ko‘nglimga urdi. Ma’lum bo‘lishicha, mehmonxonadagi qo‘noqlarning ko‘pchiligi Badenga birinchi marta emas, balki oltinchi, hatto o‘ninchi marta kelganlari ham bor va ehtimollik nazariyasiga ko‘ra, ularning barchasi, ya’ni modda almashinuvi bo‘yicha barcha bemorlar bilan qanday bo‘lsa, men bilan ham shubhasiz xuddi shunday bo‘ladi: kasallik yildan-yilga tobora kuchayib, zo‘rayib boraveradi va sog‘ayishga umid o‘z navbatida yanada kamtarona orzu – loaqal vaqtinchalik yengillikka erishish uchun Badenga har yili kelib-ketish bilan almashinaveradi. To‘g‘ri, shifokor avvalgidek, o‘z xulosalariga qat’iy ishontirib turib oladi, axir, uning kasbi shu bo‘lgandan keyin nima ham qilsin, biz – davolanuvchi bemorlarning esa tashqi ko‘rinishimiz yaxshi, salomatligimiz ham binoyidek taassurot uyg‘otadi, bunga sabab – ko‘lam jihatidan – mo‘l-ko‘l, to‘kin-sochin ovqat, katta-katta yeb-ichish, rang-tusimizga esa – bizga ziynatbop qorayish baxsh etguvchi kvarts lampa sababchi, buning natijasida bizlarni hozirgina tog‘dan tushgan alpinistlar deb o‘ylashlari ham turgan gap.
Yana tag‘in deng, odamni yalqov qilib yuboradigan mana shu kurort muhitida axloqan tubanlashib ketish ham hech gap emas ekan. Uzoq yillar mobaynida orttirgan tuzukkina odatlarim, qattiqchilikka chidash, sabr-qanoatli bo‘lish, o‘rtamiyona yeb-ichish ko‘nikmalarim, nafas olish mashqlari va gimnastika bilan shug‘ullanishlar ham deyarli yo‘q bo‘lib ketdi, tag‘in shifokorning bevosita roziligi bilan deng; kaminaning dastlabki kuzatish va ishlash niyatlari ham xuddi shunday tarzda butunlay so‘ndi. Bo‘lmasa, mana shu Psychologia balnearia haqida qayg‘urib o‘tirarmidim. Aksincha, uning o‘zi avvalboshdanoq hunar, qiliq edi, badiiy asar yaratishdek maqsadga qaratilgan urinish emas, balki atigi mashg‘ulot, ko‘zlar va qo‘llar uchun mo‘ljallangan kundalik shug‘ullanish edi, xolos. Shunda deng, yalqovlik ustun kelsa, shundanmi, yozuv-chizuvga ham hozir kamroq siyoh sarflayapman. Agar nomutanosib ravishda qiyinchilik bilan qo‘lga kiritilgan, gollandiyalik ustidan erishgan g‘alabam bo‘lmagandami, unda chindan ham turg‘unlik va tanazzulni qayd etishga majbur bo‘lardim. Va ba’zi bir jihatlar nuqtai-nazaridan men uchun boshqa hech narsa qolmasdi. Eng avvalo shuni aytish kerakki, kaminani barcha ezgu va foydali ishlardan, chunonchi, har qanday, hatto arzimas narsalardan ham, jismoniy harakatlardan ham tiyib turuvchi qandaydir sustlik, lanjlik deymizmi, g‘amgin bir tanballikmi, chulg‘ab olgan. O‘zimni qisqa sayr qilishga ham arang majburlay olardim, ovqatdan so‘ng esa, vanna va muolajalardan keyin bo‘lgani kabi, o‘rinda va shezlongda soatlab ag‘anab yotaman; ahvoli ruhiyamga kelsak, bu haqda keyinroq, burch tuyg‘usidan batamom mosuvo bo‘lmagan holda ba’zida birda-yarim soat vaqt sarflab yozayotgan ushbu bema’ni xotiralarimni qachonlardir qayta, yana bir bor o‘qib chiqqanimdan keyingina yanada yaqqolroq tasavvur hosil qilsam kerak, deb o‘ylayman. Alalxusus, turgan-bitganim yakkash lanjlik, bema’ni zerikish, seruyqulikdan iborat bo‘ldi-qoldi.
Biroq shu o‘rinda yana bir uyatliroq e’tirofni aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. U ham bo‘lsa, na ishlagim, na o‘ylagim keladi, hatto o‘qigim ham kelmay qoldi, ruhan va jismonan har qanday bardamlik, tetiklik va kuch-quvvat, g‘ayrat-shijoatdan ham mahrum bo‘ldim hisob – bularning o‘zi yetmaganidek, yanada yomonroq bir nima ham bor edi: kamina aynan kurortdagi bekorchilikdan iborat hayotimizning yengiltak va bema’ni, quruq va buzuq tomonlariga mazaxo‘rak bo‘la boshladim. Masalan deylik, bizga tushlikda beriladigan barcha tansiq taomlarni boshida bo‘lgani kabi zinhor shunchaki hazillashib yo botiniy ustunlikni his etib yoki loaqal istehzo, kinoya bilan emas – yo‘q, shunday paqqos tushiradigan bo‘ldim, garchi ochlik nima ekanligini allaqachonlar unutib yuborgan bo‘lsam ham. Uzundan-uzun taomnomadagi kuniga ikki mahal beriladigan mazali, laziz taomlarni xunob odamga, semirgan, loqayd burjuyga xos badnafs mechkaylik bilan ko‘rdim demaydigan odat chiqardim. Doimgidek, kechki ovqatga vino ichaman, uyqu oldidan esa bir shisha pivoni bo‘shatishga o‘rgandim, aslida pivodan bundan deyarli yigirma yil ilgari butunlay voz kechgan edim. Pivoni dastlab, tavsiya etishganidek, asosan, uyqu vositasi sifatida ichgan bo‘lsam, mana endi, o‘rganib qolganimdan, qolaversa baloyi nafs qurg‘ur qo‘ymaganidan ichayapman. Hayron qolasan, kishi, barcha aqlsizlik va noma’qulchiliklarni shu qadar tez o‘zlashtirib olib, yalqov ko‘ppakka, semiz mechkayga, beso‘naqay ochofatga osongina aylanib qolish ham hech gap emas ekan!
Ammo kaminaning yomon odatlari mechkayligu ichkilikbozlik, bekorchiligu yonboshlab yotishning o‘zi bilangina cheklanib qolmaydi. Ma’naviy va jismoniy yalqovlik ikkalovi ham baravar yurarkan. Bo‘lishi mumkin emas, deb o‘ylagan narsam axiyri ro‘y berdi: ma’naviy sohadagi barcha qiyin, notekis va xatarli yo‘llardan shunchaki qochibgina qolmay, balki bu borada ham tanballik va badnafslik bilan o‘sha eng yaramas, buzuq, telbalarcha balandparvoz va bema’ni ko‘ngilxushliklarni izlaydigan odat chiqardim, o‘zim aslida ulardan uzoqroq yurar, nafratlanar, bunday illatlarga ishqibozligi uchun burjuyni, ayniqsa, shaharlikni, zamonamizni, qolaversa, butun tamaddunimizni hamisha ayblar va yomon ko‘rardim. Endi esa, kamina o‘rtamiyona kurortchi darajasiga shu qadar yaqinlashgan edimki, bundayin ko‘ngilxushliklardan nafaqat nafratlanar va qochardim, balki o‘zim ularni izlab topib, ishtirokchisiga ham aylanardim. Yana bir ozdan so‘ng kamina davolanish uchun kelganlarning ro‘yxatini o‘qiy boshlayman (davolanuvchilarning vaqt o‘tkazish usullaridan oxirgisi men uchun jumboq bo‘lib qoldi), frau Myuller bilan birga uning bod kasali va ushbu dardga davo bo‘lgan giyohlardan tayyorlangan damlamalarning barcha turlarini soatlab muhokama qilaman, do‘stlarimga yangi kelin-kuyovlar yoki jasur lavlagi odamlar tasvirlangan otkritkalar jo‘nataman.
Endilikda kurzalda bo‘ladigan kontsertlarga ham tez-tez tushadigan bo‘ldim – ilgari ulardan iloji boricha uzoqroq yurishga intilardim – el qatori stulda o‘tirib, yangrayotgan yengil musiqani tinglayman, bu bilan vaqtning bir qismi, biz kurortchilarda bisyor o‘sha vaqtning bir bo‘lagi qanday o‘tayotganini huzur qilib his etaman. Ba’zida meni musiqaning o‘zi, yaxshi yangraydigan bir necha musiqa asboblarining sof hissiy ta’siri o‘ziga mahliyo qilib qo‘yadi, yana shuni ham aytishim kerakki, ijro etilayotgan narsalarning na bir xarakteri, na mazmun-mohiyati ongimga umuman yetib bormaydi. Uslub va dastxat jihatidan hamisha nafratimni qo‘zg‘ab kelgan mo‘jazgina bo‘sh piyesalarni endi hech bir nolimasdan oxirigacha tinglab, tomosha qilaman. Zerikib o‘tirgan boshqa tinglovchilar orasida chorak, ba’zan esa yarim soatlab qolib, horib-charchab, bo‘shashib ketaman, harna vaqt o‘tsin deb tinglayveraman, o‘zimni zerikkan qilib ko‘rsataman, bo‘lar-bo‘lmasga bo‘ynimni yoki gardanimni qashiyman, hassaning dumaloq tutqichiga iyagimni tirab olib, esnayman, muayyan bir daqiqalardagina qalbim hadik va xavotir bilan titrab ketadi, go‘yo dasht yirtqichi to‘satdan tutqunlikka tushib qolgan, biroq u yana tezda pinakka ketadi, uxlab qolib, tush ko‘radi, mensiz, chunki kamina mana shu kontsert zalida o‘tirgan daqiqadan boshlab, o‘z jonimdan ham mosuvo bo‘lganman.
Va mana endi o‘zim olomonning bir bo‘lagiga, o‘rtamiyona kurortchiga, charchagan, zerikkan tor fikrli odamga batamom va to‘la-to‘kis aylanganimdan so‘nggina ushbu xotiralarning ilk sahifalaridayoq o‘zimni mazkur olamning va ruhiyatning aqli raso vakili qilib ko‘rsatish naqadar kulgili va bema’ni bo‘lganligini anglab yetayapman. Bu kinoya, istehzo edi, xolos. Va men mana endigina, haqiqatan ham mana shu cheklangan va o‘z qiyofasini yo‘qotgan kundalik olamga mansub bo‘lgan, zalda kayfiyatsiz o‘tirib, choy yoki pilzen pivosini ichishgani kabi yengil musiqani tinglayotgan chog‘imda, shundagina men mana shu dunyodan nechog‘li nafratlanishimni, uni jinimdan ham battar yomon ko‘rishimni yanayam to‘liq va batamom anglab yetdim, negaki hozir o‘zim yomon ko‘rayotgan, nafratlanayotgan va mazax qilib, ustidan kulayotganim – o‘zimdan boshqa hech kimsa emas edi. Yo‘q, mazkur dunyo bilan birga bo‘lish va unga mansublik, uning hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘lish va o‘zni yaxshi his etish – buni hozir butun vujudim, borlig‘im bilan his qilayapman – yo‘q, bu men uchun emas, kaminaga barcha ezgu va muqaddas amallar qatori gunohning ham mavjudligi ma’lum va uning ishtirokchisiga aylanish kamina uchun baxt, menga mana shu buyurilgan. Va hozir shu gunohga qo‘l urayotganim uchun, mazkur olam bilan birga ekanligim va uni ma’qullayotganim uchun ko‘nglim shunaqangi ayniyaptiki! Baribir men hech nima qilayotganim yo‘q, faoliyatsizlik ongga qaraganda qudratliroq, semiz, yalqov qorin esa, qo‘rqa-pisa zorlanayotgan jondan ko‘ra kuchliroqdir.
Endi meni ham mehmonxonaning boshqa qo‘noqlari goh-goh suhbatlariga jalb qilishsa, yo‘q demayapman; tamaddidan so‘ng yo‘lakdami, boshqa joydami, gaplashib qolamiz va siyosat bobida, birjadagi ahvol, ob-havo hamda davolanish haqida, shuningdek, kundalik-dunyoviy falsafa hamda oila tashvishlari xususida nuqul bir xil fikrlarni bildiramiz. Yoshlar, qanaqasiga olib ko‘rmaylik, baribir obro‘-e’tiborli kishilar ko‘magiga muhtoj ekanligi va hatto ba’zan qiyinchiliklar bilan to‘qnash kelib, achchiq alam yutishlar ham foydadan xoli emasligi va boshqa ko‘p gap-so‘zlar bo‘ladiki, bularning barchasiga oldindan bajonidil qo‘shilaman, qorin qurg‘ur to‘q emasmi, ularni to‘liq ma’qullayman ham. Ba’zi-ba’zida nogoh ich-ichingdan beixtiyor hadik-xavotirga tushib, cho‘chib ham ketasan, tiling uchidagi so‘z zaharga aylanadi, shunda shoshib-pishib va betakalluflik bilan xayr-ma’zurni nasiya qilib jo‘nab qolishga, uzlat (o, uni bu yerlardan topish naqadar qiyin!)ga chekinishga majbur bo‘laman, lekin umuman ruhga qarshi bo‘lgan ana shu jinoyatda men o‘zim aybdorman, bema’ni quruq safsataga erinchoqlik bilan ”ha, ha, sizniki ma’qul”, deyish bilan xatoga yo‘l qo‘yaman.
