Poyezd alvon-alvon qoyalar oralig‘idagi po‘lat izdan larzalanib chiqib, bananzor oralab pishqira ketdi. O‘ngda ham, so‘lda ham – hamma yoqda bir xil — bananzor, oxiri ko‘rinmaydi. Havo nam tortib, dengizdan kelayotgan epkin sezilmay qoldi. Vagon derazasidan ko‘ngilni aynitadigan achchiq tutun yopirildi. Relslar biqinidagi torgina tuproq yo‘lda nimyashil banan shingillari uyib ortilgan aravalarni tortib borayotgan ho‘kizlar horg‘in oyoq tashlaydi. Yo‘ldan naridagi huvillab yotgan yaydoq dalalar ko‘zga g‘alati ko‘rinadi. Elektr ventilyatorlari ishlab turgan idoralar, qizil g‘ishtdan ko‘tarilgan kazarmalar, chang bosgan atirgul va palma bo‘talari orasidan oq stol-stullari yaltiragan ayvonlar ko‘zga tashlanib qoladi. Soat o‘n bir, jazirama endi boshlanayotgan mahal.
— Oynani ko‘tarib qo‘yganimiz ma’qul, — dedi ayol. — Yo‘qsa, sochingni qora qurum bosib ketadi.
Qizcha urinib ko‘rdi, lekin zanglab yotgan romni joyidan siljita olmadi.
Bu oddiy, uchinchi mavqeli vagonda ulardan boshqa yo‘lovchi yo‘q. Parovoz mo‘risining tokchadan yopirilayotgan qora qurimi hamon chetlab o‘tay demasdi. Qizcha joyidan turib, narsalarini — yegulik solingan yelim xalta va gazetaga o‘ralgan guldastani o‘rindig‘iga qo‘ydi. Ro‘parasidagi joyga o‘tib, oynadan nariroq, onasi bilan yuzma-yuz o‘tirdi. Ikkalasi ham g‘aribgina, motam libosida edi.
O‘n ikki yoshli bu qizaloqning birinchi marta poyezdga chiqishi. Ayolning qovoqlarini taram-taram mayda ko‘k tomirchalar bosgan. Vujudi ancha shalvirab qolgan, mo‘rtgina ushoqdaygina. Rohiblar ridosiga monand bichilgan ko‘ylakka o‘rangan. Ko‘rinishidan yonidagi qizchaning onasiga o‘xshamas, bunday deyish uchun juda keksaday tuyuladi. Go‘yo umurtqasi o‘rindiq suyanchig‘iga yopishib qolganday, tizzasidagi qachonlardir loklangan, endi titig‘i chiqib ketgan portfelni ikki qo‘li bilan mahkam ushlab o‘tirardi. Yuz-ko‘zida umri qashshoqlikda o‘tayotgan bechoraga xos xotirjamlik.
Soat o‘n ikkilarga borib jazirama boshlandi. Poyezd suv zaxirasini to‘ldirish uchun qaysidir kichik bekatda o‘n daqiqa to‘xtab oldi. Tashqarida, paykallarning sirli sukunatida soyalar g‘ayritabiiy tiniq, vagon ichida esa xom terining hidiga to‘yingan allaqanday achqimtil harorat ufurib turardi. Keyin poyezd imillashga tushdi. Yog‘och uylari chiroyli ranglarga bo‘yalgan biri-biriga o‘xshash shaharchalarda ikki marta to‘xtadi. Ayolning boshi o‘mganiga tushdi va pinakka ketdi. Qizcha tuflisini yechdi. Hojatxonaga borib, so‘liy boshlagan gullarni suvga solib qo‘ydi.
Qaytib kelganida, onasi uni allaqachon kutayotgan, ovqatlanish mahali bo‘lgan edi. Ayol qiziga bir bo‘lak pishloq, go‘shtli zog‘ora pirog va shirin kulcha berib, yelim xaltadan o‘ziga ham shunday yegulik oldi. Tanovul qildilar. Bu paytda poyezd po‘lat ko‘prikdan sekinlab o‘tdi va xuddi boyagiday, farqi – ochiq maydonda odamlar to‘planib turgan, navbatdagi shaharchaga kirib keldi. Hammani narsani jizg‘anak qilib kuydirayotgan quyosh tig‘ida mashshoqlar qandaydir shodon musiqani chalardi. Shaharcha ortida, qaqrab yotgan yalanglikda endi paykallar ko‘rinmaydi. Ayol kavshanishdan to‘xtadi.
— Oyog‘ingga kiy, — dedi.
Oynadan tashqariga qaragan qizcha qaqragan cho‘ldan boshqa narsani ko‘rmadi. Poyezdning yurishi yana tezlashdi. Qizaloq yarmi yeyilgan kulchani sumkaga solib, oyog‘iga tuflisini ildi. Onasi unga taroq uzatdi:
— Sochingni tarab ol.
Qizcha sochini tarashga kirishgan mahal parovoz hushtagini chaldi. Ayol ter bosgan bo‘yni va yuzini qo‘li bilan artdi. Qizcha sochini tarab bo‘lar-bo‘lmas oynadan navbatdagi shaharchaning ilk uylari ko‘zga tashlandi. Uylar sal kattaroq bo‘lsa-da, avvalgilardan ham g‘aribroq ko‘rinardi.
— Zarur ishing bo‘lsa, hozir qilib ol, — dedi ona. — Keyin, chanqab o‘lsang ham birovdan suv so‘rama. Tushundingmi? Eng muhimi, yig‘lama.
Qizcha tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. Oynadan, parovoz hushtagi va almisoqdan qolgan vagonlarning taraqa-turuqi bilan birga, garmselning olovli tafti urildi. Ayol yegulik qoldiqlari solingan xaltani o‘rab, portfeliga tiqdi. Oynadan avgust seshanbasining oftobida charaqlagan shaharcha namoyon bo‘ldi-yu, darhol xira tortdi. Qizcha gullarni ho‘l gazetaga o‘rab, oynadan uzoqroq o‘tirdi va onasiga qaradi. Ona ham unga xotirjam, mehr to‘la nigohini tikib turardi. Hushtak tovushi uzilib, poyezdning yurishi sekinlasha boshladi va keyin to‘xtadi.
Stantsiyada odam zoti ko‘rinmasdi. Ko‘chaning narigi burjida, bodom daraxtlari soyasida, faqat bilyardxona ochiq. Shaharchani jazirama zabtiga olgan. Ayol bilan qizi bekatdan chiqib, o‘t-o‘lanlar shag‘al-toshlarini ko‘pchitib, yaroqsiz holga keltirib tashlagan ko‘prikdan o‘tdilar va o‘zlarini soyada – yo‘lakda ko‘rdilar.
Kun og‘ib, soat ikkiga yaqinlashgan. Bu mahalda mast uyqu oyog‘idan chalgan shaharcha ahlini orom og‘ushida – siyestada topasiz. Do‘konlar, muassasalar, davlat maktabi soat o‘n birda yopiladi va soat to‘rtdan sal avvalroq, poyezd ortiga qaytar payti ochiladi. Faqat stantsiya ro‘parasidagi musofirxona va uning mayxonasi, bilyardxona, shuningdek, maydon yonidagi pochtaxonagina ochiq bo‘ladi. Aksariyati banan kompaniyalari me’yorlariga binoan qurilgan uylarning eshiklari ichkarisidan ildirilib, pardalari tushirilgan. Uylarning ayrimlari tandirdek qizib ketgani uchun xonadonlar ahli ochiq ayvonda tushlik qilmoqda edi. Boshqalar esa bodom soyalaridagi kursilarga o‘tirib olib, shundoqqina ko‘chaning o‘zida joniga orom beryapti.
Kungaydan qochib borayotgan ona-bola odamlarning oromini buzib qo‘yishdan xavotirda. Ular to‘g‘ri borib, ruhoniyning eshigi oldida to‘xtadi. Ona eshikka tarang tortilgan simto‘rni tirnoqlari bilan chalgan bo‘ldi. Birpasdan so‘ng yana takrorladi. Ichkarida ventilyator g‘irillab turardi. Qadam tovushi eshitilmadi. Faqat qayerdadir, ichkarida eshik g‘ijirlagani, so‘ng juda yaqindan, shundoqqina simto‘rning orqasidan hadiksiragan ovoz sas berdi:
— Kimsiz?
