Shukribey bir yarim oydan beri uy qidiradi.
Aslida boshpanasi bor edi-yu, lekin bir kuni ijarada turgan uyining egasi uni chaqirib:
— Bundoq o‘ylab qarasam, rosa hotamtoy odam ekanman. Shunaqa qimmatchilik bo‘lib turganida ikki xonali uyga bir yuz o‘ttiz lira olib kelyapman-a. Tag‘in bergan uyimni aytmaysizmi: tomiga zo‘r cherepitsa yopilgan, hojatxonasiga marmar yotqizilgan, rom va eshiklari yangi bo‘yoqdan chiqqan. Qoyil-e, qoyil. Siz to‘lab turgan pulga shunaqa uy topsam, ko‘ngilxushligi uchunoq ko‘chib borardim, — dedi.
— Shu uyingizda o‘n ikki yildan buyon ijara to‘lab turaman, — javob qildi Shukribey. — O‘zimniki deb bilaman, shikastrextiga qarab turibman. Yaqinda devorlarini suvoqdan chiqardim. Zinaga yangi taxta qoqdim, panjarani yangiladim.
Lekin uning gapi xo‘jayinga kor qilmadi.
Uyning egasi ko‘proq daromad olish uchun shunday qilayotganini Shukribey yaxshi bilardi. Lekin iloji qancha? Nari borsa, ijara haqiga yana yigirma lira qo‘shib berishga qurbi yetadi, xolos.
— Mayli bo‘lmasa, oyiga bir yuz ellik bera qolay, — dedi Shukribey shuni nazarda tutib.
— Bir yuz ellik lira tamaki pulimga ham yetmaydi, — dedi uyning egasi kulimsirab.
Shukribey o‘zicha chamalab ko‘rdi: agar chekishni tashlaydigan bo‘lsa, oyiga o‘n besh liradan tejaydi.
— Gapingiz juda to‘g‘ri, — dedi u uyning egasiga. — Chindan ham hozir bir yuz ellik lira shu uyingiz uchun kamlik qiladi. Lekin men noinsof odam emasman. Sizga ko‘proq ijara haqi to‘lashga qurbim yetmayotgan ekan, amin bo‘lingki, bunga nochorligim sabab…
— Har kim ko‘rpasiga qarab oyoq uzatishi kerak, — javob qildi u. — Siz ham o‘z pulingizga yarasha biror boshqa uy toping.
Agar Shukribey puliga yarasha uy topganida bu yerda bir daqiqa ham turmagan bo‘lardi-ya.
— Bir yuz oltmish besh lira to‘lay, mayli…
Uyning egasi yana kulib qo‘ydi:
— O‘g‘limga choychaqa ham bo‘lmaydi.
Shukribey har kuni ishiga piyoda borib keladigan bo‘lsa, bir oyda yana yigirma lira jamg‘arishi mumkinligini hisoblab chiqdi.
— Bir yuz sakson besh lira bersam-chi?
— Meni kalaka qilayotganga o‘xshaysiz, — dedi bunga javoban uyning egasi. — Yonimizdagi xonadonni o‘zingiz bilasiz. Xuddi tovuqxonaning o‘zi. Ijara haqi qanchaligini eshitganmisiz? Oyiga uch yuz ellik lira to‘lab o‘tirishadi. Nima, meniki kammi undan? Uch yuzdan kamiga ko‘nmayman. Siz ketsangiz, to‘rt yuz liraga ham odam topaman. Topilmasa, yana ham yaxshi, loaqal uy eskirmay turadi.
Agar Shukribey shu uyda uch yuz lira to‘lab o‘tiradigan bo‘lsa, to‘rt jonning tirikchiligiga oylik maoshidan sakson lira qolarkan, xolos. Xullas, ish sudga borib tushdi. Uyning egasi «uy o‘zimga kerak» degan vajni ko‘rsatib, o‘z foydasiga hukm chiqartirib oldi. Shukribey bu yerdan ko‘chib ketishga majbur, shuning uchun u bir yarim oydan beri har kuni ijaraga uy qidiradi.
