IShTIROK ETUVChILAR:
Lidi, Marton – kulrang sichqonlar.
Shoma – ularning o‘g‘li.
Albin, Violetta – oq sichqonlar.
Fruji – ularning qizi.
Paskal – ya’ni Buyuk Sehrgar Mushuk.
Birinchi ko‘rinish
Pishloqxona burchagi: plita, pishloq pishiriladigan qozonlar va boshqa shu kabi asbob-anjomlar. Barcha ashyolar bu yerda yashovchi sichqon oilasiga nisbatan juda katta tuyuladi.
Lidi – semiz, beso‘naqay, lekin judayam serharakat sichqon – u burchakdan-bu burchakka bezovta yugurib yuribdi. Uning boshida oq qalpoqcha.
Marton – ustiga kalta adyol yopilgan, adyol tagidan shippakli oyoqlari ko‘rinib turibdi, xurrak otgancha kattakon pishloq bo‘lagi ustida rohatlanib uxlab yotibdi. U haddan tashqari semiz, qo‘pol. Tabiatan “tanbal”ning naqd o‘zginasi.
Lidi. Marton!
Marton hurrak otadi.
Marton deyapman! Qachongacha uxlash mumkin, axir? Marton!!
Marton (cho‘chigancha, uyqusirab). Voy mushuk! (ustidagi adyolni boshiga tortib oladi.)
Lidi. Qanaqa mushuk?! Bu yerda mushukka balo bormi? Esingizni yig‘ing, boqibeg‘am. Bu men, xotiningizman.
Marton (adyol tagidan boshini chiqarib). E-e-e, senmiding? Men o‘ylabmanki…
Lidi. O‘ylamay qo‘ya qoling! Turing o‘rningizdan!!
Marton. Hozir, hozir…
Lidi. Marton! Turing deyapman! (ustidan adyolni tortib oladi.)
Marton. Lidi… hali tong otmadi-ku!
Lidi. Tong otishiga balo bormi? Hozir kechqurun, Marton, allamahal bo‘lib qoldi. Kechki ovqat vaqtiyam o‘tib ketdi.
Marton. Kechki ovqat. Nega meni oldinroq uyg‘otmading? Shunda dahshatli tushni oxirigacha ko‘rishga majbur bo‘lmasdim…
Lidi. Ana, xolos! Kun bo‘yi boshini uyqudan ko‘tarmaydi-yu, yana meni ayblaydi. Bunaqasini quloq eshitmagan! Osh-ovqat tayyorlayman, kir yuvaman, uylarni supurib-tozalayman, u bo‘lsa… Xo‘sh, nega indamayapsiz? Yana qanaqa dahshatli tush ekan?
Marton. Oh, so‘ramay qo‘ya qol!
Lidi. Ha, yo‘q, bunaqasi ketmaydi, bir gapning uchini chiqardingizmi, endi gapiring!
Marton. Hay, qo‘ymading-quymading-da… (xo‘rsinadi.) Tushimda, go‘yo kichkinagina stol atrofida o‘tirganmishman. Stolchaga top-toza dasturxon solinganmish, bo‘ynimda esa oppoq sochiqcha emish… Birdan…
Lidi. Nima bo‘ldi?
Marton… sen kirib kelding!
Lidi. Keyin-chi, keyin!
Marton. Kattakon shveytsar pishlog‘ini dumalatib kelayotganmishsan.
Lidi. Shunday tushni dahshatli deyapsizmi?
Marton. Shoshmay tur, oxirigacha aytishga qo‘yasanmi-yo‘qmi?! Nima deyayotgandim?
Lidi. Pishloq deyayotgandingiz.
Marton. Oh-ho!.. U shunday katta, dum-dumaloq pishloq ediki, uning har bir g‘ovagiga butun boshli sichqon oilasi joylashsa bo‘lardi.
Lidi. Voy-bo‘, juda zo‘r-ku!
Marton. Pichoqchamni to‘g‘rilab, endi pishloqdan bir bo‘lak kesib olmoqchi bo‘luvdim hamki, birdan…
Lidi. Nima birdan?..
Marton. … oldiga bahaybat paxmoq mushuk chopib kelsa bo‘ladimi!
Lidi. Voy!
Marton. U senga o‘qrayib qarab, shu zahotiyoq changalladi…
Lidi. Menimi?!
Marton. Seni changallab boshiga uradimi? Bundan ham battari bo‘ldi.
Lidi. Battari bo‘ldi deyapsizmi?!
Marton. U pishloqqa chang soldi-da, olib ketdi!
Lidi. Rosa zo‘r bo‘pti-da! Sizning ko‘zingiz qayoqda edi?
Marton. Menda nima ayb? Qo‘limdan nimayam kelardi.
Lidi. “Qo‘limdan nima kelardi?” deganingiz nimasi? Shunday deyishga uyalmaysizam-a!.. Og‘zidagi oshini oldirib o‘tirgan manavi landovurga qaranglar-a! Naqd burnining tagidan pishlog‘ini olib ketisharmish-u, bu kishim ko‘zlarini lo‘q qilib o‘tirarmishlar!.. Oilaning g‘amini yeganingiz hali shumi?!
Marton. Hoy, Lidi…
Lidi. Nima, “Lidi?” Xo‘sh, nima, “Lidi?” Ertadan-kechgacha faqat uxlashni bilasiz…
Marton. Quloq sol!..
Lidi (u burchakdan-bu burchakka yugurib). Gapingizni eshitishni ham xohlamayman. Sizdan nima foyda? Hamma narsaga o‘zim balogardon bo‘lsam. Men bo‘lmaganimda allaqachon ochlikdan o‘lib ketgan bo‘lardik.
Marton. Ja-a haddingdan oshib ketmadingmi…
Lidi. Shunaqami? Bu yerga, mana shu pishloqxonaga ko‘chish fikri kimdan chiqqandi? Balki, sizdandir?
Marton. Yo‘q sendan.
Lidi. Balli. (to‘xtaydi.) Voy, to‘xtang! Bola qani?
Marton. Shomami?
Lidi. Shoma-da! Albatta, Shoma! Nima, bizning boshqa bolalarimiz ham bormi?
Marton. Yo‘q.
Lidi. Hatto yolg‘iz o‘g‘limizni ham tarbiyalash qo‘lingizdan kelmadi. Mana bugun ham kechki ovqatda yo‘q.
Marton. Axir, men…
Lidi. Ikkalang ham boshga bitgan balo bo‘ldinglar. Siz uxlashdan boshqasini bilmaysiz, Shoma esa qayerlardadir tentiragani-tentiragan… Voy-vuy! O‘lmagan mening jonim! Chordoqqa chiqib ketmagan bo‘lsin tag‘in, bolasi tushmagur?
Ikkalovlari chordoqqa olib chiqadigan zinapoyaga qo‘rqa-pisa qarab, asta tislanishadi.
Marton. Chor-chor-doqqa!
Lidi. To‘ppa-to‘g‘ri mushukning domiga-ya!
Marton. Voy! Nafasingni issiq qil-ey!
Lidi. Bechora Shoma! Nima qilish kerak? Voy-voy-ey!..
Marton. Shoshma, tinchlan…
Lidi. “Tinchlan” deysizmi! Yolg‘izgina o‘g‘limni falokat…
Marton. Ko‘p vaysama, nima bo‘pti unga?
Lidi (umidsiz ahvolda o‘zini har yonga urib). Bechora Shoma! Bechora o‘g‘lim! Shoma!..
Eshik tuynukchasidan norg‘ul, beso‘naqay Shoma kirib keladi.
Shoma. Shu yerdaman! Nima g‘alva?
Lidi. Qayerda eding?
Shoma. Qayerda bo‘lishim kerak bo‘lsa o‘sha yerda. Shaharda o‘ynab yuruvdim.
Marton. Mana ko‘rdingmi, Lidi! U shunchaki sayr qilib yurgan ekan…
Lidi. Shomajonim! (uni quchoqlaydi.) Tag‘in, Xudo ko‘rsatmasin-u, chordoqqa chiqmadimikan deb, o‘takam yorilib o‘tiruvdi…
Shoma. Xotirjam bo‘ling, oyijon! Hech qachon chordoqqa yaqin yo‘lamayman.
Marton. To‘g‘ri qilasan, bolajonim. Buyuk Sehrgar Mushuk rahm-shafqat nimaligini bilmaydi.
Lidi. Bu dunyodagi eng dahshatli mushuk!
Marton. U sehrgar!
Lidi. U hamma narsaga qodir!
Shoma. Bilaman, bilaman. Bu haqda ming marta aytgansizlar…
Lidi. Sen bu gapni qulog‘ingga quyib olgin.
Marton. Uning dastidan titrab-qaqshab yashashimizga to‘g‘ri keladi.
Shoma. Hammasi to‘g‘ri. Men faqat bir narsaga tushunmayman.
Lidi. Nimaga?
Shoma. Agar Sehrgar Mushuk haqiqatdan hamma narsaga qodir bo‘lsa, nega biror martayam bizning pishloqxonamizga tushmaydi?
Marton. Bilmayman, bolajonim, bilmayman. Bizga, har kuni ovozini eshitib turganimiz ham yetarli.
Lidi. Dahshatli ovoz! Eslagan zahotim eng mazali pishloq ham tomog‘imga tiqilib qoladi.
Marton. Tinchlan, Lidi, hayajonlanma!
Lidi. Ha-ha, vahimali gaplarni bas qilaylik! Kelinglar, ovqatlanamiz. Shoma, dasturxonga o‘tir!
Shoma. Oyijon, bilasizmi…
Lidi. Ha, gapira qol!
Shoma. Shahrimizda judayam g‘alati sichqonlar paydo bo‘lishipti.
Lidi. Sichqonlar deysanmi?
Shoma. Tag‘in oddiy sichqonlar emas, balki…
Lidi bilan Marton. Nima?..
Shoma. Oq sichqonlar!
Lidi bilan Marton (baravariga). Oq sichqonlar?!
Shoma. Ha-ha, oppoq, xuddi…
Lidi. Davom ettirmay qo‘ya qol. Yolg‘onni ham yamlamay yutasan-da! Oq sichqonlar bo‘lmaydi.
Shoma. Juda bo‘larkan-da!
Lidi. Marton!
Marton. Labbay?
Lidi. Oq sichqonlar bo‘ladimi?
Marton. Yo‘q!
Lidi (o‘g‘liga). Aytmadimmi?
Shoma. Har holda men ularni ko‘rdim. Ularning orasida shunaqangi chiroyli qizlari bor edi…
Lidi. U ham oqmi?
Shoma. Xuddi yangi pishirilgan pishloqdek. Yo‘q-yo‘q! Xuddi yangi yoqqan qordek oq.
Lidi. Oq sichqonlar! Yangi yoqqan qor!.. judayam haddingdan oshib ketding. Qani, ovqatga o‘tir-chi!
Shoma. Ha, lekin…
Lidi. Stolga o‘tir, dedim-ku! (likoplarni stol ustiga qo‘yadi.) Rokfor, brinza, golland pishlog‘i…
Marton. Kolbasasimon pishloq, suzmali pishloq…
Lidi. Nonga sariyog‘ surtib, sariyog‘ ustiga pishloq qo‘yib yeng!
Marton. Pishloq ustiga pishloq qo‘yilsa yanayam zo‘r.
Hammalari birgalikda kuylashadi.
Uyda mo‘l bo‘lsa pishloq
Ko‘ngillar to‘q binoyi.
Uyda mo‘l bo‘lsa pishloq –
Ziyofat zo‘r-kiroyi!
Dilgirmiz-ey, chi-chi-chi!
Ilgirmiz-ey, chi-chi-chi!
Eh, pishloq g‘ovagida-
Yosh o‘ynar marjon-marjon…
Biz tole’ ardog‘ida
Dilda yo‘q zarra armon.
Dilgirmiz-ey, chi-chi-chi!
Ilgirmiz-ey, chi-chi-chi!
Yugurgan yetar tezroq,
Dunyo – bir stadion.
Pishloq yosh to‘kar, biroq –
Sichqonlar kular shodon.
Dilgirmiz-ey, chi-chi-chi!
Ilgirmiz-ey, chi-chi-chi!
Ikkinchi ko‘rinish
Qor bosgan maydonda joylashgan uyning quyi qavati ko‘rinadi, uning atrofida oq sichqonlar oilasi paydo bo‘ladi. Albin – ozg‘in, tik qomatli, xushbichim, qora frakda, aslzoda. Uning xotini Violetta– cho‘pday ozg‘in, o‘taketgan takabbur, burmali to‘r ko‘ylak kiygan. Ularning qizi– Fruji juda yoqimtoy, lekin o‘lgudek erka-tantiq.
Albin. Tezroq bu yoqqa kelinglar! Mana bu yerdan pishloq hidi kelyapti.
Violetta. Oh, Albin, bunga chidab bo‘lmaydi! Uch soatdan beri bizni mana shu iflos shahar bo‘ylab sarson qilib sudrab yuribsiz.
Albin. Ko‘zlangan joyga yetib keldik, deyapman-ku. Hid mana shu yerdan kelyapti. Eshik ham shu yerda ekan.
Violetta. Xoynahoy u berkdir.
Albin. Hozir qarab ko‘ramiz-da.
Violetta. Qanday bexosiyat kun bo‘ldi-ya! Nimagayam Zakariashnikidan qochib ketdik?
Fruji. Balki, qayta qolarmiz?
Albin. Hech qachon! (eshikni tekshirib ko‘radi.) Aha, manavi yerda tuynukcha bor ekan. Qani, nima borligini bir ko‘rib qo‘yaylik-chi…
Violetta. Ehtiyot bo‘ling, Albin!
Albin. Meni qo‘rqitishni hojati yo‘q, Violetta! Ketdim. (tuynukchadan sirg‘alib o‘tib ketadi.)
Violetta. Albin!
Fruji. Ketdi.
Violetta. Voy-voy-ey! Holimiz nima kechadi, qizalog‘im, bordi-yu…
Fruji. Nima bordi-yu?
Violetta. Bordi-yu, otang qaytmasa!..
Fruji. Nima sababdan qaytmas ekan? Nega?
Violetta. Mana shunga o‘xshash eshiklar ortida qanday xavf-xatar kutib turganligini kim bilib o‘tiribdi deysan… Fruji, shunday qo‘rqayapmanki.
Fruji. Tinchlaning, oyijon!
Albin paydo bo‘ladi.
Albin. Ajoyib! Men nima degandim? Hammasi joyida!
Violetta. Albin, u yerda nima bor ekan?
Albin. Pishloq, Violetta! U yerda butun boshli pishloqxona bor ekan. Rakfor!
Violetta. Rakfor?
Albin. Kolbasasimon pishloq…
Violetta. Kolbasasimon pishloq-a? Men ketdim, Albin!
Albin. Bir oz sabr qiling! Ostonada diqqatinglarni mana shu qadamning ahamiyatiga jalb etmoqchiman. Uzoq sarson-sargardonlikdan so‘ng biz nihoyat bo‘lajak makonimiz eshigi oldida turibmiz…
Violetta. Har qanday sharoitda ham eng mos va eng ajoyib so‘zlarni topa bilish xususiyatingizni juda ham yaxshi ko‘raman, Albin.
Albin. Rahmat, Violetta! So‘zlarimning qadr-qimmatiga yarasha baho bera olish qobiliyatingiz menga nihoyatda yoqadi…
Fruji. Qani bo‘la qoling, kirmaymizmi? Nimaga turibmiz?
Albin. Hovliqmay tur! Bu yerda bitta ishkal joyi bor.
Violetta. Qanday ishkal?
Albin. Manovi pishloqxonada yashaydigan bir…
Violetta. Mushukmi?
Albin. Mushuk emas, hurmatli Violetta, mushuk bo‘lsa koshkiydi-ya! Undan battarroq!
Albin. Ikkita mushukmi?
Albin. Yo‘q. Sichqon oilasi yasharkan.
Violetta. Buni qanday dahshatli joyi bor ekan? Ular ham bizga o‘xshash sichqon-da…
Albin. Hamma gap shundaki, bizga o‘xshamaydi. Ular kulrang, Violetta, eshityapsanmi, kulrang!
Violetta. Kulrang sichqonlar? Oh, hozir ko‘ngil behuzur bo‘lib qoladi!.. Nahotki ular anovi tegirmondagilarga o‘xshash kulrang bo‘lsa, axir…
Albin. Hamma gap shunda-da, Violetta.
Violetta. Ana shu sichqonlar bilan bir uyda yashamoqchimizmi-a, Albin? Kulrang sichqonlar bilan-a?
Albin (xo‘rsinib). Boshqa iloj yo‘q! Axir biron-bir joyda yashash kerak-ku… Yuringlar!
Uchovlari tuynukcha orqali uyga kirib ketishadi.
Uchinchi ko‘rinish
Pishloqxona. O‘sha oqshom. Kulrang sichqonlar ziyofatlarini davom ettirishyapti.
Lidi. Shoma, yana bir bo‘lak pishloq yegin!
Shoma. Rahmat, oyijon!
Lidi (to‘satdan ovqat yeyishdan to‘xtaydi). Voy, anavi nima?
Marton. Qayerda?
Lidi (qo‘li bilan ko‘rsatib). Ana, huv anavi yerda. (seskanib ketadi.) Marton! Bu oq sichqonlar!
Marton. O‘zingni bos, Lidiko. Doim senga har xil qo‘rqinchli narsalar ko‘rinadi-ya. Buning hammasi kam ovqat yeyishingning oqibati. Oq sichqonlar bo‘lmaydi.
Lidi. Agar men oq sichqonlarni ko‘ryapman deyayotgan ekanman, demak, rostdan ko‘rayotgan bo‘lsam kerak.
Marton. Axir o‘zing oq sichqonlar bo‘lmaydi deganding-ku. Endi bo‘lsa, gapirayotgan gapingni…
Albin (ularga yaqinlashib). Bezovta qilganimiz uchun kechirim so‘rayman! Ming bor uzr!.. Osh bo‘lsin!
Lidi (tomog‘iga nimadir tiqilib, yo‘taladi). Suv!.. Tezroq suv!
Shoma unga suv uzatadi. Lidi suv ichadi.
Shoma. Qalay, oyijon, tuzukmisiz?
Albin. Hm!.. ma’zur tutasiz, har holda o‘zimni tanishtirib qo‘yay! Mening ismim Albin. Bu xotinim Violetta.
Violetta kalondimog‘lik bilan bosh irg‘aydi.
Bu esa qizimiz Fruji.
Fruji (tizzasini bukib ta’zim qiladi). Xayrli kech!
Shoma. Salom! Pishloq yeysanmi, Fruji? O‘tir!
Fruji. Jonim bilan.
Shoma bilan Fruji bir-birlariga qarab pishloq yeya boshlashadi. Kattalar nima qilishlarini bilmay lang qolishadi. Oraga noqulay jimlik cho‘kadi.
Lidi. Marton!
Marton. Labbay, Lidiko?
Lidi. Axir biron narsa desangiz-chi?
Marton. Nima deyishga hayronman.
Lidi. Ularga aytingki, birinchidan oq sichqonlar bilan gaplashadigan gapimiz yo‘q, ikkinchidan, biz ovqatlanyapmiz…
Albin. O-o, uzr so‘rayman! Marhamat, ovqatlanishda davom etavering. Biz esa bu vaqtda…
Lidi. Hali gapimni tugatganim yo‘q.
Shoma. Oyijon!
Lidi. Ovozingni o‘chir! Uchinchidan esa, biz mehmonlarni, ayniqsa, chaqirilmagan mehmonlarni yoqtirmaymiz.
Albin. Siz bizni noto‘g‘ri tushunibsiz. Biz, umuman, mehmonga kelganimiz yo‘q.
Lidi. Bu nima deganingiz?
Albin. Bu yerda joy bizga ham yetadi, deb o‘yladik, axir pishloqxona ancha-muncha keng ekan… Shu erga ko‘chib kelishga qaror qildik.
Lidi. Shu yerga?!
Albin. Xuddi shunday.
Lidi. Nima haqqingiz bor? Qanday qilib?
Albin. Xuddi sizga o‘xshab, muhtarama xonim. Sizni qanday haqqingiz bo‘lsa, meniki ham shunday.
Lidi. Marton! Nimaga serrayib turibsiz? Qani, bir kor-hol bo‘lmasdan, hoziroq ularni haydang!
Marton jur’atsiz tomoq qirib qo‘ydi.
Albin. Ogohlantiraman, taqsir: tishlarim o‘tkirlikda siznikidan qolishmaydi, o‘zimni himoya qilishga qurbim yetadi.
Violetta. Albin, o‘zingizni bosing. Yaxshisi, boshqa joy qidira qolaylik. (uni ko‘cha tomonga tortqilaydi.)
Albin (qo‘lini tortib olib). Yo‘q, qolamiz!
Violetta. Mana shu kulrang sichqonlar oldida o‘zingizni pastga urmang!
Lidi. Nima?! Hali, seningcha biz bilan gaplashsa, o‘zini pastga urgan bo‘ladimi? Voy yo‘nilmagan tayog‘-ey!..
Violetta. O‘zingni bil, oxirat tarnovi.
Lidi. Men senga hali oxirat tarnovi bo‘lib qoldimmi?! Hali mening sovunimga kir yuvmabsan! Hozir po‘stagingni qoqib qo‘lingga bermasammi!
(Violettaga tashlanadi.)
Shoma. Oyijon!
Marton (uni ushlab qolishga urinadi). Lidiko!
Lidi. Qo‘yib yuboring meni!
Albin. Xo‘sh deganda, shu gaplashib olganimiz yetar! Bo‘lar-bo‘lmas bema’ni gaplarni eshitishga tobi-toqatim yo‘q. Tasaddug‘ing ketadi, shu bugundan boshlab pishloqxonaning o‘ng qismi bizniki bo‘ladi.
Lidi. Nima-a-a?!
Albin. Agar qo‘ni-qo‘shnichilik yoqmasa, unda to‘rt tomoningiz qibla.
Oq sichqonlar pishloqxonaning burchagida turgan kattakon bochka ortiga yo‘nalishadi, kulrang sichqonlar esa ularning orqasidan hang-mang bo‘lgancha qarab qolishadi.
Lidi. Marton! Nahotki qo‘lingizdan hech narsa kelmasa?
Marton. Hozirmi? Yarim kechada-ya? Bunday vaqtda qo‘limdan keladigani faqat uxlash. (yotib oladi.)
Lidi. Esingizni yig‘ing! Hademay tong otadi.
Marton (uyquga keta turib). Tong otadi?.. Juda yaxshi… Tong otsa otaversin… (qattiq hurrak ota boshlaydi.)
To‘rtinchi ko‘rinish
O‘sha joyning o‘zi. Derazadan oy nuri tushib turibdi. Hamma uxlayapti. Pishloqxonaning o‘ng burchagi to‘siq bilan ajratilgan. O‘z burchagidan Shoma paydo bo‘ladi-da, to‘siqqa yaqinlashib, ohista chertadi.
Shoma. Fruji, xoy, Fruji!
Frujining ovozi. Kim chaqiryapti?
Shoma. Bu men, Shomaman.
Frujining ovozi. Shoshmay tur, hozir chiqaman.
Shoma. Uyg‘otganim uchun jahling chiqmasin…
Fruji (to‘siq ortidan paydo bo‘lib). Xo‘sh, demak, sening isming Shomami?
Shoma (qizga tikilib). Ha, shunaqa shekilli.
Bo‘g‘iq miyovlash eshitiladi.
Fruji. Voy, bu kim?
Shoma. Mushuk.
Fruji. Sen bu haqda shunday osoyishta gapiryapsan-a? Qochdik!
(berkinmoqchi bo‘ladi.)
Shoma (uni to‘xtatib qoladi). Hech qayoqqa qochishning hojati yo‘q!
Fruji. Lekin oyim bilan dadam har qanaqa mushuklardan iloji boricha nariroq yurish kerak, deyishgandi.
Yana miyovlash eshitiladi.
Eshityapsanmi? Vaqt o‘tkazmay berkinaylik!
Shoma. Hadeb besaranjom bo‘lib, dirkillayverma! Sen axir burga emas, har holda sichqonsan-ku.
Fruji. Xuddi shuning uchun ham qo‘rqayapman-da. (Pauza.) Shoma sendan ham qo‘rqa boshlayapman, chunki mushukdan qo‘rqmas ekansan!
Shoma. Qo‘rqmayman, deb senga kim aytdi? O‘lgudek qo‘rqaman-da.
Fruji. Unday bo‘lsa, yur, qochamiz!
Shoma. Agar qo‘rqsam ham, bu hali orqa-o‘ngimga qaramay qochaveraman degan gap emas-ku.
Fruji. Tushunmadim.
Shoma. Hozir tushuntiraman. Bu mushuk chordoqda yashaydi va hech qachon…
Yana miyovlash eshitiladi.
Fruji. Voy!
Shoma. Har daqiqada gapimni bo‘lmay tur!
Fruji. Nima balo, pastga tusholmaydimi?
Shoma. Bu yerda qachondan beri yashayotganimizga qaramay, u biror marta ham pastga tushmagan.
Fruji. G‘alati mushuk ekan-ku!
Shoma. Judayam g‘alati. Oti nimaligini bilasanmi? Buyuk Sehrgar Mushuk. Qisqacha aytganda, u sehrgar!
Fruji. Sehrgar dedingmi? Qo‘lidan nima ish keladi?
Shoma. Hamma narsa. Agar, masalan, u ikkalovimizni pishloq qobig‘iga aylantirishni xohlab qolsa, unda…
Fruji. Nima-a?
Shoma … Unda manavi yerda allaqachon ikki bo‘lak quruqshagan pishloq po‘stlog‘i yotgan bo‘lardi.
Fruji. Voy!
Shoma. Bo‘lar-bo‘lmasga titrayverasanmi? U hali-hozirgacha hech kimga tirnoqchalik zarar yetkazgan emas.
Fruji. Lekin yetkazishi mumkin-ku…
Shoma. Kim biladi tag‘in! Har ehtimolga qarshi qulog‘ingga quyib ol: manavi narvon… bu narvon o‘sha yoqqa… ya’ni chordoqqa olib chiqadi.
Fruji. Mana shu narvon-a?
Shoma. Xuddi shu. Hech qachon, aslo manavi narvonga oyoq qo‘ymayman, deb va’da ber.
Fruji. Va’da beraman. Mening va’dam nima uchun senga kerak bo‘lib qoldi.
Shoma. Chunki… chunki sen menga judayam yoqasan-da.
Fruji. Sen ham menga yoqasan.
Shoma. Fruji!..
Fruji. Nima?
Shoma. Kel, raqsga tushamiz!
Fruji. Esingni yeganmisan? Hamma uxlayapti-ku.
Shoma. Nima bo‘pti. Oyga qaragin!
Fruji. Xo‘sh, nima qipti?
Shoma. Oy jilmayapti.
Ohista kuy yangraydi. Shoma bilan Fruji raqs tusha boshlashadi.
Shoma (kuylaydi).
Pishloqxo‘rman,
Jon-tanim pishloq.
Bu yurakni
Izhori biroq:
Yoqtirmasang,
Mayli, tek turay.
Qo‘lim artib-
Qo‘ltiqqa uray?!
Fruji (kuylaydi).
Pishloqxo‘rman,
Jon-tanim pishloq,
Uyalmasdan
Aytaman biroq:
Pishloqdan voz
Kechaman, ammo-
Seni deyman,
Deyman doimo!
Violettaning ovozi. Fruji!
Fruji. Labbay, oyijon?
Violetta (to‘siq ortidan chiqib). Sen… voy o‘lay… sen manavi bilan…
Shoma. Ma’zur ko‘ring, qo‘lchangizni o‘paman!
Violetta. … manavi kulrang sichqoncha bilan o‘ynayapsanmi!
Fruji. Nima qipti, oyijon…
Violetta. Agar bu manzarani bechora otang ko‘rganda edi!..
Fruji. Oyijon, sizdan iltimos qilaman…
Violetta. Ovozingni o‘chir! Uyga jo‘na!
Fruji. Ketyapman… Hozircha xayr, Shoma!
Shoma. Xayr, Fruji! Umidsizlanma, ko‘nglingni cho‘ktirma!
Violetta. Voy-bo‘y, qanday beadab ekan! Darvoqe, beadab, omiligi shundog‘am ko‘rinib turibdi.
Fruji bilan Violetta to‘siq ortiga o‘tib ketishadi. Shoma ham o‘z burchagiga ravona bo‘ladi. Birmuncha vaqt sahna bo‘sh turadi. Oy bo‘zara borib, asta-sekin g‘oyib bo‘ladi. Tong yorisha boshlaydi. To‘siq ortidan Fruji paydo bo‘ladi-da, sahnadan biqingacha yurib borib, Shoma uxlab yotgan burchakdagi parda devorini taqillatadi.
Shomaning ovozi. Kim taqillatyapti?
Fruji. Jim-m! Bu men, Frujiman.
Shoma (o‘rnidan turib). Nima demoqchisan!
Fruji. Shunday o‘zim… sensiz zerikib qoldim… Shuning uchun keldim…
Shoma. Ahir men hatto pishloqni ham pichoq va sanchqisiz yeydigan oddiygina kulrang sichqonchaman-ku.
Fruji. Arazlashni bas qil! Kel, yaxshisi, o‘yinga tushamiz.
Shoma. Jonim bilan!
Fruji bilan Shoma birgalikda kuylashadi.
Pishloqxo‘rman,
Jon-tanim pishloq,
Uyalmasdan,
Aytaman biroq:
Pishloqdan voz
Kechaman, ammo-
Seni deyman,
Deyman doimo!
Lidining ovozi. Shoma!
Fruji. Onang! Qochdik!
Shoma. Kechikdik.
Lidi (paydo bo‘lib). Shoma! Bu yerda nima bo‘layapti?
Fruji. Assalomu alaykum!
Lidi. O-ho! Yangi qo‘shnijonimizga bu yerda nima kerak ekan?
Fruji. Bilasizmi, Shoma bilan men…
Lidi. Nima?! Nima deding? “Shoma bilan men…” Bir-birlaring bilan qanday aloqalaring bor?
Shoma. Oyijon!
Lidi. Ovozingni o‘chir, gapimni bo‘lma! Bu oqbilak oyimtillani boshingga urasanmi? Nahotki senga birorta aql-hushli kulrang sichqon topilmasa?
Shoma. Lekin men…
Lidi. Miyang aynib qopti, o‘g‘lim. Mana shu oyimtilla haqiqiy uy bekasi bo‘loladimi? Undan nima foyda? U shunchalik nimjon hamda erka-tantiqligidan hatto yong‘oqni ham u burchakdan-bu burchakka dumalatolmaydi.
Shoma. Oyijon, men…
Lidi. Uning ko‘zlari qandayligiga bir qaragin-a! Qip-qizil! Mushtday boshidan bo‘yansa kerak! Dahshat!..
Shoma. Oyijon, agar u bilan shu alfozda gaplashadigan bo‘lsangiz, men… nima qilishim mumkinligini o‘zim ham bilmayman. Nahotki tushunmasangiz?
Lidi. Hammasini tushunib turibman, o‘g‘lim. Shuncha chidaganim yetar! Hoziroq uyga jo‘na!
Violetta (kirib keladi). Fruji! Sen yana bu yoqqa keldingmi?
Lidi. Qo‘shnijon, juda vaqtida keldingiz-da. Balki o‘zingiz qizingizga kechalari yigitlarnikiga mehmonga kelish odobdan emasligini tushuntirib qo‘yarsiz!
Violetta. Nima, nima?! Mening qizim hech qachon bunday beodobgarchilikni o‘ziga ravo ko‘rmaydi! Agar bilsangiz, sizning o‘g‘lingiz birinchi bo‘lib biznikiga keldi. Lekin… men…men hammasini basharasiga aytib soldim!..
Lidi. Masalan, nimani?
Violetta. Ya’ni… Yo‘q, men boshqa chidolmayman! Albin! Qayerdasiz, Albin!
Albin paydo bo‘ladi. Shoma bilan Fruji bir chekkaga chetlanishadi. Shoma kattakon bo‘lak pishloqni oladi, ikkalovlari atroflarida bo‘layotgan voqealarga tariqchayam e’tibor bermay ishtaha bilan pishloq yeya boshlashadi.
Albin. Nima bo‘ldi. Violetta?
Violetta. Qizimiz…
Albin. Qizimizga nima bo‘pti?
Violetta. Manavi kulrang behayo qizimizga shilqimlik qilgani-qilgan.
Lidi. Kim kimga shilqimlik qilyapti, avval shuni aniqlab olish kerak. Behayo o‘zingizni qizingiz. Mushtday bo‘laturib ko‘zlarini bo‘yab olganiga o‘laymi!
Violetta. Mening qizim behayomi?! Siz esa…siz baroq dumli ashir tanovsiz!
Lidi. Sen bo‘lsang-vio-vio-violonchelsan!
Violetta. Hali shunaqami? U holda, siz… siz…
Marton (kiradi). Nima g‘alva?
Lidi. Kelganing juda yaxshi bo‘ldi, Marton. Ularni tartibga chaqirib qo‘ygin… mening holi jonim qolmadi.
Marton. Ertangiz xayrli bo‘lsin!
Lidi. Juda soz. Ular meni bu yerda haqoratlashsin-da, siz bo‘lsangiz salomlashib o‘tiribsiz. Haydab soling bularni!
Albin. Sizni ogohlantiraman: bu oppa-oson ish emas. Men o‘zimni himoya qila bilaman.
Lidi. Buni biz hozir sinab ko‘ramiz! (unga tashlanadi.)
Violetta. Oh, Albin, u yaramas sizni urdi-ku! (Lidiga tashlanadi.)
Lidi. Marton, nimaga xuddi poliz qo‘riqchisiga o‘xshab turibsiz? Xotiningizni do‘pposlashyapti-yu, siz bo‘lsangiz og‘zingizni ochib…
Marton. Nima? Hozir, hozir… (qovushmayroq mushtlashuvga aralashadi-da, shu zahoti o‘zini chetga oladi.) Voy-voy, la’nati tishlab oldi-ku!
Lidi. Siz ham uni tishlang! Chaqqonroq!
Umumiy mushtlashuv davom etadi. Bir-biriga chirmashgan tanalardan hosil bo‘lgan koptok dahshatli chiyillagancha yo‘lida uchragan kastryulkalarni ag‘darib, devorlarga urilib sahnada u yoqdan-bu yoqqa dumalay boshlaydi.
Ikkinchi parda
Beshinchi ko‘rinish
Chordoq. Eshik tagida yig‘lab, bir bo‘lak pishloqni kemirganicha, Fruji o‘tiribdi.
Fruji. Boshqa chidolmayman! Chidolmayman, tamom-vassalom! Bunday hayotga ming la’nat! Hoziroq Buyuk Sehrgar Mushukning oldiga boraman, nima bo‘lsa peshonamdan ko‘rdim!.. Voy!.. Balki bu yeyayotgan oxirgi bo‘lak pishlog‘imdir… endi bunday yasholmayman axir! Yo‘q-yo‘q, orqaga yo‘l yo‘q. Kechir meni, Shoma! Yomonlab tilga olmasang, bas…
miyovlash eshitiladi.
Voy, bu Buyuk Sehrgar Mushuk-ku… (jazm etib). Hay, nima bo‘lsa bo‘ldi! Voy!
Sehrgar Mushuk (kiradi). Hoy, sen bu yerda nima qilyapsan? Haligacha birorta sichqon bu yerga kirishga jur’at etmagan-di.
Fruji. O mehribon, qudratli Sehrgar Mushuk! Men… men oldingga keldim.
Sehrgar Mushuk. Oldimga kelganingni ko‘rib turibman. Bo‘lmasa bu yerda nima ham qilarding? Qulog‘im senda, Fruji?
Fruji. Mening ismim senga qayoqdan ma’lum bo‘ldi?
Sehrgar Mushuk. Buyuk Sehrgar Mushuk hamma narsani biladi. Bema’ni savollarni berishni bas qil, jahlim chiqsa yamlab yutib yuborishim ham mumkin, holbuki bunday ish mening odatimga kirmaydi. Odatda men avvaliga sichqonlar bilan o‘ynayman.
Fruji. Meni yeyishing ham mumkin, menga baribir… (yig‘laydi.) Men boshqa bunday yasholmayman!
Sehrgar Mushuk. Bo‘ldi-bo‘ldi, qizaloq, xafa bo‘lish kerakmas. Balki sen uchun biror narsa qilishni uddasidan chiqarman.
Fruji. Shuning uchun ham oldingga kelishga jazm qildim-da. (hiqillagancha.) Yo meni yegin, yo menga yordam ber! Bo‘lmasa o‘zimni bir balo qilib qo‘yishim hech gapmas.
Sehrgar Mushuk. Tinchlan! Bunchalik kuyib-pishish yaxshimas. Albatta, sichqonning mushukka yordam so‘rab murojaat qilishi, juda g‘alati hol, lekin hozirgi vaqtda hayotda nimalar bo‘lmaydi deysan!.. Xo‘sh, qanday qayg‘u seni bu holga soldi?
Fruji (hiqillab). Shoma.
Sehrgar Mushuk. Kulrang Shomami?
Fruji. Kulrang … Hamma gap shunda-da.
Sehrli Mushuk (toqatsizlanib). Qulog‘im senda.
Fruji. Sen rostdan ham menga yordam berolasanmi?
Sehrgar Mushuk. Ha, rost, rost…
Fruji. Sen rostdan ham shunday qudratlimisan?
Sehrgar Mushuk. Sen o‘zi mendan nima istaysan?
Fruji. Oh, Buyuk Sehrgar Mushuk, meni kulrang sichqonga aylantirib qo‘y!
Sehrgar Mushuk. Kulrang sichqonga?
Fruji. Ha-da.
Sehrgar Mushuk. Yaxshilab o‘ylab ko‘rdingmi buni?
Fruji. Bo‘lmasam-chi.
Sehrgar Mushuk. Nima ham derdim, xohishing. Faqat shuni unutma: bu tuslanish senga shodlik keltirishi dargumon. Oq sichqondan ko‘ra kulrang sichqon bo‘lish yaxshiroqligiga ishonchim komil emas.
Fruji. Oh, menga endi baribir. Men hamma narsaga roziman. Faqat tezroq!
Sehrgar Mushuk. Xo‘p, yaxshi. Ko‘zingni yum! Qattiqroq!.. (gapirgancha sehrli harakatlar qiladi.)
Bir-ikki-uch,
Uchdan keyin puch.
Jodu qildim
Voh butkul.
Oq rang edi
Bo‘ldi kul.
Hamma hayron
Olam guliston.
(Fruji kulrang sichqonga aylanadi.)
Bo‘tam! Ko‘zingni ochishing mumkin.
Fruji. Senga kattakon rahmat, Buyuk Sehrgar Mushuk!
Sehrgar Mushuk. Hojati yo‘q. Qani endi fikrim aynib qolmasidan bu yerdan chaqqon jo‘nab qol-chi!
Fruji. Meni bu yerda yo‘q deb hisoblayver.
Sehrgar Mushuk. To‘xta! Xayrlashish oldidan mushuklarning qadimiy hikmatini eslab qol: “Mushuk ikkinchi bor sichqonni changalidan chiqarmas!” Ana endi joning borida bu yerdan jo‘na!
Fruji. Sog‘ bo‘ling! (chopib chiqib ketadi.)
Sehrgar Mushuk (kuylaydi).
Sichqonlarning sardori,
Sohibqiron, shopmo‘ylov;
Jodugarmiz,
Sohirmiz,
Boshdan-oyoq,
Movu-mov!
(Kimdir eshikni tirnagani eshitiladi.)
Bu senmisan, Shoma? Sen ham ertami kechmi oldimga kelishingni bilardim. Kir!
Shoma (titrab-qaqshab kiradi). Muhtaram Buyuk Sehrgar Mushuk, iltimos, meni yegin!
Sehrgar Mushuk. Bunday bema’nilik bilan shug‘ullanishga vaqtim yo‘q. Agar xohlasang, kel, seni ko‘z ochib yumguningcha oq sichqonga aylantirib qo‘yaman, keyin yaxshilikcha xayr-xo‘shlashamiz.
Shoma. Shunday qilish mumkinmi?! Oh, muruvvatli Buyuk Sehrgar Mushuk, naqd dilimdagini topding! Tezroq meni oq sichqonga aylantirgin, umrimning oxirigacha sendan minnatdor bo‘laman.
Sehrgar Mushuk. Minnatdor bo‘lmay qo‘ya qol. Yaxshisi, ayt-chi: sen shunday ishga qat’iy qaror qildingmi?
Shoma. Qarorim qat’iy va uzil-kesil!
Sehrgar Mushuk. Har holda kulrangligingcha qolsang yaxshi bo‘lardi.
Shoma. Yo‘q-yo‘q!.. Hech qachon!
Sehrgar Mushuk. Tag‘in o‘zing bilasan… Unday bo‘lsa, ko‘zingni yum, qattiqroq! (yana gapirgancha sehrli harakatlar qiladi.)
Bir-ikki-uch-
Uchdan keyin puch.
Mana, jodu
Qildim voh.
Kulrang edi
Bo‘ldi oq.
Hamma hayron,
Olam guliston!
(Shoma oq sichqonga aylanadi.)
Bo‘tam! Ko‘zingni ochishing mumkin.
Shoma. Buyuk Sehrgar Mushuk! Cheksiz minnatdorman…
Sehrgar Mushuk. Bo‘ldi, bas, yetar! Sichqonlar bilan be’mani safsata sotib o‘tirishga vaqtim yo‘q. Muroding hosil bo‘ldimi, tuyog‘ingni shiqillat!
Shoma. Xayr!
Sehrgar Mushuk. Bir oz sabr qil! Yaxshilab yodingda tut: mushuk ikkinchi bor sichqonni changalidan chiqarmas! Uqdingmi?
Shoma. Uqdim. (chopib chiqib ketadi.)
Sehrgar Mushuk (xo‘rsinadi). Obbo befarosat sichqonlar-ey!
Oltinchi ko‘rinish
Pishloqxonaning oq sichqonlar egallab turgan qismi. Violetta kir yuvayapti. Albin tebranma kresloda o‘tirib gazeta o‘qiyapti. Fruji kirib keladi.
Fruji. Xayrli kech!
Albin (gazeta ortidan). Hovva…
Violetta. Voy sho‘rim, bu nimasi?! Albin, qizimizga bir qarang-a!
Albin (gazeta ortidan). Unga qarashdan boshqa ishim yo‘qmi?
Violetta. Lekin u boshdan-oyoq kulrang bo‘lib qolibdi!
Albin. Balki, bolalar maydonchasida ifloslangandir. U yer shunaqangi iflos-ki! Uni cho‘miltiring!
Fruji. Hech qayerim iflos bo‘lmagan. Cho‘milishni xohlamayman!..
Violetta. Qani yur-chi! (uni sovun ko‘pikli tog‘oraga solib, cho‘tka bilan ishqalay boshlaydi.)
Fruji. Voy, sovun!.. Ko‘zim achishyapti… Bo‘ldi, ko‘yvoring!
Violetta. Qayerda shunchalik iflos bo‘la qolding? Yana anovi Shoma bilan…
Fruji (pishillab, baqiradi). Shoma! Shomajon!..
Violetta. Bizning uyda bu nomni tilingga olma! Qani, bir afti basharangga qarab ko‘ray-chi… (Frujini tog‘oradan oladi.) Voy, voy tavba! Albin! Qizimiz cho‘miltirmasimdan avvalgidan ham kulrangroq bo‘lib qolibdi.
Albin. Kir yuvadigan poroshok bilan yuvish kerak.
Violetta. Yordamlashvoring, Albin! Mening kuchim yetmayapti?
Ikkovlashib Frujini yana tog‘oraga tiqishadi-da, suvga kir yuvadigan poroshok solib, qizni mochalka bilan ishqab cho‘miltira boshlashadi.
Fruji. Meni qo‘yib yuboring!.. Qo‘yvoring!..Bas!..(Panjalari bilan suvni shaloplatib, ota-onasiga sachratadi, ular o‘zlarini chetga oladilar.)
Albin bilan Violetta. Voy yaramas! (etaklarini qoqishadi.)
Albin. Dahshat! Bu nima qiliq! Xuddi tarbiya ko‘rmagan kulrang sichqonga o‘xshab qopti-ya. Mana shu bizning qizimizmi-a!
Violetta (uni bir chekkaga tortib). Albin, menga qarang!
Albin. Qulog‘im senda, Violetta.
Violetta. Albin, balki adashayotgandirman, lekin menda negadir bu Fruji emas degan fikr paydo bo‘lyapti.
Albin. Bu nima deganing? Aql bovar qilmaydi!
Violetta. Albatta, aql bovar qilmaydi, lekin u sira ketkazib bo‘lmaydigan kul rangida-ku. Buning ustiga qiliqlarini…
Albin. Ha, qiliqlari, aytishim lozimki… Mayli, hechqisi yo‘q, hozir hammasiga oydinlik kiritaman. Menga ishonavering, jonginam. (Fruji o‘tirgan tog‘oraga yaqin keladi.) Katta bobongni ismi nima edi?
Fruji. Bilmayman va bilishni ham istamayman.
Albin. Yaramas! Bilmasmish va bilishni ham istamasmish… Endilikda ko‘rib turibmanki, bu bizning qizimiz emas. Fruji hech qachon bunday ahmoqlikni o‘ziga ravo ko‘rmagan bo‘lardi… Xonimcha, hoziroq bizning uyimizni bo‘shatib qo‘ying!
Fruji. Hoy, dadajon…
Albin. “Dadajon!” Endi kulrang sichqon meni dadajon, deb atashi kamlik qilib turuvdi! Yo‘qol bu yerdan!
Fruji (apchirib hamda pishillab tog‘oradan chiqadi). Hali o‘zinglar bunga pushaymon bo‘lasizlar!
Ettinchi ko‘rinish
Pishloqxonaning kulrang sichqonlar yashaydigan boshqa qismi.
Sahnada Lidi bilan Marton.
Lidi. Hammasiga siz sababchisiz, Marton… Hammasi sizning kasofatingiz!..
Marton. Hoy, Lidiko…
Lidi. Agar bema’ni safsatangiz bilan anovi la’nati oq sichqonlarga tirg‘almaganingizda, hammayoq tinch-osoyishta bo‘lardi hamda o‘g‘limiz Shoma ham hech qayoqqa ketmasdi.
Marton. Lekin o‘zing birinchi bo‘lib anovi Violetta bilan janjallasha boshlading-ku, axir. Men keyin keldim…
Lidi. Hammasiga bari bir sizning kasofatingiz urdi! Men bilan talashmang, iltimos!.. Har qancha gapirsangiz ham hech narsani isbotlab berolmaysiz.
Marton. Menga ishon, Lidiko…
Shoma (paydo bo‘ladi). Xayrli tun! Menga ko‘zlaring uchib turmaganmidi!
Marton. Lidiko, anavini qara! Kim bu?
Lidi. Oq sichqoncha! Endi shu kam edi… Marton, nega uni kiritdingiz?
Marton. Uni men kiritmadim, o‘zi kirdi.
Lidi. Qanday surbetlik! Jo‘na bu yerdan!
Marton. Ketyapman, Lidiko, ketyapman!
Lidi. Hoy, sizga emas, anovi oq sichqonga aytayapman.
Shoma. Hoy, oyijon, bu men, o‘g‘lingiz Shomaman.
Lidi. Shoma?! Bo‘lmagan gap… Marton, uni hidlab ko‘r-chi!
Marton (Shomani hidlaydi). Pishloq hidi kelyapti.
Lidi (u ham Shomani hidlaydi). Hm!.. Pishloq hidi deyarli sezilmayapti. O‘zim ham o‘ylovdim-a! Undan biskvit pechenesining hidi kelyapti. Hamma oq sichqonlardan biskvit hidi keladi, chunki ular har doim tegirmonda o‘ralashgani o‘ralashgan.
Shoma. Oyijon, nima farqi bor…
Lidi. “Oyijon?!” Meni oyijon deyishga qanday jur’at etding?! Yaramas! Marton, menga shvabrani uzatib yuboring! Shvabram qani?
Shoma. Xo‘p, mayli, yaxshisi, men hozir ketaman. Lekin hali pushaymon yeysizlar.
Lidi. O-ho, tahdid solishini qarang-a!.. Yo‘qol bu yerdan, kimga aytayapman!
Sakkizinchi parda
Shoma bilan Fruji pishloqxona orqasidagi podvalda uchrashishadi.
Nimqorong‘ilik.
Shoma. Fruji!
(Fruji alam bilan hiqillaydi.)
Mana nihoyat seni topdim! Nega yig‘layapsan?
Fruji (hiqillagancha). Meni uydan haydab yuborishdi.
Shoma. Meniyam. Hoy yig‘lamasang-chi! Asosiysi, ikkalamiz yana birgamiz.
Fruji. Shuni aytgin-a…
Shoma. … Endi hech qachon ajralmaymiz!
Fruji. Rostdanmi?
Shoma. Bo‘lmasam-chi? (nihoyat Fruji kulrang tusdaligini sezib qoladi.) Fruji! Senga nima bo‘ldi?
Fruji. O‘zingga-chi, Shoma?
Shoma. Men… men oq sichqonchaga aylanib oldim. Sen tufayli.
Fruji. Men ham, xuddi ko‘rib turganingdek…
Shoma (g‘amgin). Ko‘ryapman…
Fruji. Shoma, nega menga bunaqa ajabtovur qarayapsan?
Shoma. O‘zing-chi?.. Nega unaqa g‘alati qarash qilyapsan?
Fruji. Hecham g‘alatimas-da. Shunday… senga nima desamikin… Axir men sen bilan tanishganimda, kulrang tusda eding… endi bo‘lsa…
Shoma. Menga ham momiqday oqliging juda yoqardi, lekin… lekin bu unchalik dahshatli emas, Fruji… sen menga hozir ham juda, juda yoqasan…
(g‘amgin kuylaydi.)
Pishloqxo‘rman,
Jon-tanim pishloq.
Bu yurakni
Izhori, biroq:
Yoqtirmasang…
Negadir qovushmayapti. Hamma so‘zlarini esimdan chiqarib qo‘yibman…
Fruji. Men ham eslolmayapman.
Shoma. Endi nima qilsak ekan?
Fruji. Bilmayman.
Shoma. Panjangni ber-chi!
Fruji. Yana uning oldiga boramizmi?
Shoma. Ha.
Fruji. Hatto agar?..
Shoma. Hatto agar “mushuk ikkinchi bor sichqonni changalidan chiqarmasayam”.
Fruji. Ketdik.
To‘qqizinchi ko‘rinish
Chordoqda Shoma bilan Fruji paydo bo‘lishadi.
Shoma. Sen uni ko‘ryapsanmi?
Fruji. Yo‘q.
Shoma. Balki, Mushuk ko‘rinmas qiyofaga kirib olgandir.
Fruji. Balki u shunchaki yashirinib olgandir! Masalan, anovi sandiqning ortida o‘tirib, bizni poylayotgandir…
Shoma (baqirib). Mushuk!
Fruji. Shovqin solma, birdan eshitib qolsa-chi!
Shoma. Uni axtarib keldik-ku, axir?!
Fruji. Baribir qo‘rqyapman.
Shoma. Qo‘rqma! Bo‘lar ish bo‘ldi! Kel, yaxshisi, uni birgalikda chaqiramiz!
Fruji bilan Shoma (birgalikda). Mushuk!
Shoma. Javob bermayapti.
Fruji. Shoma, hov anavi yerda…
Shoma. Qayerda?
Fruji. Sandiqning orqasida… o‘sha yerda nimadir qitirlayapti.
Shoma. A-ha. Hozir qaraymiz.
Sandiq ustiga kichkina Paskal nomli sichqon sakrab chiqadi.
Fruji. Voy!
Shoma. O-ho, bu axir sichqoncha-ku!
Paskal. Sizlarga kim kerak?
Shoma. Buyuk Sehrgar Mushuk kerak. Sen uni qayerdan ham bilarding. U bilan tanishuv sen uchun fojiali tugashi mumkin-ku. Buyuk Sehrgar Mushuk qo‘rqinchli va qudratli.
Paskal. Bilaman.
Fruji. Qayerdan bilasan?
Paskal. Mening o‘zim Buyuk Sehrgar Mushukman.
Shoma bilan Fruji. Sen-a?!
Paskal. Nechun ajablanyapsizlar?
Shoma. Axir…
Paskal. Bir oz sabr qiling!.. Odamlar aytganidek, yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi… Qaranglar! (Mushukka aylanadi.)
Fruji. Oh… Tezroq qochaylik!..
Sehrgar Mushuk. To‘xtanglar! (yana sichqonchaga aylanadi.) Qo‘rquvga hojat yo‘q. Ko‘rib turibsizlarki, Buyuk Sehrgar Mushuk – bu oddiygina sichqoncha Paskalning o‘zginasi. (ta’zim bajo keltiradi.) Xizmatinglarga tayyorman.
Fruji. Unda… nega shuncha vaqtdan beri mushukka aylanib yuruvding?
Paskal. Jo‘yali savol. “Uyda bitta mushuk yetarli” degan qadimgi maqolni eshitganmisizlar? Boshqa mushuklarni zada qilish uchun Sehrgar qiyofasiga kirgandim. Tushunarlimi?
Shoma. Demak, sen bizlarni himoya qilish uchun bularning hammasini to‘qib chiqardingmi?
Paskal. Shunga o‘xshashroq. Lekin, asosan, o‘zimning tinchimni o‘ylab qilganman. Shirin xayollarga berilganimda mushuklarning xalaqit berishini jinimdan battar yomon ko‘raman… Darvoqe ishga kirishish vaqti bo‘ldi.
Fruji. Azizim Paskal… men seni shunday deb atasam maylimi?.. Biz yana xohlardikki…
Paskal. Men ham xuddi shu niyatdaman. Qani, ko‘zlaringni mahkam yuminglar-chi! Boshladik.
Sehrli kuy yangraydi.
Bir-ikki-uch-puch,
El qovuch…
El qovuch…
Shoma yana
Kulrang voh,
Voh, voh, voh!
Fruji ham
Bo‘ldi oq.
Oq, oq, oq!
Bir-ikki…
Bir-ikki-tamom,
Vassalom!
Hammalari hayratlangancha oh urishadi.
Paskal. Endi ko‘zinglarni ochishlaring mumkin.
Shoma. Fruji!
Fruji. Shoma!
Shoma bilan Fruji bir-birlariga yaqinlashishadi. Kuy eshitiladi. Shoma bilan Fruji birgalikda kuylashadi.
Bodroq-bodroq
Yulduz-yoritqich.
Dunyo nurli,
Sokin, go‘zal kech.
Bizga ayon,
Osmon mayog‘i,
Bir karj pishloq-
Bu – Oy o‘rog‘i!
Paskal. Aftidan, hammasi joyida shekilli… Eh-ha! Hali ota-onalaringiz o‘rtasidagi munosabatlarni ham epaqaga keltirish kerak…
Fruji bilan Shoma (baravariga). Paskal! Azizim, bizning jajji Paskalimiz!
Paskal. Xo‘p mayli, hoziroq urinib ko‘raman. Sizlar hozircha shu yerda tura turinglar!
O‘ninchi ko‘rinish
Pishloqxona. Albin, Violetta, Lidi, Marton o‘zaro janjallashib turishibdi.
Albin. Hammasiga siz aybdorsiz, deb ta’kidlayman. Kulrang sichqonlar umuman kaltafahm bo‘lishadi.
Lidi. Siz sababchisiz, faqat siz, siz! Tortishmang! Oq sichqonlar faqat ko‘ngilsizlik keltiradi. Sizlardan o‘zi, hatto tilga olishga ham irganaman… biskvit hidi keladi. Fuf!
Violetta. Sizlardan esa… sizlardan kuygan jizzaning hidi keladi!
Lidi. Marton, eshitdingizmi?! Nega tek turibsiz?
Marton. Men… men nihoyatda g‘azabga minganimdan, tilimga gap kelmayapti.
Lidi. Gapirishning hojati yo‘q! Bu la’nati oq sichqonlar gapga tushunisharmidi? Ular bilan boshqacha ohangda gaplashish lozim.
Kulrang va oq sichqonlar tahdidli qiyofada bir-birlarining ustiga bostirib kela boshlashadi. Shu vaqt narvonda Buyuk Sehrgar Mushuk paydo bo‘ladi.
Marton. Bu-bu-buyuk Sehrgar Mushuk!..
Sichqonlar qo‘rqqanlaridan joylarida qotib qoladilar.
Sehrgar Mushuk. Aziz qo‘shnijonlar! Nega qoqqan qoziqdek turib qoldinglar? Yaqinroq kelinglar, salomlashaylik.
Sichqonlar duch kelgan tomonga qochishadi, lekin Sehrgar Mushuk
ularni dumlaridan ushlab oladi.
Violetta. Yordam beringlar! Qutqaringlar! Yordam beringlar!
Lidi. Marton, biror narsa desangiz-chi, axir!
Marton. Aftidan, adoyi tamom bo‘ldik shekilli.
Albin. Bu qonunga xilof ish! Haqqingiz yo‘q!.. Bizni hoziroq qo‘yib yuboring!
Sehrgar Mushuk. Jim! Undan ko‘ra aytinglar-chi, nimani bo‘lisholmay janjallashyapsizlar?
Albin. Biz… biz… ya’ni degandek…
Sehrgar Mushuk. Duduqlanmay gapir! Xo‘sh, nima gap?
Lidi. Gap shundaki, ya’ni biz har holda kulrang sichqonlarmiz…
Violetta … biz esa oq…
Sehrgar Mushuk. Mushuklar uchun hammasi ham baribir.
Albin. Bajonidil ishonaman… lekin bilasizmi… bizning qizimiz bor…
Violetta. Fruji! U qayoqlarda yurganikin, bechoraginam (yig‘laydi.)
Lidi. Nima Fruji? Bu yerda Frujining qanday aloqasi bor? O‘g‘limiz Shoma qani? U qayoqqa ketdi?.. Hammasiga anovi la’nati oq sichqonlar aybdor…
Sehrgar Mushuk. Bo‘ldi, bas! Uyalsalaring bo‘lardi! Faqat “oq” u “kulrang”, “kulrang”u “oq” degan so‘zlarni eshityapman… Shaxsan men kulrang va oq sichqonlarni birdek sevaman.
Albin. Meni kechiringu, lekin siz xolis baho bermayapsiz. Siz bu masalaga mushukka o‘xshab qarayapsiz.
Sehrgar Mushuk. E-he, mushukka o‘xshab deng?! Bo‘lmasa, mana, qaranglar! (sichqoncha Paskalga aylanadi.)
Hammalari ajablangancha oh tortib yuborishadi.
Paskal. Ruxsat etsangiz, o‘zimni tanishtirsam! Buyuk Sehrgar Mushuk, to‘g‘rirog‘i, jozibador sichqoncha Paskal.
Lidi. Kim o‘ylabdi deysiz!
Paskal. Gapimga xalaqit bermasligingizni o‘tinaman, biror kor-hol bo‘lmasin tag‘in. Qisqasi, shu yerda birga, qo‘shni yashayotganlaringdan beri sizlardan “kulrang”u “oq”, “oq”u “kulrang” degandan boshqa gap eshitmayapman…
Albin. Lekin o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: oq sichqonlar yomon ekan-da.
Paskal. Bo‘ldi, bas! Endi gaplarimga quloq solinglar. Men yaxshiyu, sen yomon deb bahslashguncha, yaxshisi, o‘zaro o‘xshashligingiz, ko‘pgina umumiy tomonlaringiz bo‘lishi kerak.
Albin (ustamonlik bilan). Balki siz haqdirsiz. Shubhasiz, qandaydir umumiy tomonimiz bo‘lishi kerak.
Fruji (paydo bo‘ladi). To‘g‘ri, dadajon! Men hamisha sizni eng aqlli deb hisoblab kelganman.
Violetta. Fruji, qizalog‘im!
Shoma (paydo bo‘ladi). Mana men ham keldim.
Lidi. Shoma, o‘g‘lim! Qayerlarda yuruvding?
Ota-onalar shod-hurramlik bilan bolalarini quchoqlaydilar.
Shoma. Oyijon, sizga ba’zi narsalarni aytishim kerak. (qulog‘iga pichirlaydi.)
Lidi (Paskalga). Yoshlar bir-birlarini yoqtirib qolishgan bo‘lsa men nima ham derdim… Lekin har holda…
Paskal. Nima, har holda?
Lidi. Bizning nimamiz oq sichqonlarga o‘xshaydi?
Violetta. Biz kulrang sichqonlarga-chi?
Paskal. Hozir tushuntiraman. Diqqat qilib qaranglar-a! (mushukka aylanadi va tahdidli miyovlaydi.)
Sichqonlar baqirib-chaqirgancha turli tomonga qochishadi. Sehrgar Mushuk yana sichqoncha Paskalga aylanadi.
Xo‘sh,qalay?
Violetta. Voy-voy, yuragim chiqib ketay dedi-ku!
Paskal. Mana shunaqa. Birinchidan, oqu kulrang bo‘lsin, barcha sichqonlarni mushukdan birdek qo‘rqishlari birlashtirib turadi.
Violetta. To‘ppa-to‘g‘ri.
Marton. Ikkinchidan-chi?
Paskal. Ikkinchidanmi? H-m!.. Ijozatingiz bilan, men avval ozgina tamaddi qilvolsam. Chordoqda negadir qornim ochib qolibdi.
Xuddi ko‘z boylog‘ichday har xil sehrli qiliqlar qiladi, shu zahotiyoq sahna ortidan kattakon pishloq bo‘lagi dumalab chiqadi. Paskal unga tashlanib, hech kimga qaramay apil-tapil yeya boshlaydi.
Lidi. Ishtahasi karnay-ku!
Albin. Voy-buy birpasda yarmini yeb bo‘ldi-ya!
Marton. Lidiko, men ham ochiqqanga o‘xshayman.
Paskal. Pishloqdan tatib ko‘rishni xohlaysizmi?
Hammalari. Xohlaymiz!.. Albatta xohlaymiz!.. (birgalashib pishloqqa tashlanishadi.)
Paskal. Mana shunday qilib, ikkinchidan, bizni pishloqxo‘r sichqonlar bo‘lganligimiz birlashtirib turadi.
PARDA
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 7-son