Aziz Nesin. Uch kunda ingliz tilini o‘rgandim (hikoya)

Hozir besh-olti turk xonadonlari iborat qishlog‘iga yo‘l olsangiz ham kamida bir yo ikki inglizcha biladigan odamlarni topasiz. Avvaldan shundaymidi, yo‘qmi bilmayman to‘g‘risi. Bilganim shuki bolaligimda Istanbul degan ulkan shahardayam ingliz tilini biluvchi odamlar barmoq bilan sanalardi. Maktablarda xorijiy til sifatida ingliz tilini o‘rganganlar biz edik. O‘quvchilarni xorijiy til sinflariga bo‘lishar ekan, sinfdoshlardan hech kimning ingliz tili sinfiga o‘tishni xohlamasdi. Maktablarga ingliz tili darslarini qo‘yishga qo‘ylidaru mutaxassis o‘qituvchi topa olishmadi. Axtara-axtara oxiri ingliz tili darsini o‘tishga bir imomni olib kelishdi. Xullas, bizning ingliz tili o‘qituvchimiz Edirqapidagi bir masjidning imomi edi. Birinchi jahon urushi davrida Falastindagi urushlardan birida inglizlarga asir tushgan, inglizlar uni Hindistonga surgun qilishgan va o‘sha yoqda inglizchani o‘rgangan. Oradan yillar o‘tib maktabimizga ingliz tilini biluvchi odamni izlasharkan imom afandini to‘g‘ri olib kelib bizning maktabga o‘qituvchi qilishgan.
O‘qituvchi keldi, ingliz tili darslar boshlandiyu uyda inglizcha o‘rganyapman, mendan zo‘ri yo‘q, hatto ustoz bilanam inglizcha gaplashyapman, deya uzundan-uzun maqtanishlarimni hech kim to‘xtatolmadi. Bu gapdan avvalo otam sevindi, shundan beri meni tinmay maqtagani maqtagan. Bir kuni kechga yaqin otam bilan Ko‘prudan kemaga chiqdik, Heybaliyadagi uyimizga yo‘l oldik. Kema palubasida otamning tanishlari ham bor ekan. Qarshimizda o‘tirgan bit xorijlik biz tushunmaydigan tilda nimalardir dedi.
Otam:
– Millatning nima do‘stim? – dedi.
Haligi odamning nima deyayotganini anglagan kabi hozirjavoblik bilan:
– Bu odam ingliz, ota, – dedim.
Otam birdan menga ishonuvchan ko‘zlarini tikib:
– O‘zing bir inglizcha gaplash bolam, – desa bo‘ladimi, kamiga yoridagi do‘stlari ham, – Qani, qani, gaplash, – deya jo‘r bo‘lishdi.
Imom ingliz tili o‘qituvchimizdan o‘rganganlarimni xayolimda bir joyga yig‘ib, nima bo‘lsa bo‘lar deya haligi odamga:
– Vat iz yor neym? – dedim.
Odam og‘zini ko‘pirtirib birnimalar dedi, biroq hech narsani tushunmadim. Jim tursam sharmanda bo‘lamiz, go‘yo uning savoliga javob bergan kabi:
– May neym iz Hashan, – dedim.
Shu mahalda bu odamning jahli chiqayotganini sezdim, tilini tushunmasang, qayerdan sezding, deysizmi, uning rangi, qulog‘iyu burni qizarib, baland ovozda baqira ketganidan albatta.
Ichimdan tezroq Heybaliyaga yetib olsak, bu mash-mashalardan tezroq qutulsaydim deya duo qilardim. Xolbuki kema endigina Kinaliyadan qo‘zg‘olgandi. Haligi odamning og‘zidan gapini oldim:
– Hav or yu?
Olisroqdagi paluba o‘rindiqlaridan birida o‘tirib bizning suhbatimizga quloq solayotgar kishi avvaliga hiqqildab jilmaydi, keyin birdan “ho-ho”lab kulib yubordi. Yor yorilmadi yerga kirmadim, ahvolim og‘irlashardi, biroq ortga yo‘l yo‘q ekanini sezib turardim. Imom o‘qituvchimizning inglizcha darslaridan o‘rganganlarimizni yana eslay boshladim.
– Vat iz dish? Hev yu pensil? Tenk yu…
Xorijlik suhbatdoshim battar jahl otiga mindi, sakrab turdiyu qo‘llarini havoda o‘ynatib, bilmayman xullas, yana nimalardir dedi.