Avji qish pallasi. Shukribey qorni qor, yomg‘irni yomg‘ir demay, ertadan-kechgacha boshpana izlaydi. Lekin o‘tirgan joyidan arzonroq va durustroq uy uchramadi. Ikki yuz liraga bittasini topgan edi, bo‘lmadi, oilasi sig‘mas ekan.
O‘sha kuni ham shahar kezib, holdan toygandi. Uy topib beraman, degan dallollarga pul beraverib, jonidan to‘ygandi. Ustiga-ustak oldin yomg‘ir yog‘ib, keyin qorga aylandi, hamma yog‘ini ivitib yubordi. Oyoq kiyimidan suv o‘tib ketdi. Kechga yaqin yog‘in tingan bo‘lsa ham, Shukribeyning bo‘ladigani bo‘lgan edi. «Qani endi biror odaming bo‘lsa-yu, dardingni to‘kib solsang, — deb o‘ylardi u o‘zicha. — Loaqal ikki og‘iz gaplashib, yengil tortarmidim».
Niyati xolis ekan. Shu fikr ko‘nglidan o‘tishi bilan ro‘parada kelayotgan bir qalin o‘rtog‘ini ko‘rib qoldi. Zakoiy bilan uchrashmaganiga ko‘p bo‘lgan edi. Balki uy topib berish qo‘lidan kelar. Loaqal miriqib gaplashib oladi-ku.
— O, Shukribey, salom.
— Salo-o-om, Zakoiyjon. Qalay, tinch yuribsanmi?
— Asti so‘rama. Xo‘sh, o‘zing qalaysan?
— Qimirlab turibman.
O‘rtog‘ining ham tashvishi o‘ziga yetib ortadiganga o‘xshaydi.
— Nima qilib yuribsan? — so‘radi Zakoiybey.
Shukribey dardiga quloq soladigan odamga muhtoj bo‘lgani uchun bor gapni ochiq ayta qoldi:
— E, oshnam, boshimga katta bir tashvish tushgan. Bir yarim oydan beri boshpana izlayman. Turgan uyimizning egasi ko‘chaga haydayapti. Mana bugun ham kechgacha uy qidirdim. Yomg‘ir bilan qor rosa ivitdi. Ko‘rmaysanmi, qaltirab ketyapman. Yotib qolamanmi, deb qo‘rqaman…
Ichidagi bor dardini to‘kib solib, picha yengil tortmoqchi bo‘lgan edi-yu, lekin o‘rtog‘i uning gapini bo‘ldi:
— Tag‘in ham sen shukur qilsang bo‘larkan, birodar. Menikining oldida seniki holva ekan. Eh, do‘stim, bu zamonda imorat qurishdan ortiq azob yo‘q ekan. Sen eshitganmisan, yo‘qmi, bilmadim, men ozroq yer sotib olgandim. Aslida bo‘sh yer topib, uni xarid qilishning o‘zi uqubat. Ha, mayli. Xullas, to‘qson mingga yaxshi bir joydan yer oldim…
— Shunaqa gap, Zakoiyjon, — dedi uning gapini bo‘lib Shukribey. — Uyning egasi bizni haydayapti. Sudning hukmini ham chiqarib oldi…
Gapni yana Zakoiy ilib ketdi:
— O‘sha yerni sotib olganimdan keyin o‘n kun o‘tmay bir yuz ellik, hatto ikki yuz mingga xaridor chiqdi. Hol-jonimga qo‘yishmadi. Sotasan, deb meni rosa qiynashdida, Shukribey. Haliyam shukur qilaver, birodar…
— To‘g‘ri aytasan, do‘stim. Shundan keyin uyning egasiga, ijara haqini oshira qolaylik, bir yuz sakson besh liraga roziman, dedim.
— Qani endi mening ishim ham bir yuz sakson besh yoki bir ming sakson besh lira bilan bitadigan bo‘lsa. Koshkiydi. Sen shukur qilsang bo‘larkan. Gapning qisqasi, o‘sha joyga ikki qavatli imorat soladigan bo‘ldim. Hozir usta bilan mardikor falon pul turadi, oshnam. Ko‘p cho‘zib o‘tirishning hojati yo‘q, boshiga tushgan odam buni yaxshi biladi. Mo‘ljalim uyni ikki qavat qilish, har bir qavatida rasmana xonalardan uchta, bittadan mehmonxona qurish edi. Shunaqa qiynalib ketdimki, Shukribey, asti so‘rama…
— Nimasini aytasan, Zakoiyjon. Mana endi uyning egasi bizga, ket, deyapti. Men senga aytsam, o‘sha turgan uyimizga dunyoning pulini sarflaganman. Hojatxonaning devori qulagan edi, yaqinda o‘n besh liraga yangi devor oldiruvdim. Bu muttaham shuniyam bilmay, jo‘na, deyapti.
