O‘shanda, bir qo‘lida non, ikkinchisida tovus patlaridan yasalgan pirpirak bilan dunyoga sig‘may yurgan bu rangpar, ozg‘in va oyoqyalang bolaga vaqti kelib dengiz sohilida uch qavatli uying, ayvonlari chor tarafga qaragan hashamatli mulking bo‘ladi, desalar, ehtimolki, u taajjublanmasdi. Bundan g‘ururlanib, “Samolyotim ham bo‘ladimi?” deb so‘ragan bo‘lardi.
Undagi bu kibr, bu xudparastlik qayoqdan paydo bo‘ldiykin? Buni hech kim aytolmasdi.
Maktabda yomon o‘qimasdi. Janjalkash, jangari ham emasdi. Ammo, hamma uning tezroq maktabni bitirib, kattaroq o‘qishga kirishini yoki Bokuda kattaroq ishga ilinib, bu qishloqqa qaytib kelmasligini istardi.
U dunyoga kelgan kuni onaizorning o‘zi dorulfano bilan vidolashgandi. Aslida ko‘plar bola ham o‘lgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylovdi. Tuqqan xotinning atrofida girdikapalak bo‘lib, qo‘rquvdanmi, hayajondanmi tili kalimaga kelmay qolgan doya xotin bir tarafga e’tiborsizgina irg‘itgan mitti go‘sht parchasi kutilmaganda shundoq faryod soldiki, xonadagilarning esxonasi chiqib ketayozdi. Bu qichqiriqdan joni uzilayotgan ayol ham bir seskanib ketdi. So‘nggi bor ko‘zlarini katta-katta ochgancha omonatini topshirgandi.
Bu voqeani qishloqdagi katta-kichik bilardi. Chaqaloqning chillasi chiqmay, hali bu so‘z-suhbat tugamay, qishloqqa otasining ham mayitini olib kelishganda, ba’zilar uni tuman markazida mashina urib ketganini aytdi, ba’zilarning aytishicha, katta yo‘lda jasadi topilgan, kimligini bilisholmay, o‘likxonaga olib borishgan, tanish-bilishlari xabar topib, uni qishloqqa keltirishgan.
Shu tariqa qirq kunlik chaqaloqni kim boqishi masalasi ko‘ndalang chiqdi. Hech kimning bu bexosiyat chaqaloqni katta qilishga yuragi betlamadi. Qarindosh-urug‘lar bolani Bokudagi yetimxonaga eltib topshirishga kelishganida, Samoya ismli bir ayol indamay kelib, go‘dak bolani amakisining xotini qo‘lidan oldi va sassiz orqaga qaytdi. So‘ngra orqasidan qadalgan savol to‘la ko‘zlarga boqib aytdi:
– Erim yo‘q, otam, aka-ukalarim yo‘q. Balki shu bola mening suyanchig‘im bo‘lar.
Lekin bu bola yemay yegizib, kiymay kiygizib katta qilgan Samoyaga ham, o‘zining tug‘ishgan qavm-qarindoshiga ham suyanchiq bo‘lmadi. Maktabni bitirar-bitirmas hammadan yuz o‘girib, Bokuga ketdi. Samoya ham bundan ortiqcha ranjib o‘tirmadi.
– Birovning qornidan tushgan bola boshqaga el bo‘larmidi? Hozirgi kunda o‘z tuqqan bolangdan oqibat ko‘rmaysan-ku! – Samoya lablari titrab-titrab yana shuni ham ilova qilgandi: – Xudoning yozgani shu ekan-da! Taqdir…
O‘shanda odamlar bilgandiki, Samoya bolaga bergan non-tuziga rozi bo‘lsa-da, qismatidan rozi emas. Shu bois, hech kim uning yongan yuragiga moy ham sepmadi, taskin ham bermadi, hamma sukutga toldi. Oradan yillar o‘tib, uning suratini gazetda, oynai jahonda ko‘rganlar ham bu eski suhbatga qaytmadi. Samoya ham dunyodan o‘tib ketdi. Ammo, o‘shangacha bir kimsa uning o‘zi bilan olib ketgan g‘am-anduhidan xabar topmadi.
Bola esa ulg‘ayib, o‘sib, ko‘tarilib bordi. Uylandi. Shunday bir oilaning qizini olgan ediki, dunyodagi barcha eshiklar uning uchun ochilgandek edi. Lekin hech kim bilan chiqisha olmaydigan injiq xotini, bola-chaqasi, qayin-bo‘yinlari bir qo‘lida bug‘doy noni, birisida tovus patidan yasalgan pirpiragi bo‘lgan bu bolani seva olishmadi. Bunda qanday sir bor edi?