Men esa bamaylihotir davom etardim:
– Det iz may buk.
Bu safar suhbatdoshim soatini ko‘rsatib o‘zicha nimalardir dedi. O‘zimni tushungan ko‘rsatib qo‘lidagi soatiga qaradim, so‘ngra juda hayron qolgan odamdek tilimni tanglayimga urib chiq-chiq-chiq deya ovoz chiqarib boshimni ikki yonga qimirlatdim:
– Noo, nooo, no..
Haligi kulayotgan odam yana battar kuchaydi, kulaverganidan hatto ko‘zlaridan sharildab suv oqa boshladi. Meni uyalmasin deya boshimni boshqa tarafga qarab kulishga urinar, biroq hiqillagan ovozi hammasini oshko qilib turardi.
Xorijlik esa qo‘lsaotini burnimgacha olib kelib yana nimalardir deb baqirdi. Bu safar men ham unga baqirib:
– May nambir is forti von, – dedim.
U yana baqirdi. Men ham unga yana:
– Du yu drinik voter? – baqirdim.
Ayni shu vaqtda otamning do‘stlaridan biri mendan nima deyapti deb so‘rasa bo‘ladimi.
Nima deyishni bilmay qoldim… Jim tursam shuncha gap, aniq yolg‘onchi chiqaman, miyamga birinchi kelgan so‘zlarni aytaverdim:
– Bu qanaqa kema o‘zi, juda imillayapti, mana, necha soatdirki yo‘ldamiz, soatga qara qancha o‘tdi, hali yetib yeelganimiz yo‘q, deyapti…
– Xo‘sh, sen nima deb javob qaytarding?
– Men unga, siqilmang, dedim, balki sizning soatingiz ishdan chiqqandir, dedim.
Haligi kulayotgan odam oxiri chidolmadi, o‘rnidan qornini ushlab turdiyu pastga tushib ketdi.
Xorijlik bilan esa hamon suhbatimiz davom etar, biroq na men uni, na u meni tushunardik… Bir tarafdan esa otam va uning do‘stlariga suhbatni tarjima qilardim. Shu g‘ala-g‘ovur ichida qanday qilib Heybaliyaga yetib kelganimizni ham bilmay qolibman. Kemadan tushar ekanmiz palubada suhbatimizni eshitib tinimsiz kulayotgan odam yonimga suqildi, yonimdagilar eshitmasin deya qulog‘imga seeingina shivirlab:
– U odam ingliz emasdi, – dedi. Sal qoldi, bilaman, amerikalik edi, demoqchiydim, u nusha Olmon edi. Lekin rosaa-a dodini tavbasiga tayantirdirgdaa-a… – dedi.
Mana, tamom, xullas mening birinchi tarjimonligim shunday omadsizlik bilan yakunlangan. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, ikkinchisi ham undan qolishmadi rasvolikda. Ikkinchi sinfga o‘tgandim, aniqroq qilib aytsam inglizchamam ancha yaxshilanib qolgandi. Otam doimgidek kemadagi bor odamga mening inglizcha bilishimni aytib, maqtanib keldi. Oroldagi uyimizning qarshisiga o‘tgan yoz bir ingliz oilasi ko‘chib kelgandi. Otam “Qani bo‘l, inglizlarnikiga mehmonga boramiz, kayfi-tarovatini bilamiz, bahonada sen ham ular bilan inglizcha gaplashasan” deya qistovga soldi. Biroz avval otamga maqtangan emasmanmi, endi yo‘q, bormayman, gaplashmayman, deyish noqulay, yolg‘onchiga chiqaman. Qancha bormaslikka harakat qilsam-da otam fikridan qaytmadi, qo‘limdan yetaklab inglizlarni uyiga sudrab ketdi. Katta va chiroyli bog‘dan o‘tib mezbonlar eshigini jiringlatdik. Bir yoshgina qiz eshikni ochdi, yuzimizga termuldi. Nima deyman endi bunga, deb boshim qotdi.
Otam:
– Qani gaplash, – dedi.
O‘zimcha jahli chiqqan odamga o‘xshab qosh chimirdim:
– Ota, bir qarang shu qiz inglizchani biladimi? Hamma bilanam inglizcha gaplashavermaydida…
Shu mahal qiz inglizchalab “Marhamat, nima istaysizlar?” deya so‘radi.
Qizning nima deganini anglashga angladim, biroq javob qaytarolmadim. Mening indamaganimni ko‘rgan otam o‘z tilimizda:
– Uyda katta odam yo‘qmi qizim, u bilan ko‘rishmoqchiydik, – dedi.
