Nihoyat, ijtimoiy fanlar magistri Nisor Hasan Kozimiy ish topdi.
Uning bu xabarni eshitganiga uch kun bo‘ldi. Shu kungacha onasi qo‘ni-qo‘shnilardan bir emas, bir necha bor “qulluq bo‘lsin”ni eshitib ulgurdi. Bugun esa eski ishxonasi qahvaxonasida kuzatuv kechasi bo‘ldi. Ketishidan oldin u o‘zi o‘tirgan xonadagi stol, stul, devorlarni qo‘li bilan siypalayotib ho‘ngrab yubordi. Xuddi ota uyini tark etayotgan kelindek dilgir bo‘lib, do‘stlari bilan xonasidan chiqdi. Keyin xayr-xo‘shlashib, uyiga ketdi.
U ohista-ohista qadam tashlab, uy tomon ketib borar edi. Oyoqlari bu yo‘lni ming marta o‘lchab chiqqan bo‘lsa, ajab emas: Krishna Nagar kollejidan qahvaxonaga, qahvaxonadan yana ortga. Har bir daraxt, har bir ustun, har bir muyulish unga qadrdon. Ertadan esa yangi hayot, yangi yo‘llar va yangi odamlar uning hayotiga kirib keladi.
U birdan o‘ylanib qoldi – shahardan ish topmagan bo‘lsa, nima bo‘pti? Axir haqiqiy Pokiston, bu – boshdan-oyoq qishloq-ku?! Mamlakatni taraqqiy ettirish uchun, eng avvalo, ishni qishloqdan boshlash kerak-ku.
Shularni o‘ylab, u Krishna Nagarga burildi. Bu yer uning tug‘ilgan joyi. Xuddi shu yerda, mana shu tor-tanqis ko‘chalarda uning bolaligi o‘tgan. Bareli shahri uning yodida yo‘q. Bu yerdan uning ota-onasi Pokistonga ko‘chib o‘tgan. O‘shanda u to‘rtinchi sinfda o‘qirdi.
Lohurga ko‘chib kelgach, ular mana shu tumandan uy-joy qilishdi. Otasi munitsipial sudga ishga joylashdi. Oilada hamma urducha gapirar edi, ammo u mahalliy panjobiyni ancha-muncha bilardi. Ba’zan birontasi sof panjobiyda gapirsa, notanish so‘zni tushunmay, Nisor o‘zini yo‘qotib qo‘yar va gapirgan odamga angrayib qarab qolardi.
O‘qish paytida sidqidildan mehnat qilishga o‘rgandi. Oilaviy ahvoli haminqadar bo‘lgani uchun qo‘shimcha ish qilar edi: o‘ziga to‘q kishilarning bolalariga dars berar, ro‘znomalar uchun kerakli xabarlarni tarjima qilar edi.
Magistraturani tugatgach, ish qidirishga tushdi. Soliq qo‘mitasiga murojaat qildi, bojxona xizmati, aktsiz departamenti va yana bir qancha idoralarga qatnadi. Nihoyat, omad kulib boqdi. Oilani rejalashtirish qo‘mitasida ish tavsiya qilishdi. Maoshi ham yomon emasdi. Ammo bir “lekin”i bor edi – ish qishloqda edi. Nisorning boshqa chorasi yo‘q edi. U rozi bo‘ldi. Qishloq Lohurdan ancha uzoqda edi.
Okrug markazida oilani rejalashtirish qo‘mitasining endi ishga olingan xodimlari to‘plandi. Ular uchun ayni shu mavzuda ma’ruzalar o‘qildi. Birinchi bo‘lib viloyat boshlig‘i o‘rinbosari so‘zga chiqdi. U bu muammoning mamlakat miqyosida har bir oila uchun o‘ta muhimligi haqida gapirdi. Shu bois hukumat uning ijobiy hal qilinishi uchun har qanday yordamga tayyor ekanini, buning uchun mamlakat byudjetidan katta miqdorda mablag‘ ajratilayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bu muammoni muvaffaqiyatli bartaraf etish uchun bu yosh mutaxassislarning zimmasiga katta mas’uliyat yuklatiladi.
So‘zga chiqqan odam yaxshigina notiq ekan. Hammani lol qoldirdi. So‘zini tugatayotib, “Bizning farzandlarimiz sog‘lom, savodli va mas’uliyatni his qiladigan bo‘lib yetishishi kerak”, – dedi tugilgan mushtumini u yon-bu yonga sermab.
Uning ma’ruzasi asnosida hamma bir-biriga qarab qo‘yar, ayni paytda bu ulug‘ vazifani amalga oshirish uchun yuklatilgan mas’uliyatni his qilar edi.
Seminarlar ikki haftacha davom etdi. Shifokorlar, ruhshunoslar, iqtisodchilar, yana bir qator mutaxassislar ma’ruza o‘qishdi. Xullas, bu ikki hafta yangi bilim va yangi do‘stlar orttirish bilan o‘tdi.
O‘sha kunlarda Nisor ma’ruzalar bilan shunchalik band ediki, hatto qarindosh-urug‘larini ham, eski do‘stlarini ham eslamadi.
Seminarlar tugagach, yangi mutaxassislar temirqanot bo‘lib, endi uyasidan uchib chiqqan palaponlar kabi mamlakatning turli tumanlariga tarqab ketdi.
Nisor Rakhanvala qishlog‘iga yo‘llanma oldi. Qishloq viloyat markazidan yetmish mil uzoqda edi. Unga yetguncha deyarli olti soat yurish kerak edi, chunki yo‘l deyarli boshdan-oyoq xarob ahvolda edi. Katta kemaning mohir darg‘asi o‘z manziliga yetish uchun dengizda uchragan qoyalarni chetlab o‘tgani kabi, yuk mashinasining g‘ildiragi o‘nqir-cho‘nqirga tushib qolmasligi uchun haydovchi bor mahoratini ishga solar edi. Yuk mashinasidagi yo‘lovchilar Nisor va politsiya xodimidan tashqari ayollar, erkaklar, bolalardan iborat qishloq odamlari ham edi.
Yo‘l bo‘yi mashina bir necha bor kichik-kichik qishloqlarda to‘xtadi. Chunki odamlar biroz dam olib, o‘sha joydagi do‘konchalarda maza-matrasiz biron narsa yeb olmasa bo‘lmas edi. Bir necha soat yurgach, yonginangda o‘tirgan qo‘shningni ham tanib qolasan, kishi. Mashina yurganda, uning atrofida ko‘tarilgan chang-to‘zon odamlarning yuz-ko‘ziga, engil-boshiga qo‘nib, tanib bo‘lmas darajaga kelib qolardi. Hamma horib-charchab, bo‘laricha bo‘lar edi.
Rakhanvala qishlog‘i kichikroq daryo sohilida, balandlikda joylashgan edi. Nisor ust-boshini qoqib, chor-atrofga ko‘z yugurtirdi. Yo‘lovchilar mashinadan lash-lushlarini olib, boshlariga qo‘ygancha uy-uylariga ketdilar. Uning yoniga bir kishi kelib: “Siz Oilani rejalashtirish dasturi bo‘yicha keldingizmi?” – deb so‘radi. “Ha, ha”, – dedi Nisor suyunib.
– Men sizni kutib olgani chiqdim. O‘zim mahalliy ma’muriyat idorasi kotibiman. Yuring.
Ular yomg‘ir suvi to‘planadigan bir handaq yonidan o‘tdi. Suvning yuzini qandaydir yashil suvo‘tlari qoplab olgan edi. Biroz narida chiqindi uyumi atrofida tovuqlar izg‘ib yurar, tumshuqlari bilan nimanidir kavlar edi. Xuddi shu yerda bir masjid va boshlang‘ich maktab ham bor ekan. Uning peshtoqiga “Kim yaxshilik qilsa, hurmat topadi” – degan lavha osib qo‘yilibdi. Yana bir yomg‘ir suvi yuvib ketgan yozuvga ko‘zi tushdi. Hoynahoy, “Xush kelibsiz” deb yozilgan bo‘lsa kerak. Shu yerdan kichkina ko‘chalar boshlanib, ularning har ikki tomonida devorlari nurab ketgan paxsa uylar qad ko‘targan edi.
– Siz mahalliy ma’muriyat idorasida turasiz, u qishloq chekkasida joylashgan. Bitta xona sizniki.
Bu joy eski ehrom bo‘lib, hindular bu yerdan ketganidan keyin Hindistondan kelgan musulmon muhojirlar joylashib olgan edi. Ularga yer ajratilgach, ular ham bu yerdan ko‘chib ketgan edi. Huvillab yotgan bino ta’mirlanib, mahalliy hokimiyat idorasi shu binoga kelib o‘rnashgan edi.
Nisorga ajralgan xonada bitta yog‘och chorpoya, siniq stul va stol bor ekan.
Kotib Nisordan maqtov kutganday bo‘lib, unga yuzlandi:
– Har holda shaharliksiz, shuni o‘ylab, hamma sharoitni qilib qo‘ydik. Yoqadi degan umiddaman. Kechki taomni o‘zim olib kelaman. Ertaga rais kelib uchrashadi, u bugun band. Siz dam oling.
Nisor o‘ringa cho‘zildi. Kech kirdi. Quyosh daraxtlar ortiga berkindi. U o‘rindan turib, xonadan chiqdi va daryo tomon yurdi. Qarshisida bepoyon dala yaslanib yotardi. Har joy-har joyda sho‘ralagan tuproq ko‘rinadi. Atrof sukunatga cho‘mgan. Hatto daryo ham sukut saqlab oqayapti. Chor atrof zulmatga cho‘mmoqda. Uzoqdagi masjid gumbaziyu baland-past uylar qorong‘ilik og‘ushida. Tevarak-atrofdagi sukunat tufayli qalbini qandaydir xotirjamlik chulg‘ab olgan va bu xotirjamlik sog‘inchdan tirnalayotgan yuragiga malham bo‘lmoqda edi.
Ertasi kuni 40-45 yoshlardagi mahalliy hukumat boshlig‘i Nisor bilan uchrashdi. U egniga qimmatbaho matodan tikilgan bichimi keng uzun ko‘ylak – kurta kiygan edi. Uchi tepaga qayrilgan mo‘ylovi va sochiga moy surtib olgan edi. Hovlida u minib kelgan oppoq ot bog‘log‘li turar edi. Boshliqning kelishidan ancha oldin bir gala odam to‘plandi. Bular shu yerning taniqli va hurmatli odamlari bo‘lib, mahalliy hokimiyat xodimlari edi. Barchasi Nisor bilan birma-bir tanishdi. So‘ng o‘ziga yuklatilgan vazifa haqida gapirishi uchun Nisorga so‘z berildi. U ham viloyat boshlig‘i o‘rinbosari kabi nutq irod qildi. Hamma jim turib tingladi. Keyin birdaniga boshi-keti yo‘q savollar yog‘ila ketdi.
– Qayerliksiz?
– Qaysi ijtimoiy tabaqadansiz?
– Ota-onangiz muhojirmi, uylanganmisiz?
Hamma uy-uyiga tarqadi. Ammo haligacha uning qulog‘i ostidan odamlarning shivir-shivir qilib aytgan gaplari ketmasdi: “Dunyoga kelishi kerak bo‘lgan jonni to‘xtatib bo‘ladimi? Yaratganning ishiga kim daxl qila oladi?”
Nazdida, oxirida aytilgan bu gap uning yo‘lidagi eng katta g‘ov bo‘ladiganday, u yo unga qulab jon taslim qiladi yoki undan hatlab o‘tib jon saqlab qoladi.
Nisor butunlay o‘z ishiga sho‘ng‘ib ketdi. Seminarda berilgan ko‘rsatmadan og‘ishmagan holda u qilayotgan ishining, eng avvalo, ayol-erkaklarning o‘zi uchun manfaatli ekanini tushutirishi kerak edi. Oilani rejalashtirish dasturi ularga qanday afzalliklar beradi? Buning uchun u o‘ziga aholi orasidan yordamchilar tanlab olishi kerak. Bular doyalar va tabiblar, hakimlar bo‘lishi mumkin. Nisor barcha to‘planganlar bilan birgalikda o‘sha eski hindu ehromi binosida birinchi darsini boshladi.
Qarshisida o‘ttiz nafarga yaqin yoshi ulug‘ ayollar o‘tiribdi. Orasida bir-ikkita yoshrog‘i ham bor – ba’zisi beva, ba’zisi moddiy ahvoli tang ayollar.
Aftidan, hammasi o‘z ishining ustasi ko‘rinadi. Nisor biroz kalovlanib turdi. U gapni nimadan boshlashni bilmayotgandi.
– Hurmatli opa-singillar! Men sizlar bilan o‘zingiz necha yillardan beri qilib yurgan ish yuzasidan gaplashmoqchi edim, ya’ni bolaning dunyoga kelishi haqida…
U biroz o‘zini o‘nglab oldi. Keyin mamlakatda don o‘rimi, katta oila muammosi, iqtisodiy qiyinchiliklar va ta’lim bilan bog‘liq masalalarni tilga oldi. “Siz ko‘p yillar aholining o‘sishiga yordam berib, bundan o‘zingiz zavqlangansiz. Buning uchun odamlarning rahmatiga sazovor bo‘lgansiz. Endi bir o‘ylab ko‘rsak, siz qilayotgan xayrli ishdan ozgina ziyon bormikan?” Shundan so‘ng u aholi o‘sishini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida so‘zlay boshladi. Nisor bir necha ko‘rgazmali qurollar va jadvallarni osib qo‘ydi.
– Qarang, homila bir hujayraning boshqasi bilan qo‘shilishidan paydo bo‘ladi, – dedi, qo‘lidagi tayoqchasini rasm ustidan yurgizar ekan. – Bu yerda ayol kishi tasvirlangan.
Nisor gapini tugatib ulgurmasidan ayollarning ro‘moli uchi bilan yuzlarini yashirib olganini ko‘rdi. Yana ba’zilari rasmdan yuzini burib, devorga o‘girilib oldi. Yana biri shivirlab: “Voy o‘lay, behayo gaplarini eshityapsizmi?” – dedi. Xonadagi vaziyat tang edi. Borgan sari gapirishi qiyinlashib borardi. Endi joyiga borib o‘tirmoqchi edi, miyasiga bir gap kelib qoldi.
– Hurmatli ayollar, afsus, siz o‘zingiz necha yildan beri qilib yurgan ishingizdan xijolatga tushayapsiz. Barchangiz musulmonsiz, dinimizda buyurilgan – nimaiki shariatda ko‘rsatilgan bo‘lsa, buning uyati yo‘q. Aks holda Qur’on va hadislarda bolaning tug‘ilishi haqida aytilmagan bo‘lardi. Tug‘iladigan bolaning sog‘lig‘iga qayg‘urish Olloh va uning rasuli irodasini ado etish emasmi?
Xonadagi cho‘kkan tanglik biroz yumshadi. Ro‘mollar yuzdan ko‘tarilib, devorga qadalgan ko‘zlar yana tasvirga yuzlandi. Orqadan bir keksa ayolning tovushi eshitildi:
– Hoy, singlim, axir u to‘g‘ri gapiryapti. O‘zimiz doim ko‘rib yurgan narsadan nega uyalayapmiz?
Nisor bir amallab birinchi ma’ruzasini tugatdi. Ayollar bilan ishlash oson emas ekan. Ular bilan o‘n sakkiz kun birga ishladi. Nisor ular qalbidagi qo‘rquv va shubhalarni yo‘qotishi kerak. Ammo birgina bilimning o‘zi kamlik qilayotgan edi. Ularni o‘zi uqtirgan narsalarga ishontira olishi kerak edi. Agar Nisor biron narsani o‘ta ilmiy tilda tushuntirsa, o‘tirganlarning yuzida loqaydlik va norozilik alomatlarini ko‘rar, agar oddiy tilda so‘zlay boshlasa, ularning ochilib gaplashayotganini sezardi.
Bir kuni u ayollarning bola bo‘lib qolishdan saqlanishi haqida berilib gapirayotgan edi, bir doya: “O‘zingiz bo‘yqiz bo‘lsangiz, bular barini qayerdan bila qoldingiz?” desa bo‘ladimi. Nisor nima deyishni bilmay, qora terga botdi.
Har holda ayollarning bu guruhi Nisor qilayotgan ishning ahamiyatini tushuna bordi.
Nisor ularga homiladan saqlanish usullari va dori-darmonlarini tushuntirdi.
Uning ko‘ngli to‘q edi – ayollar darslarni tinglab bo‘lgach, ishning birinchi bosqichi tugaydi.
Ikkinchi bosqichda Nisor erkaklar – hakimlar, tabiblar bilan ish olib borishi kerak. Unga ro‘yxatni tutqazishdi. Bir kunda hamma shu yerga to‘plandi. U shuncha ko‘p erkak kelganidan o‘zida yo‘q xursand edi. Nisor ularning har biri bilan samimiy ko‘rishdi, otini va manzilini yozib oldi. Erkaklar bilan ishlash ayollar bilan ishlashdan ancha oson edi. Nisor ularga erkaklarsiz bu ishni amalga oshirib bo‘lmasligini uqtirar edi. “Buning uchun hukumat million rupiyalik mablag‘ ajratayapti, ana shu mablag‘dan odamlarga moddiy yordam ko‘rsatish kerak, ya’ni sotish sizning zimmangizda bo‘ladi”. Qutichani ochayotib, Nisor bu yerda juda arzon hapdorilar borligini aytib, “mana bu rezinkalarning o‘ntasi oltmish paysa turadi, shaharda esa bir donasi o‘ttiz, – dedi. – Hukumatimiz aholining moddiy ahvoli tangligini hisobga olib, shunday qilayapti. Men sizlardan o‘z do‘konlaringiz rastasiga shu ikki narsani sotuvga qo‘yishingizni so‘rardim. Agar homiladan saqlanishning shu ikki vositasidan biri sotilsa ham ishimiz oldinga ketardi”.
Nisorning bu gaplariga tabiblar zig‘ircha e’tibor bermadilar. Aksincha, ular Nisorga: “Bizni kim deb o‘ylayapsan, nahotki shu ishni qiladi, deb o‘ylasang?” – degandek qarashdi.
Mana shu yerda Nisor Kozimiy ishtirokchilarning nozik joyidan oldi:
– Hurmatli tabiblar! Shu xayrli ishda qatnashayotganingiz uchun sizning manfaatingiz ham inobatga olinadi. Hukumat nafaqat Oilani rejalashtirish dasturini amalga oshirishni o‘ylaydi, balki sizlarni ham unutmaydi, ya’ni agar siz bu yerdan tovarni o‘n rupiyadan olsangiz, uni sotgach, bizga faqat besh rupiya bersangiz, kifoya. Qolgan besh rupiya sizning xizmat haqqingiz bo‘ladi.
Endi tabiblar ham bu ishga qiziqib qolishdi. Birdan taklif va tavsiyalar yog‘ila ketdi. O‘tirganlardan bittasi hatto bu ishga imom-xatibni ham jalb etishni maslahat berdi. Nisor bunga ko‘nmadi.
Maktab bolalari bilan suhbatlar faqat maktab doirasida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Xullas, bu ishni targ‘ib qilishni har qanaqasiga qo‘llab-quvvatlash kerakligiga kelishib olindi. Mayda do‘konlar uchun vositalar tarqatilayotganda erkaklar jon-jahdi bilan ko‘proq olib qolishga urinardilar. Nisor yana bir bor saqlanish vositasining har birini o‘n rupiyadan berib, besh rupiyadan to‘lashlarini ta’kidladi. “Bu yerda sizning boshlig‘ingiz ham tashabbus ko‘rsatayapti. Siz yuz rupiyalik molni tekinga olganingiz haqida tilxat berib, uni sotgandan keyingina ellik rupiya berasiz”, – dedi. Bu yog‘ini so‘rasangiz, hakimlar va tabiblar hapdori va rezinkalarni, xuddi bozorda arzonlashgan mollarni ko‘rib qolgan chayqovchiga o‘xshab, talab tashladilar.
Dasturning ikkinchi yo‘nalishi ham jonlanib qolganday edi. Nisor muntazam ravishda rahbariyatga hisobot jo‘natar, ular Nisorning ishidan xursand edi. Uning o‘zini aytmaysizmi? Oldiga doyalar kelib, uy ishi bilan band ayollar o‘zlarining ko‘rsatmalariga qosh qoqmay amal qilayotganini aytib berishar edi.
Ba’zan u hakimlar yuritadigan do‘konlarga kirib turar, ulardan ish qanday ketayotganini surishtirar va o‘zicha xulosalar chiqar edi. Sotilgan tovar uchun pullarni yig‘ib olayotib, mehnati zoye ketmayotganidan suyunar edi. Ayniqsa, u oddiy uy bekalari orasida ish olib borayotgan doyalardan juda mamnun edi.
Nisorning ishi muvaffaqiyatli borayotganidan xursand rahbariyat esa uni yana bir qadam oldinga yurishni – vositalarni distillyatsiya qilish bo‘yicha tozalash ishiga tayyorlash uchun erkaklarni tanlab olish, ayollarni esa bundan keyin homiladorlikning oldini olishga o‘rgatishni tavsiya qildi. Ammo hali bunga Nisorning o‘zi ham tayyor emas edi.
Qishloq ahli unga hali ham begonaday qarar, o‘zi esa hech bo‘lmaganda ko‘rinishdan bo‘lsa ham qishloqdagi hayot tarzini o‘zlashtirishga urinardi. Ammo uni hech kim hurmat qilmas, hatto qo‘rqmasdilar ham, chunki uning amali ham, kursisi ham yo‘q.
Bir kuni undan “Hurmatli doktor! Siz rosa ko‘p o‘qigan ekansiz-a, shu rostmi? Rost bo‘lsa, nega amaldor emassiz? – deb so‘rab qolishdi.
– Men bunga intilmaganman.
– Juda baland dor bo‘lmasa ham, kichikroq bir joyning egasi bo‘lsangiz…
Nisor aylangani tashqariga chiqsa, kun bo‘yi yuzini ochib yuradigan ayollar uni ko‘rganda, ro‘molini yuziga tortar edi. Buni ko‘rib, Nisor baribir ular uchun o‘zi hali ham begona bo‘lib qolayotganini sezardi. Ba’zilar Nisorni ko‘rib, uning o‘zini ham, boshliqlarini ham rosa qarg‘ardi. Agar boshliq kelib qolsa, unga tilyog‘lamalik qilib, ta’zim qilishga tushardi. Oyoqlari tagiga gul sochqi qilar edi. Chunki uning qo‘lida hokimiyat bor edi-da.
Mirshabga ham xuddi shunaqa muomalada edilar. Qishloqqa kelib qolsa, hamma xushmuomala va bosiq-vazmin bo‘lib olardi.
Shu tariqa Nisor bu olamning shu paytgacha o‘ziga qorong‘i bo‘lib kelgan siru asroridan voqif bo‘la boshladi. U borgan sari qishloqda ishlash azob ekanligini tushunib borar edi. Birgina yupanch – yurt ravnaqi uchun qilayotgan sa’y-harakatlarining o‘ta muhimligi unga kuch bag‘ishlar edi, shu bois hamma qiyinchiliklarga bardosh berar, balki ularga ko‘nikib ham bo‘lgan edi. Ammo sog‘inch va yolg‘izlik ich-etini qurtday kemirar edi.
Dalada dehqonlar hosil o‘rim-yig‘imiga kirishgan palla. Kun tobora qattiqroq qizitmoqda. Joylarda hayitga tayyorgarlik boshlab yuborilgan edi. Nisor ma’muriy markaz hovlisida kitob o‘qib o‘tirardi. Bir payt qishloq oqsoqoli uning oldiga keldi-da, qulog‘iga nimalarnidir shipshidi. Oqsoqolning ovozi borgan sari dag‘allashib borardi. “Men sizga aytib qo‘yay, yaqin orada butun qishloq oyoqqa turib, hakim va tabiblarning do‘konlariga bostirib boradi-da, hamma narsani dabdala qilib tashlaydi. Axir bu sharmandagarchilikning chek-chegarasi bormi?”
– Tashvish chekmang, – Nisor uni tinchlantirdi. – Men bugunoq borib, ahvolni surishtiraman.
Tushdan so‘ng Nisor qo‘shni qishloqqa yo‘l oldi. To‘g‘ridagi yalanglikda bola-baqralar hech narsadan bexabar o‘ynab yurishibdi. Garmsel esmay qo‘ygan bo‘lsa-da, ammo chang-to‘zon hanuz bosilmagan edi. Bolalar esa beparvo – battar chang-to‘zon ko‘tarib, shataloq otar edi. Ular o‘ntacha pufakni uchirar, oyoqlari bilan futbol to‘piday tepar, pufaklar esa har yonga uchar edi. Nisor yonginasida turgan bolakaydan so‘radi: “Menga qara, pufaklarni qayerdan olayapsizlar, qancha turadi?”
– Biz ularni hakimning do‘konidan olamiz, olti paysadan.
Nisor unga mayda pul uzatib dedi:
– Bor, sen ham o‘zingga bitta pufak sotib ol.
Bola pulni oldi-da, yugurib ketdi, Nisor uning ortidan ergashdi. Bola hakimga olti paysani uzatdi. Hakim esa qutisini ochib, ichidan bir rezinka olib, puflab shishirdi. Pufak shishib, kattagina tarvuzday bo‘ldi. Nisor bu dardisar rezinka shuncha katta bo‘lib ketishini tasavvur ham qilmagan ekan. Shu orada hakim pufakka ip bog‘lab, bolaga uzatdi. Bola pufakni olib, bolalar ichiga qo‘shilib ketdi.
Nisor maydon chekkasida boshini changallagancha turib qoldi, ko‘z oldida esa har biri olti paysa turadigan, shaharda esa undan besh baravar qimmat pufakchalar chor-atrofga tarqalib, uchib yurardi.
Urdu tilidan Muhayyo Abdurahmonova tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 3-son