Ayol ovoz egasini ko‘rishga urindi.
— Menga padre kerak edilar.
— Padre dam olyaptilar.
— Juda zarur ishim bor, — dedi ona xotirjam, biroq qat’iy.
Eshik sassizgina qiya ochildi va to‘ladan kelgan, pakanaroq, rangi-ro‘yi bir hol, sochlari kulrang bir ayol ko‘rindi. Ko‘zoynagining qalin shishalari ortidan ko‘zlari juda kichkinadek tuyulardi.
— Kiringlar, — dedi u eshikni lang ochar ekan.
Ona-bola so‘ligan gul hidi anqib turgan xonaga kirdi. Ayol ularni suyanchiqli skameykaga boshlab borib, o‘tiringlar, deya imo qildi. Qizcha o‘tirdi, ammo onasi qo‘lidagi portfelni mahkam ushlaganicha xayollariga g‘arq bo‘lgandek turib qoldi. Ventilyatorning g‘irillashidan boshqa biror sas-sado kelmasdi.
Boshqa xona eshigi ochilib, ostonada boyagi ayol paydo bo‘ldi.
— Soat uchdan keyin kelarkansizlar, — deya shivirladi u. — Joyiga cho‘zilganiga hali besh daqiqa ham bo‘lgani yo‘q.
— Poyezd uch yarimda jo‘nab ketadi, — dedi ona.
Uning so‘zlari qisqa va dadil yangradi, lekin so‘zidan ko‘ra ohangidagi xotirjamlikda ma’no-mazmun ko‘proq edi. Ularni uyga kiritgan ayol birinchi marta jilmaydi:
— Tushundim.
Uning ortidan eshik yana yopildi. Ona endi qizining yoniga cho‘kdi. G‘aribgina jihozlangan mo‘jaz qabulxona chinniday ozoda edi. Uni ikkiga bo‘lib turgan yog‘och to‘siq ortida —klyonka to‘shalgan oddiy stol, stolning ustida qadimiy yozuv mashinkasi, yonida gul solingan guldon. Nariroqda, stol ortida — cherkov qavmining arxivi. Kabinetdagi sarishtalik yolg‘iz ayolning zimmasida ekanligi sezilib turardi.
Eshik yana ochildi. Bu gal ko‘zoynagining shishasini ro‘molchasi bilan artgancha ruhoniy chiqib keldi. Ko‘zoynagini taqqanidan keyingina u ona-bolani ichkariga kiritgan ayolning akasi ekanligi ayon bo‘ldi.
— Xo‘sh, xizmat? — deb so‘radi u.
— Bizga qabristonning kaliti kerak, — dedi ona.
O‘tirgan qizchaning tizzasida — guldasta, oyoqlarini skameykaning tagiga chalishtirib olgan. Ruhoniy qizchaga, keyin onasiga, so‘ng esa derazaga tortilgan simto‘r orasidan bulutsiz, ko‘zni qamashtiradigan yorug‘ osmonga qaradi.
— Shunday jaziramada-ya, — dedi. — Kun qaytgunicha sabr qilsanglar bo‘lardi.
Ona boshini chayqadi. Ruhoniy to‘siq ortiga o‘tib, shkafdan katak jildli daftar, yog‘och qalamdon va siyohdon olib, stolning bo‘yiga o‘tirdi. Uning sochlari qanchalik siyrak bo‘lsa, qo‘lidagi mo‘ylari shunchalik qalin edi.
— Kimning qabrini ziyorat qilmoqchisizlar? — deb so‘radi u.
— Karlos Sentenoning, — deya javob berdi ona.
— Kimning?
— Karlos Sentenoning.
Padre hamon tushunolmayotgan edi.
— O‘tgan hafta shu yerda, shaharchada o‘ldirilgan o‘g‘rining qabrini, — dedi ayol gapinig ohangini zarracha o‘zgartirmay. — Men uning onasiman.
Ruhoniy unga sinchkov tikilib qoldi. Ayol ham unga xuddi shunday — xotirjam, dadil va kiprik qoqmay tikilib turaverdi. Padre qizarib ketdi. U boshini egdi va yozishga kirishdi. Katak yo‘lli daftar varag‘ini to‘ldirar ekan, ayoldan kimligini va qayerdanligini so‘rar, ayol esa go‘yo tayyor matnni o‘qib berayotganday, tutilmasdan, aniq-tiniq va batafsil javob qaytarardi. Padreni ter bosa boshladi. Qizcha chap tuflisini bo‘shatib, tovonini ko‘tardi va oyog‘ini o‘kchasining ustiga qo‘ydi. O‘ng oyog‘iniyam shunday qildi.
Voqea o‘tgan haftaning dushanba kuni ruhoniyning uyidan bir necha ko‘cha narida sodir bo‘lgan edi. Ashqol-dashqol uyilib yotgan xonadonida yakka-yolg‘iz yashovchi beva, senora Rebeka yomg‘irning shovullashi orasida kimdir uyining eshigini ochmoqchi bo‘layotganini eshitgan. To‘shagidan turib, garderobini paypaslagan va polkovnik Aureliano Buendi zamonidan beri biror kimsa otib ko‘rmagan to‘pponchani topgan hamda chiroqni yoqmasdan to‘g‘ri eshikka tomon yurgan. Qulf tuynugidan eshitilayotgan tovushdan ko‘ra, yigirma sakkiz yillik yolg‘izlik uqubatida vujudiga singib ketgan qo‘rquv ustun kelib, qorong‘ilikda, yaqin yo‘lamasdan, nafaqat eshikni, hatto uning qulfidagi teshikchani ham aniq mo‘ljalga olgan. To‘pponchani ikkala qo‘li bilan mahkam ushlab, ko‘zlarini yumgan va tepkini bosgan. Ayol umrida birinchi marta to‘pponchadan otishi edi.
O‘q gumburlagandan keyin beva avvaliga maydalab yog‘ayotgan yomg‘irning ruhlangan tunukaga urilib shitirlashidan boshqa narsani eshitmagan. So‘ng eshik oldidagi tsement maydonchaga qandaydir mayda temir qulab tushgan va «Oh, onajon!» degan behad horg‘in ovoz qulog‘iga chalingan. Ertalab bevaning uyi oldida o‘lik holda topilgan odamning burni majaqlangan, egnida qalami pahmoq ko‘ylak va belida qayish o‘rniga chilvir bog‘langan odmi shimi, o‘zi esa yalangoyoq bo‘lgan. O‘lgan odamni shaharchada hech kim taniy olmagan.
— Demak, uni Karlos Senteno deyishar ekan-da, — deya ming‘irladi yozishni tugatgan padre.
— Senteno Ayyala, — aniqlik kiritdi ayol. — U oilamizdagi yagona erkak edi.
Ruhoniy shkaf tomon burildi. Shkafning eshigiga qoqilgan mixda ikkita kattakon zang bosgan kalit osig‘lik turardi. Qizcha va uning onasi, ona bo‘lgunicha — hali qizaloqligidayoq, ehtimol ruhoniyning o‘zi ham, avliyo Pyotrning kalitini aynan mana shunday tasavvur qilar edilar. Padre kalitni olib, to‘siq ustida ochiq yotgan daftarga qo‘ydi va yozilgan varaqqa barmog‘i bilan nuqidi.
— Mana bu yerga qo‘l qo‘ying.
Ayol portfelini qo‘ltig‘iga mahkam qisib, ismini aji-buji qilib, qiynalib yoza boshladi. Qizcha gulni qo‘liga olib, ship-ship yurgancha to‘siq yoniga keldi va onasiga termuldi.
Padre xo‘rsindi.
— Farzandingizni haq yo‘liga solishga harakat qilib ko‘rmagan ekansiz-da?