Xotini bir necha yil ilgari o‘g‘liga qo‘shilib xorijga ko‘chib ketganida bu haqda bir og‘iz maslahatlashish nega hech qaysisining xayoliga kelmaganini u tushuna olmasdi. Uni shunchalik unutishgan ediki, go‘yo bu odamning o‘zi umuman hayotda bo‘lmagandek.
“O‘lib ketmaydimi bari”, o‘ylagandi o‘shanda, “Uy-joyim bo‘lsa, davlatim umrimning oxirigacha yetib ortsa, menga yana nima kerak? Har qalay, o‘ligim ko‘chada qolib ketmas”.
U hozir uchinchi qavatda, ayvonda o‘tirgancha ana shularni xayolidan kechirardi. Va bu o‘y-xayollar ichida badanini sovuq ter bosgandi. Orada ko‘ngliga bir yorug‘lik inar, ko‘p o‘tmay, darrov so‘nib qolardi. Avvaliga sovqotyapman, deb o‘yladi. Dengiz sabosi uning yuzlarini siypalagani sari sovuq ter ichiga g‘arq bo‘lib borardi. Ich-ichidan qandaydir haroratni his etsa-da, a’zoyi badanini titroq tutib, tishlari taraqlay boshladi.
“Men o‘zi nima uchun bu haqda o‘ylab qoldim? Nega bularni eslashim kerak? Hammasi oldinda-ku! Tezroq tong ota qolmaydimi?”
Fikrlari yarmidan kesildi. Havo yetishmayotganini his etdi. Tavba, bu balandlikda, dengizdan bor-yo‘g‘i 50–60 metr uzoqda nima uchun unga havo yetishmayapti?
“Balki qon bosimim oshgandir?” Miyasiga birinchi bo‘lib urilgan fikr shu bo‘ldi. Shoshilinch shippagini oyog‘iga ilib, xonaga kirdi. Aylanma zinalardan ikkinchi qavatga tushdi. Yotoqxonaga o‘tdi. Deraza ochiq bo‘lgani uchun uzun harir pardalar havolanib, uni quchoqlamoqchi bo‘lganida ko‘ngli behuzurlandi. O‘zidan chetga surmoqchi bo‘lgani sayin pardalar uni yanayam mahkamroq o‘z og‘ushiga olmoqchi bo‘lardi. Bu ne hayajon bo‘ldi? Nega hamma narsa uning g‘ashiga tegaveradi? Pardani zarb bilan uzib, yerga itqitdi. Ayvonga chiqdi. Yana nafasi siqildi. Dengiz tomondan g‘alati shovullash eshitilardi. Shamol to‘xtagandi. To‘lqinlar ham tingan. Unda sukunat bag‘rini yorib chiqayotgan bu ovoz qayerdan kelyapti?
Bu yerda ham halovat topmadi. Yotoqxonaning ayvonga ochilgan eshigini ham, bir necha kundan beri ochiq turgan derazalarni ham yopdi. Go‘yoki uni mahv etishga urinayotgan vahimaning yo‘lini to‘smoqchi bo‘ldi.
Joyiga uzanmoq istadi. Karavotning ustidagi choyshabni ko‘tardi. Lekin karavotga ham o‘tirolmadi. Go‘yo karavotga yotsa, uni so‘ngsiz bir uyqu olib ketadigandek. Xonada undan boshqa yana kimningdir borligini his qildi.
– Kim? – deb baqirmoqchi bo‘ldi, ovozi chiqmadi. Bo‘g‘ziga nimadir tiqildi, shekilli. Xirillashga tushdi…
Yo‘q, boshqa yozolmayman. Qo‘llarim qaltirayapti. Kaftlarim jiqqa terga to‘lgan. Bu vaziyatda boshqa davom etmoq mushkul. Yuragim ko‘ksimga sig‘mayapti. Dukillab urayotganini eshityapman.
“Ko‘zlarini yumdi, xuddi uyquga ketgandek. O‘ldi…”
Shu ikki jumlani yozib, to‘xtataman.
Bu qotillik edi. Uni men o‘ldirdim. Dunyoga kelishi bilan o‘z volidasini o‘limga giriftor etgan bu kimsani men o‘ldirdim. Bilmadim, ko‘rinishi qanaqa edi, bo‘yi qancha edi? Faqat shuni bilamanki, bu uning uchun juda arzon o‘lim bo‘ldi. Lekin bu haqiqiy qatl edi. Men uni o‘ldirdim…
Qo‘llarim titraydi…
Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi