Frederik Braun. Alomat nusxa (xayoliy hikoya)

Gap bunday: dunyoda Xenli, to‘g‘rirog‘i, Xenli degan bir odam yashardi. Basharasini ko‘rsangiz, uning biror ishga qodirligiga sira ishonmasdingiz. Ag‘ sayyorasidan mehmonlar keldi-yu, shu hech narsaga yaramaydigan odam hikoyamizga qahramon bo‘lib qoldi.
O‘sha kuni Xenlining kayfi taroq edi. Lekin, bu uning uchun favqulodda hol emasdi. Chunki, u hamisha mast holda bo‘lar, bir lahza ham hushyor yurmayman, deb ahd qilgandi. Darvoqe, keyingi vaqtlarda bu ahdini bajarishi qiyin bo‘lib qoldi. Nega desangiz, puli ham, qarz beradigan o‘rtoqlari ham tugadi. Tanishlar davrasi shu qadar siyraklashib ketdiki, agar biror joyda jon boshiga yigirma tsentdan undira olsa boshi osmonga yetardi.
Shunday qilib, Xenli qora kunlarga eson-omon yetib keldi. Shu kunlarda u sal-pal tanish odamni uchratish, birortasidan bir dollar yoki hech bo‘lmaganda bir necha tsent yulish uchun yuz chaqirimcha yo‘l bosishi lozim bo‘lib qoldi. Ko‘p yurganda odam bor kayfidan ham ajraladi. Butunlay ajralmaydi-yu, harholda kayfi buziladi. Xullas, Xenlining boshiga Ko‘zgular saltanatidagi Alisaning kuni tushdi. Alisa yovuz qirolichaga duch kelmaslik uchun joni boricha chopaveradi, chopaveradi, lekin turgan joyidan sira jilmaydi…
Notanishlardan tilanay desa bo‘lmaydi, har qadamda hushyor soqchilar, uni panjara orqasiga tiqib qo‘yishsa, tamom, holiga voy — u yerda biror tomchi spirt anqoning tuxumi. Xenli falokatning cho‘qqisiga yetdi — o‘n ikki soatdan beri araq tatimadi — endi kuni qizil tush ko‘rishga qoladi. Qizil tush shunday alomat narsaki, uning oldida dahshatli dovullar atigi yengil, mayin shabada bo‘lib qoladi.
Vasvasa nima? Faqat ko‘zingga jinlar, alvastilar, ko‘rinadi, xolos. Agar ahmoq odam bo‘lmasang, haqiqatda jinlar, alvastilar yo‘qligiga aqling yetadi. Ba’zan jinlar, alvastilar ko‘nglingni ham ochadi — bu o‘zingga bog‘liq. Qizil tush ko‘rish-chi? Eh-e, buning uchun araqni shunchaki ichish kifoya qilmaydi. Uni tinimsiz ichish, oxirgi marta qachon hushyor bo‘lganingni ham eslayolmaydigan darajada ichish kerak.
Qizil tush degan fikrning o‘zidanoq Xenli qaltiroq qo‘llari bilan eski tanishi, qadrdon og‘aynisining qo‘lini qisib, silkita boshladi. Aslida Kid unchalik qadrdon ham emasdi, Xenli uni bor-yo‘g‘i ikki-uch marta, shunda ham noqulay vaziyatlarda ko‘rgan. Lekin, bari bir emasmi? Kid Egglston jussador, lekin anchagina pachoq odam edi. U qachonlardir bokschi bo‘lgan, hozir ham qahvaxonada mushtlashuvchilardan biri edi. Bu to‘s-to‘polonlarda Xenli u bilan uchrashmasligi mumkin emasdi.
Lekin, siz uchun uning kimligi ham, ismi-sharifining ham ahamiyati yo‘q. Chunki, u hozir qichqirib, hushidan ketadi va hikoyamizda boshqa qatnashmaydi.
…Uch va To‘qqiz — Ag‘ sayyorasidan, boya aytganimizday koinotning narigi chekkasidagi yagona hayot manbai — Yashil quyoshdan kelgan mehmonlar edi. Albatta, ularning to‘liq nomi to‘laroq aytganda 38905779 2869223 deb ataladi. Harholda bu ham qisqaroq, o‘nlikka bo‘lib hisoblangan nom…
Xenli huzur qilib, Kidning qo‘lini silkitayotgan daqiqada To‘qqiz bilan Uch ular tepasida bir milcha balandlikda uchib kelayotgan edilar. Ular samolyotda emas, kosmik raketada ham emas, likopda ham emas, balki vaqt ham makon tubida
uchayotgan edilar. Xullas, xoh ishoning, xoh ishonmang, kub Yer ahliga ko‘rinmas, Filadelfiyadan bir mil balandlikda parvoz qilardi. Ular shu to‘rt kun badalida yerdan kelayotgan radio to‘lqinlarni tutib, tekshirib, oxiri ingliz tilini ham o‘rganib olishdi.
Albatta, ular bizning haqiqiy madaniyatimiz, haqiqiy urf-odatlarimizning zarrachasini bilishgani yo‘q. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, faqat radio topishmoqlar, e’lon, afishalar, didsiz kovboycha sarguzashtlar omuxtasidan iborat bo‘tqani tatib ko‘rib, yerdagi hayotni qanday tasavvur qilishsin? To‘g‘risi, ularni bizning taraqqiyotimiz aytarli qiziqtirmasdi. Ularni faqat bir narsa: Yer nihoyatda ortiq taraqqiy etib, ag‘liklarga xavf tug‘dirmasmikin, degan muammo qiziqtirardi. To‘rt kunda ular bunday xavf-xatar yo‘qligiga ishonch hosil qilishdi.
To‘g‘ri, yerliklar zo‘r berib qurollanishayotgan, yangi-yangi ommaviy qirg‘in vositalarini topishayotgan edilar… Lekin, bu jangovarlikni kuchaytirishdan boshqa sayyoralarga hujum qilish maqsadi ko‘zda tutilmaganiga ag‘liklar ishonch hosil qilishdi. Yerliklar boshqa sayyoralardagi mavjudotlarni emas, balki, o‘zlarini qirib yo‘qotish payida edilar. Shuning uchun ag‘liklar to‘g‘ri xulosaga kelganidan ajablanmaslik kerak.

* * *

— Yerga qo‘namizmi? — so‘radi Uch.
— Mayli, — dedi To‘qqiz.
Uch butun vujudi bilan rulga yopishdi.

* * *

Bu vaqtda Xenli o‘rtog‘i Kidga xiralik qilayotgan edi:
— Albatta, sen yaxshi bokschi eding, raqibingga qanday musht tushirganingni o‘zim ko‘rganman. Sen ringda ajoyib eding, Kid! Agar trenering aqlliroq bo‘lganda, hozir bilasanmi kim bo‘larding?.. Senda haligi, nimaydi, chapdastlik bor edi. Qittay-qittay qilishga hushing qalay, Kid?
— Kim quyib beradi, Xenli? Senmi, menmi?
— Bilasanmi, Kid, hozir ishlarimiz xurjunroq. Lekin, ichmasam bo‘lmaydi, ichim yonib ketayapti. Do‘stligimiz haqqi…
— Senga ichkilik hozir baliqqa soyabonday yarashadi. O‘zing tayyor bo‘lib qolibsan. Hushingni yig‘, ko‘zingga shaytonchalar ko‘ringuncha…
— Befoyda, — dedi Xenli. — Men shaytonchalardan qo‘rqmayman. Ana, hozir ham orqangda shaytonchalar ko‘rinib turibdi…
Kid Egglston orqasiga o‘girildi va shu zahoti qattiq qichqirib, hushidan ketdi. Uch bilan To‘qqiz uning oldiga yaqinlashib kelardi. Ularning ortida eni besh metr keladigan yoki undan ham ortiq bahaybat kub ko‘rinardi. Lekin, kub ayni vaqtda ham ko‘rinar, ham ko‘rinmasdi — shunisi dahshatli edi. To‘g‘risi, Kid shuni ko‘rib, hushidan ketgan bo‘lsa kerak.
Uch bilan To‘qqizning qiyofasi ajablanarli emasdi. Ular chuvalchangga o‘xshash, uzunligi (agar cho‘zilsa) uch yarim metrcha, belining yo‘g‘onligi yigirma besh santimetrcha keladigan oddiygina aqlli mavjudotlar edi. Gavdalarining oxiri esa uchligina. Ko‘zlari ko‘m-ko‘kkina. Hech qanday sezgi a’zolari ko‘rinmasdi. Xenli va yo‘l chetida cho‘zilib yotgan Kid oldiga ular kulchasimon holatda, xuddi havoda suzayotganday yaqinlashishdi.