— Desa deyaversin, birodar. Shunisiga shukur qil. Mendan ko‘ra ahvoling durust ekan. Menga o‘xshab imorat qurishga kirishganingda, nima bo‘lardi. Bir payt volidamiz: «Qurgandan keyin yaxshilab qurish kerak, shuncha ketganning biri bo‘ladi, imoratni uch qavat qil, biror kuningga yarasin», deb qoldilar. Poydevorini oldik. Bismillosiga 40 ming ketdi, Shukribey. Aytishga oson bu…
— O‘zing omon bo‘l, Zakoiybey… Juda sovqotib ketdim. Uydan kallai saharda chiquvdim. Shu paytgacha uy qidirdim. Bugunning o‘zida dallolga o‘n besh lira pulim ketdi…
— Seniki holva, Shukribey. Hamma narsani chayqov bozoridan oldim. Romning o‘ziga ikki ming to‘ladim. Yana kerak. Haliyam o‘zing durustsan, shukur qilib yuraver. Imorat qursang, tashvish nimaligini bilarding. «Binoning har bir qavatida bitta emas, ikkita xonadon turishi kerak», deb qoldi xotinim. Bundoq o‘ylab qarasam gapi to‘g‘ri. Imoratni shunga mo‘ljallab tiklayverdik, nazaringda bu ish osonga o‘xshab ko‘rinadi-yu, lekin…
— Aslo undoq emas, birodar. Rosa qiynalgan bo‘lsangiz kerak. Oqsaroy tomondan bir uy topdim, afandim. Bitta xona, yo‘lagi alohida. Nachora, rozi bo‘ldik. Ishxonadan ancha olis ekanu, lekin iloj qancha. Barvaqt turib ketaveraman-da. Ijara haqi bir yuz yetmish besh lira ekan, arzon deyishadi. Ovqat pulidan tejashga to‘g‘ri keladi. Tag‘in olti oylik haqini oldindan bermasa bo‘lmas ekan.
— Eh, Shukribey, shuni hali tashvish deb yuribsanmi? Ahvolimni senga tushuntirolmaganga o‘xshayman. Menga o‘xshab sen ham tunuka qidiryapsanmi, tsementga muhtojmisan? Yo‘q, albatta. Men bo‘lsam bularni chayqovchilardan olyapman. Jonim qiynalib ketdi. Sen imorat qilmayapsan, shuning uchun bu azoblarni bilmaysan.
— To‘g‘ri, bilmayman, birodar. Lekin sen shuni bilib qo‘yki, Zakoiybey oshnam, qishda ko‘chada qoldik.
— Shukur qil, birodar, shukur qil.
— Uyning egasi ikki kundan keyin meni oilam bilan ko‘chaga haydaydi.
— Bir gap aytaymi senga? Shunisiga ham shukur qil. Nega desang, uch qavatini bitirib, endi tomini yopay deb turganimda qaynanam: «Kuyov, yana ikki qavat qo‘shib qo‘ya qol, bola-chaqang seni keyin duo qilib yuradi», deb qoldi. Yana malomatga qoldim. Hali usta, hali mardikor kerak, hali munitsipalitet… Senga balli, bunaqangi ishlardan xolisan.
— To‘g‘ri, Zakoiybey, to‘g‘ri.
— Shukur qilsang arziydi.
— Shukur deyapman. Endi nima qilishga hayronman… Bir-ikkita qaqir-ququrimiz bo‘lmaganda biror boshpana topguncha musofirxonada o‘tirib turarmidik.
— Men senga aytsam, musofirxonada turish imorat qurishdan oson, qiynalmaysan. Rosa azob chekyapman-da. Ha, ishonaver, to‘g‘risini aytyapman.
— To‘g‘ri, ishonaman, birodar.
— Sen nolimasang ham bo‘ladi!
— Noliyotganim yo‘q. Qaqir-ququrni sotay desak, hammasi kerakli… Qolaversa, keyin yangisini ololmaymiz. Sotganda ham arzon-garovga ketadi.
— Ketsa ketaversin!
— Ketaversin, men bir nima deyotganim yo‘q. Ketsa ketaversin.
— Imoratni besh qavat qilib tiklab oldim. Lekin uni tiklaguncha qancha azob chekkanimni faqat menu parvardigor biladi. Keyin, azizim, ukam kelib qoldi. «Aka, shuning ustiga bir boloxona qurdirmasangiz bo‘lmaydi. Yaxshimi-yomonmi, har holda kuningizga yarab qoladi, ijaraga qo‘yib, oyiga to‘rt yuz-besh yuz lira olib turasiz», dedi. Juda mushkul ekan bu narsa, birodar. Mayda-chuyda narsalarga roppa-rosa o‘n ming ketdi. Bunaqa ishlardan xabaring yo‘q-da, shuning uchun o‘z tashvishing o‘zingga katta ko‘rinadi. Men sening o‘rningda bo‘lganimda juda shukur qilib yurgan bo‘lardim.
— To‘g‘ri aytding, Zakoiyjon. Yonimda pulim bo‘lganida bola-chaqa bilan qishda ko‘chada qolarmidim… Olti oylik ijara haqini oldindan to‘lasam, ko‘chib kirish mumkin ekan. Menda shuncha pul nima qiladi…
— Bo‘lmagani ma’qul. Imorat qilish… Boshimga balo sotib oldim. Yerning pulini hisoblamaganda imorat nari-berisi bilan olti yuz mingga tushdi. Buni bitirguncha go‘r azobini ko‘rganimni aytsam…
— O‘h-ho‘…
— Shuning-chun menday jabr tortmaganingga shukur qil.
— Ming qatla shukur. Holimdan nolimayman. Lekin qishning chillasida bola-chaqam bilan boshpanasiz qoldim, xolos. Boshqa hech nimadan nolimayman.
— Aslo nolima, xudoning g‘azabi keladi. Mana, mendan ibrat ol, birodar. Imoratni bitirib olganimdan keyin yana boshim g‘avg‘oda qoldi. Hali u kelib, menga sot, deydi, hali bu keladi. Bir million beramiz, deyishdi. Men, ikki millionga ham sotmayman, dedim. Shunaqa malomatga qoldimki, oshnam, bu kunni xudo dushmaningga ham ko‘rsatmasin.
— Qarindosh-urug‘nikiga ham borib bo‘lmaydi. Hammaning holi o‘ziga ma’lum. Birovning ko‘ziga yomon ko‘rinishning nima keragi bor!
— Bundan ko‘ra birovning ko‘ziga yomon ko‘ringan ma’qul. Sen kattakon imoratning egasi bo‘lishlik qanchalik zo‘r mashaqqat ekanini bilmaysan-da, shuning uchun bekorchi gaplarni aytyapsan. Besh mahal shukurni kanda qilmay yuraver, sen faqat shuni bil. Nega desang, birodar, hozir ijarachi degan bir dardisar bor. Men senga aytsam…
— Tashvishing menikidan ko‘proq ekan, Zakoiyjon.
— Seniki ham gap bo‘ptimi, birodar. Shunisiga shukur qil.
— Shukur, ming marta shukur. Endi men ketay, Zakoiybey. Xayr bo‘lmasa.
— Xo‘p, Shukribey. Meni ko‘rib, shu kuningga shukur qilib yuravergin, Shukribey!
Shukribey aksira-aksira uyi tomonga ketdi. To‘satdan isitmasi ham ko‘tarildi.
— Xo‘sh, uy topdingmi? — so‘radi xotini uni ko‘ra solib.
— Shu kunimizga shukur qilib yursak arzirkan, xonim. Bizdan ahvoli og‘ir odamlar ham bor ekan. Mabodo biz ham imorat quradigan bo‘lsak, bilasanmi nima bo‘larkan? Ha, shu ahvolimizga kecha-yu kunduz shukur qilib yuraveraylik.
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi