Birinchi cahna
Kovent bog‘i, soat kechki 11-15. Yozning shiddatli sharros yomg‘iri. Har tarafdan mashinalarning ovozi eshitilib turibdi. Allaqachon odamlar bilan to‘la avliyo Paul cherkovi ayvoni tagiga va bozorga tomon yo‘lovchilar pana joy istab yugurishmoqda. Ular orasida tungi libosdagi bir ayol va uning qizi ham bor. Ular yomg‘irga ma’yus tikilib turardi. Teskari o‘girilib olib, butun fikru zikri kundalik yozish bilan band bo‘lgan bir kishi bundan mustasno.
Cherkov soati 11 ning birinchi choragiga bong uradi.
Qiz (o‘rtada, ustunlar orasidagi ochiq joyda, chap tomonga yaqin). Chidab bo‘lmas darajada sovqotib ketyapman. Freddi shuncha vaqt nima qilib yurgan bo‘lishi mumkin? Uning ketganiga yigirma daqiqa bo‘ldi.
Ona (qizning o‘ng tomonida). Unchalik ko‘p emas-ku. Ammo shu paytgacha bironta taksi ushlagan bo‘lsin-da.
Notanish kishi (ayolning o‘ng tomonida). Odamlar uylariga tarqab ketmagunicha, ya’ni soat o‘n bir yarimgacha o‘g‘lingiz biron taksi ushlay olmaydi.
Ona. Lekin bizga taksi kerak. Biz bu yerda o‘n bir yarimgacha turolmaymiz. Juda kech bo‘ldi.
Notanish kishi. Ha, lekin bunga men aybdor emasman-ku, xonim.
Qiz. Agar Freddida zarracha aql bo‘lganda edi, teatr eshigi oldidan bo‘lsa ham, birortasini ushlagan bo‘lar edi.
Ona. Bechora bolaning qo‘lidan nima ham kelardi?
Qiz. Boshqalar taksi ushlabdi-ku, nega u eplolmaydi?
Freddi yomg‘irda Sautgempton ko‘chasidan yugurib keladi va suv tomchilayotgan soyabonni tutgancha ular orasiga suqiladi. U yigirma yoshlardagi yosh yigit, kechki kiyimda, yonoqlari jiqqa ho‘l.
Qiz. Xo‘sh, birorta taksi ushladingmi?
Freddi. Xudo haqi, hech qayerda yo‘q.
Ona. Bo‘lishi kerak edi. Sen yaxshilab qidirmagansan.
Qiz. Judayam qiyin! Sen o‘zimiz borib qidirib ko‘rishimizga umid qilyapsanmi?
Freddi. Men sizlarga hammasi band deyapman-ku. Yomg‘ir hech kim kutmagan paytda boshlandi va hamma taksi ushlashga harakat qila boshladi. Men Chering Krossdan Ladgeit parkigacha bordim, barchasi egallangan.
Ona. Trafalgar maydoniga o‘tdingmi?
Freddi. Ha. Trafalgar maydonida ham bironta taksi yo‘q ekan.
Qiz. Bordingmi?
Freddi. Men Chering Kross bekatigacha borib keldim. Meni Gammersmitga piyoda boradi deb o‘ylaganmiding?
Qiz. Sen yaxshilab qidirib ko‘rmagansan.
Ona. Sen chindan achinarli ahvoldasan, Freddi. Yana bor va bironta taksi topmaguningcha qaytib kelma.
Freddi. O, juda yaxshi: ketyapman, ketyapman! (U soyabonini ochadi va Strandga tomon shiddat bilan yuradi, ammo savatini qo‘liga olib, pana joy topishga shoshilayotgan gulchi qizga to‘qnashib ketadi. Chaqmoq chaqnab, momaqaldiroqning gumburlashi bu manzaraga o‘zgacha tus beradi).
Gulchi qiz. E, Freddi, ko‘zingga qarasang bo‘lmaydimi?
Freddi. Uzr. (U yugurib ketadi).
Gulchi qiz (sochilib yotgan gullarini yig‘ib, savatga solayotib). Barchasi rasvo bo‘ldi, binafshalar loy bo‘lib ketdi-ya. (U gullarini saralab, ustunning pastki qismiga, ayolning o‘ng tomoniga o‘tiradi. U aytarli jozibali emas, yoshi o‘n sakkiz yoki yigirmalar atrofida, balki undan ham kattaroqdir. U butun Londonning changi va dudini o‘ziga olib unniqib qolgan, qora poxoldan qilingan kichkina dengizchilar shlyapasini kiyib olgan. Ko‘rinishidan shlyapaning biror marta tozalanganiga shubha qilish mumkin. Sochlari yuvilmagani bois tabiiy jilosini yo‘qotgan. Tizzasiga tushadigan och qora rangli paltosi belini mahkam qisib turibdi. Palto ichidan jigarrang yubka kiyib, dag‘al fartuk taqqan, etiklari esa kiyishga yaroqsiz holga kelgan edi. Uning imkon darajasida ozoda ekaniga shubha yo‘q, ammo atrofdagi ayollar bilan taqqoslaganda, juda juldurvoqiligi bilinib turibdi. Ko‘rinishi ularga nisbatan yomon emas, lekin tish shifokoriga borishi kerak).
Ona. O‘g‘limning ismi Freddi ekanini qayerdan bilasan, qizim?
Gulchi qiz. O, u sizning o‘g‘lingiz, shundaymi? Men u haqida hech narsa bilmayman. Ammo, fikrimcha, uni juda yaxshi tarbiyalabsiz, qani, endi marhamat qilib gullarning haqini to‘lab qo‘yasizmi?
Qiz. Bunday qilmang, oyi.
Ona. Iltimos, meni o‘z holimga qo‘y, Klara. Senda ozroq mayda bormi?
Qiz. Menda olti pensdan ortiq mayda pul yo‘q.
Gulchi qiz (umid bilan). Men sizga qaytim qaytaraman, yaxshi qiz.
Ona (Klaraga). Menga ber. (Klara xohlamaygina pulni chiqaradi). Mana (qizga) bu gullaringiz uchun.
Gulchi qiz. Rahmat, katta rahmat, xonim.
Qiz. Undan qaytimini oling. Bunday gullarning bir bog‘i bir penni turadi, xolos.
Ona. Tilingni tiy, Klara. (Gulchi qizga) Qaytimini olib qolaver.
Gulchi qiz. O, rahmat, xonim.
Ona. Endi menga u yosh yigitning ismini qayerdan bilishingni ayt-chi?
Gulchi qiz. Men uning ismini bilmasdim.
Ona. Uni shunday chaqirganingni o‘zim eshitdim-ku. Meni aldayman deb ovora bo‘lma.
Gulchi qiz (norozi ohangda). Kim sizni aldamoqchi? Men uni Charli yoki Freddi deb chaqirdim. Siz ham notanish odam bilan suhbatlashayotganda, noqulay vaziyatga tushmaslik uchun shunday yo‘l tutishingiz mumkin, albatta. (U savati yoniga o‘tiradi).
Qiz. Olti pens bekorga uchdi-ketdi. Haqiqatan, oyi, siz shu yo‘sinda fahmlab olsangiz ham bo‘lardi. (U jahli chiqqancha ustunning orqasiga o‘tib ketadi).
Katta yoshli, istarasi issiq bir harbiy pana joy uchun yugurib keladi va suv tomchilayotgan soyabonini yopadi. U ham Freddiga o‘xshab mushkul ahvolda bo‘lib, to‘pig‘igacha shilta ho‘l. Kechki och rang paltoda. U sal avval o‘sha qiz turgan joyga kelib to‘xtaydi.
Jentlmen. Apchu!
Ona (Jentlmenga). O, janob, yomg‘ir to‘xtashidan biron darak bormi?
Jentlmen. Afsuski, yo‘q. Yigirma daqiqa oldin bunchalik kuchli emasdi. (U gulchi qizning yonidagi poydevorga boradi, oyog‘ini uning ustiga qo‘yib, shimining pochasini tushirish uchun egiladi).
Ona. Oh, azizim, shunday deng. (U xafa bo‘lgandek qizning oldiga boradi).
Gulchi qiz (harbiy Jentlmenning yaqin turganidan foydalanib, u bilan do‘stona munosabatga kirishishga intiladi). Qancha yomg‘ir kuchaysa, ishonavering, tezroq to‘xtaydi. Bechora qizdan gul sotib olib, ko‘nglingizni ko‘taring, kapitan.
Jentlmen. Uzr, menda mayda pul yo‘q.
Gulchi qiz. Men sizga maydalab beraman, kapitan.
Jentlmen. Soverenni hammi? Menda boshqa yo‘q.
Gulchi qiz. Uff! Sotib olaqoling endi, kapitan. Men sizga ikki kronani ham maydalab beraman. Mana bularni ikki pensga oling.
Jentlmen. Ko‘p tashvishlanma, nazarimda, yaxshi qizga o‘xshaysan. (Cho‘ntagini titib) Menda chindan ham mayda pul yo‘q. Shoshma-chi, bu yerda uch yarim pens bor ekan, agar buni biron foydasi bo‘lsa, olgin. (U boshqa ustunga qarab ketadi).
Gulchi qiz (biroz ruhi tushib, ammo hech vaqosiz qolgandan ko‘ra uch yarim pens yaxshiroq ekanini o‘ylab). Rahmat, janob.