Ayol yozishni tugatib, javob qildi:
— Nuridiydam yaxshi bola edi.
Goh onasiga, goh qiziga qayta-qayta nigoh tashlar ekan, taassuf va hayratga tushgan padre unisi ham, bunisi ham yig‘lashni xayoligayam keltirmayotganiga ishonch hosil qildi. Ayol osoyishta ohangda gapida davom etdi:
— Men unga odamlarning oxirgi lo‘qmasiga hech qachon ko‘z olaytirmagin, desam, bolam gapimni ikki qilmasdi. Ilgari, u bokschi bo‘lgan paytlarda, ba’zan shunday do‘pposlashar ediki, uch-o‘rt kunlab to‘shakdan turolmay yotardi.
— Og‘zida bittayam tishini qoldirishmagan, — dedi qiz.
— Ha, bu bor gap, — tasdiqladi onasi. — O‘sha paytlarda o‘g‘limning har bir luqmai halolida shanba kunlari yegan mushtlarining ta’mini sezib turardim.
— Bandasining boshi — Yaratganning toshi, — dedi ruhoniy.
Bu gapni u avvalo ko‘pni ko‘rgan odam sifatida, qolaversa, jazirama ta’sirida, lanjroq aytdi. Ularga oftob tig‘idan ehtiyot bo‘lish uchun boshingizga biror narsa o‘rab olinglar, deb maslahat berdi. Ko‘zlari uyquga ketar darajada homuza torta-torta Karlos Sentenoning qabrini qanday topishni tushuntirdi.
—Qaytish asnosida, — dedi u, — qo‘ng‘iroq tugmachasi bosilib, kalit eshik tagiga tiqib qo‘yilsa, bas. Darvoqe, imkoni bo‘lsa, cherkovga sadaqani ham o‘sha joyda qoldirish mumkin.
Ayol uning gaplarini diqqat bilan eshitdi, biroq qovog‘ini ochmasdan minnatdorlik bildirdi.
Tashqi eshikni ochish uchun ko‘cha tomon yurgan padrening simto‘rga burnini bosgancha ichkariga qarab turgan qandaydir bolakaylarga ko‘zi tushdi. U eshikni ochishi bilan hammasi tum-taraqay qochdi. Odatda bu mahal ko‘chada inson zoti ko‘rinmas, biroq hozir bolalardan boshqalar ham kam emasdi. Bodom daraxtining tagida olomon to‘da-to‘da bo‘lib turardi. Oftob tig‘ida jazillab yotgan ko‘chaga ko‘z yugurtirgan padre tushundi. Yengil harakat bilan darhol eshikni yopdi.
— Birpas kutib turinglar, — dedi u ayolga qaramasdan.
Uyning to‘ridagi eshik ochilib, ichkaridan singlisi chiqdi. U endi tungi ko‘ylagi ustidan yengil qora nimcha tashlab olgan, to‘zg‘igan sochlari yelkasigacha tushib turardi. U ruhoniyga qaradi.
— Tinchlikmi? — deb so‘radi ruhoniy.
— Odamlar sezib qolganga o‘xshaydi, — shipshidi singlisi.
— Bular ayvon tomondan chiqishsa yaxshi bo‘lardi, — dedi padre.
— Endi kech, — dedi singlisi. — Olomon derazaga osilib olgan.
Ona gap nimadaligini endi anglab yetganga o‘xshardi. U simto‘rga razm solar ekan, ko‘chada nimalar bo‘layotganini ko‘rishga urindi. So‘ng qizidan gulni olib, eshik sari yurdi. Qizi uning izidan qadam tashladi.
— Oftob qaytgunicha kutib tura qolinglar, — dedi padre.
— Oftob jizg‘anak qilib tashlaydi, — qo‘shimcha qildi xonaning to‘rida kuzatib turgan singlisi. — Shoshmay turinglar, soyabonimni berib yuboraman.
— Rahmat, —deya javob qildi ayol. — Ko‘nikib ketganmiz.
U qizning qo‘lidan ushladi va ikkalasi ko‘chaga chiqdi.
Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi
“Guliston” jurnali, 2023 yil 3-son