Bu yerda kamina o‘rgana boshlagan yana bir ko‘ngilxushlik, bu – kinematografiya edi. Kinoga bir necha marotaba tushdim, u yerga ilk bor yolg‘iz qolish uchun, odamni bezor qilib yuboradigan ezma suhbatlardan qochib hamda gollandiyalik bilan bo‘lib o‘tgan antiqa voqeani unutish uchun borgan bo‘lsam, ikkinchi marta xursandchilik, vaqtichog‘lik (ilgari so‘z boyligimda sira uchramagan “vaqtichog‘lik” degan so‘zga o‘rganib qoldim!) uchun bordim. U yerda bir necha marta bo‘lib, ko‘zni qiziqtiradigan suratlarning lip-lip o‘zgarishidan vasvasaga tushib, nima yaxshiyu nima yomon, farqiga ham bormay qoldim. Nafaqat vahimali musiqa va g‘azabni qo‘zg‘aydigan, pala-partish to‘qib-bichilgan yaramas soxta san’at bilan yasama dramatizmga, balki tomoshabinlar zalining o‘ta zararli muhitiga ham ma’nan va jismonan chidaydigan bo‘ldim. Barcha narsalarga toqat qilib, hatto eng bema’ni, eng rasvo noma’qulchiliklarni ham ichimga yuta boshladim. Oxiri yo‘q, uzundan-uzun filmlarni soatlab tomosha qilardim. Ularda qadimiy dunyoning imperator ayolini teatr, tsirk maydoni, ibodatxonalar, gladiatorlar va sherlar, ruhoniylar hamda axta qullar bilan yonma-yon ko‘rsatishardi, va kamina, eng oliy qadriyatlar va ramzlar, taxt va saltanat, avliyolar ridosi va shon-shuhrati, xoch hamda davlat, inson qalbining tasavvurga sig‘adigan va sig‘maydigan xususiyat hamda xislatlari yuzlab odamlar va hayvonlar bilan aralash-quralash holda arzimas maqsad uchun ko‘z-ko‘z qilingani va bularning barchasi o‘z-o‘zidan bema’ni, uzundan-uzun izohlar bilan qadrsizlangan, soxta dramatizm tomonidan zaharlangan hamda esi past, ovsar va toshbag‘ir tomoshabin (shu jumladan, o‘zim ham)lar tomonidan yerga urilgan ushbu bemaza tomosha pirovardida maynavozchilikka aylanib ketganini ko‘rib o‘tirib, chidashdan o‘zga choram yo‘q edi. Goho, ayrim daqiqalarda odam shunaqangi dahshatga tushardiki, bir necha bor qochib ketmoqchi ham bo‘ldim, biroq bu ish biz, ishiatik xastalar uchun oson emasdi, shu bois qolib, mazkur bemaza tomoshani oxirigacha ko‘rishga majbur bo‘ldim, ehtimol, o‘sha yoqqa erta-indin yana borib qolsam ajabmas. Kinoxonada bulardan tashqari yana ajoyib narsalarni ham, xususan, eng yoqimtoy farang akrobati va yumoristining chiqishlarini tomosha qilganimni aytmasam insofdan bo‘lmas, uning topgan qiliqlariga uncha-muncha yozuvchi havas qilsa arziydi. Basharti o‘zimda pushaymon va nafrat uyg‘otdi deb, biron nimani ayblagudek bo‘lsam, bunga kino emas, albatta tomoshabin, ya’ni o‘zim aybdorman. Kim meni u yerga borishga, bemaza musiqani toqat bilan tinglashga, bema’ni, telba-teskari titrlarni o‘qishga, sodda, oqko‘ngil birodarlarimizning qahqahalarini eshitishga majbur qilayapti? Yuqorida tilga olganim ushbu dong‘i ketgan jangari filmda chiroyli sherlardan butun bir dyujinasining muzlab qotgan murdalarini qum ustida sudrab yurishganini ko‘rdim, ikki daqiqa oldin ular tirik edi, mazkur qayg‘uli va ayanchli manzarani ko‘rib turib, zalning yarmi birdaniga qah-qah otib kulvorsa bo‘ladimi! Nahotki bu yerdagi issiq shifobaxsh suvlar tarkibida insonni “tekislab” tashlaydigan, undagi yuksaklik, olijanoblik va qadr-qimmatga to‘sqinlik qilib, aksincha, chirkinlik va pastkashlikni rag‘batlantiradigan nimadir, qandaydir tuzmi, tezobmi yoki ohak mujassam bo‘lsa-ya? Xo‘sh, nimayam derdim, rozi bo‘lishdan boshqa choram yo‘q, kelgusida, o‘z dashtimga qaytayotganda esa o‘zim bilaman, deya o‘z-o‘zimga so‘z berdim.
Shu bilan yomon odatlarimning, o‘zim ko‘nikkan illat-qusurlarning ro‘yxati tugaydimi, dersiz? Yo‘q, afsuski hali tugamaydi. Kamina endi qimor o‘yiniga ham qatnasha boshladim. Yashil stol atrofida qiziqish va ishtiyoq bilan bir necha bor o‘ynadim. Kichkinagina teshigiga kumush frankni tashlashing bilan yutib yuboradigan avtomatdan huzur qilardim. Afsuski, bu hali haqiqiy o‘yin emasdi, chunki pulim kam edi, shunga qaramay ikki marta to‘liq bir soat o‘ynab, cho‘ntakda borini boy berdim va oxir-oqibat bir-ikki frankdan ortiq yutqazmadim. Albatta, bu haqiqiy qimorbozga xos emas edi, shundanmi, yana tag‘in o‘ynagim kelaverardi, ya’ni bir marta o‘ynab ko‘rganim bois aytishim kerak: o‘yin menga zo‘r rohat bag‘ishlagandi. Yana shuni ham aytishim kerakki, bunda kontsertlarda, kurortchilar bilan bo‘lgan suhbatlar chog‘ida va kinodagi sherlarni ko‘rgan paytlarimdagi ruhiy azoblardan asar ham yo‘q edi, bil’aks, mazkur illatning nomunosib va antiburjuy mohiyati ma’qul bo‘lgan va, afsuski, mo‘maygina pul ishlab olomayotganimga ich-ichimdan achinardim.
Kaminaning o‘yin chog‘idagi kechinmalarim taxminan quyidagicha edi: avvaliga yashil stol yonida turgan ko‘yim raqamlardan iborat maydonni kuzatar va ruletkani boshqarayotgan kishining ovoziga diqqat bilan quloq solardim. U qichqirib e’lon qilayotgan, yumalab borayotgan har bir ra-qam, bundan bir soniya oldin boshqa ko‘plab raqamlar orasida bema’ni va oddiy tuyulgan bo‘lsa-da, birdan yangragan jo‘shqin va ravshan ovoz qatida, sharcha band qilgan katakchada, hozir bo‘lgan ko‘plab tomoshabinlarning quloqlari va qalblarida aks-sado berardi. ”Quatre”, ”cinq” yoki “trois” deyishi hamono nafaqat quloqlarim ostida va ongimda, nafaqat yumaloq bukik sharcha izida, balki yashil stol uzra ham raqam “mana-man” degandek, charaqlab ketardi. Mabodo yetti, o‘taketgan rasmiy va batartib qora yetti raqami chiqqan taqdirda esa, o‘ziga ajratilgan yashil maydon bo‘ylab bir zum bayramona shukuh bilan yaraqlab ketar, shu asnoda qolgan barcha raqamlarni bir chetga surib tashlardi, chunki ular atigi imkoniyatgina edilar, xolos, faqat uning o‘zigina ro‘yobga chiqqan haqiqiy voqelik edi. Ehtimoli bor narsaning amalga oshishi, buni kutish va unga aloqadorlik, daxldorlik – o‘yinning qizig‘i, jozibasi ham mana shunda edi. O‘yinni bir oz kuzatib, unga endi qiziqa boshlagan ham edimki, ilk ajoyib va lazzatli, hayajonli daqiqa ham yetib keldi: oltini e’lon qilishdi. Bu raqamga zarracha parvo qilmadim, sababi, u shu qadar qonuniy va shunchalik tabiiy ravishda paydo bo‘ldiki, go‘yo uni muqarrar kutgan, buning ustiga, xuddi o‘zim qichqirib e’lon qilgandek, go‘yo o‘zim yasagan, o‘zim yaratgandek edim. Shu soniyadan e’tiboran, butun vujudim bilan o‘yinga mansub edim, taqdirni oldindan sezib, payqab turardim, tasodif bilan do‘st tutingan edim, bu esa, ochiq aytaman, farahbaxsh tuyg‘u edi, butun o‘yinning o‘zak-negizi, ohanraboli kuchi ham aynan mana shunda edi. Shunday qilib, avval yetti, so‘ng bir raqami chiqdi, keyin esa sakkiz, bundan na hayratlandim, na hafsalam pir bo‘ldi, aynan mana shu raqamlarni kutganimga o‘zim ham ishondim, shu tariqa o‘rtada aloqa o‘rnatilgan, oqim meni o‘z domiga tortgan, o‘zimni unga ishonib topshirgan edim. Endi tep-tekis yashil maydonga dadil boqar, raqamlarga bemalol ko‘z tashlardim, ulardan qay biri kaminani ko‘proq jalb qilayotgan bo‘lsa, uning sekingina chaqirayotganini “eshitib” turardim (ba’zan birdaniga ikkita raqam bilan ham shunday bo‘lardi), o‘g‘rincha imlayotganini ko‘rib, o‘z franklarimni xuddi mana shu raqamga tikardim. Agar u chiqmay qolsa ham ranjimasdim, hafsalam ham pir bo‘lmasdi, o‘zimning olti yoki to‘qqiz raqamim hali albatta chiqadi, deb kutishda davom etardim. Va u albatta chiqib kelar, ikkinchi yoki uchinchi gal haqiqatan ham to‘satdan paydo bo‘lib qolardi. Yutuq lahzasi o‘zi ajoyib-da. Sen taqdirga murojaat etib, unga iltijo qilasan, unga ishonib, umidvor bo‘lasan, buyuk sir-sinoatga aloqadorlik hissini tuyasan, go‘yoki u bilan do‘st tutinib, bir ittifoqdasan, buni oldindan g‘ira-shira seza boshlaysan, va bu to‘g‘ri, o‘z tasdig‘ini topadi ham, shunda dilingdagi pinhoniy, jur’atsiz niyat-maqsading, yurakdagi mo‘jazgina orzuing amalga oshadi. Mo‘jiza ro‘y berib, ko‘nglingga kelgan narsa haqiqatga aylanadi, qudratli oynavon sharcha aynan sening raqamingni tanlaydi, g‘ildirak yonida turgan kishi uni baland ovoz bilan e’lon qiladi va krupe yarqirab turgan bir hovuch kumush tangalarni yelpig‘ich bilan oldingga tashlaydi. Bu favqulodda zo‘r, sof baxt-omadning o‘zginasi, gap albatta, pulda emas, negaki ushbu satrlar muallifiga ham yutib olgan barcha franklaridan biron donasiyam nasib etmadi, ruletka ularning barchasini yana qayta “yutib” yubordi. Lekin, shunga qaramasdan, yutuqning go‘zal damlari, mana shu bevosita hayratlanarli, bolalarga xos butun va boy orzu-umidlarning amalga oshishi naqadar yorqin va jozibali, har biri dabdabali bezatilgan, porlab turgan rojdestvo archasi yanglig‘ nur sochadi, har biri mo‘jiza, bayram, bayram bo‘lganda ham qalb bayrami, eng pinhoniy, eng teran hayotiy instinktning tasdig‘i, e’tirofi, parvozi edi. Albatta, mana shu cheksiz quvonchni, so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan o‘sha baxt-omadni yanada yuksak darajada, olijanobroq va nazokatliroq shakllarda: teran hayotiy haqiqatdan munavvar holda, o‘z ustingdan qozongan g‘alabang onida va ayniqsa, ijodning betakror damlarida, topgan daqiqalaringda, qandaydir bir kuch, ilhom kelib qolgan paytda, ijodkor tabiatida bo‘ladigan tanatanavor maqsad chog‘ida ham his etish mumkin, va bularning barchasi yanada yuksak sohalardagi obraz hamda in’ikos yanglig‘ yutuqni anglash, his etish bilan baravar va o‘xshashdir. Biroq bundayin mo‘tabar va ilohiy daqiqalar hatto eng omadli insonga ham, hatto iste’dod va zakovat sohibiga ham nihoyatda kamdan-kam nasib etadi, kuch-qudrat va ko‘rkamlikda bolalikning shodon kechinmalaridan qolishmaydigan qoniqish va baxt tuyg‘usiga bizdek horg‘in, kechikkan kishilar kamdan-kam noil bo‘lamiz! Qimorboz, garchi uni faqat pul qiziqtirayotgandek ko‘rinsa-da, aslida u aynan ana shu kechinmalar ketidan ketidan quvadi. U, siyqa va bema’ni hayotimizda shu qadar kamyob bo‘lib qolgan quvonchning ana shu jannat qushini qo‘lga kiritish payida, nigohidagi qizg‘in ehtiros aynan ana shunga qaratilgan.
Endi o‘yin o‘zgaruvchanlik kasb etib, menga omad ahyon-ahyonda nasib etar, yumalab borayotgan sharcha muruvvat ko‘rsatgan mahal yutardim, shunda kaminani hayajonning ajib titrog‘i bosardi. So‘ng, eng yuksak nuqtadan ham o‘tib bo‘lindi. Shimim cho‘ntagida jarang-jurung qilib turgan yutib olganim kattagina bir hovuch tangalarni birin-ketin tikaverdim, biroq shu damda meni negadir ilgarigi dadillik asta tark eta boshladi, avvaliga bir, so‘ng esa to‘rt raqami chiqdi, ularni sirayam kutmagandim, shu topda ular oshkora adovat bilan ustimdan kulayotgandek tuyuldi. Yuragim taka-puka bo‘lib, bezovtalana boshladim, juft va toq sonlar o‘rtasida uzoq ikkilanib, hech qanday ko‘nglim chopmasa ham zo‘rma-zo‘raki bir alpozda pul qo‘yaverdim, bu hol barcha yutib olgan pullarimni boy bergunimga qadar davom etdi. Oradan hayal vaqt o‘tmay, shu yerning o‘zida o‘ynab turib, o‘sha muqoyasaning butun teranligini chin dildan his etdim, o‘yin davomida butun hayot manzarasini ko‘rdim, unda aynan o‘sha narsa sodir bo‘lar, ya’ni tushuntirib bo‘lmaydigan qandaydir bema’ni sezgi, hissiyot qo‘limizga allaqanday kuchli sehr-joduni tutqazib, qudratli kuchlarga yo‘l ochar va ezgu his-tuyg‘ularimiz zaiflasha boshlar, shunda sog‘lom aql-idrok aralashib, qandaydir vaqt mobaynida ularga qarshilik ko‘rsatar va oxir-oqibat, bizning hech bir ishtirokimizsiz va butunlay bizdan xoli bir tarzda axiyri ro‘y berishi muqarrar narsa nihoyat, sodir bo‘lar edi. O‘yinning eng yuksak nuqtasidan oshib bo‘lgan, biroq hamon o‘zini to‘xtatishga kuch topolmayotgan, hech qanday bir tuyg‘u, hech qanday ishonch ortiq boshqarishga qodir bo‘lmagan, ruhi tushgan qimorboz endi aynan hayotiy muammolarga yechim topolmay noiloj qolgan, ularga ko‘z yumib kutish va sabr qilish o‘rniga ortiqcha nokerak hisob-kitoblarga berilib, o‘lib-tirilib, bilag‘onlik qilish oqibatida muqarrar pand yeb, yanada ayanchliroq holga tushgan odamga o‘xshab ketadi. Yashil stol atrofidagi o‘yinning eng to‘g‘ri, eng ishonchli qoidasi esa quyidagicha: qandaydir horg‘in va omadsiz qimorboz dam u-dam bu raqamga qatorasiga bir necha marta pul tikib, oxirida umidini uzib tashlab ketgan raqamga hech ikkilanmasdan tavakkal qilaver, va u albatta chiqadi.
Qimor o‘yini shahar va kurort hayotiga xos bo‘lgan boshqa barcha ermak va tomoshalardan o‘zining g‘alati, qiziq jihatlari bilan tubdan farq qilar ekan. Qimorxonada – yashil stol atrofida hech kim kitob o‘qimaydi, behuda gap sotish yo‘q, kontsert va xiyobondagi singari paypoq to‘qib o‘tirishmaydi, angrayish-anqayish, ensa qotish yo‘q, bu yerda hatto revmatiklar ham o‘tirmaydi, odatda shu qadar ayab-ehtiyotlab yuradigan oyoqlarida qahramonlarcha tik turaverishadi. Bu yerda, ya’ni qimorxonada hazil-huzul ketmaydi, deyarli hech kim tishining oqini ko‘rsatmaydi, biror kasallik yoki Puankare haqida hech qanday gap eshitmaysan, stol atrofini qurshab olgan tomoshabinlar ham jiddiy, faqat shivirlab gaplashishadi, bankir yordamchisining ovozi bo‘g‘iq, xira bo‘lsa-da, tantanavor yangraydi, yashil stol ustidagi tangalar bir-biriga urilib, ajib va sirli jaranglaydi, bu bir tarafi, qolaversa, mana shunday izzat-ikrom va nisbiy vazminlik, sipolik, qadr-qimmat ko‘z o‘ngimda odamlar shovqin solib, o‘zlarini beor va bebosh tutadigan boshqa ayrim ermak hamda o‘yin-kulgilarga qaraganda benihoya afzallik baxsh etayotgandek edi. Qimorxonada jiddiy tantanavorlik va bayramona kayfiyat hukmron, bu yerga keluvchilar xuddi ibodatxonaga qadam ranjida qilayotgandek, jimgina va bir oz hayiqib kirib kelishadi, bir-birlari bilan shivirlab gaplashishadi, frak kiygan janobga dam-badam hurmat bilan qarab qo‘yishadi. U esa o‘zini shunday sipo tutadiki, har qanday maqtovga loyiq, uni oddiy odam emas, balki allaqanday yuqori lavozimli mansabdor deysiz. Shu o‘rinda bundayin bayramona kayfiyat hamda go‘zal va ajoyib tantanavorlikning psixologik sabablariga to‘xtalib o‘tirmayman, chunki Psychologia balnearia o‘zimning emas, balki boshqa birovlarning ruhiyati haqida hikoya qiladi, degan yolg‘on-yashiq gaplardan allaqachonoq voz kechganman. Aftidan, qimorxonaning fazilatu taqvodorlik ufurib turgan, shivirlashu ibodatdangina iborat bo‘lgan muqaddas muhitiga sabab shuki, bu yerda gap umuman musiqa, dramalar va boshqa shu xildagi bachkanaliklar to‘g‘risida emas, balki odamlarning tasavvuridagi eng muhim, sevimli va tabarruk narsa – pul haqida borayotibdi. Biroq aytib o‘tganimdek, buning mohiyatini tahlil qilib o‘tirish niyatim yo‘q, bu mening vazifam ham emas. Faqat bir narsani, ya’ni boshqa ommaviy o‘yin-kulgi turlariga qarshi o‘laroq bu yerdagi, qimorxonadagi muhit ham umuman olganda, diyonatdan aslo mahrum emasligini aytib o‘tmoqchiman, xolos. Misol uchun, deylik, kinoxonada tomoshabinlar dahanaki iboralarni aytvorishga ham unchalik tortinib o‘tirishmaydi, boshqa har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham, ma’qul-noma’qulligidan qat’i nazar, o‘z fikrini aytaveradi, bu yerda esa hatto bosh personaj hisoblangan qimorboz eng asosiy hamda eng hayajonli daqiqalarda, chunonchi, pul yutib olgan yoki yutqazib qo‘ygan paytlarda ham o‘z hurmatini, qadr-qimmatini biladi, sabr-bardoshli bo‘lishga harakat qiladi. Ba’zi odamlar esa oddiy qarta o‘yinida arzimagan yigirma rappen yutqazib qo‘ysa bormi, afsus-nadomat qilib so‘kinib yurishadi, bu yerda esa yuz baravar ko‘p pul yutqazishayapti, ”ko‘z yummasdan” demoqchimasman, ko‘z yumganda qandoq, lekin ovozlarini ham chiqarishmaydi, his-tuyg‘ulariga erk berib, uyatsiz iboralarni aytvorishdan tiyilishadi.
Modomiki, dono hukumatlar xalq maorifi ravnaqiga ko‘maklashish haqida bosh qotirib, unga xizmat qiladigan barcha muassasalarni rag‘batlantirib, qo‘llab-quvvatlayotgan ekan, garchand kamina bu sohada hech nimadan xabarim bo‘lmasa ham, mutaxassislar e’tiborini bir narsaga jalb etmoqchiman, ya’ni barcha o‘yinlar, ermak va tomoshalar ichida ulardan hech qaysi biri ochiq qimorxonalarda bo‘ladigan qimor o‘yinidek ishtirokchida o‘zini tuta bilish, xushfe’llik va xotirjamlik singari fazilatlarni tarbiyalashga qodir emas, deya ta’kidlamoqni istar edim.
Lekin mazkur o‘yin qanchalik jozibali va hattoki olijanob tuyulmasin, uning ayrim salbiy jihatlari haqida ham yaxshilab o‘ylab ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim, aniqrog‘i, buni o‘z shaxsiy tajribamda sinab ko‘rdim. Siyosiy iqtisodchilar tomonidan o‘rtaga tashlanayotgan, ruletkaga qarshi bildirilayotgan qizg‘in va jo‘shqin nasihatnamo e’tirozlar, mening nazarimda, butunlay asossizdir. Qimorbozda osongina boyib ketish imkoniyati mavjud, shu bois unda mehnatga har qanday hurmat yo‘qolishi mumkin, boshqa tarafdan esa unga o‘zining butun boyligini bir zumda boy berish xavfi ham tahdid solib turibdi, uchinchidan, sharchalar va tangalarning shirillab aylanishini kuzata turib, u hatto butun burjuaziya iqtisodiy axloq asoslarining asoslaridan, ya’ni pulga nisbatan cheksiz hurmat-ehtiromdan ham mahrum bo‘lishi mumkin, mayli, buni odilona ham deylik, ammo men mana shu barcha xavf-xatarlarni shu qadar jiddiy, deya olmayman. Kamina psixolog sifatida juda ko‘plab ruhiy xasta odamlar uchun butun boyligidan bir damda mahrum bo‘lish, shu tariqa pulga bo‘lgan ishonchni ham yo‘qotish ular uchun zinhor baxtsizlik emas, balki to‘g‘rirog‘i, hatto birdan-bir, yagona najot bo‘lib tuyulishi ham mumkin, deb hisoblayman, shaxsan o‘zimga ham xuddi shunday tuyuladi, ya’ni bugungi hayotimizda ish bilan pulga bo‘lgan favqulodda sig‘inishga qarama-qarshi o‘laroq tasodifni qabul qilish, taqdir-qismatning injiqliklari-yu bevafoliklariga ishonch bilan qarash, menimcha, g‘oyat maqbul ish bo‘lur edi, aynan mana shu narsa bugungi kunda barchamizga juda ham zarur va kerak, deb o‘ylayman.
Yo‘q, bordi-yu, agar qimor o‘yinining kamchiligi bo‘lsa, menimcha, ijobiy tomonlariga ham qaramasdan, uni pirovardida qandaydir qusur, illatga aylantiradigan narsa, bu – eng avvalo sof ma’naviy bir nima bo‘lsa kerak. Shaxsan o‘z tajribamdan kelib chiqib aytsam, kuniga yigirma daqiqa berilib ruletka o‘ynash va shu bahonada qimorxonaning g‘aroyib muhitiga g‘arq bo‘lish kishida hamisha zavq-shavq uyg‘otadi. Zerikkan, charchagan odamga bu haqiqiy jon rohati, hatto o‘z boshimdan kechirganlarimdan ham eng a’lo, deyishim mumkin. Kamchiligi esa faqat shuki (uni qimor o‘yini yoqimli alkogol bilan baham ko‘radi), kamchilik shuki, o‘yin chog‘ida mana shu hayajon chetdan – tashqaridan sodir bo‘lib, sof mexanik va moddiy bir tarzda yuzaga keladi; xuddi shu asnoda katta xavf-xatar ham paydo bo‘ladi: shunday uzluksiz, muttasil mexanik hayajonga berilib ketib, shaxsiy mashg‘ulot hamda ruhiy faollikka avvaliga e’tiborsizlik bilan qaragan bo‘lsangiz, endi uni batamom tashlab qo‘yasiz. O‘ylash, fikr yuritish, xayol surish yoki o‘ychanlik xayolga cho‘mish orqali emas, balki sof mexanik yo‘sinda – ruletka bilan harakatga keltirilishi tana uchun vannadan yoki uqalovchi xizmatidan foydalanish bilan bab-baravar, biroq ayni paytda shaxsiy sa’y-harakatlar, sport va mashg‘ulotlardan voz kechish ham demakdir. Kinematografni harakatga keltiruvchi mexanizm ham xuddi shunday ro‘yo asosiga qurilgan, u ko‘zning ijodiy faoliyatini, go‘zallikni va qiziqarli narsalarni kashf etish, tanlash va eslab qolish jarayonlarini sof moddiy ko‘z ozuqasi bilan almashtirib turadi.
Uqalovchi qanday kerak bo‘lsa, gimnastika ham xuddi shunday zarur. Tana ham o‘z navbatida ruletka yoki boshqa barcha shunga o‘xshash ajoyib qo‘zg‘atuvchilar bilan bir qatorda o‘z sa’y-harakatlariga ham ehtiyoj sezadi. Shuning uchun qimor o‘yinida ruhning har qanday faolligi yuz chandon afzalroqdir: aql va xotirani intizomli ravishda aniq-puxta mashq qildirish, ko‘rilgan narsa, buyum va hokazolarni ko‘zni yumib turib, qaytadan eslash, kun bo‘yi bo‘lib o‘tgan barcha voqealarni kechqurun birma-bir eslab xotirlash hamda xayol surish va hokazo. Men bularni xalq farovonligi fidoyilari uchun va ehtimol, yuqoridagi diletantlik maslahatimni bir oz tuzatish uchun qo‘shimcha qilayapman – negaki mazkur sohada, sof ruhiy tajriba hamda tarbiya borasida kamina zinhor diletant emasman, balki keksa va, aytish mumkinki, salkam o‘ta tajribali professionalman, xolos.
Mavzudan yana chetga chiqib ketdim, chog‘i, lekin ushbu xotira-qaydnomalarning taqdir-qismati o‘zi shunaqa shekilli, chunki bir muammoni oxirigacha hal qilmay turib, assotsiativ tarzda va butunlay tasodifan miyaga boshqacha fikrlar kelib qolaveradi. Balki ehtimol, xuddi mana shu narsalar aynan kurortda davolanayotgan kishining ruhiyatiga xos bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.
Ushbu mavzudan, ya’ni o‘zimning tasalli-taskin berolmaydigan, quvonchsiz mavzuimdan qimor o‘yinini bir oz maqtash uchun uzoqlashdim shekilli, mazkur madhiyabozlikni yana davom ettirishim ham mumkin edi, lekin yana shu mavzuga qaytish kamina uchun oson yechmaydi. Biroq nima ham qila olardim? Yana kurortchi Hessega qaytamiz, holdan toygan ushbu keksa janobga, uning bukilgan gavdasiga, kalovlanib qadam bosishiga yana bir bor nazar tashlaymiz! Bu odamning bizga yoqmasligi turgan gap, unga ko‘ngil qo‘ya olmaymiz va unga samimiyat bilan, chin dildan uzoq umr, ayniqsa, uning ibrat bo‘la olmaydigan zerikarli hayotini cheksiz, uzoq davom etishini ham tilay olmaymiz. Mazkur janob bir kun kelib sahnadan ketsa ham e’tirozimiz yo‘q, o‘zi shundog‘am tuzuk-quruq, quvonarli tomosha ko‘rsatolgani ham yo‘q. Mabodo, misol uchun deylik, kunlardan bir kun vannada cho‘milayotganda bexosdan mizg‘ib qolib, suvga cho‘ksa-da, bo‘g‘ziga suv tiqilib o‘lib qolsa ham, unchalik qayg‘urib, achinib o‘tirmaymiz.
Biroq biz agar yuqorida tilga olingan kurortchi haqida shunday loqaydlik bilan fikr yuritadigan bo‘lsak, bu albatta uning hozirgi hayotiy faoliyatiga, uning bugungi agregat holatiga taalluqlidir. Yana shunisi ham borki, uning ahvoli o‘zgarishi, mazmun-mohiyatan yangi bir maxrajga keltirilishi ham mumkinligini zinhor unutmasligimiz lozim. Bir necha bor boshdan o‘tgan bundayin mo‘jiza har damda qayta ro‘y berib qolishi mumkin. Kurortchi Hessega qarab turib, boshimizni sarak-sarak qilib, uni g‘oyib bo‘lish uchun pishib yetilgan, deya hisoblaydigan bo‘lsak, shuni unutmasligimiz kerakki, biz ishonishimiz mumkin bo‘lgan “g‘oyib bo‘lish” aslida yo‘q bo‘lish emas, balki faqatgina metamorfozani ko‘zda tutadi, xolos, negaki bizning barcha nuqtai nazarimiz, binobarin, ruhiyatimizning ham asosi va ozuqa manbai Xudoga – birlikka ishonchdir, birlik esa ham mehr-muruvvat yo‘li bilan, ham bilish bilan hattoki eng ishonchsiz holatlarda ham hamisha va har doim tiklanishi mumkin. Birdan-bir, yagona qadamni bosib, hatto o‘limni hatlab o‘tib, shifo topib sog‘aymagan va hayotga qaytmagan bemorni topish mushkul. Shunday gunohkor ham yo‘qki, toki u birdan-bir, yagona odim bilan ehtimol, qatl etilgan taqdirda ham poklanib, ilohiyotga erishmagan bo‘lsin. Va nogoh rahm-shafqat bilan baxtiyor bolaga aylanmagan yo‘ldan adashgan baxtsiz yoki o‘ng‘almas odamni topish ham amri mahol. Istardimki, ushbu ishonch va e’tiqodimni na o‘zim va na o‘quvchim, hech kim hech qachon esdan chiqarmasa.Ushbu satrlar muallifi haqiqatan ham bilmaydi, agar uning qalbida birlikka nisbatan buzilmas muvozanat sifatidagi ishonch bo‘lmaganida, u o‘z tanbehlari, kayfiyati va ruhiyati uchun shuncha qat’iyat va jur’atni qaydan ham olardi. Aksincha, buni o‘z-o‘zimga qanchalik ko‘proq ravo ko‘rganim va bir tomondan uzoqroqqa kirib borganim sayin, tanbehlarim ham shunchalik beshafqat bo‘lib boraveradi, kayfiyatga ham shunchalik yengil berilaman va boshqa, qarama-qarshi tarafda turgan murosa-yu, madora yog‘dusi ham shu qadar yorqin nur sochaveradi. Agar mana shu cheksiz, bepoyon, muttasil tebranib turguchi muvozanat bo‘lmaganda edi, kamina aqalli bir og‘iz so‘z ayta olishga, biron nima haqida fikr yuritish, muhabbat va nafratni his qilib, uni izhor etishga hamda shu zaminda loaqal bir dam bo‘lsin yashashga jasoratni qayoqdanam olardim, axir?