Ikkinchi sahna
Keyingi kun kunduzgi soat 11. Uimpol ko‘chasidagi Higginsning labaratoriyasi. Xona ikkinchi qavatda, ko‘chaga qaragan, qabulxona vazifasini bajaradi. Orqa zalning o‘rtasida ikki tabaqali eshik, kirgan odam xonaning o‘ng burchagida joylashgan ikkita baland hujjat javonlariga ko‘zi tushadi. Bir burchakda tekis yozuv stoli, ustida fonograf, laringoskop, bir qator mayda bosqonlar bilan trubkalar, devorda quvur orqali o‘rnatilgan gaz trubkasining yopqichlari bilan olov yondirish uchun dudburon joyi taxminan odam boshi yarmicha keladigan Kamerton vokal organ qismlari va fonografga mo‘ljallangan mumli tsilindrlar bilan to‘la quti o‘rin olgan.
Xonaning o‘sha tomonida quyiroqda kamin, uning eshikka yaqin pol qismida qulaygina yengil stulcha bilan ko‘mir soladigan paqircha turibdi. Kamin tokchasida soat chiqillaydi. Kamin va fonograf stoli o‘rtasida gazetalar uchun peshtaxta mavjud. Markaziy eshikning boshqa tomonida, kirib kelgan kishiga chap tomondan ingichka tortmalardan iborat shkafcha ko‘rinadi. Uning ustida telefon va telefon raqamlari katalogi yotibdi. Narigi tarafdagi burchak va devorning ko‘p qismini eshikdan uzoqroqda joylashgan klaviaturasi bilan katta pianino egallagan va klaviaturaning uzunligi bilan teng skameyka bor. Pianino ustida baliqdan taom, mevalar, shirinliklar va shokoladlar uyumi turibdi.
Xonaning o‘rtasida hech narsa yo‘q. Yengil stulcha, pianino skameykasi va fonograf stoli yonidagi ikkita stulchadan tashqari bitta alohida stulcha ham bor. U kamin yaqinida turibdi. Devorlar naqshlangan, Piranezi va mezzonit uslubida ishlangan. Hech qanday surat solinmagan.
Higgins (oxirgi tortmani yopgach). Ha, o‘ylashimcha, hammasi shu, xolos.
Pikering. Darhaqiqat, qiziq. Bilasizmi, buning yarmini ham qabul qilolmasdim.
Higgins. Yana birortasini takrorlab ko‘rarsiz?
Pikering (kaminga yaqinlashib, olovga orqa tomoni bilan turadi). Yo‘q, rahmat. Men bugunga yetarli deb hisoblayman.
Higgins (uning orqasidan borib, chap tomoni bilan yonida turib). Tovushlarni eshitishdan charchadingizmi?
Pikering. Ha. Bu ko‘p kuch talab qiladigan vazifa. Men yigirma to‘rtta unli tovushni aniq talaffuz qilolaman deb o‘ylardim, lekin sizning bir yuz o‘ttiz unlingiz ortiqchalik qiladi. Men ularning ko‘pchiligi orasida biroz bo‘lsa-da, farq ko‘rmayapman.
Higgins (tabassum qiladi va shirinlik yeyish uchun pianino tomonga yuradi). Oh, bu mashq natijasida yuzaga keladi. Dastlab siz farqlolmaysiz; lekin tinglashda davom eting va tezda ular orasida “A” bilan “B” kabi farq borligini topasiz. (Higginsning uy xizmatkori Missis Pirs kiradi.) Nima bo‘ldi?
Missis Pirs (ikkilanib, gangigan holatda). Janob, bir yosh xonim sizni ko‘rmoqchi.
Higgins. Yosh xonim? Unga nima kerak ekan?
Missis Pirs. Janob, uning aytishicha, siz nima masalada kelganini eshitgach, xursand bo‘lar ekansiz. U judayam oddiy qiz. Chindan ham juda oddiy. Men uni haydab yuborishim kerak edi. Lekin balki siz o‘z tajribalaringiz uchun u bilan gaplashib ko‘rishingiz kerakdir, deb o‘yladim. Noto‘g‘ri ish qilmadim deb umid qilaman, lekin, haqiqatanam, siz shunaqa g‘alatiroq odamlarni qabul qilasiz-ku…
Higgins. Hammasi joyida, missis Pirs. Uning talaffuzi g‘alatimi?
Missis Pirs. Ha, janob, rostdan ham qandaydir qo‘pol eshitiladi. Bilmayman, qanday qilib bunga qiziqib qolgansiz?
Higgins (Pikeringga). Uni bir ko‘ring. Qizni chorlang, missis Pirs. (U ish stoliga boradi va bitta tsilindrni fonografga foydalanish uchun tanlab oladi).
Missis Pirs (yarim yumshoqlik bilan). Yaxshi, janob. Aytganingizdek qilaman.
Higgins. Buyam bir omad. Men sizga qanday qilib tasmaga yozib olishni ko‘rsataman. Biz uning suhbatini yozib olamiz, dastlab Bell aniq nutqidan foydalanamiz, keyin fonografda gapirtiramiz. Siz bunda yozma transkriptsiyani ham ifodalashingiz mumkin.
Missis Pirs (qaytib kelib). Bu o‘sha yosh xonim, janob.
Shu payt gulchi qiz kiradi. U to‘q sariq, och ko‘k va qizil rangli tuyaqush patlari bilan bezatilgan shlyapa kiygan. U ozoda fartuk taqqan, eski paltosi esa biroz tozalangan. Qizning qomatini kekkaygancha va mensimaslik bilan tutishi missis Pirs oldida o‘zini saranjom qilib olgan Pikeringga ta’sir qildi. Lekin Higgins ayollar va erkaklar o‘rtasidagi vaziyatda na bir qo‘rquvga tushadi va na xudoga yolvoradi, u ayollarga xuddi bolalarni aldab biror nimani bilib olmoqchi bo‘lgandek muomala qiladi.
Higgins (qo‘pollik bilan, yoqtirmaganini yashirmay, bolalarcha jig‘ibiyroni chiqib). Axir, bu men o‘tgan kuni kechqurun gaplashgan qiz-ku? Menga uning keragi yo‘q. Men Lisson Grov nutqidan xohlaganimcha kassetalarga yozib bo‘lganman va bu ishga ortiqcha tsilindr sarflash niyatim yo‘q. (Qizga) Keting! Menga kerak emassiz.
Gulchi qiz. Bunchalik qizishmang. Siz hali nima uchun kelganimni eshitganingiz yo‘q. (So‘nggi buyruqni eshik oldida kutayotgan missis Pirsga) Unga taksida kelganimni aytdingizmi?
Missis Pirs. Bema’nilik bu, yaxshi qiz. Mister Higginsday odam siz nimada kelganingizga qiziqadi deb o‘ylaysizmi?
Gulchi qiz. Biz mag‘rur odamlarmiz. U dars bergisi yo‘q. Men uning shunday deganini eshitdim. Xullas, men bu yerga maqtov eshitish uchun kelganim yo‘q va agar pulim yetarli bo‘lmasa, men boshqa joyga ketishim mumkin.
Higgins. Nimaga yetarli?
Gulchi qiz. Siz uchun yetarli bo‘lmasa. Tushundingiz degan umiddaman. Men dars olgani keldim, pulini bekamu ko‘st to‘layman.
Higgins (chuqur uh tortib). Yaxshi! Men nimadir deyishimni xohlaysanmi?
Gulchi qiz. Agar chinakam jentlmen bo‘lganingizda, avvalo, o‘tirishni taklif qilardingiz. Sizga tashvish keltirmayapmanmi?
Pikering (o‘ta xushmuomalalik bilan). O‘tirmaysizmi?
Gulchi qiz (tortinib). O‘tirsam qarshimasmisiz? (U o‘tiradi, Pikering yana kamin yoniga qaytadi).
Higgins. Ismingiz nima?
Gulchi qiz. Liza Dulitl.
Higgins (jiddiy ohangda ifodali o‘qib). Liza, Lizabet, Betsi va Bes. Ular qush inini yasashga ham yetadi.
Pikering. Bu inda esa ular to‘rtta tuxum qo‘yishadi.
Higgins. Ulardan faqat birini olib qolib, qolganini tashlab yuboradi. (Ular o‘zlarining so‘zamolligidan zavqlanib kulishadi).
Liza. Ahmoq bo‘lmang!
Missis Pirs. Siz janobga bunday ohangda gapirishingiz mumkin emas.
Liza. Xo‘p, unda nega men bilan samimiy gaplashmaydi?
Higgins. Ishga qaytamiz. Dars uchun menga qancha to‘lamoqchisiz?
Liza. Qancha berishni men yaxshi bilaman. Bir do‘stim haqiqiy frantsuzdan soatiga sakkiz pens to‘lab, frantsuz tilini o‘rganyapti. Siz mendan ona tilimni o‘rganishim uchun baland narx so‘ramasangiz kerak. Ochig‘ini aytay, bir shillingdan ko‘p pul berolmayman. Buni qabul qiling yoki tashlab yuboring.
Higgins (xonada u yoqdan-bu yoqqa yurib, cho‘ntagidagi kalitlar va pulni jiringlatib). Bilasizmi, Pikering, bir shillingni oladigan bo‘lsangiz, bu oddiy shilling emas, xuddi millionerlarning oltmish yoki yetmish gineyasidek qizning foydasiga xizmat qiladi.
Pikering. Qanday qilib?
Higgins. O‘zingiz o‘ylang, bitta millioner bir kunda 150 funt topadi. Bu bilan faqat yarim kronani qo‘lga kiritsa kerak.
Liza (kekkayib). Kim aytdi meni faqat…
Higgins (davom etib). U menga bir dars uchun bir kunlik daromadining beshdan ikki qismini taklif qilyapti. Beshdan ikki qismi, millionerning bir kunlik foydasi bilan o‘lchasak, oltmish funtga teng bo‘ladi. Bu katta pul. Bu judayam zo‘r! Bu hayotimdagi eng katta taklif.
Liza (o‘rnidan turib, dahshat bilan). Oltmish funt! Nimalar deyapsiz? Men sizga hecham oltmish funt taklif qilganim yo‘q. Qayerdan olaman…
Higgins. Bas qiling.
Liza (yig‘lab). Lekin menda oltmish funt yo‘q. Oh…
Missis Pirs. Yig‘lama, ahmoq qiz. O‘tir. Hech kim pulingga ko‘z olaytirayotgani yo‘q.
Higgins. Agar ko‘z yoshni bas qilmasang, xivchin bilan savalashni buyuraman. O‘tir.
Liza (sekingina, itoatkorona ohangda). Voy-dod! Xuddi dadamga o‘xshab ketdingiz.
Higgins. Agar sizni o‘qitishga qaror qilsam, ikkita dadadan ham qattiqqo‘l bo‘laman. Oling. (Qizga ipakdan tikilgan ro‘molchasini uzatadi).
Liza. Bu nima uchun?
Higgins. Ko‘z yoshingizni artasiz. Unutmang: bu ro‘molchangiz, unisi esa yengingiz. Agar magazinda xonim bo‘lib ishlamoqchi bo‘lsangiz, bularni adashtirib yubormang. (Liza butunlay gangib qolgan, unga ko‘mak istaganday qaraydi). Darvoqe, siz taksida keldim degandingiz.
Liza. Kelgan bo‘lsam nima qilibdi? Mening ham boshqalar kabi taksi ushlashga haqim bor.
Higgins. To‘g‘ri, Liza, kelgusida o‘zingiz xohlagancha taksida yurishingiz mumkin. Siz har kuni taksida butun shaharchani boshidan-oxirigacha aylanib chiqasiz. Buni o‘ylab ko‘ring, Liza.
Missis Pirs. Janob Higgins, siz uni ishontirishga urinyapsiz. Bu to‘g‘ri emas. Kelajakni o‘ylang.
Higgins. Uning yoshida bunga hojat yo‘q! Kelajakni o‘ylashga vaqt yetarli. Yo‘q, Eliza, siz bu ayol aytgandek qiling, boshqa odamlarning istiqbolini o‘ylang, lekin o‘zingizniki haqida bosh qotirmang. Siz shokoladlar, taksilar, oltin va olmoslar haqida o‘ylashingiz kerak.
Liza. Yo‘q, menga hech qanday oltin va olmos kerak emas. Men yaxshi qizman. (U yana viqor bilan o‘tiradi).
Higgins. Siz bugundan boshlab missis Pirs g‘amxo‘rligi ostida bo‘lasiz, Liza. So‘ng Guardsdagi markizning o‘g‘li, chiroyli mo‘ylov qo‘ygan ofitserga turmushga chiqasiz. Markiz sizga uylanmoqchi bo‘lgani uchun o‘g‘lini merosdan mahrum qiladi, lekin husningiz va yaxshi qiz ekaningizni ko‘rib ko‘ngli yumshaydi.
Pikering. Kechirasiz, Higgins, lekin men chindan qarshiman. Missis Pirs butunlay haq. Agar bu qiz olti oy davomida qo‘lingizda tahsil olsa, nima qilayotganini to‘liq bilishi lozim.
Higgins. Qanday biladi? Biron narsani tushunish uchun unda uquv, salohiyat yetishmaydi. Qolaversa, bizda ham bu borada tasavvur yo‘q-ku? Agar nimanidir tushunganimizda, hech qanday ishga qo‘l urmasdik.
Pikering. Juda oqilona fikr, janob Higgins, lekin bu gapni yurakdan aytmadingiz deb o‘ylayman. (Elizaga) Miss Dulittl…
Liza (engilib). U-aaa-u!
Higgins. Mana. Lizadan olgan javobing shu: “U-aaa-u”. Hech qanday mulohazaga o‘rin yo‘q. Harbiy kishi sifatida buni yaxshi bilishingiz kerak. Unga nima qilish lozimligini tushuntiring. Liza, agar gul sotadigan do‘konda xonim bo‘lib ishlamoqchi bo‘lsang, chiroyli gapirishni o‘rganishing zarur, buning uchun shu yerda olti oy yashash talab etiladi. Agar o‘zingni chiroyli tutib, aytilgan vazifalarni vaqtida bajarsang, yotoqxonada uxlaysan va turli yeguliklar, shokolad sotib olasan, hatto taksida yurish uchun puling bo‘ladi. Bordi-yu, injiqlik va yalqovlik qilsang, orqa tomondagi oshxonaga haydab yuboraman, u yerda qora qo‘ng‘izlar orasida uxlaysan, missis Pirs supurgi sopi bilan kaltaklaydi. Olti oy o‘tgach, chiroyli kiyinib faytonda Bukingem saroyiga borasan. Agar qirol seni xonim deb hisoblamasa, politsiyachilar London minorasiga olib ketishadi, boshqa gulchi qizlarga saboq bo‘lishi uchun boshingni tanasidan judo qilishadi. Bordi-yu, seni tanishmasa, do‘konda xonim bo‘lib ishlash uchun olti-etti pens sovg‘aga ega bo‘lasan. Agar taklifni rad etsang, eng noshukur va axloqsiz qizga aylanasan, unda holingga maymunlar yig‘lashi mumkin. (Pikeringga) Endi ko‘nglingiz joyiga tushdimi, Pikering? (Missis Pirsga) Nazarimda yanada aniq va soddaroq tushuntirishim kerak edi, shekilli, missis Pirs?
Missis Pirs (sabru toqat bilan). O‘ylashimcha, menga bu qizga egalik qilish uchun ruxsat berishingiz kerak. Men unga teginishniyam, uni tartibga keltirishga rozi bo‘lishni ham bilmayman. Albatta, siz unga ziyon yetkazishni nazarda tutmayapsiz; lekin shunday bo‘lsa, siz qanday qilib odamlarning talaffuziga qiziqish uyg‘otasiz, siz hech qachon ularga yoki o‘zingizga biron nima bo‘lishidan xavotirga tushmaysiz. Yur men bilan, Liza.
Higgins. Hammasi joyida. Rahmat, missis Pirs. Uni hammomga kiritib yuboring.
Liza (xohlamaygina o‘rnidan turadi va shubhali ohangda so‘zlaydi). Siz o‘ta ketgan ablahsiz. Agar istasam bu yerda bir lahza ham qolmayman. Men hecham sizdan Bukingem saroyiga borishni so‘raganim yo‘q. Men shu vaqtgacha, jilla qursa, biron marta biror muammo bilan politsiyaga tushmaganman, yo‘q! Men yaxshi qizman…
Missis Pirs. Gap qaytarma, qizim. Sen u kishini tushunmaysan. Yur men bilan. (U eshik tomon yo‘naladi).
Liza (tashqariga chiqib). Ha, aytganlarim to‘g‘ri. Agar boshim ketgan taqdirda ham qirol yoniga bormayman. Agar meni nimaga boshlayotganini payqaganimda, bu yerga zinhor kelmasdim. Men har doim yaxshi qiz bo‘lib kelganman. Men uning chiroyli so‘zlari uchun pul to‘laganim yo‘q, demakki, hech kimning oldida qarzdor emasman. Axir, kaminada ham hamma qatori his-tuyg‘ular bor.
Beshinchi parda
Higgins xonimning mehmonxonasi. Har doimgidek u yozuv stolida o‘tiribdi. Oqsoch kirib keladi.
Oqsoch (eshik yonida). Janob Henri va polkovnik Pikering pastda turishibdi, xonim.
Missis Higgins. Yaxshi, ularni bu yerga boshlab kel.
Oqsoch. Xonim, ular kimgadir telefon qilishayotgandi. Adashmasam, politsiyaga bo‘lsa kerak.
Missis Higgins. Nima?
Oqsoch (unga yaqinroq kelib va ovozini biroz pasaytirib). Janob Henri nimadandir tashvishda ko‘rinadi. Buni sizga aytishni lozim topdim.
Missis Higgins. Agar uni aslo tashvish chekmayapti desang ajablangan bo‘lardim. Politsiya bilan gaplashib bo‘lgach, darhol bu yoqqa chaqir. Nazarimda yana nimasinidir yo‘qotganga o‘xshaydi.
Oqsoch. Xo‘p, xonim.
Higgins dabdurustdan kirib keladi. Oqsoch aytganday, yuz-ko‘zida tashvish alomatlari sezilib turibdi.
Higgins. Eshiting, onajon, g‘aroyib bir hodisa sodir bo‘ldi!
Missis Higgins. Xo‘p, azizim. Xayrli kun. (Higgins o‘zini qo‘lga oladi va onasini o‘pib qo‘yadi, oqsoch esa chiqib ketadi). Nima ekan u?
Higgins. Liza g‘oyib bo‘ldi.
Missis Higgins (bamaylixotir yozishda davom etib). Uni qo‘rqitib yuborgan bo‘lsang kerak.
Higgins. Uni qo‘rqitganman? Yo‘q, aslo. U odatdagidek o‘tgan tun chiroqlarni o‘chirish va boshqa yumushlar uchun qolgandi. Uyquga yotish o‘rniga kiyimlarini almashtirib, jo‘nab qolibdi. Karavotida uxlamagani aniq. U bugun ertalab narsalarini olib ketish uchun taksida kelibdi, ahmoq Pirs xonim esa bizga hech narsa demay juftakni rostlashiga yo‘l qo‘yib beribdi. Endi nima qilishniyam bilmayman.
Missis Higgins. Usiz yashashga ko‘nikishing kerak, Henri. Agar ketishni xohlagan ekan, bunga butunlay haqi bor.
Shu payt jozibali kiyingan, og‘ir-vazmin kayfiyat bilan Liza kirib keladi. U o‘z uyida bemalol yurgandek qo‘lida tikish-bichish savatchasini ko‘tarib olgan. Pikering hatto o‘rnidan turolmay, hayratdan qotib qoladi.
Liza. Yaxshimisiz, professor Higgins? Hammasi joyidami?
Higgins (chaynalib). Menmi… (Boshqa hech narsa aytolmaydi).
Liza. Albatta, siz yaxshisiz. Siz hecham kasal bo‘lmaysiz. Sizni yana ko‘rganimdan bag‘oyat xursandman, polkovnik Pikering. (Pikering shoshib o‘rnidan turadi va ular qo‘l berib ko‘rishadi). Bugun ertalab havo juda sovuq bo‘lgandi, shunday emasmi? (Pikeringning chap tomoniga kelib o‘tiradi).
Higgins. Men bilan bunday hazillashishga qanday jur’at qilyapsan? Axir, bu nayrangni senga men o‘rgatganman, endi shu yo‘l bilan o‘zimni chuv tushirmoqchisan? Ahmoqlikni bas qil, tur o‘rningdan, uyga ketamiz.
Liza savatdan to‘quvchilik anjomlarini olib, do‘q-po‘pisaga zarracha ahamiyat bermay, to‘qishga kirishib ketadi.
Liza (kutilmaganda samimiy ohangda gapiradi). Menga qanday muomala qilishingiz mutlaqo ahamiyatsiz. Hatto so‘kinib gapirsangiz ham qarshi emasman. Lekin… (o‘rnidan turib va unga qarab) ustimdan bosib o‘tishingizga toqat qilolmayman.
Higgins. U holda yo‘limdan qoch. Jahlim chiqsa, meni hech narsa to‘xtatib qololmaydi. Axir, o‘zing aytganingdek, kamina avtobusga o‘xshayman.
Liza. Avtobus bo‘lsangiz, yurish yoki yurmasligingiz zig‘ircha ham qiziq emas. Lekin men sizsiz yashay olaman, bunga ishonmaysizmi?
Higgins. Ishonaman. Buni senga men aytgandim.
Liza (ranjib, kursining boshqa tomoniga qarab yurib va kaminga yuzma-yuz turib). Bilaman, shunday degansiz, siz berahmsiz. Siz mendan qutulishni o‘ylagansiz.
Higgins. Yolg‘on!
Liza (umidsiz). Siz haqiqatan johilsiz. Sizga gapirish befoyda, hamma narsani menga qarshi qo‘yasiz. Lekin yakunda doimo haq bo‘lib chiqaman. Aytganingizdek, irkit ko‘chaga qaytib bormayman va siz bilan Pikeringdek do‘stlarni boshqa uchratmayman. Ikkovingizdan so‘ng boshqa tuban darajada fikrlovchi biror inson bilan yasholmayman, bordi-yu, ko‘ndirishga harakat qilsangiz, bu ishingiz jaholat va yovuzlikdan bo‘lak narsa bo‘lmaydi. Men Uimpol-stritga qaytishim kerak, chunki dadamning uyidan boshqa boradigan makonim yo‘q. Biroq endi meni tahqirlayman, oyoqosti qilaman deb o‘ylasangiz, chuchvarani xom sanagan bo‘lasiz. Men Freddi imkon topishi bilan unga turmushga chiqaman.
Higgins (uning yoniga o‘tirib). Bema’nilik! Sen elchiga, Hindiston general-gubernatori yoki Irland katta leytenanti, hech bo‘lmasa, biron deputatga turmushga chiqishing kerak. Men asrab-avaylab kelayotgan marvaridimni allaqanday Freddiga berib qo‘ymoqchi emasman.
Liza. Shunday bo‘lsa, yaxshi bo‘lar edi. Ammo siz bir lahza avval aytgan gaplaringizni unutganim yo‘q. Xuddi go‘dak kabi yoki kuchukchadek aldanishga ko‘nikolmayman. Menga mehr-muruvvat ko‘rsatilmas ekan, demak, mustaqil bo‘lishga harakat qilmog‘im zarur.
Higgins. Mustaqil bo‘lish? Bu o‘rta tabaqa uchun xudoga shak keltirish hisoblanadi. Zotan, har birimiz qalban bu dunyoda kimgadir tobemiz.
Liza (bunga javoban o‘rnidan turib). Taqdirim qanchalik sizga bog‘liq yoki bog‘liq emasligini, albatta, isbotlayman. Siz menga dars bergansiz, endi men ham kimgadir saboq berishga qodirman. Bu yerdan ketgach, o‘qituvchi bo‘laman.
Higgins. Yo tavba, nimani o‘rgatmoqchisan?
Liza. Siz nimani o‘rgatgan bo‘lsangiz, o‘shani. Ya’ni fonetikadan dars bermoqchiman.
Higgins. Ha-ha-ha!
Liza. Professor Nepingning yonida yordamchi bo‘lib ishlayman.
Higgins (g‘azab bilan o‘rnidan turib). Nima?! Bu rejang qalloblik, nayrang va johillikdan bo‘lak narsa emas! Mening uslubim va kashfiyotlarim bo‘yicha o‘qitarmish! Agar shu faoliyatni bajarish uchun bir qadam tashlaganingni eshitsam, seni bo‘g‘ib tashlayman. (Qizning yelkasiga qo‘llarini qo‘yib). Eshitdingmi?
Liza (bo‘ysunmagan ohangda). Bo‘g‘ib tashlayman? Bir kunmas-bir kun mana shunday hujum qilishingizni bilardim. (Higgins uni qo‘yib yuboradi, o‘zini biroz yo‘qotganidan kamin panjarasini tepadi va orqasidagi kursiga urilib ketadi). A-ha! Siz bilan qanday muomala qilishni endi bilaman. Nega bu avvalroq xayolimga kelmadi ekan-a? Axir, bergan bilimingizni qaytarib ololmaysiz-ku! O‘zingiz iqror bo‘lgansiz, sizga nisbatan salohiyatim kuchli. Boz ustiga odamlarga sizdan ko‘ra go‘zal, muloyim va mehribon ko‘rinishim mumkin. Ha! Mana nima qilgansiz, Henri Higgins. Endi (barmoqlarini qirsillatib) bemaza o‘yinlaru ezmaligingizga ortiq toqat qilmayman. Men varaqalarga aslida bu gertsoginya oddiy qiz ekani va o‘zi ham ming gineya to‘lagan qizlarni olti oy ichida gertsoginyalikka tayyorlay olishini yozib, e’lon tarqataman. Siz meni oyoqosti qilib, xo‘rlab, haqoratlab chaqirgan o‘sha paytlarni eslasam, o‘zimni bo‘g‘moqchi bo‘lib, barmoqlarimni changallaganim yodimga tushadi.
Higgins (ajablanib). Sen qanday surbet, bema’ni qizsan? Ammo sen buning barchasi ko‘z yosh to‘kish, shippaklarimni olib yurish va tomoshalar ko‘rsatishdan yaxshi deb o‘ylaysan, shundaymi? (O‘rnidan turib) Xudo haqi, Liza, seni xonimga aylantirmoqchi edim va so‘zimning ustidan chiqdim.
Liza. Ha, endi ayyorlikka o‘tib, men bilan yarashmoqchi bo‘lyapsiz, biroq sizdan xavfsirayotganim yo‘q va bundan keyin sizsiz ham yashay olaman.
Higgins. Sen aniq aqldan ozgansan. Besh daqiqa oldin bo‘ynimga tegirmon toshidek osilib olayotganding, endi esa o‘zingni himoya qilishga qodirsan. Sen, men va Pikering, barchamiz bir kun qariymiz. Hech birimiz shunday qolmaymiz.
Missis Higgins to‘y ko‘ylagini kiyib, qaytib keladi. Liza darhol bosiq va nazokatli bo‘lib oladi.
Missis Higgins. Fayton bizni kutyapti, Liza. Tayyormisan?
Liza. Ha. Professor Higgins ham boradimi?
Missis Higgins. Albatta, yo‘q. U cherkovda o‘zini yaxshi tutolmaydi, ruhoniyning talaffuzidan kamchilik topib, baland ovozda aytib yuboradigan odati bor.
Liza. Unaqada sizni boshqa ko‘rmas ekanman, professor. Xayr, yaxshi qoling. (Eshik tomonga yuradi).
Missis Higgins (Higginsga yaqinlashib). Xayr, azizim.
Higgins. Yaxshi boring, onajon. (O‘pib qo‘ymoqchi bo‘lganida, nimadir esiga tushadi). Ha, aytgancha, Liza, menga dudlangan cho‘chqa go‘shti va Stilton pishlog‘idan buyurtma berib yubor, xo‘pmi? Keyin sakkizinchi o‘lchamda bir juft zamishli qo‘lqop va yangi kostyumimga mos tushadigan bo‘yinbog‘ sotib ol. Ta’bingga mos tushadigan rangni tanlashing mumkin. (Uning quvnoq, beparvo va dadil so‘zlashidan hech narsadan ta’sirlanmasligi ko‘rinib turadi).
Liza (nafratomuz ohangda). Ularni o‘zingiz ham sotib ololasiz. (Chiqib ketadi).
Missis Pirs. Shunday qizni butunlay qo‘ldan chiqarganingdan afsusdaman, Henri. Lekin buni o‘ylab siqilma, azizim. Bo‘yinbog‘ bilan qo‘lqoplarni o‘zim olib kelaman.
Higgins (yuzidan nur yog‘ilib). Yo‘q, tashvish tortmang, onajon. Uning o‘zi olib keladi, mana ko‘rasiz. Xayr.
U onasini o‘pib qo‘yadi. Higgins xonim chiqib ketadi. Higgins yolg‘iz qolib cho‘ntagidagi tanga pullarni shiqillatgancha jilmayadi va o‘z ishidan xursand bo‘ladi.
Parda tushadi.
Ingliz tilidan Barno Jumayeva va Muhammadjon Xolbekov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 12-son