Men ham o‘zimni qo‘lga olib, yarim ingliz, yarim turkchalab “Mister qayerda, ver is sor…” deya bir nimalar dedim. Qiz gapimni tushundi shekilli, bizni ichkariga taklif qildi, kiraverishimizda xonadon sohibi bizni kutib qoldi. Daroz bo‘yli, katta ko‘zli, afti-angori biroz sovuq, nima desam ekan, xullas tangalari artilgan chiroz balig‘i kabi bir odam… Hammamiz tik oyoqda, bir-birimizga jimgina boqqancha bir fursat turib qoldik. Ingliz bizlarga hayron termulardi. Otam:
– Qani gapiraqolsangchi, gapir o‘g‘lim, – dedi.
– Nima dey ota?
– Qo‘shni ekanimizni, xabar olgani, tanishgani kelganimizni ayt…
Nima deyishni bilmay, uyalganimdan qizara boshladim. O‘zim yaxshi biladigan bir-ikki inglizcha so‘zlar ham lip etib aqlimdan o‘chdi. Hatto otamdan ham bo‘yi uzun bo‘lgan bu odam, cho‘zib-cho‘zib nimalardir dedi.
Ilgari imom bo‘lgan ingliz tili o‘qituvchimiz bizga o‘qitgan “Metod Alge” kitobidan inglizcha bir bolaning hikoyasini yodlatgandi. Bu hikoya bir qishloqdan qochib ketgan mitti sichqoncha haqida bo‘lib, juda sodda, qisqa jumlalar bilan yozilgan edi. Hammamiz yod olgandik. O‘sha hikoyani yoddan o‘qiy boshladim.
– Bir zamonlar bir mitti siqoncha bo‘lgan ekan…
Mezbonning ko‘zlari kattalashdi.
Men esa davom etdim:
– Kunlardan bir kun bechora sichqonchaning qorni ochqab qoladi.
Ingliz bir menga, bir otamga hayron tikildi.
– Mitti sichqoncha yashirinish ilinjida omborga kirib ketadi. Faqat u yerda xonadon mushugi bor edi.
Hatto bittagina so‘zni ham anglamaydigan tilda gapirayotgan o‘g‘lining shavqini ko‘rib otamninn yuzi yorishdi.
– Mushuk mitti siqonchani ko‘rishi bilan o‘rnidan sakrab turadi. Sichqonni quvayotgan mushuk bir murabbo bankasiga turtilib, uni sindirib qo‘yadi. Siqoncha esa yana qochishga ulguradi. Bu safar mushuk yog‘ shishasini sindirib qo‘yadi.
Nihoyat gaplarimni katta qiziqish bilan eshitayotgan inglizning ham yuz mushaklari yumshadi, u endi miyig‘ida kulib qo‘yar, ko‘zlari o‘ynardi. Uning bu harakatlarni ilg‘ab menga battar jon kirdi.
– Mushuk bir sakrab sichqonni panjalari orasiga olmoqchi bo‘lgandi, mitti sichqoncha epchillik qilib yana qochib qoldi.
Inglizning og‘zidan ilk so‘z chiqdi:
– Yes!
– Mushuk un to‘la qopga tushib ketdi…
– Yes, yess!
Mezbon qahqaha otib kula boshladi. Qo‘llarini ko‘ksigv qo‘yib, biz hurmat bajo ayladi va kresloga o‘tkazdi.
– Sichqon yana qochdi…
– Yes…
U o‘zini kulgudan to‘xtatolmasdi.
– Mushuk yana quvaladi…
– Yesss…
Xullas, hikoya shunday davom etar, sichqonchani qo‘lga tushurish umididagi mushuk omborda nimaiki bo‘lsa barini ag‘dar-to‘ntar qiladi. Biroq sichqon bir teshikdan qochishga muvaffaq bo‘ladi. Bu holni ko‘rgan buvi esa mushukning hamma joylariga tepib, urib tashlaydi.
Haligi ingliz mening chala-chulpa inglizchamdan shu qadar xursand bo‘ldiki, asti qo‘yaverasiz, bizni biskvik va shirin choy bilan mehmon qildi. Bu safar u inglizcha gapirar, men esa kulganimcha:
– Yes, yes… – deya gapini ma’qullab turdim.
“Gudbay” deb eshikdan chiqishimiz bilan otam:
– Nimalar deding hay bola, buncha kuldirding bu inglizni? – dedi.
