Kitob do‘konlariga kirganingda tokchalarda tartib bilan terilgan turli ko‘rinishdagi, turli naqsh va xilma-xil bichimdagi kitoblar ko‘zingni qamashtiradi. Shunda yurtimizda kitobdan ko‘p xarid, kitobdan ulkan savdo bormikin, deb o‘ylanib qolasan, kishi.
Kitob qancha ko‘p bo‘lsa-da, har birining o‘z mazmuni, badiiy jihatdan aks ettirilgan voqeasi mavjud. Ularning har birini yaratmoq uchun alohida-alohida yozuvchining oylarcha, yillarcha sabr-toqat bilan stol-stulda o‘tirmog‘i, umrining ma’lum qismini o‘shanga sarf etmog‘i, bu yo‘lda tinimsiz ijodiy mehnat qilmog‘i zarur. Kitob sahifalari egallagan satrlar oppoq devorga sochilgan naqsh emas, ular yozuvchini xalq bilan bog‘lovchi umr tomirlarining sezgir torlaridir.
Albatta, yozuvchilar ham, ularning ijodiyoti ham turli-tuman. Ayrimlarining zehni qaynoq suv singari doimo jo‘shqin bo‘lib, istalgan paytda yoza olsa, ayrimlariniki nafas chiqarmay, havoni ichda tutib, yaxshigina terlab olgandan keyingi nafas kabi yoza oladi. Ayrimlarining ijodi samarali bo‘lib, yaxshi ishlov berilgan yer singari yil sayin mo‘l hosil bersa, ayrimlari quduq qazigan kabi uzoq yillar zahmati natijasida faqat bitta asar yaratadi. Ayrim yozuvchi duch kelgan voqeani kaptar-musichaning uya qurishiga o‘xshatib, tez-tez voqealarni ulash bilan jonini koyitmay, bugun yaratgan ijod namunasining ertaga o‘lib qolishiga achinmaydi. Ayrim yozuvchi hayot voqealaridan o‘ziga keragini tanlab olib, obrazlar yaratganda, ularning har biriga o‘zlariga mos xatti-harakat berganda, so‘z va so‘z birikmalari, dialoglar yaratganda ularni oq qog‘oz yuziga siyoh bilan emas, balki yuragidan oqqan shiraning barmoqlari orasidan sizgan tomchilari bilan bitganga o‘xshaydi. Darhaqiqat, haqiqiy so‘z san’atkori hisoblangan yozuvchi o‘z kitobi sahifalarini yuragining so‘nmas-o‘chmas naqshlari bilan bezaydi.
Biroq o‘quvchi kitob xarid qilganda, ushbu masalalarga u darajada diqqat qilavermaydi. Kitobxonni muallifning o‘z asarini qanday yozgani emas, nimani yozgani qiziqtiradi. O‘quvchi o‘z vaqtining qimmat bo‘lagini sarf qilib, kitob sahifalarini ketma-ket ochqilaydi-da, satrlar mazmunini uzum shingilida yaltirab turgan hosiliday iste’mol qila boshlaydi. O‘quvchi o‘qigan kitobidan shirin ta’m topsa, issiq ovqati va qaynoq choyini sovutadi, borgan sari chiroyi ochiladi, ko‘zlari kulimsiraydi, lablarida rozilik alomati ko‘ringan holat paydo bo‘ladi. Ba’zan to‘satdan qoshlari o‘ynab, yuzi tundlashadi. O‘sha ko‘rinishning o‘zi ham asarning kamchiligi tufayli bo‘lmay, undagi salbiy qahramonning nomardlarcha harakatlarining kitobxonni hayajonga solgan holati bo‘lib hisoblanadi.
Bunday asar nozikta’b o‘quvchining qaynab turgan ma’naviy ishtahasiga oziq, ongiga tarbiya, ruhiga ruh beradi. Kitobxon bunday asarning muallifiga ba’zan ixtiyorsiz holda xat yozadi:
— Muxtaram yozuvchi, Sizning hayotiy voqealarni aniq tasvirlab bergan haqqoniy asaringiz menga ko‘p narsalarni o‘rgatdi. Sizga sihat-salomatlik, uzoq umr, ijodiy ishlaringizda zafarlar tilayman!
Biroq o‘qigan asari kitobxonni qiziqtirmasa, uyqusini keltiradi, kayfiyatini buzadi, achchiqdanak mag‘zini yeganday yuzini bujmaytiradi. Kitob sahifasini qahr-g‘azabga minib ochadi va eng oxirida uni yopib, stol ustiga qarsillatib tashlaydi.
— Shunday narsalarni yozish uchun vaqt sarflash shartmikan?! — deb to‘ng‘illaydi.
Bu yerda o‘quvchi haqli, albatta!
