Gyunter Grass. “Davomi bor…” (Nobel ma’ruzasi)

Shvetsiya akademiyasining hurmatli a’zolari, xonimlar va janoblar!

Men ma’ruzamni “Davomi bor…” deb atadim. Aynan shu so‘zlarni ilova qilib, XIX asr gazeta va jurnallari nasriy asarlarni “rezinka” qilishardi. Davomi bor romanlar urchigandan urchib ketdi. Boblar ketma-ket bosilib turgan bir paytda, muallif o‘z hikoyasining o‘rta qismini yozishga endigina kirishgan bo‘lar, yakuniy qismi nima bo‘lishini hali o‘zi ham bilmas edi. Lekin o‘quvchilarni faqat tuturiqsiz va dahshatli voqealargina band qilib olmasdi.

Dikkensning ba’zi romanlari xuddi shu tarzda — qismlar bilan dunyo yuzini ko‘rgan. Lev Tolstoyning “Anna Karenina”si ham “davomi bor” roman edi. Balzak yashagan davr yalpi mahsulot yetkazib beradigan va nomi hali chiqmagan tirishqoq muallifni, asarning navbatdagi qismi oxirida voqealarni avjiga chiqarishga o‘rgatib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Fontanening deyarli hamma romanlari, masalan, “Yo‘llar va chorrahalar”, avvaliga gazeta va jurnallarda davomli bosilgan. “Fossishe tsaytung”ning egasi hatto, joniga tegib ketganidan, “Bu manjalaqining sarguzashti tugaydimi-yo‘qmi?” deb xitob qilgan ekan.

Nutqim tolalarini shu yo‘sinda o‘rish yoki uni yanada maydaroq tolalarga ajratishda davom etishdan oldin shuni eslashim lozimki, mana shu zal va meni bu yerga taklif etgan Shvetsiya akademiyasi men uchun begona emas. Ba’zi o‘quvchilarning yodida bo‘lsa, bundan deyarli o‘n to‘rt yil oldin chop etilgan va qissaxonlik bobida bosh aylantirar darajada yutuqqa erishgan “Kalamush xonim” nomli romanimda, Stokgolmda yig‘ilgan mana shunday qurama jamoatchilik oldida kalamush, aniqrog‘i, laboratoriya kalamushi sharafiga madhiyalar yangraydi.

GyunterGrassga Nobel mukofoti topshirilmoqda. 1999 yil

Kalamush xonim Nobel mukofotini oldi. Nihoyat, buni ta’kidlash lozim, chunki ro‘yxatda anchadan beri turardi. Uni, hatto, sevimli mahbuba deb hisoblashardi. Sochlari oppoq, ko‘zlari qip-qizil bu laboratoriya kalamushini tajribaga tushadigan millionlab jonivorlar — dengiz cho‘chqasidan tortib rezus-makak turiga mansub maymungacha, barchasining namoyandasi sifatida muborakbod etishdi. Romandagi hikoyanavisning ta’kidlashiga ko‘ra, aynan shu Kalamush xonim tibbiyot sohasida qilingan tadqiqotlar va ixtirolar amalga oshishiga imkon yaratdi, xususan, Nobel mukofoti sovrindorlari Vatson va Krikk irsiyatning cheksiz imkoniyatga ega maydonlarida o‘ta nozik harakatlar natijasida kashfiyotlar qildilar. Shundan buyon, u yoki bu darajada oshkoralik bilan, aytaylik, jo‘xori, sabzavotlar, yana mayda-chuyda jonivorlar klonlashtiriladigan bo‘ldi. Shu sababdan, o‘sha romanimning oxirida, ya’ni odamzoddan keyingi erada hokimiyatni egallab olayotgan “odam-kalamush”lar, “Vatson-krikklar” deb atalgan. Ularda ikkala turning eng yaxshi sifatlari mujassam: odamda kalamush sifatlari va aksincha, kalamushda odam sifatlari. Jinslarni shunday urchitish yo‘li bilan, dunyo o‘zini-o‘zi sog‘lomlashtirmoqchiga o‘xshaydi. Buyuk Portlash sodir bo‘lib, faqat kalamushlaru suvaraklar va go‘ng pashshalari, baliq va qurbaqa tuxumlari omon qolgandan so‘ng g‘aroyib tarzda qutulib qolgan vatson-krikklar yordamida ag‘dar-to‘ntar bo‘lgan dunyoni tartibga solish vaqti yetdi.

Biroq bu so‘z oqimi “Davomi bor” degan izoh bilan tugagan va laboratoriya kalamushiga Nobel mukofoti berilishi haqidagi so‘zlar asarning nihoyasi uchun ermak tarzida yozilmagan ekan, men endi qissaxonligim bilan, uni tirik qolish shakli va san’at shakli sifatida qabul qilib, jiddiy shug‘ullanishim mumkin.