— Xello! — salomlashdi Xenli. — Do‘stimni qo‘rqitib yubordinglar, jin urgurlar… U menga rosa nasihat qilardi-da, quyib berardi. Endi o‘rniga sizlar quyib berasizlar, qani bir stakanni qoyillatvoring-chi!..
— Taassuroti mantiqsiz, — dedi Uch sherigi To‘qqizga qarab. — Boshqa mavjudot ham shunday. Ikkalasini olib ketamizmi?
— Befoyda. Boshqasi yo‘g‘onrog‘-u, lekin juda zaif ekan. Bizga aslida bittasi ham kifoya. Ketdik!..
Xenli bir qadam orqaga tashlandi:
— Quyib bersangiz boraman. Yo‘qsa qayerga olib borishlaringizni so‘rayman…
— Biz Ag‘dan kelgan vakillarmiz…
— Ag‘dan qag‘gacha? — masxara qildi Xenli. — Gap bunday, taqsirlar, agar sizlar, nechtaligingizni bilmadim, agar quyib bermasalaringiz hech qayoqqa bormayman!
— U nima deyapti? — so‘radi To‘qqiz Uchdan.
— Tushunmadim.
— Majburan olib ketamizmi?
— Balki o‘zi borar, to‘xta-chi. Hoy, jonivor, o‘z xohishingiz bilan kubga tushasizmi?
— U yerda ichgani narsa bormi?
— Bor, hamma narsa bor. Marhamat qiling…
Xenli kubga kirdi. Aslida, uning uchun qayerga borishning ahamiyati yo‘q edi. Kubning ichi qattiq jismdan ekan, tiniq ham, xira ham ko‘rinmasdi. Uch kubning murvatiga o‘ralib olib, tanasining ikkala uchi bilan yengil harakat qilar, nozik mexanizmlarni boshqarardi.
— Biz makon ortidamiz, — xabar qildi u. — Muayyan nuqtada to‘xtab, ketayotgan namunamiz maqsadimizga yaroqlimi-yo‘qmi, shuni tekshirib olishni taklif qilaman.
— Hey, ichish nima bo‘ladi? — Xenli rostakamiga tashvishga tushdi. Uning qo‘llari qaltirab, badanida chumolilar o‘rmalay boshladi.
— Chamamda u azob tortayapti, — sezdi To‘qqiz. — Ehtimol ochlikdan, yoki tashnalikdandir. Bu jonivorlar nima ichar ekan? Bizga o‘xshab vodorod perekisini icharmikin, yo…
— Bu sayyora sathining asosiy qismi ozroq xlorli natriy qo‘shilgan suvdan iborat. Unga shunaqa suvni sintez qilib beraymi?
— Kerakmas! — qichqirdi Xenli. — Tuzsizi ham kerakmas. Ichaman! Viski! Araq!
— Uning tanasidagi modda almashinuvini tekshirib ko‘raymi? — so‘radi Uch. — Interaflyuoroskop yordamida buni bir sekunda aniqlash mumkin…
U murvatlardan uzilib, g‘alati shakldagi mashina oldiga bordi. Chiroqlar miltiray boshladi.
Tayyor. Uning doimiy ozuqasi C2H5OH ekan!
— C2H5OH dedingmi?
— Xuddi shunday. Asosida etil spirti. Tarkibida ozroq H2O bor, lekin, bu yerdagi dengizlarda mavjud bo‘lgan xlorli natriy qo‘shilmagan. Boshqa tarkibiy qismlar esa minimal dozada. Chamasi, uning iste’mol qilgan narsasi, harholda keyingi oylarda iste’mol qilgan narsasi bor-yo‘g‘i shu ekan. Uning qonida va asab hujayralarida 0,234 protsent spirt bor. Menimcha, uning tanasidagi butun modda almashinuvi C2H5OH ga asoslanadi…
— Og‘aynilar, — yolvordi Xenli. — Bunaqada tomog‘im qaqrab o‘lamanku. Ko‘p safsata sotmay, bir stakan nasibamni beringlar…
— Sabr qiling, — javob berdi To‘qqiz. — Hozir sizga kerakli narsa tayyor bo‘ladi. Faqat verner bilan ruxbinni ishga solsam bo‘ldi.
Yana chiroqlar miltirab, To‘qqiz kubning burchagidagi laboratoriyaga o‘tib oldi. U qandaydir ish qilib, bir minutda kolba bilan qaytdi. Kolba shishada ikki litrcha tiniq suyuqlik bor edi.
Xenli shishani hidlab ko‘rib, labiga tekkizdi va og‘ir-og‘ir nafas oldi.
— Shak-shubhasiz, jannatga tushib qoldim, — dedi u. — Axir bu ultraprima lyuks, bay-bay, ilohiy sharob-ku! Bunaqa jannati ichimlik bu dunyoda bo‘lmaydi!
U ichimlikdan bir necha marta uzoq-uzoq ho‘plagandi, hatto tomog‘ini ham kuydirib o‘tmadi.
— To‘qqiz, bu qanaqa taom? — so‘radi Uch.
— Tarkibi ancha murakkab, uning talabiga juda mos keladi: Ellik protsent spirt, qirq besh protsent suv. Mazasini yaxshilash uchun oz miqdorda yana bir qancha moddalar qo‘shilgan. Biz — ag‘liklar mabodo spirt yoki suv icha olganimizda ham, bu biz uchun juda bemaza narsa…
Xenli uf tortib, yana ho‘pladi. Sal chayqala boshladi. Uchga qarab, miyig‘ida kuldi:
— Endi bildim, sizlar… ag‘dan yo‘q…
— U nima deyapti? — so‘radi To‘qqiz Uchdan.
— Chamamda bularning fikrlash jarayoni butunlay mantiqsiz. Bu turdagi jonivorlar biror ishga yararmikin? Lekin, albatta, uni yana tekshirib ko‘ramiz. Hay, jonivor, otingiz nima?
— Otimning nima keragi bor, og‘ayni, m-m-meni xoh-lagancha atayveringlar, m-m-men r-r-roziman… Sizlar m-meni eng yaqin d-d-do‘stlarim-siz. M-meni xohla-gan joyingizga oboring, faqat b-borgan joyimizda uy-y-g‘otib qo‘yinglar…
U shishadagi suyuqlikdan yana bir necha ho‘plab, polga qulab yotib qoldi-da, na Uchga, na To‘qqizga ma’lum bo‘lmagan «Xrrr…vzzz» kabi tovushlar chiqara boshladi. Uch bilan To‘qqiz bu tovushlarning ma’nosini yechishga harchand urinsalar ham, tushunishmadi.
Xenli yana ichkilik so‘radi. To‘qqiz yana bir zumda kolba shishani to‘ldirib keldi. Xenli huzur qilib, ko‘zini yumdi.
— Faqat uyg‘otib yubormanglar!
— Axir siz uxlayotganingiz yo‘q-ku…
— Bo‘lmasa, meni uxlatib qo‘ymanglar. Ha, endi tushundim! Buning nimaligini bildim. Bu ambroziya — xudolar sharbati…
— Xudolar? Nima degani?
Xenli kolba-shishani tabrik qadahiga o‘xshatib baland ko‘tardi.
— Ag‘dan baqqa, bag‘dan aqqa. Lekin, biz «shirin» bo‘lmaymiz…
— Shirin degani nima? — so‘radi Uch.
— Shirin bo‘lish — bu to‘polon qilib, mushtlashib, ko‘chada ag‘dan baqqa ag‘anash…
— Ag‘dan xabardormisiz?
— Ag‘dan-baqqa hech narsa yo‘q. Sizlar ham yo‘q… Sizning salomatligingiz uchun ichaman!..
U yana ichdi.
— Juda anqov, eng oddiy ishlardan boshqaga yaramaydi, — xulosa qildi Uch. — Agar u baquvvat bo‘lganida, biz bu sayyoraga hujum qilishni tavsiya etardik. Bu yerda taxminan uch-to‘rt milliard jonivor yashasa kerak.
— Ura-aa! — baqirdi Xenli.
— Chamamda, uning farosati bir chaqaga arzimaydi, — o‘ylanib qoldi Uch. — Ehtimol, baquvvatdir?
— Biz jismoniy chidamingizni sinab ko‘ramiz. Qani u burchakdan bu burchakka bir yugurib ko‘ring-chi! Shishadagi taomingizni Men ushlab turaman.