Voqea-hodisalarni aniq badiiy tasvir qila olmagan, kitobxonni o‘ziga jalb qilmagan bunday asar faqat bir muallifning emas, davlat mablag‘ining behuda sarf bo‘lishidan tashqari ko‘p sonli o‘quvchilarning ham vaqtini oladi. Bu xil kitoblarning sotilganlari o‘quvchilarning kayfiyatini buzsa, sotilmay qolganlari do‘kon tokchalarini egallab, yillar davomida chang bosib yotadi.
Ijodkor kitobini o‘zi uchun ham, o‘z qavm-qarindoshlari uchun ham, o‘z kabinetidagi kitob javonini bezash uchun ham, do‘st-yorlariga sovg‘a qilish uchun ham yoki faqat nom qoldirmoq uchun ham yozmaydi. Badiiy so‘z egasi o‘z asari orqali xalqqa hayotiy tajribalarini, fikr-tuyg‘ulari va turmush haqidagi tushunchalarini tavsiya etadi. Yozuvchi shunchaki havoyi narsalar, voqealar to‘g‘risida fikr yuritmay, o‘zining haqiqiy ishonchiga ko‘ra, o‘z o‘quvchilari uchun juda ahamiyatli va dolzarb hisoblangan voqea-hodisalar haqida so‘z yuritadi. U o‘z o‘quvchisiga shunday deydi: Kdyardon do‘stim, mana qaragin, hayotda qanday ajoyib narsalar bor. Ular senga ham taalluqli. Sen mulohaza qil. Ularni o‘z sezgi-tuyg‘u tarozing bilan o‘lchab ko‘r. Bu narsa-hodisalar ishing, ijoding, sevgi-muhabbating, butun xohish-istaklaringda senga yordamchi bo‘lsin. Butun xalqing bilan yuksak maq-sadlarga yetishingda senga madadkor bo‘lsin…
Ha, haqiqiy yozuvchi yuksak maqsad yo‘lida kitobxon bilan yuzma-yuz, chin ko‘ngil va yurakdan so‘zlashmoq uchun astoydil mehnat qiladi. Bunday ijodkorga muallim va murabbiy deb ham aytish mumkin.
Demak, yozuvchining xalq oldidagi mas’uliyati juda ulkandir.
«Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin» degan maqol bor. Yozuvchi bo‘lish, ya’ni Yozuvchilar uyushmasining a’zolik guvohnomasini olish juda osondir balki. Lekin haqiqiy yozuvchi bo‘lish — muallim va murabbiy bo‘lish oson ish emas. Haqiqiy ijodiy talantdan mahrum yozuvchining sarobdan hech qanday farqi yo‘q. Zehn, uquv bo‘lmasa, mas’uliyatni sezmasang, xalqqa nafing tegmasa, yozuvchi bo‘laman deb chiranishdan, shunchaki nom ko‘tarib yurishdan, o‘quvchi boshini aylantirishdan ko‘ra o‘zingga boshqa bir kasb izlash, albatta, odamiylik belgisi hisoblanadi. Har qancha achinsak-da, o‘zlari uchun achchiq ushbu haqiqatga tushunmagan, to‘g‘rirog‘i, tushunmoqni xohlamagan yozuvchilar hali-hanuz oramizda yo‘q emas.
Yozuvchining yarog‘i uning qalami emas, balki tilidir. O‘tmas yarog‘ bilan nafis shkaf yasab bo‘lmaganiday, g‘arib til bilan yetuk badiiy asar yaratib bo‘lmaydi. Yozuvchining tili kancha o‘gkir, boy, shirin bo‘lsa, gap-so‘zlari, badiiy tasvirlagan yuqea-hodisalarini usta gilam to‘quvchi kabi chiroyli bajaradi, kitobxonning yurak sandig‘ini kalitsiz ochadi.
Darhaqiqat, go‘zal va nafis gilamning bir kvadrat metrida millionga yaqin tugun bor. Shulardan bir dona tuguni yanglish tushsa, madaniy ekin orasida ko‘kargan yovvoyi o‘simlik singari o‘zini manaman deb ko‘rsatadi. Yozuvchi ham o‘z kasbining ustasidir. Uning har bir so‘zi gilamning bir tuguni kabidir. Agar u gapni xom-xatala ishlatsa, gap ichidagi so‘z birikmalarining birortasini o‘z o‘rnida qo‘llay olmasa yoki til boyligi g‘arib bo‘lsa, yoki asl so‘z gavharlarini pishiq-puxta, o‘rni-o‘rniga qo‘ya olmasa, uning asari kitobxonning ko‘z qorachig‘ini charchatadi, fikrini chala shudgor qilingan yerda yurganday sandiroqlatadi.
Ko‘pchilikka hukm yurgizgandan ko‘ra, o‘zingga buyurishning dushvor ekanligi hammaga ma’lum. Yozuvchi o‘ziga egalik qilolmasa, eng yomon illat hisoblanadi. Bu vaqtda uni sovuqqonlik-beparvolik, dangasalik o‘zining og‘ir yuki bilan bosadi. Uning zehni temir pichoq singari o‘tmaslashadi. Natijada sanoqli umr torlarining bir nechasini huda-behuda sichqon kemiradi-da, muallif oylab, balki yillab hech nima yarata olmaydi.
Ijodkor o‘sha paytda agar o‘zida mas’uliyatni yo‘qotmagan bo‘lsa, shaxsiyatidan uyala boshlaydi. Biroq o‘kinch bu vaqtda foyda bermaydi. Ko‘k maysaning kesilgan bandlari quriy boshlagan bo‘ladi.
Zehn, uquvni doimo o‘stirish, tilni hamisha o‘tkir pichoqday charxlash, ularni o‘zingga hamma vaqt vafodor do‘st qilish, umuman, yozuvchilik burchini ado qilish uchun ijodiyot ustida uzviy hamda tinimsiz mehnat qilish lozim. Ekmasang ko‘karmasligi, ishlov bermasang hosil bermasligi singari qat’iy bosim bilan o‘tirmasang, miyangni ishlatmasang ilhom o‘z-o‘zidan kelmaydi.
Umuman, ilhom deb atalmish ilohiy tuhfa orzu qushi singari uchqur va tutqich bermas bo‘lib, sen harakat qilmasang, u yoningga kelmaydi. Shunchaki til uchida chaqirishingga parvo qilmaydi. U senga faqat ko‘zining yoqimli qirini tashlaydi-da, kim o‘ziga vafodor bo‘lsa, o‘shaning qo‘yniga borib kiradi. Biroq sen o‘zingni qo‘lga olib, ijod ustida qat’iy o‘tirsanggina, iniga qaytgan qushday uning o‘zi kelib boshingga qo‘nadi. Faqat o‘shanda u miyangni o‘zining ilhom chashmasi bilan sug‘oradi.
Ijod ustida shunchaki o‘tirishning o‘zi yetarli emas. Qog‘oz-qalamga yopishishdan oddin badiiy aks ettirmoqchi bo‘lgan voqea-hodisani, tasvirlamoqchi bo‘lgan obrazlarni, ular o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni ipidan-ignasigacha sinchiklab o‘rganish, ularni har tomonlama ko‘ra olish, ulardagi go‘zalliklardan quvona bilish, ulardagi g‘am-tashvishlardan yurak achinishni ham sezishi shart.
To‘g‘ri, yozuvchi ham o‘z ijodiy jarayoni davomida o‘zidan oldin o‘tgan ijodkorlar va tengqurlarining boy tajribalariga suyanadi. Biroq ularning namunalarini o‘zgartirmasdan ko‘chirib olishga haq-huquqi yo‘q. Yozuvchi, albatta, unumdor yerni yorib chiqqan yakka-yolg‘iz daraxt emas. U o‘z milliy adabiyotining kuchli ijodkorlari safida turib, o‘z birodarlari — yozuvchilar bilan o‘zaro muomalada, do‘stona aloqada yashash bilan umumiy maqsad yo‘nalishida kurash olib boradi. Biroq hayotning talab etishiga ko‘ra, aniq kurashchan vazifani o‘z oldiga yozuvchining o‘zigina qo‘ya oladi hamda ushbu masalani hamisha uning yolg‘iz o‘zi hal qiladi. Chunki yozuvchi o‘zining aqli, uquvi, zehni, hayotni bilishi, odamlarni yaxshi tanishi bilan qurollangan qo‘rqmas bir askardir. Badiiy aks ettirmoqchi bo‘lgan voqeasi atroflicha yozuvchining ko‘z o‘ngida gavdalansa, xayolida oshkora ko‘rinsa, ahli jarayon uning izmiga bo‘ysunsa, o‘z oldiga qo‘ygan masalasini ana shundagina u to‘g‘ri aks ettira oladi.
O‘quvchi kitobga o‘zining kadrli do‘stiga qaraganday mehr-muhabbat ko‘zi bilan qaraganda, undan chin yurak bilan maslahat so‘raganda yozuvchining orzu-umidlari yuzaga chiqadi. Orzu-umidga yetmoq, albatta, yozuvchining o‘ziga nima uchun harakat qilganini bekamu ko‘st anglamog‘iga, kitobxon va xalq oldidagi mas’uliyatini aniqsezmog‘iga, uni hech qachon esdan chiqarmasligiga, tinimsiz ijodiy mehnat bilan barcha qiyinchiliklarni bosib o‘tmog‘iga bog‘liqdir.
Yozuvchining qanoti — qalam. Qalam ixcham va ishonchli bo‘lsa, u yozuvchini xoxdagan manziliga uchira oladi. Millionlab kitobxon bilan bir kunda, bir soatda uchrashtirib ham biladi. O‘sha qanot, o‘sha uchrashuv, xalq bilan shunday chambarchas bog‘liqlik butun millat yozuvchilarining jonajon orzusidir.
Turkman tilidan Masharif Safarov tarjimasi
“Guliston” jurnalining 2010 yil, 5-sonidan olindi.