Odamzod hikoya qilishni juda qadimdan boshlagan. Harflarni o‘ylab topib, yozishni mashq qilishidan ancha ilgari vaqtlarda har bir odam boshqasiga nimalarnidir gapirib bergan va har bir odam sherigi aytayotgan gaplarga quloq solgan. Hali yozishniyam bilmaydigan odamlar orasida boshqalarga qaraganda ko‘proq va yaxshiroq so‘zlaydigan yoki rostga o‘xshatib aldaydiganlar paydo bo‘lgan. O‘z navbatida, ularning orasidan vazmin hikoya qiladiganlardan farqli o‘laroq, ustalik bilan oshirib-toshiradiganlar yetishib chiqdi; ular to‘planib qolgan axborot oqimi qirg‘oqlardan toshib, irmoqlarga ajralib ketishiga imkon yaratdi; bu oqim qurib qolish o‘rniga kutilmaganda keng daryo bo‘lib yoyiladi, chunki unga yo‘l-yo‘lakay ko‘plab “narsa”lar qo‘shilib qolib, yordamchi syujet tarmoqlari hosil bo‘ladi.

Mana shu dastlabki qissaxonlar kunning vaqtiga yoki chiroq bor-yo‘qligiga qarab o‘tirmasdan qorong‘ida ham o‘z hunarlarini muvaffaqiyat bilan bajarganlar; bu ham yetmagandek, g‘ira-shira va qorong‘ilik ularga dalda bergan; ularni na suvsiz saxrolar, na guvillagan shovvalar qo‘rqitolgan, zarur bo‘lib qolganida esa, aytaylik, tinglovchilar charchaganida “Davomi bor” degan va’da bilan hikoyasini uzib qo‘ygan; shuning uchun ham ularning atrofida doimo tinglovchilar g‘uj bo‘lgan, garchi o‘zlari, bunchalik sermahsul bo‘lmasa ham, hikoya qilishni bilishgan.

Hali hech kim yozishni, o‘zida qayd qilib olishni bilmagan paytlarda nimalar haqida hikoya qilishganiykin? Avvaliga, Qobil va Hobil davridan buyon o‘ldirish haqida so‘zlashishgan bo‘lsa kerak? Bunga qasos olish, qonga qon bilan qasos olish turtki bergan. Qaysidir xalqni qirib tashlash azaldan bozori chaqqon mavzu bo‘lib kelgan. Toshqinlar va qurg‘oqchiliklar, sermahsul va qahatchilik yillari haqida ham hikoya qilishgan bo‘lishi mumkin. Chorva mollari va odamlardan iborat mulklarni sanab adog‘iga yetmagani haqida ham hikoya qilishdan toyishmagan. Hikoya haqiqatga o‘xshab chiqishi uchun kim kimdan oldin yo keyin yashagan, kim kimdan tarqagan kabi uzundan-uzoq tafsilotlardan o‘zini olib qochmasligi kerak. Xuddi shu tarzda qahramonlar haqida hikoyalar to‘qilgan. Qayta-qayta hikoya qilinadigan ishqiy sarguzashtlar, chalkash yo‘llarda haddidan oshadigan yoki qirg‘oqlardagi qamishlar orasida qurbonini poylab yotadigan yarmi — odam, yarmi — vahshiy maxluq haqidagi hikoyalarning ham ishqibozlari ko‘p bo‘lgan. Xudolar va sanamlarga bag‘ishlangan afsonalar haqida-ku, ta’kidlab o‘tirish ortiqcha, sarguzashtlarga to‘la dengiz sayohatlari ham shu qatorda; ular og‘izdan-og‘izga o‘tib sayqallangan, to‘ldirilgan, boshqacha manzara kasb etgan, hatto ma’nosi butunlay teskari tomonga o‘zgarib, pirovardida, Gomer degan bir kimsa yoki Injilni ko‘zda tutadigan bo‘lsak, qissaxonlar jamoasi tomonidan yozib olingan. O‘shandan beri adabiyot mavjud. Yozuv vujudga kelgan Xitoy, Eron va Hindistonda Peruning tog‘lik qirlarida va boshqa joylarda qissaxonlar bo‘lgan; ular yolg‘iz-yolg‘iz yoki jamoa bo‘lib adabiyotchi sifatida tanilganlar va ismlari noma’lumligicha qolgan.

Yozishni puxta o‘zlashtirgan bizlarning xotiramizda esa, adabiyotning og‘zaki tarzda yuzaga kelganiyu va ovoz chiqarib aytilgan tarixiy hikoyalar saqlanib qolgan.

Dastlabki hikoyalar goh qoqilib, goh tutilib, keyin go‘yo qo‘rquvdan titragandek shoshilib yoki oshkor qilinadigan sirni bilag‘onlardan avaylagandek shivirlab aytilavergan, keyin shivir-shivir ovoz, maqtanchoq hayqiriqlarni yoki tumshug‘ini har yoqqa suqib, nima qayoqdan paydo bo‘lganini iskab topadiganlarning savollarini bosar darajada balandlashgan; agar biz, yozuvni bilganimizdan mag‘rurlanib, shularni e’tibordan soqit qiladigan bo‘lsak hamma qissalarimiz o‘lik, turgan-bitgani qog‘ozdan iborat bo‘lib qoladi.

Yaxshiyamki, qo‘limizda vaqt sinovlaridan o‘tgan kitoblar ko‘p, ularni qanday o‘qisang, ixtiyoring: xohla — ichingda, xohla — ovozingni baralla qo‘yib o‘qi. Shu kitoblar menga mayoq bo‘ldi. Yosh va gapga kiradigan paytlarimda Melvill yoki Dyoblin kabi so‘z ustalari, nemis tilidagi lyuterona Injil meni ovoz chiqarib, siyohni so‘lagim bilan aralashtirib yozishga o‘rgatishdi. Va shunday davom etaverdi. Yozuvchi degan nomni mamnunlik bilan ko‘tarib yurganimga beshinchi o‘n yillik boshlangan bir paytda ham men o‘zimning cho‘zilib ketgan dag‘al tolali jumlalarimni chaynab-chaynab yumshatardim, huzurbaxsh yolg‘izlikda ularni o‘zimcha ming‘irlab, qog‘ozga faqat sayqal topganlarini, jarangdorlarini, aks-sado beradiganlarini tushirardim.

Ha, men o‘z kasbimni sevaman. U tufayli men qo‘lyozmalarimda o‘zi qanday bo‘lsa, shundayligicha aks etishni istaydigan ko‘povozli jamoani topaman. Qachonki men omma oldida allaqachon mendan qochib ketgan yoki o‘quvchilar o‘zlashtirib olgan va ichidagi gaplar tinim topgan kitobimni o‘qisam, bunday uchrashuvdan huzur topaman. Shunda tildan ajralib qolayotgan yosh va gapirib to‘ymagan oq sochli omma oldida kitobda yozilgan gaplar yana og‘zaki shakl oladi va har gal bu tilsim qaytariladi. Yozuvchi mana shunaqa afsungarlik qilib nonni sariyog‘ bilan yeydi. Va garchi u o‘tayotgan davrga zid o‘laroq yozar ekan, yolg‘onni haqiqatga o‘xshatib taxlab tashlasa ham, unga ishonishadi, hali “Davomi bor” degan va’dani bermasidanoq ishonishadi.

Men qanday qilib birvarakayiga yozuvchi, shoir, rassom bo‘lib qoldim? Qanaqa jaydari maqtanchoqlik yosh bolani bunaqa sullohlikka undadiykin? O‘n ikki yoshga yetar-etmas men, rassom bo‘laman, deya qat’iy ahd qilgan edim. Bu payt biz Dantsig-Langfur degan joyga yaqin yerdagi uyimizda yashar edik va Ikkinchi jahon urushi endi boshlangan edi. Urushning ikkinchi yili yosh gitlerchilarning “Xilf mit!” degan jurnali meni adabiy tanlovga taklif etganidan keyin yozuvchilik bobida ixtisoslasha boshladim. O‘shanda katta mukofotlar va’da qilishdi. Men, o‘sha zahoti, qalin daftarimga birinchi romanimni yoza boshladim. Onam tug‘ilib o‘sgan oilaning tarixi asosida uni “Kashublar” deb atadim. Biroq voqealar hozirda yo‘qolib ketayotgan kashub xalqi orasida emas, o‘n uchinchi asrda, podshohliklar va dahshatli hokimiyatsizliklar davrida, talonchilar, ritsar-qaroqchilar yo‘llarda, ko‘priklarda quturib ketib, oddiy xalq ulardan o‘zi bilgancha, kuchi yetgancha qutulishi mumkin bo‘lgan vaqtlarda kechadi.

Esimda, kashub yerlarining iqtisodiy ahvolini qisqa bayon qilib, ketma-ket, qaroqchilarning talon-taroji va qotilliklarini birinchi planda ko‘rsatgandim. Bo‘g‘ish, so‘yish, dor yoki qilich vositasida olomon qilish shunchalik shiddatli tus oladiki, birinchi bob tugar-tugamay asosiy qahramonlarning hammasi va ikkinchi darajali personajlarning ko‘pi o‘ldiriladi, ko‘miladi yoki qarg‘a-zog‘larga yem bo‘ladi. Yozish uslubim to‘g‘ri kelmagani uchun o‘liklarni sharpa ko‘rinishda harakatlantirib, romanni “dahshat” asarga aylantirish imkoni bo‘lmadi, natijada urinishlarim samara bermadi va “Davomi bor” degan so‘zga nuqta qo‘yishga to‘g‘ri keldi; manguga, va butkul emas, albatta, biroq yosh muallif keyingi qissalarida xayoliy personajlarni ehtiyotlik bilan samara beradigan darajada kiritish lozimligini tushunib yetdi.

Avvaliga, ko‘plab kitob o‘qidim. O‘qish uslubim ham o‘ziga xos — ko‘rsatkich barmoqlarimni quloqlarimga tiqib o‘qirdim. Buning sababi shu ediki, men singlim bilan ikki xonalik xonadonda o‘sganman; alohida xona bir yoqda tursin, alohida burchagimiz ham yo‘q edi. Endi bilsam, mana shunaqa tiqilinch holat, qiyin sharoit bir hisobda yaxshi bo‘lgan — men atrofdagilarga, shovqin-suronga e’tibor qilmay, fikrimni bir narsaga jam qilishni ancha erta o‘rgangan ekanman. Qopqoq tagiga berkitilgan pishloq singari men kitobga, unda tasvirlangan dunyoga g‘arq bo‘lib ketardim. Hazil-mutoyibaga moyil onam kitob o‘qiyotganimda dunyodan uzilib qolishimni qo‘shni ayolga ko‘rsatish uchun kitobim yonida turgan va men goh-goh tishlab o‘tirgan buterbrodni bir bo‘lak sovun (“Palmoliv” bo‘lsa kerak) bilan almashtirib qo‘ygan. Men buni sezmaganman va buterbrod yeyish vaqti kelganda, sovun tishlab olib, kitob voqealaridan qutulmaguncha chaynayverganman. Qo‘shni ayol bu manzaraning shohidi bo‘lgan, onam esa g‘ururlangan.

Yoshlikdagi fikrni jamlash mashqlari hozir ham o‘zini bildirib turadi; lekin yana o‘shandagidek berilib o‘qiganimni bilmayman. Kitoblarimni kichkinagina javonga, zangori pardalar ortiga terib qo‘yardim. Onam kitobsevarlar klubiga a’zo edi. Dostoyevskiy va Tolstoyning romanlari Gamsun, Rable va Viki Baumning asarlari bilan bir qatorda turardi. Selma Lagerlyofning “Yost Berling haqida saga”si ham doim qo‘l ostimda edi. Keyinchalik shahar kutubxonasidan foydalanadigan bo‘ldim. Baribir, asosiy turtkini onamning kitob boyliklaridan olganman. U mustamlaka mollari bilan savdo qiladigan do‘kon egasi, ishbilarmon, hisobidan adashmaydigan ayol edi; ishonchsiz bo‘lsa ham ayrim mijozlariga nasiyaga mol berib yuboraverardi; go‘zallik shaydosi edi, oddiygina radiopriyomnikdan taraladigan opera va operetta kuy-qo‘shiqlarini huzur qilib tinglardi, mening serva’da gaplarimni jon qulog‘i bilan eshitardi, shahar teatriga tez-tez borib turar va meni ham olib borardi.

Mayda burjuaziyacha turmushning ikir-chikirlaridan keltirilgan bunday o‘tmish manzaralarini dastlabki asarlarimda xayoliy personajlar orqali epik ko‘lamda tasvirlaganman. Ular men qanday qilib yozuvchi bo‘lib qolganimni oydinlashtirishdan boshqaga arzimaydi. Albatta, orzularga uzoq cho‘mib keta olish, so‘zlardagi turli ma’nolarni va so‘z o‘yinini sevish, haqiqatni qiziqarli tasvirlash uchungina beg‘araz yolg‘on so‘zlash kabi qobiliyatlarni ham aytib o‘tish mumkin. Bularni umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, iqtidor, deyish mumkin. Lekin yengil-elpi iste’dod salmoqli tus olishida oilaviy tinch va osoyishta hayotga siyosatning shiddat bilan kirib kelishi turtki berdi.

Onamning suyukli amakivachchasi, u ham onam singari kashublik, erkin shahar — Dantsigning pochtasida xizmat qilar edi. U bizning uyga tez-tez kelib turar, ko‘nglimizdagi mehmon bo‘lardi. Urush boshlanib, Gevelius maydonida joylashgan pochtani jaydari eseschilarning hujumidan himoya qilishga to‘g‘ri kelganda amakim taslim bo‘lganlar qatorida edi. Uni harbiy holatning qonunlari asosida sud qilib, otib tashlashgan. To‘satdan shu amakimdan ayrilib qoldik. Va qisqa muddatda uni ham unutib yubordik. Go‘yo u bu dunyoda umuman bo‘lmagan, yashamagan. Biroq, uning yo‘qligi qanchalik oydin bo‘lmasin, mening kallamda shunchalik mustahkam o‘rin oldi va bu uzoq yillar davom etdi: o‘n besh yoshimda rasmiy kiyim kiyganimda ham, o‘n oltimda qo‘rqa boshlaganimda ham, o‘n yetti yoshimda amerikaliklarga asir tushib, o‘n sakkizimda ozod bo‘lganimda ham, qora bozorda savdo o‘rganib, keyin toshyo‘narlik va haykaltaroshlik kasblarini o‘rganganimda ham, badiiy akademiyalarda yozib-chizib, chizib-yozib yengil-elpi she’rlar, bir aktli grotesk pesalar mashq qilganimda ham. Miyamda yig‘ilib qolgan ma’lumotlar tug‘ma estetik qoniqish hosil qiladigan hissiyotim uchun juda ko‘plik qilib qolgunicha shunday davom etaverdi. Ularning tagida onamning suyukli amakivachchasi, Polsha pochtasining otib tashlangan xodimi ko‘milib yotardi. Men, — men bo‘lmay, kim bo‘lardi? — uni yorug‘ dunyoga chiqarib, boshqa qiyofada hayotga qaytardim, ya’ni roman yozdim. Uning asosiy va ikkinchi darajali personajlari — tetik va hayotga tashna kishilar boblardan boblarga o‘tib, ba’zilari asarning oxirigacha sog‘-omon yetib bordilar. Demak, “Davomi bor” degan mualliflik va’damni bajardim.

Va shunday davom etaverdi. Dastlabki ikki romanim “Qalayi do‘mbira”, “It azobi yillari” va orada “Mushuk-sichqon” nomli qissamning bosilib chiqishi men — hali nisbatan yosh muallifni shunga o‘rgatdiki, kitobing odamlarning g‘azabini, nafratini uyg‘otishi, norozi qilishi mumkin ekan. O‘z yurtingga muhabbat — yashab turgan joyingni bulg‘ash, deb qabul qilinishi mumkin ekan. O‘shandan beri meni bahsli yozuvchi hisoblashadi.

Shu jihatdan, Sibirga yoki yana allaqayoqlarga surgun qilingan yozuvchilarni eslasak, men tag‘in ham yaxshi jamiyatda yashab yurgan ekanman. Shuning uchun shikoyat qilmasam ham bo‘ladi. Undan ko‘ra uzluksiz bahs holatini kasbimning xatariga o‘xshagan va hayotbaxsh omil sifatida qabul qilishim kerak ekan.

Shunday bo‘lib chiqadiki, faqat so‘zlardan voqealar yasaydiganlar g‘oliblarning shoxsupasiga da’vogarlik qilish huquqi uchun kurashadigan hokimlarning tovog‘iga ataylab va jon deb tupuradilar. Bunday holat adabiyot tarixini tsenzuraning rivoji va takomiliga moslashtirishga majbur qiladi.

“Yomon kayfiyat” deb atalmish janob, Suqrotni zahar to‘la kosani tagigacha simirishga majbur qilgan, Ovidiyni surgun qilgan, Senekani o‘z tomirini kesishga undagan. Katolik cherkovi taqiqlagan kitoblar ruyxati madaniyatning G‘arbiy Yevropa bog‘larida yetilgan go‘zal adabiy mevalarini bezab turgan va bu ro‘yxat yanada to‘lib borayapti. Knyazliklarning mutlaq hokimligi qo‘llab kelgan tsenzura usullari Yevropa maorifini qanchalik to‘xtatib qo‘ygan? Fashizm nemis, italyan, ispan va portugal yozuvchilaridan qanchasini o‘z yurtidan, til makonidan quvib chiqargan? Qanchadan-qancha yozuvchi lenincha-stalincha terrorning qurboni bo‘lmadi? Va hozir ham Xitoymi, Keniya, Xorvatiyami yoki boshqa yurtlarda yozuvchilar qanaqangi zo‘ravonliklarga duchor bo‘lishmayapti?

Men Kitob gulxanlari mamlakatida tug‘ilib o‘sganman. Biz bilamiz, yomon ko‘rilgan kitoblarni qanday bo‘lmasin, yo‘qotib tashlash hirsi hali ham yoki davr ruhi bilan yana mos kelayapti, gohida esa televizorbop ifodaga, demak, tomoshabinlarga ega bo‘lyapti: Undan ham yomoni — butun dunyoda hozirgi kunlarda ham yozuvchilarni ta’qib qilishayapti, o‘ldirishyapti yoki hayotiga xatar solishyapti va butun dunyo shu asno davom etayotgan terrorga ko‘nikib qolgan. To‘g‘ri, dunyoning o‘zini erkin hisoblaydigan qismi darg‘azab bo‘lib qichqiradi. Masalan, Nigeriyada, 1995 yili tabiatga yovvoyilarcha munosabat qilganlarga qarshi chiqqan yozuvchi Ken Saro-Viva[1] bilan uning safdoshlari qatl qilinganda shunday bo‘lgan. Biroq, shu zahoti kun tartibining boshqa masalasiga o‘tib ketishgan, chunki ekologik jihatdan asosli qarshilik global miqyosda hukmronlik qilayotgan neft giganti — Shellning biznesiga zarar yetkazishi mumkin edi.

Kitoblar va mualliflar davlat va cherkov uchun, media-kontsern va har xil siyosiy byurolar uchun shunchalik xavfliki, ular darrov qarshilik qilishga o‘tadilar. Nega shunaqa? Axir, kamdan-kam hollarda gap hukmron mafkuraga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshilik qilish haqida boradi. Shundan keyin, odatda, “Ovozingni o‘chir!” degan buyruq yoki undan yomonroq bir narsa bo‘ladi. Ko‘pincha haqiqat — plyuralistik, degan badiiy dalilning o‘zi kifoya qilgan bo‘lardi.

Lekin bunday guvohlikni bitta va yakkayu yagona haqiqat qo‘riqchilari uchun xavfli va halokatli, deb talqin qilish xato bo‘lardi, chunki voqelik yakkayu yagona emas, ko‘plikdir.

Yozuvchini shubhali, jazoga loyiq qilib ko‘rsatadigan jihat — uning kasbi; u o‘tmishni tinch qo‘yolmaydi, bitib ketgan yaralarni darrov ochib tashlagisi keladi, yerto‘lalarga ko‘mib tashlangan jasadlarni kavlab ochadi, kirish taqiqlangan xonalarga suqiladi, Jonatan Sviftga o‘xshab muqaddas sigirlarni yeb qo‘yadi, zodagon inglizlarning oshxonasi uchun rostbifga irlandiyalik bolalar go‘shtini taklif etadi, uning uchun hech narsa, hatto kapitalizm ham muqaddas emas. Yozuvchining eng katta gunohi shuki, u o‘z kitoblari bilan birga g‘oliblar yonida qadam tashlashni xohlamaydi, bundan ko‘ra tarixiy jarayonlarning yo‘l yoqalarida qolib ketgan, ko‘p narsalarni aytib bera oladigan, lekin buning uchun so‘z ololmagan mag‘lublarning orasida g‘imirlab yurishni afzal ko‘radi. Kim mag‘lublarga so‘z bersa, g‘alabani shubha ostiga qo‘ygan bo‘ladi. Kim o‘z atrofiga mag‘lublarni to‘plasa, o‘zi ham shulardan.

Albatta, turli davrlarning tojini kiygan hukmdorlar adabiyotga hech qanaqa qarshilik qilmaganlar. Aksincha, unga xonaning bezagi deb qarab, qo‘llab-quvvatlashga-da tayyor turganlar. Hozir esa, adabiyot qiziqarli, ko‘ngilochar madaniyatning bir qismi bo‘lishi kerak, ya’ni nuqul salbiy narsalarni ilg‘ayvermasdan, kamsitilgan odamga umid uchqunlarini berishi lozim. Mohiyatan, “ijobiy qahramon”ga doim ehtiyoj bor, lekin kommunizm davridagichalik shaklda emas. Erkin bozorning hozirgi cheksiz-chegarasiz changalzorlarida qandaydir Rembo paydo bo‘lib, o‘zini muvaffaqiyatga eltadigan yo‘lga jasadlarni kula-kula to‘shab, ustidan yuradi; Rembo bo‘lmasa, ikki marta o‘q otilishi o‘rtasida tezgina gursillab yiqilishga tayyor qandaydir shumtaka yoki o‘z ortida bir gala aldanganlarni qoldiradigan g‘olib, qisqasi, bizning globallashgan dunyoga o‘zining razil belgisini ko‘rsatadigan qahramon paydo bo‘ladi. “Ketvorgan azamat”ning bunday ehtiyojlariga laganbardor ommaviy axborot vositalari mos keladi. Jeyms Bond deganlari o‘ziga o‘xshagan toifalarni ko‘plab paydo qildiki, ularga qarab “Klonlashtirilgan Dollining o‘zi!” deysiz. Sovuqqon bu supermenda ham bundan keyin ezgulik zulm ustidan g‘alaba qilishi kerak.

Bu — uning ziddiyati yoki dushmani salbiy qahramon bo‘lishi kerak, deganimi? Aslo shart emas. Agar kitoblarimdan sezgan bo‘lsangizlar, men firibgarlik (pikarocha) romanining mavritan-ispan maktabidan chiqqanman. U shamol tegirmonlar bilan olishishni an’anaviy model sifatida asrlar osha saqlab kelmoqda. Pikaro o‘zining kulgili omadsizligi hisobiga yashab keladi. U hokimiyat arkonlariga choptiradi, ularning tagini liqillatib qo‘yadi, ayni vaqtda qasrlarni yemirishga, taxtlarni ag‘darishga kuchi yetmasligini biladi. Biroq mening Pikarom imillab o‘tib ketsa, har qanday yuksak narsa bechorahol bo‘lib qoladi, taxt esa tebranib ketadi. Bu masxaraboz yumorni umidsizlikdan oladi. Bayrutdagi oliy tabaqali ommaga ko‘rsatilayotgan “Xudolarning shomi” cho‘zilgandan-cho‘zilib turgan bir paytda, u xiringlayotgan bo‘ladi, chunki uning teatrida komediya bilan tragediya yonma-yon. U shaxdam odimlayotgan g‘oliblarni mazax qilib, unda-munda qoqiltirib yuboradi. Bunday manzara garchi bizni kuldirsa-da, bu kulgining xislati ayricha: tomoqda tiqilib qoladi, hatto tili zahar behayo ham bu o‘rinda fojiaga moyil. Bu ham yetmagandek qora yoki qizil rangga bo‘yalgan tanqidchilarning ko‘zi bilan qaraganda, u rasmiyatchi, bundan-da ortiq — birinchi darajali olifta — durbinni teskari tutadi. Vaqt uning nazarida bir chetga tashlab qo‘yilgan, hozir kerak bo‘lmayotgan narsa. U hamma yoqda ko‘zgularni terib tashlaydi. Shu topda u kimning jarchisi ekanini bilmaysan. Odamlarni qiziqtirish uchun Pikaroning maydonida hatto pakanalar barzangilarning kuragini yerga tekkizadi. Xuddi shu tarzda Rable butun ijodi davomida murtad politsiyadan va ilohiy inkvizitsiyadan qochib yurdi, chunki uning Gargantyua va Pantagryuel ismli polvonlari safsata qonunlar asosida qurilgan hayotning oyoqlarini osmonga qilib qo‘yishdi. Bu er-xotin qanaqangi qahqahalarga sabab bo‘lmadi! Gargantyua o‘zining bahaybat “tog‘orasi” bilan Notr-Damning minoralari ustiga o‘tirib choptirganida butun Parijni ko‘loblatib tashlaydi, qochib qutulib qolganlar esa, kula-kula o‘ladi. Yoki, yana Sviftga murojaat etaylik: uning ziravorlar yordamida Irlandiyadagi ocharchilikni kamaytirish usulini hozir ham amalda qo‘llash mumkin. Aytaylik, dunyo iqtisodiyoti bo‘yicha yaqin kunlarda bo‘ladigan uchrashuvda davlat boshliqlari oldiga yaxshilab pishirilgan bolalar tortilsa, lekin bu gal — irlandiyalik emas, braziliyalik yoki janubiy sudanlik bolalardan. Bunaqa badiiy shaklni satira deydilar. Ma’lumki, satira kulgining asab tolalarini hatto dahshatlar yordamida ham qitiqlay oladi.

Nobel mukofoti, agar uning tantanalarini hisobga olmasak, dinamit ixtiro qilinishi ustiga qurilgani singari, odamzod aqlining boshqa mahsullari atomni parchalash bo‘lsin yo irsiyatning sirlarini ochish, bari dunyoga quvonch va tashvishlar keltirgani singari, adabiyot ham portlatuvchi kuchga ega, garchi uning portlatishi birdaniga emas, asta-sekin bo‘ladi, vaqtning zarrabini ostida dunyoni o‘zgartirib ko‘rsatadi, ham ezgulik, ham marsiya uchun sabab sifatida qabul qilinadi va bularning bari insoniyat nasli manfaatlariga xizmat qiladi. Yevropa ma’rifati jarayonlari Montendan boshlab Volter, Didro, Kant, Lessing va Lixtenberg orqali, aqlning qora chirog‘ini sxolastik zulmatning eng qorong‘i burchaklarigacha yetkazib berishi uchun qancha vaqt kerak bo‘ldiykin! Va chiroqning ojizgina nuri necha martalab o‘chib qolmadi! Aql chiroqlari bilan bezatishga tsenzura xalaqit berib keldi. Bezatilgan chiroqlar nuri hamma yoqqa yoyilib ketganda esa, bu — sovib qolgan, texnikaning imkoniyatlari bilan cheklangan, faqat iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga qaratilgan aql edi; u o‘zini Ma’rifat qilib ko‘rsatdi va qanday bo‘lmasin, o‘zining janjallashib qolgan bolalari — kapitalizm va sotsializmning miyasiga soxta ilmiy jargonni tiqishtirib, har bir onning o‘ziga to‘g‘ri keladigan taraqqiyot yo‘llarini ko‘rsatdi.

Ma’rifatga erishishda genial xato ketgan bu “bolalar” dunyoni qayoqqa olib kelganini biz hozir ko‘rib turibmiz. So‘zlar vositasida sodir bo‘lgan va faqat, vaqtni qo‘ldan boy berishga olib kelgan portlash boshimizga solgan holat qanchalik xavfli ekanligi haqida mulohaza qilishimiz mumkin. Albatta, biz ma’rifat vositalari orqali (boshqasini bilmaymiz) zararni kamaytirishga harakat qilamiz. Dahshatga tushgancha ko‘rib turganimizdek, kapitalizmning ukasi — sotsializm o‘ldi, deb e’lon qilingandan keyin, kapitalizm bosar-tusarini bilmay qoldi, hamma yoqda qutura boshladi. U, o‘lgan deb e’lon qilingan ukasining xatolarini takrorlay boshladi, dogmaga berildi, bozor iqtisodiyotini birdan-bir haqiqat qilib ko‘rsatdi, o‘zining cheksiz imkoniyatlaridan mast bo‘lib, aqlga sig‘maydigan darajada pullar tikdi va dunyo miqyosida har xil o‘zgarishlar qildi. Kapitalizm, o‘zini o‘zi bo‘g‘ib qo‘ygan sotsializm singari, islohotlar qilishga qodir emasligiga hayron qolmasa ham bo‘ladi. Uning amri globallashuv, deb ataladi. Va yana, bexatolikni da’vo qiluvchi manmanlik bilan, bunga muqobil yo‘l yo‘q, deya ta’kidlanmoqda.

Demak, tarix tugaydi. “Davomi bor” deya intizor kutishga hojat yo‘q. Busiz ham, hamma narsada qaror qabul qilish huquqini iqtisodiyotga tashlab qo‘ygan siyosatning kallasiga yangicha dogmatizmni tebratib qo‘yish fikri kelmayotgan ekan, bu ishda balki adabiyot bir narsani o‘ylab topar?

Biroq portlatish xususiyatiga ega bo‘lgan bunday qissaxonlik (dinamit, axir!) yuqori darajada badiiy sifatga ega bo‘la olarmikin? Kechikkan ta’sirga yetib borish uchun vaqt yetarmikin? Oxirida kelajak, deb atalgan kamyob tovar taklif qilinadigan kitobni tasavvur qilish mumkinmi?

Hozirgi umumiy holat adabiyotni dam olishga chiqarib yuborib, yosh mualliflarga Internet degan o‘yin maydonini taklif qilmayaptimi?

Har balolarni o‘ylab topadigan bekorchilik urchib ketdi, “Kommunikatsiya” degan yolg‘on tushuncha esa uni bezab ko‘rsatayapti. Vaqt esa inson imkoniyatlarining chekka-chekkasigacha taqsimlab qo‘yilgan. G‘arb dunyosi behuda harakatlarga berilib ketdi. Nima qilish kerak?

Men dahriy bo‘lsam-da, bir avliyo oldida tiz cho‘kaman; u menga, yo‘limda uchraydigan og‘ir-og‘ir toshlarni surib tashlashimda haliyam yordam beradi. Men undan iltijo qilaman: Kamyuning iltifotiga sazovor avliyo Sizif, sendan o‘tinaman, shunday qilginki, men dumalatib chiqqan tosh tepalikda turib qolmasin, biz ham uni dumalatib yuraylik va sen kabi baxtiyor bo‘laylik, shu bilan tirikchiligimizning og‘irligi haqida aytadigan hasratlarimiz uzilib qolmasin.

Bu ibodatim yetib borarmikin? Yoki odamzod tarixini davom ettirish, yangiliklarga qaraganda, sun’iy urchitilgan — klonlashtirilgan mavjudotga qolarmikin?

Shunday qilib, men yana nutqimning boshidagi mavzuga qaytaman va “Kalamush xonim” romanimni ochaman. Uning beshinchi bobida istak mayli bilan, laboratoriya kalamushiga, ilmiy tadqiqotlarga xizmat qilayotgan millionlab tajriba jonivorlarining vakili sifatida Nobel mukofoti berish masalasi ko‘riladi. Va shunda, mukofotlarga ko‘milgan ixtirolarning bari insoniyat boshida o‘ynaydigan qamchi — ochlikni yo‘qotish uchun qanchalik ojiz ekanligi menga ayon bo‘ldi. To‘g‘ri, hamyoni ko‘taradigan har bir odamni yangi buyrak bilan ta’minlash mumkin. Yurak ham ko‘chirib o‘tkaziladi, Yer kurrasining istalgan nuqtasiga simsiz qo‘ng‘iroq qilinadi, sun’iy yo‘ldoshlar va kosmik stantsiyalar girdimizda g‘amxo‘rlik bilan aylanadi. Ilm-fanning maqtalgan yutuqlari tufayli shunday qurollar tizimi o‘ylab topilib, joriy qilinadiki, uning yordamida qurol egalari o‘zlarini o‘limdan ko‘p martalab saqlab qoladilar. Inson nimani o‘ylab topmasin, hammasi hayratlanarli darajada gavdalanadi, lekin ochlik degan baloga bas kelolmaydi. Ochlik hatto keng quloch yozib boraveradi. Kambag‘allik azaldan bo‘lgan yerlarda, qashshoqlik paydo bo‘ladi. Butun dunyo bo‘ylab qochqinlar oqimi yoyilib ketadi, ularni ochlik quvg‘in qiladi. Va hech qanaqa siyosiy iroda, garchi ilmiy mahorat bilan chatishib ketsa-da, shiddat bilan kengayib boradigan qashshoqlikka nuqta qo‘yolmaydi.

1973 yili Chilida, AQShning xayrixohligi tufayli terror boshlanib ketganda, Villi Brandt nemis kontslerlaridan birinchi bo‘lib, lavozimga o‘tirishi munosabati bilan BMTda nutq so‘zladi va dunyo bo‘ylab qashshoqlik yoyilib borayotgani haqida aytdi. Uning “Ochlik ham urushlarning bittasi!” degan xitobi shunday ishonchli ediki, gulduros qarsaklar bo‘lib ketdi.

Men ham o‘sha yerda edim. O‘sha vaqt “Paltus” nomli romanim ustida ishlayotgandim. Unda odamzod mavjudligining eng birinchi asosi — ovqat haqida, ochiqrog‘i, yetishmovchilik va isrofgarchilik, yebto‘ymaslar va son-sanoqsiz ochlar, tanglay quvonchlariyu boylar dasturxonida qolgan non burdalari haqida so‘z boradi.

Bu mavzu eng muhimliligicha qoldi. Boyliklar qayerlardadir to‘planishiga javoban kambag‘allik o‘sib borayapti. Boylar, Shimol va G‘arb o‘zini kambag‘al Janubdan qanaqangi xavfsizlik tadbirlari bilan ihota qilmasin, o‘z qo‘rg‘onlariga yashirinib olmasin, bari bir qochqinlar oqimi ularga ham yetib boradi, hech qanaqa to‘siq ochlarning hujumiga bardosh berolmaydi.

Bu haqda kelajak so‘zlaydi, albatta. Pirovardida, romanimiz davomli bo‘lsin. Va, hatto, qora kunlar kelib, yozish va e’lon qilishni to‘xtatsalar yoki taqiqlab qo‘ysalar, agar tirik qolish vositasi sifatida kitob topib bo‘lmay qolsa ham qissaxonlar topiladi; ular o‘z nafaslari bilan bizni tiriltiradilar, qo‘hna tarix rishtalarini yangicha mayllarga moslab, goh baland va goh past ovoz bilan, goh tarab va goh o‘rib, bir kulib va bir yig‘lab yigiradilar.

1999 yil

Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi

________________

[1] Ken Saro-Viva (1941—1995) — nigeriyalik yozuvchi, huquqshunos; Shell neft imperiyasining aybi bilan ekologik halokatli vaziyat yuzaga kelganda unga qarshi kurashuvchilarga rahbarlik qilgan; 1994 yili o‘limga hukm qilingan, bunga qarshi keng jamoatchilik harakati olib borilganiga qaramay, 1995 yili hukm ijro etilgan.