– Qarasam yuzini ochmayapti, biroz hazil-huzul qildim ota, – dedim.
Endi ruhsat qilsangiz, uchinchi tarjimonligim hikoyasini ham so‘zlab bersam. Bu voqea maktabni bitkazish arafasida ro‘y bergandi. To‘g‘risi hatto tilim ham kelishib ketgandi inglizcha gapirishga. Kunlardan bir kun Ko‘prikdan o‘tayotganimda ikki inglizning mahalliy yo‘lovchilardan nimalarnidir so‘rayotganini ko‘rdim. Oralariga suqildim. Bo‘g‘ozichiga ketishni so‘rashayotgan ekan. Ularga aniq yo‘l ko‘rsata olishimga ishonchim komil.
– Men ham o‘sha yoqqa ketyapman, istasangiz birga ketamiz, – dedim.
Asl maqsadim esa ular bilan suhbatlashib amaliyot o‘tash. Chunki pansioner dengiz ofitseri bo‘lgan ingli tili fani o‘qituvchimiz har darsida “Praktik meyks perfekt”, derdi. Bu ikki ingliz bilan bemalol gaplashib borardik.
Bulardan birining moviyrang sport kiyimiga “R. A. F.” harflari katta-katta qilib yozilgandi. Undan qiziqib:
– Bu harflar nimani anglatadi, – deya so‘radim.
U javoban:
– “Qirollik Havo Kuchlari – Royal Air Force” degani, – dedi.
Bu odam zaxiradagi zobit, havo kuchlari qo‘mondoni, kamiga tajribali muhandis ham ekan. O‘sha zamonlarda tillarda doston Qarabuk temir-po‘lat fabriyeasi qurilayotgan edi. Bu kishi o‘sha yerni ishga tushurayotgan muhandislardan biri emish. Shu yergacha hammasi yaxshi edi, faqatgina bilet oladigan paytimiz kelganida vaziyat boshqacha tus oldi. U o‘shanda menga qarab:
– Kevikleeer, – dedi.
Ming urinmay bu so‘zning ma’nosini anglolmasdim. Ustiga ustak ingliz tinmasdan “Keviklar” deya baqirib yotardi. Hamisha hamrohim bo‘ladigan inglizcha so‘zlashgich bor edi. Uni titmagan yerim qolmadi, bunday so‘zni topolmadim.
– Nima u Keviklar, – deya so‘radim bir qadar hijolat tortib.
U esa battar:
– Keviklar, Keviklar, deya baqirardi.
Zum o‘tmay atrofimizni odamlar to‘dasi o‘rab oldi. Olomon ichidan, tarjimon shekilli, bir odam:
– Yo tovba, shuniyam tushunmaysanmi, bu nushalar ikki soatdan beri “Kavaklar, Kavaklar” deya baqir-chaqir qilishyapti, – dedi.
Yo Xudoyim… Xolbuki ular Inglizchalab Keviklar deya, Kavaklarni nazarda tutishayotgan ekan, Kavaklarga ketmoqchi emishlar. Vanihoyat Kavakka bilet oldik va kemaga chiqdik. Inglizlarning bo‘yinlarida durbinlari, fotoaparatlari osig‘liq turar, ahyon ahyonda yon-atrofni suratga olishar, bu ishdan zavqlanishardi. Qaytisha kemamiz Beykozga to‘xtaganida ikki militsiya xodimlari inglizlarni tutib ketishdi. U mahallar bu yerlardan ko‘plam olmonlar kemalari o‘tar, bizlar uchun ingliz va amerikaliklar begona sanalardi. Inglizlar nimaga bu yerda yurishgani militsiyaga tushuntira olishmadi. Faqatgina, o‘z tilida “Bizning qo‘yib yuboring, bizni qo‘yib yuboring”, deya dag‘dag‘a qilishdi. Hammamiz birga mahkamaga yo‘l oldik. Ish oydinlashdi. Inglizlar kemada ketishayotganida durbindan boqishgan, Bo‘g‘ozning rasmlarini olishgan, torfel yurtdoshlarimizdan biri ilk pristanda tushib sohil mahkamaga “Shu kemadagi xorijliklar muborak Bo‘g‘ozimizning suratini olishdi” deya xabar bergan.
Sohil mahkamasi xodimi ham zudlik bilan Beykoz mahkamasiga telefon qilib, inglizlarni tutish kerakligini uqtirgan. Mahkamada mening tarjimonligim orqali tushuntirish xatlari olindi, keyin ikki militsiya xodimi ularni Xafvsizlik ma’muriyatiga yuborishdi. U yerda ham tushuntirish xatlari olindi, olgan suratlari fotoaparatlaridan o‘chirtirildi hamda inglizlarni qo‘yib yuborishdi.
Bir ikki kundan so‘ng ikki ingliz do‘stim tarjimonligim uchun minnatdorchilik bildirish ilinjida meni o‘zlari qo‘nim topgan mehmonxonaga chaqirishdi. Men ham darhol bordim, ovqatdan avval oldimga bir shisha toza viski qo‘yishdi… U zamonlarda Istanbulda viskining hatto nomini eshitganlar ham oz topilardi. Bu hayotimdagi birinchi marta viski ichishim edi. Shisha qadahim bo‘shashi bilan ikkisi ham teng viski quyishardi. Biri boshlab bersa, bittasi “hokimyat chizig‘i”dan o‘tkazib qo‘yardi viskini.
Yaxshigina mast bo‘la boshlagandim. Ularga “Birin-ketin quyinglar shu qurmag‘urni”, demoqchiydim, biroq nimagadir “birin-ketin”ning inglizchasini eslolmadim. Bilaman, ha-ha, aniq bilaman, faqat mastligim uchun esimga kelmayapti. Shu holimda ularga “birin-ketin” deyish o‘rniga “vanar vanar, o‘h-o‘h, vanar vanar, deb yuboribman.
Xullas, uchinchi tarjimonligim ham muvaffaqiyatsizlikda oldingilardan qolishmaydi.
Biroq to‘rtinchi tarjimonligim hikoyasi sizlarga yoqishiga shubha yo‘q. O‘shanda Turkiyaga Amerikaning ko‘magi boshlangan va ilk Amerika ko‘mak jamoasi biz tarafga yo‘l olgandi. Bizning idoramizda (idoramiz nomi aytilishi mumkinmas, ta’qiqlangan) ilk Amerika ko‘magi jamoasi rahbariga tarjimon izlashardi betinim… Izlay-izlay oxir meni tanlashibdi. Ishxonamiz rahbari meni xonasiga chaqirdi. Xonasida undan tashqari uchta odam meni kutayotgan ekan. Ulardan biri:
– Tarjimon sifatida seni tanladik. Jamoa rahbariga sen tarjimonlik qilasan, – dedi.
Talmovsirab:
– Ma’zur tuting, afandim, – dedim, – kaminayi qulingiz inglizcha bilmaydi…
Xonadagilardan bir juda qattiq ohangda:
– Qanaqasiga bilmaysan, – dedi, – juda yaxshi bilasanda, eshitganmiz… Bilmasmish bu kishim, o‘rgildim…
– Afandim, bilsam nega qilmay axir, bu vazifa men uchun juda sharafli ish axir. Ammo kamina haqiqatdan inglizchani bilmaydi… Yo‘q, Amerika ko‘magi jamoasi rahbari Turkcha bilsa bosh ustiga…
– Ahmoqmisan, amerikalik odam turkchani qayerdan biladi?
– Yurtimizda ko‘proq qolsa, albatta o‘zim o‘rgataman turkchani, Istanbulni ham ko‘rsataman…
Xonadagilardan birovi:
– Bilasan, bilasan, – dedi.
– Ingliz tilini bilishimni o‘zim bilmas ekanman, siz bilar ekansiz, demak bilaman afandim.
– Albatta bilasanda, bu gapni sening ma’lumotnomangni ko‘zdan kechirgach o‘rtaga tashladik, yozishingcha maktabda inglizcha o‘rgangan emishsan…
Yo Xudoyim, shunday katta ishxonada inglizcha biladigan bitta menmi degan o‘y kechdi ichimdan.
– Afandim, inglizchani yaxshi biladigan boshqalar borku, men bilmayman axir…
– To‘g‘ri, inglizcha biladiganlar bor, ammo ularga ishonch yo‘q. Bu uchrashuvlar xufiyona, yashirincha bo‘ladi. Axir ma’lumotnomangizda “Inglizsani mukammal biladi, so‘zlashish va yozishni ham qotiradi, shuningdek, bu borada praktikasi bor…”, deya yozilgan. Kamtarlik qilma. Sendan yaxshi inglizcha biladigan, qolaversa biz ishona oladigan odamni qayerdan topaylik?! Xullas, to‘rtinchi tarjimonligim voqeasi shunday boshlangan.
Xorijlik rahbar kelishiga uch kun qolgandi. Uch kecha-kunduz tinmay ingliz tili lug‘atimni boyitishga harakat qildim. Oradan ko‘p yillar o‘tgani uchun avval bilganlarim ham yodimdan ko‘tarilgandi. O‘zim o‘zimga savol berdim: bu odam men bilan nimalarni gaplashishi mumkin? Tahminan, so‘ralishi mumkin bo‘lgan narsalarni daftarimga yozdim. To‘g‘risini javoblarini ham kiritdim. Keyin hammasini yodlay boshladim bir boshdan, agar shularni so‘rasa, xudo xohlasa sharta-sharta javob berib, barchani hangu mang qilaman. Shuningdek, bu odamga Istanbulning diqqatga sazovor joylarini ko‘rsatishni ham rejamga kirtib qo‘ydim. Bularni ham batafsil inglizchalab daftarga tushirdim. Dengiz bilan bog‘liq tafsilotlar yozishni ham unutmadim.
Barbaros va Turgut Raisning hayoti haqida ham alohida ma’lumotlar yozdim inglizchalab.
O‘lkamizga guruh yetib keldi. Ertasi kun tongda ular qo‘nim topgan mehmonxonaga bordim, rahbar bilan uchrashdim. Bu juda mas’uliyatli vazifa edi. Avvaliga sof ingliz tilida o‘zimni tanishtirdim va ularga tarjimonlik qilishimni aytdim. Rahbar meni inglichani yaxshi biladi deb o‘yladi shekilli, juda tez va g‘o‘ng‘illagan ovozda nimalarnidir so‘zladi. To‘g‘risini aytsam birorta so‘zini ham tushunmadim. Uning nima deyayotganiga qaramay, o‘zim yaxshi biladigan va yodlagan ma’lumotlarimni so‘zlarimni takrorlayverdim. Birozdan u bilan tashqariga chiqdik. Yurib ketayotgan chog‘imizda u menga nimalarnidir to‘lib-toshib so‘zlar, men ham undan qolishmasdim. Biroq na gapimiz qovushardi, na bir-birimizni eshitardik. Shunday siqilib ketdimki… Qarasam og‘zi tinmaydiganga o‘xshadi, men ham bo‘sh kelmay, og‘zidan so‘zini oldim:
– Sayohatimiz yaxshi o‘tyaptimi afandim?
Nimalardir dedi, demoqchi bo‘ldi to‘g‘rirog‘i… Yana gapimda davom etdim:
– Bu yerdan keyingi manzilingiz qayer?
U yana nimalardir dedi. Izma-iz savollarni qalashtirdim. Bu orqali men siqilishdan qutuldim, biroq endi u siqilshga tushdi, bu uning yuz-ko‘zidan shunday ko‘rinib turardi.
Axir nima qilay, shularni so‘raydi deya tayyorlagan narsalarimdan birortasini so‘ramadi. Eng avvalo rahbarga Istanbulning qanday fath etilgani haqida so‘z ochdim…
Barbaros haqida ham batafsil gapirdim. Rahbar birdan jimib qoldi, birorta so‘z ham aytmadi. Tushlik qilish uchun mehmonxonaga qaytdik. Mehmonxona zalida uni kutdim, ammo kelmadi… Mehmonxona xizmatchilaridan biri yonimga kelib:
– Rahbar Anqara yo‘l oldi beyim, chamasi 10 daqiqa bo‘ldi chiqib ketganiga, dedi.
Eshitishimcha mening tarjimonligim tufayli rejalar o‘zgaribdi. Bu voqeaga 1 oy to‘lganida amerika muhri bor maktub keldi uyimga:
“Istanbuldagi yordamingiz, ko‘rsatgan hurmat va xizmatlaringiz uchun minnatdorlik bildiraman”. Xat ostiga o‘sha rahbarning imzosi ham chekilgan. O‘sha kundan beri mana qancha suvlar oqdi, yillar kechdi, bu yillar davomida men ingliz tilini mukammal o‘rgandim. Endi bundan keyin qarshimdagi inglizmi, amrerikalikmi nima istasa, barini anglata olaman. Biroq haligacha qarshimdan chiqqan xorijliklar ingliz tilida menga hech narsa tushuntirolmaydi. Tushuntirolmaydi ham. Axir faqatgina men urunganim bilan ish hal bo‘lmaydi, albatta ular ham ingliz tilini o‘rganishlari lozim.

Turk tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi