Beyshenbay Usubaliyev. Ming (hikoya)

Akmat bilan qizi tong-sahardan yo‘lga hozirlik ko‘ra boshlashdi. Ular shaharga borishmoqchi. Akmat avvaliga unamadi: «Bir marta bo‘lsa ham ko‘rmagan bo‘lsam, uyat-da…» Buni eshitib xotinining avzoyi buzildi:
– Kasal-pasal emasmisan?! Nimadan uyalasan, begona odamning bolasini yetaklab boryapsanmi? Oyjonni haligi yotoqxonaga joylashtirgin-da, izingga qaytaver. Boshqalar shaharni ko‘rolmay yursa-yu…
Nihoyat, Akmat ko‘ndi. «Otasining go‘ri, – dedi o‘ziga-o‘zi, – buning qistovi bilan shaharni ham ko‘rib kelaman. Nimasidan cho‘chiyman, o‘ris tilida non so‘rashni ham bilaman». Tayyorgarlik uzoq cho‘zildi. Xotini pulni qaysi cho‘ntakka solish va uni qanday asrab-avaylash haqida ko‘p gapirdi: «Kulib qaraganlardan ehtiyot bo‘l, avrab turib, shipirib ketishmasin. Bozorga kirsang, og‘zingni ochib angrayma. Chetdan kelganlarni darrov bilib olishadi, deb eshitganman. Lo‘lilarga yaqinlashma!..» Uning gaplariga indamay quloq tutib turgan Akmat o‘zicha g‘udranib qo‘ydi: «Qizim deb kuyarmish, qizi to‘g‘risida o‘ylab ham ko‘rgani yo‘q, xuddi otasi puldan o‘lganday…»
Shunday qilib, ular jo‘nashdi. Akmatning qo‘lida katta qora jomadon.
Uyidan ko‘p ham uzoqlashmay qo‘shnisi Qurmanga yo‘liqishdi. U bilsa ham, o‘zini bilmaslikka solib, gap qotdi:
– Ey, tong-sahardan qayerga otlandinglar?
– Ming bilan boryapman, Kuke, – dedi Akmat uning savolini eshitmaganday, – otasining go‘ri, o‘zing bilasan-ku!..
– Ming bilan deydimi? – dedi Qurman o‘ziga-o‘zi. – Ey, ming deganing nimasi?
– Nima bo‘lishi mumkin! – dedi Akmat yaxshi kayfiyatda, – Hammangiz bilasiz, lekin… – Yana takrorladi. – Ming bilan boryapman!..
Qizi yurmaysanmi, deganday otasiga qaradi. Akmat jomadonni ko‘tarib, yo‘lga tushdi. Qurman Akmatning gaplariga birozdan keyin tushundi-da, uni kuzata turib: «Afandi desa!..» – deb kulib yubordi.
Akmat biroz yurgach, o‘zi bilan birga ishlaydigan Karipga duch keldi. Qochib ketsammi, deb o‘yladi-yu, yuzi chidamadi. U yaqinlashib qolganida jilmayib:
– Qochib ketyapman, brigadirga aytma, – dedi.
– Qayerga? – dedi Karip xavotirlanib.
– Shaharga! – Qo‘li bilan qizini ko‘rsatdi. – O‘qishga.
– Aa-ay, ota! – Karip norozi bo‘lib qo‘lini siltadi. – Dalani bir o‘zim sug‘orar ekanman-da. O‘zini yolg‘iz yuborsang, bo‘ri yemasa kerak?
Akmat xafa bo‘ldi. Karipning o‘rniga ishlab qolgan kunlari ko‘p bo‘lgan. O‘shanda ham indamagan, brigadirga ham og‘iz ochmagan. Bu esa… Akmat o‘shalarning hammasini aytaman deb yo‘lidan to‘xtadi, lekin tag‘in jahlini chiqarib yubormay degan andishaga bor.
– Hech qanaqa yer qolgani yo‘q, – dedi jovdirab, – anovi yerni sug‘orishga hali barvaqt, qaytishim bilan kechasimi, kunduzimi, sug‘orib qo‘yaman. – So‘ngra biroz o‘ylanib turdi. – O‘zini yuborsam ham bo‘lardi, o‘ris tilini mendan yaxshiroq biladi. Biroq… – bir oz ovozini pasaytirdi, – ming bilan yuborsak, bir nima bo‘lmasin deb…
– Ming bilan?!
– Ha-da! – dedi Akmat quvonchini yashirmay. – Ming bilan boryapman, otasining go‘ri!..
Karip tushunmadi. U indamay turdi-da, «bo‘pti» deganday, tushkun holatda o‘z yo‘liga ketdi. Gapini to‘liq tushuntira olmagani uchun Akmatning ta’bi tirriq bo‘ldi.
– Uchragandan suyunchi olaverasanmi? – dedi qizi norozi bo‘lib.
– Nima?
– Ming bilan boryapman! Ming bilan boryapman, deysan!
– Aytsam, nima bo‘pti?
– Uyat-da!
– Nimasi uyat! – Akmat achchiqlandi. – O‘g‘irlab olgan bo‘lmasam. O‘zimning pulim. Kigiz, sug‘orish… – deb qiziga o‘girildi, – tag‘in uch yuz qo‘shganida bo‘larmidi?
– Nima uchun?
– Yetmaydimi, deyman-da.
– Nega yetmaydi? Menga keragi yo‘q. – Qizining qovog‘i uyuldi. – O‘zinglar qo‘ymay…
– Sen bir iloj qilib o‘tib ketsang, bo‘ldi, – dedi Akmat qizini yupatib. Xotinidan achchiqlandi. – Yana uch yuz qo‘sh desa, otasi puldan o‘lganday, shuning o‘zi yetadi dedi! – Yana yumshadi. – Pul o‘lsin, topiladi!.. Sen eplab o‘tib ketsang…
Otasiga qarab qizning rahmi keldi, negadir ichi achishdi. Ikkisi indamay yo‘lda davom etishdi.
Yo‘l yoqasiga kelishdi. Bu yerda ko‘k do‘kon bor. Mashinalar do‘kon oldida ko‘p to‘xtaydi. Shuning uchun ko‘pchilik shu yerda mashina kutadi. Hech kim yo‘q ekan. «Yaxshi bo‘ldi, shaharga yorug‘da yetarkanmiz», – deb o‘yladi Akmat suyunib. Shu payt narigi tomonda Asqar paydo bo‘ldi. Kiyimlari kir, qo‘lida yomon xalta.
– Qayerga boryapsiz? – dedi u gunohkorday kulimsirab.
– Shaharga! – deya javob berdi Akmat yoqinqiramay.
– O‘qishgami?
– Ha.
– Qaysi o‘qishga? – Qizga tikildi. U javob bermadi.
– So‘tlikka! – dedi Akmat ranjib. – Hozir qizlarning ham so‘t bo‘lgisi keladi. Shuning uchun melisada ikki yil yurdi-da, haligini chiqillatib.
Qizi unga norozi bo‘lib qarab, ming‘irladi: «Chiqillatib… chiqillatib…» Akmat qizining o‘qiyman deganiga qarshi bo‘lmadi. Aksincha, quvondi: «O‘qib olsin! Bo‘lmasa, xor bo‘ladi, buning ustiga, birorta araqxo‘rga tushib qolsa… O‘g‘il bolaga nima, ketmon chopib bo‘lsa ham, bir kunini ko‘radi. Men ham ketmon bilan o‘lmay yuribman-ku! Lekin nega bunchalik so‘tlikka boraman deb…»
Akmat qizi o‘ninchini bitirishi bilanoq tushuntirgandi: «So‘tlikni nima qilasan! Undan ko‘ra, muallim bo‘l, xotinlarga shu yarashadi. Ana, Aytqulning qizini ko‘r, kechagina kelib, bugun direktor bo‘lib, savlat to‘kib yuribdi… So‘tlik nima, turgan-bitgani – yomonlik!..» «Yomonlik! Bir nima bo‘lsa, darrov yomonlik. Nima yomonlik qilyapti?!» – degandi qizi yig‘lamsirab. Akmatning joni achishgandi: «Hoy, seningcha, odamni qamash yaxshilikmi?» «Qamalgisi kelmasa, gunoh qilishmasin!» – deya qizi uning og‘zini yopgandi. U aytganida turib olib, ikki yil davomida sudda mashinistka bo‘lib ishladi. Buni eslagan chog‘ida Akmatning tili tutiladi, qizim elning qahriga qolmasin, deb cho‘chiydi. Uningcha, hamma sudya bilan militsiyani yomon ko‘radiganday edi. Shuning uchun qizi to‘g‘risida so‘raganlarga: «Yuribdi-da, haligini chiqillatib», – derdi kayfiyati tushib…
– Bizni so‘t qilar ekan-da! – dedi Asqar o‘zicha xulosa chiqarib.
– Iya! – Akmat sakrab tushdi. – Nimaga so‘t qiladi, jinni bo‘ldingmi?
– Men shunchaki… – Asqar gunohkorday yerga qaradi.
– A-a… – gapni boshqa tomonga burdi, – bugun ham o‘sha yerda tunadingmi?
– Yo‘q! – dedi Asqar cho‘chib, qo‘lidagi xaltani ko‘rsatib… – Men buni…
– Seni bilaman… Uyalsang bo‘lardi… Ishlasang bo‘lmaydimi? Yoshsan. Senga nima yetishmaydi? Uying bor, xotining bor, bolalaring o‘ynab yuribdi. Araq nima? Eh!.. – Qo‘lini siltadi.
Asqar indamay kulib turaverdi.
– Ota, avtobus! – dedi qizi shoshilib.
Akmat yaxshi qol deganday, Asqarga qarab qo‘ydi-da, qizi turgan tomonga yurdi.
– Yaxshi boringlar! O‘tib ketsin!..
Akmat ortiga o‘girildi:
– Nima deysan?
– O‘qishga o‘tib olsin deyman. Yana… qizingiz… – dedi Asqar alanglab. Qo‘rqqanini yashirmoqchi bo‘lib kuldi. – Yaxshi so‘t bo‘lsin…
Akmat Asqar tomon yurdi. «Bir nimadan umidvor bo‘lyapti». Asqar ketmoqchi bo‘ldi. Akmat unga yaqinlashib:
– Hozir kutib tur! – dedi-da, do‘konga kirib ketdi.
Avtobus kelib to‘xtadi. Qizi do‘konga yugurib kirdi-da, navbatda turgan otasiga:
– Ota, avtobus?.. – dedi.
– Iya?! – Akmat shoshildi. Yugurib chiqmoqchi bo‘ldi-yu, yodiga nimadir tushib, to‘xtab, qo‘lini siltadi. – Mayli, keyingisi bilan… Mashina…
Qizi to‘liqib chiqib ketdi. Birozdan keyin Akmat ham do‘kondan chiqib, Asqarga shisha uzatdi:
– Ma, ichgin, bu qarindoshingning tortig‘i.
– Oo-oy, og‘a, jimgina…
– Ola ber… Berganda, jon degin…
– Vino…
– Nima vinodan boshqasini ichmaysanmi?
– Yo‘q-yo‘q! – dedi Asqar shoshib. – Vino olsangiz ham bo‘lardi, deyman-da…
– Bu toza-da! Ma, endi ol.
Asqarga tutqazdi. Uning qo‘li qaltirab ketdi.
– Og‘iz tegizib keting, og‘a. – dedi u.
– Yo‘q, o‘zing ich! Ataylab senga… – Akmat to‘xtadi. – Mayli, otasining go‘ri, yaxshilik bo‘lsin. – Shishaning qopqog‘ini ochib, ichib, boshini chayqab qo‘ydi-da, Asqarga uzatdi. – Ma, qolganini o‘zing ich.
Asqar nima deyishini bilmay kuldi.
– Bor! – dedi Akmat. – Bor endi, bundoq odamga o‘xshab ichgin. Uyingga borib ichib, damingni ol. Yot…
Asqar ma’qul deganday, bosh irg‘adi. Akmat qizi tomonga yurdi.
– Qolib ketdik-ku! – dedi qizi.
– Mayli, tag‘in keladi-da.
– Araq ichib olib… – Qizi yig‘lamsirab ming‘irladi.
– Kim?!
– Sen-da!
– Menmi? Men ozgina og‘iz tegizdim, xolos, bir qoshiq ham kelmaydi. Ko‘ngli og‘rib qolmasin deb…
– Nega ko‘ngli og‘riydi? O‘zing olib berib, yana…
– Ko‘ngli og‘rimasin, odam-da!
– Odam?!.. – Qizi jirkanib yuzini burishtirdi.
Akmat ranjidi:
– Sening odamlaring qimlar o‘zi?! Haligilarmi?
– Qaysilar?
– Karip bilan haligi… – Talmovsiradi. – Yaxshi bor deyishgani ham yo‘q. Bu esa…
– Aytadi-da! – Qizi masxaraomuz kuldi. – Ichkisi kelib tursa!
Akmat chiday olmasdan qichqirib yubordi:
– Sen qayerdan bilasan ichgisi kelib turganini! Qayerdan?!
Qizi indamadi, uning gapini yoqtirmaganday nari ketdi. Akmat o‘ylanib qoldi. Asqarni esladi. Yomon bola emas, salomini kanda qilmaydi. Lekin ichadi, yiqilib qolguncha ichadi. Eh!.. Umidvor bo‘lsa, bo‘lgandir, nima bo‘pti! Haligilar-chi? Qaytadan ko‘ngli ko‘tarildi. Qizining yoniga keldi.
– U xaltani nima qiladi?
– O‘tkazadi-da!
– Xaltanimi?
– Shishani! Shaldiratib ko‘tarib yuribdi-ku!
– A-a… U nima ham bo‘lardi deysan, yigirmataga ham yetmaydiganga o‘xshaydi. O‘n tiyindan bo‘lsa… – deb ichida hisoblay boshladi.
– O‘n ikkidan! – dedi qizi g‘ashi kelib.
– Nima?
– Shisha. O‘n ikki tiyin turadi.
– O‘n ikkimi? Men doim o‘n tiyindan o‘tkazaman. Haligi quda kelgandagi…
– Sendan urib qolishgan-da!
– Eh, itlar-ey! – Akmat do‘konchilardan achchiqlandi. Kiziga qarab, o‘zi-o‘ziga gapirdi. – Enang bilan sen bilmagan palakat yo‘q!.. – Tag‘in do‘konchilarning qilmishidan jahli chiqdi. – Eh, itlar! Mendan urib qolishgani rost. Qanchadan-qancha shisha topshirdim. – Topshirganlari o‘n ikki tiyindan bo‘lsa, qancha bo‘lishini hisoblab ko‘rdi. – Shuning uchun aytaman-da, xotin qolganini qayerga yo‘qotding, deb behuda bezillamagan ekan! Qarasa…
Birovning ovozi uning xayolini buzib yubordi.
– E, qaysi amaldor ekan desam, sen ekansan-da? Kiyinsang, naq ministrning o‘zi bo‘larkansan. – Asan salom-alik qilmasdan gap boshladi. Kayfi borga o‘xshaydi.
Akmat o‘ng‘aysizlandi:
– Kiymay qo‘yaqolay desam, haligi…
– Kiysang nima bo‘libdi?! – dedi Asan jovdirab. – Kiyaver, otasining go‘ri, o‘zingnikimi…
Akmat uning so‘zini bo‘ldi:
– Qayerda?! – dedi u battar o‘ng‘aysizlanib. – Qudadan kiyganman.
Asan qattiq kuldi:
– Iya, quda berganni kiysang, o‘zingniki bo‘lmay qoladimi?
Akmat javob bera olmay kalovlandi. Qizi otasining gapidan xafa bo‘ldi: «Qudadan kiydim, qudadan kiydim… Butun elga yoymasa bo‘lmaydi, shekilli!»
– Shunday qilib, jo‘nayapman degin, – dedi Asan nimanidir aytmoqchi bo‘lganday.
– Ha, boryapman. – Akmat aytsammi, aytmasammi, deganday qiziga qarab oldi-da, – ming bilan boryapman, – dedi nihoyat.
– Mingni qo‘ysang-chi! – dedi Asan bir nimani eslab. – Anovi yomon xotin olib…
– Kim?
– Aqil-chi? Ikkinchi o‘g‘lim. Xotin olaman deydi, olsang, olaver dedim.
– Nima qilar ekan?
Asan ovozini pasaytirdi:
– Xotinni nima qilardi, xotin qiladi-da!
– Bilaman… – dedi Akmat o‘ng‘aysizlanib. – Hozir yoshligida o‘qib olsa…
– To‘ydim o‘shaning o‘qishiga! Yoshi yigirmada-yu, birinchi sinfning hisob-kitobini ham bilmaydi.
– Yo‘g‘-e?
– It bo‘layin! Bir kuni mening ko‘z oldimda hisobni chiqara olmadi, maktabda nimani o‘qiding desam: «Bizning davrda bunday emasdi, buni propessor ham arang chiqaradi», deydi. Kecha esa… – Jahli chiqdi. – Ikkovimiz o‘n sakkiz kilo shakar qancha bo‘lishini bilmay, tortishdik. U yigirma bir so‘m deb aytadi, men bir so‘mdan bo‘lsa, zo‘rg‘a o‘n sakkiz so‘m bo‘ladi, yigirma birni qayerdan olding, dedim. Shakarning kilosi yetmish sakkiz tiyin emasmi…
– Keyin chiqardimi?
– Hisoblab yotib chiqardi… Shunday ekan, o‘qib kimni boy qilardi, undan ko‘ra, eski traktorni tarillatib yura bersin-da, to‘g‘rimi?
Akmat kulib bosh irg‘adi.
– Shunday qilib, boryapman degin. – dedi Asan qaytadan. – To‘yga qatnashmay ketar ekansan-da.
– Keyin… Men bo‘lmasam ham, xotinim bor-ku. Uning og‘zi tegsa…
– Seniki boshqa-da. Ikkimizni erkak deyishadi!..
Indamay jim qolishdi.
– Qo‘y, unday bo‘lsa, ketayin, – dedi Asan, – ozgina pul izlab chiqqandim. Hech kimda yo‘q ekan. Do‘konchilarda ham… Senda… – Yaltoqlandi.
– Menda qayerdan ham bo‘lsin?
– Bilaman. Biror iloji bo‘lganida…
Akmat atrofga qarab oldi, qizi yo‘lning narigi tomonida turganini ko‘rib, Asanning yengidan tortdi:
– Yur…
Ikkovi do‘konning ortiga o‘tishdi. Akmat cho‘ntagidan pul chiqarib, Asanga uzatdi:
– Ellik so‘m. Yetadimi?
Asan quvonib ketdi:
– Qo‘y! Uyat-da! O‘zingiz yo‘lda qolib ketmaysizmi?
– Yetadi. Bu tomonimda bir yuzu ellik bor. Men gulayt qilarmidim. – Asanni o‘ziga tortib, ichki cho‘ntagini ko‘rsatdi. – Bu yoqda ming bor!
– Ming deganing nima?
– Pul. Ming bilan boryapman dedim-ku. Otasining go‘ri, eplab o‘tib ketsa… Pul nima?! Ma, ol…
Asan oldi-da, boshini chayqadi. Suyundi. Tag‘in jim qolishdi.
– Qo‘y, bo‘lmaydi! – dedi Asan shoshilib. – Bo‘lmaydi! – Xurjundan bo‘sh shishani sug‘urib oldi. – Og‘iz tegizib ketmasang, bo‘lmaydi, yaxshilikka-da. – Xurjunni qaytadan ag‘dara boshladi. – Boya gruzovoydan bittasini solib qo‘yganday bo‘lgandim… A-a, topdim.
– Bo‘lmaydi-da, yo‘l yuraman…
– Yo‘q desang, yarmini ol. Maza qilasan. Kun ham salqin.
Akmat stakandagi araqning yarmini ichdi. Qolganini Asanning o‘zi ichib, shishani xurjunga soldi-da, otiga mindi.
– Endi ketayin. Yaxshiligingni… O‘lguncha… Unutmayman.
– E, qo‘ygin… – Akmat qo‘lini siltadi.
– Kelishing bilan qaytaraman. So‘zsiz. Zoriqib turganimda, himmat qilding.
Asan anchagacha o‘zi-o‘ziga gapirib bordi. Akmat qizining yoniga keldi.
– Ikkita avtobus o‘tib ketdi! – dedi qizi ranjib.
– Ikkitami? To‘xtatmadingmi?
– To‘xtatmadingmi? O‘zi yotib oladi-yu… – dedi qizi yig‘lamsirab.
– Mayli. Mashina to‘lib o‘tyapti. – Akmat kulib qizini chalg‘itdi. – Haligi Aqil xotin olsa, hammasi boshidan boshlanadi, xotin emas, o‘tin oladi.
– Qaysi Aqil? – dedi qizi qovog‘ini solib. – Haligi dars bilmagan ahmoqmi?
– Ahmoq! Ahmoq! Darsni bilmagan odam ahmoq bo‘lib qoladimi?
– Bo‘lmasa, nima?
– Sening ahmoq emaslaring nimani qoyil qilishyapti? Haligi Karipning bolasimi, katta o‘qishda zo‘r o‘qiydi deb maqtaysizlar, o‘zini osmonda sezib, salom ham bermaydi… Bu esa parvona bo‘lib, og‘alab, salomini uzmay…
– Salom bersa, aqllimi?
– Unda kim aqlli?! – Akmat qizini gapirgani qo‘ymadi. – Burni ko‘tarilganlarni boshimga uramanmi… Mana, Shourukni qaragin.
– Shouruk… – Qizi masxaraomuz kuldi.
– Bizning ovulda birgina o‘shaning ordeni bor. U qayerda o‘qibdi. Hech nimani bilmay qolganida, muallim: «Miyang qayerda sening, miyang qayerda!» deb baqirsa, «Miyam chiyning tagida qolib ketibdi, ertaga olib kelaman, mulla aka», debdi. Hozir, qaragin, ko‘ksida orden, hamma yaxshi ko‘radi… Nima, u ahmoq bo‘lsa, el yaxshi ko‘radimi, hukumat orden beradimi?! Ahmoq deb!.. – G‘ijinib qo‘lini siltadi.
Qizi norozi bo‘lib, nariroq ketdi-yu, ko‘p o‘tmay o‘zicha piqillab kula boshladi. «Miyam chiyning tagida qolibdi», dedi ichida. Akmatning yodiga nimadir tushib, qizining yoniga keldi-da, kulib:
– Qo‘rqmay qo‘ya qol, ming tugal. Ellik nima?! Zoriqib turganda…
Qizi gumonsirab qarab qo‘ydi.
Akmat ko‘zini olib qochib, nari-beri yura boshladi. O‘zini biroz bosib oldi. Qizidan tag‘in achchiqlandi: «Qayerdan o‘rganib olganini bilmayman, bir nima bo‘lsa, darrov ahmoq deb turadi. Shundan keyin ham u qanday qilib so‘t bo‘lsin?! Xudo aql bermasa, nima qilish kerak?!» Birdaniga yuqori tomondan bir otliq ko‘rindi. Akmat bir cho‘chib tushib, unga tikilib qoldi. «O‘sha, – dedi ko‘zini uzmay, – o‘sha, enangni!.. Yetkazgan ekan-da! – U atrofga qaradi, ko‘ziga xojatxona chalindi. Uni chamalab qadam tashladi. – Ketmay turib olsa, nima qilaman, kechgacha o‘tiraveramanmi? Yo‘q…» Ortiga burildi. Chindan ham brigadir ekan. U yaqinlashib qolganida, Akmat tag‘in so‘kindi: «Enangni!.. Allaqachon yetkazishgan!.. Endi bu boshlaydi!» Brigadir kulib kelaverdi:
– Po‘rim kiyinib… Bu kim bo‘ldi ekan, deb hayron bo‘ldim. Bunday qarasam, o‘qishga otlangan Akmat ekan. Haligacha ketolmadinglarmi?
– Avtobus yo‘q. – Akmat ko‘nglidagini aytdi. Keyin pichirladi. – Hozir boshlaydi!..
– Borganga yarasha, o‘tib kelinglar… – Brigadir indamay bir oz turdi. – Shoshib turibman. Karipni ko‘rdingmi, suv boshida ham, uyida ham yo‘q. Uyiga borsam, suvga ketgan deyishdi…
– Boya dalaga borayotgan edi.
– Sheriging u yerda yo‘q. – Boshini chayqadi. – Yer yonib boryapti.
– Meniki…
– Senikini bilaman, – dedi brigadir uning so‘zini bo‘lib. – Allaqachon bitkazib qo‘ygandirsan. Senga ishonib, yeringga qaraganim yo‘q…
– Ha! – Akmat suyunib ketdi. – Haligi… – Qayta o‘zini o‘nglab oldi. – O‘zini yuborsam bo‘lardi, lekin ming bilan… – dedi gunohkorday boshini egib.
– Bola degani shu! – dedi brigadir uning gapiga unchalik ham e’tibor bermay. – Bir joyda tutib turolmaysan!.. – Otining boshini burdi. – Qo‘yaber, osongina o‘tib kelinglar, tag‘in qora jomadonni ko‘tarib, qaytib kelma… – Biroz nariga borib qichqirdi. – Akmat, bozorlik degani bo‘ladi, unutma. Pishenichnыy deganlari u yerda oqib yotadi deyishadi…
– U nima?
Brigadir eshitmadi shekilli, indamay otini choptirib ketdi.
– Pishenichniyi nima? – dedi Akmat qiziga.
Qizi g‘azablandi:
– Araq!
– E, yarasi yengil ekan. – Akmat kuldi.
Sevindi. «Hech gap emas ekan. Esli-da!» Karipni o‘ylab, o‘zini ayblay boshladi. «Boyaqishni jo‘ngina jo‘natibman!..»
Hayajonlanib u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Birdaniga esiga sug‘orilmay qolgan yeri tushdi. «Hozir bo‘lmaydi. Sug‘orishga hali erta…» dedi o‘zini ovutib. Biroq bu fikr miyasidan chiq- may qoldi, o‘zini shunchalik yaqin tutgan brigadir ham ko‘z oldiga keldi. Endi tinchsizlana boshladi. Unutgisi keldi. Aksiga olib, mashina ham o‘tmaydi. Yosh boladay quvongan Asanni esladi. Nima qilarini bilmadi. Nari-beri yurdi… Qizining yoniga keldi.
– Mashina o‘tmaydiganga o‘xshaydi, – dedi nihoyat. Bir oz indamay turdi. – Ertalab ketsak qanday bo‘larkin? Ertaga yo‘lga barvaqt chiqamiz…
– Ertagami? – Qizining jahli chiqdi. – Kechikaman-da! – Yig‘lamsiradi. – Har kuni ertaga!
– Nega kechikasan, hali vaqt ko‘p. Mashina o‘tmayapti, buning ustiga peshin bo‘lib qoldi. – Qizi indamagani uchun nima de-yishini bilmay qiynaldi. Tag‘in yalinganday: – Buning ustiga, brigadir ham urishib…
– Qachon urishdi! – dedi qizi qichqirib. – Yaxshi boringlar deb, kulib ketdi-ku!..
– Hamma eshitganing to‘g‘ri! – dedi pichirlab. Qiziga o‘girildi: – Sening oldingda so‘kinishi kerakmidi?.. Yer yonib ketyapti dedi, shu yetarli emasmi?.. – Jomadonni oldi. – Kel, qaytaylik… – Uyi tomonga qadam tashladi.
– Ko‘ringan bilan araq ichib!..
Qizi yig‘lamsirab uning ortidan ergashdi. Akmat bilib-bilmaganga oldi. Biroz yengil tortdi. «Bugun tuni bilan qolgan yerni sug‘orib, erta bilan jo‘nab ketaveraman… Yo‘q, Asannikiga borishim kerak. Ketib qolganimda boshqa gap edi, ketmagandan keyin… Soat o‘ngacha unikida bo‘laman, keyin tun bo‘yi ekin sug‘oraman. Saharlab yo‘lga chiqamiz. Uyqu nima? Bir kun uxlamasa, xudo urmaydi!..» Akmatning ko‘ngli yorishdi.
– Ana, haligi? – dedi qizi achchiqlanib.
– Haligi! Kim?
– Piyanistang! Asqar-chi?
– Qani?
– Ana.
Qizi qo‘li bilan ko‘rsatdi. Akmat o‘sha tomonga qaradi. Hech kim yo‘q.
– Qaңi?
– Kelayotgandi. Yashiringanga o‘xshaydi… Qochib ketdi.
– Qochib? Kimdan?
– Sendan-da!
– Mendanmi? – Akmat chinakamiga ajablandi. – Nega? Men melisamidim?
– Bilmayman! Haligi yomon xaltasini ko‘tarib kelayotgandi. Bizni ko‘rishi bilan…
– Odam ekan-da!.. – dedi Akmat suyunib.
– Odam?
– Qiziq, nega qochadi? – Qizining so‘ziga e’tibor bermay kuldi. So‘ng gapga tushdi: – Hoy, u melisadan qochmaydi. – Qattiq kuldi. – Melisa uni nima qiladi, jarima to‘lashga tangasi ham bo‘lmasa…
Qizining jahli chiqdi:
– O‘zi-chi?
– Kim?
– Melisang!..
– Ii?..
– O‘zi ham mast bo‘lib yuradi-ku…
– Qachon?
– Har kun. Kecha ham mast bo‘lib xotinini quvib yurgandi…
– Mast bo‘lsa ham, uni melisa deyishadi! – Akmat qizining jig‘iga tegdi. – U hech kimdan qo‘rqmaydi!..
– Qo‘rqmasa, ichib yuraveradimi?
Akmat javob topa olmay qoldi. Bir ozdan so‘ng dedi:
– Ichsa ham, o‘sha kerak bo‘ldi-ku. Sen uchun yugurib, nachalnigiga aytib, ishga joylab…
– O‘zim ham joylashardim!..
– Jahlimni chiqarma! – Akmatning fe’li buzildi. – Yaxshilikni bilish kerak!..
Qizi indamadi. Chindan ham Akmatning qizini melisa ishga joylashtirgan. Xotini: «Ko‘p bo‘lsa, ikki shisha araqdir. Borib ayt, shimingni yechib olmaydi-ku!» – deb har kuni tinmay javrab Akmatni ko‘ndirgandi. Borsa, u ma’qulladi. «Melisaning qo‘lidan ham yaxshilik kelar ekan!» – deb Akmat suyunib qaytgandi. Endi qizi buning hammasini unutib!.. U qiziga qarab, boshini chayqab qo‘ydi. O‘zini bosdi, qizi ko‘ziga ayanchli ahvolda ko‘rindi.
– Sen yaxshi melisa bo‘l, – dedi kulib, – ichmaydigan…
– Men melisa bo‘lmayman!
– Unda kim bo‘lasan? Shuni deb ikki yil yurding-ku, chi- qillatib…
– Bir nima bo‘lsa, darrov chiqillatib!.. Men tergovchi bo‘- laman.
– Hammasi bir! – dedi Akmat qizishib. – Ikkovi ham odam qamaydi!..
Qizi jahllanib qo‘lini siltadi. Akmat uni yenggani uchun quvonib kuldi-da, o‘zicha gapira boshladi:
– Avvallari melisani bilmasdik, onda-sonda ko‘rsak, qo‘rqib ketardik. Hozir… Yo‘l bo‘yida gaimiz deb uchtasi o‘tiradi qimirlamay. Ko‘paydi. Nima, el shunchalik buzilib ketdimi? – Qiziga qaradi, u javob bermadi. O‘ziga-o‘zi dedi: – El qaydan ham buzilsin hozir, melisalar yana ko‘paysa kerak. Xotinlar ham… – qiziga qarab qo‘ydi.
Uylariga yaqin kelishdi. Qayerdandir kelayotgan xotini ularni ko‘rib, turgan joyida qotib qoldi.
– Ana, melisa! – dedi Akmat.
– Qani?! – Qizi cho‘chib tushdi.
Akmat kulib, xotinini ko‘rsatdi. Qizi ham kulib yubordi. Ikkisining baravar kulayotganini ko‘rib, xotini battar angraydi. Yaqin kelishi bilan Akmat uning og‘zini ochirmay, gapira boshladi:
– Qo‘rqma! Ertaga jo‘naylik dedik. Mashina yo‘q… Avtobusning birortasi ham bo‘sh emas, tiqilinch. Ming joyida. Ellik nima?! Beradi-da, bermasa… Yetadi! Nima men gulayt qilgani borayotganim yo‘q-ku…
Akmat gapiraverdi. Otasining yolg‘onni qalashtirayotgani- ni ko‘rib, qizining manglayi tirishdi. Xotini hech narsa tushunmay, hang-mang bo‘ldi…
…Akmat yolg‘on gapira olmaydi.

Qirg‘iz tilidan Avliyoxon Eshon tarjimasi