Sog‘ayish
Davolanish kursi ham oxirlab bormoqda. Xudoga shukur, ahvolim yaxshi, hozir ancha tuzukman. Avvaliga butun hafta davomida adoyi-tamom bo‘ldim, ruhan cho‘kib, oxiri jonimdan ham to‘yib ketdim. Sal bo‘lmasa, men ham hassamga rezina uchlik o‘rnattirgan va kelganlarning ro‘yxatini o‘qiy boshlagan bo‘lardim. Yengil musiqani chorak soat, yarim soatlab emas, balki bir soat yoki hatto ikki soat davom etadigan butun boshli kontsertni ham tinglab orom olgan va kechquruniga bir shisha emas, ikki shisha pivoni ko‘rdim, demagan bo‘lardim. Ozgina qoldi-ya, kurzalda bor naqd pulimni sovurib yuborishimga. Buning ustiga mehmonxonadagi bir stol atrofida o‘tiradigan qo‘shnilarimning, yoqimtoy, qancha hurmatga loyiq odamlarning jozibasiga berilishimga ham bir bahya qoldi-ku, ulardan, odatdagi xatoga yo‘l qo‘ymaganimda, ko‘p narsalarni bilib olgan bo‘lardim, lekin bunga suhbatlar yo‘li bilan erishishni o‘zim lozim topmadim. Bunday suhbatlarga kelsak, mabodo ular bilan o‘rtada qandaydir ruhiy yaqinlik bo‘lmasa agar, onda-sonda demasa, odatda bundayin suhbatlar o‘ta tuturiqsiz bo‘lishi va hafsalangni pir qilishi ham turgan gap. Yana shunisi ham borki, butunlay notanish kishilar kamina bilan suhbat qurayotib, afsuski, meni faqat yozuvchi deb o‘ylashadi shekilli, nimagadir nuqul adabiyot va san’at haqida to‘xtalib, kutilmaganda behuda gaplarni ham gapirib yuboraverishadi, natijada shunday ajoyib odamlarni boshqa bir tarafdan ham o‘rganib, ularning eng oddiy, o‘rtamiyona kimsalardan hech qanday farqi yo‘qligini ham bilib olasan, kishi.
Innaykeyin, yomon ob-havo sababli deyarli har kuni shamollab qolaverdim (gollandiyalik qo‘shnimning doim shamollab yurish sababini shunda bildim), muolajalardan ham rosa charchadim, – bir so‘z bilan aytganda, maqtanishga arzimaydigan oddiy kunlar edi. Axiyri ular ham poyoniga yetdi. Bir kuni hammasi shunaqayam jonga tegdi-ki, bor-e deb, o‘rnimdan turmasdan yotaverdim, hatto vanna ham qabul qilmay qo‘ydim. Hech nima qilmasdan, shunchaki o‘rnimda cho‘zilib yotaverdim, to‘g‘ri, bu hol faqat bir kun davom etdi, ertasiga esa ahvolim o‘nglandi-qoldi. O‘zgarish sodir bo‘lgan o‘sha kun nihoyatda esimda qolgan, chunki burilish va qayta qurish juda tez va birdaniga ro‘y bergan. Odamzod agar istasa, har qanday, hattoki eng yomon holatdan ham chiqib keta olarkan; mana o‘zim, davolanishning eng noxush va hazin kunlarida ham, garchi g‘am-g‘ussaga berilgan bo‘lsam-da, ushbu vaziyatdan qutulib ketishimga zarracha shubha qilmaganman. Darddan xalos bo‘lish, tashqi dunyoni qiyinchilik bilan asta-sekin yengib o‘tish va eng oqilona yo‘lni izlab topish – bu hamisha ochiq, hammaga ma’lum, xiyla sinalgan yo‘l ekanligini yaxshi bilardim. Biroq ilgarigi tajribalarim bo‘yicha, shuningdek, boshqa bir yo‘l ham ma’lum bo‘lib, uni izlash emas, balki topish lozim edi, bu – baxt-iqbol, mo‘jiza yo‘li edi. Ammo ana shu mo‘jizaning shundoq yaqinginamda ekanligi va so‘nggi vahimali kunlarning kamsitadigan holatidan tinkam qurimasdan, aqlning dala yo‘lidan chang-g‘uborga botmasdan, ongli mashg‘ulot bilan ruhlanib, rohat-farog‘atning gullar to‘shalgan yo‘lidan boraman, deb o‘ylamagan – bunaqangi omad xayolimga ham kelmagan edi.
O‘zimni qo‘lga olgan kunimoq davolanishni davom ettirishga va yana yashashga qaror qildim. To‘g‘ri, o‘zimni bir qadar dam olgandek his qilardim, lekin kayfiyatim unchalik yaxshi emas edi. Oyoqlarim va yelkalarim zirqirab og‘rir, bo‘ynim taxta bo‘lib qotib qolgan, o‘rnimdan turishga holim yo‘q, liftga, vannaga bazo‘r sudralib borardim, ortimga qaytish esa yana qiyin edi. Mana, nihoyat tushlik vaqti ham keldi, menda esa na kayfiyat bor, na ishtaha, imillab oshxonaga bordim; shunda nogoh o‘zimni chetdan ko‘rib qoldim, birdaniga nafaqat oyoqlarini bukolmay, balki domangir bir qiyofada mehmonxona zinasidan asta tushib kelayotgan kurortchiga aylandim, shu asnoda o‘z-o‘zimni tashqaridan kuzatuvchiga ham aylandim-qoldim. Bu bexosdan, pillapoyaning ko‘plab pog‘onalaridan birida ro‘y berdi, kamina birdaniga ikkiga bo‘linib ketdim, o‘zimni kuzata turib, qorni sirayam ochmagan kurortchining zinadan quyiga asta sudralib tushayotib, nochor bir alpozda panjaraga suyanib olganini, unga salom bergan metrdotel yonidan o‘tib, restoranga kirib ketayotganini ko‘rdim. Bunaqangi holat ilgarilari ham tez-tez sodir bo‘lib turardi, shu bois kamina uchun shunday noqulay bir paytda yana birdan paydo bo‘lganini yaxshilikka yo‘yib qo‘yaqoldim.
Kamina keng yorug‘ zaldagi o‘zimning alohida dumaloq stolcham atrofiga joylashib o‘tirvolib, o‘z-o‘zimni chetdan kuzata boshladim: qanday o‘tiribman, ostimdagi stulni to‘g‘rilashimu, labimni bir oz qimtib olganim, chunki har bir harakat og‘riq keltirib chiqarardi; keyin beixtiyor qo‘limga gullar solingan guldonni olib, uni o‘zimga yaqinroq surib qo‘ydim, asta-sekin va xiyol taraddudlanib, chambar halqadan salfetkani olaman. Birin-ketin, xuddi “Oppoq qor”dagi pakanalarga o‘xshab, boshqa qo‘noqlar ham kirib kelib, stolchalar atrofiga o‘tirishadi, ular ham halqalardan qo‘lsochiqlarni sug‘urib olishadi. Biroq kaminaning kuzatuvchi “men”i uchun asosiy ob’ekt kurortda davolanuvchi Hesse edi. Kurortchi Hesse ko‘rinishdan vazmin, ammo nihoyatda zerikkan qiyofada, stakanga ozroq suv quyib, bir burda non ushatdi – hammasi atay vaqt o‘tkazish uchungina edi, – chunki o‘zi umuman suv ichgisiyam, non yegisi ham kelmayotgandi; parishon bir holatda sho‘rvaga qoshiqni soldi, kattakon zaldagi boshqa stolchalar tomon bema’no nigoh tashlab, devorga chizilgan manzaralarga ko‘z yugurtirdi, so‘ng zal bo‘ylab chaqqon borib-kelib turgan metrdotelga, qora ko‘ylakchalariga oq peshbandchalar taqib olgan do‘ndiqqina ofitsiant qizlarga qarab qo‘ydi. Katta-katta stollar atrofidagi ba’zi bir mehmonlar sherik yoki juft-juft bo‘lib, sipo, lekin benihoya dilgir qiyofada o‘tirishar, har birining oldiga priborlar alohida-alohida qilib qo‘yilgan, ular ham qadahlarga suv yoki may quyishar, nondan bir chimdim-bir chimdim ushatib, beixtiyor boshqa stolchalarga, manzaralar bilan bezatilgan devorlarga loqayd nazar tashlar va shoshib borayotgan metrdotel hamda qora ko‘ylachalariga oq peshbandchalar taqib olgan do‘ndiqqina ofitsiant qizchalarga qarab qo‘yishardi. Devorlardagi chiroyli manzaralar samimiyat va soddalik bilan bir oz xijolat tortgandek ko‘rinardi, shipdan esa, – nomi allaqachonlar unutilgan bezovchi rassom mo‘yqalamiga mansub fantaziya – rang-barang qilib bo‘yalgan to‘rtta fil boshlari tortinmasdan do‘stona nigoh bilan qarab turishardi, o‘sha kunlari ular menga ko‘p quvonch hadya etishdi, chunki kamina hind xudolarining do‘sti va muxlisiman, ushbu suratlarning har birida fil boshli dono va quv ma’bud Ganesha tasvirlangan, men uni nihoyatda hurmat qilardim. Shu fillarga qarab turib, o‘zimcha o‘yga tolardim, bolaligimda menga nasroniylikning afzal tarafi, eng avvalo, hech qanday xudo, but va sanamlarni tan olmasligida, deb uqtirishardi, endi bo‘lsa, qanchalik ulg‘ayib, aqlim oshib borgan sayin shunga amin bo‘lib borayapmanki, mazkur dinning eng asosiy kamchiligi, haqiqatan ham, go‘zal va mo‘jizavor katolik Bibi Maryamdan boshqa hech qanday xudolaru, ham ilohiy tasvirlarga ega emasligida ekan. Misol uchun deylik, pandu nasihatlari bilan odamlarni zeriktirib, vahima uyg‘otadigan ayrim va’zxonlar o‘rnida agar havoriylar xudo bo‘lib, ularga u yoki bu tarzda muayyan kuch-qudrat hamda tabiiy xususiyatlar ato etilganda bormi, qoyil qolardim, lekin garchand kuchsiz, har holda yoqimli bir yo‘sinda jonivorlar qiyofasidagi o‘zimizning yevangelchilar harqalay buning o‘rnini to‘ldirib turishibdi.
Meni va boshqalarni, bo‘layotgan barcha voqealarni, og‘zidagi luqmani istar-istamas chaynayotgan Hesseni hamda mehmonxonaning boshqa qo‘noqlarini kuzatib turgan kurortchi va ishiatik bemor Hesse emas, balki keksaygan, jamiyatga hartugul xusumat ruhida munosabatda bo‘lgan darvesh, g‘alati va qiziq tabiatli Hesse, safar va sayohatlar, kapalak va kaltakesaklar ishqibozi, shoir, qadimiy kitoblar va dinlar ixlosmandi, o‘zini dunyoga dadil va qat’iy qarshi qo‘ya olgan, fuqarolik to‘g‘risidagi guvohnomani olish uchun ma’murlar huzuriga borishni yoki hatto ro‘y-xatga olish varaqasini shunchaki to‘ldirishnida azob deb bilgan o‘sha Hesse edi. Bu qariya keyingi paytda jamiyatdan bir qadar uzoqlashgan va o‘sha yo‘qotilgan “men” birdan yana paydo bo‘lib, bizni kuzatayotgan ekan. U kurortchi Hessening ishtahasi yo‘qligidan sanchqi bilan istar-istamas, qorni ochmagan bo‘lsa ham, ajoyib baliqni maydalab, domangir bir alfozda qiyshaygan lunjiga birma-bir solayotganini ko‘rib turardi; uning hech qanday zaruratsiz va hech bir ma’nisiz stakan hamda tuzdonni nari-beri surayotganini, oyoqlarini stul ostiga dam yig‘ib, dam uzatayotganini; shuningdek, zaldagi boshqa mehmonlar ham xuddi shunday qilishayotganini ko‘rib turardi, metrdotel va do‘ndiqqina ofitsiant qizlar zerikkan manovi odamlarga, garchi ularning hech biri och bo‘lmasa ham, qanchalik e’tibor hamda g‘amxo‘rlik bilan xizmat ko‘rsatib, qorinlarini to‘yg‘azishayotganini, tashqarida esa, zalning gumbaz shaklidagi baland dabdabali derazalari ortidagi boshqa bir olamda, osmonda bulutlar suzib yurganini ham kuzatib turardi. Bularning barchasi maxfiy kuzatuvchiga nogahon g‘oyat g‘alati, kulgili va hatto bir qadar vahimali tomosha bo‘lib tuyuldi, manovi zerikkan, ishtahasi bo‘g‘ilgan Hesse va uning dilgir sheriklari o‘tirgan zal – o‘zi yo‘g‘u xayolan mavjud bo‘lgan odamlarning mum haykallaridangina iborat qandaydir qo‘rqinchli va qotib qolgan kabinetday ko‘rindi. Naqadar kulgili, naqadar ahmoqona edi mazkur tantanavor tomosha, behisob ovqatlar, chinni hamda billurlar, non, may va xizmatkorlar – bularning barchasi manovi bir hovuch qorni to‘q kurortchilar uchun edi, ularning zerikishi-yu, g‘am-g‘ussalariga esa na taom, na ichimlik va na yuksaklikda suzib yurgan bulutlar manzarasi davo bo‘la olardi.
Lekin faqat kurortchi Hessegina azbaroyi zerikkanidan nima qilishini bilmasdan stakanni qo‘liga oldi-da, lablariga tekizib, hatto ho‘plab ham qo‘ymadi, bu bilan tamaddining barcha dudmal va beixtiyor xayoliy imo-ishoralariga yana biri kelib qo‘shildi, xolos va ikkala “men” bir-biri bilan birlashdi, kamina darhol stakanni joyiga qo‘ydim, birdaniga ich-ichimdan kulgim qistab, qah-qah otib yuborgim keldi, bo‘layotgan barcha voqealarning aslida g‘irt nodonlik ekanini birdaniga, bolalarga xos sof quvnoqlik bilan anglab yetdim. Xuddi shu lahzada menda shunday bir tasavvur paydo bo‘ldiki, go‘yo manovi kasal, zerikkan, noziktabiat va lanj odamlar bilan to‘la mana shu zalda, xuddi ko‘zgudagidek, bizning butun madaniylashgan hayotimiz, go‘yoki o‘rnatilgan relslar bo‘ylab zo‘rma-zo‘raki borayotgan, Tangri hamda samodagi bulutlar bilan har qanday aloqadan mosuvo g‘amgin, kuchli istaklarsiz hayot aks etgandek edi. Shu asnoda yuz minglab qahvaxonalar haqida, ulardagi dog‘-dug‘ bosgan marmar stolchalar, shahvoniy hirs qo‘zg‘aydigan shirin va achchiq musiqa haqida, mehmonxonalar va idoralar, butun arxitektura, musiqa, bugungi insoniyatning odatlari haqida o‘ylarkanman, bularning barchasi qiymat va ahamiyat jihatidan baliqni yegim kelmay sanchqida titkilab, zalga loqayd nigohim bilan bema’ni tikilib o‘tirishimga benihoya monand ko‘rinib ketdi. Lekin barchasi – oshxona va bizning olam, kurortda dam oluvchilar va butun insoniyat, – barchasi aslo dahshatli va fojiali emas, balki faqatgina aqlga to‘g‘ri kelmaydigan darajada kulgili bo‘lib tuyuldi. Kulvorsang bas – sehr-jodu yo‘qoladi, barcha murakkab mexanika mayda-mayda bo‘lib ketadi va Tangri, qushlar, bulutlar zerikarli zalimizdan suzib o‘tadi-yu, biz – kurortdagi ma’yus qo‘noqlar koinotning ko‘rkam stoli atrofida paydo bo‘lib, Yaratganning quvnoq mehmonlariga aylanamiz.
Boya aytganimdek, xuddi shu soniyada shoshib stakanni joyiga qo‘ydim, ich-ichimdan shunaqangi kulgim keldiki, arang o‘zimni bosib qoldim. Eh, eslasam, bolaligimizda ham shunga o‘xshash voqealar tez-tez ro‘y berardi, qayerdadir, sinfdami yoki cherkovdami, stol atrofida o‘tirgan paytingda shunday bo‘lardiki, ko‘zlaringdan tortib, to burningga qadar shunaqangi bir kuchli kulgi bosib keladi, biroq muallim oldida, ota-onang oldida, qolaversa, tartib-qoida degandek, kulish mumkin emas va sen shunda qandaydir yo‘l bilan kulgingni yengishing lozim. Muallimlarimiz va ota-onalarimizning gaplariga unchalik ishonmasak-da, baribir ularga bo‘ysunib, itoat qilar edik, lekin bizni o‘sha davrlarda va hozir ham nihoyatda hayratga solib kelgan va kelayotgan narsa shuki, ular o‘z tartib-qoidalarini, diniy ta’limot hamda pandu nasihatlarini mustahkamlash uchun obro‘-e’tiborli shaxs sifatida aynan Iso nomini dalil qilib keltirardilar, u esa bolalarni ma’sum, begunoh deb bilgan. Nahotki Iso bu bilan faqatgina ibratli bolalarni nazarda tutgan bo‘lsa?
Bu gal ham o‘zimni kulgidan arang tutib qoldim. Jimgina o‘tiribmanu, tomog‘im bo‘g‘ilib, burnim qichib ketayapti, bundan qutulish uchun biron-bir chora izlayapman. Nima qilsam ekan, balki yonimdan o‘tayotganida metrdotelni asta chimchib olsammikin yo ofitsiant qizlarga stakandan suv sepvorsammikin? Yo‘q, harqalay, bu mumkin emas, bunaqangi narsalar bundan o‘ttiz yil ilgari qanday bo‘lsa, hozir ham shunday, taqiqlangan.
O‘y surib o‘tiribman, kulgi esa naq bo‘g‘zimga yetib keldi. Shunda to‘g‘ri oldimdagi qo‘shni stolchaga ko‘zim tushdi, u yerda notanish, sochlari oqargan, ko‘rinishdan xasta bir xonim o‘tirardi; yonida – devorga suyalgan hassasi, o‘zi qo‘lsochiq halqasini shunchaki ermak uchun o‘ynab o‘tiribdi, chunki bu paytda navbatdagi taom kutilayotgan, hamma o‘zi bilan o‘zi andarmon edi. Bittasi eski gazetani berilib o‘qirdi; uni ilgari necha marta o‘qib chiqqan bo‘lsa ham, janob prezidentning betobligi haqidagi xabar bilan olimlardan tashkil topgan komissiyaning Kanadadagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni, yana qaytadan o‘qish bilan band edi. Sal narida o‘tirgan qariqiz oyimcha esa, istikondagi suvga kukunni aralashtirar, chamasi, ovqatdan so‘ng darhol dori ichish uchun tayyorgarlik ko‘rardi. U nimasi bilandir ertaklardagi ko‘pincha jozibali, ko‘rkam ayollarga ziyon yetkazish uchun sehr-joduli og‘uni aralashtirib beradigan qo‘rqinchli xotinlarni yodga solardi. Bashang kiyingan, horg‘in qiyofali janob, xuddi Turgenev yoki Tomas Mann romanlari sahifalaridan chiqib kelgandek, devordagi manzaralardan birini mahzun nafosat bilan ko‘zdan kechirardi. Hammasidan ham menga o‘zimizning polvon xotin ma’qul ko‘rindi: chunki u doimgidek o‘zini bekamiko‘st ko‘rsatar, oldida bo‘sh likobcha, na tajang, na zerikkan qiyofada edi. Yana bir afandim bo‘lsa, serajin, bo‘yni baquvvat, jiddiy, ko‘rinishdan himmatli, stulda savlat to‘kib o‘tirardi, ko‘rib naq sud maslahatchisi deysiz, vajohati shunday ediki, go‘yo hozirgina o‘z jonajon o‘g‘lini o‘lim jazosiga hukm qilgandek, aslida esa, atigi likopcha to‘la sabzavotni paqqos tushirgan edi. Bizning qizil yuzli paj janob Kesselring, garchi bir oz qarimsiq va xira tortgan bo‘lsa-da, bugun ham olijanob va qip-qizil ko‘rinardi; aftidan, sal tobi qochib turibdi, shekilli, bolalarga xos yuzidagi kuldirgichi, ko‘krak cho‘ntagidan chiqib turgan g‘alati otkritkalarga o‘xshab, noo‘rin va nomunosib tuyulayapti. Naqadar bema’ni va beo‘xshov edi bularning barchasi! Nega hammamiz bu yerda qo‘l qovushtirib o‘tiribmiz, tirjayib nimani kutayapmiz o‘zi? Qorin qurg‘ur allaqachon to‘ygan bo‘lsa, nega endi yana ovqat yeyishimiz, keyingi taomni ham kutishimiz kerak? Nega Kesselring poetik sochlarini kichkinagina cho‘ntaki cho‘tkacha bilan tekislaydi, cho‘ntagida nega o‘sha telba-teskari otkritkalarni olib yuradi va nega bu cho‘ntakka shoyi astar solingan? Bularning barchasi shu qadar tushunarsiz, haqiqatga xilof va nihoyatda kulgili ediki…
Shunday qilib, men o‘sha keksa xonimning yuziga tikilib qoldim. Shunda u birdan qo‘lidagi xalqani bir chetga qo‘ydi-da, menga qaradi va biz bir-birimizga baqrayib turib qoldik. Yuzimga beixtiyor kulgi yoyildi, o‘zimni to‘xtatolmadim, xonimga qarab benihoya samimiyat bilan iljaydim. Xonim kaminani nima deb o‘yladiykin, – bilmadimu, ammo-lekin bunga ajoyib bir yo‘sinda javob qaytardi. Avvaliga tezda qovoqlarini uydi va yana shoshilib qo‘liga ermagini oldi, biroq endi u oromini yo‘qotgan va kaminaning sinchkov nigohim ostida bora-bora qaltirab, ajib titrab borardi. Nihoyat, xonim kulib yubordi! Aft-basharasi burishib, bo‘g‘riqib, men zavqlantirgan kulgi bilan olishardi! Shunday qilib, ikkovimiz, boshqalar tasavvurida yoshi ulug‘ keksa kishilar xuddi partadosh o‘quvchilar singari to‘g‘ri oldimizga qarab, bir-birimizga ko‘z qiri bilan tikilib turardik, yuzlarimiz esa kulgining zo‘ridan burishib ketgandi. Tushlik qilib o‘tirganlardan ikki-uch kishi buni sezib, kulimsib qo‘ydilar; shunda birdaniga, xuddi derazani yorib kirgandek, davramizga oq-havorang osmon kelib qo‘shildi, bir necha daqiqa ichida butun zalga quvnoq-kulgili kayfiyat yoyilib, har bir kishi va har birimiz, akang qarag‘ay kurortdaman, deb gerdayib, zerikib, xunobimiz oshib, qanchalik ahmoq bo‘lib o‘tirganimizni dil-dildan his etdik.
Shu daqiqadan boshlab, yana kayfiyatim ko‘tarildi, endi men o‘z xastaligini davolashga kelgan shunchaki oddiy kurortchi emasdim, balki o‘sha xastalik va davolanish masalasi nima uchundir ikkinchi darajali bo‘lib qolgan edi. Ilgarigidek joning og‘riydi, lekin iloj qancha. Xudo olsin, kasal bo‘lsam nima qipti; yaxshisi, uni – kasallikni o‘z holiga qo‘yaman, bilganini qilsin, axir kun bo‘yi uni erkalab, ko‘ngliga qarash uchun yashamayman-ku.
Tushdan so‘ng turqi sovuq sheriklarimizdan biri, fikrlari mo‘l-ko‘l janob tinmay gapirib, kaminani bezor qilib yubordi. U avval ham bir necha marta gazetalarini ko‘rsatib, xira pashshaday yopishib olgan edi; yaqindagina bo‘lib o‘tgan maktabdagi ta’lim-tarbiya masalasi xususidagi uzundan-uzoq va zerikarli suhbatda men uning sinalgan barcha nuqtai nazar hamda fikrlarini irodasizlik qilib, hech bir e’tirozsiz ma’qullagan edim. Mana endi bu odam yo‘lakdagi doimiy “pistirma”sidan to‘g‘ri men tomon chiqib kelib, yana yo‘limga to‘g‘anoq bo‘ldi.
– Salom, – dedi u, – bugun ja kayfingiz chog‘!
– Bo‘lmasam-chi, – dedim men. – Tushlik qilayotib, osmonda bulutlar suzib yurganini ko‘rdim, modomiki, shu paytgacha ularni qog‘ozdan yasalgan, zalning me’moriy bezaklari bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim, qarasam, haqiqiy bulutlar ekan, ko‘rib juda xursand bo‘ldim. Ko‘z o‘ngimda uchib ketishdi, birortasida raqam yo‘q, hatto narx yorlig‘i ham ko‘rinmadi. Haqiqat bor ekan-ku, yana tag‘in Badenda-ya! Qoyil!
O, so‘zlarimni eshitib, janobning yuzi biram burishib ketdi-ki!
– Shunaqa deng, – dedi u cho‘zib, bunga deyarli bir daqiqa vaqt ketdi. – Demak, siz hali haqiqat yo‘q, deb yurarkansiz-da! Unda so‘rashga ijozat etsangiz, haqiqat deganda siz o‘zi nimani tushunasiz?
– O, falsafa-ku, – davom etdim men, – bu albatta, murakkab savol. Ammo unga oddiygina qilib javob berishim mumkin. Haqiqat deganda, taqsir, kamina odatda “tabiat” deb ataladigan narsaning o‘zini tushunaman. Haqiqat deganda, bu yerda, ya’ni Badenda bizni doimiy o‘rab turgan muhit, kurortdagi g‘iybat, yolg‘on-yashiq gaplar va kasalliklar tarixi, revmatik romanlar hamda podagrik dramalar, sayri bog‘laru kontsertlar, taomnoma va dasturlar, hammomchi-yu, kurortchilarni nazarda tutmayman, harholda.
– Demak, bundan chiqdi, siz uchun kurortchilar ham voqelik emas ekan-da, shundaymi? Masalan, deylik, hozir siz bilan gaplashib turgan mana men ham haqiqiy emasmanmi?!
– G‘oyat afsusdaman, janob, albatta, sizni zinhor xafa qilmoqchi emasdim, ammo-lekin siz haqiqatan ham voqelikdan mahrum odamsiz. Anglashimcha, siz o‘sha, idrok etilgan narsani voqeiy kechinmaga aylantiradigan asosiy xususiyatlardan mahrum odamsiz. Albatta, siz yashayapsiz, afandim, buni inkor etmoqchi emasman, biroq mening ko‘z o‘ngimda zamon va makon voqeligi yetishmayotgan tubanlikda yashamoqdasiz. Demoqchimanki, umringiz qog‘oz, pul va kredit, axloq-odob, qonun, ruh, dalda, hurmat-ehtiromdan iborat bo‘lgan tubanlikda kechmoqda, siz zamon va makon nuqtai-nazaridan ezgulikka, aql va qat’iy imperativga sherik va ehtimol, hatto kapitalizmga ham yaqin bo‘lib chiqarsiz. Ammo sizda meni har qanday tosh yoki daraxt, har qanday cho‘lbaqa, har qanaqangi qush yoki parranda ishontira oladigan darajadagi voqelik yo‘q. Janob, men sizni benihoya hurmat qilishim, sizni ma’qullashim, rad etishim yoki siz bilan kelishishim mumkin, lekin sizni his eta olishimning iloji yo‘q, sizni umuman yaxshi ko‘rib ham bo‘lmaydi. Siz, albatta, o‘z qarindoshlaringiz, hurmatli yaqin kishilaringiz taqdiriga sherik bo‘lmoqdasiz – yaxshilik, aql, qat’iy imperativ va insoniyatning boshqa eng yuksak orzu-istaklariga qo‘shilmoqdasiz. Siz olijanob odamsiz. Biz siz bilan faxrlanamiz. Ammo-lekin siz haqiqiy emassiz.
Bu so‘zlarni eshitib, janobning ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi.
– Xo‘sh, mabodo siz hozir basharangizda bexosdan mening kaftimni his qilsangiz, o‘shanda haqiqiy ekanligimga ishonch hosil qilgan bo‘larmidingiz?
– Modomiki, bunday tajribaga jur’at etar ekansiz, unda birinchidan, o‘zingizga ham yomon bo‘ladi, chunki men sizdan ko‘ra kuchliroqman, qolaversa, ayni daqiqada har qanday ahloqiy to‘siqlardan ham ozodman; bundan tashqari, siz bunday iltifotingiz bilan hech nimaga erisha olmaysiz. Kamina ham tajribangizga javoban o‘z-o‘zimni saqlash uchun ajoyib apparatimni ishga solishim mumkin, biroq baribir hujumingiz sizda yurak va shaxs mavjudligiga, haqiqiy ekanligingizga mutlaqo ishontira olmaydi. Agar qo‘lim yoki oyog‘im bilan ikki elektr qutblari orasidagi bo‘shliqni to‘ldiradigan bo‘lsam, unda o‘zimni ham elektrsizlantirishga duchor qilgan bo‘laman, biroq elektr tokini xuddi o‘zimdek jon, zot deb, qabul qilish aqlga to‘g‘ri kelmaydi.
– G‘irt artist ekansizu, nimayam derdim, sizdaqalarga har narsa mumkin. Sirtdan qaraganda, ruh bilan mavhum tafakkur sizga manfur tuyuladi, shekilli, ular bilan urishib-tortishasiz. Iltimos, marhamatli bo‘ling. Siz yozuvchi odamsiz, endi boshqa ko‘pgina fikr va mulohazalaringiz nima bo‘ladi? Menga sizning ko‘plab bayonot, maqola va kitoblaringiz ma’lum, ularda siz aynan teskari targ‘ib qilib, o‘zingizni aql va tasodiflardan mahrum tabiatning emas, balki aql va ruh tarafdori deb e’lon qilasiz va bu bilan g‘oyani himoya qilib, ma’naviyatni eng yuksak, oliy qonun, deya e’tirof etasiz. Xo‘sh, buyog‘i endi qandoq bo‘ldi?
– Nahotki? Shunday debmanmi? Nimayam derdim, bo‘lishi mumkin. Bilasizmi, hamma balo shundaki, men hamisha o‘z-o‘zimga zid yo‘lni tanlayman. Voqelik har doim shunday kechadi, ruh esa – yo‘q, ezgulik ham, jumladan, siz ham, unchalik hurmatli bo‘lmagan janob. Misol uchun, deylik, jaziramada terlab sayr qilib kelgach, men bir krujka suv yoki suvni dunyodagi eng buyuk ne’mat, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi fikrga berilishim mumkin. Oradan chorak soat o‘tgandan so‘ng, tashnaligim qongach, menda yeyish va ichishga bo‘lgan har qanday qiziqish barham topishi turgan gap. Ovqat, uyqu, fikrlash xususida ham xuddi shunday mulohaza bildirish mumkin. ”Ruh” degan narsaga munosabatimga kelsak, uni yeyish va ichishga bo‘lgan munosabatim bilan batamom bir xil desam ham bo‘ladi. Ba’zan menga dunyoda ruh, mavhumot mumkinligi, mantiq va g‘oyadan ko‘ra jozibaliroq va zarurroq hech nima yo‘qdek tuyuladi. Ularga to‘yganimdan so‘ng, butunlay qarama-qarshi va zid narsalarga ehtiyoj hamda tashnalik sezaman, endi har qanday ruh, go‘yo aynigan taomdek ko‘nglimni behuzur qiladi. O‘z tajribamdan bilamanki, bunday xatti-harakat go‘yo irodasizlikdan dalolat berarmish va g‘irt tentaklik ham emish, buning ustiga nojo‘ya sanalarmish, lekin bunga sabab nima, hecham tushunolmadim. Negaki, ovqat yeyish bilan ro‘za tutishni, uyqu bilan bedorlikni muttasil almashtirishga qanday majbur bo‘lsam, tabiat bilan ma’naviyat o‘rtasida, tajriba bilan mavhumot, tartibot va inqilob, katoliklik bilan reformatsiya ruhi o‘rtasida u yoqdan bu yoqqa uzluksiz ravishda xuddi shunday yo‘l tutishga majburman. Inson o‘zining butun hayoti davomida har doim va muttasil tarzda ruhni hurmat qilib, tabiatdan nafratlansa, muttasil inqilobchi bo‘lsa-,yu hech mutaassib bo‘lmasa yoki aksincha bo‘lsa, garchi bu ish menga xiyla ezgulik, iroda va sabot-matonatdek ko‘rinsa-da, biroq shunisi ham borki, odam doim faqat ovqat yeyishni yoki doim faqat uxlashni xohlagani singari nihoyatda dahshatli, jirkanch hamda aqlsizlik bo‘lur edi. Ammo shunga qaramasdan barcha siyosiy va ma’naviy, diniy hamda ilmiy birlashmalar go‘yo mana shunday aqlsiz xatti-harakat ham bo‘lishi mumkin, go‘yo u tabiiy, degan farazga asoslanadilar! Mana, o‘zingiz ham, taqsir, bir paytlar ruhga qizg‘in muhabbat bilan uni kuchli, har narsaga qodir, deb hisoblab, boshqa payt esa – ruhdan nafratlanib, uni la’natlab, tabiatning ma’sumligi va mo‘l-ko‘lligiga murojaat qilishimni noto‘g‘ri, deb hisoblayapsiz-ku! Xo‘sh, nega? Nima uchun siz tabiiylikni irodasizlik, sog‘lomlikni nojoiz deb, hisoblaysiz? Agar buni menga tushuntirib bera olsangiz, barcha moddalar bo‘yicha yengildim deb, bajonidil ham og‘zaki, ham yozma ravishda guvohlik berib, tasdiqlayman. Va o‘zimda qancha bo‘lsa, sizda ham shuncha haqiqiylik mavjud, deya tan olib, sizni butun bir voqelikning shon-shuhratiga burkayman. Lekin aminmanki, menga buni tushuntirib bera olmaysiz! Siz mana turibsiz, nimchangiz ostida shubhasiz taomlardan iborat tushlik bor, ammo yurak degan narsa yo‘q, mohirona o‘xshatib ishlangan bosh suyagingizda garchi ruh bo‘lsa-da, lekin tabiat yo‘q. Eh, sizni qarang-u, revmatik kurortchi, sizdaqangi xayoliy-kulgili odamni hecham ko‘rmaganman! Qarang, azizim, yoqangizning qog‘ozi ham ko‘rinib qopti, chok-chokingizdan ruh degani chakillab tomib turibdi, ammo ichkarida gazeta va soliq pattasi, Kant, Marks va Aflotun, hamda daromad jadvalidan boshqa hech vaqo yo‘q! Puf desam, uchib ketasiz! Mahbubam yoki bo‘lmasam hatto eng oddiy sariq navro‘zgul haqida o‘ylasam bo‘ldi, sizni voqelikdan butkul surib tashlashga shuning o‘zi kifoya! Siz buyum emassiz, odam ham emassiz, siz – g‘oya, zerikarli mavhumotsiz!
Shu payt bir oz qizishib ketib, u nusxaga haqiqiy emasligini isbot qilish uchun bir musht tushirgan edim, shu ketganicha yo‘q, g‘oyib bo‘libdi. O‘zimga kelib, bundoq qarasam, boshyalangman, uydan shlyapasiz chiqqan ekanman, daryoning kimsasiz sohilida turibman; ajoyib daraxtlar ostida bir o‘zim yolg‘iz, atrofda suv shovillab, to‘lqinlar mavj urardi. Shunda yana birdan ruh qarama-qarshiligiga berildim, tasodifning bema’ni va betartib olamini, nur o‘yini va nimqizg‘ishrang qum uzra soyalarni hamda tezoqar suvning cheksiz ohanglarini benihoya sevib, yaxshi ko‘rib qoldim. Eh, qanchalar tanish kuylar edi ular! Esimga tushdi, kunlarning birida Hindistonda, daryo qirg‘og‘ida sherigim, ismi hozir yodimda yo‘q, qayiqchi chol bilan yonma-yon, bundan ming yil muqaddam, birlik haqidagi fikrdan sarmast va rang-baranglik hamda tasodif o‘yinidan zavqlanib o‘tirardim. Mahbubam haqida, uning bir tutam sochi ostidan ko‘rinib turgan bejirim quloqchasi haqida o‘ylardim, o‘ylardimu, o‘zim qachonlardir aql va g‘oya yo‘lida bunyod etganim barcha sajdagohlardan voz kechib, mana shu yarmi ko‘rinib turgan sirli quloq suprasi sharafiga yangitdan mehrob qurishga chin dildan tayyor edim. Dunyo birlik ekanligi, shu bilan birga xilma-xillikka to‘la, chiroy faqat foniylikda mumiknligi, rohat-farog‘at esa faqat osiy bandasiga nasib etishi, – shu va shunga o‘xshash boshqa yuzlab eng teran va haqiqatlar uchun ramz hamda muqaddas dalil sifatida Izida, Vishnu va nilufargul bilan bir qatorda mana shu go‘zal quloqcha ham xizmat qila olishi mumkin edi.
Shundoq ostimda, toshloq o‘zanda daryo betinim shovillar, chinorlarning olachipor tanalari uzra yog‘du sochayotgan qiyom chog‘idagi quyosh yanglig‘ kuylardi! Yashash qanday yaxshi! Oshxonadagi o‘sha bema’ni kulgi istagi ham o‘tib ketgan va unut bo‘lgan, ko‘zlarimda yosh qalqir, muqaddas daryo shovqini kaminaga kelajakdan xabar berguvchi dono alomat sifatida jaranglar, qalbim tinchlik va shukronalik tuyg‘ulariga to‘la edi. Chinorlar ostida uzoq sayr qilganimdan so‘nggina kaminaga o‘zim keyingi paytlarda yashagan tubsiz tushkunlik va chigalliklar, azob-uqubatlar va bemazagarchiliklar olami yarq etib ochildi! E xudoyim, qanday ayanchli tomosha bo‘ldi bu – irodasiz, razil, qo‘rqoq kimsaga aylanib qolish ham hech gap emas ekan! Birozgina betoblik va og‘riqlar, ikki-uch haftalik kurort hayoti, uyqusizlik deb, g‘am-g‘ussa va umidsizlikka tomog‘imdan botib qolibman-ku. Hindiy ma’budlarning ovozlarini tinglay olgan mendek odam-a! Yovuz sehr-jodularning, nihoyat barbod bo‘lgani qanday yaxshi, men yana havo, quyosh nurlari va voqelik og‘ushidaman, yana ilohiy ovozlarni eshitayapman, qalbimda yana izzat-ikrom va muhabbat tuyg‘ulari jo‘sh urmoqda! O‘tgan ana shu g‘amgin kunlarni bir-bir eslab, xayoldan o‘tkazarkanman, ham ranjirdim, ham hayron qolardim, oxirida esa meni o‘rab-chirmab olgan ana shu barcha arzimas ko‘ngilsizliklar ustidan shunchaki kulib qo‘yaqoldim. Yo‘q, endi men uchun kurzalga va hatto qadr-qimmat shu qadar to‘lib-toshgan qimorxonaga borishning ham keragi yo‘q; endi o‘z vaqtimni qayerga va nimaga sarflay deb, boshim qotmaydi. Sehr-jodulardan batamom qutuldim.
Mana endi, davolanishning tugashiga bir necha kun qolganda, bu narsalar qanday ro‘y berishi mumkin deb, tanamga o‘ylab ko‘rayapman va tushkunligim hamda barcha uyatsiz kechinmalarim sabablarini izlab, aniqlash uchun ushbu xotiralarimning istalgan sahifasini ochib, o‘qib ko‘rish kifoya qilmoqda. Bunga o‘zimning xayolparastligim, orzu-havaslarga o‘chligim, kaminada odob-axloq va burjuylikning yetishmovchiligi sabab emas, balki ish o‘zi aksincha edi. Aynan o‘zim haddan ziyod xushaxloq, odobli, haddan ortiq mulohazali, haddan tashqari burjuy edim! Yuz martalab yo‘l qo‘ygan eski, azaliy xatoimga har safar achchiq afsus-nadomatlar qilardim, mana bu gal ham shunday bo‘ldi. Kamina me’yorga moslashmoqni ixtiyor qildim, hech kim qo‘ymagan talablarni ado etmoqni va o‘zgacha qiyofada ko‘rinmoqni istadim. Oqibatda esa yana o‘z jonimga, hayotimga jabr qildim. Xullas, boshqacha odam bo‘lmoqchi edim. Qanday qilib deysizmi? O‘z ishiasimni kasbga aylantirib, mehmonxonaning burjuycha muhitiga moslasha oladigan ishiatik va kurortchi rolini o‘ynay boshladim. Qarasam, Badenga, davolanishga, atrofimdagi muhitga, bo‘g‘imlardagi og‘riqlarga haddan ortiq ahamiyat bervoribman; ana shu davolanish kursiga chidash va albatta sog‘ayib chiqishni miyamga quyib oldim. Mehr va muruvvat yo‘li bilan erishish mumkin bo‘lgan narsani tavba-tazarru, kaforat, riyokorlik, vanna, tahorat va shifokor yordamida hamda brahmanlar afsuni orqali qo‘lga kiritmoqchi bo‘ldim.
Doim bo‘lganim shu. O‘zimcha o‘ylab topganim ajoyib vanna psixologiyasi, – iliq suvda yotvolib, – buyam bo‘lsa bir fokus, nayrang, hayotni fikran qamrab olishga urinish edi; bu ham muqarrar tarzda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Kamina bir zamonlar shunday deb o‘ylardim, endi esa hech qanday ishiatiklar falsafasining vakili ham emasman, umuman, bunaqangi falsafaning o‘zi yo‘q. Shuningdek, so‘zboshida yozganim ellikyoshlilar donishmandligi ham yo‘q narsa. Ehtimol, bugungi fikr-mulohazam bundan yigirma yil ilgarigisidan bir qadar farq qilishi mumkin, lekin his-tuyg‘u va mazmun-mohiyat, istak va umidlar o‘zgarmagan, na aqlliroq va na bema’niroq bo‘lib qolmagan. Hozir ham xuddi o‘sha paytdagidek, dam bolaga aylanishim, dam cholga aylanishim, goh ikki yashar bo‘lib qolishim, goh esa mingga kirishim ham mumkin. Cheklangan dunyoga moslashishga, ellik yoshli ishiatikni tasvirlashga bo‘lgan urinishlarim ishias bilan Badenga ruhiyatim yordamida ko‘nikish yo‘lidagi sa’y-harakatlarim singari samarasiz qolib ketdi. Najot sari esa ikki yo‘l mavjud edi: taqvodorlar uchun taqvo yo‘li, gunohkorlar uchun rohat-farog‘at. Men, osiy banda, arzimagan narsani deb, taqvodorlikka urinibman va yana xatoga yo‘l qo‘yibman. Bu yo‘lda hech qachon omadim yurishmaydi. Malham – taqvodorlar uchun, biz, gunohkorlar uchun emas, taqvodorlik, bu – og‘u, u bizni darg‘azab qiladi. Ko‘rinib turibdiki, menga yozuvchi sifatida ma’naviy sohada dunyoni san’at yo‘li bilan emas, balki tafakkur ila egallashda har gal qaytadan urinish buyurgani kabi yana shunday urinishlarga qo‘l urish, yana shundayin xatolarga yo‘l qo‘yish nasib etgan ekan. Kamina mana shunday uzoq va mashaqqatli, yakka-yolg‘iz safarlarga yana va yana otlanaveraman, aql va sabot bilan nimagadir erishishga harakat qilaveraman, biroq barcha urinishlarim nimagadir har doim azob va umidsizlik bilan yakun topaveradi. Ammo har gal o‘lim ortidan dunyoga qayta tug‘ilasan, menga hamisha rahm-shafqat kulib boqadi, azob, og‘riq va umidsizliklarga chidash mumkin bo‘ladi, adashishu, sargardonliklar sira zoye ketmaydi, mag‘lubiyatlar qimmatli, chunki ular meni Ona bag‘riga qaytarib, mehr va marhamatni qayta boshdan kechirishimga imkon berdi. Shunday, endi o‘zimga o‘zim nasihat qilishim bas, aqliy va ruhiy harakatlarimni, sog‘ayishga bo‘lgan urinishlarimni, mag‘lub hamda tushkun holatlarimni ortiq yozg‘irmayman, hech narsaga afsuslanmayman va o‘zimni boshqa ayblamayman ham. Hammasi baxayr bo‘ldi. Yana Tangri ovozini eshitayapman, endi hammasi yaxshi. Hozir o‘sha o‘zim yashagan 65-xonaga ko‘z tashlasam, qandaydir g‘alati bo‘lib ketaman; undan ajralish haqida o‘ylasam, bu xonaga allaqanday mehrim tovlanib ketadi va ayriliq oldindan og‘riq uyg‘otadi. Shu yerda, mana shu stolcha atrofida o‘tirib, qanchadan-qancha sahifalarni yozib to‘ldirganman, qimmatli bir nima qilayapman deb, ba’zan quvonib ham qo‘yganman, ba’zan esa – ishonchsizlik va ma’yuslikka berilgan bo‘lsam ham baribir tushunish va tushuntira olishga, hechqursa chin dildan tavba qilishga urinib, ishga batamom ko‘milganman! Manovi oromkursida o‘tirib, Jan Polni qanchalar suyib mutolaa qilganman! Xonaning taxmonsimon o‘rnida turgan mana shu karavotda necha-necha soatlarni, qanchadan-qancha tunlarni bedor o‘tkazganman, xayol ummoniga cho‘mib, o‘z-o‘zim bilan tortishib, dam o‘zimni oqlab, dam azob-uqubatlarimni muammo va jumboq sifatida anglab, ularning qachonlardir, bir kunmas bir kun albatta yechilajagiga umid qilganman! Bu yerda notanish kishilardan qanchalab xatlar olganman va qanchadan-qancha notanish odamlarga maktublar yozganman, ular kitoblarimdagi “men”im yaqin tuyulganidan o‘z fikrlarini bildirib, savollar yo‘llashgan, ular inson e’tiqodi deganda nimniki izlagan bo‘lishsa, kamina ham o‘z ijodim va e’tiroflarimda aynan shu narsani: oydinlik, tasalli-taskin, dalillar va yangi quvonch, sof beg‘uborlik, hayotga yangicha muhabbatni qidirib, izlanib kelmoqdaman! Bu xonada menga qanchadan-qancha fikr-g‘oyalar, qandayin kayfiyatlar, qancha shirin xayollar oshno bo‘lmadi deysiz! Bu yerda, yoqimsiz tonggi horg‘inlikni yengib, vanna qabul qilish uchun o‘zimni arang turishga majburlar, zirqiraydigan, bukilmaydigan bo‘g‘imlarda o‘limni oldindan sezib, foniylikning tahdidli alomatlarini payqay olardim; o‘tgan ko‘plab ajoyib kechalar og‘ushida xayollarga berilar yoki nuqul gollandiyalik bilan olishib chiqardim. Shu yerda, o‘sha baxtiyor kunda “Ruhiyat”ga yozgan so‘zboshimni mahbubamga o‘qib berganimda u o‘zi ham yaxshi ko‘radigan Jan Polga ko‘rsatilgan ozgina ehtiromdan xursand bo‘lgan, va nihoyat, Badenda o‘tgan vaqtim, shu davolanish, shu tanazzul, ichki muvozanatimdagi barcha yo‘qotganlarim va topganlarim men uchun muhim bosqich edi.
Afsus, mana shu mehmonxona nomeriga bundan uch yoki to‘rt hafta burun mehr qo‘yib, bog‘lanib qolmagan ekanman! Iloj qancha, endi nimayam qila olardim. Yaxshi, garchi kech bo‘lsa ham mana shu nomer bilan mehmonxonani, gollandiyalik bilan davolanishni yaxshi ko‘rib qolib, ular bilan do‘stlashib oldim. Badendagi davolanish muddatim oxiriga yetayotgan bir paytda mundoq o‘ylab ko‘rsam, kurort ham aslida yomon joy emas ekan, bu yerda endi oylab yashay olsam kerak. Ha, bu yerda o‘z-o‘zimga qarshi, aql-idrokka qarshi, kurort hayotiga qarshi, shuningdek, mehmonxonadagi qo‘shnilar va oshxona stoli atrofidagi sheriklarga qarshi qilgan ko‘plab gunohlarimni aqalli bir oz bo‘lsa-da, yuvishim kerak edi. Axir, pessimizmga o‘ta berilgan ba’zi bir kunlarimda hatto doktorning samimiy umidbaxsh so‘zlariga ham shubha qilmaganmidim? Yo‘q, bu yerda hali ko‘pgina xatolarimni tuzatishim kerak. Misol uchun, janob Kesselringning sirli suratlar galereyasidan ma’ni topishni menga kim qo‘yibdi? Qanaqangi nasihatgo‘yman o‘zi? Go‘yo o‘zimning g‘alati fe’llarim yo‘qdek, buni hamma biladi-ku. Nega endi o‘sha himmatli serajin janob qiyofasida aynan burjuy, xudbin va o‘zbilarmon, o‘ziga ishongan hakamni ko‘ra qoldim? O‘zimga qolsa, undan odilligidan iztirob chekadigan, qat’iyatligi bois halok bo‘lgan fojiaviy qahramonning kattakon haykaliga taqlid qilib ishlangan rimlikni ham yasab tashlardim. Va hokazo; agar hozirgina bu yo‘lni tark etib, barchasini mehr-shafqatga qo‘yib bermaganimda – yana yuzlab xatolarni tuzatish, yuzlab gunohlaru, yuzlab berahmliklarga tavba qilishim kerak edi. Shuning uchun, mayli, gunohlar gunohligicha qolsin, endi bundan buyog‘iga yangilaridan o‘zi asrasin!
O‘tgan ana shu noxush kunlarga yana bir bor nazar tashlarkanman, uning qa’rida, uzoq-uzoqlarda uvoqqina bir sharpa ko‘rindi: u kurortchi Hesse bo‘lib, rang-ro‘yi o‘chgan, zerikkan, dilgir, jirkanch bir alpozda tamaddi qilib o‘tirar, sho‘ring qurg‘ur yumor va fantaziyadan ham mahrum, to‘yib uxlamaganidan yuz-ko‘zlari qizargan, nursiz, loqayd, ishiasni ham jilovlay olmagan, qaytanga unga yopishib qolgan xasta bir odam edi. Seskanib ketib, yuzimni burdim, keyin qarasam, bechora o‘lib qopti, endi uni hech qachon boshqa ko‘rmayman deb, xursand bo‘ldim. Go‘rida tinch yotsin!
Agar Injil iboralarini pandu nasihatlar sifatida emas, balki inson qalbidagi sir-sinoatlarni nihoyatda teran bilishning ifodasi, deya qabul qiladigan bo‘lsak, baxt haqidagi qachonlardir aytilgan eng dono gaplarning, butun hayotiy donishmandlik va ta’limotning tub mohiyati ushbu so‘zlar zamirida mujassamdir: “O‘z yaqin kishingni o‘zingni sevgandek sev!” Mazkur so‘zlar Tavrotda ham uchraydi. Agar o‘z yaqin kishingni o‘zingdan kamroq sevsang – unda sen xudbin, tamagir, kapitalist, burjuysan, yulg‘ichlik bilan boylik orttirish va hokimiyatga egalik qilish mumkindir, ammo qalbingda quvonch bo‘lmaydi, senga chin dildan eng latif, eng lazzatli shodliklarni buyursin. Bordi-yu, o‘z yaqin kishingni o‘zingdan ortiq sevsang – unda sen nomukammallikka yo‘g‘rilgan, barchani sevishga intilgan sho‘rpeshana noshudsan, o‘z-o‘zingni azob va adovatga qo‘yib, hayoting jahannamga aylanadi, o‘z yog‘ingga o‘zing qovrilib yuraverasan. Aksincha, muhabbatingda muvozanat bo‘lsa, undan yo bundan qarzdor bo‘lmasdan seva olsang, bunday mehr-muhabbat o‘z “men”ingni ham qisib, cheklab, zo‘rlamaydi! Ushbu hikmatda asl baxt-saodat, haqiqiy rohat-farog‘at siri o‘z ifodasini topgan. Istasak, uni hindiychasiga shunday izohlashimiz mumkin: “tat tvam asi”, ya’ni yaqin kishingni sev, chunki bu – o‘zingsan! Eh, haqiqiy dono hikmat bundan allaqancha zamonlar muqaddam ana shunday oddiy, aniq va teran ta’riflangan ekan! Nega endi biz uni doimo emas, balki ahyon-ahyonda, faqat yaxshi kunlarimizdagina eslaymiz, anglaymiz.
Ortga nazar tashlab
Ushbu so‘nggi sahifani yozayotganda Badenda emas, balki uni yangi reja va niyatlar bilan tark etib, yana o‘z dashtimda, yolg‘izlikda va jamiyatda chetda yashamoqda edim. Kurortchi Hesse, xayriyatki, o‘ldi, endi u bilan ishimiz yo‘q. Uning o‘rniga butunlay yangi Hesse paydo bo‘ldi. To‘g‘ri, uning ham ishiasi bor, lekin u xastalikka emas, balki xastalik, ya’ni ishias unga xos xususiyatdir.
Darhaqiqat, Badenni tark etish, u bilan ajralish kamina uchun og‘ir bo‘ldi. Bu yerdagi ko‘p narsalar va kishilarga; o‘z xonamga, mehmonxona sohibiga, daryo sohilidagi daraxtlarga, xayrlashuv oldidan bo‘lgan qabul chog‘ida ham o‘zini munosib tutgan shifokorga; suvsarlarga, xushmuomala va do‘ndiqqina ofisiant qizlar Ryozli, Trudi va boshqalarga; shuningdek, qimorxonaga, ko‘plab sheriklarim – bemorlarning yuz-ko‘zlariga va tashqi qiyofalariga o‘rganib qolgan ekanman, endi bu rishtalarni uzishga to‘g‘ri keldi. Xayr, yaxshi qol, muolajaxonadagi mehribon, hamisha quvnoq va iltifotli hamshira! Alvido, gollandiyalik polvon xotin, alvido, ey och jingalak sochli qahramon Kesselring!
“Tabarruk hovli”ning xo‘jayini bilan bo‘lgan xayr-ma’zur ham juda ko‘ngilli o‘tdi. Mehmonxonani maqtab, minnatdorchilik bildirgandim, u avvaliga jilmaydi, so‘ng, doktor mendan va davolanishimdan ko‘ngli to‘ldimi-yo‘qmi, shuni so‘radi; men unga, shifokor kaminani rosa maqtaganini va mana endi Badenni butunlay sog‘aydim, degan umid bilan takr etayotganimni aytib bergandim, mehmonxona sohibi qo‘lini yelkamga do‘stona qo‘yib, mug‘ombirona muloyimlik bilan shunday dedi:
– Juda yaxshi, ana endi xotirjam boravering! Tabriklayman. Lekin sizga bir gap aytsam, ishonasizmi: siz qaytib kelasiz!
– Qaytib kelasiz, deysizmi? Shu yoqqa, Badengami? – so‘radim men. U esa shodon kulib, dedi:
– Ha-da. Hamma qaytib keladi, sog‘ayganlar ham, sog‘aymaganlar ham; hozircha bari qaytib kelishayapti, harqalay. Endi siz ham bizning doimiy mijozimizga aylandingiz.
Xayrlashuv chog‘ida aytilgan ushbu so‘zlar, albatta, yodimda. Ehtimol u haqdir, balki bir kun yana qaytib borarman. Ammo yana qaytib borsam, endi bu safargidek bo‘lmaydi. Yana vanna qabul qilaman, yana elektr bilan davolashadi, yana avvalgidek yaxshilab boqishadi, balki yana tag‘in ruhiy tushkunlikka tushib, umidsizlikka berilarman, may ichib, ruletka o‘ynarman, biroq endi hammasi butunlay boshqacha, xuddi ovloq pakkamga hozirgi qaytishim oldingilaridan farq qilgandek, boshqacha bo‘ladi. Alohida olib qaralganda, hammasi deyarli bir-biriga o‘xshash, umuman olganda esa yangicha va o‘zgacha bo‘ladi, boshqa yulduzlar ostida kechadi. Negaki hayot arifmetik vazifa yoki geometrik shakl emas, balki mo‘jizadir. Butun hayotim mobaynida shunday bo‘lgan: barchasi, o‘sha qayg‘u-quvonchlar, o‘sha istak, o‘sha vasvasalar hammasi qayta takrorlanavergan; peshonamni eshik tepadoriga qayta-qayta urib olaverganman, xuddi o‘sha maxluqlar bilan olishaverganman, o‘sha kapalak, parvonalar ketidan quvaverganman, doimo bir xil holat va vaziyatlarga tushaverganman, biroq har doim bu yangicha, yanada ajoyib, maftunkor, yanada xatarli, yanada jozibali o‘yin bo‘lavergan. Ming marotaba o‘z-o‘zimga ishonganman, ming martalab o‘lgudek charchaganman, ming martalab bachkana, ming martalab keksa va vazmin bo‘lganman – va hech nima uzoq davom etmagan, hammasi qaytadan yana takrorlanavergan, biroq hech qachon bir xil, bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan. Mana shu ko‘plik ortidagi kamina hurmat qiladigan birlik aslo zerikarli, zavqsiz emas, u aql ko‘zi bilan qaraladigan, nazariy birlik, o‘yin-kulgiga, og‘riq va azoblarga to‘la hayotning o‘zidir. U o‘yinga tushayotib, dunyoning tit-pitini chiqarayotgan ma’bud Shiva raqsida, shuningdek, ko‘pgina boshqa suratda ham tasvir etilgan; u hech qanday tasvirdan, hech qanday muqoyasadan cho‘chimaydi. Unga har doim yaqin borishing mumkin, zamondan, makondan, bilish-bilmaslikdan voz kechganing hamon, rasmu taomillar doirasidan chiqqaning zahoti va barcha ma’budlarga, barcha odamlarga, barcha olamlarga va barcha davrlarga mehr-muhabbat-la xizmat qilishing bilan u senga peshvoz chiqadi. Bunday lahzalarda birlik va ko‘plikni birga yonma-yon his etasan, yoningdan o‘tib borayotgan Budda va Isoni ko‘rib, Moisey bilan suhbat qurasan, o‘z tanangda Seylon quyoshining haroratini sezib, abadiy muzliklar bag‘ridagi qutblarni ko‘rasan. Badendan qaytganimdan buyon u yerlarga o‘n martalab borib keldim.
Shunday qilib, kamina “sog‘aymadim”. Ahvolim yaxshi, shifokor mendan mamnun, biroq butunlay tuzalib ketmadim, xastalik har daqiqa xuruj qilib qolishi mumkin. Asl shifodan tashqari, Badendan yana bir nima opkelganman, ya’ni o‘z ishiasimni shafqatsizlarcha ta’qib etishni bas qildim. Tushunishimcha, u men uchun irsiy emas, xuddi chakkamdagi oqarayotgan soch-soqol kabi xos xususiyat, uni shunchaki yo‘qotish yoki mahalliy sehr-jodu bilan quvib solishga urinish ham aqldan emas. U bilan tinch-totuv yashashga harakat qilamiz, ko‘ngilchanligidan foydalanib, uni axir bir kun o‘z tomonimga og‘dirib olaman!
Bir kun kelib, yana Badenga qaytib borsam, iliq suvga boshqacha tushaman, qo‘shnilarimdan boshqacharoq tarzda iztirob chekaman, boshqacha azob tortib, boshqacharoq shodlanib, boshqacharoq yozaman. Yangi xatolar qilgudek bo‘lsam, Xudo bilan yangicha yo‘llar bilan kelishamiz. Va har doim o‘ylaymanki, harakat qilib, fikr yuritib yashayapmanmi, demak bunda hamisha O‘zi mujassam.
Kurortda o‘tkazganim bir necha haftalik vaqtimga hozir nazar tashlasam, o‘tmishga nisbatan har qanday nigohda bo‘lgani kabi menda ham qandaydir ustunlik, tushunish hamda sezgirlikdan iborat xomxayol paydo bo‘ladi, bunday his-tuyg‘ular yoshlikda umrning har bir yangi pallasida uchrab turadiki, bu chinakamiga lazzat baxsh etadi. Shunday qilib, o‘z “men”imning yaqindagi iztiroblari, jismoniy og‘riqlar va ruhiy azoblar ortda qoldi, o‘sha uqubatli bosqichdan o‘tildi, o‘sha, yaqinda Badenda o‘zini shu qadar bema’ni tutgan Hesse hozir unga alanglab qarayotgan dono Hessedan behad quyida turgandek, nazarimda. Kurortchi Hesse arzimas mayda-chuydalarni ham bo‘rttirib, mubolag‘a qilayotganini ko‘rib-bilib turibman, unga xos bo‘lgan tanglikning qiziq mexanikasini yaxshi tushunaman va uni unutaman, chunki bu mayda-chuydalar, menimcha, arzimas va ular ortda qolganligi uchungina kulgili tuyuladi.
Biroq mayda va yirik, arzimas va muhim deganlari nima o‘zi? Agar odam nafsoniyatga tegadigan mayda tashvishlarga, arzimas g‘ijinish va haqoratlarga g‘ayritabiiy tarzda va juda tez munosabat bildirsa, ruhshunoslar uni ruhiy xasta deb ataydilar, lekin u odam ko‘pchilikning nazarida dahshatli ko‘ringan kulfat hamda iztiroblarga sabot-matonat bilan chiday oladi. Shunday odamlar ham borki, ular aqli raso va sog‘lom hisoblanadi, lekin oyog‘ini bosib olsangiz ham miq etmaydi, buni hatto sezmaydi ham, eng bemaza musiqaga, eng rasvo arxitekturaga, eng aynigan, buzuq havoga ham chidaydi, ammo qarta o‘yinida arzimagan pul yutqazib qo‘ysa bormi, stolni mushtlab “cho‘rt-po‘rt” deb so‘kina boshlaydi. Mehmonxonalarda ba’zan shunday voqealarning ham guvohi bo‘lganman: tuppa-tuzuk, aqli-hushi joyida, hurmatga sazovor janoblar qartada yutqazib qo‘yishganda ko‘pincha sherigini ayblashga urinib, shunaqayam quturib ketishadiki, beixtiyor shu yaqin oradagi shifokorga murojaat qilib, iltimos, manovi badbaxtlarni kasalxonaga yotqizib, davolang, devorging keladi. Barcha narsani asosli, deya e’tirof etish uchun turli-tuman andoza, me’yorlar mavjud: lekin ulardan birontasini, ilmiy yoki urf-odat, axloq-odob doirasida bo‘ladimi, o‘zim uchun muqaddas deb bilishdan butkul ojizman.
Kurortchi Hessening avtoportretini ko‘rgach, uni g‘alati odam deb o‘ylagan kishi o‘zining qanaqadir fikrlar oqimining mufassal ta’rif-tahlilini, o‘zining atrof-muhitga bo‘lgan odatdagi qandaydir munosabatini o‘qib ko‘rganida, juda hayron qolardi. Xuddi mikroskop ostida odatda ko‘zga chalinmaydigan iflos bir nima, axlat bo‘lakchasimi, birdaniga ajoyib yulduzli osmonga aylana olganidek, xuddi shunday chinakam ruhshunoslik mikroskopi (afsuski, hali mavjud emas) ostida qalbning zarracha harakati ham, qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ahmoqona, beo‘xshov yoki telbavash bo‘ladimi, baribir tantanavor manzara kasb etgan va biz unda o‘zimiz bilgan eng muqaddas ne’mat – hayotning faqat namunaviy, majoziy aksinigina ko‘ra olgan bo‘lardik.
Agar barcha adabiy urinishlarim ko‘p yillardan buyon ana shu olis manzil sari intilish, barcha narsalarni ko‘rishga qodir ko‘zning o‘sha chiakam ruhiyatini kuchsiz, jur’atsiz bo‘lsa-da, oldindan sezish yo‘lidagi izlanishlardan o‘zga narsa emas, desam o‘zimga o‘ta ishongan, o‘zbilarmonlik qilgan, shu bilan birga, ushbu ko‘z nigohida hech narsa yomon yoki bema’ni yoxud beo‘xshov emas, balki barchasi muqaddas va munosib bo‘lishini ta’kidlagan bo‘lar edim. Aslida ham xuddi shunday.
Endi mazkur sahifalar bilan xayrlashayotib, nihoyat, Badenda bo‘lgan davrimga bir qur nazar tashlasam, kaminada qandaydir qoniqmaslik, o‘kinch va afsusnamo tuyg‘u paydo bo‘ladi. Buning sababi o‘z ahmoqliklarim, sabrsizlik, asabiyligim, haddan ziyod oshig‘ich va keskin fikr-mulohazalarim, qisqasi, chuqur asos va zaruratga ega bo‘lgan o‘sha o‘zim bilgan insoniy xato va kamchiliklarda emas. Yo‘q, mening o‘kinchim, shavqsizlik va hasratimga sabab mana shu esdalik va qaydlar, hayotning zig‘irdekkina bir parchasini imkoni boricha haqqoniy va vijdonan aks ettirib, ochib berishga bo‘lgan mana shu urinishdir. To‘g‘risini aytishim kerak, gunoh, illat va kamchiliklarimdan uyalmayman, balki tilga oid tajribalarim borasidagi omadsizligimdan hamda adabiyot sohasidagi sa’y-harakatlarimning natijasi arzimasligidan xijolat bo‘laman, xolos. Kezi kelganda shuni ham aytishim kerakki, bunday umidsizlikka tushishimning ham muayyan sabablari bor. Buni misollar yordamida tushuntirib berishga harakat qilaman.
Mabodo men musiqachi bo‘lganimda ikki chiziqdan, juft ohangdoshlikdan va qator notalardan iborat jo‘rovoz kuyni hech bir qiynalmay yozishim mumkin edi va ular bir-birini to‘ldirib, bir-biri bilan moslashib, bir-biri bilan kurashib, kelishib, harholda qatorning har bir nuqtasida bir-biri bilan eng yaqin va qizg‘in aloqaga kirisha olardi. Notalarni o‘qiy oladigan har qanday kishi kaminaning qo‘shaloq ohangini tushuna olishi va undagi har bir ton va uning aks ohangini ham ilg‘ab, tinglashi mumkin edi. Xo‘p, ana endi men ham xuddi shu narsani, mana shu jo‘rovozlik hamda abadiy harakatdagi qarama-qarshiliklarni aynan o‘z materyolim – so‘zlar vositasida ifodalashga intilib, harakat qilib kelaman, shu bilan ovoraman, biroq bari behudaligiga qaramasdan, yana va yana urinaveraman, meni astoydil, berilib ishlashga ilhomlantiradigan narsa, bu – iloji yo‘q bir nimani qo‘lga kiritish yo‘lidagi qat’iy intilish, erishib bo‘lmaydigan manzil sari shiddatli kurashdir. Kamina ikkiyoqlama birlik uchun mos ifodalar topishni, ohang va qarshi ohang doimo sezilib turadigan xilma-xillikka birxillik, hazilga – jiddiylik muttasil yo‘ldosh bo‘ladigan boblar hamda qoidalar yozishni istardim. Negaki, mening hayotim faqat ikki qutb orasida tebranishlardan, olamjahonning qo‘sh asosi uzra u yoqdan bu yoqqa uzluksiz harakatlardan iborat. Dunyoning maqtashga arzigulik darajada rang-barang ekanligini va mana shu rang-baranglik asosida birlik yotishini hamisha va har doim uqtirib, eslatib turishni istardim; go‘zallik va xunuklik, yorug‘lik va zulmat, gunoh va savob faqat bir zumgina qarama-qarshilik sifatida namoyon bo‘lishini, aslida ular muttasil, uzluksiz ravishda bir-biriga o‘tib yurishini ochib berishni hohlardim. Insoniyat tomonidan nimaiki so‘z aytilgan bo‘lsa, men uchun eng oliysi – mana shu ikkiyoqlamalik go‘yo sirli ishoradek o‘z ifodasini topgan o‘sha noyob iboralar, butun dunyo, koinot ziddiyatlari ham zarurat, ham illyuziya yanglig‘ talqin etilgan o‘sha hikmatli so‘zlar va ramziy hikoyatlardir. Xitoylik Lao-tszi o‘z davrida bunday hikmatlarni ko‘plab yaratgan. Ularda hayotning ikkala qutblari go‘yo bir zumlik olov kabi bir-biri bilan tutashib ketadi. Isoning ko‘pgina ramziy hikoyatlarida xuddi shu mo‘jiza yana ham oddiyroq va samimiyroq tarzda ifodalangan. Din, ta’limot, nazariya ming yillardan buyon yaxshilik va yomonlik, haqiqat va yolg‘on to‘g‘risidagi ta’limotni tobora takomillashtira borib, oxir-oqibat cho‘qqiga yetish va sirli haqiqatga erishish yo‘lidagi taqvodorlik hamda itoatkorlikka yanada yuksakroq talablar qo‘yayotgani chindan ham hayratlanarlidir. Axir aytishadi-ku: Xudo oldida vaqti kelsa to‘qson to‘qqiz taqvodordan tavba qilayotgan bir gunohkor avlo ekan!
Lekin kamina ushbu ulug‘ maqsad yo‘lida go‘yo undovchi yoki da’vatkor bo‘lib xizmat qilishim lozim, deb o‘ylasam, ehtimol, katta xatoim, hatto gunoh ham bo‘lishi mumkin. Mazkur oliy hikmat hamma joylarda taklif qilinayotgani, davlat tomonidan tan olingan har qanday cherkov oliy hokimiyatga, pul xaltasiga va milliy ustunlikka bo‘lgan ishonch bilan bir qatorda Iso karomatiga ishonchni ham targ‘ib qilayotgani, eng qimmatli va xatarli koni aql bo‘lmish Injilni istagan do‘kondan sotib olish mumkinligi va missionerlar uni hatto tekinga tarqatishayotgani, – balki zamonamiz musibati shundadir. Ehtimol, Isoning ko‘pgina nutqlaridagi quloq eshitmagan, gustohona, hatto vahimali haqiqatlarni puxta bekitib, maxfiy saqlash kerakdir. Inson ushbu qudratli so‘zlardan aqalli birini bilib olish uchun uzoq yillar umrini sarf etib, hayotini xavf ostiga qo‘yganligi turmushda boshqa oliy qadriyatlar sari intilishda ibrat bo‘lib xizmat qilsa, to‘g‘ri va maqbul bo‘larmidi. Agar shunday bo‘lsa (menga ba’zan shunday tuyuladi), unda ermak uchun ko‘ngilochar romanlar bitayotgan so‘nggi uquvsiz yozuvchi mangu so‘zni ifoda etishga zo‘r berib urinayotgan kimsaga qaraganda to‘g‘riroq va ma’qulroq yo‘l tutayotgan bo‘lib ko‘rinadi.
Mana, mening oldimda turgan dilemma, maqsad va vazifalar. Bu haqda yana ko‘p gapirish mumkin, lekin muammoni hal etish mushkul. Hayotning ikkala qutblarini bir-biriga tomon egish, hayotning jo‘rovoz kuyini qog‘ozga tushirish kaminaga ehtimol, hech qachon nasib etmas. Lekin shunday bo‘lsa ham, baribir botiniy g‘alayonning ishorasiga ergashib, shundayin urinishlarga yana va yana jur’at qilaveraman. Soatimni yurgizib turgan asosiy kuch ana shu.
Nemis tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 12-son