To‘qqiz Xenlining qo‘lidagi shishani olishga urindi, lekin u bermay, yopishvoldi.
— Yana bir ho‘plam. Yana qittaygina ho‘plasam, chopaman. O‘lay agar, chopaman! Qayoqqa desangiz ham!..
— Balki ichimlikka zoriqqandir, bering unga, — dedi Uch.
«Tortib olishsa keyin icholmay qolsam-a» — o‘yladi Xenli va kolba shishaga yopishdi. Uzoq ichgach, quvonib, ko‘ziga to‘rtta bo‘lib ko‘rinayotgan ag‘liklarga qo‘l silkidi.
— Poyga, og‘aynilar! Ulfatlarning hammasi borsin… O‘rtaga meni tikinglar. Kim yutsa, menga quyib beradi. Lekin, avval yana bir ho‘plamgina…
— Bas, — dedi Uch. — Endi choping.
Xenli ikki qadam bosib, polga ag‘anab tushdi. U chalqanchasiga ag‘darilib oldi va yuziga yoyilgan rohatijon tabassum bilan yotaverdi.
— G‘aroyib! — xitob qildi Uch. — Balki u bizni ahmoq qilayotgandir? Tekshirib ko‘ring-chi, To‘qqiz…
To‘qqiz tekshirib ko‘rdi.
— G‘aroyib! — yana xitob qildi u. — G‘aroyib! Qittay uringaniga bu nusxa hushidan ketdi. Shu qadar hushini yo‘qotganki, har qanaqa og‘riqni ham sezmaydi. Yolg‘ondan qilayotgani yo‘q. Mazkur nusxaning Ag‘ uchun zarracha qimmati yo‘q. Startga tayyorlaning, qaytamiz. Bizdagi instruktsiyaga muvofiq, uni zoologiya bog‘imiz uchun olib ketamiz. Bunaqa nusxani olib borsak arziydi. Biz tekshirgan o‘n millionga yaqin sayyorada topilgan narsalar ichida eng alomati shu nusxa…
Uch boshqarish murvatiga yopishib, tanasining ikkala uchi bilan mexanizmlarni harakatga keltira boshladi. 163 ming yorug‘lik yili o‘tdi. 1930 asr o‘tmishga va shuncha asr kelgusiga shunday aniq sayohat qilishdiki, kub hech qachon hech qayoqqa bormaganday, vaqtda ham, makonda ham siljimaganday bo‘ldi.
…Minglab foydali va millionlab foydasiz sayyoralarni boshqaradigan ag‘liklarning poytaxt shahrida, zoologiya bog‘ining eng faxrli joyida keng oynavand qafasga Ed Xenli solib qo‘yilgan. Xenli bu yerda eng alomat nusxa hisoblanadi. Qafasning o‘rtasida hovuz bor. Xenli vaqti-vaqti bilan shu hovuzdagi spirtdan ichib, hatto cho‘milib turadi. Xovuzdagi ichimlikda mazasi buzilmagan holda doimiy modda almashinuvi uchun zarur barcha vitaminlar va tuzlar bor. Bu ichimlikni no‘sh qilgan jonivorning boshi og‘rimaydi…
Zoobog‘ning tomoshabinlari Xenlining qiliqlaridan qanchalik lazzatlansa, Xenli o‘zining turish-turmushidan shunchalik lazzatlanar edi. Ular Xenliga hayrat bilan tikilib, so‘ng qafasdagi lotincha so‘zlardan boshlanadigan yozuvni o‘qishadi:

ALKOGOLIKUS ANONIMUS
Asosiy ovqati — oz miqdorda vitaminlar va tuzlar qo‘shilgan C2H5OHdan iborat. Goho ajoyib qobiliyatlarini namoyon qiladi, lekin ko‘pincha butunlay mantiqsiz. Chidamlilik darajasi — yiqilmasdan faqat bir-ikki qadam yura oladi. Iqtisodiy foydasi — nulga teng. Galaktika doirasida topilgan eng g‘aroyib hayot shaklining alomat nusxasi sifatida juda qiziqarli. Bunday nusxalar IK6547 — XR908 sistemasidagi Yer deb atalgan uchinchi sayyorada yashaydilar…

Mahkam Mahmudov tarjimasi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1985 yil, 12-son.